Temur davlatining tashkil topishi va Temurning harbiy yurishlari

14-asrning 60-yillarida Movarounnahrda siyosiy va iqtisodiy vaziyat nihoyatda og’irlashib ketadi. Feodal tarqoqlikning kuchayishi, ichki feudal urushlarning uzluksiz davom etishi va tashqi dushman hujumlarining avj olishidan dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq ishlari tanazzulga uchrab, aholi og’ir tanglikni boshidan kechirmoqda edi. Bundan savdogarlar, hunarmandlar va dehqonlar g’oyat norozi edilar. Aholining bunday tabaqalari orasida mavjud og’ir ahvoldan qutulish, mamlakatni birlashtirish va kuchli bir davlat tashkil etish harakati kuchayadi.

Husayndan ko’ra Temur o’z zamonining bunday talabini yaxshiroq tushunardi. Shuning uchun ham u o’z faoliyatining dastlabki bosqichida barcha harakatni Movarounnahrda markazlashgan mustaqil davlat tuzishga qaratadi. Bunday maqsadni amalga oshirishda u ruhoniylar bilan bir qatorda shaharning savdogar va hunarmand tabaqalariga suyanadi. Bu boradagi amaliy ishni Balx shahriga joylashib olgan raqibi Husaynga qarshi yurishdan boshlaydi. 1370 yil mart oyida Temur yaxshi qurollangan qo’shini bilan Keshdan chiqib Balxni qamal qiladi va katta talofatlar berib, shaharni egallaydi. Movarounnahrning hukmdori amir Husayn o’ldiriladi. Bu voqealardan so’ng mamlakatda Temurning siyosiy mavqei kuchayib ketadi. Chunki u endi Movarounnahrda uning uchun kuchli raqib qolmagan edi. O’sha yili Balxda qo’shin boshliqlarining yig’ilgan qurultoyida Temurning hukmronligi rasman qaror topadi. Manbalarda ta’riflanishicha, qurultorda avvalgi Chig’atoy xonligining e’tiborli amirlari, Temurning yoshlikdagi quroldoshlari va uning sobiq dushmanlari hozir bo’lgan edilar. Ular orasida Amir Shayxmuhammad Bayon Sulduz, amir Dovud Dug’lot, amir Sorbuga Jaloyir, amir Joku Barlos, amir Zinda Hashm va boshqa mo’tabar ma’murlar bor edi. Temur qadimgi odatga binoan oq kigiz ustiga o’tqazilib, yuqori ko’tariladi. Temurning piri Saidbaraka duoyi fotiha qilgach, u Movarounnahrning amiri deb e’lon qilinadi. Movarounnahrning yagona hukmdori bo’lib olgach, Temur o’z davlatini siyosiy va iqtisodiy jihatdan mustahkamlashga kirishai. Avvalambor bu davrda Temurga mustahkam poytaxt – bebosh mahalliy hukmdorlarning hujumlariga qarshi tura oladigan bir qarorgoh zarur edi. Shu maqsadda u 1370 yilda Samarqandga keladi. Bu yerda u shahar devorlari, qal’alar va saroylar bino qilishga kirishadi. Bu imoratlar Afrosiyob mo’g’ullar tomonidan vayron etilganidan keyin 150 yil o’tgach, birinchi marta bunyod qilingan ishootlar edi. So’ngra u holdan toygan mamlakatda qonun va tartib ishlarini joriy etadi. To’g’ri, deyarli bir asrlik boshboshdoqlik hukm surgan mamlakatda qonunlar joriy etib, tartib o’rnatish oson emasdi. Uni oz-ozdan amalga oshirish mumkin edi. Temur dastlab o’ziga mustahkam tayanch barpo etish maqsadida barlos qabilasidan maxsus gvardiya tashkil qiladi. Chunki bunday ishonchli gvardiya aniqsa, uning siyosiy kurashlari uchun zarur edi. U o’z gvardiyasiga va barlos qabilasiga katta imtiyozlar beradi. Ayni vaqtda Temur o’z davlati chegaralarini mumkin qadar kengaytirishga kirishadi. Avval u Amudaryo va Sirdaryo oralig’idagi yerlarni, shuningdek Farg’ona va Shosh viloyatlarini o’z tasarrufiga oladi.

