Qadimgi Baqtriya madaniyati va san’at

Antik davrda madaniy-iqtisodiy jihatdan yuksalgan davlatlardan biri Baqtriya davlati  hisoblangan. Baqtriya mustaqil davlat sifatida o‘z tasarrufiga hozirgi O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati, Turkmanistonning sharqiy qismi, Tojikiston Respublikasining Amudaryo bo‘ylari hamda Shimoliy Afg’oniston yerlarini qamrab olgan. Baqtriya haqidagi dastiabki ma’lum otlar «Avesto»da, yunonistonlik Ktesiy asarlarida, shuningdek, yunon solnomachisi Diodorning «Tarix kutubxonasi» nomli  asarida uchraydi. Shu bilan birga Baqtriya davlati haqidagi ma’lumotlar Behustun va naqshi Rustam yozuvlarida, qadimgi hind manbalari «Rigveda» rivoyatlarida, «Ramayana» dostonida uchraydi. Qadimgi Baqtriya davlati nafaqat Markaziy Osiyo hududidagi moddiy va ma’naviy madaniyatning taraqqiyotiga, balki o‘ziga qo’shni bo‘lgan boshqa davlatlarning madaniy-iqtisodiy taraqqiyotiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.

Eramizdan avvalgi 329-327-yillarda Baqtriya hududlarini Aleksandr Makedonskiy bosib olgan. Eramizdan avvalgi 135 yilga kelgach, qadimgi Baqtriya hududida Kushonlar saltanati tashkil etiladi.

Taniqli filolog olima F.Sulaymonovaning ta’kidlashicha, Baqtriya eski fors tilida Baqtrish, “Avesto”da Baxdi, hindlarning «Mahobhorat» dostonida Zariasp, yunoncha Baqtra, Alisher Navoiy asarlarida Baxtari, hozirgi tilda Balx deb yuritiladi. Baqtriya «Avesto»da «baxtli», «farovon», «bayroqdor», «shaharlar onasi» deb ta’riflanadi.

Qadimgi Baqtriya G’arb va Sharqqa boradigan savdo yo‘lining markazida joylashgan. Strabonning «Geografiya» asarida yozilishicha, Baqtriya Hindistonga boradigan uch yo‘lning, Xitoyga boradigan ikki yo‘lning va G‘arbga boradigan ikki yo‘lning ustida joylashgan, Birgina «Buyuk Ipak yo‘li»ning o‘zi uning madaniy jihatdan yuksalishida muhim rol o‘ynagan.

Baqtriya yirik shaharlar, qasrlar, istehkomli qal’alar va ibodatxonalari ko‘p bo‘lgan mamlakat hisoblangan. Shu sababli qadimgi Baqtriya «Shaharlar mamlakati» deb atalgan.

Yunon-Baqtriya davlati hududlarida ko‘plab rivojlangan shaharlar – hozirgi Afg‘oniston qismidagi Bagram, Baktra, Oyxonum kabilar; hozirgi Tojikiston qismida Kabadshoh, Kaykabod va boshqa shaharlar, hozirgi O‘zbekiston qismidagi Ko‘hna Termiz, Dalvarzin, Dunyotepa, Hayitobodtepa, Jondavlattepa kabi shaharlar mavjud bo’lgan.

Bu shaharlarda hunarmandchilik, Amudaryo bo‘yidagi shaharlarda yirik-yirik kemalar bo‘lmasa-da, kemasozlik va savdo-sotiq rivojlangan. To‘quvchilik, ko’nchilik, qurolsozlik ravnaq topgan bo’lib, hunarmandlar turli buyumlar va zeb-u ziynatlami oltin, kumush, bronza, qalay va qo‘rg‘oshindan yasaganlar. Baqtriyaning shimoliy hududlari (Kobadiyon)dan topilgan «Amudaryo xazinasi» nomi bilan mashhur bo‘lgan buyumlar  – 179 oltin, 7 kumush buyumlari va o‘sha zamonda zarb qílingan 1500 dona kumush va chaqa tangalar (ular orasida Yunon-Baqtriya podshohlari —  Diodot va Yevtidemlar tomonidan zarb qilingan tangalar ham bor), oltin zeb -ziynatlar, bilaguzuk, uzuk, marjon, quyma oltindan yasalgan odam, ot arava, echki, g‘oz, baliq va boshqa hayvonlarning haykalchalari, oltin jomlar Yunon-Baqtriya davlatida nafaqat hunarmandchilik va zargarlikning naqadar rivojlanganligidan, balki qadimgi baqtriyaliklarning yuksak estetik tafakkurga ega bo‘lganligidan ham dalolat beradi.

Baqtriya davlati eronlik ahamoniylar  hukmronligi ostida yashagan paytda Eron madaniyati ta’siri, ayniqsa, mahalliy xalq tilida sezilarli darajada bo‘lgan. Aleksandr Makedonskiy (Iskandar Zulqarnayn) boshchiligidagi yunon – makedonlar istilosi davriga kelib yunon madaniyati ta’siri kuchaygan.

