Sharof Rashidov (1917-1983)

Atoqli partiya va davlat arbobi Sharof Rashidov yozuvchi sifatida ham mashhurdir. U o’z xalqiga va adabiyotiga xolis xizmat qilishga intilib, yaxshi niyat bilan ijod etgan: turli janrlarda badiiy asarlar yaratgan.

Sharof Rashidov shoir va jurnalist, adabiy tanqidchi va adabiyotshunos, hozirjavob publitsist va yaxshi nosir sifatida adabiyotimizda o’z o’rni, mavqeiga ega.

Adabiy tanqidchilik va adabiyotshunoslikda Sharof Rashidov ijodini yoritish bo’yicha muayyan ishlar qilingan hamda adib ijodining ko’pgina qirralari ochib berilgan. “Sharof Rashidov, – deb yozgan edi Nikolay Tixonov, – xalq hayoti manzaralarini keng miqyosda tasvirlash talantiga egadir… Uning turmushni yaxshi bilish fazilaiga o’z o’lkasi ko’rkam yoki shiddatli tabiatining rango-rag manzaralarini tasvirlay olish mahorati qo’shiladi… Uning uslubi puxta, shu bilan birga hayotiy tafsilotlarga boydir. Uning qahramonlari hayot oqimidan olingan, ular keng kitobxonlar ommasiga muhim muammolarni hal etuvchi zamondoshlar sifatida qadrdondir”.

Ha, to’g’ri, tan olish kerak: adib hayot bo’lgan yillarda adabiy tanqidchilikda uning asarlarini ortiqcha maqtash, ko’klarga ko’tarib ta’riflash mayllari ham mavjud edi. Lekin, bundan o’sha davrda Sharof Rashidov asarlari haqida tanqidiy fikr bildirish mumkin emas edi, uning asarlari tanqiddan xoli edi, degan xulosa chiqarmaslik kerak. Chunki, ba’zi maqolalarda adib asarlarining yutuqlari bilan birga, nuqsonlari ham qayd etilgani ma’lum.

Haqiqatdan ham, yozuvchi ijodiga shaxsga sig’inish va turg’unlik davrining bexosiyat tamg’asi bosilgan. Shunga ko’ra ba’zan uning asarlarida, xususan qissa va romanlarida zamonasozlik bilan bog’liq bo’lgan qusurlar: voqeligimizni bo’yab-bezab, pardozlab tasvirlash hollari ham uchraydi. Shuningdek, ba’zan, badiiy mahorat yetishmasligi, bayonchilikka berilish seziladi. Biroq, bundan qat’i nazar, Sharof Rashidov asarlarida insonparvarlik, vatanparvarlik, qahramonlik, mehnatsevarlik, do’stlik, birodarlik singari ezgu, hayotbaxsh g’oyalar bo’rtib turadi. Ana shuning uchun ham Sharof Rashidov asarlarining o’ziga xos tarbiyaviy-estetik qimmati katta deb dadil aytish mumkin.

Sharof Rashidov 1917 yilda Jizzax shahrida kambag’al dehqon oilasida tug’ilgan. Samarqand Davlat universitetida ta’lim olgan (1937-1941). Shundan so’ng 1941-1942 yillarda armiya xizmatida bo’lib, fashist bosqinchilariga qarshi jang qilgan. Jangda yarador bo’lib, O’zbekistonga qaytib kelgach, 194201944 yillarda “Lenin yo’li” gazetasiga muharrirlik qilgan. Keyinchalik Samarqand viloyat firqa qo’mitasining kotibi (1944-1947), “Qizil O’zbekiston” gazetasining mas’ul muharriri (1947-1949), O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi (1949-1950) bo’lib ishlagan. Sharof Rashidov 1950 yilda O’zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosatiga Rais qilib saylanadi va 1959 yilgacha shu mas’ul lavozimda xizmat qiladi. 1959-1983 yillarda esa sobiq O’zkompartiya Markaziy qo’mitasining birinchi kotibi bo’lib ishlaydi.

Sharof Rashidov bir necha bor orden va medallar bilan mukofotlangan. Unga ikki marta mehnat Qahramoni unvoni berilgan.

Sharof Rashidov 30-yillarning oxirlarida adabiyotga kirib keldi va 1945 yilgacha, asosan, shoir sifatida ijod qildi. Uning she’rlari badiiy jihatdan bo’shroq bo’lsa-da, ular o’z mavzuining dolzarbligi va g’oyaviy niyatining aniqligi bilan e’tiborlidir.

