Samarqand tarixi

Samarqand 2500 yoshda

Samarqandni buyuk Sovetlar diyorining barcha mehnatkashlari va horijiy ellar yaxshi biladi. Mamlakatimizning boshqa shaharlari singari Samarqand ham kun sayin go’zallashib bormoqda. Samarqand – ellikta sanoat korxonasida va ko’plab qurilayotgan zavod va fabrikalarda mehnat qilayotgan ishchilar, injenerlar, texniklar, xizmatchilar shahri; oltita oliy o’quv yurti va ko’plab o’rta o’quv yurtlarida xizmat qilayotgan professorlar va o’qituvchilar shahri; davlat va jamoat tashkilotlarida, energetika sistemalarida, communal korxonalarda, kooperativ muassalarda ishlayotgan xodimlar shahridir.

Ulkan archalar, baland teraklar va asriy eman daraxtlari bilan qoplangan keng K.Marks ko’chasi, Lenin prospekti, Toshkent ko’chasi, universitet oldidagi M.Gorkiy xiyoboni qadimiy shaharning chiroyiga-chiroy qo’shib turibdi. Davlat opera va balet teatrining ko’rkam binosi va unga tutashib ketgan keng maydon – shaharliklarning sevimli oromgohlaridan biri. Maydon yaqinidagi balandlikda qadimiy Registon joylashgan. Samarqand mehnatkashlari 1917 yilning noyabrida shu yerda tantanali va qat’iy ohangda Revolyutsion bo’lsin, reaksiya, pomeshchik-burjua mustamlakachilik tuzumi esa yo’qolsin deb baralla aytganlar. O’sha paytdan buyon Samarqand uzra tinchlik va sotsializm, ozodlik va xalqlar do’stligi ramzi bo’lgan Qizil bayroq ulug’ Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi va O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasini sharaflab hilpirab turibdi.

Sovetlar mamlakatining ajralmas bir qismi bo’lgan Samarqandda shiddatli sinfiy kurashda davlat hokimiyatini o’z qo’liga olgan va barcha rahbarligida haqiqatan ham ajoyib ishlarni amalga oshirayotgan xalqning moddiy va ma’naviy kuchlari ravnaq topmoqda.

Mehnatkash ommaning mehnati, zo’r mahorati, iste’dodi dahosi tufayli bunyod etilgan qadimiy va hamisha navqiron Samarqandning 2500 yilligining bayram qilinishi sotsialistik voqeligimizning yorqin dalillaridan biridir.

Samarqand bunyod etilgan vaqtdan to hozirgi kunimizga qadar murakkab tarixiy yo’lni bosib o’tdi: u miloddan avvalgi VII-VI asrlarda Afrosiyob xarobalari o’rnida mudofaa devori bilan o’ralgan qadimiy qishloq edi, miloddan avvalgi IV asrda Marokanda, milodiy eraning V-VII asrlarida – Afrosiyob, milodiy eraning XIII asrigacha Samarqnad – Simizkeng – Samarqand deb ataldi; XVI asrning oxiridan to XIX asrning o’rtalarigacha Samarqand Buxoro amirligi, 1868 yildan 1917 yilgacha chor mustamlakasi tarkibida bo’ldi va nihoyat Samarqand Sovetlar zamonasida.

Samarqand hayotidagi har bir tarixiy davr o’z xususiyatlariga ega bo’lib, zamon ruhini o’zida aks ettiradi.

Jahondagi barcha shaharlar singari Samarqand ham insoniyat jamiyati tarixiy taraqqiyotining ob’yektiv qonunlari (hunarmandchilik va savdo-sotiqning rivojlanishi, hokimiyatning markazlashuvi hamda yirik davlatning vujudga kelishi) asosida tashkil topdi va rivojlandi.

Bizning nuqtai nazarimizcha, Samarqand tarixini beshta asosiy davrga bo’lib ko’rsatish mumkin: birinchi davr – urug’-qabilachilik tuzumi va quldorlik ijtimoiy munosabatlari shakllana boshlagan, yirik aholi punkti sifatida shaharning vujudga kelish davri bo’lib, miloddan oldingi VIII-VII asrga to’g’ri keladi, ikkinchi davr – miloddan oldingi VI-IV asrlardagi quldorlik davri hamda feodal munosabatlarining vujudga kelish va rivojlanish davridan to XIII asrgacha bo’lgan vaqtni o’z ichiga oladi.

1965-1968 yillarda Afrosiyobda olib borilgan arxeologik qazish ishlari shuni ko’rsatadiki, bu davr mobaynida shahar territoriyasi hozirgi “eski shahar” hisobiga kengayadi, ammo shaharning asosiy qismi avvalgidek Afrosiyob territoriyasi bo’lib qolaveradi.

Chingizxonning istilochilik yurishlari natijasida 1220 yilda shahar yer bilan yakson qilib yuborildi va so’ngra shahar Afrosiyob chegarasidan tashqarida yana vujudga keldi. Samarqand hayotining yangi (uchinchi) davri XIV asrning oxirlariga to’g’ri kelib, bu davrda u Temuriylar davlatining poytaxtiga aylandi.

Shahar hayotidagi to’rtinchi davr O’rta Osiyoning Rossiyaga qo’shib olinishi bilan bog’liq bo’lib, bu davrda o’rta asrga oid ko’hna shahar bilan bir qatorda uning Yevropa tipidagi yangi qismi ham paydo bo’ldi.

Ulug’ Oktabr tufayli revolyutsion harakat markazlaridan, O’rta Osiyoda sotsialistik ekonomika va madaniyatni boshlab bergan shaharlardan biri bo’lgan Samarqand tarixida ham yangi era boshlandi.

O’zbekiston SSR Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomli SamDUning D.N,Lev rahbarligidagi arxeologik ekspeditsiyasi 1958-1968 yillarda hozirgi shahar markazida, komsomol ko’li territoriyasida joylashgan Samarqand poleolit davri manzilgohida arxeologik qazishmalar o’tkazib, Afrosiyob, Marokanda, Samarqandning eng qadimiy davriga oid ko’p ma’lumotlar to’pladi. Bu ma’lumotlar Samarqand manzilgohining yuqori paleolit davriga mansub ekanligini, yozma tarixdan ancha ilgari ham hozirgi Samarqand territoriyasida chaqmoqtoshdan mehnat qurollari tayyorlagan qadimgi odamlar yashaganligini ko’rsatdi.

