Suv sayli

Dunyo yaralishining o’zi bir mo’jiza. Uni tashkil etgan to’rt unsur esa g’oyat tabarrukdir. Ular bilan dunyo abadirdir. Agar ular bo’lmasa, hayot ham, o’simliklar ham, jonzot ham, insoniyat ham bo’lmas edi. Bular: quyosh, yer, havo va suv.

Ko’hna tarixdan shu narsa ma’lumki, odamzod qadimdan olam, koinot, tabiatdagi eng muhim narsalarni aniqlashga va ularning qadriga yetishga intilgan. Ajdodlarimiz ana shu to’rt narsa asosida tabiatda sifat o’zgarishlari, masalan, fasllar almashishi, issiq-sovuq bo’lishini bilib, quyoshni “bobo” yerni “momo” havo va suvni “hayot chasmasi” deb, ularga sig’inishgan.

Ajdodlarimiz olamning to’rt unsuridan yilning to’rt fasli paydo bo’ladi, har bir unsurdan esa faslning eng ulug’ kunlari yaratilgan deb tushunishgan. Masalan, qishning eng uzoq tuni o’tib, kunduz uzaya boshlagan kunda – quyosh (olov), bahordagi kun-tun tengligidan so’ng, tabiatning uyg’onish vaqtida – yer (zamin), yozning qisqa tuniyu, uzoq kuni sodir bo’lgan pallasida – suv, kuzgi tun-kun tengligiga – havo yaratilgan deb bilishgan. Natijada, olamdagi vaqtning muayyan paytida to’rt jism: quyosh, yer, havo, suvni ulug’laydigan ana shu 4 kun ajdodlarimizning ulug’ sanalariga aylangan.

Mazkur “to’rtlik”ning har birining hayotda o’z o’rni bo’lgan. Ular ichida yozning eng muhim kuni va u bilan bog’liq bo’lgan suv unsuriga diqqatni jalb qilish alohida ahamiyat kasb etadi.

Quyoshning tikka kelishi va saraton burjiga kirishi natijasida yilning uzoq kuni va qisqa tuni vujudga keladi, havo qiziydi, harorat yuqori darajada ko’tariladi, tabiatda ham, odamlarda ham suvga ehtiyoj kuchayadi. Tabiatdagi bu palla “yozgi chilla boshi” deyilgan.

Suvning tabiatdagi o’rni beqiyosdir. Suv Yer sayyorasi yuzasining 2/3 qismini egallagan. Quruqlikdagi hayotni suvsiz tasavvur qilib bo’lmaydi. “Suv bor joyda – hayot bor”, – deydi xalqimiz. Darhaqiqat, dunyoda hech bir tirik jonzot suvsiz hayot kechira olmaydi. Agar odam ochlikka 40 kungacha chidasa, suvsizlikka 3 kun chidashi mumkin. O’simliklar tarkibining 90-93 foizi suv bo’lsa, inson tanasining yarmidan ko’pi (65 foizi) suvdan tashkil topgan. Odam har kuni 4-6 litr suv iste’mol qiladi.

Issiq iqlim sharoitida yashab kelgan ajdodlarimiz “Suv – hayot” ekanligini yaxshi tushunib, suvni e’zozlab, muqaddas bilib, unga bag’ishlab ko’pgina marosim va bayramlar o’tkazib kelgan.

Suvga bag’ishlangan qadimgi qadriyatlar. Qadimgi ajdodlarimiz dunyo asosini ikki qarama-qarshi kuch: yaxshilik va yomonlik, ezgulik va yovuzlik, yorug’lik va qorong’ulik, issiqlik va sovuqlik, hayot va o’lim o’rtasidagi kurash tashkil qiladi deb bilishgan. Odamlar zardushtiylik diniga e’tiqod qilgan davrlarda dunyodagi barcha ijobiy hodisalar yaxshilik xudosi Axuramazda (Xurmuz) va hamma salbiy narsalar yomonlik xudosi Axuraman irodasiga bog’liq deb tushunishgan. Ular hayotdagi barcha voqea-hodisa, narsalarning o’z egasi (tangrisi) bor deb ishonishgan. Chunki, Mitra – yigit qiyofasidagi quyosh va yorug’lik tangrisi, Anaxita – go’zal qiz siymosidagi unumdorlik, hosildorlik, farovonlik tangrisi, Xumo – go’zal qush qiyofasidagi baxt va boylik tangrisi, Xubbi –mard yigit qiyofasidagi suv tangrisi deb, ularga ham sig’inishgan.

Mazkur tangrilar orasida Anaxita – yer, suv va hosildorlik ma’budasi sifatida ham talqin qilingan. Qadimiy manbalarda Anaxita – go’zal, baquvvat, xushqomat, beliga kamarini mahkam bog’lagan, oltin ziynatli, ko’p burmali mursak kiygan bir go’zal qiz sifatida ta’riflangan.

Qadimgi odamlar qurg’oqchilik ofati odamlarning gunohlari natijasida vujudga keladi, deb hisoblashgan. Anaxitadan ayblarni kechirish, suv, mo’l-ko’lchilik, unumdorlik ato etishni iltijo qilishgan. Unga atab madhiyalar aytishgan, haykallar, qasrlar qurishgan, qurbonliklar keltirishgan.

Lalmikor yerlarda dehqonchilik bilan shug’ullangan ajdodalrimiz qurg’oqchilik, ocharchilikdan qutqazuvchi, yomg’ir xudosi, yer usti (daryo) suvi tangrisi borligiga ham ishonishgan. Ularga sig’inib, turli marosimlar o’tkazishgan.

Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto”dagi ma’lumotlarga qaraganda, Tishtriya – Sirius “yulduzi” osmon suvlari va yomg’ir xudosi hisoblangan. Tishtriyaning marhamati bilangina osmon o’z suvlarini qaqrab yotgan yaylovlarga, bug’doyzorlarga to’kadi. Natijada g’alla mo’l bo’ladi, chorva ozuqa bilan ta’minlanadi, kishilar farovon, to’q hayot kechiradi.