Vatan urushidan keyingi davrda Sharof Rashidov ijodi janr rang-barangligi jiharidan ham boyib bordi. 40-yillarning oxirlariga kelib u adabiy tanqidchi – adabiyotshunos sifatida ham shakllandi. Munaqqid o’z maqolalarida adabiyotimizda erishilgan yutuq va tajribalarni umumlashtirdi, so’z san’atining g’oyaviy-sog’lom, badiiy-yetuk bo’lishi uchun izchil kurash olib bordi.

Sharof Rashidov adabiy tanqid sohasida ham yil sayin o’sib bordi. Uning “Hayot va adabiyotda yangiliklar”, “Badiiy va g’oyaviy yuksaklik uchun”, “Yuksak ideallar yo’lida”, “Qalb da’vati bilan”, “Zamonaviylik – adabiyot va san’atning qalbi”, “Birodarlar orasida birodar” kabi ilmiy-nazariy maqolalari o’z davrida ko’pcihlikka manzur bo’lgan edi. Chunki, ularda hozirgi zamon adabiyotining o’ziga xos xususiyatlari, adabiyot taraqqiyotining hayotbaxsh manbalari, g’oyaviylik, xalqchillik, zamonaviylik, adabiy aloqa va adabiy ta’sir haqida qiziqarli fikrlar bayon etilgan.

Sharof Rashidovning adabiy tanqid sohasidagi faoliyati uning publitsistika bobidagi izlanishlari bilan chambarchas bog’liqdir. Adib publitsistikasida tarbiyaviy-ma’rifiy ahamiyati zo’r bo’lgan badiiy umumlashmalar, falsafiy fikrlar ko’p. Yozuvchining “Jahl emas, aql bilan, hasad emas, havas bilan bir-birimizga baxt va omad tilab ishlaylik” singari hikmatli so’zlari bugungi murakkab, to’lqinli kunlarda ham o’z ahamiyatini to’la saqlab kelmoqda. Bu hikmat donishmand adibning kelajak avlodlarga nasihati-vasiyati sifatida akssado beradi.

Sharof Rashidov publitsistikasiga xos asosiy xususiyat shundaki, u o’z maqolalarida yer yuzidagi barcha xalqlarni qiziqtiradigan muhim masalalar to’g’risida, tinchlik, do’stlik, adolat, insonparvarlik, baxt-saodat, porloq istiqbol haqida yozadi. Yozganda ham ta’sirli qilib yozadi. “Tarix hukmi” (1949), “Do’stlik bayrog’i” (1967) kitoblarida bu xususiyat ochiq ko’rinadi.

Sharof Rashidov publitsistikasida xalqlar do’stligi, baynalmilallik mavzulari aniq jaranglab turadi. Xalqlar va millatlar o’rtasidagi do’stlikni kuylash hamda uning jamiyat rivojidagi buyuk o’rnini ochib berish adib asarlarining asosiy g’oyaviy mazmunini tashkil etadi.

Yozuvchi xalqlarimiz hayotidan xalqlar do’stligining kuch-qudratini namoyish etuvchi xarakterli faktlarni topa olgan va ularni ta’sirli qilib ifodalay bilgan.

Sharof Rashidov ijodida qissa va roman janrlari salmoqli o’rin egallaydi. Adib qalamiga mansub bo’lgan “G’oliblar” (1951), “Kashmir qo’shig’i” (1957), “Bo’rondan kuchli” (1958), “Qudratli to’lqin” (1964), “Dil amri” (1982) kabi qissa va romanlar, hech shubhasiz, hozirgi zamon o’zbek adabiyoti tarixida sezilarli iz qoldirgan.

Adib qissalari orasida, ayniqsa, “Kashmir qo’shig’i” asari ajralib turadi. “Kashmir qo’shig’i” romantik asar. U Kashmir xalqining sevgi va vafodorlik haqidagi dostoni mundarijasi asosida yozilgan. Qissada muallif xalq og’zaki ijodidan samarali foydalanish bilan birga, M.Gorkiyning “Izergil kampir”, “Chelkash”, “Bo’ron qushi qo’shig’i”, “Lochin qushi qo’shig’i”, “Qiz va o’lim” kabi romantik asarlaridagi ramziy obraz yaratish usullaridan ijodiy ozuqlangan.