D.N.Lev bunday deb yozgan edi: “Cho’ponota tepaligida juda ko’p yashil chaqmoqtosh koni aniqlanib, Samarqand manzilgohida topilgan ko’pgina qurollar ana shu chaqmoqtoshdan yasalgan. Manzilgohda yashagan odamlar o’zlari uchun kerak qazib olishgan degan taxminni tasdiqlash uchun bu yerda bundan keyin ham qazishma ishlarini olib borish zarur”.

1965-1968 yillarda qadimi Afrosiyobning pastki qatlamlarini o’rganish borasida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida bu yerda miloddan avvalgi VII asrdayoq ko’p tarmoqli hunarmandchilik ishlab chiqarishi rivoj topganligi va sertarmoq irrigatsiya shoxobchalari mavjud bo’lganligi aniqlandi.

1965-1968 yillarda o’tkazilgan arxeologik qazishmalar vaqtida ko’plab sopol idishlar hamda boshqa uy-ro’zg’or anjomlari topildiki, bular o’sha davr hunarmandchiligi haqida boy materiallar beradi.

Siyob soyi yaqinidagi xandaqlar bilan o’ralgan tepalikda joylashgan Afrosiyobning o’z qal’asi, mustahkam mudofaa devorlari to’rt darvozasi: Shimoliy, Sharqiy, Janubiy va G’arbiy darvozalari bo’lgan. Shoir Firdavsiyning o’lmas “Shahnoma” asarida kuylangan afsonaviy Turon podshosi Afrosiyob mazkur tepalikni keyinchalik o’z qarorgohlaridan biriga aylantirgan bo’lishi mumkin.

Yunon tarixchilrining, shu jumladan, Kvint Kurtsiyning ma’lumotlariga qaraganda, miloddan avvalgi 329 yilda makedoniyalik Iskandar bosib olgan vaqtda Samarqand (aylanasi 10 kilometrdan ko’proq) mudofaasi mustahkam, obod shahar, xalqi esa mard, yuksak madaniyatli va olijanob bo’lgan. Yunon tarixchilari so’g’diylarning makedoniyalik Iskandar hujumiga qarshi qahramonona kurashini, jumladan, so’g’diylarning Spitamen boshchiligidagi kurashini tasvirlab yozgan asarlarida Marokanda deb ehtimol Samarqandni aytgandir.

Darhaqiqat, 1965 yili Afrosiyobdan topilgan VII asr saroy zallaridan birining devoridagi so’g’dcha xatda ham Samarqand so’zi Smarakansa shaklida uchraydi. So’g’dshunos olimlarning yozishicha, Marokanda Samarqandning qadimiy Smarakansa shaklidir.

Yunon tarixchilarning yozishicha, makedoniyalik Iskandar miloddan avvalgi 328 yilda So’g’diyona poytaxti Marokandani zabt etib, uni vayron qilgan, so’ngra o’zining harbiy garnizoni uchun qal’ani qaytadan tiklagan. Bobir makedoniyalik Iskandarning Samarqandni qurishi haqida yozganida xuddi ana shu qal’ani nazarda tutgan bo’lsa kerak.

Keyinchalik Samarqand O’rta Osiyoning boshqa joylari kabi makedoniyalik Iskandar sarkardalaridan biri Salavk tomonidan asos solingan Salavkiylar davlati, so’ngra esa mahalliy oqsuyak hokimlar bilan grek-makedon harbiylari ittifoqi asosida tashkil topgan Grek-Baktriya podsholigi tarkibiga kirdi. Miloddan avvalgi ikkinchi asrda bu davlat mahalliy aholi, asosan ko’chmanchi qabilalar zarbasi bilan parchalanib ketdi. Keyinchalik esa milodiy eraning boshida Grek-Baktriya podsholigi o’rnida Kushab qabilalaridan tashkil topgan va tarixiy adabiyotda Kushan podsholigi deb atalgan davlat vujudga kelib, Samarqand ham shu podsholikka kirdi.

G.A.Pugachenkovaning keyingi yillarda olib borgan tadqiqotlarida keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, bu podshohlikning markai hozirgi O’zbekistonning janubiy qismida bo’lgan.

O’sha vaqtda Samarqand, shubhasiz, rivojlangan shaharlardan biri bo’lgan. V.A.Shishkinning Samarqandning o’sha davr tarixiga oid ma’lumotlatlarini kitobxonlar diqqat-e’tiboriga havola qilmoqchimiz. V.A.Shishkin ko’hna shaharning shimoliy qismida Siyob bo’yida yirik kvadrat shaklidagi g’ishtlardan qurilgan binoni qazib topgan. Bino bir necha xonali bo’lib, bulardan birida o’choq saqlanib qolgan. Bu, aftidan, uyda o’tga topinish uchun olov yoqiladigan o’choq bo’lgan. Unda chiroyli qilib ishlangan nafis sopol idishlar: uzun oyoqli qadahlar, turli shakldagi kosa va ko’zalarni ko’plab uchratish mumkin. Arxeologik ma’lumotlarga ko’ra, shhar milodgacha va milodning birinchi yuz yilligida ancha-muncha rivojlangan bo’lgan.

V.A.Shishkininng yozishicha, Kushan podsholigi dastlabki davrlarda boy va qudratli davlat bo’lgan bo’lsa ham, ammo to’xtovsiz ichki janjallar va doimiy urushlar natijasida milodiy eraning III-IV asrlarida chuqur inqirozga yuz tutgan. Bunda ayniqsa sotsial iqtisodiy o’zgarishlar ko’proq rol o’ynagan bo’lsa kerak. Samarqandning shahar sifatidagi mavqei milodiy eraning V-VI asrlarida O’rta Osiyoda ilk feodal davlatlar-bekliklar tashkil topgach kuchaygan. V asrning o’rtalarida O’rta Osiyoda eftalitlar, undan keyingi asrda esa turklar xoqonlari o’z hukmronliklarini o’rnatdilar. Ammo ular har ikkalasi ham O’rta Osiyo feodal davlatlarining ichki ishlariga kam aralashganliklari va bularning ichki taraqqiyotiga erk berganliklari tufayli O’rta Osiyo xalqlarining xo’jalik va madaniy taraqqiyoti yanada yuksalib bordi.

