Qovun sayli

Poliz mahsulotlari pishganda hosilni yig’ishtirib olish munosabati bilan o’tkaziladigan bayramlar orasida Qovun sayli alohida o’rin tutgan.

Qovun sayli o’rta asrlarda katta tantanalar bilan o’tkazilgan. Sho’rolar davrida Qovun sayli boshqa milliy an’ana sifatida taqiqlangan bo’lsa-da, u ba’zi paytlarda o’tkazilgan. Jumladan, 1924 va 1927 yillarda Qovun sayli nishonlangan. 30-50- yillarda esa bu bayram o’tkazilmay qo’ydi. XX asrning ikkinchi yarmida Toshkent shahrida va respublikamizning boshqa joylarida Qovun saylini o’tkazish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Mustaqillik davrida bu bayram muntazam ravishda o’tkaziladigan bo’ldi. Endilikda zamonaviy Qovun sayli O’zbekistondagi hosil bayramlari ichida o’ziga xos o’rin tutadigan bo’ldi. Bu bayram poliz mahsulotlari pishganda nishonlanmoqda. Qovun saylining o’tkazilish usullari ham boshqa hosil bayramlarinikiga o’xshaydi. Unda ham qovun-tarvuzlarning eng yaxshi navlari namoyish etilib, ko’rgazmali tanlovlar, ko’riklar o’tkaziladi. Eng yaxshi qovun navlarini yetishtirgan mirishkorlar maxsus mukofotlar bilan taqdirlanadi. Qovun saylining diqqatga sazovor jihati unda qovun-tarvuz va poliz ekinlari mahsulotlari yarmarkalari tashkil etilishidir.

Keyingi paytlarda Qovun sayli Guliston, Toshkent madaniyat va istirohat bog’larida yaxshi uyushtirilmoqda. Chunonchi Toshkent shahrining Bobur, Ulug’bek istirohat bog’larida o’tkazilgan Qovun sayli shaharliklarga manzur bo’lib qolgan. Ulug’bek bog’idagi bu tantana karnay-surnay sadolari bilan boshlanadi. Toshkentliklar, Sirdaryo viloyati mirishkorlarini, bayramga kelgan mehmonlarni bog’ darvozasi oldida tantanali ravishda gullar bilan kutib oldilar.

Bayramning asosiy qahramon “Bobodehqon” o’zi yetishtirgan eng katta va shirin qovunni so’yib, qatnashchilarga ulashib chiqdi. Bu ramziy odat bayram boshlanganidan darak berardi.

So’ngra “Bobodehqon” va boshqa qahramonlar (Xo’ja Nasriddin, Quvnoq Xo’ja, Qovunboy, Tarvuzjon) birgalikda bog’da sayr qildi. Markaziy maydondagi ochiq sahnada bo’lgan mitingda bayram qahramonlari Qovun sayli an’analari, qishloq va shahar ahli o’rtasidagi azaliy do’stlik hamda bu yilgi mehnat mavsumi natijalari haqida so’zladilar. Shundan keyin, “Bobodehqon” to’planganlarida ikki kunlik bayram – Qovun sayli ochilganini e’lon qildi. Turli xalqlarning qo’shiq va raqslari, askiya, intermediyalardan iborat teatrlashtirilgan tomosha ko’rsatildi. Uni “Qovunboy” va “Tarvuzjon” olib borishdi. Bayram qatnashchilari polvonlar chiqishlarini tomosha qilishlarini tomosha qilishlari yoki raqs maydonida estrada ansambli jo’rligida o’yinga tushishlari mumkin. Yozgi kinoteatrda navbati bilan badiiy havaskorlik jamoalari konsert berishdi, qo’g’irchoq teatri spektakl ko’rsatdi. Kechqurun qiziqarli kinofilmlar namoyish qilindi. Turli xil taomlar, shirinliklar, ichimliklar qo’yilib, sharqona dasturxon bezatildi. Bayram vaqtida turli navli qovun va tarvuzlar savdo ko’rgazmasi tashkil qilindi.

Sayil tashkilotchilari yosh kelin-kuyovlarni sahnaga taklif etib, ularni eng shirin qovun bilan mehmon qildilar. “Bobodehqon”: “Sizlar nikoh qayd qilingandan so’ng hayotingizning birinchi kunini eng shirin qovunni totib ko’rish bilan boshladingiz, hayotingiz doimo shirin bo’lsin!” deb tilak bildirdi.

O’rta Osiyoda, jumladan, O’zbekistonda yetishtiriladigan qovunlarning dovrug’i dunyoga taralgan. Shu sababli, Qovun sayli faqat respuiblikamizdagina emas, balki O’zbekiston poliz mahsulotlari olib boriladigan joylarda ham tashkil etilgan. Agar poliz mahsulotlari (qovun, tarvuz)dan mo’l hosil yetishtiriladigan joylarda Qovun sayli o’tkazish an’ana tusini olayotgan bo’lsa, uzum yetishtiriladigan joylarda Uzum sayli (Masalan, Urgutda), anor yetishtiriladigan hududlarda Anor sayli (Masalan, Quvada), bog’dorchilikka ixtisoslashgan, olma yetishtirishda mashhur bo’lgan joylarda Olma sayli (Masalan, Namanganda) kabi bayram-sayillar o’tkazish ham an’anaga aylangan.

счетчик посещений