Turkiston o‘lkasida ta’lim tizimi va uning o‘ziga xos jihatlari

Rossiya imperiyasi amaldorlarining fikricha, Turkiston o‘lkasi yirik musulmonchilik markazlaridan biri bo’lib, aholining ruslar bilan yaqinlashuvi va ularning manfaatiga xizmat qilishi islom dinining ta’sir doirasi qisqargan taqdirdagina amalga oshuvi mumkin edi. Bu maqsadni amalga oshirish uchun, eng avvalo, o‘sib kelayotgan yosh avlodga, uning ruhiyatiga va dunyoqarashiga ta’sir o’tkazish , ya’ni musulmon maktablaridagi ta’lim – tarbiyani rus maktablaridagidek umumta’lim bilan almashtirish, ruslar tomonidan tashkil etilgan maktablarni bitirgan mahalliy yoshlami xizmatga tortish zarur deb topiladi. Shu maqsadda rus amaldorlari dastlab rus-tuzem maktablarini ochishga kirishadilar. 1884-yilda Toshkentda birinchi shunday maktab ochildi. Bu maktablardagi o‘quv jarayoni ikki qismdan iborat bo‘lgan. Tushgacha bo‘lgan mashg‘ulotlar rus o’qituvchisi tomonidan, tushdan keyingi mashg’ulotlar esa o‘zbek domlasi tomonidan olib borilgan.

Maktabga 20-30 o’quvchi jalb qilingan. Maktab o‘quv dasturiga kirgan mashg‘ulotlarda asosan rus tili, adabiyoti, geografiyasi va tarixi o‘rgatilgan.

Keyinchalik ruslarning ta’sirini yanada oshirish, rus tilida o‘qishni majbur qilish maqsadida barcha idora ishlarini rus tilida olib borish chora-tadbirlari ko’rila boshlanadi. Shuning uchun ham rus-tuzem maktablari qoshida rus tilini o‘rganuvchilar uchun kechki kurslar ochishga kirishildi. Bu kurslarga asosan shaharda yashovchi savdogarlar, mahalliy boshqaruv tizimi vakillari, boy-badavlat kishilar, xullas, ruslar bilan aloqadan manfaatdor bo’lgan kishilar jalb qilindi.

Rossiya imperiyasining Turkistonda olib borgan ma’naviy zulmi yerli xalqning ilg‘or fikr egalari va asl vatanparvarlarini harakatga keltiradi. Ular kuch ishlatish orqali istilochilar olib borayotgan jabr-zulmni yengib bo’lmasligini anglab yeta boshlaydilar. Faqat ma’rifat tarqatish orqaligina xalqning ongi va dunyoqarashini o’zgartirish, toptalayotgan milliy qadriyatlarni tiklash, milliy o‘zligini anglatish mumkinligini tushunib yetadilar. Natijada o‘lkada ma’rifatparvarlik harakati avj ola boshlaydi.

Mazkur harakat quyidagi ikki yo’nalishda vujudga keladi:

a) ma’rifatchilik harakati, ya’ni Yevropa tillari, ilm-fani va texnikasi yutuqlarini egallashni targ‘ib qiluvchi ilg‘or fikr egalari;

b) ta’lim tizimini isloh qilish, yangi uslubdagi maktablarni tashkil etish, chet mamlakatlarga borib o’qib kelish, dunyoviy ishlarni egallash orqali mustamlakachilikka qarshi kurashish va ijtimoiy-siyosiy masalalarni hal qilish g’oyasini ilgari suruvchi jadidchilik harakati faoliyat ko’rsatgan.

Ma’rifatparvarlik harakati vakillari (Ahmad Donish, Avaz O‘tar, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Anbar Otin, Hamza va boshqalar) asosan Yevropaning ilg’or ilm-fani va texnikasini o’rganishni, feodal tuzumi va tartiblarini bartaraf etishni, Yevropaning tillarini o’rganishni o’zlarining asarlari orqali targ‘ib qila boshlaydilar.

XIX asr oxiri va XX asr boshlariga kelib Turkistonda ijtimoiy-tarixiy jarayonlar va Rossiya tarkibiga kiruvchi turli xalqlarning ilg‘or fikr egalari ta’siri natijasida ijtimoiy-falsafiy oqim darajasiga ko‘tarilgan jadidchilik harakati yoyila boshlaydi.

O‘sha davrning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy o‘zgarishlarini o‘zida mujassamlashtirgan jadidchilik harakatining yoyilishida, birinchidan, mahalliy aholini ruslashtirish siyosatiga qarshi vujudga kelgan kurashlar, ikkinchidan, ma’rifat tarqatish orqali aholining milliy qiyofasini va kuchli zarbaga uchrayotgan milliy-ma’naviy qadriyatlarni saqlab qolishga, aholini feodal qoloqlikdan olib chiqishga bo‘lgan harakatlar muhim rol o’ynagan.

Albatta, bu harakatning Turkistonda amalga oshiradigan ishlari silliqqina kechmagan. Jadidchilar dastlab diniy mutaassibchilikning kuchli qarshiligiga, so‘ngra, yerli aholini qoloqlikda saqlab turishga harakat qilgan rus ma’muriyati tazyiqiga duch keldilar.

