Saroy Mulk xonim (Bibixonim)

Ma’lumki, 1370 yilda sohibqiron Amir Temur jangda amir Husaynni yengib, uni qatl qildirgach, Samarqand taxtiga o’tirib, Movarounnahr hukmronligini o’z qo’liga kiritadi. Boshqa hukmdorlar singari amir Husaynning ham bir necha xotinlari bo’lib, haramning ulug’ bekasi – Tarmashirinxonning qizi Suyunch Qutlug’ Og’o edi. Sohibqiron Amir Temur amir Husayn haramidagi malikalar orasidan Qozon Sultonxon qizi – Saroy Mulk xonimni, bayon Sulduzning qizi – Ulus Og’oni, Hizr Yasuriyning qizi – Islom Og’oni, hamda Tag’oy Turkon Xotunni tanlab olib, idda muddati uch oy o’tgach, o’z nikohiga kiritadi.

Saroy Mulk xonim Chig’atoy ulusiga mansub bo’lgan mo’g’ul xonlaridan Qozonxonning qizi bo’lib, 1341 yilda tug’ilgan edi. Qozonxon taxtdan azl etilib, qatl qilingan chog’da Saroy Mulk xonim hali besh yoshda edi. Saroy Mulk xonim balog’atga yetgach, 1355 yilda amir Husayn o’z nikohiga kiritadi. 1370 yilda amir Husayn qatl qilingach, Amir Temur nikohiga kiritadi.

Saroy Mulk xonim xon avlodiga mansub bo’lgani tufayli haramdagi barcha malikalardan ulug’ hisoblanib, “katta xonim” (Bibixonim) degan unvonga ega bo’ldi. Albatta, bunday e’zozga musharraf bo’lishda aql-zakovat va fikrlash doirasining ulkanligi bosh omildir. Biz tarixiy manbalardan bilamizki, Saroy Mulk xonim o’z zamonasining yuksak idrokli, farosatli, tadbirkor va aql-zakovat sohibasi bo’lgan. Shuningdek, husn-latodat bobida ham Benazir bo’lgan. Saroy Mulk xonim siyosatdon, insonparvar, sahovatli ayol bo’lib, saltanatni boshqarishda faol ishtirok etgan, mamlakatning ijtimoiy va madaniy qurilish ishlariga, ayniqsa, tolibi ilmlarga homiylik qilgan.

Sohibqiron Amir Temurning harbiy yurishlarida Saroy Mulk xonim ko’pincha hamroh edi. Muarrixlar guvohlik beradilarki, Amir Temur siyosiy, harbiy ishlarda garchi Saroy Mulk xonimning maslahatlarini pisand qilmagandek ko’rinsa-da, ammo uning aql-idrokiga, tadbirkorligiga o’zida qandaydir ehtiyoj sezib turar ekan. Naql qilishlaricha, Amir Temur Eronga qarshi yurish boshlaganda, Isfaxonning qamali ko’pga cho’zilib, qo’shinni ozuqa bilan ta’minlashga mablag’ yetishmay qolibdi. Nihoyat, Amir Temur Samarqandga chopar yo’llab, Saroy Mulk xonimga maktub jo’natadi. Maktub qisqa bo’lib, “qo’shinning zahirasi tugadi, xazinadan zar yuboring!” deyilgandi. Saroy Mulk xonim maktub mazmunidan ogoh bo’lgach, mazkur maktubning orqa tomoniga “Ulug’ amir! Zaringiz tugagan bo’lsa, siyosatingiz ham tugadimu?” – deb yozadi va maktubni choparga berib, yo’lga ravona qiladi.

Amir Temur maktubni olgach, Saroy Mulk xonimning kinoyasini mushohada qilib, nihoyat bir qarorga keladi: lashkargohda so’yib yeyilgan qo’y, qoramol, ot va tuya suyaklarini o’sha kuniyoq yig’dirib, turli hajmlarda qirqtirib, katta hajmdagisiga katta qiymat, kichigiga kichik qiymat belgilab, po’lat muhrni qizdirib tamg’a bosdiradi hamda muvaqqat pul o’rnida muomalaga kiritish haqida farmon beradi. Natijada, qo’shni shahar va qishloqlardan ushbu suyak-pulga qo’shin uchun oziq-ovqat sotib olinadi. Tez kunda Isfaxon shahri taslim bo’lgach, suyak pullar zar bilan almashtiriladi.