 “Avesto”da keltirilgan afsonalardan birida hikoya qilinishicha, Tishtriya har o’n kun ichida uch marta o’z qiyofasini o’zgartirib turgan, ya’ni dastlab o’n besh yoshli go’zal yigit, keyin olti shoxli buqa, so’nggi o’n kunda esa oltin egarli, oltin quloqli ot qiyofasida Vorukasha dengiziga keladi. Unga yoli va demining tuklari to’kilgan qora rangdagi dev – Apausha qarama-qarshi chiqadi. Ular o’rtasida uch kechayu – uch kunduz shafqatsiz jang bo’lib, Apausha Tishtriyani Vorukasha dengizidan quva boshlaydi. Shunda Tishtriya Xurmidziga murojaat qilib, undan yordam so’raydi. Xurmidzi unga o’nta ot, o’nta tuya, o’nta tog’, o’nta dengiz hadya etadi. Buning natijasida Tishtriya kuchga to’ladi va Apausha bilan yana jang boshlanadi. Bu gal Tishtriya deb Apausha ustidan g’alaba qozonib, uni Vorokusha dengizidan ming qadam nariga quvib yuboradi. Mana shundan keyin Tishtriya suvli bulutlarni bandilikdan ozod qiladi va qaqrab yotgan yerlarga yomg’ir yog’dira boshlaydi.

Tishtriyaning bunday xaloskorlik faoliyatidan hamma xursand bo’ladi. Uning dev bilan bo’lgan omonsiz jangda g’olib chiqqanligini sharaflashadi, unga sig’inishadi. “Avesto”da osmon suvlar xaloskori va homiysi quyidagicha ulug’langan: “Biz o’zida mavjud suvlarning urug’ini mujassam etgan yorqinroq, porloq yulduz Tishtriyani sharaflaymiz! Biz katta va kichik hayvonlar, odamlar sig’inadigan yarqiroq, porloq yulduz Tishtriyani sharaflaymiz!… Biz oqar va oqmas bulos, daryo, qor va yomg’ir suvlari qo’msaydigan yarqiroq, porloq yulduz Tishtriyani sharaflaymiz!”.

Tarixiy manbalar va afsonalarda osmon (yomg’ir) suvlar tangrisi Tishtriya va yer ustidagi dengiz, daryo suvlari tangrisi Xubbi ko’p tilga olinadi.

Juda qadim zamonlarda Jamshid zamonasidan ham burungi davrlarda Amudaryoda Xubbi degan bir yigit bo’lgan ekan. U bir qo’li bilan baliq ovlab, ikkinchi qo’li bilan uni quyoshga tutib tursa bir zumda baliq pishar ekan. Xubbi shu xilda baliq yeb, daryoni qo’riqlab Amudaryoda yetti yuz yil yashabdi, suvga biror yomon ruh, hattoki chivin ham yaqin yo’llashga botina olmabdi. Xalq undan mamnun bo’lib, shodu xurram yashayveribdi. Jamshid zamonasiga kelganda, Xubbi g’oyib bo’libdi. Kishilar uni “Osmon suvlarining hukmroni bo’lgan qiz o’g’irlab ketgan” deb faraz qilishibdi. U birichi bo’lib qayiq yasabdi. Kishilarni qayiqda suzish va dushmanga qarshi suvda jang qilishga o’rgatibdi. Biroq kunlardan bir kuni Xubbining onasi ham g’oyib bo’libdi. Lekin kishilar Xubbi va uning onasini unutmabdilar. Ular har yili qayiqlarda Xubbining onasi qiyofasini tasvirlab maxsus marosimlar o’tkazadigan bo’lishibdi. Bu marosimlar vaqt o’tishi bilan xalq sayillarida an’anaviy tomosha shaklida ham ko’rsatiladigan bo’libdi. Bu mazmundagi tomoshalar XIX asr oxirigacha ham saqlanib qolgan ekan. Chunonchi, o’tgan asrning 80-yillarida rus armiyasi ofitserining xotini A.Kartseva Xorazmda teatrlashgan sayilda Xubbining onasi obrazi gavdalantilganining guvohi bo’lgan. U bu haqda quyidagilarni yozadi: Sayilda odam ko’p, juda gavjum, ikkita qayiq ishlanib, tepasiga qamishdan soyabon yasalgan va qog’oz yopishtirilib, bo’yalgan. Qayiq ichida fonarchalar osilib, soyabon tagida bir ayol o’tirardi. Bir necha kishi qayiqlarni ko’tarib, tomosha maydoniga olib keladi. Bu qayiq tunda juda chiroyli manzara beradi. Hamma ashula aytadi, o’ynaydi. Qayiq “suzadi”. Tomosha tong otguncha davom etadi. Qayiqda o’tirgan ayol Xubbi onasining obrazi bo’lib, bu sayil o’sha qadimiy Xubbi marosimlarining ko’rinishlaridan edi.

Ajdodlarimiz suvni tabiat, o’simlik, hayvon va odamlarga hayot baxsh etuvchi muqaddas kuch deb qarashgan. Ular suv kishilarni ifloslik, xaromlik, nopokliklardan halos qiladigan ilohiy unsur deb bilishgan. Suvni ifloslantirganlar, uni isrof qilganlar jazolangan, hatto o’ldirilgan. “Suv keltirgan – aziz” deyishgan. Ularni eng buyuk qahramon darajasiga ko’tarishgan. Suvni ulug’laydigan maxsus marosim va turli bayramlar o’tkazib kelishgan. Beruniy o’zining “Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida suvga bag’ishlangan odatlar, hayitlar haqida ko’p to’xtalgan.Bunday odatlar bahor-yoz bayramlarida ham o’tkazilib, odamlar bu yil suv va hosil mo’l bo’lsin deb, bir-birlariga suv sepishgan.

Tarixdan ma’lumki, sosoniylar davrida Navro’z bahordan yozga ko’chirilgan. Yozgi Navro’zda suvga bag’ishlangan odatlar, marosimlar alohida o’rin tutgan. Beruniy qadimgi yozgi “Navro’z” odatlaridan biri haqida quyidagilarni yozgan: “Odamlar shu kuni tong paytida o’rnilaridan turib, kanal va hovuzlarga boradilar. Ko’pincha oqib turgan suvlarga ro’para turib, barakali bo’lish, ofatlarni daf etish uchun ustlaridan suv quyadilar”.

