Sho’rolar tuzumi davridagi bayramlar

Sho’rolar hokimiyatni egallab olgach, aholini o’z tomoniga og’dirish maqsadida siyosiy, diniy e’tiqod erkinli va milliy an’analarni rivojlantirish haqida va’dalar berdi. Jumladan, ularning ilk hujjatlaridan biri – “Rossiya va Sharqning barcha musulmon mehnatkashlariga” nomli (1917 yil, 20 noyabr) murojaatida shunday deyiladi: “Bundan buyon sizlarning e’tiqodingiz va urf-odatlaringiz, milliy va madaniy muassasalaringiz ozod va daxlsiz deb e’lon qilinadi. O’z milliy hayotingizni erkin va monesiz tarzda quring. Buning uchun huquqlaring bor”. Ular hatto, milliy e’tiqod va an’analarni himoya qilish kafolatini ham berishdi: “Bilingki, sizlaning huquqlaringizni, Rossiyadagi barcha xalqlarning huquqlari kabi, inqilob va uning organlari, ishchi, soldat va dehqon deputatlari sovetlari bor kuchi bilan muhofaza qiladi”. Biroq, sho’rolar o’z mavqeini mustahkamlar olganidan so’ng barcha va’dalarini unutdi. Aksincha, bergan va’dalariga teskari ishlar qila boshladi. Jumladan, barcha milliy bayramlarni taqiqladi. Ularning bittasini ham davlat bayrami tizimiga kiritmadi. Xalqning asrlar davomida mavjud bo’lgan milliy an’anaviy bayramlari o’rniga sho’rocha bayramlarni joriy qilishga faol kirishdi. Masalan, Oktabr to’ntaruvi nishonlanadigan inqilob kuni (7-8 noyabr), Chikago fojiasi munosabati bilan proletariat kurashini nishonlovchi kun (1 may), xotin-qizlarni siyosiy-ijtimoiy faolikka chorlovchi kun (8 mart) kabi o’z manfaatiga xizmat qiluvchi tarixiy voqealarni bayram sifatida nishonlash an’anasini joriy etdi. Bu bayramlarda ular o’zlarining kommunistik g’oyalarini targ’ib qilishni kuchaytirdilar. Sho’rolarning so’zi bilan ishi bir-biriga muvofiq emasligini anglagan xalq ularning tadbirlariga befarq qaray boshlagan. Shunday ular aholini tadbirlarga jalb qilishning antiqa yo’llarini qo’llagan. Jumladan, odamlarni klubga oshga taklif qilishgan. Ular osh yeyayotgan vaqtda xalqqa yangi tuzum afzalliklarini namoyish etuvchi kommunistik agitatsiya xarakteridagi tomosha ko’rsatgan. Bunday tomoshalardan maqsad odamlarni sho’rolarga ishontirish bo’lgan. Sho’rolar ommaga ta’sir qilish maqsadida yanada qiziqardi, ta’sirchan shakllarni izlab topishga intilgan. Jumladan, ommaviy instsenirovka, miting-konsert, agitsud, jonli gazeta, teatrlashgan namoyish kabilardan keng foydalanilgan.

XX asrning 20-yillarida o’lkamizda bayram kunlari tashkil qilinadigan ommaviy instsenirovkalarning 2 xil usuli qo’llanilgan. Birinchisi, Yefim Volniyning agitspektakllarini ochiq maydonda o’tkaishga asoslanilgan (“Ikki dunyo”) asari. Ikkinchisi, an’anaviy xalq teatri san’ati, qiziqchilarning tomoshalari asosida tashkil qilingan. Proletarlar instsenirovkalarida umumiy muammolar mavzu qilib olingan bo’lsa, milliy tomosha-instsenirovkalarda o’zbek ishchi va dehqonlari hayotiga oid masalalarga e’tibor qaratilgan.

