Xo’jayli tumani

Xo‘jayli tumani 1927 yil 3 iyulda tashkil topgan. Tuman sharq-shimoldan Shumanoy tumani, shimoldan Qonliko‘l tumani, sharqdan Nukus tumani va Nukus shahri, janubdan Taxiatosh shahri, janub-g‘arbdan Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh.

Maydoni 0,73 ming kv.km. Tumanda 2 shahar (Xo‘jayli va Taxiatosh), 28 ta mahalla, 2 ta shaharcha tipidagi posyolka va 10 ovul fuqarolar yig‘inlari bor. Markazi Xo‘jayli shahri.

2015 yil 1 yanvar holatiga tuman aholisi soni 185,2 ming kishini tashkil etadi. Shundan 125,0 ming kishi shaharda, 60,2 ming kishi qishloqda yashaydi.

Xo‘jayli Markaziy Osiyodagi eng qadimiy qal’alardan biri. Topilgan arxeologik qazilmalarga qaraganda shahar hududiga aholi kelishi va joylashishi neolit davriga, ya’ni eramizdan avvalgi IV-III asrlarga to‘g‘ri keladi. O‘rta asr tarixida shahar «Mizdaqxon» atamasi bilan mashhur bo‘lib kelgan. Mahalliy aholi uni yana Gyaur qal’a, Antakiya qal’asi, Shamun qal’asi yoki Nazlimxon suluvning qal’asi deb ham ataganlar. Ikki qator qalin paxsa devor bilan o‘ralgan qal’a (Gyaur kal’a) qoldiqlari shaharning g‘arbdagi tepaligida joylashgan. Xitoy, Hindiston, Eron, Suriya o‘lkasi, Volga bo‘yi va Qora dengiz bo‘yidagi sayohatchilar, savdogarlar shu yerda to‘xtagan. Shaharning o‘rtasidan Buyuk Ipak yo‘li o‘tgan.

Hozirgi davrda Xo‘jayli Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligi va sanoati rivojlangan yirik tumanlardan biri bo‘lib hisoblanadi.

Tuman iqtisodiyotining asosi paxtachilik bo‘lib hisoblanadi. Tumanda paxta tozalash zavodi, yog‘, sut, g‘isht, shisha, asfalt ishlab chiqarish zavodlari, ip yigirish fabrikasi, savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalari, bosmoxona va xalq xo‘jaligining boshqa turlari bo‘yicha ko‘plab kichik va xususiy korxonalar bor.

Tumanda paxtachilikdan boshka chorvachilik, pillachilik, bog‘dorchilik, poliz ekinlari, urug‘ yetishtirish, asalarichilik tarmoqlari ham rivojlangan.