Shuni ta’kidlash kerakki “Navro’z” kuni odamlarning bir-biriga suv sepishi ko’pgina joylarda, jumladan, Forish qishloqlarida yaqin yillargacha saqlanib qolgan edi.

Suvga bag’ishlangan qadimiy odatlaridan yana biri hatto yirik bayram darajasiga ham ko’tarilgan. U yozning issiq kunlaridan birida odamlarning daryo va suv havzalariga borib cho’milishi vaqtida o’tkazilgan. Beruniy xorazmliklar Isfandarmoji oyining 1-kunida “Vaxshangom” deb ataluvchi hayit o’tkazishi va u Vaxsh, Jayxun suviga bag’ishlanishi to’g’risida ma’lumot bergan.

Bundan shuni tushunish mumkinki, o’sha kuni odamlar Jayxun daryosiga borib cho’milishgan. Shuningdek, Beruniy eronliklarning hayiti ham xorazmliklar odatiga o’xshash ekanligi haqida to’xtalib: “Omal aholisi shu kuni Xazar (Kaspiy) dengiziga borib, kun bo’yi suvda o’ynashib sho’ng’ishadilar”, deydi.

Xullas, yozda O’rta Osiyoning issiq iqlim sharoitida suvga ehtiyoj kuchli bo’lganligi uchun bu yerda suvga bag’ishlangan turli odat, bayramlar o’tkazilishi tabiiydir.

Tarixiy manbalar ko’rsatadiki, qadimiy ajdodlarimiz hayotida yozga bag’ishlangan tadbirlar orasida quyoshning tikka kelishi, yilning eng uzoq kuni va qisqa tuni sodir bo’lishi bilan havo qazib, suvga ehtiyoj kuchaygan bir paytda nishonlanadigan Suv bayrami (Angan, Obi hayot, Suv sayli kabilar) alohida o’rin tutgan.

Ma’lumki, islom dinida suvga poklovchi, tozalovchi muqaddas narsa deb qaraladi. Ahmad Hodir Maqsudiyning “Ibodati islomiya” kitobida “Dini islom pok dindir, bas pok bo’lmoqqa sa’y qilingiz, pok bo’lmog’on kishi jannatga kirmas” deb qayd qilgan. Suv esa musulmon kishini poklantiruvchi asosiy vosita deb tushunilgan. Muqaddas “Qur’on” kitobida va payg’ambarimiz hadislarida poklanish, tahorat va g’usul islom dinining asosi deyilgan. Shuni alohida qayd qilish kerakki, Islom marosimlarining barchasida suv poklanish vositasidir.

Imom al Buxoriy jamlagan hadislar to’plamidagi Muhammad payg’ambarimizning suv va suyuqliklar iste’mol qilganiga oid ibratli voqealar, nasihatlar bayon qilinadi. Jumladan, uzum va meva suvlari, sharbatlarning halolligi, musallaslarning haromligi, sut, chuchuk suvdan lazzatlanish, ichimlik suvini saqlash qoidalari, turli idishlarda suv ichish udumlari, tabarruk suv haqida ko’p ibratli maslahatlar berilgan.

Issiq iqlimli o’lkalarda paydo bo’lgan islom dinida osmon suvi – yomg’ir, qor ham juda e’zozlanib, unda xudodan yomg’ir tilashga oid qator marosimlar bo’lgan. Ibn Ismoil al Buxoriy hadis to’plamlaridagi “Ikki hayit haqida kitob”ning 34-64 boblari payg’ambarimizning xudodan yomg’ir so’rab, iltijo qilganliklariga bag’ishlangan.

Al Buxoriy hadislarida aytilishicha, bir kishi kelib: “Yo Rasulloh, chorva qirilib ketdi, ko’chalar huvullab qoldi, Ollohdan so’rasangiz, bizga yomg’ir bersin!” deydi. Shunda Rasulloh… qo’llarini ko’tarib: “Ilohi yomg’ir bergin bizga!… deb uch bor duo qiladilar… Osmondan bir parcha ham bulut yo’q erdi… Nogohi tog’ ortidan qalqondek, qalqondek bulut ko’rinib, sekin-asta kattalashib, butun osmonni qoplab oldi. Keyin yomg’ir yog’di… Yomg’ir kelasi jumagacha tinmay yog’di…”

Muhammad payg’ambar, odatda, xudodan yomg’ir so’raganda namozgohga borib, qiblaga qarab, ridolari (yelkaga yopiladigan libos)ni tanalariga yaxshilab o’rab, qo’llarini baland ko’tarib duo o’qib, iltijo qilar (yoki ikki rakat nomoz o’qir) ekanlar.

Markaziy Osiyoda ham yomg’ir chaqirish odatlari qadimdan mavjud bo’lgan. Chunki bu hududda ham sun’iy suv inshootlari yaratilgunga qadar chorvachilik va dehqonchilik ko’proq osmon suvi bilan bog’liq bo’lgan. Kerakli vaqtda yomg’ir yog’masa qurg’oqchilik, ocharchilik, fojea boshlangan. Qadimiy ajdodlarimizning yomg’ir yog’ishini tilab qilgan iltijolari, orzu-niyati, xohishi, ularning oddiy harakatlaridan tortib, maxsus uyushtirilgan yirik marosimlarigacha o’z aksini topgan. Shuning uchun bo’lsa kerak, eng ko’hna odatlar ichida osmon suvi – yomg’irga bag’ishlangan marosimlar alohida o’rin tutgan. Ajdodlarimiz qadimda yada toshi yordamida va Sust xotinga iltijo qilish yo’li bilan yomg’ir chaqirishgan. Yomg’ir chaqirish marosimlarning birida yana jada toshidan foydalanilgani haqida ko’plab ma’lumotlar uchratamiz (Yada toshi yordamida yomg’ir chaqirish haqida Mahmud Koshg’ariyning “Devonu lug’otit turk”, Ibn al-Faqihning “Kitobi axbor” nomli asarlarida ma’lumotlar bor).