Qissada Kashmir xalqinign o’z ozodligi uchun ezuvchilarga, chet ellik bosqinchilarga qarshi olib borgan adolatli kurashi va ular ustidan qozongan g’alabasi poetik ertak shaklida, ramziy obrazlar vositasida ustalik bilan ifodalangan. Asar Kashmir xalqiga muhabbat ruhi bilan sug’orilgan. Qissadagi ramziy ijobiy obrazlar – Nargiz, Atirgul, Lola, Bambur singari gullar va asalarilar Kashmir xalqining timsoli bo’lib, yozuvchi bu obrazlar vositasida xalqning kurashi va g’alabasini lirik shaklda tasvirlab bergan. Qissada Bo’ron va Xurod kabi ramziy salbiy obrazlar orqali esa mahalliy hukmronlar va chet el bosqinchilari fosh etilgan. Adib ijobiy va salbiy obrazlar o’rtasidagi kurashni aks ettirish orqali hayot haqiqatini yechib bergan. “Hayot kurashsiz bo’lmaydi. Odamlar kurashadilar. Qushlar kurashadilar, Gullar kurashadilar. G’alaba faqat kurash bilan qo’lga kiradi”, degan g’oyani olg’a suradi.

Qissada tasvirlanishicha, erta bahorning to’ng’ich guli go’zal Nargiz o’z bog’ida tinch hayot gashtini surib, olijanob sevgini madh etuvchi qo’shiq tinglab turgan bir paytda boqqa Bo’ron bostirib kiradi. Gul va ko’katlarni qahraton sovuq o’z girdobiga tortib, ularni so’ldirmoqchi, o’ziga tobe qilib olmoqchi bo’ladi. Lekin gullarni taslim qildirishga Bo’ronning kuchi yetmaydi. Bo’ron Xorudni yordamga chaqiradi. Xorud kelib gullar bog’ini vayron qiladi, sahroga aylantiradi. Biroq Xorud ham qanchalik yovuzlik qilmasin, baribir Nargiz va uning dugonalarini (gullarni) o’ziga butunlay bo’ysundirib ololmaydi. Qissa oxirida Nargizning sevgilisi – asalarilarning shohi pahlavon Bambur o’z do’stlari bilan gullarga yordamga yetib keladi. Bo’ron va Xorudni bog’dan haydab, gullarga qaytadan hayot bag’ishlaydi. Natijada Nargiz boshliq gullar asta-sekin bosh ko’tarib, yana ochila boshlaydilar. Shunday qilib, beozor gullar asalarilar bilan birga, Xorud va Bo’ron singari dahshatli kuchlar ustidan g’alaba qozonadilar. Do’stlik va birlik gullarni buyuk zafarga olib keladi. Binobarin, qissada do’stlik va birlik ulug’langan:

Agar birlashsak, do’stlar
Har qancha yov qochadi.
To’g’ri, kichik yulduzlar
Birlashib, nur sochadi.

“Kashmir qo’shig’i” qissasi Xotima va Muqaddimadan tashqari yetti bobdan iborat. Har bir bobda alohida-alohida voqealar tasvirlansa, ular o’zaro bir-biri bilan mustahkam bog’liq. Demak, qissada yaxlut syujet mavjud. Nargiz bilan Bamburning pok sevgisi, ularning Bo’ron va Xorud kabi yovuz kuchlarga qarshi kurashi, Xorud va Bo’ronning kirdikorlari, asalarilarning dushmanlarga bergan zarbasi va shu kabi voqealar tasviri jarayonida asar syujeti o’sa boradi. Qissada ziddiyat keskinlashgan sari syujet rivojlana boradi.

Qissada badiiy tasvir vositalaridan ustalik bilan foydalanilgan. Masalan, bosh qahramon Nargizning portreti mohirona chizilgan: “Mana, u oq shohi ko’ylagi ustidan zangori baxmal nimchasini kiyib olgan, boga esa ochilgan gulning barcha go’zalligini aks ettiruvchi kichkina, shinam va oppoqqina durra o’ragan. Quloqlariga endigina ochilgan guldan isirg’a taqib, yasanib, yoshlik va go’zallik sevinchlari, orzu-umidlariga mast bo’lib, gullar bog’ida tovlanib turibdi”. Adib Nargiz portretini shu qadar yoqimli va jozibali qilib chizganki, natijada u chindan ham hayot va go’zallik timsoli sifatida namoyon bo’ladi. Bo’ron va Xorud portretlari esa Nargiz qiyofasiga qarama-qashi holda ajal keltiruvchi jirkanch o’lat ramzi bo’lib qolgan.

