Sulton Husayn Mirzo Boyqaro

Sulton Husayn Mirzo Boyqaro 1438 yilda iyul oyida Hirotning sharqi-shimolida joylashgan “Davlatxona” deb nomlangan saroyda olamga keladi.

Sulton Husayn Mirzo Boyqaroning otasi Sulton G’iyosiddin Mansur Mirzo nasl-nasabi jihatdan Boyqaro Mirzoning uchinchi o’g’li edi. Boyqaro Mirzoning otasi Amir Temurning ikkinchi o’g’li Umar Shayx Mirzo bahodirning kichik o’g’li edi.

Onasi Feruza begim ota tomonidan Amir Temurning katta qizi, Og’o begimning o’g’li Sulton Husayn Mirzoning qizi edi. Feruza begimning onasi Qutluq Sulton begim esa Mironshoh Mirzoning qizi edi. Darhaqiqat, Sulton Husayn Mirzo Boyqaro, Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo ta’riflaganidek, “Karimut-tarafayn”, ya’ni har ikki tomondan ham nasabi Amir Temur Kuragonga tutashardi.

1445 yilda Sulton G’iyosuddin Mansur Mirzo vafot etadi. Bu paytda Sulton Husayn Mirzo yeti yoshda edi. U 14 yoshigacha maktabda o’qiydi.

Tarixchi G’iyosuddin bin Humomiddin Xondamirning yozishicha, 1452 yil kuz oylarida 14 yoshlik Sulton Husayn Mirzo onasi Feruza begim bilan kengashib, Hirot hukmdori Abulqosim Bobur Mirzo saroyiga xizmatga kiradi.

1454 yil kech kuzda Abulqosim Bobur Mirzo Samarqandga qarshi muvaffaqiyatsiz yurish qiladi. Bu yurishda 16 yoshli Sulton Husayn Mirzo ham birga edi. Samarqand hukmdori Sulton Abusayid Mirzo Abulqosim Bobur Mirzo qo’shiniga qaqshatqich zarbani bergach, har ikki hukmdor o’rtasida sulh bitimi imzolanib, mazkur yilning 25 dekabrida Abulqosim Bobur Mirzo Hirotga qaytadi. Biroq Sulton Husayn Mirzo o’z valine’mati Abulqosim Bobur Mirzo bilan birga Hirotga qaytmaydi. U Samarqand hukmdori Sulton Abusayid Mirzo saroyida qoladi. Sulton Husayn Mirzoning Samarqandda qolishi bejiz emasdi, albatta.

Feruza begim eri Sulton G’iyosiddin Mansur Mirzodan ko’rmagan ro’shnolikni o’g’li Sulton Husayn Mirzodan ko’rish orzusida yashardi. O’g’liga yoshligidanoq ulug’ bobosi Amir Temur haqidagi qissalardan so’zlab, qulog’ini pishitar hamda ulug’ maqsadlar va buyuk martabalarga havas uyg’otishga tirishib kelardi. Aslida Feruz Begim Abulqosim Bobur Mirzoga nisbatan, Sulton Abusayid Mirzoning qudratli va davlatmand hukmdor fahmlab, o’g’li Sulton Husayn Mirzoga Samarqand saroyida xizmat qilishga ijozat ham bergan edi. Shuningdek, Sulton Abusayid Mirzo saroyida xizmat qilayotgan shahzodalar orasida Umar Shayx Mirzo avlodiga mansub shahzodalardan bir necha bor edi. Bular yoniga Sulton Husayn Mirzo ham borib qo’shiladi. Biroq ko’p o’tmay Sulton Husayn Mirzoning amakivachchasi Sulton Vays Mirzo (Muhammad Mirzoning o’g’li) hukmdor Sulton Abusayid Mirzoga qarshi isyon ko’taradi. Isyonchi shahzodadan xavfsiragan Sulton Abusayid Mirzo o’z mulozamatida bo’lgan 13 nafar shahzodalarni hibsga oladi. Tabiiyki, mazkur shahzodalar orasida Sulton Husayn Mirzo ham bor edi.

