Uzum sayli

O’zbekiston uzumlarining dovrug’i dunyoga mashhur. O’lkamizda uzum shinnisi tayyorlashga oid qadimiy marosim keyingi davrlar unutilgan bo’lsada, biroq XX asr ikkinchi yarmiga kelib, maxsus bayram – Uzum sayli vujudga keldi. Bu sayil dastlab Urgut singari bog’dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan tumanlarda o’tkazilgan bo’lsa, keyinchalik, Uzum saylining shuhrat qozonishida Toshkent bog’larida o’tkazilgan tadbirlar alohida rol o’ynadi.

Uzum sayliga bog’bonlar eng yaxshi “a’lo navli” uzumlarini olib keladilar. Bayram karnay-surnay sadolari ostida uzum ortilgan mashinalar karvonini kutib olish bilan boshlanadi. Uzum saylida xo’jaliklarda yetishtirilgan noz-ne’matlarning savdo ko’rgazmasi tashkil qilinadi. Mirishkor bog’bonlar mo’l uzum yetishtirish “sirlari” yuzasidan tajribalarni so’zlab beradilar.

Mutaxassislarning so’zlariga qaraganda, uzumning 5000 ga yaqin navi ma’lum bolib, hozir mamlakatimizda uning 2500 dan ortiq navi, nohiyamizda 1200 xil navi yetishtirilar ekan. O’zbekistonda yetishtirilayotgan uzum navlari ichida “Charos”, “Husayni”, “Kishmish”, “Toifi”, “Parkent” kabi navlari o’zining shirinligi, kasallikka chalinmasligi, donalarining bo’liqligi bilan ajralib turadi.

Sayil tashkilotchilari uzumning shifobaxsh xususiyatlari haqida so’zlab berish uchun mutaxassislarni taklif qiladilar. Ular sog’liqni mustahkamlashda, kasallikni davolashda eng ko’p foydalanadigan uzum navlari haqida ma’lumot beradi.

Uzumdan tayyorlangan mahsulotlar savdo ko’rgazmasi hammani o’ziga jalb etadi. Savdo ko’rgazmasida uzumdan tayyorlangan turli shirinliklar, masalliqlar, sharbatlar, murabbo va mayizlar namoyish qilinadi, bog’bonlar, pazandalar ularni qanday tayyorlash haqida maslahatlar ham berishadi. Badiiy jamoalarning chiqishlari sayilga bayramona tus beradi. Ijro etilgan qo’shiq va raqs kompozitsiyalarida bog’bonning mehnati tarannum etiladi.

Uzum sayli tabiatning ajoyib mo’jizasi – uzum mevasi haqida ko’proq bilish va undan tayyorlangan mahsulotlarni xarid qilish. Bu sayil bog’bonlar mehnatini targ’ib qiladi. Sayil chog’ida mirishkor bog’bonlar o’zaro tajriba almashishadi. Ular uzumning eng yaxshi navlarini yaratish, ko’paytirish va saqlash yuzasidan maslahatlashib olishadi.

Toshkent shahrining Oqlon mahallasida uzum sayli quyidagicha nishonlanadi. Saylda taralayotgan xalq hofizlarining qo’shiqlari bayramlarga o’zgacha fayz kiritib turadi. Hovlining o’rtasiga qo’yilgan uzun stol yasatilgan. Unga xilma-xil navga tegishli uzum boshlari qo’yilgan edi. Birinchi laganda pushti navi bo’lsa, ikkinchisida husayni, uchinchisida qora go’zal… Shuningdek, saylga “Kattaqo’rg’on”, “G’alaba” kabi bir0biridan shirin uzumlar ham olib chiqilgan. Laganlar yonidagi qog’ozga bu uzumlarni yetishtirgan har bir kishining ism va familiyasi yozib qo’yilgan.

Yig’ilganlar turli xil uzumlardan tatib ko’ra boshladilar. Ko’pchilikka mirishkor sohibkor Turop aka Muhamedov, Yamin ota Hakimov, shuningdek yoshlardan Mahamadali Mo’minov, Qobil Rasulovlar hovlisida yetishtirilgan uzumlar ma’qul bo’ldi. Ularning samarali mehnatlari evaziga yetishtirilgan uzumlar o’zining shirinligi, kasallikka chalinmasligi, donalarining bo’liqligi bilan ajralib turadi.

