Tib qonunlari. 1-jild

Muallif: Abu Ali ibn Sino

Abu Ali ibn Sino va uning “Tib qonunlari” haqida

Jahon fani, xususan tabobat ilmi taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shgan Abu Ali ibn Sino O’rta Osiyo tuprog’idan yetishib chiqqan vatandosh allomalarimizdan biri hisoblanadi. U 370-hijriy yili safar oyining boshida (ya’ni 980-yil avgust oyining ikkinchi yarmida) Buxoro yaqinidagi Afshana qishlog’ida dunyoga keladi, besh yoshga kirgach, Ibn Sinolar oilasi poytaxt – Buxoroga ko’chib keladi va uni o’qishga beradilar. Ibn Sino avval Qur’on, til va adabiyot darslarini o’qiydi va o’n yoshga yetar-yetmas bu darslarni to’la o’zlashtirib oladi. Ayni vaqtda u mantiq, hisob, aljabr, handasa va falakiyot bilan ham shug’ullanadi. Shu bilan birga Ibn Sino tabiiy fanlarni, xususan tabobatni sevib o’rganadi. U o’zining tug’ma iste’dodi va favqulodda mehnatsevarligi tufayli darslarini osonlik bilan o’zlashtirar va hatto muallimlariga noma’lum bo’lgan narsalarni ham kitobdan mustaqil o’qib o’rganardi. Ayniqsa tib ilmida u juda tez kamol topa boshlaydi. “Tib ilmi, – deb yozadi Ibn Sino o’z tarjimai holida, – qiyin ilmlardan emas, shu sababdan qisqa muddat ichida bu (fanda juda) ilg’orlab ketdim, endi hatto bilimdon tabiblar ham kelib huzurimdan tib ilmidan saboq oladigan bo’ldilar. Bemorlarni ham davolab turardim va (shu yo’sinda) ortdirgan tajribalarim natijasida muolija eshiklari menga shu qadar (keng) ochilib ketdiki, uni ta’riflab berish qiyin”.

Ibn Sino o’n yetti yoshidayoq Buxoro xalqi orasida mohir tabib sifatida dong chiqardi. O’sha kezlarda Somoniylar davlatning boshlig’i Nuh ibn Mansur kasal bo’lib, saroy tabiblari uni davolashdan ojiz edilar. Buxoroda yangi chiqqan yosh tabibning ovozasi saroyga ham yetib borgan edi, uni amirni davolashga taklif qiladilar va uning nazoratida davolangan bemor tez fursatda oyoqqa turadi. Buning evaziga Ibn Sino saroy kutubxonasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo’ladi. Bu kutubxona o’sha vaqtda butun O’rta va Yaqin Sharqdagi eng katta va boy kutubxonalardan sanalardi. Bir necha yil davomida kecha-kunduz tinmay mutolaa qilish natijasida Ibn Sino o’z bilim doirasini mislsiz darajada kengaytirdiki, u davrda shu qadar bilimga ega bo’lgan boshqa bir kishini topish mushkul edi.

Ibn Sinoning o’z davridagi yirik olimlar, jumladan, Abu Rayhon Beruniy bilan bo’lgan ilmiy munozaralari taxminan shu yillardan boshlanadi. U o’zining birinchi yirik asarlarini ham Buxoroda 1000-1001 yillarda yozgan.

999-yili Qoraxoniylar Buxoroni zabt etib, Somoniylar davlatini yiqitadilar. Bundan tashqari, ayrim feodal hukmronlari orasidagi o’zaro urushlar hamon tinmay davom etar va bu voqealar Buxoroda tinch va xotirjamlikda ilmiy ishlarni davom ettirishga hech qanday sharoit qoldirmagan edi. Buning ustiga 1002 yili Ibn Sinoning otasi vafot etadi. Oqibatda Ibn Sino Buxoroni tark etib, Xorazm (Urganch)ga ketadi.

Xorazmda ham O’rta Osiyoning qadimiy boy va madaniy viloyatlaridan biri bo’lib, XI asrning boshlarida u yerd ilmiy hayot ancha rivojlangan edi. O’sha vaqtda Urganchda ko’pgina zamonasining taniqli olimlari yashar va ijod etar edilar, buyuk Abu Rayhon Beruniy (973-1048) shular jumlasidandir.