Bu dahshatli xabar tez fursatda Hirotga – Feruza Begimga yetib keladi. Feruza Begim Abulqosim Bobur Mirzo huzuriga borib, undan maslahat so’raydi va o’zini Samarqandga – hukmdor Sulton Abusayid Mirzo huzuriga jo’natishni iltijo qilib yolboradi. Xuroson hukmdori Abulqosim Bobur Mirzo harnechuk Feruza Begimning Sulton Abusayid Mirzo bilan xolavachcha ekanligini nazarda tutib, Hirotdan Samarqandga jo’nayotgan savdo karvoniga Feruza Begimni hamroh qilib jo’natadi.

Movarounnahr hukmdori Sulton Abusayid Mirzo xolavachchasi Feruza Begimga iltifot ko’rsatib, iliq kutib oladi. Feruza Begim so’z orasida hukmdorning o’z xolavachchasi ekanligi, shuningdek o’zgalarga nisbatan unga yaqin qarindoshligini alohida ta’kidlab o’tadi. Shuningdek, o’g’li Sulton Husayn Mirzoning ulug’ hukmdorga qarshi hech qachon g’arazi bo’lmagani va bo’lmasligi haqida kafolat berajagini, binobarin o’g’lini hibsdan ozod qilib, Hirotga qaytishga ijozat berishini nolayu-iltijolar bilan so’raydi. Hukmdor Sulton Abusayid Mirzo xolavachchasining zoriyu-tavallolari hamda ko’z yoshlarini inobatga olib, Sulton Husayn Mirzoni hibsdan ozod qilib, onasi Feruza Begim bilan birga Hirotga jo’nashiga farmon beradi. Tarixiy manbalarning bergan ma’lumotiga qaraganda, Sulton Husayn Mirzo taxminan 1455 yilda Samarqanddan qaytib kelib, yana Abulqosim Bobur Mirzo saroyida xizmat qila boshlaydi. Tarixchi Xondamirning yozishicha, xuddi shu paytda yosh Alisher Navoiy ham Abulqosim Bobur Mirzo xizmatiga kiradi.

Abdurazzoq Samarqandiyning bergan ma’lumotiga qaraganda, 1456 yil oktabrining boshida Abulqosim Bobur Mirzo Hirotdan chiqib, 14 oktabrda Mashhadga keladi. Hukmdorning bu safarida shahzoda Sulton Husayn Mirzo bilan Alisher Navoiy ham birga edilar. Abulqosim Bobur Mirzo Mashhadda qishlaydi.1457 yilning 22 martida saroyda o’tkazilayotgan bazmda Abulqosim Bobur Mirzo jigar hastaligiga qaramay, me’yoridan ortiq sharob tanovul qilib, olamdan ko’z yumadi.

Abulqosim Bobur Mirzo vafotidan so’ng, Sulton Husayn Mirzo saroyni tark qilib, Marv, Jom va Mohan viloyatlarining hukmdori Sanjar Mirzo Marviy huzuriga boradi. Sanjar Mirzo Marviy 1455 yildan buyon Abulqosim Bobur Mirzo qo’l ostida edi.

Abulqosim Bobur Mirzo vafotini eshitgan Sanjar Mirzo marhum hukmdorning o’g’li yosh shahzoda Shoh Mahmudga bay’at bildirishni o’ziga ep ko’rmay, aksincha, mustaqil hukmronlik yo’lini tanlaydi. Xuddi ana shu paytda 19 yoshli barvasta navjuvon shahzoda Sulton Husayn Mirzo uning huzuriga tashrif buyuradi. Sanjar Mirzo Sulton Husayn Mirzoni yuksak ehtirom bilan kutib oladi va benihoya iltifotlar ko’rsatadi.

Sanjar Mirzo yosh shahzodadan kelgusida o’z maqsadlari yo’lida foydalanish niyatida, unga o’z qizi 15 yoshli Beka Sulton begimni nikohlab beradi. Sulton Husayn Mirzo o’zining qat’iyatli va jasorati tufayli tez kunda qaynotasi Sanjar Mirzoning ishonchiga sazovor bo’ladi.

