XX asr bayramlari

XIX asr oxirgi choragidan boshlab, chor Rossiyasi O’rta Osiyoni bosib olib, uni o’z mustamlakasiga aylantirdi. O’lkaning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotiga o’z ta’sirini o’tkazdi. Jumladan, bu yerga o’z bayramlarini ham olib keldi.

Mustamlaka yillarida chor hokimiyati – Turkiston general-gubernatoridan tortib, mingboshi va qozilarga – xalqni milliy ozodlik harakatidan chalgitish, mahalliy aholini itoatgo’y, mute holatda saqlash, shu tarzda mavqeni mustahkamlash maqsadida xalq bayramlari o’tkazilishiga yo’l bergan. Tarixiy manbalarda qayd qilinishicha, Toshkent yaqinidagi Zangiota va To’ytepa sayilgohlarida uyushtirilgan Navro’z bayramlarida general-gubernator Fon Kaufmanning shaxsan o’zi qatnashgan va u gilamlar to’shalgan to’rtburchakli maydon sahnasida ko’zni qamashtiruvchi milliy kiyimlar kiyib o’ynagan uch nafar raqqosga o’z qo’li bilan sovg’alar ulashgan. Mustamlakachilar bu kabi harakatlari orqali ham mahalliy xalq orasida o’z obro’sini oshirishga intilgan. Biroq bu anjumanlarda milliy mustaqillik, hurriyat to’g’risida ham gap-so’zlar bo’lib turgani uchun mustamlakachilar xalq bayram-sayillar o’tkazilishini taqiqlab qo’yishgan. Hatto, darbozlar ham dor tikib, o’yin ko’rsatish uchun mirshablardan ruxsat oladigan bo’lgan.

XX asrda o’zbek bayramlari murakkab bir davrni boshidan kechirdi. Bu tarixni uchga bo’lib o’rganish mumkin. Birinchi davr – milliy uyg’onish davri, ikkinchi davr – sho’rolar davri, uchinchisi – mustaqillik davri. Bu davrlarning har biri o’ziga xos xususiyatlarga ega.