O’zbekiston tarixi

O‘ZBEKISTON INSONIYAT TSIVILIZATSIYASINING QADIMGI O‘CHOQLARIDAN BIRI

Vatanimiz qadimdan odamzod yashab kelayotgan o‘lka. Ibtidoiy jamiyat, uning davrlari.

Insoniyat qadim-qadimdan o’z davriga xos turmush tarziga, moddiy va ma’naviy madaniyatga, ya’ni ma’lum darajadagi tsivilizatsiyaga ega bo’lgan. Davrlar o’tishi bilan insoniyat tsivilizatsiyasi darajasi o’sib, rivojlanib, takomillashib borgan. Bu jarayon odamlarning mehnat qilish usuli qanchalik darajada moddiy va ma’naviy boyliklarni yaratish va ko’paytirib borishi bilan bog’liq kechgan.

U yoki bu tsivilizatsiya haqida so’z borganda insoniyatning yashash uchun kurashi, tinimsiz mehnati, ma’naviyat va ma’rifatga intilishi tufayli o’zi uchun yaratgan jismoniy va madaniy qulayliklari – ov va mehnat qurollari, kiyim-bosh, uy-joy va oilaviy munosabatlari, ishlab chiqarish usullari, maishiy xizmat vositalari, ijtimoiy ongi va ma’naviy dunyosi, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-huquqiy munosabatlari darajasi bilan tavsiflanadigan ma’lum bir tarixiy davr tushuniladi. Masalan, Qadimgi Sharq tsivilizatsiyasi, Antik Yevropa tsivilizatsiyasi, Islom tsivilizatsiyasi, Xristian tsivilizatsiyasi, hozirgi zamon tsivilizatsiyasi kabi tushunchalarda insonlarning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayoti, turmush tarzi, ma’naviy qiyofasi, axloqi, bilim saviyasi, mehnat qurollari va hokazo jihatlari mujassamlashgan bo’ladi.

Har bir mintaqada tsivilizatsiya davriy nuqtai nazardan ertaroq yoki kechroq, o’ziga xos shaklda shakllanib, rivojlanib borgan. Tarixiy, ilmiy tadqiqotlar bizning Vatanimiz – O’zbekiston insoniyat tsivilizatsiyasining qadimgi o’choqlaridan biri ekanligidan dalolat bermoqda.

XX asrning birinchi yarmidan boshlab arxeolog olim V.L.Vyatkin boshliq guruh Samarqand, Xorazm va Termizda, M.E.Masson boshliq arxeologlar guruhi Ohangaron vodiysida, A.A.Potapov Farg’ona vodiysida qidiruv va qazish ishlari olib bordilar. 30-40-yillarda O’zbekiston, Moskva va Leningrad olimlari hamkorligida bir necha arxeologik ekspeditsiyalar tashkil etildi. Termiz ekspeditsiyasiga M.E.Masson, Xorazm ekspeditsiyasiga S.P.Tolstov, Zarafshon ekspeditsiyasiga A.Yu.Yakubovskiy rahbarlik qildilar. Bular tomonidan nafaqat O’zbekiston, butun Markaziy Osiyoning qadimgi tarixini, ajdodlarimizning ibtidoiy jamoa tuzumi, turmush tarziga oid qator qimmatli asarlar yaratilgan. Bular orasida V.M.Massonning «Strana tisyachi gorodov» – M., «Nauka», 1966, A.P.Okladnikovning «Paleolit i mezolit Sredney Azii / Srednyaya Aziya v epoxu kamnya i bronzi» – M.-L., 1966, S.P.Tolstovning «Drevniy Xorezm. Opit istoriko-arxeologicheskogo issledovaniya» -M., 1948, V.A.Shishkinning «Afrasiab – sokrovishchnitsa drevney kulturi» – T., «Fan, 1966, «Arxetekturnie pamyatniki Buxari» -T., 1936 va boshqa asarlar bor.

Ikkinchi jahon urushidan so’ng Markaziy Osiyo xalqlarining qadimgi tarixini o’rganish maqsadida yirik arxeologik ekspeditsiya guruhlari tashkil etildi. S.P.Tolstov boshliq Xorazm arxeologik-etnografik ekspeditsiyasi, A.N.Bernshtam boshliq Pomir-Oloy va Pomir-Farg’ona ekspeditsiyasi, Ya.G’.G’ulomov va V.A.Shishkinlar boshliq Zarafshon arxeologik ekspeditsiyasi tadqiqot ishlari olib bordi. Mazkur ekspeditsiyalarda qatnashgan tadqiqotchilar muhim asarlar yaratdilar. S.P.Tolstovning «Po sledam drevnexorazmiyskoy tsivilizatsii» -M-L., 1948, A.N.Bernshtamning «Drevnyaya Fergana /Nauchnopopulyarniy ocherk/» -T., 1951, Ya.G’.G’ulomovning «O’zbekistonda arxeologiya fanining rivoji» -T., 1956, «Qadimgi madaniyatimiz izlaridan» -T., 1960 va «Xorazmning sug’orish tarixi» -T., 1957 ana shular jumlasidandir.

Keyingi yillarda respublikamizning taniqli arxeolog olimlari- A.Asqarov, O’.Islomov, A.R.Muhammadjonov, E.V.Rtveladze, T.Shirinov va boshqalar yetakchiligidagi tadqiqotchilar O’zbekiston qadimgi tarixining paleolit, mezolit, neolit, eneolit, bronza davrlarini o’rgandilar. Tadqiqot ishlari Vatanimizning barcha vohalarida – Zarafshon, Surxondaryo bo’ylarida, Xorazm va Farg’ona vodiysida, shuningdek cho’l va dasht o’lkalarida ham keng olib borildi. Ular tomonidan qator ilmiy, ommabop asarlar, o’quv qo’llanmalari yaratildi. Bular orasida A.Asqarovning «Buxoroning ibtidoiy davr tarixidan lavhalar» -T., Fan, 1973, «Sopollitepa» -T., 1973, «Drevnezemledelcheskaya kultura epoxi bronzi Yuga Uzbekistana» -T., 1977; O’.Islomovning «Peshchera Machay»,-T.,1975, «Obishirskaya kultura» -T.,1980; A.R.Muhammadjonovning «Qadimgi Buxoro» – T., 1991; T.Shirinovning «Orudiya proizvodstva i orujie epoxi bronzi sredneaziatskogo Mejdurechya» -T., 1985; E.V.Rtveladze va A.Sagdullaevlarning «Pamatniki minuvshix vekov» -T., 1986; E.V.Rtveladze, A.X.Saidov va Yo.V.Abdullaevlarning «Qadimgi O’zbekiston tsivilizatsiyasi: davlatchilik va huquq tarixidan lavhalar» -T., 2001 kabi asarlar alohida o’rin tutadi.

Mazkur asarlarni, shuningdek, Vatanimizning qadimgi davri tarixiga oid boshqa asarlarni o’rganish orqali O’zbekiston odamzod ilk bor paydo bo’lgan o’lka ekanligini anglash, ajdodlarimizning qadimgi hayoti, turmush tarzi, moddiy va ma’naviy madaniyati haqida zarur bilimga ega bo’lish mumkin.

Jamiyatshunos va tabiatshunos olimlar er sharida hayotning paydo bo’lishi, odamlarning vujudga kelishi, muammolari ustida uzoq yillardan beri tadqiqot ishlari bilan shug’ullanib kelmoqdalar. Bu haqda diniy va dunyoviy ta’limotlar, rivoyatlar mavjud.

Xristian dini odamzod xudo tomonidan bundan 7 ming yil burun qizil loydan yaratildi,dastlabki odamlar Adam va Evadan tug’ilgan deb ta’riflaydi. Islom dini odamning Olloh tomonidan tuproqdan yaratilib, unga jon kiritilgani, dastlabki odamlar Odam Ato va Momo Havo bo’lganligi haqida, ularning qachon yaratilganligini Ollohdan o’zga hech kim bilmaydi, bu yolg’iz ungagina ayon degan g’oyani ilgari suradi. Yunon olimi Arastu odamning paydo bo’lishini erda hayotning paydo bo’lishi va rivojlanishi jarayoni bilan bog’lab tushuntiradi,odamzod oddiydan murakkabga, hayvonot olamidan odamzod dunyosiga o’sib chiqdi, deb ta’kidlaydi. Jeyms Manboddo odam oliy turdagi maymunsimon odamdan vujudga kelgan, degan g’oyani ilgari suradi.

Ingliz olimi Charlz Darvin yevropalik arxeologlarning Gibraltar qoyasi, Germaniyaning Neandertal vodiysi va Avstriyadagi tadqiqotlarning natijalarini tahlil qilib, odamlarning ajdodlari daraxtda yuruvchi eng oliy turdagi maymunsimon odamlar /driopiteklar/ bo’lganligi haqidagi evolyutsion nazariyani ilgari suradi. U har qanday maymundan odam paydo bo’lmasligini, odamlarning ajdodlari bo’lmish driopiteklar allaqachon o’lib ketganligini ta’kidlaydi.

Shuningdek, odam har doim, hamma vaqt ongli bo’lgan, odam Olloh tomonidan yaratilmagan, maymundan odam paydo bo’lishi mumkin emas, odam boshqa sayyoralardan kelgan degan rivoyatlar ham bor. Demak, sayyoramizda odamzodning qachon va qanday paydo bo’lgani haqida aniq, uzil-kesil fikr yo’q deyish mumkin, bu muammoligicha qolmoqda. Turli ixtisosdagi olimlar tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar uzoq o’tmishning sirli jarayonlariga yanada teranroq nazar tashlashga , kamtarona bilimlarimizni yanada oydinlashtirishga ko’maklashib boraveradi.

Hozircha fanda odamzod tabiatning bir qismi, u sayyoramizda taraqqiyotning ma’lum bosqichida vujudga keldi, kishilik jamiyati mehnat tufayli takomillashib bordi, dastlab odamlar ibtidoiy to’da shaklida, keyinroq urug’- jamoa bo’lib yashaganlar, degan xulosa barcha rivoyatlardan ustunlik qilmoqda.

Olimlarning ibtidoiy jamiyat tarixini o’rganishga doir tadqiqotlari insoniyatning ibtidoiy to’da va jamoa davri ko’pgina mintaqalarda, jumladan, bizning o’lkamiz hududida deyarli bir-biriga o’xshash bo’lganligini, bir-biriga o’xshash bosqichlarni bosib o’tganligini ko’rsatadi.

Ibtidoiy jamiyat odamlarining yashash tarzi, jismoniy va aqliy tuzilishi, ular tomonidan yasalgan mehnat qurollarining turi va materialiga ko’ra bir qancha davrlarga bo’linadi. Arxeologlarning Afrika va Yava orolida olib borgan tadqiqotlari sayyoramizda odamlar 3-2,5 million yillardan beri yashab kelayotganligini ko’rsatadi. Taxminan ana shu davrdan boshlangan ibtidoiy jamiyat mehnat qurollari toshdan yasalgani sababli paleolit (grekcha «palayos» – qadimgi, «litos» -tosh degan ma’noni bildiradi) – qadimgi tosh davri deb ataladi.

Paleolit davri o’z navbatida uch bosqichdan – ilk paleolit, o’rta paleolit va so’nggi paleolitdan iborat.

Ilk paleolit bundan 3-2,5 million yillardan 100 minginchi yillargacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi. Arxeologlar ilk paleolit davrida taxminan 700- 300 ming yillar ilgari bo’lib o’tgan Shel va taxminan 300-100 ming yillar ilgari bo’lib o’tgan Ashel davri bo’lganligini ham ta’kidlaydilar.

O‘rta paleolit bosqichi bundan 100-40 ming yillar ilgarigi davrdir. Arxeologiyada bu davr Muste madaniyati ham deb yuritiladi.

So‘nggi paleolit bosqichi miloddan taxminan 40-12 ming yillar ilgarigi davrdir.

Ibtidoiy jamiyatning ikkinchi davri mezolit /yunoncha «mezos» – o’rta, «litos» – tosh degan ma’noni bildiradi/ – o’rta tosh davri deyiladi va u miloddan avvalgi 12 minginchi yillardan 7 minginchi yillargacha davom etadi.

Bu odamlarning paleolit va mezolit bosqichlaridagi termachilik va ovchilikka asoslangan turmush tarzi tabiatdagi tayyor narsalarni o‘zlashtirish, iste‘mol qilish xo‘jaligi deb ham ataladi.

Mezolit davrida tarixiy taraqqiyotning notekis rivojlanish qonuni amal qila boshlaydi. Negaki, sayyoramizning turli mintaqlaridagi tabiiy iqlim sharoiti turlicha bo’lganligi sababli ayni bir vaqtning o’zida yashash uchun qulay iqlim sharoitlari mavjud bo’lgan hududlarda rivojlanish tezroq, noqulay hududlarda sekinroq borganligi kuzatiladi.

Uchinchi davr Neolit /yunoncha «neos» – yangi, «litos» tosh degan ma’noni bildiradi/-yangi tosh davri bo’lib, unga miloddan avvalgi 6-4 minginchi yillar kiradi.

Neolit davri odamlarning dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik orqali iste’mol qilinadigan mahsulotlarni o’zlari yaratishga asoslangan turmush tarzi ishlab chiqarish xo‘jaligi shakllangan bosqich deb ham ataladi.

To’rtinchi davr eneolit, ya’ni misdan qurollar yasash o’zlashtirilgani uchun tosh-mis davri deyiladi, u miloddan avvalgi 4 minginchi yillarda yuz beradi.

Beshinchi davr bronza, ya’ni mis va qalay qotishmasidan mehnat qurollari yasash o’zlashtirilgan davr bo’lib, miloddan avvalgi 3-2 minginchi yillarni o’z ichiga oladi.

Miloddan avvalgi bir minginchi yillar boshlarida temirdan turli qurollar va asbob-uskunalar yasashning o’zlatirilishi natijasida temir asri boshlanadi.

Ibtidoiy jamiyat davrlarining xronologik yillari taxminan belgilangan bo’lib, ma’lum bir davr ayrim mintaqada oldinroq, boshqasida keyinroq boshlanishi va tugallanishi mumkin, albatta.

Tarixiy tadqiqodlar kishilik jamiyatining neolit va undan keyingi davrlarga o’tishi zamon nuqtai nazardan sayyoramizning turli mintaqalarida har xil vaqtlarda sodir bo’lib, keyingi davr oldingilaridan qisqaroq bo’lib borganligidan guvohlik beradi. Bu jarayonni zamon va makonda tarixiy rivojlanish sur‘atlarining jadallashish qonuni bilan izohlash mumkin bo’ladi.

Mamlakatimizda odamlarning paleolit davri manzilgohlari.

Mamlakatimizning ilk paleolit davri, geologlarning hisobiga ko’ra, tabiiygeografik jihatdan yozi issiq, qishi sovuq, yog’ingarchilik kam bo’lgan iqlim tartibi qaror topgan davrga to’g’ri keladi. Ana shu sharoitga mos ilk odamlar, xayvonot olami va o’simliklar dunyosi shakllanadi. Bir necha yuz ming yillar davomida tabiiy muhit ham o’zgarib bordi. Ilk paleolitning oxirgi bosqichlarida sayyoramizni muzlik qoplab iqlim keskin soviydi, tez-tez yog’ingarchilik bo’ladigan bo’lib qoladi. O’lkamizda cho’l va voha landshaftlari shakllanib, o’simliklar va hayvonlar dunyosi o’zgarib boradi. Odamlar ham jismoniy, ham aqliy jihatdan takomillashadi.

O’zbekiston hududida ilk paleolit davri odamlari yashagan manzilgohlar Farg’ona vodiysining So’x tumanidagi Selung’ur g’oridan va Toshkent viloyatining Angren shahri yaqinidagi Ko’lbuloq makonidan topilgan va o’rganilgan.

Selungur g’ori 1958 yilda arxeolog A.P.Okladnikov, 1980 yildan boshlab arxeolog olim O’.Islomov tomonidan o’rganilgan. Tadqiqotlar Selungur manzilgohida odamlar paleolit davrining barcha bosqichlarida yashaganligini ko’rsatadi. Bu manzilgohdan ajdodlarimizning suyak qoldiqlari, ularning toshdan yasalgan mehnat qurollari hamda ular ovlab tirikchilik qilgan ayiq, qoplon, karkidon, sirtlon, ohu va boshqa hayvonlarning suyaklari topildi. Olimlar Selungur g’orida bundan 1,5 million yillar ilgari odamlar yashagan, degan xulosaga keldilar. Selungur tadqiqotlarining ahamiyati shundaki, u mamlakatimiz odamzod ilk bor paydo bo’lgan mintaqalardan biri ekanligini isbotlab berdi.

Ilk paleolit davri odamlarining manzilgohlaridan yana biri Toshkent viloyati Chotqol tog’ining janubiy-sharqiy yonbag’ridagi Jarsoyning qirg’og’idagi Ko’lbuloq makonidir. 1963-1970 yillarda arxeolog M.R.Qosimov rahbarligidagi guruh Ko’lbuloq makonida 10 dan ortiq qatlamni o’rgandi. 730- 830 sm. chuqurlikda joylashgan ikki quyi qatlam ilk paleolit bosqichiga to’g’ri keladi. Bu qatlamlardan yirik, dag’al ishlangan tosh qurollar va hayvon suyaklari topiladi. Ko’lbuloq makonining yuqoriroq qismidan topib o’rganilgan boshqa madaniy qatlamlar bu erda odamlar paleolit davrining o’rta va so’nggi bosqichlarida ham istiqomat qilganliklarini isbotladi.

Eng qadimgi odamlar hozirgi vaqtdagi odamdan anchagina farq qilardi. Ular ikki oyoqlab, oldinga engashgan, qo’llarini tizzasigacha osiltirgan holda yurganlar, qo’llari oddiy ishlarni – biron narsani ushlash, urish, yer kovlash kabilarni bajarishga qodir bo’lgan. Qadimgi odamlarning peshonasi tor, miyasi kichik bo’lgan, hali gapira olmagan, uzuk-yuluq ovozlar chiqarib g’azab va qo’rquv, yordamga chaqirish alomatlarini bildirganlar.

Ilk paleolit odamlari ov qilish, terib-termachilab ozuqa topish uchun toshdan, suyakdan, daraxt shoxlaridan turli mehnat qurollari yasaganlar. Shu tufayli ularni «homo-habilis»- «bilag‘on odam» deyiladi.

Ilk paleolit davrida odamlar to’da-to’da bo’lib asosan g’orlarda yashaganlar, tabiatdagi tayyor narsalarni-daraxtlarning mevalarini, o’simlik ildizlarini kovlab yeb tirikchilik qilganlar. Ular birgalashib yirik hayvonlarni ovlab, ushlab yeganlar, shuningdek, mayda jonivorlarni, ularning tuxumlarini ham iste’mol qilganlar.

Shunday qilib, qadimgi odamlarning mashg’ulotlari terib ozuqa topish, hayvonlarni ovlash, tosh qurollari yasash va ularni mukammallashtirishdan iborat bo’lgan. Mana shunday mehnat jarayonida odamlarning o’zlari ham o’zgarib, takomillashib borgan.

Mamlakatimiz hududida o‘rta paleolit yoki muste davri, avvalo, odamlar qiyofasining o’zgarishi, neandertallarning1 vujudga kelishi bilan farqlanadi. Ularning peshonasi va jag’ tishlari bo’rtib chiqmagan, miyasi kattaroq bo’lgan, tik yuraolgan. Surxondaryo viloyatining Boysun tog’idagi Teshiktosh g’ori o’rta paleolitga xos neandertal turidagi odamlarning manzilgohi ekanligidan dalolat beradi. G’ordan 8-9 yashar bolaning qabri, kalla suyagi, odam suyaklarining qoldiqlari, ular ovlab tirikchilik qilgan hayvon suyaklari, toshdan yasalgan o’choq, kul qatlamlari, hayvon va qushlarning suyaklari topilgan.

O’rta paleolit odamlarining manzilgohlari Teshiktosh yaqinidagi Amir Temur g’oridan, Samarqand viloyatining Omonqo’ton, Qo’tirbuloq, Zirabuloq, Toshkent viloyatining Xo’jakent, Obirahmat, Farg’ona vodiysining Qayrag’och qishlog’idagi Boqirg’on darasi, Palmon qishlog’i yaqinidagi Xo’jaxayr soyi, Buxoro viloyatining Qizil Nura, Navoiy viloyatining Uchtut deb atalgan tog’ yon bag’irlaridagi o’ng’ur va buloq yoqalaridan topildi va o’rganildi. O’rta Osiyoda bu davrga mansub 50 dan ortiq manzilgoh topilgan. Bu manzilgohlardan turli xil tosh qurollari, hayvon shoxlari va suyaklari topilgan. Odamlarning mehnat qurollari yasash uchun qulay, qattiqroq va tez parchalanadigan chaqmoq toshlarni Navoiy viloyatidagi Ijont va Uchtutda, Farg’onadan 40 km uzoqroqdagi Qapchig’oydagi tosh konlaridan topganligi, toshga ishlov berish ustaxonalaridan foydalanganligi aniqlangan. Chaqmoq toshdan o’tkir qirrali pichoqlar, qo’l chopqichi, qiradigan kurakcha, teshadigan bigiz va boshqa qurollar yasalgan.

Dastlabki odamlar hayvonlar kabi osmonda sodir bo’ladigan momoqoldiroq va chaqmoq zarbidan, vulqon otilganda paydo bo’ladigan olov lavasidan, dahshatli yong’indan qo’rqar edi, keyinchalik undan foydalana boshlaydilar, olovni o’chirmaslik uchun navbatchilik qilib, olovga shox-shabba tashlab turishgan.

O’rta paleolit davri odamlari ishqalash orqali olovni kashf etganlar, gulxanda pishirilgan mazali va to’yimli go’sht iste’mol qilishgan, yirtqich hayvonlarni olov bilan qo’rqitishgan. Olovni bilib olish odamlar hayotida, ularning hayvonlar ustidan hukmronlik qilishida katta ahamiyatga ega bo’lgan.

O’zbekiston hududida so‘nggi paleolit odamlari yashagan anchagina manzilgohlar topilgan. 1939 yilda Samarqand san’at va madaniyat tarixi muzeyining xodimi N.G.Xarlamov Samarqand shahridan o’tgan Siyobcha soyi yoqasidan so’nggi paleolit davriga xos odam manzilgohini topadi. Bu manzilgohda Samarqand davlat universitetining arxeologlari D.N.Lev va M.Jo’raqulovlar tomonidan o’tkazilgan izlanishlar natijasida uchta madaniy qatlam ochilib o’rganiladi. Bu makondan odam skeletlari, ikkita pastki jag’ suyagi, hayvon suyaklari, chaylasimon kulba izlari, uning markazida o’choq va kul qatlamlari, 10 mingga yaqin tosh qurollari /tosh pichoq, qirg’ich, tosh bolta/ topilgan. Samarqand makonidan tasviriy san’atning eng qadimgi namunasi – hayvonning qovurg’a suyagiga chizilgan beshta o’yiq shakl, bir qancha suyak bezaklari topilgan. So’nggi paleolit odamlarining manzilgohlari Toshkent va Surhondaryo viloyatlarida ham topilgan. O’rta Osiyoda 30 dan ortiq bunday yodgorliklar topib o’rganilgan. Mamlakatimizning so’nggi paleolit manzilgohlarida o’tkazilgan tadqiqotlar bu davrda mehnat qurollari yasash texnikasida, odamlarning turmush tarzi va dunyoqarashida, xo’jalik yuritishida keskin o’zgarish yuz berganligini ko’rsatadi. Odamlar jismoniy jihatdan ham takomillashdi. Odamlarning yangi turi, hozirgi zamon odamlariga o’xshash bo’lgan kramononlar shakllandi. Fanda bu odamni «homo-sapiens» – «aql-idrokli odam» deb ataladi. Ularning miya hajmi «homo-habilis»dan ikki baravar katta, bo’yi baland, qomati tik bo’lgan, nutqi rivojlanib, oddiy gap tuza olgan. Xo’jalikda baliq ovi kelib chiqadi. Odamlar yashash uchun kulbalar qurganlar.

So’nggi paleolit oxirida yuz bergan tub o’zgarish ibtidoiy to’da o’rnida urug’ jamoalarining vujudga kelishidan iborat bo’ldi. Qon-qarindoshlikka asoslangan urug’ jamoalari ona urug’i doirasida rasmiylashdi, u tarixda matriarxat deb nom oldi. Bir urug’dan tarqalgan odamlar jamoasi katta bir g’orda yoki bir necha kulbadan iborat joyda birgalikda yashagan, birgalikda mehnat qilgan, mehnat mahsulotlari butun urug’ a’zolarining umumiy mulki hisoblangan. Mehnat qurollari tayyorlash, ovqat topish, yoshlarga ov qilishni o’rgatish ishlariga urug’ oqsoqoli rahbarlik qilgan. Urug’ning eng tajribali va hurmatli a’zosi oqsoqol bo’lgan. Odamlar tosh va suyakka tasvir tushirishni, ayollar uchun turli bezak va taqinchoqlar, ayollarning haykalchalarini yasashni o’zlashtirganlar. G’orlarning devorlariga yirik hayvonlarning tashqi ko’rinishini, ov manzaralarini tasvirlovchi rasmlar chizganlar. Hayvonlar va ovchilarning harakatlarini namoyon etuvchi o’yin-raqslar vujudga kelgan. Shu tariqa, tasviriy va amaliy san’at paydo bo’ladi.

So’nggi paleolit davridayoq insonning yevropoid, negroid, mongoloid kabi irqiy turlari paydo bo’ladi.Bu irqlar odamlar taraqqiyotining sifat ko’rsatkichi bo’lmay, tabiiy shart-sharoitlar ta’sirida vujudga keladi. Yevropoidlar Yevropada, Negroidlar Afrikada, Mongoloidlar Shimoliy, Sharqiy va Janubiy Osiyoda yashaganlar.

Mezolit va Neolit davri manzilgohlari.

Ulug’ muzlikning erishi, yerning isiy boshlashi, ko’plab daryo va ko’llarning hosil bo’lishi, yaylovlar, to’qay va o’rmonlarning vujudga kelishi, yangi o’simlik va hayvon turlarining shakllanishi natijasida o’lkamizning barcha vohalarida odamlarning yashashi uchun qulay imkoniyatlar vujudga keladi. Buni arxeologlar tomonidan topilgan yuzlab odamlar yashagan manzilgohlar ham ko’rsatadi.

1970-1980 yillarda O’.Islomov boshchiligidagi arxeologlar guruhi Farg’ona viloyati So’x yaqinidagi Obishir soyining ungurlarida qidiruv ishlari olib borib, Obishir deb atalgan makonlarda mezolit davri urug’ jamoalarining izlarini topdi. Bu guruh 1967 yilda Toshkent shahriga yaqin bo’lgan Bo’zsuv soyining ikki tarmog’i qo’shilgan joyida mezolit davriga oid manzilgohni topadi, bu yodgorlikning yoshi miloddan avvalgi o’n mingginchi yilliklarga to’g’ri keladi. Bu manzilgoh Qo’shilish nomi bilan ataladi. Bu makondan tosh qurollari, mezolit davri jamoalari qoldiqlari topildi. Surxondaryo viloyatidagi Ko’hitongning Machay soyi qirg’og’idagi g’orda olib borilgan tadqiqotlar natijasida bu g’orda mezolit davri odamlari uzoq yillar davomida yashaganligidan dalolat beruvchi madaniy qatlam ochildi. Machay manzilgohidan odam skeletlari, turli xil tosh va suyak qurollari, o’choq va kul qatlamlari topilgan. Machayliklarning ov hayvonlari asosan tog’ arxari va jayronlar bo’lganligi aniqlandi. Machayliklar shoxli va mayda hayvonlarni xonakilashtirishni o’zlashtira boshlaganlari ham ma’lum bo’ladi. Mamlakatimizning boshqa hududlaridan topilgan mezolit davriga oid manzilgohlarda olib borilgan tadqiqotlar odamlarning mayda, tez harakat qiluvchi hayvonlarni ham tuta olganliklarini ko’rsatadi.

O’q-yoydan foydalanish insoniyat taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega bo’lib, ovchilikni insonlarning hayot manbaiga aylantirdi, ovdan keladigan daromad va zahiralar ko’payib borgan. O’q-yoy quroli odamning yolg’iz o’zi hayvonlarni ovlash, jamoadan ajralib hayot kechirishiga imkoniyat yaratadi. Odamlar o’simliklarning ildizlarini iste’mol qilishdan boshoqlarni, mazali mevalarni, iste’mol qilishga o’tadilar. Ular asta sekin it, sigir, qo’y, echki kabi hayvonlarni qo’lga o’rgatish, boshoqli o’simliklar urug’ini erga ekib o’stirish orqali don olish malakalariga ham ega bo’lib boradilar. Mezolit davriga oid mozorlarning tahlili odamlarda diniy e’tiqod shakllanayotganini, u dunyoga ishonganini ko’rsatadi. Machay qabristonida jasad chalqanchasiga yotqizilgani, ustiga qizil rang sepilib, atrofiga tosh taqinchoqlar terib qo’yilgani aniqlangan. Ko’hitong tog’idagi Zarautsoy qoyasidan (hozirgi Surxondaryo viloyati) topilgan suratlar esa tasviriy san’atning vujudga kelganligini ko’rsatadi. Qoyada yovvoyi hayvonlarni ov qilish manzarasi tasvirlangan. Bu manzarada yirik shoxli hayvonlar podasi orqasidan ovchilar o’z itlari bilan ketayotgani, ovchilar esa o’q-yoy bilan, poloxmon toshlar bilan qurollangani tasvirlangan. Boshqa bir qoyada ikki guruh ovchilar buqani o’rab olgani manzarasi tasvirlangan. Zarautsoy qoyalaridagi bu suratlar o’sha davr rassomlarining fikr doirasini, diniy tasavvurlarni tasviriy san’atda qanchalik darajada aks ettirilganliklari haqida fikr yuritishga asos beradi. Neolit davrida qurollar ishlash texnikasida tub o’zgarish – inqilob sodir bo’ldi. Yangi tosh qurollari orqali silliqlash, pardozlash, parmalash usullari ixtiro etildi. Tosh qurollari orasida tosh boltalar, ponalar, iskanalar, tosh teshalar paydo bo’ldi. Neolit davri «toshboltalar asri» ham deyiladi. Hunarmandchilikning sopol buyumlar yasash tarmog’i vujudga keladi. Shuning uchun bu davrni «sopol asri» ham deyishadi. Neolit davrida odamlar hayotida chorvachilik va dehqonchilik vujudga keladi va xo’jalikda asosiy o’rinni egallaydi. Urug’ jamoalari echki, qo’y va qoramollardan iborat qo’ra-qo’ra chorva mollariga, don-dun zahiralariga ega bo’ladilar.

Neolit davrida ishlab chiqaruvchi xo‘jalik shakllanib bo’ladi. Bu insoniyat erishgan katta yutuq bo’lib, odamlar tabiatga qaramlikdan butunlay qutiladilar. Urug’ jamoalari ozuqa izlab ko’chib, daydib yurishdan o’troq hayot kechirishga o’tadilar. Doimiy yashaydigan kulbalar, uylar yasash odamlarning turmush tarziga aylanadi, qishloqlar vujudga keladi. Neolit davrida odamlar hayvon terisidan tikilgan kiyimlar o’rniga jun va o’simlik tolasidan to’qilgan matolardan tikilgan kiyimlar kiyadigan bo’ladilar. Hunarmandchilikda to’qimachilik, tikuvchilik tarmog’i ham paydo bo’ladi.

Mamlakatimiz hududidan neolit davriga doir ko’plab arxeologik yodgorliklar, odamlar yashagan manzilgohlar topilgan. Amudaryoning qadimgi Okchadaryo deltasi yonidagi Kaltaminor kanali yaqinidan neolit davriga doir odamlar manzilgohi, Amudaryoning Yuqori Uzboy irmog’i va Orol dengizining shimoliy-sharqiy bo’ylaridan yana ko’plab makonlar topib o’rganildi. Bularning hammasiga Kaltaminor madaniyati degan nom beriladi. Kaltaminorliklar hayoti, xo’jalik mashg’ulotlari va turmush tarzini o’rganish, uning miloddan avvalgi 5-3 ming yilliklarga doir arxeologik madaniyat ekanligini ko’rsatdi. Kaltaminor madaniyatining eng muhim manzilgohlaridan biri Jonbos-4 hisoblanadi. Jonbos-4 da o’tkazilgan qazish ishlari natijasida maydoni 300 kv.m. qeladigan g’oyat katta turar joy-yarim erto’la shaklidagi kulba ochildi. Tadqiqotlar kulbaning xodalar va qamishdan qurilgani, keyinchalik yonib ketganligini, odamlar foydalangan barcha uy-ro’zg’or buyumlari, mehnat qurollari yiqilgan kulba ostida qolib ketganligini ko’rsatdi. Kulba tomini ko’tarib turgan birnecha ustunlar borligi aniqlandi. Bu manzilgohda 100-120 ga yaqin kishi istiqomat qilishgan. Uning o’rtasidan katta o’choq, atrofida yana 20 dan ortiq mayda o’choqlar, ko’mirga aylangan yog’ochlar va qamishlar topildi. Har bir o’choq atrofidan baliq, yovvoyi cho’chqa, bug’u, qirg’ovul, suv qushlarining suyaklari, o’rdak va g’oz tuxumining po’choqlari, yovvoyi jiyda danaklari topildi. Katta o’choq o’t og’asi ixtiyoridagi otashkada /altar/ bo’lib, Kaltaminor urug’ jamoasi katta o’choqdagi o’tga topinishgan, bu odamlarning diniy e’tiqodini ko’rsatadi. Kulbadagi mayda o’choqlar esa ona urug’i doirasida ko’plab juft oila mavjud bo’lganini ko’rsatadi. Jonbas-4 manzilgohidan chaqmoq toshdan yasalgan juda ko’p mehnat qurollari, keskich asboblar, suyak garpunlari, turli xil naqshlar, o’yib solingan sopol idish siniqlari va boshqa ashyolar topiladi. Topilgan qoldiqlarning deyarli ko’pchiligi baliq va qush suyaklari bo’lib, kaltaminorliklarning baliqchilik va ovchilik bilan shug’ullanganligini ko’rsatadi. Kaltaminorliklar o’q-yoydan keng foydalanganlar. 1950 yillarda taniqli arxeolog olim Ya.G’.G’ulomov Zarafshon bo’ylab qidiruv ishlari olib boradi va o’nlab manzilgohlarni aniqlab, ulardan neolit davriga oid tosh qurollar va sopol parchalarini topadi. Qidiruv ishlarini 1960 yildan boshlab arxeologlardan A.Asqarov va O’.Islomovlar davom etkazadilar. Natijada 100 dan ortiq katta va kichik manzilgohlar topiladi. Ularda yashagan urug’ jamoalarining baliq ovi bilan shug’ullanganligi, termachilik xo’jaligida tosh yorg’uchoqlardan keng foydalanilganligi aniqlanadi. Zarafshon daryosining o’rta havzalarida yana bir yodgorlik-Sazag’on makoni /Samarqand viloyatining Sazag’on qishlog’i/ topib o’rganiladi. Ko’plab tosh qurollar, yovvoyi va uy hayvonlari suyaklari topiladi. Sazag’on jamoasi qoramollarni qo’lga o’rgatib, chorvachilik bilan shug’ullanganlar. Zarafshon vodiysi urug’ jamoalari sifatli tosh xom ashyolardan qurollar yasaganlar. Ular tosh konlarida shaxtalar hosil qilganlar. Neolit davrida Uchtut chaqmoqtosh konida 4-5 metrlik shaxtalardan namlangan toshlarni kovlab olib qurollar yasaganlar. Namlangan toshlarni yo’nish oson bo’lganligini bilganlar. Zarafshon vodiysida yashagan urug’ jamoalari hayotida ovchilik, ayniqsa baliq ovlash alohida ahamiyat kasb etgan.

Eneolit va bronza davri madaniyati.

Insoniyat tarixining tosh davri o’rnini metall qurollar egallay boshladi. Miloddan avvalgi 4 minginchi yillarda odamlar misdan qurollar yasashni o’rganadilar. Mis metall sifatida yumshoq bo’lganligi tufayli, undan yasalgan qurollar mo’rt,yumshoq va tez egiluvchan bo’lgan. Shu sababdan toshdan mehnat qurollari yasash ham davom etgan. Bu davrni eneolit, ya‘ni mis-tosh davri deb ataladi. Odamlar dastlab misni er yuzasidan sof holda uchratib, undan mehnat qurollarini yasaganlar. Keyinchalik uning olovda erishini bilganlar va undan turli xil shakldagi qurollar va buyumlar yasaganlar. Ajdodlarimiz miloddan avvalgi 3 minginchi yillardayoq misga qalay aralashtirib bronza, ya’ni qattiq metall qotishmasi olishni, undan pishiq va qattiq mehnat qurollari, qilich, xanjar, uy-ro’zg’or buyumlari, zeb-ziynat bezaklari yasashni o’zlashtirib oladilar. Bu davr bronza davri deb nom oldi. Bronzaning kashf etilishi metallurg hunarmandlarni, metallurgiya ustaxonalari va zargarlik korxonalarini vujudga keltirdi.

Hunarmandchilikning bu tariqa ixtisoslashuvi turli hududlar o’rtasida mahsulot ayirboshlashga, ularni iqtisodiy jihatdan bog’laydigan aloqa yo’llarining paydo bo’lishiga olib keladi. Bronza davrida yashagan ajdodlarimiz ho’kiz, ot, eshak va tuyadan transport vositasi sifatida foydalanganlar. Hayvonlar qo’shilgan g’ildirakli aravalar vujudga keladi. O’zbekiston hududidan eneolit va bronza davri odamlari hayotini tasvirlovchi ko’plab manzilgohlar topib o’rganilgan. Buxoro viloyati Qorako’l tumani markazidan 15 km. shimolisharqdagi Zamonbobo ko’li atrofida 1950 yillarda Ya.G’.G’ulomov, 1960 yillarda A.Asqarov tadqiqot ishlari olib borib, eneolit va bronza davri odamlarining makoni va qabristonini topib o’rganadilar. Bu Zamonbobo madaniyati deb ataladi. Zamonbobo makonidan maydoni 170 kv.m bo’lgan erto’la tipidagi uy, ikki chayla, kulolchilik xumdoni va boshqa ashyolar topildi. Makonning sharqiy-janubiy tomoni suv toshqinidan himoyalanish maqsadida dambaga o’xshash devor bilan o’ralganligi ma’lum bo’ldi. Qazishlar vaqtida erto’la va uning atrofidan o’choq o’rni, ustunlar o’rnatilgan chuqurchalar, qoramol, echki va yovvoyi hayvonlarning suyaklari, qorayib ketgan bug’doy va arpa donlari, qamish va poxol qoldiqlari, toshdan yasalgan yorg’uchoq siniqlari, chaqmoq toshdan yasalgan o’roq parchalari, toshdan yasalgan munchoqlar topildi. Topilmalar Zamonboboliklarning dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullanganini ko’rsatadi. Zamonbobo ko’lining shimoliy sohilidan topilgan qadimgi qabristonda 45 ta mozor ochilib o’rganiladi. Mozorlar hozirgidek lahat shaklida bo’lib, marhumlar o’ng va chap yoni bilan ona qornida yotgan chaqaloq singari gujanak shaklida ko’milgan. O’liklar yolg’iz, juft, ba’zan uchtalab /erkak, ayol va bola/ ko’milganligi, bir go’rga takror ko’milish hollari bo’lganligi aniqlandi. Erkaklar qabridan o’q-yoy paykonlari, pichoqsimon qurollar, ayollar qabridan tosh munchoq, oltin marjon, surma, toshoyna va boshqa buyumlar, bir qabrdan kichkina sopol haykalcha topiladi. Qazilmalarda topilgan Badaxshon la’lidan ishlangan munchoqlar, Turkmaniston sopol idishlari Zamonboboliklarning boshqa xududlardagi urug’ jamoalari bilan iqtisodiy va madaniy aloqalarda bo’lganligini ko’rsatadi.

Zamonbobo madaniyati bir urug’ jamoasining moddiy va madaniy merosi hisoblanadi. Zamonbobo makoni va qabristoni O’zbekiston tarixshunosligidagina emas, jahon tarixi fanida ham mashhurdir. Eneolit va bronza davriga xos yana bir yodgorlik Zarafshon vodiysida Tojikiston respublikasining O’zbekiston bilan chegaradosh qishlog’i – Sarazmdan topildi. Bu makonning maydoni 90 gektar bo’lib, odamlar uzoq yillar davomida istiqomat qilganlar, dehqonchilik bilan shug’ullanganlar. Sarazmda bir xonali va xom g’ishtdan yasalgan ko’p xonali uylar, ikkita ibodatxona va qishloq ko’chalari ochildi. Qazishmalar natijasida uylar o’rtasida oilaviy e’tiqod joyi, dumaloq shaklda ishlangan olovxona /altar/, torozi toshlari, to’qimachilik dastgohining qismlari, urchuq toshlar, pichoq, xanjar, qarmoq, igna va bigizlar, sopol idish parchalari, mis oyna, taqinchoqlar topildi. Metall buyumlar yasash keng tarqalganligi aniqlandi. Kulolchilikda charx dastgohi kashf etilgan. Shunday qilib, So’g’d o’lkasining Zamonbobo va Sarazm yodgorliklari bobodehqonlarimizning soy va daryo etaklaridagi zaxkash erlarda yuritgan dehqonchilik xo’jaligi haqida qimmatli ma’lumot beruvchi makonlardir. 1969-1974 yillarda A.Asqarov rahbarligidagi arxeologlar guruhi Surxondaryo viloyati Muzrabod vohasida cho’lida qidiruv ishlari olib borib, Sopollitepa yodgorligini topib o’rgandilar. Sopollitepa 4 gektar chamasidagi tepalikdan iborat bo’lib, uning markaziy qismini baland qal’a tashkil etadi.Sopollitepaning markaziy qismi kvadrat shaklida bo’lib (82×82), atrofi yirik xom g’ishtlardan qilingan uch qator mudofaa devorlari bilan o’rab olingan, devorning qalinligi o’rtacha 1,6 m, ba’zi joylarda 2 m bo’lgan. Qal’aning o’rta qismi bo’sh maydondan iboratligi, qal’a ichkarisidagi uylarni 8 kvartalga bo’lib turuvchi 6 ta ko’cha borligi ma’lum bo’ladi. Qal’a darvozasi uning janubiy tomoniga joylashganligi, uylarning devorlari va poli bir necha bor somon suvoq qilinganligi, har bir uyda mo’rili o’choq, o’choq yonida supa, ba’zi xonalarda sandal o’txonalari borligi aniqlandi. Sopollitepadan 150 ta qabr ochilgan, ulardan sopol idishlar, bronza, kumush, oltin va qimmatbaho toshlardan yasalgan bezaklar, bronza mehnat qurollari topilgan. Sopollitepadan 20 ga yaqin sopol pishiradigan xumdon, vaza, ko’za, xurmacha, choynak, piyola, kosa, tog’ora, xum, lagan va boshqa 40 ga yaqin xildagi yaxshi pishirilgan nafis, jarangdor, engil idishlar topilgan.Xonalardan tosh yorg’uchoqlar, o’g’irlar, urchuqlar va paykonlar, arpa, bug’doy va tariq donlari topilgan. Sopollitepadagi tadqiqotlar odamlarning bug’doy go’ja, umoch, qaynatma sho’rva kabi ovqatlar pishirib iste’mol qilganini, ipakdan va paxtadan kiyimlar tikib kiyishganini ko’rsatadi. Erkaklar va ayollar o’rtasidagi mehnat taqsimoti haqida ma’lumotlar olindi, erkaklar o’troq dehqonchilik, chorvachilik, kulolchilik, binokorlik bilan shug’ullangan, ayollar esa uy ishlari, bola tarbiyasi bilan band bo’lgan. Urug’ jamoasiga erkaklar boshchilik qilgan.

Sopolli madaniyati odamlarning sug’orma dehqonchilikni o’zlashtirganini, o’troq dehqonchilik madaniyati barpo bo’lganligini isbotlab berdi. Kulolchilik rivojlanib, nafis idishlar kulolchilik charxida tayyorlangan. To’qimachilikda paxta va tabiiy ipakdan foydalanilgan. Shuningdek, metall bilan ishlash hunarmandchiligi ham rivojlanganligi aniqlandi. Sopolli madaniyati o’lkamizda shaharlarning vujudga kelishi uchun ilk zaminlar bronza davridayoq mavjud bo’lganligini ko’rsatadi. 1953-1961 yillarda M.E.Voronets boshliq arxeologlar guruhi Namangan viloyatining Chust shahri yaqinidagi Buvanamozor deb atalagan buloq yoqasidan mil. av. 2 minginchi yillar oxiriga oid makonni topib o’rgandilar. Izlanish natijasida yana Dalvarzintepa, Qoraqo’rg’on, To’raqo’rg’on, Chimboy, Ashqoltepa va boshqa o’ndan ortiq yodgorliklar topib o’rganildi. Ularning barchasi Chust madaniyati nomi bilan tarix faniga kirdi. Chust madaniyati odamlarning qishloq-qishloq bo’lib yashaganligidan dalolat beradi. Chust madaniyatiga mansub yodgorliklarda qo’lda yasalgan guldon, sopol tovoqlar, labi bukilgan turli shakldagi sopol idishlar, piyolalar, xurmosimon idishlar ko’p uchraydi, ularga qizil va qora ranglarda uchburchak, romb shakllari tushirilgan. Tadqiqotlar Chustliklarning asosiy mashg’uloti sug’orma dehqonchilik ekanligini ko’rsatdi.Ketmon, tosh yorg’uchoq, xovoncha, o’roqsimon pichoq, bronza o’roqlaridan foydalanishgan. Topilgan ashyolar Chustliklar bug’doy, arpa, suli ekib dehqonchilik qilganini, erni ketmon bilan ishlaganini, daryolarni bo’g’ib sun’iy kanallar orqali dalalarga suv chiqarganini, uzunligi bir necha o’n chaqirimdan iborat kanal qurganligini ko’rsatadi. Shuningdek, ovchilik va baliqchilik ham qadimgi chustliklarning turmushida muhim o’rin egallagan. Chust madaniyatida metall bilan bog’liq hunarmandchilik yaxshi rivojlanganligini topilgan metall buyumlar ham yaqqol ko’rsatdi. Tosh qoliplarda oyna, o’roq, pichoq va bigizlar quyma holda yasalgan. Qazish vaqtida ot uzangilari va suvligi, bilaguzuk, xalqa, qarmoq, paykonlar, suyak va toshdan yasalgan qurollar topilgan. Chustliklar hayotida to’qimachilik hunarmandchiligi ham ancha rivojlanganligi ma’lum bo’ldi. Buni yodgorliklardan topilgan 13 xil mato, urchuq toshlar, moki, suyak taroqlar va to’qimachilik dastgohlaridan bilsa bo’ladi. Shunday qilib, Chust madaniyati Farg’ona vodiysida qadimgi dehqonchilik madaniyati shakllanganligini ko’rsatuvchi misol bo’lib xizmat qiladi. Chustliklarning olovga e’tiqod qilganliklari ularda diniy tasavvurlarning shakllanganligini ko’rsatadi. Bronza davriga oid manzilgohlar hozirgi Xorazm va Qoraqalpog’iston hududlaridan ham topilib o’rganilgan. Amudaryo etaklaridagi Tozabog’yob kanali yaqinidan topilgan Tozabog‘yob madaniyati, Amirobod kanali etaklaridan topilib o’rganilgan Amirobod madaniyati shular jumlasiga kiradi. Bu manzilgohlarda yashagan odamlar o’troq holda urug’ jamoa bo’lib yashaganligi, sug’orma dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullanganligi aniqlandi. Mamlakatimizning shimolidagi cho’l va dasht joylarida chorvador urug’ jamoalari va qabilalar yashagan. Ularda chorvachilik xo’jalikning asosiy tarmog’i bo’lgan. Otliq cho’ponlar qoramol, qo’y, echkilardan iborat podalarni uzoq joydagi yaylovlarga haydab borganlar. Chorvadorlar yil fasllariga mos joylarga ko’chib yurganlar, novdadan to’qilgan uylar, ho’kizlar qo’shilgan g’ildirakli aravalardan foydalanib uzoq joylarga ham bora olganlar. Bu jarayon turli qabilalarning uchrashuvini, tanishuvini ta’minladi. Ular o’zaro fikrlashadigan, aloqa qiladigan bo’ldilar, bir-birini tushunish uchun umumiy so’zlar topdilar. Asta-sekin bir nechta qabilalardan o’zaro tushunarli tilda gaplashadigan odamlarning katta guruhi – elatlar shakllanadi. Bronza davri oxirlarida chorvador qabilalarning o’z podalarini haydab o’troq dehqon jamoalari yashaydigan vohalarga tinch yoki zo’rlik bilan kirib borganligi ham kuzatiladi. Natijada etnik jarayonlar kuchayib, shimol va janub qabilalarining dastlabki aralashuvi yuz berib, hozirgi zamon o’zbek va tojiklarning dastlabki etnik qatlami shakllana boshlaydi. Mil. av. bir minginchi yillarning boshlarida ajdodlarimiz temirdan mehnat qurollari, qurol-yaroqlar, bezakli buyumlar yasashni o’zlashtiradilar va mamlakatimizda temirdan foydalanish keng tarqaladi. Odamlar hayotida temir davri boshlanadi. Temirdan yasalgan omoch, ketmon, belkurak va boshqa mehnat qurollari ancha keng maydonlarni haydash, to’g’onlar qurish, kanal va ariqlar qazib suv chiqarish imkonini beradi. Bular dehqonchilikning yuksalishiga olib keladi. Temirning kashf etilishi hunarmandchilikni yanada yuqori pog’onaga ko’tardi. Temirdan qattiq va o’tkir pichoqlar, o’roqlar yasalishi mehnat umumdorligini oshirishga yordam berdi. Temir davrida kulolchilik charxi, naqsh bilan bezatilgan sopol buyumlar keng tarqaldi. Temirchilik bosqoni, qo’l tegirmoni vujudga keldi, metallga ishlov berish rivojlandi. Xonadonlarda ip yigirish va matolar to’qish, kiyim tikish tobora kengayib bordi. Uy-joy qurilishi bir muncha yaxshilandi. 10-20 tadan xonasi bo’lgan katta maydonli uylar qurilishi bilan birga, g’ishtdan, sinchdan alohida bir oilaga mo’ljallangan uylar qurish keng tarqaldi. Shu tariqa, odamlarning turmush tarzi ham o’zgarib bordi, yashash bir muncha yaxshilandi, odamlar umri uzaydi. Bular aholining ko’payishini ta’minladi. Shunday qilib, mamlakatimiz odam paydo bo’lgan ilk mintaqalardan biridir. Vatanimizda odamlar qariyb million yillardan beri yashab kelmoqdalar. Ular o’z taraqqiyotida ibtidoiy to’da, urug’ jamoasidan iborat uzoq tarixiy yo’lni bosib o’tdilar. Yashash uchun kurashib, oddiy tosh qurollari yasashdan metallni kashf etishgacha, metalldan mehnat qurollari, uy-ro’zg’or va turli xil bezak buyumlari yasashgacha ko’tarildilar. Yalang’och holda yashashdan jun, paxta, pilla tolasidan kiyim tikib kiyishgacha, g’orlarda yashashdan uy-joy qurish, qishloq-qishloq bo’lib yashashgacha bo’lgan uzoq ijtimoiy rivojlanish davrini boshdan kechirdilar. Ibtidoiy to’daning o’sib urug’chilik jamoasiga ko’tarilishi insoniyat taraqqiyotida sodir bo’lgan tub ijtimoiy o’zgarish bo’ldi. Odamlar birbirini taniydigan, muloqotda bo’ladigan, bir urug’ga, avvalo, ona urug’iga, keyinroq ota urug’iga uyushib, bir joyda, birgalikda mehnat qilib yashaydigan bo’ldi, mushkuli osonlashib bordi. Turmush tarzida termachilik va ovchilik o’rnini chorvachilik, dehqonchilik, hunarmandchilik egalladi. Mehnat unumliroq bo’lib bordi. Ajdodlarimiz tabiatdan tayyor narsalarni o’zlashtirish xo’jaligi o’rniga iste’mol qilinadigan maxsulotlarni o’zlari ishlab chiqaradigan xo’jalik yaratdilar. Ibtidoiy jamoa tuzumida jamoa a’zolari ishlab chiqarish vositalariga, uyjoylarga, mehnat qurollariga birgalikda egalik qilgan, mehnat qilishda va mehnat mahsullaridan foydalanishda teng bo’lganlar. Sug’orma dehqonchilikning kashf etilishi natijasida o‘troq dehqonchilik madaniyati shakllandi. Chorvachilik dehqonchilikdan ajralib chiqdi. Vatanimizning ko’pgina hududlari – Xorazm, Surxondaryo, Zarafshon, Farg’ona va boshqa vohalari tsivilizatsiya taraqqiyotining markazlariga aylandi. Cho’l va dashtlarda yashovchi chorvador urug’ jamoalari ko’chmanchilik turmush tarziga o’ta bordilar va ko’chmanchilarga aylandilar. O’troq dehqon jamoalari bilan chorvadorlar o’rtasida aloqalar, mahsulot ayirboshlash jarayoni o’sib bordi. Ishlab chiqarish xo’jaligining vujudga kelishi, mehnat unumdorligining ortishi urug’doshlar o’rtasida ijtimoiy tengsizlikning, mulkiy tabaqalarning vujudga kelishi, urug’chilik jamoasining emirilishi uchun zamin tayyorladi.

O‘ZBEK DAVLATChILIGINING ShAKLLANIShI VA TARAQQIYoT BOSQIChLARI. BUYuK IPAK YO‘LI

Mustaqillik tufayli davlatchilik tariximiz tub burilish pallasiga kirdi. Davlatchilik sohasidagi bosh yo’limiz mustahkam demokratik huquqiy davlat barpo etishdan iborat. Bu o’rinda ajdodlarimizning davlat qurilishidagi tarixiy tajribalariga tayanilmoqda. Xo’sh, o’zbek davlatchiligi qachon paydo bo’lgan, qanday bosqichlarni bosib o’tgan, davlat qurilishida qanday tajribalarimiz bor? Bu savollarga asosli javob berish har bir talabaning burchidir. «Davlatchilik bugungi kunda o’ta siyosiy masala bo’lib turibdi. Nega deganda, O’zbekistonda davlatchilik bo’lmagan, deb orqavarotdan tashviqot yuritayotgan, shu fikrni ongimizga singdirmoqchi bo’layotgan, kerak bo’lsa, xalqaro jamoatchilikni shunga ishontirishga urinayotgan kuchlar hali bor. …O’zbek tarixchilarining bugungi kundagi asosiy vazifasi mana shu da’voning puch ekanligini isbotlash, davlatchiligimizning ilmiy nuqtai nazardan asoslangan tarixini yaratishdir». Mustabid sovet hokimiyati davridagi tarixiy asarlarda, darslik va qo’llanmalarda O’rta Osiyoda, hozirgi O’zbekiston hududida davlatchilik tizimi bo’lganligi haqida yozilgan, ammo tilga olingan davlatlarga to’g’ridan–to’g’ri o’zbek halqi, o’zbek jamiyati bilan bog’liq holda, Vatanimizda uzluksiz kechgan jarayon sifatida qaralmagan. Yurtimizda shakllangan, qariyb uch ming yil davomida faoliyat yuritgan davlatlar yoki bir kichik hudud, yoki hokimiyat tepasida turgan hukmdor nomi bilan atalgan, davlatning asosiy manbai, mohiyati, ya’ni qaysi xalqning davlati ekanligi ochib berilmagan, to’g’rirog’i ochib berishni xohlamaganlar. «Nima emish, O’zbekiston XX asrning 20-yillarida, aniqrog’i, 1924 yili davlat maqomini olgan emish. Biz shu gapga ishonishimiz kerakmi?». Ishonmaymiz, albatta. O’zbek xalqi eng qadimdan davlat barpo etgan xalqlar qatorida turadi.

Davlat tuzilmalarining shakllanish shart-sharoitlari

Mehnat qurollarining takomillanishi natijasida erga ishlov berish yaxshilanib, ekin maydonlari kengayib, odamlarning mehnati unumliroq bo’lib bordi. Temirning kashf etilishi, undan yasalgan mehnat qurollari qishloq xo’jaligi va hunarmandchilikning tez o’sishiga olib keldi. Odamlarning daryolarni bo’g’ib, to’g’onlar qurib, kanallar qazib erlarga suv chiqarish imkoniyati kengaydi. O’rgatilgan ishchi hayvonlari qo’shilgan temir tishli omochlar bilan erni haydashning o’zlashtirilishi hosildorlikning oshishini, ko’proq mahsulotlar etishtirishni ta’minladi. Bu odamlar turmushini ancha yaxshiladi, umrini uzaytirdi, aholi son jihatdan ko’payib bordi. Urug’chilik munosabatlari ham o’zgarib boradi. Ikki urug’ a’zolaridan tashkil topgan er-xotin – juft oilalar vujudga keladi. Katta patriarxal oilalar urug’ jamoalaridan ajralib chiqadi, ularga urug’ jamoalariga qarashli erlardan chek erlari ajratib beriladi. Shu tariqa urug’ jamoasining umumiy xo’jaligi oilalar jamoasiga bo’linadi. Bunday oilalar jamoasi ishlab chiqarish jamoalari deb ham ataladi.

Katta oila jamoasining oqsoqoli bir vaqtning o’zida oila jamoasi uchun diniy va dunyoviy boshliq, piru ustod va murabbiy bo’lgan. Urug’ – qishloq oqsoqoli esa butun qishloq ahlining boshlig’i hisoblangan. Oqsoqollar kengashi qo’lida diniy va dunyoviy hokimiyat jamlangan bo’lib, u jamoa faoliyatiga oid barcha masalalarni hal qilgan. Mo’’tabar shaxslarning topshiriq va buyruqlari jamoa a’zolari uchun majburiy hisoblangan. Ishlab chiqarish jamoalari tarkibini tashkil etgan har bir oila o’z xususiy mulkiga ega bo’lgan. Xususiy mulkning kelib chiqishi, jamoalarning ishlab chiqarish qonun-qoidalari asosida tashkil topishi o’z navbatida mulkiy tabaqalanishni keltirib chiqardi. Boylik avvalo jamoa oqsoqollari, harbiy boshliqlar, mo’’tabar shaxslar qo’lida to’plana bordi. Ular erning hosildor qismini egalladilar, ko’plab chorva mollariga ega bo’ldilar. Oqsoqollar oila jamoalari, urug’ va qabila ishlarini boshqargani uchun jamoachilar ularga etishtirgan hosillarining, chorva mollarining bir qismini berishga majbur etilgan. Oqsoqollar o’z iste’molidan ortib qolgan bunday mahsulotlarni mis, oltin, kumush buyumlarga ayirbosh qilganlar. Qabilalar o’rtasida yaxshi er va yaylovlar uchun, chorva mollari uchun urushlar kelib chiqqan. Qabiladosh jangchilar urush harakatlariga boshchilik qilish uchun o’z harbiy yo’lboshchilarini saylaganlar. Urushda qo’lga kiritilgan o’ljaning ko’p qismi yo’lboshchiga hamda oqsoqolga berilgan. Shu tariqa, oqsoqollar va yo’lboshchilar jamiyatda alohida, ustun mavqega ega bo’lib, ularni zodagonlar deb atashgan. Keyinchalik zodagonlar o’z o’g’illariga nafaqat boyligini, mulkini, shuningdek, o’z lavozimlarini ham meros qilib qoldirganlar. Zodagonlar jamoa, urug’ va qabilalar ustidan o’z hukmronligini o’rnatganlar.

Ishlab chiqarish jamoalarining paydo bo’lishi asta-sekin ortiqcha mahsulotlarni ayirboshlashni hamda ijtimoiy mehnat taqsimotini keltirib chiqaradi. Jamoa a’zolari ishlab chiqarishning o’zlariga qulay sohasini tanlab oladilar. Shu tariqa, dehqonchilikdan chorvachilik, keyinroq hunarmandchilik mustaqil xo’jalik turlari sifatida ajralib chiqadi. Ayrim ishlab chiqarish jamoalari dehqonchilik bilan, boshqalari chorvachilik yoki hunarmandchilik bilan shug’ullanadilar. Ular o’rtasida dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik mahsulotlarini o’zaro ayirboshlash kengayib boradi. Bu esa o’z navbatida savdogarlar tabaqasini, ilk shaharlarning muhim belgilaridan biri sifatida bozorlarni keltirib chiqaradi. Jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tovar ayirboshlash yuz beradi, dastlabki shaharlar paydo bo’ladi.

Xorazm va Baqtriya – ilk davlatchilik asoslari

O’rta Osiyo hududidagi ilk davlat tuzilmalari to’g’risida qadimgi yozma tariximizning eng noyob manbasi hisoblangan «Avesto» kitobi, shuningdek, qadimshunos olimlarning o’lkamizning turli hududlarida olib borgan arxeologik – qidiruv ishlari, ularning natijalari muhim manba hisoblanadi. Shuningdek, qadimgi Yunon, Rim va Eron manbalari asosida ham bu masalani oydinlashtirish, etarli, asosli fikrlarni aytish mumkin bo’ladi. Bu o’rinda Yunon, Rim mualliflaridan Gerodot, Gekatay, Ktesiy, Strabon, Arrian va boshqalarning asarlari, yodnomalari, Forsiy mixxat yozuvlari, qolaversa, o’lkamizda keng ko’lamli arxeologik tadqiqotlar olib borgan Ya.G’ulomov, S.Tolstov, V.Masson, A.Asqarov, E.Rtvaladze, A.Sagdullaevlarning ilmiy tadqiqotlari alohida ahamiyatga molikdir. Arxeolog olimlarimizning so’ngggi tadqiqotlari asosida fikr yuritadigan bo’lsak, O’zbekiston hududida bronza davridayoq, mil. avv. 2 minginchi yillik o’rtalarida kichik shahar davlatlari shakllangan. Yurtboshimiz I.Karimovning mana bu fikrlari ham o’zbek davlatchiligi tarixining o’q tomirlari olis davrlar qa’riga borib tutashishidan yaqqol dalolat beradi: «O’zbek davlatchiligining tamal toshlari bundan 2700 yil muqaddam ayni Xorazm vohasida qo’yilgan. Shu ma’noda, milliy davlatchiligimiz tarixi Misr, Xitoy, Hindiston, Yunoniston, Eron kabi eng qadimiy davlatlar tarixi bilan bir qatorda turadi. Xorazm tarixi o’zbek davlatchiligining asosi, uning qudrati va qadimiyligining tasdig’idir» . Barcha dalili ashyolar miloddan avvalgi so’nggi ming yillik boshlarida, aniqrog’i VIII-VII asrlarda Vatanimiz hududlarida 3 ta: Katta Xorazm, Baqtriya hamda saklar va massagetlar konfederatsiyasi shaklidagi dastlabki davlatlar shakllangan. Bu davlatlar o’ziga xos rivojlanish jarayonini bosib o’tgan. Ayniqsa bu ilk davlatlar orasida Baqtriya nisbatan barqaror bo’lganligi bilan ajralib turadi. «Katta Xorazm» «ishlab chiqarishning Osiyo usuli»ga ega bo’lgan davlatlarning qadimgi sharq tipiga mansub edi. Saklar va massagetlarning konfederatsiyasi esa chorvador turlarning ko’chmanchi va yarim ko’chmanchi qabilalarning harbiylashgan davlatidan iborat edi.

Xorazm davlati egallagan hududlar ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, hozirgi Xorazm erlari bilan chegaralanib qolmay, balki undan ancha janubga, ya’ni Marv (Turkmaniston), Hirot (Afg’oniston shimoli) atroflariga qadar ham yoyilgan. Miloddan avvalgi so‘nggi ming yillikning boshlariga tegishli «Amirobod madaniyati», quyi Amudaryo havzasida yuzaga kelgan o‘ziga xos sun‘iy sug‘orish inshooti tizimi hamda dastlabki shaharsozlik timsoli bo‘lgan shahar-qal‘alar-Qal‘aliqir, Ko‘zaliqir, Jonbosqal‘a va boshqalar – bular Xorazm vohasida davlat tuzilmalari mavjudligidan dalolat beradi. Negaki, bu singari umumelatlar, qavm-qabilalar manfaatlariga xizmat qiladigan muhim o’zgarishlar davlat boshqaruvi yo’li bilangina amalga oshirilishi mumkin bo’lgan. Qadimshunos olim Ya.G’ulomov tomonidan Xorazmda aniqlangan 200 km uzunlikdagi, eni birnecha o’nlab metrdan iborat kanal o’zani, obod dehqonchilik madaniyati – Xorazm davlati qadimdan insoniyatning yirik madaniy maskanlaridan biri sifatida shuhrat topganligidan guvohlik beradi. «Avesto»da Xorazm Markaziy Osiyodagi rivoj topgan, o’z hududiy chegaralariga ega bo’lgan o’lkalardan, viloyat (davlat)lardan biri sifatida tilga olinishi ham bejiz emas. Gerodot ma’lumoticha, qadimda Oks (Amu) daryosi bo’ylab 360 dan ziyod sun’iy sug’orish kanallari, suv inshootlari barpo etilib, cho’lli, sahroli erlarga suv chiqazilib dehqonchilik uchun ekin maydonlari kengaytirib borilgan. Gerodot taassurotlarida Xorazm o’lkasida yashagan aholi dehqonchilikda katta tajribaga ega bo’lib, ularning donli, dukkakli ekinlar, chunonchi, bug’doy, suli, arpa, meva-sabzavotchilik mahsulotlarini mo’l-ko’l etishtirganligi qayd etib o’tiladi. Xorazm shaharsozligida xom g’isht, paxsalardan keng foydalanilgan. Binolarning tashqi va ichki ko’rinishlariga maxsus ishlov berilib, ularning mustahkamligi, o’ziga xos ko’rkamligi ta’minlangan. Bu ko’hna hudud bag’rida ming yillar davomida zamonlar silsilasidan o’tib, saqlanib kelayotgan ko’plab asori atiqalar, shahar-qal’alar xarobalari, qoldiqlari ham buni isbot etadi. Xorazm vohasida hunarmandchilik, tog’-kon ishlari ancha rivojlangan. Bu erdan qazib olingan qimmatbaho ma’danlar ishlov berilib, yuksak sifat ko’rsatkichiga etganidan keyingina u tayyor mahsulot sifatida foydalanishga chiqarilgan. Xorazmda aholining bir qismi chorvachilik bilan shug’ullangan, ularning tuya, ot, qo’y-echkilardan iborat ko’plab suruvlari bo’lgan. Savdo bozorlarida g’alla, meva, chorvachilik mahsulotlari, hunarmandchilik buyumlari ayirbosh qilingan. Afsuski, Xorazm davlatida hukmronlik qilgan sulolalar to’g’risida ma’lumotlar hozirgacha etarli emas. Rivoyatlarga ko’ra, Xorazmning qadimiy siyosiy sulolasi – Siyovushiylar bo’lganligi zikr etiladi. «Avesto»da ta’kidlanishicha, Siyovarshon Kavousning o’g’li bo’lgan. Siyovarshon o’limidan so’ng uning nabirasi Kova Xisrav bobosi qotilidan o’ch olib, hokimiyatni egallab Xorazmda Siyovushiylar sulolasiga asos solgan deyiladi. O’rta Osiyoning yana bir qadimgi davlati – Baqtriya podshohligi bo’lgan. Uning tarkibiga hozirgi O’zbekistonning Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari, Tojikistonning janubi, Afg’onistonning shimoli-sharqiy erlari kirgan. Baqtriyadagi ko’pdan-ko’p yirik shaharlar orasida Baqtra mashhur bo’lib, mamlakatning poytaxti hisoblangan. Baqtra baland va mustahkam mudofaa devorlari bilan o’ralgan, unda podshoh qal’asi alohida ajralib turgan. Rim tarixchisi Kurtsiy Rufning shahodat berishicha, «Baqtra daryosi nomidan shahar va viloyatning nomi kelib chiqqan». Umuman tarixiy ma’lumotlarga asoslanadigan bo’lsak, qadimgi davlatlar nomlari ko’pincha daryo, qabila, xalq yoki shaharlar nomiga qiyosan kelib chiqqan bo’ladi. Binobarin, «Baqtriyaliklar», «Baqtriya xalqi» iboralari juda qadimgi manbalarda tilga olinib, bitta xalqni yoki bir necha qarindosh qabilalarni birlashtirgan hududiy tushunchani anglatadi. «Avesto» kitobida ham Baqtriya «Eng yaxshi mamlakatlar va o’lkalardan biri bo’lgan, baland bayroqli, go’zal o’lka» sifatida ta’riflangan. Bu xildagi fikrmulohazalar Baqtriya o’z davrining yirik davlatlaridan biri bo’lganligidan dalolat beradi. Ktesiy ma’lumoticha, Baqtriyaga qarashli Vaxsh vodiysi obi- hayotga mo’l-ko’lligi, unumdor erlari ko’p bo’lganligidan, bu hududda dehqonchilik madaniyati taraqqiy topgan, aholi bog’dorchilik, mevachilik mahsulotlari etishtirishda omilkor bo’lgan. Qashqadaryo vohasining miloddan avvalgi VIIIVII asrlarga oid Sangirtepa, Yangitepa, Chiroqchitepa, Erqo’rg’on singari aholi manzilgohlarini o’rganish shuni ko’rsatadiki, bu joylarda o’troq turmush kechirgan qavm, elatlar dehqonchilik bilan faol shug’ullanganlar. Xuddi shunday fikrni So’g’diyona hududlariga nisbatan ham aytish mumkin. Qulay tabiiyjug’rofiy sharoitga ega bo’lgan Omonqo’ton, Gurdara, Qo’tirbuloq, Zirabuloq makonlarida yashagan aholining madaniy hayoti ham ancha to’laqonli kechgan.

Baqtriyada oltin, la’l kabi qimmatbaho ma’danlar ko’plab miqdorda qazib olinib, ular tegishli ishlov berishdan so’ng yurt ehtiyoji uchun, qolaversa, xorijiy ellar uchun tayyor mahsulot holiga keltirilgan. Baqtriya la’liga uzoq Xitoy, Misr, Hindiston singari mamlakatlarda ham talab-ehtiyoj katta bo’lgan. Baqtriyada qimmatbaho ma’danlar ishlab chiqarishning yo’lga qo’yilishi bu yurtda maxsus hunarmandchilik turi – zargarlik, badiiy hunar tarmog’ining rivoj topishiga olib kelgan. Buni 1877 yilda Vaxsh va Panj daryolarining Amudaryoga quyilish erida topilgan «Amudaryo xazinasi» topilmasi timsolida ham kuzatish mumkin. Topilmalar orasidagi 179 ta oltin va 7 ta kumush zargarlik buyumlari qadimgi Baqtriyada nafis hunarmandchilikning o’sganligidan dalolat beradi. Bu xazina aslida Baqtriya hududiga qarashli Taxti-Sangin shaharchasidagi ibodatxonaga tegishli bo’lgan. Ular Londondagi Britaniya muzeyiga (1897) olib ketilgan.

Shunday qilib, Xorazm va Baqtriya davlatlarida kechgan siyosiy, ijtimoiyiqtisodiy, madaniy jarayonlar ajdodlarimizning ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot yo’lidan ilgarilab borib, o’z davlatchilik tuzilmalarini vujudga keltirib, boshqaruv usullarini takomillashtirib borganligidan guvohlik beradi. Dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik, shaharsozlik, mehnat taqsimoti, ishlab chiqarish qurollarining takomillashib borishi ulug’ bobokalonlarimiz o’lmas dahosi, salohiyatining yorqin ifodasidir. Bular O’zbekiston hududidagi dastlabki davlatchilik tarixiy tajribasining muhim jihatlari, namunalari sifatida alohida qimmatga egadir.

«Avesto» – qadimgi tariximizni o‘rganishda noyob manba

O’z mazmuni, mohiyatiga ko’ra yakkaxudolik, insonparvarlik, mehrshafqat, mehnatsevarlik, yurtparvarlik g’oyalarini tarannum etib, odamzod ahlini bunyodkorlik, yaratuvchilikka undagan muqaddas «Avesto» olis tariximizning asl durdona asarlari sirasiga kiradi1 . «Avesto» kitobi mil. av. so’nggi ming yillik boshlari va o’rtalarida yashagan hududimizdagi qadimgi xalqlarning o’ziga xos turmush tarzi, xo’jalik mashg’uloti, ijtimoiy-madaniy hayoti, urf-odatlari-yu, marosimlari haqida ma’lumot beruvchi muhim tarixiy manbadir. Yurtboshimiz uqtirganidek: «Eng mo’’tabar, qadimgi qo’lyozmamiz «Avesto»ning yaratilganligiga 3000 yil bo’lyapti. Bu nodir kitob bundan 30 asr muqaddam ikki daryo oralig’ida, mana shu zaminda umrguzaronlik qilgan ajdodlarimizning biz avlodlarga qoldirgan ma’naviy, tarixiy merosidir. «Avesto» ayni zamonda bu qadim o’lkada buyuk davlat, buyuk ma’naviyat, buyuk madaniyat bo’lganidan guvohlik beruvchi tarixiy hujjatdirki, uni hech kim inkor eta olmaydi» 1 . Modomiki, «Avesto» ona tariximizning muhim tarkibini tashkil etar ekan, bu noyob manba qachon, qaerda, kim tomonidan yaratilgan? Tarixiy manbalarni chuqur o’rganish, eng avvalo, «Avesto»da tilga olingan asosli jug’rofiy hududlar, yurtlar nomlarini, aholining mashg’ulot turlarini, urf-odatlarini, dafn marosimlarini sinchiklab o’rganish bu buyuk ta’limotning haqiqiy Vatani O’rta Osiyo o’lkasi, uning Xorazm vohasi ekanligini tasdiqlamoqda. «Avesto»da tilga olingan 16 ta yirik hududiy nomlarning ko’pchiligi ham O’rta Osiyoga taaluqlidir. «Avesto»da ezgulik, yaxshilik xudosi Ahura Mazda tilidan shunday deyiladi: «Men- Ahura Mazda – yaratgan ilk sarzamin va birlamchi yurt – bu Doityo (Amu) daryosi xushmanzara Iyron Vij (hozirgi Xiva o’rnidagi qadimgi manzilgoh nomi) edi. Men – Ahura Mazda – yaratgan ikkinchi sarzamin va go’zal yurt Sug’d diyori edi…. Men – Ahura Mazda – yaratgan uchinchi sarzamin va go’zal yurt qudratli va pok Marv diyori edi…. Men – Ahura Mazda – yaratgan to’rtinchi sarzamin va go’zal yurt zebo va orasta Balx diyori edi…. Men – Ahura Mazda – yaratgan beshinchi sarzamin va go’zal yurt Balx va Marv oralig’idagi Nisoyadir»… 2 . Keltirilgan bu dalil «Avesto»ning vatani bizning yurtimiz bo’lganligiga hech bir shubha qoldirmaydi. «Avesto» ta’limotining asoschisi, tarixga payg’ambar nomi bilan kirgan Zardusht (Zaratushtra Avesto tilida, Zoroastr yunon tilida) ismli shaxsdir. Zardusht «Oltin tuyali» yoki «Oltin tuya etaklovchi» degan ma’noni bildiradi. Zardusht o’z dini zardushtiylik g’oyalarini aholi o’rtasida tashviq-targ’ibot qilgan. Bu jarayon nihoyatda qiyin, murakkab kechgan, hududma-hudud sarson-sargardon kezib yurishga majbur bo’lgan. Shu boisdan ham Zardusht Eronmi, Midiya, Mesopotomiyami yoxud O’rta Osiyo o’lkasi bo’ylabmi, ishqilib ko’p yurtlar kezib, o’z ta’limotini yoyishga intilganligi shubhasiz. Bunda yana shu narsa e’tiborga molikki, Zardushtiylik (yunoncha zoroastrizm) dinini birinchilardan bo’lib qabul qilgan, uni o’z fuqarolari orasida yoyilishiga izn bergan yurt ham Baqtriyadir. Buyuk alloma Beruniy keltirgan rivoyatga ko’ra, Zardusht Baqtriya podshohi Gushtasp va malika Xutaosa huzuriga kelib, «Avesto» ta’limotining muqaddasligini isbot etish uchun xudoga iltijo qilib, o’z tanasiga qizdirilgan misni bosishlarini so’raydi. Olovli mis esa uning tanasini zararlamagach, Gushtasp va uning xotini, ulardan so’ng esa butun Baqtriya aholisi zardo’shtiylik e’tiqodini qabul qiladi. Avval boshda «Avesto» 21 kitobdan iborat bo’lgan. Abu Rayhon Beruniyning «O’tmish xalqlardan qolgan yodgorliklar» kitobida ta’kidlanishicha, Eron podshohi Doro davrida «Avesto» to’liq holda 12 ming qora mol terisiga zarhal xarflar bilan bitilgan. Makedoniyalik Iskandarning Sharqqa istilosi davrida uning buyrug’i bilan zardo’shtiylik ibodatxonalari vayron qilinganidek, muqaddas «Avesto»ning 5 dan 3 qismi ham kuydirib yuborilgan. Keyinroq Parfiya podshohlari Vologez I va Vologez V davrida (I- II asrlarda) «Avesto»ning qolgan-qutgan qismlari to’plangan. Sosoniylar davrida (III- IV asrlarda) «Avesto» qismlari jamlanib, pahlaviy tilida yangidan kitobot holiga keltirilgan. Hozirgacha «Avesto»ning jami 21 qismidan «Gohlar», «Yasna», «Vandidot», «Yashtlar», «Vispirad», «Kichik Avesto» nomli kitoblari etib kelgan. Vatanimizda «Avesto»ning 2700 yilligi nishonlanishi munosabati bilan u ilk bor o’zbek tiliga tarjima qilinib, 2001 yilda nashr etildi. «Avesto» shunday bir tarixiy davrda yaratildiki, bu vaqtga kelib, ya’ni mil. av. so’nggi ming yillik boshlarida o’lkamizning turli hududlarida yashagan elatlar, qavm, qabilalar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda yangi bosqich sari o’tib borayotgan edi. Mintaqaning Xorazm, Baqtriya, Sug’diyona singari viloyatlarida urug’-qabilalarning o’troqlashuvi, sun’iy sug’orish tizimiga asoslangan dehqonchilik madaniyatining vujudga kelishi va rivojlanishi, dehqonchilikdan chorvachilikning ajrab mustaqil xo’jalik tarmog’i sifatida o’sib borayotganligi, qishloqlardan shahar-qal’alar, so’ngra esa dastlabki davlat tuzilmalarining yuzaga kelishi yaqqol ko’zga tashlanmoqda edi. Tarixning bunday keskin burilishi sharoitida shu turli urug’-qabila va elatlarni ma’nan va ruhan birlashtirish, ularning ongi, shuuriga ilg’or qarashlar, mushtaraklik tuyg’ularini, e’tiqod tamoyillarini singdirib borish g’oyatda muhim edi.

«Avesto» ta’limoti bir tomondan, erli qabila, elatlarni turli mahalliy ko’rinishdagi bid’at va xurofotlar ta’siridan xalos bo’lishiga, ikkinchidan, mahalliy etnoslarning chuqur ildiz otib, mustahkamlanib, etnik shakllanishiga va uchinchidan, ishlab chiqarish jarayonining tobora kengayib, ijtimoiy munosabatlarning takomillashuvi jarayoniga sezilarli turtki berardi. Buning ustiga «Avesto»da zardo’shtiylikning umumbashariy ahamiyati va mohiyatidan tashqari unda o’lkamizda ilk boshqaruv tizimining amal qilganligi to’g’risida ham qimmatli ma’lumotlar uchraydi. Bu esa alohida e’tiborga loyiqdir. Masalan, «Avesto» jamiyatni 4 asosiy qismga bo’ladi: uy, oila jamoasi – «Nmana», urug’ jamoasi – «vis», qabila – «zantu», qabilalar itifoqi – «daxyu». «Daxyu» tushunchasi «viloyat», mamlakat ma’nosini ham anglatadi. Mamlakatni idora qilgan shaxs «Kavi» deb yuritilgan. Oqsoqollar kengashi – «varzanapoti», «Xanjamana», xalq yig’ilishi – v‘yaxa deyilgan.

Manbaning turli ma’lumotlariga ko’ra, qadimda zargarlik, kulolchilik, to’quvchilik, temirchilik singari hunarmandchilik turlari ham o’ziga xos tarzda rivoj topgan. «Avesto»dagi bosh ma’buda – ezgulik, yorug’lik, yaxshilik, baxtiqbol xudosi Ahura Mazda bilan yomonlik, yovuzlik, qorong’ulik, razolat timsoli – Ahriman o’rtasidagi doimiy murosasiz kurash g’oyasi zardushtiylik (otashparastlik) dinining asosiy mazmunini tashkil qiladi. Zardusht payg’ambar sifatida Ahura Mazda tilidan vahiy qilingan muqaddas kalomlarni, nasihatlar va oyatlarni xalqqa, odamlarga etkazishga da’vat etkuvchidir. Zero, Zardo’sht har bir masalada fikr yuritganda Ahura Mazda nomini tilga oladi, unga murojaat etadi. Bir o’rinda u bunday xabar beradi: «Biz Ahura Mazdani ulug’laymiz, u chorvani, suvni va o’simlikni, yorug’likni va erni yaratgan … ». «Avesto»da moddiy dunyo, borliq muqaddaslashtiriladi. Er, suv, havoni bulg’ash, olovga tupirish eng og’ir gunoh sanaladi. «Avesto» avvalgi dinlarda rasm bo’lgan insonlarni qurbonlik qilishni qat’iyan man etadi va ularning daxlsizligini himoya qiladi. Zardushtiylar dinida ta’kidlanadiki, odamzod yashashga haqli bo’lib, bu huquqdan uni mahrum qilishga hech kimning haqqi yo’qdir. Zardushtiylik dinida olov muqaddaslashtirilgan bo’lib, u insonning baxtusaodati ramzi sifatida ulug’langan. Shu bois ajdodlarimizning ko’plab to’ytomoshalari, xursandchilik marosimlari olov yoqish, uning atrofida keng davra qurish bilan bog’liq holda o’tkazilgan. Bu odatlarning ba’zilari hozirgacha ham saqlanib qolgan. Shaharlar, aholi manzilgohlarining eng gavjum joylarida maxsus qurilgan otashkadalar bo’lib, ular doimo ziyoratchilar bilan to’la bo’lgan. Zardushtiylik ta’limotiga ko’ra, doimiy farog’atli hayot inson uchun uzoq notanish hayoliy jannatda emas, balki insonlar yashaydigan shu tiriklik dunyosida bo’ladi. Bu maqsad, marraga etish uchun esa odamlar juda ko’p murakkab va jiddiy sinovlardan o’tishlari kerak bo’ladi. Shunday qilib, muqaddas «Avesto» kitobi buyuk o’tmishdoshlarimizning keng qamrovli hayot tarzini, umrboqiy urf-odatlari, ta’lim-tarbiyasi, boshqaruv tizimini o’rganishimizda muhim dasturilamal manba bo’lib xizmat qiladi. Unda umumbashariy g’oyalarning chuqur aks etganligi sababidan ham bu asar keng hududlar bo’ylab yoyilib, Sharqu G’arbda e’tirof topib, turli xalqlarning ma’naviy yuksalishiga ijobiy ta’sir ko’rsatib borgan. Hozirgi mustaqillik sharoitida ham bu ta’limot g’oyalari o’z ta’sirchan ahamiyatini ko’rsatib, asl ma’naviyatimiz sarchashmalaridan biri sifatida xalqimiz ruhiyatini boyitib borishga xizmat qilmoqda.

Vatanimiz xalqlarining ajnabiy bosqinchilarga qarshi ozodlik kurashi

Mil. av. VI asr o’rtalarida Axomaniylar davlati (mil. av. 558-330 yillar) qisqa davr ichida qadimgi fors podshohlari xonadoni – axomaniylar vakili Kir II asos solgan. Hind daryosidan Egey va O’rta dengizgacha bo’lgan oraliqdagi Osiyo mamlakatlarini, shuningdek Misr, Liviya va bolqon yarim orolining bir qismini bosib oladi. Kir II O’rta Osiyo erlariga yurish qilishga maxsus tayyorgarlik ko’radi. Kirning O’rta Osiyoga harbiy yurishlari mil. av. 545-539 yillarga to’g’ri keladi. Kir II ning O’rta Osiyo hududlariga ikkinchi yurishi mil. av. 539-530 yillarni o’z ichiga oladi. O’rta Osiyoning tabiatan erksevar, yurtparvar xalqlari, qavm-qabilalari ahomaniylarga bo’ysunmaslik uchun o’z ona zamini, diyorini himoya qilib mardonavor kurash olib borganlar. Bu esa Kir II ni qayta-qayta bu hududga katta qo’shin bilan bostirib kelishga majbur etgan. Ahomaniylar podshosining yurishiga doir bir qator ishonchli ma’lumotlar Yunon va Rim mualliflaridan Gerodot, Yustin, Strabonlarning yozuvlarida ko’p uchraydi. Kirning massagetlar yurtiga bostirib borishi, Eron shohi bilan massagetlar malikasi, mard va jasur ayol To‘maris o’rtasidagi munosabatlar, ularning o’zaro urushi, uning yakunlariga oid Gerodot ma’lumotlari alohida e’tiborga loyiqdir. 200 minglik katta jangovar qo’shin tuzib To’maris yurtiga kelgan Kir II harbiy mahoratda mislsiz bo’lgan massaget qabilalarini ochiq jangda engish qiyinligini his etib, avvalda turli hiyla-nayranglar ishlatishga urinib ko’radi. Shu maqsadda To’maris huzuriga elchilar yuborib, go’yo o’zini malikaga jazman ekanligini va shu bois unga uylanmoqchiligini bildiradi. Bu nayrang natijasiz chiqadi. Kir II shundan so’ng yana hiyla ishlatib, To’marisning mard, jasur o’g’li Sparganisni asirga oladi va oqibatda u o’zini halok etadi. Yagona farzandidan judo bo’lib o’rtangan onaning dushmanga bo’lgan o’tli nafrati o’n chandon ortadi. Buning ustiga elu-yurt erki, ozodligini har narsadan a’lo bilgan To’maris Kir qo’shiniga qarshi hayot-mamot jangiga hozirlik ko’radi. Butun vujudlari ila g’animlarga qarshi nafrat olovi bilan yongan massaget qo’shinlari bosqinchilarga qarshi jangga tashlanishadi. Nihoyat, massagetlar g’alaba qozonadilar. Fors qo’shinlarining katta qismi, jumladan Kir ham jang maydonida xalok bo’ladi. Bu miloddan avvalgi 530 yilga to’g’ri keladi. Ahomaniylar shohi Kambis II (530-522) va Doro I (522-486) davrida O’rta Osiyo hududlari bosib olinadi. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, Doro I 519-518 yillardagi harbiy yurishlari davomida sak qabilalarini engib, itoatga keltirishga musharraf bo’ladi. Lekin bunga osonlikcha erishgan emaslar. Loaqal bu yurtning oddiy cho’poni Shiroq singari mard shunqorlarining ajnabiy bosqinchilar bilan jon berib, jon olishib, mardona kurashganligi buning yorqin isboti bo’la oladi. Eron ahomaniylariga qarshi O’rta Osiyoning Parfiya, Marg’iyona hududlarida, Saklar o’lkasida ko’plab xalq qo’zg’olonlari yuz berib turgan. Jumladan, Eron hududidan topilgan Bihistun yozuvlarida aytilishicha, mil. av. 522 yilda Marg’iyonada ko’tarilgan kuchli xalq qo’zg’oloniga Frada degan shaxs etakchilik qilgan. Doro I qo’shini qo’zg’olonchilardan qonli o’ch oladi. 55 ming qo’zg’olonchilar qatl etiladi, 7 mingga yaqin kishi asir olinadi. Frada ham qo’lga olinib qiynab o’ldiriladi. Bularning hammasi mahalliy xalqlarning ajnabiy bosqinchilar zulmiga bo’yin egmay, o’z erki, ozodligi yo’lida tinimsiz kurash olib borganligini ko’rsatadi.

