Sumalak sayli

Sumalak xalqimizning ardoqli shodiyonasi – Navro’zning ko’rkidir. Sumalak – Navro’zning shoh taomi bo’lib, u ilk ko’klam darakchisi, Baraka, hosildorlik, to’kin-sochinlik, ahillik, tan sihatlik va ezgulik timsolidir.

Sumalak tarixi. Sumalak nomli tansiq va shifobaxsh taomning kelib chiqish tarixi olis ajdodlarimizning ibtidoiy yig’im-terimchilikdan dehqonchilikka o’tish davrlariga borib taqaladi. Tarixchilarning ta’kidlashicha, bundan 3000 yil ilgari ham O’rta Osiyo aholisi o’rtasida bahorni kutib olish, qishloq xojalik ishlarini boshlash arafasida endi unib chiqqan ko’k-ko’k o’t-o’lanlardan maxsus taomlar tayyorlab yeyish odati bo’lgan.

Tabiiyki, “sumalak” so’zining ma’nosi bu g’aroyib ne’matni tayyorlash udumining tarixiy asoslari ko’pchilikni qiziqtiradi.

Buyuk tilshunos Mahmud Koshg’ariy o’zining “Devonu lug’otut turk” asarida yozishicha, “suma” ivitilgan bug’doy nomi. U quritib tuyiladi, so’ng undan ugra oshi va non pishiriladi. Sharbar qilish uchun undirilgan arpaga ham “suma” deyiladi. Demak, “suma” – ivitilgan bug’doy yoki arpa ma’nosini anglatuvchi qadimgi turkiy so’zdir. Shu boisdan sumalak pishirish udumi O’rta Osiyoda yashagan turkiy qavmlari orasida qadimdan keng rasm bo’lgan, deb xulosa chiqarish mumkin.

Ma’lum bo’lishicha, dastlab sumalakni bug’doydan emas, balki… arpa maysasidan qilishgan ekan. Mahmud Koshg’ariy “sharbat qilish uchun undirilgan arpa uchun ham” “suma” so’zi qo’llanilishini alohida ta’kidlagan bo’lsa, Beruniy yozib qoldirgan afsonada odamlar “Barakatga erishish uchun tos yoki boshqa idishlarga arpa ekkan”ligi ma’lum qilingan.

Sumalak Muhammad payg’ambar yashagan davrda ham ma’lum bo’lgan. Beruniy bergan ma’lumotlarga qaraganda Muhammad payg’ambarga sumalak keltirib berishganda, u bu nima ekanligini so’raydi. “Bu sumalak” deyishadi. Payg’ambarimiz sumalak nima ekanligini so’raydi. Unga “sumalak Navro’z taomi” deb tushuntirishadi. Shunda payg’ambar sumalakni tatib ko’rib, “Har kuni navro’z bo’lsin!” deydi.

Ayrim tarixchilar “sumalak” forscha “Samoni” – bug’doy maysasi so’zidan kelib chiqqan, deb ham ta’kidlashadi. Shuningdek, “sumalak” “si malak” so’zidan olingan degan taxminlar ham bor. “Si malak – o’ttiz pari, o’ttiz farishta” degani. Sumalak pishayotganda, qozon boshida o’ttiz malak o’tirar emish. Ular yordamida sumalak pishar ekan. Tong mahali, hamma charchab, uxlab qolganida, farishtalar sumalakka tuz soladilar va shirin bo’ladi.

M.Hasanov yozma tarixiy manbalarga, jumladan, Muhammad Husayn Burhonning “Burhoni qoti’” lug’atiga tayanib, sumalakni “samanu” so’zi bilan bog’lab, quyidagilarni yozadi: “samanu – holvaytarga o’xshagan narsa, ko’klagan bug’doy o’simtalarining shirasidan tayyorlanadi”.

Husayn al-Oqiliy (XVIII asr oxiri) fors tilida yozgan “Davolar xazinasi” kitobida sumalak haqida shunday yozadi: “Samanu – “nayda”ning forscha nomidir. Uni “samanu bavvo” yoki “samanu bo’yo” deyishadi. Ko’pgina mamlakatlarda sevimli, mashhurdir. U shirin va lazzatli taomdir”.