O’sha vaqtlarda g’aznaviylar hukmroni Sulton Mahmud (998-1030) Xorazm yerlarini o’z davlatiga qo’shib olishga harakat qiladi. Unga tobe bo’lishni istamagan Ibn Sino taxminan 1010-1011 yillarda Xorazmdan maxfiy ravishda chiqib, Xuroson tomon yo’l oladi va Kaspiy dengizining sharqi-janubida joylashgan Gurgon amirligiga yetib keladi. Bu yerda u Abu Ubayd Juzjoniy bilan tanishadi, shundan boshlab u yigit Ibn Sinoga eng yaqin va sodiq shogird bo’lib qoladi va ustozining oxirgi nafasigacha undan ajralmaydi.

Ko’p o’tmay Ibn Sino Gurgonda o’zining ilmiy ishlari va tabiblik faoliyatini yana boshlab yuboradi. Tabobatga oid mashhur asari “Kitob al-qonun fi-t-tibb” (“TIb qonunlari”)ning 1-inchi kitobini va ba’zi bir boshqa asarlarini yozishga kirishadi.

1014 yili Ibn Sino Gurgonni ham tark etadi va bir qancha muddat Ray va Qazvin shaharlarida turgandan keyin Hamadonga keladi va buvayhilar hukmdori Shams ad-davla (997-1021) xizmatiga kiradi – oldin saroy tabibi bo’lib ishlaydi, so’ngra vazirlik mansabiga ko’tariladi. Davlat ishlari bilan band bo’lishiga qaramay ilmiy ishlarni davom ettiradi va qator asarlar yaratadi, o’zining ririk falsafiy qomusi “Kitob ash-shifo”ni ham shu yerda yozishga kirishadi. Yuqoridagi nomi zikr etilgan Juzjoniyning yozishicha, Ibn Sino jismoniy jihatdan ham juda baquvvat kishi bo’lgan. Biroq shaharma-shahar darbadarlikda yurish, kechalari uxlamasdan uzluksiz ishlash va bir necha bor ta’qib ostiga olinib, hatto hibsda yotishlar olimning salomatligiga ta’sir etmay qolmadi. U 428 hijriy yilning ramazon oyida (1037-yilning iyunida) 57 yoshida Hamadonda vafot etdi. Uning qabri hozirgacha saqlanib qolgan.

Ibn Sino haqiqiy qomusiy olim sifatida o’z davridagi fanlarning deyarli hammasi bilan muvaffaqiyatli shug’ullangan va ularga oid asarlar yaratgan. Turli manba’larda uning 450 dan ortiq asarlari qayd etilgan bo’lsa ham, zamonlar o’tishi bilan ularning ko’pi yo’qolib ketgan va bizgacha faqat 242 tasi yetib kelgan. Shu 242 dan 80 tasi falsafa, ilohiyot va tasavvufga tegishli, 43 tasi tabobatga oid, 19 tasi mantiqqa, 26 tasi ruhshunoslikka, 23 tasi tabiiyot ilmiga, 7 tasi falakiyotga, 1 tasi riyoziyotga, 1 tasi musiqaga, 2 tasi kimyoga, 9 tasi odob ilmiga, 4 tasi adabiyotga va 8 tasi boshqa olimlar bilan bo’lgan ilmiy yozishmalarga bag’ishlangan.

Olimning bizgacha yetib kelgan umumiy falsafaga oid eng yirik va muhim asari “Kitob ash-shifo” deb atalgan. Uni o’z davrining ilmiy qomusi desa bo’ladi, u 4 qismdan iborat: 1) mantiq 2) tabiiy fanlar 3) riyoziyot 4) ilohiyot. Bu asarning arabcha matni qisman bir necha marta nashr etilgan bo’lsa ham, u biron tilga hali to’la ravishda tarjima etilamagan, faqat ayrim bo’limlarigina turli g’arb va sharq tillarida chop etilgan.

Falsafaga oid ikkinchi asari “Kitob an-najot” (“Najot kitobi”) bo’lib, unda “Kitob ash-shifo”ning mazmuni qisqartirib bayon etilgan.

Ibn Sinoning eng so’nggi yirik falsafiy asri “Al-ishorot va-t-tanbihot” (“Ishoralar va tanbihlar”) bo’lib, unda olim falsafaning asosiy masalalarini qisqa iboralarda bayon etgan.

Ibn Sinoning fors-dariy tilida yozilgan falsafiy asarlaridan eng muhimi “Donishnoma” (“Bilim kitobi”) hisoblanadi. Bu asarning forscha matni va ruscha tarjimasi nashr etilgan.