Amir Temur saroyida joriy qilingan tartibga ko’ra, chet ellik elchilarni qabul qilish marosimlarida hukmdor yonida uning xotinlari ham ishtirok qilganlar Rui Gonsales de Klavixoning yozishicha, 1404 yil 3 sentabr dushanba kuni Amir Temur Samarqand chetidagi “Dilkusho” bog’ida elchilarni qabul qilgan marosimda Saroy Mulk xonim boshliq boshqa xotinlari ham yuzlariga parda tashlab o’tirganlar. Ispan qiroli yuborgan hadyalar orasida hukmdorga ayniqsa, qizil movut ma’qul bo’lgan hamda bu haqda o’z xotinlari, birinchi navbatda Saroy Mulk xonim bilan fikrlashgan. Shuningdek, 1404 yil 17 oktabr juma kuni Saroy Mulk xonim katta ziyofat bergan. Ushbu ziyofatda boshqa elchilar qatorida ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo ham ishtirok qilgan edi.

Naql qilinishicha, Saroy Mulk xonim kunlardan bir kun o’z jamg’armasi hisobiga savoblik uchun xudo yo’lida bir madrasa bino qildirishga Amir Temurdan ijozat so’raydi. Hukmdordan ruxsat bo’lgach, otasi Qozonxon tomonidan sovg’a qilingan bir juft olmos baldog’ini sotuvga qo’yib, mazkur mablag’ni madrasa qurilishiga sarflagan ekan. Saroy Mulk xonim madrasaning qurilish jarayonida tez-tez qurilish maydonig kelib, ustaboshi va ish boshqaruvchilarga ko’rsatmalar berib turgan. Rivoyat qilinishicha, madrasa qurilishi nihoyasiga yeta boshlagan paytda Saroy Mulk xonim odati bo’yicha o’z kanizlari bilan qurilish maydoniga keladi va ustaboshiga binoning kam-ko’stlari haqida ko’rsatmalar beradi. Ustaboshi Saroy Mulk xonimning yuzini ko’rmagan bo’lsa-da, lekin uning jozibali so’z ohaglaridan nihoyatda oqila va o’tkir zehnli ayol ekanligia imoni komil bo’ladi. Malika ketgach, ustaboshi xonim bilan bo’lgan bir nafaslik muloqotdan olgan taassurotini ichiga sig’dirolmay, hissiyot g’alaba qilib, atrofdagi ustalarga:

-Yopiray, ayol zoti ham shunchalik don ova oqila bo’ladimu?… Xonim haqida shu kungacha eshitgan barcha ta’rif-tavsiflarning hammasi to’g’ri erkan. Qani endi hamma ayollar ham shunday nafosatga ega bo’lsaydi – deb, chuqur uf tortadi.

Ustaboshining soddaligi bilan aytgan beg’ubor so’zlari tez orada qurilishdagi barcha korfarmoyu, usta va mardikorlar orasida tarqaladi. Bir-ikki kun o’tgach, mish-mishlar bolalar, “nima deysan, ustaboshi xonimga g’oyibona oshiq bo’lib qolgan emish” degan so’zlar tarqab ketadi. Tabiiyki, bu mish-mishlar Saroy Mulk xonimga ham borib yetadi. Ustaboshi o’zining bemulohazaligidan o’kinib, suyaksiz tilning jarohatidan nolib turgan bir paytda, Saroy Mulk xonimning xos kanizaklaridan biri qo’lida ro’molga o’ralgan laganchani ustaboshiga uzatarkan, – xonim ushbu tuxumlarni sizga yubormishlar. Toki mazkur yetti xil rangga bo’yalgan yetti dona tuxumni tanovul aylab, alarming mazasi bir xilmu, yoxud har birining mazasi alohidamu, ushbuni farqalab bergasiz. Javobini ertaga qiyom paytida eshiturmiz – deb qaytib keadi. Ustaboshi ro’molni ochib, yetti xil rangdagi tuxumni o’z ko’zi bilan ko’rgach, xonim nimaga shama qilayotganini tushunib, chuqur iztirobga cho’madi.