VII asrning boshlarida O’rta Osiyoda bo’lgan xitoylik elchi Vey Tze bunday deb yozgan edi: “Samarqandning barcha aholisi mohir savdogar; bola besh yoshga kirishi bilanoq unga savod o’rgata boshlaydilar, o’qishni bilib olgandan so’ng uni savdo ishlarini o’rganishga majbur etdilar”. Samarqandlik savdogarlar Yettusuvning ancha ichkarisiga va Xitoy chegaralarigacha yetib borib, u yerlarda savdo-sotiq qilganlar.

1965 yilning bahorida Afrosiyobda ajoyib kashfiyot qilindi. Bu yerda VII asrda qurigan boy va nufuzli feodallardan biriga mansub bo’lgan katta turar-joy binosi xarobasining bir qismi topildi. Ba’zi xonalarning devorlari suratlar bilan yoppasiga bezatilgan bo’lib, ularning qoldiqlari o’sha davrdagi mo’yqalam sohiblarining ajoyib san’atiga munosib baho berish imkoniyatini tug’dirardi.

Sharqdagi bir qancha mamlakatlarni o’ziga bo’ysundigan arab istilochilari rivoj topayotgan va boy Samarqandga ketma-ket hujum boshlaydilar. Xalifalikning Xurosondagi noibi Qutayba 712 yilda Samarqandni ishg’ol qiladi. Bu yerda istilochilar mazlum aholining arab istilochilariga qarshi birin-ketin bo’lib turgan qo’zg’olonchilaridan qo’rqa-pisa yashardilar.

Qutayba 712 yili shaharda bir qism qo’shinlarini qoldirib, Marvga qaytib kelganida, So’g’d aholisi shimoliy viloyatlardan ko’chmanchi turklarni yordamga chaqiradi. Arablarning qo’l ostida faqat Samarqandgina qoladi. Mamlakat arablarga bo’ysinishidan bosh tortadi va natijada Qutayba keyingi yili mamlakatni yana qaytadan bosib oladi. Lekin bus afar ham arablar So’g’d territoriyasini butunlay zabt eta olmaydi. Isyonlar keyingi o’n yilliklar mobaynida ham davom etib turadi. Shunday paytlar ham bo’lganki, arablar qo’lida faqat Samarqand va yaxshi mustahkamlangan ayrim punktlargina qolgan. VIII asrning 30-yillarida esa g’alayon ko’targan aholi Samarqandni ozgina vaqt bo’lsa-da, yordamga kelgan ko’chmanchi turklar bilan birga egallab turgan.

Istilochilar faqat harbiy kuch bilangina harakat qilib qolmaganlar. Arablar VII asrning birinchi yarmida Makka va Madina shaharlarida vujudga kelgan yangi din-islomni aholi o’rtasida yoyish yo’li bilan undan yerli aholini tutqunlikda saqlash vositasi sifatida foydalangan. Arablar ba’zi joylarda zo’rlik va tahdid bilan, ba’zi yerlarda turli soxta imtiyozlar, jumladan, islomni qabul qilganlarni soliqlardan ozod etishni va’da qilib, O’rta Osiyoda islom dinini yoyishga uringanlar. Ular otashparastlarga mansub bo’lgan so’g’diylarning eski ibodatxonalarini vayron etib, kohinlarni ta’qib qilganlar.

X-XI asrlarda yashagan o’rta osiyolik mashhur olim Beruniy bunday deb yozgan edi: “Xorazm yozuvini yaxshi bilgan, ularning rivoyatlaridan xabardor bo’lgan va xorazmliklardagi mavjud ilm-fanlarni o’rgatuvchi kishilarni Qutayba qirib tashladi va turli qiynoq-azobga soldi”. Istilochilarning madaniyatidan shubhasiz ancha yuqori turgan mahalliy madaniyatga qarshi kurash So’g’dda ham olib borildi.

IX asrning boshlarida Samarqandda katta qo’zg’olon boshlandi. Bu safar mahalliy aholining harakatiga arab lashkarboshilaridan biri Rafi ibn Lays boshchilik qildi. Qo’zg’olon qariyb to’rt yil davom etdi, lekin bostirildi.

Arab istilochilari bo’ysunishni istamagan So’g’d, Farg’ona va Shosh aholisiga qarshi bir yuz ellik yildan ortiq vaqt qattiq kurash olib borildi. Bu kurash mamlakatni og’ir ahvolga soliq qo’ydi, chunki deyarli uzluksiz davom etgan urush harakatlari mamlakatni xarob qilib, vayronagarchilik keltirdi, qishloq va shaharlarni yo’q qilib yubordi. Masalan, Panjikent shahri vayron etilib, aholisi shaharni tashlab, yangi joyga ko’chib ketishga majbur bo’ldi.

Afrosiyobda o’tkazilgan qazishmalar vaqtida ham vayrongarchiliklarning izlari topilmoqda. Yuqorida aytib o’tilgan va devorlariga suratlar chizilgan bino, aftidan, ancha vaqtgacha bo’sh qolib, hech kim turmagan bo’lsa kerak. Noma’lum kimsalar, ehtimol, arablar devordagi odamlar tasvirini ko’rib, islom dini taqiq etgan bunday suratlarni pichoq yoki biror o’tkir narsa bilan buzib tashlagan. Shahar territoriyasining hammasi bo’lmasa ham ancha qismi bir qancha vaqt kimsasiz huvillab yotgan, keyin samarqandliklarning o’zlari, ehtimol, vayron etilgan boshqa shahar va qishloqlarning aholisi ko’chib kelib, uni yana obod qilgan deb faraz qilish mumkin.

Arab xalifaligidan ozod bo’lish uchun olib borilgan kurash Somoniylar davlatining tashkil topishi bilan tugallandi. Samarqand dastlab bu davlatning poytaxti bo’lib turdi, so’ngra IX asrning oxiridan boshlab, Ismoil Somoniy hukmronlik qilgan davrda poytaxt Buxoroga ko’chirildi. Biroq o’sha vaqtda ham Samarqand Buxoro bilan bir qatorda Movarounnahrning iqtisodiy va madaniy markaziy bo’lib turdi.

IX asrning ikkinchi yarmi va X asrning birinchi yarmida Movarounnahrning, shu jumladan, Samarqand aholisining iqtisodiy va madaniy hayoti ancha yuksaldi. Vayronalar ustida shahar yangitdan qad ko’tardi, shu bilan birga, shaharning o’zi ham kengaydi, yangi binolar uning husniga husn qo’shdi. Samarqand ko’hna Afrosiyob joylashgan butun tepalikni egalladi va to’rt darvozali baland devorlar bilan o’rab olindi. Shahardan janubroqda, Hazrati Xizr machiti yaqinidagi Kesh darvozasi narigi tomonida bozor va hunarmandlarning ustaxonalari bo’lgan savdo-sotiq rabotlari vujudga keldi. Shahar markazi asta-sekin janubga tomon, hozirgi vaqtda Bibixonim machiti xarobalari turgan joydan Registonga va Chokardiza mahallisini o’z ichiga olgan yerlarga yoyildi.

