Temuriylar davri madaniyati. Amir Temur davri madaniyati va uning asosiy xususiyatlari

Agar Markaziy Osiyo madaniy taraqqiyotiga nazar tashlansa, madaniy – tarixiy jarayonda O‘rta Sharqda markazlashgan qudratli davlatni barpo etgan Amir Temurning roli beqiyos katta bo‘lganligini anglab yetish mumkin. Amir Temur va temuriyzodalar Sharqning , ayniqsa, IX-XII asrlar musulmon madaniyati an’analarini davom ettirdilar.

Bu davr madaniy hayotining ko’zga tashlanib turadigan asosiy xususiyatlaridan biri islom dinining jamiyat ma’naviy hayotiga sezilarli ta’sir ko’rsata boshlaganligidir. Mo’g’ullar davrida parokandalikka uchragan madaniy-maishiy hayot yana o‘zining azaliy o‘zaniga tushib oldi. Shariat qonunlari ijtimoiy-madaniy mavqeyini tikladi. Islomning keng ko’lamda yoyilgan, diniy-falsafiy oqimi hisoblangan tasavvuf ta’limoti ham jamiyat ma’naviy hayotidan mustahkam o‘rin egalladi.

XIV asrda Markaziy Osiyoda tasavvufning Naqshbandiylik tariqati keng quloch yoydi. Bahouddin  Naqshbandning fikriga ko‘ra, Olloh o‘zi yaratgan barcha narsalarda mujassam. Olloh diydoriga yetishmoqchi bo‘lgan, unga qo’shilib ketishni  xohlagan har bir sufiy xudo tomonidan yaratilgan narsalardan o‘zini tiymasligi, undan bahramand bo’lishi, lekin unga o‘z mehnati orqali erishmog‘i zarur. Ollohga qo‘shilmoq uchun un i q albda saqlab, mehnat bilan shug‘ullanish lozim.

O’rta Osiyo madaniy hayotida muhim rol o’ynagan Amir Temu r davri qay yo’sinda vujudga keldi va ijtimoiy taraqqiyotda qanday o‘z o‘rnini egalladi?

Ma’lumki, ilk Uyg‘onish davri, ya’ni IX-XIII asrlar Movarounnahr va Xurosonda gurkirab-yashnagan madaniy hayot mo‘g’ul bosqinchilari tomonidan yakson qilindi. Madaniy, iqtisodiy jihatdan rivojlangan shaharlar, obod qishloqlar, yam-yashil bog’lar xarobaga aylantirildi. Ilm-fan maskanlari ma’naviyat va ma’rifat o‘choqlari hisoblangan madrasalar, rasadxonalar, kutubxonalar yo‘q qilinib, ularda avaylab asralgan nodir asarlar va qo’lyozmalar yondirildi yoki tashib ketildi. Ilm-fan, san’at, adabiyot va me’morlik taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shgan buyuk tafakkur egalari o’ldirildi yoki quvg‘in ostiga olindi. Lekin xalqning milliy tafakkuri va e’tiqodining kuchliligi, milliy uyg‘onish va o’zlikni anglab yetish ijtimoiy qonuniyatga aylangan, bosqinchi xalqning tili, diniy e’tiqodlari, maslagi, mafkurasi va hayot tarzining mahalliy xalq tomonidan qabul qilinishi an’anasi buzildi. Ilk Uyg‘onish davrida shakllanib ulgurgan, taraqqiy etgan ma’naviyat va madaniyat bosqinchi xalq maslagini qabul qilish qonuniyatini buzadi. Mahalliy xalq ma’naviyatining mustahkamligi sabab, mo‘g‘ul bosqinchilari mahalliy xalq e’tiqodini, tili va hayot tarzini qabul qilishga majbur bo’ladilar.

Mo‘g‘ul bosqinchlariga qarshi mustaqillik uchun olib borilgan kurashlar o’z samarasini beradi, ya’ni istilochilar davlat boshqaruvining zaiflashuviga va kuchli Temur davlatining vujudga kelishiga olib keladi.

Hokimiyat tepasiga kelgan Amir Temur mo‘g‘ul bosqinchilari mayda bo’laklarga bo‘lib tashlagan feodalliklarni birlashtirib, markazlashgan qudratli saltanatni vujudga keltirdi.