Shu kunlarda “Sohibqiron Amir Temur navbatdai yurishdan qaytib kelayotgani, bugun-erta Samarqandga yetib kelishi” haqida ovozalar tarqaladi. Ustaboshining ko’z o’ngi qorong’ulashib, qo’li ishga bormay, o’z taqdiri haqida o’ylarkan, “mish-mishlar boshimga balo bo’ldi, hademay sohibqiron yetib kelsa, meni sog’ qo’ymas, jazoga mustahiq qilmog’i muqarrardur. Nachora, taqdiri azalda bitilg’on erkanda. Ammo chiqmagan jondin umid, deganlar mashoyixlar, bu yerdin qochmoq chorasini izlamoq darkor. Darvoqe, qochib ham qayerga borg’umdir. Pastga ham tushib bo’lmaydur, darhol tutub zindonga solurlar. Ne qilmoq kerak?”

Ustaboshi o’ylab-o’ylab bir qarorga kelgach, shogirdini yoniga chaqirib, uni o’z rejasidan voqif qiladi. Ustaboshi o’ziga ikkita qanot bog’lab, gumbaz ustidan sakraydi Qanot yordamida shahar chetidagi yaylovga sho’ng’iydi. Ammo qo’nishga ulgurmay, boshi bilan yerga qadalib, olamdan o’tadi. U  manzani kuzatib turgan shogird “eh attang, ustoz andak xatoga yo’l qo’yibdurlar. Zero, qanot bilan birga dum ham bog’lamoq lozim erdi” – deb shogird o’ziga qanot va dum bog’lab, gumbazdan yalanglik tomon parvoz qiladi. Voqian shogird dum yordamida sihat-salomat yalanglikka qo’nib, ko’zdan g’oyib bo’lgan ekan. Shundan buyon xalq orasida “ustasidan shogirdi o’zgan” deb maqol qolgan bo’lsa ehtimol.

Saroy Mulk xonim qurdirgan madrasa XIV asr oxiri va XV asr boshi Samarqanddagi madrasalar orasida eng ulkani va mahobatlisi edi. Madrasaga zamonaning yetuk mudarrislari tayinlanib, ular tolibi ilmlarga diniy va dunyoviy ilmlardan dars berganlar. Saroy Mulk xonim madrasa tolibi ilmlarining ahvolidan tez-tez xabar olib, ularga homiylik qilib turgan.

Rivoyatlarga ko’ra, Saroy Mulk xonim o’z odaticha, qosh qoraygach, o’zining xos kanizlari bilan kiyimlarini o’zgartirib, madrasa tomon yo’l oladi. Saroy Mulk xonimni qiziqtirgan masala, madrasa tolibi ilmlarining ahvoli ruhiyasi, kim qanday tirikchilik o’tkazayotgani hamda tunda qanday ish bilan mashg’ul ekanliklarini zimdan tekshirib bilish edi. Xonim madrasaga yetib kelganda hujralarning deyarlik barchasida chiroq o’chgach, tolibi ilmlar tun og’ushida uyquga kirgan edilar. Faqat birgina hujrada sham yonib, ichkarida gurung eshitilardi. Saroy Mulk xonim kanizlarini madrasa hovlisida qoldirib, o’zi ohista yurib, hujra eshigi yoniga keladi-da, ichkariga quloq soladi. Tolibi ilmlardan biri ikkinchisiga:

– Qani aytingchi, birodari azi, hozir ko’nglingiz nima istaydur?

-E birodar, nima bo’lardi, qo’y go’shti, qo’y yog’ida damlangan bir lagan seryog’ palov bo’lsa, bilakka paxta bog’lab, bir to’yib yer edikda, – deya javob berib, o’zidan so’raydi. – Xo’sh, jo’rajon, o’zingizning ko’nglingiz nima istaydur?

-E birodar, mening ko’nglimda tamoman boshqacha orzu. Ushbu madrasa sohibasi Saroy Mulk xonim dunyoda tenggi yo’q go’zal deb eshitganmen. Qaniydi iloji bo’lsa, shu xonim bilan bir necha suhbatlashsam, – deb javob beradi birinchi tolib ilm. Sherigidan bunday qaltis so’zni eshitgan jo’rasi: E ovozingizni o’chiring, birodar, nima deyayotganingizni bilasizmi, tag’in bir falokatni boshlamang, – deb dashnom beradi. So’z shu yerga yetganda Saroy Mulk xonim hujra eshigidan uzoqlashadi va kanizlari bilan saroyga qaytadi.