Afsonalarga qaraganda, Nuh payg’ambar Olloh taolodan turk eliga hukmdor etib tayinlangan o’g’li Yofasga yomg’ir, qor yog’diriladigan bir so’z (duoni) o’rgatishni so’raydi. Yofasga yomg’ir, qor yog’diradigan bir so’z (duoni) o’rgatishni so’raydi. Yofasni duo sedan chiqmasligi uchun uni toshga yozib, kerakli vaqtda yomg’ir chaqira oladigan bo’ladi. XI asrda yashagan buyuk olim Mahmud Qoshg’ariy o’zining “Devonu lug’otit turk” asarida yag’molar shahrida yong’inni o’chirish uchun yada toshi yordamida maxsus ish qilishgani natijasida yozda qor yog’dirilganligi haqida yozadi. Folklorshunos B.Sarimsoqov fikricha, yada toshining ob-havoga ta’siri haqidagi tasavvurlar asrimizning birinchi choraklarigacha yetib kelgan. Hozir esa unutilgan. Yomg’ir chaqirishga doir ikkinchi marosim – Sust xotin marosimi esa, hozirgi kungacha saqlanib qolgan. Markaziy Osiyoda suv qadri haqida gap ketganda sardobalarga to’xtatilmaslikning iloji yo’q. Chunki sardobalar Markaziy Osiyoda suvni saqlash, e’zozlash maqsadida quriladi. Qadimda ajdodlarimiz quyidagi odatga amal qilishar ekan. Karvon sardobaga yetib kelganida, yo’lovchilar, avval o’sha yerda o’sayotgan daraxtga suv quyishar ekan. Keyin o’zlari minib kelgan ot, tuyalarga suv berib, so’ng o’zlari suv ichishar ekan. Sardoba suvni qadrlashga o’rgatuvchi o’ziga xos “maktab” vazifasini ham bajargan. Suvga oid eng yaxshi an’analar sardobalar bilan bog’liq tarzda vujudga kelgan. Sardobalar suv saqlanadigan inshootgina bo’libgina qolmay, atrofidagi  o’simliklar, hayvonlar, aholi hamda yo’lovchi va sayyohlar uchun hayot chashmasi ham bo’lgan. Shu bilan birga u dam olib, muloqotda bo’lish, fikr almashish maskani ham bo’lgan.

O’zbek xalqining eng katta ma’naviy boyliklaridan biri uning suvga bag’ishlangan odatlaridir. Ularda juda chuqur falsafa mujassamlashgan. Xalqimizning suv bilan bog’liq urf-odatlaridan ayrimlari xususida to’xtalamiz. Masalan:

  • Inson dunyoga kelganida ham, olamdan o’tganida ham suv bilan poklanadi.
  • Odam ham bir yangi kunini suv bilan yuvinib boshlaydi. Yuvinmaguncha hech kimga qarash ham, hech ish qilish ham mumkin emas.
  • Tush suvga aytiladi. Suv yomonlikni oqizib ketar ekan.
  • Ertalab ayollar, kelinlar o’z ishlarini hovliga suv sepish bilan boshlaydilar.
  • Yangi oila qurayotgan kelin-kuyovlarga shirin suv beriladi (Hayotingiz shirin bo’lsin degan ma’noda). Nikoh, marosimida ham ular oldiga suv qo’yiladi. Bu “hayotlaringiz oq va tiniq bo’lsin” degan ma’noni bildiradi.
  • Suv ichishni kichik yoshdagi kishi boshlab beradi.
  • Ro’za ham suv bilan ochiladi.
  • Odamga hayajonlanganida ham, xursand bo’lganida ham, qo’rqqanida ham suv beriladi.

Xullas, xalqimizda suvga bag’ishlangan odatlar, irimlar, marosimlar, o’yinlar g’oyat ko’p. Suvsiz hayot bo’lmaganidek, ajdodlarimiz turmushini ham suvga bag’ishlangan odatlarsiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Suv bilan bog’liq xilma-xil odatlar uzoq tarixiy jarayonda o’zbek xalqi hayotiga singib, uning turmushining tarkibiy qismiga aylana borgan.

XX asr oxirigacha ham suvga oid o’zbek odatlarining ayrimlari saqlangan, ba’zilari o’zgargan, ko’plari esa ming afsuski, unutilgan.

Suvga oid marosim va bayramlar. Hayot chashmasi – suvga bag’ishlangan azaliy qadriyatlar ichida yoz chillasi boshida o’tkazilgan “Suv bayrami” saqlanib qolganmikan? Ana shu savol turli joylardagi xalq an’analarini o’rganish jarayonida bizning diqqat markazimizda bo’ldi.

Respublikamizning turli mintaqalarida uzoq iszlanishlar natijasida suvga oid turli diqqatga sazovor qadriyatlar, xalq marosimlari va o’ziga xos bayram-sayillarni (ba’zilarining qoldiqlarini) topishga muyassar bo’ldik. Quyida xalqimizning suvga bag’ishlangan tarixiy qadriyatlarining eng yirik shakllari, diqqatga sazovor marosim va bayramlariga to’xtalamiz.

Osmon – yomg’ir suvlariga bag’ishlangan 1-marosim – Sust xotin haqida ko’pchilik hozir ham muayyan tasavvurga ega. Mazkur marosim va uning qoldiqlarini Xorazm, Boysun, Forish, Zomin kabi joylarda uchratish mumkin. Ma’lumki, bu marosim lalmikor joylarda bahor-yoz oylari yomg’ir yog’may, ekinzorlar qovjirab, qurg’oqchilik boshlanganida, “yomg’ir chaqirish” maqsadida tashkil qilingan. Oqsoqollarning ko’rsatmasiga binoan qishloq ayollari katta qo’g’irchoq yasab, unga qari kampirning ko’ylagini kiydirishgan. So’ngra maxsus qo’shiqlar aytishib, qo’g’irchoqni dalalardan, ko’chalardan olib o’tib, xonadonlarga kirishgan. Marosim qatnashchilari Sust xotin qo’shig’ini aytib, hovlilarga kirishganida uy egalari ularni xursandchilik bilan qarshilab qo’g’irchoq ustidan suv sepib, xayr-ehson qilishgan. Marosim oxirida qurbonlik qilingan. “Is chiqargan”, ziyofat uyushtirishgan. Bu marosim turli joylarda o’ziga xos shaklda o’tkazilib, uning bir necha ko’rinishi bo’lgan. Sust xotin marosimi matbuot, radio, oynai jahonda hamda qator folklor-etnografik jamoalar faoliyatida yoritilgan.