“Kashmir qo’shig’i” qissasining tili go’zal, jozibali, lirik tildir. Unda o’ziga xos va go’zal, yoqimli va sermazmun lirik parchalar ko’p bo’lganidek, ajoyib o’xshatish, sifatlash, jonlantirish, mubolag’a kabi tasviriy vositalar ham ko’zga tez-tez tashlanib turadi. Ana shuning uchun ham mazkur qissa she’riy nasrga o’xshaydi. Mirzo Tursunzoda bu qissaga haqli ravishda yuqori baho berib, “Men Sharof Rashidovning “Kashmir qo’shig’i” ni tojik tiliga tarjima qilganim bilan baxtiyorman. Bu asar o’zining samimiyati va shoirona mahorati bilan meni maftun etdi. Men unda Kashmirning sho’x oqar daryolarini, cho’qqilari oppoq qor bilan qoplangan tog’larini hamda yorqin keljakani orzu-armon qiluvchi xalqning beg’ubor qalbini ko’rdim. Qo’shiqning yarmi she’r bilan yozilgan. Bu latif, sodda she’rlar tojik tilida osongina chiqa qoldi”, – deb yozgan edi.

“Kashmir qo’shig’i” ning 56 xalq tiliga tarjima qilinganligi ham bu asarning yuksak saviyada yozilganligidan dalolatdir.

“Kashmir qo’shig’i” qissasi romantik tasvir usulida yozilgan bo’lsa, “G’oliblar”, “Bo’rondan kuchli”, “Qudratli to’lqin” romanlari realism talablari asosida yaratilgan. Ma’lumki, Sharof Rashidov 1951 yilda o’zbek xalqining Vatan urushidan keyingi dastlabki davrda cho’llarga suv chiqarish, yangi yerlar ochish uchun olib borgan qahramonona kurashi haqida “G’oliblar” qissasini yaratgan edi. Yozuvchi keyinchalik uzoq yillar davomida bu qissani qaytadan jiddiy ishladi. Natijada 1972 yilda yangi roman “G’oliblar” yuzaga keldi. “G’oliblar” romanida dehqonlarimizning asrlar davomida suvsizlikdan qaqrab yotgan yerlarga obi hayot chiqarishlari, cho’lni bog’u bo’stonga aylantirish yo’lidagi fidokorona mehnatlari hikoya qilingan. Asarda tog’ etagiga joylashgan Oltinsoy qishlog’ining manzaralari, Oltinsoyliklarning hayoti, mehnati, orzu-istaklari, ularning o’z qishloqlariga suv keltirish sohasidagi fidokorliklari haqqoniy tasvirlangan.

Romanda Oyqiz, Olimjon, Umrzoq ota, Jo’raboyev, Smirnov kabi rang-barang obrazlar yaratilgan. Asarning bosh qahramoni Oyqiz mehnatsevar, tashabbuskor, tashkilotchi, jonkuyar qiz. U qishloq Sovetining raisi sifatida Oltinsoyliklarning suvsizlikka qarshi kurashiga bosh-qosh bo’ladi. Oyqiz tinib-tinchimas qiz. U bekorga o’tira olmaydi. Doimo yaratish, mehnat qilish ishtiyoqi bilan yonadi. Shu sababli Oyqiz izlanadi, olg’a intiladi, yangi-yangi tashabbuslar bilan chiqadi. Oyqiz tezkorlik va davr talablariga hozirjavoblik bilan dadil harakat qiladi. U qiyinchilik va to’siqlardan qo’rqmaydi. Oxir-oqibatda Oyqiz g’alaba qiladi. Oyqizning g’alabasi samarali mehnat va beg’ubor yoshlikning, aql va idrokning zafari sifatida ko’tarinki ruh bilan tasvirlangan.

Shunday qilib, “G’oliblar” romani kishilarimizning samarali mehnatini ulug’lash, mehnat zavqini, mehnat shavqini kuylash ruhi bilan sug’orilgan. Mehnat baxt va rohat manbaidir, degan g’oya asar syujeti bo’ylab qizil ip bo’lib o’tadi. Roman qahramonlari mehnat qilib rohatlanadilar, mehnatdan zavq, ma’naviy ozuqa oladilar. Masalan, Oyqiz, Olimjon, Bekbo’ta, Suvonqul boshliq qishloq ahli buloqlarning ko’zini ochish, kanal qazish, to’g’on qurish, yangi yerga ekin ekib, paxtadan yuqori hosil olish sohasida quvonib, ko’tarinki ruh bilan fidokorona mehnat qiladilar.