Ertasi kuni peshindan og’gach, nadimlardan 3-4 tasiga madrasaga borib, barcha tolibi ilmlarni saroyga olib kelishlarini buyuradi. Tolibi ilmlar bu nogahoniy taklifdan hayajonda, nadimlar qurshovida saroyga keladilar. Faqa ikki tolibi ilm mazkur taklifdan shubhalanar va tundagi qaltis orzuning qurboni bo’lish dahshatidan qaltiradilar. Barcha tolibi ilmlarni katta mehmonxonaga kiritib ziyofat qiladilar. Ziyofat oxirida qo’y go’shti, qo’y yog’ida tayyorlangan seryog’ palov ham tortiladi. Shundan so’ng, mehmonxonaga kanizlar qurshovida, yuziga parda tortgan holda Saroy Mulk xonim kirib keladi va maxsus o’rindiqqa o’tirgach, tolibi ilmlar orasidan tungi suhbatdoshlarni tanib o’z huzuriga chorlaydi va “Xo’sh, mulla yigitlar, bilakka paxta bog’lab yeydigan palov bo’libdimu?” – deydi. Haligacha qo’rquvdan qaltirab turgan har ikki tolibi ilm, darhol tiz cho’kib:

-Qulluq xonoyim, ta’rifdin ziyoda palov bo’libdur, madhiga til ojizlik qiladur, – deb yana ta’zim qiladilar.

Saroy Mulk xonim birinchi tolibi ilmga yuzlanarkan: – Endi sizning orzuingizga kelsak, ko’rib turganingizdek, men sohibqironning nikohlaridamen, binobarin siz birlan suhbat qurmog’im mumkin ermas. Binoan alayhi o’zimning go’zal kanizlarimdan birini sizga nikohlab berurmen, rozimudursiz? – deydi. Haligacha ili kalimaga kelmay, es-hushini yo’qotayozgan tolibi ilm, darhol o’zini xonim oyog’iga tashlab:

-Uzr, avf etsunlar xonoyim, bu beadab qullarining gunohidan o’tsunlar, – deb iltijo qiladi. Shu asnoda Saroy Mulk xonimning ishorasi bilan mehmonxonaga qozi va imom kirib keladilar va barcha tolibi ilmlar guvohligida kanizlardan birini tolibi ilmga nikohlab qo’yadilar.

Afsuski, Saroy Mulk xonim madrasasi uzoq umr ko’rmadi, XVI asr oxirida Buxoro amiri Abdullaxonning temuriylarga bo’lgan husumati tufayli maxsus farmon bilan madrasani buzdirib tashlagan. Faqat madrasa yoniga qurilgan maqbaragina saqlanib qolgan. Maqbaraning old tomoni rang-barang koshinlar bilan bezatilgan. Maqbaraning ichki qismidagi bezaklarga yashil, qizil va qora bo’yoqlar bilan jilo berilgan. Izoralarga yulduz shaklida ko’k naqshlar ishlanib koshinlar hoshilar bilan o’ralgan. Maqbara dahmasiga tashqaridan maxsus eshik orqali kiriladi. Dahma devorlari ham xilma-xil koshinlar bilan bezatilgan. Dahma ichiga tosh tobut qo’yilgan.

Bundan tashqari, Samarqandda mashhur Bibixonim masjidi jome’si ham bor. Bu masjidni Amir Temur Hindiston yurishidan qaytib kelgach, o’zining ulug’ bekasi Saroy Mulk xonimga atab 1399-1404 yillar mobaynida qurdirgan edi. Mazkur masjidi jome’ O’rta Osiyodagi obidalarning eng yirigi hisoblanadi. Faqat hovlisining sahni 63,8X76,0 metr bo’lib, atrofi ravoq va peshtoqlar bilan o’ralgan. Masjidning umumiy sahni esa 167X109 metrdir.