Lekin Afrosiyob tepaligidagi shaharning ko’hna qismida ham jo’shqin hayot davom etardi. Shaharning bu qismi Hazrati Xizr machiti yaqinidan boshlanadigan bir necha kanal orqali suv bilan yaxshi ta’minlangan edi. Kanallarning biri to’ppa-to’g’ri shimolga qarab, hozirgi daraxtlar xiyoboni tomon oqib baland damba bo’ylab qal’a tepaligi etagidagi joylarni kesib o’tib, sopol quvurlardan yasalgan vodoprovod orqali shaharning shimoliy qismini suv bilan ta’minlab turgan. Boshqa ikki magistral kanal hozirgi vaqtda Toshkentga va aeroportga boriladigan yo’llar tomon oqqan.

Kesh darvozasi yonidan boshlanadigan asosiy magistral ko’chalar kanallar yoqalab etgan; g’arbiy magistral ko’cha Buxoro darvozasi tomon (Siyob ko’prigidan aeroport yo’nalishi tomon), o’rta magistral ko’cha qal’a tomon, sharqiy magistral ko’cha esa ko’hna shahar sharqi-shimoliy burchagida joylashgan darvoza tomon olib borgan. Qazish ishlari vaqtida Shohizinda tomon o’tkazilgan yana bir kanal qoldiqlari ham aniqlandi. Kanallardan suv taqsimlaydigan kichik shoxobchalar chiqarilgan.

Suv taqsimlanadigan joyga (Hazrati Xizr machiti yonida) suv janubdan, aftidan, Chokardiza mahallasi orqali o’tgan kanaldan oqib kelgan bo’lsa kerak. Bu mahalla bilan shaharning qadimiy qismi devorlari o’rtasidagi joy pastkam bo’lganligi uchun qadimgi irrigatorlar o’sha davr uchun ajoyib inshoot qurishgan va natijada suv qadimiy Rimdagi mashhur vodoprovodlar singari akveduklar (osma novalar) orqali o’tgan. Osma novalar qo’rg’oshin bilan qoplangan bo’lgani uchun bu kanal Jui Arziz (“Qo’rg’oshin arig’i”) nomi bilan mashhur bo’lgan. Qadimiy quruvchilarning yuksak mahoratidan dalolat beruvchi bu inshoot barpo etilgan vaqt sanasi hali aniq bo’lmasa-da, har qalay kanal arablar istilosiga qadar qurilgan bo’lsa kerak.

Shaharda chuqur qazilgan quduqlar ko’p bo’lgan, chunki bu yerda yer osti suvlari yer yuzasidan juda chuqurda joylashgan.

O’rta asr tarixchilari va geograflarining yozishicha, o’sha vaqtdagi Samarqand ko’chalariga tosh yotqizilgan. Buni arxeologik tadqiqotlar tasdiqlaydi. Chunonchi, 1965 yilda ko’hna Afrosiyob shahrining markaziy qismida ko’chalar ochilib, ularning ko’pchiligiga Cho’ponotadan keltirilgan slanets bo’laklari yotqizilgan edi. V.A.Shishkinning ilmiy tadqiqotlaridan keltirilgan bu parchalar Samarqandning o’sha davrdagi tarixini qisqa, ammo ravshan ifodalab beradi.

Tarixchilar va arxeologlarning yakdillik bilan bildirgan fikrlariga ko’ra, deb yozadi V.A.Shishkin, Samarqand 1220 yilning martida yangi, ehtimol, eng dahshatli voqealarni boshidan kechirgan. O’sha yilning fevralida Buxoro va Zarafshon vodiysining talay qismini zabt etgan Chingizxon askarlari shaharga yaqinlashib qolgan edi. O’sha vaqtda O’rta Osiyoning viloyatlarini birlashtirib hukmronlik qilayotgan Xorazm shohi Muhammadning shaharni mustahkamlash choralarini ko’rganligini Afrosiyob devorlarini o’rganish ishi ko’rsatib turibdi. Devorlarning ma’lum qismi tuzatilgan. Shaharning o’zida qo’shin ko’p saqlangan (ba’zi ma’lumotlarga ko’ra 100 mingdan ziyod, ayrimlarida qirq mingga yaqin qo’shin bo’lgan, deyiladi). Biroq mamlakatda hukm surgan ichki feodal nizo-janjallar, shohlar bilan ularga bo’ysunmagan feodal lashkarboshilari o’rtasidagi dushmanlik chinakamiga mudofaa uyushtirish imkonini bermagan. Mo’g’ullar Samarqandni qamal qilganlaridan keying, shaharning qo’shin boshliqlari taslim bo’lishga qaror qilganlar. Shaharning ancha mustahkam bo’lgan shimol qismidagi bir guruh dovyuraklar uni mudofaa qilishni davom ettirganlar. Lekin mo’g’ullar hujum qilib, shaharning bir qismini ham egallaganlar. Jome machitda yashiringan ming kishiga yaqin so’nggi himoyachilar qirib tashlangan, machitning o’ziga o’t qo’yilgan.

Machit joylashgan yerda olib borilgan arxeologik ishlar shuni ko’rsatadiki, machit yog’och ustunlar bilan o’ralgan to’g’ri burchakli katta hovlidan iborat bo’lgan. Ustun va to’sinlar o’yma naqshlar bilan bezatilgan. Naqsh izlari usti kuygan yog’och bo’laklarida hozir ham yaxshi bilinib turibdi.

Shahar shafqatsiz ravishda talangan, Samarqandga shuhrat keltirgan ming-minglab mohir hunarmandlar olib ketilib, Chingizxonning o’g’illari va qarindosh-urug’lariga berilgan. Hunarmandlar ularning qo’llarida qul sifatida ishlagan. Aholining qolgan qismiga katta o’lpon solingan.