Ammo Mo’g’uliston tomonidan bo’ladiga xavf hali tamoman yo’qolmagan edi. Temur davlati uchun ayniqsa, Jo’ji ulusida qad ko’targan Oltin O’rda nihoyatda xavfli edi. Temur saltanati bilan Oltin O’rda xonligi oralig’ida bu davrga kelib mustaqil bo’lib olgan Xorazm yerlarida Qo’ng’irot so’filarining davlati qaror topdi. Qadimdan iqtisodiy, siyosiy va madaniy jihatdan Movarounnahr bilan mushtatak bo’lgan Xorazm Mo’g’ullar davrida ikki qismga bo’linib, markazi Urganch shahri bo’lgan Shimoliy Xorazm Oltin O’rdaga, markazi Kat qal’asi bo’lgan Janubiy Xorazm Chig’atoy ulusiga qaragan. 14-asrning 60-yillari oxirida Oltin O’rdada yuz bergan g’alayonlar vaqtida Qo’ng’irot so’filari Shimoliy Xorazmda yangi sulolaning mustaqil hukmronligini tiklab oladilar. So’ngra Kat va Xiva shaharlarini bosib olib, Shimoliy Xorazm bilan Janubiy Xorazm yerlarini birlashtiradilar. Ayni paytda Xorazm iqtisodiy va siyosiy jihatdan Oltin O’rdaga bog’liq edi. Temur esa butun Xorazmni Chig’atoy ulusining ajralmas qismi deb hisoblar edi. Shuning uchun u Xorazmni bosib olish siyosatini tutdi. 1372 yilda Temur Xorazmga birinchi bor hujum qildi. Xorazmliklar mag’lubiyatga uchragan bo’lsalar ham, Temurga bo’ysunmadlar. Shu boisdan Temur Xorazmga besh marta yurish qilib, nihoyat, 1388 yilda uni butunlay qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ladi. Temurning oxirigi yurishida Urganch shahri vayron etiladi, shaharning aholisi esa Samarqandga ko’chiriladi.

Shunday qilib, Temur Movarounnahr va Xorazmda feudal tarqoqlik va o’zaro nizolarga chek qo’yib, Sirdaryo bo’ylaridan Orol dengizigacha bo’lgan yerlarda yashovchi xalqlarni yagona davlat tasarrufida birlashtirdi. Bu shubhasiz, Movarounnahr xalqlari taqdirida ijobiy ahamiyat kasb etdi. Ammo Temur bu bilan qanoatlanmadi. U tez orada qo’shni davlatlar va xalqlar ustiga hujum qilib, jahongir hukmron bo’lishni o’z oldiga maqsad qilib qo’yadi. 1382 yilda Temur dastavval Zakavkazyeni zabt etdi. Temurning O’rta Osiyo chegarasidan shimolga tomon harbiy yurishi asosan, Jo’ji ulusida qad ko’targan Oltin O’rda davlatiga qaratildi. Qora dengizdan Oltoy tog’larigacha cho’zilgan va Dashti Qipchoq deb nomlangan yerlar Jo’ji ulusi tasarrufida bo’lgan. Bu ulusning Uraldan Qora dengizgacha bo’lgan markaziy va eng katta qismi Oltin O’rda nomi bilan atalib, bu feudal davlatni 13-asrning 40-yillari boshida Botuxon tashkil qilgan edi. Uraldan sharqdagi yerlar Oq O’rda deb yuritilar edi. Siyosiy va iqtisodiy jihatdan bu ikki o’rdaning hayoti bir-biri bilan uzviy bog’liq bo’lgan. O’rta dengiz havzasidan boshlanib, shu o’rdalarning yerlari orqali o’tgan mamlakatlararo savdo yo’li o’rta asrlarda eng asosiy karvon yo’li hisoblangan. Oltin O’rdaning poytaxti dastlab Saroy Botu (Astraxon shahridan shimolroqda), 14-asrdan Saroy Berka (hozirgi Volgograd shahri yaqinida) bo’lib, har ikkisi ham Itil (Volga) daryosi bo’yida joylashgan edi. Sharq va G’arbdan keladigan savdo karvonlarining deyarli hammasi shu shaharlar orqali o’tardi.

