Tilshunoslar

Abduazizov Abduzuhur Abdumajidovich (1938.1.1, Toshkent) – tilshunos. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1995). Filologiya fanlari doktori (1975), professor (1978). Toshkent davlat chet tillar pedagogika institutini tamomlagan (1961). Shu institut ingliz tili fonetika va fonologiyasi kafedrasining mudiri (1968-81; 1983-91), Kobul universitetida maslahatchi-professor (1981-83), Toshkent davlat universiteti qiyosiy-tipologik tilshunoslik kafedrasi mudiri (1991 yildan). Ingliz va o’zbek tillari unli fonemalarining qiyosiy tahlili mavzuida ilmiy tadqiqotlar olib borgan.Umumiy va qiyosiy tilshunoslik, fonetika va fonologiya, oliy o’quv yurti uchun chet tillarini o’qitish uslubiyotiga doir darslik, o’quv qo’llanmalari mualifi. Asarlari rus, ingliz va dari tillarida nashr etilgan.

Abdullayev Fattoh (1914.16.1, Jambul-1985.11.9, Toshkent) — o’zbek tilshunosi. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1984). Filologogiya fanlari doktori (1961), professor (1969), Leningrad davlat universitetini tamomlagan (1939). Toshkent davlat pedagogika institutida (1939-44), Namangan davlat pedagogika institutida (1944-47), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi til va adabiyot institutida (1947 — 50 va 1957 yildan), Xorazm davlat pedagogika institutida (1950-56) ishlagan. Ilmiy ishlari o’zbek adabiy tilining tarixi, dialektologiyasi, leksikasi, fonetikasi, grammatikasi, shuningdek badiiy nutq masalalariga bag’ishlangan. Abdullayev Xorazm shevalarini tadqiq qilib, ularning dialektologik xaritasini tuzgan va tasnifini bergan.