Samarqandda bo’lgan Xitoy sayyohining yozishicha, ana shunday dahshatli urushdan keyin shaharda ko’pi bilan aholining chorak qismi qolgan. Tirik qolgan aholi Samarqandning hozir “eski shahar” deb ataluvchi va ilgarigi savdo-sotiq raboti joylashgan shimoliy qismiga o’rnashgan. Afrosiyob tepaligidagi shaharning qadimiy qismi esa vayronalarga aylanib, u yerda qaytadan shahar tiklanmagan. Afrosiyob bundan keyin hayot tiklanmasligining, asosiy sabablaridan biri, shubhasiz, shaharni suv bilan ta’minlab turuvchi “Qo’rg’oshin arig’i”dek ajoyib inshootning mo’g’ullar tomonidan buzib tashlanganligi bo’lgan. Xarob bo’lgan va talangan Samarqand bu kanalni tiklay olmas edi.

Samarqand XIII va XIV asrlarga kelib asta-sekin, biroq muntazam ravishda tiklanib bordi.

Temur davrida Samarqandda katta qurilish ishlari olib borildi. Bunga qadar o’tgan 150 yil mobaynida shaharda hech qanday yirik qurilish bo’lmagan edi. Sharafuddin Ali Yazdiy va Temurning Samarqanddagi saroyi qoshida bo’lgan Ispaniya elchisi (1403-1406 yillar) Ryui Gonzales de Klavixo ham ana shu haqda yozadilar. V.V.Bartold juda to’g’ri ta’kidlab o’tganidek, Temurning fikricha, Samarqand atrofida barpo etilgan bir qancha qishloqlarga musulmon mamlakatlaridagi asosiy shaharlar – Bog’dod, Damashq, Misr, Sheroz va Sultoniya nomining berilganligi ham bu fikrni tasdiqlab turibdi.

Qadimgi yunon tarixchilari, solnomachilari Samarqand (Marokanda) haqida yozganlar, shoir va yozuvchilar uning to’g’risida qo’shiq va g’azallar to’qiganlar, Sharq va G’arbdagi ko’pgina mamlakatlarning sayohatchilari va olimlari badiiy va ilmiy tafakkur markazi sifatida, xalq dahosini asrlar davomida gavdalantirib bergan, tasvirlab qoldirgan ustalar, mohir me’morlar, qo’li gul binokorlarning ajoyib hamda sahovatli ijodi mahsuli to’plangan joy sifatida unga qoyil qoldilar. Bobir mirzo ma’lumotlariga ko’ra, Samarqandning Feruza, Ohanin, Shayxzoda, Gozuriston, So’zangaron va Chorraha singari darvozalari bo’lgan, Samarqand qal’asi devorining ichki aylanasi 10 600 qadamga teng kelgan.

Hozirgi zamon tarixchilari Temur feodal davlatidagi sotsial-iqtisodiy munosabatlarni har tomonlama o’rganish nihoyatda zarur ekanligini asrimizning qirqinchi yillaridayoq yozgan edilar. O’shandan buyon 25 yildan ziyod vaqt o’tdi. Biroq, afsuski, mazkur problema haqida hanuzgacha yirik ilmiy asar yozilganicha yo’q. Tarixiy hujjatlar, jumladan, Temur davlatidagi chuqur sinfiy munosabatlar va antagonistik ziddiyatlarni, siyosiy oqimlar hamda ular o’rtasidagi kurashni ochishga bizga yordam bergan bo’lur edi.

Shayboniyxon boshliq ko’chmanchilar O’rta Osiyoni bosib olganlaridan keyin Samarqand hayotida yangi davr boshlanadi. Shayboniylar davlatining poytaxti Buxoroga ko’chirilgandan keyin Samarqand shahri uning tarkibida qoladi.

Movarounnahrni xonavayron qilgan feodal ichki nizo-janjallar va Eron hukmdori Nodirshohning O’rta Osiyoga qilgan yurishi natijasida XVIII asrda Samarqand yana bir bor huvillab qoldi. XIV-XVII asrlar davomida bunyod etilgan ajoyib madrasa va machit binolari o’z holiga tashlab qo’yildi. Qayoqqa borishini bilmagan bir to’da oilalargina shahar qal’asida kezib yurdi. Ammo shundan keyin ham shahar o’z qaddini yana rostlay boshladi va XIX asrning o’rtalarida qaytib kelgan, shuningdek, boshqa viloyat va rayonlardan ko’chib kelgan aholi hisobiga shaharda hayot qaytadan jonlandi.

N.V.Xanikovning XIX asrning qirqinchi yillari boshida yozgan ma’lumotida quyidagilarni o’qiymiz: “Shoirlar jannat deb atagan Samarqandning ahvoli hikoyalarda aytilganidek achinarli bo’lmasa ham, har holda u o’zining hozirgi holatiga kelishi uchun ko’p qiyinchiliklarni boshidan kechirishi kerak edi. Shahar devori yaxshi saqlangan bo’lib, to’g’ri to’rtburchak shaklida, uning shimoliy tomoni sal kengroq edi. Uning g’arb tomonida ba’zi nomuvozanatliklar ko’zga tashlanadi, bu yerda qal’a shahar devoridan ancha uzoqlashib ketgan. Buxoro devori singari shahar devorida ham nishon tuynuk va burjlar qilingan, uning balandligi va qalinligi Buxoro devorinikicha kelardi. Shaharda oltita darvoza bo’lib, ular: 1) Darvozai Buxoro, 2) Darvozai Payqobaq, 3) Darvozai Hazrati Shohizindi, 4) Darvozai Qalandarxona, 5) Darvozai So’zangaron, 6) Darvozai Xo’ja Ahror deb atalardi. Shaharning aylanasi o’n uch chaqirim bo’lib, uning maydoni 2280000 kvadrat sarjinga yoki 2533,3 tanobga teng edi. Bu raqam Buxoro shahri egallab turgan maydondan 500 tanob ziyod bo’lib, u shaharda mavjud bo’lgan bog’lar hisobiga to’g’ri kelardi. Ilgari vaqtlarda shahar egallab turgan maydon ancha katta edi, shaharni o’rab turgan devorning qoldiqlari g’arb tomondan esa deyarli Zarafshonga qadar, ya’ni olti chaqirimcha butun maydon Afrosiyob qal’asi deb atalgan vayronalar bilan qoplangan edi. Lekin shuni ham aytib o’tish kerakki, shahar Temur taxtga chiqishidan oldin ham shunday maydonga ega bo’lgan. Temur davrida esa shahar maydoni hozirdagidek edi. Farqi faqat shundaki, uning atrofida foydalaniladigan yerlar hozirgiga qaraganda ancha ko’p bo’lgan, chunki bu yerdan ancha uzoqda bir vaqtlar Samarqand atrofidagi bog’larga tutashib ketgan eski bog’larning qoldiqlari hozir ham uchrab turadi. Shahar Og’aliq tog’ining shimoliy etaklaridan oqib chiqadigan uch soy suvi bilan ta’minlanar edi. Birinchi soy suvi shaharga Xo’ja Ahror darvozasidan sal Sharqdan oqib kirib, qal’aning sharqiy va shimoliy devorlarini aylanib o’tar va Samarqand atrofidagi ekinzorga chiqardi. Ikkinchi soy shaharga So’zangaron darvozasi yaqinidan oqib kirib, devorning sharqiy tomonidan oqib chiqar va uchinchi soy suviga qo’shilardi. Bu suv shaharning sharqiy tomonidan o’tib, shimol tomondan oqadigan Obimashhad yoki xalq tilida Obimashat deb nomlangan ariqqa qo’shiladi. Oqar suv shu qadar serob bo’lishiga qaramay, shaharda hovuzlar esa qazilgan ariqlar ko’p edi, lekin hovuzlarning aniq soni bizga ma’lum emas. Shaharda toshdan ishlangan ikkita karvonsaroy, uch hammom bo’lib, bulardan ikkitasini Xo’ja Ahror hammomi, uchinchisi esa Miriy hammomi deb ataydilar. Shaharning ko’rkam diqqatga sazovor asosiy joylari o’tmishdan qolgan. Hozirgi avlod maqtovga loyiq biror narsa qurish u yoqda tursin, balki ilgari bunyod etilganlarini ham vayron qilmoqda. Samarqand qal’asi g’oyat ulkan; u Buxoro va hatto Qarshidagi qal’alardan ham katta bo’lib, aylanasi uch chaqirim yuz sarjinga teng. U egallab turgan maydon sathi 90 ming kvadrat sarjin yoki 100 tanob keladi. Bu yerda Qutbi Chahorduhum qabristoni, Amir saroyi joylashgan. Mazkur saroyda har bir xon o’z amirligida shubha tug’dirmasligi uchun tantanali vaziyatda o’tirishi lozim bo’lgan mashhut ko’k tosh bor”.

