Ustalar

Abdujabbor (Abdujabbor xitoyli, 18-asr oxiri – 19-asr boshlari) – koshinkor usta. Pahlavon Mahmud maqbarasi, Ko’hna Ark va boshqa binolarni bezashda qatnashgan.

Abdulla Jin (19-20 asrlar) – koshinkor usta. Xivadagi Toshhovli, Pahlavon Mahmud maqbarasi va Ko’hna Ark (qabulxona va ayvonli masjid)ning ichki va tashqi devorlarini koshin bilan bezagan. Uslubining rang-barangligi namoyonlarga ishlangan girih va “so’zana” naqshlarida ko’zga tashlanadi.

Abdulla kulol (Kali Abdullo, 1815-Rishton-1900)-kulol, koshinpaz usta. Rishton va Qo’qonda ishlagan. Farg’ona kulollari ishlariga boshchilik qilgan. Xudoyorxon o’rdasining (hozirgi Qo’qon o’lkashunoslik muzeyi) bosh fasadini rang-barang koshinlar bilan bezashda qatnashgan (1867-73). Abdulla kulol ishlaridan namunalar (sopol idishlar) O’zbekiston davlat san’at va Qo’qon o’lkashunoslik muzeylarida saqlanadi.

Abdullayev Abdulhaq Oqsoqolovich (1918.30.12, Turkiston sh.) – rangtasvir ustasi. O’zbekiston xalq rassomi (1968), O’zbekiston BA faxriy a’zosi (1997), Samarqand badiiy bilim yurtida (1931-36) va Moskva badiiy institutida (1938-41) ta’lim olgan. Ijodini manzara va portretlar chizish bilan boshlagan. (“Hovuz bo’yida”, 1932; “Yoz”, 1937; “Do’stim portreti”, 1937). Kishilarning holat va kayfiyati, ma’naviy, yorqin qiyofalari mohirona ifodalangan portretlari bilan mashhur: “Abror Hidoyatov Otello rolida” (1946), “Mannon Uyg’ur” (1946), “Oybek” (1949), “Nazarali Niyozov” (1949), “Jiyan Shaxlo” (1959), “Komil Yashin” (1960), “Navoiy” (1973), “Yo.To’raqulov” (1975), “O.Sodiqov” (1978) va boshqalar; shuningdek ruhiy dunyosi va kechinmalari ifodali tasvirlangan (“Mualliflar portreti”, 1937; “Muallifning qirg’iz qalpoq kiygan portreti”, 1980; “Muallifning 15-asr kiyimidagi portreti, 1984 va boshqalar”) bir qator avtoportretlar ham yaratdi. Manzaralar (“Yomg’irdan so’ng”, 1954; “Bahor keldi”, 1955; “Humsonda”, 1961 va boshqalar), natyurmortlar (“Olma”, 1962; “Uzum va shaftoli”, “Qovun bilan handalak”, 80-yillar va boshqalar) muallifi. 1957 yil Hindiston safari taassurotlari asosida bu o’lka manzaralari (“Tongda Tojmahal”), kishilari (I.Gandi, S.Ketchlu)ni etyud va kartinalarida aks ettirgan. 80-yillarda O’zbekistonning mashhur kishilarining portretlarini ishladi. Asarlari xalqaro ko’rgazmalarda namoyish qilingan.

Navoiy portretini yaratish ustida izlanishlar mahsuli sifatida yuzaga kelgan asarlari Toshkentdagi Adabiyot muzeyida (1968), Andijon adabiyot va san’at muzeyida (1969), O’zbekiston san’at muzeyida (1980-84) va boshqa joylarda saqlanadi. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1977). “El yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan (1998).

Abdullayev Abdug’ani (1953.25.6, Farg’ona viloyati) – yog’och o’ymakori, O’zbekiston Respublikasi xalq ustasi (1999). Usta Q.Haydarovning shogirdi. Ustozi bilan birgalikda Toshkentdagi “Farg’ona” choyxonasi, Xalqlar Do’stligi saroyi, “Zarafshon” restoranidagi o’ymakori naqshli panjara, darvoza, eshik, namoyonlarni ishlagan. 1983 yildan mustaqil ishlaydi. Ilk bor Olim Xo’jayev nomidagi teatr (Guliston shahri) binosi uchun 20 dan ortiq o’ymakori eshik, darvoza, panjaralarni tayyorladi. Bir qator jamoat binolari, choyxonalar (Farg’ona, Isfara shahri), “Muborak” restorani (Toshkent), Qarshi teatri va boshqa binolari uchun noziq islimiy o’yma naqshlar bilan bezatilgan ustun, eshik, darvoza, panjaralar yaratdi; Imom al-Buxoriy majmuasiaati yog’och o’ymakorligi ishlariga rahbarlik qilib, shogirdlari bilan birga sharafalar, hovuzaklar tayyorladi, ayvonlar shiftini vassajuft yopish, o’ymakori ustunlari yaratishda yuksak mahorati namoyon bo’ldi (1998), Toshkentdagi “Xotira maydoni” (1999)dagi ayvonlarning ayvonlarning o’yma naqshli ustunlarini milliy me’morlik an’analari asosida yuksak mahorat bilan bezadi. 1973 yildan xalqaro ko’rgazmalarda badiiy asarlari bilan qatnashadi.

Abdullayev Lutfulla Abdullayevich (1912.25.10, Mirzacho’l-2000.2.10, Toshkent) — rangtasvir ustasi, O’zbekiston xalq rassomi (1950). Samarqand badiiy bilim yurtida ta’lim olgan (1930 — 35). Toshkent badiiy bilim yurtida o’qituvchi (1935 — 37). Abdullayev asarlari dolzarb, mazmunli, g’oyaviy va murakkab syujetli, jonli va yorqin obrazlarga boy. “Mulla To’ychi Toshmuhamedov portreti” (1938), “Qahramonni kutib olish” (1947), “Do’stlarning uchrashuvi” (1961) va boshqalar. Hajviy karikaturalari “Mushtum” jurnalida muntazam bosilgan. 15 dan ortiq kitoblarni badiiy bezadi: A. Qodiriyning “Mehrobdan chayon” tarixiy romani (1961, rus tilida), Oybekning “bolalik” (1963), G’.G’ulomning “Shum bola” (1964) qissalari va boshqalar. “Osiyo ustida bo’ron”, “O’tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” va boshqa filmlarga liboslar eskizlarini tayyorladi. O’zbekiston tabiati aks etgan manzaralar,agitplakatlar (ayniqsa 2-jahon urushi yillarida), portretlar (“Navoiy nomidagi teatr qurilishida”, 40-yillar, “Mening zamondoshlarim—adabiyot va san’at arboblari” — guruh portretlari,1989) ham yaratdi. Asarlari xalqaro ko’rgazmalarda namoyish etilgan. A. Qodiriy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati(1995). “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan (1999).