Tilshunoslik va axloqshunoslik

X-XI asrlarga kelib turkiy tilning shakllanishi va rivojlanishi uchun qulay sharoit  vujudga keladi. Bunda, birinchidan, Movarounnahr va Xuroson hududlarida Qoraxoniylar, G’aznaviylar, Xorazmshohlar, Saljuqiylar kabi turkiy sulolalar hukmronligi natijasida uning saroy tiliga aylana borganligi, ikkinchidan, dehqonchilik,hunarmandchilik, savdo-sotiq aloqalarining diniy e’tiqodlar va umuminsoniy xususiyatga ega bo’lgan urf-odatlar hamda marosimlarning, ya’ni ham moddiy, ham ma’naviy madaniyatning rivojlana borishi va shakllanishida muhim rol o‘ynadi.

Mahmud Koshg‘ariy XI asr boshlarida turkiy xalqlarning tiliga, turli qabila va urug‘larning urf-odatlari hamda xalq og‘zaki ijodiga qiziqadi. Natijada butun Movarounnahr, Xorazm, Farg‘ona, umuman, Qoraxoniylar saltanati hududlarini kezib chiqadi va turli qabila, urug‘ hamda xalqlarning turmushini kuzatadi, kasb-kori, urf-odatlari bilan qiziqadi, tili hamda og‘zaki badiiy ijodi namunalarini to’plab o’rganadi.

«Devonu lug‘otit turk» ikki qismdan – muqaddima va lug‘at qismdan iborat bo‘lib, muqadd ima qismida asarning yaratilish sabablari, uning tuzilishi va boshqalarga to‘xtalinadi. Lug‘at qismida muallif olti mingdan ziyodroq turkiy so‘zlarning lug‘aviy ma’nosini arabcha izohlab beradi. Mahmud  Koshg‘ariy o‘z kuzatishlari va faktik materiallar asosida turli qabila va elatlarning tillarini, hududiy dialektlari –  shevalarini atroflicha yoritib beradi. Leksika, fonetika, morfologiya va dialektologiyaga oid masalalar yuzasidan nazariy xulosalar chiqaradi. Bu asar turkologiya va uning tarixiga oid ko’plab faktik materiallarni o‘zida qamrab olgan qimmatbaho manba hisoblanadi.

Shu bilan birga, Mahmud Koshg‘ariy «Devonu lug‘otit turk» asarida turli qabilalar va xalqlarning tarixi, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, urf-odatlari hamda joylar va ularning tabiiy xususiyatlari to’g‘risida ko‘plab ma’lumotlar beradi. Turkiy tillarning rivojida, uning nazariy jihatlarini tadqiq etishda Abu Xayyon Andalusiy (1256-1334) ning xizmatlari ham beqiyosdir. Abu Xayyon Andalusiy ham mashhur tilshunos sifatida turkiy tillarni tadqiq etish orqali turkiy qabilalar va elatlarning tillari hamda ularning tarixini yorituvchi bir qator asarlar yaratgan. Tilshunoslikka oid  «Turk ozodligi chechagi», «Turkiy tillarni bilish kitobi», «Turk tilidagi fe’llar kitobi», «Turkiy til haqida nur beruvchi marvarid» kabi bir qator asarlari bilan tilshunoslik madaniyati ravnaqiga ulkan hissa qo’shgan.

O‘rta asrlarda Movarounnahr, Shosh, Farg‘ona, Yettisuv va Sharqiy Turkistonda yashayotgan turkiy xalqlarning ham qadim davrlardan buyon davom

etib kelayotgan og‘zaki adabiyoti bilan bir qatorda yozma adabiyot rivojlana boshladi. Natijada turkiy olamning nodir didaktik dostoni – Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig», («Qutga, baxt-saodatga erishtiruvchi bilim») asari, Ahmad Yugnakiyning «Hibatul haqoyiq» («Haqiqat armug‘oni») asarlari o‘rta asr turkiy xalqlarining eng noyob yozma yodgorliklari hisoblanadi.

Mashhur olim N.Mallayevning ta’kidlashicha, Yusuf Xos Hojib «Quladg‘u bilig» dostonini yaratar ekan, u Qoraxoniylar davlati hokimiyatini mustahkamlash, Tavg‘ochxon (poytaxti Qoshg‘ar bo‘lgan Sharqiy Turkiston hukmdori) va llikxon (mahalliy hokimlar) o‘rtasidagi ixtiloflarni bartaraf etish, hukmron doiralarning turli ijtimoiy tabaqalarga munosabatini belgilash, ma’rifat va obodonchilik uchun kurash, yaxshi xulq -odobni targ‘ib qilish kabi maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan edi.

Shu bilan birga, «Qutadg’u bilig» madaniyat tarixi uchun ham muhim ahamiyatga ega. Chunki, unda inson hayotining mohiyati va mazmuni tahlil qilinadi. Insonning jamiyatdagi o‘rni, vazifalari, axloqiy qiyofalari aniqlanadi. Turli tabaqaga oid kishilarning insoniy xislatlari, dunyoqarashi, turish-turmushi haqida so‘z yuritiladi va ularga hayotiy yo‘l-yo‘riqlar hamda maslahatlar beriladi.

Asardagi to‘rt qahramon ideal orzu sifatida gavdalanadi: Kuntug‘di (Tug ‘ilgan kun) — adolat ramzi, Oyto’ldi  (Tolgan oy) — baxt va davlat ramzi. O‘gdulmish (Aqlga to‘lgan) — aqllilik ramzi, O‘zg‘urmish (Uyg‘onish) — qanoat ramzi. Bu qahramonlar o‘rtasida bo’lib o‘tadigan savol-javob munozaralar jarayonida oddiy xalqdan tortib Qoraxoniylar saltanatining eng oliy daraja hokimi – eliggacha bo‘lgan oraliqdagi barcha tabaqa va toifalarning axloq-odob, xatti-harakat, munosabat chegaralari haqida bahs boradi. Shu sababdan ham bu asar pand-nasihat, ta’lim-tarbiya ruhi bilan sug‘orilgan.

O’rta asrlarda turkiy tilda yozilgan badiiy-didaktik asarlardan yana biri Ahmad Yugnakiyning (XII asr oxiri va XIII asr boshlarida yashab  ijod etgan shoir va olim) «Hibatul haqoyiq» asaridir. Asarning ayrim misralarigina muallif haqida ozgina bo‘lsa-da ma’lumot beradi. Dostonda muallif o‘zi haqida yozib, tug‘makor bo’lganligini qayd etadi. Alisher Navoiy ham o’zining «Nasoyim ul-muhabbat» («Muhabbat shabadasi») asarida Ahmad Yugnakiyni O‘rta Osiyoning mashhur shayxlaridan biri bo‘lganligini, uning ko’zi ojiz bo‘lishiga qaramasdan, qalb ko‘zi bag‘oyat ravshan bo’lganligini ta’kidlaydi.