Umar Hayyom qalamiga mansub “Navro’znoma”ning arpaga bag’ishlangan bobida aytilishicha, qadimgi Eron shohlari arpa maysasini yaxshilik alomati sifatida e’zozlaganlar. Chunki arpa boshqa ekinlardan barvaqtroq yetiladi. Hatto, “arpa qirq kunda ombordan o’tadi” degan naql ham mavjud ekan. Eronliklar oy tutilgan tunda ekilgan arpa donidan ruhiy hastalik shifo topadi, to’lin oy nur taratib turgan kecha ekilgan arpa donidan ruhiy hastalik shifo topadi, to’lin oy nur taratib turgan kecha ekilgan arpa doni bilan otlar boqilsa, ular semirib ketadi, arpa maysasini qaynatib ichgan odam darmonsizlik dardidan forig’ bo’ladi, deb ishonishar ekan. Dehqonlar esa erta bahordan arpa maysasi holatiga qarab, kuz qanday kelishini taxmin qilisharkan.

Umar Hayyom arpa maysasining xosiyati haqida quyidagi afsonani ham keltiradi: Kunlardan bir kun Xurmuz arpa ekilgan dala yonidan o’tib qoldibdi. Ilk bahor chog’i, arpa maysalari ancha bo’y tortib qolgan ekan. Dehqon arpasini sug’ormoqchi bo’lib, ariq daxasini dalasiga to’g’rilab qo’ygan ekan, arpapoya suvga to’lib, uvatidan oshib, yo’lga toshib ketayotgan ekan. Buni ko’rgan Xurmuz arpapoyadan oqib chiqayotgan suvdan bir ko’za to’ldirib olishni buyuribdi. Mulozimlar uning aytganini bajo keltiribdi va Xurmuzdan so’rashibdi:

Shunda Xurmuz: “Arpa tabarruk don, uning maysasi esa barakat ramzidir. Kimda kim erta bahorda arpa maysalari orasidan oqib o’tgan suvdan ichsa, charchog’i yoziladi, oshqozon dardlaridan forig’ bo’ladi, kelasi yil arpa pishig’igacha tetik va bardam bo’lib yuradi!” – deb javob beribdi.

Demak, sumalak pishirish udumi kuzda ramziy ma’noda “uyquga ketgan” o’simliklar dunyosining erta ko’klamda qayta uyg’onishi haqidagi qadimiy xalq qarashlari asosida kelib chiqqan.

Naql qilishlaricha, tongga yaqin sumalakni kovlayotganlarni uyqu elitib, ular pinakka ketgan paytda osmonu falakdan uchib kelgan maloyikalar qozonga tuz tashlab ketarmish. Sumalakka tuz solinmasligi va uning quyosh chiqqan paytda suzilishi qadimgi udumlar bilan bog’liqdir.

Sumalak haqida rivoyatlar. Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asaridagi bir afsonada sumalak pishirish tarixi bayon qilingan: “Navro’z tongida Bujanj (Xurosondagi shahar) tog’ida bir boylam giyoh tutgan indamas bir kishi ko’rinadi. U bir soatcha paydo bo’lib, kelgusi yil shu vaqtgacha bo’ladi”, deydilar. Zadavayh aytishicha, bu hodisaga sabab quyoshning janubiy tomondan, ya’ni afoxtardan chiqishi bo’lgan. Chunki la’nati Iblis barakatni ketkizaverganidan keyin, odamlar ovqat va ichimlikdan bosh ko’tarmaganlar, ammo to’ymaganlar. U shamolni ham esishdan to’xtatgan. Natijada daraxtlar qurib, dunyo halok bo’lishiga yaqinlashgan. Shunda xudoning amri va yo’l ko’rsatishi bilan Jamshid Iblis va uning yordamchilari turgan joyni mo’ljallab, janubiy tomonga brogan va to barakatasizlikni ketgunicha bir qancha vaqt o’sha yerda qolgan. Odamlar yana mo’tadil (holatga), barakat va farovonlikka qaytib, balodan qutilganlar. Shu vaqt Jamshid dunyoga qaytib, shu kuni quyoshdek charaqlagan va undan nur taralib turgan, chunki u quyosh singari nurli ekan. Odamlar ikkita quyosh charaqlab turganidan ajablangandi. Hamma qurigan cho’plar ko’kargan va odamlar “Ro’zi nav”, ya’ni “yangi kun” deganlar. Har kim barakatga erishmoq uchun idishlarga arpa ekkan. Keyin podsholar saroyining sahni atrofiga 7 taxta ekish rasm bo’lib qolgan. Bularning unib chiqishiga qarab, shu yil g’alla doni to’q yoki puch bo’lishi taxmin qilinar ekan.