Ibn Sino bu asarlarida o’zidan oldingi va o’z davridagi tabiiy fanlar va falsafaning yutuqlaridan foydalangan holda shunday bir falsafa yaratdiki, bu falsafani o’rta asr Sharqidagi nazariy bilimlarning eng yuqori cho’qqilaridan biri deb ta’riflash mumkin.

Fanlarni ma’lum bir tartibda turkumlarga ajratish, ya’ni ularni tasniflash tabiatshunoslikning muhim va asosiy masalalaridan biri bo’lib, uni hal qilish uchun ma’lum bir falsafiy nuqtai nazardan yondoshish talab etiladi. Shuning uchun ham bu masala bilan doimo o’z davrining buyuk mutafakkirlari bosh qotirib kelganlar. Ibn Sino ham bu muhim masala bilan shug’ullanib, ma’lum qoidalarga asoslangan o’ziga xos tasnif tuzgan.

Ibn Sinoning falsafiy ta’limotlari faqat Sharqdagina emas, balki G’arbiy Yevropa mamlakatlarida ham keng yoyildi va Uyg’onish davrida ilmiy dunyoqarashning vujudga kelishida katta ahamiyat kasb etdi.

Ibn Sinoning tabobat fani sohasidagi xizmatlari ayniqsa buyukdir. U o’z asarlarida eng qadimgi fanlardan biri bo’lgan tibbiyoning o’zidan oldingi ming yillik taraqqiyotiga yakun yasabgina qolmay, uni yangi yuqori bosqichga ko’tardi, hatto bu fanning keyingi asrlarda erishgan bir qancha yutuqlarini oldindan ko’ra bildi.

Ibn Sinoning bizgacha yetib kelgan tibbiy asarlari 30 dan oshadi. Shulardan asosiylari o’zbek tiliga tarjima qilinib nashr etilgan.

Ibn Sinoning tabobatga oid eng yirik shoh asari “Kitob alqonun fi-t-tibb” (“Tib qonunlari kitobi”) hisoblanadi. O’z davridagi tibbiyot fanining mufassal qomusi hisoblangan bu asarda inson sog’ligi va kasalliklariga oid bo’lgan barcha masalalar mantiqiy tartibda to’la bayon etilgan “Qonun” 1012-23 yillar mobaynida yozilgan bo’lib, uning qo’lyozma nusxalari tezlik bilan tarqaladi.

Bu asar ko’p o’tmay Yevropaga ham yetib keldi. XII asrdayoq Kremonalik Gerard (1114-1187) “Qonun”ni arabchadan lotin tiliga tarjima qiladi va shundan keyin Yevropa dorilfununlarida tabobat fani Ibn Sino asarlari bo’yicha o’qitila boshlaydi. “Qonun” o’zining asosiy qo’llanma va darslik sifatidagi qiymatini 500 yildan ortiqroq vaqtgacha saqlab qoldi. Birinchi bor u Uyg’onish davridagi insonparvarlik markazlaridan biri bo’lgan Strasburg shahrida 1473 yili bosilib chiqadi. Umuman “Qonun” 40 martadan ortiq to’la holda nashr etilgan. Ayrim qismlarining nashri esa son-sanoqsizdir.

Uning arabcha matni 1593 yiliyoq Rimda nashr etilgan edi. Keyinchalik XIX asrda bir necha bor qaytadan bosildi. “Qonun”ning ayrim qismlari ingliz, nemis va fransuz tillariga ham tarjima qilingan bo’lsa-da, bu muhim asar keyingi vaqtlargacha hozirgi zamon tillaridan birontasiga to’la holda tarjima qilinmagan edi. Bu qiyin va mas’uliyatli ishni o’zbek sharqshunoslari tabiblari bilan hamkorlikda amalga oshirdilar: “Qonun”ning beshala kitobi o’zbek va rus tillarida 1954-1961 yillar mobaynida Toshkentda nashr etildi. 1980 yili Ibn Sino tug’ilganiga 1000 yil to’lishi munosabati bilan “Qonun”ning ikkinchi tuzatilgan nashri e’lon qilindi.

Ibn Sino “Qonun”ni besh kitobga bo’lgan.

I kitobda tabobatning umumiy nazariyasi: inson anatomiyasi va fiziologiyasi, kasallikning kelib chiqish sabablari va ularning alomatlari, davolashning umumiy asoslari, badantarbiya va sog’liqni saqlash tadbirlari bayon etilgan.

