Rossiya va Angliyaning O’rta Osiyo uchun olib borgan o’zaro kurashi

XIX asr ikkinchi yarmi boshlarida Turkiston xonliklarini bo’ysundirish maqsadida Rossiya olib borayotgan siyosiy Buyuk Britaniyaning shu borada uzoqni ko’zlagan rejalariga jiddiy xavf solar edi. Shuning uchun Angliya turli yo’llar bilan O’rta Osiyodagi davlatlarni Rossiyaga qarshi otlantirish payiga tushadi.

1831-1833 yillarda Ost-Indiya kompaniyasi leytenanti Aleksandr Berns Hindistondan Afg’onistonga, undan Buxoroga sayyoh sifatida keladi. Bu “sayohat” natijasida yig’ilgan dalillar va shaxsiy kuzatuvlar “Buxoroga sayohat” deb nomlangan uch jildlik kitobga asos bo’ldi. Bu o’rinda A.Bernsning o’zbek xalqi xususida bildirgan fikrlari diqqatga sazovordir: “O’zbeklar muomalada kamtar va samimiy. Ular mening kim ekanimni bilmaganliklaridan, barcha narsalar xususida, hukmdorlari va sayohatdan tortib, bozordagi ahvol haqida ham tortinmay so’zlashdilar”.

Angliya o’z diplomatlari, sayyohlari hamda ayg’oqchilari vositasida Buxoro, Xiva va Qo’qon xonliklarini Rossiyaga qarshi ittifoqqa uyushtirishga harakat qildi. Ular shu maqsadda fors va turk tillarini yaxshi bilgan Konolli, Berns, Archi Todd, Abbot va Shekspir kabi zobitlarni o’zbek xonliklariga yubordilar. Ayrim manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga ko’ra, Konolli Xiva xoni bilan uchrashib, unga “O’zbek davlatining chet mamlakatlar tomonidan ishg’ol etilishidan asrovchi yagon yo’l bor. U ham bo’lsa, bir-birlaringiz bilan yaxshi munosabatda bo’lib, o’zaro yordamlashishdir”, degan. Xiva xoni Olloqulixon esa ruslarning bahorda yana hujum qilmoqchi ekanliklaridan xabar topgach, Istanbulga va inglizlar huzuriga o’z elchilarini jo’natib, yordam so’radi. Turkiya davlatidan biror xabar ololmagan Xiva xoni huzuriga ingliz zobitlari Abbot va Shekspir yetib kelishdi. Ular Xiva xoniga poytaxtdagi rus asirlarini ozod qilish va bu bilan bo’lajak to’qnashuvga bahona qoldirmaslik lozimligini uqtirdilar. Haqiqatdan, asirlarning ozod etilishi bilan yangi urush ochishga ortiq bahona qolmagach, Perovskiy yurishni kechiktirishga majbur bo’ldi. Xavfning bartaraf bo’lganini ko’rgan Olloqulixon Qutbiddinxo’ja ismli elchisini Istanbulga jo’natib, turklarni vaziyatdan ogoh qildi. Olloqulixon tinchlikni ta’minlashda bergan yordamlari uchun ingliz hukumatiga ham elchilar yo’llab, o’z minnatdorchiligini bildirgan edi.

Angliya hukumati bu vaqtda polkovnik Stoddartni Buxoroga yuborgan edi. Stoddartning Buxoroga kelayotganini eshitgan Nasrullaxon unga shaharga kirishda otdan tushib, yayov yurishini va qurolini topshirishi zarurligini buyuradi. Ammo, Stoddart Osiyo tartib qoidalarini unutib, Buxoro hukmdorining buyrug’ini mensimaydi. Nasrullaxon esa alamini ichiga yutib, Stoddartni qabul qilishga majbur bo’ladi. Amir uning asl maqsadi ayg’oqchilik emas, do’stona munosabat o’rnatish ekanligiga ishonmay, undan tegishli hujjat so’raydi. Polkovnik Stoddartda bunday hujjat yo’q bo’lgani uchun amir uni hibsga oladi. O’z elchilarining Buxoroda tutib qolinishi Angliya hukumatini ularni ozod etishga urinishga majbur etadi. Ingliz hukumati oldin Xiva xoni vositasida, keyin Turkiya hukumati orqali Buxoro amiriga ta’sir etishga urinadi. Ammo Buxoro amiri tomonidan talab qilingan hujjat kelavermagach, Stoddart zindonga tashlanadi. Bu xabarni eshitgan kapitan Konolli Buxoroga jo’naydi. Amir uni ham kerakli hujjati yo’qligi uchun hibsga oladi. Ikki ingliz zobiti Buxoro zindonida uchrashadilar. 1842 yilda ular josus sifatida qatl etiladilar.