Aytishlaricha, 7 xil dondan 7 xil taom tayyorlash odati paydo bo’lgan emish. Arpa yoki bug’doy undirilib, ulardan tayyorlangan taomdan sumalak vujudga kelgan ekan.

Sumalakning kelib chiqishi haqida diniy afsonalar ham mavjud. Bir kuni Bibi Fotimaning bolalari och qolishibdi. Ovqat pishirib beray desalar, uylarida qozonga solgulik hech vaqo yo’q ekan. O’shanda qish tugab, endi ko’klam ko’katlari yer bag’irlab bosh ko’targan vaqt ekan. Bibi Fotima hovlisining bir chetiga kuzda bir hovuch don sepgan ekanlar. Qarasalar o’sha ko’karib, maysalar unib qolgan ekan.

Darrov shu maysalarni o’rib kelib, maydalab qozonga solib, supradan qoqishtirib olingan bir siqim unni ham qo’shib, yaxshilab aralashtirib, ustidan suv qo’yib, qozon tagiga o’t qalaydilar. Biroz qozonni kovlab o’tirgandan keyin o’g’illariga qo’shilib Bibi Fotima ham uxlab qolibdilar.

Ertalab uyg’onib qarasalar, qozonni o’ttizta farishta kovlab turgan emish. Shuning uchun bu taomning nomi sumalak bo’lib qolgan ekan.

Shundan so’ng bu taom “Bibi Fotimaning oshi” deb atalarkan. Bibi Fotima sumalakka bosh-qosh bo’lib turar, agar tong otar mahali sumalakka u besh barmog’ini urmasa, qiyomiga yetib pishmaydi, deb irim qilingan ekan.

Xalq rivoyatlarining ba’zilari o’zining haqiqatga yaqinligi bilan diqqatni tortadi. Mana shulardan biri:

Rivoyat qilishlaricha, qadim zamonlarda bir kishining ko’p farzandi bo’lgan ekan. Shu vaqt bug’doylar endi nish chiqargan mahal ekan. Uyda hech vaqo qolmaganidan, ota biror yemish topib kelmoq uchun bozorga ketibdi. Kun og’ib, peshin bo’lsa ham otadan darak bo’lmaydi.

Kech kira boshlabdi. Bolalar ochiqqanidan yig’lay boshlashibdi. Tadbirkor ayol Bibi Fotima ochiqqan bolalarini chalg’itish uchun “hiyla” o’ylab topibdi. U kattakon qozonni suvga to’lg’azib, bir hovuch yuvilgan toshchalar  va bir siqim bug’doy ko’katini tozalab solib, o’choqqa o’t yoqib, qozonni qaynata boshlabdi. Tun yarmidan og’sa ham otadan xabar yo’qmish. Bolalar o’choq va qozon atrofida o’tirib, umid bilan taom pishirishni kuta-kuta, birin-ketin uyquga keta boshlashibdi.

Qozonni kovlayverib toliqqan Bibi Fotima ham uyquga ketibdi. Bolalar ertalab uyg’onib yana “ovqat” so’ray boshlashibdi.

Bibi Fotima qozon qopqog’ini ochib qarabdi-yu hang-mang bo’lib qolibdi. Qarasa qozon ichida atalaga o’xshash quyuq narsa paydo bo’lgan emish. Sumalak shu tariqa, kuchli ehtiyoj orqali paydo bo’lgan emish.