Makedonskiy o‘z bosqinchilik siyosatini hamda Yunon-Makedoniya ta’sirini singdirishda mahalliy shart-sharoitni, xalqning azaliy an’analari, marosimlari va diniy e’tiqodini hisobga olgan bo‘lsa, salavkiylar bu siyosatni amalga oshirishda qattiqqo‘llik, ya’ni G‘arbga xos diktatura siyosatidan foydalandi. Mahalliy aholini, tining madaniyatini umuman inkor etish, noiblarni faqat yunonliklar orasidan tayinlash, mahalliy boshqaruvda ko‘plab G‘arbiy istehkomlar, inshootlar qurib, G’arbiy kuch orqali aholini bo‘ysundirib turish tadbirlariga zo‘r berganlar. Chunonchi, Aleksandrning yunon va mahalliy madaniyatlarni o’zaro uyg’unlashtirishdagi sa’y-harakatlari bo‘lganini bilgan holda, salavkiylarning, aksincha, tobe xalqlar orasida faqat yunon madaniyatini targ‘ib etishni vazifa deb bilganliklarini qayd etish lozim.

Ellinistik va mahalliy madaniyatlarning o‘zaro aloqasi. Yunon -Baqtriya davlati davridagi madaniyat ellinizm va mahalliy xalq madaniyatining o‘ziga xos, ya’ni iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’naviy hayot va mafkurada ellinizm va mahalliy xalq madaniyatlarining uyg‘unlashuvi tarzida ro‘y bergan. Mahalliy badiiy uslub natijasida yaratilgan buyumlar: oltin va kumush kosa, lagan, medalonlarga turli xil afsonalar, marosimlar, bayramlarning elementlari, xudolar, o‘simlik va hayvonlar tasviri tushirilgan. Xudolardan Anaxita va Mitra, olma ushlab turgan ona va chavandoz haykallari yaratilgan.

Bu davrning hukmron dini zardushtiylik bo‘lsa-da, mahalliy diniy tasavvurlar yunon mifologiyasidagi timsollar bilan chatishib ketgan. Agar hukmdor Demetriy tomonidan zarb qilingan tangalarga e’tibor bilan qaralsa, mahalliy xalq e’tiqod qilgan Naxid va yunonlarning Artemida xudolari bitta tangada tasvirlangan. Demak, Yunon-Baqtriya davlati davrida ham mahalliy xalqning, ham yunonlarning diniy qarashlariga e’tiqod qilish mavjudligicha qolgan.

Yerli xalq va yunon madaniyatining sintezlashib ketish hodisasi nafaqat tangalarda o‘z ifodasini topgan, balki bu hol arxitektura yodgorliklari va kulolchilikda ham uchraydi.

Yunon-Baqtriya davlati hududida hukmron til – yunon tili, tarixi, adabiyoti va madaniyatini o’rgatishga  mo’ljallangan  va uni targ‘ib qiluvchi ko’plab maktablar, gimnaziyalar, teatrlar, kutubxonalar tashkil etilgan.

Ellinizm madaniyatining, shu jumladan, Yunon-Baqtriya davlatchiligi va madaniyatining rivojlanishida o‘sha davr yunon-baqtriyaliklar dinlarining sintezlashuvi muhim rol o‘ynagan. Ikkala xalq e’tiqod qilgan xudolarning tangalar va ibodatxonalarni bezab turuvchi suratlari hamda haykallar va boshqalarda birgalikda tasvirlanishi yunon madaniyatining hukmronlikni butunlay o‘z ixtiyoriga olmaganligini ko’rsatadi. Masalan, arxetekturadagi yunoncha Ioniy va Korinf uslublaridagi ustunlardan foydalanish bilan birga ustunlarning muqarnas qismida qadimgi baqtriyaliklar, skif va yunonlar afsonalarida uchrab turadigan hayvon va odamlar qiyofasidagi ma’bud va ma’budalar qiyofasining ishlatilishi bu fikrimizning dalilidir.

Yunon-makedon istilochilari Baqtriya davlatini bosib olgach, jamiyat ma’naviy hayotida hukmronlikni o‘z qo’llariga olishga intiladilar. Diodot, Yevtidem, Yevkradit, Antimax kabi so‘nggi hukmdorlar Baqtriyani ellinlar yurtining bir bo‘lagi deb hisoblaganlar. Baqtriyada yunoncha uslubdagi shaharlarni barpo etadilar. Yunon-Baqtriya hududidagi eng yirik shaharlardan biri hisoblangan Oyxonum (Amu Aleksandriyasi)ga alohida e’tibor beradilar. Unda Yunoniston ruhini sezdirib turuvchi teatrlar, gimnaziyalar, kutubxona, Grek xudolari uchun  ibodatxona, qasrlar, saroylar, haykallar bilan bezatilgan favvoralarni quradilar.

Yoki yunonlar e’tiqod qiluvchi xudolar mahalliy xalq kiyimida, Zevs, Gelios kabi yunon xudolari baqtriyaliklar e’tiqod qiluvchi Mitra singari boshidan nur sochuvchi xudo shaklida tasvirlangan.