Xanikov ma’lumotlariga ko’ra, Samarqand XIX asrning 40-yillarida, ya’ni shahar chorizm tomonidan bosib olinishi arafasida ana shunday ahvolda edi.

Chor qo’shinlari 1868 yilda Samarqandni zabt etishi bilan shahar qiyofasi ancha tez o’zgarib ketdi. Qal’aning devorlari, darvozalari buzilib ketdi, Samarqandning yangi qismi asosini tashkil etuvchi Yevropa tipidagi yangi qurilishlar yuzaga keldi. Eski Samarqanddan Temuriylar davrining bir necha yirik inshootlari va Afrosiyobdagi vayronalargina qoldi, xolos.

Bu davrda Samarqand Turkiston general-gubernatoriga bo’ysungan chor samoderjaviyesi mustamlaka ma’muriyatining muhim tayanchlaridan biriga aylanadi. Mustamlakachi ma’murlar keng mehnatkashlar ommasiga milliy va sotsial zulmni yana kuchaytiradilar.

Agar antik dunyo sharoitida Samarqand So’g’diyona poytaxti sifatida qullar, hunarmandlar va dehqonlarni turli yo’llar bilan ekspluatatsiya qilish markazi bo’lgan bo’lsa, feodal ishlab chiqarish usuli hukmronlik qilgan davrga kelib dehqon va kosiblarni har tomonlama ezishning muhim bazasi bo’lib xizmat qildi, XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida esa Samarqand va uning okruglari birgina sotsial zulmning emas, balki milliy mustamlakachilik zulmining ham makoniga aylandi. Bu davrda Samarqand bilan uning atrofidagi qishloqlar o’rtasidagi qarama-qarshilik yangi asosda chuqurlashdi va kuchayib bordi.

Turkistonda Oktabr revolyutsiyasi g’alaba qozongungacha va mustamlaka yoki yarim mustamlaka holatida bo’lgan Xiva va Buxoroda xalq sovet revolyutsiyalari amalga oshirulga qadar bu viloyatlar Rossiyaning markaziy oblastlari sanoat uchun har xil xom ashyo yetkazib beruvchi o’lka sifatida zo’rlik bilan tutib turildi. Bu esa qoloqlikni yanada kuchaytirdi, Turkistonning mazlum xalqlari o’rtasida sanoat proletariatning vujudga kelishi va rivojlanishiga to’sqinlik qildi.

Ekspluatator tabaqalar shahar va qishloq mehnatkashlari, turli millat vakillari orasida adovat va nizo chiqarishga jon-jahdi bilan harakat qilardi. Ular shaharliklarga dehqonlarni “sahroyi muzafasm” – dasht odami, avom, kalta fahm kishilar deb ko’rsatishga urinardilar.

Shahar mehnatkashlarining ahvoli ham nihoyatda og’ir edi. hunarmandlar yashaydigan mahallalarda qashshoqlik va kasallik hukm surardi. Xalqqa tibbiy yordam ko’rsatish va ular uchun kasalxonalar qurish to’g’risida gap ham bo’lishi mumkin emasdi.

Shaharning ko’chalari tor, qing’ir-qiyshiq bo’lib, daraxtlar o’tqazilmagan, ular derazasiz, paxsa devordan qurilgandi. Dam olish joylari va bog’larga oddiy xalq kiritilmasdi. Ariqlardan oqayotgan suvni iflos qilish juda katta gunoh hisoblansa ham, aholini toza suv bilan ta’minlash eng mushkul masalalardan biri edi. hovuzlar turli kasalliklarni tarqatuvchi son-sanoqsiz mikroblar uyasi edi.

XIX asrning 70 va 80-yillarida Samarqand shahrining yangi qismi bunyodga keldi, bunda chorizmning harbiy mustamlakachilik ma’muriyati joylashdi. Eski shaharda esa mahalliy hukmdorlar qolishdi. Eski shaharda hunarmandchilik (shoyi to’qish va h.k.) asosiy o’rin egallar, yangi shaharda esa zavod va fabrikalar barpo etilib, ishchilar sinfi vujudga kela boshlagan edi. Shaharning eski qismida islom dini hukmronlik qilardi, yangi shaharda esa xristian dinini targ’ib qiladigan muassasalardan tashqari, rus-tuzem maktablari, kutubxonalar, muzeylar, kinoteatr va shu kabi madaniy-oqartuv muassasalari paydo bo’la boshlaydi; agar shaharning eski qismi eski uslubdaig uylar saqlanib qolgan bo’lsa, yangi qismida Yevropa arxitekturasi asosida yangi binolar qurila boshlangan edi.