Angliyada Stoddart va Konolli nomi bilan tashkil etilgan maxsus qo’mita ikki zobit taqdirini aniqlash uchun o’z odamlarini Buxoro, Xiva va Qo’qonga yubordi. Ana shu qo’mita nomidan 1844 yil 3 noyabrda olim, tadqiqotchi hamda sayohatchi sifatida tanilgan, pixini yorgan josus Iosif Volf Istanbulga keldi. Angliyaning bu yerdagi elchisi S.Kening unga Buxoro safari uchun zarur hujjatlarni tayyorlab berdi. Turkiya sultonining Buxoro amiri, Xiva va Qo’qon xonlariga yozilgan maktublari Volfning turk sultoni homiyligida ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar vazifasini o’tashi lozim edi. Ana shu hujjat o’sha vaqtda Turkiya Rossiya istilosiga qarshi Angliya bilan hamkorlikda o’zbek xonliklarining ittifoqini vujudga keltirishga intilganidan dalolat beradi. 1844-1845 yillar davomida Buxoroda ish olib borgan I.Volf Londonga Qo’qondagi voqealar, xonliklarning o’zaro munosabatlari xususida diqqatga sazovor axborotlar yuborib turdi.

Angliya Turkiya bilan hamkorlikda O’rta Osiyo davlatlarining harbiy ittifoqini vujudga keltirishga ko’p urindi. Ayniqsa, Qrim urushida (1853-1856) Angliya O’rta Osiyo xonliklariga, Afg’oniston va Eronga o’z odamlarini yuborib, bu mamlakatlarni Rossiyaga qarshi otlantirish harakatini kuchaytirdi. Ammo Turkiya ham, Angliya ham Rossiya xurujiga qarshi o’zbek xonlarini birligini vujudga keltirishni ta’minlashning uddasidan chiqa olmadi. Chunki xonliklar o’rtasida o’zaro nifoq-nizolar kuchli bo’lib, ularning ildizi chuqur ketgan edi. Buning ustiga, Rossiya diplomatiyasi Buxoro, Xiva va Qo’qon xonliklarini bir-biriga qarshi gij-gijlab, o’zining ig’vogarona siyosatini izchillik bilan yuritar edi. Rossiya bu yo’lda sobit turib, To’rg’ay viloyatini, 1846 yilning kuziga kelib, Sirdaryoning Orol dengiziga quyiladigan yeridagi Qozolini ishg’ol etdi va 1847 yilda Raim, 1848 yilda Kazalinsk istehkomlarini qurdi. Bu ahvol Xivani tashvishga soldi. Xon o’z noroziligini bildirib, elchilarini Peterburgga jo’natdi. Xiva elchilarini rus amaldorlari bu istehkomlar savdoni yo’lga qo’yish va cho’lda tinchlik o’rnatish uchun qurildi, deb aldadilar. Xiva xoni bu istehkomlarni yo’q qilishga harakat qildi, lekin Sirdaryo va Orolbo’yidagi qozoqlar rus istehkomlaridagi qo’shinlarni yo’qotish xususidagi Xiva hukumatining maslahatlariga quloq solmadilar.

Xivaning qozoqlarni o’z ta’siriga olish borasidagi urinishlari Rossiyani tashvishga solib, Orenburg general-gubernatorini faol harakat qilishga undadi. U Orenburgning g’arbiy qismida yashovchi o’ziga tobe qozoq sultoni Boymuhammad Oychuvoqovga maxsus buyruq yuborib, Xiva xoni foydasiga tashviqot yuritayotgan qozoq biylariga qarshi keskin choralar ko’rishni talab qildi.