Romanda Umrzoq ota, Halim bobo singari qariyalarimizning mehnatsevarligi, jamoa va davlat mulki uchun jonkuyarliklari ham samimiyat bilan aks ettirilgan. Bevaqt yoqqan do’l yosh g’o’zalarni xavf ostida qoldirganda Umrzoq ota o’z farzandi haqida qanday qayg’ursa, g’o’zalar taqdiriga ham shunchalik kuyunadi, yelib-yugurib g’o’zalarni ofatdan saqlab qolish uchun chora izlaydi. Shunga qaramay, do’l yog’ishi natijasida dehqonchilikka katta ziyon yetadi. Umrzoq ota esa ana shu zararni qoplash uchun hukumat tomonidan berilgan sug’urta pulini olishdan voz kechib, o’zining davlatimizga bo’lgan muhabbatini amalda namoyish etadi.

Roman til jihatdan ham puxta ishlangan. Asarda ohori to’kilmagan sifatlashlar, yangi o’xshatishlar, jonlantirishlar, sermazmun va chiroyli jumlalar ko’p. Romanda “dunyoning to’rt tomoni bor, uch tomoni yopilganda ham bir tomoni albatta ochiq turadi”, “Xalq istasa, tog’ni talqon qiladi”, “Uzun gapning ma’nosi hamisha kalta bo’ladi”, “Tutunsiz o’tin yo’q, xatosiz odam”, “Til – dil kalitidir”, “Chiroyli so’z – kishi qalbiga o’t yoqadi”, “Oila – baxt yo’li demakdir”, “Agar shaxsiy hayoting bo’lmasa – baxtli bo’lolmaysan”, “Vaqt o’tdi – baxt ketdi”, “Do’stlar bilan qilsang mehnat, diling sherdek kuchga to’lar” kabi xalq maqol va iboralari, hikmatli jumlalar ko’zga tashlanib turadi. Romanda yuzaki tasvirlar, zamonasozlik alomatlari ham ko’zga tashlanib turadi. Romanda yuzaki tasvirlar, zamonasozlik alomatlari ham ko’zga tashlanadi. Ba’zi obrazlarning xatti-harakatlari yetarli darajada asoslanmagani seziladi. “G’oliblar” asarining davomi (dilogoyaning ikkinchi kitobi) sifatida maydonga kelgan “Bo’rondan kuchli” romanida o’zbek kolxozchi dehqonlarning qo’riq va bo’z yerlarni o’zlashtirish, yangi yerlarga chigit ekib mamlakatlarga mo’l paxta hosili yetkazib berish va yangi obod qishloqlar yaratish sohasidagi fidokorona mehnatlari obrazlari tarzda tasvirlangan.

Romanning asosiy qahramoni mehnatkash xalq ommasi bo’lib, asar xalq kuchini ulug’lash, xalq kuchiga ishonch, xalqqa sadoqat va muhabbat g’oyalari bilan qondirib sug’orilgan. Romanda xalq qudrati bo’ronlardan ham kuchli ekani haqqoniy tarzda ko’rsatilgan. Adib xalqni har narsaga qodir, har narsaga mohir, har narsadan o’tkir kuch sifatida tasvirlar ekan, Umrzoq ota tilidan: “Bo’ron kuchli, ammo dehqonlar undan ham kuchli… Bo’ron rejalarimizni buzolmaydi, taqdirimiz ham bo’ronning qo’lida emas. Hamma narsa mehnatimizga bog’liq”, deydi.

Yozuvchi romanda qishloq hayotini tasvirlab, xalq obrazini yaratar ekan, hayotdagi ijobiy tomonlarni, ijobiy obrazlarni ko’rsatish bilan chegaralanmaydi. Balki, kolxoz raisi Qodirov, rayijrokom raisi Sultonov, obkom kotibi Abdullayev, kolxoz hosilot sovetining raisi Aliqul, muhbir O’tkir, brigada boshlig’i Mulla Sulaymon, jinoyatchi G’ofir, yengil tabiatli qiz Nazokat kabi salbiy tiplarni yaratadi. Yozuvchi salbiy obrazlar yaratishda ham hayot haqiqatiga qattiq rioya qilgan. Bu hol asarning hayotiyligini oshirgan. Misol uchun Oyqiz obraziga qarama-qarshi qo’yib yaratilgan Sultonov obrazini olaylik. Sultonov mansabparast, maishatparast, maqtanchoq, ko’pchilikdan ajralib qolgan soxta rahbarning tipik obrazidir. Sultonov bir amallab (obkom kotib Abdullayev kabi homiylari yordamida) rayijrokom raisi mansabiga ko’tarilib olgach, xalqqa, jamiyatga xizmat qilish kerakligini unutib qo’yadi. Chunki uning rahbarlik lavozimiga o’tirib olishdan asosiy maqsadi xalqqa xizmat qilish emas, balki o’z huzur-halovatini, shaxsiy manfaatini ko’zlab harakat qilish edi. shunga ko’ra u, birinchi navbatda, o’z hovli-joyini bashing qilib oladi. Qishloqqa chiqqanida ham xalq ishiga ko’mak berish, jamoa xo’jaligini mustahkamlashi emas, balki yaxshi dam olishni, maishat qilishni, ko’ngil ochishni asosiy maqsad qilib oladi.