Oltin O’rdaga qarshi zarba berishda Temur uning ichki ziddiyatlaridan ustalik bilan foydalanadi. Temur Oltin O’rdani o’z davlatiga qo’shib olmoqchi emasdi, faqat u shimoli-g’arbda o’z davlati uchun juda xavfli kuch bo’lgan xonlikni zaiflashtirish va uning sharqiy qismini o’z ta’siri ostidagi xonlar tasarrufiga topshirish hamda Saroy Berka orqali o’tadigan karvon yo’lini ham Movarounnahr orqali o’tishi uchun kurashadi. Temur Oltin O’rdaning faqat Sirdaryo quyi oqimidagi iqtisodiy, siyosiy va madaniy jihatdan Xorazm va Movarounnahrga bevosita bog’liq bo’lgan yerlarinigina qo’shib olmoqchi edi. Bu davrda Oltin O’rda va Oq O’rdada ikki mustaqil hokimiyat qaror topib, ular o’rtasida kuchli nizolar davom etardi. Temur O’rusxonning tazyiqidan qochib, o’z huzuriga homiylik istab kelgan Oq O’rda xonzodalaridan To’xtamishga bir necha bor harbiy yordam beradi. 1379 yilda To’xtamish Temurning homiyligida Oq O’rdaning taxtini egallashga muvaffaq bo’ladi. Ammo To’xtamish Oq O’rdani, keyinroq Oltin O’rdani qo’lga kiritgandan so’ng, Temur kutgandek uning ta’siri va panohi ostida qolmadi. U o’z homiysiga lozim bo’lgan shukronani tez unutdi. To’xtamish oyoqqa turib olgach, mustaqil siyosat yurgizib, kezi kelganda hatto Temurga qarshi ish ko’ra boshladi. 1380 yilda Kulikova maydonida Oltin O’rda xoni Mamay ustidan qozonilgan g’alaba To’xtamishga Oltin O’rda taxtini egallab, Jo’ji ulusining har ikkala qismini yangidan birlashtirishga imkon berdi. U Oltin O’rdani birlashtirish va uning qudrtini oshirishga kirishdi. O’z zafarlaridan sarmast bo’lgan To’xtamish Oltin O’rdani tiklash bilan uning chegaralarini kengaytirish maqsadida Rusiya yerlariga, Zakavkazye va Ozarbayjonga bir necha bor yurishlar qildi. 1385 yilda u Tabrizni bosib olish uchun u yerga katta qo’shin yubordi. Hatto 1387-1388 yillarda To’xtamish Temurning navbatdagi harbiy yurishi vaqtida fursatdan foydalanib, Movarounnahrga hujum qildi.