Sirdaryolik Gulsum momo Maxti qizi sumalakning paydo bo’lishi haqida quyidagilarni bayon qiladi:

“Bir dehqon bahor kelishi bilan urug’likka olib qo’ygan donini suvga ivitib qo’yibdi. Birdan havo buzilib, yomg’ir yog’a boshlabdi. Bug’doy ivitilgan idishda nish urib, o’sa boshlabdi. Ob-havo hadeganda ochilavermabdi. Shunda dehqon “Ivitib qo’yilgan bor baribir nishlab ketibdi, uvol bo’lmasin, biron narsa pishira qolaylik”, debdi. Bu paytda bug’doy maysasi ancha bo’y cho’zib qolgan ekan. Dehqon uni qiymalabdida, kampiriga berib:

  • Bundan bolalarga bir nima pishirib bera qol, baribir nishlab ketdi, endi ekib bo’lmaydi, uvol bo’lmasin, – debdi.

Kampir bug’doy maysasini qozonga solib, uzoq vaqt qaynatibdi, oxiri charchab qolganidan qozon qopqog’ini berkitib, uxlagani yotibdi. Kampir azonda qozon qopqog’ini ochsa, ajoyib xushbo’y hid dimog’iga urilibdi. Qozon ichidagi narsani tatib ko’rsa, juda mazali ekan. Bu taom hammaga yoqib qolibdi”.

Yana bir afsonada urushdan keyingi voqeaga bog’liq: Yov hujum qilib keladi. Ota o’z rafiqasi va bolalarini bekitib, dushman bilan jang qiladi va halok bo’ladi. Dushman qishloq aholisni qirib tashlaydi va xonadonlardagi oziq-ovqatlarini olib ketadi. Yashirinib omon qolgan bolalar ochlikdan yig’lay boshlaydi. Onalari ularning qornini to’ydirish chorasini izlaydi. U daladan oziq izlab, charchab toliqib, oxiri ko’k maysa ustiga o’tiradi. Shunda ko’zi endi nish urib chiqqan bug’doyga tushadi va undan taom tayyorlash fikri tug’iladi. Maysa bo’lgan bug’doyni qozonga solib, uzoq qaynatadi. Charchab uxlab qoladi. Ertalab qarasa qozonda xushbo’y, shirin taom turgan bo’ladi. Ona u yordamida bolalarini o’limdan saqlab qoladi.

Sumalak haqida bu kabi afsonalar ko’p. Biroq ularni umumlashtirsak, quyidagi mazmun paydo bo’ladi: bolalarni ochlikdan qutqazish maqsadida chora izlagan ona ko’katdan taom pishirishga intiladi. Unga farishtalar yordamga keladi. Tong bilan birga taomga ilohjiy ta’m ham kiradi. Natijada, bu taom bolalarni o’limdan saqlab qoladi.

Afsonalar onalarning orzu-istaklari, niyatlari pok ekanligini, ular o’z farzandlarini voyaga yetkazish uchun har qanday ishni qilishga tayyor ekanliklarini bildiradi.

Sumalakning paydo bo’lishi uzoq tarixga va chuqur ma’noga ega. Shu sababli, uni tayyorlash jarayoni ham diqqatga sazovordir. Sumalakning paydo bo’lishi to’g’risida qayg’uli afsonalar yaratilgan bo’lsa-da, u hozirgi kunda xursandchilik marosimi shaklida uyushtiriladi.

Sumalak sayli (bazmi) asosan ikki qismdan: sumalak tayyorlash va sumalakxo’rlikdan iborat bo’ladi.