Sultonov dabdabani, balandparvozlikni, buyruq berishni yaxshi ko’radi. Ishim ko’p deydi-yu, ish qilmaydi. Aksincha Oyqiz kabi sof vijdonli kishilarning ishiga halaqit beradi, ularga qarshi tuhmat, bo’htonlar uyushtiradi, fisqu fasodlar tarqatadi. Bu yo’lda laganbardor muxbir O’tkirni ham ishga soladi. Sultonov o’z ustozi va homiysi Abdullayev kabi vaziyatga qarab tovlanadigan kishi (masalan, u “do’ppi tor kelib qolganda” o’zining qadrdoni, jamoa xo’jaligi raisi Qodirovni ham qabul qilmaydi, undan yuz o’giradi). Biroq Sultonov qanchalik hiylakor bo’lmasin, baribir asar voqealari yechimida mag’lub bo’lib, xalq nafratiga duchor bo’ladi.

“Bo’rondan kuchli” romani badiiy jihatdan ham ancha mukammal. Jumladan, asar tili mayin v iliq lirizm bilan sug’orilgan. Shuningdek, xalq maqollari, iboralari va obrazli so’zlar bilan bezatilgan. Bundan tashqari, yozuvchi hikmatli so’z va xalq maqollari darajasida turuvchi aforizmli jumlalar ham tuzib, asar tilini boyitgan. “Kolxozchi rais – suvsiz baliq”, “Qo’riq va bo’z yerlar – hosil xazinasi”, “Yomon odat – yuqumli kasal”, “Iflos qo’l bilan otilgan balchiq toza kishiga aslo yuqmaydi”, “Yolg’iz bo’lgach, daraxt ham o’sa olmaydi”, “Yolg’iz kishining o’zi ham baxtsiz bo’ladi, birovga ham baxt bermaydi”, “Mehnat qilsang hurmat topasan, baxting ochiladi”, “Baxt qidiribsanmi, uni faqat mehnatdan topasan” kabi jumlalar fikrimizning dalilidir.

Sharof Rashidovning “Qudratli to’lqin” asarida ham ozod mehnat va mehnatkash inson obrazi birinchi o’ringa qo’yib aks ettirilgan. Bu romanda eng go’zal narsa inson mehnatidir, degan g’oya asarning umumiy ruhiga singdirib yuborilgan. Ijtimoiy mehnatning insonni tarbiyalab voyaga yetkazishi, mehnat nashidasi, uning ulkan safarbarlik kuchi, tarbiyaviy ahamiyati haqqoniy aks ettirilgan. “Qudratli to’lqin” romanining asosiy qahramoni qudratli xalqdir. Unda xalqimizning Vatan urushi davridagi hayoti, uning jangdagi qahramonligi, xususan, G’alaba GESi qurilishidagi mislsiz matonati jo’shqin ruh bilan hikoya qilingan.

Ma’lumki, Sharof Rashidov “G’oliblar” va “Bo’rondan kuchli” asarida asosan dehqonlar va qishloq ziyolilari hayotini yoritgan bo’lsa, “Qudratli to’lqin” romanida esa asosiy qahramon qilib ishchilar sinfini – quruvchilar ommasini tanlagan. Asarda quruvchi yoshlar obrazi salmoqli o’rin egallaydi.

Yozuvchi romanning bosh qahramoni Po’lat obrazi orqali yangi zamon yosh avlodining shakllanish jarayonini, uning insoniy fazilatlarini, olijanob xislatlarini, mehnatda toblanib, jamoa yordamida o’sib, ulg’ayishini ko’rsatib bergan.