Mil.av. VI-IV asrlarda ham O’rta Osiyoning Baqtriya, Sug’diyona, Marg’iyona va Xorazm vohasi hududlarida sun’iy sug’orishga asoslangan dehqonchilik madaniyati to’xtovsiz rivojlanishda davom etgan. O’lkaning o’sha davrdagi asosiy qon tomirlari hisoblangan Samarqand (Afrosiyob), Marv, Baqtra, Erqo’rg’on, Qiziltepa, Ko’zaliqir singari shaharlari hunarmandchilik va savdo-sotiq markazlari sifatida qadimgi ajdodlarimiz hayotida muhim ahamiyat kasb etgan. Bu davrda zarb etilib, muomalaga chiqarilgan dastlabki tanga pullar ham shaharlar hayotining o’sganligidan guvohlik beradi.

O’rta Osiyo xalqlarining yurt ozodligi va mustaqilligi yo’lida olib borgan kurashlari pirovard oqibatda o’z samarasini bermay qolmadi. Mil. av. to’rtinchi asrga kelib Eron ahomaniylari xokimiyati kuchsizlanib, zaiflashib qoladi. Bunday sharoitda birinchi bo’lib Xorazm o’z mustaqilligini tiklashga muvaffaq bo’ladi. Usta diplomat, mohir siyosatchi Farasman Xorazm mustaqilligini qo’lga kiritib, uni mustahkamlay bordi. O’lkaning boshqa hududlarida ham mahalliy xalqlarning Eron ahomaniylaridan yurtni ozod qilish borasidagi qatiy kurash harakatlari avj olib bordi. Biroq, afsuski, o’lkamiz xalqlarini bu davrda tarixning yana og’ir sinovlari kutmoqda edi. Antik dunyo tarixida makedoniyalik Iskandar Zulqarnayn (Aleksand, Makedoniya podshosi Filip II ning o’g’li) olamga dovrug’ taratgan jahongir hukmdorlardandir. Yunoniston, Kichik Osiyo, Arabiston hududlarini qudratli harbiy kuch bilan egallab, o’sha joylarda o’z hukmronligini o’rnatgan Iskandar mil. av. 331yil oktyabrida Gavgamela yonida (shimoli-sharqiy Mesopotomiya) bo’lgan jangda Eron qo’shinlarini engadi. Eron podshohi Doro III Iskandardan uzil-kesil engilib, mamlakat sharqiga, Baqtriyaga qochadi. U erda esa Baqtriya satrapi Bess tomonidan o’ldiriladi. Tez orada Iskandar qo’shini ortiqcha qarshiliksiz Baqtriya poytaxti – Baqtra (hozirgi Balx) shahrini hamda Aorn, Drapsak singari mustahkam qal’alarni egallaydi. Ko’p o’tmay Bess qo’lga olinib, qatl etiladi. Mil. av. 328 yilda Xorazm shohi Farasman baqtradagi Iskandar qarorgohiga tashrif buyuradi va ittifoqchilik bitimi imzolanadi. Shu boisdan Iskandar Xorazmga yurish qilmaydi. Mil. av. 329 yilda Oks (Amu) daryosi sohiliga etib kelgan Yunon qo’shinlari daryodan o’tib Navtaka (hozirgi Qashqadaryoning Kesh-Shahrisabz vohasi)ga kirib boradi. Endigi harakat yo’nalishi Sug’diyona paytaxti – Marokanda (Samarqand)ga qaratiladi. Rim olimi Kurtsiy Rufning ma’lumot berishicha, Iskandar armiyasi Marokandani uncha qiynalmasdan va kam talofat bilan ishg’ol etgan va «shaharda o’zlarining garnizonlarini qoldirib, yaqin atrofdagi qishloqlarni yondirib va vayron etib», so’ngra esa shimoli-sharqqa qarab harakatlanganlar. Biroq Marokandadan so’ng yunon-makedon qo’shinlarining yurishlari nihoyatda qiyin va murakkab kechdi. Chunki ular endilikda mahalliy xalqning qudratli qarshiligiga duch keldi. Iskandar bosqinidan, uning yurtga solayotgan qirg’ini-yu, zulm, asoratidan ko’zi g’aflat uyqusidan ochilgan, erk, ozodlik qadrini har narsadan afzal bilgan ona zamin kishilari bir yoqadan bosh chiqarib, ajnabiy istilochilarga qarshi harakatga keladi. Mil. av. 329 yil kuzida Sug’diyonada boshlanib, O’rta Osiyo mintaqasining boshqa hududlarida keng aks sado bergan xalq qo’zg’oloni yurtimiz ozodligi tarixida chinakam yangi sahifa yozgan. Iskandar tajovuzi va zulmiga qarshi ko’tarilgan bu ommaviy harakatga so’g’d xalqining mard o’g’loni Spitamen boshchilik qildi. So’g’diyona va Baqtriyada mahalliy xalqlarning chuqur ishonchini qozongan, katta harbiy salohiyat sohibi Spitamen xalqdan lashkar tuzib, dastlab Iskandarning Marokandada qoldirib ketgan harbiy garnizoniga hujum qilib uni yanchib tashlaydi. Bu xabar erli aholiga katta ruhiy quvvat bag’ishlab, uning ajnabiylarga qarshi faol kurashiga turtki beradi. Iskandar o’z qo’shinining bir qismini qo’zg’olonchilarga qarshi Marokandaga yo’llaydi. Bu davrda Iskandarning o’zi Yaksart (Sirdaryo)ning chap sohilidagi shaharlar va aholi turar joylarini bo’ysundirish uchun og’ir janglar olib borayotgan edi. Ajoyib jang taktikasini qo’llagan Spitamen Iskandar lashkari Marokandaga yaqinlashib kelayotganini eshitgach, darhol shaharni tark etib, Politimet (Zarafshon) daryosining quyi oqimi tomon jang qilib chekinadi. So’ngra bu erdagi dashtli ko’chmanchilarning otliq askarlari bilan qo’shilib kutilmaganda qarshi hujumga o’tadi. Bundan sarosimaga tushgan yunon qo’shini katta talofatga uchrab, qolgan-qutgan jangchilari bilan shaharga chekinadi. Spitamen Marokandani qamal qiladi. Bundan xabar topgan Iskandar Sirdaryo bo’yidagi hujum harakatlarini vaqtincha to’xtatib, o’zi qo’shinga bosh bo’lib Spitamenga qarshi yurish boshlaydi. U Marokandaga etib kelganida Spitamen kuchlari allaqachon bu joyni tark etib, So’g’diyonaning cho’llik qismiga chekingan edi. Iskandar Spitamendan o’ch ololmagach, butun qahri-zahrini Zarafshon aholisiga qaratadi. U Spitamen kuchlarini ta’qib qilib, Marokandadan cho’lli hududlar tomon borar ekan, yo’lyo’lakay 120 mingdan ziyod tinch aholini qirib tashlagani tarixiy manbalarda uchraydi. Biroq u bari-bir mahalliy xalqlarni o’ziga uzil-kesil bo’ysindira olmaydi. Iskandar Doroning yuz minglab muntazam lashkarlariga qarshi jang olib borishdan ko’ra Spitamen boshchiligidagi qo’zg’olonchilarga qarshi kurashish qiyin ekanligini tushunib etadi. Negaki, erli aholi o’zining har bir qarich tuprog’i, daryo-ko’li, qir-adiri, qoyasi uchun dushman bilan jon berib, jon olishib kurashgan. Iskandar armiyasining engilmasligi to’g’risidagi afsonalar ham bizning yurtimizda barham topdi. Oxiri shunday bo’lib chiqdiki, O’rta Osiyo erlarini kuch, qurol bilan enga olmasligiga ko’zi etgan Iskandar aqlu zakovat, hiyla yo’li bilan ish tutib, mahalliy aholining yuqori tabaqasi, zodagonlari bilan umumiy til topishga, erli xalqning milliy udumlari, urf-odatlari, marosimlarini qabul qilishga majbur bo’ladi. Shunday yo’l bilan So’g’diyona ulug’laridan Oksiart, Xorien degan mahalliy aslzodalar uning tomoniga o’tadi. Iskandarning Oksiartning go’zal qizi Raxshanak (Roksana)ga uylanishi esa qarindoshlik aloqalarining kuchayishiga xizmat qiladi. U xalq qaxramoni Spitamenni qo’lga tushirib, uni jismonan yo’q qilishda ham mahalliy zodagonlar xizmatidan foydalanadi. Spitamenning tez orada o’ldirilib, uning boshi Yunon podshohiga tortiq qilinganligi fakti ham qo’zg’olonchi kuchlar o’rtasida birlikning bo’lmaganligi alomatidir. Shunga qaramay ajnabiy bosqinchilarga qarshi xalq g’alayonlari 327 yil boshlariga qadar davom etdi. Garchand Spitamen boshchiligidagi keng ommaviy xalq harakati oxir-oqibatda mag’lubiyatga uchragan bo’lsada, u ulug’ ajdodlarimizning mardlik jasoratini, elu-yurt hurligi, ozodligi yo’lidagi fidoyiligini yorqin namoyon etdi. Shunday qilib, muttasil uch yil davom etgan shiddatli janggu jadallardan so’ng Iskandar Baqtriya, Sug’diyona va Ustrushonaning faqat bir qisminigina itoat ettirib, bu hududlarga o’z ishonchli odamlarini, o’ziga sodiq sug’dlik Oropiyni Sug’diyona hokimi etib tayinlab, o’zi mil. av. 327 yilda Hindiston tomon qo’shin tortadi. Yunon-Makedon qo’shinlari O’rta Osiyo erlarida shu qadar holdan toyib, o’zining jangovorlik qobiliyatini yo’qotdiki, buning oqibatida ular shimoliy Hind erlariga arang kirib bordilar. Bu holatni tan olgan Iskandar tez orada Hindistondagi urush mavsumini tugatib, ortga, ikki daryo oralig’idagi Bobil shahriga qaytib ketishga buyruq beradi. Antik dunyo olimlarining yakdil ta’kidlashicha, Yunonlar podshosining bu buyrug’i ruhan cho’kkan uning butun qo’shinida katta qoniqish bilan qarshi olingan ekan. Shunday qilib, butun er yuzini egallab, dunyo hukmdori bo’lishga da’vo qilgan Iskandarning sharqiy yurishlari oxir – oqibatda ko’zlangan yuksak natijalarsiz tugadi. Uning o’zi mil. av. 323 yilda Bobilda hayotdan ko’z yumadi. Ayniqsa uning ko’p sonli lashkarlarining Vatanimiz sarhadlarida mislsiz xalq qarshiligiga duch kelib, son-sanoqsiz qurbonlar berishi pirovardida uning jahongirlik da’vosini puchga chiqardi. O’zgalar yurtini zo’rlik bilan egallash evaziga qudratli saltanat qurish, boshqalarga o’z irodasini majburlash yoxud zulm-asoratni kuchaytirish pirovard natijada qanday xunuk oqibatlarga olib kelishini Iskandar Zulqarnayn timsoli yaqqol isbot etadi. Tarixning bu achchiq sabog’ini hech mahal unutmaslik kerak bo’ladi.

Baqtriyada davlat mustaqilligining tiklanishi

Iskandar vafotidan keyin (323 yil) mil. av. IV asr oxirlaridan (312 y) to mil. av. III asr o’rtalarigacha Turonzamin hududlari alohida satrapliklar (bekliklar) sifatida salavkiylar sulolasi tomonidan idora etiladi. Iskandarning iste’dodli sarkardalaridan bo’lgan Salavk va uning vorislari ikki daryo oralig’i (Tigr va Efrat)dan tortib to O’rta Osiyo, Xitoyning g’arbiy chegaralari, shimoliy Hindistonga qadar bo’lgan katta hududlarda o’z hukmronligini amalga oshirgan. Yunonlarning bu hududlarni boshqarishi, ularning xalqlarini itoatda tutishi g’oyatda murakkab sharoitlarda kechgan. Negaki, tabiatan erksevar Vatanimiz xalqlari yunonlar zulmi va asoratiga qarshi to’xtovsiz kurash olib borganlar. Buning oqibatida Salavkiylar davlati tobora zaiflashib, ichdan emirila boradi. Mil. av. III asr o’rtalariga kelib Turonzamin xalqlari salavkiylar xukmronligi ta’siridan xalos bo’lishga va o’z mustaqil davlat tuzilmalarini vujudga keltirishga muvaffaq bo’ladi. Shu bilan birlikda yunonlarning sharqiy hududlarda xiyla uzoq davom etgan hukmronligi davomida yunon madaniyati bu hududlarga yoyilib va ayni paytda Sharq xalqlari madaniyati bilan o’zaro singishib, bir-birini boyitib bordiki, bu hol ellinizm nomi bilan mashhur bo’ldi. Ellinizm madaniyati turli xalqlar madaniyatini o’zida mujassam etgan ilg’or tarixiy hodisa sifatida o’z davrida muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Vatanimiz xalqlarining salavkiylarga qarshi ozodlik kurashi muvaffaqiyatli yakun topgach, Baqtriya salavkiylar saltanatidan ajralib chiqadi va mil.av. 250 yilda uning davlat mustaqilligi qayta tiklanadi. Uning tarkibiga Baqtriya (hozirgi Qashqadaryo, Surxondaryo, Tojikiston janubi), Sug’diyona (Zarafshon vohasi), hozirgi Afg’onistonning shimoliy, Turmanistonning sharqiy erlari – Marg’iyona ham kirgan. Bu davlatning Yunon-Baqtriya deb atalishining boisi shundaki, uning markazi Baqtriya hududlari edi, hukmdorlari esa asosan yunon aslzodalari bo’lgan. Mustaqil Yunon-Baqtriya davlati unga asos solgan, o’zini shoh deb e’lon qilgan Diadot I, uning o’g’li Diodot II davrlarida bir muncha yuksaladi. Bu jarayon Evtidem I va u boshlab bergan evtidimiylar sulolasi boshqaruvi davrida yanada kuchayadi. Baqtriya davlati sarhadi keyinchalik Sharqiy Turkiston, Sharqiy Eron, shimoliy-g’arbiy Hindiston, Sind o’lkasi hududlarigacha kengaygan. Uning xo’jalik, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti ham ancha yuksak darajaga ko’tarilganligidan guvohlik beradi. Shimoliy Afg’onistonning Oyxonum, Tojikistonning Ko’hnaqal’a, Qayqobodshoh, Surxondaryo viloyatining Dalvarzintepa, Zartepa va boshqa joylarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar qadimda bu shahar – qal’alarda to’laqonli hayot tarzi hukm surganligidan, ularda savdo-sotiq, hunarmandchilik va boshqa kasb turlari ravnaq topganligidan dalolat beradi. Shu boisdan ham Yunon olimi Yustin YunonBaqtriyani ming shaharli davlat deb bejiz ta’riflamagan. Bu davlatning poytaxti Baqtra nomi bilan atalgan. Bu shahar xalqaro karvon savdosi – Buyuk Ipak yo’lining muhim chorrahasida joylashganligidan, unda savdo-hunarmandchilik sohalari bir muncha rivoj topgan. Mamlakatning Eron, Xitoy, Hindiston, singari o’sha davrning rivojlangan davlatlari bilan olib borgan savdo-tijorat munosbatlari asosan mana shu shahar orqali o’tgan. Shuningdek, eski Termiz, Marv, Kaykobodshoh, Qo’hnaqal’a, Marokanda (Samarqand) singari shaharlarning ham savdo-sotiqning yirik markazlari sifatidagi mavqei yuksak bo’lgan. Yunon-Baqtriya davlati o’zining pul birligiga ega bo’lgan. Oltin, kumush va misdan tanga pullar zarb etilib muomalaga chiqarilgan. Bundan tashqari bu mamlakatda turli xil don ekinlari, serunum erlarida uzumzor bog’lar ko’p bo’lgan, sharbatli mevalar etishtirilgan. Bu hol unda dehqonchilik madaniyati o’sganligidan, sun’iy-sug’orish inshootlari tizimi keng tarmoq otganligidan yaqqol dalolatdir. Garchand Yunon-Baqtriya davlatida quldorlik munosabatlari mavjud bo’lsa-da, biroq unda erkin dehqon jamoalari mehnati salmoqli rol o’ynagan. Bu esa ishlab chiqarish jarayonlarining nisbatan tez o’sishiga, shaharlar hayotining rivojlanishiga muhim turtki bergan. Miloddan avvalgi II asr o’rtalariga kelib bir qator ichki va tashqi vaziyat taqozosi bilan yuz bergan keskin o’zgarishlar oqibatida Yunon-Baqtriya davlati tushkunlikka yuz tutdi. Buning muhim sabablaridan biri- qo’shni Parfiya davlatining kuchayib ketishi va o’z hududlarini Yunon-Baqtriya hisobiga kengaytirishga intilishi bo’ldi. Bu hol Yunon-Baqtriya davlatini mushkul ahvolga solib qo’ydi. Tez orada Hind erlari hamda Sug’diyona uning tarkibidan ajralib ketdi. Mamlakatning shimoliy va sharqiy hududlariga esa sharqdan kelgan ko’p sonli katta yuechji qabilalarining hujumi kuchayib, ular asta-sekin Farg’ona, Surxondaryo hududlari sari siljiy boradi. Buning natijasida 120 yilcha mustaqil davlat sifatida mavjud bo’lgan Yunon-Baqtriya davlati halokatga uchradi. O’rta Osiyoda salavkiylar hukmronligining inqirozi natijasida mil. av. III asr o’rtalarida vujudga kelgan mustaqil davlatlardan yana biri Parfiyadir. Bu davlatga parn Girkaniya (Kaspiy) dengizining janubiy-sharqida yashagan qabilasining yo’lboshchisi Arshak asos solgan. Arshakiylar sulolasining uzoq hukmronligi uning nomi bilan bog’liq. Bu davlatning ilk poytaxti hozirgi Asxabod shahri yaqinidagi qadimgi Nisodir. Bu shahar xarobalaridan topilgan juda ko’plab noyob topilmalar, asori atiqalar qadimgi Parfiyaning o’z davrida ancha taraqqiy etgan, moddiy va ma’naviy madaniyati yuksalgan davlatlardan biri bo’lganligidan davlolat beradi. Mohir sarkarda, usta diplomat Arshak Parfiyani dovrug’li davlatga aylantirish bilan birga uning hududlarini kengaytirishga ham salmoqli hissa qo’shgan. Arshak avlodlaridan Mitradat I davrida (mil. av. 170-138 y) bu davlat salavkiylar va Baqtriyaning katta hududlarini o’ziga qo’shib oladi. 155 yilda Midiya podsholigi bosib olinadi. Mil. av. 147 yilda esa mashhur Bobil shahri ham egallanadi. Mitradat II davriga kelib (mil.av. 123-88) Parfiya davlati qudrati benihoya kuchayib, u Rim imperiyasining Sharqdagi asosiy raqobatchisiga aylanadi. Davlat hududlari g’arbga tomon kengayib borganligidan, uning poytaxti ham Ktezafon shahriga ko’chirilgan. Mil. av. 40 – yillarda Kichik Osiyo, Suriya va Falastin erlari ham Parfiya qo’l ostiga o’tgan. Biroq tez orada Rim imperiyasi bu hududlarda o’z ta’sirini qayta tiklashga muvaffaq bo’lgan. Buning sababi Parfiya davlati ichida vujudga kelib kuchaya borgan mahaliy boshboshdoqlik, sulolaviy nizolar, so’ngra ko’chmanchi alanlarning xujumlari – bular pirovard oqibatda uning ichki zaiflashuviga, siyosiy beqarorligining kuchayishiga sabab bo’ldi. Boz ustiga to’xtovsiz davom etgan tashqi va ichki urushlar mamlakatni holdan toydirib, uni halokatga duchor etdi. Milodning 207- 222 yillarida Parfiya hukmdori bo’lgan Vologes V davrida saltanat ikkiga, ya’ni Mesopotomiya va Midiya davlatlariga ajraladi. Xuddi shu davrda Fors hududlarida yangidan vujudga kelib qudrati oshib borayotgan Eron sosoniylari davlati tez orada Parfiyaga hal qiluvchi zarbalar berib, uning erlarini o’z tarkibiga kiritadi. Bu milodning III asri 20 yillarida sodir bo’ladi.

Miloddan avvalgi III-II asrlarda Qang‘ va Davan davlatlari

O’rta Osiyo yunon-makedon istilosi va salavkiylar sulolasi hukmronligidan keyin mil. avv. III asr boshida hozirgi Toshkent vohasida va Sirdaryoning o’rta va shimoliy oqimi hududlarida Qang’ davlati vujudga kelgan. Bu davlatning etnik tarkibini turli qabila, elatlar tashkil etgan. Unda etakchi qang’arlardan tashqari katarlar, kamarlar, toharlar, apasshaklar, asiylar va boshqa qabila, urug’lar ham yonma-yon istiqomat qilganlar. Mil. avv. II-I asrlar Qang’ davlatining eng kuchaygan davri edi. Shu davrlarda Qang’ bir qator viloyatlarni o’z tobeligiga bo’ysundirgan edi. Xitoy solnomalarida bu viloyatlarning 5 ta nomi tilga olinadi. Bular – Susye (Kesh-Shahrisabz), Fumu (Zarafshon vodiysi), Yuni (Toshkent viloyati), Gi (Buxoro vohasi), Yuegyan (Urganch shahri va viloyati). Mil. avv. II-I asrlarda Orol dengizining shimoliy sharqidagi Yantsay (Hozirgi Qizil O’rda) va Yan erlari ham qang’arlar tobeligida bo’lgan. Shunday qilib, o’z davrida Qang’ davlati O’rta Osiyoda yirik davlatga aylangan edi. Bu davlatning yirik shaharlari sirasiga Aris daryosi sohilidagi O’tror va hozirgi Toshkent viloyatining Oqqo’rg’on tumani hududida joylashgan Qanqa (Qang’iz) shaharlari kiradi. Bu shaharlar o’sha davr shaharsozligining yuksak namunalarini o’zida mujassamlashtirgan. Qang’ davlatini boshqarishda podshohning roli va o’rni katta bo’lgan. Shu bilan birlikda davlat va jamiyat hayotiga oid ko’plab muhim masalalarni hal etishda urug’ va qabila oqsoqollaridan iborat Oliy Maslahat kengashining mavqei ham alohida o’rin tutgan. Binobarin, podshoh o’z ichki va tashqi siyosatini yuritishda kengash bilan maslahatlashgan. Viloyat boshliqlari turkiy maqomda jobu yoki yobg’ular deb atalganlar. Ular o’z hududlarini boshqarishda bir muncha mustaqillikka ega bo’lib, markaziy hokimiyatga boj to’lab turganlar. Qang’ hukmdorlari mintaqadagi siyosiy vaziyatga ham faol aralashib, undagi muvozanatni saqlash bobida izchil siyosat olib borganlar. Ayniqsa ular Xitoyga nisbatan mustaqil siyosat yuritganlar. Shuning uchun ham Qang’ davlati o’z qo’shnilari – Davan, Qashg’ar, Yorkent singari mustaqil hududlarga nisbatan Xitoyning da’vosi va istilochilik yurishlariga keskin qarshi chiqqan va lozim bo’lganda o’z harbiy kuchlari bilan ularga yordamga kelgan. Mamlakat aholisining asosiy tarkibini turkiy etnoslar tashkil etgan. Ularning ancha qismi o’troq hayot kechirganlar. Aholining ma’lum qismi ko’chmanchilik bilan shug’ullangan. Daryo va soylarga tutash vohalarda dehqonchilik madaniyati rivojlangan. Shaharlarda savdo-sotiq, hunarmanchilik rivoj topgan. Mahaliy hunarmandlar tayyorlagan urush qurollari (qilich, xanjar, oybolta, o’tkir uchli nayzalar va b.), xo’jalik asbob-uskunalariga talab – extiyoj katta bo’lgan. Qoramozor, Qurama va Chotqol tog’larida temirchilik, miskarlik hunarini rivojlantirish uchun kerak miqdordagi mis, temir, singari ma’danlar qazib olingan. Toshkent atrofidagi Oqtepa 1, Oqtepa 2, Choshtepa, Qovunchitepa, shuningdek O’tror, Sirdaryo havzasida topilgan ko’plab noyob dalillar Qang’ davlatida yuksak moddiy va madaniy hayot tarzi mavjud bo’lganligidan dalolat beradi. Buni «Qovunchitepa madaniyati» nomi bilan tarixga kirgan qadimgi madaniyat namunalari ham isbot etadi. Qang’aliklar chorvachiligi va yilqichiligi to’g’risida ham alohida fikr aytish mumkin. Xitoyliklarni maftun etgan zotdor, tulpor otlar xuddi mana shu hududda va qo’shni Davan yaylovlarida boqilgan. Xitoy solnomachilari Qang’da chorva mollarining mo’l-ko’lligini, sut-qatiqlarning g’oyatda mazali va to’yimliligini ta’rif etganlar. Qang’a davlatining xalqaro karvon savdosidagi mavqei ham baland bo’lgan. Bunda Buyuk ipak yo’li alohida o’rin tutgan. III asr o’rtalarida Qang’ davlati zaiflasha boshladi. Qang’ davlatidan birinchi bo’lib xorazm ajralib chiqdi. Xorazm davlatining poytaxti dastlab hozirgi Tuproqqal’a shahar harobalarining o’rnida bo’lgan. Xorazmshoh Afrig’ Kat shahrini qayta tiklab, mustahkam qasr va binolar qurdirib, 305 yilda poytaxtni Katga ko’chiradi. Kumush tangalar zarb ettirib, davlatni har jihatdan mustahkam boshqaradi. Davan nomi bilan mashhur bo’lgan davlat Vatanimiz hududidagi qadimgi davlatlardan sanalsa-da, biroq uning haqqoniy tarixi xususida hozirgacha to’la ma’lumotlar topilmagan. Xitoylik elchi Chjan Tsyan yozma manbalarida Farg’ona vodiysidagi davlatni Davan (Da-yuan) deb atagan. Vaholanki, Farg’ona vodiysi ham ajdodlarimizning madaniy, o’troq hayoti kechgan, o’z davlatchiligiga ega mustaqil hudud sifatida Yunon-Baqtriya, Qang’a singari qadimgi davlatlar bilan tenglasha olishiga hech bir shubha yo’q. Buni mil. av. II asr oxirlarida (128 yilda) bu o’lkaga tashrif buyurgan Xitoy elchisi Chjan Tsyan yozib qoldirgan esdaliklar ham isbot etadi. Manbalarda aytilishicha, bu davrda Farg’onada 300 ming nafar aholi yashagan. Uning 70dan ziyod katta-kichik shaharlari bo’lib, ularda savdo-sotiq, hunarmandchilik yuksak darajada rivojlangan. Mamlakat poytaxti Ershi (hozirgi Andijon viloyatning Marhamat tumanida joylashgan) o’z davrining obod, ko’rkam va aholisi gavjum shaharlaridan sanalgan. Qadimgi O’zgan, Koson ham Davanning eng mashhur shaharlari sirasiga kirgan. Davan hududida 10 dan ortiq yirik dehqonchilik manzilgohlari mavjud bo’lib, ularda erli mirishkor aholi sholi, bug’doy va boshqa dehqonchilik ekinlari etishtirish bilan shug’ullangan. Bularga Aravonsay, Oqbo’ra, Sultonobod, Qo’rg’ontepa, Andijonsoy, Moylisoy, Ulug’nor, Yilg’insoy, Shahrixonsoy kabi dehqonchilik makonlarini nisbat berish mumkin. Xitoy sayyohi vodiyda uzumchilik nihoyatda rivojlanganiga, shu bilan birga undan noyob sharbat va uzoq muddat saqlanadigan, quvvati o’tkir musallaslar tayyorlash yuksak darajada yo’lga qo’yilganligiga alohida urg’u beradi. Davandagi ijtimoiy-siyosiy hayotning yana bir muhim jihati – bu ayollarning jamiyatda tutgan mavqeining alohidaligidir. Chjan Tsyanning e’tiroficha, bu erning erkaklari ayollarga alohida hurmat ko’rsatganlar. Boshqacha qilib aytganda, xotin-qizlarning har qanday topshirig’i erlar tomonidan bajarilishi shart hisoblangan. Davlat hukmdori mamlakat hayotiga oid har qanday ichki va tashqi masalalarni hal etishda Oqsoqollar kengashiga, uning maslahatlari va yo’lyo’riqlariga suyangan. Ayniqsa urush va tinchlik, elchilik aloqalari masalasida Oqsoqollardan iborat Oliy kengash alohida vakolatlarga ega bo’lgan. Hukmdor buni e’tirof etishga majbur bo’lgan. Xitoy Farg’ona davlatining boy-badavlat turmushiga, uning boyliklariga ko’z olaytirib, unga qarshi bir necha bor katta qo’shin tortib bostirib kelgan. Chunonchi, mil. av. II asr oxirlarida (104 yilda) va milodiy 1 asrning 80-yillarida xitoyliklar Davan davlatini o’zlariga bo’ysundirish uchun u bilan shiddatli urushlar olib borganlar. Davanliklar o’z qo’shnilari-Qang’a va Kushonlarining harbiy yordami bilan yurt mustaqilligini saqlab qolishga muvaffaq bo’ladilar. O’rta Osiyo hududlarini kuch bilan egallash mumkin emasligini tushungan Xitoy tomoni shundan so’ng Davan davlati bilan shartnoma tuzadi. Bunga ko’ra ikkala davlat o’rtasida diplomatik va savdo-sotiq munosabatlarini yo’lga qo’yish, jumladan, Farg’onaning uchqur arg’umoqlarini Xitoyga sotishga kelishib olinadi. Farg’ona hududi O’rta Osiyo ijtimoiy siyosiy hayotida sodir etilgan keyingi muhim o’zgarishlar jarayonida ham o’zining nisbiy mustaqilligini bir muncha saqlab qolishga muvaffaq bo’lgan.

Kushonlar sulolasi

Mil.av. II asrning ikkinchi yarmida, xitoy manbalarida ta’kidlanishicha, Sharqiy Turkiston hududlarida yashovchi yuechji qabilalari o’z qo’shnisi – xunlar tazyiqiga uchrab, ularning siquviga bardosh berolmay g’arbga tomon siljiydilar. Yuechjilar Issiqko’l atrofida sak qabilalari bilan to’qnashib ularni janubiy-g’arb tomonga suradilar. Biroq yuechjilar usun qabilalari zarbasiga uchrab janubga siljib mil. av. 130 yillarda Sug’diyona hududiga kirib keladilar. Yuechjilar, Xitoy tarixchisi Chjan Tsyan ta’kidlashicha, Sug’diyonadan Baqtriyaga yuradilar va Baqtriyadagi yunonlar hukmronligini ag’daradilar. Xitoy manbalarida ta’kidlanganidek, yuechjilar beshta siyosiy xonadonga mansub edilar: Guyshuan (Kushon), Xyumi, Shuanmi, Xise, Dumi. Ularning har biri qariyb 100 yilcha alohida-alohida siyosiy kuch, hokimlik bo’lib, yagona hukmdorga bo’ysunmagan holda faoliyat yuritadilar. Yunon manbalarida esa bu qabilalar toxarlar deb qayd etiladi. Milodning I asrida Kushonlar xonadoni boshlig’i Kujula Kadfiz (Kiotszyukyu) barcha yuechji (toxar) qabilalarini birlashtiradi va kushon podsholigi (Toxariston) ga asos soladi. Kujula Kadfiz qo’shni hududlarga yurish uyushtirib Sug’diyona, Marg’iyona, Hindistonning shimoli-g’arbiy qismini zabt etadi. Shu tariqa, yirik davlat – Kushonlar saltanati tashkil topadi. Kujula Kadfiz keyinchalik Qobul va Qandahor hududlarini egallaydi. Bu davrda mamlakat poytaxti Dalvarzintepa (Surxondaryoning Sho’rchi tumanida) shahri bo’lgan. Kadfiz 1 davrida zarb etilgan tangalarda «Kujula Kadfiz Yabg’u» degan yozuvlar uchraydi. Uning o’g’li Vima Kadfiz podsholigi davri ham muhim o’zgarishlar bilan bog’liq. Bu davrga kelib shimoliy Hindistoning bir qator muhim hududlari egallanadi. Vima Kadfiz mamlakatda pul islohoti o’tkazib, vazni 8 gr og’irlikdagi oltin tangalarni zarb qildirib muomalaga chiqartiradi. Bu esa xalqaro savdoda Kushonlar davlati obro’sining ko’tarilishiga sabab bo’ladi. Xuddi shu vaqtda Rim imperiyasi bilan savdo-sotiq aloqalari kuchayadi. Kushonlar saltanatining eng kuchayishi Kanishka (78-123 yy.) davriga to’g’ri keladi. Bu paytga kelib Hindistonning Peshovor, Panjob, Kashmir va boshqa markaziy hududlari, shuningdek, Farg’ona, Sharqiy Turkistonning ancha qismi uning davlati tarkibiga kirgan edi. Bu davrda mamlakat poytaxti ham Peshovorga ko’chirilgan. Kanishka mamlakat ichki hayotida muhim ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy o’zgarishlarni amalga oshirish barobarida tashqi siyosatda ham g’oyatda uddaburolik bilan faoliyat yuritadi. Uning din sohasida o’tkazgan islohoti muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Uning davrida diniy tenglik va bag’rikenglikka alohida e’tibor berilgan. Garchand bu vaqtda ma’budalar ichida xudo Nana alohida ulug’lansa-da, biroq mamlakatning turli hududlarida mahalliy aholi oldindan e’tiqod qilib kelgan boshqa dinlar erkinligi va dahlsizligi saqlanib qoldi. Hatto zarb etilgan oltin va kumush tanga pullarda Budda xudosi bilan bir qatorda mahalliy xalqlar e’tiqod qo’yib kelgan xudolar – Anaxita, Mitra, Veretragna, Vaxsh va boshqalarning ham tasvirlari tushirilganligi bunga yorqin dalildir. Bu davrda zarb etilgan tangalar avvalgidek yunon tilida emas, balki mahalliy kushon – baqtriy tilida chiqarilganli alohida e’tiborga loyiqdir. Bunday uzoqni ko’zlab oqilona yuritilgan siyosat Kushonlar davlatida turli aholi qavmlari, ijtimoiy guruhlari o’rtasida tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilgan. Biroq Kanishkadan so’ng hokimiyatga kelgan Vasishka, Xuvishka, Vasudevalar davriga kelib Kushonlar davlati bir qator ob’ektiv va su’ektiv sabablar orqasida asta-sekin inqirozga uchray boshlagan. Ayniqsa III asr o’rtalariga kelib qo’shni davlat – Parfiya o’rnida yangidan vujudga kelib, tobora kuchaya borgan Eron sosoniylari hukmdorlarining to’xtovsiz olib borgan urush harakatlari natijasida Kushon davlati ziflashib, hududlari kichrayib bordi. Ayni paytda, 353 yilda Sug’diyonaga Ettisuv va Sharqiy Turkistondan o’z hukmdori Grumbat boshchiligida xioniylar nomli ko’chmanchi qabilalar bostirib kiradilar. Xioniylar Kushonlarga zarba berib, Sirdaryodan to Amudaryo havzasigacha bo’lgan hududlarda o’z hukmronligini o’rnatadilar. Shu tariqa, janubiy-g’arbdan sosoniylar, shimoliy-sharqdan xioniylar zarbasiga uchragan Kushonlar saltanati oxir-oqibatda halokatga uchradi. Kushonlar sulolasi hukmronligi davri ko’hna tariximizda katta iz koldirgan ekan, buni uning tarkibiga kirgan har bir hudud yoxud elatlar hayoti misolida yaqqol ko’rsa bo’ladi. Uning dastlabki poytaxti Dalvarzintepa (Surxondaryo), unga tutash Xalchayon (Denov), Zartepa, Fayoztepa, Qoratepa, Ayritom (Termiz atroflari) va boshqalar Kushonlarning eng rivoj topgan savdo-sotiq, hunarmandchilik sohalari o’sgan gavjum shaharlari hisoblangan. O’lkamizda sun’iy sug’orishga asoslangan dehqonchilik madaniyati nihoyatda taraqqiy etgan, ko’plab sug’orish inshootlari barpo etilgan. Surxondaryo vohasida Eski Angor, Zang, So’g’ddagi Darg’om kanallari shular jumlasidandir. Vatanimiz hududida shaharsozlik, me’morchilik, haykaltoroshlik, kulolchilik singari hunarmandchilik turlari yuksak darajada taraqqiy etgan. Buni ko’hna Tuproqqal’a, Ayritom, Termiz, Axsikent shaharlari o’rnida olib borilgan tarixiy tadqiqotlar ham tasdiqlaydi. Ayni chog’da Kushonlar davrida moddiy va ma’naviy madaniyat yonma-yon tarzda rivojlanib borgan, deb xulosa chiqarishga to’la asoslar bor. Kushonlar davri madaniyatining muhim, katta yutuklaridan biri shundaki, bunda turli qutb va mintaqada yashagan xalqlarning madaniyatlari o’zaro yaqinlashib, bir-birlarini to’ldirib, boyitib borgan. Bu esa ularning bir birlari bilan turli-tuman sohalarda yaqindan hamkorlik, hamjihatlik qilishlariga keng yo’l ochgan, umumiy yuksalishiga turtki bergan. Masalan, Hindistondan O’rta Osiyo hududiga Budda dinining kirib kelishi va yoyilishi, o’lkaning turli joylarida hashamatli Budda ibodatxonalarining barpo etilishi, budda haykallari va haykalchalarining yaratilishi – bular ulug’ ajdodlarimiz ma’naviy hayotidagi jiddiy o’zgarishlardandir. Ularning timsolida Hind va O’rta Osiyo xalqlarini birbirlariga ma’nan yaqinlashtirgan muhim omilni ko’rish mumkin. Termiz, Ayritom va boshqa joylardan topilgan buddizmga oid ashyoi dalillar, budda ibodatxonalari namunalari, haykallar, ularning yuksak mahorat bilan yaratilganligi – bular Kushonlar davrida Vatanimiz hududida moddiy va ma’naviy madaniyat rivoj topganligining yaqqol ifodasidir.

Buyuk ipak yo‘li

Ilk bor Xitoy hududidan boshlanib g’arbga tomon minglarcha kilometr masofaga cho’zilgan (12 ming km), Sharq bilan G’arbni tutashtirgan bu noyob savdo yo’li ulug’ ajdodlarimiz sa’y-harakatlari samarasi o’laroq umumbashariyat tadrijiy taraqqiyotida yorqin iz qoldirgan. Buyuk Ipak yo’li tushunchasini birinchi bo’lib fanga taniqli nemis olimi Fon Rixtgofen olib kirgan. U XIX asrning 70-yillarida yozgan «Xitoy» nomli klassik asarida bu terminni chuqur ilmiy asoslab berdi.

Ma’lumki, Xitoyning Sian shahridan boshlangan Ipak yo’li Lanjou orqali Dunxuanga (Sharqiy Turkiston) kelib, bu erdan u ikkiga ajraladi. Ipak yo’lining janubiy – g’arbiy tarmog’i Taklamakon sahrosi (Mo’g’uliston) orqali Xo’tanga, undan Yorkentga kelib, undan Balxga tomon o’tadi. Balxda yo’l yana uch tarmoqqa ajraladi. G’arbiy tarmog’i Marvga, janubiy tarmog’i Hindistonga, shimoliy tarmog’i Termiz orqali Darbent, Nautak va Samarqandga tomon yo’naladi. Ipak yo’lining shimomiy-g’arbiy tarmog’i esa Dunxuandan Bami, Turfon orqali Tarim vohasi-Qashqarga boradi. U erdan Toshqo’rg’on orqali O’zgan, O’sh, Quva, Axsikent, Popga, Asht orqali Xo’jand, Zomin, Jizzaxga, so’ngra Samarqandga borib tutashadi. Samarqanddan esa bu yo’l yana davom etib, Dabusiya, Malik cho’li orqali Buxoro, Romitonga, undan Varaxsha orqali Forobga borib Amul shahriga o’tadi. Amulda esa bu yo’l Marvdan Urganch sari yo’nalgan yo’lga qo’shiladi. Marv shahri O’rta asrlar davrida Buyuk ipak yo’li chorrahalari kesishgan eng muhim hayotiy nuqta bo’lgan. Eng muhimi shundaki, Buyuk ipak yo’lining g’arbdan keladigan savdo karvonlari, aytaylik, Italiya, Ispaniya va boshqa O’rta er dengizi mamlakatlarining savdogarlari ham o’z mollarini Tir, Damashq, Kichik Osiyo, Eron orqali yana O’rta Osiyoning yirik savdo markazi – Marvga olib kelar, shu erdan Sharq tomon yo’llarini davom ettirardilar. Shu ma’noda Marvning turli dinlar ildiz otgan, turli madaniyatlar tutashgan joy bo’lganligi alohida ahamiyatga molikdir. Buyuk Ipak yo’li Sharqu G’arbni bog’lovchi, turli mamlakatlarning savdosotiq, tijorat aloqalarining eng asosiy vositasi bo’lganidan, bu yo’nalishda joylashgan davlatlar undan o’z manfaatlari yo’lida foydalanishga, yoxud bu borada o’z mavqeini mustahkamlashga intilganlar. Shu bois turli tarixiy bosqichlarda turli davlatlar bunga intilib, Buyuk ipak yo’li ustidan o’z nazoratlarini o’rnatganlar. Masalan, mil. av. VI-IV asrlarda Eron ahomaniylari, mil. av. IV asrda esa makedoniyalik Iskandar, mil. av. II-I asrlarda Rim-Parfiya davlatlari o’rtasida bu boradi qattiq raqobat kechgan. Yoxud Arab xalifaligi vujudga kelgunga qadar bu yo’lning Eron va So’g’diyona hududlaridan o’tgan qismida Eron va So’g’d savdogarlari etakchilik rolini o’ynaganlar. Arab xalifaligi kuchayib, ko’plab hududlarni qo’lga kiritgach, bu yo’l arab savdogarlari tasarrufiga o’tadi. Chingiziylar davrida Buyuk ipak yo’lining tasarrufi butunlay ularning qo’l ostida bo’ladi. Buyuk Sohibqiron Amir Temur davriga kelib uning qudratli saltanati vujudga kelgach, Buyuk ipak yo’li sarhadlari yangidan kengayib, katta miqyoslar kasb etib, yanada rivoj topadi. Mil. av. II asr boshlarida Davan va Qang’ davlatlariga tashrif buyurgan Xitoy elchisi va sayyohi Chjan Tsyan safaridan so’ng Xitoy bilan O’rta Osiyo davlatlari o’rtasidagi diplomatik va savdo-sotiq aloqalari yangi bosqichga ko’tariladi. Elchining bu yurtda ko’rgan-kechirganlari, ayniqsa uzumchilik, vino tayyorlash, rangli shishalar ishlab chiqarish, zargarlik, zotdor, uchqur otlar Xitoy hukmdorlarini qiziqtirgan. Bu esa ikki o’rtadagi aloqalarga keng yo’l ochgan. Xitoy O’rta Osiyoning zotdor otlari, rangli shishalari, zargarlik mollari, la’liga xaridor bo’lsa, ayni chog’da Xitoydan yurtimizga ko’proq ipak va ipak mollari, chinni buyumlar, choy mahsulotlari keltirila boshlangan. Shuningdek, Hindistondan ip gazlama, ziravor va dorivor mahsulotlar, guruch, mushk anbar va shu kabi narsalar keltirilgan. Ayni chog’da o’zbek diyoridan bu mamlakatlarga qishloq xo’jalik mahsulotlari, mevalar, chorva mollari, otlar, gilamlar, zargarlik mahsulotlari, nafis junli matolar chiqarilgan. O’rta Osiyo hukmdorlari Buyuk ipak yo’lida savdo karvonlarining tinchligi, xavfsizligi va ularning bexatar, muntazam qatnovini ta’minlash borasida ham doimiy choratadbirlar ko’rib borganlar. Shu maqsadda kerakli nuqtalarda, aholi siyrak bo’lgan joylarda karvonsaroylar, emakxonalar barpo qilingan, suv oladigan quduqlar qazilgan, chor atrofi shinam bino shakliga keltirilib qurilgan rabotu sardobalar tiklangan. Hozirda ham Qizilqum, Mirzacho’l, Malik cho’li sarhadlarida o’tmish arxitekturasining noyob namunalari sanalgan shunday me’moriy obidalar xarobalari ko’plab uchraydi. Buyuk ipak yo’lining shuhrati ayniqsa XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asrda, ya’ni Amir Temur va temuriylar davrida yanada ortdi. Sohibqiron mamlakatning yuksak rivojida xalqaro savdoning nechog’lik ulkan ahamiyat kasb etishini bilganligidan, bu sohani butun choralar bilan o’stirishga alohida e’tibor bergan. Bunda yurt tinchligi, ulus farovonligi masalalari har doim uning diqqat markazida turgan. Shu bois ulug’ Amir savdo yo’llarini qo’riqlash, odamlar, musofirlar, turli yurt savdogarlari manfaatlarini bosqinchilar, qaroqchilar tajovuzidan muhofaza qilishni muhim davlat ahamiyatiga molik vazifalardan deb hisoblagan. Amir Temur tashabbusi bilan mamlakatning har bir yirik shaharlarida savdo karvonlarining kirishi va chiqishini nazorat qiluvchi davlat nazorat xizmati va maxsus bojxonalar tashkil etilgan. Savdo karvonlaridan mollarning hajmi, miqdoriga qarab boj to’lovlari undirilgan. Bu davrda poytaxt Samarqand dunyo savdogarlarining yirik markaziga aylandi. Uning keng ko’chalari bo’ylab maxsus qurilgan muhtasham karvonsaroylar, savdo bozorlari, rastalarida tunu kun savdosotiq ishlari to’xtamagan. Turli mamlakatlardan kelgan savdogarlar o’z mollarini xaridorlarga sotganlar yoxud o’zlariga kerakli mollarni xarid qilganlar. Amir Temur va uning avlodlari zamonida davlatlar o’rtasidagi o’zaro savdo-tijorat aloqalari yangi hududiy kengliklar kasb etib bordiki, bu bir tomondan, yurtimizning iqtisodiy-madaniy, ma’naviy yuksalishini ta’minlagan bo’lsa, ikkinchidan, uning xorijiy ellar, xalqlar bilan yaqinlashuvi, hamkorligiga kuchli turtki berdi. Bu esa Buyuk ipak yo’li shuhratining yanada ortishiga olib keldi. Prezidentimiz I.A Karimov ta’kidlaganidek, «Amir Temurning tarixiy xizmati yana shundan iboratki, uning harakatlari tufayli Osiyo va Evropa davlatlari tarixda birinchi marta yagona jug’rofiy-siyosiy makonda ekanliklarini his etdi».1 Shu tariqa, Amir Temur va temuriylar davrida Buyuk ipak yo’lining dovrug’i beqiyos katta bo’lganligi, u mamlakatlarning umumiy yuksalishiga, bir- birlari bilan yaqindan bog’lanishlariga jiddiy ijobiy ta’sir o’tkazganligiga shohid bo’lamiz. Buyuk ipak yo’li XVI asrdan e’tiboran o’z ahamiyati va rolini yo’qotib, tushkunlik sari yuz tutdi. Bu hollarni qanday sabablar bilan izohlash mumkin. Tabiiyki, bu jarayon o’z-o’zidan, bir lahzada to’satdan sodir bo’lib qolgani yo’q, albatta. Bizning nazarimizda, Buyuk ipak yo’li ahamiyatining so’nib, pasayib borishi bir qator ob’ektiv va sub’ektiv sabablar orqasida, tarixiy jarayonlarning murakkab, ziddiyatli kechishi davomida yuz berganligi shubhasiz. Birinchidan, Amir Temur va temuriylar sulolasining pirovard oqibatda chuqur inqirozga yo’liqishi va tarix sahnasiga boshqa hukmron sulolalarning, chunonchi, Shayboniyxonlar, Ashtarxoniylar sulolasining chiqishi hamda ularning boshqaruv usulining g’oyatda murakkab kechganligi, markaziy hokimiyatning kuchsizlanib, mamlakat hududlarining tarqoq holatga uchrashi o’z qobig’iga o’ralishi va hokazo hollar bu hududning tashqi dunyodan tobora ajralishiga bois bo’ldi. Ikkinchidan, Movarounnahrga kelib o’rnashgan o’zbek urug’lari, ularning amir-beklari, sultonlari o’rtasida hokimiyat talashib olib borilgan o’zaro jangu jadallar, doimiy qon to’kishlar natijasida o’lka tobora iktisodiy bo’hronlarga duch kela bordi, siyosiy beqarorlik avj oldi. Mamlakat tashqi davlatlar bilan aloqalar bog’lash, iqtisodiy, savdo-sotiq bobida hamkorlik qilish imkoniyatlaridan mahrum bo’ldi. Uchinchidan, ilg’or Evropa olimlari, sayyohlari tomonidan XV-XVI asrlardan e’tiboran boshlangan buyuk geografik kashfiyotlar, bularning natijasida jahonning turli qutblari tomon yangi, qulay suv yo’llarining ochilishi, shu jumladan, Hindiston, Xitoy va boshqa sharqiy-janubiy mamlakatlarga tomon shunday yo’llarning kashf etilishi, bular Buyuk ipak yo’li shuhratining pasayishi va so’nib borishga olib keldi. O’zbekistonning milliy istiqlolga erishuvi va o’z mustaqil davlatchiligiga ega bo’lishi uning oldiga keng istiqbol ufqlarini ochib berdi. Mustaqillik tufayli O’zbekiston yangidan yuz ochib, jahon afkor ommasining nigohiga tushdi. Ayni chog’da u BMTning teng huquqli a’zosi sifatida turli ijtimoiy tuzumdagi davlatlar bilan o’zaro foydali, manfaatli asoslarda hamkorlik qilish, aloqalar bog’lashga muvaffaq bo’ldi. Ayniqsa bunda Buyuk ipak yo’li an’analarini yangidan tiklash borasida hozirda jahon miqyosida olib borilayotgan davlatlararo harakatda O’zbekistonning alohida tashabbus ko’rsatayotganligi boisi ham mana shundandir. Zero, qadimdan Sharq bilan G’arbni bir-biriga bog’lagan, xalqaro savdoning qaynoq, tutash nuqtasi hisoblangan O’zbekiston hududi va uning qadimiy shaharlari bugun ham mustaqil davlatimizni keng xorijiy davlatlar bilan bog’lovchi muhim vosita rolini o’ynamog’i ayni muddaodir. «Qadim zamonlarda Sharq bilan G’arbni bog’lab turgan Buyuk ipak yo’li, -deb ta’kidlaydi Yurtboshimiz, – O’zbekiston hududi orqali o’tgan. Bu erda savdo yo’llari tutashgan, tashqi aloqalar hamda turli madaniyatlarning bir birini boyitish jarayoni jadal kechgan. Bugungi kunda ham Evropa va Yaqin Sharqdan OsiyoTinch okeani mintaqasiga olib boradigan yo’llar shu erda kesishadi».1 Shu boisdan ham mustaqil O’zbekiston Buyuk ipak yo’li an’analarini butun choralar bilan tiklash va rivojlantirishga alohida ahamiyat berib kelmoqda. Shuningdek, YuNESKO rahbariyati bilan hamkorlikda «Ipak yo’limuloqot yo’li» mavzusida o’tkazilayotgan amaliy tadbirlar ham muhim ahamiyat kasb etadi. O’zbekistonning so’nggi paytlardagi faol xatti-harakatlari Sharq va G’arbga hamda Janubga bevosita chiqish uchun qulay yo’llarga ega bo’lish, o’z mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish va davlatlararo keng muloqotlarga erishishga qaratilgan. O’zbekiston o’z milliy manfaatlari ustivorligidan kelib chiqib, dunyoga chiqishga, xalqaro bozor uchun raqobatbardosh mahsulotlar, mollar ishlab chiqarishga hamda G’arb bilan Sharq o’rtasida azaldan davom etib kelgan muhim vositachilik – ko’priklik rolini o’ynashga faol intilmoqda. U shu olijanob maqsadlar yo’lida faol izlanishlar olib bormoqda. Bu esa O’zbekistonning xalqaro maydondagi pozitsiyasini yanada mustahkamlab, uning nufuzi va obro’sining ko’tarilib borishga xizmat qiladi.

O‘ZBEK XALQINING SHAKLLANISHI

Turonzaminda turkiy xalqlarning azaliy etnos ekanligi

Milliy istiqlolga erishganimizdan keyin o’zbek xalqining etnologiyasi, etnik tarixini o’rganish, haqqoniy yoritish tarix fanining muhim va dolzarb masalalaridan biriga aylandi. Negaki, mustaqillik sharofati bilan xalqimizning o’z yurti, tili, madaniyati, qadriyatlari tarixini bilishga, o’zligini anglashga qiziqishi o’sdi. Farzandlarimiz tarix ijodkori bo’lgan o’z ajdodlari kimlar bo’lganligini, o’zbek xalqi qachon va qanday shakllanganligini chuqur anglashni, bilishni xohlaydi. Prezidentimiz I.A.Karimovning «Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q» asarida ta’kidlanganidek: «har qaysi inson men shu millat farzandi ekanman, mening ajdodlarim kimlar bo’lgan, millatimning ibtidosi qayda, uning oyoqqa turish, tiklanish, shakllanish jarayoni qanday kechgan, degan savollarni o’ziga berishi tabiydir… Tarixiy ildizini izlagan odam, albatta, bir kun mana shunday savollarga duch keladi va aminmanki, to’g’ri xulosalar chiqaradi».

Ko’plab ishonchli tarixiy ma’lumotlar, manbalar, ashyoi dalillar barcha xalqlarning etnik shakllanishi uzoq davrlar davomida, murakkab tarixiy shartsharoitlar va omillar ta’sirida sodir bo’lganligini tasdiqlaydi. O’zbek xalqining shakllanishi ham uzoq tarixiy jarayon mahsuli bo’lib, uning o’q tomirlari shu yurt zaminida azal-azaldan yashab, uni o’ziga makon tutib, chuqur ildiz otib, muttasil moddiy va ma’naviy madaniyat namunalarini yaratib kelgan qadimiy urug’, qabila va elatlarga borib qadaladi. Shu o’rinda urug’, qabila, xalq tushunchalari to’g’risida ham bir qadar to’xtalib o’tmoqlik joiz bo’ladi. Negaki, ular haqida aniq tasavvur hosil qilish, nazarimizda, etnik jarayonlar o’zgarishining mazmun-mohiyatini to’g’ri tushunishda g’oyatda muhimdir. Qadimdan qon-qarindoshlik rishtalari bilan bog’langan, bir tomirga borib taqaladigan, turmush tarzi, yashash sharoiti bir xil bir necha oilalar birikuvidan urug’lar hosil bo’lgan. Urug’ jamoasining o’z etakchisi – oqsoqoli bo’lgan. Urug’ jamoasi hamma narsada, har bir masalayu sa’y-harakatlarda oqsoqolning izmida bo’lgan. Qabila ibtidoiy bosqichga xos etnik birlik bo’lib, qon-qorindoshlik munosabatlari, bir necha urug’larning birikuvi natijasida tashkil topgan. Qabilaning o’ziga xos tili, hududi, qabila a’zolarining o’zaro hamkorligi, qabila nomi, o’ziga xos an’analari bo’ladi. Qabila hayotiga doir ishlarga boshchilik qiladigan qabila oqsoqoli saylangan, muhim masalalar bo’yicha qabila yig’inlari o’tkazilgan. Qabilalar o’rtasida etnik, xo’jalik, moddiy va madaniy aloqalar rivojlanishi natijasida ular qo’shilishib, birlashib ketadilar. Natijada ularning etakchi, nufuzli guruhi nomi bilan yangi etnik birlik – elat yoxud xalq shakllanadi. Xalq hududiy, iqtisodiy, til va madaniy umumiylik asosida tarkib topadi. Qadimshunos olimlarimiz tomonidan arxeologik tadqiqotlar yo’li bilan o’rganilib, isbotlangan qanchalab dalili ashyolar bu hududda yashagan ulug’ o’tmishdoshlarimiz miloddan avvalgi ming yilliklar mobaynida ibtidoiy-jamoa tuzumining barcha asosiy bosqichlarini boshdan kechirib, istiqomat qilib, o’ziga xos hayot tarzini yaratib kelganligidan dalolat beradi. Buni Xorazm, Surxon, Zarafshon vohallarida, Farg’ona vodiysi hududida olib borilgan qidiruv ishlari, Markaziy Osiyo hududida joylashgan 270 dan ortiq tarixiy yodgorliklar tahlili hamda boshqa ko’plab mo’’tabar dalillar ham to’la tasdiq etadi. Shularga asoslanadigan bo’lsak, miloddan avvalgi ming yilliklar davomida bu zaminning yashashga qulay, tabiiy sharoitlari o’ng’ay bo’lgan joylarida yashagan har xil mahalliy urug’, qabilalar dehqonchilik, chorvachilik, yilqichilik, ovchilik, baliqchilik, hunarmandchilik bilan shug’ullanib kelganlar. Masalan, daryo, ko’llar atroflarida yashagan aholi asosan dehqonchilik yoxud baliqchilik bilan mashg’ul bo’lgan bo’lsa, cho’lli, adrli joylarning odamlari esa ko’proq chorva, yilqi boqish bilan band bo’lganlar. Qadimiy manbalarda aytilishicha, hozirgi O’rta Osiyo xududlarida massagetlar, saklar, sug’diylar nomi bilan atalgan qabilalar yashaganlar. Taniqli etnograf olim K.Shoniyozovning ta’qidlashicha, «O’zbek xalqi mazkur hududda yashagan tub erli etnoslardan tomir olgan; ikkinchi ildizi esa qadimgi turkiy xalqlardan boshlangan. Har ikkala ildizlarning birikishi – o’zaro sintez o’zbek elatini va keyinchalik o’zbek xalqini tashkil etgan. Har qanday xalq alohida etnik birlik (elat) bo’lib ma’lum bir hududda, ma’lum tarixiy davrda shakllanadi. O’zbek xalqi ajdodlari ham elat bo’lib, Movarounnahr va Xorazm hududida hamda ularga tutash mintaqalarda shakllangan».

Muqaddas «Avesto» kitobida ham vatanimiz hududida yashagan qavm, elatlar haqida ko’plab ishonchli ma’lumotlar bor. Jumladan, unda Xorazm, Sug’d, Baqtriya singari yurtlarning iqtisodiy va madaniy-ma’naviy taraqqiyotda yuksak darajada bo’lganligi qayd etiladi. Firdavsiyning «Shohnoma» asarida va boshqa mo’’tabar manbalarda turkiy etnoslar O’rta Osiyoda yashovchi azaliy qavm ekanligi ta’kidlanadi. Shu boisdan bu o’lka qadimdan Turon deb atalib kelindi. Turonzamindagi qo’shni qardosh elatlar o’zaro hamjihatlikda yashab, chuqur ildiz otib borish barobarida tabiiy zaruriyat taqozasi o’laroq bir-birlari bilan qo’shilishib, birikishib o’zaro etnik jarayonlarni boshdan kechirganlar. Bu esa asta-sekin bu hududda turkiy va sug’diyda so’zlashuvchi ikki tilli xalqning shakllanib borishida o’z ifodasini topgan. O’rta Osiyo aholisi to’g’risidagi ma’lumotlarni yunon-rim tarixchilari asarlarida ham uchratamiz. Ular Qora dengizning sharqiy hududlarida yashovchi qabilalarni umumiy nom bilan «skiflar» deb ataganlar. Gerodot «bu xalqlar qadimiylikda misrliklardan qolishmaydi», deb qayd etadi. Yozma manbalarda skiflarning ikkita yirik qabilasi – massagetlar va saklar xususida ko’proq eslatiladi. Ayniqsa ona yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, uni ajnabiy kuchlar tajovuzi va bosqinidan himoya qilish zaruriyati turli qardosh va qondosh urug’, qabilalar, elatlarni bir-birlari bilan yaqinlashtirgan, do’stlashtirgan, bir yoqadan bosh chiqarib faol harakatlarga chorlagan. Shu tarzda davom etgan o’zaro yaqinlik, birodarlik, og’a-inilik tuyg’usi bu qavm, elatlarni ma’nan, ruhan va jismonan bir jonu bir tan bo’lib o’zaro intensiv etnik jarayonlarga kirishib borishlariga bois bo’lgan.

Yurtimiz hududida kechgan etnik jarayonlar. O‘zbek xalqining shakllanishi

O’zbek elatining alohida etnik birlik (elat) bo’lib shakllanishida ushbu elatning ilk ajdodlari bo’lgan tub erli etnik birliklar, ya’ni ikki til (turkiy va eron) turkumidagi qavmlarning aralashuvi alohida o’rin tutadi. Ikki til guruhidagi etnoslarning aralashuv jarayoni sak-massagetlardan, ular yashagan hududlarga qiyosan aytganda xorazmiylar, baqtriylar, sug’diyonaliklardan boshlangan. Antropolog olim T.Q.Xo’jaevning tadqiqot xulosalariga ko’ra, yurtimizda hozirgi o’zbeklarga xos antropologik qiyofa mil. avv. III-II asrlarda shakllanib bo’lgan. Keyinchalik shimoliy-sharqiy hududlardan O’rta Osiyoga ko’plab turkiy etnik guruhlarning kirib kelishi va mahalliy aholi bilan aralashuv jarayoni kuchayib boradi. Mil. avv. II asrning ikkinchi yarmida Sharqiy Turkiston hududlarida yashovchi turkiy etnik guruhlarning Sug’diyona, Baqtriya, Farg’ona vohalariga kirib kelishi sodir bo’ladi. Ular Xitoy manbalarida yuechjilar deb ataladi. Yuechjilar mahalliy hukmdorlar ustidan g’olib kelib, hokimiyatni egallaydilar va milodiy IV asrgacha davlat hokimiyatini boshqaradilar. Bir necha asrlik bu tarixiy jarayon davomida yuechjilar deb nomlangan turkiy etnik guruhlar mahalliy aholi bilan aralashib, qo’shilib ketadilar. Milodiy IV-V asrlarda O’rta Osiyo hududiga xioniylar, kidariylar, eftaliylar nomli turkiy etnik guruhlar kirib keladilar. Kushonlar sulolasi ag’darilib, hokimiyat avval kidariylar, keyinroq eftaliylar qo’liga o’tadi. Bu suronli tarixiy jarayonda O’rta Osiyoda yana etnik aralashuv yuz beradi. Tashqaridan kirib kelgan bu turkiy etnik guruhlar mahalliy aholi tarkibiga qo’shilib ketadilar. Milodiy VI asr o’rtalaridan boshlab O’rta Osiyo erlarining Turk xoqonligi tasarrufiga o’tishi bilan bog’liq holda bu hududda sharqdan turli turkiy urug’, qabilalarning kelib joylashishi va o’troqlashishi jarayoni yanada kuchayadi. Ayni paytda bu erlarda o’rnashgan turkiy etnik guruhlar o’zlariga xos ko’plab milliy an’analar, udumlar va marosimlarni ham olib kelganlar. Bu esa, bir tomondan, bu hududda aholining aralashish-qo’shilish jarayoniga sezilarli tasir ko’rsatgan, bu erda azaldan yashab kelgan aholining turkiy qatlami salmog’ining ko’payib borishiga bois bo’lgan. Ikkinchi tomondan, o’lka hayotida kechgan bu tarzdagi etnik o’zgarishlar, shu hududda yashagan xalqlarning bir-birlari bilan yaqinlashib, madaniy-ma’naviy aloqalarining o’zaro boyib, taraqqiy etishiga ijobiy ta’sir ko’rsatib borgan. Turk xoqonligi hukm surgan VI-VIII asrlarda yurtimizning sharqiy, hususan Farg’ona, Shosh xududlariga turkiy etnosga mansub urug’, qabilalarning kirib kelishi kuchayadi. Ularning ko’pchiligini qarluqlar tashkil etardi. VII asr o’rtalariga kelib Farg’ona vodiysining sharqiy va markaziy erlarida qarluqlar mustahkam o’rnashib oladilar. Shuningdek, Toshkent vohasining tog’li va tog’ oldi tumanlari aholisi tarkibining ancha qismini ham qarluqlar tashkil etgan. Ularning ko’pchiligi o’troq hayot kechirib, turli xil xo’jalik yuritish tizimini yaratib borganlar. Ular yashagan joylar o’z orastaligi, obodonligi, gavjumligi bilan ajralib turgan.

Ettisuv kengliklarida, Chu vodiysi, Issiqko’l tomonlarda ham qarluqlarning katta qismi yashagan. Chu vodiysi atroflarida ularning nisbatan rivojlangan shahar va qishloqlari mavjud bo’lib, ularda iqtisodiy va madaniy hayot darajasi bir muncha yuqori bo’lgan. Aholining ancha qismi dehqonchilik, hunarmandchik savdo sotiq singari kasblar bilan shug’ullangan. 200 yil davom etgan Turk hoqonligi davrida Evroosiyo kengligida yashovchi bir qancha turkiy qabilalarning birlashib borishi natijasida yirik qabila ittifoqlari, katta-kichik davlatlar vujudga keldi. Xoqonlikning barcha hudud aholisiga tushunarli yozuv va til shakllanadi. Xoqonlik davrida tashkil topgan o’g’iz, uyg’ur, qipchoq, qirg’iz va boshqa etnik uyushmalar o’rta asrlar davomida vujudga kelgan bir qancha elatlarning shakllanishiga asos soladi. Hozirgi kunda Evroosiyoda mavjud bo’lgan turkiy xalqlarning, jumladan, o’zbek xalqining etnogenezi xoqonlik davridagi turkiy dunyo bilan bevosita bog’liq va shuning uchun bu elatlar qondosh xalqlar hisoblanadi.2 X asr o’rtalarida sharqiy Turkiston, Ettisuv kengliklarida yashagan qarluq, chigil, yag’mo va boshqa turkiy qabilalarning Abdulkarim Sotiq Bug’raxon boshchiligida Qorahoniylar nomi bilan atalgan markazlashgan yirik turkiy davlatga birlashuvi turkiy elatlar tarixiy taqdirida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’ldi. X asrning ikkinchi yarmidan boshlab Qoraxoniylar davlati hududining Turonzamin tomon kengayib borishi va buning natijasida Somoniylar sulolasining inqirozga yuz tutib, butun Movarounnahr bo’ylab Qoraxoniylar hukumronligining o’rnatilishi jarayonida bu zaminga sharqdan ko’plab turkiy urug’ va qabilalarning kelib joylashishi sodir bo’ldi.

Agar avval boshda bu qavmlarga mansub aholi asosan Movarounnahr o’lkasining Farg’ona vodiysi yoxud Shosh vohalariga kirib kelgan bo’lsa, keyinchalik ular bu zaminning boshqa hududlarida ham o’rnashib, o’troqlashib bordi. Bu hol, shubhasiz, yurtimiz aholisining etnik tarkibida jiddiy o’zgarishlarga olib keldi. Buning natijasida o’lkada yashab kelgan tubjoy aholi tarkibi, uning turmush tarzi, ma’naviy hayoti, milliy qadriyatlari sezilarli o’zgarishlarga ro’baro keldi, muhim yangiliklar bilan boyidi. Ayni chog’da aholi tarkibida yuz bergan qo’shilish jarayoni orqasida turkiy etnoslarning salmog’i va ta’siri ortib bordi. Kirib kelgan turkiy elatlar Turonzamin hududini makon tutib, bu erdagi erli aholi bilan qo’shilishib, ularning turmush tarzi, udumi, urf-odatlari, marosimlarini o’zlashtirish, qabul qilish barobarida o’zlariga xos ko’plab betakror udumlaru qadriyatlarni, ma’naviyat sarchashmalarini o’lka hayotiga olib kirdi, singdirdi.

Zotan, «Har qanday tsivilizatsiya ko’pdan-ko’p xalqlar, millatlar, elatlar faoliyatining va samarali ta’sirining mahsulidir». Shu tarzda o’zbek xalqining shakllanishida muhim omil hisoblangan madaniy, ma’naviy, psixologik umumiylik tarkib topadi. Eng muhimi, xuddi shu asrlarda o’zbek adabiy tili uzil-kesil shakllandi. O’zbek tilining shakllanishida qarluq-chigil lahjasi muhim o’rin tutdi. O’zbek tilida umumbashariy g’oyalar va qarashlarni o’zida ifoda etgan ko’plab yuksak umrboqiy asarlarning yaratilishi buning yorqin isbotidir. O’zbek tilining yuksak badiiy jarangdorligi, boyligi va qudrati jihatidan o’sha davrda keng e’tirof topgan arab va fors-tojik adabiyotlaridan sira qolishmasligini ko’rsatadi. Xususan, Mahmud Qoshg’ariyning «Devoni lug’atit turk», Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig», Ahmad Yugnakiyning «Hibatul haqoyiq», Ahmad Yassaviyning «Hikmatlar»i singari yuksak insonparvarlik g’oyalari ruhi bilan sug’orilgan baquvvat asarlar bunga misol bo’la oladi. Taniqli yozuvchi A.Ibrohimov so’zlari bilan aytganda, «Barcha turkiy xalqlar davrasida faqat bizkim, o’zbeklar birinchi voris o’laroq Ahmad Yassaviy she’riyatini asliyatida – bevosita o’qiymiz, chunki Ahmad Yassaviy tili o’zbek adabiy tilining xalqchil va yorqin namunalaridan biridir. Ahmad Yassaviy «Hikmati» barcha o’zbeklar uchun xuddi shu zamonda yozilgandek tushinarli va yoqimlidir». Shunday qilib, o’lkamizda uzoq yillar davomida yuz bergan etnik jarayonlar natijasida o’zbeklar IX-X asrlarda etnik birlik – xalq bo’lib shakllanadilar. Uning asosini o’lkada muqim yashab kelgan tub erli aholi tashkil etadi. Kirib kelgan turkiy tilli etnik guruhlar ham o’zbek xalqining shakllanishida qatnashgan asosiy komponentlar hisoblanadi. Lekin ularning soni mahalliy aholidan kam bo’lgan, ular turg’un aholi bilan aralashib, qorishib ketganlar. Keyingi davrlarda ham shakllangan o’zbek xalqi tarkibiga boshqa etnik guruhlarning kirib kelishi va qorishuvi davom etdi. XIII asrda Mavorounnahr va Hurosonda mo’g’ullar bosqini va hukronligi davomida etnik aralashuv jarayoni davom etdi. Mo’g’ullar bilan birgalikda ularga tobe qo’shni yurtlardan bir qator turkiy qavmlar-jaloirlar, barloslar, kavchinlar, arlotlar kabi turkiy urug’, qabilalar bu erga kelib vatan topdilar. Jumladan, barloslar Qashqadaryo vohasiga joylashgan bo’lsa, jaloirlar esa ko’proq Ohongaron vodiysida qo’nim topdilar. Kavchinlar bo’lsa asosan Farg’ona vodiysi, Qoshg’ar hududlari bo’ylab joylashdilar. Arlotlar esa Surhon vohasi janubida va Afg’onistonning shimoliy mintaqasida o’rnashib, bu hududlarda yashovchi aholi tarkibiga singib ketdilar. O’rta Osiyoga kelib joylashgan mo’g’ul jamoalari ham asta-sekin troq hayotga o’tib, o’zlariga nisbatan ancha yuqori madaniyatga ega bo’lgan erli aholining urf-odatlari, udumlari, turmush tarzi, musulmon dini e’tiqodlarini qabul etib, ko’p hollarda ular bilan aralashib bordi. Ayniqsa XIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab bu xududda mo’g’ullarning islomni rasmiy din sifatida e’tirof etishi va unga e’tiqod qilishi, shuningdek, ularning o’troq hayotga o’tib borishi, turkiy (o’zbek) tilda to’liq muomala yuritishi – bular o’zaro qo’shilish jarayonining muhim omili bo’ldi.

XV asr oxiri – XVI asrda o‘zbek xalqi tarkibida yuz bergan muhim o‘zgarishlar. «O‘zbek» atamasi va uning keng yoyilishi

O’zbek xalqi etnik tarkibining evolyutsion o’sish jarayoni XV asr oxiri va XVI asrda yana muhim o’zgarishlarga duch keldi. Bu jarayon mamlakatda hokimiyatning Temuriylar sulolasidan Shayboniylar sulolasiga o’tishi bilan bog’liq holda kechdi. Movarounnahr va Xurosonda hokimiyatni shayboniylar sulolasi egallagach, bu hududlarga Dashti Qipchoqda yashovchi turkiy xalqlar, keyinchalik o’zlariga o’zbek degan nomni qabul qilgan urug’-qabilalar kirib keldilar. Ba’zi manbalarda 92, boshqa bir manbalarda 96 ta deb tilga olinuvchi bu ko’p sonli urug’ va qabilalarning kirib kelishi, ersuv va mulk olib, o’troq hayot kechirishga o’tishi, mamlakatni boshqarish jilovi markazda va joylarda shu sulola vakillari qo’lida to’planishi o’z navbatida o’lka hayotida keskin o’zgarishlarning yuz berishiga olib keldi. Bu hol ayni paytda etnik jarayonlar borasida ham aks etmay qolmadi. Qadim-qadimdan turkiy etnik guruhlar nafaqat bizning ona zaminimizda, balki shu bilan birga keng sharqiy va shimoliy jug’rofiy hududlarda, jumladan Dashti Qipchoqda ham uzoq yillar davomida istiqomat qilib kelganlar. Dashti Qipchoq deb atalgan, Sirdaryoning quyi havzasi va Orol dengizidan shimol sari cho’zilgan hamda hozirgi Ural va G’arbiy Sibir orolig’idagi keng dashtli erlarni ishg’ol etgan hududlarda turkiy qavmlarga mansub urug’ qabilalar olis asrlardan buyon yashab kelganlar. Akademik B.Ahmedovning yozishicha, «Hozirgi o’zbeklar, qozoqlar, qoraqalpoqlar va boshqa xalqlarning ajdodlari shu xalqlar hozir yashayotgan erlarda qadim zamonlarda ham yashaganlar, lekin o’zbeklar, qozoqlar, qoraqalpoqlar deb atalmaganlar. Tarixiy, adabiy manbalarda Dashti Qipchoqning sharqiy qismida qadim zamonlardan beri turk qabilalari yashaganligi haqida anchagina ma’lumotlar mavjud. Bu erlarni XIII asr boshida zabt etgan mo’g’ullar bo’lsa, Dashti Qipchoqning turk qabilalari orasida tez orada singib ketganlar va hatto o’z milliyligini yo’qotganlar». Bu fikru qarashlardan kelib chiqadigan qat’iy xulosa shuki, XVI asr boshlarida Vatanimiz sarhadlarida ro’y bergan etnik o’zgarishlar, tariximiz kechmishini qiyshiq oynada ko’rmoqchi bo’lgan ba’zi muxoliflarimiz da’vo qilganlaridek, ajnabiy xalqlaru elatlar bosqini orqasida yuz bermagan. Shuningdek, bu jarayonlar majburiy, zo’rlik asosida ham kechmagan. Buning aksi o’laroq, bu o’zgarishlar uzun o’q tomirlari bir bo’lgan, bir-birlari bilan qon-qardoshlik rishtalari ila bog’langan, azaldan turli aloqalarda bo’lib kelgan turkiy xalqlarning asta-sekin o’zaro qo’shilishi, birikishi davomida yuz bergan. To’g’ri, Dashti Qipchoqda yashovchi o’zbek urug’, qabilalari bilan Movarounnahr va Xuroson xalqi o’rtasida turli ob’ektiv va sub’ektiv omillar orqasida hamma vaqt ham doimiy aloqalar, bordi-keldilar bo’lmagan, ularni katta masofadagi bo’sh, sahroli hududlar ajratib turgan. Shu bois ularning turmush tarzi, mashg’ulot turlari, kasb-korlari, urf-odatlari, udumlari boshqacha ko’rinishda bo’lganligi tabiiydir. Buning ustiga Dashti Qipchoq aholisining aksariyat qismi keng yaylovlarda chorvachilik, yilqichilik xo’jaligi bilan mashg’ul bo’lgan. Buning aksicha, Movarounnahr aholisi uzoq asrlar davomida o’troq hayotga o’rganib, ona zamin hayotida muqim yashab kelgan. Ular azaldan mirishkor bobodehqonlar, mohir hunarmandlar, ustamon savdogarlar sifatida nom qozonganlar. Ularning sa’y-harakatlari, mehnati, zahmati bilan yurt obod etilib, birbiridan ko’rkam, gavjum shaharlar bunyod topib, dovrug’ topgan.

Dashti qipchoqlik ko’p sonli urug’, qabilalar Movarounnahr hududlariga kirib kelar ekanlar, ular, eng avvalo, mahalliy qardoshlari, elatdoshlari bilan tabiiy suratda yaqinlashib, ulardek o’troq hayotga moslashib, ularning turmush tarziga xos hamma eng yaxshi narsalarni o’zlariga qabul qilib, singdirib bordilar. Eng muhimi, kirib kelgan urug’, qabilalar bu zaminda o’zlarining ikkinchi vatanlarini topish barobarida asta-sekin bu erning tubjoy aholisi tarkibiga singishib bordi. Bu narsa ayniqsa ularning avvalgi ko’chamanchilik hayotiga xos turmush tarzidan o’zlaridan madaniy va maishiy sohalarda ancha yuqori darajada bo’lgan mahalliy halqning ilg’or turmush tarziga o’tishida, uning ko’p asrli boy ma’naviy merosi sarchashmalaridan bahra topib borishida yaqqol namoyon bo’ldi. Shuning uchun ham ular mahalliy qardoshlari bilan qorishib, ma’nan yuksalishga yuz tutib, ularning ilg’or hayot tarzini o’zlariga uzil-kesil singdirib bordilar. Endi «O’zbek» atamasi va uning iste’molga kirib kelishi hamda keng yoyilishi xususida to’xtaladigan bo’lsak, aytish joizki, bu masala ham ma’lum ma’noda printsipial ahamiyatga molikdir. Negaki, bu nom zamirida butun bir halqning tarixiy kechmishi, taqdiri bilan bog’liq holatlar kuzatiladi. Sobiq sovet tarixshunosligida, shuningdek, ayrim qo’shni davlatlarning mualliflari qarashlarida ham «o’zbek» atamasini o’zbek halqining kelib chiqishi bilan atayin bog’lashga urinish hollari kuzatiladi. Bu esa mazkur nozik masalani chalkashlashtirish yoxud suvni loyqalatishdan boshqa narsa emas, albatta. Yurtboshimiz o’zining «Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q» asarida mana bu so’zlarni bejiz ta’kidlab o’tmagan: «O‘zbek nomi qachon paydo bo‘lgan? Sovet tarixshunoslarining yozishicha, XVI asrda bizning zaminimizni Dashti Qipchoq xonlari ishg‘ol qilgandan keyin o‘zbek nomi paydo bo‘lgan emish. Axir biz Movarounnahr deb ataydigan ikki daryo oralig‘ida ungacha ham xalq yashaganku! Yoki bu xalq boshqa millat bo‘lganmi? Mantiq qani bu yerda».

Bu keskin va haqqoniy aytilgan so’zlarning ma’no, mazmunini chaqar ekanmiz, millatimiz haqidagi bor haqiqatni bilishimiz, uning nomi bilan mazmun-o’zagi o’rtasidagi tafovutni aniq-tiniq tasavvur etishimiz nechog’lik muhim ekanligi o’z-o’zidan ravshanlashadi. Ma’lumki, xalqimizning «o’zbek» atamasi bilan nomlanishi XVI asr boshlariga to’g’ri keladi. Bu hol asosan yurtimiz hududlariga Dashti Qipchoqdan katta oqim sifatida kirib kelgan o’zbek degan umumiy nomni XV asrda qabul qilgan urug’lar va qabilalar hayoti bilan bog’liq yo’sinda yuz bergan. Negaki, ular bu zaminga kelib joylashib, mahalliy aholi qatlami tarkibini boyitish, uning yuksak ma’naviyati, boy asriy qadriyatlarini o’zlashtirish barobarida o’zlarining umumiy o’zbek nomini asta-sekinlik bilan shu hududda yashagan barcha aholiga ham nisbat bera bordilar. Bu esa «o’zbek» atamasining shu davrdan e’tiboran butun Movarounnahr bo’ylab keng yoyilishiga, bu erdagi xalqning shu nom bilan atalishiga bois bo’ldi. Biroq shu narsa ravshanki, o’zbeklar, avvalo, qaysi qabilaga mansub bo’lsalar shu nomni uzoq vaqt saqlab qolganlar. Hatto XX asrga qadar ham Turkiston o’lkasida ajdodiy-qabilaviy nomlar saqlanib qolganligi buni tasdiq etadi. Ammo bu degani o’zbek xalqining kelib chiqishi faqat XVI asrda yuz bergan, degan ma’noni aslo anglatmaydi. Bu erda gap faqat «o’zbek» iborasining etnik nom sifatida paydo bo’lgan vaqt xususida borayapti. Vaholanki o’zbek xalqi o’z mazmun, mohiyati, teran tomirlari bilan Turonzamin hududida juda qadimiy zamonlardan buyon yashab kelganligi, boy tarix, olamshumul ahamiyatga molik ma’naviyat durdonalarini ijod etganligi hammaga ma’lumdir. Shu ma’noda Prezidentimizning: «Biz xalqni nomi bilan emas, balki madaniyati, ma‘naviyati orqali bilamiz, tarixining tag-tomirigacha nazar tashlaymiz» , deb aytgan so’zlari alohida ahamiyat kasb etadi.

«O’zbek» atamasi va uning kelib chiqishi, yoyilishi to’g’risida fikr yuritganda, bu masalaning yana bir qator muhim jihatlariga e’tibor qaratish kerak bo’ladi. Negaki, bu ham o’sha xalqning ma’lum ma’noda o’ziga xos xususiyatlarini, tabiati, mazmuni, mohiyatini tushunishda asqotadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda «O’zbek» atamasining kelib chiqishi, uni xalqimizga nisbat berilishi xususida ham tariximizda turlicha qarashlar va yondashuvlar mavjuddir. Zero, ularni ko’zdan kechirish, turli nuqtai nazarlarni taqqoslash va aniqlashtirish orqali ham xalqimiz tarixiga oid ko’p narsalarni oydinlashtirish, o’z tarixiy xotiramizni yanada boyitib borishimiz mumkin bo’ladi. Ma’lum bo’lishicha, «O’zbek» iborasi XIII-XIV asrlarda yashab o’tgan o’sha davrning mashhur tarixchilari Juvayniy va Rashididin asarlarida ham uchraydi. Mashhur bobokalonimiz, buyuk alloma va davlat arbobi Mirzo Ulug’bekning «To’rt ulus tarixi» asarida ham «O’zbekiya», «O’zbeklar mamlakati» degan jumlalarga ko’zimiz tushadi. Bunda, bizning nazarimizda, Dashti Qipchoqda yashagan urug’, qabilalar yashagan joy, hudud nomlari ko’zda tutilgan bo’lsa kerak. Ba’zi manbalarda esa o’zbek nomi Oltin O’rda xonlaridan biri O’zbekxon (1312- 1340) nomidan olinganligiga ishora qilinadi. Rus olimlaridan A.Yakubovskiy, N.Aristov,I.Ivanovlar ham shunday qarashga moyillik ko’rsatadilar. Venger olimi Xerman Vamberi esa yanada qiziqroq ma’lumotni ilgari suradi: «O’zbek» so’zining tub ma’nosi – «o’z-o’ziga bek, xo’jayin, mustaqil». Nima bo’lganda ham «O’zbek» atamasini dastlab Dashti Qipchoqda yashovchi turkiy qabilalar qabul qilgan nom bo’lib, bu qavm, elatlarning yurtimizga o’rnashishi, tubjoy aholi odamlari bilan taqdiran qo’shilishi jarayonida «O’zbek» atamasi Turkistonda yashagan aholining umumiy nomiga aylanadi.

