Sportchilar

Abdullayev Muhammadqodir Muhammadyoqubovich (1973.15.11, Andijon) — bokschi, 63,5 kg vaznda Olimpiada va jahon chempioni. O’zbekiston chempioni (1993, 1996-98), xalqaro toifadagi sport ustasi (1998). Andijon davlat univesiteti talabasi (2000). Abdullayev bir necha xalqaro turnirlarning g’olibi (1994, Turkiya; 1997, Eron; 1999, Fransiya). Markaziy Osiyo o’yinlarida 1995 yil — 2 o’rin, 1997 yil — 1-o’rin, 13-Osiyo o’yinlari (Tailand, 1998) da 1-o’rin; Osiyoning 2 karra chempioni (1997, 1999). 1999 yil AQShning Xyuston shahrida o’tkaziltan jahon chempionatining, 2000 yil Sidneyda o’tkazilgan 27-yozgi Olimpiya o’yinlarining oltin medali bilan taqdirlangan. Qirol kubogi (1998, Tailand) hamda Jahon kubogi (1998, Xitoy) musobaqalarida eng yaxshi bokschi deb tan olingan. “Shuhrat” medali (1995), “El-yurt hurmati” ordeni (1999) bilan mukofotlangan.

Abduraimov Birodar Hasanovich (1943.14.5, Toshkent) — futbolchi, “Paxtakor” (Toshkent) futbol jamoasining hujumchisi (1960-68, 1970-74), sport ustasi (1962), “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan sport ustozi” (1994). 1972 y. mavsumda 1-tabaqa rekordini o’rnatgan (34 to’p). Rasmiy musobaqalarda jami 210 ta to’p kiritgan. A. rahbarligida “Navbahor” jamoasi O’zbekiston kubogini qo’lga kiritgan (1992). A. Xirosima (Yaponiya)da 12-Osiyo o’yinlari chempioni bo’lgan (1994) O’zbekiston milliy terma jamoasiga murabbiylik qilgan (R. Akramov b-n birga). 1995 y.dan “Zarafshon” (Navoiy sh.), 1999 y.dan “Surxon” (Termiz sh.) futbol jamoalari ustozi. “Shuhrat” medali b-n taqdirlangan (1994).