So’z boshi

14-asrning 2-yarmi va 15-asr Vatanimiz tarixida voqealarga nihoyatda boy tarixiy saboq davri hisoblanadi. Chunki bu davrda mo’g’ullar hukmronligi va feudal tarqoqlik tugatilib, bosqinchilarning vayronagarchiliklari va bir yaqim asrlik zulmlari oqibatida iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy turg’unlik holatiga tushib qolgan mamlakatimiz o’z mustaqilligini qayta tiklashga kirishdi. Bu diyorda Amir Temur boshchiligida yagona tug’ ostida markazlashgan, kuchli va mustaqil feudal davlat tashkil topdi. Markaziy Osiyo xalqlari hayotida yuz bergan bu tarixiy voqeada, shubhasiz, Amir Temurning xizmati g’oyat buyukdir. O’z davlatining kuch-qudratini oshirib, uni mustahkamlash uchun avvalambor u harbiy va iqtisodiy islohot o’tkazdi. Yaxshi qurollangan muntazam qo’shin tuzdi. Davlat boshqaruv tizimlarini harbiy strategiya (savquljaysh) o’z taktikasi (ta’biyatuljaysh)ni ishlab chiqdi va qattiq sinovlardan o’tkazdi.

Amir Temur bu davrda Movarounnahr va Xorazmga muttasil tazyiq ko’rsatib turgan Oltin O’rda xoni To’xtamishga qarshi bir necha bor qo’shin tortdi. Uralda Qunduzcha, Kavkazda Tarak daryolari bo’yida bo’lib o’tgan ikki shiddatli jangda Temur dushman ustidan g’alaba qozonib, Oltin O’rdaga o’zini o’nglanmaydigan darajada qaqshatqich zarba berdi. Uning bu g’alabasi tufayli Oltin O’rda tazyiqid yashayotgan Rossiya qaddini rostlash imkoniyatiga ega bo’ldi va uning istiqboli uchun katta yo’l ochildi.

Bu buyuk jahongir tarix taqozosi va o’rta asrlarning udum va taomiliga asosan o’z davlati chegaralarini kengaytirishga harakat qildi. U Hindiston, O’rta va Yaqin sharq mamlakatlariga bir necha bor harbiy yurishlar uyushtirdi. Anqara shahri yaqinida Turkiya Sultoni Boyazid I Yildirim qo’shinlari ustidan g’alaba qozonib, butun Yevropani hayratga soldi. Bu g’alaba tufayli Turkiya tazyiqidn xalos bo’lib olgan Yevropa qirollari Temur va uning vorislari bilan bevosita aloqalar o’rnatishga shoshildilar.

Buyuk sarkardaning Xorazm va Oltin O’rdaga qarshi kurashib ularni yengishi, Eron, Ozarbayjon, Iroq, Hindiston, Suriya va Turkiyaga qilgan yurishlari Temur davlati qudratini oshirdi. Amir Temur 27 mamlakatni o’ziga bo’ysundirib, o’z davlatini jahonning buyuk imperiyalari qatoriga ko’tardi. Uning hukmronligi davrida Movarounnahr dunyo taraqqiyoti bilan bevosita bog’lanib, jahonning ilg’or mamlakatlaridan biriga aylandi. Buyuk ipak yo’lining katta qismi Temur davlati nazoratiga o’tdi.

O’rta asrlarning bu ulkan davlatini idora etishda Amir Temur feudal boshqaruv tizimining asosiy qonun-qoidalari – “Tuzuklar”ni yaratdi. Islom dini mafkurasi va ahkomlariga suyanib, u o’z “Tuzuklari” asosida el-yurtni boshqardi va mamlakatni obod etdi.

14-asr oxiri – 15-asr boshida Movarounnahrda o’rnatilgan nisbiy osoyishtalik shubhasiz mamlakatning iqtisodiy hayoti hamda ishlab chiqarish kuchlarining rivojida ijobiy omil bo’ldi. Xo’jalikning asosi bo’lgan dehqonchilik, hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo kengaydi, fan va madaniyatning ravnaqi uchun ma’lum shart-sharoitlar vujudga keldi.

Bu davrda Movarounnahrning Samarqand, Buxoro, Kesh (Shahrisabz), Toshkent, Shohruhiya (Banokat), Termiz va boshqa ko’pgina shaharlari gavjumlashib, o’zining topografik qiyofasi, aholisining kasb-hunari, ichki va tashqi aloqalari bilan o’rta asrlar sharqining namunali hunarmandhilik va savdo markaziga aylandi.

Me’morchilik keng rivoj topdi. Ayniqsa Samarqand deyarli qayta qurilib, Temur davlatining poytaxtiga aylantirildi. Shaharda mahobatli binolar, saroylar, masjidu-madrasalar, xonoqoyu-maqbaralar, hammomlaru-karvonsaroylar qad ko’tardi. Shahar atrofi yirik sug’orish tarmoqlari va turli xil suv inshootlari vositasida sug’orilib, o’nlab bog’-rog’lar va bo’stonlar barpo etildi. 15-asrda yashagan Bo’ston ul-Elam, Ziynat ul-Dunyo, Jannat ul-Firdavs, Bo’ston ush-Shimol va boshqalar shu bog’-rog’lar jumlasidandir.

Bu davrda Movarounnahrning poytaxti Samarqandda hamda Kesh, Buxoroda, shuningdek Xurosonning markazi Hirotda hunarmandchilik, me’mor-binokor va naqqoshlar bilan bir qatoda olumu-fozillar va shoiru-bastakorlar to’planib, ilm-fan va san’atning ravnaqiga ulkan hissa qo’shdilar. Bu shaharlarda bir qancha madrasalar qurildi. Ularda ilohiyot ilmlari bilan birga riyoziyot, handasa, tibbiyot, ilmi ha’at, ilmi aruz, tarix, falsafa kabi dunyoviy bilimlar ham o’qitildi. Samarqandda Ulug’bek tomonidan rasadxona qurdirib, u o’z davrining “Dor ul-ilm” – akademiyasiga aylandi. Unda matematika va astronomiya fanlari rivojiga ulkan hissa qo’shgan Mirzo Ulug’bek, Qozizoda Rumiy, G’iyosuddin Jamshid, Mirab Chalabiy va Ali Qushchi kabi olimlar ijod etdilar.