Mustaqillik davrida O‘zbekistonda milliy totuvlikning ta‘minlanishi

O’zbekiston milliy istiqlolining qo’lga kiritilishi o’zbek xalqining tarixiy taqdirida tub burilish yasash barobarida, uning tom ma’nodagi emin-erkinligi, ozodligi va mustaqilligini ta’minlab, ijtimoiy taraqqiyotning keng, istiqbolli yo’llariga olib chiqdi. Xalqimiz o’zgalarga tobelik va qaramlik asoratidan butunlay xalos bo’lib, o’zligini tanib, qaddini tiklab jahon hamjamiyati tomon yuz tutdi. Uning tomonidan ko’p asrlar davomida yaratilgan bebaho ma’naviy qadriyatlar, asori atiqalar, moddiy va ma’naviy boyliklar barcha-barchasi yurt fuqarolarining umumiy mulkiga aylandi. Mustaqillik ayni paytda milliy munosabatlarga ham bevosita daxl etib, bu sohadagi muammolar echimini muvaffaqiyatli hal etish yo’llarini belgilab berdi. O’zbekiston ko’p millatli mamlakat bo’lganligi bois ham milliy masalani to’g’ri, oqilona hal etish uning demokratik rivojlanish yo’lidan ilgarilab borishida muhim ahamiyat kasb etadi. Buning ustiga respublikada ijtimoiy-siyosiy vaziyat barqarorligi, fuqarolar totuvligi, bunyodkorlik va yaratuvchilik ishlarining maromi ko’p jihatdan milatlararo munosabatlarni to’g’ri tashkil etish, ularni aniq maqsadlar sari yo’naltirishga bog’liqdir. Mustaqil O’zbekiston hozirgi murakkab o’tish davrining barcha qiyinchiliklarini asta-sekin bartaraf etib, ilgarilab borar ekan, bunda sobiq sovetlar tuzumidan meros bo’lib qolgan milliy munosabatlar masalasidagi ko’plab ziddiyatli, muammoli masalalarni hal etish yo’lidan bormoqda. Ma’lumki, mustabid sovet hokimiyatining milliy siyosati shu darajada bir yoqlama yo’nalishda olib borilganki, millatlarning o’ziga xoslik, milliylik jihatlari muttasil inkor etilib kelingan. Xususan, o’zbek xalqining ko’p asrli asl ma’naviy qadriyatlari, islomiy diniy e’tiqodi, milliy udumlari, an’analari, marosimlarining cheklanib, tahqirlanib kelinganligi, ko’hna boy tarixi soxtalashtirilib, buzib talqin etilganligi, milliy tilining doimiy kamsitilganligi va shu singari salbiy holatlar buning yaqqol ifodasidir. Xususan, 1924 yilda O’rta Osiyoda o’tkazilgan milliy-davlat chegaralanishi va buning orqasida yagona Turkiston hududining bo’lib tashlanishi, bu erda asrlar davomida birga yashab kelgan qon-qardosh xalqlarning bir-biridan ajratilishi hamda ular orasiga sun’iy to’siqlar tortilishi – bular sovetlar yuritgan shovinistik siyosatning klassik namunasi edi. Binobarin, 1924 yilda tashkil topgan O’zbekiston respublikasi qariyb 70 yil davomida hukmron Markazga qo’l-oyog’i bilan bog’lanib, uning izmida yashab keldi. Ittifoqdosh respublikalar milliy manfatlarining muttasil inkor etilishi, ularning suveren haq-huquqlarining poymol qilinishi, ularga taalluqli hamma narsaga ittifoq davlatining hukumronligi oxir-oqibatda bu qizil saltanatni tarixning kutilmagan sinovsinoatlariga duchor etdi. SSSR hayotining so’ngi kezlarida uning turli milliy hududlarida, jumladan, Boltiqbo’yi, Gruziya, Ozarbayjon, Qorabog’, Qozog’iston, O’zbekiston singari joylarda voqe bo’lgan qator yirik mojarolar, qon to’kishlar ko’p jihatdan milliy-etnik ziddiyatlarning kuchayib borishi negizida yuz berganligi tasodifiy emasdir. O’tgan asrning 80-yillar oxiri-90 yillari boshida sodir etilgan Farg’ona, O’sh qonli voqealari, ularning mudhish oqibatlari ham ayni shu noto’g’ri, bir yoqlama yuritilgan siyosat natijasi bo’lgan edi. Bular pirovardida SSSR qudratini tanazzulga yuz tuttirgan, uni parchalanishga olib kelgan asosiy sabablardan biri bo’lgan. Binobarin, O’zbekiston o’z mustaqilligiga erishgach, millatlar o’rtasida totuvlikni mustahkamlash, barcha millat va elat vakillari uchun teng imkoniyatlar yaratish yo’lidan bormoqda. Milliy istiqlol arafasida (1989 yil 21 oktyabrda) O’zbekiston yangi rahbari tashabbusi bilan o’zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi va shundan e’tiboran uning iste’mol doirasining kengayishiga keng ufqlar ochilishi respublikamiz hayotida chinakam favqulodda ahamiyatga molik voqea bo’ldi. Yurt mustaqilligining qo’lga kiritilishi esa ona tilimiz mavqei va nufuzini yuksakka ko’tarib, uni jahon xalqlarining erkin milliy tillari qatoridan munosib o’rin egallashini ta’minladi. Ayni chog’da milliy tariximiz va u bilan uzviy bog’liq teran ma’naviy sarchashmalarimizning yuzaga chiqishi, tarixiy haqiqatning qaror topishi, o’zlikning anglanishi o’z navbatida o’zbek xalqining millat sifatidagi muhim, o’ziga xos xususiyatlarini chuqur o’rganish, uning ertangi porloq istiqbolini belgilashda muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Mustaqillikning dastlabki qadamlaridan boshlaboq respublikada istiqomat qiluvchi barcha millat va elat kishilarining milliy tili, madaniyati, adabiyoti, sa’nati, urf-odatlari, rasm-rusmlari, an’analarini avaylab saqlash, ularni jonlantirish va yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochildi. Mazkur elat va xalqlarning hayotiy masalalarini amalda hal etish va bu ishlarni yuksak darajada tashkillashtirish uchun milliy madaniyat markazlari tuzilib, faoliyat ko’rsata boshladi. Hozirda yurtimizda yuzdan ziyod shunday markazlar mavjud bo’lib, ular bu borada to’laqonli ish yuritmoqdalar. Milliy madaniyat markazlar va ularga uyushgan madaniyat, adabiyot sa’nat va ilm-fan namoyandalari, faollar ishtirokida o’sha xalq va elatga xos milliy udumlar, marosimu bayramlar, qiziqarli mavzularga bag’ishlangan kechalar, uchrashuvlar, turli xil anjumanlar muntazam, an’anaviy tarzda o’tkazilib borilyapti. Bu esa shu xalq, elat odamlari hayotining jamiyatda to’la mazmunli kechishigagina samarali ta’sir ko’rsatib qolmay, ayni zamonda ularning ijtimoiy-siyosiy faoliyatining oshishiga, ma’naviymadaniy hayot ne’matlaridan to’la bahramand bo’lishiga ham muhim omil bo’lib hizmat qilmoqda. Shuningdek, mavjud milliy-madaniy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning ibratga loyiq ish tajribalarini to’plash, umumlashtirish maqsadida Toshkentda Respublika Baynalmilal madaniyat markazi tashkil etilgan. Uning faoliyati ham respublikada yashovchi barcha xalqlar, elatlarning o’zaro do’stlik, qardoshlik aloqalarini bundan buyon ham jipslashtirib, ularning madaniy va ma’naviy hayotini yaxshilash, takomillashtirib borish, O’zbekiston diyorining gullab-yashnashi va ravnaqiga munosib hissa qo’shishga yo’naltirilgan. Hozirda respublikamizning ko’pgina maktablarida va boshqa ta’lim tizimlarida o’qishlar rus, qozoq, tojik, qirg’iz, qoraqalpoq va boshqa tillarda tashkil etilgan. Ular uchun har yili etarli miqdorda o’quv darsliklari, qo’llanmalar nashr etilib, o’quvchilarga etkazib berilmoqda. Shuningdek, rus, tojik, qoraqalpoq va boshqa tillarda vaqtli matbuot nashrlari chop etilmoqda. Turli tillarda radio, televidenie eshitirishlari va ko’rsatuvlari muntazam namoyish etib borilmoqda. O’zbek xalqining o’z davlat mustaqilligini qo’lga kiritishi, demokratik xuquqiy davlat asoslarining yaratilishi, xalqimizning ijtimoiy hayotning barcha sohalarida o’zini to’la-to’kis namoyon etayotganligi, ko’p asrlik boy tarixi tilga kirganligi, milliy tilining yuksak mavqega ko’tarilgani, betakror ma’naviyati, buyuk ijodkorlik salohiyati e’tirof topgani – bular uning to’la ma’noda millat sifatida shakllanib, yuksalib borayotganligiga asosli dalolatdir. Zero, mana shu muhim hollarni ko’zda tutgan holda Yurtboshimiz ham «millatimiz hozir shakllanyabdi», deb bejiz ta’kidlab o’tmagan.

EFTALIYLAR, TURK XOQONLIGI, ARABLAR HUKMRONLIGI DAVRIDA O‘RTA OSIYO

Eftaliylar davlatining vujudga kelishi. Eftaliylar davrida ijtimoiyiqtisodiy va madaniy hayot

Kidariylar. V asrning 20-yillarida O’rta osiyoga Sharqdan Sirdaryo va orol bo’ylari orqali yana bir ko’chmanchi aholi – kidariylar ( yuechji yoki toxarlarning avlodi) kirib keladi. Kidar ismli hukmdor yo’lboshchilik qilgani uchun ular kidariylar nomi bilan tilga olinadi. Kidariylar Sug’diyonani, Amudaryo bo’ylaridagi erlarni egallab, o’z hukmronligini o’rnatadilar. Kidariylar Balx shahrini o’z davlatining poytaxtiga aylantiradilar. Biroq kidariylar hukmronligi uzoq davom etmadi. Kidariylar bilan sosoniylar o’rtasida ziddiyatlar kuchayib, ular o’rtasida bir necha marta qurolli to’qnashuvlar bo’lib bo’ladi. 456 yilda bo’lgan navbatdagi jangda kidariylar sosoniylardan qaqshatg’ich zarbaga uchradilar. Ayni payda shimoldan janubga siljib kelayotgan eftaliylar bosimiga uchrab, shimoliy Hindiston tomon chekinishga majbur bo’ldilar. Kidariylar u erda 75 yilcha hukmronlik qiladilar.

Eftaliylar. Ularning etnik tarkibi, davlat tashkil etishlari xususida tarixiy manbalarda turli xil qarashlar mavjud. Rim va Vizantiya tarixchilari Martselin (IV asr), Prokopiy Kesariyskiy, Feofan Vizantiyskiy (VI asr), arman tarixchilari Lazar Parbskiy (V asr), Favst Buzand (IV asr), xitoy solnomalaridan Bey-shi (VI asr) bergan ma’lumotlar shular jumlasidandir. Masalan, eftaliylar Xitoy manbalarida «i-da», «ye-da», armanlarda «idal», «tetal», xeptal, arablarda «haytal», Suriya va lotin manbalarida «eptalit», «eftalat», «abdal» deb nomlanadi. Bunday turlicha atamalar har bir til va yozuvning o’ziga xos xususiyatlari ifodasidir, albatta. Rus va Vizantiya tarixchilarining aksariyati eftaliylarni turkiy qabila-massagetlarning so’nggi bo’g’inidan kelib chiqqan deb fikr bildiradilar. F.Vizantiyskiy eftallar nomini V asrning ikkinchi yarmida podshohlik qilgan Vaxshunvor Eftalon nomi bilan bog’laydi. Biroq nima bo’lganda ham shu narsa haqiqatki, eftaliylar Turkiston mintaqasida ko’pdan buyon yashab kelgan tub joy, erli qavmlardandir.

Eftaliylar hukmdori Vaxshunvor Eftalon 457 yilda Chag’oniyon (hozirgi Surxon erlari), Toxariston va Badaxshonni o’ziga bo’ysundiradi. So’ngra eftaliylar Sug’dda ham mustahkamlanib oladi. Ular ko’p o’tmay o’z hududiy 76 erlarini kengaytirishda davom etib, Qobul va Panjob vodiysini, shuningdek, Kuchu, Qoshg’ar va Xo’tonni (Sharqiy Turkiston) zabt etadilar. Xullas, ular avvalda Kushonlar saltanati egallagan hududlarni birin-ketin qo’lga kiritib, o’z siyosiy hokimiyatini ko’chaytirishga erishadilar. Ular tuzgan qudratli davlat O’rta Osiyodan tashqari Sharqiy Turkiston, Shimoliy Hindiston, Sharqiy Eron hududlariga ham yoyilgan edi.

Eftaliylar bir necha bor o’zlarining eng kuchli raqibi Eron sosoniylari bilan ham urushlar olib boradilar. Xususan Eron shohi Pero‘z bilan bo’lgan urushlarda ularning qo’li baland kelib, Eron hukmdori ikki bor asirlikka tushadi. Katta to’lov va majburiyatlar evaziga arang qutilgan Pero’z o’g’li Kubodni uzoq muddat eftaliylarga garovga berishga majbur bo’ladi. Pero’zning 484 yildagi uchinchi urushi sosoniylar shohining halokati bilan tugaydi. Eftaliylar Marvni egallaydi, Eron ustiga og’ir o’lpon yuklanadi. Pero’zdan so’ng hokimiyatga kelgan Kubod (488-531) davrida ham Eron eftaliylarga xiroj to’lashga majbur bo’lgan. VI asr boshlariga kelib Eftaliylar davlati shu qadar kuchayib ketadiki, ular 502-yilda Vizantiyaga ham yurish qilib unga katta talofat etkazadilar. 506 yilda ikki o’rtada tuzilgan sulx shartnomasi bo’yicha eftaliylar Vizantiyadan katta miqdorda o’lja olib qaytganlar. Kubodning o’g’li Xusrav I Anushirvon ham 554 yilga qadar eftaliylarga har yili xiroj to’lab turgan. Keyinroq Turk xoqonligining eftaliylarga bergan kuchli zarbasi natijasidagina Eron eftaliylar ta’siridan qutilishga muvaffaq bo’lgan. Eftaliylar davrida davlat yakka hukmdor tomonidan boshqarilgan, biroq taxt otadan bolaga meros bo’lib qolmay, sulolaning eng loyiq deb topilgan kishisiga berilgan. Mamlakat hududlari markaziy hokimiyat noiblari orqali idora etilgan. Davlatni boshqarishning o’ziga xos qonun-qoidalari bo’lgan. Mamlakat lashkarini asosan otliq askarlar tashkil etgan.

Er egaligi munosabatlari. Ilk o’rta asrlardayoq ijtimoiy-iqtisodiy hayotda muhim o’zgarishlar yuz berdi. Vohalarda yirik sug’orish inshootlari barpo etilib, yangi erlar o’zlashtirish ishlari kengayib bordi. Yangi erlarni o’zlashtirish ishlariga urug’ boshliqlari, qishloq oqsoqollari boshchilik qiladi. Shu boisdan ular o’zlashtirilgan erlarni katta qismini, sug’orish inshootlari yonidagi erlarni egallaydilar. Shu tariqa katta er egaligiga 77 asoslangan mulkdorlar tabaqasi shakllanadi, ular bora-bora ziroatkor aholi ustidan xukmronlik qila boshlaydilar. O’sha zamonda ular dehqonlar deb atalgan. Dehqonlarning shaharlarda hashamatli uylari, qishloqlarda esa qo’rg’onlari bo’lib, xizmatkor-cho’rilarga qo’riqlovchi choparlarga ega bo’lgan. V asrda obikor erlarning asosiy qismi hali qishloq jamoalarining qaramog’ida edi. Qishloq jamoalarida yashab er va suvdan iborat umumiy mulkda o’ziga tegishli erlari bo’lgan erkin ziroatchilar kashovarzlar deyilar edi. Ularning bir qismi o’ziga tegishli erlaridan dehqonlar foydasiga mahrum bo’lib, bora-bora Kadivarlarga aylanib borganlar. Kadivarlar dehqonlar erida ijarador bo’lib ishlashga majbur bo’ladi, dehqonlarga qaram tabaqaga aylanib boradilar.

Yirik mulkdorlar, zodagonlar zulmi va asoratining ortishi, aholi quyi tabaqalari huquqining poymol etilishi, ularning ayovsiz ekspluatatsiya qilinishi pirovardida ijtimoiy adolat va haqqoniyat yo’lidagi xalq harakatlari, g’alayonlarining yuzaga kelishiga sabab bo’ldi. VI asr birinchi choragida Eronda boshlanib, O’rta Osiyo hududida ham keng aks-sado bergan Mazdak1 qo‘zg‘oloni buning yaqqol ifodasidir. Mazdakchilar «Z» harfi bilan boshlanadigan 4 narsaning aholi o’rtasida teng baham ko’rilishini yoqlab chiqqandilar: Zamin (er), Zar (oltin, boylik), Zo‘rlik (kuch-hokimiyat) va Zan (xotin). Mazdakchilar ilgari surgan bu xil g’oyalardan shuni anglash mumkinki, ular ijtimoiy adolat tushunchasini birinchi o’ringa qo’yib, bunda er-mulk, boyliklarni aholi o’rtasida barovar taqsimlash talabini ilgari surganlar. Ular davlat hokimiyati tomonidan fuqarolarning daxlsizligi va qonuniy huquqlarini himoya qilinishini, ayollar tengligini yoqlaganlar. Biroq o’sha davrda, sinfiy tabaqalanish tobora kuchayib, mulkiy tengsizlik avj olayotgan bir paytda mazdakchilik g’oyalarining tantana qilishi yohud hayotga tatbiq etilishi mumkin emas edi. Shu bois ham Mazdak qo’zg’oloni tez orada hukmron tuzum kuchlari tomonidan bostirildi. Mazdak va uning ko’plab tarafdorlari qo’lga olinib qatl etildi. Shunga qaramay Eron va Turon aholisining keng qatlamlari orasida Mazdak g’oyalari saqlanib, ularning haq, adolat yo’lidagi kurashlariga xizmat qildi. Eftaliylar davrida aholining katta qismi ko’chmanchi chorvadorlar bo’lib, ular chorvachilik, yilqichilik bilan shug’ullangan. Suv havzasi, daryo bo’ylariga yaqin hududlarda dehqonchilik rivoj topib bordi. Jumladan, Xorazm, Sug’d Chag’oniyon va Toshkent vohasida dehqonchilik madaniyati salmoqli o’rin tutgan. Darg’om, Zog’ariq, Bo’zsuv kanallari singari suv inshootlari dehqonchilik tarmoqlarini rivojlantirishga xizmat qilgan. Bu davrda yangi tipdagi ko’rkam va gavjum shahar-qal’alar ko’rinishidagi aholi manzilgohlari vujudga keladi. Xorazmdagi Berkutqal’a, Bozorqal’a, Toshkentdagi Oqtepa mavzeilari shular jumlasidandir. Bir necha oilalardan tashkil topgan mazkur manzilgohlar qo’rg’onlar, qalin paxsa devorlar bilan o’ralgan. Ularda hukmron tabaqa kishilariga xos hashamatli, bezakli ark-qasrlar, ko’p xonali binolar bilan birlikda oddiy fuqarolarga mos qilib qurilgan oddiy ko’rinishdagi turar joylar ham o’rin olgan. Eftaliylar poytaxti Poykand o’z davrining eng ko’rkam, obod shaharlaridan sanalgan. Bu erda hunarmandchilik, savdo-sotiq, qurilish ishlari ancha rivojlangan. Shahar Buyuk ipak yo’lida joylashganligidan, unda turli mamlakatlarning savdo karvonlari xilma-xil mollari bilan kelib savdo qilganlar. Buning uchun shaharda ko’plab bozoru rastalar, karvonsaroylar mavjud bo’lgan. Mamlakatning savdo-sotiq ishlarida Eronning tanga pullari bilan bir qatorda buxorxudotlar tangasi, Sug’diy va Xorazm tangalari ham keng muomalada yurgan. Eftaliylar Eron, Hindiston, Xitoy va uzoq Vizantiya davlatlari bilan ham qizg’in savdo-sotiq aloqalarida bo’lganlar. Bu esa ularga foyda, manfaat keltiribgina qolmay, ayni chog’da o’sha davlatlar bilan o’zaro yaqinlashuvlarida muhim rol o’ynagan. Eftaliylar davrida madaniyati ham o’sdi. Varaxsha shahri obidalari, Termiz yaqinidagi Bolaliktepadan topilgan saroy, uning devorlariga ishlangan betakror tasvirlar, o’ymakorlik va ganjkorlik namunalari – bular ajdodlarimiz yuksak badiiy mahoratidan yorqin dalolatdir. Bu davrning moddiy madaniyatiga oid yodgorlik sifatida Xorazmdagi Tuproqal’a to’g’risida bir qadar ma’lumot keltirib o’tish joizdir. Uning tuzilishi to’g’ri burchakli bo’lib (500x 360 m), gumbazsimon yo’lakli va burjli mudofaa devori bilan o’ralgan. Devorning janubiy qismidagi darvozadan ibodatxonaga tomon asosiy ko’cha o’tgan. Ko’ndalang tushgan ko’chalar shaharni 10 ta mavzega bo’lgan. Tuproqqal’aning shimoliy-g’arbiy qismida maxsus ko’tarma supa ustiga xom g’ishtdan saroy qurilgan. Unga yonma-yon ark binosi joylashgan. Bundan tashqari 100 ga yaqin turar-joy, xo’jalik binolari va 8 ta saroy zali mavjud bo’lgan. Qal’aning janubiy-sharqiy burchagidagi 4ta xonada teri va yog’ochga yozilgan qadimgi Xorazm yozuvidagi 80 dan ortiq hujjatlar topildi. Bu davrda o’lkamizda yozuv madaniyati ham rivoj topgan. Aholi o’rtasida keng tarqalgan sug’d yozuvi bilan birlikda undan bir qadar farq qiluvchi xorazm va eftaliy yozuvlari ham qo’llanilgan. Bu yozuvlarda ajdodlarimizning tarixi, taqdiriga oid ko’plab qimmatli bitiklar, ma’lumotlar bayon qilingan. Shuningdek, eftaliylar davri qo’shiqlari va eposlari A.Firdavsiyning mashhur «Shohnoma»sida ham o’z ifodasini topgan. Sharqda qadimdan nishonlanib kelingan «Navro’z» va unga xos xalq marosimlari Buxoro, Samarqand va boshqa shaharlarda va hududlarda keng bayram qilingan. Eftaliylar shaharlarida mangu olov uylari – otashkadalar bo’lib, ular zardushtiylik dininng muqaddas maskanlari sifatida aholi tomonidan ziyorat etilgan. Xullas, Eftaliylar davrida o’lkamiz odamlari o’ziga xos boy madaniy va ma’naviy turmush tarzini yaratib, undan bahramand bo’lganlar. Ayni chog’da ular o’zlaridan keyingi avlodlar uchun ham munosib iz qoldirganlarki, bunga ularning davriga oid turli hududlardan topilgan ko’plab noyob topilmalar, asori atiqalar guvohdir.

Turk xoqonligi. Xoqonlik davrida O‘rta Osiyo xalqlarining iqtisodiy va madaniy hayoti

Turkiy elatlarning keng sharqiy hududlarda qadim-qadim davrlardan buyon yashab, o’zlaridan munosib madaniy iz qoldirib kelganligini juda ko’plab tarixiy manbalar ham tasdiq etadi. Mo’’tabar Xitoy manbalari, mashhur «O’g’iznoma», Urxon-Enasoy yozuvlari, Kultegin bitiklari bunga ishonchli guvohdir. Oltoy, Tuva hamda ularga tutash hududlarda turli turkiy qabilalar, chunonchi, Ashin, Arg’u, O’g’iz, To’qqiz o’g’iz, O’ttuz tatar, Karluq, Kitan, Tolis, Turk, Uyg’ur, To’qri (toharlar), Quriqan, Duba (tuba-tuva)va boshqalar yashardilar. VI asr boshlarida Oltoy o’lkasida siyosiy jarayonlar faollashadi. O’sha paytda hozirgi Mo’g’uliston va qisman Xitoyning shimoliy hududlari ustidan Jujan xonligi hukmronlik qilardi. VI asr boshlarida Oltoydagi turkiy qavmlar orasida Ashin urug’ining mavqei ko’tariladi. Ashin urug’iga mansub Asan va Tuu 460-545 yillarda boshqa urug’larni o’zlariga bo’ysundiradilar va Oltoyda turkiy qabilalar ittifoqiga asos soladilar.Tuuning o’g’li Bumin Tele qabilasini ham bo’ysundiradi. Bumin Jujan xonligiga tobelikdan chiqish uchun kurashadi va 551 yilda Jujan xonining qo’shinlarini engib, ularni o’ziga bo’ysundiradi. Bumin 552 yilda Xoqon deb e’lon qilinadi va yangi davlat – Turk hoqonligiga asos soladi. Uning poytaxti Oltoydagi O‘tukan shahri edi. Xoqonlik tez orada kuchayib, uning dovrug’i ortib borgan. U ko’p bor Xitoyga yurishlar qilib, uning bir qancha hududlarini bosib olgan. Xitoy podsholigi Turk xoqonligiga har yili o’lpon tariqasida yuz bo’lakdan iborat ipak mato berib turishga majbur bo’lgan. 553 yilda Buminxon vafot etgach, hokimiyatga uning katta o’g’li Mug’anxon (553-572) o’tiradi. Mug‘anxon 558 yilda jo’janlarga so’nggi bor qaqshatqich zarba berib, o’z davlati hukmronligini Tinch okeangacha bo’lgan hududlarda mustahkamlaydi. Uning amakisi Istami (unga «Yabg’u» – bahodir unvoni ham berilgan) bo’lsa, bu davrda xoqonlik hududini g’arbga tomon kengaytirib, Ettisuv, Qashqar va boshqa hududlarni egallaydi. 563-567 yillar davomida Istami yabg’u qo’shinlari eftaliylar davlatiga ketma-ket zarbalar berib, O’rta Osiyo va Kaspiy dengizigacha bo’lgan erlarni egallashga muvaffaq bo’ladi. Buning oqibatida Eftaliylar davlati qulaydi. Turk xoqonligi O’rta Osiyo erlarini ishg’ol etgach, uning hududlari bevosita Eron chegarasiga tutashadi.

Xoqonlik Eron bilan yaxshi qo’shnichilik, savdo-sotiq aloqalarini o’rnatishga intiladi. Shu maqsadda Eron shohi Xusrav 1 Anushirvonga turk malikasi uzatiladi, Eronga elchilar yuboriladi. Biroq Turk xoqonining Eronga ikki bor yuborgan elchilari faoliyati muvaffiyatsiz chiqqach, Eronning xoqonlik bilan murosaga bormasligi, uning qat’iy dushmanligi ma’lum bo’ladi. Buning boisi Eron shohining O’rta Osiyo hududlariga da’vogarligida edi. Bu esa, shubhasiz, bir necha bor xoqonlikning Eron bilan urushlar olib borishiga sabab bo’ladi. Istami qo’shinlari Eron shohi Xisrav I ni engadi. Eron shohlari Turk xoqonligiga 400 ming Vizantiya tillosi hajmida tovon to’lashga majbur bo’ladi. Mug’anxon va uning avlodlari g’arbda Qora dengizga qadar hududlarni zabt etib o’zlariga bo’ysundirganlar. Turk xoqonligi 568-569 yillarda o’sha davrning qudratli davlati-Vizantiya bilan iqtisodiy va savdo-sotiq aloqalarini o’rnatishga intilib, sug’d savdogari Maniax boshchiligidagi elchilarni u erga yuboradi. Elchilar imperator Yustinian II qabulida bo’ladi. Shundan so’ng Vizantiyannig Zemarx boshliq elchilari xoqonlik davlatiga keladi. Bu esa shu davlatlar o’rtasida o’zaro ishonch va savdo-tijorat munosabatlarini o’rnatishda muhim ahamiyat kasb etgan. Turk xoqonlari O’rta Osiyoda hukmronlik qilsa-da, biroq o’zlari bu hududga ko’chib kelmaganlar. Ular Ettisuv va boshqa hududlardagi bosh qarorgohlarida qolib, bo’ysungan hududlarni mahalliy hukmdorlar orqali boshqarib, ulardan olinadigan soliq-o’lponlar va to’lovlar bilan kifoyalanganlar. Bundan ko’rinadiki, Turk xoqonligi davrida bu hududdagi mavjud mahalliy davlat tuzilmalari, ularning boshqaruv tizimlari saqlanib, ichki siyosat bobidagi mustaqil faoliyatlari davom etgan. Xoqonlik istisno hollardagina o’lkaning ijtimoiy-siyosiy hayotiga aralashgan. Bu narsa ko’proq tashqi siyosat, xalqaro savdo-sotiq masalalariga daxl etardi. Xitoy manbalarida ta’kidlanganidek, Zarafshon, Amudaryo va Qashqadaryo vohalarida bu davrda 9 ta mustaqil hokimlik mavjud bo’lgan: Samarqand, Ishtixon, Maymurg‘, Kesh, Nahshab, Kushon, Buxoro, Amul va Andxoy shular jumlasidandir. Ayniqsa Samarqand, Buxoro, Xorazm va Choch (Toshkent) hokimliklari o’zlariga ancha mustqil bo’lganlar. Buxorxudotlar zarb etgan tanga pullar keng muomalada bo’lgan. Shu bilan birlikda bu nisbatan mustaqil hokimliklar o’rtasida o’zaro kurash, ichki ziddiyatlar ham to’xtovsiz bo’lib turgan. Bu esa mahalliy aholi hayoti, turmushini nochor ahvolga duchor etgan. Masalan, 585-586 yillarda Buxoroda zodagon dehqon va boy savdogarlarga qarshi qo’zg’olon ko’tariladi. Unga Abro’y boshchilik qiladi. Hoqon Qoracho’rin qo’shinlari qo’zg’olonni bostirib, qo’zg’olonchilarni qattiq jazolaydi. Bo’ysundirilgan hududlarni mahalliy hokimlar orqali boshqarish tartibi hoqonlikni zaiflashtira bordi. Natijada VI asrning 80-yillari oxirlarida Turk xoqonligi ikki qismga bo’linib ketadi. G’arbiy turk hoqonligi (uning tarkibiga O’rta Osiyo, Sharqiy Turkiston va Jung’ariya (Xitoyning shimoliy g’arbi) hududlari kirgan). Sharqiy turk hoqonlik (uning tarkibiga Mo’g’uliston hududlari kirgan). VII asrda g’arbiy hoqonlikda shaharlar rivojlanishi, Eron va Xitoy bilan qizg’in savdo-sotiq va diplomatik aloqalar kuzatilgan. Darhaqiqat, Xitoyda Tan sulolasi (618-907yil) hukmronligi davrida G’arbiy Turk xoqonligi bilan Xitoy o’rtasida foydali aloqalar keng yo’lga qo’yiladi. Masalan, 627-644 yillarda O’rta Osiyodan Xitoyga 9 marta savdo karvonlari yuborilgan. VII asrning 30-yillarida xoqonlik hududlarini kezgan xitoylik sayyoh Syuan Tsin Issiqqo’l, Chu vodiysi, Choch, Samarqand, Buxoro kabi joylarning ancha gavjum va obod bo’lganligini qayd etadi. Tan sulolasi 659 yilda Sharqiy Turk hoqonligini o’ziga bo’ysundiradi. VII asr ikkinchi yarmida ancha kuchaygan Xitoy O’rta Osiyo hududlarini ham o’z qo’l ostiga kiritish payiga tushadi. Biroq 670 yilda tibetliklar bosh ko’tarib, sharqiy Turk xoqonligini yangidan tiklaganlaridan so’ng va bu davlat Xitoy uchun kutilmagan xavf-xatarni keltirib chiqargach, endilikda Xitoy O’rta Osiyoga bo’lgan o’z da’vosidan vaqtincha voz kechadi. Uning endigi butun diqqati Tibetga qaratiladi. Bu davrda O’rta Osiyo hududlarida G’arbiy Turk xoqonligi ta’siri tobora zaiflashib boradi. Bunga mahaliy hokimliklar o’rtasidagi ichki ziddiyatlar, er-mulk uchun o’zaro kurashlar ham sabab bo’ladi. Bu esa pirovardida bu hududlarning arab istilochilari tomonidan bosib olinishiga sabab bo’ldi. Turk xoqonligining sharqiy erlaridan farqli o’laroq G’arbiy hududda aholining ijtimoiy-iqtisodiy hayot tarzi, madaniy darajasi nisbatan yuqori bo’lgan. Negaki, sharqiy hududlarda yashagan ko’pchilik ko’chmanchi turkiy elatlarda urug’-qabilachilik munosbatlari hamon kuchli saqlangan. Aholining quyi tabaqasi budun yoki qora budunlar deb atalgan. Urug’-qabilaning nomdor vakillari «beklar» deb yuritilgan. Jamoani xoqon va zodaganlar kengashi – «Qurultoy» boshqargan. O’rta Osiyo erlarida esa bu davrda dehqonchilik, bog’dorchilik va uzumchilik sohalari yuksak darajada rivojlangan. O’lkaning Farg’ona, Xorazm va Zarafshon vohalarida ko’plab suv ayirg’ichlar, kanallar, suv havzalari bunyod etilgan. Farg’ona va Sug’dda aholining bir qismi tog’-kon ishlari bilan ham mashg’ul bo’lgan. Bu erlarda oltin, mis, temir eritish, ulardan kerakli asbobanjomlar ishlash yaxshi yo’lga qo’yilgan. Shuningdek, Iloqda qo’rg’oshin, kumush, Shahrisabzda esa qizil tuz qazib olingan. Xoqonlik davrida shaharlar hayoti xiyla rivoj topgan. Buxoro, Samarqand, Ishtixon, Toshkent, Isfara, Qubo (Quva), Koson kabi shaharlar o’sha davrning ancha taraqqiy etgan hunarmandchilik va savdo-sotiq markazlari hisoblangan. Buyuk ipak yo’li bu shaharlarning xalqaro savdoda faol ishtirok etishini ta’minlagan. O’rta Osiyolik qo’li gul hunarmandlar, to’quvchilar, zargarlar, miskaru temirchilar, ko’nchiyu qurolsozlar ishlab chiqargan nafis, xaridorgir buyumlar, asbob-anjomlar turli yurtlarga yuborilgan. Mahalliy hunarmandlar ishlab chiqargan rangli shishalar, zotdor otlarga xalqaro miqyosda talab katta bo’lgan. Bu davrning o’ziga xos muhim o’zgarishlaridan yana biri-bu O’rta Osiyo kulolchiligi hunarining yuksak san’at darajasida rivojlanganligidir.

Bu davrda ham yurtimizda moddiy va ma’naviy madaniyatning yangiyangi betimsol namunalari yaratildi. Turli olimlar mutaxassislar bahsiga sabab bo’lgan Turk-ruin, Urxon-Enasoy yozuvi, Kultegin bitiklari, Bilga xoqon yodnomasi va shu singari noyob topilmalar turk yozma madaniyatning qadimiyligi va rang-barangligiga guvohlik beradi. 1970 yilda Almati yaqinidagi «Issiq» degan joydan topilgan va fanga «Issiq yozuvi» nomi bilan kirgan turkiy yozuv ham bizning yozuv tariximizga oid qarashlarimizni yanada boyitadi. Endilikda topilgan noyob ashyoi dalillar asosida turkiy yozuvning tarixi miloddan avvalgi II-I asrlarga borib tutashishi ma’lum bo’ldi. Turonzaminda turkiy yozuv bilan bir qatorda sug’d va xorazm yozuvlari ham keng qo’llanilgan. Sug’d yozuvi 22 ta belgidan iborat bo’lib, chapdan o’ngga qarab yozilgan. Shaharlarda so’g’d-turk ikki tilliligi rasmiy odat bo’lganligi haqida Mahmud Qoshg’ariyning «Devoni lug’atit turk» (XI asr) asarida ham qayd etib o’tilgan. Bu yozuvlarda ulug’ ajdodlarimizning katta tarixi, boy madaniyatiga oid mislsiz ma’lumotlar aks etgan. Yana shu narsa diqqatga sazovorki, o’sha davrlarda ulug’ ajdodlarimiz o’z navqiron nasllari to’g’risida ham muttasil qayg’urganlar. Shu boisdan o’smir 5 yoshga to’lishi bilan uni bilim olishga yo’llab, dastavval, xat-savod va hisob-kitobni o’rganishga jalb etganlar. Bolalar o’smir-balog’at yoshiga etgach esa ularni dunyo tanish, savdo-tijorat ishlarini o’rganish uchun maxsus vakillar homiyligida xorijiy ellarga yuborganlar. Turk xoqonligida yashagan xalqlarning diniy e’tiqodi, tasavvurlari ham turlicha bo’lgan, ko’p xudolilik xukm surgan. Bu esa ularda turli xil osmoniy va er jismlari – quyosh, oy, er-suv, hayvonlar va boshqa narsalarga sig’inishlikni keltirib chiqargan. Osmon xudosi Tangri turk qavmlarining eng oliy xudosi hisoblangan. Hozirda ham «Tangri» iborasi Alloh nomiga nisbat sifatida qo’llaniladi. O’rta Osiyo xalqlari orasida zardushtiylik dini bilan bir qatorda joylarda buddizm, moniylik, xristianlik dinlariga e’tiqod qilishlik ham keng rasm bo’lgan. Bu narsa qadimgi ajdodlarimizning tor, biqiq holda hayot kechirmasdan balki boshqa ko’plab qavmlar, elatlar bilan bog’lanib, aralashib, ma’naviy jihatdan yaqinlashib hayot kechirganliklaridan dalolat beradi. O’rta Osiyo xalqlari orasida tasviriy san’at o’ziga xos uslubda rivojlangan. Jumladan, Varaxsha xarobalaridan topilgan saroy binolari devorlari peshtoqlariga bitilgan rang-barang, bir-biridan nafis va jozibador rasm-suratlarni (qurollangan yoxud ov qilayotgan jangchi askarlar, oq fillar, tuyalar, otlar va boshqa xil hayvonlar, parrandayu darrandalar va hokazo) ko’zdan kechirar ekanmiz, bunda ajdodlarimizning noyob iste’dodi va aql-zakovatiga tan beramiz va bundan o’zimizda g’urur tuyamiz. Shunday qilib, Turk xoqonligi o’z davrida keng hudularga yoyilgan eng yirik davlat bo’lgan. Uning hukmdorlari Xitoy, Eron va Vizantiya bilan bo’lgan munosabatlarda uzoq yillar o’z ta’sirini o’tkazganlar. Shu bilan birgalikda xoqonlik davri moddiy va ma’naviy madaniyati, uning nodir namunalari Turonzamin xalqlarining to’laqonli turmush tarzini o’ziga xos yo’sinda aks ettirib qolmasdan, ular bobokalonlarimiz dahosining teranligidan, ularning yuksak ijodkorligi, izlanuvchanligidan ham shahodat beradi.

O‘rta Osiyo xalqlari arablar istilosi va hukmronligi davrida

VI asrning o’rtalariga qadar Arabiston yarim orolida yashagan qabila, urug’larning hayot tarzi qoloq bo’lib, ularning mutloq ko’pchiligida ibtidoiypatriarxal tuzum munosabatlari hukm surgan. Ko’chmanchi badaviy oilalari, urug’lari o’z chorva mollari uchun er-suv, o’tloq qidirib keng sahrolar bo’ylab kezib yurganlar. Faqatgina yarim orolning Qizil dengizga tutash Hijoz vohasi va janubiy Yamanda ahvol birmuncha boshqacharoq bo’lib, bu hududlarda arab qabilalari asosan o’troq hayot kechirgan, savdo-sotiq, hunarmandchilik ham ancha rivoj topgan edi. Ayniqsa Hijozning bosh shahri – Makka xalqaro karvon savdosining muhim markazi hisoblangan. Makkalik quraysh qabilasi savdogarlarining turli mintaqalar bilan bog’langanligi, savdo-tijorat va hunarmandchilik ishlarining kuchayib borishi pirovardida tarqoq arab qabila, urug’larini birlashtirish va markazlashgan kuchli davlat tuzishda etakchilik o’rni egallashiga ikkoniyat yaratdi Makka aholisi tevaragida ko’chmanchi arab qabilalarining birlashuvi jarayoniga turtki bergan yana bir muhim omil – bu shu erlik quraysh qabilasining hoshimiylar urug’idan chiqqan payg’ambarimiz Muhammad Alayhivassalom nomi bilan bog’liq holda keng yoyila boshlagan islom dini va ta’limoti bo’ldi.

Muhammad binni Abdulloh (570-632) hayotining oxirlariga kelib 630 yilda ko’p sonli arab qabilalarining islom bayrog’i ostida birlashuvi negizida yagona davlatga asos soldi. Muhammad (s.a.v.) 632 yilda vafot etgach, uning eng yaqin safdoshi Abu Bakr Siddiq Xalifa deb e’lon qilindi. Shu tariqa, Arab Xalifaligi tashkil topdi.

Mazkur choriyorlar hukmronligi davrida Xalifalik tarkibiga Shom, Iroq, Yaman va boshqa hududlar qo’shib olindi. Umaviylar davrida (661-750) Arab xalifaligi hukmronligi shu qadar katta hududlarga yoyildiki, uning tarkibiga G’arbda Misr, shimoliy Afrika erlari, Andaluziya (hozirgi Ispaniya), shimoli sharqda Kichik Osiyoning katta qismi, Eron va shimoliy-g’arbiy Hind sarhadlari kirar edi. VII asr o’rtalariga kelib xalifalik e’tibori O’rta Osiyo erlarini bosib olishga qaratiladi. 651 yilda arablar jangsiz Marv shahrini egallaydilar, so’ngra Amudaryogacha bo’lgan hududlar istilo qilinadi. Arablar bu hududlarni Xuroson deb ataydilar. Bu viloyat Arab xalifasi tomonidan tayinlanadigan noib orqali boshqariladi. Noib qarorgohi Marvda joylashgan edi. Arablar Amudaryodan shimoldagi boy viloyatlarni istilo etishga tayyorgarlik ko’radilar. Bu erlarni arablar Movarounnahr, ya’ni daryoning narigi tomoni deb ataganlar. Vatanimiz sarhadlarida arablar istilosi jarayoni ikki bosqichda amalga oshirilganligini ta’kidlab o’tmoq joizdir. Uning birinchi bosqichi – VII asrning ikkinchi yarmiga to’g’ri keladi. Bu davrda ayrim arab lashkarboshlari qo’shini Amudaryo atrofidagi hududlarga bir necha bor hujumlar uyushtirib, bu erlarning boyliklarini talab, ma’lum o’ljalarni qo’lga kiritib, ortga qaytganligini kuzatish mumkin. Bundan ko’zda tutilgan asosiy maqsad- bu hududlarni yaqin kelajakda bosib olishga tayyorgarlik ko’rish edi. Masalan, arab lashkarboshlari Ziyod ibn Abu So‘fiyonning 654 yilda Maymurg’ga, 667 yilda Chag’oniyonga, 673 yilda uning o’g’li Ubaydulla ibn Ziyodning Amudan o’tib Poykand, Romiton erlarini egallashi, so’ngra Buxoro hukmdorini engib, o’z foydasiga sulh tuzib, katta xazina, boyliklarni qo’lga kiritishi va nihoyat, 675-676 yillarda Said ibn Usmonning yangidan Buxoro va Samarqand tomon qo’shin tortib kelishi va mahalliy hukmdorlarni engib, katta boylik va ko’p sonli asirlar bilan Arabistonga qaytib ketishi – bular O’rta Osiyo hududlarini egallash borasidagi dastlabki urinishlar edi. O’lkamizni bosib olishning ikkinchi, hal qiluvchi bosqichi VIII asrning birinchi choragiga to’g’ri keladi. Xususan, 704 yilda Qutayba ibn Muslimning Xuroson noibi etib tayinlanishi bilan uning zimmasiga butun O’rta Osiyo hududlarini uzil-kesil bosib olish vazifasi yuklanadi. Qutayba 707 yilda Amudaryodan o’tib Poykandni egallash sari harakatlanadi. Arablar mahalliy xalq qarshiligini engib shaharni qo’lga kiritadilar, uning boyliklarini talaydilar. Kesh, Nasaf ham og’ir janglar bilan fath etiladi. 710 yilda Qutayba mahalliy hukmdorlarning o’zaro kelishuvi va ittifoqiga izn bermay, Sug’dning bosh shahri – Samarqandni bosib olishga tayyorgarlik ko’radi. Shu orada Xorazm shohi Chag’on o’z ukasi Nurzod boshchiligidako’tarilgan xalq qo’zg’olonidan qo’rqib, 711 yilda yordam so’rab Qutaybaga murojaat qiladi. Qutayba qulay vaziyatdan foydalanib Xorazmga yurish boshlaydi. Nurzod tarmor qilinadi va o’ldiriladi. Biroq Xorazmshoh bundan hech narsa yutmaydi. Aksincha, u o’z mustaqilligini yo’qotib, xalifalikka tobe bo’lib, uning bojdoriga aylanadi. Chag’onning qo’shini Qutaybaning harbiy yurishlarida ishtirok etishga majbur etiladi. 712 yilda Qutayba Samarqandga hujum qiladi. Bu paytda Samarqand hukmdori G’urak edi. G’urak arab qo’shinlariga qarshi jang qiladi, ammo kuchlar teng bo’lmaganligi sababli engiladi. Qutayba bilan G‘urak (709-738) o’rtasida tuzilgan Shartnomaga binoan u arablarga bir yo’la 2 ming, yiliga esa 200 ming dirxam hisobiga boj to’lash, 30 ming baquvvat yigitlarni qul o’rnida berishi ko’zda tutilgan edi. Buning ustiga Samarqandning eng gavjum mavzesi – Afrosiyob kelgindi arab aholisi uchun turar joy sifatida beriladi. Uning tub aholisi esa o’z joyidan mahrum etiladi. Arab qo’shini 713-yilda Sirdaryo orqali yurish boshlab O’rta Osiyoning sharqiy hududlarini egallashga kirishadi. Qutayba shu yurishi davomida Choch viloyati, Farg’ona vodiysini egallaydi, ko’p o’tmay o’lkaning boshqa hududlari ham birin-ketin ishg’ol qilinadi. Shu tariqa, 10 yil davom etgan qirg’inborot janglar oqibatida arablar Movarounnahr deb nom bergan Vatanimiz hududlari bosib olindi. Bosib olingan hamma viloyatlarga arablardan amirlar tayinlandi. Arablar istilochilar sifatida bu hududda mahalliy aholiga nisbatan mislsiz zulm va zo’ravonlik o’tkazdilar. Xalq tomonidan asrlar davomida yaratilgan noyob moddiy va ma’naviy boyliklar, asori atiqalar talandi, yakson qilindi. Mahalliy yozuvlarda bitilgan son-sanoqsiz nodir kitoblar, qo’l yozmalar yondirildi. Zardushtiylik, buddizm dinining ko’plab ibodatxonalari, muqaddas qadam jolari kunpaya-kun etildi. Ulug’ bobokalonimiz Beruniy o’zining «O’tmish xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida achchiq alam bilan ta’kidlaganidek, arablar mahalliy din, san’at, adabiyot namoyandalarini, olimlarni o’ldirdilar, asarlarini esa olovda yondirdilar. So’ngra ular ajdodlarimizning bebaho boyligi hisoblangan mahalliy yozuvlar, tarixiy hujjatlarni yo’q qildilar. Musulmonchilik diniga, islom aqidalariga zid keladigan jamiki narsalar ularning nazarida g’ayritabiiy hol hisoblanib, ayovsiz yo’q qilindi. Bularning o’rniga arablar aholidan olingan mo’may daromadlar, to’lovlar evaziga hashamatli, serviqor masjidu, madrasalar xonaqolar, maqbaralar barpo etib odamlarni ularga da’vat etdilar. Yurtimiz jilovini qo’lga olgan arab hukmdorlari xalqqa zulmu asoratni kuchaytirish maqsadida turli xil soliq, o’lponlarni joriy etdilar.

IX asr arab tarixchisi Xo‘rdodbehning ko’rsatishicha, xalifalikka faqat xiroj solig’i hisobiga Sug’d viloyati 326 ming, Farg’ona 280 ming, Shosh 607 ming, Ustrushona 50 ming dirham soliq to’lagan. Buxoroga belgilangan xiroj solig’i miqdori bulardan ham ko’p bo’lgan. Shu boisdan istilochilar «kuch xiroj da» deb bejiz aytmaganlar. Mahalliy aholi ko’zda tutilgan soliqlarni muntazam to’lab borishga majbur etilgan. Bordiyu bunga qurbi etmasa o’sha shaxsning eri, mulki tortib olinib, oilasi bilan ko’chaga uloqtirilgan. Arablar dastlab juz’ya solig’ini musulmon diniga kirmagan odamlarga joriy etganlar. Biroq keyinchalik hamma islomga kira boshlagach, bu soliq yana barcha erli aholiga bab-baravar solina bergan. O’lka aholisini islomlashtirish jarayoni g’oyat murakkab kechgan. Arab ma’murlari ko’p hollarda zo’rlik va kuch ishlatish yo’li bilan mahalliy xalq vakillarini, islomni qabul qilishga undaganlar. Bunga ko’nmaganlar yoxud bosh tortganlar esa shafqatsiz jazolangan. Ko’p joylarda mahalliy kishilar noilojlikdan, qiyin-qistov asosida musulmonchilikni majburan qabul etgan bo’lsalar-da, biroq arablar ko’zdan nari ketishi bilan ular yana bu dindan qaytib o’zlarining eski diniy aqida va marosimlariga amal qila berganlar. Hatto arablar ishonchini qozonib musulmon dinini qabul qilgan Buxorxudot Tog’shoda ham islom dinini xo’ja ko’rsinga yuzaki qabul qilgan bo’lib, aslida zardushtiylik ahkomlariga amal qilgan. U vafot etganida ham ajdodlari diniy marosimlariga ko’ra dafn etilgan. Bundan ko’rinadiki, islom dini va uning ruknlarining mahalliy xalq orasida yoyilishi nihoyatda qiyin, murakkab kechgan. Bu jarayonda behisob qurbonlar berilgan. Arablarning o’zlarini xo’jalar, sahobalar, sayyidlar, oq suyaklar deb atab, mahalliy xalqqa nisbatan mensimaslik, kalondimog’lik bilan qarashlari ham mahalliy aholida ularga nisbatan nafrat tuyg’usini kuchaytirgan. Arablarning o’z yurtlaridan ko’p minglab qabila, urug’larni O’rta Osiyoga ko’chirib keltirib eng yaxshi joylarga joylashtirish, mahalliy oilalalarni o’z ermulkidan mahrum etishlari ham ularga qarshi ommaviy norziliklarning kuchayib borishiga bois bo’lgan. Masalan, dastlabki paytlarda quraysh qabilasining 5 mingdan ziyod aholisi Samarqandga joylashtirilgan. Buxoro, Marv, Poykand va boshqa shaharlarda ham masjid va madrasalar qurish bahonasi bilan erli aholi chetga surib chiqarilib, ularning erlariga ham arab qabilalari joylashtirilgan. Buning asl sababi shundaki, bosqinchilar bu begona hududda kuchli ijtimoiy tayanch nuqta yaratish yo’li bilan o’z hukmronligini kuchaytirishga uringanlar. Arablarning Vatanimiz hududida yurgizgan zo’ravonlik va mustamlakachilik siyosati, shubhasiz, erli aholining turli ijtimoiy qatlamlarining keskin norozililgiga sabab bo’ldi. Buning natijasida arablar hukmronligi davomida o’lkaning turli hududlarida xalq g’alayonlari yuzaga kelib, alangalanib bordi.

720-722 yillarda So’g’diyonada yuz bergan G’o’rak (Samarqand hukmdori) va Divashtich (Panjikent hokimi) boshchiligidagi qo’zg’olon arablar hukmronlikligiga qarshi yo’nalgan dastlabki shiddatli xalq harakatlaridan biri bo’lgan. Unda arablar siyosati va zulmidan g’azabga kelgan o’n minglab mahalliy xalq vakillari ishtirok etgan. Xurosonning yangi tayinlangan va zolimligi bilan nom chiqargan noibi Said Xarashiy katta muntazam harbiy kuch bilan mazkur qo’zg’olonni shafqatsizlik bilan bostirishga muvaffaq bo’ladi. Qo’zg’olon rahbarlaridan biri – Divashtich ham ushlanib qatl etiladi. 725-729 yillar davomida xalifalikning og’ir soliq siyosatiga qarshi Samarqand, Buxoro, Xuttalon viloyatlarida ko’tarilgan qo’zg’olonlar ham xalq ozodlik kurashida sezilarli iz qoldirdi. Qo’zg’olonchilarning ancha qismi arab ma’murlari siyosatiga norzilik bildirib, islom dinidan chiqadilar. Kesh atrofida yuz bergan mahalliy aholining arablar bilan to’qnashuvi rostmona jangu jadal tusini olgan. 736-737 yillarda Tohariston va Sug’dda yangidan ko’tarilgan kuchli qo’zg’olon o’z safiga aholining turli ijtimoiy qatlamlarini jalb etgandi. Faqat Xuroson va Movarounnahrning yangi xukmdori, usta diplomat Nasr ibn Sayyor (738-748)ning uddaburon siyosati, nizoli masalalarni xal etish borasidagi epchil tadbirlari tufayligina qo’zg’olon harakatlarini bartaraf etish, o’lkada muvozanatni bir qadar saqlash mumkin bo’ldi. Bunda u mahalliy aholiga, ayniqsa uning nufuzli qatlamiga muayyan yon berishga majbur bo’ldi. Jumladan, u arablarning mahalliy aholi bilan qon-qardoshlik aloqalarini kuchaytirishga intildi. O’zi ham Buxorxudot Tog’shodaning qiziga uylandi. Islomni qabul qilgan kishilar juzyadan ozod etildi va barcha musulmonlar huquqiy jihatdan tenglashtirildi. Xiroj solig’i to’lash barcha uchun baravar deb e’lon qilinadi.

VIII asr 40-yillarida xalifalikda toju-taxt uchun kurash boshlanadi. 748 yilda Abu Mislimning Xurosonda ko’targan qo’zg’oloni, uning xalifalik poytaxtini egallashi natijasida Umaviy Marvon II taxtdan ag’dariladi. 749 yilda abbosiylar xonadonidan Abul Abbos Saffon taxtga ko’tariladi. Biroq abbosiylar davrida ham mehnatkash aholining ahvoli yaxshilanmadi. Shu boisdan xalq qo’zg’olonlari tez-tez ko’tarilib turdi.

Muqanna qo‘zg‘oloni Vatanimiz xalqlarining arablar asoratiga qarshi olib borgan kurashi tarixida alohida o’rin tutadi. Tarixda «oq kiyimlilar» nomi bilan mashhur bo’lgan bu qo’zg’olonga o’z zamonasining har tomonlama etuk kishisi, xalq dardi, qayg’usi va maqsadlarini chuqur tushungan, asl ismi Hoshim ibn Hakim, ammo Muqanna (ya’ni yuziga niqob kiygan ma’noda) nomi bilan tanilgan buyuk shaxs rahnamo bo’ldi. Muqanna umaviylar sulolasi inqiroziga kuchli ta’sir ko’rsatgan Abu Muslim qo’zg’olonida ham faol ishtirok etgan. Muqanna hayotning katta mashaqqatli yo’lini bosib o’tgan, oddiy kir yuvuvchidan kichik lashkarboshi, keyin vazirlik darajasiga ko’tarilgan (757-759). 759 yilda Xuroson amiri Abdujabborning xalifaga qarshi isyonida qatnashgani uchun zindonga tashlangan. Zindondan qochib 769 yilda Marvga keladi va xalq harakatiga boshchilik qiladi. U ijtimoiy tenglik, erkin hayot va adolat g’oyalarini o’ziga singdirgan taniqli siymo bo’lgan. Shuning uchun ham uning yangidan xalq kurashiga bosh bo’lishi bu harakatning keng quloch yozishiga, uzoq muddat davom etishiga (unga tayyorgarlik ko’rish jarayonlarini ham hisobga olganda 14 yilni o’z ichiga oladi) sabab bo’libgina qolmay, ayni chog’da arab hukmron doiralari uchun ham kutilmagan oqibatlarni vujudga keltirib, ularga katta hayotiy saboqlar berdi. Qo’zg’olon Marvda boshlangan bo’lsa-da, u tez orada Movarounnahrning keng hududlariga yoyildi. Muqanna qo’zg’oloni davomida Samarqandu Buxoro, Naxshobu Kesh hudulari aholisi ham faol harakatga keldi. Uni Iloq, Ohangaron, Shosh, Farg’ona vodiysining ko’p sonli aholisi ham quvvatlab chiqdi. Qo’zg’olonning bosh g’oyasi – Vatanimiz xalqlari, ularning asl farzandlarining muqaddas yurtni ajnabiy hukmronlardan ozod qilish, uning mustaqilligini kurashib qo’lga kiritish g’oyasi bo’lgan. Mana shu yuksak vatanparvarlik tuyg’usi qo’zg’olonchilarga hayotiy ruh, ma’naviy madad bag’ishlagan, ularning uzoq vaqt davomida arablarning katta harbiy kuchlari bilan jon berib, jon olishib kurash olib borishiga, mislsiz qurbonlar berishiga sabab bo’lgan. Biroq shu bilan birga qo’zg’olonga tortilgan aholining hamma ijtimoiy tabaqalari ham shu ulug’vor g’oyaga sodiq bo’lgan, unga oxirigacha amal qilgan, deb xulosa chiqarib bo’lmaydi, albatta. Negaki, qo’zg’olon kuchaygan kezlarda undan o’z xudbin maqsadlari yo’lida foydalanishni ko’zlab xalq kurashiga qo’shilgan yuqori tabaqa namoyandalari ham bo’lgan. Ular keyinchalik qo’zg’olon pasayishi va mag’lubiyat sari yuz tutgan kezda darhol xiyonat yo’lini tutib, ajnabiylar bilan til topib, ular tomoniga o’tib ketganligi ham rostdir. Ammo bunday istisnolardan qat’i nazar, bir necha yillar davom etgan «Oq kiyimlilar» qo’zg’oloni yurtimizning ozodlik kurashi tarixida katta dovrug’ taratdi, arab bosqinchilarini larzaga soldi, ularga sezilari zarbalar berdi. Qo’zg’olon Muqannaga katta madadkor, jangovar safardosh bo’lgan Hakim ibn Ahmad, Hashviy, Sarxama, Kay yoki G‘uriy, G‘aricha kabi xalq qahramonlarini ham etishtirib chiqardi. Ular oxirgi tomchi qonlari qolgunga qadar bosqinchilarga qarshi mardonavor kurashdilar. 780-783 yilarda qo’zg’olon harakatlari so’nggi hal qiluvchi pallaga kiradi. Bu davrda Muqannaning asosiy kuchlari Qashqadaryoning Kesh vohasida to’plangan edi. Qo’zg’olonning bosh tayanch nuqtasi-Som qal’asi ham shu joyda bo’lgan. Albatta, bu vaqtga kelib xalifalik qo’shinlari katta ustunlikka ega bo’lib, ular mahalliy aholining yuqori tabaqalarini o’z tomoniga jalb etib, qo’zg’olonchilarni tobora siqib borayotgan edi. Muqanna Somda mustahkamlanib, o’z tarafdorlari bilan so’nggi nafasigacha kurashdi. Pirovardida esa dushman qo’lida mag’lub bo’lmay, o’zini yonib turgan olovga otib, qahramonlarcha halok bo’ladi. Bu voqea Beruniy ma’lumotiga ko’ra 783 yilda yuz beradi. Garchand Muqanna qo’zg’oloni engilgan bo’lsa-da, biroq u buyuk xalq qudratini, agar u birlashsa, uyushsa nimalarga qodirligini to’la namoyon etdi. Qo’zg’olon ayni chog’da xalifalikning Movarounnahrdagi mustamlakachilik va bosqinchilik ildizlarini ham qaqshatdi. Uning hukmronligining davom etishini shubha ostiga solib qo’ydi. Eng muhimi, u erk va ozodlik uchun talpinayotgan yurtimiz kishilarida vatanparvarlik tuygusini jo’sh urdirdi, ularni ajnabiy zolimlarga qarshi yanada shiddatkorlik bilan kurash olib borishga da’vat etdi. Buning samarasi esa IX asrning boshlariga kelib yurtimiz ustidan xalifalik hukmronligining uzil-kesil ag’darilishi va bir qator mustaqil milliy davlatlarning yuzaga kelishida to’la namoyon bo’ldi. Arablar istilosi va hukmronligi Vatanimiz hududida qanchalik murakkab ijtimoiy-siyosiy oqibatlar bilan bog’liq bo’lmasin, shu bilan birlikda yakkaxudolik g’oyasi, ilg’or ijtimoiy-siyosiy, falsafiy qarashlarni o’zida mujassam etgan islom dini va ta’limotining o’lkamizda asta-sekin ildiz otib borishi ulug’ ajdodlarimiz hayoti va tafakkurida katta ahamiyatga ega bo’ldi. Butun arab dunyosini birlashtirish, uning ma’naviy qudratini kuchaytirishda etakchi omil rolini o’ynagan islom dini va uning muqaddas kitobi – Qur’oni Karim g’oyalari va oyatlarining mahalliy xalqlarning ongi, shuuriga singib, ularning turmush va fikrlash tarzining ajralmas qismiga aylanib borishi, shubhasiz, ularning ma’naviy olamiga sezilarli hayotbaxsh ta’sir ko’rsatdi hamda yuksak moddiy va ma’naviy madaniyat namunalarini ijod qilib borishlarida yangi ufqlar ochib berdi. Buning asosiy boisi shundaki, Allohning yagonaligiga imon keltirish, uning muqaddas kitobida ifoda etilgan yuksak insonparvarlik g’oyalariga ishonch va e’tiqod – bular yurt kishilarida bir-birlarini quvvatlash, birlashish, o’zlarini yagona makonda his qilish, o’zaro hamkorlikda, keng sa’yharakatlarda bo’lish tuyg’usini shakllantirib bordi. Negaki, islom ta’limoti, Qur’oni Karim g’oyalarining o’lkamizga yoyilishi, o’tmishdoshlarimizning Alloh buyurgan olijanob amallarga rioya etib, ruhiy-ma’naviy poklanish sari harakatlanishi, tabiiyki, jamiyat hayoti va uning asosiy tamoyillarining sog’lom negizlarda rivojlanib, takomilashib borishiga sezilarli ta’sir ko’rsatdi. Shu ma’noda Yurtboshimiz ham: «Biz ota-bobolarimizning muqaddas dini bo’lgan islom dinini qadrlaymiz, hurmat qilamiz, odamzod ruhiy dunyosida iymon- e’iqodni, insoniy fazilatlarni mustahkamlashda uning o’rni va ta’sirini yuksak baholaymiz»1 , deb bejiz ta’kidlamagan. Zero, o’lka xalqlarining ma’naviy yuksalishini ta’minlash, ularning bir-biriga qon-qardoshligi, hamjihatligini jipslashtirishda muhim omil sanalgan asriy bebaho qadriyatlarimizni o’zida mujassam etgan islomiy ahkomlarning bugunda ham hayotimizda o’z munosib o’rnini topayotganligi islomning jamiyat taraqqiyotida muhim o’rin tutishidan dalolat beradi. Darhaqiqat, islom dini va musulmonchilik tamoyillarining O’rta Osiyo hududida tarqalishi, chuqur ildiz otishi barobarida o’lkamiz xalqlari keng musulmon olami bilan tutashib, uning boy diniy va dunyoviy madaniyati, ilmu urfoni bilan yaqindan oshno bo’lib bordi. Ayni chog’da azaldan ilmu ma’rifat o’chog’i bo’lib kelgan ko’hna yurtimiz bag’ridan bu davrda jahonga dovrug’ solgan, dunyo madaniyati va tsivilizatsiyasi xazinasiga salmoqli hissa qo’shgan ko’plab nomdor allomalar, buyuk muhaddis olimu ulamolar etishib chiqdi.

IX-XII ASRLARDA O‘ZBEK DAVLATCHILIGI: SIYOSIY, IJTIMOIY-IQTISODIY VA MADANIY HAYOT

Tohiriylar va Somoniylar

Arablarning O’rta Osiyo hududlaridagi deyarli bir yarim asrlik hukmronlik davri bu hududning erksevar xalqlarining o’z eli, Vatanining mustaqilligi yo’lidagi jo’shqin kurashini, intilishini so’ndira olmadi. Darhaqiqat, IX asr boshlariga kelib Arab xalifaligida yuzaga kelgan bo’hronli vaziyat, siyosiy tanglik, Xuroson va Movarounnahrda kechayotgan ziddiyatli jarayonlar, eng muhimi, bu hududda yuz bergan Rofe ibn Lays qo’zg’oloni (806-810) mazkur o’lka xalqlari uchun xalifalik tobeligidan qutilish, yurt mustaqilligini qo’lga kiritish yo’lida qulay imkoniyatlarni vujudga keltirgandi. Xususan, mashhur xalifa Xorun ar-Rashid (786-809) vafotidan so’ng xalifalik taxtini egallash uchun uning o’g’illari – Amin va Ma‘mun o’rtasida qizg’in kurash boshlangan edi. Bir necha yilga cho’zilgan bu siyosiy mojaro nafaqat xalifalik markazini tang ahvolga solib qolmasdan, balki unga tobe bo’lgan hududlardagi voqealar rivojiga ham sezilarli ta’sir ko’rsatdi. Ma’mun katta qo’shin tuzib, unga Xurosonlik Tohir ibn Husaynni boshliq etib tayinladi. Rey yaqinidagi jangda Tohir ibn Husayn al-Amin qo’shinini engadi va Bag’dodga yurish boshlaydi. Tohir 813 yilda yana g’olib kelib Bag’dodni ham qo’lga kiritadi. Ma’mun halifalik taxtiga ko’tariladi. Lekin u 819 yilga qadar Bag’dodga bormay Marvdan turib hokimiyatni boshqaradi. Uning buyrug’i bilan Tohir ibn Husayn Iroq hokimiyati va Bag’dod harbiy garnizoni boshlig’i bo’ladi (819 yilga qadar). Ma’mun Marvdagidayoq olimlar guruhini o’z atrofiga to’plagan edi. U 819 yilda Bag’dodga borar ekan, u erda Baytul hikmat (fanlar akademiyasi)ga asos soladi. Demak, bu fan maskanining negizini avvalo, Turkistonlik olimlar tashkil etganlar. Ma’mun halifalik oldidagi katta xizmatlari evaziga Tohir ibn Husaynni 821 yilda Xurosonga noib etib tayinlaydi. Shu tariqa, Tohiriylar davlati vujudga kelib 873 yilga qadar davom etadi. Uning poytaxti avval Marv, keyinroq Nishopur bo’ladi. Dastlab Movarounnahrning ko’pgina viloyatlari ham uning tasarrufida bo’lgan. Buning boisi shuki, ikkala o’lkaning noiblik markazi Xurosonning Nishopur shahri bo’lgan. Tohir ibn Husayn boshqaruv jilovini qo’lga kiritgach, undan yurt mustaqilligini, uning ravnaqi va qudratini oshirish yo’lida foydalanishga qat’iyan yo’l tutadi.

Tohir ibn Husayn o’z davlatining mustaqilligini tiklash maqsadida 822 yilda xalifa nomini xutba namozidan chiqarib tashlashga amr kiladi. Biroq tez orada uning sirli o’limi bu borada katta ishlar qilinishiga imkon bermaydi. Uning vorislari Talha (822-828), Abul Abbos Abdulloh (830-844), Tohir ibn Abdulloh (844-862), Muhammad ibn Tohir (862-873) davrlarida Tohiriylar davlatining mustaqilligi xiyla ta’minlandi. Tohiriylar ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotni, mulkiy munosabatlarni rivojlantirish, qishloq xo’jaligini tartibga keltirish, suv resurslaridan foydalanishni yaxshilash, suv inshootlari barpo etish, shuningdek, fuqarolardan olinadigan soliqlarni mo’’tadillashtirishga ahamiyat beradilar. Poytaxt marvdan Nishopurga ko’chiriladi. Jumladan, Abdulloh ibn Tohirning chiqargan bir farmonida “dehqonlarni ranjitmaslik”, buningsiz xazinaga etarli miqdorda soliq tushmasligi alohida uqtirilgandi. Biroq shunga qaramay, Tohiriy hukmdorlar amalda dehqonlarni emas, balki ko’proq yirik mulkdorlar, savdogarlarning manfatlarini himoya qilardilar. Shu bois Tohiriylar davrida oddiy aholi, ayniqsa dehqonlar og’ir asoratda yashash, haddan ziyod soliq-o’lponlar to’lashga majbur etilgandi. Birgina 844 yilda ulardan olingan soliq miqdori 48 mln. dirxamni tashkil etgan. Bu o’sha davr sharoiti uchun mislsiz ko’p edi. Shuning uchun ham mamlakatning Seyiston va boshqa viloyatlarida dehqon g’alayonlari yuzaga kelib, kuchayib borgan. Xurosonning sharqiy hududlarida yuzaga kelgan g’oziylar harakati va dehqonchilik vohalaridagi g’alayonlar qo’shilib, keng miqyoslar kasb etib bordi. Bu harakatlarning etakchilariga aylangan, asli kelib chiqishlari hunarmand – miskar bo’lgan aka-uka Yoqub va Amir ibn Layslar 873 yilda Nishopurni egallab Tohiriylar sulolasini ag’darib tashlashga muvaffaq bo’ladilar. Buning natijasida Yoqub ibn Lays asos solgan Safforiylar (miskarlar) sulolasi hokimiyatga keladi. Biroq yangi hukmdor Yoqub ibn Lays shaxsiy hayotda qanchalik oddiy turmush tarziga amal qilib yashamasin, o’z armiyasining jangovarligini kuchaytirish, askarlarni maosh bilan ta’minlashga urinmasin, mehnatkash xalqning og’ir soliqlar to’lashi, boshqa to’lovlar va majburiyatlarni o’tashi avvalgidek o’zgarmay qola berdi. Bu hol oxir-oqibatda safforiylar sulolasi hukmronligining ijtimoiy- iqtisodiy ildizlarini qaqshatib, uni halokatga mahkum etmay qolmadi. Movarounnahrda Somoniylar davlatining yuzaga kelishi jarayoni ham IX asr boshlariga to’g’ri keladi. Bunda ham xalifa Ma’mun o’ziga sodiq xizmat qilgan balxlik mahalliy hukmdorlardan Somonxudot1 avlodlari (uning nabiralari)ga Movarounnahr hududlarini boshqarish huquqini topshiradi. Chunonchi, Nuh Samarqandga, Ahmad Farg’onaga, Yahyo Shosh va Ustrushonaga, hokimlik qiladilar. IX asr o’rtalariga kelib Ahmad va uning katta o’g’li Nasr Somoniylar Movarounnahrning ko’pchilik hududlarini birlashtirishga muvaffaq bo’ldilar. Nasr Somoniy (856-888) davrida Movarounnahr mavqei yanada kuchayib bordi.

Samarqand davlat poytaxti edi. Xurosonda Tohiriylar sulolasi ag’darilgach (873y), uning tarkibiga kirgan Buxoro erlari ham Somoniylar tasarrufiga olinadi. Nasr ukasi Ismoilni Buxoroga noib etib tayinlaydi (874y) va Somoniylar hukmronligi endilikda deyarli Movarounnahrning barcha hududlariga yoyiladi. Ammo ko’p o’tmay Ismoil o’z hokimiyatini kuchaytira borgach, o’zining vassallik mavqeini tan olmay, Nasr hokimiyati xazinasiga to’laydigan yillik daromad miqdorini keskin kamaytiradi.

Buning natijasida aka-ukalar o’rtasida uzoq muddatli o’zaro kurash boshlanadi. Oqibatda 888 yilda ular o’rtasida katta urush kelib chiqib, unda Ismoil g’olib bo’ladi va hokimiyatni o’z qo’liga oladi. Akasi Nasr vafotidan so’ng (892y) Ismoil Somoniy Movarounnahrning yagona hukmdoriga aylanadi. Shu tariqa, Vatanimizda davlat mustaqilligi qayta tiklanadi va yuksalib boradi. Buxoro – davlat poytaxti bo’lib qoladi. Ismoilning 893 yilda sharqdagi dashtlik qabilalarga qarshi qilgan muvaffaqiyatli yurishi, Tarozni egallab, katta o’lja va asirlar bilan qaytishi ham Somoniylar qudrati yuksakligidan yaqqol dalolat beradi. Ismoil Somoniy davlati qudratining o’sib borishidan cho’chigan, uni zaiflashtirishni va o’z ta’sirini qayta tiklashni ko’zlagan Bag’dod xalifasi Mu’tazid (892-902) Xurosondagi Safforiylar hukmdori Amr ibn Laysga (879-900) Xuroson bilan birga Movarounnahar ustidan hukm yuritish huquqi berilgani haqida farmon chiqaradi va uni Ismoilga qarshi gij-gijlaydi. Bu esa 900 yilda ikkala davlat o’rtasida katta urushga sabab bo’ladi. Urush natijasi esa Somoniylar foydasiga hal bo’lib, buning oqibatida Xuroson erlari Somoniylar qo’l ostiga o’tadi. Shu tariqa xalq xalifalik istebdodidan xalos bo’ldi. Ismoil Somoniy bu hududda kechgan uzoq yillik milliy davlatchilik tajribasiga tayanib, markaziy davlat boshqaruvi tizimini va shunga muvofiq keladigan mahalliy idora organlarini vujudga keltiradi. Bu tizim Ahmad ibn ismoil (907-914), Nasr ibn Ahmad (914-943), Nuh ibn Nasr (943-954) davrida ham takomillashib boradi.

Nuh ibn Nasr (Nasr II) davrida buxoroning Registon maydonida amir qasri qarshisida saroy qurilib, barcha devonlar unga joylashtiriladi. Mahkama xizmatchilari muayyan bilimga ega bo’lgan, arab va fors tilini puxta bilgan zadogon va ruhoniylardan tanlangan. Pochta-aloqa xizmatidan boshqa hamma devonlarning viloyatlarda vakillari bo’lib, ular ham markaziy devonga, ham viloyat hokimiga bo’ysungan. Har bir shaharda shahar boshlig’i – rais ma’muriyati mavjud bo’lgan. Davlatda islom dinining ta’siri g’oyatda katta bo’lganligidan, oliy diniy mansab – Shayxul islomning roli yuqori darajada e’tirof topgan. Somoniylar davrida qishloq xo’jaligi, mahalliy ishlab chiqarish, hunarmandchilik, savdo-sotiq munosabatlari, shaharlar hayoti ancha yuksaldi. O’lkaning Shosh, Farg’ona va Xorazm vohalarida turli xil g’alla ekinlari etishtirish, bog’dorchilik, sohibkorlik, polizchilik, paxta etishtirish ancha kengayib bordi. Ko’plab suv inshootlari barpo etiladi. Qishloq ahli mavjud xomashyo mahsulotlaridan turlicha ishlov berish yo’li bilan har xil matolar ishlab chiqara boshladi. Jumladan, Zandana qishlog’ida sifatli, tilla rang «zandanachi» deb nom olgan bo’z to’qish (u chetga ham chiqarilgan), Samarqand yaqinidagi Vador qishlog’ida sarg’ish tusli chiroyli yumshoq, pishiq «vodoriy» deb nomlangan matolar tayyorlash yo’lga qo’yilgan.

Bu erdagi to’qilgan matodan mamlkatning oliy amaldorlari ham kiyim tiktirishda foydalanganlar. Shaharlarda ko’plab hunarmandchilik korxonalari, o’nlab karvonsaroylar, bozor rastalari mavjud bo’lib, doimiy ravishda ishlab turgan. Shahar maqomiga ega bo’lish uchun mazkur joyda kamida 32 xil hunar-kasb turlari bo’lishi kerakligi o’sha davr uchun xos bo’lgan. Somoniylar davrida Samarqand, Buxoro, Marv, Shosh, Isfijob, shuningdek, Farg’ona, Xorazm vohasi shaharlari savdo-sotiq va hunarmandchilik markazlari sifatida g’oyatda ravnaq topgan. Buyuk ipak yo’li bu shaharlarni xalqaro karvon savdosi bilan tutashtirib, ular etishtirgan barcha noyob mato-yu mahsulotlarning jahon bozoriga chiqishini ta’minlagan. Metall ishlash, nodir metallardan, chunonchi, oltin, kumush, mis va boshqa ma’danlardan qimmatli, bezakli buyumlar, asbob-anjomlar tayyorlash shaharlarda keng rivojlangan. Uch joyda (Buxoro, Samarqand, Farg’ona) kumush pullar zarb etilgan. Shoshda charm mahsulotlari, Farg’ona va Iloqda qurolyarog’lar yuqori darajada tayyorlangan. Shuningdek, Farg’ona vodiysi, Ohangaron, Samarqand, Nurota tumanlarining tog’li hududlarida kon-ruda ishlab chiqarishi taraqqiy topdi. Ip – yigirish, to’quvchilik va to’qimachilik (gilamlar, poyondozlar v.b) hunarlari rivojlangan bo’lib, bu soha yumushlariga xotin-qizlar ham jalb qilingan.

Somoniylar davrida davlat boshlig’i o’z farzandlari, yaqinlariga, amirlar, hokimlar, lashkarboshilarga ularning xizmatlari evaziga tuman, shahar, hatto viloyatlarni ham in’om qilgan. Bunday mulk iqto, ularning egalari iqtodorlar deb atalgan. Iqtodorlar o’ziga in’om etilgan hududlarda yashovchi aholidan olinadigan soliqlarning bir qismini o’ziga olish evaziga daromad olgan. Aholi iqtodorga bug’doy, paxta, quruq meva, gazmol yoki pul shaklida soliq to’lagan. Iqtodan foydalanish muddati davlat boshlig’iga bog’liq bo’lgan. Avvallari iqto vaqtincha berilgan, iqtodor bunday mulkdan mahrum ham etilgan, ayrimlar esa iqtodan umrbod foydalanganlar. Kam erli yoki ersiz aholi katta er egalaridan erlarni ijaraga olib mehnat qilganlar. Ular barzikor-qo’shchilar deb atalardi. Barzikor ijaraga olgan erda o’z urug’i va qo’shi bilan dehqonchilik qilsa hosilning 1/3 – 1/5 hissasini, urug’ va qo’sh er egasi hisobidan bo’lsa hosilning 1/10 – 1/12 hissasiga ega bo’lgan.

Somoniylar davlati muayyan tarixiy bosqichlarda ijtimoiy-siyosiy va boshqa sohalarda qanchalik yuksalish, muhim o’zgarish jarayonlarini boshdan kechirmasin, biroq keyinchalik asta-sekin tushkunlik, parokandalik sari yuz tutib bordi. X asrning ikkinchi yarmidan boshlab, xususan keyingi Somoniy hukmdorlar: Abdumalik ibn Nuh (954-961), Mansur ibn Abdumalik (961-976), Nuh ibn Mansur (976-997), mansur ibn Nuh (997-999), Abdumalik ibn Mansur (999-1000) davrida mamlakatda ham mahalliy feodal beklar, amaldorlar o’rtasida, ham hukmdor sulola vakillari o’rtasida o’zaro ichki nizolar, ziddiyatlar to’xtovsiz kuchayib bordi. Davlatning harbiy tayanchi hisoblangan turk askarlaridan iborat qo’shin safida ham birdamlik, hamjihatlik etishmasdi. Bu esa Somoniylar saltanatini jiddiy tanglikka duchor etishi tayin edi. Masalan, lashkarboshi Alptegin Somoniylarni 60 yil himoya qilib kelgan. Uning itoatida 30 ming otliq qo’shin bo’lib, zarur bo’lganda 100 ming suvoriyni o’z qo’liga kirita olardi. Shu boisdan ham Somoniylar bilan Alptegin o’rtasidagi ixtilof va ishonchsizlik oxir-oqibatda Somoniylarning puturdan ketishiga olib keldi. Shuningdek, mahalliy hukmdorlarning o’zboshimchalik, boshboshdoqlik xattiharakatlarining avj olishi, ularni jilovlashga markaziy hokimiyatning ojizligi davlatning yanada zaiflashuviga sabab bo’ldi. Xalq norozilik harakatlari shu qadar alangalanib bordiki, hatto amir Abdul Malik vafoti bahonasi bilan 961 yilda Buxoro harbiy askarlari tomonidan boshlangan g’alayon amir saroyini talash, uni yakson qilish bilan tugallandi. Bunday jiddiy nizolar, ziddiyatli jarayonlar oqibatda Somoniylar davlati zaiflashib, inqirozga yuz tutdi.

Qoraxoniylar

Ettisuv, Sharqiy Turkiston o’lkalarida IX asr ikkinchi yarmida turli turkiy qavmlar, elatlarning o’zaro birikuvi natijasida va qo’shiluvi davomida Qoraxoniylar davlati tashkil topdi. Mazkur davlatga asos solgan siymo Abdulkarim Sotuq Bug‘roxon (859-955) yag’molar qavmiga mansub bo’lgan. Bu davlat hukmdorlari «arslonxon» yoki «qoraxon» unvonlari Qoraxon so’zining lug’aviy ma’nosi esa turkiy qabilalarda «ulug’», «buyuk» degan tushunchalarni anglatgan. Qoraxon «Tamg’achxon» ham deb yuritilgan. Bu davlatning qudrati yuksalib, u tez orada katta hududlarni o’z qo’l ostiga kirita boradi. Uning poytaxti Sharqiy Turkistonning Bolasog’un shahri bo’lgan. Abdulkarim Bug’roxon vafotidan keyin (955y) uning vorislari davrida Markaziy Tyan-Shan va Ettisuv o’lkalari egallanadi. Endilikda Qoraxoniylar Somoniylar hukmronlik qilayotgan Movarounnahr erlarini ham butunlay egallashga kirishadilar. Bu davrda Somoniylar davlati chuqur ichki ziddiyatlar, sinfiy ixtiloflar orqasida tanglik holatiga tushib qolgan edi. Bundan foydalangan Qoraxoniylar hukmdorlari – Hasan va Nasr Bug‘roxonlar etakchiligidagi qo’shin Somoniylar qarshiligini qiyinchiliksiz engib, ikki bor (992 va 999 yillarda) Buxoroni egallaydi, somoniylar sulolasining so’nggi vakili Ismoil al- Muntasir (1000-1005) hukmronligi barham topdi. Oqibatda butun Movarounnahr hududlari Qoraxoniylar tasarrufiga o’tadi. Shu tariqa, Qoraxoniylar hukmronligi katta hududlarga yoyiladi.

Qoraxoniylar davlatining boshqaruv tizimi mahalliy hududiy boshqarish tartibiga asoslangan. Xonlik hududlari nihoyatda bepoyon bo’lganligidan, har bir yirik hudud yoki viloyat eloqxonlar (mahalliy hukmdorlar) tomonidan nisbatan mustaqil tarzda idora qilingan (Masalan, Samarqand, Buxoro, Ettisuv v.b.). Eloqxonlar tegishli miqdordagi yillik xiroj yoki to’lovlarni markaziy xokimiyat hukmdori – Tamg’achxonga yuborib, amalda o’z mulklarini mustaqil boshqarganlar. Qoraxoniylarning Movarounnahrdagi hukmronligi murakkab ijtimoiysiyosiy vaziyatda, turli sulolaviy urushlar, ziddiyatli jarayonlar girdobida kechgan. Ayniqsa xonlikning muhim hayotiy markazlari hisoblangan Samarqand, Buxoro, Balx va Termiz kabi joylarni qo’lga kiritish uchun saljuqiylar, qoraxitoylar bilan ko’p bor urush harakatlari olib borilgan. Xususan, saljuqiylarning so’ngi podshohi Sulton Sanjar (1118-1157) Qoraxoniylarning Movarounnahrdagi hukmdori Arslonxon (1102-1130)ning zaiflashib qolganligidan va mahalliy ruhoniylar fitnasidan foydalanib, Samarqand va uning atroflarini bosib oladi. Shundan so’ng Qoraxoniylar sulolasiga mansub mahalliy xonlar amalda Sulton Sanjarga tobe bo’lib qoladilar. Biroq ko’p o’tmay bu hududlar yangidan sharqdan bostirib kelgan Qoraxitoylar ta’siriga tushib qoladi. Faqat 1211 yilga kelib, ya’ni so’nggi Horazmshoh Alouddin Muhammad (1200-1220) davrida Qoraxoniylarning Movarounnahrdagi rasmiy boshqaruvi butunlay barham topadi. Qoraxoniylar davrida Movarounnahrning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida bir qator muhim o’zgarishlar yuz beradi. Birinchidan, Qoraxoniylar o’lkani zabt etgach, bu erda ko’p asrlardan buyon hukm surib kelgan erga egalik qilishning muhim shakli – dehqon mulkchiligini tugatib, bu mulklarni davlat tasarrufiga oladilar. Bu mulklar o’z navbatida qoraxoniylarga tobe bo’lgan sodiq amaldorlar, harbiy lashkarboshilar, davlat xizmatchilari yoki ularga yon bosgan yuqori ruhoniylar, din peshvolariga mulk qilib beriladi. “Dehqon” tushunchasi shundan boshlab amalda erni ishlovchi, unda mehnat qilib kun kechiruvchi ijtimoiy toifa maqomiga ko’chdi. Ikkinchidan, Qoraxoniylar davriga kelib er-mulkka egalik qilishning “iqto’” va iqtodorlik munosabatlari yanada chuqur ildiz otadi. Iqtodorlar o’z tasarrufidagi hududlarda yashovchi aholidan olinadigan soliqlar evaziga katta daromadlar olganlar. Uchinchidan, O’rta Osiyo hududlarining Qoraxoniylar davlati tarkibiga o’tishi erli aholi etnik tarkibida ham muhim o’zgarishlarni vujudga keltiradi. Qoraxoniylar hokimiyatining bu hududga yoyilishi ayni zamonda sharqiy hududlardan turkiy qavmlar, elatlarning bu erlarga kelib, o’rnashib, o’troqlashuviga sezilarli ta’sir ko’rsatadi. Bu esa, shubhasiz, o’zbek xalqining etnik shakllanish jarayoniga ta’sir etadi. Ayni chog’da turkiy tilning iste’mol doirasi to’xtovsiz kengayib bordi. Shu bilan birga bu tilning mahalliy xalq, elatlarning adabiy tili sifatidagi mavqei va maqomi ham tarkib topib bordi. Go’zal va nafis qadimgi turkiy, ya’ni eski o’zbek adabiyotining yuksak badiiy namunalari hisoblangan Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib va Ahmad Yugnakiylarning betakror ijodiyoti bunga yorqin dalil bo’la oladi.

G‘aznaviylar

961 yilda Somoniy hukmdor Abdul Malik vafotidan so’ng davlatning zaiflashganligidan foydalanib, G’azna mulkini asli turkiy qavmga mansub bo’lgan salohiyatli lashkarboshi Alptegin qo’lga kiritadi va bu hududda yangi davlatga – G’aznaviylar davlatiga asos soladi. Biroq G’aznaviylar davlatining yuksak maqomining qaror topishi va keng e’tirofi Sabuktegin nomi bilan bog’liqdir. Somoniylar davrida etuk harbiy lashkarboshi darajasiga erishgan Sabuktegin 977 yilda Somoniylar davlati ichida davom etayotgan o’zaro nizolardan foydalanib, Qobul daryosi havzasiga qarashli erlarni ham G’azna viloyatiga qo’shib, mustaqil davlat tuzishga muvaffaq bo’ladi. U tez orada Xurosonga egalik qilish huquqini ham qo’lga kiritadi. Shu tariqa, Qoraxoniylar Somoniylar hukmronligini qulatib, Movarounnahrni egallagunlariga qadar Amudaryoning janubida Sabuktegin va uning vafotidan so’ng o’g’li Mahmud davrida G’aznaviylar mavqei va davlat boshqaruvi tizimi kuchayadi. G’aznaviylarning eng yuksalgan, qudratli saltanatga aylangan davri Sulton Mahmud (998-1030) vaqtiga to’g’ri keladi. Kezi kelganda Sulton Mahmud katta qo’shin tuzib, uni o’sha davrning eng zamonaviy qurol-aslahalari bilan, etarli maosh bilan ta’minlab, juda ko’plab bosqinchilik yurishlarini amalga oshirdi. U XI asr boshlarida Amudaryo bilan belgilangan shimoliy chegaralarni Qoraxoniylar bilan kelishib olgach, o’zining asosiy e’tiborini janubda – Hindistonga, g’arbda – Xuroson va unga chegaradosh hududlari tomon qaratadi. Faqat Hindistonga 17 bor yurish qilib, u erdan katta miqdordagi o’lja-boyliklar olib keladi. Birgina 1019 yilda Kanuadja shahrini egallab, olib kelingan o’lja – katta miqdordagi oltin, kumush va qimmatbaho buyumlardan tashqari 350 ta fil va 57 ming asir-qulni tashkil etgan. U 1008 yilda Qoraxoniylar bilan tuzilgan shartnomani buzib, Amudaryo shimolidagi Chag’aniyon va Xuttalon viloyatlarini bosib oladi. 1010-1011 yillarda esa Mahmud katta qo’shin bilan jang qilib G’ur viloyatini egallaydi. 1017 yilga kelib esa Mahmud G’aznaviyning nigohi geografik jihatdan g’oyatda qulay nuqtada joylashgan, boy hudud – Xorazmga qaratiladi. U Xorazmshohlar saltanatidagi qaltis siyosiy vaziyatdan, xususan Xorazmshoh Ma’munning o’limidan foydalanib, u erga katta qo’shin yuborib, osonlik bilan Xorazmni tobe qiladi. Ayni paytda shuhratparast Sulton Xorazm Ma’mun akademiyasining bir qator atoqli namoyandalarini, shu jumladan, Abu Rayhon Beruniyni G’aznaga oldirib keladi. Uning so’nggi istilochilik yurishlaridan biri 1029 yilda Eronning Rey shahrini egallash bo’ladi. Mahmud G’aznaviyning harbiy yurishlari oqibatlaridan biri shu bo’ldiki, shimoliy Hindiston hududining bosib olinishi natijasida turkiy aholining ancha qismi bu joylarga kelib joylasha boshlaydi. Bu esa Hindistonning keyingi tarixiy taqdiriga sezilarli ta’sir ko’rsatdi. Mahmud davrida G’aznaviylar davlati hududlari benihoya kengayib, mamlakat shaharlarida, ayniqsa G’aznada katta inshootlar, salobatli masjidu madrasalar, kutubxonayu shifoxonalar, ilm maskanlari ko’plab barpo etilgan bo’lsa-da, biroq ko’pchilik aholining moddiy – maishiy ahvoli nochor kechgan, turli xil soliq va majburiyatlar odamlarning tinkasini quritgan. 1011 yilda Xuroson o’lkasida boshlangan ocharchilik minglab odamlarning nobud bo’lishiga olib kelgan. Shu bois Mahmud G’aznaviy davlati tashqaridan go’yo qudratli ko’ringani bilan haqiqatda esa uning ichdan emirilishini, omonatligini payqash qiyin emas. Zero, uning vafotidan keyin ko’p o’tmay bu saltanatning tushkunlik sari yuz tutganligi ham shundandir. Bu o’rinda shuni aytish kifoyaki, Sulton Mahmud vafotidan keyinoq Xorazm o’z mustaqilligini tiklashga erishdi. Shuningdek, saljuqiy turklarning Xuroson hududlarini egallash sari harakatlari kuchayadi. Agar Mahmud davrida uning roziligi bilan Xurosonning ayrim hududlariga saljuqiy qabilalar kelib joylashgan bo’lsa, endilikda ular butun Xurosonni ishg’ol qilishga kirishadilar. O’lkaning G’aznaviylar siyosatidan, haddan ziyod soliq-to’lovlar asoratidan norozi bo’lgan mahalliy aholisi ham Saljuqiylarni qo’llab-quvvatlab chiqadi. Bu esa ikki o’rtadagi harbiy to’qnashuvlarning pirovard yakuniga hal qiluvchi ta’sir o’tkazadi. G’aznaviylar qo’shini bilan Saljuqiylar o’rtasidagi birinchi katta urush 1035 yilda Nissa shahri yonida bo’lib o’tdi. U Saljuqiylar g’alabasi bilan yakunlandi. Ko’p o’tmay Saljuqiylar o’z g’alabalarini mustahkamlab, Xurosonning ancha qismini, jumladan, Nishopurni qo’lga kiritdilar (1038y). 1040 yil bahorida Dandanakan yonida (Saraxs bilan Marv oralig’i) bo’lgan so’nggi hal qiluvchi jangdan so’ng Ma’sud G’aznaviy qo’shini qaqshatqich zarbaga uchrab, butun Xuroson o’lkasidan mahrum bo’ladi. Ko’p o’tmay Ma’sud ukasi Muhammad tomonidan qatl qilinadi (1041y). Tez vaqt ichida hokimiyatni egallagan Ma’sudning o’g’li Mavdud ham bir necha bor kuch to’plab saljuqiylar bilan urush olib borgan bo’lsa-da, ammo o’z qo’shinini mag’lubiyatdan saqlab qola olmadi. 1059 yilda G’aznaviylarning muhim tayanchi – Balxning Saljuqiylar qo’liga o’tishi G’aznaviylarning so’ngi umidini ham puchga chiqardi. Bu esa pirovardida G’aznaviylar davlatining puturdan ketkazib, tarix sahnasidan butunlay tushib ketishiga sabab bo’ldi.