Samarqand shahrining eski va yangi qismlari o’rtasida chegara bo’lib, u chorizmning mustamlakachilik siyosati tufayli belgilangan va xalqlar o’rtasida adovatni kuchaytirishga qaratilgan edi.

Quldorlik, feodal tuzumlari davrida va chorizm vaqtida hukm surgan antagonism shundan iborat ediki, Samarqand, bir tomondan, So’g’diyona, Movarounnahr, Turkistonning madaniyat, ilmiy fikrlar markazi bo’lsa, ikki tomondan esa, O’rta Osiyoda ozodlik harakatlari (Spitamen, Rafi ibn Lays qo’z’golonlari, sarbadorlar harakati, Namoz qo’zg’oloni va 1916 yilgi xalq ozodligi qo’zg’oloni) ning markazi, asosiy joyi bo’lib qoldi.

XIX asrning ikkinchi yarmida va XX asrning boshlarida Samarqand milliy ozodlik va ishchilar harakatida, Yevropa va ilg’or rus madaniyati hamda sotsial-demokratik g’oyalarni propaganda qilishda muhim rol o’ynay boshladi. Bu esa Samarqand hayoti taraqqiyotidagi asosiy va progressiv voqea edi. Bunga avvalo Samarqandda zavod va fabrikalarning vujudga keltirilganligi, temir yo’l o’tkazilganligi, dunyoviy maktablar va bosmaxonalarning paydo bo’lganligi yordam berdi. Shundan so’ng Samarqandda sotsial-demokratik gruppalar tuzildi.

Keyinchalik milliy ozodlik harakatining lenincha partiya rahbarlik qilayotgan Rossiya proletariatining qudratli revolyutsion harakati bilan qo’shilishi tufayli xalq ommasi manfur chor samoderjaviyesi, uning harbiy-mustamlakachilik ma’muriyatini yemirib tashladi hamda Turkiston mehnatkashlari ozodlik va mustaqillikka erishdi.

Ulug’ Oktabr butun mamlakatimizdagidek Samarqand tarixida ham yangi erani boshlab berdi.

Samarqand – O’rta Osiyoda Sovet hokimiyatining birinchi tayanch punktlaridan, Turkiston ASSR ning oblast markazlaridan biri, 1924 yilda milliy davlat chegaralanishi o’tkazilganidan keyin esa O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining birinchi poytaxti (1925-1930 yillar) bo’ldi.

Oktabr revolyutsiyasining g’alabasi va sotsializmning muvaffaqiyat bilan qurilishi Samarqandning sotsial-iqtisodiy hayotida ham tub o’zgarishlar yasadi. Sovetlar mamlakatining tarkibiy qismi bo’lgan O’zbekistonning, shu jumladan, Samarqand mehnatkashlari ma’naviy-moddiy kuchlarining har tomonlama rivojlanishi buning eng muhim yakuni bo’ldi.

Samarqand respublikamiz poytaxti sifatida O’zbekistonni sanoat jihatidan rivojlantirishning eng muhim tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda qishloq xo’jalik ishlab chiqarishini yanada yaxshilash manfaatlarini ko’zlab yer-suv islohotini o’tkazishda, mahalliy millat xotin-qizlarini chinakam ozodlikka chiqarishda yetakchi rol o’ynadi.

Kommunistik partiyaning mehnatkashlarni markscha-lenincha g’oyalar ruhida tarbiyalash sohasida olib borayotgan ideologik ishida ham Samarqandning xizmati katta.

Bir vaqtlar Samarqand o’rta asrlar ilmiy va badiiy fikrlarining zabardast namoyondalari ijodining markazi sifatida shuhrat qozongan. Mutaffakir Rudakiy Samarqand orqali Buxoroga yo’l olgan. Buyuk olim Muhammad Mirzo Ulug’bek bu yerda astronomlar maktabiga asos soldi, madrasa va rasadxona qurdi hamda o’z zamonasi ilmiy-nazariy tafakkurining cho’qqisi bo’lgan butun dunyoga mashhur “Ziji Ko’ragoniy” asarini yaratdi. Genial mutafakkir shoirlar Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy bir qancha vaqt Samarqandda tahsil ko’rdilar, ijod qildilar.

Sovetlar davrida ham Samarqand o’z olimlari, shoirlari, rassomlari, xalq ustalari, o’zlarining kuch va bilimlarini kommunizm qurilishi ishiga bag’ishlayotgan ajoyib kishilari bilan shuhrat qozonmoqda.

Sovet hokimiyati yillarida Samarqandda V.V.Bartold, serg’ayrat arxeolog V.L.Vyatkin yashadi va mehnat qildi. Professorlardan A.M.Titov, S.A.Lyaskovskiy, N.A.Mirkulovich, Silixonovich, Parfenov, Faktorovich, Po’lat Soliyev, Abdurauf Fitrat, Abdurahmon Sa’diy, Otajon Hoshim, Mironov Uspenskiy, Savelyev va boshqa ko’pgina kishilar shaharning ma’naviy hayotini rivojlantirishga o’zlarining salmoqli hissalarini qo’shdilar.

Sovet badiiy adabiyotining klassiklari Hamza Hakimzoda Niyoziy, Sadriddin Ayniy, Hamid Olimjonlar ham Samarqandda ko’p yil yashab ijod qildilar. O’zbek sovet adabiyotining atoqli arboblari Uyg’un, Mirtemir, Oydin Sobirova, Amin Umariy, Usmon Nosir, Ra’no Uzoqova va boshqa ko’pgina adiblar bu yerda kamolotga yetishdi.

Biz Sovet hokimiyati uchun kurashgan samarqandliklar, Ulug’ Vatan urushi qahramonlari, o’zlarining ijodiy mehnatlari orqali kommunizmning nurli binosini qurishdek umumxalq ishiga hissa qo’shayotgan kishilar bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Samarqand o’zining ko’p asrlik yubileyini gullab barq urib yashnayotgan bir paytda kutib oldi. Kommunistik partiya va Sovet hukumatining tinmay qilayotgan g’amxo’rlik va e’tibori tufayli shahar kun sayib o’sib, go’zallashib bormoqda, ulug’ va jonajon Sotsialistik Vatanimizning yanada chiroyli va obod shahriga aylanmoqda.