Dasturxon atrofida o’tirgan katta-kichik mo’l uzum hosili yetishtirishning “sir”lari haqida bir-birlariga gapirib bera boshladilar. Ayrimlar hatto o’zaro bahslashib ham ketdilar.

Men usta sohibkorlarning ishlarini ko’rarkanman keyingi yili bo’ladigan saylni hayolan tasavvur qilaman: bugungi saylda otaxon sohibkorlar ko’p bo’lsa, keyingi yili ularning yonida shogirdlari ham kuch sinashga bel bog’lab turadilar. Demak, Oqlon mahallasida usta sohibqironlarning munosib o’rinbosarlari yetishaveradi. El dasturxoni noz-ne’matlarga to’liq bo’ladi.

Uzoq davom etgan uzum sayli mahalla aholisini yanada bir-biriga yaqinlashtirdi, ahillik va ittifoqlikni mustahkamlashga o’z hissasini qo’shdi. Uzum saylining asl maqsadi ham shu edi.

Shinni pishirish marosimi. Qish g’amini yozda yeyish xalqimizning eng qadimgi odatlaridan biridir. Shunday udumlardan biri sifatida qish faslida yeyish uchun erta kuzda shinni tayyorlanadi. Shinnini ko’pgina mevalar (jumladan, tut, qovun, uzum va boshqalar)dan tayyorlash mumkin. Shinni pishirish maxsus marosim shaklida o’tgan. Shinni pishirish jarayoni o’ziga xos hasher shaklida o’tgan. Uni tayyorlash jarayonida suhbat, ashula, o’yin-kulgi, raqs kabilar uyushtirilgan. Bir so’z bilan aytganda, shinni tayyorlash nafaqat marosim, balki o’ziga xos mehnat bayramiga aylanib ketgan.

Odatda, shinnini ayollar tayyorlashadi. Biroq tarixdan uni erkaklar tayyorlagani ham ma’lum. Bunga misolni M.Muhammadjonovning “Turmush urinishlari” kitobidan toppish mumkin: “Domlamizning bog’ ishlarini qilib yurib, kuz fasliga gam yetib oldim. Sentabr oyi kirib, bog’da husayni uzumlar qahrabodek yaltiradi. Boshqa mevalar ham mazali bo’lib pishdi. Domlamiz shinni qilish payiga tushib, bozordan bir-ikki arava yantoq olib kelib uydirib tashladilar. Besh-olti xil qozonlar tutun chiqmaydigan qilib yonma-yon qurilib, chuqur “chorxisht” yasaldi. Shinni qilinadigan uzumlarni, shikomlardan uzib, zambillarda tashittirib, bir yerga yig’dirdilar. Shinni hashariga 10-15 mullavachcha ham kelib edi. “Chorxisht” ustiga yantoq solinib, bir tarafiga kichik tarnov qurilib, tarnov ostiga katta mis tog’ora qo’yildi. “Chorxisht” ustiga uzumlar solib to’ldirildi. Ikki mullavachcha ariqda oyoqlarini toza yuvib kelib, “chorxisht” ichiga tushib, uzumlarni shilqillatib tepa boshladi. Tarnovdan mis tog’oraga shirillab sharbat oqaverdi. Bir mullavachcha bu sharbatni ostiga yantoq solingan toza qoplarga eltib soldi. Qoplardan sizib chelaklarga tushgan sharbatlarni bir mullavachcha qator turgan xumlarga olib borib qo’ydi. Bir mullavachcha esa xumni kovlab turdi. Sharbat tez va yaxshiroq tinsin uchun bir mullavachcha xumlarga oz-oz kesak tashlab, kovlovchi hamrohiga ko’maklashdi. Xumlardagi sharbat tinib, tayyor bo’lganidan keyin, sahar paytida turib, sharbatni bir necha qozonga solib shinni pishirildi. Ikki qozon to’g’ralgan behidan ochor pishirildi. Shinni va ochor cho’mich bilan toza xumlarga solindi. Uch-to’rt kun davom etgan bu shinni pishirish marosimi to’yga aylangan edi. Domlaning uzoq-yaqin qarindosh-urug’lari, qo’ni-qo’shnilari hasharchilarga deb katta badkashkashlarda serbehi palovlar keltirib turdilar. Biz, mullavachchalarning domlanikida qilgan mehnatimiz ham ko’zimizga ko’rinamy, kelgan palovlarni mazza qilib yeb oldik. Shinni pishirish marosimi tugagandan keyin domlamiz madrasaga kelib yana oqish boshladilar…”.