Saljuqiylar

Saljuqiylar bu etnik nom emas, ular turkiy o’g’iz qabilalaridir. Ular Sirdaryo quyi etaklarida, Orol havzasida yashagan, ko’proq ko’chmanchi hayot kechirgan. «O’g’iznoma» kitobida naql qilinishicha, o’g’iz urug’lari, qavmlari juda qadimiy tarixga ega bo’lib, ularga ilk bor O’g’izxon nomli buyuk shaxs boshchilik qilgan. IX asr oxiri X asr o’rtalariga kelib Orolbo’yi va Kaspiy shimolida O’g’iz urug’lari ittifoqi shakllangan. X asr oxirlarida Sirdaryo etagida poytaxti Yangikent bo’lgan o’g’izlar davlati tashkil topadi. XI asr o’rtalariga kelib bu davlat shimoliy sharqdan bostirib kelgan qipchoqlar zarbasiga uchraydi. Natijada o’g’iz urug’larining bir qismi shimolga – dashtli hududlarga, bir qismi old Osiyo mamlakatlariga chekinadi, yana bir qismi esa hozirgi Turkmaniston hududiga o’tib, erli aholi bilan qo’shilishib, turkmanlar nomi bilan atalib ketadi. Tarixchi Rashiddidin, shuningdek, Mahmud Qoshg’ariy, Abul G’oziylarning ma’lumotlariga qaraganda, o’g’izlar 22 yoki 24 qabiladan, chunonchi, chavdir, emreli, ichdir, yazir, salir, qoradoshli, bayot, koyi, taturga va boshqalardan tashkil topgan.

Sirdaryo quyi oqimida paydo bo’lgan o’g’iz davlatining dastlabki yobg’usi (podshosi) Saljuqbek bo’lgan. Uning avlodlari Tug‘rulbek, Dovudbek, Chag‘ribek va Shakarbeklar o’z davrlarida saljuqiylar shuhratini yuksakka ko’tardilar.

Hozirgi Turkiya turklari, Iroq, Eronda yashovchi turkmanlar, shuningdek, gagauzlar, ozarbayjon xalqlarining shakllanishida saljuqiy turklarning roli va ta’siri alohidadir. Somoniylar hukmronligi davrida ularning ruxsati bilan saljuqiy qabilalar Zarafshon vohasiga, Nurotaning tog’li erlariga kelib o’rnashib, chorvachilik bilan shug’ullanganlar. Keyinroq Movarounnahr hududlari qoraxoniylar sulolasi tomonidan egallanib, ularning chorvador xo’jaliklari bu erlarni band etgach, saljuqiylarning yashash sharoitlari mushkullashadi. Shu bois ular g’arbga tomon siljishga majbur bo’ladilar. XI asrning 20-30 yillariga kelib saljuqiy urug’- qabilalarning hozirgi turkman erlari orqali G’aznaviylar tasarrufidagi Xuroson o’lkasiga kirib borishi faollashadi. 1038 yilda Saraxsda, 1040 yilda Dandanakanda bo’lib o’tgan hal qiluvchi urushlar davomida Saljuqiylar G’aznaviylarni engib, butun Xuroson erlarini egallab, o’z davlati markazini shu hududga ko’chiradilar. Shu tariqa, Nishopur shahri Saljuqiylar poytaxtiga aylanadi. Saljuqiylar hukmdori Tug’rulbek egallangan Movarounnahr va Xuroson hududlarini o’z avlodlari – Chag’rilbek va Dovudbeklar tasarrufida qoldirib, o’zi g’arbga tomon harbiy yurishlarini davom ettiradi. Tug‘rulbekning 1038-1063 yillarni o‘z ichiga olgan hukmronlik davri old Osiyo va Kichik Osiyoning katta hududlarini qo’lga kiritilganligi bilan tavsiflanadi. Bu davr mobaynida Saljuqiylar Gurgon, Tabariston, Xorazm, Ozarbayjon, Kurdiston hududlarini, hozirgi g’arbiy Eron viloyatlarining bir qismini, shuningdek, Fors, Kermon viloyatlarini egallaydilar. 1055 yilda esa xalifalik markazi Bag’dod ishg’ol qilinadi. Ayni paytda Vizantiyaning Kavkazdagi ta’siriga ham kuchli zarba beriladi. Shunday qilib, Tug’rulbek kuchli Saljuqiy sultonligiga asos soladi. Uning vorisi Alp-Arslon (1063-1072) ham jahongirlik yurishlarini davom ettiradi. Uning davrida O’rta er dengiziga qadar bo’lgan Kichik Osiyo erlari egallanadi. Endilikda Saljuqiylar saltanati Movarounnahrdan to O’rta Er dengiziga qadar bepoyon hududlarga yoyiladi. Alp-Arslon mamlakat poytaxtini Nishopurdan Marvga ko’chiradi. U o’z podsholigi davrining katta qismini yana sharqqa – Movarounnahrning Qoraxoniylar ta’sirida bo’lgan joylarini egallashga qaratadi. Shu maqsadda u Xorazm erlarini, so’ngra Jand, Sabronni qo’lga kiritadi. Keyinroq Chag’aniyon va Xuttalon viloyatlarini bosib olish uchun qo’shin tuzadi. Biroq Alp-Arslon 1072 yilda 200 minglik qo’shin bilan Amudaryo kechuvidan o’tish chog’ida kutilmaganda xalok bo’ladi Saljuqiylar davlati qudratining Movarounnahr va Xurosondagi eng kuchaygan payti Malikshoh (1072-1092) davriga to’g’ri keladi. Gap shundaki, xuddi shu yillarda Malikshoh va uning tadbirkor, dono vaziri Nizomulmulk tomonidan mamlakat hayotining ko’plab sohalarida juda muhim ijobiy o’zgarishlar amalga oshiriladi. Avvalo, Saljuqiylar davlatining Movarounnahrdagi maqomi yanada mustahkamlanadi. Malikshoh muhim strategik ahamiyatga molik Balx va Termiz hududlarini Qoraxoniylardan qaytarib oladi. Shuningdek Qoraxoniylar hukmdori Shamsulmulk vafotidan so’ng vujudga kelgan qulay vaziyatdan foydalanib, 1089 yilda katta qo’shin tortib Buxoro va Samarqandni egallaydi va yangi xon Ahmadni asir qiladi. Garchand tez orada Ahmad Qoraxoniylar xonligi taxtiga qaytarilgan bo’lsa-da, biroq amalda Qoraxoniylar Saljuqiylarga tobe bo’lib qoladi. Malikshoh davrida davlat xokimiyatining kuchayishida dono vazir Nizomulmulk (1017-1092) roli benazirdir. Katta huquq va keng vakolatlarga ega bo’lgan birinchi vazir markaziy hokimiyatni kuchaytirishga, davlat amaldorlarining mas’uliyati, javobgarligini oshirishga, davlatning moliya, soliq va boshqa boshqaruv tizimlarini takomillashtirishga alohida ahamiyat beradi. U o’zining bu boradagi yuksak salohiyati va tajribasini umumlashtirib, mashhur «Siyosatnoma» asarini yozadi. Bu kitob katta shuhrat va e’tirof qozonib, mana, necha asrlardirki, Sharq va G’arb mamlakatlarining davlat arboblari, vaziru vuzarolari uchun siyosat bobida muhim dasturulamal qo’llanma vazifasini bajarib kelmoqda. Nizomulmulkning rahnomoligi va tashabbusi bilan Bag’dod, Nishopur, Hirot, Balx, Marv kabi shaharlarda oliy madrasalar ochilib, ularda juda ko’plab o’qimishli yoshlarning ta’lim-tarbiya olishi yaxshi yo’lga qo’yildi. Mamlakat shaharlarining hunarmandchilik va savdo-sotiq, karvon savdosi markazlari sifatidagi mavqei kuchayib, xalqaro Ipak yo’lining roli ortib bordi. Bu davrda «iqto’» tizimi kuchli rivojlangan bo’lib, uning bilan bog’liq mulkiy munosabatlar qishloq xo’jaligi sohasida etakchi mavqe egallagan. Saljuqiylarning eng so’nggi hukmdori Sulton Sanjar (1118-1157) bu davlatning ham yuksalishi, ham halokatga yuz tutishi bilan o’ziga xos murakkab, ziddiyatli davrni aks ettiradi. Negaki, bu yillarda Saljuqiylar hukmronligi Xuroson va Movarounnahrda yanada mustahkamlandi. Qoraxoniylar hukmdorlari amalda ularga tobelik maqomiga tushib qolgan edi. Ayniqsa, 1130 yilda Sanjar tomonidan bu sulolaning asosiy hayotiy markazlari Samarqand, Buxoroning egallanganligi (garchand bular yana Qoraxoniylarga qaytarib berilgan bo’lsa-da) fakti ham fikrimizni isbot etadi. Bu davrda Xorazm erlari ham amalda Saljuqiylar ta’sirida bo’lib, Xorazmshohlar, masalan, Qutbiddin Muhammad, Otsiz rasman ularga itoat etardilar.

Biroq XI asrning 40-yillariga kelib Saljuqiylar davlatining mavqei puturdan keta boshlaydi. Bunda ayniqsa Sharqdan bostirib kelgan Qoraxitoylar bir vaqtning o’zida ham Qoraxoniylarga va hamda Saljuqiylar saltanatiga katta xavf soladi. Sulton Sanjar va Qoraxoniylar xoni Mahmudning birlashgan qo’shini 1141 yilda Samarqand yaqinidagi Katvon cho’lida Qoraxitoylar bilan bo’lgan hal qiluvchi jangda qaqshatqich mag’lubiyatga uchragach, Movarounnahr erlari Qoraxitoylar qo’li ostiga o’tadi. Saljuqiylar esa katta hududlarga egalik qilish huquqidan mahrum bo’ladi. Qoraxitoylar esa Movarounnahrni ishg’ol etish bilan birga, bu erdagi sulolalar hukmronligini yiqitmay, ularni o’zlariga vassal qilish, muntazam boj, xiroj olib turish sharti bilan kifoyalandilar. Shuning uchun ham Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va boshqalar Bolasog’unda turuvchi Qoraxitoylar hukmdori Gurxonga kelishilgan miqdordagi xiroj-o’lponni yuborib turishga majbur edilar. Sulton Sanjarning keyingi taqdiri ham favqulodda holatda kechdi. U 1153 yilda Balx viloyatining tog’li hududida ko’chib yuruvchi g’uz qabilalarining g’alayonlarini bostirish chog’ida kutilmaganda asirga tushib qoladi. U uch yil davomida g’uzlar qo’lida asirda bo’ladi. Bu vaqt ichida g’uzlarning Xuroson va Movarounnahrning janubiy-sharqiy erlariga bosqinlari tez-tez takrorlanib turadi. Faqat 1156 yildagina Sulton Sanjar tutqunlikdan qutulishga muvaffaq bo’ladi va bir yildan so’ng vafot etadi. Uning o’limi bilan bir vaqtda o’z davrida qudratli bo’lgan markazlashgan Saljuqiylar davlati-yu, uning shonu-shuhrati ham so’nadi. Bu davrga kelib Kermon o’z mustaqilligiga erishadi. Fors va Ozarbayjon hududlarida mustaqil davlatlar paydo bo’ladi. Xuroson ham Saljuqiylar tobeligidan chiqadi. Arab xalifaligi o’zining avvalgi mustaqilligini tiklaydi. Ayni chog’da Kichik Osiyo hududida Saljuqiy turklarning uzil-kesil joylashuvi jarayoni kuchayadi ham ularning mustaqil davlat tuzilmalari vujudga kela boradi. Bular keyinchalik Usmonli turklar davlatining tarkib topib, mustahkamlanishida muhim asos bo’lib xizmat qiladi.

Xorazmshohlar

Xorazm vohasi o’zining qulay strategik va jug’rofiy mavqei hamda qadimdan rivojlangan hudud bo’lganligidan, u Markaziy Osiyo mintaqasida turli davrlarda kechgan muhim tarixiy jarayonlarda alohida o’rin tutib, o’z muayyan ta’sirini o’tkazib borgan. Vatanimiz hududida miloddan avvalgi so’nggi ming yillik boshlaridagi ilk davlatchilik tuzilmalari ham shu hududda vujudga kelgan. Milodning turli bosqichlarida ham Xorazmshohlar sulolasi nomi bilan hukmronlik qilgan hukmdorlar xonadoni tarixdan ma’lum. Bular: 305-995 yillarda afrig‘iylar xonadoni, 995-1017 yillarda ma‘muniylar (Ma‘mun I, Abdulhasan Ali, Ma‘mun II), 1017-1034 yillarda esa Oltintoshiylar (Oltuntosh, Horun, Handon) sulolalari Xorazmshohlar unvoni bilan davlat boshqaruvini amalga oshirganlar.

Biroq ming taassufki, XI asrning boshlarida yuz bergan tarixiy jarayonlar taqozosi bilan Xorazm davlati tanazzullikka uchrab, zaiflashib, mintaqaning boshqa sulolalari, chunonchi, avval boshda G’aznaviylar hukmronligi (1017- 1044), undan so’ng Saljuqiylar boshqaruvi ta’siriga tushib qolgandi. Shuningdek, XI asrning 40 yillarida sharqdan bostirib kelgan ko’p sonli Qoraxitoylar ham Xorazm erlarini ishg’ol etib, bu hududlardan belgilangan miqdordagi xiroj to’lovlarini olish huquqini qo’lga kiritgandilar. Binobarin, XI asr ikkinchi yarmiga kelib Xorazm oldida yangidan mustaqillikka erishish vazifasi ko’ndalang bo’lib turardi. Bunda shuni ta’kidlash joizki, Xorazmning qaytadan mustaqillikni qo’lga kiritishi, hududiy jihatdan kengayib, butun-butun o’lkalarni o’z tarkibiga kiritib, qudratli saltanat darajasiga ko’tarilishi, so’ngra uning pirovardida inqirozga yo’liqishi – bu jarayonlar yangi sulola – Anushtaginlar sulolasi (1097-1231) nomi bilan uzviy bog’liqdir.

Xususan saljuqiy hukmdorlardan Malikshoh (1071-1092) davrida katta obro’ – martabaga erishgan harbiy lashkarboshi Alpteginning Xorazm hukmdori etib tayinlanishi (1077-1097) hamda ko’p o’tmay uning Xorazmshoh unvoniga sazovar bo’lishi – bu Xorazmning mustaqillikka erishishida jiddiy qadam bo’lgan edi. 1097 yilda uning o’rniga Xorazm taxtiga o’tirgan va Xorazmshoh unvoni sohibi Qutbiddin Muhammad o’lka mustaqilligini ta’minlashda muhim rol o’ynagan. Qutbiddin Muhammad ham Saljuqiylar hukmronligini tan olgan holda Xorazmni idora qildi. Biroq shunga qaramay o’lkaning har tomonlama rivojlanishi, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy yuksalishi uchun ham muhim imkoniyatlar topa bildi. Xorazm mustaqilligini ta’minlash, uning sarhadlarini kengaytirishda Qutbiddin Muhammadning o’g’li Jaloliddin Otsiz (1127-1156)ning roli alohidadir. Negaki, u Qoraxoniylar kuchsizligidan va Saljuqiylar zaifligidan foydalanib, o’z davlati qudratini yuksaltira bordi. Uning 1141 yilda oltin tangalar zarb ettirib muomalaga chiqarishi ham Xorazm mustaqilligining muhim belgisi bo’lgan. U Qoraxitoylar bilan kelishib, ularga har yili 30 ming dirxam miqdorda to’lov to’lash sharti bilan amalda o’z davlatining ichki mustaqilligini ta’minlaydi. Xorazmning mustaqil davlat sifatidagi ravnaqi, hududlarining benihoya kengayib borishida Alovuddin Takashning o’rni va roli katta bo’lgan. Uning hukmronlik davrida (1172-1200) Xorazm vohasida katta ijobiy o’zgarishlar yuz berdi. Yangidan qad rostlagan o’nlab shaharlarning obodonlashuvidan tashqari ularning savdo-sotiq, hunarmandchilik, karvon savdosi bobidagi dovrug’i yanada ortdi, qishloq xo’jaligi, ziroatchilik tarmoqlari rivojlandi, ko’plab kanallar, suv inshootlari barpo etildi. Bunday ijobiy jarayonlar Alouddin Muhammad Xorazmshoh (1200-1220) davrida ham davom ettirildi. Ayni zamonda o’ziga xos markaziy va mahalliy davlat boshqaruvi tizimi vujudga keltirilib, takomillashtirib borildi. Bu esa mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotini mustahkamlash, uning ichki taraqqiyotini ta’minlash hamda izchil tashqi siyosat olib borishda muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Anushteginlarning davlat boshqaruvi ham ikki tizimdan: dargoh va devonlar majmuidan iborat bo’lgan. Dargohda Ulug’ xojib mansabi alohida o’rin tutgan. U hukmdorning xos kishisi sanalib, lozim bo’lgan hollarda vazirlar faoliyatini ham nazorat qilgan. Xojiblar hukmdor nomidan muhim davlat ahamiyatiga daxldor masalalarda muzokaralar olib borganlar. Dargohdagi yana bir oliy lavozim Sohibi ustozdor hisoblangan. Xazina mablag’larining butun tasarrufi uning ixtiyorida bo’lgan. Dargoh hayotiga oid ko’plab muhim masalalar ustozdor nazarida turgan. Davlatdagi Tashtdor lavozimi ham muhim sanalib, u sultonning eng sirdosh kishisi hisoblangan. Tashtdor hukmdor mahfiy sirlaridan ogoh bo’lib, doimo u bilan bahamjihat holda faoliyat yuritgan. Oliy lavozimlardan yana biri -Qissador bo’lib, u Sulton nomiga kelgan arz, shikoyatlarni yig’ib, o’rganib, ularni hukmdor hukmiga havola qilib borgan. Dargohdagi xizmat turlari ichida Chashnigir – sultonga beriladigan ovqat, ichimliklarni tekshiruvchi, Jomador, Davatdor (kotib), Sharobdor, Bayroqdor (amiri alam), xizmatkorlar boshlig’i (Maliki xavas) kabi vazifalar ham alohida ko’zga tashlanib turadi. Ijroiya ishlar devonlar (vazirliklar) tomonidan amalga oshirilgan. Ayniqsa bunda Bosh vazir katta mavqega ega bo’lib, u faqat hukmdorga bo’ysungan. Mansabdorlarni ishdan olish, ishga tayinlash, maosh, nafaqa tayinlash, xazina va soliq tizimini nazorat qilish, mahalliy vazirlar hisobotini olish va shu kabilar uning vakolatida bo’lgan

Devonlar ham o’z vakolatlari doirasida faoliyat yuritganlar. Masalan, insho yoki tug‘ro devoni rasmiy hujjatlar, yozishmalarni tuzish bilan shug’ullangan. Shuningdek, moliya ishlari bilan istifo devoni, davlat nazorati tadbirlari bilan ishrof devoni, harbiy ishlar bilan Devoni arz yoki Jaysh shug’ullangan. Sulton xonodoni hayotiga, iqtisodiyotiga tegishli yana bir muhim devon mavjud bo’lib, u Devoni xos nomi bilan atalgan. So’nggi Xorazmshohlar davrida harbiy sohaga alohida ahamiyat berilgan. Bunda bir necha yuz minglik qo’shindan tashqari oliy hukmdorning maxsus shaxsiy gvardiyasi (Haros) katta mavqega ega bo’lgan. Sulton Muhammadning shaxsiy gvardiyasi 10 ming nafar kishidan tashkil topgan. Harbiy qismlarda Harbiy nazoratchi, sipohsalor, sohibi jaysh (viloyat qo’shini boshlig’i), Amir ul-umaro, Malik (10 ming qo’shin boshlig’i), Chovush (chopar), Josus (razvedkachi), Askar qozisi kabi mansablar ham mavjud bo’lgan. Takash va Muhammad Xorazmshohlarning katta qo’shin tuzib boshqa mamlakatlar, ellarni bosib olish, ularni o’z tasarruflariga kiritish borasida olib borgan ko’p yillik istilochilik yurishlari, bir tomondan, Xorazmshohlar saltanati shuhratini oshirib, uning hududlarini benihoya kengaytirishga olib kelgan bo’lsa, ikkinchi tomondan esa, bu hol pirovard oqibatda bu davlatning chuqur ichki tushkunlikka, tanazzullikka yo’liqishiga ham sabab bo’ldi. Jumladan, Takash o’zining XII asrning 80-90 yillardagi istilochilik yurishlari davomida Saraxs, Nishopur, Rey, Marv kabi muhim shaharlarni ishg’ol etgan. Takash vafotidan so’ng davlat hukmdori bo’lgan Alouddin Muhammad Xorazmshoh davrida ham mamlakat hududlari kengayishda davom etadi. Bu vaqtga kelib Xorazmshohlar davlati hududlari g’arbiy-janubga qarab Xormuz, Fors qo’ltig’i, Iroq erlariga qadar yoyiladi. Uning tarkibiga 400 dan ziyod shaharlar kirardi. Xorazmshoh Bag’dod xalifaligini qo’lga kiritish uchun ham intilgan. Bu esa butun musulmon olamining unga nisbatan qahru-g’azabiga sabab bo’lgan. Muhammad Xorazmshoh 1211 yilda qoraxitoylarni uzil-kesil quvib, Xorazm dovrug’ini ko’targanidan so’ng, u o’ziga ortiqcha bino qo’yib, o’zini ―Iskandari Soniy‖, ―Allohning erdagi soyasi‖ deb ulug’lashni buyuradi. Garchand Xorazmshoh qanchalik o’zini ko’klarga ko’tarmasin yoxud bosqinchilik urushlari olib bormasin, biroq bundan mamlakatning chuqur ichki ziddiyatlar va tanazzulliklarga duchor bo’lganligini qayd etmasdan bo’lmaydi. Shohning katta qo’shin tuzib, to’xtovsiz olib borgan besamar urushlari, buning asoratli oqibatlari, eng avvalo, mamlakat xalqining tinkasini quritayozgandi. Buning ustiga mahalliy hokimlar, bek-amaldorlarning o’zboshimchalik bilan xalq boshiga solayotgan behad jabr-zulmi, bunga javoban yuz berayotgan xalq g’alayonlari (masalan, 1206-1207 yillarda Buxoroda, 1212 yilda Samarqandda ko’tarilgan qo’zg’olonlar) saltanatning ichdan emirilishiga sabab bo’lmoqda edi. So’ngra oliy hokimiyat ichidagi kuchli muxolifatchilik harakati, xususan, Xorazmshoh bilan uning onasi Turkon Xotun tarafdorlari o’rtasidagi ochiqoshkor tarzdagi siyosiy kurash ham Xorazm davlatining beqarorlik holatini yaqqol ko’rsatardi. Qo’shni Xorazmshohlar davlatida kechayotgan bu xildagi chuqur tanazzullik holatlaridan to’la xabardor bo’lgan, undagi barcha jarayonlarni o’zining maxsus josuslik mahkamasi orqali sinchkovlik bilan kuzatib turgan Sharqdagi boshqa bir qudratli mo’g’ul davlati hukmdori Chingizxon esa katta harbiy tayyorgarlik ko’rib, tez orada Movarounnahr sarhadlari tomon istilochilik urushlarini boshlashga chog’lanayotgandi. Darhaqiqat, XIII asrning birinchi choragida amalga oshirilgan mo’g’ultatar galalarining shafqatsiz bosqini nafaqat Xorazmshohlar davlati tarixida, balki shu bilan birga unda yashagan barcha ulug’ ajdodlarimiz qismatida ham mislsiz fojia bo’ldi.

Madaniy taraqqiyot, ilm-fan ravnaqi

Moddiy madaniyat Turonzamin ulus va elatlari istiqomat qilgan hududning arablar istilosi va asoratidan xalos etilishi, o’z mustaqillik maqomiga ega bo’lishi yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga sezilarli ijobiy ta’sir etdi. Somoniylar, Qorahoniylar, G’aznaviylar, Saljuqiylar va Xorazshohlar sulolalari hukmronlik qilgan IXXII asrlarda Movarounnahr sarhadlarida yashagan ulus-elatlar o’rtasida nisbatan tinchlik, osoyishtalik, totuvlik, yaqinlik va hamjihatlik vujudga keldiki, buning orqasida o’lkada moddiy ishlab chiqarish, madaniy rivojlanish jarayoni ancha tezlashdi, shaharlar hayoti yuksaldi, savdo-sotiq, hunarmandchilik o’sdi, aholi farovonligi ko’tarila bordi. IX-XII asrlarda Movarounnahrda moddiy madaniyat o’ziga xos uslub va shakllarda to’xtovsiz rivoj topib bordi. Xalq ichidan chiqqan mahalliy ustalar, me’morlar, naqqoshlar, kulollar, zargarlar, miskarlar tomonidan yurt dovrug’ini olamga tanitgan ajoyib me’morchilik obidalari, san’at namunalari bunyod topdi.

Ilm-fan ravnaqi Somoniylar, G’aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar sulolalariga mansub ma’rifatparvar hukmdorlarning ilm-fan va madaniyatga doimiy rag’bat berishlari orqasida ko’plab iste’dod sohiblarining salohiyati, ijodi o’sib, yuksalib borgan. O’sha davr hukmdorlari tashabbusi bilan bunyod etilgan va faoliyat ko’rsatgan kutubxonalarda sonsanoqsiz noyob, qimmatbaho kitoblar, qo’lyozmalar to’planganki, bulardan hozirgi avlod kishilari ham bahramand bo’lmoqdalar. Ibn Sinodek buyuk zot ham birinchi bor tanishib hayratlangan Somoniylar saroyi qoshidagi boy kutubxona ham mana shunday ilm maskanlaridan biri bo’lgan. O’rta Osiyo xalqlari ma’naviy madaniyatining o’sishida islom madaniyatining ahamiyati katta bo’ldi. Islom faqat dingina emas, balki yangi ma’naviy yo’nalish sifatida ham butun madaniy jarayonga, barcha musulmon mamlakatlari orasida ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy aloqalarning kuchayishiga sezilarli ta’sir ko’rsatdi. Bu davrda ma’naviyatda hurfikrlilik, har qanday bilim, ilm-fanga hurmat, diniy oqimlar erkinligi ustivorlik qilgan. Diniy va dunyoviy ilmlar o’zaro uzviy bog’liq holda rivoj topib bordi. Qadimgi Yunon, Hind va boshqa yurtlar an’analaridan, bilim manbalaridan ham keng ijodiy foydalanildi. X asrning ikkinchi yarmi va XI asr boshlarida Xorazmda vujudga kelib keng faoliyat ko’rsatgan mashhur Ma’mun akademiyasi ilm-fan ravnaqiga ijobiy ta’sir etdi.

Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Mansur ibn Iroq singari ilm peshvolari ham dastlab shu fan maskanida ulg’ayib, kamolot bosqichiga ko’tarilganlar. IX-XII asrlarda Movarounnahrda ilm-fan yuksaldi, hozirgi zamon fanining ko’plab tarmoqlari va yo’nalishlariga chinakam poydevor yaratildi. Xususan matematika, algebra, astronomiya, tibbiyot, geologiya, geodeziya, jug’rofiya, falsafa singari dunyoviy fanlarning tamal toshi tom ma’noda shu davrda qo’yildi.

Buyuk matematik, astronom va geograf olim Muhammad Muso al-Xorazmiy (783-850) nomi fan tarixida alohida o’rin tutadi. Olim o’zining «Hisob aljabr val Muqobala», «Hind arifmetikasi haqida kitob», «Quyosh soatlari haqida risola», «Astronomik jadvallar» singari asarlari bilan «Algebra» faniga asos soldi. Uning arifmetika risolasi hind raqamlariga asoslangan bo’lib, hozirgi paytda biz foydalanayotgan o’nlik hisoblash sistemasining Evropada tarqalishiga sabab bo’ldi. Allomaning «alXorazmiy» nomi «algoritm» shaklida fanda abadiy muhrlanib qoldi. Olimning «Kitob surat al-arz» nomli geografiyaga doir asari shu qadar fundamental ahamiyatga egaki, u arab tilida ko’plab geografik asarlarning yaratilishiga zamin yaratdi. Uning Sharq geografiyasining otasi deb nomlanishi ham shundan. Xorazmiy yaratgan «Zij» Ovro’pada ham, Sharqda ham astronomiya fanining rivojlanishi yo’llarini belgilab berdi. Alloma qalamiga mansub «Kitob at-tarix» («Tarix kitobi») asari Movarounnahr, Xuroson va Kichik Osiyo halqlarining VIII-IX asrlarga oid tarixini to’laqonli yoritishda muhim qo’llanmadir. Al-Xorazmiyning arab ilmiy dunyosining yirik markazi – Bag’doddagi Ma’mun akademiyasida ishlagan davrlari uning iste’dodining eng barq urgan paytlari bo’ldi. U shu akademiyaning rahbari sifatida ilm ahliga ibrat ko’rsatdi. O’rta Osiyolik buyuk allomalar orasida Ahmad al-Farg‘oniy (797-865) nomi alohida ko’zga tashlanib turadi. Olimning to’liq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Farg’oniy bo’lib, aslida Farg’onaning Quva shahrida tavallud topgan. Ilm yo’lida zahmat chekib ko’p yurtlarni kezgan. Umrining ko’p qismini xorijiy ellarda, xalifalik markazlarida o’tkazgan. Uning butun ongli hayoti va faoliyati fan yo’liga bag’ishlangan. Ahmad al-Farg’oniy etuk astronom, matematik va geograf olim sifatida shuhrat topgan. Juda ko’plab fundamental asarlarning muallifi, Bag’doddagi Baytul Hikma (akademiya)ning nomdor namoyandalaridan biridir. Al-Farg’oniy ilmiy salohiyatining mahsuli bo’lgan «Astronomiya asoslari haqida kitob», «Asturlub yasash haqida kitob», «Al-Farg‘oniy jadvallari», «Oyning Er ostida va ustida bo‘lish vaqtlarini aniqlash haqida risola», «Etti iqlimni hisoblash haqida», «Al-Xorazmiy «Zij»ining nazariy qarashlarini asoslash» nomli kitoblari haqli ravishda jahon fani xazinasining noyob durdonalari sanaladi. U G’arb olimlari orasida «Alfraganus» nomi bilan mashhur. Jahon fani ravnaqiga benazir hissa qo’shgan Uyg’onish davri daholari orasida buyuk yurtdoshimiz Abu Nasr Forobiy (873-950) siymosi yorug’ yulduzdek fan osmonida charaqlab turadi. O’zining qomusiy bilimlari, ayniqsa falsafa sohasidagi betimsol xizmatlari bilan u «Al-Muallim as-soniy» – «Ikkinchi muallim» (Aristoteldan keyin), «Sharq Arastusi» nomi bilan mashhurdir. Ilmu urfonga oshuftalik, insoniyat baxtu saodati yo’liga o’zni baxshida etishlik Farobiyni o’z tug’ilgan ona yurti – Forob-O’trorni o’smirlik chog’idanoq tark etib, o’sha davrning eng mashhur ilm maskanlari hisoblangan Eron va Arabiston shaharlariga borib, bir umr ilm-fan bilan mashg’ul bo’lishga undaydi. U tabiiy va ijtimoiy fanlarga oid 160 dan ziyod asarlar yaratgan. Ayniqsa falsafa ilmini rivojlantirishga katta ulush qo’shgan. Forobiyning Aristotel (Arastu) asarlarini, xususan uning «Metafizika», «Etika», «Ritorika», «Sofistika» singari shoh asarlarini chuqur ilmiy sharhlash, mazmunmundarijasini teran yoritib berishdagi xizmatlari benazirdir. Forobiyning «Ilmlarning kelib chiqishi va tasnifi», «Falsafaga izohlar», «Fozil odamlar shahri»singari asarlari alloma qiziqish doirasi, ma’naviy olamining nechog’lik kengligi, behududligidan nishona berib turadi. O’rta asrlar davri sharoitida Vatanimiz sharafini o’zining beqiyos dunyoviy asarlarida ulug’lagan, astronomiya, fizika, matematika, geologiya, geodeziya, geografiya, mineralogiya, tarix singari fanlar yo’nalishida mislsiz kashfiyotlar qilgan qomusiy bilm sohiblaridan yana biri Abu Rayhon Beruniy (973-1048)dir. Asli Xorazm yurtidan bo’lgan allomaning butun hayoti to’laligicha ilm-fanga bag’ishlangan. Uning qalamiga mansub yuzlab noyob asarlar ichida bizning davrimizgacha saqlanib, o’z bebaho ahamiyatini yo’qotmay, bugungi avlod kishilari uchun o’rganish manbai bo’lib kelayotganlari ham talaygina. Bular jumlasiga «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», «Xorazmning mashhur kishilari», «Hindiston», «Ma‘sud qonuni», «Mineralogiya», «Saydona», «Astrologiyaga kirish», «Astronomiya kaliti», «Jonni davolovchi quyosh kitobi», «Foydali savollar va to‘g‘ri javoblar», «Ibn Sino bilan yozishmalar» singari tarixiy kitoblarni kiritish mumkin. Beruniy asarlari ko’p asrlardan buyon Sharqu G’arbda keng tarqalgan bo’lib, ular yuksak qadr topgan. Alloma merosi uning bugungi mustaqil yurtida, minnatdor avlodlari nigohida, doimiy e’tiborida, e’zozidadir. Abu Rayhon Beruniyning zamondoshi va safdoshi Abu Ali ibn Sino (980-1037) ham o’z davrining etuk allomasi, fan fidoyisi sifatida mashhurdir. Ibn Sino asarlari umumiy sonining 450 dan oshishi ham bunga guvohdir. Biroq bulardan 160 ga yaqini bizgacha etib kelgan, xolos. Alloma nomini dunyoga tanitgan narsa, bu uning tibbiyot sohasidagi mislsiz kashfiyotidir. Ibn Sinoning arab tilida yaratgan 5 jildli «Al-Qonun» («Tib qonunlari») asari tibbiyotga oid benazir dasturilamaldir. 5 mustaqil kitobdan iborat bu majmuani ko’zdan kechirarkanmiz, allomaning yuksak tabiblik salohiyatiga, kasalliklarni aniqlash, ularni davolash borasidagi mahoratiga, bilimdonligiga tan beramiz. Jumladan, «Qonun»ning ikkinchi kitobida 800 ga yaqin dorilarning shifobaxsh xususiyatlari bayon etilganligi buning ayni isbotidir. Abu Ali ibn Sino ilm-fanning boshqa sohalarida ham barakali ijod qilgan. Uning «Donishnoma», «Insof kitobi», «Najot kitobi», 10 jildli «Arab tili kitobi» yohud badiiy ijodga oid «Tayr qissasi», «Salomon va Ibsol», «Xayy ibn Yaqzon» asarlari buning yorqin ifodasidir. Tarix ilmida benazir bo’lgan Muhammad Narshahiy (899-959) o’zining «Buxoro tarixi» («Tarixi Narshahiy») asari orqali o’z davrining katta, ko’lamli masalalarini o’rtaga qo’yib, ularni haqqoniy tarzda yoritib berdi. Kitobda arablarning O’rta Osiyoni zabt etib, kirib kelishi, mashhur Muqanna qo’zg’oloni, shuningdek Somoniylar davridagi davlat boshqaruvi tizimi, pul munosabatlari, soliq tizimi, Buxoro davlatining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotiga oid ko’plab qiziqarli ma’lumotlar aks etgan. Ko’hna Xorazm farzandi Mahmud az-Zamahshariy (1075-1144) nomi ham fan osmonidagi yorqin yulduzlari safiga kiradi. Buyuk mutafakkir arab grammatikasi, lug’atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, jug’rofiya, tafsir, hadis va fiqh (qonunshunoslik)ka oid 50 dan ziyod noyob asarlarning muallifidir. Uning «Al-Mufassal», «Muqaddimat ul-adab», «Asos al-balog‘a» («Notiqlik asoslari»), «Xutbalar va va‘zlar bayonida oltin shodalar», «Ezgular bahori va yaxshilar bayoni», «Aruzda o‘lchov (me‘zon)», «Nihoyasiga etgan masalalar», «Nozik iboralar», «Qur‘on haqiqatlari va uni sharhlash orqali so‘zlar ko‘zlarini ochish» kabi asarlari butun Sharq va arab dunyosida e’tirof topgan. Shuningdek, Ismoil Jurjoniy, Mahmud Chag‘miniy, Burhoniddin alMarg‘inoniy kabi allomalarimiz yaratgan boy ilmiy-ma’naviy meros ham Vatanimiz shuhratini olamga taratdi. Shunday qilib, O’rta Osiyo hududida yuz bergan Uyg’onish davrida ko’plab favqulodda iste’dod sohiblari etishib chiqdiki, ular jahon fanining turli yo’nalishlarida betakror kashfiyotlar, chinakam mo’’jizalar yaratdilar. Bu bilan ular Vatanimiz shonu sharafini yuksaklarga ko’tardilar hamda kelgusi minnatdor avlodlar uchun bitma-tuganmas boy meros qoldirdilar.

Badiiy adabiyot O’rta Osiyo Uyg’onish davri madaniyati xususida gap borar ekan, bunda uning muhim tarkibiy qismi, xalq dahosi mahsuli bo’lgan badiiy adabiyot va uning ajoyib namoyandalarining serqirra ijodi to’g’risida to’xtalib o’tmasdan bo’lmaydi. IX-XII asrlar adabiy jarayonining rivojiga jiddiy hissa qo’shgan, badiiy so’z qadrini yuksakka ko’targan daho adiblar to’g’risida so’z yuritganda Ahmad Yugnakiy, Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Abu Abdullo Rudakiy, Abulqosim Firdavsiy, Nosir Xusrav singari aziz siymolar nomlari ko’z o’ngimizda namoyon bo’ladi. Ularning har birining mangulikka muhrlangan hayotbaxsh ijodi necha asrlar osha hamon kishilar shuuri, qalbiga estetik huzur, quvonch bag’ishlab, ularni yuksak orzu, maqsadlar sari ilhomlantirib keladi. Turkiy (eski o’zbek) adabiyotining asoschilaridan sanalgan Mahmud Qoshg‘ariy (XI asr) ijodi O’rta Osiyo Uyg’onish davri madaniy taraqqiyotida muhim o’rin egallaydi. Uning merosi o’sha davr badiiy adabiyoti rivojida ham, turkiy xalqlarning etnik tarkibi, jug’rofiy joylashishi, rango-rang urf-odatlari, udumlari, o’ziga xos an’analari va boshqa ko’plab hayotiy jihatlarini o’rganish, ilmiy tadqiq etishda ham birdek ahamiyat kasb etadi. Allomadan bizga qadar etib kelgan yagona «Devonu lug’atit turk» («Turk tilining lug’ati») asarining boy mazmuni bilan tanishish kishini yuqoridagi xulosaga olib keladi. Darhaqiqat, turkiy xalqlar, elatlar yashaydigan keng hududlarni kezib, ishonchli manbalar asosida o’sha xalqlar to’g’risida noyob qomusiy ma’lumotlarni o’z asari orqali keyingi avlodlarga armug’on etgan Mahmud Qoshg’ariy nomi mangu barhayotdir. Mahmud Qoshg’ariyga zamondosh Yusuf xos Hojib (XI asr) ijodi ham o’ziga xos badiiy sayqali, yuksak mahorati bilan ajralib turadi. Adib nomini yurtlararo, xalqlararo mashhur qilgan narsa, bu uning «Qutadg‘u bilig» («Baxt va saodat eltuvchi bilim») asaridir. Ushbu kitob turkiy xalqlar, elatlar hayoti haqida yozilgan asar bo’lib, unda davrning juda ko’p o’ta muhim muammolari, axloq, odob va ma’rifat masalalari katta mahorat bilan yoritilgan. Bu kitobni chinlilar «Adabul muluk», mochinlar – «Oyinul mamlakat», Sharq eli ulug’lari «Ziynatul umaro», eronliklar «Shohnomai turkiy», turonlilar – «Qutadg‘u bilig», boshqalar «Pandnomai muluk» deb ataganlar. Turkiy (eski o’zbek) adabiyoti rivojining ilk sarchashmalarida turgan o’tmishdosh adiblarimizning yirik namoyandalaridan biri Ahmad Yugnakiy (XII-XIII asrlar)dir. Adib Ahmadning «Hibatul haqoyiq» («Haqiqatlar tuhfasi») asari (484 misradan iborat)ni ko’zdan kechirarkanmiz, unda inson shaxsiyati, uning ta’limi, tarbiyasi bilan bog’liq juda ko’plab o’tkir, dolzarb masalalarning o’rin olganligini, ularni to’g’ri, xolis va ehtiros bilan yoritilganligini ko’ramiz. Adib Ahmad bilimning inson hayotidagi beqiyos o’rnini ulug’lash barobarida odamlarni bilimli, ma’rifatli bo’lishga da’vat etadi. O’rta Osiyo xalqlari Uyg’onish davri adabiyotini ayni chog’da forsiyzabon ijodkorlar ijodi bilangina qo’shib tasavvur etish mumkindir. Bu o’rinda Somoniylar davrining tengi yo’q zukko shoiri Abu Abdulloh Rudakiy (860-941) ijodi alohida ko’zga tashlanib turadi. Negaki, juda ko’p nufuzli manbalarda aytilishicha, fors-tojik tilida ijod qilgan shoirlarning birortasi ham unga teng keladigan darajada asarlar bitmaganlar. Ba’zi olimlarning fikricha, Rudakiy bir million uch yuz ming misragacha she’r yozgan. Biroq afsuski, shoirning boy adabiy merosidan bizgacha attigi ming bayt she’riy asarlar etib kelgan, xolos. Rudakiy asarlari, ayniqsa uning ruboiylari shu qadar ta’sirchan, ohangdorki, ular kishilar qalbini o’ziga beixtiyor mahliyo etadi. Shoir tabiat go’zalliklarini jozibali tarannum etish barbarida odamlarni yurt, Vatanni sevishga, unga farzandlik burchi bilan astoydil xizmat qilishga da’vat etadi. Uning ruboyilarida ifodalangan teran falsafiy fikrlar, hayotiy lavhalar bugungi avlod kishilari uchun ham ibrat bo’la oladi.

Bu davr adabiyotining daho san’atkorlaridan yana biri Abulqosim Firdavsiy (940/941-1030)dir. Uni olamga mashhur, nomini tillarda doston qilgan, abadiylikka muhrlagan narsa-bu allomaning – betakror «Shohnoma» asaridir. Negaki, bu shoh asarda Eron va Turon xalqlarining ming yilliklar qa’riga borib taqaladigan uzun ko’hna tarixi, tutash taqdir – qismatlari, jangu jadallari, mislsiz jasoratu qahramonliklari katta mahorat bilan ifodalangan. 60000 baytdan iborat bunday yirik epik asarning dunyoga kelishi Firdavsiyning badiiy ijoddagi ulkan jasoratidir. Shoir Movarounnahr, Xuroson va Eronning katta o’tmishiy tarixiga murojaat qilib, uning qat-qatiga yashiringan noyob injularni shodaga chizib, xalq og’zaki ijodi durdonalarini chuqur o’rganib, ularni o’z zamonasining etilgan dolzarb masalalari, vazifalari bilan uyg’unlashtirib, shunday buyuk asar yaratdiki, mana necha asrlardirki, u bashariyat ahlining doimiy nazarida va nigohida bo’lib kelmoqda. Islom madaniyati IX-XII asrlar davri nafaqat dunyoviy fanlarning yuksaklab borishi bilan, shu bilan birga islomiy madaniyat va ma’naviyatning shakllanib, chuqur ildiz otib borishi, bu sohada talay etuk olimu ulamolarning etishib chiqib, Vatanimiz sha’nini olamaro, ulug’laganligi bilan ham tavsiflanadi. Garchand islom dini Arabistonda vujudga kelgan bo’lsa-da, biroq yangi ilohiy ta’limot Turkiston zaminida ravnaq topdi, takomiliga erishdi. Turkiston musulmon dunyosiga Xorazmiylar, Buxoriylar, Termiziylar, Nasafiylar, Samarqandiylar taxalluslari bilan ijod qilgan ko’plab noyob iste’dod sohiblarini etishtirib berdi. Islom va uning asosiy ta’limoti aks etgan «Qur’oni Karim» g’oyalarining o’lka hayotiga kirib kelishi va keng yoyilishi, shuningdek, mahalliy xalqlarning musulmonchilik tamoyillari va udumlarini qabul qilishi hamda ularga e’tiqod bog’lashi davomida asta-sekin islom madaniyati shakllanib, chuqur ildiz otib bordi. Bunda shu yurt zaminidan etishib chiqqan buyuk islomshunos allomalarning xizmati benazirdir. Yurtimizda islomiy madaniyatning yuksalib borishi barobarida uning ulug’vor g’oyalari, asl maqsadlarini keng tashviq, targ’ib qilish, ayniqsa hadis ilmini asosli tadqiq etish kuchayib bordiki, bunda sarzaminimizdan chiqqan qator buyuk muhaddis olimlarning xizmati katta bo’ldi. Hazrati payg’ambarimiz Muhammad Alayhivassalom nomi va u zoti sharifning muborak so’zlari bilan bog’liq «Qur’oni Karim» oyatlari mazmuni, mohiyatini teran tushunish va anglab etishga muhim kalit bo’lib xizmat qiladigan hadisshunoslik ilmi IX asrda jiddiy rivoj topdi. Butun musulmon olamida eng ishonchli manbalar deb tan olingan 6 ta ishonchli hadislar to’plami (as-sihoh as sitta) xuddi shu davrda yaratildi. Ular orasida Hadis ilmida «Amir al-mo’minin» degan sharafli nomga sazovor bo’lgan Imom al-Buxoriy (810-870) nomi yorqin ko’zga tashlanib turadi. Yuksak aql-zakovat sohibi al-Buxoriy, Sharqning yirik ilmiy va ma’rifiy markazlaridan biri – Buxoroi sharifda tug’ilib, juda erta yoshligidan diniy bilimlarni chuqur egallaydi. Imom Buxoriy o’z safarlari davomida turli shaharlardagi 90 ga yaqin ustozlardan ta’lim olgan. Ayni chog’da uning o’zi ham san-sanoqsiz shogirdlarga ustozlik qilgan. Imom Buxoriy shogirdlari orasida Ishoq ibn Muhammad ar-Ramodiy, Muhammad alMasnadiy, Xalaf ibn Qutayba, Abu Iso at-Termiziy, Muhammad ibn Nasr al-Marvoziy, Imom Ahmad ibn Hanbal singari zukko olimlar nomi alohida ajralib turadi. Imom Buxoriy go’zal insoniylik sifatlariga ega bo’lishi bilan birga uning quvvai xofizasi, xotirasi ham nihoyatda o’tkir bo’lgan. Manbalarda uning 600 mingga yaqin hadisni yod bilganligi qayd etilgan. Al-Buxoriy keyingi nasllar uchun o’zidan katta, boy ilmiy meros qoldirgan. Uning qalamiga mansub noyob asarlar ro’yxati 20 dan oshadi. Bu asarlar orasida «Al-jome’ assahih» asari (U «Sahiyh al-Buxoriy» nomi bilan ham yuritiladi) o’zining mukammalligi, ahamiyatining benihoyaligi bilan ajralib turadi. Alloma ibn Salohning ta’kidlashicha, alBuxoriyning bu asariga kiritilgan ishonchli hadislarning soni takrorlanadiganlari bilan birga 7275 ta, takrorlanmaydigan holda esa 4000 hadisdan iborat. Eng muhimi shundaki, bu sharafli ishni birinchi bo’lib al-Buxoriy boshlab bergan bo’lsa, keyinchalik boshqa olimlar unga ergashib, hadislar to’plamini yaratganlar. Allomaning «Al-jome’ as-sahih» asari asrlar davomida butun musulmon dunyosida yuksak qadrlanib, necha bor nashr etilib, er yuzi musulmonlari uchun dasturilamal qo’llanma bo’lib kelmoqda. Uning 1325 yilda ko’chirilgan 8 jilddan iborat mukammal nusxasi hozirda Istanbul (Turkiya)da saqlanmoqda. Uning asarlarida ifodalangan mehr-muhabbat, sahiylik, ochiq ko’ngillik, kattalarga hurmat, etim-esirlarga muruvvat, beva-bechoralarga himmat, vatanga muhabbat, halollik, pokizalikka da’vat etuvchi yuksak insoniy fazilatlar, olijanob tuyg’ular hamisha insonlarga ma’naviy oziqa bag’ishlab kelgan. Imom al-Buxoriyning zamondoshi va shogirdi, o’z davrining mashhur allomasi – Abu Iso Muhammad at-Termiziy (824-892) ham hadisshunoslik ilmini yuksak bosqichga ko’targan yorqin siymolardandir. O’rta asrlar davrining yirik madaniy markazlaridan sanalgan Termiz shahri atrofida (Bug’ qishlog’i – hozirgi Sherobod tumani) tavallud topgan bo’lg’usi alloma o’z ona yurtida dastlabki ma’lumot olganidan so’ng O’rta Osiyoning Urganch, Buxoro, Samarqand kabi yirik shaharlarida bilimini takomillashtiradi. Bundan ham etarli qanoat hosil qilmagan, hamisha ilmga chanqoq atTermiziy Sharq mamlakatlariga sayohatga chiqadi. Shu tariqa, u uzoq yillar Iroqda, Isfahon, Xuroson, Makka, Madina singari shaharlarda yashab, ilm-fanning turli sohalaridan-ilm al-qiroat, ilm al-bayon, fikh, tarix va ayniqsa hadis ilmidan o’sha zamonning yirik ustozi buzruklaridan ta’lim oladi. Ayni paytda at-Termiziyning o’zi ham yuzlab shogirdlarga mehribon ustoz bo’lib, ularning hadis ilmining bilimdonlari sifatida shuhrat topishlariga katta homiylik ko’rsatgan. At-Termiziydan bizgacha katta ilmiy meros etib kelgan. Uning asosiy asarlari sirasiga «Al-Jomi‘» («Jamlovchi»), «Al-ilal fi-l-hadiys» («Hadislardagi og‘ishmalar»), «Risola fi-l-xilof va-l-jadal» («Hadislardagi ixtilof va baxslar haqida risola»), «At-tarix» («Tarix») kabilarni nisbat berish mumkin. Biz tilga olayotgan tarixiy davrning yana bir muhim jihati shundaki, bunda islom dini va uning asosiy tamoyillarini har tomonlama chuqur tadqiq etish hamda rivojlantirishga o’z hissasini qo’shgan, tasavvuf va tariqat ilmida benazir bo’lgan vatandosh allomalarimiz faoliyatiga ham bir nazar tashlab o’tmog’imiz joiz bo’ladi. Avvalo, tasavvuf – bu odamlarni halollikka, poklikka undovchi barcha musulmonlarning o’z halol mehnati bilan kun ko’rishini, boshqalar kuchidan foydalanmaslikni, ijtimoiy adolat qoidalariga rioya etishni targ’ib etuvchi ta’limotdir. Ulug’ ajdodlarimiz – Xoja Ahmad Yassaviy, Abduholiq G’ijdivoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiylar ana shu ruhdagi g’oyalarni ilgari surgan edilar. Zero, «Yassaviya», «Kubraviya», «Naqshbandiya» tariqatlarida insonlar Alloh yo’lida, haq yo’lida tinimsiz toat-ibodat, tavba-tazarru qilish barobarida ularning peshona terisini to’kib, halolu pok mehnat qilish, doimiy sa’y-harakatlarda bo’lishlari kerakligi urg’ulanadi. Jumladan, «Yassaviya» ta’limotida poklik, halollik, to’g’rilik, mehr-shafqat, o’z qo’l kuchi, halol mehnati bilan hayot kechirish, Alloh visoliga etishish yo’lida insonni botinan va zohiran har tomonlama takomillashtirish kabi ilg’or umuminsoniy qadriyatlarning ifodalanganini ko’ramiz. Bu hol boshqa islomiy ta’limotlar uchun ham birdek xosdir.

MOVAROUNNAHR MO‘G‘ULLAR ISTILOSI VA HUKMRONLIGI DAVRIDA

Chingizxon boshchiligida mo‘g‘ullarning Movarounnahrga bosqini. Ozodlik kurashi. Jaloliddin Manguberdi

O’z dovyurakligi ustakorligi, makkorligi bilan mashhur bo’lgan Temuchin (1155- 1227) XII asrning oxirlariga kelib nafaqat mo’g’ullarning ko’p sonli urug’-qabilalarini, shu bilan birga ular bilan yonma-yon, qo’shni yashab kelgan ko’plab turkiy elatlar, chunonchi, jaloirlar, oyratlar, qaraitlar, naymanlar, qoraxitoylar, qirg’izlar, uyg’urlar, qarluqlar va boshqalarni ham birin-ketin bo’ysundirib, kuchli davlatga asos soldi. Bu davlat harbiylashgan tizimga asoslanganligi bilan ajralib turardi. Qo’shinlarga: o’n jangchiga bir boshliq – o’n boshi, shuningdek, yuz boshi, ming boshi va tumanboshilar boshchilik qilardi. Tuman deganda o’n minglik qo’shingina emas, balki shu qo’shin safini doimiy to’ldirishi kerak bo’lgan butun bir tuman, ya’ni besh – o’n ming o’tovli yoki 50 mingga yaqin aholisi bo’lgan hudud nazarda tutilardi. Har bir shunday tumanga tayin qilingan tumanboshi faqat o’n ming jangchining qo’mondoni bo’libgina qolmay, ayni zamonda o’z tasarrufidagi minglab fuqarolarning taqdirini ham hal etuvchi hokimi mutloq hisoblanardi. Mazkur tumandagi barcha sudlov, jinoiy- javobgarlik va fuqarolik ishlari ham to’laligicha uning tasarrufida bo’lgan. Temuchin oliy hokimiyat muruvvatlarini o’zining o’g’illari va eng yaqin kishilariga topshiradi. Jumladan, uning yaqin safdoshlaridan Subitoy, Xubiloy, Jebe, farzandlari: Jo’jixon, Chig’atoy, O’qtoy, To’luyxonlar birinchi bo’lib tuman sohiblari bo’lganlar. Temuchinning mo’g’ullarning ulug’ xoqoni sifatidagi o’rni va mavqeini har jihatdan mustahkamlash, bunga qonuniy tus berishda 1206 yili poytaxt Qoraqurumda bo’lib o’tgan umummo’g’ul Qurultoyi alohida ahamiyatga molik bo’ldi. Qurultoyda Temuchin barcha mo’g’ul – tatar xonlarining ulug’ xoni /qooni/ deb e’lon qilindi va unga Chingizxon laqabi berildi. (Chingizxon laqabi turli mualliflar tomonidan turlicha, chunonchi, «kuchli», «qudratli», «toza» yoki dengizlar /Dengizxon/, okeanlar hukmdori va xokazo ma’nolarda talqin qilinib kelinadi). Qurultoy tomonidan qabul qilingan «Yaso» hujjati /mo’g’ullar davlatining asosiy qonunlari majmuasi/ ulug’ xon hokimiyatini yanada mustahkamladi. «Yaso» mo’g’ul jamiyatidagi mulkiy tengsizlikning ifodasi sifatida ko’zga yaqqol tashlanadi. U yangi paydo bo’lgan hukmron tabaqa – tarxonlarga katta imtiyozlar berilishini ko’zda tutardi. Chingizxon ulug’ hoqon deb e’lon qilingan birinchi kundayoq o’zining eng yaqin kishilaridan 95 nafarini bahodur, mingboshilar etib tayinlaydi va bir necha ming kishiga tarxonlik yorliqlari beriladi. Chingizxon ayni paytda 10 ta oliy hokimiyat lavozimlarini ta’sis etadi va 150 kishidan iborat shaxsiy gvardiya hamda mingta «dovyurak» jangchilardan tarkib topgan shaxsiy drujina tuzadi (Keyinchalik uning soni 10 ming kishiga etkaziladi). Butun mamlakatda kuchli temir intizom, qattiqqo’l tartib o’rnatilib, jangovar harbiy safarbarlik ishlari avjga oldirib borildi. Bu hol Chingizxoning xorijiy ellarni zabt etishdan iborat o’z oldiga qo’ygan yovuz, agressiv maqsadlarini tez orada amalga oshirishga imkon yaratib bordi. XIII asr boshlariga kelib Chingizxon qo’shni davlatlar va xonliklarni birin – ketin bosib olishga kirishadi. Agar 1206 yilga qadar bepoyon G’o’bi sahrosidagi qavm – qabilalar itoatga keltirilgan bo’lsa, 1206 – 1211 yillar davomida Sibir va Sharqiy Turkiston xalqlari /buryat, yoqut, oyrat, qirg’iz va uyg’urlar/ bo’ysindiriladi. Mo’g’ul sarkardasi Xubiloy Ettisuvning shimoliy hududlarini ishg‘ol etib, bevosita Xorazmshohlar davlati chegaralariga yaqinlashib boradi. 1211 yilda uyg’urlar eri istilo etilgach, shundan so’ng Chingizxon Xitoyga hujum boshlaydi. 1215 yil boshlariga kelib Shimoliy Xitoy poytaxti Pekin ishg‘ol etiladi. 1217 yilda Xuanxe daryosining shimolidagi barcha erlar mo’g’ullar tasarrufiga o’tadi. Ayni chog’da 1218 yilga kelib g‘arb tomonda Ettisuv hududining qolgan qismi ham egallanib, mo’g’ullarga tobe bo’ladi. Endilikda Chingizxonning asosiy bosh maqsadi – uning jahonga hukmron bo’lishiga katta to’g’onoq bo’lib turgan buyuk Xorazmshohlar qo‘shinini tor-mor keltirib, uning erlarini o’z qo’l ostiga kiritish edi. Bu davrda Xorazmshohlar davlatining ichki ijtimoiy-siyosiy hayoti g’oyatda murrakab, ziddiyatli kechayotgandi. Bu davlat tashqaridan ulug’vor, keng hududlarga yoyilgan, qudratli saltanat tarzida ko’rinsa-da va uning hukmdori Muhammad Xorazmshoh o’zini «Iskandari soniy», «xudoning erdagi soyasi» deb bilsa-da, biroq haqiqatda esa Xorazmshohlar sulolasi ichdan emirilishga, tanazzullikka yuz tutgan edi. Avvalo, oliy hokimiyat boshqaruvida chuqur ixtiloflar hukm surardi. Bir tomondan, Muhammad yurgizayotgan rasmiy siyosatga nisbatan uning onasi Turkon Xotun va uning qavmlaridan iborat nufuzli siyosiy kuchlar doimiy muxolifatchilik munosabatida bo’lib kelardi. Ikkinchi tomondan, mahalliy hududlar beklari va hokimlari ham markaziy hokimiyat bilan hisoblashmay, o’zboshimchalik qilar, xalqqa haddan ziyod jabr – zulm o’tkazardi. Bu davrda Xorazmshohlar davlati oliy devonida ham, mahalliy hokimlar, amaldorlar o’rtasida ham poraxo’rlik, xoinlik, sotqinlik holatlari avj olib borayotganligi sir emasdi. Uchinchidan, xalqning hokimiyatdan noroziligi ko’plab g’alayonlarni keltirib chiqarmoqda edi. Bunday qaltis vaziyat, shubhsiz, mamlakat birligiga raxna solib, uni tobora zaiflashtirayotgan edi. Buning ustiga Muhammad Xorazmshohning xalifalik hududlarini qo’lga kiritish da’vosi bilan 1217 yilda Bag’dod sari qo’shin tortishi ham xalifalik hukmdorlarini qahru g’azabga keltirgandi. Hatto xalifa an-Nosir Chingizxonga elchilar orqali maxsus noma yo’llab, undan yordam so’raydi, mo’g’ul qo’shinlarini Movarounnahr mulklariga bostirib kirishiga ham ishora qilgandi. Chingizxon qo’shni davlatdagi barcha siru – sinoatlardan to’la xabardor edi. U Xorazm davlatidan Mo’g’ulistonga qatnaydigan bir guruh yirik savdogarlardan iborat o’z josuslik mahkamasini tashkil qilib, ular xizmatidan foydalanib kelardi. Mahmud Yalavoch, Hasan Xoja, Yusuf O’troriy singari kishilar shular sirasiga kirardi. Shu bois Chingizxon va uning o’rdasi Xorazmshohlar davlatida kechayotgan barcha ziddiyatli voqealardan, uning zaif nuqtalaridan xabardor edi. Chingizxon barcha vositalarni ishga solib, kerak bo’lsa shuhratparast shoh Muhammadni tinchlantirib, amalda Movarounnahr ustiga yurishga puxta hozirlik ko’radi. 1218 yili Chingizxon amri bilan Xorazm davlatiga 500 tuyada qimmat baho sovg’alar, tillo-kumush bisotlar, savdo mollari ortilgan, asosiy tarkibi musulmon savdogarlaridan iborat 450 kishilik karvon yuboriladi. Biroq karvon O’trorga kelib qo’nishi bilanoq Xorazmshohning maxsus topshirig’i bilan O’tror hokimi G’oirxon (Inalchuq) uni yo’q qilishga buyruq beradi. Shu tariqa, karvon butunlay talanib, qirg’in qilinadi. Chingizxon uchun endi Movarounnahrga bostirib kirish fursati etgan edi. Bu vaqtga kelib Chingizxon va uning lashkarboshilari tasarrufida 60 tumanli /ya’ni 600 ming nafarli/ jangovor qo’shin tayyor holga keltirib qo’yilgandi. Chingizxon qo’shinining hujumi xavfi yaqinlashib kelayotganligini Muhammad Xorazmshoh va uning arkoni davlati ham yaxshi bilardi. Shoh muayyan harbiy tayyorgarliklar ko’rish, shaharlarning mudofaa istehkomlarini mustahkamlash, qo’shinlar safini kupaytirish harakatida bo’ldi. Biroq asosiy harbiy strategik masalalarda u o’ta no’noqlik, nodonlik va kaltabinlik qiladi. U o’zining sarkarda o’g’li Jaloliddin, Xo’jand hokimi, dovyurak bahodir Temur Malik singari etuk kishilarning harbiy kuchlarni asosiy nuqtalarda to’plab, dushmanga hal qiluvchi zarbalar berish kerakligi to’g’risidagi to’g’ri, dono maslahatlariga ham quloq solmadi. Sulton o’z qo’shinlarini turli shaharlarda alohida holda joylashtirish va mudofaachilikdan iborat xato taktikani ma’qul ko’rdi. 1219 yilda Chingizxonning son-sanoqsiz qo’shinlari mamlakatga bostirib kira boshlagach, Xorazmshoh o’z tinchi, halovatini ko’zlab, mamlakat taqdirini o’z holiga tashlab, yaqin xeshu aqrabolari bilan janubga tomon siljishi (qochishi) xoinlik bo’ldi. Bunday holat tez orada butun mamlakat uchun fojiali oqibatlarga olib keldi, yurt himoyachilari taqdiri, ruhiyatida o’chmas, asoratli iz qoldirdi. Xalqning sog’lom, vatanparvar kuchlari esa yurt ulug’larining bunday ikkilanishi, xiyonatiga qaramay, muqqadas ona zaminni ko’krak kerib himoya qilish, bosqinchilarga qarshi qahramonlarcha kurashga tashlandilar. Bu mislsiz jangu jadallarda ularning qancha – qanchasi o’zlarini yurt ozodligi uchun qurbon qildilar. Mo’g’ullarning birinchi hujumiga duchor bo’lgan hudud O’tror bo’ldi. Chingizxon va uning lashkarining o’trorliklardan alohida o’chi bor edi. Negaki, Chingiz yuborgan savdo karvoni huddi shu erda saronjom qilinganligi ularning yodidan ko’tarilmagandi. Chig’atoy va O’qtoyning son-sanoqsiz kuchlari shahar qal’alariga bosqin uyushtirgan kezlarda o’trorliklar ularga qarshi mardonavor jang qildilar. Shahar aholisi G’oirxon /Inalchuq/ va Qorachor bahodirlar etakchiligida tengsiz dushman bilan uzoq vaqt jon berib, jon olishdilar. Shahar mudofaasi 5 oydan ziyod davom etdi. Xalq qarshiligi mislsiz bo’ldi. Biroq oxir-oqibatda shahar dushman tomonidan egallandi. Mirzo Ulug’bekning «To’rt ulus tarixi» kitobida ta’kidlanganidek: «… O’trorning butun aholisini sahroga haydab chiqdilar va qatl qildilar. …O’tror xisorini qo’lga kiritib, er bilan barobar qildilar. Tirik qolganlardan, raiyat va hunarmandlarning ba’zilarini hibsga oldilar, ba’zilarni esa qul qilib haydadilar». Mo’g’ul bosqinchilari Movarounnahrning boshqa hududlarida ham ko’z ko’rib, quloq yashnagan Buxoro, Samarqand, Xo’jand singari shaharlar va ularning aholisiga nisbatan qilgan behad yovuzliklari misolida ham ko’rish mumkin. Masalan, Chingiz qo’shini 1220 yilning fevralida musulmon Sharqining yirik islom markazlaridan sanalgan Buxoro ustiga balo-qazodek yopirilib keladi. Buxoro xalqi bir necha kun davomida dushmanga matonat bilan qarshilik ko’rsatadi. Bu esa Chingizxonni darg’azab etadi. Natijada u shaharni yakson qilish, boyligini talash, xalqini qirg’in qilishga buyruq beradi. Buxoro qamali 12 kechayu-kunduz davom etdi. Mo’g’ullar yondirilgan, kuli ko’kka sovurilgan shaharni egallagach, ko’ngillariga siqqan noma’qulchiliklarni amalga oshirdilar, shahar himoyachilari butunlay qirib tashlandi. Chingizxon galalari 1220 yil mart oyida eng yirik va obod shaharlaridan biri Samarqandni qo’lga kiritish uchun barcha makkorona tadbirlarni qo’lladilar. 100 mingdan ziyod sara qo’shinlar to’plangan, mustahkam istehkomlar barpo qilingan shaharga o’z kuchlarini tashlab ko’rdi, atrof joylarni oldin bosib olib, shaharni tashqi dunyodan ajratishga harakat etdi yoxud boshqa bahodirlar qo’shinidan qo’shimcha kuchlar chorlab, uch kunlik qattiq jangdan so’ng Chingizxon qo’shini shaharga yorib kirishga va uni butunlay o’ziga bo’ysundirishga erishadi. Mo’g’ul istilochilariga qarshi ulug’ ajdodlarimizning qahramonona kurashida Xo’jand himoyachilari ko’rsatgan favqulodda jasorat alohida o’rin tutadi. Temur Malik boshchiligidagi mudofaa kuchlari qariyib 5 oy davomida ko’ksilarini qalqon etib, yovuz dushman hamlasini daf etib, behisob qurbonlar berib o’z yurtini himoya qildilar, ilojsiz qolgan paytdagina olov ichida yonayotgan shahar qal’asini tark etdilar. Shunda ham Temur Malik bir qism dovyurak, qo’rqmas jangchilari bilan Sirdaryoga yo’nalib, maxsus orolda joylashib dushman bilan mardlarcha olishadi. Nihoyat, ular maxsus kemalarda mo’g’ullar hujumiga bardosh berib, yo’l-yo’lakay jang qilib, Xorazm sari harakatlanadilar. Xalq qahramoni Temur Malikning bundan keyingi vatanparvarlik faoliyati Xorazm va ona yurtning boshqa hududlarini himoya qiluvchilar safida davom etdi. Mamlakatning Buxoro, Samarqand, Xo’jand singari hayotiy markazlarining qo’ldan ketishi Xorazmshoh va uning arkoni davlatini shu qadar larzaga soldiki, buning natijasida hukmdor o’z saltanatining janubiy-g’arbiy hududlari bo’ylab chekinib bordi. O’zining kaltabin siyosati, qat’iyatsizligi, qo’rqoqligi orqasida kechagi «qudratli» xukmdor endilikda ojizu notavon bir kimsaga aylanib qoldi. Ilojsiz qolgan shoh oxiri Kaspiy dengizidagi Ashura oroliga qochadi. O’sha erda katta o’g’li Jaloliddinni taxt vorisi etib tayinlab, 1220 yilning dekabrida xoru-zorlikda vafot etadi. Jaloliddin Manguberdi Gurganchga etib kelib, shahar mudofaasiga kirishadi. Lekin Gurganchdagi Qipchoq amirlari Turkon xotunning akasi Xumorteginni sulton deb e’lon qilib, Jaloliddin Manguberdiga qarshi suiqasd uyushtirmoqchi bo’ladilar. Bundan habar topgan Jaloliddin Temur Malik boshchiligidagi 300 suvoriy bilan Gurganchni tark etib Xurosonga ketishga majbur bo’ladi. Xorazm poytaxti Gurganch mudofaasi ham mo’g’ullar istilosi tarixining alohida bir fojiali sahifasi bo’lgan, desak xato bo’lmaydi. 1221 yil boshlarida Jo’ji, Chig’atoy va O’qtoy askarlari Gurganchga hujum boshlaydilar. Gurganch qamali 6 oy davom etdi, hadsiz-hisobsiz qurbonlar berildi. Shahar egallangach, mo’g’ullarning bu erda sodir etgan mislsiz yovuzliklarini bayon etishga qalam ojizlik qiladi. Barcha erkaklar, bolalar qilichdan o’tkaziladi. Xotin-qizlar qip-yalang’och qilinib, bir-biri bilan urishishga majbur etiladi, so’ngra mo’g’ul jangchilari tanloviga beriladi, qolganlari qirib tashlanadi. Hech kimga shafqat ko’rsatilmaydi. Shaharning o’zini er bilan barobar qilish uchun Amu to’g’oni ochib yuborilib, Gurganch suv ostida qoladi. Shahardagi uzoq asrli ma’naviyat durdonalari, qimmatli qo’lyozmalar, kitoblar saqlanib kelgan kutubxonalar, barcha noyob asori-atiqalar er bilan yakson etiladi. Muhammad Xorazmshohning o’g’illari: O’zloqshoh va Oqshohlar ham mo’g’ullar tomonidan asir olinib, qiynab o’ldiriladi. Podshoh bilan ko’p yillar muxolafatchilikda bo’lib, yurtning parokandalikka, chuqur ziddiyatlarga yo’liqishiga sababchi bo’lgan, o’ziga haddan ziyod bino qo’ygan, saltanat ichida saltanat qurgan Turkon Xotun qismati ham oxirida fojiali yakun topadi. U ham mo’g’ullar tomonidan asir olinib, behisob molu dunyosi talanib, o’zi Mo’g’ulistonga haydab ketiladi. Tarixiy manbalarda Turkon xotunning Chingizxon xotinlaridan biriga cho’ri sifatida tortiq qilingani aytiladi. Movarounnahrning asosiy shaharlarini bosib olgan, behisob boyliklarga ega bo’lgan mo’g’ullar 1221 yil davomida Xuroson o’lkasi hududlari tomon hujum boshlab, birin-ketin Balx, Termiz, Marv, Nishopur, Hirot, Mozandaron singari boy shaharlar, qal’alarni bosib oldilar. Biroq shuni aytish joizki, mo’g’ul bosqinchilari Movarounnahr va Xuroson erlarini osonlikcha qo’lga kiritgan emaslar. Ular bu erlarda mahalliy xalq va uning qo’rquv bilmas, sheryurak farzandlarining tillarda doston bo’lgilik mardlik jasoratlariga duch keldilar, katta talofatlar berdilar. Shu o’rinda Xorazmshohning to’ng’ich o’g’li, jasur lashkarboshi Jaloliddin Manguberdi faoliyatiga to’xtalib o’tmoqlik joizdir. U mo’g’ullar istilosi boshlangan kundanoq doimo yurt himoyachilari tomonida turdi, ularga rahnamo bo’ldi. Ona Vataniga bo’lgan cheksiz mehr hissi, farzandlik burchi uni shu qadar elga mashhur qildiki, hatto uning nomini eshitgan Chingizxonning ham sochi tik bo’lib, yuzi tundlashar, uni qo’lga tushirish, yo’q qilish chora-tadbirlarini izlardi. Jaloliddin Manguberdi ancha yillar ilgari G’azna, Voliyon, Guch, Bust va Hindiston hududlarigacha bo’lgan erlarga hokim etib tayinlangan edi. Shu boisdan u G’azna tomon yurdi, yo’lga ko’pgina qo’shin boshliqlari Sulton Jaloliddinga qo’shilib bordi. Sulton Jaloliddin Niso, Qandahorda mo’g’ullar qo’shinini tor-mor etib, G’aznaga etib keldi. Jaloliddin Manguberdi katta qo’shin to’plab, Valiyon qal’asi, Parvon tekisligida mo’g’ul qo’shinlari bilan jang qilib, ularni tor-mor etadi. Chingizxon katta qo’shin to’plab Jaloliddin Manguberdiga qarshi shaxsan o’zi qo’shin tortadi. 1221 yil 25 noyabrda Sind (Hind) daryosi bo’yida tengsiz jang bo’ladi. Bu jangda Jaloliddin Manguberdi ko’rsatgan jasoratga mo’g’ul hukmdorining o’zi ham tan berib, lol qolgan. Bu hayot – mamot jangida Xorazm bahodiri, uning yigitlari arslonlardek jon berib, jon olardi. «Qaysi tomonga ot choptirmasin, tuproqni qonga bo’yar edi. Agar bu jangni Zolning o’g’li ko’rsa edi, u sulton Jalol (uddin) ning qo’lini o’pgan bo’lardi».

Chingizxon lashkari hisobsiz bo’lsada, uning jang maydonidagi asosiy kuchlari parokanda holiga tushib qolgandi. Biroq pistirmadagi 10 ming nafar sara lashkar jang oqibatini Chingizxon foydasiga hal qiladi. Nochor, tang ahvolga tushib qolgan Jaloliddin qora to’riq otiga minib, so’nggi bor mo’g’ullarga hamla qilib, so’ng ot jilovini ortga tortadi. Sovutini elkasidan tashlab, otiga qamchi bosadi va balandlikdagi qoyadan o’zini Sind daryosiga otadi. Jaloliddin bahaybat daryo to’lqinlarini shiddat bilan kesib o’tib narigi sohilga o’tib oladi. Uning 4000 jangchisi ham bunga muvaffaq bo’lishadi. Hozirgi paytda ham bu daryoning bir tomoni «Ot sakrat», narigi tomoni «Cho’li Jaloliy» deb ataladi. Jaloliddin o’zining botir jangchilari bilan yana o’n yil davomida hali Afg’on va Hind, hali Eron yoki Kavkaz orti hudularida paydo bo’lar, yangidan xalq lashkarlarini jamlab, mo’g’ul bosqinchilari zulmi va hukmronligiga qarshi tinim bilmay jang qilar, xalq erki, ozodligi yo’lida sabot bilan kurashardi. Jaloliddin goh zafar quchdi, goh mag’lubiyat alamini tortdi, biroq kuchli dushman oldida bosh egib, mag’lub bo’lmadi. Lekin ne ko’rgilikki, Jaloliddin Manguberdining aziz umri yovlar bilan jang maydonida, yakkama-yakka olishuvda emas, balki bir alamzada qurdning banogoh tig’idan xazon bo’ldi. Bu mudhish voqea 1231 yilning 17-20 avgustlarida Ozarbayjon hudularida sodir etildi. Jaloliddinning el – ulus, vatan ozodligi va mustaqilligi yo’lidagi fidoyiligi, mislsiz jasorati mangulikka daxldordir. Istiqlol nashidasini surayotgan mustaqil O’zbekistonda ulug’ ajdodlar ruhining e’zozlanayotgani, jumladan, Jaloliddin Manguberdi qutlug’ tavvaludining 800 yillik yubileyi umummamlakat miqyosida keng nishonlanganligi ham buning yaqqol ifodasidir.

Shunday qilib, mo’g’ul istilochilari qisqa davr ichida goh beadad qirg’inliklar keltirish, goh mahalliy xalqlar orasida g’ulg’ula, xavf-xatar solish, yoxud ular orasidagi xiyonatkor, sotqin unsurlarni ishga solish orqasida Movarounnahr va Xuroson erlarini egallab, bu hududlarga mislsiz moddiy va ma’naviy zarar etkazib, o’z hukmronligini o’rnatishga muvaffaq bo’ldilar. Kechagina gullab-yashnagan vodiylar, yam-yashil, obod qishloqlar, suv inshootlari, to’g’onlar yakson etildi, ekin maydonlari suvsizlikdan qovjirab qoldi. Buyuk ipak yulining shuhrati so’ndi, shaharlar hayoti fayzsiz bo’lib qoldi. Xalqning ko’p asrlik ma’naviy bisoti, noyob asori atiqalari, qadriyatlari oyoq osti qilindi.

Chig‘atoy ulusining tashkil etilishi, uning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayoti

Chingizxon o’z hukmronligining so’ngi davrlariga kelib, 1224 yilda o’z qo’l ostiga kiritgan barcha hududlarni avlodlari o’rtasida taqsim qiladi. Chunonchi, Irtish daryosi sohillaridan g’arbga tomon to «mo’g’ullar otining tuyog’i etgan joygacha» bo’lgan erlar, Sirdaryoning quyi oqimi va Xorazmning shimoliy – g’arbiy qismlari to’ng’ich o’g’li Jo’jiga, Sharqiy Turkiston, Ettisuv va Movarounnahr erlari Chingizning ikkinchi o’g’li Chig’atoyga berildi. Uchinchi o’g’il O’qtoyga esa ota ulusi Mo’g’uliston va Xitoy ajratildi. Kenja o’g’il Tuluga Xuroson, Eron va Hindiston meros qilib berildi. Keyinchalik Chingizxonning jahongirlik yurishlarini davom ettirib, Sharqiy Evropaning katta qismini bosib olib, Oltin O’rdaga asos solgan uning nabirasi Botuxon hukmronligi davrida /1227- 1255y./ Movarounnahrning qator hududlari ham uning ta’sirida bo’lgan. Shunday qilib, Chingizxon avlodlari o’rtasidagi merosiy bo’linish natijasida Movarounnahr, Sharqiy Turkiston va Ettisuv o’lkalari Chig’atoy va uning vorislariga o’tib, u Chig’atoy ulusi nomi bilan atala boshladi. Endilikda Mo’g’ul hukmdorlari Movarounnahr o’lkasini boshqarishga kirishar ekanlar, ular qanday qilib bo’lmasin, uning xalqini yanada itoatda tutish, bu erdan mo’g’ul zodagonlari uchun ko’proq soliq va o’lponlar o’ndirish, qo’shimcha majburiyatlar yuklash harakatida bo’ladilar. Mo’g’ullar Movarounnahrni idora etishda tub erlik amaldorlar xizmatidan ustamonlik bilan foydalandilar. Shu o’rinda Mahmud Yalavoch, Badriddin Amid, Hasan Xoja, Ali Xoja, Yusuf O’troriy, Qutbiddin Xabash Amid singari mo’g’ul hukmdorlari bilan yaqindan hamkorlik qilgan mahalliy amaldorlar ismlarini keltirib o’tish joizdir. Shu boisdan ham Chingizxon vafotidan (1227) so’ng ulug’ hoqon bo’lgan O’qtoy /1227-1241/ va Chig’atoy ulusi hukmdori Chig’atoy /1127-1241/ davrida Movarounnahrni boshqarish mahalliy yirik savdogar, diplomat, sotqinlik evaziga mo’g’ullar ishonchini qozongan Mahmud Yalavoch tasarrufiga berilgani tasodifiy emasdir. U xoqon nomidan raiyatni boshqaradi. Uning qarorgohi /poytaxti/ Xo’jand edi. Harbiy hokimiyat, aholini ro’yxatdan o’tkazish, soliq yig’ish ishlari doruxachi va tamg’ach deb ataluvchi mo’g’ul amaldorlari qo’lida bo’ladi. Mo’g’ul bosqoqlari ixtiyoridagi ko’p sonli jangchilar Mahmud izmiga bo’ysundirilgan. Aholidan markaziy hokimiyat xazinasi uchun ko’plab soliqlar undirilgan.

Bundan tashqari aholi turli-tuman to’lovlar berishga majbur etilgan. Masalan, aholi savdo yo’llaridagi bekatlar (yomlar) uchun go’sht, un, guruch, ot-ulov berishga ham majbur etilgan. Bosib olingan mamlakat hunarmandlari «din tugun» deb atalgan maxsus o’lpon to’lab turganlar. Mo’g’ullarning Movarounnahr hududini bosib olib, shib-shiydom etib, talon-taroj qilishi, so’ngra mahalliy aholini haddan ziyod soliq, o’lpon va to’lovlar yo’li bilan zulmasoratga duchor etishi, pirovard oqibatda xalqning ko’tarilishiga, o’z erki, mustaqilligi uchun qalqishiga sabab bo’ladi. 1238 yilda Buxoro yaqinidagi Torob qishlog’ida boshlangan oddiy g’alvir yasovchi hunarmand Mahmud Torobiy boshchiligidagi xalq qo’zg’oloni shu tariqa yuz bergan edi. Kelgindi mo’g’ul zodagonlarining mahalliy yuqori tabaqa vakillari bilan til biriktirib, bechorahol xalqni talab, boylik orttirayotganligi, shohona ayshu ishrat qurayotganligi, oddiy fuqaroning turmushi tobora nochorlashib boryotganligi Mahmud va uning maslakdoshlarini g’azabga keltiradi va qo’lga qurol olib mo’g’ullar zulmini ag’darib tashlash uchun kurashga undaydi. Uning tevaragiga mingminglab alamzada oddiy mehnat kishilari to’planishadi. Buxoro atrofidagi qishloqlar aholisi bilan ko’payib borgan qo’zg’olonchilar Buxoroga kelib, mo’g’ul amaldorlarini, shuningdek, mahalliy zodagonlar, sadrlarni engib, shaharni egallaydilar. Buxoro sadrlari Mahmud Torobiy hokimiyatini tan olib, uni xalifa deb e’lon qilishga majbur bo’ladilar. Mahmud Torobiy Buxoroni egallagach, hukmron kuchlar hokimiyatini cheklaydi va oddiy xalq manfaatlarini ko’zlaydigan bir qator tadbirlar o’tkazadi. Qo’zg’olonchilar zarbidan Karmanaga qochgan mo’g’ul bosqoqlari va mahalliy amaldorlar qo’zg’olonni bostirish uchun yangidan katta kuch to’playdilar va Buxoroga yurish boshlaydilar. Ammo bu davrga kelib katta kuchga aylangan qo’zg’olonchilarning qo’li baland keladi. 10 mingdan ziyod mo’g’ul askarlari qirib tashlanadi. Qo’zg’olonchilar mo’g’ullar Karmanagacha quvib boradilar. Biroq, mana shu hal qiluvchi olishuvda qo’zg’olon rahnamolari – Mahmud Torobiy va Shamsiddin Mahbubiylar halok bo’ladi. Tez orada qo’zg’olonga qarshi yuborilgan Eldiz No’yon va Chekan Qurchi boshchiligidagi mo’g’ul qo’shinlari Karmani yaqinidagi Malik rabotida qo’zg’olonni bostiradi. Bu jangu jadal to’qnashuvda 20 mingdan ziyod qo’zg’olonchilar halok bo’ladi. Garchi bu xalq qo’zg’oloni mag’lub etilsa-da, biroq u Movarounnahr erksevar xalqining ozodlik va mustaqillik yo’lidagi mardonavor kurashi, qat’iyatini to’la namoyon etdi. Ayni chog’da Torobiy qo’zg’oloni mo’g’ul hukmdorlariga mahalliy xalq bilan munosabatlarini qayta ko’rib chiqish, siyosiy va taktik yo’llarni o’zgartirish uchun muhim saboq bo’ldi. Mahalliy xalq orasida ancha obro’sizlanib qolgan Mahmud Yalavochning mo’g’ul hukmdorlari tomonidan Movarounnahrdan olinib, Pekinga hokim etib tayinlanishi, uning o’rni katta o’g’li Mas’udbekka berilishi ham qo’zg’olonning muhim saboqlaridan biri bo’ldi.

Mas‘udbek (1238-1289 yy) bir tomondan, hukmron mo’g’ul xonlari, aslzodalari bilan umumiy til topishga harakat etib, ularning manfaatlari, qiziqishlariga mos keladigan siyosat yurgizgan bo’lsa, ikkinchi tomondan mo’g’ul xonlari o’rtasidagi toju-taxt, hukmronlik uchun yuz bergan o’zaro ixtiloflardan ustalik bilan foydalanib, o’lkada savdosotiqni jonlantirish, iqtisodiy tadbirlarni amalga oshirishga intildi.