1457 yil iyul oyida marhum Abulqosim Bobur Mirzoning o’n bir yoshli o’g’li Shoh Mahmud Mirzo Alouddavla Mirzoning o’g’li Ibrohim Mirzodan yengilib, Mashhadga qaytgani haqidagi xabarni eshitgan Muiziddin Sanjar Mirzo Mashhadni o’z tasarrufiga kiritish ishtiyoqida taraddudga tushadi. Sanjar Mirzo Mashhadga jo’nash oldidan Marvda o’z o’rniga kuyovi Sulton Husayn Mirzoni hukmdor etib belgilaydi.

Sulton Husayn Mirzo tez orada qaynotasi Sanjar Mirzo kutganidek o’z shijoati va qattiqqo’lligini namoyish qila boshlaydi. Shu orada bir qiziq voqea sodir bo’ladi. To’ydan so’ng Beka Sulton begim kunlardan bir kun, bundan uch yil muqaddam o’tgan mashhur bobosi Sanjar haqida hikoya qilib, uning davrida Marvda muhtasham binolar, bog’-rog’lar barpo etilib, Marv misli yo’q go’zal shaharga aylangani haqida ehtiros bilan so’zlab beradi. Darhaqiqat, Marvda mo’g’ul istilosidan qolgan vayronalar hamda bino va xiyobonlarning yarim xaroba manzarasi o’z davrida nihoyatda ko’rkam shahar bo’lganidan dalolat beradi.

Ana shu yarim xaroba binolar orasida zangori gumbazli bir masjid mo’jiza yuz berib shikastlanmay qolgan edi. Beka Sulton begimning hikoyasi ham xuddi ana shu masjid ustida borardi.

  • Kunlarning birida, – deb hikoyasini davom ettiradi Beka Sulton begim – Sulton bir pariga uylanibdi. Pari Sultonga uchta shart qo’yibdi, shartga binoan pari sochini tarayotganda Sulton hech qachon unga qaramasligi, uning belidan quchmasligi va xotini yurganda uning oyoqlariga ko’z tashlamasligi lozim edi. Sulton birmuncha vaqtgacha shartga rioya qilib yuradi. Ammo kunlarning birida sabr kosasi to’lib, xotini sochini tarayotgan asnoda yashirincha ko’z qirini tashlaydi. Biroq ne ko’z bilan ko’rsinki, xotini o’z boshini kursi ustiga olib qo’yib, qora sochlarini oltin taroq bilan tarayotgan ekan. Bu voqeadan hang-mang bo’lib qolgan Sulton, bir ozdan so’ng hushi o’ziga kelib, “nega bunday qilding”, deb so’rabdi. Pari g’azablanib, “agar ikkinchi shartni buzguday bo’lsang, albatta seni tashlab ketaman”, deb javob beribdi. Oradan bir necha kun o’tgach, sultonga shahvoniy hirs g’alaba qilib, xotinining belidan quchibdi. Quchibdi-yu, parining belida suyagi yo’qligidan hayratga tushib, “nega belingda suyaging yo’q?” – debdi. Shu zahotiyoq pari uchib, ko’zdan g’oyib bo’libdi. Sulton shaharning zabardast duoxon domlalarini yig’ibdi. Ular to’qqiz kechayu-to’qqiz kun duo o’qib, paridan sultonning gunohini kechirib, qaytib kelishini iltijo qilib so’rabdilar. Nihoyat, pari sultonning gunohidan o’tib, qaytib kelibdi va “agar uchinchi shartni buzsang butunlay ketaman”, debdi. Sulton shartni buzmaslikka so’z berib, to’qqiz yil tishini-tishiga qo’yib chidab yuribdi. Nihoyat, kunlardan bir kun sulton oldidan yurib ketayotgan parining oyog’iga ko’z tashlabdi, qarasa parining oyog’i yerga tegmay, havoda muallaq suzib ketayotgan emish. Sulton jon holatda “uchib ketma, pari”, deb qichqiribdi. Biroq, shu zahotiyoq pari g’oyib bo’libdi. Sulton g’am-anduhga botib, kasal bo’lib qolibdi. Xastalikdan tuzalib, o’rnidan turgach, katta masjid qurdiribdi. – Hu anovi masjidni o’sha sulton qurdirgan, – deya uzoqda jilvalanib turgan ko’k gumbazli katta masjidni eri Sulton Husayn Mirzoga ko’rsatadi Beka Sulton begim.
счетчик посещений