Sharq uyg‘onish davri madaniyati. Sharq va G‘arb Uyg‘onish davrlari madaniyatlari va ularning xususiyatlari.

Mamlakatimiz tarixidagi IX-XII asrlar madaniyat tarixida ilk uyg‘onish davri nomi bilan ataladi. Bu davr milliy madaniyatimizdagi eng yorqin sahifalardan biri bo’lib, nafaqat moddiy madaniyat, balki ma’naviy madaniyatning barcha sohalarida yuqori darajaga erishilgan davrdir.

Shu o’rinda, umuman, «Uyg‘onish» («Renessans») atamasi, uning fanda qachondan boshlab qo ‘llanilganligi, Uyg‘onish davri madaniyati tushunchasi, Sharq va G‘arb Uyg‘onish davrlari madaniyatlari va ularning o‘ziga xos xususiyatlari hamda xarakterli belgilariga qisqacha to‘xtalib o‘tish joizdir.

«Uyg‘onish» («Renessans» atamasi italyancha-fransuzcha – «Renaissanse» «Uyg‘onish») atamasini ilk bor italiyalik yozuvchi J.Bokachcho musavvir Jotto ijodiga nisbatan «u antik san’atni uyg‘otdi», deb ishlatgan. Italiyalik san’atshunos va rassom J. Vazari esa o‘zining «Mashhur san ’atkorlar hayotidan lavhalar» nomli asarida «uyg‘onish» atamasini butun bir madaniy-tarixiy davrni ifodalovchi tushuncha sifatida ishlatgan edi.

Uyg’onish – bu G’arbiy va Markaziy Yevropa madaniyati tarixidagi XIV-XVI asrlarni o‘z ichiga olgan ma’lum bir davr. Bu davr Yevropa madaniyatidagi tub burilish davri hisoblanib, Yevropaning buyuk geografik kashfiyotlarni amalga oshirgan davridir. Shuningdek, Uyg‘onish davrida kitob chop etish yo‘lga qo‘yildi, antik davr madaniyati – san’ati, fani, falsafasiga bo’lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Antik davr fani, falsafasi va san’ati Yevropa xalqlari madaniyatini qamrab oladi. Shu boisdan ham «uyg‘onish» atamasining mohiyati ham antik davr madaniyatining uyg’onish, qayta jonlanish ma’nolarini anglatgan. Ikki yarim asr mobaynida yevropaliklarning dunyoqarashi o’zgardi. Dunyoning tuzilishi, inson va jamiyatning asl mohiyati haqidagi fikrlari tubdan yangilandi. Inson, uning tabiat va jamiyat bilan o‘zaro aloqasi masalasi birinchi va asosiy masalaga aylandi. Inson muammosi va uning hayoti, ichki kechinmalari va tafakkuri masalasi xudolar, avliyolar, farishtalar haqidagi tushunchalardan ko‘ra muhimroq masalaga aylandi.

Yevropa Uyg‘onish davri ijodkorlari: shoirlar, fitologlar, faylasuf va boshqa atoqli san’atkorlar o‘zlarining tadqiqot markaziga insonni qo‘ydilar. XX asming 50-yillariga kelib Sharq Uyg‘onish davri madaniyati masalasiga alohida e’tibor berila boshlanadi. Akademik N.Konrad o‘zining «G‘arb va Sharq» nomli asarida Xitoy madaniyatini tahlil qila turib, Uyg’onish davrini insoniyat sivilizatsiyasining barcha davrlari va mintaqalariga xos umumbashariy hodisa deb hisoblaydi. Uning fikricha, Uyg’onish dastlab Xitoyda (VI-VII1 asrlarda), so’ngra O’rta Sharqda — O‘rta Osiyo, Eron, Shimoli-g‘arbiy Hindistonda (IX-XII asrlarda), keyinroq esa, G‘arbiy Yevropada hodisaga aylangan.

Uyg’onish davri —  bu, eng avvalo, ijtimoiy taraqqiyotda ishlab chiqarish munosabatlarining ham, ma’naviy hayotning ham yangi bosqichga o’tish davridir, ya’ni eski ishlab chiqarish munosabatlari va ma’naviy hayotning yangisiga o’tishidir.

IX -XII asrlar Movarounnahr va Xurosonda vujudga kelgan Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar davlatlari, eng avvalo, iqtisodiy jihatdan yuksalishga erishdilar. So’ngra islom ma’naviyatiga asoslangan madaniy taraqqiyotni vujudga keitirdilar.

Ma’naviyat asoslari hisoblangan e’tiqod yakdilligi, siyosiy boshqaruv asoslari, qonun ustuvorligi, axloqiy kamolot, aql-idrok takomili, ma’rifiy barkamollik va fan taraqqiyotining yuqori bosqichiga chiqa oldilar.

Uyg’onish davri madaniyati tushunchasi, bizningcha, birinchidan, muayyan millat yoki xalqning ma’naviy mahdudlikdan ozod bo’la borishi, milliy qobiqdan chiqib, dastlab hududiy, so’ngra umum jahon ma’naviyatiga ta’sir ko’rsata borishi, ikkinchidan, tanazzulga yuz tutgan yoki boshqa kuchliroq xalqlar ma’naviyati tazyiqiga uchragan, tarix sahnasidan tushib ketishga mahkum etilgan millat, elat yoki xalqning milliy madaniyatini qaytadan jonlantirish, tiklash, rivojlantirish va yuksak darajaga ko‘tarilishini anglatadi.