Movarounnahr hududlarida yuz bergan bu xildagi ijobiy o’zgarishlarda Chig’atoy ulusi xoni tashabbusi bilan mo’g’ul no’yonlari va shohzodalarining 1269 yilda Talas vodiysida bo’lib o’tgan qurultoyi va undagi tarixiy kelishuvning roli va ta’siri katta bo’ldi. Mazkur qurultoy barcha mo’g’ul xonlari, aslzodalariga qaerda yashashlaridan qat’i nazar mahalliy aholi hayoti, turmush tarziga aralashmaslik, belgilab qo’yilgan soliq, to’lovlar bilan qanoatlanish, ekin maydonlarini payxon qilmaslik majburiyatini yukladi. Ularni Movarounnahr erlariga ko’chib, asta-sekin o’troq hayotga o’ta borishga da’vat etdi. XIII asrning ikkinchi yarmiga kelib mo’g’ullarning mahalliy aholiga, ularning turli ijtimoiy qatlamlariga nisbatan munosabatlari ham keskin o’zgarib bordi. Mo’g’ul hukmron doiralarining bil qismi erlik aholining yirik mulkdorlari, ruhoniylari, savdosotiq, hunarmand tabaqalari bilan umumiy til topib, o’z qarashlarini o’zgartirib, musulmon ruhoniylariga hayrixohlik va hurmat bilan munosabatda bo’la boshladilar. Chig’atoy ulusida islom rasmiy davlat dini maqomiga ega bo’ldi. Shuningdek, mo’g’ul qabilalari, elatlari bilan birga XIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab ko’plab turkiy urug’-qavmlar ham Movarounnahrga kelib o’rnasha boshladi. Jumladan, barloslar Qashqadaryoda, jaloirlar Ohangaron vodiysida, arlotlar Afg’oniston shimolida, kavchinlar Tojikiston janubida, turkiylashgan mo’g’ullar urug’i-so’fiylar Xorazmda joylashib, chuqur tomir otib bordi. Bu esa turkiy xalqlar, elatlarning o’lkadagi mavqeining yanada mustahkamlanishiga, turkiy til va uning shevalari ta’sirining ortib borishiga bois bo’ldi. XIV asrdan boshlab Chig’atoy ulusida mo’g’ul xonlari boshqaruvi sohasida ham muhim o’zgarishlar yuz beradi. Bu o’zgarishlar, dastavval, Chig’atoy xonlaridan Duvoxon /1282- 1306/, uning o’g’illari Kebekxon /1318 – 1326/, Tarmashirin /1326 – 1334/ nomlari bilan bog’liqdir. Jumladan, Duvaxon davrida katta vakolatga ega bo’lgan Mas’udbek sa’iharakatlari bilan shaharsozlik rivojlanganligi, savdo-sotiq ahli katta naf topganligi, qishloq xo’jaligi ancha yuksalganligi ko’zga tashlanadi. Kebekxon esa o’z qarargohini mo’g’ul hukmdorlari orasida birinchi bo’lib Movarounnahrga ko’chirdi. Qashqadaryo vohasidagi Nasaf shahridan uncha uzoq bo’lmagan joyda uning buyrug’i bilan saroy /mo’g’ulcha ma’nosi «qarshi»/ bunyod etilib, Qarshi nomi bilan poytaxtga aylantirilishi o’sha davrning muhim voqealaridan bo’lgan. Kebekxonning muhim xizmatlaridan yana biri – bu uning pul va ma’muriyhududiy sohalarda o’tkazgan islohotlaridir. Xususan 1321 yilda o’tkazilgan pul islohotida xulagiylar davlati va Oltin O’rdadagi amaldagi pul tizimi hisobga olingan edi. Og’irligi 8 grammlik kata kumush tanga va 1 grammlik kichik tanga zarb etildi. Katta tanga «dinor» deb, kichik tanga «dirham» deb atalgan. Yangi pul birligi «Kepaki» nomi bilan mashhur bo’lgan. Islohotning dastlabki yillarida Kebek nomi bilan mashhur bo’lgan bu tangalar ko’plab hajmlarda Samarqand va Buxoroda zarb qilinib, muomalaga chiqarilgan. Bu ikki xil qimmatga ega bo’lgan kumush tangalar keyinchalik boshqa hukmdorlar tomonidan ham chiqarilgan. Masalan, Tarmashirin davrida O’trorda ko’plab kumush tangalar chiqaradigan zarbxona muntazam ishlab turgan. Kebekning pul islohoti tashqi va ichki savdoning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoit yaratishga xizmat qildi. Ma’muriy islohotga ko’ra, Movarounnahr hududlari viloyatlarga, viloyatlar tumanlar (mo’g’ullar tartib qilgan 10 ming askar beradigan, aholisi 40-50 ming nafar bo’lgan, hozirgi tumanlarimizga qiyos etsa bo’ladi – izoh) ga bo’lindi. Jumladan, Samarqand viloyatida 7 ta, Farg’ona viloyatida 9 ta tuman tarkib topgan. Kebekxonning o’lkada tinchlik, osoyishtalik va totuvlik o’rnatish borasidagi siyosatini Tarmashirin izchil davom ettirdi. U islomni qabul etib, uni davlatning rasmiy dini darajasiga ko’tardi. Kebekxon yo’nalishida siyosat yurgizgan mo’g’ul xonlarining navbatdagi vakili Qozonxon /1334-1346/ ham Movarounnahr hududlari birligini saqlash, tubjoy aholi manfaatlarini himoya qilish uchun mahalliy mo’g’ul va turk amirlari, no’yonlarining olib borayotgan bir yoqlama kurashlarini bartaraf etishga intildi. U o’zi uchun qarorgoh sifatida Qarshi bilan Buxoro oraligida (hozirgi Muborak tumani hududida) mashhur Zanjirsaroy qal’asini qurdirdi. Biroq markazdan qochuvchi kuchlarning, dastavval, ko’chmanchi mo’g’ul amirlarining kuchayib borayotgan ta’siri va fitnasi oqibatida 1346 yilda Qozonxon qatl etiladi. Shundan so’ng hokimiyat tepasiga kelgan amir Qazog’on (1347-1358) mo’g’ul zodagonlari manfaatlarini yoqlab siyosat yurgizdi. Uning o’zi ham bir joyda muqim yashamasdan ko’p vaqtini bosqinchilik yurishlarida o’tkazardi. Buning oqibatida uning davrida mahalliy aholi tub manfaatlari bilan mo’g’ul hukmdorlari manfaatlari bir-biriga tobora zid kela bordi. Bu esa Movarounnahrda yana siyosiy vaziyatning keskinlashuviga, hokimiyatga intiluvchi kuchlarning faol harakatga kelishiga sabab bo’ldi. XIV asrning 40 – yillarida Chig’atoy ulusi ikki qismga: Ettisuv, Sharqiy Turkistondan iborat Mo’g’ulistonga va Movarounnahrga bo’linib ketdi. 1348 yilda Chiqatoy naslidan bo’lgan Tug’luq Temur Mo’g’uliston xoki etib ko’tarildi. Movarounnahrda hokimiyatni egallagan amir Husayn 1358 yilda o’ldiriladi. Bunday sharoitda Movarounnahr yurtini birlashtirish, mahalliy hukmdorlarning o’zboshimchalik, boshboshdoqlik harakatlariga chek qo’yish, jafokash xalqni mo’g’ullar zulmi va istibdodidan butkul xalos etish va unda qudratli markazlashgan davlat barpo etishdan iborat yuksak vazifa tarixiy zaruriyat taqazosi bilan kun tartibiga qo’yildi. Uni muvaffaqiyatli uddalash esa ulug’ bobokolonimiz Amir Temurga nasib etdi.

XIII-XIV asrning birinchi yarmida O‘rta Osiyo xalqlarining madaniy hayoti

Bosqinchi yovlar azaldan yuqori tsivilizatsiya o’chog’i sanalgan, ulug’ ajdodlarimiz aql-zakovati va donishmandligi bilan yaratilgan yuksak moddiy va ma’naviy madaniyat, betakror obidalar, asori-atiqalar makoni bo’lgan bu azim yurtni qanchalik xonavayron etmasinlar, biroq xalq irodasini, uning buyuk bunyodkorlik, ijodkorlik salohiyatini so’ndira olmadilar. Aksincha, bu yurtning mag’rur va erksevar kishilari, bir tomondan, muqaddas Vatan tuyg’usini dillariga mustahkam jo aylab, ozodlik va mustaqillik yo’lida jonbozlik bilan kurash olib borgan bo’lsalar, ikkinchi tomondan esa, ular asriy xalq an’analari, udumlariga sodiq qolib, yaratuvchilik ishlari bilan mashg’ul bo’lganlar. Zero, o’lmas xalq dahosi bu davrda ham yangi-yangi salohiyatli ijodkorlar avlodini etishtira borgan. Shu boisdan sahroyi mo’g’ullar xarobazorga aylantirgan kultepalar o’rnida ko’p o’tmay yangidan ko’rkam shaharlar, me’morchilik obidalari qad rostlab, hayot yana yangidan izga tushib bordi. Mahalliy xalq orasidan etishib chiqqan ajoyib me’morlar, naqqoshu-hunarmandlar sa’y-harakati, mahorati bilan betakror moddiy madaniyat namunalari yaratilib, bundan o’lka hayoti o’zgacha fayzu manzara kasb etib bordi. Bu davrda bunyod etilib, gavjum savdo-sotiq, hunarmandchilik markazlariga aylana borgan Andijon, Qarshi, Urganch, qaytadan ta’mirlanib chiroy ochgan, oldingi mavqeini tiklagan Samarqand, Buxoro, Shosh, Termiz singari shaharlar, ularning o’ziga xos me’morchilik qiyofasi shundan dalolat beradi. Ko’hna Urganchda qad ko’targan, balandligi 62 metrli ulug’vor minora XIII asr arxitekturasining noyob yodgorligi hisoblanadi. Samarqanddagi Shohizinda majmui, Buxorodagi Bayonqulixon, Ko’hna Urganchdagi Najmiddin Kubro, To’rabekxonim, Muhammad Bashar maqbaralari, Xo’janddagi Tubaxon maqbarasi va shu singarilar XIV asrning nodir me’moriy yodgorliklari sirasiga kiradi. Xalq amaliy san’ati, kulolchilik namunalari, sirli naqshinkor sopolli idishlar, shu jumladan, ko’zalar, chinni buyumlar, uy-ro’zg’or ashyolari, binolar peshtoqiga bitilgan, san’at darajasidagi nastalik bitiklari – bular O’rta Osiyo moddiy madaniyatining XIII-XIV asrlarda ham rivojlanishda davom etganligidan shahodat beradi. Bu davrda ilm-fan, ayniqsa tarixshunoslik rivojida ham muayyan yutuqlar qo’lga kiritildi. Tarixshunos Juvaniyning «Tarixi jahongusha» /Jbhon fotihi tarixi/, Rashididinning «Jomeut-tavorix» /«Yilnomalar majmuasi»/ asarlari mo’g’ullar istilosi va hukmronligi davri tarixini chuqur o’rganishda qimmatli manbalardan hisoblanadi.

Shuningdek, o’lkada badiiy adabiyot sohasi ham anchayin ravnaq topdi. Jumladan, XIII asrning ikkinchi yarmi hamda XIV asrning birinchi yarmida yashab, ijod etgan yurtdosh daho shoirimiz Pahlavon Mahmud ijodi bu jihatdan ibratlidir. Uning tug’ilgan yili noma’lum bo’lib, vafot etgan davri manbalarda 1322 yil deb ko’rsatiladi. U hunarmand oilada dunyoga kelgan. O’zi ham po’stindo’zlik bilan shug’ullangan, o’z zamonasining ilg’or, ma’rifatparvar kishilaridan bo’lgan. Pahlavon Mahmud nomi bilan zikr qilingan barcha tazkiralarda u g’azal, ruboiy janrlarida samarali ijod qilgan shoir sifatida tilga olinadi. Biroq, Mahmudni elga mashhur etgan, avlodlar ehtiromiga sazovor qilgan narsa, bu, eng avvalo, uning otashnafas ruboiylaridir. Shoirning ijtimoiy, falsafiy qarashlari ham uning ruboiylari mazmunida aks etgan. Umuman Pahlavon Mahmud she’riyatida keng ma’nodagi hayotiy voqealar, insoniy kechinmalar, chuqur axloqiy, falsafiy qarashlar ifodalanganki, bu hol shoirning o’z davrining ijtimoiysiyosiy jarayonlariga faol munosabatda bo’lganidan dalolat beradi. XIII asr oxiri va XIV asr birinchi choragida Turkistonda kechgan adabiy jarayonni Burhoniddin o’g’li Nosiriddin Rabg’uziy ijodisiz tasavvur etib bo’lmaydi. Ayniqsa bunda uning qalamiga mansub «Qissai Rabg’uziy» asari adib nomini asrlar osha sarbaland etib kelmoqda. Bu asar ilk o’zbek nasrining dastlabki namunasi sifatida qimmatlidir. Rabg’uziy asaridagi dunyoviy ruh bilan sug’orilgan ko’plab she’riy parchalar g’azalchilik janrining keyingi rivoji uchun ham ayricha ahamiyat kasb etadi. Tarixnavis ham taraqqiy topdi. Juzjokiyning «Tabaqoti Nosiriy» («Nosir turkumlari»), Juvayniyning «Tarixi jahonkushoy» («Jahon fotihi tarixi»), Rashididdin G’azlullohning «Jome at-tavorix» («Tarixlar to’plami») kabi tarixiy asarlarda o’sha davr tarixiga doim qimmatli tarixiy manbalardir. Shunday qilib, XIII-XIV asrlar davomida Movarounnahr hududi mo’g’ullar hukmronligi bilan bog’liq tarzda qanday ziddiyatli, murakkab jarayonlarni o’z boshidan kechirmasin, uning ko’hna madaniyati, ilm-urfoni an’anaviy ravishda o’ziga yo’l topib, rivojlanishda davom etadi. Xalq dahosi, ijodkorligi uning salohiyatli namoyandalari sa’yharakatlari, tashabbuslari ila sayqal topib, yangi – yangi qirralar kashf etib boradi. Bu esa, shubhasiz, o’lka xalqlari ma’naviy merosi, qadriyatlarining mazmunan boyib, yuksalishiga ijobiy ta’sir ko’rsatib borgan.

AMIR TEMUR DAVRIDA O‘ZBEK DAVLATCHILIGINING YUKSALISHI. IJTIMOIY-SIYOSIY, IQTISODIY VA MADANIY HAYOT

Amir Temurning hokimiyat tepasiga kelishi. Markaziy davlat boshqaruvining takomillashuvi

Amir Temur Vatanimiz tarixida, o’zbek davlatchiligi taraqqiyotida beqiyos xizmat ko’rsatgan shaxs. Amir Temur jahon xalqlari tarixida buyuk davlat arbobi, mashhur sarkarda sifatida e’tirof topgan yorqin siymodir. Afsuski, Amir Temur nomi sobiq mustamlakachilik va mustabid tuzum davrida qoralanib, avlodlar nazaridan chetga surilib kelindi. Biroq o’zbek davlatchiligini qayta tiklagan, buyuk davlat darajasiga ko’targan, jahonga shuhrat taratgan Amir Temurning tarixiy xizmatini jahon afkor ommasi nazaridan yashirish, uni qatag’onlik zanjirida ushlab turish vaqti o’tdi. Milliy istiqlol tufayli o’z ona tariximizni xolisona yoritish, tarixiy haqiqatni qaror toptirish barobarida Amir Temur bobomizning nomini, nuroniy qiyofasini tiklash baxtiga muyassar bo’ldik. Yurtboshimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1996 yilning Amir Temur yili deb e’lon qilinishi va shu yili buyuk bobokalonimiz tavalludining 660 yilligini mamlakatimizda hamda YuNESKO tashabbusi bilan butun dunyo miqyosida keng nishonlanishi – bu hozirgi minnatdor avlodlarning, qolaversa, jahon ahlining bu buyuk zotga, uning ulug’vor ishlariga bildirgan cheksiz hurmati va e’zozi ramzidir.

Amir Temur turkiy barlos urug’ining biy(urug’ oqsoqoli)laridan bo’lmish Muhammad Tarag’ay va Buxoro shariat qonunlarini sharhlovchisining qizi Takina Mohbegimlarning farzandi bo’lib, 1336 yilda Shahrisabzga yaqin Xo’ja Ilg’or qishlog’ida tavallud topgan. Uning to’liq ismi sharifi Sohibqiron Amir Temur ibn Amir Tarag’ay ibn Amir Burkuldir. Temur siyosiy kurash maydoniga kirib kelgan XIV asrning 60-yillarida mo’g’ullarning Chig’atoy ulusidagi hukmronligi davom etayotgan edi. 1346 yili Chig’atoy ulusi xoni Qazonxon amir Qazog’on tomonidan o’ldiriladi. 1358 yilda amir Qozog’on ham o’ldiriladi, ulusda parokandalik jarayoni kuchayadi. O’lkaning turli hududlarida mustaqillik da’vosi bilan ish ko’rayotgan 10 ga yaqin mahalliy bekliklar, chunonchi, Xorazmda so’fiylar, Qashqadaryoda barloslar, Ohangaron vodiysida jaloirlar, Buxoroda sadrlar, Termiz atrofida sayidlar amirlarining va hokazo kuchlarning ajratuvchilik harakatlari yurt butunligiga jiddiy havf tug’dirayotgandi. Ulus o’ntacha mustaqil bekliklarga bo’lingan bo’lib, ularning beklari o’rtasida doimo nizo, janjal bo’lardi. Buning ustiga o’z hukmronligini mustahkamlash maqsadida 1360 yilda Movarounnahrga katta qo’shin tortib kelgan Mo’g’uliston xoni Tug’luq Temur1 xuruji ham dard ustiga chipqon bo’lgan edi. Bunday qaltis vaziyatda siyosiy kurash maydonida hozir bo’lgan yosh Temurbek oldida nihoyatda ehtiyotkorlik, aql-zakovat bilan ish ko’rish, o’z atrofiga yurtparvar, vatanparvar kuchlarni to’plash, so’ngra qulay imkoniyat tug’ilishi bilan yurt dushmanlariga qaqshatqich zarba berish vazifasi turardi. Temurbek uddaburonlik bilan o’ziga xos taktika qo’llab, o’zining bosh orzumaqsadlaridan voz kechmagan holda, vaziyat taqozasi bilan vaqtdan yutish, ishonchli kuch topish uchun vaqtincha 1361 yilda Tug’luq Temur xizmatiga kiradi. Biroq bir yil muddat o’tar-o’tmay, Balx hokimi, kelib chiqishi Chingiziylar nasabidan bo’lgan Amir Husayn bilan do’stlashib, u bilan birgalikda yurt birligi va ozodligini tiklashga kirishadi. U 1362-1364 yillarda mo’g’ul qo’shinlariga bir necha marta zarba beradi. Tug’luq Temurning o’g’li Ilyosxo’ja 1365 yil bahorida Movarounnahrga yurish qiladi. Chinoz atrofida, Sirdaryo bo’yidagi «Loy jangi»da Amir Temur va amir Husayn qo’shininig Ilyosxo’ja boshliq mo’g’ul qo’shinidan kutilmaganda engilishi Amir Temur uchun juda katta saboq bo’ldi. Ilyosxo’ja qo’shinlari Samarqandga tomon yurdi. Hokimiyatsiz qolgan mahalliy aholi (Samarqand hokimi qochib ketgan edi) mudofaaga ko’tarildi, bu harakat sarbadorlar harakati nomi bilan mashhurdir. Samarqand uning markaziga aylandi. Harakatga tolibi ilm vakili Mavlonozoda, jun tituvchilar oqsoqoli Abu Bakr Kalaviy va mohir mergan Xo’rdaki Buxoriylar boshchilik qiladilar. Jome masjidida to’plangan 10 mingga yaqin aholi Mavlonozoda da’vati bilan mo’g’ullarga qarshi kurashda faol qatnashadilar. Ilyosxo’ja Samaraqandda katta zarbaga uchrab Movaraunnahrdan chiqib ketishga majbur bo’ldi. Samaraqandda hokimiyat sarbadorlar qo’liga o’tadi. Ular xalq turmushini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar ko’radi, mo’g’ullarga tarafdorlik qilganlarning er va mulklari musodara etiladi. Samarqand sarbadorlari g’alabasidan xabar topgan amir Husayn va Amir Temur 1366 yil bahorida Samarqandga keladilar. Amir Husayn hiylasi bilan sarbadorlar boshliqlari qo’lga olinib, o’ldiriladi. Amir Temurning sa’y-harakatlari tufayligina Mavlonozoda tirik qoladi. Movaraunnahrda hukmronlik amir Xusayn qo’liga o’tadi. Amir Husayn Movarounnahrda Amir Temurni qoldirib o’zi Xurosonga ketadi. Amir Temurning keyingi jo’shqin faoliyati davomida uning amir Husayn bilan ittifoqi mustahkam bo’lolmadi. Tabiatan shuhratparast, hokimiyatparast shaxs bo’lgan amir Husayn qanday qilib bo’lmasin Amir Temurga pand berish, unga xiyonat qilishdan qaytmaydi. Sharofiddin Yazdiy aytganidek, «ularning o’rtalarida sadoqat va do’stlik munosabati yaqinlik va qarindoshlik aloqasi bilan qat’iy qilingan edi. Ammo Amir Husaynning ko’ngli makr va g’addorlik o’y-hayolidan bo’shamasdi» (Sh.Yazdiy. «Zafarnoma», 207-bet). Xalqimizda «birovga choh qazisang, o’zing yiqilasan» deyilganidek, amir Husayn ham o’zi qazigan chohga o’zi yiqildi. Vaziyat taqozasi bilan Amir Temur amir Husayn o’rnashib olgan Balxga 1370 yilning bahorida qo’shin tortib boradi va uni mahv etadi. Shundan so’ng Amir Temur Movarounnahrning yagona hukmdori bo’lib qoldi. Samarqand mamlakat poytaxtiga aylandi. Endilikda yurtni boshqarish jilovini qo’lga kiritgan Amir Temur oldida hali g’oyatda katta, murakkab vazifalar ko’ndalang bo’lib turardi. Eng asosiysi, mamlakat hududlarini birlashtirish, yagona markazlashgan davlat tuzishdan iborat bosh vazifani hal etish kerak edi. Buningsiz mamlakat taraqqiyotini olg’a bostirish, uning dovrug’ini jahon miqyosiga ko’tarish mumkin emasdi. Shu boisdan dastlab Sirdaryo va Amudaryo oralig’idagi hududlar diplomatik yo’l bilan birlashtirildi. Amir Temur sharqiy hududlarni mo’g’ullar ta’siridan ozod etish uchun 1370 yil oxiri va 1371 yil boshida Sharqiy Turkiston tomon yurish qiladi. Mo’g’ul xoni Kepak Temurga qaqshatqich zarba berilishi orqasida Farg’ona mulki va boshqa bir qator hududlar egallanadi. Ko’p o’tmay Afg’oniston shimolidagi Shibirg’on viloyati ham uning tasarrufiga olindi. Tarixiy manbalarda Amir Temurning Mo’g’uliston tomon 7 marta harbiy yurishlar qilgani tilga olinadi. Uning qudratli mo’g’ul hukmdorlaridan sanalgan amir Qamariddin bilan olib borgan ko’p yillik urushlari mamlakatining sharqiy hududlarini mo’g’ullar asoratidan xalos qilish, yurt tinchligi, osoyishtaligini qaror toptirishga qaratilgan edi. O’z tasarrufida Qoshg’ar, Issiqko’l va Ettisuv vohasini birlashtirgan hamda 1369 yili Ilyosxo’jani taxtdan ag’darib, Mo’g’uliston xoni bo’lib ko’tarilgan Qamariddin bilan 1370-1389 yillar davomida Amir Temur hayot-mamot janglari olib bordi. Bu jangu jadallar oqibatida Movarounnahrga qarashli asosiy sharqiy hududlar uning tarkibiga qo’shib olindiki, bu hol yurtimiz hududida markazlashgan davlatning vujudga kelishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.

Chingizxon tomonidan Jo’ji ulusiga berilgan Xorazm erlari Oltin O’rdadan mustaqil bo’lib ajralgan bo’lib, hokimiyat tepasida Qo’ng’irot so’filari turardi. Keyinroq ikkiga bo’linib, janubiy qismi Chig’atoy ulusiga bo’ysundirilgan edi, ammo Qo’ng’irot so’filari janubiy qismni ham fatx etadi. Amir Temur esa butun Xorazmni o’z ulusining tarkibiy qismi deb hisoblar edi. Shu boisdan Xorazmni o’z tasarrufiga kiritish uchun bir necha marta yurish qiladi. 1388 yilgi so’nggi Xorazm yurishi natijasida Sulaymon So’fiy hukmronligi ag’darilib, bu o’lka Temur saltanati tarkibiga uzil-kesil qo’shib olindi. Shunday qilib, Amir Temur bir necha yillar davom etgan qonli va qonsiz kurashlar, muhim tadbirlar, kezi kelganda diplomatik aloqalarni muvaffaqiyatli qo’llanish natijasida mamlakatni mo’g’ullar zulmidan ozod etdi, siyosiy tarqoqlik, o’zaro nizolarni bartaraf qildi. Movarounnahr va Xuroson hududlari birlashtirilib, yagona markazlashgan davlat barpo etishga muvaffaq bo’lindi. Amir Temur kuchli, markazlashgan davlat barpo etish barobarida o’z qudratini jahonga mashhur qilish, hududlarini kengaytirish maqsadida XIV asrning 80 yillaridan e’tiboran xorijiy yurtlar tomon ko’plab harbiy yurishlar uyushtiradi. Uning 1386-1388 yillardagi «uch yillik», 1392-1396 yillardagi «besh yillik» va nihoyat 1398-1404 yillardagi «etti yillik» yurishlari xuddi shu maqsadlarga qaratilgandi. Bu harbiy yurishlar davomida Eron, Kavkaz orti hududlari, shimoliy Hindiston, Suriya, Iroq erlari, Kichik Osiyoning talay qismi egallanadi. Shu tariqa, qudratli saltanat vujudga kelib, uning dovrug’i butun olamni tutdi. Biroq kezi kelganda shuni ta’kidlash joizki, Sohibqironning ko’plab jahongirlik yurishlariga faqat bir yoqlama nuqtai nazardan baho berib bo’lmaydi. Negaki, bu yurishlar goho mamlakat hududlariga tajovuz qilgan ajnabiy kuchlarga zarba berish, goho muqaddas islom ta’limoti g’oyalarini, ularning tahqirlovchilaridan himoya qilish yohud Sohibqiron yurtiga muttasil dushmanlik qilib kelgan xorijiy davlatlarga nisbatan so’nggi chora sifatida amalga oshirilgan. Jumladan, Amir Temurning Oltin O’rda xoni To’xtamishga qarshi bir necha marta (1389, 1391, 1394-1395 yy.) olib borgan jangu jadallari, eng avvalo, yurt osoyishtaligi, uning hududiy yaxlitligini ta’minlash maqsadiga yo’naltirilgan edi. Ayniqsa To’xtamishning Xorazm erlariga da’vosi bunda muhim sabablardan biri bo’lgan. Amir Temur tomonidan Oltin O’rdaning mavh etilishi esa, tabiiyki, uning tarkibiga kirgan hududlarning, chunonchi, rus knyazliklarining mustaqillikka erushuvida ayricha ahamiyatga ega bo’lganligi ham tarixiy faktdir. Shuningdek, Sohibqiron qo’shinining Turkiya sultoni Boyazid kuchlari bilan 1402 yilda Anqara yaqinida bo’lib o’tgan hayot-mamot urushi ham, avvalo, turk sultonining qaysarligi, manmanligi, murosasizligi, adolat talabiga qo’l siltaganligi orqasida yuz bergan. Bu beomon jangni o’z foydasiga hal etgan Amir Temur esa ayni paytda o’z qudratini nafaqat Sharqda, balki G’arbda ham namoyish etishga musharraf bo’ldi. Shu buyuk g’alabadan so’ng G’arbiy Evropaning Angliya, Frantsiya, Ispaniya singari nufuzli davlatlari va ularning hukmdorlari Amir Temur bilan yaqindan aloqa bog’lash, hamkorlik qilish, ayniqsa savdo-sotiq munosabatlarini o’rnatishga faol yo’l tutganliklari shundan yaqqol dalolatdir. Darhaqiqat, Amir Temurning naqadar uzoqni ko’ra bilish salohiyatini uning Evropa hukmdorlari – Frantsiya qiroli Karl VI (1380-1422), Angliya qiroli Genrix IV (1399-1413), Kastiliya va Leon qiroli Genrix III (1390-1407) bilan diplomatik aloqalari va yozishmalaridan ham bilsa bo’ladi. U jumladan, Frantsiya qiroli Karl VI ga yo’llagan maktubida savdo aloqalarini yo’lga qo’yishni taklif qilib «Dunyo savdo ahli bilan obod bo’lajak», degan fikrni bildirgan edi. Frantsiya qiroli 1403 yil 15 iyunda yozgan javob xatida taklifni mamnuniyat bilan qabul qilganini bildiradi. Bu davrga kelib Buyuk ipak yo’li shuhratining yanada ortishi davomida Movarounnahr va Xuroson dunyoning turli mamlakatlari bilan har jihatdan yaqindan bog’lanib, xalqaro karvon savdosining eng muhim markaziga aylandiki, bu esa Vatanimizning iqtisodiy, madaniy va ma’naviy yuksalishiga katta ijobiy ta’sir ko’rsatdi. Amir Temur qudratli saltanatni vujudga keltirar ekan uni omilkorlik bilan idora qilish, boshqaruv tizimini yanada takomillashtirib borishga ham alohida ahamiyat berdi. U o’zbek davlatchiligining Somoniylar, Qoraxoniylar, G’aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar davrida tarkib topib, rivojlanib borgan tizimi, tartib-qoidalari, huquqiy asoslarini yangi tarixiy davrning talab, ehtiyojlariga moslab yanada takomillashtirdi, ularga yangicha ruh, mazmun va sayqal berdi. Amir Temur o’zigacha shakllangan o’zbek davlatchiligining asoslariga izchil amal qilish bilan birga ularni mazmunan boyitishga jiddiy ulush qo’shdi. Amir Temur milliy davlatchilik asoslarini rivojlantirishda, jamiyat rivojida barcha ijtimoiy tabaqalar faoliyatini nazarda tutish va ularning manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor berdi. Shundan kelib chiqib Amir Temur dunyo tarixida birinchi bo’lib jamiyat ijtimoiy tarkibini 12 tabaqaga ajratib, ularning har birining alohida mavqei, manfaatlarini, shunga muvofiq keladigan davlat va jamiyatning o’zaro munosabatlarini belgilab bergan. Uning davrida boshqaruv ikki idoradan, ya’ni dargoh va vazirliklardan iborat bo’lgan. Dargoh tepasida oliy hukmdorning o’zi turgan. Mamlakat va davlat ahamiyatiga molik masalalar uning ko’rsatmasi bilan hal etilgan.

Dargoh faoliyatini boshqarish, uning vazirliklari, mahalliy hokimiyat idoralari va umuman saltanatda kechayotgan jarayonlar bilan bog’liq ishlar oliy devon zimmasida bo’lgan. Oliy devonda har kuni 4 vazir, ya’ni ijroiya idoralari nomidan bosh vazir, harbiy vazir, mulkchilik va soliq ishlari vaziri, moliya vaziri hozir bo’lib, o’ziga xos ravishda hukmdorga hisob berib turgan.

Sohibqiron Amir Temurning davlat boshqaruviga xos eng muhim xususiyatlaridan biri unda adolat me’zoniga alohida ahamiyat berilganligidir. U har doim «Kuch – adolatda» deb ta’kidlar va unga amal qilardi. Uning davlat boshqaruvi tizimi masalalariga bag’ishlangan mashhur tuzuklarida ham har bir ishda adolat me’zoniga amal qilishlik, nohaqlik, adolatsizlikka nisbatan murasasizlik g’oyasi chuqur ifodalanganligi bejiz emasdir. Zero, xoh moliya-soliq tizimida, xoh savdo-tijorat sohasida yohud mulkiy masalalarda bo’lsin, hamma narsada adolat ko’zi bilan, qonunchilik qoidalari, talablariga asoslanib ish yuritish Amir Temurning qat’iyat va izchillik bilan o’tkazgan davlatchilik siyosatining asosiy me’zoni bo’lgan. O’z amali, mansabini suiste’mol qilishlik, poraxo’rlik, maishiy buzuqlik kabilar og’ir jinoyatlar sanalib, ularni sodir etuvchilar qattiq jazolangan. Amir Temur tuzuklariga asos qilib olingan davlatchilik siyosatining muhim jihati yana shundan iboratki, uning davrida har bir sohaga kadrlar tanlash, lavozimlarga tayinlashda ularning iqtidoru qobiliyatiga, bilimu iste’dodiga, nasl-nasabiga alohida e’tibor berilgan. Davlatga sadoqat bilan xizmat qilgan xodimlar doimo rag’batlantirilib, martabalari oshirib borilgan.

Temuriylar davrida Movarounnahr va Xuroson

Garchand Amir Temur qudratli saltanat barpo etib, uning hududlarini sharqu g’arbga, shimolu janubga kengaytirib, iqtisodiy, madaniy va ma’naviy jihatlardan yuksaltirib dovrug’ini olamga mashhur qilgan bo’lsa-da, biroq uning vafotidan keyin mamlakat tanazzullikka uchrab bordi. Buning asosiy boisi avvalo shundaki, Amir Temur tasarrufiga kirgan ellar va yurtlar shu qadar xilma-xil, uzoq masofalarga cho’zilgan bo’lib, ularni yagona bir markazdan turib uzoq vaqt boshqarish murakkab edi. Buning ustiga ulardagi mavjud turli-tuman muholifatchi kuchlar ertami-kech o’z hududiy mustaqilligi uchun harakat etishlari tabiiy edi. Sohibqiron saltanatini zaiflashtirish va parchalanishga olib kelgan muhim sabablardan yana biri – ko’p sonli temuriy shahzodalar o’rtasida toj-taxt talashib boshlanib ketgan va bir necha yillarga cho’zilgan o’zaro besamar urushu nizolardir. Chunki, Amir Temur vafotidan so’ng uning ko’p sonli vorislari uning dono vasiyatlari, o’gitlariga quloq osmay, markaziy hokimiyatni egallash yo’lida jangu-jadalga kirishadilar. Amir Temur Xitoy yurishiga otlangan bir paytda O’trorda 1405 yil 18 fevralda kasallanib vafot etgan paytda uning 4 o’g’lidan 2 tasi (Mironshoh va Shohruh Mirzolar) va 19 ta nevara, 15 chevara, shuningdek, qizlari – Og‘a begim, Sulton Baxt begim va Og’a begimning o’g’li Sulton Husayn Mirzolar qolgan edi. Amir Temur vasiyatiga ko’ra uning o’rnini Qobul, Qandahar va Shimoliy Hind erlarini boshqarib turgan nabirasi Pirmuhammad (Jahongir Mirzo o’g’li) egallashi kerak edi. Biroq shahzoda Halil Sulton (Mironshoh o’g’li)ning o’zboshimchalik bilan Samarqandni egallab, o’zini hukmdor deb e’lon qilishi, tabiiyki, boshqa shahzodalarning ham qo’zg’alishiga, saltanatning darz ketishiga olib keldi. Buning oqibatida tez orada g’arbiy hududlarning ancha qismi mustaqil bo’lib ajralib ketdi. Ozarbayjon tomonda turkmanlarning Oq quyunli va Qora quyunli sulolalarining Temur saltanatiga bo’ysunmaslik va unga qarshi qarshilik harakati kuchaydi. Amir Xudaydod va Shayx Nuriddinlar esa Movarounnahrning turli hududlarida bosh ko’tardilar. Faqat qat’iyatli, shijoatli Shohruh Mirzo bu qonli nizolar, urushlarga barham berib, Xuroson va Movarounnahrda hokimiyat jilovini qo’lga kiritadi. U 1409 yilda Movarounnahrdagi vaziyatni o’z foydasiga hal etib, uni katta o’g’li Ulug’bekka topshiradi. O’zi esa Xuroson hukmdori bo’lib qoladi (1407-1447). Mirzo Ulug‘bekning asl ismi Muhammad Tarag‘ay bo’lib, u 1394 yilda Sultoniyada tavallud topgan. Bobosi Amir Temur unga katta mehr bilan qarab yoshligidan o’z tarbiyasiga olgan. Ulkan tug’ma iste’dod, aql-zakovat sohibi bo’lgan Ulug’bek (Sohibqiron xonadonida uni shunday nom bilan erkalashgan) davlat boshqaruvini puxta egallashdan tashqari diniy va dunyoviy bilimlarni ham etuk darajada o’zlashtirgan. U Movarounnahr taxtini egallaganida endi 15 yoshga to’lgan edi. Mirzo Ulug’bek hukmronligi (1409-1449) temuriylar saltanatining an’anaviy rivoji va muhim ijtimoiy o’zgarishlar yo’lidan ilgarilab berishida alohida davrni tashkil etadi. Negaki, bunda donishmand hukmdorning katta sa’y-harakatlari, to’g’ri yo’naltirilgan siyosati tufayli mamlakat daxlsizligi, tinchligi va osoyishtaligi nisbatan ta’minlandi. Bu esa uning iqtisodiy, madaniy va ma’naviy ravnaqiga sezilarli ijobiy ta’sir ko’rsatdi. O’sha davr tarixchilarining yakdil fikricha, Ulug’bek bobosi davridagi boshqaruv tizimini, barcha tartib-qoidalarni to’la saqlashga harakat qilgan. Soliq va moliya siyosatida ham bunga amal qilgan. To’g’ri, Ulug’bek Amir Temur singari jangu jadallarga qiziqmadi. Bu sohaga uning ortiqcha rag’bati ham bo’lmagan. Faqat zaruriyat taqoza qilgandagina u harbiy yurishlarga otlangan. Masalan, 1414 yilda Farg’ona hukmdori shahzoda Ahmad itoatdan bosh tortishga uringan paytda u katta qo’shin tortgan va bu yurishi bilan nafaqat Ahmadni itoatga keltirib qolmay, ayni chog’da sharqiy Turkiston erlarini ham o’z davlati tarkibiga qo’shib olishga muvaffaq bo’lgan. 1425 yilga kelib Ulug’bek Mirzo Issiqko’l tarafga yurish qilib, u erdagi isyon ko’targan mahalliy muxolifatchi kuchlarni bartaraf etib, mamlakatning sharqiy chegaralarini ancha mustahkamlashga erishadi. Biroq hukmdorning 1427 yilda Sirdaryoning quyi oqimidagi Sig’noq va uning atrofida hududiy da’volar bilan bosh ko’targan Dashti Qipchoq aslzodalaridan sanalgan Baroqxonga qarshi yurishi uning uchun kutilmaganda muvaffaqiyatsiz yakun topdi. Bu mag’lubiyat Ulug’bekni hokimiyatdan mahrum bo’lishiga ham olib kelayozgandi. Otasi Shohruxning katta qo’shin bilan etib kelishigina uni yana o’z hukmronligini qayta tiklashiga imkon berdi. Shundan so’ng Ulug’bek Mirzo urush harakatlaridan ko’ra ko’proq o’z faoliyatini mamlakat ishlari, uning ichki siyosati masalalari bilan shug’ullanishga qaratadi. Shu boisdan ham endilikda uning faoliyatida mamlakat obodonchiligi, yurt tinchligi, farovonligi, ilm-fan ravnaqiga oid masalalar asosiy o’rin egallaydi. Mamlakatda savdosotiq, hunarmandchilik va ziroatchilik avvalgidek rivojlanishda davom etadi. Ko’plab sun’iy sug’orish inshootlari barpo etiladi. Mamlakat Buyuk ipak yo’li orqali halqaro karvon savdosida faol ishtirok etadi. Samarqand, Buxoro, Shaxrisabz, Shosh va boshqa shaharlarda ko’plab hashamatli madrasalar, masjidu maqbaralar, karvonsaroylar qad rostlaydi. Uning bevosita rahnamoligida qurilgan tenggi yo’q me’moriy inshoot – rasadxona o’sha davr ilm-fani va texnikasining eng so’nggi yutuqlarini o’zida mujassam etgan edi. Ulug’bekning 1428 yilda o’tkazgan pul islohoti ham mamlakatda savdo-sotiq va pul muomalasini, moliya siyosatini yo’lga qo’yishda muhim voqea bo’lgan. Ulug’bek muomalaga chiqargan yangi vazndagi tanga pullar o’z qadri, qimmati bilan iqtisodiy hayotni jonlantirish, savdo-sotiqni rivojlantirishda alohida rol o’ynadi. Uning davrida ham yuqori tabaqa vakillariga, harbiy sarkardalar, oliy ruhoniylarga avvalgidek alohida imtiyozlar berish tartibi hukm surdi. Bundan tashqari davlatning katta ma’naviy tayanchi hisoblangan diniy muassasalar ixtiyorida ham ulkan miqyosdagi vaqf erlari to’plangan edi. Temuriylar davrida aholi to’laydigan turli-tuman soliqlar orasida xiroj (er solig’i) alohida ajralib turardi. Dehqonlar etishtirgan hosilning kamida uchdan bir qismi xiroj solig’iga to’langan. Bundan tashqari ushr (daromadning o’ndan bir qismi), tamg’a (savdosotiq, hunarmand ahlidan olinadigan soliq), zakot, tutun solig’i, bog’ solig’i, uloq (davlat xizmatidagilar uchun), dorug’ona (harbiy qo’riqchilar uchun), mirobona (suv etkazib beruvchilar uchun), yasoq (chorva mollari uchun), begor (davlat hisobiga ishlab berish: saroy qurilishi, ariq, kanallar qazish uchun) va boshqa soliq va majburiyatlar joriy etilgandi. Ulug’bek o’z davlat siyosatida qanchalik oqil va izchil siyosat yuritishga, ilm-fan ahliga, din peshvolariga homiylik qilish, savdo-tijorat va hunarmand ahliga rag’bat ko’rsatishga harakat qilmasin, unga qarshi muxolifatchi kuchlar ham anchagina bor edi. Ulug’bek katta er egalarining oddiy fuqarolarga nisbatan suiiste’molchiliklarini cheklash tadbirlarini ko’rganda, ular «taxtdagi olim»ga qarshi chiqdilar. Ruhoniylar orasidagi jaholatparast unsurlar Ulug’bekni islom diniga zarar keltiruvchi «betavfiq hukmdor» deb tashviqot yuritdilar. Shu tariqa, jaholatparastlar ilmga, o’z manfaatini xalq manfaatidan ustun qo’yyuchilar taraqqiyotga qarshi chiqdilar. Ulug’bek mamlakatdagi turli ijtimoiysiyosiy guruhlar o’rtasidagi ichki ziddiyatlarni, mutaassib, reaktsion kuchlar muxolifatchiligini oxirigacha bartaraf eta olmadi. Bu esa XV asrning 40-yillari oxirlariga kelib Movarounnahr davlatini beqarorlik va chuqur ijtimoiy larzalarga duchor etdi. Mamlakat qo’shinining jangovor holatda bo’lmaganligi va turli joylarga sochilganligi esa Dashti Qipchoq ko’chmanchilarining bu erlarga tez-tez bostirib kelib, yurtni talashi uchun keng yo’l ochib bergandi. Xususan, 1447 yilda Shohruh Mirzo vafoti munosabati bilan Ulug’bekning ota taxtiga da’vogarlik qilib Xurosonga yurishi, jiyani Aloudovla va boshqa merosxo’rlar bilan hokimiyat talashishi, uning yo’qligida Abulxayrxon boshliq Dashti Qipchoqliklarning Movorounnahr erlarini g’orat qilishi va nihoyat, qora kuchlar ig’vosi tufayli o’z o’g’li Abdullatif bilan boshlangan nizoning katta jangga aylanib, unda Ulug’bekning mag’lub bo’lishi – bular nafaqat uning fojiali o’limi bilan yakun topib qolmay, ayni paytda Temuriylar sulolasi inqirozini yanada chuqurlashtirishga olib keldi. Ulug’bek akademiyasi tarqalib ketdi, kutubxonadagi kitoblar yondirildi, olimlar boshi oqqan tomonga ketishga majbur bo’ldi. Ulug’bek o’limidan so’ng tez orada oqpadar Abdullatifning o’ldirilishi, undan keyin Samarqand hokimiyati tepasiga kelgan Abusaid Mirzo (1451-1468)ning davlatni boshqarish o’rniga asosiy vaqtini Eron va Xuroson hududlarida harbiy yurishlar bilan o’tkazishi, vafotidan so’ng Movarounnahrda hukmronlik qilgan avlodlari – Sulton Ahmad (1468-1493), Sulton Mahmud (1493-1494) va Sulton Ali Mirzo (1494-1501) davrida yurtning yanada ichki ziddiyatlaru tanazzullikka yuz tutishi pirovard oqibatda Temuriylar hukmronligining barham topishiga olib keldi. XV asrning 90-yillari boshlarida Farg’ona mulkida Umarshayx Mirzo vafotidan so’ng hokimiyat jilovini qo’lgan olgan uning o’g’li navqiron va shijoatli Bobur Mirzo1 (1482-1530)ning Temuriylar saltanatini tiklash va saqlab qolish yo’lida Muhammad Shayboniyxonga qarshi olib borgan bir necha yillik jangu jadal harakatlari ham natijasiz tugadi. Buyuk orzulari sarobga aylangan, vujudini umidsizlik qoplagan Bobur Mirzoning shundan so’ng Afg’on va Hind erlari sari bosh olib ketishga majbur bo’lganligi boisi ham mana shundandir. Xurosonda XV asrning ikkinchi yarmida Abusaid Mirzo o’limidan so’ng (1469) hokimiyatga kelgan Husayn Boyqaro (1438-1506) davrida bu o’lkaning ijtimoiyiqtisodiy va madaniy hayotida ko’plab muhim o’zgarishlaru siljishlar yuz berdi. Buning boisi shundaki, Temuriy shahzodalar ichida ja’sur va tadbirkor, salohiyatli va ma’rifatli hukmdor bo’lgan Husayn Boyqaro o’zining salkam 40 yillik hukmronligi davrida Xurosonda katta xayrli ishlarni amalga oshirish, saltanat qudratini ko’tarishga muvaffaq bo’ldi. Bu ulug’vor ishlar va sa’y-harakatlarda uning maktabdosh do’sti, buyuk donishmand siymo, o’zbek mumtoz adabiyotining asoschisi Alisher Navoiy hazratlari (1441-1501)ning roli beqiyosdir. Ulug’ Navoiyning Boyqaro saroyida birinchi vazir sifatida katta mavqe va nufuzga ega bo’lishi, albatta, ko’plab muhim davlat masalalarini oqilona, raiyat foydasiga hal etishda qo’l kelgan. Ayniqsa poytaxt Hirot va uning tevarak-atroflarida qanchalab obodonchilik ishlarini ro’yobga chiqarishda, ko’plab salobatli me’morchilik obidalari, xalq xo’jalik inshootlarini barpo etishda bu ikki ulug’ zotning bahamjihat sa’y-harakatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’lgan. Tarixchi Xondamirning ma’lumoticha, Husayn Boyqaro davrida bunyod etilgan yirik inshootlarning soni 40 dan ortadi. Hirotda bunyod etilgan o’nlab ko’rkam masjidu madrasalar (shu jumladan 403 gumbazi, 130 ta ravoqi va 44 ta ustuni bo’lgan ulkan jome’ masjidi), shifoxonayu hammomlar, ilm maskanlari, suv inshootlari – bular Xuroson davlatida kechgan katta bunyodkorlik ishlaridan yaqqol nishonadir. Choshmag’ul mavzesida A.Navoiy tashabbusi bilan Turuqband suv omborining qurilishi Mashhad va uning atroflarini ob-hayot bilan ta’minlashda benazir ahamiyatga ega bo’lgan. Biroq neajib holki, Husayn Boyqaro davrida Xurosonda ham ichki ziddiyatlarning kuchayib borishi, bek-amaldorlarning fitna-fasodi, sotqinligining avj olishi, yosh shahzodalar o’rtasida nizolarning kelib chiqishi, gazak olib borishi davomida XV asr oxirlariga kelib inqiroz sari yuz tutib bordi. Ayniqsa Husayn Boyqaroning sevimli nabirasi shahzoda Mo’min Mirzoning fojiali o’limidan keyin podsho bilan uning o’g’illari o’rtasidagi nizolar to’xtovsiz kuchayib bordiki, uni bartaraf etishning sira iloji ko’rinmay bordi. Hatto bu ishga qo’l urib, ota-bolalar o’rtasidagi dushmanlikka nuqta qo’yish, ularni murosaga keltirib, saltanat birligi, tinchligi va osoyishtaligini qaror toptirishga uringan Alisher Navoiydek buyuk zotning sa’y-harakatlari ham behuda ketdi. Bu esa Movarounnahr hududlarini egallab, Xuroson sarhadlariga ko’z tikib turgan Muhammad Shayboniyxon beklari va amirlari uchun qo’l keldi. XVI asr boshlariga kelib, ya’ni Husayn Boyqaro vafotidan so’ng (1506) Xuroson erlari tomon yurish boshlagan.

Shayboniyxon qo’shini Badiuzamon va Muzaffar Mirzo qo’shinlarini birin-ketin engib, tez orada butun Xuroson o’lkasini o’z qo’l ostiga kiritib oladi. Xuddi shu o’rinda tarixiy asosga qurilgan bir ibratli jonli lavhani muhtaram talabalarimiz e’tiboriga havola etmoqchimiz: Bu 1497 yilda sodir bo’lgan edi. Mo’min Mirzo zanjirband holda Xirotning Ixtiyoriddin qal’asida maxbuslikda edi. U Qur’oni Karimning «Yosin» surasini qiroat qilardi. Bobosi Husayn Boyqaroning o’z nabirasi Mqmin Mirzoni bo’g’ib o’ldirish to’g’risida muhri bosilgan farmonni (uni shohning sarmastligidan foydalanib Hadichabegim boshliq fitnachilar qo’lga kiritgan edilar) ko’tarib xonaga 4 jallod yarim tunda kirib keladi. Mo’min Mirzo bobosi farmonini o’zi o’qib ko’rishini, muhrini o’zi aniqlashini amirona talab qiladi. Jallodlar rozilik berishadi. Shahzoda «Bobom muhri chekilgan bul farmon men uchun tabarrukdir» deya farmonni avval ko’ziga surtadi, o’padi va keyin esa o’qiydi. Farmonda, jumladan, shunday mudhish satrlar bor edi: «Nishon etishi ila paysalga solmay Muhammad Mo’min Mirzoni kamon ipiga tortib, yo’qlik chillaxonasiga jo’natilsin». Mo’min Mirzo o’zini dadil, mardona tutib, jallodlarga bunday deydi: «ishingiz bitgach, bobomning bul farmonini o’sha kamon ipining bir qarichi ila bog’lab o’zlariga qaytarib bering. Bul mening so’nggi vasiyatimdir. Ularga aytingki, o’z avlodi ila murosaga kelolmay, jallod xizmatiga muhtoj podshoh saltanati uzoq cho’zilmaydi. Bobo, ehtiyot bo’ling! Al-qasosu minal haq!». Shu so’zlarni aytish asnosida u erdan kishan zanjirini olib boshi uzra aylantiradi, ikki jallodni yaralaydi, biroq kuchlar nisbati teng emasdi. Qolgan ikki jallod uni yiqitib, farmonda aytilgan kamon ipi bilan bo’g’ib o’ldiradilar. Zotan, 1506 yilda Husayn Bayqaroning xushidan ketishi, o’ldi deb ko’milishi, qabrda xushiga kelishi, chiqishga urinishi, ammo chiqa olmaganligi – bular aslida «Alqasosu minal-haq» in’ikosidir. Shu tariqa, qariyb bir yarim asr davom etgan, o’z davrida Vatanimiz nomini shonu shuhratga burkagan, uni ijtimoiy taraqqiyotning yuksak marralariga olib chiqqan, ulug’ ajdodlarimiz tarixida o’chmas iz qoldirgan Temuriylar saltanati hukmronligi tarix taqozasi bilan halokatga mahkum bo’ldi. Biroq bu murakkab, ziddiyatli tarixiy jarayon keyinchalik yangi-yangi avlodlar uchun juda ko’plab hayotiy masalalarning mag’zini chaqish, istiqlolni tiklash yo’lida bitmas – tuganmas saboq va o’rganish manbai bo’lib xizmat qildi.

Amir Temur va Temuriylar davri madaniyati

Moddiy madaniyat Amir Temur va uning avlodlari hukm surgan tarixiy davrni nazardan o’tkazar ekanmiz, bunda ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotning yuksak marralari sari ko’tarilgan Movarounnahr va Xurosonning butun yorqin manzarasi ko’z o’ngimizda namoyon bo’ladi. Markaziy Osiyo xalqlari tsivilizatsiyasi va madaniyati ravnaqining yuqori cho’qqisi hisoblangan Temuriylar davri nafaqat shu mintaqa doirasida, balki umumjahon miqyosida ham o’ziga xos yuksak bosqich bo’ldi. Uning qudratli aks sadosi asrlar osha minnatdor avlodlar dili va tafakkurini hamon nurlantirib kelmoqda.

Ona tariximizning mana shu muhim bosqichida halq dahosi, qudrati bilan betimsol moddiy va ma’naviy madaniyat namunalari, mislsiz asori atiqalaru monumental me’moriy obidalar bunyod etildi. Ilm-fan yuksaldi. Bunday yuksalish Amir Temur va uning avlodlarining ilm-fan, ma’rifat ravnaqiga alohida rag’bat, katta sa’y-harakat bog’laganliklari natijasi bo’ldi. Xususan, Amir Temur siymosiga to’xtaladigan bo’lsak, uning o’zi yuksak ma’rifatparvar hukmdor sifatida xalq ichidan chiqqan qanchadan-qancha noyob iste’dodlar, ilmu urfon va din ahllari, me’moru hunarmandlarni parvarishlab o’stirish barobarida mamlakat obodonligi, ravnaqi uchun ham doimiy harakatda, izlanishda bo’ldi. Uning davrida Samarqand va yurtning boshqa hududlarida qad rostlagan serhasham saroylar, bog’-rog’lar, masjidu madrasalar, ravotu karvonsaroylar, ko’priklar, suv havzalari va boshqa inshootlar Sohibqiron salohiyati va faoliyatining nechog’lik ko’p qirraliligiga dalolatdir.

Xurosonning obod o’lka sifatida gullab-yashnashi ham Temuriylar davriga to’g’ri keladi. Shohruh Mirzo va uning vorislari tomonidan barpo etilgan 150 dan ziyod mashhur obidalar, jumladan, «Bog’i Zog’on», «Bog’i jahon» qal’a maskanlari, «Gavharshodbegim» madrasasi, Boysunqur «Nigoristoni» (Badiiy akademiyasi), yoxud Husayn Boyqaro davrida (1469-1506) uning do’sti, she’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy rahnamoligida Hirot va uning atrofida qurilgan 300 dan ziyod noyob bino va inshootlar: masjid, madrasa, maqbara, xonaqoh, hammomu shifoxonalar, saroylar, istirohat bog’lari, rabotu karvonsaroylar, suv havzalari, ko’prik, korizlar-bular hammasi Temuriylar zamonasi madaniy yuksalishining ishonchli tasdig’idir. Ilm-fan ravnaqi Temuriylar ma’naviy madaniyati to’g’risida gap borganda, dastavval, ona yurtimizda Uyg’onishi davrining ikkinchi bosqichi bo’lgan bu oltin asrda ilm-fanning nechog’lik ravnaq topganligi hamda uning jahon ilmu urfoni taraqqiyotiga qo’shgan bebaho hissasi haqida har qancha g’ururlansak arziydi.

Bu davrning yana bir muhim yutug’i-bu ijtimoiy fanlar, xususan, tarixshunoslik sohasida katta tadqiqotlarning yaratilganligidir. Bu xayrli ishlarning yuzaga chiqishida ham temuriy hukmdorlar tashabbusi va rahnamoligi beqiyos bo’lgan. Jumladan, Amir Temurning «Tuzuklari», Mirzo Ulug’bekning «To’rt ulus tarixi», Bobur Mirzoning «Boburnoma»si ijtimoiy fanlar rivojiga ayricha ta’sir ko’rsatganligi shubhasizdir. Temuriylar davrida salmoqli iz qoldirgan alloma olimlardan Nizomiddin Shomiy va Sharafiddin Yazdiyning «Zafarnoma», Xofizu Abruning «Zubdat at-tavorix», Abdurazzoq Samarqandiyning «Matla ul-sa’dain» va «Majma’ ul-bahrayn» («Ikki saodatli yulduzning chiqish o’rni va ikki azim daryoning quyilish joyi»), Ibn Arabshohning «Amir Temur tarixi», Mirxondning etti jildli «Ravzat ul-safo» («Poklik bog’i»), Xondamirning «Makorimul axloq» («Yaxshi fazilatlar»), «Xabibus siyar fi axboru afodul bashar» («Xabarlar va bashariyat odamlaridan dilga yaqin siyratlari») asarlari o’sha zamon tarixshunoslik ilmining yuksaklik darajasini o’zida ifoda etadi. Ularning har birida nafaqat u yoki bu hukmdorlarning davlat siyosati yohud harbiy yurishlari yohud shaxsiyatlariga oid ma’lumotlar aks etib qolmay, balki shu bilan birga o’sha davrning barcha murakkab, ziddiyatli jarayonlari, tarixiy voqealar, hodisalar silsilasi ham ishonarli tarzda yoritilganligi ayon bo’ladi. Temuriylar davrida xattotlik, tasviriy san‘at va musiqa madaniyati rivoj topdi. Bu sohada Mirali Tabriziy, Shayx Muhammad, Junaid Naqqosh, Temuriylar davri xattotligi va naqqoshligi maktabi atoqli vakillari: Sultonali Mashhadiy, Abdujamil Kotib, Darvesh Muhammad Toqiy, Mirali Qilqalam, Sulton Muhammad Nur va boshqalarning ijodi benazirdir. Masalan, nastalik xatining mislsiz ustozi, «Qiblat ulkuttab» (Kotiblar peshvosi) unvoni sohibi Sultonali Mashhadiy A.Navoiy va H.Boyqaroning ko’plab bebaho qo’lyozmalarini kitobot holiga keltirishda katta zahmat chekkan. Bundan tashqari Nizomiy, Farididin Attor, Xo’ja Xofiz, Sa’diy Sheroziy, Husrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy singari mumtoz adabiyotimiz daholarining ko’plab asarlari ham uning betinim sa’y-harakatlari bilan ko’chirilib, avlodlarga armug’on etilgan. Tasviriy san‘atda Shamsiddin Muhammad ibn Abdulhay, Shayx Turoniy, Abdulla Hiraviy, Ustoz Gung, Ustoz Jahongir nomlari alohida ko’zga tashlanib turadi. Ular chizgan yorqin tasvirlar, portretlar, tabiat manzaralari yohud jang tafsilotlari o’zining tabiiyligi, tiniqligi va originalligi bilan kishini hayratga soladi. Amir Temur nabirasi (Shohruh Mirzo o’g’li) Boysunqur Mirzo homiyligida bunyod topgan o’ziga xos badiiy akademiya rolini o‘ynagan uning Nigoristonida ijod qilgan ko’plab mo’yqalam sohiblari tomonidan mukammal tarzda ishlangan son-sanoqsiz rangli tasvirlar, miniatyura namunalari, kitob bezaklari, chunonchi, hind xalqi eposi «Kalila va Dimna», Sa’diyning «Guliston», Firdavsiyning «Shohnoma», Nizomiyning «Xamsa» va boshqa asarlarga ishlangan tasviru bezaklar hanuzga qadar ham o’z ahamiyatini saqlab kelmoqda. Musavvirlik san‘atining tengi yo’q yulduzi Kamoliddin Behzod (1455-1537) ijodi ham Temuriylar davri san’atining yuqori cho’qqisi hisoblanadi. Uning mo’yqalamiga oid hadsiz-hisobsiz rangin tasvirlar, chunonchi, Yazdiyning «Zafarnoma», Jomiyning «Salomon va Ibsol», Sa’diyning «Bo’ston» va «Guliston», Nizomiyning «Xamsa» asarlariga ishlangan miniatyura namunalari yohud Hirotdagi «Bog’i Behisht», «Ov qilayotgan Bahrom Go’r», «Tuyalar jangi» tasvirlari va shunga o’xshash rassomchilik asarlari bu tug’ma ijodkor iste’dodining yuksak mahorati namunalaridir. Temuriylar davri madaniy hayotida musiqa san‘ati ham alohida o’rin tutgan. Alisher Navoiy «Mezonul-avzon» asarida xalq qo’shiqchiligining sakkiz turi rivojlanganligini qayd etadi. Bular – tuyuq, changchi, turkiy, orzuvoriy, muhabbatnoma, mustahzod va shu kabilar. Amir Temur davrida san’at va musiqa olamida mashhur bo’lgan siymolardan biri Abduqodir Go’yanda (1334-1435) bo’lib, uning hayotining katta qismi Samarqandda kechgan. Temuriylar davri musiqa san’atida Hirot ijodiy muhitining o’rni benihoya katta bo’lgan. Hirot musiqashunoslari o’z ijodlarida Navoiyning she’r va g’azallaridan keng ijodiy foydalanganlar. Badiiy adabiyot Amir Temur va temuriylar davri madaniy muhitining yorqin sahifasini turkiy (eski o’zbek) adabiyotining ravnaqisiz tasavvur etib bo’lmaydi. Negaki, sarchashmalari ancha olis davrlardan boshlangan bu adabiyot bu vaqtga kelib yanada sayqal topib, uning badiiy imkoniyatlari yangi ufqlar kashf etib, yuksak rivojlanishga erishdi. Buning natijasida yangi-yangi nomdor shoiru adiblar ijod maydoniga kirib kelib, o’z betakror, umrboqiy asarlari bilan badiiy tafakkur xazinasiga salmoqli hissa qo’shdilar. O’zbek mumtoz adabiyotining tamal toshini qo’ygan Mavlano Lutfiy (1366-1465) dan boshlab Haydar Xorazmiy (XIV asr oxiri, XV asr boshlari), uning zamondoshlari Durbek, Gadoiy, Atoiy, Sakkokiy singari zabardast turkigo’y shoirlar ijodining ravnaqi tufayli mumtoz adabiyotimiz yangi marralarga ko’tarildi va uning xilma-xil janrlarida birbiridan go’zal, nafis va baquvvat badiiy asarlar yaratildi. Lutfiyning «Gul va Navro’z», Xorazmiyning «Mahzunul asror» («Sirlar xazinasi»), Durbekning «Yusuf va Zulayxo» asarlari yohud Gadoiy va Atoiylarning ishqmuhabbat, hayot nash’u namosini, inson shaxsi va uning yuksak orzu-armonlari, intilishlarini kuylagan otashnafas she’r-g’azallari, qasidalari – bular mumtoz o’zbek adabiyoti rivojining muhim yutug’idir. Mazkur asarlarda o’zbek tilining jarangdorligi, uning badiiy imkoniyatlarining benihoyaligi, qolaversa, uning halqchilligi, yuksak estetik qudrati va ta’sirchanligi to’la kuch bilan ifodalanganligi ko’zga tashlanib turadi. O’zbek adabiyotning yanada yuksak darajaga ko’tarilib, keng e’tirof topishida ulug’ o’zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy (1441-1501) ijodi alohida o’rin tutadi. Negaki she’riyat mulkining sultoni Navoiy o’ziga qadar bo’lgan turkigo’y shoirlar ijodi erishgan yutuqlarni o’zida mujassamlashtiribgina qolmay, balki ayni zamonda o’zining serqirra ijodi bilan bu adabiyotning yuksak kamol topishi va dovrug’ini ko’tarilishiga mislsiz ulush qo’shdi.

Navoiy «Xamsa»siga kirgan «Hayrotul-abror», «Farxod va Shirin», «Layli va Majnun», «Sabbai sayyor», «Saddi Iskandariy» dostonlarining har biri o’zining bebaho ma’naviy qudrati, badiiy yuksakligi, til boyligining mukammalligi bilan ajralib turadi. Eng muhimi, o’zbek tilida ilk bor «Xamsa» bitishdek g’oyatda mashaqqatli vazifani sharaf bilan ado etgan Navoiy dahosi har qancha tahsinga sazovordir. Ulug’ mutafakkir asarlarini mutolaa qilar ekanmiz, ularda aks etgan, ilgari surilgan chin insonparvarlik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, hayotga oshuftalik, keng ma’nodagi ishq-muhabbat g’oyalari vujudimizni qamrab oladi, o’ziga maftun etadi. Bu ham Navoiy ijodining umrboqiyligidan, umumbashariy qadriyatlar ruhi bilan chuqur sug’orilganligidan yaqqol dalolatdir. Shu bilan birlikda bu davrda fors-tojik adabiyoti ham an’anaviy tarzda rivojlanishda davom etdi. Bu adabiyot dovrug’ini baland ko’targan, yuksak badiiy ijod namunalarini yaratgan Kamol Xo’jandiy, Xofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Binoiy, Hiloliy va Vosifiy singari daho so’z san’atkorlari nomini alohida tilga olib o’tish joizdir. Ularning yuksak badiiy tafakkur ila yaratilgan umrboqiy asarlari, mana, necha asrlardirki, tarix va davrlar sinovidan o’tib, qanchalab avlodlar ongi, shuurini yolqinlantirib kelmoqda. Shunday qilib, Amir Temur va Temuriylar davri Vatanimiz xalqlarining hayotiy taqdirida, ularning ijtimoiy taraqqiyotning yuksak marralariga ko’tarilib borishi davomida o’chmas iz qoldirgan alohida bir tarixiy bosqich bo’ldi. Eng muhimi, bu davr Amir Temurdek buyuk siymoni tarix maydoniga chiqardi. Bu zoti sharif va uning avlodlarining mislsiz sa’y-harakatlari, bunyodkorlik faoliyati tufayli Movarounnahr va Xuroson o’lkalari ulkan o’zgarishlarga yuz tutdi. Mo’g’ullarning bir yarim asrlik bosqini va zulmasoratidan butunlay xalos bo’lgan ona yurtimiz qudratli saltanat darajasiga ko’tarildi. Ayni chog’da u ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy jihatlardan yuksalib, jahonga dovrug’ taratdi. Ulug’ ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan moddiy va ma’naviy madaniyatning yuksak namunalari, duru javohirlari mana necha asrlardirki, jahon ahlini hayratga solib, minnatdor avlodlar ardog’ida e’zozlanib kelmoqda.

TURKISTONNING XONLIKLARGA BO‘LINIB KETISHI VA UNING OQIBATLARI

Turkistonning uch xonlikka bo‘linishi

Vatanimiz tarixi o’zbek davlatchiligi taraqqiyoti bir tekisda o’tmaganligi, uning rivojida zafarli va inqirozli davrlar bo’lganidan guvohlik beradi. Sohibqiron Amir Temur asos solgan saltanat eng yirik va qudratli davlat bo’lganligi jahonga ma’lum. U o’z vorislariga nafaqat qudratli davlatni, shuningdek, saltanat qurish va davlatni boshqarish qonun-qoidalari bayon etilgan mashhur tuzuklarni qoldirgan edi. «… Farzandlarim va avlodimdan bo’lganlarning har biri,- deb yozgan edi u o’zining tuzuklarida,- unga muvofiq ish yuritsin… Bu tuzuklardan o’z saltanat ishlarini boshqarishda qo’llanma sifatida foydalangaylar, toki mendan ularga etadigan davlat va saltanat zararu tanazzuldan omon bo’lg’ay»1 . Ammo uning dasturi va vasiyatlariga amal qilinmadi. Taxt, hokimiyat ilinjida avj olgan o’zaro va ichki kurash, jangu jadallar davlatni zaiflashtirib, mamlakatni inqirozga va parokandalikka olib keldi. Buxoro xonligi XVI asr boshlarida zaiflashib borayotgan temuriylar saltanatiga Dashti Qipchoq tomondan ko’chmanchi o’zbeklar davlati hukmdori Muhammad Shohbaxt Shayboniy hujumi boshlandi. Shayboniyxon 1500-1501 yillarda Samarqand va Buxoroni, 1504 yilda Hisor viloyatini, 1504-1505 yillarda Urganchni, 1506-1507 yillarda Xuroson poytaxti Hirot hamda Balxni, shuningdek, Marv, Astrobod va Nishopur shaharlarini zabt etdi. Toshkent, Farg’ona, Sirdaryo va Xorazm erlari Afg’onistonning Qandahor, Zamindovur viloyatlari egallandi va Muhammad Shayboniyxonga qaram bo’lib qoldi. Shayboniyxonning Xurosondaligidan foydalangan qozoq sultonlari Movarounnahrga bir necha marta bostirib kirib, uni talon-taroj qiladilar. 1506-1509 yillarda Shayboniyxon Xurosondan qaytib kelib, qozoq sultonlariga zarba beradi va Dashti Qipchoq ichkarisiga quvib boradi. Bu yurishlar natijasida Sig’noq, Yassi, Sabron shaharlari qayta qo’lga kiritiladi. Shunday qilib, Movarounnahr va Xuroson birlashtirildi va Shayboniylar sulolasi hukmronligi qaror topdi. Muhammad Shayboniyxon «Imom uz-zamon, xalifat ur-rahmon» unvonini olib o’z qo’lida dunyoviy va diniy hokimiyatni birlashtirdi. Shayboniyxon janubda Eronning ichki viloyatlariga yurish qiladi. Mashhad va Tus shaharlarini egallab orqaga qaytadi. Eron shohi Ismoil Safoviy katta qo’shin bilan etib keladi. Shayboniyxon Movarounnahrdan yordamchi qo’shinlar kelishini kutmasdan jangga kirishga majbur bo’ladi. 1510 yilda Marv yaqinida bo’lgan jangda Shayboniyxon qo’shinlari engiladi, xonning o’zi ham halok bo’ladi. Taxtga Shayboniyxonning amakisi, Mirzo Ulug’bekning qizi Robiya Sulton begimning o’g’li Ko’chkunchixon (1510-1530) chiqdi. Biroq shayboniy sultonlar, beklar jipslashib Ismoilshohga qarshi kurashish o’rniga Shayboniyxon tirikligidayoq suyurg’al sifatida taqsimlab berilgan viloyatlar va erlarga egalik qilish bilan o’ralashib qoldilar, ular o’rtasida o’zaro kelishmovchilik, ziddiyatlar avj oldi. Bundan foydalangan Ismoilshoh tez orada Xuroson va Xorazm o’lkalarini, Shimoliy Afg’onistonni bosib oldi. Poytaxti Samarqand bo’lgan Movarounnahrda esa shayboniylar xukmronligi saqlanib qoldi. Movarounnahrda 100 yilgacha davom etgan Shayboniylar davrida ham tinchlik bo’lmadi, qirg’inborot urushlar, o’zaro ichki kurashlar davom etdi. 1512 yildan boshlab Buxoro viloyati noibi bo’lib kelgan Ubaydullo sulton 1533 yilda Shayboniylar davlatining Oliy hukmdori etib ko’tarildi.Ubaydulla sulton Samarkanddagi Ko’chkunchixon avlodlari karshiligi sababli oliy hokimiyatni Buxoroda turib boshqaradi va Buxoroni davlat poytaxti deb e’lon qiladi. Shayboniy Ubaydullaxon (1533-1539) davrida Buxoroning mavqei ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan kuchaydi. Ammo tarqoqlik davom etardi, Movarounnahr XVI asr o’rtalarida ham mustaqil hokimliklardan iborat edi. Buxoroda Abdulazizxon, Samarqandda Abdulatifxon hukmdor edilar. Tarqoqlikka barham berish, mamlakatni birlashtirish dolzarb bo’lib turgan bir paytda Abdulla sulton maydonga chiqdi, uni katta mavqega ega bo’lgan juybar shayxlari qo’llab-quvvatladi. Abdullaxon II Buxoro taxtini egallaydi. Abdullaxon II (1557-1561 yillarda amakisi Pirmuhammad, 1561-1583 yillarda otasi Iskandarxon oliy xukmdor deb e’lon kilingan bo’lsada, amalda xukmdor Abdullaxon II edi). 1557 yilda Buxoroni davlat poytaxti, mamlakatning siyosiy-ma’muriy markaziga aylantiradi. Shu boisdan davlatning o’zi ham Buxoro xonligi deb ataladigan bo’ldi.

Abdullaxon II siyosiy tarqoqlikka qarshi uzoq yillar urush olib borib, 1573 yilda Farg’onani, 1574 yilda Shahrisabz, Qarshi, Hisor viloyatlarini, 1578 yilda Samarqandni, 1582 yilda Toshkent, Shohruhiya, Ohangaron va Sayramni, 1583 yilda Balxni, 1584 yilda Badaxshonni, 1588 yilda Hirotni, 1595 yilda Xorazmni zabt etib, mamlakatni birlashtirish ishini uddaladi, Buxoro xonligini kuchli va markazlashgan davlatga aylantirdi. Biroq ichki nizo, adovatni bartaraf etolmadi. G’animlar Abdullaxonga karshi uning o’g’li Abdulmuminni qayraydi, Abdullaxon II bilan uning o’g’li Abdulmo’min o’rtasida taxt masalasida kelishmovchilikdan foydalangan qozoq xonlaridan Tavakkalxon Toshkent viloyati erlariga bostirib kiradi. Unga qarshi safarga otlangan Abdullaxon II Samarqandga etganda vafot etadi. Abdullaxon II o’rniga taxtga ko’tarilgan Abdulmo’min 6 oycha hukmdor bo’ldi, u otasining amirlaridan biri- Abdulvose’ tomonidan otib o’ldirildi. Taxtga chiqqan so’nggi Shayboniy Pirmuhammad ham 1601 yilda Samarqandda Boqi Muhammad bilan bo’lgan jangda halok bo’ldi. Shayboniylar sulolasi barham topdi.

1601 yildan e’tiboran Buxoro xonligida hokimiyat ashtarxoniylar (Joniylar) sulolasi qo’liga o’tadi. 150 yilcha (1601-1753) hukmronlik qilgan Ashtarxoniylar sulolasi davrida Buxoro xonligida tinchlik, osoyishtalik bo’lmadi. Xonlik viloyatlarida hukmronlik qiluvchi amirlar va beklarning o’zboshimchaligi, markaziy hokimiyat amaldorlari o’rtasidagi o’zaro kelishmovchilik, ur-yiqit mamlakat tinkasini quritib borardi. Buni Ashtarxoniylar sulolasidan Buxoro taxtiga ko’tarilgan o’nta xondan ikkitasining taxtdan ag’darilgani, to’rttasining taxt ustida o’ldirilgani ham yaqqol ko’rsatadi.

Buxoro amirligi Buxoro davlatining zaiflashib qolganligidan foydalangan Eron shohi Nodirshoh XVII asrning 30-40-yillarida Buxoro xonligiga yurish qiladi. Nodirshoh Buxoro xonligida katta mavqega ega bo’lgan mang’it urug’idan chiqqan otaliq Muhammad Hakimbiy bilan shartnoma tuzadi va u Buxoro xonligining oliy hukmdori deb tan olinadi. Abulfayzxon amalda hokimiyatdan chetlatib qo’yiladi, Hakimbiy Buxoroning to’la vakolatli hokimi etib tayinlanadi. 1743 yilda Hakimbiy, uning o’g’li Muhammad Rahim Nodirshoh xizmatiga kiradi. Nodirshoh 1747 yilda vafot etgach, Muhammad Rahim hokimiyatni o’z qo’liga olishga kirishadi. Buxoro xonligida katta nufuzga ega bo’lgan mang’it qabilasining vakili Muhammad Rahim 1747 yilda Abulfayzxonni, so’ngra rasman xon deb (soxta xon) e’lon qilingan uning o’g’illari Abdulmo’min va Ubaydullo sultonlarni o’ldirib, hokimiyatni o’z qo’liga oladi. Muhammad Rahim 1756 yilda taxtga o’tirib, o’zini Buxoro amiri deb e’lon qiladi va hokimiyatni mustaqil idora qiladi, Mang‘itlar sulolasiga asos soladi. Shundan e’tiboran Buxoro xonligi Buxoro amirligi deb atala boshlandi. Amirlikda hokimiyat 1920 yilgacha Mang‘itlar sulolasi qo’lida bo’ldi. Muhammad Rahim xukmronligini beklik-viloyatlardagi boshqa qavmlardan bo’lgan hokimlar tan olmadilar. Amir mang’itlarga tayanib hokimiyatni markazlashtirishga intildi. Barcha qabilalarning hukmdorlarini Buxoroga yig’ib, ulardan markaziy hokimiyatga bo’ysunishni talab qildi, aks holda qattiq jazolanishi haqida ogohlantirdi. Viloyatlardagi ko’pgina hokimlar, bebosh amaldorlar hokimiyatdan chetlashtirilib, er-mulki tortib olinib boshqa joylarga ko’chirildi. Ular o’rniga amir qabiladoshlaridan tayinlandi. Muhammad Rahim Buxoro minorasi yonidagi o’z qarorgohini maxsus qurdirgan Arkka ko’chirdi. O’zboshimcha beklarni Arkka chaqirib qattiq jazoladi. Tarqoqlikni bartaraf etish maqsadida ko’pgina bekliklarga – Samarqand, Jizzax, O’ratepa, Xisor, Boysun, Shahrisabzga qarshi qonli urushlar qildi, ko’pgina viloyatlar vayron bo’ldi. Muhammad Rahim Nurotada istiqomat qiluvchi burgut qabilasi qo’zg’olonini bostirib, ularning xarbiy istehkomlarini buzib tashlab, o’zlarini Buxoro tumaniga ko’chirdi. Miyonqal’a qipchoqlariga hujum qilib, istexkomlarini buzib tashlaydi, yo’lboshchilarini qatl etib, qolganlarini ko’chirib yuboradi. Muhammad Rahim vafotidan keyin o’zaro urushlar yanada kuchaydi. Viloyat hukmdorlari mang’itlarning markaziy hokimiyatiga qarshi qo’zg’olonlar ko’tardi. Kenagas, yuz, baxrin, burgut, saroy qabilalarining qo’zg’olonlari, xokimiyatga o’tirgan Doniyolbiyning ularni bostirish uchun qilgan urushlari minglab odamlarning yostig’ini quritdi. Doniyolbiy qo’shinlar xarajati uchun qo’shimcha soliqlar joriy etib aholi noroziligini oshirdi. Buxoro hunarmandlari va tijorat ahli 1784 yilda qo’zg’olon ko’tardi. Qo’zg’olonni bostirish jarayonida minglab odamlar qurbon bo’ldi. Amir Ma’sum («begunoh amir») deb nom olgan Shohmurod (1785-1800 yillar) tarqoqlikka qarshi kurashni davom ettirdi. Amir Shohmurod boshqaruv tartibini o’zgartirish, amaldorlar tarkibini yangilash choralarini ko’rdi. Amir ikki yirik davlat arbobi – Davlat qushbegi bilan Nizomiddin qozikalonni saroy, qo’shin va boshqa sohadagi amaldorlar huzurida o’z qo’li bilan o’ldirdi. Soliqlarni tartibga soldi. Buxoro aholisiga tarxan yorlig’ini topshirdi. Unga binoan aholi savdo daromadidan boj to’lashdan, hunarmandlar pul yig’imidan, majburiy mehnat va soliqlardan ozod etildi. Shuningdek, xiroj, nikoh puli, tarozi haqi va boshqa yig’imlar miqdori kamaytirildi. Shohmurod davrida Buxoro amirligi nisbatan mustahkamlangan bo’lsada, o’zaro urushlar to’xtamadi. G’arbiy chegaralarda esa Xiva xoni qo’shinlari xujumga o’tar, ekinzor va bog’lar payhon qilinar, qishloqlar vayron bo’lar, odamlar va chorva mollar haydab ketilar edi. Xiva xonligi Xorazm XV asr oxiri – XVI asr boshida temuriy Sulton Husayn Boyqaro boshliq davlatning bir qismi edi. 1505 yilda Muhammad Shayboniyxon qo’shinlari Xorazmni egalladi va qo’ng’irot urug’idan Kepakbiy Xorazmga hokim etib tayinlanadi. Eron shohi Ismoil bilan jangda Muhammad Shayboniyxon halok bo’lgandan keyin Xorazm Ismoilshoh tomonidan zabt etiladi. Ismoilshoh Xorazmni o’z davlati tasarrufiga kiritgach, Vazir, Urganch va Xiva shaharlarini boshqarish uchun 3 ta dorug’a (hokim) tayinladi. Xorazmda Ismoilshoh hukmronligi uzoqqa bormadi. Xorazmda Ismoilshoh hukmronligiga qarshi harakat boshlandi. Bu harakatga Vazir shahri qozisi Umar qori va Sayid Hisamiddin etakchilik qildi. Ular Shaybon avlodidan bo’lgan Berka sultonning o’g’li Elbarsxonga murojaat qilib, xon bo’lishni taklif qildilar. Elbarsxon 1511 yilda qo’shin bilan kelib Vazir, Urganch, Xiva, Xazoraspni Ismoilshoh qo’shinlaridan tozaladi, Xorazmda Elbarsxon hokimiyati o’rnatildi. Shunday qilib, 1511 yilda mustaqil Xiva xonligi tashkil topdi, Elbarsxon uning birinchi xoni bo’ldi. Xivada shayboniylar sulolasi xukmronligi 1770 yilgacha davom etdi. Xiva xonligi poytaxti Urganch edi. XVI asr oxiri – XVII asr boshlarida Amudaryo o’zanining o’zgarishi munosabati bilan Urganchning mavqei pasaydi, aholisi qulayroq joyga ko’chib borib joylashadi va bu erda Yangi Urganch shahri paydo bo’ladi. Bu orada Xiva shahrining mavqei ko’tariladi. 1556 yilda Avaneshxon Xivani davlat poytaxti deb e’lon qiladi, biroq u o’z hukmronligini faqat Xivadagina o’tkaza olar edi. Arab Muhammadxon (1602-1623) davrida Xivaning mavqei kuchayib, xonlikning rasmiy poytaxtiga aylandi. Xiva xonligi tasarrufiga Amudaryo quyi oqimidagi vohalar, Mang’ishloq, Dahiston (Mashhad) va O’zboy atrofidagi ko’chmanchi turkman hududlari kirardi. Biroq, xonlikda tinchlik bo’lmadi. Uzoq yillar davomida xonlik tepasida turgan o’zbek qabilalari bilan turkman qabilalari o’rtasida, shuningdek, shahzodalar o’rtasida tinimsiz urushlar bo’lib turdi. Xiva va Buxoro hukmdorlari o’rtasida Murg’ob daryosi bo’ylari uchun, Marv uchun qirg’inborot urushlar bo’lib turar, bu hududlar qo’ldan-qo’lga o’tardi. Xonlikka shimoldan qalmoqlar, qozoqlar, Ural kazaklari tez-tez xujum qilib falokatlar keltirardi. XVIII asr o’rtalarida Eron shohi Nodirshoh, uning o’g’li Nasrullo Xiva xonligini bosib olib, o’z boshqaruvini o’rnatdi, turkman qabilalarini Xorazmdan Xurosonga ko’chirdi. Biroq Xiva xonligida tinchlik bo’lmadi. Eron hukmdorlariga qarshi tez-tez g’alayonlar bo’lar, aholi boshi oqqan tomonga ketardi. Shunday vaziyatda xonlikdagi o’zbek qabilalaridan Qo’ng’irot urug’ining boshlig’i Muhammad Amin inoq 1770 yilda hokimiyatni qo’lga oldi va Xiva xonligida yangi sulola – Qo‘ng‘irot sulolasiga asos soldi (bu sulola 1920 yilgacha hukm surdi).. Muhammad Amin Inoq turkmanlar qo’zg’olonini bostirdi, Buxoro hukmdorining hujumini daf etdi va Xiva xonligidagi viloyat hokimlarini markaziy hokimiyatga bo’ysundirdi.

Qo‘qon xonligi Buxoro xonligidagi ichki kurashlar, markaziy hokimiyatning zaiflashuvi sababli, u XVIII asr boshlarida ikkiga bo’linib ketdi. Ashtarxoniylar xukmronligining zaiflashuvi oqibatida Farg’ona vodiysiga uning shimolida tashkil topgan Jungarlar davlati tez-tez bostirib kiradigan, talon-taroj qiladigan bo’lib qoldi. Bunday vaziyat Farg’onadagi ichki kuchlarning birlashuviga, mustaqil davlat tuzishga intilishini kuchaytirdi. Farg’ona vodiysining hududiy yaxlitligi va iqtisodiy imkoniyatlari, uning Buxoro xonligidan ajralib chiqishga qulay omil bo’lib xizmat qildi. Chust yaqinidagi Chodak qishlog’ida yashovchi xo’jalar jamoasi (din peshvolari)ning mavqei XVIII asr boshlaridayoq Farg’onada ancha kuchayib, 1709 yilda o’z er-mulklarini mustaqil deb e’lon qiladi va vodiyda hokimiyatni qo’lga olishga intiladilar. Biroq ularning hokimiyati boshqa qabilalar tomonidan tan olinmadi. Bir guruh harbiy zodagonlar Rishtonda qo’zg’olon ko’tarib, Farg’ona hokimi Xo’ja Ashirqulni o’ldiradilar. 1710 yilda Qo’qon atrofida yashab turgan o’zbek qabilalaridan biri – minglar o’z etakchisi Shohruxbiyni hokimiyat tepasiga ko’taradilar. Shu tariqa, Qo‘qon xonligi tashkil topdi, o’zaro ichki kurashlar botqog’iga botib qolgan Buxoro xoni Ubaydullaxon o’ziga qarashli hududning ajralib chiqib, alohida davlat tuzishiga qarshilik ko’rsatolmadi. Qo’qon xonligida ming qabilasi sulolalari 1876 yilgacha hukmronlik qildi. Qo’qon shahri chetida joylashgan Tepaqo’rg’on Qo’qon xoni Shohruhbiyning qarorgohiga aylantirildi. Tepaqo’rg’onda mustahkam qal’a, bozor va aholi yashaydigan mahallalar qurildi.

Qo’qon xonlari Farg’ona vodiysini, Xo’jand, O’ratepani birlashtirgach, Qo’qon xonligining mustaqilligi XVIII asr o’rtalarida Buxoro davlati tomonidan tan olindi. XVIII asr oxirlarida Qo’qon xonlari Toshkentni bo’ysundirishga kirishdilar. 1784 yilda Shayxontohur dahasi sobiq hokimining o’g’li Yunusxo’ja Toshkentni Buxoro tobeligidan chiqarib, mustaqil siyosat yuritardi. Toshkent bekligi o’ziga xos boshqaruv tizimiga ega edi. Yunusxo’janing to’rt maslahatchisi bo’lgan. Toshkent shahar nazorati va soliq yig’ish Boshxo’janing qo’lida bo’lib, savdo-sotiqni qozi va devonbegi nazorat qilishgan. Shariat qonun-qoidalari, narx-navo, o’lchovlar ustidan Rais lavozimidagi amaldor nazorat qilgan. Yunusxo’ja XVIII asr oxirlarida qozoq sultonlari hujumlarini bartaraf etib, Sayram, Chimkent, Turkiston, Qurama, Qorabuloq shaharlarini Toshkentga bo’ysundirgan edi. Toshkent bekligi mavqeining oshib borishi Qo’qon xonlariga yoqmadi. 1799 yilda Qo’qon hukmdori Norbo’tabiy Toshkenta yurish qildi, ammo Chirchiq bo’yidagi jangda mag’lubiyatga uchradi. 1805 yilda Qo’qon hukmdori Olimbek xon unvonini qabul qiladi va shu paytdan e’tiboran Farg’onada tashkil topgan davlat rasman Qo’qon xonligi deb atala boshlandi. Yunusxo’ja vafotidan keyin Qo’qon xoni Olimxon qo’shinlari yurish qilib, 1809 yilda Toshkentni va unga qarashli Chimkent, Sayram va boshqa hududlarni Qo’qon xonligiga bo’ysundiradi. Qo’qon xonligi hududiy jihatdan yirik davlatga aylandi. Shunday qilib, asrlar davomida yagona hududda, yagona iqtisodiy va madaniy makonda yashab kelgan xalq, mamlakat uch qismga bo’linib ketdi. Uchta davlat – Buxoro amirligi, Xiva va Qo’qon xonliklari vujudga keldi.

Xonliklarning iqtisodiy va madaniy hayoti. Xonliklar tarixi iqtisodiy va madaniy hayotning bir tekisda bormaganligidan, ayrim davrlarda siljish kuzatilsa-da, xonliklar o’rtasidagi o’zaro kurash avj olgan yillarda tanazullik hollari yuz berganligidan guvohlik beradi. Shayboniylar, xususan, Abdulaxon II davrida dehqonchilik ishlarini rivojlantirishga ahamiyat berildi. Zarafshon, Sirdaryo, Amudaryo, Chirchiq, Vaxsh, Murg’ob daryolari bo’ylarida ko’plab kanallar, anhorlar, ariqlar qazilib, atrofdagi erlarga suv chiqarilgan, yangi ekinzorlar va bog’lar barpo etilgan. Birgina Qashqadaryo bo’ylaridagi erlarga suv chiqaruvchi o’ndan ortiq kanallar qazilganligi va ishlab turganligi ma’lum. Abdullaxon II davrida qurilgan Zarafshon daryosidagi Karmana, Mehtar Qosim, Chahorminor, Jondor ko’prik suv ayirg’ichlari, Sangzar daryosidagi Tuyatortar kanali, Amudaryo-Chorjo’y kanali, Toshkent viloyatidagi Zaxariq, Nurota tog’lari suvlarini to’plovchi Oqtob va Band suv omborlari yirik inshootlardan edi. Bu tadbirlar g’allachilik, paxtachilik, polizchilik, bog’dorchilik, uzumchilik kabi sohlarning rivojlanishida muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Xiva xonligida ham sun’iy sug’orish ishlariga katta e’tibor berilgan. XVI-XVII asrlarda barpo etilgan, uzunligi 143 km bo’lgan Shohobod, uzunligi 96 km bo’lgan Urmush, G’oziobod va boshqa o’nlab kanallar dehqonchilikning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan.