Rossiya hukumati 1841 yilda Xivaga yuborgan kapitan Nikiforov zimmasidagi asosiy vazifalardan biri Rossiya tobeligidagi qozoqlarga nisbatan Xiva ta’sirini qirqish ekanligi bejiz emas edi. Rossiya hukumati tashqi ishlar vazirligining kapitan Nikiforov zimmasiga yuklagan vazifasi Xiva xonini rus qo’shinlari tomonidan Sirdaryoning quyi qismini ishg’ol qilish masalasida betaraf turishga, Sirdaryoning shimolidagi yerlarni va Kaspiy dengizining sharqiy qirg’og’ini Rossiyaga tobe’ deb e’tirof etishga, Rossiya qaramog’idagi qozoqlarga hujum qilmaslik hamda ularning ichki idora ishlariga aralashmaslikka ko’ndirishdan iborat edi. Xon kapitan Nikiforovga Rossiya bilan Angliya munosabatlariga doir jiddiy savollarga bergani Xivaning rus-ingliz raqobatidan yaxshi xabardorligidan dalolat beradi. Xiva xoni rus elchisi talabalarini rad etgani ham uning Angliya va Rossiyaning O’rta Osiyo masalasida o’zaro kurashidan foydalanishga uringanligini ko’rsatadi. Ko’p o’tmay, kapitan Nikiforovning uddalay olmagan ishini davom ettirish podpolkovnik G.Danilevskiy zimmasiga yuklatildi. Uning Tashqi ishlar vazirligidan olgan ko’rsatmasida xonni Rossiyaning Xivaga nisbatan beg’araz do’stligiga ishontirish birinchi darajali vazifa sifatida qo’yilgan edi.

O’zbek xonliklarida faol ish ko’rayotgan Angliyaning ta’sirini sindirish niyatida Rossiya Xiva xoni oldiga quyidagi ikki talabni qo’ydi:

  1. Bundan keyin xoh mahfiy, xoh oshkora suratda Rossiyaga qarshi hech bir dushmanlik munosabatida bo’lmaslik
  2. Sahroda yoxud Kaspiy dengizi atrofida talonchilik va bosqinchilik ishlarini olib bormaslik. Bordi-yu Xiva xonligiga tobe qabilalar tomonidan talonchilik ishlari sodir etilsa, aybdor kishilarga darhol jazo berib, talangan mollarni egalariga qaytarish.

G.Danilevskiyning 1842 yil 27 dekabrda Xiva xoni bilan tuzgan shartnomasida “Rossiyaga tobe qochoq va isyonchilarni Xiva hududida yashirmasdan, ularni darhol rus chegara komissariga topshirish” masalasi alohida o’rin olgan edi.

Shunga qaramay, Rossiya Xivaga nisbatan g’arazli niyatlarini amalga oshirishga qaratilgan siyosatini izchillik bilan davom ettirdi. 1858 yilda polkovnik N.Ignatyev boshchiligidagi diplomatik guruhga topshirilgan vazifalar bunga yaqqol misoldir. Bu guruhga berilgan yo’riqnomada saltanatning asl maqsadi ro’y-rost ifodalangan:

  • Xiva, Buxoro va qozoq cho’llari haqida mumkin qadar ko’proq ma’lumot yig’ish;
  • Avval olingan xaritalarni tekshirib, tuzatib chiqish va safar vaqtida kundalik yuritish;
  • Amudaryoning Kaspiy dengiziga qo’yilgan eski o’zani to’g’risida ma’lumot to’plash;
  • Turkmanlar va ularning harbiy kuchlari, qo’shni davlatlar bilan aloqalari, bir xonlikdan ikkinchi xonlikka o’tish yo’llari haqida hamda O’rta Osiyo xonliklari va ularga qo’shni bo’lgan mamlakatlarning harbiy qudrati hamda O’rta Osiyo xonliklari va ularga qo’shni bo’lgan mamlakatlarning harbiy qudrati haqida ma’lumot to’plash;
  • Amudaryoni har taraflama o’rganish.