Suvga bag’ishlangan navbatdagi marosim – buloq va soylar bilan bog’liq. Nurota tog’ tizmalaridagi buloqlar suvi bilan kun kechiradigan aholi buloq “hayot chashmasi” deb, unga jiddiy munosabatda bo’lishgan. Chunki yozda buloq va soylar qurib qolsa, qurg’oqchilik va ocharchilik boshlangan.

Erta bahorda qishloq aholisi oqsoqollar boshchiligida ekinlarga suv beradigan chashma boshiga borib, hasher qilib, buloq “ko’zi” va soylarni tozalashgan. Suv mo’l bo’lishi, uning kamayib qolmasligini so’rab, xudoga iltijo qilib, duolar o’qishgan, qo’y so’yib, qurbonliklar qilishgan. Ba’zilar suv yog’dek oqib turishi uchun unga ozgina yog’ ham quyishgan. Buloq suvlarini bu tarzda ilohiylashtirishning hozirgacha saqlangan ayrim ko’rinishlarini Shohimardonda o’tkaziladigan “Peshqiron”, Boysunda o’tkaziladigan “Bibi seshanba” udumlarida, Urgutda suv chashmalari va boshqa joylarda o’tkaziladigan tadbirlarda uchratish mumkin.

Suvga qurbonlik keltirish bilan bog’liq qadimgi ajdodlarimiz odati respublikamizning boshqa joylarida ham saqlanib qolgan. Chunonchi Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi Qumdaryo atrofida yashovchi aholi har yili bahor (aprel-may oylari)da daryo suvi ko’payishidan oldin suv bo’yiga chiqishib, qo’y so’yishib, suvga ham qon oqizishib, qurbonlik qilishadi. Bu yerliklarning qadimgi ajdodlaridan o’tib kelayotgan tushunchalari bo’yicha suv ofat keltirishdan (masalan, toshqin bo’lishidan) oldin “qonsirar” emish. Bu payt qurbonlik qilinmasa, suv odamlarga ofatlarni olib kelar emish. Masalan, bahorda suv ko’payib, ekinzorlarni bosib ketar yoki yozda suv kamayib, qurg’oqchilik bo’lar ekan.

Mazkur politeistik e’tiqodlarni turlicha tahlil qilish mumkin bo’lsa-da, qumdaryoliklarning suvga bo’lgan ilohiy munosabatlarini suvni qadrlashga bag’ishlangan hayotiy tadbir sifatida ijobiy baholash mumkin.

Suv bilan bog’liq bo’lgan yana bir tadbir yozning issiq kunlarida sayil shaklida tashkil qilinar ekan. Bu madaniy tadbir bahor oxiri – yozning boshida kunlar isib, soy, daryo, anhorlar suvga to’lganida o’tkazilar ekan. Tog’li hududlar qishloqlaridagi qariyalar bilan suhbatlashish jarayonida an’anaviy Suv sayli haqida qimmatli malumotlar to’pladik.

Tog’larda qorlar erib, soylar suvga to’lganida qishloq yigitlari qozon-tovoq olib, qo’yni yetaklashib, suv bo’yiga otlanishgan. Aytishlaricha, suv bo’yida yigitlarning hammasi dastlab bir hovuch suv ichishgan. Keyin har birlari o’zlari bilan olib kelgan ro’molcha (dastro’mol) bilan artinishib, dillaridagi orzularini aytishib, ro’molchalarini suvga oqizib yuborishgan. So’ng qo’y so’yib, qurbonlik qilib, ovqat tayyorlashgan, ashula va doston aytishgan, qiziqchilik qilishib, o’yin-kulgi boshlangan. Kunning eng qizigan vaqtida ular miriqib cho’milishgan. Bu marosim Denov tumanida qadimdan o’tkazilib kelinganligi haqida ma’lumotlar mavjud.

Ma’lumki, yozda o’tkaziladigan bu an’anaviy tadbir keyingi paytda dam olish, zamonaviy “mayovka”, kichik sayil shakliga kirgan. Biroq qadimiy marosimlarning ko’pi soda, jo’n ekanligi va ularning asosida amaliy foyda olib turilishini nazarda tutsak, bu tadbir genezisini quyidagicha taxmin qilish mumkin: yozda suv kamayishi natijasida chashmalar, soylar, tog’ daryolari, kanallar o’zanini tozalash kerak bo’lgan. Shu munosabat bilan ko’pgina joylarda hasharlar o’tkazilgan, suv butunlay qurib qolmasligi uchun qurbonliklar qilingan. Bu tadbirda asosan qishloq yigitlari ishtirok etgan. Hasher tugaganidan so’ng, suv bo’yida (qurbonlikka keltirilgan qo’y go’shtidan) sho’rva va boshqa taomlar tayyorlanib,ziyofat uyushtirilgan. Suv ko’p bo’lgan yillarda yigitlarning hasher qilishiga ehtiyoj bo’lmagan. Bunday paytlarda yigitlar hasher emas, sayilga chiqadigan bo’lishgan. Keyingi o’n yilliklarda tog’larda ham suv inshootlari qurilib, quvurlar o’tkazilib, suv keltirilishi natijasida soy, chashma, daryolar o’zinini tozalash kerak bo’lmay qolganda, hasher o’rniga o’ziga xos sayil vujudga kelgan. Tarixiy manbalarda o’tmishda qizlar uchun suv sayli o’tkazilgani haqida qiziqarli ma’lumotlar mavjud. Sharq miniatyuralarida qiz-ayollarning hovuz va daryolarga guruh bo’lib borib cho’milayotganliklari aks ettirilgan. Keksa momolar qizlarning suv sayli o’ta maxfiy bo’lganligini aytishadi.