II kitob dorishunoslikka bag’ishlangan bo’libm unda o’simlik, ma’dan va hayvonlardan olinadigan 811 sodda dorining nomini alifbo tartibida joylashtirib ta’riflanadi va har bir dorining qaysi kasallikka davo ekanligi ko’rsatiladi.

III kitobda “juz’iy” kasalliklar, ya’ni insonning boshidan tovonigacha har bir a’zosida bo’ladigan kasalliklar, ularni aniqlash va davolash usullari bayon etiladi.

IV kitob insonning biron muayyan a’zosiga xos bo’lmagan, balki butun gavdasida yuz berishi mumkin bo’lgan kasalliklarga bag’ishlangan.

V kitobda murakkab dorilar, ya’ni tabiatda tayyor holda uchramaydigan davolar (turli taryoklar, ma’junlar, malhamlar, hab dorilar va h.k) ni tayyorlash to’g’risida gap boradi.

Ibn Sino sog’liqni saqlash, turmush gigiyenasi va to’g’ri-oqilona ovqatlanish masalalariga katta ahamiyat beradi, uning bu sohadagi maslahatlari hozirgacha ham o’z qiymatini yo’qotgan emas. Salomatlikni saqlashda badantarbiyaning barcha yoshdagi kishilar uchun ham zarur ekanligini qayta-qayta ta’kidlaydi.

Inson tanasiga tashqi omillarning ta’siri masalasiga katta ahamiyat bergan Ibn Sino ba’zi kasalliklarning suv yoki havo orqali tarqalishi mumkinligini ta’kidlaydi.

Kasalliklarni (xususan ichki kasalliklarni) to’g’ri aniqlashni, ularnining qanday kechishlarini to’la va aniq tasvirlab berganligi va bu sohadagi qator kashfiyotlari Ibn Sinoni hozirgi zamon terapiyaning asoschilaridan biri, deb atashga imkon beradi.

Meningit, oshqozon yarasi, zotiljam, o’pka yallig’lanishi, sariq kasalligi, qizamiq, chechak, turli yomon yaralar va qator boshqa kasalliklarni shu qadar to’g’ri va mufassal ta’riflab berganki, unga hatto hozirgi zamon shifokorlari ham qoyil qoladilar.

Ibn Sino asabiy va ruhiy kasalliklarni aniqlash va ularni davolash sohasida ham ko’p yangiliklar kiritgan.

Uning jarrohlik sohasidagi ishlari ham juda muhimdir.

Ibn Sinoning dorishunoslikka qo’shgan hissasi nihoyatda salmoqlidir. U taklif etgan dorilar asrlar davomida keng ishlatib kelgan. Ularning ko’pi hozir ham o’z qiymatini yo’qotgan emas.

Ibn Sino kabi o’zining butun bilimi va hayotini inson salomatligini saqlashga, tabiat qonunlarini ochishga, adolat va haqiqat uchun kurashga bag’ishlangan buyuk olimlarning asarlari ko’p asrlardan beri butun insoniyat uchun bitmas-tuganmas bilim manbai vazifasini o’tab kelish bilan birga, hozir ham ular madaniy taraqqiyotga, va xususan inson salomatligini saqlash ishiga xizmat qilmoqda. Mana shuning uchun oradan 1000 yil o’tgan bo’lishiga qaramasdan buyuk vatandoshimiz Ibn Sinoning nomi barcha xalqlar tilida katta ehtirom bilan zikr etilmoqda va asarlari qaytadan nashr etilmoqda. Ubaydulla Karimov, Hamidulla Hikmatullayev.