Guruhning asl maqsadi josuslik qilish ekanligiga polkovnik Ignatyevning o’zi ham iqror bo’lgan edi.

O’zbek xonliklarini zabt etish uchun Rossiya avval o’zining Kavkazda olib borayotgan istilochilik harakatlarini tugallashi kerak edi. Kavkazda esa tog’liklarning sardori imom Shomil musulmon istiqlolchilari bilan hamon ruslarga qarshi partizanlik urushini davom ettirmoqchi edi. Sankt-Peterburg Kavkazdagi rus qo’shinlari faolligini kuchaytirish uchun harbiy-siyosiy doiralardagi nufuzli rahbarlardan A.I.Baryatinskiyni bosh qo’mondonlikka tayinladi. Jangariligi bilan tanilgan bu general podshoga yozgan maktublarida Rossiyaning O’rta Osiyoda o’z ta’sir doirasini kengaytirish zarurligini alohida uqtirgan edi.

Rossiyaning urushqoq doiralari Orenburg va Sibir orasidagi yerlarning “himoyasini mustahkamlash uchun” Irg’iz va Turg’ay daryolarining bo’yida istehkomlar qurishni jadallashtirdilar. Ular o’zbek xonliklarini asta-sekin bosib olish uchun, birinchi navbatda, Qo’qon xonligining muhim strategik nuqtalarini egallashga diqqatni qaratdi. Oqmachit qal’asiga hujum shu tariqa boshlandi.

1852 yilning 16 aprelida shijoatli lashkarboshi Yoqubbek rahbarligidagi Oqmachit qal’asi himoyachilari dushmanga qarshi qahramonona jang qilib, rus askarlarini Orenburgga chekinishga majbur etishdi. Shundan so’ng o’zbeklar bilan bo’lgan janglarda katta tajriba to’plagan Orenburg general-gubernatori graf V.Perovskiy 1853 yilda tashabbusni o’z qo’liga olib, yana hujumga tayyorlandi. Perovskiy Oqmachit himoyachilariga maktub yo’llab, taslim bo’lishni taklif qildi: “Garchand sizlar qal’a ichida turgan bo’lsalaringiz ham Oqmachit olingan deb hisoblayvering. Men shu yerda turiboq barchangizni bitta qo’ymay qirib tashlashim mumkin. Ammo, men bunday qilmayman, chunki, biz bu yerga bir yoki ikki kunga emas, balki abadul-abad keldik, endi orqaga qaytmaymiz”. Qal’a mudofaachilari bu maktubga “biz bir tomchi qon va ko’chada bir dona kesak qolguncha, hamma qurollarimiz sinib bitguncha kurashaveramiz”, – deb javob berishdi.

Yordamchi kuchlar olib kelish uchun ketgan Yoqubbekni kechikishidan foydalangan ruslar yigirma ikki kunlik qurshovdan so’ng mudofaa ahamiyati juda katta bo’lgan Oqmachit qal’asini zabt etdilar.

Oqmachit halokati haqida “Tarixi amiri lashkar Alimqul” kitobida shunday ma’lumot keltiriladi: “Bu borada Urusiya askaridin bir katta sardor birmuncha askar va to’b-to’bxona birlan kelib, Oqmachitda Abduvalini (qal’a hokimi) muhosara ayblab… muhosarani qattig’ qilib, qo’rg’on devorig’a naqb kavlab, doru to’kub, o’t qo’yib qo’rg’onni yiqib, rahnadin askar shaharg’a yugurib va Abduvali va necha tobe birla o’lub va yarador bo’lg’on. Rusiya askari qahr va g’alaba birla shaharg’a to’lub ketdi”.