Davr o’tishi bilan Bibixonim masjidi zilzilalar ta’sirida ancha puturdan ketib, vayronaga aylandi. Hozirgi kunda Bibixonim masjidi bir-biri bilan bog’lanmagan olti bo’lakdan iborat bo’lib, hovlining yuqori qismida mehrobli baland peshtoqli bino, poygakda masjidning ikkiga ajralgan peshtoqi hamda shimoli-g’arb qismida yakka holda saqlanib qolgan minora. O’z davrida mazkur bo’laklar uch qator oq marmar ustunli, yengil ravoqli peshayvonlar bilan bir-biriga birlashtirilib, ularning ustida 400 ta gumbazchalari bo’lgan. Ustunlarning ja’mi 480 ta bo’lib, 3,5 metr oralig’da o’rnatilgan, ustunlarning ostki qismi maxsus tagkursili, o’rta qismi o’yma naqshkor, yuqori qismi rangli koshinlar bilan qubba shaklida ishlangan. Hovli o’rtasiga marmar toshdan ishlangan ulkan lavh-qur’on qo’yib o’qiladigan maxsus kursi o’rnatilgan. U avvallari asosiy bino ichida bo’lib, 1875 yilda katta gumbazning qulash xavfi bo’lganligi tufayli hovli o’rtasiga chiqarib qo’yilgan. Mazkur lavh Ulug’bek Mirzo Kuragonning farmoni bilan yasalgan. Lavhga “Sultoni a’zam, oliy himmatli xoqon, din-diyonat homiysi, Hanafiya mazhabining posboni, aslzoda sulton ibn Sulton amir al-mo’minin Ulug’bek Kuragon” deb yozilgan.

Bibixonim masjidiga kiraverishda katta peshtoq bo’lib, uning ustki qismi 1897 yilgi zilzilada qulab tushgan. Peshtoqning ichki qismida kichikroq ikkinchi ravoq o’rnashgan bo’lib, o’yma marmar hoshiyali darvozasi ham bo’lgan. Darvoza ustiga o’rnatilgan lavhada masjidning qurilgan yili hamda Amir Temurning shajarasi bitilgan. Masjidning “haft jo’sh” – yetti xil metall qotishmasidan yasalgan qo’sh tabaqali darvozasi bo’lgan. Bu darvoza keyinchalik yo’qolib ketgan.

Bibixonim masjidi hozir vayrona holda bo’lsa ham, undagi serhasham bezaklarning o’ta nafisligi kishi diqqatini o’ziga jalb qiladi. Undagi rang-barang shakl va naqshlar o’sha davr ustalarining nozik did va yuksak mahoratidan dalolat berib turadi.

1405 yil 18 fevralda sohibqiron Amir Temur O’trorda vafot qilgach, Samarqand taxtiga uning nabirasi Xalil Sulton Mirzo (1384-1411) o’tiradi. Ibn Arabshohning bergan ma’lumotiga ko’ra, Xalil Sulton Mirzoning xotini Shod Mulk begim 1408 yilda Saroy Mulk xonimni zaharlab o’ldirgan. Saroy Mulk xonimning jasadini o’zi qurdirgan madrasasi yonidagi maqbaraga tosh tobutga solib, mo’miyolanib dafn qilingan. 1941 yil iyun oyida Go’ri Amir maqbarasida abadiy uyquga ketgan Amir Temur, Shohruh Mirzo, Muhammad Sulton Mirzo va Ulug’bek Mirzolarning qabrlari ochilib, jasadni tekshirish maqsadida Toshkentga olib kelingan. Keyinchalik esa Samarqandga olib borib qo’yilgan.

Sohibqiron Amir Temur Saroy Mulk xonimdan farzand ko’rmagan. Ammo sohibqiron o’z o’g’li Shohruh Mirzoni, suyukli nabiralari Muhammad Sulton Mirzo, Xalil Sulton Mirzo, Ulug’bek Mirzo va boshqa mirzolarni bevosita zukko Saroy Mulk xonim tarbiyasiga topshirgan edi.

G’arbiy Ovrupo olimlaridan ba’zilari (Bretshneyder) Shohruh Mirzo Saroy Mulk xonimdan tug’ilgan, deb yozganlar. Biroq tarixiy manbalarda bunday ma’lumotlar uchramaydi. Tarixchi Xondamirning bergan ma’lumotiga qaraganda, Shohruh Mirzoning onasi Tag’oy Turkon og’o bo’lib, sohibqironning xos kanizaklaridan edi. Xondamir mazkur ma’lumotni Shohruh Mirzoning o’zi tuzdirgan “nasabnoma”sidan olganligiga ishora qiladi.