20-yillarda kommunistlar tomonidan ochiq maydonda o’tkaziladigan bayramlar ko’pincha teatrlashtirilgan miting-konsertlar shaklida ham tashkil qilingan. Bu tashviqot-targ’ibotning eng ommaviy turi hisoblanib, uning badiiy-obrazli syujeti notiqlar nutqi va unga ilova shaklida qo’shiqlar, she’rlar, dramatic lavlahalr va hokazolar bilan yanada kuchaytirilgan.

20-yillarda ommaviy bayramlarning yana bir turi – teatrlashtirilgan agitsudlar keng tarqalgan. Bu agitsudlar asosan 2 qismdan tashkil topgan:

  1. “Eski dunyo” va “yangi dunyo” vakillarining shahar ko’chalaridagidagi namoyishi.
  2. Ochiq maydonlarda “Eski dunyo” ustidan uyustiriluvchi teatrlashtirilgan sud.

Bu agittomoshalar “advokat” va “prokuror”, “himoyachi” va “qoralovchi” munozarasi va “bosh sudya” hukmi asosida gunohkorlarni jaolasha marosimi bilan tugagan.

Bu davrda ochiq maydonlarda o’tkazilgan bayramlarning yana bir yirik turi – teatrlashtirilgan karnaval namoyishlaridir. Ular asosan diniy bayramlar kunida dinga qarshi targ’ibot sifatida tashkil etilgan. Bunday yangicha shakllar qiziqarli, tomoshaga boy va ta’sirchan bo’lgan. Ularni deyarli butun shahar aholisi tomosha qilgan.

Erta tongda boshlanib, yarim tunda tugaydigan teatrlashtirilgan bayram – tomoshalar quyidagi kompozitsion qismlardan iborat bo’lgan:

  1. Muqaddima: shaharning har bir tumanida miting va miting-konsertlar.
  2. Voqealar rivoji: shaharning markaiga qarab yo’l olgan bir necha karnavallashtirilgan namoyish.
  3. Voqelar avji: shaharning markaziy maydonidan tashkil etilgan teatrlashtirilgan agitsud.
  4. Xotima: shahar markazida xalq sayillari, o’yinlar hamda maydonlarda konsertlar va spektakllar namoyish qilingan.

20-yillar sho’rolar o’zlarining barcha tadbirlarini bayramona tarzda tashkil qilishga harakat qilishgan. Ular bu tadbirlarga o’z g’oyalarini tomoshalar vositasida singdirilishni maqsad qilishgan.

Sho’rolarning ijtimoiy-siyosiy bayramlari. Oktabr to’ntaruvidan so’ng sho’rolar o’z maqsadlariga xizmat qiluvchi, yil mobaynida o’tkaziladigan bayramlar tizimini yaratishdi. Ular: Yangi yil bayrami (1 yanvar), Xotin-qizlar bayrami (8 mart), Chikago fojiasi munosabati bilan proletariat kurashini nishonlovchi kun (1 may), ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G’alaba kuni (9 may), oktabr to’ntarilishiga bag’ishlangan Inqilob kuni (7-8 noyabr). Bu ijtimoiy-inqilobiyy bayramlar Sovet Ittifoqining barcha joylarida, jumladan O’zbekistonda ham nishonlanishi shart bo’lgan.

Sho’rolarning eng asosiy bayrami ikkita (1 may va inqilob kuni) edi.

1 May bayrami tarixi Chikagoda bo’lib o’tgan namoyishdan boshlanadi. Bu tadbir sho’ro siyosatdonlariga ishchi-dehqonlarni mulkdorlarga qarshi kurashga da’vat qilish vajhidan zarur bo’lgan. Rossiyada bu tadbir 1890 yillarda nishonlangan. O’lkamizning katta shaharlarida 1 May bayrami 1905 yildan boshlab o’tkazilgan. Uni nishonlashni rus inqilobchilari boshlashgan. Bu bayram Turkistondagi siyosiy ahvoldan kelib chiqib: ish tashlash, namoyish, miting kabi shakllarda o’tkazilgan. Politsiyachilar inqilovchilarni ta’qib qilishni kuchaytirgan paytda 1 Mayni nishonlash yashirin tarzda shahar chekkasida mayovkalar shaklida uyushtirilgan.