Rossiya o’zbek xonliklari hududiga darvoza bo’lgan bu qal’ani “Perovskiy forti” deb qayta nomlanganida olisni ko’zlab ish tutgan edi. Bu voqea xonlik amaldorlariga tegishli saboq bo’lmadi. Shu xususda Muhammad Solih Toshkandiyning e’tiroflari diqqatga loyiqdir: “Qo’qonda Oqmachit voqeasini esdan chiqarib aysh-ishrat, kayfu-safo, o’yin-kulgi va parvosizlikka berilib, mamlakat ishidan ko’z yumib, Qozog’istondagi hiroj, boj va zakotni g’ayridin millatlarga topshirib, hukmronlikni g’animat bilib, yomon odamlarni, o’g’rilarni va harom kishilarni to’plab amaldor qilib va voliy belgilab, har bir shaharga yubora boshladilar. Ayrim johil mullalar va nodon ulamolar so’ziga ishonib, aholi shariatdan uzoqlashib, ilmsiz johillarni mansabdor qilib, qozi, rais, hokim, voliy lavozimlariga o’tqazdilar. Poraxo’rlik va haromlik rivojlandi, ishni tekshirmay aytuvchilar so’ziga amal qilinib, poraxo’rlar, hushomadgo’ylar va umuman nobop odamlar hokim va mansabdor bo’ldilar. Aksincha, dono, aqlli, fozil va bilimdon kishilar xo’rlandi va oyoqosti qilindi. Kengash va maslahat bilan ish yuritishga yo’l berilmadi”.

Amaldorlarning beboshligi va ichki siyosatini yuritishdagi adolatsizliklar xonlikni halokat yoqasiga keltirib qo’ydi. Voqealar rivojini diqqat bilan kuzatayotgan Rossiya bundan o’zi uchun tegishli xulosa chiqarib oldi. Old Sirdaryodagi qozoqlarni idora qiluvchi amaldorning Sirdaryo liniyasi qo’mondoniga 1858 yil 31 mayda yo’llagan axboroti ana shu jihatdan diqqatga loyiqdir: “1858 yilning mart oyida Toshkent hokimi Mirzo Ahmad 3000 askar bilan Avliyoota istehkomiga kelib qozoq biylarini ham chorlab, faqat qo’ylardan emas, balki tuyalar, otlar va qoramollardan ham soliq to’lashni talab qildi. Ilgari faqat qo’ylardan soliq olinardi, xolos. Biylar o’z ovullariga borib mazkur talabni xalqqa ma’lum qilganlarida xalq uni bajarishdan bosh tortdi. Ularga qarshi 100 va 200 kishidan iborat alohida ikki harbiy qism yuborildi. Ular esa zulmni yanada kuchaytirib turmushga chiqadigan har bir kelindan bir tillodan soliq olishni joriy etdilar. Ayni bir paytda ular odob-axloqsizlik ham qildilar. Zulm va adolatsizlikdan sabr kosasi to’lib toshgan qozoqlar qo’zg’olon ko’tarib Toshkent hokimining ukasi Mirzobiy va boshqa amaldorlarni o’ldirdilar. Shundan keyin Olmaotadagi qozoqlar, jumladan, qanjig’aliklar, qo’qlanlar, qo’tinchilar, dug’latlar, bistamchaliklar bosh ko’tarib qo’qonliklarni o’z istehkomlariga chekinishga majbur etdilar”.

Mallaxon davrida (1858-1862) ham ichki nizolar va toju taxt uchun kurashlar to’xtamadi. Rossiya tajovuziga qarshi xonlikda yagona harakat tashkil qilish esa hech kimning qo’lidan kelmadi.