Uyg’onish davrlarining madaniyatiga xos bo’lgan umumiy mushtarak tomonlar mavjuddir. Bu mushtarak tomonlar, birinchidan, Sharq va G‘arb Uygonish davrlari madaniy taraqqiyoti boshida o‘sha davr hukmdorlarining о’zlari turganlar va madaniy jarayonning rivojlanishiga imkoniyat yaratib berganlar. Masalan, Sharq Uyg‘onish davri madaniyati rivojlangan paytda o’sha davrning hukmdorlari – xalifa Xorun ar-Rashid, uning o‘g‘li Ma’mun, Somoniylar, Qoraxoniylar va boshqa sulolalarning vakillari turganlar. Ular islomning mustahkamlanishiga, manfatning tarqalishiga, turli xil fan sohalarining rivojlanishiga boshchilik qilganlar. O‘zlarining poytaxtlariga o‘sha davrning ko‘zga ko‘ringan olimlari, fikhshunoslari, muhaddislar, tarixchilar, shoirlar, me’morlar, san’atkorlarni to’plagan. Maxsus ilm markazlari, kutubxonalar, madrasalar barpo etib, ularni mablag’ bilan ta’minlab turganlar. Shu boisdan ham IX asrdan boshlab ilm-fan, adabiyot va san’at, me’morchilik va teologiya yuksak darajada rivojlana boshlaydi.

O‘z navbatida, G’arb Uyg‘onish davri madaniy taraqqiyoti boshida ham o’sha davrning boy-badavlat kishilari: Florensiyada shaharning eng boy-badavlat kishisi, bankir Kozima Medichi, so‘ngra uning nevarasi Lorendo turgan. Kozima Medichi Florensiyaning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotini boshqarishni о’z qo‘liga oladi. O‘z atrofiga mashhur olimlar va san’atkorlarni to’playdi, ularni ish bilan ta’minlaydi, ularga homiylik qiladi. Natijada Florensiya XV asrda Italiyaning madaniy jihatdan eng yuksalgan shahri sifatida Uyg’onish davri san’atining vataniga aylanadi. Bu yerda antik dunyo san’ati yodgorliklarini o‘zida mujassamiashtirgan birinchi badiiy muzey tashkil etiladi.

Uyg’onish davri madaniyatining yana bir muhim xususiyati turli fan sohalarida  demokratik jarayonning ro‘y berganligidir. O’sha davrning buyuk siymolari – ilm – fan fidoyilari mavqeyi, millati, diniy e’tiqodlari qanaqa bo’lishidan qat’iy nazar yagona maqsad – fanlarni rivojlantirish uchun kurash olib boradilar. Bu davrning donishmandlari insonning o’ziga, atrof-muhitga, o‘tmish madaniy merosiga bo’lgan munosabatlarini o’zgartirishga alohida e’tibor beradilar. Inson, uning taqdiri, kelajagi, orzu-umidlari, his-tuyg’ulari fan va san’atning asosiy mavzusiga aylanadi. Madaniy va ma’naviy ta’sir real insonga qaratiladi. Natijada kishilarning dunyoqarashi o‘tmishga bo‘lgan bahosi axloqiy va estetik qarashlari o‘zgara boshlaydi.

Umuman olganda, Uyg‘onish davri madaniy taraqqiyotning eng muhim xususiyati – ijtimoiy -ma’naviy taraqqiyotda muayyan etnik birliklarning milliy madaniyatini, milliy qadriyatlarni qayta tiklash va yuksaltirishga bo’lgan yuqori darajadagi bunyodkorlik intilishlari bilan xarakterlanadi.

Bizningcha, Sharq va G‘arb Uyg’onish davrlari madaniyatlarining bir-biridan farqlanib turadigan jihati mavjud bo’lib, Sharq Uyg’onish davrida asosiy e’tibor inson ma’naviyatini yuksaltirishga, uning ma’naviy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan bo‘lsa, G’arb Uyg‘onish davrida inson moddiy ehtiyojlari va manfaatlarini qondirish alohida vazifa qilib qo‘yilgan. Agar Sharq va G‘arb ma’naviyatiga e’tibor berilsa, Sharqda ma’naviy barkamol insonni shakllantirishga e’tibor berilganligini, kishilar o‘rtasidagi munosabatlar axloqiy barkamollikka, diyonatlilik asosiga qurilganligini ko‘rish mumkin. G‘arb madaniyatida esa asosiy e’tibor kishining moddiy jihatdan ta’minlanganligiga qaratiladi. Shu boisdan ham G‘arbda ko‘proq shaxsiy manfaat ustunlik qiladi.

Agar Sharq madaniy taraqqiyotiga nazar tashlasak, musulmon Sharqida VII asrning ikkinchi yarmidayoq fanlarning ko‘pgina sohalari bo’yicha yangi fikrlar, g’oyalar va qarashlar ilgari surilganligini ko’ramiz. G‘arbda esa XII-XVI asrlar oralig‘iga kelibgina fan va tafakkurda ko’tarilish yuzaga kelgan.

Masala shundaki, musulmon Sharqi falsafasi, madaniyati ilgari surgan g‘oyalar IX-XII asrlardayoq bayon etilgan bo‘lib, bu g‘oyalarning ko‘pchiligi G’arb mamlakatlarida XIII-XVI asrlarda o‘z isbotini topgan.

G‘arbda keyinchalik isbotlangan va ochilgan ko‘plab fan yangiliklari dastlab musulmon Sharqi mutafakkirlari tomonidan aytilgan, lekin ular isbotlanmaganligi sababi hanuz noma’lumligicha qolmoqda. Balki G‘arb mamlakatlaridagidek aholining ko’pchiligi savodli emasligimi yoki hali bizga noma’lum sabablarning borligi tufaylimi bu yangiliklarning ko ‘pchiligi musulmon Sharqida o‘z isbotini topmay, og’zaki aytilgancha qolib ketgan.