Po’lat o’ninchi sinfni bitirishga tayyorlanar ekan, imtihonlardan tezroq o’tish, tezroq frontga borib, otasi – jangchi Haydar Sodiqov bilan yonma-yon turib, fashisht bosqinchilariga qarshi jang qilish va qahramonlik ko’rsatish orzusi bilan yonadi. Biroq tibbiy komissiya Po’latni harbiy xizmatga yaroqsiz deb topadi. Uning frontga ketish uchun yelib-yugurishlari foyda bermaydi. Bundan Po’lat ruhan eziladi, hatto bir zum tushkunlikka ham tushadi. U frontga ketishning hech ilojini topolmagach, do’sti Anvarning maslahatiga ko’ra, urush davridagi eng muhim xalq qurilishi – G’alaba GESiga borib ishlamoqchi bo’ladi. Lekin rayonning qurilishdagi vakili – g’arazgo’y To’raxonov Po’latning bu orzusini ham yo’qqa chiqaradi. Shundan so’ng davlat xo’jaligi direktori Shermat Qosimov Po’latni o’z xo’jaligiga ishga taklif qiladi. Po’lat davlat xo’jaligining quruvchilar brigadasida betonchi bo’lib ishlaydi. Dastlabki chiniqish imtihonidan  o’tadi, unda jamoatchilik ko’nikmasi shakllna boshlaydi. Voqea davomida buyuk g’alabaga ko’proq hissa qo’shish ishtiyoqi bilan yongan Po’lat G’alaba GESi qurilishiga ishga boradi. Lekin Po’lat hali shaxsiy qahramonlik ko’rsatish va shuhrat qozonish istagidan butunlay ozod bo’lmagan edi. mana shuning uchun ham u bir qator kamchiliklarga yo’l qo’yadi, adashadi. Natijada ham ish unumiga, ham o’z sog’lig’iga zarar yetkazadi. To’raxonovning bir og’iz do’qi bilan qurilishni tashlab, jo’nab qoladi. Lekin yo’lda uni vijdon azobi qiynaydi va u o’z xarakteridagi o’jarlikni yengib, yana qurilishga qaytadi. Qurilishda u tajribali, fidoyi ishchilar tarbiyasida only, intizomli va bardoshli kishiga, yangi zamon odamiga aylanadi.

Ko’rinadiki, yozuvchi Po’lat xarakterining shakllanish jarayonini tasvirlar ekan, uni hamma narsaga bir qarashda tushunadigan, kamchiliksiz, o’z faoliyatida hech qanday nuqsonga yo’l qo’ymaydigan barkamol kishi sifatida tasvirlamaydi, balki uni jonli inson sifatida gavdalantiradi.

“Qudratli to’lqin” romanida Akramxon To’raxonov obrazi muhim o’rin tutadi. Yozuvchi To’raxonov obrazi orqali o’z shaxsiy manfaati yo’lida har qanday qiyinchiliklarga bardosh bera oladigan, chidamli, ishbilarmon, shu bilan birga, hiylakor, ko’zbo’yamachi, mansabparast, “qizil so’zli” shaxsni fosh qilgan. To’raxonov hayotda ma’lum bir mavqega ega bo’lguniga qadar chidam bilan o’qiydi va juda qattiq ishlaydi, xususan, o’zini yaxshi ko’rsatish uchun kuchini ayamaydi. Shuning uchun ham To’raxonov mansab zinapoyalaridan juda tez ko’tariladi: o’qituvchilikdan ilmiy mudir, ilmir mudirlikdan direkor, undan rayon yer ishlari bo’limining boshlig’i, keyin esa GES qurilishidagi rayon vakili qilib tayinlanadi. Hamma joyda ish ko’rsatib, nihoyat, rayon ijroiya qo’miasi raisi darajasigacha ko’tariladi.

To’raxonovning haqiqiy basharasi, amalparastligi, xudbinligi, ichi qoraligi ancha vaqtgacha bilinmaydi. To’raxonovning fe’l-atvori uning Po’latga bo’lgan munosabatida asta-sekin ochila boradi. To’raxonov katta qobiliyat egasi, notiq, ishbilarmon bo’ls-da, asar oxirida mag’lubiyatga uchraydi. Chunki, u shaxsiyatparast, g’arazgo’y, xudbin shaxs. Zotan, yozuvchi To’raxonov taqdiri misolida rahbar qanchalik qobiliyatli, qanchalik ishbilarmon bo’lmasin, agar u o’z taqdirini xalq taqdiri bilan bog’lamasa, manmanlik va shaxsiyatparastlikka berilib ketsa, baribir mag’lubiyatga uchraydi, degan g’oyani olg’a suradi.

Romanda Bahor, Anvarm Hayri, Rustam, Nikitin, Haydar, Sodiqov, Hokmat obrazlari ham jonli, ishonarli qilib ko’rsatilgan.

“Qudratli to’lqin” romanida voqea Po’lat va To’raxonovning frontga jo’nashi bilan tugaydi.

