Suhbatdoshingiz rost gapiryaptimi?

Biz kattalar farzandlarimizga hamisha: “yolg’on gapirma, bo’yningga qilich kelsa ham rost gapir…”, deymiz, ammo o’zimiz bunga amal qilamizmi?..

Ruhshunoslarning fikricha, odamlar rost gapirish bilan birga ora-chora yolg’on ham gapirib turar ekanlar.

Tadqiqotchilar bir guruh talabalar, uy bekalari va tadbirkorlarni test sinovidan o’tkazishdi. Natijalar shuni ko’rsatdiki, odamlar suhbatdoshlaridan kuniga ikki-uch bor yolg’on gap eshitishar ekan. Ya’ni, agar biz biron kishi bilan o’n daqiqa so’hbatlashsak, shuning 2-3 daqiqasi yolg’onga sarflanar ekan. Biroq bu yolg’onlar bezarar, birovga yomonlik keltirmaydigan va balki ko’ngilni ko’tarish uchun ishlatiladigan manziratlardir.

Qarangki, yolg’on gapirish kishining jinsiga, kasb-kori, yoshi, bo’yining past yoki balandligiga bog’liq emas ekan.

SEVISHGANLAR NIMA DEYISHADI?

Tadqiqotlar mobaynida psixolog-olimlar bir guruh sevishganlar bilan suhbat o’tkazishdi. Shunda ularning 80 foizi sevgan insondan o’tmishini yashirgan. O’tmishi haqida umuman gapirmaslik sevishganlarga xos xususiyat ekan.

ER-XOTINLAR-CHI?

Ma’lum bo’lishicha, er-xotinlar bir-birlarini, iloji boricha, aldamaslikka harakat qilishar ekan. Ahil oilalarda 10 foizgina yolg’on ishlatilarkan, xolos.

Ayollar asosan erlarining sha’nini himoya qilish uchun yolg’on gapirishadi. Ammo erkaklar ishqiy sarguzashtlari borasida ayollarga nisbatan sakkiz marta ko’proq yolg’on gapirishadi.

Izoh: odamlar begonalarga nisbatan yaqin kishilarini ko’proq aldashadi. Tadqiqotlar paytida har to’rtinchi odamdan birsi faqat yaxshi niyatda aldashini aytgan.

Masalan: “umrimda bu qadar shirin taom emagandim!”deya mulozamat qilish ham (agar o’sha taom aslida bemaza bo’lsa) yolg’on hisoblanadi.

Odam ba’zan o’zini himoya qilish uchun, aytaylik birovning uyiga suv toshirib yuborganida haqiqatni chetlab o’tishga harakat qiladi. Shuningdek, sevgisi rad etilgan insonlarga ham yolg’on ishlatilib turiladi: “siz ranjimang, aslida bundan ham go’zal qizning muhabbatga loyiqsiz”, “sizday qizning qadrini bilmaganiga hali ko’p pushaymon qiladi”, kabi gaplar tasallilar beriladi.

KO’ZLAR — KO’ZGU

Bunday ta’rif bejizga berilmagan. Ko’zlar so’zimizga nisbatan ko’proq ma’lumotni oshkor etadi.

Olimlar ikki suhbatdosh ustida g’alati tajriba o’tkazishdi. Suhbat asnosida yolg’onchining ko’z harakati, ko’z qorachig’i suratga olindi. Xulosa o’sha-o’sha: yolg’onchi aldayotib suhbatdoshining ko’ziga qaramaslikka urindi.

Shu bois sizga ishonishlarini istasangiz, so’zlayotganda ko’zingizni olib qochmang. Odamlar erga boqib yoki chetga qarab gapiradiganlarga kamroq ishonch bildirishar ekan.

TIKILIB, TIKILIB QARAYSAN…

Garchi suhbatdoshingiz sizdan umuman ko’z uzmasa-da, bu uning sizga nisbatan samimiy ekanini bildirmaydi. Bunday holatda suhbatdoshning ko’z qorachig’iga e’tibor qilish zarur. Agar u kengayib ketgan bo’lsa, bu inson sizni yoqtiradi, toraygan holatdagisi sizni jini suymasligini bildiradi.