Turkistonda jadidchilik harakatining vujudga kelishida qrim-tatar xalqining ulug‘ farzandi Ismoil Gaspirali (Gaspirinskiy) muhim rol o’ynadi. U Turkistonga kelib jadidchilik g‘oyalarini targ‘ib qila boshladi va hatto Buxoro amiri Abdulahadxon bilan uchrashib, jadid maktabini ochishga ruxsat otdi. Uning sa’y-harakatlari tufayli Turkiston o’lkasida jadidchilik maktablari ochila boshladi.

Jadidchilik harakatining asosida Turkiston xalqini ma’rifat orqali taraqqiy topgan mamlakatlar darajasiga ko’tarish g‘oyasi yotardi. Bu g‘oyani faqatgina maorifni tubdan isloh qilish, dunyoviy fanlarni o’qitish orqaligina amalga oshirish mumkin edi.

Gaspiralining xatti-harakatlari zoye ketmadi. Turkistonda uning Mahmudxo‘ja Behbudiy (1875-1919), Munavvarqori Abdurashidxonov (1878-1931), Abdulla Avloniy (1878-1934), Abdurauf Fitrat (1884-1938), Ashurali Zohiriy kabi izdoshlari yetishib chiqdi. Ular jadidchilik g‘oyalarini o‘zlari tashkil etgan maktablar, gazeta va jurnallar orqali targ‘ibot qila boshladilar. Masalan, Munavvarqori «Xurshid», Abdulla Avloniy «Shuhrat», Behbudiy esa «Samarqand» gazetasi  va  «Oyna»  jurnalini  nashr  qildirdi.  Keyinchalik  Turkistonning  turli shaharlarida  «Kengash», «Sadoi Turkiston», «Sadoi Farg‘ona», «Najot», «Hurriyat», «Turon», «Ulug‘ Turkiston» kabi ommaviy nashrlar chiqa boshladi.

Turkiston jadidchilik harakati o‘zining faoliyatini XX asming 30- yillarigacha davom ettirgan.  Ularning 1917- yilgi to‘ntarishdan keyingi faoliyati asosida til va  adabiyotni isloh qilish, matbuot erkinligi, ko‘plab teatrlar tashkil qilish g’oyalari yotar edi.

XX asr boshlariga kelib Turkistonda milliy teatrning shakllanish jarayoni sodir bo’ldi. Milliy teatming shakllanishida asosan diniy e’tiqodi bir, tili esa bir-biriga yaqin bo‘lgan ozarbayjon va tatar teatrlarining ta’siri kuchli bo’lgan. Ozarbayjonlarning dramatik, prozaik va she’riy asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilina boshlagan. Ozarbayjon adabiyoti va san’ati vakillari Turkiston o‘lkasiga tez-tez tashrif buyurib turganlar. Ayniqsa, 1911-yilda  Ozarbayjon teatrlari birinchi marta Turkiston o‘lkasida gastrollarda bo’lishadi va o‘zlarining ommabop san’atlarini namoyish qiladilar. Masalan, Ahmadbek Kamarlenskiy, Yunus Narimonov, Sidqiy Ruhullo kabi yirik san’atkorlar Turkiston o’lkasining turli shaharlarida bo’lishib, N.Vezirovning «Musibati Faxriddin», «Yomg’irdan qochib selga»,  M.Oxundovning «Hoji qora» kabi sahna asarlarini  ko‘rsatishgan. Shuningdek, 1911-yilda birinchi marta Ilyosbek Ashkazarskiy rahbarligidagi tatar truppasi Turkistonda gastrolda bo‘ladi. Bu truppa «Baxtsiz bola», «Uch xotin bilan turmush», «Xo‘jayin va ish yurituvchi», «Oldi-berdi», «Vijdon va ko’z yoshlari» kabi dramatik  asarlarni namoyish etishadi.

Albatta, bu teatr truppalarining gastrollari yerli xalq ziyolilariga ta’sir qilmasdan qolmadi. Natijada, Abdulla Avloniy Ozarbayjon  san’atkorlarining yordami bilan «Turkiston» nomli teatr to’garagi tashkil etdi. Bu to‘garak o‘zbek yozuvchilarining dramalari bilan bir qatorda Ozarbayjon dramalarini ham sahnalashtirib Toshkent, Xo‘jand, Qo’qon, Namangan, Andijon shaharlarida namoyish qildi.

Abdulla Avloniy, Hamza, Siddiqiy, So‘fizoda, Fitratlar birmuncha ilg‘or Ozarbayjon adabiyoti va san’ati bilan yaqindan tanishish  maqsadida Bokuga bordilar.

Birinchi o‘zbek dramaturgi Mahmudxo‘ja Behbudiy «Padarkush» dramasini yozib, Turkiston general-gubernatorligiga yuboradi. Lekin Rossiya imperiyasi senzurasining Turkiston bo‘limi bu asarni xavfli deb hisoblab, chop qilishga ruxsat bermaydi. So’ngra Behbudiy pyesaning muqovasiga «Rossiyaning Fransuz istilosidan ozod bo’lishi va mashhur Borodina xotiralari yubileyiga bag‘ishlayman», deb yozib senzuraning Tiflis bo‘limiga yuboradi. Natijada ozarbayjonlik ilg‘or ziyolilar yordami bilan nashr qilishga ruxsat oladi.

Turkiston jadidchilik harakati vakillarining taqdiri ayanchli tugadi. Ular Rossiya imperiyasi davrida ham, sho‘rolar davrida ham ro‘shnolik ko‘rmadilar. «Millatchi», «xalq dushmani», «aksilinqilobchi» degan turli ayblar taqalib qatag‘on qurbonlariga aylandilar.