1860 yilning yozida polkovnik Tsitterman boshchiligidagi rus askarlari To’qmoq va Pishpak qal’alarini bosib oldilar. Mahalliy muarrixlardan mulla Mirzo Olim Mushrif o’zining “Ansob us-salotin va tavorix ul-havoqin” asarida ruslarning Qo’qon qal’alarini bosib olganligi poytaxtda qanday aks-sado berganligi haqida, bu vaqtda ruslar Pishpakka hujum qilganliklari to’g’risida xabar olingandan keyin, bir masjid tarafiga borib yarog’-aslaharlarning barcha turlari bo’yicha mashq o’tkazilganini yozgan: “Bir kuni Mallaxon to’pchilarga, sarbozlarga qahr-g’azab bilan mashq buyurib, to’pdan nishonga ottirdi. To’pchilar harchand jon-jahdi bilan otsalar-da, nishonga urolmadilar. Shu onda Qovus dodxoh to’pchining boshini qilich bilan tanasidan judo qildilar. Bundan barcha xaloyiqning hushi ketib, jonlaridan umid uzdilar. Hamma qo’rquv va vahimaga tushdi. Mallaxon qahr-g’azabi pasaygandan keyin o’z qarorgohiga ketdi va ertasi Marg’ilonga jo’nadi”. Xonning amri bilan Shodmonxo’ja va Olimbek dodxoh rahbarligidagi qariyb 20 ming kishilik lashkar ruslarga qarshi yuborildi.

Mulla Olim Mahdumxo’ja “Turkiston tarixi” asari bu lashkarning Pishpak atrofidagi Bekat degan manzilda ruslar bilan qilgan jangini quyidagi tasvirlaydi: “Musulmonlar kofirlarni o’rab olib jangga shaylandilar. Bu vaqtda Olimbek va Qanoatshoh qo’shinlari o’rtasida kim sardorlik qilishi masalasi xususida kelishmovchilik yuzaga kelib, Olimbek raqibiga zarba berish uchun qo’shini bilan o’zini chetga tortdi. Bu bilan or-nomus va jasoratini yo’qotdi. Toshkentliklar quramaliklar bilan birgalikda “taqdir” degan so’zni baralla jaranglatib o’zlarini dushman o’qlariga urdilar. Mazkur satrlarning muallifi kaminai faqir esa “ko’p xudoliklarni o’ldiringlar!”, “Ey xudo, din himoyachilarini saqla!” degan xitob so’zlari bilan musulmonlarni ruhlantirib turdim. Musulmonlar o’zlarini kofirlarning o’qlar dengiziga tashlaganda dushman zambaraklaridan va miltiqlaridan shunday o’qlar otildiki, bamisolu osmonu falakdan chaqmoq va yashin yoqqandek bo’ldi. Hatto qiyomat-qoyim kuni kelganday bo’lib, to’plar va miltiqlardan otilgan o’qlarning ovozi farishtalarning karnaylari tovushiga o’xshab ketdi. Ko’p jasoratli va qahramon yigitlar misli ko’rilmagan azob-uqubatlar sharbatini ichib, o’zlarini olov bag’riga otdilar. Ayrim qahramonlar qilich bilan kofirlarning kallasini kesib tashladilar. Jang bu tarzda bir soat davom etdi. Pirovardida, tinimsiz davom etgan o’q yomg’irlarining dastidan qozoqlar va talonchi-ko’chmanchilar qochib tog’ning ichkari tomoniga bekindilar. Ammo qo’shinimiz kofirlardan yuzlarini o’girmay ertalabdan peshingacha urushdilar. Nihoyat, kofirlar musulmon o’qlaridan zaiflashib tepaliklar orqasiga ketdilar. Musulmon qo’shinining ko’p qismi Qanoatshoh boshchiligida jang maydonidan 9 chaqirim nariga joylashdilar. Qo’shinning boshqa qismi kechqurungacha dushmanga o’q uzib uni Kastakkacha chekinishga majbur qildi. So’ngra ular ham Qanoatshoh qo’shiniga qo’shildilar”.

Bu jangdan so’ng Qo’qon sarkardasi Qanoatshoh buzib tashlangan Pishpak qal’asini qayta tikladi. Ammo ruslar xonlik hududiga yangi hurujlarni zimdan tayyorlashda davom etdilar. Rossiya josuslik xizmati vaziyatni o’rganish uchun harakatlarini kuchaytira boshladi. Endi Rossiya ayg’oqchilari O’rta Osiyoning ichkarisiga sayyoh, olim, savdogar va elchilar niqobi ostida kirib kela boshladilar. Josuslik yo’sinida axborot to’plovchilar orasida P.P.Semyonov – Tyan-Shanskiyning nomi alohida ajralib turadi.

счетчик посещений