Amir Temur o‘z tasarrufidagi mamlakatlarning mavjud boyliklarini ishga solib, o‘z imperiyasini iqtisodiy va madaniy jihatdan yuksalgan qudratli davlatga aylantirdi. Mamlakat ichida birlik va barqarorlikni o‘rnatish, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash uchun ko’plab chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Xalqning diniy e’tiqodini mustahkamlash maqsadida xalq ishonchini qozongan ruhoniylar va tasavvufning yirik vakillari obro‘sini yanada balandga olib chiqdi.

O‘z mamlakatini iqtisodiy va madaniy jihatdan mustahkamlashda dehqonchilikka alohida e’tibor berdi. Ko‘priklar, rabotlar, sardobalar, madrasalar, shifoxonalar va yo‘llarning qurilishiga ko‘plab mablag’ sarfladi. Savdo-sotiq ishlarining mo’tadilligi uchun savdo karvonlarining xavfsizligini ta’minladi. Bular haqida Amir Temurning o‘zi shunday deb yozadi: «Xarob bo’lib yotgan yerlar egasiz bo’lsa, xolisa (daromad va yer ishlari bilan shug‘ullanuvchi hay’at) tarafidan obod qilinsin.Agar egasi bo’sayu, (lekin) obod qilishga qurbi yetmasa, unga turli asboblar va kerakli narsalar berilsin, toki o’z yerini obod  qilib olsin. Yana amr qildimki, xarob bo’lib yotgan yerlarda korizlar qursinlar, buzilgan ko‘priklarni tuzatsinlar, ariqlar va daryolar ustiga ko‘priklar qursinlar, yo‘l ustidagi har manzilgohga rabotlar qursinlar».

Amir Temur Ilk Uyg’onish davri ilm va san’atparvar hukmdorlari an’analarini davom ettirib, matematika, geometriya, astronomiya, tarix, falsafa kabi fanlarning hamda she’riyat, musiqa va me’morlikning rivojlanishiga katta imkoniyatlar yaratib berdi. U o’zining har bir safari chog‘ida olimlar, tarixchilar, munajjimlar, san’atkorlar va xattotlarni o‘zi bilan olib yurgan.

Umuminsoniy sivilizatsiyalarga e’tibor bersak, har bir madaniy taraqqiyotni yuzaga keltiruvchi omillar mavjud ekanligini ko’ramiz. Xuddi shuningdek, Amir Temur davri madaniy taraqqiyotini yuzaga keltirgan omillar mavjud bo’lib, bizningcha ular quyidagilarga bo’ingan:

1. Ijtimoiy-siyosiy omil, ya’ni Amir Temur parokanda bo’lgan xalqning boshini bir yerga qovushtirib, mamlakatdagi o‘z boshimchaliklar va zo‘ravonliklarga barham bergan.

2. Iqtisodiy omil, ya’ni izdan chiqib ketgan xo‘jalik tizimlari: dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq tizimi tartibga tushirildi. Iqtisodiy islohotlar — mulk, soliq, vaqf va boshqalar to‘g‘risida qonunlar qabul qilinib, pul islohoti o‘tkazilgan. Boshqa davlatlar  bilan diplomatik va savdo-sotiq aloqalari o‘rnatilgan.

3. Ma’naviy omil, ya’ni mo‘g‘ullar tomonidan oyoqosti va yo’q qilingan madaniy boyliklar, ma’naviy meros hamda ma’naviy qadriyatlarning qayta tiklanishiga alohida e’tibor berilgan. Mo‘g‘ullar istilosigacha hukmronlik qilgan sulolalarning ilm-fanni rivojlantirish, ma’naviy boyliklarni, ma’naviy-madaniy merosni to’plash, saqlash, foydalanish va ularni rivojlantirish an’analari davom ettirilgan.