Mayovkalarga ishchilar tabiat qo’ynida dam olishga chiqqanday bo’lib borishgan. Aslida esa ular siyosiy majlislar o’tkazishgan, Majlislarda ishchilar harakatini qay tarzda boshqarish kerakligi haqida maslahat qilishgan.

Birinchi may qaysi shaklida o’tkazilmasin, u ommaviy inqilobiy harakatning o’sishiga jiddiy ta’sir ko’rsatgan. Bu harakat inqilobiy-siyosiy, revolyutsion to’ntarishni amalga oshirishning eng muhim, kuchli omillaridan biri bo’lgan.

1917 yil Rossiyada Oktabr to’ntaruvi amalga oshirilganidan so’ng, 1 may bayrami sho’rolarning asosiy bayramlaridan biriga aylandi. U inqilobdan keyin sho’rolar davlatining ichki va tashqi dushmanlariga qarshi kurashish, madaniy inqilobni amalga oshirish, sotsializm barpo etish shiorlari ostida uyushtirildi.

Sho’rolar mamlakatida bu bayram ikki kun nishonlanib, u namoyish, sayil, tantana va tomoshalar shaklida o’tkazilardi. Korxonalar, muassasala, o’quv yurtlarida bayram arafasida tantanali majlis va tematik konsert bo’lardi.

1917 yil Oktabrdagi to’ntarish kuni sho’rolarning eng asosiy bayrami sanalardi. Bu bayram nishonlangan dastlabki yillarda ommaviy instsenirovkalarga katta ahamiyat berilgan. Mazkur instsenirovkalarda tarixiy voqealar badiiy-ommaviy shaklda teatrlashtirilib, bo’rttirib namoyish etilgan.

Sho’ro hokimiyatining dastlabki yillaridagi Oktabr bayramlarida namoyish etilgan tomoshalarda quyidagi sxemadagi epizodlar ko’rsatilgan: “Kapitalizm zulmi”; “9 yanvar” (“Qonli yakshanba”); “Maxfiy kurash” (“Podpolye”); “Qo’zg’olon”; “Fevral revolyutsiyasi”; “Oktabr, 1917 yil” va “G’alaba” (Final).

Bu bayramni nishonlash ijtimoiy-siyosiy ahamiyat kasb etuvchi kommunistik tarbiya vositasiga aylantirildi. Jumladan, bu davrda 7 noyabr kuni ertalab Toshkentdagi eng katta maydonda harbiy parad va mehnatkash namoyishlari boshlanardi. Shahar markazidagi bu joy o’sha paytlarda “Lenin maydoni” deb atalardi. Mustaqillikka erishilgandan keyin bu yer “Mustaqillik maydoni” deb yuritila boshlandi. Sho’ro tuzumi davrida barcha shahar va yirik aholi punktlarining markaziy maydonlarida ham 7 noyabr kuni xalq namoyishlari, sayillari bo’lib o’tishi an’anaga aylangan edi. Bu namoyishlarda sho’rolar davlatining harbiy kuch-qudrati, ishlab chiqarish sohalaridagi yutuqlarini namoyish qilishga ahamiyat berilardi.

Bayram 8 noyabr kuni ham davom etib, ko’pgina madaniyat muassasalarida kommunistik mazmun va shaklga ega bo’lgan “Lenin yo’lidan”, “Inqilob tantanasi”, “Oktabr quyoshi” nomli tematik kechalar o’tkazilib, inqilob va mehnat faxriylari bilan uchrashuvlar, ilg’or kommunistlarga faxriy yorliqlar topshirish tantanalari, partiya va komsomol safiga qabul qilish marosimlari uyushtirilardi. Bayram arafasida va nishonlanayotgan kunlarda san’at muassasalarida bayram konsertlari, inqilobiy mavzuga oid spektakllar, badiiy va hujjatli filmlar namoyish etilardi. Bu tadbirlarning barchasidan maqsad aholini kommunistik ruhda tarbiyalash, xalq ommasini sho’rola davlati g’oyalari asosida birlashtirish edi.