Sumalakni tayyorlash jarayoni ayollarning o’ziga xos marosim – tadbiriga aylanib ketadi. Sumalak ayollarning bir jamoa bo’lib harakat qilishi natijasida tayyorlanadi. Ular sumalak tayyorlash, uni pishirish paytida bir-birlari bilan suhbat qilishgan, hikoyalar, ertaklar, rivoyatlar va latifalar aytishgan. Sumalak pishgach uni tayyorlashda qatnashganlar va boshqalar sumalak yeyish uchun taklif etilgan. Sumalak sayli ishtirokchilari childirma (doira) chalib, raqsga tushishgan, qo’shiqlar aytib xursandchilik qilishgan. Sayil hazil-mutoyiba, o’yin-kulgi bilan o’tgan. Shuningdek, sumalak tayyorlanayotgan qozon atrofida o’ynab yurgan yosh bolalarning do’ppisi yoki ko’ylagi yoqasiga maysa gullar taqishib, kelgusi sumalakkacha sog’-salomat yuringlar, kelgusida el-yurt uchun xizmat qiluvchi yigit-qizlar bo’lib yetishinglar, deb ramziy niyatlar qilishgan.

Sumalak tayyorlash natijasida kishilar ham moddiy, ham ma’naviy oziq olishgan. Sumalak pishayotganda momolar, qiz-juvonlar to’planib, o’yin-kulgi qilishgan, bayt-g’azallar aytishib, ko’ngillarini xushnud etishgan. Folklorshunos T.Qilichev Xorazm vohasida sumalak sayli bilan aloqador “Ashshadarozi” o’yini, M.Xo’jayev, Qorako’lda, “Sumalak beviti” odati mavjudligini aniqlashga erishishdi.

Momolarning aytishicha, sumalak uchun undirilgan bug’doy maysasi kelida to’yilgan va sharbati olingan. O’sha sharbatdan ozginasi bir ko’zachaga solinib, qiz-juvonlar davrasiga qo’yilgan. Sumalak sayliga kelgan qiz-juvonlar o’zlarining zirak, uzuk yoki boshqa belgili narsalarini o’z ko’zachaga tashlashgan. So’ngra uch yashar bola ko’zachaga qo’linib tiqib, haligi narsalarni bitta-bitta chiqarib, egalariga bergan. Kimning nishoni chiqsa, chechan momolar o’sha qiz, kelinchakka atab to’rt qator qo’shiq aytishgan. Bu udumni “Sumalakning beviti” deyishgan (“Bevit” so’zi “huzur-halovat”, “obod joy”, “ezgulik”, “yaxshilik” ma’nolarini anglatadi).

“Sumalak beviti”da sayil ishtirokchilari sha’niga yaxshi tilak bildirib, qo’shiq aytilgan. Sumalak saylida aytiladigan bunday qo’shiqlar juda ko’p.

Xalqimizning sumalak pishirish bilan bog’liq bu kabi qiziqarli udumlari ko’p. Sumalak uchun undirilgan bug’doy maysasini tabarruk bilish an’anasi hozir ham saqlanib qolgan. Sumalak pishirayotganda farzand kutayotgan yoki befarzand ayollarga bug’doy maysasi beriladi. Ular maysani ziragi yoki quloqlariga taqib qo’yadilar. Bu bilan kelayotgan yangi yilda farzandli bo’lishini orzu qiladilar. Sunnat qilinmagan bolalar tezroq ulg’ayib, voyaga yetsin degan niyat bilan ularning choponlariga maysa taqib qo’yiladi. Sumalak tagi olmasin, deb qozonga solinadigan tosh yoki yong’oqlar sonining turlichaligida ham xalqimizning qadimiy an’analari ko’zga tashlanadi: urgutliklar sumalak qaynayotgan qozonga yeti yong’oq va o’n uchta tosh tashlaydilar. Chunki Sharq xalqlari azaldan o’n uch adadiga amal qilganlar.

Qizig’i shundaki, sumalak tayyorlash 2 kunga cho’zilgani uchun bu jarayonda xizmat qilayotgan ayollar ovqatlanishi uchun bir necha xil taomlar tayyorlangan. Uy bekalari ko’k chuchvara, ko’k somsa, qatlama, chalpak singari tansiq taomlar tayyorlashgan. Sumalak tayyorlash chog’ida kishilar xursandchilik qilishgan.