Qo’qon xonligida ham ariq va kanallar tarmog’i kengaytirildi. Namangan hududida Yangiariq kanali, Sirdaryodan O’ratepa tomon sug’orish tarmoqlari, ko’plab ariqlar qazildi, dehqonchilik ancha rivojlandi. Xonliklarning asosiy boyligi, tirikchilik manbai er bo’lib, erga egalik qilishning turli shakllari mavjud edi: • Mulki sultoniy – davlatga qarashli erlar; • Mulki xolis – xususiy er mulklari (Xon va uning yaqinlari, harbiy-ma’muriy amaldorlar, yirik din peshvolariga iqto’, suyurg’ol va tanxo kabi shakllarda berilgan erlar); • Vaqf – diniy mahkamalar, xonaqohlar, madrasa va masjidlarga qarashli erlar; • Qishloq jamoalari va dehqonlari egalik qiladigan erlar. Erda mehnat qiladiganlarning ko’pchilik qismi o’z er maydoniga ega bo’lmay, ijaraga olingan erda ishlovchi kambag’al qishloq aholisi edi. Dehqonchilik. Bug’doy, arpa, sholi, jo’xori, makkajo’xori, mosh, no’xat, loviya, kunjut, suli, beda ekinlari etishtirilgan. Shuningdek, qovun, torvuz, qovoq, bodring, piyoz, qalampir, sarimsoq ekilib hosil qilingan. Paxta, ipak maxsulotlari, bog’dorchilik ham rivojlanib, olma, gilos, o’rik, uzum, shaftoli, anjir, olxo’ri kabi mevalar etishtirilgan. Chorvachilik. Yaylovlarda qo’y, echki, yirik shoxli mollar (sigir, ho’kiz), ot va tuyalar boqilib, go’sht-sut, jun, teri va boshqa mahsulotlar olingan. Hunarmandchilik. Xonliklarning yirik shaharlari hunarmandchilik markazlari bo’lib, ularda 60 dan ortiq turdagi hunarmandchilik buyumlari tayyorlangan. Paxta, ipak, jun, teri kabi mahalliy xom ashyolardan ip yigirish, gazlamalar to’qish, tayyor kiyimlar tikish, kigiz va gilamlar tayyorlash, ko’nchilik rivojlangan. Metall va yog’ochga ishlov berish, miskarlik, temirchilik, ganch o’ymakorligi, duradgorlik, kulolchilik, qandolatchilik, oshpazlik, novvoylik va boshqa hunarmandchilik tarmoqlari ancha kengaydi. Savdo-sotiq. Xonliklarda savdo-sotiq iqtisodiyotning muhim tarmog’i edi. Shaharlarda, yirik qishloqlardagi bozorlarda dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik mahsulotlari sotilgan yoki ayirbosh qilingan. Yirik mablag’larga ega bo’lgan badavlat kishilar, kichikroq do’konlar soni kengaygan. Tashqi savdo ham o’sib borgan, chet mamlakatlar bilan savdo karvonlariga ega bo’lgan xon, saroy amaldorlari va viloyat hokimlarining ishonchli vakillari, badavlat kishilar savdo-sotiq ishlari bilan shug’ullanganlar. Turkiya, Eron, Hindiston, Xitoy kabi mamlakatlar bilan savdo-sotiq yo’lga qo’yilgan. Rossiyadan mis, cho’yan, temir, qo’rg’oshin kabi metallar keltirilgan. Soliq. Xonliklarda raiyat (dehqon, chorvador, hunarmand, savdogar)ga turli-tuman soliqlar solingan, turli majburiyatlarni – kanal va ariqlar qazish, ularni tozalash, mudofaa inshootlarini qurish va boshqa ishlarga majbur etilgan.

Madaniy-ma‘rifiy hayotda bir qator tadbirlar amalga oshirilgan. Bu yirik shaharlarda bunyod etilgan masjid, madrasa, rabot, karvonsaroy, hammom, bozor va boshqa qurilish majmualarida yaqqol ko’zga tashlanadi. Hozirgi kungacha qad ko’tarib kelayotgan Buxorodagi Mir Arab, Abdullaxon, Qulbobo, Ko’kaldosh, Kalon, Abdulazizxon, Ubaydullaxon madrasa va masjidlari, Toshkentdagi Ko’kaldosh, Qaffoli Shoshiy, Baroqxon madrasalari, Samarqanddagi Sherdor va Tillakoriy madrasalari, Xivadagi Arab Muhammadxon, Sherg’ozixon, Muhammad Amin inoq madrasa va masjidlari xonliklar davrida qurilgan va yuksak mahorat bilan bezatilgan me’morchilik yodgorliklaridir. Ko’plab madrasalarda yoshlarni o’qitish, ta’lim-tarbiya ishlari yo’lga qo’yilgan. Maorif ikki bosqichdan iborat bo’lib, quyi bosqichda o’qish-yozishga o’rgatilgan. Yuqori bosqichda diniy ilmlar, shuningdek grammatika, mantiq, aljabr, handasa, hisob amallari o’rgatilgan. Madrasani bitirganlar qozi, uning yordamchisi, masjid imomi lavozimlarida ishlaganlar, mudarrislik qilganlar. Madaniy hayotga nazar tashlar ekanmiz, xonliklarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotini tasvirlovchi ko’plab kitoblar yozilganligining guvohi bo’lamiz. XVI asrda yozilgan «Tavorixi guzida», «Nusratnoma», Mulla Shodiyning «Fathnoma», Binoiyning «Shayboniynoma», Muhammad Solihning «Shayboniynoma», Abdulloh Nasrulloxiyning «Zubdat al-asror», Fazlulloh Ro’zbexonning «Mehmonnomayi Buxoro», Hofiz Tanish al-Buxoriyning «Abdullanoma» kabi asarlari xonliklar tarixini o’rganishda muhim manbalardir. Buxoro xonligi tarixini o’rganishda o’sha zamonda yozilgan Mahmud ibn Valining «Bahr al-asror», Samandar Termiziyning «Dastur al-muluk», Muhammad Yusuf Munshiyning «Muqimxon tarixi», Mir Muhammad Amin Buxoriyning «Ubaydullaxon tarixi», Abdurahmon Tolening «Abulfayzxon tarixi», Xojamqulixon Balxiyning «Qipchoqxon tarixi», «Tarixi amir Haydar», «Fathnomayi sultoniy», «Mang’itlar xonadoni saltanati qisqacha tarixi» kabi asarlar muhim o’ringa ega. Xiva xonligi tarixiga doir ko’pgina asarlar ham bizgacha etib kelgan. Ular orasida Abulg’ozi Bahodirxonning «Shajarayi turk» va «Shajarayi tarokima», Shermuhammad Munisning «Firdavs ul-iqbol yoki Iqbolnoma», Ogahiyning «Riyoz ad-davla», Yusuf Bayoniyning «Shajarayi Xorazmshohiy», «Xorazm tarixi», «Iqboli Feruziy» va boshqalar shular jumlasidandir. Arab va fors tillarida yozilgan bir qator asarlar ham o’zbek tiliga tarjima qilingan. Qo’qon xonligi tarixini o’rganishda «Tarixi Umarxon», «Muntaxab at-tavorix», «Tarixi Shohruxbiy», «Tarixi jahonnamoy», «Tarixi jadidi Toshkand» kabi asarlar ham muhim manba hisoblanadi. Xonliklarda yuzlab olimlar, shoirlar ijod qilganlar. Tibbiyot ilmni rivojlantirishga olim Sultan Ali katta hissa qo’shgan. U inson tanasi kasalliklari va ularni davolash to’g’risida «Dastur al iloj» va «Muqaddimayi dastur al iloj» asarlarini yozgan. XVI asrda Buxoro xonlari huzurida tabiblik qilgan Muhammad Yusuf va Shoh Ali ko’z kasalliklari va ularni davolashga doir «Ko’z tabiblari uchun qo’llanma», «Ko’z kasalligiga oid asarlar sarasi» asarlarini yozganlar. Xonliklarda shoiru fozillar adabiyot sohasida ijod qilganlar. Buxoroda ijod etgan Mirza Sodiq Munshiy 15 ming g’azal va masnaviylardan iborat «Devon» kitobini yaratadi. Fazliy, Mushrif, Mahmur, Gulxaniy va boshqa ko’plab qalam sohiblari Qo’qonda ijod etdilar. Qo’qonda adabiy muhitning rivojiga Umarxon va uning xotini Nodira katta hissa qo’shdilar. Ularning taklifi bilan saroy shoirlari Fazliy va Mushrif Qo’qon shoirlarining «Majmuat ush-shuaro» nomli taskirasini yaratdilar, unga ko’plab ijodkorlarning she’rlari kiritilgan edi. Musiqa va qo’shiqchilik san’ati ham ancha rivoj topib bordi. Puflab yoki urib chalinadigan, torli musiqa asboblari, milliy qo’shiqchilik, milliy raqs aholi o’rtasida keng tarqalib bordi. Qo’shiqchilikda terma, lapar, yalla, maqom janrlari keng qo’llanilardi. Hofizlar, baxshi dostonchilar xalq tomonidan e’zozlanar edi. To’y va sayillarda «Go’ro’g’li», «Kuntug’mish», «Shohsanam va G’arib», «Tohir va Zuhra» kabi o’zida vatanparvalik, mardlik, sevgi, mehr, insof va diyonat g’oyalarini mujassamlashgan dostonlar zo’r maroq bilan kuylanar va tinglanar edi. Shuningdek, xalq orasida qiziqchilik, masxarabozlik, askiyabozlik, qo’g’irchoq o’yini, dorbozlik san’ati ham keng tarqalgan edi.

XIX asr birinchi yarmida o‘zbek xonliklarining jug‘rofiy-siyosiy o‘rni, davlat boshqaruvi va ijtimoiy-siyosiy hayoti

Buxoro amirligi. Buxoro amirligi o’zbek xonliklari orasida o’zining hududiy o’rni, aholisi va tabiiy resurslari jihatidan muhim mavqeiga ega edi. XIX asrga kelganda, Buxoro amirligining hududi qariyb 200 ming kvadrat kilometrni tashkil etardi. Uning chegaralari janubda Amudaryoning so’l qirg’og’idan boshlanib, Sirdaryogacha cho’zilib, qozoq juzlari bilan chegaradosh edi. Amirlik sharqda Pomir tog’lari, g’arbda Xiva xonligi chegaralarigacha bo’lgan hududni ishg’ol etardi. Buxoro va Samarqand kabi yirik shaharlar joylashgan Zarafshon vodiysi amirlikning markaziy qismi hisoblanardi. Qashqadaryo va Surxondaryo vohalari, hozirgi Tojikiston hududidagi Vaxsh, Kafirnihon, Panj daryolari vodiysida joylashgan shahar va qishloqlar, hozirgi Turkmaniston hududidagi Murg’ob daryosi vohalaridagi erlar Buxoro amirligiga qarar edi.

Buxoro amirligining poytaxti Sharqda eng nufuzli shahar sifatida e’tirof etilgan Buxoroi Sharif edi. Yirik shaharlardan Samarqand, Qarshi, Shahrisabz, Kitob, Termiz, Sherobod, Hisor, Dushanbe, Ko’lob va boshqalar amirlik tasarrufida edi. Marv va Chorjo’y shaharlari uchun Buxoro amirligi bilan Xiva xonligi o’rtasida, Jizzax, O’ratepa va Xo’jand shaharlari uchun Buxoro amirligi bilan Qo’qon xonligi o’rtasida tez-tez urushlar bo’lib, bu shaharlar qo’ldan-qo’lga o’tib turardi. XIX asr birinchi yarmida Buxoro amirligida 2 millionga yaqin aholi yashardi. Aholi amirlikning sersuv vohalarida yashab, jazirama issiq, suvsizlik hukmronlik qiluvchi Qizilqum sahrolari va cho’llari kimsasiz yastanib yotardi. Zarafshon vodiysida 300-350 ming, Qashqadaryo vohasida 500 ming, Surxandaryo vohasida 200 ming, Sharqiy Buxoroda 500 mingcha aholi yashardi. Amirlikning yirik shaharlari – Buxoroda 60 ming, Samarqandda 50 mingga yaqin aholi yashardi. Aholi etnik jihatdan ko’pgina elatlardan iborat bo’lib, ularning qariyb 57 foizi o’zbeklar edi. O’zbeklar bir qancha qabilalardan tashkil topgan bo’lib, ular orasida mang’it, saroy, qo’ng’irot, jabg’u, qarluq, qalmoq, nayman, qipchoq, ming, yuz qabilalari ko’pchilikni tashkil etardi. Ular asosan Zarafshon, Qashqadaryo va Surxandaryo vohalaridagi shahar va qishloqlarda yashardi. Buxoro amirligining Xisor, Dushanbe, Sharqiy Buxorodagi Vaxsh, Kafirnihon va Panj daryolari vodiylarida, asosan tojiklar yashar edi. Amirlikning janubiy va g’arbiy qismida turkmanlar, shimoliy-sharqiy tomonida qozoq va qirg’izlar yashardi. Shuningdek, amirlik hududida afg’onlar, eroniylar, arablar, yahudiylar, hindlar va boshqa etnik guruhlar mavjud edi. Aholining aksariyat ko’pchiligi qishloqlarda istiqomat qilardi. Ular dehqonchilik, chorvachilik bilan shug’ullanardi. Sug’oriladigan erlarda paxta, bug’doy, sholi, jo’hori, bog’ va poliz mahsulotlari etishtirilar edi. Uzum, olma, nok, shaftoli, o’rik, gilos, anjir, qovun, tarvuz etishtirilardi. Meva-chevalar quritilib shirinlik o’rnida ishlatilardi. Chorvachilikda qo’ychilik, qorako’l qo’ychiligi, hunarmandchilikda gilamdo’zlik, o’ymakorlik, zardo’zlik, tegirmonchilik, ko’nchilik, to’quvchilik, temirchilik, kulolchilik, beshikchilik, sandiqchilik, etikdo’zlik, moyjuvozlik, sovungarlik keng tarqalgan edi. Amirlik iqtisodiy hayotida qoloqlik, turg’unlik hollari mavjud edi, aholining turmushi past darajada edi. Erga egalik shakli ming yillar davomida o’zgarmay kelmoqda edi, aholiga solinadigan o’lpon va soliqlar haddan tashqari ko’p edi. Aholi sotib olish qobiliyatining pastligi hunarmandchilikning rivojlanishiga to’sqinlik qilardi. Buxoro amirligi monarxiya tipidagi davlat bo’lib, amir cheklanmagan hokimiyatga ega edi. Amir o’z fuqarolarini o’ldirishi yoki hayot qoldirishi, butun aholi mulkiga ega bo’lishga ham haqli edi, ko’ngli tusaganini qilardi.

XIX asr boshlariga kelganda, amirlikda xizmatkor amaldorlar tabaqasi shakllandi. Faqat amir saroyining o’zida 300 ga yaqin amaldor xizmat qilardi. Bu tabaqa davlat xazinasidan maosh olar, amirga batamom qaram bo’lib, ularni amirning o’zi tayinlar yoki egallab turgan lavozimidan olib tashlar edi. Amaldorlar amir farmoyishini bajaribgina qolmay, uning istak-xohishi va ko’nglini topa bilishlari, unga doimo xushomad qilishlari kerak edi. Shu bois saroyda xushomadgo’ylik, amir shaxsini ulug’lash rasm bo’lib qoladi. Amir va uning oilasigagina emas, quyi mansabdagilar yuqori amaldorlarga ham xushomadgo’ylik qilardilar. O’z mavqei, turmushi, oilasining omonligi, mulki uchun qo’rqish, ertangi kunga ishonmaslik kabi og’ir vaziyat vujudga keladi. Qisqasi, mansabdorning taqdiri to’lig’icha yuqori amaldor qo’lida edi. Mansabni sotish, poraxo’rlik keng tarqaldi. Amirlikdagi eng katta saroy mansablari va unvonlari

Qushbegi, dargoh vaziri, ya’ni bosh vazir lavozimi edi. Davlatning barcha boshqaruv idoralari unga itoat etar edi. Bir so’z bilan aytganda, barcha ijroiya hokimiyat qushbegining qo’lida edi. Viloyat va tuman hokimlari ham qushbegi tavsiyasiga binoan tayinlanar edi. Qushbegi xon istiqomat qilib turgan arki oliyda turar edi.

Devonbegi – xonlikning moliya-xazina ishlarini boshqargan. Soliq va jarimalarning undirilishi ustidan nazoratni ham devonbegi amalga oshirgan. Devonbegi arki oliyning bir chetida yashagan.

Ko‘kaldosh -(xon bilan bir onadan sut emgan kishi) butun amirlik hududida amirga va amirlikka nisbatan do’stona yoki dushmanlik munosabatida bo’luvchilar haqidagi ma’lumotlarni to’plab hukmdorga etkazib turgan.

Mushrif – lavozimida ishlagan amaldorlar xonga in’om etilgan buyumlarni hamda harbiy anjomlarni ro’yxatga olish bilan mashg’ul bo’lgan. Soliq tushumlarini ham maxsus daftarga yozib borgan.

Mirshab -tungi qorovullar boshlig’i vazifasini bajargan.

Dodxoh – fuqarolarning arz va shikoyatlarini tinglovchi, hal etuvchi mansabdor bo’lgan, bularni kerak bo’lsa xon yoki qushbegiga etkazib turgan.

Inoq – bu lavozimda ishlagan amaldorlarning vazifasi amir farmoyishlarini bek va boshqa tabaqadagi mahalliy mansabdorlarga etkazishdan iborat bo’lgan.

Miroxo‘r – amirning ovchi qushlarini tasarruf qiluvchilar ustida turgan, xon ovlarini uyushtirish ishiga mutasaddi bo’lgan.

Dasturxonchi – amir huzurida uyushtiriladigan ziyofatlar uchun mas’ul amaldor.

To‘qsobo – amir tug’i sohibi bo’lgan harbiy mansabdor.

Parvonachi – biror shaxsning biror lavozimga tayinlanganligi haqidagi yorliqni o’sha shaxsga etkazuvchi amaldor.

Sadrlar – vaqf mulklarini boshqaruvchi mansabdorlar. Vaqf muassasasining boshliqlari bo’lgan mutavallilar sadrlarga bo’ysunganlar. Sadrlarning vazifa va huquqlari vaqf yorlig’i shartlarida qayd etib qo’yilgan. Sadrlar vaqf xo’jaligi daromadining ma’lum qismini olardilar.

Shayxulislom – musulmon jamoasi boshlig’i. Qozilik ishlarida hamda kundalik hayotda qonunlarga rioya etilishini ta’minlovchi amaldor. Bu lavozim avloddan-avlodga meros bo’lib ham o’tgan.

Katta qozi (Qozi kalon) – davlatning oliy qozisi (sudyasi). Amir aralashmaydigan barcha qozilik ishlariga rahbarlik qiluvchi oliy davlat lavozimi. Qozi kalon «Shariat panoh» deb atalardi. Qozi kalon huzurida a’lam va 12 muftiydan iborat devon tuzilgan. Uning vazifasi jinoiy ishlarni har tomonlama ko’rib chiqishdan iborat bo’lgan.

Muftiy – qozi kalon murakkab deb hisoblagan turli diniy-huquqiy masalalar bo’yicha, shariat qonunlariga asoslanib fatvo chiqargan. Bu fatvo uning yoki bir necha muftiyning muhri bilan tasdiqlangach, qoziga berilar edi. Qozi bu fatvoga asoslangan holda hukm chiqarardi.

Amaldorlarga amir nazariga tushgan xizmatlari uchun otaliq, eshik og‘asi kabi e’tiborli unvonlar berilgan. Xonning, uning o’g’illarining ham otalig’i bo’lgan. Amaldorlar harbiy yurishlarda ham qatnashgan. Xon yig’inida amaldorlarning amaliga qarab o’rni bo’lar edi. Shunga ko’ra ular xonning o’ng va so’l tomonida, unga yaqinroq va uzoqroq erda o’tirardilar. Ba’zilari o’tirishar, ba’zilari esa tik turishardi. Kattaroq amaldor saroyga ot minib kirsa, ba’zilari piyoda kirardi. Amirlikda amaldorlardan tashqari diniy ulamolar ham hukmron mavqega ega edi. Ular o’zlarini Muhammad payg’ambarning avlodlarimiz deb hisoblovchi sayyidlar hamda choriyor halifalar – Abubakr, Umar, Usmon va Ali avlodlaridanmiz deyuvchi xo’jalardan iborat edi. Ular katta er-suvga, savdo do’konlariga, hunarmandchilik ustaxonalariga ega edilar. Amirlikda jo’ybor shayxlari alohida mavqega ega bo’lib, XIX asrda ular Buxoroda 16 mahalla bo’lib yashardi. Sudlov ishlarida shariat qonun – qoidalariga rioya etilishini ta’minlashda shayxulislom, a’lam va qozilar amirning eng yaqin yordamchilari edi. Amirlikda eng katta mansabdorlardan biri Qozi kalon hisoblanardi. Uning mahkamasida har bir viloyatdan bittadan qozi ish olib borardi. Ularni amirning o’zi tayinlardi. Qozi din masalalari, oila, meros, jinoiy ishlarga oid masalalar bo’yicha hukmlar qabul qilardi. Buxoro amirligi 27 beklik: Karmana, Xatirchi, Ziyovuddin, Nurota, Qarshi, Kitob, Shahrisabz, Chiroqchi, Yakkabog’, G’uzor, Boysun, Sherobod, Denov, Karki, Chorjuy, Xisor, Ko’lob, Qorategin, Darvoz, Baljuvon, Sho’g’non-Rushon, Qo’rg’ontepa, Qobodiyon, Kalif, Bo’rdalik, Qoboqli va Norazm bekliklaridan iborat edi. Har bir beklikni amir tomonidan tayinlab qo’yiladigan hokimlar – beklar idora qilardi. Hokim huzurida yuzlab mahalliy ma’murlar xizmat qilardi. Manbalar amirlikda mahalliy ma’murlar shtati 30000 kishini tashkil etganligidan guvohlik beradi. Hokim va uning xizmatkorlariga maosh davlat xazinasidan berilmas edi, ular mahalliy aholidan olingan turli – tuman soliq va to’lovlar hisobiga tirikchilik qilishardilar. Hokimlar, soliq yig’uvchilar, qozilar xohlagancha ish yuritardilar, ularning faoliyatini belgilovchi qonunqoidalar yo’q edi. Ularning suiste’mollari xalq gardaniga og’ir yuk bo’lib tushardi. XIX asr 30-yillarida amir qo’shinida 19 mingga yaqin yollangan askarlar bo’lib, ular turli shahar va istehkomlarda harbiy xizmatni o’taganlar. Qo’shin askarlari, asosan, o’q-yoy, nayza, qilich, xanjar, oybolta kabilar bilan qurollangan. Manbalar amir qo’shinida piltali miltiqlar va kichik to’plar ham bo’lganligidan guvohlik beradi. Amir qo’shinining jangovorlik darajasi past edi. Askarlar harbiy mashqlarga nisbatan ko’proq mehnat bilan band bo’lardi. Sipohlikka 15 yoshdan 70 yoshgacha erkaklar olinardi, qo’shin safida keksayib qolganlar anchagina bo’lardi. Amirlikning yillik daromadi 2 mln. 300 ming so’m bo’lgani holda, uning 1 mln. 300 ming so’mi qo’shinni saqlashga sarflanardi. Oziq-ovqat etishmasligidan sipohlar qochardi, kiyimi yupun edi. XIX asr o’rtalarida askarlar soni, piltali miltiq va to’plar ham anchagina ko’paygan. Qo’shinda yuz boshi, ming boshi singari harbiy lavozimlar bo’lib, umumiy qo’mondonlikni lashkarboshi boshqargan. Amirlikning qo’shini muntazam bo’lmay, zaruriyat bo’lganda to’planardi, ularni to’plash qiyin kechardi. Bu amirlikning zaiflik omillaridan biri edi.

Xiva xonligi. Manbalarda ko’rsatilishicha, XIX asr birinchi yarmida Xiva xonligining hududi 19 ming kvadrat milni tashkil etgan. Xonlik janubda Eron bilan, sharqda Buxoro amirligi, g’arbda Kaspiy dengizi, shimolda qozoq juzlari bilan chegaradosh edi. Suvsiz, cheksiz Qoraqum, Qizilqum sahrolari Xiva xonligini hududiy jihatdan boshqa mamlakatlardan ajratib qo’ygan edi. Quyi Amudaryo bo’yi Xiva xonligining markaziy qismini tashkil etardi. Amudaryo sohillarida joylashgan Xiva, Urganch, Qiyot, Ko’na Urganch, Xazorasp, Qo’ng’irot, Xo’jayli, Kurdar (Xozirgi Chimboy) shaharlari xonlikning yirik shaharlari edi. O’rta Osiyoning eng boy savdo markazlaridan biri bo’lgan Xiva shahri xonlikning poytaxti hisoblanardi. Shahar ikki qismdan Ichan qal’a (shaharning ichki qismi) va Dishon qal’a (shaharning tashqi qismi)dan iborat edi. Ichan qal’ada xon qarorgohi va harami, 17 ta masjid, 22 ta madrasa, karvonsaroy va bozor joylashgan bo’lib, ular asosan X1X asrda barpo etilgan. 1842 yilda Dishon qal’a qurilib, devor bilan o’rab olinadi. Dishon qal’ada hunarmandlar, savdogarlar, mardikorlar, qisman dehqonlar ham istiqomat qilganlar. Xiva xonligida taxminan 800 mingga yaqin kishi yashardi. Aholining ko’pchilik qismi o’zbeklar bo’lib, ulardan eng kuchli va ko’p sonlilari qo’ng’irot, nayman, qiyot, uyg’ur, nukuz, qangli, xitoy, qipchoq qabilalari edi. O’zbek qabilalari asosan Amudaryo tarmoq yoygan qismida, kanallar bo’ylarida joylashgan edi. Aholining anchagina qismini (taxminan 1/4 qismi) turkmanlar tashkil etardi. Turkmanlar qadimgi o’g’izlarning avlodlari bo’lib, forscha gaplashuvchi mahalliy xalqlar, o’zbeklar bilan qorishib ketgan edi. Qoraqalpoqlar yashaydigan Amudaryoning quyi havzasi va Orol degizining janubiy qirg’oqlari Xiva xonligi tasarrufida edi. Qoraqalpoqlar bu hududdagi sho’rxok erlarni qancha mashaqqatlar bilan o’zlashtirib tirikchilik qilardi. Dehqonchilik, chorvachilik, baliqchilik, ovchilik qoraqalpoqlarning asosiy mashg’uloti edi.

Xonlikning shimoliy qismida qozoqlar yashardi. Shuningdek, xonlikda qisman forslar, arablar va boshqalar ham yashagan. Muhammad Rahim I (1806-1825 yillar) davrida xonlikdagi o’zaro urushlar biroz tinchidi, xonlikni birlashtirish nihoyasiga etdi. Qoraqalpoqlar hamda turkmanlarning chavdor qabilalari ham bo’ysundirildi. Mamlakatda o’tkazilgan soliq islohoti, bojxona joriy etilishi, oltin pul zarb etilishi xo’jalik ishlariga o’zining ijobiy ta’sirini ko’rsatdi. O’z vaqtida yig’ib olingan soliqlar xonlik daromadini oshirdi. O’rta Osiyodagi qo’shni davlatlar singari Xiva xonligi ham monarxiya tipidagi davlat edi. Davlat tuzumi Buxoro amirligiga o’xshardi. Oliy xokimiyat xon qo’lida bo’lib, uning huquqi chegaralanmagan – hokimi mutlaq edi. Xiva xonligida qulchilik rasmiy jihatdan hamon mavjud edi. Dishon qal’ada qul bozori bo’lib, sotilguncha qullarni ushlab turuvchi maxsus bino mavjud edi. Qul savdosi ayrim toifadagi odamlar uchun daromadli edi, qul sotish bilan ko’proq turkmanlar shug’ullanardi. Ular Eron, Afg’oniston, Badaxshonga hujum qilib, qishloq aholisini qul qilar, bozorda sotardi.

Xonlikda eng nufuzli lavozim bosh vazir yoki qushbegi bo’lib, u soliqlarni to’plash va xonning topshiriqlarini bajarish bilan shug’ullangan. Saroyda Otaliq, Rais, Qozi kalon, Shayxulislom, Mirobboshi, Mirshabboshi, To’pchiboshi, Yasovulboshi kabi amaldorlar xon xizmatida bo’lardi. Devonbegi xon devonini boshqarardi. Xazinachi xonlikning kirim va chiqim hamda sarfxarajatlarini yuritar, bu haqda xon yoki bosh vazirga hisob berar edi. Xonlikdagi eng katta mansab va unvonlar inoq, otaliq, biy hisoblanardi. Bunday lavozimga ko’tarilganlar xonga eng yaqin odamlar bo’lib, soliqlardan ham ozod qilinar edi. Bunday unvonlar xon farmoni orqali e’lon qilingan va yorliqlar berilgan. Saroyda mirzaboshi, munshay, mahramboshi kabi mansabdorlar ham faoliyat ko’rsatishgan.

Bu va’muriy-hududiy jihatdan Xiva xonligi Xazarasp, Gurlan, Xonqa, Ko’na Urganch, Qo’shko’pir, Pitnak, G’azovot, Qiyot, Shoxabboz, Shovot, Toshhovuz, Ambormanok, Urganch, Xo’jayli, To’manoy, Qo’ng’irot kabi beklik yoki viloyatlarga bo’lingan.

Bekliklarni xon tomonidan tayinlangan beklar, noibliklarni noiblar idora qilgan. Bek va noiblar huzurida ularga xizmat qiluvchi ko’pdan-ko’p amaldorlar bo’lgan. Xiva shahri shaxsan xonning va bosh vazirning izmida bo’lgan. Shahar ichki tartiblari va osoyishtaligi mirshabboshi, jinoiy ishlarni ko’rish va jazo tayinlash shahar qozisi, poytaxtni tasodifiy xujumlardan himoyalash To’pchiboshi va Ichan-qal’a, Dishonqal’a qutlovi (komentanti) zimmasida bo’lgan. Xiva xonligida taxminan 40 ming otliqdan iborat qo’shin bo’lib, qo’shinga lashkarboshi qo’mondonlik qilgan. Askarlik xizmatida bo’lganlar soliqlardan ozod etilgan. Yurishda qatnashgan har bir suvoriy 5 oltin tanga olgan. Xonning ko’rsatmasiga binoan, o’zini ko’rsatgan xarbiy lavozimdagilarga 10,20, 50,100 va undan ham ko’proq miqdorda oltin tanga berilgan. Biylarga 50-100 tanga, yuzboshilarga 10-20 tanga maosh berilgan. Tinchlik paytlarida askarlar xo’jalik ishlari bilan shug’ullanganlar. Xon qo’shinlari Buxoro qo’shinlari kabi qilich, o’q-yoy, nayza bilan qurollangan. Ozchilik askarlarda pilta miltiqlar ham bo’lardi, oz miqdorda to’plar ham bor edi.

Qo‘qon xonligi. XIX asr birinchi yarmida Qo’qon xonligi hududiy jihatdan O’rta Osiyodagi yirik davlat edi. Qo’qon xonligi sharqda Sharqiy Turkiston, g’arbda Buxoro amirligi va Xiva xonligi bilan chegaradosh edi. Xonlik hududi shimolda uchchala qozoq juzlarini batamom o’ziga bo’ysundirib olgan Rossiya bilan chegaralanardi. Xonlikning janubiy chegaralari Qorategin, Ko’lob, Darvoz, Sho’g’non singari tog’li hududlarni o’z ichiga olar, bu hududlar uchun Buxoro amirligi bilan qonli urushlar bo’lar, ular qo’ldanqo’lga o’tardi. Qo’qon xonligi hududi Buxoro amirligi va Xiva xonligidan farqli o’laroq sersuv daryolari, so’lim vodiylari, serhosil erlari ko’p edi. Xonlikning markazi Qo’qon, Marg’ilon, O’zgan, Andijon, Namangan kabi yirik shaharlar joylashgan Farg’ona vodiysi edi. Toshkent, Chimkent, Turkiston, Avliyoota, Pishpak, So’zak, Oq-machit kabi yirik shaharlar ham Qo’qon xonligi tasarrufida edi. Qo’qon xonligida aholi nisbatan zich joylashgan bo’lib, taxminan 3 millioncha kishi yashardi. Xonlikning poytaxti Qo’qonda 80 000, Toshkent shahrida 60000 aholi yashagan. Qo’qon xonligi aholisining ko’pchilik qismi o’zbeklar edi. Shuningdek, xonlik aholisi tojiklar, qirg’izlar, qozoqlar, uyg’urlar, qoraqalpoqlardan iborat edi. Bular bilan yonma-yon yahudiylar, tatarlar, hindlar va boshqa elatlarning vakillari ham yashardi. Qo’qon xonligida davlat boshqaruvi Buxoro va Xivanikiga o’xshardi. Xon huquqi xech nima bilan chegaralanmagan hokimi mutlaq edi. Xondan keyingi ikkinchi shaxs vazir hisoblanib, u muhim davlat masalalarini xon bilan kelishgan holda hal etardi. Markaziy davlat boshqaruvida Qushbegi, Otalik, Devonbegi, Mingboshi, Shayxulislom, Qozi kalon, Parvonachi, Shig’ovul, Sarkor, Inoq, Dasturxonchi, Amin, Yassovulboshi kabi amaldorlar xizmat qilardi. Saroy qoshida maxsus kengash tuzilgan bo’lib, uning tarkibiga eng oliy mansabdor shaxslar kirgan. Xon kengashning raisi va masalani hal qiluvchi shaxs edi.

Qo’qon xonligida qo’shinni, aslahaxonani, harbiy ishlarni Mingboshi boshqarardi. Qo’shinda beshyuzboshi, yuzboshi va o’nboshi harbiy lavozimlari bor edi. Qo’shinning bir qismi muntazam xizmatda bo’lib, markaziy hokimiyat ixtiyorida bo’lardi. Xon gvardiyasi deb atalgan bu harbiy qismda qipchoqlar, qirg’izlar va tojiklar katta o’rin tutardi. Urush paytlarida xon tajribali zobitni lashkarboshi qilib tayinlardi. Harbiy xizmatdagilarga bir ot va egar-jabduq berilar edi. Yuzboshiga bir yilga 147 so’m, ellikboshiga 98 so’m, o’nboshiga 65 so’m, oddiy sarbozga 48 so’m maosh to’lanardi. Markaziy hokimiyat tasarrufida bo’lgan 10 ming kishiga yaqin suvoriylar qismi harbiy xizmatchilariga davlat xazinasidan maosh to’langan. Harbiy qo’shin qilich, nayza, piltali miltiq bilan qurollantirilgan. Shuningdek, qo’shinda to’plar ham bor edi. Qo’qon xonligi 15 beklik, harbiy okrugga bo’lingan bo’lib, ularning yarmidan ko’piga xonning o’g’illari yoki qarindoshlari hokimlik qilardi. Hokimlar o’z xududidagi harbiy kuchlar qo’mondoni hamda fuqarolik boshqaruvining boshlig’i edi. Hokimlar xonning birinchi da’vatidanoq o’z qo’shinlari bilan belgilangan joyga etib kelishi shart edi. Shu tariqa, xon ancha qo’shin to’plash imkoniyatiga ega edi. Qo’qon xoni zaruriyat bo’lganda, oziq-ovqat ortilgan 12 ming aravaga ega bo’lgan 60 mingtacha sipohni yig’a olardi.

Xonliklarda o‘zaro va ichki kurashlarning avj olishi, uning oqibatlari

Chor Rossiyasi butun Sibirni bosib olib, qozoq va qirg’izlar yashovchi hududlar – kichik juz, o’rta juz va katta juzni o’ziga bo’ysundirib, endi O’rta Osiyoga siljib kelmoqda edi. Rossiya bilan Qo’qon xonligi bevosita chegaradosh bo’lib qolgan edi.

Rus hukumatining Qo’qon xonligiga tazyiqi xonlikning qozoq va qirg’izlarga nisbatan ta’sir doirasini qirqish siyosati va amaliyotida yaqqol ko’rinmoqda edi. Bu yovuz niyatni barcha o’zbek xonlari tushunardi, ammo ojizligi tufayli tajovuzni bartaraf etish bo’yicha taqozo etgan darajada tadbir topolmadilar. Vaziyat uchchala xonlikning birlashib dushmanni daf etish yo’lidan borishini talab qilardi. Amalda esa buning aksi bo’ldi, ular birlashish o’rniga o’zaro kurashni avj oldirdilar. Xususan, Qo’qon xonligida notinchlik, xokimiyat uchun ichki kurash avj olib ketdi. Qo’qon xoni Muhammad Alixon (1822-1841) taxtga o’tirgandan boshlab 1834 yilgacha Qorategin, Kulob, Darvoz viloyatiga to’xtovsiz yurishlar qilib, ularni Qo’qon xonligiga bo’ysundirdi. 1826-1831 yillar davomida esa bir necha marta Qoshg’arga bostirib bordi, xitoyliklar bilan urush qildi, ming-minglab kishilarning qirilib ketishga sababchi bo’ldi. Muhammad Alixon o’z atrofidagilarning ta’siriga tushib, hatto o’z otasining eng obro’li a’yonlarini ta’qib qildi, xon hokimiyati bilan mahalliy amaldor-zodagonlar o’rtasida tarkib topgan ittifoqni buzdi. Ularning ayrimlari qatl etildi, surgun qilindi, ba’zilari Buxoroga qochib ketishdi. Omon qolganlar xondan norozi bo’lganlarni o’z atrofiga to’plab, xonni taxtdan qulatishga tayyorlana boshladilar. Xonning engiltakligi, aysh-ishratga berilishi aholini o’ziga qarshi qilib qo’ydi. Ruhoniylar xonni axloqsizlikda, shariatga qarshi jinoyatlarda ayblab, unga qarshi ochiq targ’ibot olib borishdi. Xondan norozi bo’lganlar 1839 yilda o’z elchilarini Buxoro amiri Nasrullo xuzuriga yuborib, yordam so’raydi. Bu vaqtda Buxoro amiri bilan Qo’qon xoni o’rtasida Jizzax, O’ratepa va Xo’jand uchun urush borayotgan edi. Amir Nasrullo Qo’qon qo’shinini tor-mor etib, Jizzax, O’ratepa va Xo’jandni o’z tasarrufiga kiritadi. Endi Qo’qon sari otlandi. Ayni paytda, 1841 yilda Muhammad Alixonning zulmiga qarshi Qo’qon shahar aholisi qo’zg’olon ko’tardi. Xon O’rdadan qochib ketdi. Qo’zg’olonchilar talabiga binoan bir necha aybdor shaxslar qatl etildi. Xalq Buxoro amiri Nasrulloning Qo’qonga xujum qilmoqchi bo’lganligini eshitgach qo’zg’olonni to’xtatdilar. Buxoro amiri o’z qo’shinlari bilan Qo’qonga yaqin joylashgan Beshariqqa kelganda Muhammad Alixon elchilar orqali amir Nasrulloga qimmatbaho sovg’alar yuborib, Xo’jandni amirga topshiradi va o’zini Buxoro amirining noibi deb tan oladi. Amir Nasrullo esa Buxoroga qaytib ketadi. O’z taxtini saqlab qolgan Muhammad Alixon o’ziga yoqmagan kishilarni yana ta’qib etish, qatl qilishni davom ettirdi. Poytaxtda yana norozilik kuchayib, qo’zg’olon boshlandi. Nihoyat, 1841 yil noyabr oyida Muhammad Alixon taxtdan voz kechishga majbur bo’ladi va uning ukasi Sulton Mahmud xon bo’ladi. 1842 yili Buxoro amiri Nasrullo Qo’qonga qarshi o’z qo’shinlarini safarbar etdi. Qo’qon qo’shinlari tor-mor etildi. Qo’qon xonligi Buxoro amirligiga bo’ysundirildi. Qo’qonnning taslim bo’lishiga xonlikdagi parokandalik va xalqning o’z hukmdoridan noroziligi sabab bo’ldi. Muhammad Alixon o’z a’yonlari bilan tutib olindi va amir Nasrullo buyrug’iga binoan qatl etildi. Hatto xalqning sevimli shoirasi Nodiraga ham shafqat qilinmadi. Amir Nasrulloning Qo’qon xonligidagi hukmronligi uzoqqa cho’zilmadi. Amirning Qo’qondagi noibi Ibrohim dodxohning Qo’qon xonligi aholisini ilgaridan undirib kelingan soliqlarga qo’shimcha ravishda Buxoro amirligida joriy etilgan soliqlarni ham majbur qilishi natijasida butun Qo’qon xonligi xududida 1842 yili katta qo’zg’olon ko’tarildi. Uning oqibatida amirning Qo’qondagi noibi va beklari hokimiyati ag’darildi. Buxoro amirligi hokimiyatiga qarshi kurashda Qo’qon aholisining qo’zg’olonini tashkil etgan maxalliy kuchlar Farg’ona vodiysida ko’chib yurgan qipchoqlar madadiga tayangan edilar. Qo’qon xonligining mustaqilligi tiklandi. Taxtga Norbo’tabiyning ukasi Sherali o’tkazildi. Qo’qon xonligi mustaqilligini tiklashda ming qabilasiga katta madad bergan qipchoqlar xonlik siyosiy hayotida katta mavqega ega bo’lib oldilar. Qipchoqlar yo’lboshchisi Musulmonqul qo’shin boshlig’i, bosh vazir, bosh maslahatchi etib tayinlandi. Amalda davlat boshqaruvi ishlari uning qo’lida to’plangan edi. Eng mas’uliyatli davlat ishlari lavozimlariga qipchoq zodagonlari tayinlandi. Qo’qondagi mag’lubiyatga chiday olmagan amir Nasrullo yana Qo’qonga yurish qildi. U Qo’qon shahrini 40 kun qamalda tutdi. Ayni paytda, Xiva xoni Olloqulixon Buxoro amirligiga qarashli Chorjo’yga hujum boshladi. Amir Nasrullo Buxoroga qaytishga majbur bo’ldi. 1843 yilda Xazorasp yaqinida Buxoro va Xiva qo’shinlari o’rtasida katta jang bo’ldi. Amir Nasrullo mag’lubiyatga uchradi. Bundan foydalangan Qo’qon xonligi Xo’jand bilan Toshkentni yana o’z tasarrufiga kiritdi. Sheralixon xukmronligi davri aholidan soliq undirish kuchayishi bilan ajralib turadi. Bu hol mehnatkash aholining noroziligini keltirib chiqardi. Bundan tashqari davlat ishlarida muhim lavozimlarni egallab olgan qipchoqlar davlat hayotining har bir sohasida o’z hukmronliklarini o’tkazishga, boshqa o’zbek qavmlari, qirg’iz va tojiklarning mamlakat hayotidagi ta’sirini kamaytirishga urindilar. Qipchoqlarning Qo’qonga ko’chib kelishi yanada kuchaydi. Ular mahalliy aholining uy-joyini, mol-mulkini zo’ravonlik bilan egallab ola boshladilar. Bularning bari xonlikda qipchoqlarga nisbatan norozilikni kuchaytira bordi. Sheralixon bu vaziyatni tushunib etdi va Musulmonquldan qutilish payiga tushdi. Musulmonqul xonning niyatini sezib qoladi va unga qarshi fitna uyushtiradi. Bu fitnani amalga oshirish uchun qulay fursat ham etgan edi. Fitna rejasiga ko’ra, Musulmonqul soliqlarning haddan tashqari og’irligidan norozi bo’lib qo’zg’olon ko’targan O’sh aholisining qo’zg’olonini bostirish uchun qo’shin bilan jo’nab ketishi, ayrim siyosiy kuchlarning vaziyatdan foydalanib Samarqandda yashayotgan marhum Qo’qon xoni Olimxonning o’g’li Murodxonni olib kelib Qo’qon taxtiga o’tkazilishi nazarda tutiladi. Qipchoqlardan norozi bo’lgan mahalliy aholining Murodxonni qo’llabquvvatlashiga Musulmonqul ishonar edi. Musulmonqul O’shdan qaytgach, «davlat to’ntarishida» ishtirok etganlarning barchasini jazolashi, shu yo’l bilan o’zining barcha raqiblaridan qutulmoqchi, qipchoqlarning to’la hukmronligini o’rnatmoqchi edi. Amalda ham shunday bo’lib chiqdi. Bu mash’um niyatdan habari yo’q Murodxon Isfara hokimining taklifiga ko’ra Qo’qonga keladi va taxtga da’vo qiladi. Bu bo’layotgan katta «siyosiy o’yin»ning tagida nima yotganini tushunib etgan Sheralixon Murodxon foydasiga taxtdan voz kechadi. Tez orada Murodxon buyrug’i bilan Sheralixon o’ldiriladi. Musulmonqulga esa o’z lavozimlarida qolganligi haqidagi farmon jo’natiladi. Mash’um niyati amalga osha boshlagan Musulmonqul o’z qo’shinlari bilan Namanganga keladi. Avval ishni o’zining 12 yashar qizini marhum Sheralixonning o’g’li Xudoyorxonga nikohlab beradi. 13 yoshli Xudoyorxon bu davrda Namangan xokimi edi. Shundan so’ng Qo’qonga kelib Murodxon va uni qo’llab quvvatlaganlarni fitnachi sifatida ayblab, ularni qatl ettiradi. Kuyovi Xudoyorxonni taxtga o’tkazadi. Xudoyorxon yosh bo’lganligi tufayli amalda xonlikni qaynotasi Musulmonqul boshqaradi. Shunday qilib, xonlikda amalda qipchoqlar hukmronligi davri boshlanadi. Endilikda qipchoqlar Qo’qonga yoppasiga ko’chib kela boshladilar, mahalliy aholini shahardan haydab chiqardilar. Ularning uy-joylariga egalik qilib oladilar. Sug’orish inshootlarini qo’lga kiritdilar, aholi endi suv uchun qipchoqlarga soliq to’laydigan bo’ldi. Bularning bari o’z navbatida xonlikda hukmronlarga qarshi qo’zg’olon ko’tarish xavfini tug’dirdi. Bunday vaziyatda Musulmonqul o’z mavqeini yo’qatmaslik yo’lida ruslar bilan aloqa o’rnatishga intiladi va rus qo’mondonligi vakili V.V.Velyaminov – Zernov bilan maxfiy ravishda uchrashadi. Bu hol Xudoyorxonni qattiq cho’chitib qo’yadi. Ana shunday sharoitda xon birdan-bir to’g’ri yo’lni tanlaydi. Bu yo’l – qaynotasi Musulmonqul va qipchoqlar hukmronligiga xotima berish yo’li edi. U shunday qildi ham. Biroq, bu niyat juda shafqatsizlik bilan amalga oshirildi. 1852 yil 9 oktyabr – Qurbon hayiti kuni u Toshkentdan chaqirilgan qo’shin bilan qipchoqlar qirg’inini uyushtirdi. Uning bu yo’lini mahalliy aholi qo’llab quvvatladi. Qaynotasi Musulmonqul asir olinib, Qo’qonga keltirildi va qatl etildi. Qipchoqlarning mol – mulklari musodara qilindi, ular mahalliy aholiga sotildi. 1854 yilda qipchoqlar Andijon va Marg’ilonda qo’zg’olon ko’tardi, Buxoro amiri qo’zg’olonchilarga madad berdi. 1855 yilda yana qo’zg’olon ko’tarildi. Toshkent, Chimkent, Turkiston shaharlarida ham qo’zg’olonlar bo’ldi. Musulmonqul hukmronligiga xotima berilgan, qo’zg’olonlar bostirilgan bo’lsada, ichki nizolar bu bilan barham topmadi. Xudoyorxon aholidan soliq yig’ishni kuchaytiradi, aholiga jabr- sitam oshib bordi. Xalqning noroziligidan foydalanib, xonning ukasi Mallaxon qo’shin to’plab, 1858 yilda xon tarafdorlarini tor-mor keltirdi va Qo’qonni egalladi. Xudoyorxon Buxoroga qochib ketdi. Mallaxonga ham fitna tayyorlandi va 1862 yilda Mallaxon o’ldirildi. Shohmurod xon deb e’lon qilindi. Mallaxonning tarafdorlari qatl etildi. Alg’ov-dalg’ov avj olgan bir paytda Toshkent hokimi Qanoat o’z jonini saqlab qolish maqsadida Xudoyorxonni Toshkentga taklif etdi. Xudoyorxon Toshkentga keldi va Buxoro amiri yordamida 1862 yilda Qo’qon taxtini egalladi. Biroq lashkarboshi Alimqul Xudoyorxonga qarshi urush boshladi, Xudoyorxon yana Buxoroga qochishga majbur bo’ldi. Alimqul Mallaxonning o’g’li Sulton Sayidxonni Qo’qon xoni deb e’lon qildi. Ammo bu bilan Qo’qon xonligida siyosiy barqarorlik tarkib topmadi. Xudoyorxon 1865 yilda uchinchi marta taxtni egallaydi. Taxt uchun o’zaro ichki kurashlar avj olib borardi. Bu Rossiya bosqini arafasi va bosqin boshlangan davrda yuz berayotgan edi. Chor Rossiyasi bosqini arafasida Buxoro amirligida ham zodagonlar va beklarning mol-mulk, taxt, amal talashib o’zaro ziddiyatlari kuchaydi, qirg’inbarot urushlar bo’ldi. 1826-1860 yillarda amirlik qilgan Nasrullo shafqatsiz hukmdor edi. U taxtga chiqqach, o’z yo’lida to’siq bo’lmasin, deb akalari Xusaynni zaharlab o’ldirdi, Umarni qatl ettirdi. Nasrullo taxtni egallashda, unga yordamlashganlarni ham tirik qoldirmadi. Taxtga o’tirgan kunidan boshlab, bir oy davomida har kuni 50-100 kishini qatl qilib turdi. Shu bois amir Nasrulloga «qassob amir» deb laqab qo’yilgan edi. Amir Nasrullo amirlikdagi parokandalikni to’xtatish uchun shafqatsiz urushlar qildi, bo’ysunmagan shahar va qishloq aholisini qilichdan o’tkazardi. Bunga o’zlarini mustaqil deb hisoblovchi Shahrisabz bekligiga qarshi olib borilgan qonli urushlar misol bo’la oladi. Amir Nasrullo Shahrisabzga qarshi 32 marta hujum qilib, oxiri 1856 yilda uni zabt etdi. O’zbek xonliklarining hukmdorlari Rus davlati tajovuzlariga e’tiborsizlik, mas’uliyatsizlik qildi. O’zaro urushlar girdobiga botib, katta kuchlarni behuda qurbon qildi, mamlakat boyligini besamar ishlarga sovurdi. Vaqtini aysh-ishrat, kayfu safoda o’tkazdi. Taniqli o’zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy o’zining «O’tgan kunlar» romanida Yusufbek hoji tilidan quyidagi alamli so’zlarini bayon etadi. «Maqsadlari juda ochiq… Bittasi mingboshi bo’lmoqchi, ikkinchisi Normuhammadning o’rniga o’tirmoqchi, uchinchisi yana bir shaharni o’ziga qaram qilmoqchi. Ittifoqning nima ekanligini bilmagan, yolg’iz o’z manfaati, shaxsiyati yo’lida, bir-birini eb, ichgan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprog’idan yo’qolmay turib, bizning odam bo’lishimizga aqlim etmay qoldi… Biz shu holatda ketadigan, bir-birimizning tegimizga suv quyadigan bo’lsak, yaqindirki, chor istibdodi Turkistonimizni egallar va biz bo’lsak o’z qo’limiz bilan kelgusimizni o’ris qo’liga qoldirgan bo’larmiz». Haqiqatdan ham shunday bo’ldi. Turkiston jahon taraqqiyoti jarayonidan tobora chetda qolabordi, ilg’or davlatlardan orqada qoldi. Yurtboshimiz Islom Karimov xonliklar davri tarixiga yangicha nazar tashlar ekan, tarixchi mutaxassislarga quyidagi savollar bilan murojaat qiladi: «Nega jahonga Ahmad Farg’oniy, Muhammad Xorazmiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Amir Temur, Ulug’bek, Alisher Navoiy, Bobur kabi buyuk siymolarni bergan bu millat XVII-XIX asrlarga kelib, to shu choqqacha erishgan yuksalish darajalaridan tushib ketdi? Nega so’nggi uch asr mobaynida boshimiz qoloqlikdan chiqmay qoldi? Ajdodlarimizning qattiq qarshiligiga qaramay, chor Rossiyasining o’lkamizni nisbatan oson zabt etishida ana shu qoloqlikning ham o’rni bo’lmaganmikan?»1 . Darhaqiqat, XVII-XIX asr jahon tarixiga moddiy va madaniy yuksalish davri bo’lib kirganligi ma’lum. Xususan, Evropadagi bir qator mamlakatlarda ishlab chiqarish sezilarli darajada o’sdi, zavod-fabrikalar qurilib yangi texnik uskunalar bilan jihozlandi, temir yo’llar qurildi, qit’alararo dengiz yo’llari ochildi, mehnat unumdorligi oshdi, odamlarning moddiy va madaniy turmush darajasi ko’tarildi. O’rta Osiyo xonliklari ana shunday ijobiy jarayondan chetda qoldi, qoloqlikka yuz tutdi. O’zbek xonliklari hayotidagi qoloqlikning ildizi, sabablari nimalardan iborat?

Qoloqlikka bir qator omillar sabab bo’ldi. Xonliklarning asrlar davomida o’zgarmay kelayotgan davlat idora usuli, tor doiradagi hukmdorlar zulmi taraqqiyotga g’ov bo’lib qolgan edi. Asrlar davomida bir butun bo’lib kelgan mamlakatning, bir iqtisodiy va madaniy makonda yashab kelgan aholining uchga bo’linib ketishi, xonliklar o’rtasidagi urushlar, har bir xonlik ichidagi parokandalik, boshboshdoqlik va o’zaro hokimiyat uchun tinimsiz davom etgan ichki kurash, ig’vo-fasodning avj olishi, o’zaro nizo- janjallar, urushlar viloyat va tumanlarni, qolaversa butun mamlakatni xonavayron qilardi. Xonliklar o’rtasidagi o’zaro urushlar, etnik nizolar qabilalar ko’chishini keltirib chiqarardi yoki ular zo’rlik bilan yashab turgan joylaridan ko’chirilar edi. Bu jarayon etnik guruhbozlikni keltirib chiqarardi, qabilalarning etnik aralashuviga, bir butun xalq bo’lib qovushishiga, jipslashishiga xalaqit berardi. Davlat darajasida ham, viloyatlar darajasida ham yagona xalq, yagona Vatan tushunchasining qadri anglab olinmadi. Odamlarni Turkistonni, xalqni birlashtirish g’oyasi ostida uyushtira oladigan yo’lboshchi topilmadi. Aholi xon va beklarning, lavozimdagi amaldorlarning zo’ravonligidan, o’zboshimchaligidan, suiiste’mollaridan, g’ayriqonuniy soliq va to’lovlardan azob chekardi. Turmush darajasi past bo’lib, aholi iste’mol uchun eng zarur bo’lgan tor doiradagi oddiy buyumlar va mahsulotlar bilan qanoatlanardi. Ishlab chiqarishning faqat iste’molga yo’naltirilganligi iqtisodiyotning o’sishi uchun turtki berolmasdi. Xonlar va saroy amaldorlari ishlab chiqaruvchi kuchlar rivojiga xalaqit berayotgan ishlab chiqarish usulini himoya qilardi. Asosiy boylik bo’lgan erga mulkchilikning eski usuli bir necha asrlardan beri o’zgarmasdan kelardi. Xonliklarda hukmdor erning birdanbir egasi bo’lib, er ishlovchilarga – dehqonlarga xatlab, ijara tarzida biriktirilgan edi. Dehqon er egasi emas, erdan olingan hosilning egasi edi. Shu boisdan dehqon erni asrab avaylashga, uning unumdorligini oshirishga intilmasdi, manfaatdor emasdi. Dehqon er egasi bo’lmagani uchun boshqa joylarga ketaverardi. Dehqonchilik nochor ahvolda edi. Erga ishlov berish o’sha-o’sha bir juft xo’kiz, so’qa-omoch darajasida qolib ketgan edi. Irrigatsiya inshootlariga ahamiyat pasayib, sug’oriladigan er maydonlari qisqarib borardi. Xonliklarda sanoat ishlari rivojlanmadi. Oltingugurt, rangli metallar, marmar, toshko’mir, neft kabi tabiiy boyliklar to’la bo’lgan konlar bo’lsa-da, ularni izlab topish, qazib olish, kon-tog’ ishlarini yo’lga qo’yishga befarqlik qilindi. O’lkada etarli darajada yirik daryolar bo’lsa-da, ularda baliqchilikni rivojlantirish, kemasozlikni yo’lga qo’yish hech kimning xayoliga kelmasdi. Tovar-pul munosabatlari rivojlantirilmadi. Daromad iste’mol va qo’shin xarajatlarini zo’rg’a qoplardi, pul, oltin-kumush xon va amaldorlarning xazina to’plash manbai bo’lib qolgan edi, iqtisodiyot rivoji uchun sarflanmasdi, o’lik mol sifatida saqlanardi, kapitalga aylanmasdi. Xonliklarning savdo munosabatlarida hamon ayirboshlash tarzi davom etardi. O’rta Osiyo jahon bozoridan ajralib qolgani ustiga, yagona ichki bozor ham tashkil topmagan edi.

O’zbek xonliklaridagi ijtimoiy-siyosiy beqarorlik, iqtisodiy va harbiy nochorlik qo’shni mamlakatlarni o’z tasarrufiga kiritib olish siyosatini jadallashtirayotgan chor Rossiyasiga qo’l keldi. Xonliklardagi parokandalik, o’zaro nizo va urushlar, oxir-oqibat, ularning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi va mustamlakaga aylanishiga olib keldi.

CHOR ROSSIYASINING TURKISTONNI BOSIB OLISHI. CHORIZM ISTIBDODIGA QARSHI TURKISTON XALQLARINING MILLIY OZODLIK KURASHI. JADIDCHILIK

Turkistonni Chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi. Mustamlakachilik idora usulining joriy etilishi

Turkiy xalqlar yashovchi bepoyon hududlarni bosib olish Rossiya podshohlarining azaliy orzusi edi. Bu boradagi amaliy harakat Ivan Grozniy zamonidan boshlangan edi. U Qozon (1552), Ashtarxon (1556), Sibir (1581-1590) xonliklarini bosib oladi va endi Turkiston to’g’risida ma’lumotlar to’plashga kirishadi. Shu maqsadda 1558-1559 yillarda Antoni Jenkinson boshliq elchilarni Buxoroga yuborib josuslik ma’lumotlari to’plagani ma’lum. Rusiya hukumati XVII asr davomida 9 marta elchi yuborib, Buxoro va Xiva xonliklarining iqtisodiy va harbiy ahvolini o’rganadi. «Sharqni egalla» siyosati. Rossiya podshohi Pyotr I zamonida «Sharqni egalla» siyosati yuritildi. Bu siyosatning tarkibiy qismlaridan biri Turkistonni egallash edi. Turkistonni bosib olish rejasi tuzildi. Xiva, Buxoro, Qo’qon xonliklarining g’arbiy, shimoliy, sharqiy chegaralarida harbiy istehkomlar qurish, xonliklarni Rossiya tobeligiga olish maqsadida katta harbiy ekspeditsiyalar uyushtirildi. 1715 yilda sharqiy chegaralarda Buxgolts rahbarligida, 1716-1717 yillarda Xiva xonligida Bekovich-Cherkasskiy rahbarligida harbiy ekspeditsiyalar tajovuzkorona harakat qildilar. 1721-1724 yillarda Florio Beneveni boshliq elchilar Buxoroda josuslik faoliyatini yuritdi. XVIII asr davomida Rus davlati qozoq va qirg’izlarning Kichik Juz, O’rta Juz, Katta Juz hududlarini o’ziga bo’ysundirib, ularning hududida o’zbek xonliklariga bostirib borishda foydalanish maqsadida 46 ta katta va 96 ta kichikroq harbiy qal’a va istehkomlar qurdiradi, ularga qo’shinlarini joylashtiradi. Angliya-Rossiya raqobati. XIX asrda yirik mustamlakachi davlatlar tomonidan Afrika, Osiyo, Amerika va Okeaniya mamlakatlarini bo’lib olish uchun kurash yanada kuchayadi. XIX asr o’rtalarida ikki yirik mustamlakachi imperiya – Buyuk Britaniya va Rossiya davlatlari manfaatlari Turkistonda to’qnashdi. Ikkala davlat bir-biridan yashirin ravishda O’rta Osiyoga kirish, xonliklardagi hukmron sulolalar bilan til topish yo’llarini qidirardi, shu maqsadda harbiy missiyalar yuborar edi. Angliya Hindiston tomondan, Rossiya qozoq cho’llari va Sibir tomondan harakat qilardi, o’zbek xonliklarini o’z ta’sir doirasiga olish, o’z manfaatlari yo’lida xonliklarning boyliklari, tabiiy resurslaridan foydalanish, o’z mustamlakasiga aylantirishga intilardi. Shu boisdan ingliz-rus raqobati kundan-kunga kuchayib bordi. Hindiston va Afg’oniston orqali o’zbek xonliklari bilan savdo-sotiq, diplomatik aloqalar olib borayotgan Buyuk Britaniya Rossiyaning Turkistonga kirib kelayotganidan xavfsiramoqda edi. Rossiyaning Turkistonni bosib olish rejalaridan xabardor bo’lgan Angliya hukumati Rossiya rejalarini barbod qilish choralarini ko’rdi. Ost-Indiya kompaniyasi tomonidan josuslik ma’lumotlari to’plash maqsadida yuborilgan E.K.Meyendorf 1824 yildayoq Buxoroda bo’lgan, ammo maqsadiga erishaolmay shu erda halok bo’lgan edi. 1831 -1833 yillarda mazkur kompaniya leytenanti Aleksandr Berns Hindistondan Afg’onistonga, undan Buxoroga go’yo sayyoh sifatida keladi. U yig’ilgan dalillar va shaxsiy kuzatuvlar asosida uch jildlik «Buxoroga sayohat» nomli kitob yozib, unda, jumladan: «O’zbeklar… mening kim ekanimni bilmaganlaridan barcha narsalar xususida, hukmdorlari siyosatidan tortib bozordagi ahvol haqida ham tortinmay so’zlashdilar», -deb yozadi. Angliya hukumati Buxoro, Xiva va Qo’qon xonliklarini Rossiyaga qarshi ittifoqqa uyushtirishga harakat qildi. 1841-1842 yillarda Angliya hukumati mayor Konollini Xivaga, polkovnik Stoddartni Buxoroga maxsus missiya bilan yubordi. Ular Xiva xoni va Buxoro amiri huzurida bo’lib, Rossiya tajovuzidan saqlanish uchun uchchala Xonlik birbirlariga yordamlashishini, kuchlarni birlashtirishni, ittifoq tuzishni taklif qilib, rus qo’shinlariga qarshi kurashish uchun qo’shin bilan yordam berishga va’da qiladilar. Biroq ularning rasmiy hujjatlari bo’lmagani sababli amir Nasrullo ularni zindonga tashlatadi. Bularni qutqarish uchun Angliya tomonidan Turkiya homiyligida mayor Volf Buxoroga yuboriladi, ammo uning 1843-1845 yillarda Buxorodagi urinishidan ham natija chiqmadi, zindondagilar qatl etiladi, Volfning o’zi zo’rg’a qochib qutiladi. Shuningdek, 1843 yilda Xivaga kelgan kapitan Ebbot ham Angliya manfaatlari yo’lida ishlagani ma’lum. Ingilizlarning O’rta Osiyoda jiddiyroq siyosat yuritishiga Afg’oniston xalaqit berardi. Shu boisdan inglizlar maxsus «afg’on siyosati»ni ishlab chiqib, Afg’oniston amirini bo’ysundirish, Hirot va Qandahorni inglizlar mulkiga aylantirish, ularda harbiy kuchlarni joylashtirishni rejalashtiradi. Shu maqsadda Angliya 1838-1842 va 1878-1880 yillarda Afg’onistonga ikki marta bosqinchilik urushlari uyushtirdi. Biroq Afg’onistonni bo’ysundira olmadi. Ost-Hindiston kompaniyasi O’rta Osiyo bozorlariga kirish va egallab olish, bozorlarda ingliz tovarlarining Rossiya tovarlarini siqib chiqarishini ta’minlashga zo’r berdi. Bu borada ular hind va fors savdogarlaridan keng foydalandi. Buyuk Britaniyaning O’rta Osiyoga kirish va uni egallashga intilishi chor Rossiyasini tashvishga soldi. U xonliklarga bevosita chegaradosh bo’lganidan foydalanib, harbiy harakatlarni boshlab yubordi. Xonliklarning shimoliy-g’arbiy hududida Orenburg general-gubernatori V.A.Perovskiy katta qo’shin bilan hujumga shaylanib turardi. U 1834 yilda Kaspiy dengizi qirg’og’idagi Mang’ishloqda harbiy istehkom qurib, unga NovoAleksandrovskaya deb nom berdi. 1845 yilda Orenburg va Yoyiq, 1847 yilda Sirdaryoning Orol dengiziga qo’yilish joyida Raim (Oral) harbiy istehkomlari qurildi. Perovskiy qo’shinlari 1853 yilda Qo’qon xonligining strategik ahamiyatga molik bo’lgan Oqmasjid qal’asini bosib oladi va u erda mustahkam o’rnashadi. Xonliklarning shimoliy-sharqiy tomonida esa G’arbiy Sibir general-gubernatori G.Gosford hujumga tayyorlanish uchun 1847 yilda Ettisuvdagi Ulutov yaqinida ikkita harbiy istehkom, 1848 yilda Qorabuloq qal’asini, 1854 yilda Olmati ovuli yonida Verniy istehkomini qurib, harbiy kuchlarni joylashtiradi. 1860 yilda Qo’qon xonligi hududiga qarashli harbiy istehkomlarga hujum qilib, To’qmoq, Pishpak va boshqa qal’alarni birinketin bosib ola boshladi. Perovskiy va Gosfordlarning harbiy harakatlari amalda Rossiyaning O’rta Osiyoga e’lon qilinmagan bosqinchilik yurishining boshlanishi edi. Turkistonni bosib olish masalasi podshoh Aleksand II tomonidan 1859 va 1861 yillarda o’tkazilgan saroy kengashida muhokama qilinadi va birinchi navbatda Qo’qon xonligini bir yoqlik qilish, unga qarshi harbiy harakatlarni boshlashga qaror qilinadi. O’rta Osiyo xususidagi raqobatda Rossiya ustunlik qildi. Angliya Rossiyaning harbiy kuch bilan O’rta Osiyoni egallashga qaratilgan harakatlarini to’xtatib qololmadi.

Rossiya bosqini. 1864 yil may oyida Qo‘qon xonligi hududiga Sharq tomondan polkovnik Chernyaev qo’mondonligidagi Rossiya qo’shinlari, G’arbdan polkovnik Verevkin qo’shinlari bostirib kirdi. Ular tomonidan Qo’qon xonligining muhim va tayanch shaharlari- Avliyoota, So’zak, Turkiston shaharlari egallandi. Bosqinchlar 1864 yil 14 iyulda Chimkentga yurish boshladilar. Bu orada Qo’qon xoni Sayyidxon va lashkarboshi Mulla Alimqul bor kuchlarini to’plab, Chimkent atrofida jangga tayyorlandilar. Turkiston shahri yaqinidagi Iqon qishlog’ida uch kun davomida qattiq jang bo’ldi. Manbalarda yozilishicha, jangda shunday qirg’in bo’ldiki, o’liklardan tepalar hosil bo’ldi. Jangda Mulla Alimqul qo’shinlari g’olib chiqdi, Chernyaev qo’shinlari jangda engilib orqaga chekinishga majbur bo’ldi. Mulla Aliquli o’z qo’shinlarini bosqinchilar egallagan shaharlarni ozod qilish uchun jangga tayyorlayotgan bir paytda Buxoro amiri Muzaffarning Qo’qon xonligi xududlariga bostirib kirganligi to’g’risida xabar olindi. Mulla Alimqul o’z qo’shinlari bilan Qo’qon himoyasiga otlanishiga majbur bo’ldi. Vaziyat Chernyaevga qo’l keldi, uning qo’shinlari Orenburg otryadlari bilan Sayramda qo’shilib, 1864 yil 14 sentyabrda Chimkentga yangidan yurish uyushtirdi va shaharni bosib oldi. Chernyaev 1864 yil 2 oktyabr kuni Toshkentga hujum boshladi. Toshkent Qo’qon xonligining eng yirik, muhim strategik ahamiyatga molik shahari bo’lib, uzunligi 25 chaqirim, eni 2-3 metr, balandligi 5-7- metr bo’lgan devor bilan o’rab olingan edi. Devor tepasining kengligi 2 m. bo’lib, mudofaa minoralari, o’q otadigan shinaklari bo’lgan, devor atrofi suv to’ldirilgan zovur bilan o’rab olingan edi. Toshkent mudofaachilarining mardona harakati tufayli Chernyaev qattiq mag’lubiyatga uchradi, 72 zobit va askarni yo’qotdi. Chimkentga qaytishga majbur bo’ldi. Chernyaev 1864-1865 yil qishini tayyorgarlik bilan o’tkazdi, uning qo’shinlari Sibir va Orenburgdan etib kelgan qurol-yarog’, yangi batalonlar, sapyorlar rotalari bilan to’ldirildi. Mahalliy aholi orasida o’z Vataniga xiyonat qiluvchi, dushmandan panoh izlovchilar ham topildi. Abdurahmonbek, Saidazimboy, Soatboy kabi sotqinlar Toshkentni egallashda Chernyaevga ko’maklashdilar. 1865 yil bahoridan Chernyaevning yangi hujumi boshlandi. 28 aprel kuni Chirchiq daryosi qirg’og’idagi Niyozbek qal’asini egallab, Toshkentni suv bilan ta’minlab turuvchi Kaykovuz anhoriga Chirchiq daryosidan suv chiqarib beruvchi to’g’onni buzib tashlab, shahar aholisini suvsiz qoldiradi. Amirlashkar Alimqul katta qo’shin bilan Qo’qondan Toshkentga etib keladi. Toshkent uchun shiddatli janglar bo’ldi. 9 may kuni Salar arig’i bo’yida katta jang bo’ldi. Alimqul og’ir yarador bo’ladi va halok bo’ladi. Nihoyat shahar himoyachilarining qarshiligi sindirildi, 15 iyun kuni Chernyaev Toshkentni zabt etdi. Orenburg general-gubernatorligi tarkibida Turkiston viloyati tuzildi, uning harbiy gubernatori etib M.Chernyaev tayinlanadi. Chernyaev 1866 yil yanvarida Jizzaxga hujum qiladi va mag’lubiyatga uchraydi. O’zboshimchaligi uchun Chernyaev Sankt-Peterburgga chaqirib olinadi, o’rniga general D.Romanovskiy tayinlanadi. Romanovskiy Sibir va Orenburgdan yordam olib Buxoro amirligiga qarshi yurish boshladi. Chor Rossiyasi qo’shinlari tomonidan Qo’qon xonligi hududlari bosib olinayotgan paytda Buxoro amiri tomoshabin bo’lib turgan bo’lsa, endi Buxoro amirligi hududlariga hujum boshlangan paytda Qo’qon xoni Xudoyorxon sukut saqlab turdi. Modomiki u amir Muzaffar homiyligida Qo’qon taxtini uchinchi marta egallagan edi. 1866 yil may oyida Erjarda bo’lgan jangda amir Muzaffar qo’shinlari engildi, amir Jizzaxga qochdi. Romanovskiy yurishni Xo’jand tomonga yo’naltirdi, 1866 yil 19-22 may kunlari bo’lgan qattiq janglar natijasida Xo’jandni egalladi. 1866 yil avgustda Orenburgdan general-gubernator Krijanovskiy Toshkentga keldi va Romanovskiy bilan birgalikda Buxoro amirini tobe qilish harakatini boshlashdi. Katta qo’shin tortib 1866 yil oktyabrda O’ratepa viloyati, Zomin qal’asini bosib oldi. Jizzax uchun qattiq jang bo’ldi. Jizzax shahri balandligi 4 metr va eni 3 metrlik ikki qavat devor bilan o’rab olingan bo’lib, qal’aga o’xshardi. Shaharda 10 ming himoyachi askar, 53 to’p bor edi. Himoyachilar shaharga kirib-chiqadigan darvozalarni tuproq bilan ko’mib tashlab, yo hayot, yo o’lim deb jang qildilar. 11-18 oktyabr kunlari bo’lgan jang natijasida bosqinchilar Jizzaxni egalladi. Himoyachilardan 6000 kishi halok bo’ldi, 2000 kishi asirga olindi. Istilochilar atigi 100 ga yaqin kishi yo’qotdi. Bosqinchilar huvullab qolgan shaharni talon-taroj qildilar. Xo’jand, O’ratepa, Jizzaxda qonli janglar bo’layotgan bir paytda Qo’qon xoni, Buxoro amiri qaerda edi, ular nima karomat ko’rsatdi? degan tabiiy savol tug’iladi. Ular o’z joyida, hali ham o’zlarini davlat boshlig’i, hukmdor deb hisoblar edilar, ammo bironbir tadbir ko’rishga ojiz, vaziyatni to’g’ri tahlil etishga aql-farosatlari ham etmas edi, shekilli. Ular bosqinchilarni emas, biri-ikkinchisini mag’lub qilish, ko’zini o’yishga harakat qilardi. Bo’linganni bo’ri er, deb shuni aytsalar kerak-da. Rossiya imperatori Aleksandr II ning 1867 yil 11 iyuldagi farmoniga binoan Turkiston general-gubernatorligi va uning tarkibida Turkiston harbiy okrugi tuzildi. General-gubernator va okrug qo’mondoni etib general-ad’yutant K.P. fon Kaufman tayinlandi. Unga biror davlatga urush e’lon qilish, sulh tuzish, harbiy-ma’muriy, moliyaviy-iqtisodiy, fuqarolik ishlarini mustaqil hal qilish huquqlari berilgan, shu boisdan u «yarim podsho» deb atalardi. Bu tadbir chor Rossiyasining O’rta Osiyoni bosib olish yo’lidagi harakatida yangi bosqich bo’ldi. Fon Kaufman Samarqandga tomon yurish boshladi. 1868 yil 1 may kuni shahar yaqinidagi Cho’ponota tepaligida Buxoro amiri qo’shinlari bilan jang qilib, ularni osongina mag’lubiyatga uchratdi, bir paytlar dovrug’i olamni tutgan Samarqand 2 may kuniyoq deyarlik jangsiz dushmanga taslim bo’ldi. Bu voqeadan dunyo hukmdorlari, jumladan, Rossiya podshohi ham hayratlangan. Buxoro amiri Muzaffar Samarqandning bosib olingani to’g’risidagi xabarni etkazgan odamni osib o’ldirishga farmon berib, o’zi alamidan yig’lagan. Buxoro amiri o’z qo’shinlarini to’plab dushmanni daf etish uchun Samarqand tomon yurdi. Fon Kaufman bu xabarni eshitib Buxoro tomon yurdi. Ikki tomon qo’shinlari Zirabuloqda 1868 yil 2 iyunda to’qnashdi, qattiq jang bo’ldi, amir qo’shinlari tor-mor etildi. Bu orada istilochilarga qarshi Samarqandda qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Shaxrisabz, Kitob beklari Jo’rabek va Bobobek hamda amirning o’g’li Abdumalik To’ra 27 may kuni Samarqandga qo’shin bilan etib kelib, qo’zg’olonchilar bilan birgalikda fon Kaufman tomonidan Samarqandda qoldirilgan polkovnik Nazarov va mayor Shtempel boshliq harbiy qismlar bilan qattiq jang qildilar. Jang 8 kun davom etdi. 500 kishidan iborat dushman kuchlaridan 275 tasi o’ldirildi va yarador qilindi. Samarqanddagi voqealardan xabar topgan fon Kaufman zudlik bilan Samarqandga qaytib keladi va 8 iyun kuni shaharni to’plardan yoppasiga o’qqa tutishga, aholini beomon otish, shaharni yondirishga buyruq beradi. Aholi qirg’in qilindi, masjidlar va tarixiy yodgorliklar yondirildi, qadimiy noyob moddiy va ma’naviy obidalar Peterburgga olib ketildi. 1968 yil 23 iyunda Kaufman bilan amir Muzaffar o‘rtasida sulh bitimi imzolandi. Buxoro amirligi Rossiyaning vassaliga, ya’ni xorijiy mamlakatlar bilan mustaqil aloqalar qilaolmaydigan davlatga aylantirildi. Sulhga binoan Xo’jand, O’ratepa, Jizzax, Samarqand, Kattaqo’rg’on Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritildi, amir oltin hisobida 125 ming tilla (500 ming rubl) tovon to’lash, rus savdogarlari uchun amirlikda qulay sharoit yaratish majburiyatini oldi. Bunday bosqinchilik, talonchilik sulhi aholi yuqori tabaqa vakillarining nafratini kuchaytirdi. Abdumalik, Jo’rabek va Bobobek kuchlari nafaqat bosqinchilarga, shuningdek, amir Muzaffarga qarshi ham qaratiladi. Ular Abdumalikni amir deb e’lon qiladilar. Amir Muzaffar endi bosqinchilarga emas, fon Kaufman yordamida o’z vatandoshlariga qarshi urushga kiradi va 1870 yil avgustda ularni kuch bilan bostirib, o’z taxtini saqlab qoladi. Shahrisabz va Kitob bekliklari amirlik tarkibida qoladi. Rossiya hukumati o’zining O’rta Osiyodagi bosqinchilik harakati bilan G’arb mamlakatlari, jumladan, Angliya bilan munosabatlarni keskinlashtirmaslik tadbirlarini ham ko’rdi. Rossiyaning Londondagi elchisi F.I.Brunov va Angliya tashqi ishlar vaziri lord Klarendon o’rtasida bo’lgan muzokaralar bunga misol bo’la oladi. Ular Turkiston «bufer» poyasi, ya’ni O’rta Sharqda Rossiya bilan Angliya erlari o’rtasida birini-biriga tutashtirmaydigan betaraf hudud masalasini muhokama qildilar. 1873 yilda Angliya va Rossiya o’rtasida Afg’onistonning Angliya ta’sirida bo’lishi, uning shimoliy qismi va Amudaryo bo’ylari «betaraf hudud» bo’lib qolishi to’g’risida bitim imzolanadi. Bu bitim Rossiya imperiyasiga endi Xiva xonligi taqdirini hal qilishga kirishishga qulay imkoniyat yaratdi. Xiva xonligiga yurish. Fon Kaufman 1873 yil bahorida 12 mingdan ortiq zobit va askar, 56 ta to’p-zambaraklar bilan Xiva xonligiga yurish boshladi. Ayni paytda Xivaga qarshi Orenburg, Mang’ishloq, Krasnovodsk, shuningdek Kavkaz okrugi qo’shinlari ham yurishga kirishgan edi. Umumiy qo’mondonlik Kaufman zimmasiga yuklatilgan edi. Xiva xoni Muhammad Rahimxon bosqinchilarga qarshi o’z qo’shinlarining bir qismini Muhammadmurod devonbegi boshchiligida Chorjo’y tomonga, yana bir qismini Eltuzar inoq boshchiligida Qo’ng’irot tomonga, yana bir qismini amir To’ra boshchiligida Xazaraspga, Inoqbek boshchiligidagi qismni Xo’jayliga safarbar etdi. Xon chor Rossiyasi qo’shinlariga bas kelolmasligini anglab etgan edi. Amudaryo bo’ylarida qirg’inbarot janglar bo’ldi. 1873 yil 18 may kuni Kaufman otryadlari Amudaryodan o’tib Xazaraspni egalladi, Qo’ng’irot va Xo’jayli shaharlari, Mang’it qal’asi zabt etildi, talandi. Istilochi qo’shinlar Xivaga yaqinlashib qolganda Muhammad Rahimxon poytaxtni tashlab chiqadi va Izmiqsho’r tarafdagi turkman ovuliga yashirinadi. Xivalik Otajon to’ra Kaufman huzuriga borib shaharni vayron etmaslikni so’raydi. Kaufman shaharni zabt etib, Otajon to’raga xonni topishni buyuradi va xon xazinasini, moddiy-ma’naviy boyliklarni qo’lga kiritadi. 1873 yil 12 avgustda Xivaga yaqin Gandimiyon qishlog’ida Kaufman bilan Rahimxon uchrashuvi bo’ladi va tarixda Gandimiyon shartnomasi deb nom olgan shartnoma imzolanadi. Shartnomaga muvofiq Xiva xonligi Rossiyaning vassaliga aylantirildi. Amudaryo quyi oqimining o’ng tomonidagi erlar Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritildi, xonlikka oltin hisobida 2 million 200 ming so’m tovon to’lash yuklatildi. Rossiya savdo-sanoatchilari Xiva xonligida bojsiz savdo qilish, xonlik hududida er olish, sanoan korxonalari qurish xuquqini oldi. Xon o’zini Rossiya podshohining itoatkor xizmatkori, deb tan olishga majbur bo’ldi.

Qo‘qon xonligining tugatilishi. Kaufman Xiva xonligi taqdirini hal qilgach, Qo’qon xonligini tugatishga kirishdi. Bu vaqtda Qo’qon xonligida hokimiyat uchun ichki kurash avjga chiqqan edi. 1868 yil 13 fevralda Kaufman va Qo’qon xoni Xudoyorxon o’rtasida shartnoma imzolangan bo’lib, xonlikning istilochilar bosib olgan hududlari Rossiya tasarrufiga o’tganligi e’tirof etilgan edi. Rossiya savdogarlariga Qo’qon xonligining barcha hududlarida hechqanday moneliksiz faoliyat yuritish, karvonsaroylarga ega bo’lish huquqi berilgan edi. Bu shartnomadan qoniqmagan Qo’qon xonligidagi kuchlarning Xudoyorxondan noroziligi ortib boradi. Buning ustiga xonlik hududi qisqarganligini ro’kach qilib xazinani to’ldirish uchun yangi-yangi soliqlar joriy etiladi. Xudoyorxon bosqinchlarga o’zini yaqin tutar, Qo’qon bilan Rossiyani bir davlat deb hisoblardi. 1973 yilda Farg‘ona vodiysida Xudoyorxonga qarshi qo‘zg‘olon boshlandi. Qo’zg’olonchilarning bir qismiga qirg’izlarning boston urug’idan chiqqan mulla Ishoq Hasan o’g’li boshchilik qiladi. U Qo’qon xoni Olimxonning nevarasi Po’latxon deb e’lon qilinadi va u Namanga kelib qo’zg’olonga rahbarlik qila boshlaydi. Ayni paytda xonlikda Xudoyorxonning o’g’illari Nasriddinbek va Muhammad Aminbek, Sherali dodxoh, Abdurahmon oftobachi va boshqalar ham bosh ko’taradilar. Ular bir tomondan, Chor Rossiyasi bosqinchilariga qarshi, ikkinchi tomondan, Kaufmanga batamom tobe bo’lib qolgan Xudoyorxonga qarshi kurash boshlagan edilar. Xalq qo’zg’olonchi kuchlarga ergashadi. Qo’zg’olonchilar 1875 yil 9 oktyabrda Qo’qonni egallaydilar. Xudoyorxon ularni bostirishga ojizlik qilib, 1875 yil 22 iyulda Qo’qondan Toshkentga qochib ketadi. Kaufman Xudoyorxonning 40 aravadagi qimmatbaho boyliklarini musodara qilib, o’zini Orenburgga surgun qiladi. Xudoyorxon, chor ma’murlari hiylasini anglab etkach, bir amallab bandilikdan qochit hajga ketadi va hayoti ayanchli yakun topadi. Xudoyorxon qochgach, qo’zg’olonchi kuchlar kimni xon qilib ko’tarish masalasida ikkiga bo’linib ketadi. Ayrim kuchlar Nasriddinbekni, boshqalari Po’latxonni taxtga chiqarmoqchi bo’ladi, ziddiyat yanada kuchayib boradi. Kaufman xonlikdagi ichki kelishmovchilikdan foydalanib, uni batamom bosib olish uchun 1875 yil avgustda katta qo’shinlarni urushga safarbar etdi. Xonlikni bosib olishda generallar M.D.Skobelev, Golovachev va boshqa zobitlar «jonbozlik» ko’rsatdilar. Nasriddenbek, lashkarboshi Abdurahmon oftobachi bosqinchilarga taslim bo’lib ular tomoniga o’tdilar. 1876 yil fevralda xalq qo’zg’olonlari qon bilan bostiriladi. Po’latxon 1876 yil 1 martda dorga osildi, uning safdoshlari ayovsiz jazolandi. 1873-1876 yillardagi Farg’ona vodiysidagi qo’zg’olonlar xalqning ozodlik harakati edi. Buni o’sha davrda Kaufman ham xalq qo’zg’oloni deb e’tirof etgan. 1876 yil fevralida Rossiya imperatori Aleksandr II ning maxsus farmoni bilan Qo‘qon xonligi tugatildi, uning o’rniga Farg‘ona viloyati tuzilib, Turkiston generalgubernatorligi tarkibiga kiritildi. Viloyatga M.D.Skobelev harbiy gubernator etib tayinlandi. U tez orada Oloy vodiysini ham o’z tasarrufiga kiritdi.1 Endi bosqinchilar turkmanlar yashaydigan hududlarni istilo qilishga kirishdilar. 1877 yilda Qizil Arvot, 1881 yilda Asxabod, 1884 yilda Marv bosib olindi. Bosib olingan erlarda Kaspiyorti viloyati tuzilib, u Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga kiritildi. Shunday qilib, Rossiya imperiyasi 20 yil davom etgan qonli urush bilan butun O’rta Osiyoni bosib oldi. Bosib olingan o’lkada mustahkam va batamom o’rnashib olish maqsadida chet mamlakatlar bilan chegaralarni aniqlash choralarini ko’rdi. 1881 yilda Rossiya-Eron chegara konventsiyasi imzolanib, yangi Rossiya mulklari va Rossiya-Eron o’rtasidagi chegara belgilandi. 1885-1887 yillarda Rossiya va Angliya hukumatlari tomonidan Rossiya-Afg’oniston chegarasi, 1895 yilda esa Pomirdagi chegaralar belgilanadi. Bu chor Rossiyasining O’rta Osiyodagi bosqinchilik harakatining yakunlovchi nuqtasi bo’ldi.

Mustamlakachilik idora usuli.

Rossiya harbiy vaziri, graf D.Milyutin, podshoh maslahatchisi V.Girs 1867 yilda «Turkiston o’lkasini boshqarish tartibi» haqida qonun loyihasini tuzdilar, u Vazirlar Kengashi tomonidan tasdiqlandi va amalda kuchga kirdi. O’lkada mutlaq hokimiyat general-gubernator qo’lida to’plandi. General-gubernatorlik Kengashi va to’rt bo’limdan iborat mahkama tuzildi. Birinchi bo’lim ma’muriy va nazorat, ikkinchisi moliyaviyxo’jalik, uchinchisi soliq va shaharlar mablag’lari ishlarini boshqargan. To’rtinchisi maxsus bo’lim deb atalgan. General-gubernator bir vaqtda podshoh noibi, harbiy okrug qo’shinlari qo’mondoni, bosh mirshab, bosh prokuror bo’lgan. U Buxoro amiri faoliyatini Rossiya imperatori agentligi orqali, Xiva xonini esa Amudaryo bo’limi boshlig’i orqali nazorat qilib turgan.