Sho’rolarning bu ikki bosh bayramining asosiy shakli – namoyish edi. Davlat va mahalliy rahbarlar Lenin haykali poydevori ustidagi minbarda turishardi. Xalq esa maydon bo’ylab ularning oldidan namoyish qilib o’tardi. Bu namoyishlarga ishchi-xizmatchilar, talabalar majburiy tarzda jalb etilardi. Namoyish ishtirokchilari rahbarlar turgan minbar yonidan o’tayotganida ovoz kuchaytiruvchi texnik vositalardan: “Ura! Ura! Yashasin kommunistik partiya! Bor bo’lsin sovet xalqi! Partiya va xalq birdir!…” kabi shiorlar yangrab turar edi.

Sho’rolar bayramlarida yangi proletar madaniyat shakllari targ’ib qilinar edi. Shulardan biri milliy zaminga ega bo’lmagan karnaval edi. 80-yillarda shunday voqea bo’lib o’tadi: Bayram kuni Toshkentning o’sha vaqtdagi Komsomol ko’li raqs maydonida duxovoy-estrada ansambli xorijiy kuy-qo’shiqlarni ijro etib turadi. Mahalliy yigitlar ulardan o’zbek kuyini ijro etishni iltimos qilishadi. Shunda orkestr a’zolari bitta ham milliy kuyni iltimos qilishganda, ular milliy kuylar orkestrda ijro qilishga arzimaydi, deb haqorat qilishadi. Bu sho’ro davrida o’tkazilgan bayramlarda mahalliy milliy madaniyat toptalganidan dalolat beradi. Bu ham o’z-o’zidan ijtimoiy ziddiyatlarning kelib chiqishiga asos solgan.

XX asr 80-yillar o’rtalariga kelib, kommunizm g’oyasi inqirozga uchrab, sho’rolarning targ’ibot-tashviqot shakllari ham eskirayotganligi sezildi. Shunda ular o’tkaziladigan bayram tadbirlariga milliy bayramlarga xos unsurlar: karnay-surnay ovozlari, masxaraboz-qiziqchilarning chiqishlari, milliy raqslar, xalq o’yinlari kabilarni qo’shishga harakat qilishdi. Lekin zamini chiriy boshlagan sho’rolar bayramlari milliy an’analarga poydevor bo’la olmadi.

Sho’rolar bayramlari ularning davlati tugallanishi bilanoq o’z mavqeini yo’qotdi.

Sho’rolar davridagi milliy bayramlarning ayanchli ahvoli. Sho’rolar ommaga o’z g’oyalarini singdirish uchun faqat o’z maqsadiga xizmat qiladigan vositalarga tayanishar edi. Xalqning milliy an’analari sho’rolarning maqsadiga xizmat qilmaganligi uchun, ularga qarshi rasmiy va norasmiy kurash olib borishar edi. Xalq urf-odatlari va bayramlarining ijobiy yoki salbiy jihatlari ularni qiziqtirmasdi. Sho’rolar o’z mamlakatidagi barcha xalqlarni yagona sovet xalqiga aylantirish maqsadida milliy qadriyatlarga qarshi kurash olib bordi. Xalq an’analarini taqiqlash siyosatini uzluksiz tarzda kuchaytirib bordi. Natijada, xalqning milliy an’analari o’z “tomirlari”dan uzilib, taraqqiy eta olmadi.

Sho’rolar egallab olgan hokimiyatning dastlabki yillaridan boshlab, xalqlarning milliy va diniy bayramlari taqiqlandi. Ayniqsa, Navro’zning taqdiri og’ir bo’ldi. Avvaliga sho’ro siyotdonlari Navro’zni kommunistik mafkuraga xizmat qildirish uchun harakat qilishdi. Shu maqsadda ilk bahor paytlarida shaharlardagi maydonlarda siyosiy tomoshalar tashkil etildi. Bu siyosiy tomoshalarni uyushtirishga mahalliy ziyolilar majburiy tarzda jalb etildi. 30-yillar boshida “eskilik sarqitlari”ga nisbatan qarshi kurash davlat siyosatiga aylandi. Sho’rolar qadimiy milliy ma’naviy, madaniy meros, urf-odatlar, marosimlar, bayramlarni taftish qila boshlashdi. Ammo mahalliy millat kishilari chekka joylarda yashirin tarzda an’anaviy bayram, marosimlarni o’tkazaverishdi.