Buxoroda qizga kelin libosini kiydirishdan oldin u hammomga olib borib yuvintirilib, o’ziga xos odat va irimlar bilan cho’milish marosimi uyushtirilgan. Tog’li hududlardagi ayrim joylarda qiz turmush chiqishidan oldin (dugona, yanga va “qo’riqchi”lari bilan birga) muqaddas soyga borib, cho’milib, u yerda poklanib kelish marosimi o’tkazilgan.

Suv bilan bog’liq marosimlardan yana biri suv havzalarida cho’milish bolib, u respublikamizning ko’pgina hududlarida maxsus tadbir sifatida o’tkazib kelingan. Kitob tumani “Sevaz” qishlog’i yonidan oqadigan “Oq daryo”da qadimdan an’anaviy cho’milish tadbiri uyushtirib kelingan. U yozning eng issiq chilla vaqtlari (taxminan iyun oxiri – iyul boshlari)  qatoriga uch chorshanba kuni o’tkazilgan. Bu tadbirning bir necha nomi bor ekan. Jumladan yozda “Oq adryo” suvi oq rangda bo’lgani va cho’miluvchilar oq-pok bo’lishini hisobga olib “Oq suv” (tojikcha “Obi safet”); o’sha vaqtda suv oq-loyqa bo’lgani uchun “loyqa suv” (“Obi loyqa”); suv ko’payib, o’ynoqlab, aynalib oqqani uchun “Teskari suv” (“Obi chappa”) kabi nomlar bilan atalgan.

Suv sayli o’tkaziladigan kunlar taxminan bir oy oldin qishloq oqsoqollari, faollari tomonidan belgilanib, unga tayyorgarlik ko’rila boshlangan. “Oq suv” tadbirlari bo’ladigan kuni “Oq daryoga” 5-10 ming kishi yig’ilgan. Bu marosimga qo’shni tumanlar hamda Samarqand Buxoro viloyatlaridan ham odamlar kelishar ekan. Odatda, odamlar poklanish, tozalanish uchun cho’milishadi. Biroq, bu daryoga kelganlar oldindan toza bo’lib, poklanib, tahorat qilib, toza kiyimlar kiyib, bayramona kayfiyatda, salomat bolib ketishiga ixlos qilib kelishadi. Eng qizig’i shundaki, cho’milish manziliga odamlar seshanbadan chorshanbaga o’tar kechasi yetib kelib, quyosh chiqish arafasida (soat 3-5 larda) suvga tushishar ekan. O’sha kuni “Oq daryo”ga boraolmaydigan qariyalar, kasallar uchun seshanba kuni daryodan suv olib borishib, ertasi tonga ularni cho’miltirishar ekan. Suvda cho’milishning o’z qonun-an’analari mavjud.

Birinchidan, erkaklar va ayollar boshqa-boshqa joylarda cho’milishadi. Erkaklar ochiqoq joyda, ayollar esa chetroq, pana joylarda suvga tushishadi.

Ikkinchidan, suvga uch marta tushib, cho’milish kerak ekan. Ilk bor (o’rganish uchun) daryoga tez tushib chiqish, keyingi gal yengil yuvinish, oxirgi marotaba suv tagidan tosh olib, u bilan yaxshilab yuvinish va keyin cho’milish kerak ekan (Darvoqe, yozgi chilla vaqtida bu yerdagi toshlar sovunga o’xshab po’stloq bilan qoplanib qolar, u bilan badan ishqalasa ko’piklar paydo bo’ladi. Bu tosh ko’pigi ham tozalash, ham davolash xususiyatiga ega ekan).

Uchinchidan, odamlar quyosh chiqqunga qadar cho’milishib bo’lishi lozim ekan. Lekin ko’pchilik quyoshni suvda kutib olishar, u chiqqan vaqtda yaxshi niyatlar qilishar ekan. Bu odat qadimiy politeistik (tabiat unsurlariga sig’inish) va mitraizm (quyoshparastlik) qoldiqlari bo’lishi kerak.

To’rtinchidan, quyosh ufqdan osmonga ko’tarilishi bilan sog’-salomat bo’lishini niyat qilgan odamlar daryo atrofida qurbonlik qilishar ekan. Har kim o’z imkoniyati va xohishiga qarab “qon chiqarar”, xo’roz, echki yoki qo’y so’yishar ekan.

Beshinchidan, daryo bo’yida “is chiqarib”, ovqatlar tayyorlashar ekan, mullalarni taklif etib, duolar o’qitishar, qiroatlar qilishar ekan. Xullas, hozir ham “Oq daryo”ning “oq suvi”da ajdodlarimizdan meros sifatida o’ziga xos tibbiy-ruhiy, sog’lomlashtirish sayil-tadbirini o’tkazib kelishmoqda.

Kitob tumanida saqlanib qolgan suvga oid marosim-tadbirning qadimdan saqlanib qolgan ma’naviy yodgorliklaridek o’ziga xos jihatlari bor. Nima uchun suv bayrami boshqa joylarga qaraganda aynan “Oq daryo”da yaxshi saqlanib qolgan? U nega aynan yozning eng issiq (chilla) paytida qatorasiga uch chorshanba kuni o’tkaziladi? Nima uchun odamlar tong otayotgan subhidam vaqtida uch marta suvga tushib cho’milishgan? Bu kabi savollar paydo bolishi bu hodisaning o’ziga xos jihatlari borligini bildiradi.