Turkiston general-gubernatorligi viloyatlarga, viloyatlar uezdlarga, uezdlar uchastkalarga bo’lingan. Viloyat harbiy-gubertanorligiga general darajasidagi, uezd boshlig’iga polkovnik darajasidagi, uchastka boshlig’iga kapitan darajasidagi zobitlar tayinlangan. Mazkur ma’muriy tuzulmaning o’zagi uezd bo’lib, uning boshlig’i generalgubernator tomonidan tasdiqlangan va katta vakolatga ega bo’lgan. Uezd boshlig’i ma’muriy, politsiya, harbiy hokimiyatlarni o’zida birlashtirgan, odamlarga jarima solish, 7 kungacha hibsda saqlashi mumkin bo’lgan, shu boisdan uni «hokim to’ra» deb ham atashgan. Uchastka boshliqlari ham odamlarga jarima solish, 3 kungacha hibsda saqlab turishi mumkin bo’lgan. Qishloqlarni boshqarish uchun uchastka boshlig’iga bo’ysunuvchi bo’lis (volost) va ovul ma’muriy boshqaruvi joriy etildi. 1-2 ming xonadon yashovchi hudud bo’lis, 1-2 yuz o’tovli hudud ovul deb ataldi. Mahalliy aholi orasidan bo’lis boshqaruvchisi (oqsoqol yoki mingboshi), qishloq oqsoqollari (yuz boshi, ellik boshi, o’n boshi) hamda ovul oqsoqollari, ularning o’rinbosarlari saylanadigan bo’ldi. Ammo bu mahalliy boshqaruv tizimi Rossiya ma’muriyati qo’lida bo’lgan, nomigagina saylangan mahalliy aholi vakillari ularning qo’lida qo’g’irchoq bo’lganlar.

Mustamlakachilar Toshkent shahrini Turkiston general-gubernatorligining Uez dla r ma’muriy markazi etib tanlashdi. Shaharda 80 mingcha aholi yashardi, uning hududida 270 ta mahalla, 310 ta masjid, 17 ta madrasa, 11 ta hammom, 15 ta do’konli saroy va boshqa inshootlar bo’lgan. Bosqinchilar Toshkentning sharqiy qismidan joy tanlab, tanlangan joydagi mahalliy aholini ko’chirib, Rossiyadan kelganlar yashaydigan uylar, ko’chalar, oromgohlar qurdilar. Shaharning bu qismi Yangi shahar deb ataldi. Shaharni hokim boshqargan.

Toshkent shahar Dumasi. Toshkent shahrini boshqarish Nizomi ishlab chiqildi va u 1877 yilda Sankt-Peterburgda tasdiqlangach kuchga kirdi. Nizomga ko’ra Toshkent shahar Dumasi va boshqarma saylash nazarda tutilgan. Toshkent shahar Dumasi noiblarining uchdan ikki qismi yangi shahardan, uchdan bir qismi eski shahar aholisidan saylanadi, deb belgilangan edi. Ko’chmas mulki miqdoriga qarab, saylovchilar uch toifaga ajratiladi. Mulk tsenzi nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda, ko’chmas mulk qiymatining bir foizi hisobidan 3000, 1000, 500 so’mdan ziyod ko’chmas mulk egalaridan uch toifali saylovchilar ro’yxati tuziladi. Etarli mulkka ega bo’lmagan ziyolilar, ishchilar, dehqonlar, hunarmandlar saylov huquqidan mahrum bo’lib qoldilar. 1877 yilda Toshkent shahar hokimi raisligida har bir toifa bo’yicha saylovchilar yig’ini bo’lib o’tdi va Dumaga 71 noib (glasniy) saylandi. Dumaga Toshkentning 80 mingdan ortiq aholi yashaydigan eski shahar qismidan, ya’ni tub erli aholidan atigi 21 nafar noib saylandi, aksariyat ko’pchilik noiblar esa 4000 mingga yaqin kishi yashaydigan yangi shahar qismidan saylandi. Bu holat boshqaruvning mustamlakachilik mohiyatini yaqqol ochib beruvchi dalildir. Toshkent shahar Dumasi farmoyish beruvchi organ bo’lib, uni shahar hokimi – oqsoqol boshqarardi. Turkiston general-gubernatori tomonidan Duma oqsoqoli (golova) etib shahar hokimi polkovnik E.P.Pukalov tayinlanadi. Noiblar orasidan ijro etuvchi hokimiyat – shahar boshqarmasi (mahkamasi) tuziladi. Toshkent shahar Dumasi ma’muriy va o’quv binolari, yo’l qurilishi, obodonlashtirish, suv ta’minoti va boshqa shahar xo’jaligi bilan bog’liq ishlar bilan shug’ullanardi. Jumladan, 1892 yilda shaharda telefon aloqasining yo’lga qo’yilishi, 1901 yilda ot tortuvchi tramvay yo’lining, 1912 yilda elektr toki bilan yuruvchi tramvay yo’lining barpo etilishi, ko’chalarni yorituvchi elektr lampochkalarining o’rnatilishi kabilarni Toshkent shahar Dumasining ijobiy ishlari qatoriga kiritish mumkin. O’lkada tashkil etilgan politsiya va sud idoralari ham mustamlakachilik tartibini mustahkamlashga, mahalliy aholining har qanday norozilik harakatini bo’g’ish va bostirishga qaratilgan edi. Chorizmning ma’muriy idora usuli o’lkani iqtisodiy o’zlashtirish, aholini ma’naviy jihatdan tobelikda saqlash, ruslashtirish siyosati bilan uyg’unlashtirilgan edi.

Mustamlakachilarning iqtisodiy, ma‘naviy-madaniy siyosati va amaliyoti

Rossiya hukumati Turkistonni iqtisodiy jihatdan batamom bo’ysundirish, uning boyliklarini tashib ketish, rus sanoatini xom- ashyo bilan ta’minlovchi o’lkaga va tayyor mahsulotlar sotiladigan bozorga aylantirish siyosatini yuritdi. Bu siyosatni chor Rossiyasi dvoryan-pomeshiklari va burjuaziyasi qo’llab-quvvatladi, ular o’lkani zuluk kabi so’rishga kirishib ketdilar. Rossiya to’qimachilik sanoati uchun keltirilayotgan Amerika paxtasi uchun yiligi 30-40 million so’m boj to’lab kelardi. Shu boisdan Turkistonni paxta xomashyosi etishtiradigan bazaga aylantirish Rossiya agrar siyosatining bosh maqsadi, deb belgilandi. Xonliklar davrida davlat mulki hisoblangan katta-katta er maydonlari Rossiya davlati xazinasiga tegishli, deb e’lon qilindi. Vaqf mulklari ham asta-sekin davlat ixtiyoriga olindi. Xususiy mulk hisoblangan erlar ham davlat mulkiga aylantirildi, ularni ilgarigi egalariga merosiy ravishda foydalanishga berildi va soliq solindi. Ijaraga er olib, undan amalda foydalanib kelayotgan xonadonlarga o’sha erlar meros qilib biriktirildi va ularga soliq solindi. Shu tariqa o’lkaning barcha hosildor erlari Rossiyaning daromad manbaiga aylantirildi. Er solig’i XIX asr oxirida 4 million so’mni tashkil etgan bo’lsa, 1916 yilda 38 million so’mdan oshib ketdi. Podshoh ma’muriyati Turkistonning doimiy egasi bo’lish uchun «ko’chirish» siyosatini qo’lladi. Fon Kaufman tashabbusi bilan 1875 yildayoq Avliyoota tumanida Rossiyadan ko’chirib keltirilganlar hisobiga 8 ta rus qishlog’i vujudga keldi. 1886 yilda qabul qilingan «Turkiston o’lkasini boshqarish haqidagi Nizom»ga muvofiq rus dehqonlarini ko’chirib keltirish va joylashtirish kuchayib ketdi. Chor hukumatining «Osiyo Rossiyasida bo’sh yotgan erlardan» foydalanish borasida yaratgan imkoniyatidan foydalangan kam erli yoki ersiz rus xonadonlari, kazaklar ma’muriyatning ijozatisiz Turkistonga boyish maqsadida oqib kela boshladi. Shu tariqa, Sirdaryo, Farg’ona, Samarqand viloyatlarida 1910 yilga kelib 124 ta rus qishlog’i vujudga keldi, ularda 70 mingga yaqin ko’chib kelganlar yashardi. Ko’chib kelganlar mahalliy aholiga qarashli sersuv va hosildor erlarni ham egallay boshlaydilar, er-suv masalasida ular o’rtasida norozilik, to’qnashuvlar bo’ldi. Rus ma’murlari ko’chib kelgan kazaklarga tayanish, mahalliy aholi g’alayon ko’targuday bo’lsa, ularning yordamida bostirish maqsadida Turkistonda dehqonchilik qiluvchi rus kazaklarini qurollantirdi. Ular amalda chorizm uchun zaxira qo’shinga aylantirildi. Mustamlakachilar o’lkada, xususan Farg’ona viloyatida paxta plantatsiyalari tashkil etdi, sug’oriladigan ekin maydonlarini kengaytirdi. 1885-1916 yillarda paxta ekiladigan er maydoni 40 ming tanobdan 550 ming tanobga ko’paydi. Hosildorlikni oshirish maqsadida 1884 yilda tajriba urug‘chilik stantsiyasi ochildi. Tolasi sifatli urug’lik chigiti yaratildi. Paxtachilikda pishiq tolali va hosildor «Amerika» navini ekish keng tarqaldi, boshqa ekin maydonlari yildan yilga qisqartirib borildi. Qishloq xo’jaligida pilla etishtirish ko’paytirildi, qand-lavlagi, kartoshka, karam ekinlarini ekish o’zlashtirildi. Vinochilik, asalarichilik paydo bo’ldi. 1867-1896 yillarda Rossiya imperiyasi xazinasiga 150 million so’m sof daromad tushdi. Podshoh ma’muriyati Turkistonni Rossiyaning bir qismiga aylantirish, uning janubiy chegaralarida harbiy istehkomlar qurish, boyliklarni va etishtirilayotgan xomashyoni tashib ketish maqsadida Temir yo’l qurilishini boshlab yubordi. 1880-1889 yillarda zudlik bilan Krasnovodsk, Asxabad, Marv, Chorjo’y, Kushka, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qo’qon, Andijon shaharlarini bog’lovchi O‘rta Osiyo temir yo‘li qurildi. 1890-1905 yillarda Toshkent-Orenburg temir yo‘li qurilib, Turkiston Rossiyaning markazi bilan bog’landi. 1915 yilda Buxoro-Qarshi va Termiz-QarshiShahrisabz-Kitob temir yo’li qurildi. Temir yo’llar qurilishi munosabati bilan Rossiyadan ko’plab ishchilar, injener-texnik xodimlar ko’chib kelishdi va ular qadimiy Turkiston shaharlariga joylashtirildi, ular joylashtirilgan qism yangi shahar, erli aholi yashaydigan qism eski shahar deb ataladigan bo’ldi. Yangi shaharlar, jumladan, Skobelev (Hozirgi Farg’ona) shahri vujudga keldi. Turkiston Rossiyaning markazi bilan temir yo’l orqali bog’langach, rus kapitali (sarmoyalari) o’lkaga oqib kelaboshladi. Turkiston xom ashyo bazasida savdo-sanoat yuritish, zavod-fabrikalar qurishga intiluvchilarga Rus-Osiyo banki, Moskva savdogarlar banki, Rossiya davlat banki pul qarz berib turdi. Natijada bir qator zavodlar, savdo shohobchalari, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalar qurildi. Paxta va uni xarid qilish bilan shug’ullanuvchi 30 ta savdo shohobchasi vujudga keldi. 1913 yilda tuzilgan «Beshbosh» degan paxta-yog’ shirkati Turkistonda 29 ta paxta zavodi qurdi, o’lkada etishtirilgan paxtaning 30 foizini xarid qilardi, 80 ming tonna paxta tolasini tashib ketar, 160 ming tonna chigit tayyorlardi. Katta sarmoyador Vodyaevlar Turkistonda «Vodyaevlar savdo uyi»ni tashkil etib, 30 ta paxta zavodi qurdi. Farg’ona vodiysidagi keng paxta dalalari, temir yo’llar, paxta tozalash zavodlari va Ivanovo to’qimachilik korxonalari Vodyavlar nazoratidagi katta kombinat tarkibiga kiritilgan edi. Ular yiliga Farg’ona vodiysida etishtirilgan 7-8 million pud paxtani Ivanovoga tashib ketardi. Mustamlakachilar qanchalik boyib borsa, arzon ishchi kuchi bo’lgan mahalliy aholi shunchalik qashshoqlashib bordi. Dehqonlar og’ir shartlar asosida qarz olardi, qarzini to’layolmay o’ziga tegishli erini sotib, ersiz qolardi, mardikorlik, chorakorlik qilishga majbur bo’lardi. Ular yoki er egalari qo’lida yollanib batraklik qilishga yoki yangi ochilayotgan korxonalarga arzimagan ish hai evaziga ishlashga majbur bo’lardi. Erni Rossiya banklari yoki puldor mahalliy boylar sotib olardi. Shu tariqa o’lkada 90-100 gektarcha sug’oriladigan eri bo’lgan boy xo’jaliklari vujudga keldi. XX asr boshlaridagi ma’lumotlarga ko’ra o’lka aholisining 70 foizi kambag’al va qashshoqlar, 17 foizi o’rta hol, 13 foizi o’ziga to’q, boy oilalar hisoblanardi. Rossiyalik sarmoyadorlar o’lkada paxta tozalash, yog’ va spirt ishlab chiqarish, pivo, tamaki, un, qand, sovun, g’isht, ko’n, mis eritish, jun yuvish,ohak qizdirish zavodlari va oziq-ovqat korxonalari qurib, ulardan mo’may daromad olishni yo’lga qo’ydilar. 1908 yilda o’lkada 378 ta sanoat korxonalari faoliyat yuritgan bo’lsa, 1917 yilda ularning soni Buxoro amirligi va Xiva xonligida qurilgan korxonalarni ham qo’shib hisoblaganda 1200 taga etgan. O’lkada sanoat tarmoqlarining rivojlanishi aholining tabaqalanishiga ta’sir etib, milliy burjuaziya va ishchilar sinfi shakllana boshladi. 1914 yilgi ma’lumotlarga ko’ra o’lkada 49,5 ming ishchi bo’lib, ulardan 25,5 mingi sanoatda, 24 mingi temir yo’l va unga xizmat qiluvchi ustaxonalarda ishlagan. Turkistonda paxta tozalash zavodlari, do’konlari, tegirmonlar, katta-katta bog’ uzumzorlarga ega bo’lgan mahalliy burjuaziya tabaqasi ham faoliyat yuritdi. Mahalliy aholiga mansub ishchilarga rossiyalik ishchilarga nisbatan 2,5- 3,5 baravar kam ish xaqi to’langan. Dehqonmi, mardikormi, ishchimi mahalliy aholi Rossiya mujiklari va ishchilari oldida kamsitilardi. Turkiston Rossiyaning jahon bozorlarida o’tmaydigan tovarlari sotiladigan bozorga aylantirildi. 1895 yilda Turkistonda Rossiya korxonalarida tayyorlangan 6 million so’mdan ortiqroq summada temir, mis, chinni buyumlar, gazlama, yog’och, choy, oziq-ovqat va boshqa buyumlar sotilgan bo’lsa, 1914 yilda sotilgan buyumlar salmog’i 243 million so’mdan oshib ketdi. Sotilgan maxsulotlarning 40 foizi o’lkadan tashib ketilgan paxtadan Rossiya to’qimachilik korxonalarida to’qilgan gazlamalar tashkil etardi. Rossiya savdo-sanoatchilari Turkistonda sanoat mahsulotlari sotishdan ham, Turkistondan xom- ashyo sotib olishdan ham katta daromad olardilar. Shunday qilib, Turkiston nafaqat Rossiya davlatining, shuningdek, rossiyalik savdo-sanoatchilar manfaatiga xizmat qiladigan o’lkaga aylantirildi. Rossiya imperiyasi Turkiston xalqini ma‘naviy-madaniy jihatdan tutqinlikka solish, o’zining uzoqqa mo’ljallangan manfaatiga bo’ysundirish siyosatini yuritdi. Uning mohiyati, mazmuni mahalliy xalqni uning milliy, tarixiy ildizlaridan uzib tashlash, xalqning ma’naviy, madaniy, tarixiy merosini yo’q qilish, ruslashtirishdan iborat edi. Turkiston general-gubernatorligining Farg’ona viloyati harbiy-gubernatori Skobelev shunday deb yozgan edi: «Millatni yo’q qilish uchun uni qirish shart emas, uning madaniyatini, san’atini, tilini yo’q qilsang bas, tez orada o’zi tanazzulga uchraydi» . Turkistonda ana shunday yovuz qarashlarga mos siyosat va amaliyot yuritildi. Turkistonning noyob tarixiy, ma’naviy, madaniy boyliklari talon-taroj qilindi. 1870 yilda Toshkentda ochilgan kutubxona va 1876 yilda tashkil etilgan muzeyda o’lkaning ma’naviy-madaniy hayotini aks ettiruvchi oltin, kumush, misdan yasalgan qimmatbaho buyumlar, gilamlar, amaliy san’at namunalari, tarixiy yodgorliklar, arxiv hujjatlari, qo’lyozma kitoblar va boshqa osori-atiqalar to’plandi. Ular ko’rikdan o’tkazilib, qimmatbaho va nodir deb baholanganlari Peterburg va Moskvaga tashib ketildi. San’at darajasida ishlangan Muhammad Rahim taxti, Amir Temur maqbarasining naqshinkor darvozasi, undagi bitiklar, oynalar, oltin koshinlar, Ahmad Yassaviy maqbarasidagi naqshinlar, katta qozon («Nazir-niyoz qozoni»), turli tarixiy buyumlar, noyob kitoblar va boshqalar shular jumlasidandir. Islom diniga e’tiqod, ruhoniylar, masjid va madrasalar oyoq osti qilina bordi. Rossiya ma’murlari musulmon muassasalari, madrasa ishlariga aralashib, ularning faoliyatini tobora cheklab bordi. Maorif va madaniyat sohasida ruslashtirish siyosati yuritildi. Turkistonlik bolalarni ruslar bilan aralashtirib o’qitish va tarbiyalash g’oyasi ilgari surildi va 1884 yilda Toshkentda dastlabki «rus-tuzem maktabi» ochildi. XIX asr oxirida ularning soni yuztadan oshib ketdi. Bunday maktablarda rus va o’zbek muallimlari dars mashg’ulotlarini o’tadigan bo’ldi. Maqsad o’zbek yoshlariga rus tilini o’rgatish va rus turmush tarzini singdirish edi. Chorizm ma’murlari erli aholi bolalarini «rus-tuzem maktablari»ga jalb qilish, qiziqtirish uchun o’lkadagi mahalliy ma’muriyat boshqaruvida rus tilini bilganlar ishlaydi, degan talabni qo’ydilar. Bu talabdan maqsad «erlilarda mansabga qiziqib» rus tilini o’rganish, ruslashish manfaatini uyg’otish edi. Rus tilini bilgan mahalliy aholi vakillariga imtiyozlar yaratildi. Shu tariqa, o’lkada ish yuritish astasekin rus tiliga o’tkazilabordi. Chor ma’murlari mahalliy aholiga Rossiyaning ulug’vorligini ko’rsatish, evropacha turmush tarziga qiziqtirish uchun Rossiyaning markaziy shaharlariga sayohatlar uyushtirdilar. Katta yoshdagilarni, shuningdek, yoshlarni guruh-guruh qilib Peterburg, Moskva va boshqa shaharlarga olib borib oq podshohning qudratini, baland imoratlar, ishlab chiqarish korxonalarini ko’rsatishardi. Mustamlakachilar sayohatchilar o’z yurtiga qaytib borgach, Rossiyaning ulug’vorligi haqida vatandoshlariga so’zlab beradi, Rossiya tarkibida bo’lganidan g’ururlanadi, degan maqsadda edilar. Bu tadbirlar ruslashtirish manfaatlarini ko’zlab uyushtirilardi. Mustamlakachilarning erli aholi turmushiga ma’naviy-ruhiy tazyiq o’tkazish dasturida o’lka xotin-qizlarini ruscha hayot tarziga o’rgatish masalasiga alohida o’rin berilgan edi. Shu maqsadda shaharlarda xotin-qizlar ambulatoriyalari tashkil etilib, ularda rus shifokorlari faoliyat ko’rsatdi. Ambulatoriyalarda ayollarga zarur tibbiy maslahatlar, tibbiy yordamlar ko’rsatildi, bu ijobiy hol, albatta. Shu bilan birga ayollarga ruscha turmush tarziga o’tish, ularning farzandlari tarbiyasiga ta’sir etish, pravoslavcha qarashlarning afzalligi, «paranji zulmidan xalos bo’lish, ochilish» zarurligi haqida tashviqot-targ’ibot ham qilinardi. Mustamlakachi ma’murlar ruslashtirish siyosatini yuritsalarda, rus tilini yaxshi o’zlashtirgan ziyolilarga shubha bilan qarardi, ular ustidan nazorat, tazyiq uyushtirardi. Xulosa qilib aytganda, maorif va madaniy hayotda ham chorizmning mustamlakachilik siyosati yaqqol namoyon bo’ldi. O’lkaning madaniy-ma’rifiy hayotini cheklab, o’z manfaatlariga bo’ysunduruvchi yo’l tutdi. Chorizm buyuk davlatchilik g’oyalarini Turkistonga zo’rlik bilan joriy etdi, milliy madaniyat va ma’naviy qadriyatlarni toptadi. To’g’ri, Rossiya imperiyasi Turkistonda kommunikatsiya va ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish, milliy kadrlarni tayyorlash, ma’rifatchilik va aholini jahon madaniyatidan bahramand qilish kabi ijobiy tadbirlarni ko’rdi. Biroq mustamlakachilik siyosati va amaliyoti o’lkaning iqtisodiy, ma’naviy-madaniy taraqqiyotiga jiddiy salbiy ta’sir ko’rsatdi. «Bu salbiy oqibat tashqaridan olib kirilgan tsivilizatsiya natijalaridan ko’ra bir necha barovar ortiq edi».

Chorizm mustamlakachilik zulmiga qarshi milliy ozodlik harakati

Chor Rossiyasining Turkistonda joriy etgan ma’muriy- boshqaruvi tizimi xalqning boshiga solingan siyosiy sirtmoq bo’ldi. Bosqinchilar avvalo, Turkiston boyliklarini talontaroj qildi, so’ngra o’lkani xom ashyo bazasiga aylantirib iqtisodiyotni o’z manfaatlari yo’lida jilovlab oldi. Og’ir soliqlar, g’ayriqonuniy majburiyatlar aholini tobora qashshoqlashtirib bordi. Mustamlakachilar mahalliy aholining milliy qadriyatlari, urfodatlarini oyoq osti qilardi, ma’naviy zug’um kuchayib borardi. Rossiya Turkistonni o’z mustamlakasiga aylantirgach, uning siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-madaniy zulmi kuchayib bordi. Chorizmning mustamlakachilik zulmiga qarshi xalqning noroziligi, nafrati oshib bordi, qo’zg’olon ko’tarishiga sabab bo’ldi. Qo’zg’olonlarning harakatlantiruvchi kuchi dehqonlar, shahar hunarmand-kosiblari, kambag’allar bo’ldi. Bu harakatlarda vatanparvar ruhoniylar, milliy g’ururini yo’qotmagan boy zamindorlar ham ishtirok etdilar. 1879 yilda 600 ga yaqin g’alayonchi Farg’ona viloyat boshqarmasi binosini qurshab olib, harbiy gubernatordan Marg’ilon tumanidan olinayotgan soliqlarni kamaytirishni talab qiladi. G’alayonchilar avzoidan cho’chigan, vaziyatning jiddiyligini anglagan viloyat harbiy gubernatori bo’lajak katta janjalning oldini olish maqsadida xalqqa yon bosib, ularning talablarini o’rganib chiqishga va’da beradi va g’ayriqonuniy soliq yig’uvchilarni aniqlab, ularni ishdan chetlashtirishga majbur bo’ladi. 1880-1883 yillarda mustamlakachilik zulmiga qarshi qator chiqishlar bo’lib o’tdi. Xo’jand, O’ratepa, Namangan, O’sh va Chustda ko’tarilgan qo’zg’olonlar bunga misol bo’la oladi. Manbalarda 1885-1892 yillarda Farg’ona viloyatida xalqning 205 marta siyosiy chiqishlari, harakatlari ko’tarilgani qayd etilgan. Farg’onadagi vaziyatdan cho’chigan viloyat harbiy-gubernatori Vrevskiy aholidan ko’z-quloq bo’lib turish uchun Markaziy hukumatga maxfiy siyosiy politsiya xizmatini tashkil etish taklifini ilgari suradi. U Farg’ona viloyatining har bir tumanida maxfiy ayg’oqchilar tarmog’ini vujudga keltirish uchun o’z ixtiyoridagi mablag’dan foydalandi. O’lkaning oliy harbiy-siyosiy doiralari tobora kuchayib borayotgan norozilik to’lqinini pasaytirish uchun ta’sirchan vosita izlay boshladi. Qurolli kuchlar va politsiya xizmatini kuchaytirish tadbirlari uchun bir yilda 5,5 mln. so’m sarflanardi. Holbuki, undan ham muhim hisoblangan temir yo’l uchun bor yo’g’i 190 000 so’m ajratilganini hisobga olsak, chor hukumatining xalq harakatidan naqadar xavotirga tushgani aniq bo’ladi.

Toshkent qo‘zg‘oloni. 1892 yilning yozida Turkiston markazi Toshkentda rus mustamlakchilarini talvasaga solgan va tarixga «vabo isyoni» yoki «toshotar voqeasi» sifatida kirgan qo’zg’olon bo’ldi. Iyun oyida Toshkentda vabo tarqaldi. Shahar ma’muriyati shoshilinch choralar ko’rdi. Vabo kasali bilan o’lganlarni shahar ichkarisidagi 12 ta qabristonga ko’mish man etildi, shahar tashqarisida 4 ta yangi qabriston ochiladi, deb e’lon qilindi. Shahardan chiqish va kirish nazorat ostiga olindi. Shaharda vabo kasaliga chalinganlar yo’q qilinar ekan, degan mish-mishlar tarqaldi. Toshkent shahar ma’muriyati tibbiyot nuqtai nazaridan to’g’ri bo’lgan bu tadbirlar haqida aholi o’rtasida tushuntirish ishlari olib bormadi, musulmonchilik odatlari, marosim qonun-qoidalarini hisobga olmadi. Va’da qilingan 4 ta yangi qabriston o’rniga faqat bittasi ochildi. Boshqa kasallik bilan o’lganlarni shahar ichkarisidagi qabristonlarga ko’mish ishlarini rasmiylashtirish ham cho’zilib ketdi, suiiste’molliklar kuchaydi. Odamlar noiloj o’likni eski qabristonlarga olib borib ko’mishga majbur bo’ldi. Politsiya bundaylarni topib hibsga ola boshladi. Qabristonni ochib, o’lganlarning ruhi haqorat qilindi. Shaharning eng taniqli kishilaridan hisoblangan Azizyor Eshon, Abulqosim xo’ja, bozor oqsoqoli Ziyomuhammad va boshqa kishilar boshchiligidagi mingga yaqin kishi 24 iyunda shahar boshlig’i mahkamasi tomon yo’l oldilar. Ularga hokim to’ra-shahar boshlig’i polkovnik S.R.Putintsev va eski shahar oqsoqoli Muhammad Yoqub to’qnash kelishdi. Qamchisini o’ynatib kelgan oqsoqol xalqning so’zlarini, arz-dodini tinglash o’rniga unga dag’dag’a qila boshladi. Halq uning boshiga toshlar yog’dirdi. Mashhur «Toshotar» voqeasi boshlanib ketdi. Oqsoqol otdan tushib hokimning idorasiga qochib yashirindi. Polkovnik Putintsev esa o’zining sodiq qulini panohiga olib, xalqni tinchitishga urindi. Xalq undan oqsoqolni berishini talab qildi. Putintsev ham muzokara o’rniga kuch ishlatishni afzal ko’rib, to’pponchasini g’ilofidan chiqarib, dag’dag’aga o’tdi. Sabr kosasi to’lgan xalq, uzoq o’ylab o’tirmay, hokimga hujum boshladi, Putintsev va uning mirshablarini do’pposladilar, haloyiq mahkamani ham ostin-ustun qildilar. Qurollangan soldatlar etib kelgach, xalq ayamay o’qqa tutildi. Noiloj qolgan olomon Anhor suviga o’zini tashlaydi,ko’p kishi halok bo’ladi va yaralanadi. O’lganlar va yaradorlarning miqdori haqida aniq ma’lumotlar saqlanmagan. Chunki xalqning o’zi jasadlarni va yaradorlarni o’zlari bilan olib ketishgan. Keyingi kunlari Anhordan topilgan mayitlar soni 80 taga etgan. Qo’lga olingan 60 kishi turli muddatlarga qamoq jazosi va surgunga hukm qilindilar. Mustamlakachilarning zo’ravonligi xalqning ozodlik harakatini to’xtatib qololmadi.

Andijon qo‘zg‘oloni. Turkistonda ko’tarilgan ozodlik harakatining eng yirigi 1898 yilgi Andijon qo’zg’olonidir. Qo’zg’olonga Andijon yaqinidagi Mingtepa qishlog’ida yashovchi Muhammadali eshon boshchilik qildi. U otasining kasbini olib duk yasardi, shuning uchun uni Dukchi eshon deb atashardi. Muhammadali Buxoroda o’qidi, Makkaga hajga boradi, Farg’ona viloyatidagi Sultonxon To’ra eshon xizmatida bo’ladi. Uning vafotidan keyin o’zi Eshon bo’ladi. Uning maqsadi rus hukmronligidan qutilish, Farg’onada o’z kishisini xon qilib ko’tarish edi. Uning atrofida kambag’allar to’plana bordi, bog’lar yaratdi, suvsiz erlarga suv chiqardi. Muhammadali eshon o’z muridlari bilan kengashib, mustamlakachilarga qarshi Andijon, Marg’ilon va O’shda joylashgan harbiy lagerlarga hujum qilish rejasini tuzadi. 1898 yil 17 may kuni Muhammadali eshon xaloyiqni qo’zg’olonga da’vat qiladi. Shu kuni xufton paytida har kim qo’liga tushgan narsani olib Andijon shahariga jo’nadilar. Eshon boshliq qo’zg’olonchilar Qo’tchi qishlog’iga kirishganda yana 200 kishi qo’shilgan. Qoraqo’rg’on va Oqchidan o’tib Qo’yliga yaqinlashganida ularga mingboshi G’oyibnazar o’z yigitlari bilan qo’shiladi. Qo’zg’olonchilar Andijonga yaqinlashganlarida ularga boy savdogar Aliboy qurollangan 190 yigiti bilan qo’shiladi. Qo’zg’olonchilar soni 2000 kishiga etadi. Qo’zg’olonchilar Andijondagi mustamlakachilarning harbiy garnizoniga bostirib kiradi va kazarmaning piramidalarida turgan 30 ga yaqin miltiqni o’lja qilib olib, birinchi qatordagi soldatlar ustiga tashlanishadi. Ularga ichkaridagi soldatlar qarshilik ko’rsatadilar. Chorak soat davom etgan otishmadan so’ng qo’zg’olonchilar to’rt o’lgan sheriklarini tashlab chekinadilar. Harbiy garnizondagilardan 22 kishi o’ldiriladi, 24 tasi yarador bo’ladi. Andijonda, ayniqsa rossiyaliklar yashaydigan yangi shaharda mustamlakachi amaldorlardan tortib to oddiy fuqarogacha vahimaga tushib, uylariga bekingan va musulmonlar yalpi hujumini kutgan. Hatto tumanboshi polkovnik Koishevskiy ham ko’chaga chiqishdan qo’rqib uyida bekinib yotadi. Eski shahar oqsoqoli Xolbahodir mingboshi uning oldiga kelganidagina u voqeaning tinch tugaganini bilgan va darhol askar chaqiradi. Ular yangi shahardan boshlab ko’ziga ko’ringan musulmonlarni otadi. Bu voqealardan mutlaqo bexabar, ertalab ishlashga chiqqan minglab dehqonlar va hunarmandlar mustamlakachilar o’qidan nobud bo’lishadi. Harbiy qo’shinlar shaharni o’rab olib, qo’zg’olonni harbiy kuch bilan shafqatsizlarcha bostiradi. Mustamlakachilar Muhammadali eshonni tutish uchun Mingtepaga yurdilar, yo’lda duch kelgan kishini otib o’ldirib Mingtepaga bostirib kirdilar, uch soatcha otishma va tintuv o’tkazdilar. Nihoyat, eshon Arslonbob yaqinidagi Toshko’prikda qo’lga tushirildi. Eshon va uning muridlari, tanish-bilishlari, maslakdoshlariga nisbatan dahshatli qatag’on uyushtirildi. 1898 yil 12 iyunda Muhamadali eshon va uning yaqin maslakdoshlaridan 5 nafari osib o’ldirildi, yuzlab kishilar qamoq jazosiga hukm etildi, 18 kishi Sibirga surgun qilindi. Dukchi eshon qo’zg’oloni izsiz ketmadi. Butun Farg’ona vodiysida mustamlakachilarga qarshi harakat davom etdi. Yakkatut, Namangan, Beshariq, Marg’ilon va boshqa tuman va qishloqlarda bosqinchilarga qarshi harakatlar bo’ldi. 1898 yilgi qo’zg’olon chorizmga qattiq zarba berdi, uning negizlarini titratdi. Qo’zg’olonchilar Vatan ozodligi uchun kurash tarixi sahifalaridan munosib o’rin egalladilar.

1916 yil xalq qo‘zg‘oloni. Birinchi jahon urushi unda ishtirok etayotgan Rossiya imperiyasini tobora holdan toydirmoqda edi. O’n minglab askarlar jangda qurbon bo’ldilar. Talvasaga tushgan Rossiya Oliy Bosh qo’mondonlik shtabi harbiy vazirlikdan «armiya ehtiyojlari uchun salmoqli miqdorda kuch ajratishni» zudlik bilan talab qildi. Bu kuchni harbiy vazirlik mustamlakalardan to’plashga umid bog’ladi. Natijada Rossiya imperatori Nikolay II 1916 yil 25 iyunda Turkiston, Sibir va Kavkazdagi 19 yoshdan 43 yoshgacha bo’lgan erkaklarni front orqasidagi xizmatlar uchun safarbar qilish to’g’risida farmon chiqardi. Turkiston general-gubernatoriga zudlik bilan farmonni amalga oshirish buyurilib, Sirdaryo viloyati zimmasiga 87 ming, Samarqandga 38 ming, Farg’ona zimmasiga 50 ming kishi yuborish majburiyati yuklandi. O’lkada safarbar qilinuvchilarning ro’yxatlari tuzila boshlandi. Xalq bu tadbirga «mardikorlikka» olish deb nom berdi. Mahalliy ma’muriyat mardikorlikka chaqirishni boylik orttirish vositasiga aylantirdi. Boylarning o’g’li pul bilan qutulib qolar, kambag’al oilalar esa yolg’iz o’g’ildan, boquvchisidan ayrilar edi. Bu hol xalqning kuchli noroziligiga olib keldi. Petrograddan ba’zi tabaqadagilar tovon evaziga mardikorlikdan ozod qilinishi mumkinligi to’g’risida qo’shimcha ko’rsatmalar etib kelganidan keyin xalq noroziligi qo’zg’olonga aylanib bordi. 4 iyulda Xo’jand shahrida norozilik namoyishi boshlanib ketdi. Unda dehqonlar, mardikorlar,chorakorlar, ayollar – jami 3000 dan ortiq kishi qatnashib, namoyish «Mardikor bermaymiz!» shiori ostida o’tdi. Politsiya namoyishni bostirishga kirishdi, ular ustiga tosh yog’ildi. Harbiy qismdan soldatlar etib kelib politsiyachilar bilan birgalikda namoyishni bostirdi, ikki kishi o’ldi, bir kishi yarador bo’ldi. Xo’jand voqeasi haqidagi xabar butun Turkistonga yoyildi. 5 iyulda Samarqand uezdining Urgut qishlog’ida g’azabga kelgan 2000 kishilik dehqonlar volost boshqaruvining mahkamasi oldiga to’plandi. Mahkama xodimlari kaltaklandi. O’sha kuni Samarqand uezdining Siyob, Mahalla, Xo’ja Ahror va Angar volostlarida ham namoyishlar bo’lib o’tdi. 11 iyulda Toshkentda katta g’alayon boshlanib ketdi. Hunarmandlar, ishchilar, shahar kambag’allari va shahar atrofidagi dehqonlar Beshyog’ochdagi politsiya boshqarmasi tomon yo’l oldilar. Bu erda qo’g’olonchilarning katta guruhi to’plandi. Namoyishchilar «bolalarimizni bergandan ko’ra o’zimiz o’lganimiz yaxshiroq, podsho o’lib ketsin» deya maydonni larzaga keltirib qichqirdilar. Mahalliy aholi faollaridan Yo’lchi Ibrohimov (ko’nchi), G’ulom Kamolov (g’isht teruvchi), ishchi ayol Zuhrabibi Musaeva va boshqalar xalqni podshoh hukumatiga qarshi qat’iy kurash boshlashga da’vat etdilar. «Ur, politsiyachilarni!» degan qichqiriqlar bilan boshqarmaga hujum qildilar. Qamal va otishma boshlanganidan bir soat keyin yordamga jazo qo’shini etib keldi. Kazak qismlari 5 kishini otib o’ldirishdi, 15 kishi yarador bo’ldi. Qo’zg’olonning faol ishtirokchisi Zuhrabibi ham kurashning oldingi safidagi to’qnashuvda tosh otayotib halok bo’ldi. Qo’zg’olonchilar chekinishdi. Sal keyinroq yana chinakam jang boshlanib ketdi. Endi podshoh askarlari chekinishga majbur bo’ldilar, ular boshqarma ichiga kirib olib, barrikada qurib himoyalandilar. Podpolkovnik Savitskiy boshliq jazo otryadi, uning ketidan kelgan general Galkin kuchlari jangga kirib qo’zg’olonni bostirishga erishdilar. Toshkent atrofidagi qishloqlarda dehqonlarning g’alayonlari politsiya va qo’shinlar bilan to’qnashuvga aylandi. Bunday to’qnashuvlar 12 iyulda Yangibozor, To’ytepa qishloqlarida, 14 iyulda Troitsk, Xonobod va Pskent qishloqlarida ham bo’lib o’tdi. Noroziliklar Rossiyaning asosiy paxtakor rayoniga aylantirilgan Farg’ona vodiysida tobora kuchaya boshladi. G’alayonlar Qo’qon shahri, Kattaqo’rg’on, Rishton, Ganjiravon qishloqlarida ham bo’lib o’tdi. Ularning barchasi ayovsiz bostirildi. 9 iyul kuni Andijon jome masjidida podshoh farmoni o’qib eshittirildi. Aholi yashin tezligida maydonni to’ldirdi. Xalq «hozir hamma mingboshilar va amaldorlarning boshini kesib tashlaymiz va mol-mulkini er bilan yakson qilamiz», deb tahdid solib, safarbarlikni bekor qilishni talab etishdi. Politsiya va kazaklarga hujum boshlandi. Jazolovchilar qo’zg’olonchilarga o’t ochib 3 kishini o’ldirib, 12 kishini yarador qildilar. Skobelev uezdida xalq g’alayonlari 10 iyul yakshanba kuni eski Marg’ilondagi chiqishlar bilan boshlandi. To’plangan kishilar soni 25 mingtagacha etgan. Qattiq to’qnashuvda ikki mirshab o’ldirilgan, bir necha oqsoqol kaltaklangan. Xalq bilan yomon munosabatda bo’lgan boylar ham o’ldirilgan. Boylarning uylari va ma’muriy binolar vayron qilinib, podsho rasmi yirtilib, oyoq ostiga tashlangan. Bu erga jazo polki etib kelib qo’zg’olonchilarga qarshi o’t ochib, 63 kishini o’ldirib, ko’pchilikni yarador qilganlar. 1916 yildagi qo’zg’olonning eng kuchli nuqtasi Jizzax qo’zg’oloni bo’ldi. Jizzax shahri aholisi 13 iyul kuni safarbarlikka chaqirilganlar ro’yxatini talab qilib oqsoqol va mingboshi mahkamasiga to’plandilar. Oqsoqolni o’ldirib, mingboshi mahkamasini vayron qildilar, ro’yxatni topib olib yondirib tashladilar. Nazir Hoji eshon Jizzax beki deb e’lon qilinadi. Qo’zg’olonni bostirishga etib kelgan jazo otryadi katta zarbaga uchradi. Qo’zg’olonchilar safi kengayib bordi. Nazir Hoji eshon boshchiligida qo’zg’olonchilar yangi shaharga tomon yurdilar. Jazo otryadi bilan qo’zg’olonchilar o’rtasida bo’lgan to’qnashuvda ikkala tomondan ham qurbonlar bo’ldi. Qo’zg’olonchilar telefon simlarini uzib, neftli baklarni yondirib, binolarni vayron qildilar. Lomakino bekatida temir yo’l ko’prigi, relslar buzib tashlandi. Obruchevo, Kurapotkino, Rostovtsovo temir yo’l bekatlari ham vayron qilindi, 6 ta temir yo’l ko’prigi buzib tashlandi. Abdurahmon jevachi boshchiligidagi kuchlarning Bog’don volostida ham g’alayonlari boshlanib, Jizzax tomon yuradilar. 21 iyul kuni Jizzax yaqinidagi Qili deb atalgan manzilda qo’zg’olonchilar bilan jazo otryadi o’rtasida to’qnashuv sodir bo’ladi. Pulemyotdan o’qqa tutilgach qo’zg’olonchilar engiladi. Abdurahmon jevachi, Nazir Hoji eshonlar qo’lga olinadi, o’lim jazosiga hukm qilinadi. Turkiston general-gubernatori Jizzax qo’zg’olonini bostirish uchun polkovnik Ivanov boshchiligida oltita to’pi bor 13 ta rota askar, 300 kishilik kazak otryadi, 2 ta ortileriya qismi va 3 rota sapyorlarni safarbar etadi. Jazo otryadi qo’zg’olonni shafqatsizlarcha bostirdi. Omon qolgan Jizzax aholisi jazirama cho’lga haydaladi. Jizzax ishi bo’yicha 1000 kishi hibsga olindi, 151 kishi sud qilinib turli muddatlarga qamaldi. 1916 yilgi qo’zg’olon butun Turkistonga yoyildi, dehqonlar va kambag’allar qo’zg’olonni harakatga keltiruvchi asosiy kuch bo’ldi. Qo’zg’olon bostirilgan bo’lsada, mustamlakachilar ham anchagina kuchlaridan ajraldilar. Shuning uchun ham 1916 yil 13 dekabrda IV Davlat Dumasida so’zga chiqqan A.F. Kerenskiy «Urush frontlariga yangi bir front – Turkiston fronti qo’shildi», – deb vaziyatga jiddiy va xolis baho bergan edi. General-gubernator imperatorga yo’llagan mutlaqo maxfiy axborotida 97 rus askari o’ldirilib, 86 tasi yarador bo’lganini va 76 askar bedarak yo’qolganini, 7 rus amaldori, rus aholisidan 2325 kishi o’ldirilib, 1384 kishi bedarak yo’qolganini yozgan. Ammo u Turkiston frontida o’z talofatini aniq yozgani holda vahshiyona o’ldirilgan o’n minglab mahalliy aholi hisobini bermaydi. Qo’zg’olon o’lkadagi Chor Rossiya mustamlakachilik tizimining tagi bo’sh zaminda ekanligi va uning ustunlari qimirlay boshlaganini hamda Turkiston xalqlarining vatanparvarligi, g’ururi so’nmaganligini namoyon etdi.

Turkistonda jadidlar harakatining vujudga kelishi, ularning islohotchilik faoliyati

Turkistonda o’rnatilgan mustamlakachilik zulmi XIX asr oxiri XX asr boshlarida yanada kuchaydi. Chorizm iqtisodiy jihatdan mahalliy xalqni talash, ezish bilan birga, ularni jaholatda, savodsizlikda tutib turish, ma’naviy qashshoqlantirishga intilar edi. Mustamlakachilar shu maqsadda o’lkaga chinovniklar, harbiylar, bankirlar, savdosanoatchilar, muhandis-texniklar, ruhoniylar, ilmiy kuchlar, ishchilar, mujiklardan iborat malaylarini safarbar etgan edi. Zolimlar qanchalik urinmasin, mahalliy aholining hurlik, ozodlik uchun intilishini so’ndirolmadi, milliy ozodlik harakati kuchayib bordi. Tarixiy vaziyat millat ravnaqini o’ylovchi ziyolilar, mahalliy burjuaziya vakillari, ulamolar orasidan xalqni uyg’otish, milliy ongini oshirish, birlashtirish uchun kurashuvchi kuchlarni tayyorlab etishtirdi. Sharq bilan G’arbni taqqoslab musulmonlar va turkiylar dunyosi, xususan Rossiya tasarrufiga olingan musulmonlarning jahon taraqqiyotidan uzilib qolayotganini qrim-tatar farzandi Ismoil Gaspirali (1851-1914) birinchi bo’lib angladi. U turkiy xalqlardagi jaholatni yo’q qilish, ma’naviyat-ma’rifat orqali taraqqiy topgan mamlakatlar darajasiga ko’tarilish harakatini boshlab berdi. Ismoil Gaspirali maorifni isloh qilish, maktablarda dunyoviy fanlarni o’qitish masalasini ko’tardi. U 1884 yilda Qrimdagi Boqchasaroy shahrida jadid maktabiga asos soldi. «Jadid» arabcha so’z bo’lib «yangi» degan ma’noni bildiradi. U o’zi tashkil etgan maktab o’quvchilari uchun o’quv dasturi tuzdi va darsliklar yozdi. U 40 kun ichida 12 o’quvchining savodini chiqarib, tezda shuhrat qozondi. «Tarjimon» gazetasini chiqarib, o’z g’oyalarini yoydi. 1888 yilda «Rahbari muallimin yoki muallimlarga yo’ldosh» kitobini nashr etib, jadid maktablarining qurilishi, dars o’tish mazmuni, jihozlanishi, sinov va imtihonlar olish usullarini bayon etib berdi. Ismoil Gaspirali g’oyalari Turkistonga ham kirib keldi. 1893 yilda U Turkistonga kelib, ilg’or ziyolilar bilan uchrashdi, Buxoro amiri huzurida bo’lib bitta jadid maktabi ochishga rozilik oldi. Turkistonlik ziyolilar jadidchilikni yoqlab maorifni isloh qilish, «Usuli jadid» maktablarini tashkil etishga kirishdilar. 1898 yilda Qo’qonda Salohiddin domla, 1899 yilda Andijonda Shamsiddin domla va Toshkentda Mannon qori jadid maktabiga asos soldilar. 1903 yilda Turkistonda 102 ta boshlang’ich va 2 ta o’rta jadid maktablari faoliyat ko’rsatdi.

Turkiston jadidlariga Mahmudxo’ja Behbudiy, Abduqodir Shakuriy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy va boshqa o’nlab milliy ziyolilar rahnamolik qildilar. Ular dastlab maorifni isloh qilish yo’lidan bordilar. «Usuli jadid» maktablari tarmog’i kengayib bordi, ularda diniy ta’limot bilan birga tibbiyot, hikmat, kimyo, nujum, handasa kabi dunyoviy bilimlar o’rgatildi, savod chiqarish tezlashtirildi. Talabalarga Turkiston, turkiylar tarixini o’rgatishga alohida e’tibor berildiki, bu ularning milliy ongini uyg’otishga, jamiyatni etnik jihatdan birlashtirishga xizmat qilardi. M.Behbudiyning «O’z urug’ining otini bilmagan, etti otasini tanimagan qul-manqurtdir» degan so’zlari talabalarni milliy o’zligini anglashga chaqirar edi. Munavvar qorining «Adibi avval», «Adibi soniy», M.Behbudiyning «Kitobatul atfol», «Bolalar maktubi», «Muxtasari tarixi islom», «Jug’rofiya», A.Avloniyning «Adabiyot», «Birinchi muallim», «Turkiy guliston», «Maktab gulistoni» kabi darsliklari milliy maktab va milliy tarbiyani yuqori saviyaga ko’tarishga xizmat qildi. Jadid maktablarida har tomonlama bilimli, ma’naviy etuk, o’z xalqining tarixini va dunyo ishlarini yaxshi o’zlashtirgan kadrlar tayyorlab chiqarildi. Jadidlar yoshlarni chet ellarga o’qishga yuborish tashabbusi bilan chiqdilar. Boy tabaqaning ilg’or vakillari jadidlarning bu harakatini ma’qullab, tegishli mablag’ bilan ko’maklashdilar. Ko’pgina umidli yoshlar Germaniya, Misr, Turkiya va Rossiyaning markaziy shaharlariga o’qishga yuborildi. 1910 yili Buxoroda mudarris Xoji Rafiy va boshqalar «Bolalar tarbiyasi» xayriya jamiyatini tashkil etib, 1911 yilda 15 ta, 1912 yilda 30 ta talabani Turkiyaga o’qishga jo’natdi. 1909 yilda Munavvar qori tuzgan «Jamiyati xayriya» ham miskin va ojiz talabalarga yordam berar, yoshlarni chet elga o’qishga yuborishga yordamlashar edi. Jadidlar Turkistonda milliy matbuotga asos soldilar. Munavvar qori 1906 yilda «Xurshid» («Quyosh») jurnalini tashkil etib, unga o’zi muharrirlik qildi. Jurnal xalqning haq-huquqlarini tanishga, milliy uyg’onishga xizmat qildi. Ammo mustamlakachi ma’murlar tezda jurnalni chiqarishni man qildilar. M.Behbudiy 1913 yilda «Samarqand» gazetasi va «Oyina» jurnalini chiqara boshladi. U «Nashriyoti Behbudiya» xususiy nashriyotini, uning huzurida «Kutubxonai Behbudiya»ni tashkil etdi. Gazeta va jurnalda millat va ona yurt dardi, xalqni ma’rifatli qilish, erkinligini ta’minlash masalalariga bag’ishlangan dolzarb maqolalar chop etilardi. Ular chor Rossiyasi tasarrufidagi turkiy xalqlarga, Eron, Afg’oniston, Hindiston, Turkiyagacha borib etardi. Taraqqiyparvar o’zbek ziyolilarining etakchisi Asadullaxo’ja o’g’li Ubaydullaxo’ja 1913 yilda «Taraqqiyparvar» deb nom olgan ziyolilarning firqasini tuzadi va 1914 yilda firqaning «Sadoi Turkiston», «Sadoi Farg’ona» gazetalari chiqariladi. Bu gazetalar sahifalarida e’lon qilingan maqolalar ommani mustabid tuzumga qarshi qo’zg’atishga xizmat qildi. Jadidlar milliy teatrga asos soldilar. Munavvar qori rahnamoligida 1913 yilda musulmon drama san’ati havaskorlari jamiyati – «Turon» truppasi tuzildi. 1914 yil 27 fevralda Toshkentdagi «Kolizey» teatri binosida o’zbek milliy teatrining birinchi rasmiy ochilish marosimi bo’ldi. Munavvar qori o’zbek milliy teatrining birinchi pardasini ochar ekan shunday degan edi: «Turkiston tilida hanuz bir teatr o’ynalmag’onligi barchangizga ma’lumdir… Teatrning asl ma’nosi «ibratxona» yoki «ulug’lar maktabi» degan so’zdir.

Teatr sahnasi har tarafi oynaband qilingan bir uyga o’xshaydurki, unga har kim kirsa o’zining husn va qabihini, ayb va nuqsonini ko’rib ibrat olur». O’sha kuni sahnada M.Behbudiyning «Padarkush» pesasi namoyish etildi. Unda islom dinining Turkistondagi buzilishlari tasvirlanib, tamoshabin e’tiborini najot yo’li – maorif, maorifni esa «poklangan din» beraoladi, degan g’oyaga qaratadi. «To’y», «Zaharli hayot», «Javanmarg», «Baxtsiz kuyov» pessalarida xotin-qizlarning huquqsizligi, ko’pxotinlik, majburiy nikoh oqibatlari kabi muammolar yoritiladi. Milliy teatr san’ati odamlarga millatda mavjud bo’lgan qusurlar va ijobiy tomonlarni tushunturuvchi oyna bo’lib xizmat qildi. Jadidlar matbuoti va teatrida ayrim mutaassib ruxoniylarning poraxo’rligi, axloqsizligi ham qattiq tanqid ostiga olindi. Abdurauf Fitrat «Munozara» nomli asarida Buxoro ulomalarining nodonligi va poraxo’rligini ochib tashladi. «Hind sayyohining sarguzashtlari» asarida esa Buxoro, Qarshi va boshqa shaharlardagi iqtisodiy tanazzulga ayrim ruhoniylarning o’z mavqeini suiiste’mol qilganliklarini asosiy sabab qilib ko’rsatdi. Jadidchi jurnalist va dramaturglar nashavandlik, kashandalik, zinogarlik, fohishalik kabi illatlarni qoralashdi. Jadidlar guruhiy, ijtimoiy va hududiy birlik to’g’risidagi masalalarni ko’tarib, xalqni milliy va diniy birlikka, jipslashishga, hududiy birlikka chaqirdi, ijtimoiy ongni XX asr darajasiga ko’tarishga intildilar. Jadidlarga, bir tomondan, mutaassib ruhoniylar, ikkinchi tomondan, mustamlakachi ma’murlar qarshilik ko’rsatdilar. Mutaassib ruhoniylar jadidlar ko’targan barcha yangiliklarga qarshi chiqishdi. Ular jadidlarni padarqushlar, maktablari haqida esa «bu xil maktabda o’quvchi-talabalar birinchi yili gazeta o’qiy boshlaydi, ikkinchi yili ozodlikni talab qilishadi, uchinchi yili esa janobi oliylarini taxtdan ag’darib turmaga tiqib qo’yishadi» der edilar. Mutaassiblar tarixni tasvirlash, o’qitish be’manilik, dahriylik deb hisoblashdi. M.Behbudiy ularni fosh qilar ekan, Qur’oni Karim ham, Muhammad payg’ambarning hadislari ham tarixga daxldor ekanligini, Qur’oni Karimning chorak qismi tarixiy ma’lumotlardan iboratligini asoslab beradi. Mustamlakachi ma’murlar jadidlar harakatini jilovlash choralarini ko’rdilar. Ular ustidan nazorat o’rnatar, gazeta va jurnallarini man etib, nashriyotlarini buzib tashlar, kitob do’konlari, qiroatxonalarni yopib tashlar edi. Ayniqsa 1905-1907 yillardagi Rossiya inqilobidan keyin qatag’onlik kuchaydi. Bu inqilobdan mahalliy burjuaziya va zamindorlarning bir qismi qo’rqib ketib mustamlakachi ma’murlar panohiga intildilar. Jadidlardan o’ng qanot ajralib chiqib reaktsiya lageriga qo’shildilar. Qadimchilar deb atalgan bu guruh Rossiyaning obro’si bizning obro’yimiz, xudodan qo’rq, podshohni hurmat qil, podshohning amri fuqarolar uchun vojibdur, deb chiqdilar. Ular islohotlarga qarshi chiqib, qadimgi tartiblarni himoya qildilar. Ular panturkizm – turkiy xalqlarni Turkiya davlatining qo’li ostida birlashtirish, panislomizm – islom dinidagi barcha xalqlarni birlashtirish g’oyalari soyasida qolib ketdilar. Jadidlar tobora olg’a yurdilar. Mustamlakachilarning jadidlarga nisbatan qo’llagan zo’ravonlik choralari, ularni ma’naviy-ma’rifiy islohotdan siyosiy qarshilik ko’rsatish darajasiga ko’tarilishiga olib keldi. Dastlabki siyosiy uyushma va firqalar vujudga keldi.

XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkistonda maydonga kelgan jadidchilik madaniy-ma’rifiy, milliy, ijtimoiy-siyosiy harakat edi. U o’sib mustamlakachilarga qarshi ko’tarilgan milliy-ozodlik harakatining mafkurasiga aylandi.

TURKISTONDA MUSTABID SOVET HOKIMIYATINING O‘RNATILISHI VA UNGA QARSHI QUROLLI HARAKAT

1917 yil fevral inqilobining Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotiga ta‘siri. «Sho‘roi Islomiya», «Sho‘roi Ulamo»

1917 yilgi fevral inqilobi va Turkiston Rossiyada 1917 yil fevralida burjua – demokratik inqilobi sodir bo’ldi, ko’p asrlik Romanovlar sulolasi hukmronligi ag’darildi. Chorizm siyosiy tuzumining barham topishi Rossiya imperiyasi va uning turli hududlarida ham ijtimoiy-siyosiy vaziyatning keskin o’zgarishiga olib keldi. Buning natijasida Rossiyada tarixda kamdan-kam uchraydigan hodisa – ikki hokimiyatchilik vujudga keldi.

burjuaziya vakillaridan iborat Muvaqqat hukumat

Ishchi, askar, dehqon deputlari sovetlari

Agar burjuaziya Muvaqqat hukumati mamlakatni yuqoridan turib boshqaradigan organ sifatida faoliyat yuritib, asta – sekinlik bilan hokimiyat muruvvatlarini o’z qo’liga olib borgan bo’lsa, ishchi, askar, dehqon deputatlari sovetlari esa hokimiyatni quyidan boshqarishda qatnashib bordilar. Ularning hokimiyat organi – Petrograd Soveti huddi shu yo’nalishda faoliyat yuritdi. Chor Rossiyasining mustamlakachilik asorati ta’sirida bo’lib kelgan Turkiston o’lkasi hayotida ham bu davrga kelib sezilarli tarixiy voqealar sodir bo’ldi. Chor mustamlakachilik boshqaruv organi – Turkiston General-gubernatorligi tugatildi. Uning o’rniga Muvaqqat hukumatning 1917 yil 7 apreldagi qaroriga binoan kadet N.N.Shchepkin raisligida 9 kishidan 4 nafari tub erli aholi iborat Rossiya Muvaqqat hukumatining Turkiston Qo‘mitasi tashkil etildi. Viloyatlarda harbiy gubernatorlik tizimi barham toptirilib, viloyat komissarlari instituti vujudga keltirildi. Shuningdek, Rossiyada faoliyat yuritayotgan bolsheviklar, mensheviklar va eserlar partiyalarining Turkistondagi mahalliy tashkilotlari etakchiligida o’lkaning bir qator yirik shaharlarida ishchi, askar deputlari sovetlari tashkil topdi. Tez orada mahalliy aholi vakillaridan iborat musulmon ishchi va askar deputlari sovetlari ham tuzila boshlandi. Muvaqqat hukumatning 1917 yil may oyi boshlarida chiqargan farmoniga binoan Turkistondan jalb qilingan mardikorlar o’z ona yurtlariga qaytib kela boshladi. Yurt istiqboli va istiqloli uchun qayg’uruvchi vatanparvar, hurriyatparvar kuchlar harakat qila boshladi va tashkiliy jihatdan uyusha bordi. Bu jarayonda ozod va mustaqil Turkiston uchun ko’p yillar fidoyilik bilan kurashib kelgan jadidlar harakatining rahnamolari alohida o’rin tutdi. Ular mahalliy aholining siyosiy ongini o’stirish, hal qiluvchi kurashlarga etaklab borish maqsadida o’lkaning ko’plab shaharlarida vaqtli matbuot nashrlari – gazeta va jurnallar chiqara boshladilar. Masalan, Toshkentda “Xurshid”, “Sadoi Turkiston”, “Turk eli”, “Najot”, “Kengash”, “Sho’roi islom”, Samarqandda “Oyna”, “Hurriyat”, Buxoroda “Turon”, “Buxoroi sharif”, Qo’qonda “Sadoi Farg’ona”, “Tirik so’z” nomli matbuot nashrlari o’z sahifalarida markazdagi siyosiy vaziyatni, joylardagi ahvolni, o’tkir ijtimoiy-siyosiy masalalarni yoritishda, mahalliy aholi ommasini siyosiy – g’oyaviy jihatdan tayyorlab borishda muhim rol o’ynadi. Abdulla Avloniy tomonidan Toshkentda 1917 yil aprelidan chiqarila boshlagan “Turon” gazetasining ilk sonida “Yashasin xalq jumhuriyati” shiori birinchi bor yangragan edi. Unda aniq maqsad -maslak: “Musulmonlar orasida ko’p yillardan buyon davom etgan umumga zo’rlik, bid’at odatlarni bitirmak, kelajakda bo’ladigan jumhuriy idoraga xalqni tayyorlamoq” g’oyasi ilgari surilgan edi. Xuddi shuningdek, Munavvar Qorining o’sha yili “Najot” g a z e t as i n i n g 2 6 ma r t sonida bosilgan «Xurriyat berilmas, olinur”, degan xitob ham jadidlarning xalq ozodligi va istiqloli yo’lida jiddiy kurashga bel bog’laganliklaridan dalolat berardi.

Sho‘roi Islomiya Turkiston jadidlari faqat targ’ibot-tashviqotchilik ishlari bilangina cheklanib qolmasdan, shu bilan birgalikda siyosiy t ashkilotlar, partiyalar tu zish , ularning faoliyatini islohotchilik maqsadlari sari yo’naltirish bilan ham jiddiy shug’ullanib bordilar. Chunonchi, 1917 yil 14 martda Toshkentda ―Sho‘roi Islomiya‖ tashkiloti tuzildi. Hur va demokratik Turkiston uchun kurash uning asosiy g’oyasi va bosh maqsadi edi. 15 kishidan iborat rayosat tarkibidan Munavvar qori Abdurashidxonov (etakchi), Abduvohid qori, Mirkomilboy Mo’minboev, Ubaydullaxo’ja Asadullaxo’jaev, Salimxon Tillaxonov singari yurt rahnamolari o’rin olgan edilar. O’lkaning turli joylarida ―Sho‘roi Islomiya‖ning quyi shu’balari tuzilib, ular aholi orasida qizg’in faoliyat yuritdilar. Shuningdek, “Sho’roi Islomiya” ta’sirida joylarda turli nomlarda tashkilotlar tuzildi. Toshkentda “Turon”, “Ittihodi taraqqiy”, Andijonda “Ozod xalq”, “Hurriyat”, “Ma’rifat”, Samarqandda “Mirvaj-ul Islom”, “Klub Islomiya”, Kattaqo’rg’onda “Ravnaqul Islom”, “Guliston” va boshqalar shular jumlasidandir. M. Behbudiyning “Xaq olinur, berilmas”, Munavvar Qorining “Hurriyat berilmas, olinur” shiorlari ularning chinakam kurash bayrog’iga aylangan edi.. Turkiston istiqloli uchun kurashga bel bog’lagan va “Sho’roi Islomiya” ta’sirida faoliyat yuritgan jadidlarning bir qismi “Qadimchilar” nomi bilan atalardi. 1917 yil iyuniga kelib “Qadimchilar” “Sho’roi Islomiya” tarafdorlari bilan uzil – kesil aloqani uzib, “Sho’roi Ulamo” tashkilotini tuzdilar (uning rahbarlari: Sherali Lapin, Abdumalik Hoji Nabiev va boshqalar). Bo’linishning asosiy sabablari Turkistonning milliy muustaqilligiga erishish yo’lidagi ikki xil qarama-qarshi taktik kurash masalasi edi.

Konservativ, mutaassiblik qarashlar nuqtai nazaridan yondashgan “Qadimchilar” o’lka mustaqilligini hukmron mustamlakachilarga qarshi faqat g’azovot, ya’ni qurolli kurash yo’li bilan qo’lga kiritishni yoqlardilar. Jadidlarning ilg’or namoyandalari esa Rossiyada yuzaga kelgan qulay inqilobiy shart-sharoitlardan foydalanib, yurt mustaqillgini siyosiy vositalar orqali, behuda qon to’kmasdan, bosqichma–bosqich qo’lga kiritishni istardilar. Ularning demokratik Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Turkiston muxtoriyati talabi ham shu maqsadni ko’zda tutardi. O’lkaning milliy kuchlari o’rtasida yuz bergan bu ajralish va g’oyaviy ixtiloflar, shubhasiz, ularning harakat birligiga jiddiy putur etkazardi. Ayniqsa “Sho’roi Ulamo”chilarning nashri – “Al-Izoh” jurnali sahifalarida millatning ilg’or kuchlariga, vatanparvar milliy ziyolilarga nisbatan adovat urug’ini yoyishga alohida urg’u berildi. Bu esa aslida shovinistik kuchlar tegirmoniga suv quyish edi. Negaki bundan o’lkada faoliyat yuritayotgan yot begona siyosiy kuchlar o’z maqsadlari yo’lida foydalandilar. Turkistonda demokratik harakatlarning o’sib borishida, turli ijtimoiy qatlamlar va tabaqalarni istiqlol uchun kurash bayrog’i ostida birlashtirishda 1917 yilda bo’lib o’tgan Umumturkiston musulmonlari qurultoylari va ular ishlab chiqqan dasturiy hujjatlar, tashkiliy tadbirlarning roli katta bo’ldi.

Turkiston o‘lka musulmonlar sho‘rosi “Sho’roi Islomiya” tashkiloti tashabbusi bilan 1917 yil 16 aprelda Umumturkiston musulmonlarining I qurultoyi chaqirildi. Qurultoy ancha vakolatli anjuman bo’lib, uning ishida Turkistonning ko’plab atoqli kishilari qatnashadilar. Ular orasida M. Cho’qaev, M. Abdurashidxonov, M. Behbudiy, U. Asadullaxo’jaev, Sh. Lapin, T. Norbo’tabekov, A. Z. Validiy, S. Yusupov, I. Shoahmedov va boshqalar bor edi. Qurultoy kun tartibiga 16 ta masalaning qo’yilishining o’zi ham uning katta ahamiyatidan darak berardi. Qurultoyda o’lkaning bo’lajak davlat qurilishiga alohida to’xtalinib, Turkistonga keng muxtoriyat huquqini beradigan demokratik Rossiya federatsiyasi tuzilishi g’oyasi ilgari surildi. Qurultoyda – Turkiston o‘lka musulmonlari sho‘rosini tuzish to’g’risida qaror qabul qilindi. Turkiston o’lka musulmonlar Sho’rosining birinchi yig’ilishida uning markaziy organi – Markaziy sho‘ro tuzildi. Mustafo Cho’qaev Markaz raisi, Munavvar Qori rais muovini, Ahmad Zakiy Validiy kotib, M. Behbudiy, UAssadullaxo’jaev va boshqalar a’zolar etib saylandilar. Markaziy sho’ro zimmasiga o’lkadagi barcha tarqoq, o’z holicha ish yuritayotgan, nizom va dasturlariga ega bo’lmagan uyushma va tashkilotlarni birlashtirish, faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi yuklandi. Buni uddalashda Markaziy sho’roning joylarda tashkil etilgan shu’ba (bo’lim)lari muhim rol o’ynadi. Jumladan, Toshkent shu’basini M. Abdurashidxonov, Samarqand shu’basini M. Behbudiy, Farg’ona shu’basini esa Nosirxon To’ra Kamolxon To’ra o’g’li boshqardi. Shu tariqa Turkistonda uchta hokimiyat organi vujudga keldi:

Rossiya Muvaqqat hukumatining Turkiston Qo’mitasi

Ishchi, askar deputatlari soveti

Turkiston o’lka musulmonlari sho’rosi, uning markaziy organi – Markaziy sho’ro

O’lka xalqlarining rahnamolari bo’lgan jadidlar, ruhoniyat arboblari o’z sa’yharakatlarida mahalliy, hududiy manfaatlar, qiziqishlar bilan cheklanib qolmay, boshqa mintaqalardagi musulmonlar ommasi, ularning ilg’or vakillari bilan ham yaqindan hamjihat bo’lishga intildilar. Shu maqsadda ular 1917 yilning 1-2 mayida Moskvada bo’lib o’tgan Butunrossiya musulmonlari I qurultoyida ishtirok etdilar. Unda musulmonlar manfaatini himoya qiluvchi davlat qurilishi shaklan milliy-hududiy, federatsiya asosidagi demokratik respublika bo’lishi ta’kidlandi. Qurultoyda Butunrossiya Musulmonlari sho‘rosi, uning Ijroiya Qo‘mitasi ta’sis etildi. Ijroiya Qo’mitaga o’lkamiz vakillaridan U.Asadullaxo‘jaev va I. Shoahmedovlar a’zo etib saylandilar. Turkiston vakillari ishtirok etgan va 1917 yilning 21 – 31 iyul kunlari Qozon shahrida bo’lib o’tgan Butunrossiya musulmonlarining II qurultoyi ham Rossiya m u s u l m o n aholisining ozodlik va mustaqillik sari harakatlanish yo’lini aniqlashtirish va muvofiqlashtirishda muhim qadam bo’ldi. Unda Turkiston, Kavkaz va Qrimda davlat boshqaruvini mehnatkashlarning o’zlari hal etishi, musulmonlar kurashini tashkil etish uchun Butunrossiya Harbiy Sho‘rosini ta’sis etish to’g’risida qarorlar qabul qilindi. 1917 yilning 17-20 sentyabr kunlari Toshkentda bo’lib o’tgan Umumturkiston musulmonlari vakillarining II Qurultoyi o’lka xalqlari xayotida muhim rol o’ynadi. Unda 500 nafar vakillar ishtirok etdi. Qurultoyda tarkibi 12 kishilik Turkiston o‘lka Qo‘mitasi, 24 kishilik ―Mahkamai Sharik‖ (parlament) tashkil etildi. Qurultoyning maxsus qarorida ularning Rossiya davlati konstitutsiyasiga muvofiq keladigan shariat qonunlari asosida faoliyat yuritishi ta’kidlangan edi. Qurultoyda “Sho’roi Islomiya”, “Sho’roi Ulamo”, “Turon”, “Ittihod” va shu kabi boshqa mahalliy milliy tashkilotlarni birlashtirib, ular negizida yagona “Ittifoqi Muslimin” (“Musulmonlar Ittifoqi”) siyosiy partiyasini tuzish g’o y a s i i l g a r i s ur i l d i . Qurultoyda M. Behbudiy otashin nutq so’zlab, hammani birlikka, jipslashishga da’vat etgandi. “Ulug’ Turkiston” gazetasi qurultoy ruhini aks ettirib, Turkistonning o’z ichki ishlarini mustaqil hal etishga qodir bo’lgan o’lkaning mahalliy va milliy muxtoriyatini tuzish g’oyasini asosiy o’ringa qo’ygan edi. Shunday qilib, Turkistonning ilg’or ziyolilari milliy istiqlolga erishish yo’lida o’lkadagi barcha sog’lom, vatanparvar kuchlarni bir l ashi b , jipslashib harakat qilishga da’vat etgandilar. Biroq, afsuski, Turkistonda ayricha faoliyat yuritgan, o’z nafsoniyatiga berilgan hamda muxolifatchilik ustivor bo’lgan ayrim mahalliy, milliy tashkilotlar mana shu yuzaga kelgan imkoniyatlardan foydalana olmadilar. Bu esa, shubhasiz, vaziyatni ustamonlik bilan o’z izmiga burib yuborishga intilayotgan bolsheviklarga qo’l keldi.

Turkistonda mustabid sovet hokimiyatining o‘rnatilishi, uning shovinistik siyosati

Muvaqqat hukumatning mamlakatni jahon urushidan olib chiqa olmaganligidan, agrar va milliy masalalarni hal etolmayotganligidan bolsheviklar ustamonlik bilan foydalandilar. Bolsheviklar ilgari surgan “Butun hokimiyat Sovetlarga!”, “Er dehqonlarga”, “Xalqlarga tinchlik” shiorlari ularning hokimiyatga kelishlarida ayniqsa asqotdi. Rossiya poytaxti Petrogradda 1917 yil 24-25 oktyabrda davlat to’ntarilishi sodir bo’ldi. Uni Lenin boshchiligida bolsheviklar partiyasi zo’rlik bilan amalga oshirdi. 1917 yil 25 oktyabrda bolsheviklar tomonidan Petrogradda Butunrossiya Sovetlarining II qurultoyi chaqirilib, unda Lenin boshliq Sovet hukumati – Xalq Komissarlar Soveti tuzildi. Sulx va Er to’g’risida dekretlar qabul qilindi. Sovet hukumati nafaqat Markazda, balki shu bilan birga sobiq chor Rossiyasi tasarrufidagi barcha hududlarda ham o’z hokimiyatini o’rnatish harakatida bo’ldilar.

Turkistonda sovet hokimiyatining o‘rnatilishi Bolsheviklar Markazda siyosiy hokimiyatni qo’lga kiritgach, Turkistonda ham sovet hokimiyatini qaror toptirishga intildilar. Turkistonda sho’rolar hokimiyatini o’rnatish g’oyatda murakkab jarayonda kechdi. Buning boisi, avvalo, oktyabr g’oyalarining mahalliy tub joy aholining dili va shuuriga botmaganligidadir. Negaki, bu zamin aholisi bolsheviklar partiyasi dasturida nazarda tutilgan sotsialistik o’zgarishlar orqali hamma narsani umumlashtirish va milliylashtirishni yoqtirmasdi. Mahalliy xalq o’zining tarixan tarkib topgan, asrlar davomida shakllangan o’ziga xos turmush tarzini, yashash sharoitini, xo’jalik yuritish, idora qilish tartib-qoidalarini bir lahzada tubdan o’zgartirishni xohlamasdi. Bu narsa uning ongi, tafakkuriga, milliy o’zligi va ma’naviy qiyofasiga mos kelmasdi. Ayniqsa bolsheviklarning ateistik ruhdagi mafkurasi, uning hujumkor yo’nalishi islom qadriyatlari doimo e’zozlanib kelingan bu yurt odamlarining ruhiyati va dunyo qarashi bilan singisha olmasdi. Bir so’z bilan aytganda, mahalliy tub erli aholi tabiiy ravishda oktyabr g’oyalarini qabul qilmadi va unga moyillik ko’rsatmadi. Biroq begona maslak va g’oyalar bolsheviklar partiyasi va uning Turkistondagi yalovbardorlari tomonidan kuch va zo’rlik bilan o’lka xalqlariga majbur qilindi. Toshkentda faoliyat ko’rsatayotgan, asosiy tarkibi evropalik aholi vakillaridan iborat harbiy qismlar, ishchi otryadlari mahalliy bolshevistik tashkilotlar boshchiligida qurolli qo’zg’olon yo’li bilan sovet hokimiyatini qaror toptirishga kirishdilar. Bolshevik V.S.Lyapin boshchiligida inqilobiy qo’mita tuzildi va qo’zg’olon boshlandi. 1917 yil 27 oktyabr oqshomida Toshkentda boshlangan qo’zg’olon natijasida 1 noyabrga kelib Muvaqqat hukumatning Turkiston Qo’mitasi ag’darildi. General Korovichenko va Muvaqqat hukumatning Turkiston Qo’mitasi a’zolari qamoqqa olindi. Toshkentda Sovet hokimiyati o‘rnatildi. Turkiston o’lkasida sovet hokimiyatini o’rnatish jarayoni qonli, fojiali voqealar bilan bog’liq holda kechdi. Jumladan, Farg’ona viloyatida sovet hokimiyatini o’rnatish jarayonida, Marg’ilonda 7 ming, Andijonda 6 ming, Namanganda 2 ming begunoh kishilar qirg’in qilindi. Samarqand, Kattaqo’rg’on, Yangi Buxoro, Termiz va boshqa shaharlarda ham sovet hokimiyati o’rnatildi. Turkistonda sovet hokimiyati organlarini tuzish vaqtida ham bolshevik yo’lboshchilarning ulug’davlatchilik va shovinistik siyosati to’la kuch bilan namoyon bo’ldi. 1917 yil 1 5 – 2 2 noyabr kunlari Toshkentda Turkiston ishchi, askar va dehqon deputatlari sovetlarining III O’lka qurultoyi hokimiyat masalasini o’zboshimchalik va biryoqlamalik bilan hal etdi. Unda bolshevik Kolesov boshchiligida Turkiston Xalq Komissarlari Soveti tuziladi. Uning tarkibiga 7 bolshevik va 8 ta so’l eser vakillar kiritildi. Uning tarkibiga butun o’lka aholisining 95 foyizini tashkil etuvchi erli millat aholisidan esa birorta ham v a k i l kiritilmadi . Vaholanki, oktyabr o’zgarishi rahnamosi Lenin i mzo chekkan “Rossiya xalqlari xuquqlari Deklaratsiyasi”, “Ezilgan va eks p l u atat siya qilinuvchi xalq huquqlari Deklaratsiyasi”, “Rossiya va Sharq musulmonlariga” xitobnomasi hamda boshqa hujjatlarda millatlarning ozodligi, erki, huquqlari rasman e’tirof etilgan edi. Amalda esa ulug’ davlatchilik siyosati yuritildi.. Sovetlar mahalliy aholining asriy orzularini ruyobga chiqarishni emas, balki aksincha uni har sohada kamsitish, milliy va diniy qadriyatlarini tahqirlash yo’lidan bordilar. Sovet hokimiyatining mahalliy aholining xususiy mulklarini tortib olish, hamma narsani Sovetlar manfaatlari yo’lida umumlashtirish yo’lida amalga oshirgan g’ayritabiiy faoliyati pirovard oqibatda o’lka halqlarining keskin norozilik harakatlarining kuchaya borishiga sabab bo’ldi.

Turkiston muxtoriyati

Turkiston muxtoriyati Sovet hokimiyati Turkiston jilovini qo’lga olib, o’zining avval e’lon qilgan balandparvoz va’dalaridan voz kechib, o’lka xalqlariga qarata olib borgan ikkiyuzlamachilik va munofiqlik siyosatiga javoban yurtning millatparvar rahnamolari faol harakatga keldilar. 1917 yil 26 noyabrida Qo’qonda o‘lka musulmonlarining IV favqulodda qurultoyi chaqirildi. Unda Turkiston o ’ l k a s i n i n g 5 viloyatidan 200 nafardan ziyodroq vakillar ishtirok etdi. Qurultoy ishida “Sho’roi Islomiya”, “Sho’roi Ulamo”, Musulmon harbiylari Sho’rosi, o’lka yahudiylar jamiyati namoyandalari ham qatnashdilar. Qurultoyda Turkiston Muxtoriyati tuzildi. Bu xususda qabul qilingan qarorda shunday deyiladi: “Turkistonda yashab turgan turli millatga mansub aholi Rossiya inqilobi da’vat etgan xalqlarning o’z huquqlarini o’zlari belgilash xususidagi irodasini namoyon etib, Turkistonni Federativ Rossiya respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qiladi, shu bilan birga muxtoriyatning qaror topish shakllarini Ta’sis majlisiga havola etadi”. Shundan so’ng qurultoy “Turkistonda yashab turgan milliy ozchilik aholi huquqlarining muttasil himoya qilinishini tantanali ravishda e’lon kiladi”. Yangidan tarkib topayotgan davlat Turkiston Muxtoriyati deb ataladigan bo’ldi. Qurultoyda Turkiston Muxtoriyatining hokimiyat organi- Muvaqqat Kengashi tuzildi. Muvaqqat Kengash tarkibi 12 kishidan iborat etib belgilandi. Dastlab unga quyidagi nomzodlar kiritildi:

1.M. Tinishpaev – bosh vazir, ichki ishlar vaziri;

2. Islom Shoahmedov – bosh vazir o’rinbosari;

3. Mustafo Cho’qaev tashqi ishlar vaziri (keyinroq bosh vazir);

4.Ubaydulla Xo’jaev – harbiy vazir;

5. Yurali Agaev – er va suv boyliklari vaziri;

6. Obidjon Mahmudov – oziq-ovqat vaziri;

7. Abdurahmon O’razaev -ichki ishlar vaziri o’rinbosari;

8. Solomon Gertsfeld – moliya vaziri.

Hukumat tarkibiga evropalik aholi orasidan yana to’rtta vakil kiritilishi belgilab qo’yilgan edi. Qurultoyning yana bir katta xizmati, bu uning tomonidan Turkiston Milliy majlisi (parlamenti) tuzilganligi bo’ldi. Unga “Sho’roi Ulamo” tashkiloti rahbari Sherali Lapin rais etib saylandi. Milliy Majlis tarkibiga Muvaqqat Kengash a’zolaridan tashqari o’sha davrning atoqli arboblari: T. Norbo’tabekov, S. Sharifxo’jaev, Nosirxonto’ra Komolxonto’ra o’g’li, M. Behbudiy, Alixonto’ra Shokirxonto’ra o’g’li, Sobirjon Yusupov, Odiljon Umarov singari yurt peshvolari ham saylangan edilar. Shunday qilib, o’lkaning mo’’tabar millatparvar zotlaridan iborat milliy hokimiyat tashkil etilib, uning zimmasiga ulug’vor vazifalar yuklandi. Eng muhimi, Turkiston xalqining erki, mustaqilligini asta-sekin tiklash – bu xalqchil hukumatning bosh vazifasi edi. Shu boisdan ham o’lkaning millionlab fuqarolari Turkiston Muxtoriyati e’lon qilinganligini katta qoniqish ruhi bilan qarshi oldilar. 1917 yil dekabr oyi boshlarida Toshkent, Namangan, Jalolobod, Qo’qon, Samarqand shaharlari aholisi mitinglar, namoyishlar uyushtirib, muxtoriyatni qizg’in qo’llab-quvvatlab chikdilar. Biroq o’lkada o’rnashib olgan va asosiy boshqaruv jilovini qo’lda ushlab turgan Turkiston sovet hukumati va uning joylardagi hokimiyat mahkamalari Turkiston muxtoriyati va uning tarafdorlarini yo’q qilish yo’lini butun choralar bilan o’tkazib bordi. 1917 yil 13 dekabrida Toshkentda muxtoriyatni yoqlab o’tkazilgan katta mitingni zo’rlik bilan tarqatib yuborilishi, bugina emas, unda sovet kuchlari otgan miltiq va pulemyotlar sadosi ostida ko’plab qurbonlar berilishi (eski shaharlik 16 kishi otib o’ldirilgan edi) – bu Turkiston muxtoriyatiga nisbatan uyushtirilgan dastlabki suiqasd edi. 1917 yil 25 dekabr kuni Qo’qonda o’lka musulmon ishchi, askar va dehqonlarining I favqulodda qurultoyi ish boshladi. Unda 200 ga yaqin kishi ishtirok etdi. Qurultoy muxtoriyatni har tomonlama quvvatlash, unga moddiy va ma’naviy madad ko’rsatish shiori ostida o’tdi. Unda Turkiston Muvaqqat Kengashi tarkibini musulmon ishchi, askar va dehqon deputatlari qurultoyi vakillari hisobiga to’ldirish to’g’risida qaror qilindi. Qurultoy o’zining so’nggi ish kuni – 27 dekabrda Petrogradga, Xalq Komissarlari Soveti Raisi V. I. Lenin nomiga telegramma yo’lladi. Unda Turkiston muxtoriyatini e’tirof etish, Toshkent Xalq Komissarlari Sovetiga hokimiyatni Turkiston muxtoriyati Muvaqqat Kengashiga topshirish to’g’risida farmoyish berish so’ralgan edi.

Lenin va uning safdoshlari esa ochiq va yashirin tarzda Toshkentda faoliyat yuritayotgan Turkistondagi sovet hukumati oldiga milliy muxtoriyatni tugatishni vazifa qilib qo’yganligi hech kimga sir emas. Turkistondagi sovet hokimiyati o’lka muxtoriyati faoliyatini cheklash, uni butunlay barham toptirishga qaratilgan xoinona yo’l tutdi. Bu manfur maqsadni amalga oshirish uchun sovetlar hokimiyati tasarrufida bo’lgan hamma vositalar ishga solindi. 1918 yil 19-26 yanvarda bo’lib o’tgan Turkiston o’lka sovetlarining IV s’ezdi Turkiston muxtoriyati hukumatini, uning a’zolarini qonundan tashqari holatda deb hisobladi va ularning boshliqlarini qamoqqa olishga qaror qildi. Buning ustiga Turkiston muxtoriyati o’zini o’zi etarli darajada himoya qila olish imkoniyatiga ega bo’lolmadi. Muxtoriyatchilar orasida ko’pgina muhim xayotiy masalalarda birlik, hamjihatlik, jipslik mavjud emasdi. Unga moddiy, ma’naviy hamda harbiy, moliyaviy madad ko’rsata oladigan real kuchlar va imkoniyatlar yo’q edi. 1918 yil 18 fevralda «Ulamo» jamiyati tashabbusi bilan Muxtoriyatda to’ntarish sodir etildi. Mustafo Cho’qaev boshchiligidagi hukumat ag’darildi. Hukumat boshqaruvi Qo’qon shahar militsiyasi boshlig’i Kichik Ergashga o’tadi. Turkiston sovet hukumati 1918 yil 14 fevralida Farg’ona viloyati hududida favqulodda harbiy holat joriy etdi. Uning Qo’qondagi mah.alliy hokimiyati – ishchi va askar deputatlari soveti 17 fevralda muxtoriyat vakillarini taslim bo’lishga da’vat qildi. Ayni vaqtda Toshkentdan Perefilev boshchiligida qurollangan ko’p sonli qizil qo’shin olib kelindi va ular darhol ishga solindi. Qo’qondagi ashaddiy millatchi arman dashnoqlari1 ham bu bosqinga jalb qilindi. Ayniqsa 1 9 – 2 1 fevral kunlari Qo’qon xalqi ustiga balo-kazo yog’ildi. Shahar o’t ichida yondi. Shu tariqa, Turkiston Muxtoriyati mag’lubiyatga uchradi.

Eng dahshatliligi shuki, bu xunrezlik tagida hech bir gunohi bo’lmagan mingminglab Qo’qon fuqarosi mislsiz jabr tortdi, behisob qurbonlar berdi. Qo’qonda sovetlar sodir etgan qonli fojiani sovet davlati arboblaridan biri D. Manjara keyinroq shunday deb e’tirof etgandi: “Milliy siyosatda yo’l qo’yilgan xatolarimiz tufayli Qo’qon muxtoriyati vujudga keldi. Uni yo’qotish paytida yana bir xatoga yo’l qo’ydik. Qurolyarog’i deyarli bo’lmagan muxtoriyatchilar joylashgan eski shaharni qamal qilish o’rniga, biz to’plardan o’qqa tutdik, keyin dashnoqlarning qurolli to’dalarini ishga soldik. Natijada talon-taroj, nomusga tegish, qirg’in boshlandi. Bundan muxtoriyatchilarga aloqasi bo’lmagan tinch aholi katta zarar ko’rdi”.

Sovet hokimiyati o’zining avvaldan rejalashtirgan sotsialistik yo’nalishdagi iqtisodiy va siyosiy qayta qurishlar yo’lini izchil amalga oshirishga kirishdi. Chunonchi, er to’g’risidagi dekret asosida erga bo’lgan xususiy mulkchilikni tugatish boshlandi. Shu maqsadda joylarda er qo‘mitalari tuzildi. Jumladan, 1918 yil kuzida Sirdaryo viloyatida 51 ta, Samarqand viloyatida 50 ta, Ettisuvda 25 ta shunday qo’mitalar tashkil etildi. Biroq dehqonlar sovet ma’murlarining er qo’mitalarini tuzish harakatini keskin norozilik bilan qarshi oldilar. Shunga qaramasdan bolsheviklar bu yo’lni qat’iy amalga oshirishda davom etdilar. Buning natijasida o’lkadagi ko’plab miqdordagi yirik mulklar, xususiy erlar musodara etildi va milliylashtirildi.