Shuningdek o’qing
Samarqand territoriyasida odamzod hayotining eng qadimgi ildizlari
Quldorlik jamiyati davrida Samarqand. Shaharning vujudga kelishi
Qadimiy Samarqandni suv bilan ta’minlash
So’g’d va uning poytaxti Samarqand
Makedoniyalik Iskandarning O’rta Osiyoni zabt etish davrida Samarqand va So’g’dning mustaqillik uchun olib borgan kurashi
Arxitektura, san’at, din
Ilk feodalizm davrida Samarqand. Ijtimoiy va siyosiy vaziyat
Shaharning arab istilochilari tomonidan zabt etilishi
Samarqand – xalifalikka qarshi olib borilgan ozodlik urushining markazi
Somoniylarning yuksalishida Samarqandning roli
Ilk o’rta asrlarda Samarqandning suv bilan ta’minlanishi
Din, madaniyat va san’at
Feodalizm rivojlangan davrda Samarqand. IX asrning oxiri va XIII asrning boshlarida Samarqand
Chingizxonning shaharni zabt etishi
Sarbadorlar qo’zg’oloni
XIV asr oxiri va XV asrda Samarqand. Samarqand – Temuriylar davrining poytaxti
Samarqandning G’arbiy Yevropa davlatlari bilan tashqi siyosat sohasidagi aloqalari
Hunarmandchilik va savdo
Samarqand – XIV-XV asrlarda Movarounnahrda ilmiy tafakkurning markazi
Adabiy hayot
XIV asr oxiri va XV asr arxitekturasi
XVI asr – XIX asrning birinchi yarmida Samarqand. Shayboniylar Samarqandda
XVII-XIX asrning birinchi yarmida Samarqandning siyosiy tarixi
XVI asrda hunarmandchilik va savdo
XVII asrda va XIX asrning birinchi yarmida hunarmandchilik va savdo
Shaharda suv bilan ta’minlanishi
Fan, madaniyat, san’at, arxitektura
Mustamlaka davrida Samarqand. Samarqandni qo’shib olish oqibatlari
Birinchi rus revolyutsiyasi yillarida (1905-1907) Samarqandda revolyutsion harakat
Reaksion va yangi revolyutsion ko’tarilish (1907-1914 yillar) davrida siyosiy hayot
Madaniy hayot
Birinchi jahon imperialistik urushi yillarida Samarqand Fevral burjua-demokratik revolyutsiyasi davrida Samarqand
Samarqandda Sovet hokimiyatining o’rnatilishi va mustahkamlanishi (1917-1918 yillar). Samarqandda Sovet hokimiyatining g’alabasi
Shaharda Sovet hokimiyatining mustahkamlanishi
Samarqand chet el harbiy intervensiyasi va grajdanlar urushi davrida. Samarqand mehnatkashlarining Turkistonda harbiy intervensiya va ichki kontrrevolyutsiyani tor-mor qilishda qo’shgan hissasi
Sovet va xo’jalik qurilishi
Samarqand mehnatkashlari xalq xo’jaligini tiklash uchun kurashda (1921-1927 yillar). Yangi iqtisodiy siyosatga o’tish
Shahar sanoatining tiklanishi
Sotsialistik madaniyatning barpo etilishi
Shahar xo’jaligi va mehnatkashlarning moddiy ahvoli
Samarqand – O’zbekiston SSRning birinchi poytaxti
Samarqand sotsializmning iqtisodiy poydevorini qurish yillarida (1928-1932 yillar). Samarqand mehnatkashlarining sanoatni rivojlantirish uchun kurashi
Partiya-sovet apparatini qayta qurishda Samarqand bolsheviklarining roli
Shahar mehnatkashlarining qishloqni sotsialistik qayta qurish uchun kurashi
Madaniy qurilish
Shahar xo’jaligining rivojlanishi va mehnatkashlar moddiy ahvolining yaxshilanishi
Samarqand mehnatkashlari sotsialistik jamiyatni qurish va rivojlantirish uchun kurashda (1933-1941 yillar. Samarqand sanoatining rivojlanishi
Qishloq xo’jaligining taraqqiy etishida Samarqand mehnatkashlarining roli
Madaniy qurilishni avj oldirishda Samarqandning roli
Shahar xo’jaligining yanada rivojlantirish va Samarqand mehnatkashlari moddiy ahvolining yaxshilanganligi
Samarqand Ulug’ Vatan urushi yillarida (1941-1945 yillar). Qizil Armiya uchun rezervlar tayyorlash va aholini harbiy ishga o’rgatish
Ulug’ Vatan urushi yillarida Samarqand sanoati
Samarqand ziyolilarining dushmanga qarshi kurashi – umumxalq ishiga qo’shgan hissasi
Ulug’ Vatan urushi yillarida Samarqand xalq maorifi
Samarqand mehnatkashlarining Sovet Armiyasi jangchilariga va ko’chirib keltirilgan aholiga g’amxo’rligi
Mamlakatning ozod qilingan rayonlariga Samarqand oblasti mehnatkashlarining qardoshlik yordami
Samarqand sotsializm qurilishini tugallashi davrida (1946-1958 yillar). Shahar mehnatkashlarining mehnat va siyosiy aktivligining o’sishi
Korxona kollektivlarining qishloq mehnatkashlariga otalig’i
Madaniy qurilishdagi yutuqlar
Shahar xo’jaligining rivojlanishi va mehnatkashlar moddiy farovonligining yaxshilanishi
Samarqand kommunizmning moddiy-texnika bazasini yaratish davrida. Samarqandning sanoat taraqqiyoti va kommunistik mehnat uchun kurashi
Shahar bilan qishloq mehnatkashlari ittifoqi
Fan, madaniya va san’at
O’zbekistonda markscha-lenincha filosofiyani propaganda qilishda samarqandlik olimlarning roli
Samarqand shahridagi me’morlik obidalarini qo’riqlash, o’rganish va tiklash ishlari
Shahar xo’jaligi va mehnatkashlar uy-joy – turmushi sharoitining yaxshilanishi
Xalq turmushi
Samarqand – respublikaning yirik sanoat markazi va uning rivojlanish istiqbollari
Samarqand oblastining qishloq xo’jaligi
Sovet O’zbekistonning xalqaro aloqalarida Samarqandning ahamiyati Temuriylar davri san’atiga bag’ishlangan Xalqaro simpuzium

счетчик посещений