30-50-yillarning shaxsga sig’inish davrlarida an’anaviy xalq odatlari va bayramlarini himoya qilmoqchi bo’lgan ziyolila (Cho’lpon, Fitrat, So’fizoda va boshqalar) “sho’ro davlati siyosatiga qarshi yot unsur” yoki “millatchi” deb ayblangan. Hatto diniy mazmunga ega bo’lmagan xalq marosimlarida qatnashgan kishilarga nisbatan turli jazo choralari ham ko’rila boshlangan. Sho’ro siyosatdonlari qatag’on yillarida Navro’z bayrami o’rniga “Kolxoz to’yi” degan bayramni joriy etishdi.

Kommunistik madaniyat tarafdorlari, ya’ni “eskilik sarqiti”ga qarshi kurashuvchi faollar xalqni o’z milliy, an’anaviy bayramlarini nishonlashiga yo’l bermas edi. Milliy bayramlarga, jumladan, Navro’zga “eskilik sarqiti” deb qaralib, unga diniy bayram tamg’asi bosildi. Sho’ro siyosatdonlari Navro’zni yoqlagan kishilarni “xalq dushmani” deb ayblashdi va ularni qatag’on qilishdi. Ammo milliy va diniy bayramlar yashirincha o’tkazilaverdi. Odamlar go’yo dala sayliga chiqishgandek bo’lib, u yerda Navro’zni nishonlashgan. Bundan xabar topgan sho’ro faollari ularni turli tarzda ta’qib etishgan. Sho’ro davrida Navro’zni nishonlayotganlarni qo’lga olish kompaniyalari uyushtirilgan. Navro’z bayrami tashkilotchilari, ishtirokchilar davlatga qarshi fitna uyushtirilayotganlikda ayblanib, hibsga olingan.

60-yillar boshlarida sho’ro mamlakatida ham milliy masalada biro z “iliqlik” paydo bo’lib, milliy bayram, marosimlarni o’tkazishda sal jonlanish ro’y berdi. Matbuotda xalq urf-odatlari, bayramlari haqida maqolalar ham paydo bo’ldi. Ilg’or fikri ziyolilar madaniyat sohasi ayrim rahbarlari tashabbusi bilan joylarda Navro’z bayramini o’tkazish harakati boshlandi. Ammo Navro’z davlat bayrami sifatida tan olinmadi. Ko’pgina ziyolilar, ayrim rahbarlar Navro’zning chinakam dunyoviy, chinakam xalqchil bayram ekanini sezsalar-da, o’tmishdagi qatag’onlarni eslab, bu an’anani qo’llab-quvvatlashdan cho’chidilar. 60-yillar o’rtalarida ma’lum xalq bayramlariga birmuncha e’tibor berila boshlangan bo’lsa ham kishilarda sho’ro siyosatidan qo’rqish kayfiyati kuchli edi. Shuning uchun milliy an’anaviy bayramlar, diniy marosimlar imi-jimida, yashirin tarzda o’tkazilgan.

70-yillarga kelib, sho’rolar xalq bayramlariga qarshi norasmiy kurash boshladi. Mahalliy hokimiyat vakillariga joylarda milliy bayramlar o’tkazilishiga yo’l qo’yilmasin, ularning o’rniga yangi sovet bayramlari o’tkazilishini uyushtirish zarurligi haqida partiya organlari tomonidan ochiq va yopiq buyruqlar bo’lar edi. Chunki sho’ro siyosatdonlari milliy uyg’onish boshlanishidan qattiq qo’rqishardi.

