Sarkardalar

Abbos I (1571-1629) – Eron shohi (1587-1629), sarkarda. Safaviylardan Abbos I o’z hukmronligining dastlabki yillaridayoq mamlakatdagi ichki tarqoqlikka barham berib, markazlashgan davlat tuzishga kirishgan; muntazam qo’shin tuzib, Ozarbayjon va Xuroson (1598), Bahrayn orollari (1602), Qandahor (1621), Ho’rmuz orollari (1622) va Iroq, (1623) ni egallagan. Abbos I davrida poytaxt Qazvindan Isfahonga ko’chirilgan (1598), yangi shaharlar, yo’llar, ko’priklar, karvon saroylar, qasrlar qurilgan, ko’plab ariqlar qazilgan. Abbos I Buxoro xonligi, Rossiya, Angliya, Avstriya, Ispaniya, Gollandiya va boshqa davlatlar bilan elchilik munosabatlarini o’rnatgan. Abbos I davrida Eron kuchli markazlashgan davlatga aylangan. Eronda uni “buyuk” deb e’zozlashadi.