4. G’oyaviy-mafkuraviy omil, ya’ni davlat mafkurasining ahvoli va holati. Bu davrga kelib, Movarounnahr va Xurosonda keng tarqalgan tasavvuf – Naqshbandiylik ta’limoti jamiyat hayotidan mustahkam o‘rin egallay boshlagan edi. Naqshbandiylik tariqatining yirik vakillari mashhur shayxlar: shayx Shamsiddin Kulol, shayx Zayniddin Havofiy va Mir Sayyid Barakalar mamlakat ana’naviy hayotiga o‘z ta’sirini o’tkaza boshlagan edi. Tcmuriyzodalar davrida esa Naqshbandiylik tariqatining yirik vakili Xoja Ahror Valiy nafaqat mamlakat ma’naviy hayotida, balki siyosiy va iqtisodiy hayotga ham o’zining ta’sirini o’tkaza olgan.

5. Huquqiy omil, ya’ni mamlakat hayotida huquq ustuvorligiga erishish, qonunlarga qat’iy amal qilish, oddiy fuqarodan tortib, oliy martabali aslzodalargacha qonunchilikka itoat etishi adolatli davlat siyosatining asosiy dasturiga aylangan.

Amir Temur hokimiyat tepasiga kelishi bilan qonunchilikka alohida e’tibor beradi, qonunbuzarliklarning payini qirqib, adolatparvar siyosat yurita boshladi.

Davlatni boshqarish, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini tashkil etish siyosatining qay darajadaligi mamlakat madaniy hayotining rivojlanganlik yoki tanazzulga uchrashini belgilab beradi. Davlatni boshqarishda ikki xil siyosat — taraqqiyparvar va adolatsiz, ya’ni jaholatparastlik siyosati olib boriladi.

Mamlakatda ayrim guruhlar, tabaqa yoki firqalarning manfaatlarinigina himoya qilish, ko’pchilikning manfaatlariga zid siyosat yuritish adolatsiz siyosat

hisoblanadi. Bunday siyosat ko‘pchilik huquqlarining poymol etilishiga, mamlakat moddiy va ma’naviy boyliklarining ozchilikning mulkiga aylanishiga, zo‘ravonlik va jaholatparastlik hamda axloqiy va ma’naviy tanazzulning avj olishiga, qonunlarning buzilishiga, jamiyat boyliklarini talon-taroj qilayotgan ozchilikning qonunlarni poymol qilishlariga yo‘l qo‘yilib, ko’pchilikdan esa qog’ozdagi qonunga rioya qilishlarini talab etishga olib keladi.

Taraqqiyparvar va adolatli siyosat esa ko‘pchilik manfaatni himoya qiladi. Kishilarni ma’rifatga chorlaydi. Qonun va unga amal qilish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi deb belgilanadi. Adolatli siyosat yuritish eng muqaddas burchga aylanadi.

Adolatparvar siyosat tufayli har bir kishining moddiy va ma’naviy manfaatdorligi uchun imkoniyat yaratiladi. Mamlakatning tinchligi va osoyishtaligi ta’mirnlanadi. Ilm va ma’rifat, ma’naviyat va madaniyatning yuksalishi uchun barcha chora-tadbirlar ko‘riladi.

Amir Temur tomonidan olib borilgan siyosat ham o‘z davri uchun adolatparvar siyosat bo’lgan. Sohibqiron davlat siyosatini yuritishda kengash – maslahatlashuv usulidan foydalangan. Xususan, o‘z tuzuklarida bu xususda shunday  deb  yozadi: «Saltanat ishlarining to’qqiz ulushi kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilishini angladim… Aqli raso va hushyor kishi mulohazakorlik, tadbir va kengashga tayanishi lozim».

Amir Temur saroyida arzbegi, adolat amiri, aminlar (hukmdorning ishonchli vakillari) mansablari bo’lib, ular davlat siyosatidagi adolat mezonlariga qat’iy amal qilinishini, qonunlarning amalga oshirilishini, mahalliy hukmdorlarning qonunchilikka rioya qilishlarini, adolat bilan siyosat yuritishlarini nazorat qilib borgan.

Arzbegining asosiy vazifasi dargohga kelayotgan arzchilarning shikoyatlarini tinglash va hatto mamlakatni boshqarishga oid bo‘lgan takliflarni hukmdorga yetkazishdan iborat bo’lgan.