Sharof Rashidovning so’nggi asari “Dil amri” da ham Vatan urushi davridagi hayot aks ettirilgan. Biroq, “Qudratli to’lqin” da front orqasidagi hayot, mehnat jabhasi ko’rsatilgan bo’lsa, “Dil amri” qissasida bevosita front voqealari, jang manzaralari yoritilgan. Romanda O’zbekiston va uning kishilari hayoti tasvir ob’yekti qilib olingan bo’lsa, qissada Markaziy Rossiyaning Berezovka qishlg’ida bo’lib o’tgan voqelar hikoya qilinadi. Shunisi muhimki, yozuvchi Berezovka qishlog’idagi hayotni mamlkatning urush davridagi umumumiy hayoti bilan uzviy bog’liq holda aks ettiradi. Shunga ko’ra, asarda Berezovkaga bo’lgan muhabbat Rossiyaga bo’lgan muhabbatning ramzi sifatida aks sado beradi. Qissa Rossiyaning urush davridagi hayoti haqida to’g’ri tasavvur beradi.

“Dil mri” asarida mavzu muhim bo’lganidek, g’oyaviy maqsad ham aniq. Adib bu qissani yozishdan “maqsadim urushga la’nat o’qish, yosh avlodni kishilarimizning vatanparvarligi, mardligi, qiyinchiliklarga bardorshligi namunasida tarbiyalashdan iborat”, deb aytgan edi. Qissani o’qib chiqib, yozuvchi o’z niyatiga yetganiga qanoat hosil qilish mumkin.

Asarda do’stlik, halollik, Vatanga sadoqat ulug’langan. Sotqinlik, xiyonat qilishlik, urushqoqlik qoralangan.

Qissaning asosiy qahramonlari katta yoshdagi odamlar emas, aksincha, Seryoja, Irina va Taras nomli 12-13 yoshli bolalardir. Adib yosh bolalarni dahshatli urush haqidagi asarga bosh qahramon qilib tanlash bilan katta bir haqiqatni ochib bergan: fashizmga qarshi hayot-mamot kurashida mamlakatimizdagi katta-kichik hamma kishilar faol ishtirok etganliklarini umumlashtirib ko’rsatgan. Qissa voqealari markazida turgan Seryoja, Irina va Taras obrazlari yosh vatanparlarning tipik vakillari bo’lib, ular o’z hayotlarini xavf ostida qoldirib bo’lsa-da, jangchilarimizga, partizanlarga yordam beradilar. Bu uchala obraz ham adibning bolalar ruhiyatini yaxshi bilishini tasdiqlaydi. Chunki har uchala obraz ham bolalarga xos tushuncha, harakat, zavq-shavq va xarakter bilan ta’inlangan. Yozuvchi bu uch bolaga birdek xos bo’lgan umumiy xususiyatlarni ko’rsatish bilan birga, ularning har qaysisining o’ziga tegishli bo’lgan xususiyatlarni ham ochib bergan. Seryoja bilan Irina aka-singil. Ularning otasi jangchi, bobosi partisan, Seryoja bu bilan faxrlanadi va Yesinlarga munosib avlod bo’lishga intiladi. Ularning do’sti Tarasning taqdiri esa boshqacha. Taras vatan xoini Gerasimning o’g’li. Lekin u otasiga o’xshamaydi. Taras vatanparvarlik, mardlik ruhida tarbiyalangan. Yozuvchi Gerasimning sotqinligiga Tarasning vatanparvarligini qarama-qarshi qo’yib tasvirlaydi va ota uchun bola javobgar emas, degan g’oyani olg’a suradi.

“Dil amri” asari qiziqarli qilib yozilgan. Asar syujeti hayotiydir. Voqealar tasvirida soxtalik va o’rinsiz mubolag’a yo’q. Adib asar tili ustida katta mehnat qilgan. Ana shuning uchun ham bu qissa kitobxonlarga estetik zavq-shavq bag’ishlaydi. Ularni ezgulik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Demak, Sharof Rashidov hozirgi zamon o’zbek adabiyotining rivojiga salmoqli hissa qo’shgan ulkan adiblarimizdan biridir. Uning qissa va romanlari o’zbek adabiyotidagi hayotbaxsh nasrining o’ziga xos ko’rinishlaridan bo’lib, ularning umumiy g’oyaviy-badiiy saviyasi o’sha davrlarda yaratilgan ko’p asarlar saviyasidan aslo qolishmaydi. Binobarin, adib asarlari yosh avlodni ezgulik ruhida tarbiyalaydi. Kezi kelganda shuni ham qayd etish lozimki, Sh.R.Rashidov vafotidan so’ng, uning shaxsi va ijodi asossiz holda qattiq qoralangan edi. O’zbekiston mustaqil respublika deb e’lon qilinganidan keyin bu adolatsizlikka barham berildi. Adibning pok nomi qaytadan tiklandi.

счетчик посещений