Aleksandr Makedonskiy baqtriyaliklarning madaniyati va san’atiga, urf-odatlari, marosimlari, diniy e’tiqodlari va hatto, kiyim-kechagiga alohida e’tibor berish orqali mahalliy xalq va yunon istilochilari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarni, ziddiyatlar va kelishmovchiliklarni bartaraf etishga, turli xalqlar qorishig’ini vujudga keltirish hamda yagona til va madaniyat birligini qaror toptirishga harakat qiladi. Natijada u saroyda mahalliy xalq udumlari va liboslarini joriy qiladi, mahalliy aholi bolalari uchun Yunon maktablarini tashkil etadi, aralash nikohga yo‘l ochadi.

Yunon-Baqtriya san’ati. Yunonlar o’z san’atlarining hukmronligiga erishishga harakat qildilar. Natijada mahalliy xalqning, ayniqsa,  shahar aholisining doimiy ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lib turuvchi va yunoncha ruhni sezdirib turuvchi san’at turlari: arxitektura, haykaltaroshlik va tasviriy san’atga mahalliy xalqning diniy e’tiqodi va ruhiyatiga chuqurroq kirib borish maqsadida yunon xudolariga e’tiqod qilishni yoyishga alohida e’tibor berdilar, yunoncha uslub asosida qurilgan shaharlarni bunyod etdilar. Bu shaharlar jumlasiga hozirgi shimoliy Afg‘oniston hududidagi qadimgi Oyxonum, hozirgi Tojikiston hududidagi qadimgi Saksanoxur va Taxtisangin, hozirgi O‘zbekiston hududida qurilgan qadimgi Dalvarzintepa, shuningdek, Yerqo‘rg‘on Aleksandriya esxata (chekka Aleksandriya) va boshqa shaharlarni kiritish mumkin. Mazkur shaharlar arxitekturasida yunonlarning Ioniy va Korinfcha uslublandan, bazalt ustunlar, ustunlarning muqamas qismidaa kanf yaproqlari, palmetta tasvirlaridan keng foydalandilar.

Bu sa’y – harakatlar, birinchidan, mahalliy xalqning haykaltaroshligi, arxitekturasi, tasviriy san’ati va badiiy hunarmandchiligiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan bo’lsa, ikkinchidan, mahalliy xalq san’atining rivojlanishiga sabab bo’ldi.

Ellinistik san’atning mahalliy xalq san’atiga ko’rsatgan ta’siri, eng avvalo, mahalliy san’atkorlarning ellinlar san’atidan andaza olishi, ya’ni unga taqlid qilishi shaklida (yuqori qismida haykalning bosh qismi o‘rnatilgan, Zevs va Dionis haykallari tagliklari, Afrodita haykallarining topilishi), ikkinchidan, yunonlar san’atiga mahalliy san’atkorlarning ijodiy yondashuvlari shaklida (Gerakl, Afma va Nikalarning sopoldan yasalgan terrakota haykalchalari) ko’zga tashlanadi.

Yunon arxitekturasi uslublari binolarning tashqi ko‘rinishlarida ham o‘z ifodasini topgan. Ayniqsa, inoning devor peshtoqlarida piramon (peshtoqda naqsh yoki bo‘rtma haykalchalar)dan foydalanilgan. Masalan, Ko‘hna Ayritom shahri xarobalari o‘rganilganda, bino peshtoqida ishlatilgan 7 ta piramon topilgan. Bu piramonlarda qo‘shnay, chiltor, ud, hind nog‘orasi chalayotgan sozandalar, qo‘llarida gulchambar, meva va idishlar ko‘tarib ketayotgan yigit va qizlarning bo’rtma (relyefli) haykallari tasvirlangan.

Yunon-Baqtriya davlatida nafaqat arxitektura, haykaltaroshlik va tasviriy san’at taraqqiy etgan, balki teatr va musiqa san’atlari ham ancha rivojlangan. Bunga misol tariqasida Baqtriya hududidagi Oyxonum shahri xarobalari tagidan topilgan bir nechta teatr qoldiqlarini ko’rsatish mumkin. Bu teatrlarda yunonlar tragediyalari sahnalashtirilgan. Mahalliy aholiga tushunarli bo‘lishi uchun tragediyalar namoyishida ko’proq «maskars» (niqob) va «mimo (so‘zsiz harakat) uslublaridan foydalanganlar. Raqs, ko‘zbo‘yamachilik, masxarabozlik, akrobatik harakatlar va musiqa spektakllaming muhim elementlari hisoblangan.

Amaliy bezak san’atida ko’proq afsonaviy ramzlardan foydalanilgan. Binoning muqamas qismiga sherlar, yirtqich qushlar, burgut yoki arslon boshli, arslon gavdali bahaybat qanotli maxluq — grifonlar, idishlar sirtiga esa turli hayvonlar tasviri tushirilgan.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, eramizdan avvalgi III asrdan to Kushonlar davrigacha bo’lgan uzoq davr davomida qadimgi Baqtriya madaniyatining rivoji bevosita ellinistik madaniyat  ta’siri ostida tadrijiy ravishda rivojlangan. Shu boisdan ham Baqtriyada ellinistik san’at namunalari yetuk darajaga ko’tarilgan.