Shuningdek o’qing

Tib qonunlari haqida. Tib ta’rifida
Tibning mavzulari to’g’risida
Unsur to’g’risida
Mijoz haqida
A’zolarning mijozlari haqida
Yosh va jins mijozlari haqida
Xiltlar to’g’risida
A’zolarning mohiyati va qismlari to’g’risida
Quvvatlar to’g’risida
Kasalliklar, ularning umumiy sabablari va yuz berishlari. Sabab, kasallik va [kasallikning] yuz berish [degan tushunchalarning ta’rifi haqida]
Kasalliklarning davrlari haqida
Sabablar haqida
Atrofning o’ragan havoning gavdaga ta’siri haqida
Yil fasllarining tabiatlari haqida
Yil fasllarining hukmlari va o’zgarishlari haqida
Yaxshi havo haqida
Fasllar haqida
Havoning tabiiy holatiga zid bo’lgan yomon o’zgarishlarining ta’siri haqida
Turar-joylarga qarab bo’ladiga hodisalar haqida
Yeyiladigan va ichiladigan narsalar keltirib chiqaradigan [hodisalar] haqida
Suvlarning ahvollari haqida
Hammomga tushish, [gavdani] quyoshga toblash, qumda yotish va unga ko’milish
Mijoz belgilari haqida
Tomir urushi haqida umumiy so’z
Siydik haqida umumiy so’z
Axlat orqali aniqlanadigan belgilar haqida
Sog’liqni saqlash tadbirlari. Sog’liq va kasallikning sababi va o’limning muqarrarligi haqida
Tarbiya haqida
Bolaning tug’ilganidan to oyoqqa turganicha qilinadigan tadbirlar haqida
Bolani emizish va emchakdan ajratish tadbirlari haqida
Bolalarda paydo bo’ladigan kasalliklar va ularni davolash to’g’risida
Chaqaloqning bolalik yoshiga o’tgandagi tadbirlari to’g’risida
Balog’atga yetgan kishilar uchun umumiy bo’lgan tadbirlar. Badantarbiya haqida umumiy so’z
Badantarbiya turlari haqida
Hammomda cho’milish va hammomlar haqida
Sovuq suvda cho’milish haqida
Ovqatlanish tadbiri haqida
Suv va ichimliklarning tadbiri haqida
Uyqu va uyg’oqlik haqida
Keksalar tadbiri
Keksalalarni ovqatlantirish to’g’risida
Keksalar ichadigan sharoblar haqida
Keksalalarni uqalash (massaj qilish) to’g’risida
Keksalarning badantarbiyalari to’g’risida
Yilning turli fasllaridagi tadbirlar va havoni sog’lomlashtirish haqida
Kasallikning boshlanishidan xabar beruvchi belgilar paydo bo’lganda ko’riladigan tadbirlar haqida
Safar qiluvchilar tadbiri haqida umumiy so’z
Issiqdan saqlanish, ayniqsa, safarda va issiqda safar qiluvchi kishi tadbiri haqida
Sovuq vaqtda safar qiluvchi kishining va sovuq urgan kishining tadbiri haqida
Oyoq va qo’lni sovuq zararidan saqlash to’g’risida
Safarda (bet) rangini saqlash haqida
Safar qiluvchining turli suvlar zararidan saqlanishi haqida
Dengizda safar qiluvchi kishining tadbiri haqida
Umumiy davolash usullari to’g’risida. Davolash to’g’risida umumiy so’z
Mijoz buzilishi kasalliklariga qilinadigan davolar haqida
Qanday va qaysi vaqtda bo’shatish (istifrog’ qilish) kerakligi to’g’risida
Qustirish va surgiga taalluqli umumiy qoidalar va surgi, ham qustiruvchi dorilarning tortib chiqarish kayfiyatini ko’rsatish haqida
Ichni surish va uning qoidalari
Surgining haddan ziyod amali va uni to’xtatish vaqti to’g’risida
Qusish to’g’risida
Qayt qilgan kishining qiladigan ishi to’g’risida
Qaytning foydalari haqida
Huqna to’g’risida
Qon olish haqida
Qortiq qo’yib qon olish haqida
Zuluklar haqida
Tiqilmalarni davolash to’g’risida
Shishlarni davolash to’g’risida
[Shishlarni] yorish haqida
Buzilgan a’zolarning davosi va uni kesib tashlash to’g’risida
Uzluksizlikning buzilishi, turli yaralar, et uzilish, zarba va yiqilish oqibatlarini davolash haqida
Og’riqlarni to’xtatish haqida
Davolashlarni qaysi biridan boshlashimiz kerakligi haqida
Sodda dorilar. Dorilarni yig’ish va saqlash to’g’risida
Alif (A) harfi
Bo (b) harfi
Jim (J) harfi
Zo-zoy (Z) harfi
Ho (H) harfi
Yo (Y) harfi
Kof (K) harfi
Lom (L) harfi
Mim (M) harfi
Nun (N) harfi
Sin (S) harfi
‘Ayn (‘A) harfi
Fo (F) harfi
Sod (S) harfi
Qof (Q) harfi
Ro (R) harfi
Shin (Sh) harfi
To (T) harfi
Xo (X) harfi
Zol (Z) harfi
G’ayn (G’) harfi

счетчик посещений