YANA QANDAY BELGILAR BOR?

Kishilar yolg’on so’zlayotganda beixtiyor og’zini kaftlari bilan berkitishadi.

Tadqiqotchilar hamshiralarga bemorlar ahvoli xususida yolg’on so’zlashni buyurishdi. Shunda ular beixtiyor qo’llarini og’izlariga olib borishdi.

  • Agar suhbatdoshingiz gaplashayotib, qo’lini labiga tekkizsa, dahanini silab qo’ysa, undan eshitganlaringizning rost yoki yolg’onligini tekshirib ko’ring.
  • Agar odam suhbat chog’ida ko’zini ishqalasa, quloq solinchagini ushlab, yoqasini ko’tarib qo’ysa, boshini qashisa, uningyolg’on gapirayotgani ehtimoldan holi emas. Agar tinglovchi shunday qilsa, bu uning suhbatdoshiga ishonmayotganligini bildiradi.

    TOVUSHLAR HAM SO’ZLAYDI

Ovozning qanday jaranglashi orqali ham yolg’onchini fosh etish mumkin. Aslida yolg’onchilar baland ovozda gapirishadi, shu tahlit ishonchni kuchaytirishga urinishadi. Ammo ovozning notabiiy chiqishi ham yolg’onni fosh etadi.

Olimlar mashhur siyosatchi va san’atkorlar ovozini yozib olib, uni ekspertlarga qo’yib berishdi. Faqat ular ovoz egasini tanib qolmasliklari hamda matn mazmunini yashirish niyatida ovozni teskarisiga, oxiridan boshlab qo’yishgan. Shunda qiziq bir holat namoyon bo’ldi. Garchi siyosatchilar kelajakka umid, ishonch, mehr-oqibat haqida so’zlagan bo’lsalar-da, ularning tovush ohangida bosim o’tkazish va bezovtalik sezilib turgan.San’atkorlar esa asosan san’at sohasidagi qiyinchilik va muammolar haqida so’zlashgan. Ammo ularning ovoz jarangida tinchliksevarlik, samimiyat va nekbinlik ufurib turgan. Ekspertlar ovozlardagi ohangni tinglab siyosatchilar bilan san’atkorlarni juda aniq ajratishgan.

SEVGILISINING ISMINI AYTIB YUBORDI…

“Rost so’zning asosiy belgisi oddiylik va fikrni aniq ifodalashdir. Yolg’on so’z murakkab, tushunarsiz va serbo’yoq bo’ladi”, — degan edi Tolstoy.

Yolg’onchi suhbatdoshini asosiy mavzudan chalg’itish niyatida ko’p gapiradi. Shu bilan birga bir fikrni ikki-uch xil shaklda takrorlab charchamaydi. Ba’zi yolg’onchilar aldashning nisbatan ishonarli usulidan foydalanishadi. Ya’ni, ular rost gapga yolg’on qo’shib gapirishadi. Bu holatda ularni ajratish qiyinlashadi.

Ba’zi “boshlovchi” yolg’onchilar so’zlarni noto’g’ri qo’llashadi, gapdan adashib ketib, to’xtab qolishadi. Baland ovozda gapirib, terlab ketishadi. ¢irt aldoqchilar esa kiprik qoqmay avrashadi. Ammo ular ham baribir xatoga yo’l qo’yishadi. Ba’zi “shovvoz”lar xotinining emas sevgilisining ismini aytib yuborishadi.

Nutqdagi xatoliklar orqali inson shaxsi, uning ichki, yashirin muammolari va istaklari borasida ko’p narsani bilib olish mumkin.

Xulosa shuki, ba’zida kishining nima haqida gapirayotganidan ko’ra, qanday so’zlayotgani muhim.

счетчик посещений