Xullas, Sumalak sayli ma’naviy hayotda muhim o’rin tutib, u qadimdan kishilarda birdamlik, ahillik hissini tarbiyalab kelgan. Chunki sumalak tayyorlanadigan joyga barcha kishilar bir hovuchdan don olib kelishgan, birgalikda taom pishirishgan, bir qozonda tayyorlangan ovqatdan baham ko’rishgan.

Sumalak –shifobaxsh taom. Sumalakning inson salomatligiga foydasi ham ko’p. Ulardan biri quyidagicha: Bir yigitning otasi og’ir kasal bo’libdi. Uni davolash uchun tabib chaqieishibdi. Tabib kasalni ko’rganidan so’ng: “Har kuni bir, haftada bir, oyiga bir, yiliga bir”, – debdi. O’g’il tabibga bir so’zlaringizning ma’nosini tushunmadim debdi. Shunda tabib: “Har kuni og’ir ishdan keyin bir dam olish, haftasiga bir marta hammomga tushish, oyiga bir ziyoratga boorish yoki sayilga chiqish, yilda bir marta ko’kdan tayyorlanadigan taom – sumalakka to’yish kerak. Shunda odam kasal bo’lmaydi. Otangiz bularga e’tibor bermagani uchun kasal bo’lgan. Endi unga sumalak pishirib beringlar, zora tuzalib ketsa”, debdi. Uydagilar sumalak pishib, kasalga yedirishibdi. Qariya tuzalib ketibdi.

Sumalak yangi tabiiy oziqlarga ehtiyoj kuchaygan “ilik uzildi” vaqtida tayyorlangan. Tabiat o’zgarishi, kunlar isishi davrida inson organizmida kamquvvatlik, behollik, hatto, bosh aylanishi, ko’z tinishi hollari ro’y beradi. Avlodlarimiz buning ham ilojini topishgan. Ular darmon dorilarga boy ko’katlar solingan taomlar yeyishgan. Jumladan, ko’kat – o’simlikdan sumalak pishirish odatini yaratishgan. Ya’ni bug’doy undirib, uni kelida tuyib shirasi olingan; yog’, un qo’shib, oqsilga boy tansiq taom tayyorlashgan. Shu tarzda odamlar “ilk uzildi” mavsumidan oson chiqishgan, yangi iqlim sharoitga tez moslashishgan, moddiy va ma’naviy quvvat olishgan.

Sumalak ham suyuq, ham quyuq, ham kalloriyali, ham parhez taomdir. Tabiblarning aytishicha, sumalak tarkibida qonga juda tez so’riladigan monoxarid moddasi bor. Sumalak tarkibidagi oqsil ham a’zoyi badanimizdagi milliardlarcha hujayralar uchun eng yaxshi ozuqadir. Sumalakda sog’u-bemor uchun birday zarur bo’lgan “C” darmondorisi bor. Bundan tashqari unda “tokoferod” moddasi mavjud. Bu nimrang yog’simon modda jenshen tarkibida uchraydigan “E” darmondorisining aynan o’zginasidir.

Sumalak gipertoniya kasaliga eng yaxshi davodir. U qon tarkibini yaxshilaydi. Tomirlar toraygan bo’lsa, qonni suyultiradi. Oshqozon va ichak yo’llari faoliyatini kuchaytiradi. Oshqozon va ichak yo’llari faoliyatini kuchaytiradi. Issig’i ko’tarilgan, qon bosimi oshgan kishi sumalak bilan (2 kun) parhez qilsa, darhol o’zida yaxshi o’zgarishni his qiladi.

Shunday qilib, sumalak ilohiy-mo’jizaviy taom bo’lib, u kishining ovqatlanishga bo’lgan ehtiyojini qondiish bilan birga, uning ma’naviy-ruhiy holarini ham yaxshilaydi. Sumalak muhim ijtimoiy-ma’naviy ahamiyatga ham egadir. Hammaning sumalak tayyorlash uchun bir qozon atrofida ahil bo’lib jam bo’lishi va bu taomni birga baham ko’rishi kishilar o’rtasida birdamlik, ahillik, mehribonlik kabi insoniy fazilatlarini tarbiyalagan.