Har bir odat zamirida amaliy yoki ma’naviy foyda yotadi. Mazkur an’ananing saqlanib qolishiga sabab shuki, avvalo unga aholining ehtiyoji bo’lgan. Bu tadbir kishilar salomatligini mustahkamlaydigan tabiiy va samarali “shifoxona” vazifasini bajargan. “Nima uchun “Oq suv” marosimi aynan yozning eng issiq pallalalarida o’tkaziladi”, degan savolga bu payt cho’milishga qulay, deb osongina javob berish mumkin. Ammo bu jumboq sirini tog’ qoyalaridagi qorlardan izlashga to’g’ri keladi. Qariyalarning aytishicha, jumladan 1891 yil Varganzafa tug’ilgan Muhammad Eshonqul boboning ta’kidlashicha, baland tog’lar tepasidagi qorlarda “qor qurt”lar bo’lar ekan. Ya’ni yozning eng issiq vaqtlarida qorlar “qurtlar” ekan. Kunlar isib, qor erishi avjiga chiqqanida, qurtlar katta bo’lib, qor tepasiga chiqib qolib “issiqlik” ta’sirida yorilar ekan. Ulardan ajralgan shilimshiq modda erigan qor suviga qo’shilib, toshdan toshga urilib, “pishib” oppoq rangga kirib, soylar orqali daryolarga oqib kelar ekan. Bu suv ana shu tarzda yoz chillasida juda kuchli shifobaxsh, barcha dardga davo vositaga aylanar ekan.

“Oq suv”ning shifobaxsh xususiyatlarini bilish maqsadida olimlarga ham murojaat qildil. Respublika suv muammolari institute direktori, mashhur olim Ernazar aka Mahmudov fikri bo’yicha, yozning issiq kunlarida tog’ qoyalaridan toshdan-toshga urilib oqayotgan suvlar, o’z yo’lidagi kimyoviy elementlar (masalan, kumush moddalari)ni o’z tarkibiga qo’shib, soylarga olib tushadi. Bu esa suvga shifobaxshlik xususiyatini yanada kuchaytiradi.

Nima uchun chorshanba kunlari cho’milishgan? degan savolga mahalliy joy an’analaridan javob izlasak bo’ladi. Ko’pgina joylarda o’tmishda juma dam olish va bozor kuni, chorshanba o’ziga xos ma’naviy kuni hisoblangan. Shu kuni kishilar ota-onalari, ustozlari, qariyalar, ojizlar, kasallarni ziyorat qilishgan, muhtojlarga yordam berishgan, xayriya ishlari amalga oshirishgan, marhumlar xotirlangan, xudoyi, is chiqarish tadbirlari uyushtirishgan, yosh yigit-qizlar unashtirilgan, ular bir-birlariga sovg’alar yuborishgan, er-xotinlar visol oqshomlarini o’tkazishgan.Payshanbadagi bu kabi ma’naviy-ruhiy tadbirlar, eng avval poklok va tozalikni taqozo qilgani uchun chorshanba – ozodagarchilik kuni deb qabul qilingan. Bu kun hammayoq tartibga solingan, qilingan. Bu kun hammayoq tartibga solingan., kasallarni davolashga e’tibor berilgan, odamlar hammomlarga borishgan. Shunday qilib, chorshanba jismoniy va ruhiy poklanish kuniga aylangan. Aynan shu sababli ham qadimdan “Oq daryo”da chorshanba kunlari salomatlik va ruhiy poklanish tadbiri o’tkazish odatga aylangan.

Xo’sh, endi nima uchun kunduzi emas, erta saharda cho’milish lozim bo’lgan? Ma’lumki kunduzi suv va havo harorati ortasidagi farq kattalashadi. Kunduzi cho’milmoqchi bo’lganlar 30-40 daraja havodan 10-15 daraja haroratli tog’ suviga tushganida, o’rta hisobda 20-25 darajali to’siqni yengi o’tishi lozim bo’ladi. Kechasi esa havo sovib, suv bilan uning harorati deyarli teng bo’lib qoladi (suvga tushgan odamga, hatto, suv ham isiganga o’xshab qoladi). Demak, suvdan shifo topaman degan odamga kechasi yoki erta tong eng qulay paytga aylanadi.

Xullas, “Oq daryo”dagu suvga cho’milish tadbirining siri ko’p bo’lganidek, uning odamlar salomatligi uchun ham foydasi katta ekanligiga hech qanday shubha yo’q. bu daryo suvi azaldan odamlar salomatligini mustahkamlab kelgan. Unga ixlos qilib kelgan kasallar shifo topib ketgan. Tabiatning o’zi in’om etgan mo’jizaviy ne’matlardan qaysi vaqtda, qanday foydalanishni bilgan odam albatta shifo topadi. “Eng buyuk – tabiat” deb bekorga aytishmagan.

Suv qadriyati va bayramini tiklash muammolari. XX asr o’rtalarida azaliy odatlar e’tibordan chetda qolib, ular o’rniga umumsovet yoki yevropacha tadbirlarni hayotga joriy etish kuchayganini suvga oid qadriyatlar misolida ham yaqqol ko’rish mumkin. Masalan, suvni nihoyatda qadrlaydigan ajdodlarimiz an’analarini asrab-avaylamaslik tufayli suvni bekorga isrof qilish illatlari ko’paydi. Azaldan suvga tupurmaydigan xalqimiz hayotida suvga axlat, chiqindi tashlashdek salbiy qusurlar paydo bo’ldi. Agar qadimiy Markaziy Osiyo xalqlari ko’z tushmaydigan chekka joylarda chomilishgan bo’lsa, keyingi o’n yilliklar ichida yevropaliklar ta’sirida kishilarimiz ochiqchasiga (yarim yalang’och) cho’miladigan bo’lishadi. Masalan, Toshkentdagi Milliy bog’, Yoshlar ko’li, G’alaba bog’i, Rohat-Baxt dam olish zonalari, Anhor bo’ylari, Morjlar klublari va shahardan tashqaridagi Toshkent dengizi, Chorbog’, Oqtosh ko’li, Chirchiq daryosi kabi joylarda cho’milish kishilar uchun dam tadbirlaridan biriga aylandi. Mazkur yillarda hatto, o’ziga xos (yevropacha) suv bayramlari – cho’milish mavsumining ochilishi va yopilishiga bag’ishlangan ommaviy-madaniy tadbirlar o’tkaziladigan bo’ldi. Bundan tashqari, suv havzasi bor dam olish maskanlarida, sanatoriylarda hamda Toshkentning “Morjlar klubi”, Yevropada mashhur bolgan “Neptun bayrami” uyushtirila boshlandi. Bu tadbirlarni turlicha talqin qilish mumkin. Ularni muayyan ma’noda yangi hodisa desa bo’ladi. Biroq bu davrda xalqimizning suvga bag’ishlangan azaliy sharqona marosim bayramlarini ta’kidlashga harakat qilindi. Masalan, 1985-87 yillarda Kitobda Oq suv marosimiga odamlar qo’yilmadi. Oq daryoga kelganlarni sovet militsiyasi xodimlari yo’ldan qaytarib yuborishdi. Bu tadbir “eskilik sarqiti” deb qoralandi.