Adolat amiri turli o‘lkalar va shaharlarda paydo bo’lgan o‘zaro janjalli ishlarni hal qilish, uning kelib chiqish sababini aniqlash va u haqida hukmdorga ma’lumot yetkazish hamda hisobot berish bilan shug’ullangan.

Demak, mamlakatda qonunchilikning ustuvorligi uchun barcha chora-tadbirlar ko’rilgan. Nohaqlikka yo’l qo’ymaslik uchun har bir shikoyat yoki arz har tomonlama tekshirib ko‘rilgan. Bu maqsadda joylardagi ahvoldan xabardor bo’lib turishning ikki yo’lidan foydalanilgan: birinchisi — pastdan yuqoriga, ya’ni arzchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri dargohga murojaat qilish imkoniga ega bo’lganlar, ikkinchisi — maxsus xizmat orqali joylardagi davlat tomonidan tekshirilgan. Bu ikkala yo‘l bilan joylarda ro‘y berayotgan adolatsizlik, tartibsizlik, davlat va jamiyat  manfaatiga zid ishlar haqida ro‘y-rost ma’lum ot olingandan so’ng maxsus vakillar — aminlar (ishonchli vakillar) joylarga borib voqeani o’rganib tegishli choralar ko‘rganlar. Chunonchi, biron kishiga nisbatan zulm, adolatsizlik qilingan bo’lsa, adolatni tiklab, o‘sha yer mahalliy xazinasidan ularga to‘lov ajratib qaytganlar.

Bu omillar Amir Temurning mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jihatdan qudratli davlatga aylanishini nafaqat qalban his qilganini, shuningdek, o’zidan oldin hukmronlik qilgan hukmdorlarning davlat boshqaruv siyosatidagi ustun jihatlari va yo‘l qo‘ygan kamchiliklarini to’g‘ri tahlil qila  olganligini ham ko’rsatadi. U ilm-fan va madaniyatni rivojlantirishgina davlatning qudratiga qudrat qo‘shishi mumkinligini anglab yetgan.

Sohibqiron o‘zining e’tiborini mo‘g‘ullar davrida o‘z ta’sir kuchini susaytirgan islom dini va uning ta’sir doirasini mustahkamlash va kengaytirish, milliy ma’naviy qadriyatlarni yanada rivojlantirish maqsadida madrasalar faoliyatini jonlantirishga qaratadi. Ularning faoliyatini kengaytirish, ularga yoshlarni jalb qilish maqsadida ushbu o’quv dargohlarini moliyaviy jihatdan mustahkamlashga kirishadi. Egalari tashlab ketgan qarovsiz yerlarni ular ixtiyoriga beradi. Albatta, Sohibqironning bu sa’y-harakatlari Temuriyzodalar tomonidan davom ettiriladi.  Ular ko‘plab madrasalar, maktablar barpo etishib, ko’plab nodir qo‘lyozmalari bo‘lgan yirik kutubxonalarga ega bo’lganlar.

Xulosa qilib shuni ta’kidlash zarurki, Amir Temur o‘zi vujudga keltirgan ulkan davlat hududidagi barcha xalqlarning madaniyatini yagona bir tizimga birlashtirdi. Islom olamining kattagina qismi moddiy va ma’naviy hayotida to’siq bo’lgan barcha g‘ovlarni ko‘tarib tashladi. Umum islom e’tiqodiga asoslangan turli etnik birliklarning ma’naviy qadriyatlarini umuminsoniy ma’naviy qadriyatlar darajasiga ko‘tara oldi.

Amir Temur davrida yagona siyosiy boshqaruvga ega bo’lgan buyuk imperiya boshqa qo’shni davlatlar madaniyatiga o’z ta’sirini ko’rsatmasdan qolmadi. Sohibqiron o‘zining yetuk siyosatdonligi, ilm-fan va adabiyot namoyandalariga ko’rsatgan g‘amxo‘rligi bilan mo‘g’ul bosqinchilari tomonidan yakson etilgan Markaziy Osiyoning Ilk Uyg‘onish madaniyatini qaytadan tikladi. Buyuk va qudratli turkiy urug’larning boshini bir yerga biriktirib, jahon davlatchiligi tarixidan munosib va mustahkam joy egallashlariga erishdi.