80-yillar o’rtasida sho’rolar davlati inqirozi boshlanganida ular oxirgi kuchlarini to’plab, o’z mafkurasini saqlab qolish uchun jon-jahdi bilan harakat qilishdi. Milliy bayramlar, jumladan Navro’z O’zbekistonda xalq bayrami sifatida keng nishonlanishida to’siqlar paydo bo’ldi. 1985-1987 yillarda ommaviy axborot vositalari (radio, gazeta, jurnallar)ga Navro’z bayrami haqida bir og’iz ham gapirmaslik to’g’risida farmoyishlar berildi. Navro’z o’tkaziladigan sayilgohlar maydonlarga boriladigan yo’llar sovet militsiyasi xodimlari tomonidan to’sildi. Dorbozlarning dorlari yiqitildi. Ayrim kommunistik rahbarlar Navro’z bayramini nishonlayotganlarning sumalak qaynatilayotgan qozonlarini ag’darib tashlashdi. Bu kishilarning nafratini qo’zg’atdi va qattiq tortishuvlarni vujudga keltirdi. Navro’ qadimdan davom etib kelayotgan haqiqiy xalq bayram ekanligi, uning mazmuni tabiat qonunlari bilan bog’liqligi va Navro’zni eng yaxshi an’analar asosida taraqqiy ettirish lozimligi haqida jiddiy mulohazalar aytildi. O’zbekistonning o’sha paytdagi ayrim rahbarlari xalq marosimlari, jumladan, “Navro’z”ni ham bayram sifatida nishonlashni rasman taqiqlab qo’yishdi. 1986 yil O’zbekiston televideniyesi dasturidan Navro’z bayramiga bag’ishlangan ko’rsatuvlar olib tashlandi. Uning o’rniga “Assalom, bahor” nomli konsert ko’rsatildi. Navro’z bayrami o’tkazilishini bu kabi taqiq, ta’qib etishlar kishilarning haqqoniy noroziligini uyg’otdi. Shunda sho’ro siyosatdonlari “Navro’z” o’rniga “Navbahor” nomli yangi bayram o’tkazilishini taklif etishdi. Etishdi. Bu yangi bayram tadbirlari sifatida ilgari Navro’z tarkibiga bo’lgan hasher, ko’chatlar o’tqazish, xotirlash marosimi, qabristonlarni obod qilish va boshqa eski marosimlarga ham yangicha tus berishga urinishlar bo’ldi. Respublikaning o’sha paytdagi rahbarlari Navro’z bayrami o’tkazilishini faqat ikki yil – 1986-1988 yillardagina to’xtata oldilar, xolos. Shunda ham ular Navro’zning respublika miqyosida rasmiy tarzda nishonlanishi, ommaviy axborot vositalarida bu bayrm haqida ma’lumotlar berishni to’xtata oldilar. Biroq milliy ongi uyg’onib qolgan ziyolilar, ilg’or yozuvchilar, olimlar Navro’z bayrami taqiqlanishiga qarshi chiqishdi. Navro’zni saqlab qolish – milliy-madaniy an’analarni saqlab qolish harakatiga aylandi. Ilmiy anjumanlar, yozuvchilar yig’inlarida Navro’zni himoya qiluvchilar safi kengaydi. Mahallalarning ilg’or fikrli millatparvar rahbarlari Navro’zni nishonlash, yuqori idoralar tomonidan taqiqlanishiga teskari tarzda bu bayramni joylarda o’tkazaverishgan. Turarjoy, ko’cha-ko’ylarni tozalash, yangi kiyimlar kiyish, bir-birini qutlash, dalalarga, qirlarga chiqib sayr qilish, sumalak pishirish, ziyofat, o’yin-kulgi uyushtirilib, Navro’zni nishonlash to’xtamagan. Bunday harakatlar natijasida milliy an’analar va bayramlarni hayotga qaytarish jiddiy darajaga ko’tarilgan. An’analar uchun kurash millat ravnaqi uchun kurashga, millat ravnaqi uchun kurashga, millat ravnaqi uchun kurash esa mustaqillikka erishish yo’lidagi kurashga aylandi.