Mustaqillik sharofati bilan 90-yillar boshlarida O’zbekistonda ajdodlarimizning qadimiy bayramlaridan bo’lgan bahordagi kun-tun tengligi vaqtida nishonlanadigan Navro’z, kuzgi kun-tun tenglida o’tkaziladigan Mehrjon kabilar qayta tiklana boshlandi. Biroq tabiat o’zgarishi va kishilar ehtiyoji bilan bevosita bog’liq bir qancha odatlar, chunonchi yozning eng uzun kuni va eng qisqa tuni sodir bo’lib, “yozgi chilla” boshlanganida, havo harorati yuqori darajaga ko’tarilib, tabiatda va odamlar orasida suvga ehtiyoj kuchayganida qadimdan suvga bag’ishlab o’tkazib kelingan Angom (Vahshangom, Angom hayit, Suv sayli) nomli bayram e’tibordan chetda qolmoqda. Angom xalqimizning uch ming yillik tarixiy jarayonidagi suvga oid qadriyatlari orasida eng yirik va diqqatga sazovor tadbirdir. Qolaversa tabiatda Navro’zdan keyingi muhim hodisa – yozda quyoshning tik tushishi holatini qayd qiladigan o’ziga xos tantanadir.

1994 yil bu bayramni tiklash uchun harakat bo’ldi. Respublikada “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazi, Toshkent davlat madaniyat institute O’zbekiston televideniyesi bilan hamkorlikda Toshkent Rohat Baxt dam olish oromgohi ko’lida ilk bor bu qadimiy bayramni nishonladi. Suv bayramida tomoshabinlarning suv bilan kutib olinishi, qadimiy “Suv ma’budalari”ning chiqishlari, suvga bag’ishlangan she’r, maqol, hajviya, raqs, qo’shiqlarning yangrashi, folklor-etnografik dastalar ijrosida suvga bag’ishlangan marosimlar (jumladan, Sust xotin namoyishi, ko’lga gulchambarlar oqizilishi, “Suv parisi”)ning kutib olinishi va oxirida uni kuzatib qo’yilishi kabilar) tadbirga o’ziga xos fayz berdi. Ushbu bayramni tashkil qilishda mazkur satrlar muallifi bilan birga Tamara Toshboyeva (O’zbekiston televideniyesi), Ahmad Jalilov (“Rohat-Baxt”dagi dam olish maskani direktori) hamda Orif Shahobiddinov boshchiligidagi “Mehrjon” oilaviy teatr studiyasi, Toshkent shahrining qator folklor-etnografik dastalari qadimiy “Suv sayli”ga qayta jon berishda faol qatnashishdi. Azaliy Suv bayramini tiklashda O’zFA akademigi Erkin Yusupovning maslahatlari juda ham qo’l keldi. Bu tadbir boshidan oxirigacha tasvirga olinib, 16 iyul “An’ana va zamon” nomli 45 daqiqalik teledasturda ko’rsatildi. Bu tadbir respublika jamoatchiligi tomonidan iliq kutib olindi. 1995 yil 23 iyulda Suv saylining Respublika poytaxti milliy bog’idagi “Yoshlar ko’li”da uyushtirilishi va O’zbekiston televideniyesi orqali ko’rsatilishi ham bu qadimiy an’anani tiklash yo’lidagi yana bir qadam bo’ldi. Bu tadbirlarni o’tkazish jarayonida tashkilotchilarning rejalari to’liq amalga oshmay qolgan bo’lsa-da, ular ilk tajribalar sifatida diqqatga sazovordir. Bu tadbirlar kelgusida o’tkaziladigan Suv bayramlari uchun poydevor bo’lib xizmat qiladi. O’ylaymizki, Suv bayrami xalq bayramlari ichida o’zining munosib o’rnini topadi. Chunki bu bayramga nafaqat tarixiy, balki katta zamonaviy ehtiyoj ham bor. Chunki bu bayram O’rta Osiyoda suv tanqisligi sodir bo’layotgan, Orol dengizi quriyotgan, suvning qadri tobora ortib borayotgan bir davrda o’z-o’zidan suvni e’zozlash tadbirlariga aylanib ketadi. Bu qadimiy suv bayrami suv xo’jaligi va melioratsiya xodimlarining kasb-kor (professional) bayramiga ham aylanib ketishi mumkin. Suv bayrami kunida suv xo’jaligi xodimlari, miroblar, suvchilar e’zozlansa, taqdirlansa, ayni muddao bo’ladi. Suv sayli suv havzalari, turli dam olish, sog’lomlashtirish maskanlarida cho’milish tadbirlariga ham aylanib ketadi, degan umiddamiz.

Umuman, Suv sayli yoz faslidagi tabiat va mehnat bayramlaridan biridir.

Suv bayrami juda katta ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyatga ham ega. Bu bayram yordamida hayot manbai bo’lmish suvni qadrlash, e’zozlash, tejash, tabiatni himoya qilish bilan bog’liq ekologik tarbiya ishlarini olib borish mumkin. Xulla, milliy qadriyatlarimiz tiklanayotgan hozirgi paytda o’tmishdan yo’l qo’yilgan xatolardan to’g’ri xulosa chiqarib, ajdodlarimiz odatlariga nisbatan adolatni tiklab, inson hayoti uchun eng muhim, muqaddas narsa bo’lgan suvga bag’ishlab bayramlar o’tkazsak, bu albatta yaxshi ish bo’ladi. Chunki suvsiz hayot bo’lmaganidek, Suv bayramisiz xalq an’analari kemtik bo’lib qoladi.