Oltin O’rdaning qayta birlashtirilishi va uning kuchayib borishi, buning ustiga To’xtamishning jahongirlik siyosati Movarounnahrda qaror topgan Temur davlati uchun nihoyatda xavfli bo’lib, Temurning faoliyatiga halaqit beribgina qolmay, balki uning uchun doimiy tahdid ham edi. Bu xavfni bartaraf qilish uchun Temur To’xtamishga qarshi 1389, 1391 va 1394-1395 yillarda uch marta katta yurish qiladi. Ayniqsa, so’nggi ikki yurish uning uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’ldi. Temur 1391 yilda 200 ming qo’shin bilan Samarqanddan chiqib, qishni Toshkentda o’tkazadi. Bahorda Qipchoq dashti orqali o’tib Uralga yetib boradi. Temur o’zining bu yurishi haqida 1391 yil aprelida, “Turon sultoni Temur Bulg’or hokimi To’xtamishga qarshi 200 minglik askar bilan bu yerlardan o’tdi”, degan satrlarni Ulug’tor etagidagi qoyatoshlardan biriga o’ydirib yozdiradi. Temur va To’xtamish qo’shinlari hozirgi Samara bilan Chistopol shaharlari oralig’ida joylashgan Qunduzcha (Kondurcha) daryosi vodiysida bir-biriga ro’baro’ keladi. 1391 yilning 18 iyunida bu yerda uch kun qirg’inbarot jang bo’lib, u To’xtamish qo’shinining batamom mag’lubiyati bilan tugaydi. Garchi Temur jangda To’xtamish ustidan g’alaba qozonib, juda katta o’ljani qo’lga kiritgan bo’lsada, ammo Oltin O’rdaning harbiy va iqtisodiy qudrati hali kuchli bo’lib, u tamomila shikast topmagan edi. Shuning uchun ular o’rtasida raqiblik davom etdi.

Temur va To’xtamish qo’shinlari o’rtasida so’nggi shiddatli jang 1395 yilda Shimoliy Kavkazda Tarak daryosi vodiysida sodir bo’ladi. Bu daf’a jangda ham Temur o’z dushmaniga qaqshatqich zarba beradi. Katta talofat berib mag’lubiyatga uchragan Oltin O’rda xoni Rus knyazliklari yerlari tomon chekinib, uning qalin o’rmonzorlarida o’ziga panoh izladi. Temur To’xtamishni rus yerlarida ta’qib etib Moskvagacha boradi. Qaytishda Ryazan knyazligi yerlari orqali o’tib, quyi Volga bo’yi va uning markaziy shaharlari Saroy Berka, Saroy Botu va Xojitarxon (Astraxon) shaharlarini egallaydi. Temur Oltin O’rda tasarrufidagi barcha madaniy viloyatlarning xo’jalik va savdo-sotiq ishlariga putur yetkazadi. Bu viloyatlar va ulardagi yirik shaharlar ancha vaqtlargacha iqtisodiy jihatdan qaddilarini rostlay olmaydilar. Natijada Xitoyni Yaqin Sharq mamlakatlari bilan bog’lagan savdo yo’lining Oltin O’rda orqali o’tgan shimoliy tarmog’i barham topadi. Endilikda butun savdo qatnovi va Movarounnahr shaharlari: O’tror, Toshkent, Samarqand va Buxoro orqali Balx, Hirot va Sultoniya tomon yo’naladi.

Rossiya muarrixlari B.L.Grekov va A.Yu.Yakubovskiylarning asosli xulosalariga qaraganda, Temurning To’xtamish ustida g’alaba qozonib, Oltin O’rdaga bergan qaqshatqich zarbasi faqatgina O’rta Osiyo uchun emas, balki butun Sharqiy Yevropa, shuningdek Rus knyazliklari uchun ham buyuk ahamiyat kasb etgan edi. Chunki Oltin O’rdaning, xususan uning so’nggi xonlari Mamay va To’xtamishlarning Rus yerlarida olib borgan uzluksiz talon-tarojlik yurishlari Moskva knyazligiga taxlika solib, uning atrofidagi rus knyazliklarining yagona Rossiya davlatiga birlashishiga imkon bermay, ularning tinkasini quritgan edi. Bunday g’ovning barham topishi bilan shubhasiz, Rossiya davlatining markazlashuvi yo’lida tabiiy ravishda shart-sharoit vujudga keldi. Endilikda Temur o’zining diqqat e’tiborini butunlay Eron, Iroq, Suriya, Kichik Osiyo yarim oroli, Hindistonni bosib olishga qaratdi.