TASSRning tuzilishi Sovet hukmdorlarining yana bir hiylakorligi va ustamonligi shunda ko’rinadiki, ular Turkiston muxtoriyati tajribasidan muhim xulosa chiqarib, bu hududda o’ziga xos sovet muxtor respublikasini tuzishga yo’l tutdilar. Bundan ko’zda tutilgan bosh maqsad – Turkistonning kelajakda mustaqil, suveren davlat bo’lib, ajralib chiqib ketishiga izn bermaslik edi. Sovetlar ishlab chiqqan rejaga ko’ra 1918 yilning 20 aprelidan 1 mayigacha Toshkentda bo’lib o’tgan o’lka Sovetlarining V qurultoyida Turkiston avtonom sovet sotsialistik respublikasi (TASSR) tuzildi va RSFSR tarkibiga kiritildi. Sinfiylik tamoyillariga asoslangan o’ziga xos davlat boshqaruvida hokimiyat funktsiyalari butunlay sovetlar va ularning organlari ixtiyorida edi. Qurultoyda respublikaning hokimiyat organlari: Markaziy Ijroiya Qo’mitasi (MIQ) va Xalq Komissarlari Soveti (XKS) saylandi. MIQning jami 36 a’zosidan atigi 9 nafari mahalliy millat kishilari edi. Avtonom respublika MIQning raisi etib bolshevik P. A. Kobozev saylandi, Bolshevik F. I. Kolesov boshchiligida 16 kishidan iborat tuzilgan XKS tarkibiga ham 3 nafar mahalliy aholi vakillari kiritilgan edi, xolos. 1918 yil iyunda 2 ming nafar bolsheviklarni o’z safida birlashtirgan Turkiston Kompartiyasi tuzildi. 1919 yil martida Turkiston Kompartiyasi huzurida Turor Risqulov raisligida O‘lka musulmonlari byurosi tuziladi. Musbyuroning organi – «Ishtirokiyun» gazetasi nashr etila boshlandi, unda Turkiston ma’murlarining shovinistik siyosati fosh etila bordi. 1918 yil oktyabrida bo’lgan o’lka sovetlarining VI qurultoyida TASSR Konstitutsiyasi qabul qilindi. Unda Turkistonni RSFSRning “ajralmas, tarkibiy qismi” ekanligi, o’lka xalqlarining barcha hayotiy masalalari uning mas’ulligida ekanligi qonunlashtirildi. Turkistonda sovet hokimiyatining tobora kuchayishi, uning yakkahukmronligining ortib borishi, o’lka hayotining hamma jabhalarining qattiq markazlashtirilishi, qattiqqo’l iqtisodiy tadbirlarning o’tkazilishi faqat mahalliy aholi qatlamlarining keskin noroziligiga sabab bo’lib qolmasdan, boshqa siyosiy muxolifatchi kuchlarni ham harakatga keltirdi. 1919 yil 19 yanvarida harbiy komissar K.Osipov uyushtirgan isyon natijasida Toshkentda 14 nafar Turkiston xalq komissarlarining otib o’ldirilishi ham buning aniq ifodasi bo’lgandi. Ammo tezlikda o’zlarini o’nglab olishga ulgirgan bolsheviklar vaziyatni o’z foydalariga o’zgartirib, sovet hokimiyatini yana saqlab kolishga muvaffaq bo’ldi., hokimiyat organlari yangi kadrlar bilan to’ldirildi. Rahbarlik lavozimlariga mahalliy millat vakillari ham jalb etila bordi. Moskva sovet Turkistoniga o’z ta’sirini kuchaytirish, uni har tomonlama o’ziga qaram qilish maqsadida 1919 yil kuzida Toshkentga alohida favqulodda vakolatlar berilgan Turkkomissiya (Sh. Eliava – rais, V. Bokiy, F. Goloshchekin, V. Kuybishev, M. Frunze, Ya. Rudzutak)ni yubordi. Uning zimmasiga katta vazifalar yuklangan edi. Uning butun faoliyati TASSR sovet va partiya qurilishi ishlarini jadal sur’atlar bilan olib borish, yangi tuzumni chuqur ildiz ottirish edi. TASSR hayotida kechayotgan barcha ijtimoiy – siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlar bilan bog’liq eng asosiy masalalarning birortasi ham Turkkomissiya a’zolarining izmisiz hal etilmas edi. Bu davrda mahalliy xalq orasidan chiqqan, sovet va partiya qurilishida ancha tajriba ortirgan, chiniqqan T. Risqulov, N. To’raqulov, A. Rahimboev, N. Xo’jaev, Q. Otaboev, A. Ikromov, S. Segizboev kabi yurt arboblari u yoki bu rahbariy mansablarda faoliyat yuritgan bo’lsalar-da, ammo ularning inon-ixtiyori moskvalik hukmdorlar tizginida bo’lgan. Xullas, Turkkomissiya siymosida TASSR hayotida zo’rlik bilan qaror topdirib borilayotgan bolsheviklar diktaturasining asl mazmun-mundarijasi mujassamlashgan edi.

Xorazm va Buxoroda demokratik harakatlarning o‘sib borishi. Xiva xonligi va Buxoro amirligining emirilishi

Ma’lumki, Rossiyada 1917 yilda yuz bergan fevral inqilobiy o’zgarishi chorizmning yarim mustamlaka o’lkalari hisoblangan Xiva xonligi va Buxoro amirligida ham aks-sado bermay qolmadi. Avvalo, bu tobe davlatlarning Rossiya ta’siridan xalos bo’lishga intilishi ko’zga tashlansa, ikkinchi tomondan, mahalliy xalqning demokratik erkinliklar va huquqlarga ega bo’lish sari harakatlari faollashdi. Jumladan, Xorazmda Yosh xivaliklar harakati xonlikdagi siyosiy vaziyatni o’zgartirish va bir qator demokratik o’zgarishlarni yuzaga chiqarishga otlandilar. Yosh xivaliklar etakchilari ishlab chiqqan manifestda konstitutsion monarxiya tuzish, xonning vakolatlarini cheklash, iqtisodiyot, ta’lim va madaniy xayot jabhalarini isloh qilish talablari ilgari surilgandi. Xivada ijtimoiy-siyosiy vaziyat keskin tus olayotganidan cho’chigan Isfandiyorxon 1917 yil 5 aprel kuni manifestni imzolashga majbur bo’ldi. Manifest talablariga ko’ra xonlikda konstitutsion monarxiya tuzumi o’rnatildi. Ayni paytda tarkibi 30-50 kishidan iborat ruhoniylar va savdo-sanoat ahli vakillaridan saylangan Majlis va Nozirlar Kengashi tuziladi. Ular xalq vakilligi boshqaruvi organlari sifatida xon hokimiyati vakolatlarini ma’lum darajada chekladi. Manifestga muvofiq yosh xivaliklarning taniqli rahbari Bobooxun Salimov Majlis raisi, Matmurodov esa Nozirlar Kengashi raisi etib saylandilar. Xon xazinasi va uni tasarruf qilish ustidan nazorat o’rnatildi. Xon temir yo’llar qurish, pochta-telegraf o’rnatish, yangi jadid maktablari ochish to’g’risida va’dalar berdi. Biroq Xiva xoni va uning atrofidagi mutaassib kuchlar bu demokratik o’zgarishlarni yo’qqa chiqarish, eski tartiblarni qayta tiklash payida bo’ldilar. 1917 yil iyuniga kelib Isfandiyorxon Rossiya Muvaqqat hukumatining Xivadagi vakili, general Mirbadalov yordamiga tayanib, Matmurodov boshliq Yosh xivaliklar rahbarlarini qamoqqa oladi. Bu partiyaning faoliyati qonundan tashqari deb e’lon qilinadi. Yosh xivaliklarning ko’plari qo’lga olinib jazolanadi. Qolganlari xonlik hududini tark etadilar.

Xiva xonligining tugatilishi 1917 yil kuzida Rossiyada ro’y bergan oktyabr o’zgarishi, Turkistonda mustabid sovet hokimiyatining o’rnatilishi davomida Xivada ham demokratik harakat yangi bosqichga qadam qo’yadi. Demokratik kuchlar, aholining kambag’al tabaqalari faol harakatga kela bordilar. Qo’ng’irot, Ko’hna Urganch, Xojayli, Taxta, Porsu bekliklarida mahalliy aholi qat’iy harakatlarga chiqdi. Buning ustiga mamlakatni boshqara olmay qolgan xonning 1918 yil yanvarida turkmanlar sardori Junaidxonni Xivaga chaqirishi va uni bosh qo’mondon etib tayinlanishi ham vaziyatni yanada chigallashtirib yubordi. Junaidxon tez orada Isfandiyorxonni qatl ettirib, o’rniga uning tog’asi, irodasiz Said Abdulloni nomiga xon qilib ko’tarib, amalda yakka hukmdor bo’lib oldi. Junaidxonning harbiy diktaturasi zulmidan og’ir aziyat chekkan ko’plab aholi qo’shni Turkistonga qochib o’ta boshladi. Ularning ko’plari Sovetlar tayyorlagan qizil qo’shinlar safini to’ldirib bordi. Bularniig hammasi Sovetlarga qo’l keldi. Shu zaylda ularga qarashli Amudaryo bo’limida (Turtko’lda) N. A. Shaydakov va N. M. Shcherbakov boshchiligida shimoliy va janubiy harbiy dastalar tuzilib, xonlik tuzumini ag’darishga shay qilib qo’yildi. Darhaqiqat, Turkiston sovet rahnamolari yo’l-yo’riqlari asosida harakatga kelgan qizil qo’shinlar va shuningdek, o’zbek va turkman aholisidan tashkil topgan qo’zg’olon dastalari 1919 yil dekabri oxirlaridan Junaidxon rejimiga qarshi harbiy yurish boshlaydilar. Bu kuchlar Junaidga ketma-ket zarbalar berib, birin-ketin xonlik hududlarini qo’lga kiritib bordilar. 1920 yil 2 fevralda Xiva egallandi. Junaidxon qolgan-qutgan qo’shini bilan Qoraqum sahrosiga chekinadi. Qo’g’irchoq xon Said Abdullo taxtdan voz kechadi. Shu tariqa, sovetlar kuchi bilan Xiva xonligi ag’darildi va 5 kishidan iborat Inqilobiy qo’mita tuzildi. Uning tarkibiga Yosh xivaliklar va turkman urug’-qabilalaridan vakillar kiritildi. Inqilobiy qo’mita raisi etib Yosh xivaliklar rahbari D.Sultonmurodov saylandi. Tez orda Yosh xivaliklar ishlab chiqqan manifest e’lon qilinadi.

1920 yilning 27-30 aprel kunlari Xivada bo’lib o’tgan xalq vakillari Butunxorazm qurultoyi xonlik tugatilganligi va yangidan Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tuzilganligini e’lon qildi. Qurultoy XXSRning muvaqqat Konstitutsiyasini qabul qildi. Qurultoy shuningdek 15 kishidan iborat hukumat – Xalq Nozirlar Kengashini sayladi. Yosh xivaliklar rahbarlaridan Polvonniyoz Yusupov uning birinchi raisi bo’ldi. Tsz orada (iyunda) Rossiya bolshevik rahbarlari ko’magida Xorazm Kompartiyasi tashkil etilib, uning hukmronlik mavqei hayotda tayin etib borildi. Sovet Rossiyasi ayni paytda yangi tug’ilgan Xorazm Xalq Sovet Respublikasini o’z ta’sir doirasiga olish maqsadida 1920 yil 13 sentyabrda XXSR bilan ittifoq shartnomasini tuzadi. Bu shartnoma bilan birga ikkala respublika o’rtasida imzolangan xarbiy-siyosiy va iqtisodiy kelishuvlar asosida Xorazm Xalq Sovet Respublikasiga sovet Rossiyasi tomonidan tegishli harbiy, iqtisodiy va madaniy yordam ko’rsatish ko’zda tutilgan edi. Biroq “katta og’a”ning bunday yordami zamirida Xorazm Xalq Sovet Respublikasining ichki ishlariga aralashish, uning siyosatini o’z manfaatlariga bo’ysundirish maqsadlari yotardi. Faqatgina 1921 yil davomida Xorazm Xalq Sovet Respublikasida uch marta (mart, sentyabr, noyabrda) hukumat o’zgarishi yasalib, Moskvaga ma’qul kelmagan uning tarkibi o’zgartirildi. O’z xalqining milliy manfaatlarini ko’zlab siyosat yuritgan Polvonniyoz Yusupov, M. Ibniyaminov, O. Muhammadrahimov bosh bo’lgan hukumat tarkiblari bekor qilindi, ularning rahbarlari aso ssiz qo r al an di, s o’ngra turli jazolarga giriftor etildi. 1923 yil oktyabrida bo’lib o’tgan IV Butunxorazm Sovetlari Qurultoyi Xorazm Xalq Sovet Respublikasini Xorazm Sovet Sotsialistik Respublikasi deb e’lon qildi va respublikaning yangi konstitutspyasini qabul qildi. Unda Xorazmda Sovetlar rahbarligida amalga oshirilgan jiddiy o’zgarishlar orqasida bu respublika endilikda o’z taraqqiyotining yangi, sotsialistik bosqichiga kirganligi alohida ta’kidlandi. Konstitutsiya erga bo’lgan xususiy mulkchilikni bekor qildi, barcha erlar umumxalq mulki deb e’lon etildi. Vaqf mulklari maorif nozirligi ixtiyoriga olindi. Xorazm xalqlarining xohish-irodasiga zid tarzda amalga oshirilgan bu xil tadbirlar va eng asosiysi, respublikani boshqarish jilovini tobora Sovetlar hukmronligi qo’l ostiga o’tib borishi, pirovardida voha aholisining umumiy noroziligining kuchayib borishiga sabab bo’ldi.

Buxoro amirligining ag‘darilishi Buxoro amirligida ham ijtimoiy-siyosiy vaziyat Xiva xonligidagiga o’xshash tarzda kechdi. Amirlik ham Rossiyaga tobe, vassal davlat edi. Ichki siyosatda mustaqil bo’lgan amirning mutlaq hokimiyati hukm surib, bundan oddiy xalq ommasi behad zulm tortib kelardi. XX asr boshlarida bu erda ham amirlik tuzumiga qarshi demokratik harakatlar yuzaga kela bordi. Mamlakatning ilg’or, taraqiyparvar ziyoli yoshlaridan tashkil topgan Yosh buxoroliklar tashkiloti bu harakatlarga etakchilik qildilar. O’z saflarida Abduvohid Burhonov, Fayzulla Xo’jaev, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Muhitdin Mansurov, Po’latxo’ja Usmonxo’jaev kabi yurt fidoyilarini birlashtirgan Yosh buxoroliklar harakati keng xalq manfaatlari foydasiga muhim siyosiy o’zgarishlarni ro’yobga chiqarishga intilganlar. Ular ishlab chiqqan islohotlar loyihasida mamlakatda konstitutsion monarxiya tuzumi o’rnatish, ijtimoiy-siyosiy erkinliklar joriy qilish, maorif ishini yaxshilash masalalariga alohida urg’u berilgandi. Keng xalq ommasi tazyiqi va Yosh buxoroliklar islohiy talablari asosida amir 1917 yil 7 aprelida ba’zi yon berishlarga borib manifest chiqarishga majbur bo’ladi.

Biroq amirlikning mutaassib, hukmron doiralari tish-tirnoqlari bilan bunga qarshilik ko’rsatdilar. Ular islohot tarafdorlariga nisbatan ochiqdan-ochiq shahar ko’chalarida qirg’in uyushtirdilar. Ko’plab islohotchilar Buxoroni tark etishga majbur bo’ldilar. Bu gal amir tarafdorlarining qo’li baland keldi. Turkistonda mustabid sovet hokimiyatining o’rnatilishi Buxoro amirligi uchun ham jiddiy siyosiy vaziyatni vujudga keltirdi. Negaki, sotsialistik inqilob g’oyasini boshqalarga yoyishga intilgan bolsheviklar chegaradosh Buxoroni o’z mo’ljaliga olgandilar. Xususan 1918 yil martida “Kolesov voqeasi” nomi bilan tarixga kirgan qonli voqea bunga aniq misol bo’la oladi. Turkiston sovet respublikasi hukumati raisi F. I. Kolesov Buxoroga ochiq tazyiq o’tkazib, 1918 yil 2 martida Kogon temir yo’li yoqalab qizil qo’shinlar interventsiyasini uyushtirdi. Bunga javoban Buxoro amiri xalqni g’azovotga chorlab, o’z qo’shinlari va g’azabga kelgan aholini urushga safarbar etdi. Oqibatida Kolesov xuruji sharmandalarcha mag’lub bo’ldi. Bu esa amir va uning arkoni davlatiga barcha demokratik kuchlardan qonli o’ch olishi uchun bahona bo’ldi. Ayniqsa Yosh buxoroliklar ayovsiz qirg’in qilindi. Bolsheviklarinipg bu avantyurasi Yosh buxoroliklar uchun g’oyatda qimmatga tushdi. F.Xo’jaevning guvohlik berishicha, bu qirg’inda Yosh buxoroliklar, ularning tarafdorlaridan 1,5 ming kishi qurbon bo’ladi. Biroq shunga qaramay sovet mutasaddilari Buxoroda sun’iy inqilob tayyorlash, buning uchun Turkistondan panoh topgan ko’p sonli buxorolik muhojirlarni ishga solish, ulardan ko’plab inqilobchi kuchlar etishtirish va ularni tashkillashtirish harakatida bo’ldilar. 1918 yil sentyabrida Toshkentda Buxoro muhojirlari tomonidan Buxoro kompartiyasi va uning Markaziy Qo’mitasi tuziladi (uning raisi A. Yoqubov, o’rinbosari M. Qulmuhammedov). 1920 yil yanvarida Toshkentda F. Xo’jaev boshchiligida “Yosh buxorolik inqilobchilar partiyasining Turkiston Markaziy byurosi” tashkil etiladi va Turkkomissiya, RSFSR hukumati tomonidan e’tirof etiladi. Yosh buxoroliklar partiyasi ishlab chiqqan dasturda tez vaqt ichida despotik tuzumni tugatish, mamlakatda demokratik respublika tuzish va keng xalq ommasining tub manfaatlarini ko’zlab ko’plab ijtimoiy-demokratik o’zgarishlarni amalga oshirish vazifalari bayon etilgan edi. Yosh buxoroliklar tashabbusi bilan 1920 yil iyundan Toshkentda chiqa boshlagan «Uchqun» gazetasida ham ilg’or demokratik g’oyalar ilgari surildi. Buxoro xalqi amirning hokimi mutlaq tuzumini ag’darib tashlash uchun faol kurashga da’vat etib borildi. Sovet hokimiyatining asl maqsadi Buxoro amirligini ag’darish edi. Uning rasmiy hujjatlari, ko’rsatmalarida amirlikka qarshi kurash quyidan, mahalliy kuchlar tomonidan boshlanishi uqdirilgan edi. Shu bilan birga amirlikni ag’darish uchun zarur harbiy tayyorgarlik ham ko’rildi. Frunze boshliq Turkiston fronti qo’mondonligi tomonidan 1920 yil iyun o’rtalaridayoq zamonaviy qurol-aslahalar bilan qurollangan qizil qo’shinlar Buxoro chegaralariga keltirib qo’yilgan edi. Ayni paytda amirlikni ag’darish uchun M.Frunze, V.Kuybishev, N.To’raqulov, N.Husainov, F.Xo’jaevlar tarkibida harbiyinqilobiy byuro tashkil etiladi. 1920 yil 29 avgustda Chorjuyda amir tuzumiga qarshi g’alayon boshlandi va Beshim Sardor boshchiligidagi kuchlar avvaldan belgilangan kelishuvga binoan darhol sovet hukumatidan «yordam so’rab» murojaat qiladi. Bu sovet qo’shinlarining Buxoroga qarshi urush harakatlarini boshlashiga bahona bo’ladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, sovet qo’shini ixtiyorida shu davrda 10 ming qizil askar, 40 ta to’p, 230 ga yaqin pulemyot, 10 ta zixrli avtomobil, 5 ta zixrli poezd va 12 ta samolyot bor edi. Shuningdek, Turkiston fronti qo’shini bilan birga hujum harakatlarida 5 ming kishiga yaqin buxorolik “inqilobchi tuzilmalar” ham ishtirok etdilar. Amir lashkari son jihatidan ko’p bo’lgani bilan (20 mingga yaqin), biroq uning qurollanish darajasi qizillarga nisbatan ancha zaif holda edi. Hujumga tashlangan sovet qo’shinlari amirlikning Chorjuy, Qarshi, Kitob, Shahrisabz va boshqa hududlarini egallab, Buxoroga tomon siljib bordilar. Buxoro va uning aholisi sovetlar hujumi chog’ida mislsiz zarar ko’rdi. Shahar ko’p bor havodan bombardimon qilindi. Uning ko’plab noyob osori atiqalari, tarixiy obidalari vayron etildi. Amir Olimxon 1920 yil 2 sentyabrda Buxoroni tark etishga majbur bo’ldi. Poytaxt sovet qo’shinlari tomonidan egallangach, hokimiyat Muvaqqat Butunbuxoro Inqilobiy qo’mitasi qo’liga o’tdi. 1920 yil 14 sentyabrda BKP MQ va Muvaqqat Butunbuxoro Inqilobiy qo’mitasining birlashgan majlisi bo’ldi. Majlisda A.Muhitdinov boshchiligida qonun chiqaruvchi oliy organ – Butunbuxoro Inqilobiy qo’mitasi va Fayzulla Xo’jaev raisligida Xalq Nozirlar Kengashi (hukumat) tuzildi. O’sha yilning 6-8 oktyabr kunlarida I Butunbuxoro qurultoyi bo’lib o’tdi. Unda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tashkil etilganligi e’lon qilindi. 1921 yil 4 martda Moskvada BXSR va RSFSR o’rtasida Ittifoq shartnomasi va iqtisodiy bitim imzolandi. Bu esa Rossiya Federatsiyasi va uning Turkistondagi vakolatli namoyandalariga Buxoro Respublikasi ichki ishlariga bevosita aralashish, u erdagi o’zgarishlarni nazorat etish va uni aniq sotsialistik maqsadlar sari yo’naltirish uchun keng imkoniyatlar ochib berdi. Shuningdek, Buxoro Xalq Sovet respublikasining asosiy rahbar tashkiloti -Buxoro Kompartiyasi RKP (b) ning viloyat tashkiloti maqomida faoliyat yuritardi. RKP (b) MQ 1922 yil mayida “Turkiston-Buxoro ishlari haqida” qaror qabul qildi. Unda O’rta Osiyoda, jumladan, Buxoroda jadallik bilan “sotsialistik tuzumni mustahkamlash” qat’iy uqtirildi. Shuningdek, RKP (b) MQ ning 1923 yil 12 iyunda qabul qilgan Buxoro masalasiga doir maxsus qarori ham bu davlatning ichki ishlariga qo’pollik bilan aralashish edi. Negaki, unda Buxoroning rivojlanish jarayonini “sotsialistik izga” burib yuborish maqsadi ko’zda tutilgandi. Buxoro xalqining tub milliy manfaatlari yo’lida fidoyilik bilan faoliyat yuritgan, inqilobiy harakatlarning faol ishtirokchilaridan bo’lgan. A.Fitrat, M.Aminov, Otaxo’jaev, Yoqubzoda va boshqalar Moskva vakillarining talabi bilan respublika hukumati tarkibidan chetlatildi. Buxoro XSRning 1921 yil sentyabrida qabul qilingan Konstitutsiyasi ham RSFSR Konstituttsiyasi andozasida tuzilgan edi. Hukmron Markaz tashabbusi bilan 1923 yil martida O’rta Osiyo Iqtisodiy Kengashining tuziliish va uning tarkibiga Buxoro XSRning ham jalb qilinishi bu uning iqtisodiy mustaqilligining asta-sekin qo’ldan boy berib borilishiga sabab bo’ldi. Moskva tazyiqi ostida bu hududda sotsialistik o’zgarishlar izchil amalga oshirilib borildi. 1924 yil sentyabrda bo’lib o’tgan V Butunbuxoro qurultoyi BXSRni Buxoro Sovet Sotsialistik Respublikasi deb e’lon qildi. Nihoyat, 1924 yilda o’tkazilgan milliy-davlat chegaralanishi natijasida uning hududlari O’zbekiston va Turkmaniston Sovet sotsialistik respublikalari tarkibiga qo’shib yuborildi, Buxoro davlat sifatida tugatildi.

Turkistonda mustabid sovet tuzumiga qarshi qurolli harakat

Qurolli harakatning yuzaga kelish sabablari. Turkistonning yaqin o’tmishi tarixida yorqin sahifa yozgan hamda xiyla uzoq davom etgan, fojiali voqealarga to’lib-toshgan sovet hokimiyatiga qarshi ko’tarilgan bu qurolli harakatning mazmun mohiyatini sovet mustamlakachilari muttasil buzib, soxtalashtirib keldilar. Uni sovet tarixshunosligida «bosmachilar harakati», «aksilinqilobiy kuchlar bosqini», «bir to’da yurt buzg’unchilari harakati» singari nomlarda ta’riflab kelindi. Biroq xalqimizda «oyni etak bilan yopib bo’lmaydi» deyilganidek, ulug’ ajdodlarimizning Vatan, elu yurt erki, ozodligi va mustaqilligi uchun olib borgan bu mardona kurashi to’g’risidagi tarixiy haqiqat milliy istiqlol sharofati bilan to’liq tiklanib, o’z haqqoniy, xolis bahosini topdi. Bu harakat sovetlar mafkurasi to’qib chiqargan shunchaki «bosmachilar» harakati emas, balki sovet hokimiyatining zo’ravonlikka asoslangan siyosati va amaliyotiga qarshilik ko’rsatish harakatidir. Xo’sh, bu harakatning Turkiston zaminida yuzaga kelishining muhim ijtimoiy omillari, sabablari nimalardan iborat edi? Nega 1918 yil bahoridan Farg’ona vodiysida boshlangan bu qurolli harakat asta-sekin alanga olib, Turkiston (O’zbekiston)ning keng hududlari bo’ylab yoyildi? Xalqimiz 1917 yilda sodir etilgan fevral va oktyabr o’zgarishlariga katta umidvorlik bilan ko’z tikkandilar. Ular ilg’or jadidchilik harakati rahnamoligida Rossiyada rivojlanib borayotgan inqilobiy-demokratik harakatlardan foydalanib, erk, ozodlikni qo’lga kiritmoqchi, o’lka xalqlarini mustaqillikka olib chiqmoqchi bo’lgandilar. Makkor bolshevik yo’lboshchilarning oktyabr o’zgarishi arafasida va undan keyin e’lon qilgan millatlar erki, mustaqilligini tan olgan rasmiy hujjatlari Turkiston xalqlarida o’z orzu-umidlarimiz ro’yobga chiqadi, milliy mustaqilligimiz qaror topadi, degan umid tug’dirgan edi.

> Biroq sovet hokimiyati o’rnatilib, mustahkamlana borgan sayin bolsheviklar dohiylarining ikkiyuzlamachilik, munofiqlik qiyofasi ham ochilib bordi. Ularning bergan balandparvoz va’dalaridan qaytishi, mahalliy xalqlarni siyosiy faoliyatdan oshkora chetlatishi, joylarda sovet tuzumini o’rnatishda zo’ravonlikning avjga minishi mahalliy aholi noroziligining oshishiga sabab bo’ldi.

 > Mahalliy xalqqa butunlay yot kommunistik mafkurani bayroq qilib olgan sovet zulmkorlari aholining milliy qadriyatlari, udumlari, diniy e’tiqodini tahqirlash, masjid, madrasalar, ziyoratgoh joylarni oyoq-osti qilish, noyob ma’naviy bisotlarni talash, dindorlarni ta’qibu quvg’in ostiga olish kabi nomaqbul ishlari aholi nafratini kuchaytirdi.

 > O’lka xalqlarining xohish-irodasi bilan vujudga kelib, ularning milliy manfaatlari yo’lida ilk qadamlar qo’yib borayotgan Turkiston Muxtoriyatini qonga belanishi, yurt farzandlarining qirg’in qilinishi, Qo’qon shahri va uning atrofidagi qishloqlar aholisining ayovsiz xunrezlik va talon-tarojlikka duchor etilishi butun Turkistonni mustabid sovet hokimiyatiga qarshi oyoqqa turg’izdi.

> Sovet hokimiyatining aholining xususiy mulkini tortib olish, davlat tasarrufiga olishga qaratilgan iqtisodiy siyosati odamlarning sovet tuzumiga nisbatan kuchayib borayotgan nafrat-g’azabiga so’nggi tomchi bo’lib qo’shildi. Yuz minglab millatparvar, vatanparvar yurt kishilarini qo’lda qurol bilan sovetlar zravonligiga qarshi kurashi mana shu zaylda boshlanib ketdi.

Farg‘ona vodiysida qurolli harakat. O’lkada boshlangan sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakatning eng dastlabki qaynoq markazlaridan biri Farg’ona vodiysi bo’ldi. Bu harakatga xalq orasidan etishib chiqqan, uning g’am-alami, orzu-armoni, maqsadintilishlariga hamdard va sherik bo’lgan Kichik va Katta Ergash, Madaminbek, Shermuhammadbek, Xolxo’ja Eshon, Islom Pahlovon, Rahmonqul, To’ychi, Aliyor qo’rboshilar singari taniqli rahnomolar etakchilik qildilar. 1918 yil bahoridan vodiyning turli joylarida 40 dan ziyod qo’rboshi dastalari faoliyat ko’rsata boshladi. Jumladan, Madaminbek Skobelev (Farg’ona) uezdida, Shermuhammadbek Marg’ilon atroflarida, Omon Polvon, Rahmonqul Namangan uezdida, Parpi qo’rboshi Andijon atrofida, Kichik va Katta Ergashlar Qo’qon atrofida, Jonibek qozi O’zgan tomonda, Muhiddinbek Novqatda harakat qilmoqda edilar. Kichik Ergash qizillar qo’shini bilan bo’lgan jangu jadalda halok bo’lganidan so’ng (1918 yil fevral) Qo’qon uezdi tevaragidagi qurolli harakatga Mulla (Katta) Ergash boshchilik qila boshladi. U o’zining faol harakati, xalq rahnomosiga xos sifatlari bilan tez orada butun vodiydagi ozodlik kurashining tanilgan etakchisiga aylandi. 1918 yil kuziga kelib uning qo’l ostida har birida 20 tadan 1800 nafargacha yigiti bo’lgan bo’lgan 70 ta qo’rboshi dastalari harakat qilayotgandi. Ulardagi jangchilarning umumiy soni 15 mingtaga etardi. Madaminbekning 5 ming, Shermuhammadbekning 6 ming, Xolxo’janing 3 mingdan ziyod, Parpi qo’rboshining 3,6 ming, Jonibekning 5,7 ming, Muhiddinbekning 4,5 ming jangovor yigitlari ozodlik kurashiga otlangan edilar. Umumiy maqsad va vazifalarni birgalikda aniqlash, asosiy harakatlarni muvofiqlashtirish yo’li bilangina tish-tirnog’igacha qurollangan sovet qo’shinlarini engish, yurt mustaqilligini ko’lga kiritish mumkin edi. Shu bois bu jangu jadal davrlarda qo’rboshilarning bir necha bor qurultoylari chaqirilib, ularda muhim hayotiy masalalar muhokama qilinadi. Dastlab shunday qurultoy 1918 yil martida Qo’qon uezdining Bachqir qishlog’ida o’tkazildi. Unda Katta Ergash butun Farg’ona vodiysi harakatining rahbari etib saylandi. Unga qo’shinlarning bosh qo’mondoni – «Amir alMuslimin» unvoni beriladi. Madaminbek va Shermuhammadbek esa uning o’rinbosarlari etib saylandilar. Harakat ko’lamining o’sib, kengayib borishi, uning saflariga yangi ijtimoiy tabaqalar vakillarining qo’shilishi, tabiiy suratda uning oldiga ulkan mas’ul vazifalarni, yangi muammolarni keltirib chiqara bordi. Ularni hal etish esa kurash rahnamolaridan katta matonat, kuchli iroda, yuksak harbiy mahorat, tashkilotchilik kobiliyati va uzoqni ko’ra bilishlik salohiyatini namoyon qilishni toqoza etardi. Farg’ona qo’rboshilari ichida Madaminbek Ahmadbek o’g’ligina mana shunday noyob fazilatlar sohibi ekanligi bilan ajralib turardi. Navqiron yoshda bo’lishiga qaramasdan katta hayot va kurash tajribasi boy, yurt kezgan, yuksak harbiy sarkardalik iste’dodiga ega Madaminbek ( 1892 – 1920 ) tez orada vodiy kurashchilari sardoriga aylanadi. Sovetlarning rasmiy hujjatlaridan birida ta’kidlanishicha, «o’z oldiga sovet hokimiyatini ag’darish va Farg’ona muxtoriyatini tiklash vazifasini qo’ygan Madaminbek tadbirkor siyosatchi va uddaburon tashkilotchi fazilatlariga ega edi». Darhaqiqat, Madaminbek o’zining qattiqqo’l siyosati, tashkilotchilik faoliyati va eng muhimi, o’lkada kechayotgan ijtimoiy – siyosiy va harbiy vaziyatni to’g’ri baholay olishi bilan ajralib turardi. Buning ustiga mavjud vaziyatga muvofiq keladigan amaliy harakatlarni qo’llay olishi, sarfdoshlariga o’z ta’sirini o’tkaza olishi ham uning ko’p o’tmay butun Farg’ona qo’rboshilarining nufuzli rahbariga aylantirgan edi. 1919 yilning o’rtalariga kelib uning yigitlarining soni 25 ming kishidan oshardi. Skoblev, Marg’ilon, Andijon, Namangan, O’sh kabi hududlarda harakat qilayotgan taniqli qo’rboshilar, ularning jangchilari Madaminbekning yashil bayrog’i ostiga birlashayotgan edilar. Madaminbekning xalq lashkarlari ayniqsa 1919 yilning birinchi yarmida sovet qo’shinlariga qarshi bir qator sezilarli zarbalar berdilar. Chunonchi, yanvarda Marg’ilon, fevralda Skoblev va Chust shaharlarini vaqtincha egallanishi, mahalliy xalq manfaatiga javob beradigan bir qator muhim amaliy tadbirlarning o’tkazilishi uning obro’sini yanada ko’tarib yubordi. 1919 yil aprel oyida Madaminbek yigitlari Namangan va Qo’qon shaharlari atroflaridagi janglarda g’olib keldilar. «Madaminbek turli siyosiy oqimdagi kishilarni birlashtira oladi. Shuning uchun ham hech qaysi qo’rboshi uningchalik kuch – qudratga ega bo’lmagan edi», deb yozgandi uning muxoliflaridan biri o’sha kezlarda. Sovet hokimiyatiga qarshi harakatning ijtimoiy tarkibini kuzatarkanmiz, bunda aholining sovet tuzumidan norozi bo’lgan, turli – tuman ijtimoiy qatlamlari, chunonchi, dehqonlar, hunarmandalar, kosiblar, batraklar, mardikorlar, ziyolilar, dindorlar, ruhoniylar, mahalliy boylar u yoki bu darajada faol ishtirok etganligi ayon bo’ladi. Xususan sovet hokimiyati organlarining mahalliy aholiga nisbatan yuritgan o’ta millatchilik, shovinistik va bosqinchilik siyosati uni oqibatda bu tuzum dushmaniga aylantirdi va o’z erki, huquqi, ozodligini ximoya qilib kurashga qalqitdi. Farg’ona fronti qo’mondoni M. Frunzedek zot ham: «…. Bu erdagi sovet hokimiyati ilk tuzilishi davrida rus va erli ishchi, dehqon ommalarini o’ziga tortish o’rniga, mehnatkash xalqni o’zidan uzoqlashtirish uchun ko’lidan kelgancha harakat qildi. Ishlab chiqarishning natsionalizatsiya qilinishida faqat burjuaziyaning mulki emas, balki o‘rta hol dehqonlarniki ham tortib olindi. ….Bu erda harakat qilgan qizil askar qismlari, inqilobni himoya qilgan ba’zi rahbarlar erli mehnatkash xalqning tub manfaatlari bilan hisoblashmadi, uning arzu – dodiga quloq solmadi. Bosmachilik harakati shu asosda vujudga keldi. Bosmachilik – oddiy qaroqchilar emas. Shunda ularni tez yo’q qilish mumkin bo’lardi», deb e’tirof qilgan edi. TASSR XKK raisi K. Otaboev 1922 yil iyulida Turkiston MIQ 4-plenumida so’zlagan nutqida bu harakatni xalq ko’zg’oloni sifatida baholagan edi: «Biz 4 yil davomida bu harakatga hatto to’g’ri baho berishni ham bilmadik, u xalq ko’zg’oloni bo’lgani holda bosmachilik deb atadik. Bosmachilik mohiyatan talonchilik degan ma’noni anglatadi, bizning ushbu harakatga bergan noto’g’ri ta’rifimiz masalani hal etishda noto’g’ri yondashuvlarga olib keldi. Va alaloqibat 4 yil davomida biz bu harakatning biron bir jihatini tugata olmadik». Sovet rahbarlarining bu e’tiroflari sovetlarga qarshi harakatning nechog’lik o’lkaning hayotiy qon tomirlariga daxl qilganini, uni larzaga keltirganini yaqqol tasdiq etadi. Farg’onaning bechorahol xalqi o’z xalaskorlarini butun choralar bilan qo’llabquvvatlashda davom etdi. Harakat safi doimo yangi kuchlar hisobiga to’lib bordi. Vodiy qo’rboshilarining birlashish, qo’shilish sari harakatlari ham sezilarli tus olib bordi. 1919 yil kuziga kelib Madaminbek lashkarlarining jangovorlik harakatlari keng hududlarga yoyildi. Bu davrga kelib Monstrovning rus krestyanlari (dehqonlari)dan tashkil topgan ancha ta’sirli harbiy qismlari Madaminbek kuchlari bilan birlashdi. Bu hol xalq kurashining nafaqat ijtimoiy tarkibiga, balki ayni chog’da milliy tarkibiga ham sezilarli ta’sir ko’rsatar, uning maqsad – vazifalariga yangicha yondashishni taqozo etardi. Gap shundaki, bunga qadar sovetlarga qarshi harakat saflarida o’zbeklar, tojiklar, qozoqlar, qirg’izlar, turkmanlar, uyg’urlar va qoraqalpoqlar singari erli millat kishilari kurashib kelayotgan bo’lsalar, endilikda unga sovetlar siyosatidan keskin norozi bo’lgan rus dehqonlari ham qo’shilgan edilar. Harakat tarkibidagi bu o’zgarish 1919 yil oktyabrida Pomirning Ergashtom ovulida Madaminbek tarafdorlari tashabbusi bilan tuzilgan «Farg‘ona Muvaqqat Muxtoriyat hukumati» tuzilishida ham o’z ifodasini topgandi. Hukumat tarkibi 24 kishidan iborat bo’lib, uning 16 vakilini musulmonlar va 8 nafarini ruslar tashkil etardi. Farg’ona hukumati boshlig’i va musulmon qo’shinlari bosh qo’mondoni etib Madaminbek saylangan edi. Biroq afsuslanarli jihati shundaki, mazkur Muvaqqat hukumat o’z faoliyatini amalda uddalay olmadi. Buning boisi birinchidan, uning mutasaddilarining boshi urush harakatlaridan chiqmadi. Ikkinchidan, u biror bir xorijiy davlat bilan diplomatik aloqa o’rnatish imkoniyatiga ega bo’lolmadi. Bu esa, tabiiyki, uning o’z qobig’iga o’ralib, amaliy faoliyat yuritishiga imkon bermadi.

1919 yil oktyabr oyi oxirlarida Andijonga yaqin Oyimqishloqda to’plangan vodiy qo’rboshilarining qurultoyida vodiyda harakat kilayotgan 150 taga yaqin jangovor qismlarni o’z ta’sirida ushlab turgan 4 yirik lashkarboshi: Madaminbek, Ergash, Shermuhammadbek, Xolxo’ja Eshon qo’shinlarini birlashtirishga kelishildi. Qurultoyda islom qo’shinlarining bosh qo’mondoni – «Amir al – muslimin» etib Madaminbek saylandi. Biroq bu kelishuv, ahdlashuv ham mustahkam bo’lib chiqmadi. Ular o’rtasidagi sansolarlik, o’zaro ichki ziddiyatlar o’z salbiy ta’sirini ko’rsatmasdan qolmadi. Masalan, Xolxo’ja tez orada o’z kuchlarini ajratib, mustaqil faoliyat ko’rsata boshladi. Vodiydagi jangovar harakatlarning keyingi borishi tashabbusning ko’proq tajovuzkor sovet qo’shinlari qo’liga o’tishiga, xalq ozodlik kurashining pasayib, so’nib borishiga olib keldi. O’lkada mustahkamlanib olishga ulgurgan bolsheviklar hokimiyati Markazdan etarli darajada harbiy kuch, qurol – yarog’ olib, son – sanoqsiz harbiy mutaxassislarni jalb qilib, ularni Farg’ona frontiga yo’llash, xalq lashkarlaridan qonli o’ch olishga safarbar qildi. 1920 yil boshlarida sovet kushinlari Ergash, Madaminbek, Shermuhammadbek va Xolxo’ja kuchlariga sezilarli zarbalar berdilar. Jumladan, 1920 yil yanvarida qizillar Ergash kuchlariga zarba berib, uning tayanch markazi – Bachqirni egalladi. Xuddi shu vaqtda sovet qo’shini Monstrovning dehqonlar armiyasini tor – mor etib, Gulcha qal’asini ishg’ol etdi. Monstrovning o’zi asir olindi. Shuningdek, fevralda Garbuva – Qoratepa – Shahrixon yo’nalishida qizil qo’shinlar Shermuhammadbek lashkariga kuchli zarba berdi. Buning natijasida Shermuhammadbek engilib, Oloy vodiysi tomon chekindi. Ayni paytda qizillar Norin va Qoradaryoning qo’shilish joyida Madaminbek askarlariga qarshi muvafaqqiyatli jang qilib, unga katta talafot etkazdilar. Sovet qo’shinlari qo’mondonlari vodiydagi qarshilik ko’satish harakatini siyosiy kelishuv yo’li bilan to’xtatish choralarini ham ko’rdilar. Ular qo’rboshilarga vakil yuborib sulh tuzishni taklif qildilar. Og’ir, murakkab voqealar sharoitida ba’zi qo’rboshilarning sovetlar tomoni bilan kelishuv yo’liga borishi tushunarlidir. Chunonchi, Madaminbek 1920 yil martida sovet qo’mondonligi bilan muzokara olib boradi va sulh imzolab o’z harakatlarini to’xtatadi. Bu sulh shartlariga asosan Madaminbek va uning 1200 nafardan ziyod askar yigitlarining daxlsizligi, o’z qurol – yarog’lariga ega bo’lishi, kerak bo’lganda ularning vodiyda tinchlik, barqarorlik o’rnatishda faol ishtirok etishi ta’kidlangan edi. Garchand sulhning bir qator shartlari keyinroq sovet qo’mondonligining makkorona xatti – harakati bilan o’zgartirilgan bo’lsa–da, biroq Madaminbek bu kelishuvga, uning mahalliy xalq uchun foydali, manfaatli bo’lishiga ishongan edi. Shu bois ham u o’zining boshqa safdoshlariga ham sovetlar bilan muzokaralar olib borib, shunday yo’l tutishni maslahat beradi. Biroq Shermuhammadbek va Xolxo’ja o’z huzurlariga muzokara uchun kelgan yurtning bu mard o’g’lonini sotqinlik va xoinlikda ayblab, uni qatl ettiradilar. Sodir etilgan bu fojiali voqea ham vodiy qurboshilari o’rtasidagi o’zaro munosabatlarning qanchalik mo’rt, omonat bo’lganligidan guvohlik beradi. Garchand Farg’onada sovet hokimiyatiga qarshi kurash bundan keyin ham yangi-yangi kuchlar bilan qo’shilishib turli tarzda davom etsada, biroq u avvalgidek keng qamrovli jangovar, hujumkor yo’nalish kasb etolmadi. 1920 – 1923 yillar davomida vodiy hududlari bo’ylab olib borilgan xalq ozodlik kurashlariga aka – uka Shermuhammadbek va Nurmuhammadbek, ulardan so’ng Islom Pahlavon va Rahmonqullar etakchilik qildilar. Ularning har birining mislsiz jasorati, qahramonligi, haq va ozodlik yo’lidagi fidoyiligi xalq xotirasida muhrlanib qoldi. Vodiyda boshlangan sovetlarga qarshi harakat keyinchalik Turkistonning boshqa hududlariga ham yoyildi. Sovet tadbirlari va boshqaruvidan norozi bo’lgan, diniy va ma’naviy qadriyatlari tahqirlangan Xorazm ahlining turli ijtimoiy qatlamlari ham bosh ko’tardilar. Bu sovet hokimiyati ashaddiy dushmani Junaidxonga qo’l keldi. Uning jangovar otryadlari safi yangi kurashchilar hisobiga muttasil ko’payib bordi. Masalan, 1922 yil aprel oyida Junaidxon qo’shinlari Porsu va uning atroflarini qizil askarlardan ozod qilishdi. Ko’hna Urganch hududida ham shiddatli janglar olib borildi. 1923 yil dekabrida Pitnak, Xazorasp, Bog’ot, Xonqa tumanlarida ham dehqonlarning ommaviy qo’zg’olonlari yuz berdi. 1924 yil yanvar-fevralida Xiva, Pitnak va Xazorasp atroflari xalq isyonkorlarining shiddatli kurash o’choqlariga aylandi. Bunda Junaidxon va Og’ajon Eshonlarning ko’p ming kishilik kuchlari hukmron sovet istibdodiga qarshi mardonavor kurashlar olib borganlar. 1920 yillarning ikkinchi yarmidan 1930 yillarning boshlarigacha Xorazm vohasida Ahmadbek, Durdi, Murodxon, O’roz Geldi, Xudoyberdi, Rajab Qora singari 20 ga yaqin qo’rboshi dastalari jangovar harakatlar olib bordilar, mislsiz qurbonlar berdilar. Biroq kuchlar nisbati teng bo’lmaganligi orqasida tish-tirnog’igacha qurollangan sovet qo’shinlari ularni mag’lubiyatga uchratdi. Sovetlar Xorazmda o’z hukmronligini voha uzra qaror toptirishga muvaffaq bo’ldi. Buxoroda ham sovetlarning zo’ravonlik siyosati mahalliy xalqlarning qarshiligiga uchradi. Qarshilik ko’rsatish harakati tarafdorlari o’n yillar davomida sovetlar zo’ravonligiga qarshi mardonavor kurash olib bordilar. Bu harakatga Ibrohimbek, Davlatmandbek, Doniyorbek, Mulla Abduqahhor, Fuzail Mahsum singari xalq xaloskorlari rahnamolik qildilar. Masalan, G’arbiy Buxorda Mulla Abduqahhor (1884-1924) etakchiligidagi harakat safiga 20 ga yaqin qo’rboshi dastalari (O’rmon polvon, Metan Polvon, Naim Polvon, Shukur Xo’ja, Jo’ra Amin, Said Mansur, Murod Meshkob va boshqalar) birlashgan edi. Bu xalq lashkarlari G’ijduvon, Shofirkon, Vobkent, Romitan tumanlari va Nurota tog’larida faol harakat qilganlar. Mulla Abduqahhor kuchlari xalqning keng ijtimoiy tabaqalaridan doimiy madad olib to 1924 yil kuzigacha ona yurt dushmanlariga qarshi to’xtovsiz kurash olib borgan. Uning o’zi ham Qizilqumda qizillar bilan bo’lgan tinimsiz janglarda halok bo’ladi. Sharqiy Buxoroda sovetlar hokimiyati zo’ravonligiga qarshi yo’nalgan harakat 1930 yillar o’rtalarigacha davom etdi. Sharqiy Buxoro hududlari bo’ylab keng yoyilgan harakatlarning taniqli rahnamosi Ibrohimbek (1889-1932) bo’lib, uning umumiy qo’l ostida o’n minglab xalq qasoskorlari jamlangan edi. Fuzail Mahsum, Davlatmandbek, Qulmuhammadbek, Sulton Sadr, Fazliddin Qozi kabi o’nlab qo’rboshilar o’z jangovar yigitlari bilan jon fido etib kurashdilar. Biroq o’lkada qattiq o’rnashib olgan sovetlar hokimiyati va uning yaxshi qurollangan muntazam qizil qo’shinlari oxir-oqibatda bu harakatni bostirishga muvaffaq bo’ldi. Xususan 1931 yil iyunida Ibrohimbek lashkari mag’lubiyatga uchratilib, uning o’zi qo’lga olinishi bilan Sharqiy Buxoro erlaridagi qarshilik ko’rsatish harakati barham topdi.

Qurolli harakat mag‘lubiyatining sabablari va oqibatlari. Turkistonda sovet hokimiyatiga qarshi ko’tarilgan qurolli harakat mag’lubiyatining ko’plab asosli sabablari bor, albatta.

> Eng asosiy sabablardan biri – bu Vatan kurashchilarining ulug’vor maqsadlar sari aholi barcha tabaqalarini jipslashtirishga qodir bo’lgan yagona milliy g’oyaga tayanmaganligida edi. Harakat yagona dastur asosida tashkil etilmadi. > Qo’rboshilar siyosiy kurashda toblangan ilg’or jadid namoyandalarini harakatga faol jalb qila olmadilar.

 > Harakatning bir markazdan turib boshqarilmaganligi, joylarda harakat qilgan kuchlar o’zlarining tor hududiy chegaralari bilan o’ralashib qolganligi, mahalliy qo’rboshilarning o’z manfaatlariga berilishi, dunyoqarashi torligi, cheklanganligi, manmanlik kasaliga chalinganligi, bir – birlari bilan kelisholmasligi, o’zboshimcha xatti-harakatlarga intilishi kabi hollar oxir – okibatda bu kurashning borishiga jiddiy salbiy ta’sir qildi.

> Qurolli harakatga qalqigan kuchlarning etarli moddiy – ta’minot bazasiga, qurol – aslaha zahirasiga ega bo’lmaganligi ham o’z ta’sirini ko’rsatdi.

 > Tashqi dunyo bilan aloqa qilish, chetdan yordam, harbiy madad olish imkoniyati bo’lmadi.

> O’lka zo’ravoni bo’lib olgan sovetlar esa o’z qo’shinini etarli darajada zamonaviy qurol – yarog’lar va harbiy kuchlar bilan ta’minlay olgan edi. 1919 yilda uning tasarrufida 115376 nafar jangchi, shuningdek 11112 ta pulemyot, yuzlab to’plar, bronopoezdlar, o’nlab samolyotlar va boshqa zamonaviy qurollar mavjud edi. Harbiy kuchlar nisbatidagi bunday ustunlik kurash taqdirini qizillar foydasiga hal etilishiga olib keldi.

 > Ayyorlikda pixini yorgan sovet mutasaddilari har bir vaziyatdan ustamonlik bilan foydalandilar. Ular kerak bo’lsa o’zlari yo’l qo’ygan qo’pol xatolarini tuzatish, dehqonlarga er berish, ularni afv etish, soliqlar miqdorini bir qadar kamaytirish, Madaminbek singari taniqli qo’rboshilar bilan muzokaralar olib borish, o’zaro yon berish orqali mahalliy aholi noroziligini yumshatish, ularni o’z tomoniga ag’darib olish tadbirlarini ham qo’lladilar. Bu tadbirlar qurolli harakat istiqboliga salbiy ta’sir o’tkazmasdan kolmadi, albbatta.

Bu xalq harakati millionlab yurtdoshlarimiz hayoti va qismatida o’chmas fojiali iz qoldirdi. Ba’zi aniqlangan rasmiy ma’lumotlarga karaganda, u milliondan ziyod mahalliy millat kishilarining aziz umrlariga zomin bo’ldi. Minglab oilalarning o’z ona zaminini tark etib, begona yurtlarga bosh olib ketishlariga sabab bo’ldi. Kolaversa, qanchalab son – sanoqsiz odamlar mana shu milliy fojia bois mamlakatning boshqa, uzoq hududlariga surgun va badarga qilindi. Biroq bu xalq harakati bejiz ketmadi. U yurtdoshlarimizga katta, ibratli saboqlar berdi, ularning kurash tajribasining boyishiga muhim ta’sir ko’rsatdi. Zero, ona O’zbekistonimizning istiqlolga yuz tutib, dorilamon zamonlarga musharraf bo’lishida, bugungi baxtiyor avlod kishilarining mustaqillik oliy ne’matidan to’la bahra topishida o’sha 20–30-yillarda bobokalonlarimiz qilgan ulkan sa’y – harakatlar, to’kkan qutlug’ qonlar, bergan bemisl qurbonlarning ibrati oz muncha emas. Ularning yorqin, porloq xotirasi hozirgi minnatdor avlod kishilarining yodida, shuurida hamisha saqlanadi, faxr – iftixor tuyg’usi bilan eslanadi.

SOVET HOKIMIYATINING O‘ZBEKISTONDA AMALGA OSHIRGAN IJTIMOIY-SIYOSIY, IQTISODIY TADBIRLARI VA ULARNING MUSTAMLAKACHILIK MOHIYATI

O‘rta Osiyoda o‘tkazilgan milliy-davlat chegaralanishi. O‘zbekiston SSRning tuzilishi

Milliy siyosat Bolsheviklar partiyasi bosh bo’lgan sovet hokimiyati Turkiston mustaqilligi uchun kurashgan vatanparvar kuchlar harakatini daf etishga muvaffaq bo’lgach, endilikda bu hududda uzoqqa mo’ljallangan o’z makkorona rejalarini amalga oshirishga kirishdi. Shu maqsadni ko’zlab u XX asrning 20-yillari boshlaridan bu zaminda mustamlakachilarga xos «orani buz, hokimlik qil» qabilidagi o’z milliy siyosatini hayotga izchil tadbiq etish yo’lini tutdi. Aslida sovetlarning milliy siyosati chorizmning ko’p zamonlar bu yurtda yuritib kelgan shovinistik, ulug’ davlatchilik siyosatidan mohiyat e’tibori bilan farq qilmasdi. Faqat uning shakli-shamoyili o’zgargan edi, xolos. Gap shundaki, chorizm hukmronligi davrida chekka o’lkalar xalqlari ochiq-oshkora tarzda kamsitilar, ularning insoniy qadr-qimmati, or-nomusi, asliy milliy qadriyatlari tahqirlanar edi. Sovet mutasaddilari esa o’zlarining niqoblangan soxta ishlari, yolg’on-yashiq va’dalari bilan mazlum millat kishilarini o’z hukmlariga bo’ysundirishga intildilar. Turkiston xalqlari o’z milliy davlatchiligini tiklash va rivojlantirishga intildi. 1920 yil yanvarida bo’lib o’tgan Turkiston Kompartiyasining V o’lka konferentsiyasida Turkiston ASSR MIQ raisi T. Risqulov so’zga chiqib «Yagona Turkiston g‘oyasi»ni ilgari suradi, asosan turkiy xalqlardan iborat Turkiston ASSRni Turk Respublikasi, Turkiston Kompartiyasini Turk kompartiyasi, deb o’zgartirishni taklif qiladi. Bu takliflar konferentsiyada, shuningdek, o’lka ijtimoiy-siyosiy hayotida, RKP(b) Markazqo’mi, uning Siyosiy byurosi, sovet hokimiyati doiralarida turli bahslarga sabab bo’ladi. T.Risqulov takliflari millatchilik, og’machilik ruhidagi qarashlar deb baholandi. T.Risqulov, N.Xo’jaev va boshqalar tarkibida tuzilgan delegatsiya Moskvaga borib, sovet hukumati oldiga Turkkomissiyani tugatish, Turkistonga o’z qurolli kuchlariga ega bo’lish huquqini berish, Sharq mamlakatlari bilan aloqa o’rnatishda Turkiston hukumatiga mustaqillik berish kabi talablarni qo’ydilar. Shu boisdan «Turkiston masalasi» bir necha bor Markazda, RKP(b) Markaziy Qo’mitasi Siyosiy byurosining 1920 yil mart-iyun oylaridagi majlislarida muhokama qilindi. Oqibatda natija shunday bo’ldiki, mazlum xalqlar «dohiysi» va «najotkori» Lenin, bu masalani 1920 yil 29 iyulida ko’rgan RKP(b) Markazqo’mi Siyosiy byurosi turkistonlik delegatsiya iltimosnomasiga ijobiiy baho bermadi. Buning aksicha, Sovet hukumati va partiya rahbariyati o’lkadagi vaziyatni tezlikda bartaraf etish uchun shoshilinch tarzda «RKP(b)ning Turkistondagi asosiy vazifalari to’g’risida» degan nom ostida bir necha qarorlar qabul qildi. Jumladan, o’lka hayoti ustidan nazoratni kuchaytirish, sovet hokimiyati negizlarini mustahkamlashga qaratilgan «Turkistonda hokimiyatni tashkil etish to’g’risida» maxsus qaror qabul qilindi. Unda Turkistonda Butunrossiya Markaziy Ijroiya Qo’mitasi, RSFSR Xalq Komissarlari Soveti va RKP(b) Markaziy Qo’mitasining doimiy vakolatxonasi bo’lishi zarur deb ko’rsatildi. Unda shuningdek, federal hukumat bilan Turkistonda mahalliy davlat hokimiyati organlarining vazifalari doirasi aniq-ravshan belgilab qo’yildi. Shunday qilib, o’lka xalqlarining o’z taqdirini o’zi belgilash, o’z milliy davlatchiligini o’z xohishlaricha, huquqiy asosda tashkil qilish borasidagi yana bir urinishi barham topdirildi. Hamma gap shundaki, Rossiya Sovet Federatsiyasi hukumati Turkistonning emin-erkin rivojlanish yo’lidan ilgarilab borishini emas, balki uni doimiy o’z nazoratlari ostida bo’lishini xohlardilar. O’lkaning mehnatsevar, jafokash xalqi, uning bitmas-tuganmas boyliklari, tabiiy va mineral resurslari Markaz foydasiga ishlashi ularning birdan-bir muddaolari edi. Hukmron Markaz tashabbusi bilan tashkil etilgan Turkkomissiya, O’rta Osiyo Byurosi, O’rta Osiyo Iqtisodiy Kengashi singari nufuzli organlarning o’lka hayotining barcha jabahalarini o’z nazoratiga olish, o’z izmlariga bo’ysindirish yo’lida harakat etib kelganligining boisi ham mana shundadir.

SSSRning tashkil etilishi Bolsheviklar boshliq sovetlar hokimiyati sobiq chor imperiyasi hududlarida vujudga kelgan mustaqil sovt respublikalari jilovini o’z qo’liga olish maqsadida sovet respublikalari ittifoqini tuzishga, ularni RSFSR atrofiga jipslashtirishga asosiy e’tibor qaratdi. RSFSR hukumati 1918-1920 yillarda yangi sovet respublikalariga diplomatik, siyosiy-iqtisodiy, harbiy, moliyaviy ta’sir o’tkazib bordi. Garchi bo’lajak ittifoq sovet respublikalarining do’stlik va tenglikka asoslangan ixtiyoriy ittifoqi bo’ladi, deyilsada, biroq uzoqni ko’ra bilgan respublikalarning qator rahbarlari bunga qarshi edilar. Masalan, Ukrainada UKP(b) Markaziy Qo’mitasi kotiblari X.G.Rakovskiy va D.L.Pyatakov yagona ittifoq davlati g’oyasiga qarshi chiqib, umumittifoq hokimiyat organlari bo’lmagan «konfederatsiya» tuzishni yoqlab chiqdilar. RKP(b) Markaziy Qo’mitasi Siyosiy byurosida, bolsheviklar partiyasining s’ezdlari va plenumlarida, shuningdek sovet tashkilotlarida bu masala keng muhokama qilindi. Nihoyat, RKP(b) rahbarligida joylarda uzoq vaqt olib borilgan tashviqot-targ’ibot ishlari va ko’rsatilgan tazyiqlar o’z natijasini berdi. Ukraina, Belorussiya, Zakavkaze Federatsiyasi Kompartiyalari, bu respublikalar sovetlarining s’ezdlari RKP(b) Markazqo’mining «SSSRni tuzish to‘g‘risida»gi takliflarini qo’llab-quvvatlashlarini bayon qildilar. 1922 yil 26 dekabrda Butunrossiya Sovetlarining X s’ezdi sovet respublikalarini yagona sovet davlatiga birlashtirishni zarur deb topdi. S’ezd o’zi saylagan delegatsiyaga USSR, BSSR va ZSFSR delegatsiyalari bilan birgalikda Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqini tashkil etish to’g’risidagi Deklaratsiya loyihasini ishlab chiqish va Ittifoq shartnomasini tayyorlashni topshirdi. 1922 yil 29 dekabrda Moskvada to’rt respublika vakolatli delegatsiyalarining konferentsiyasi bo’lib o’tadi. Konferentsiya SSSRni tuzish to’g’risida RKP(b) Markaziy Qo’mitasi plenumi tasdiqlagan Deklaratsiya va Shartnoma loyihasini muhokama qilib, uni maqullaydi. 30 dekabrda uni to’rt respublikalarning vakolatli delegatsiyalari imzolaydilar. 1922 yil 30 dekabrda Moskvada Butunittifoq Sovetlarining I s’ezdi o’z ishini boshlaydi. S’ezd RSFSR, USSR, ZSFSR va BSSR Sovetlari s’ezdlari saylagan vakolatli delegatlari imzolagan SSSRni tuzish to‘g‘risidagi Deklaratsiya loyihasini ko’rib chiqib, Deklaratsiya va Ittifoq Shartnomasini tasdiqlaydi. S’ezd yangi ittifoq – SSSRning yuqori hokimiyat organlari – Markaziy Ijroiya Qo‘mitasini va hukumatini tuzdi. SSSR MIQ 4 ta rais (har bir respublikadan bittadan) – RSFSRdan M.I.Kalinin, Ukrainadan G.I Petrovskiy, Belorussiyadan A.G Chervyakov, ZSFSR dan N.N.Narimanovdan iborat MIQ Rayosatini sayladi. V.I Lenin SSSR hukumati – Xalq Komissarlari Soveti raisi etib tasdiqlandi. Shunday qilib, 1922 yil 30 dekabrda SSSR tuzildi. Bu ittifoqqa asos solgan barcha dasturilamal hujjatlar va g’oyalar qanchalik jimjimador ohanglarda bitilmasin va ular tenglik, barobarlik, birodarlik tushunchalarini aks ettirmasin, biroq amalda u hukumron Markaz uchun butun-butun xalqlarning taqdirqismati, inon-ixtiyorini tamomila o’z tasarrufiga bo’ysundirishga xizmat qilgan tuzoq rolini o’tab keldi.

O‘rta Osiyoda milliy davlat chegaralanishi. Ma’lumki, O’rta Osiyo hududida qadimqadimdan tili, dini, tarixi, madaniyati, an’analari bir biriga juda yaqin va mushtarak qardosh va qondosh xalqlar yashab kelganlar. Bu erda istiqomat qilgan o’zbeklar, turkmanlar, tojiklar, qozoqlar, qirg’izlar, qoraqalpoqlarning xo’jalik hayoti, turmush tarzi, udumlari ham o’xshash bo’lib, shu muqaddas ona zaminni o’zlarining asl Vatanlari deb bilganlar. Biroq, afsuslar bo’lsinki, pixini yorgan Sovet hokimiyati arboblari tarixan bir yagona hududda yashab kelgan birodar xalqlarni bir-biridan ajratib tashlash, ularning birlashib, yagona davlat tuzishlariga izn bermaslik uchun butun choralarni ishga soldilar. Bundan kuzatilgan bosh maqsad – o’lka xalqlarining birlashuviga, o’z istiqlolini va istiqbolini birgalikda bunyod etishiga yo’l qo’ymaslik va shu asosda Markazning bu erdagi hukmronligiga, sotsialistik qayta qurish jarayonining avj olishiga keng maydon yaratish edi. Shu maqsadda Turkistonni milliy o’ziga xoslik, til birligi asosida bo‘lib tashlash g‘oyasi ilgari surildi. Markaz irodasini bajarishga da’vat etilgan Turkiston ishlari bo’yicha maxsus komissiya – Turkkomissiya zimmasiga o‘lkada milliy davlat chegaralanishini o‘tkazish va shu asosda bu hududda bir qator sovet milliy va muxtor respublikalarini tashkil qilish vazifasi yuklangan edi. Markaz mo’ljallayotgan milliy siyosat mazmuni, mohiyatidan xabardor bo’lgan Turkistonning ilg’or ziyolilari, uzoqni ko’ra bilgan donishmand arboblari o’lka birligi, yaxlitligini, uning qardosh xalqlari jipsligini zo’r berib himoya qilishga urindilas. Biroq o’lka jilovini qo’lda mahkam tutgan bolshevik mutassadilar ularning haqqoniy fikrlarini hisobga olmadilar. Bugina emas, yagona va mustaqil Turkiston g’oyasi uchun kurashgan vatanparvar kuchlar, milliy ziyolilar millatchilikda, turkparastlikda va sovet hokimiyatiga qarshilikda ayblandilar. Shunday qilib, O’rta Osiyoni milliy – hududiy jihatdan alohida respublikalarga bo’lib tashlash masalasi bir necha bor Markazda, Turkiston, Buxoro, Xorazm respublikalarida, ularning Kompartiyalari plenumlarida, shuningdek ularning faoliyatini muvofiqlashtirib turuvchi organ – RKP(b) MQ O’rta Osiyo Byurosi Plenumida muhokama etilib, mahalliy xalqqa kuchli bosim o’tkazib borildi. Shu bilan birgalikda 1922-1923 yillarda erli millatlarning bir qator rahbar xodimlari sovet hokimiyatining Turkiston, Buxoro va Xorazm respublikalarida olib borilayotgan milliy siyosatiga ochiqdan-ochiq norozilik bildira boshladilar. Ammo ularning fikr-qarashlari noto’g’ri topilib, o’zlari faol siyosiy hayotdan chetlatib borildi. RKP(b) MQ, uning O’rta Osiyo Byurosi Turkiston, Buxoro va Xorazm Kompartiyalari faoliyatiga tazyiq o’tkazib, milliy – hududiy chegaralash o’tkazish siyosatini ma’qullab, qaror qabul qilishlariga erishib bordi. Milliy-hududiy chegaralanish masalasi 1924 yil 5 aprelda RKP(b) MQ Siyosiy Byurosida, 11 mayda RKP(b) MQ O’rta Osiyo Byurosida ko’rib chiqildi. Unda O’rta Osiyo respublikalarida milliy chegaralanish loyihasini tayyorlovchi maxsus komissiya tuzildi. Loyiha RKP(b) O’rta Osiyo Byurosining 1924 yil 2 iyundagi yig’ilishida muhokama etilib, asosan ma’qullandi. Bundan norozi bo’lgan mahalliy aholi vakillari, xususan Xorazm respublikasining bir guruh mas’ul xodimlari, chunonchi, XKP MQ kotibi Odinaev, ichki ishlar noziri Abdusalomov, Turkiston va Buxoro vakillari: S.Xo’janov, S.Asfandiyorov va boshqalalar yagona Turkistonni bo‘lib tashlash maqsadga muvofiq emas, deb e‘tiroz bildirdilar. Shuningdek, 1924 yil 8 mayda RKP(b) Markaziy Qo’mitasiga «Xorazmda milliy masalani hal etish to’g’risida xat» kelib tushdi. Bu xatda ham Xorazm respublikasini bo’lib yuborish maqsadga muvofiq emas, deyilgan edi. Ha, o‘lka xalqlari milliy chegaralanish siyosatiga qat‘iyan qarshi edilar, biroq mahalliy xalqlarning talab va takliflari inobatga olinmadi. Aksincha, 1924 yil 12 iyulda RKP(b) MQ Siyosiy Byurosi «O’rta Osiyo respublikalarida milliy chegaralanish to’g’risida»gi masalaga yana qaytib, uni o’tkazish to’g’risida qaror qabul qiladi. 1924 yil 25 sentyabrda RKP(b) MQ Siyosiy Byurosi, 9 va 11 oktyabrda RKP(b) Markaziy Qo’mitasi bu masalani ko’rib chiqib, milliy chegaralanishni rasmiylashtirishni maqsadga muvofiq deb topadi. Bu qaror 14 oktyabrda SSSR Markaziy Ijroiya Qo’mitasi tomonidan ham ma’qullanadi. Shu tariqa, Sovet hukumati, RKP(b) MQ va uning joylardagi mahalliy tashkilotlarining 1920-1924 yillar davomida O’rta Osiyoda olib borgan, xalqqa katta va’dalar berishni ko’zda tutgan «lenincha milliy siyosat»ni hayotga tadbiq etish bobidagi amaliy ishlari yakun topdi. Nihoyat, 1924 yilning 27 oktyabrida bo‘lib o‘tgan SSSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi II-sessiyasida O‘rta Osiyoda milliy davlat chegaralanishi o‘tkazish tadbirlari to‘la ma‘qullandi. Shunday qilib, hukmron Markaz sa’y-harakatlari orqasida O’rta Osiyoning siyosiy jug’rofiyasi sun’iy ravishda o’zgartirildi. O’rta Osiyo hududidagi Turkiston ASSR, Buxoro va Xorazm respublikalari o’rnida oltita milliy davlat birlashmalari tashkil etildi.

> O‘zbekiston SSR

 > Turkmaniston SSR

 > O’zbekiston SSR tarkibida Tojikiston ASSR

 > Qirg’izlar yashagan hududlar RSFSR tarkibida Qoraqirg‘iz (Qirg‘iziston) muxtor viloyati

 > Qozoqlar yashaydigan tumanlari RSFSR tarkibida Qozog‘iston ASSR

 > Qoraqalpoqlar yashaydigan hududlar Qozog’iston ASSR tarkibida Qoraqalpoq muxtor viloyati

Natijada yagona Turkiston xalqlari bir – biridan sun’iy ravishda uzoqlashtirildi. Bu hol sovetlarga o’lkada o’z hokimiyatini mustahkamlash uchun katta imkoniyatlar yaratib berdi.

O‘zbekiston SSR Mlliy chegaralanish natijasida O’zbekiston SSR tashkil etildi. O’zbekiston SSR hududida butun hokimiyat O’zbekiston SSR sovetlarining ta’sis qurultoyiga qadar Muvaqqat inqilobiy qo’mita ixtiyoriga berildi. Sobiq Buxoro respublikasi hukumati raisi, taniqli davlat arbobi Fayzulla Xo’jaev O’zbekiston SSR Inqilobiy qo’mitasi raisi etib tasdiqlandi. O’zbekiston SSR tarkibiga quyidagi xududlar kiritildi:

> sobiq Turkiston ASSR dan 9 ta u’ezd, 133 tuman va 7 qishloq okrugi;

 > sobiq Buxoro respublikasining 9 ta tumani;

 > sobiq Xorazm respublikasining 23 ta tumani.

O’zbekiston SSR tashkil etilgan paytda uning hududi 312394kv. km.ni, aholisi 4 mln. 447 ming 55 kishini tashkil etar edi. 1926 yil ma’lumotlari bo’yicha milliy tarkibiga ko’ra aholining 74,2 foizini o’zbeklar, qolganini esa boshqa xalqlar vakillari tashkil etar edi.

1924 yil 5 dekabrida Inqilobiy Qo‘mita butun O‘zbekiston xalqiga murajaat qilib, O‘zbekiston SSR tuzilganligini, uning tarkibiga Tojikiston ASSR kirganligini ma‘lum qildi. Milliy chegaralanish bilan bir vaqtda iqtisodiy bo’linish ham o’tkazildi. Sobiq Turkiston, Buxoro, Xorazm respublikalariga tegishli barcha boyliklar yangi milliy respublikalar o’rtasida qayta taqsimlandi. Bu ishlar Sovet hukumati tomonidan maxsus tuzilgan O‘rta Osiyo tugatish komissiyasi boshchiligida amalga oshirildi. 1925 yil 13 fevralda Buxorodagi «Xalq uyi»da Butuno’zbek sovetlari birinchi qurultoyi ochildi. Qurultoy «O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tuzilganligi to‘g‘risidagi Deklaratsiya»ni qabul qildi. Qurultoyda davlat hokimiyati oliy organlari tuzilganligi rasmiylashtirildi. O’zbekiston SSR Sovetlari MIQ Raisi lavozimiga farg’onalik dehqon, «Qo’shchi» uyushmasi rahbarlaridan biri Yo’ldosh Oxunboboev saylandi. O’zbekiston SSR hukumati – Xalq Komisarlari Kengashi Raisi lavozimiga Fayzulla Xo’jaev tasdiqlandi. Samarqand shahri O’zbekiston SSRning poytaxti etib belgilandi, 1930 yilda poytaxt Toshkentga ko’chirilgan. Milliy chegaralanish davrida O’rta Osiyoda faoliyat ko’rsatib kelgan partiya, komsomol va xo’jalik tashkilotlarida ham bir qator tashkiliy o’zgarishlar amalga oshirildi. Sobiq Turkiston, Buxoro va Xorazm komunistik partiyalari, komsomol, va xo’jalik tashkilotlari, kasaba uyushmalari qayta tashkil etildi.

O’zbekiston kompartiyasi 1 ta’sis s’ezdi 1925 yil 8 fevralda Buxoroda ochildi. S’ezdda O’zbekiston Komunistik (bolsheviklar) partiyasi tashkiliy jihatdan rasmiylashdi. Uning Markazqo’mi saylandi. V.I. Ivanov va A. Ikromov (1927 yildan birinchi kotib) Markaziy Qo’mitaning mas’ul kotiblari etib saylandilar. Shu yili O’zbekiston komsomoli (O’z LKSM), respublika kasaba uyushmalari, ularning rahbar organlari ham tuzildi.

1925 yil mayda O‘zbekiston SSSR tarkibiga kiritildi. SSSR Konstitutsiyasi, uning asosiy qonun- qoidalari O’zbekiston SSR hududida ishlaydigan bo’ldi. 1927 yilda qabul qilingan O’zbekiston SSRning birinchi va 1937 yildagi ikkinchi Konstitutsiyasi ham amalda SSSR Konstitutsiyasining ko’chirma nusxasi edi. Chunki O’zbekiston qog’ozdagi «suveren» respublika bo’lib, amalda Markazga tobe bir o’lka edi, xolos. U o’z xalqining milliy manfaatlariga oid biror-bir dolzarb, hayotiy ahamiyatga molik masalani ittifoq hukumatidan xoli, mustaqil hal eta olmasdi. Binobarin, respublikaning ichki va tashqi siyosatiga daxldor barcha masalalar faqat Markaz xohish-irodasi bilangina hal etilardi. Hatto O’zbekistonning ma’muriy-hududiy tuzilishiga oid masalalar ham ittifoq hukumati tasarrufida edi. Masalan, 1929 yilda Tojikiston ASSR O’zbekiston SSR tarkibidan chiqarilib, Tojikiston SSRga aylantirildi hamda SSSR tarkibiga olindi. Shuningdek, 1936 yilga kelib avval Qozog’iston ASSR, keyin RSFSR (1932-1936 yil) tarkibida bo’lgan Qoraqalpog‘iston muxtor viloyati muxtor sovet sotsialistik respublikasiga aylantirilib, O‘zbekiston SSR tarkibiga kiritildi. Shunday qilib, qog’ozda suveren respublika sifatida shakllantirilgan, hukmron sovet imperiyasi tarkibiga kirgan O’zbekiston SSR amalda Markazga to’la bo’ysunuvchi, arzon xomashyo mahsulotlari etkazib beruvchi o’lka bo’lib qolaverdi.

Sovetlarning O‘zbekistonda yuritgan iqtisodiy siyosati, uning mustamlakachilik mohiyati

XX asr 20-yillari boshlariga kelganda o’lka hayoti, erli aholining maishiy – turmush tarzi nochor ahvolda edi. 1-jahon urushining og’ir asoratlari, yangi sovet tuzumini o’rnatishda bolshevik hukmdorlarning mahalliy aholiga nisbatan qo’llagan zo’rlik siyosatining oqibatlari har qadamda ko’zga tashlanib turardi. Sanoat izdan chiqqan, transport va aloqa vositalari ishlamayotgan, ekin maydonlari payxon bo’lib ketgandi. Eng yomoni, o’lkada ochlik, qashshoqlik, ommaviy ishsizlik hukm surardi. Buning ustiga mamlakatda fuqarolar urushi davom etayotgan paytda Sovetlar hokimiyati tomonidan ishlab chiqilib hayotga zo’rlik bilan joriy etila borgan oziq-ovqat razverstkasi va u bilan uyg’unlashgan «harbiy kommunizm» siyosati o’lka hayotini yana ham mushkul ahvolga solib qo’ydi. Sovet hokimiyatini saqlab qolish maqsadida amalga oshirilgan bu favqulodda siyosat aholining bor-budini tortib olib, uning erki, mustaqilligini qat’iyan cheklab, savdo, bozor munosabatlariga izn bermay, oqibatda bu erdagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy vaziyatning yanada murakkablashib borishiga sabab bo’ldi.

Yangi iqtisodiy siyosat Vaziyat Sovetlar yo’lboshchilari oldiga ahvolni o’nglash, tang vaziyatdan chiqish va xo’jalik siyosatining yangi vazifalarini belgilashni ko’ndalang qilib qo’ydi. Bu vazifalar 1921 yil mart oyida bo’lib o’tgan RKP (b) X s’ezdi belgilab bergan yangi iqtisodiy siyosat (NEP) da o’z ifodasini topdi. Bu siyosatning muhim bo’g’inlari oziq-ovqat razverstkasini oziq-ovqat solig‘i bilan almashtirish, savdo-sotiqni erkinlashtirish, sanoatda, mayda hunarmandchilik va boshqa sohalarda xususiy tadbirkorlikka ruxsat etish, bozorni tartibga solish, yollanma mehnat cheklanishini bekor qilishdan iborat bo’ldi. Eng muhimi, bu siyosat shahar bilan qishloq o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni izga solishga, yangi hokimiyatning tayanch negizi hisoblangan ishchilar bilan dehqonlar ittifoqini, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilardi. Yangi iqtisodiy siyosatning bosh maqsadlaridan biri – bu dehqon xo’jaligini oyoqqa turg’izish, uni rivojlantirish edi. Negaki, busiz sanoatni ham, xalq xo’jaligining boshqa sohalarini ham hech bir yuksaltirib, etarli xomashyo bazasini yaratib bo’lmasdi. Oziq-ovqat solig’i talabiga ko’ra ekish mavsumi oldidan yakka dehqon xo’jaligi bilan davlat o’rtasida mahsulot etkazib berish majburiyati to’g’risida shartnoma tuziladigan bo’ldi. Bu esa dehqonlarni erdan ko’proq hosil olish uchun astoydil mehnat qilishga undardi. Xullas, yangi iqtisodiy siyosat dehqonning o’z mehnatidan manfaatdor bo’lishini tayin qildi. Endilikda dehqonning ortiqcha g’allasi tortib olinmaydigan bo’ldi, o’zi etishtirgan oshiqcha mahsulotni bozorda erkin sotish huquqi berildi. Yangi iqtisodiy siyosat Turkiston uchun bir qator o’ziga xos xususiyatlarga ega edi. Birinchidan, Turkiston qoloq chekka, asosan qishloq xo’jaligi o’lkasi edi. Demak, bu erda zamonaviy qishloq xo’jaligi va sanoatni yangidan barpo etish kerak edi. Ikkinchidan, o’lkada milliy ishchilar sinfini shakllantirish zarur edi. Uchinchidan, Turkiston ko’p millatli o’lka bo’lib, yangi iqtisodiy siyosatga o’tishda erli xalqlarning qadriyatlari, an’analari, urf-odatlari xususiyatlarini hisobga olish kerak bo’lardi. Ammo RKP (b) va sovet hukumati Turkistonda yangi iqtisodiy siyosatni joriy etishda o’z manfaatlaridan kelib chiqib ish yuritdilar. 1921 yil aprelda Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Qo’mitasi oziq-ovqat, emxashak va xomashyo razvyorstkasini mahsulot solig’i bilan almashtirish to’g’risida qaror qabul qildi. Unda 1921-22 yillar uchun soliq miqdori belgilandi. Turkiston mehnatkashlaridan olinadigan soliq markaziy rayonlardan farqli o’laroq yil oxirida yig’ib olingan hosil miqdoriga qarab emas, balki ekilgan erning har desyatinasi, shuningdek, qora mol va mayda mollar hisobidan olinadigan bo’ldi. Bu esa Turkiston dehqonining kamsitilishini bildirardi. Bundan tashqari, sovet hukumati o’lkada birinchi navbatda o’zi uchun zarur bo’lgan tarmoqlarni, chunonchi, paxta, qand lavlagi, tamaki va boshqa texnik ekinlarni rivojlantirishga alohida e’tiborni qaratdi. Yordam ko’rsatish bahonasida 300.000 dan ortiq ishchi va dehqon oilalari Rossiya markaziy rayonlaridan Turkistonga keltirilib joylashtirildi. Yangi iqtisodiy siyosat asosida sanoatni xo’jalik hisobiga o’tkazish jarayoni amalga oshirib borildi. Bu esa sanoat korxonalari ishlab chiqarishining biroz bo’lsada jonlanishiga olib keldi. Mayda va o’rta sanoat korxonalari, yirik kooperativ tashkilotlari va ularning birlashmalari tadbirkorlarga ijaraga berildi. O’lkada yangi sanoat korxonalari, temir yo’llar qurildi. Xilkovo tsement zavodi, Farg‘ona pillachilik fabrikasi, Toshkent guruch zavodi, Qizilqiya, Xilkovo temir yo‘l shahobchalari shular jumlasidandir. O’lkada ayniqsa paxtachilik va u bilan bevosita bog’liq bo’lgan paxta tozalash korxonalari tez sur’atda o’sdi. Bu Markaz to’qimachilik sanoatining o’zbek paxtasiga talab-ehtiyoji ortib borayotganiga ko’p jihatdan bog’liq edi. Natijada paxta ekiladigan maydonlar 1924 yilda 1921 yilga nisbatan 3 barobar ko’paydi. Ishlab turgan sanoat korxonalari soni 144 taga etdi. Birgina paxta tozalash sanoatida yalpi maxsulot ishlab chiqarish 1923 yildagi 23,9 mln. so’mlikdan 1924 yilda 57,8 mln. so’mga etdi. Bundan ko’rinadiki, yangi iqtisodiy siyosat asosida Turkiston sanoati tiklanib sezilarli darajada rivojlana boshladi. Biroq partiya va sovet hukumati yangi iqtisodiy siyosat Turkistonda sinfiy kurashning keskinlashuviga olib kelmoqda, mahalliy boylar, milliy burjuaziya qoldiqlari, yirik savdogarlar, musulmon ruhoniylari va boshqa ekspluatator unsurlar jonlanmoqda, deb ularga qarshi mafkuraviy tashviqot va targ’ibot ishlarini kuchaytirib yubordi. Jumladan, RKP(b) XII s’ezdida (1923) Buxoro va Xivada turkman va qirg’izlarga qarshi «o’zbek shovinizmi» mavjud, deb qayd etishgacha borildi. Bu asossiz da’vo va e’tirozlar o’lkada milliy nizolarni keltirib chiqarishdan boshqa narsa emas edi. Bu xol asta-sekinchilik bilan o’lkada yangi iqtisodiy siyosat yo’lidan chekinishga olib keldi. Dehqonga berilgan imtiyozlar qaytarib olindi. Ular qishloq xo’jalik artellariga birlashtirila boshlandi. Sanoatni milliylashtirish jarayoni avj oldirildi. Ayniqsa 20- yillarning oxirlariga kelib ittifoqning, shu jumladan, O’zbekistonning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy-madaniy hayotida ma’muriy-buyruqbozlik boshqaruvi tizimining kuchayishi natijasida yangi iqtisodiy siyosat o’z mazmuni va mohiyatini tobora yo’qota bordi.

Industrlashtirish XX asr 20-yillari o’rtalaridan e’tiboran sovetlarning butun diqqate’tibori mamlakatni industrlashtirishga qaratildi. Buning asosiy sababi shundaki, industrlashtirish SSSRda sotsializm qurish dasturiy rejasining eng asosiy vazifalaridan biri hisoblanardi. VKP (b) XIV s’ezdida (1925) mamalakatni industrlashtirish sotsializmni barpo etishning bosh strategik vazifasi, deb belgilandi. Hukmron Markaz bu asosiy vazifani bajarishga xalqni safarbar etar ekan, bunda bu ishni mamlakatning barcha mintaqalarida, jumladan, O’zbekistonda ham tezkor sur’atlarda amalga oshirishga qarata qat’iyan yo’l tutdi. O’zbekistonda industrlashtirish ishini amalga oshirish orqali sovetlar ko’p narsaga umid bog’lagandilar. Eng asosiysi, ular bu o’lkada ko’plab sanoat korxonalari va tarmoqlarini yaratish yo’li bilan uning boy tabiiy va mineral resurslarini ishga solish, arzon ishchi kuchidan foydalanish va oxir-oqibatda Markaz uchun ko’proq foyda undirib olishni ko’zlaganlar. Industrlashtirish jarayoni O’zbekistonni Markaz ta’siriga olish, uning hukmiga yanada bo’ysundirish uchun qulay imkoniyatlar yaratardi. Gap shundaki, zamonaviy sanoat tarmoqlarini vujudga keltirish, ishga tushirish respublikaning iqtisodiy taraqqiyoti uchun g’oyatda katta ahamiyat kasb etardi. Biroq bu jarayon juda ko’p miqdordagi moliyaviy resurslar, pul mablag’lari, xilma-xil texnika jihozlari, ilmiy-texnika salohiyati, ko’p sonli yuqori ma’lumotli muhandis-texnik xodimlar, malakali ishchi kadrlar va hokazo omillar bilan bog’liq edi. Bunday salohiyatga O’zbekiston mutlaqo ega emas edi. Negaki, respublika bu davrga kelib, xalq xo’jaligi tarmoqlarini qaytadan tiklashga arang erishib borayotgan edi. Shu bois bu mintaqada industrlashtirish jarayonining tashabbuskori va tashkilotchisi bevosita Markaz va Kommunistik partiya bo’ldi. Bu o’rinda aytish joizki, ittifoq hukumatining rejasida O’zbekistonda zamonaviy yirik industrial tarmoqlarni emas, balki ko’proq xomashyoni qayta ishlaydigan sanoat korxonalari, tog’-kon sanoatini rivojlantirishga asosiy urg’u berilgandi. Negaki, bu hudud Markaz uchun ko’proq xomashyo mahsulotlari etkazib berishga ixtisoslashtirilishi kerak edi. Shu bois ham muhim e’tibor paxtachilik va u bilan bevosita bog’liq tarmoqlarni rivojlantirishga qaratilgandi. O’zbekistonda 1925 yilda atigi 21 sanoat tarmog’iga taalluqli 149 ta korxona mavjud edi, xolos. Ular ham asosan qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlashga moslashgan edi. Industrlashtirish davrida respublikada 17 ta paxta tozalash zavodlari barpo etildi. Shuningdek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Marg’ilon va Shahrisabzda pillakashlik fabrikalari, Farg’ona va Toshkent to’qimachilik, Chirchiq elektrokimyo kombinatlari, Toshkent mashinasozlik zavodi va shu singari korxonalar qurildi. O’sha davr rasmiy ma’lumotlariga ko’ra O’zbekistonda birinchi besh yillik (1928-1932 yy)da 289 ta va ikkinchi besh yillik (1933-1937 yy) davrida 189 ta sanoat korxonalari barpo etilgan. Ularning mahsulot ishlab chiqarish hajmi ham yil sayin ortib bordi. Chirchiq, Olmaliq, Bekobod, Angren, Yangiyo’l, Quvasoy kabi sanoat shaharlari vujudga keldi. 1925-1940 yillar davomida respublikada qurilgan GESlar soni 49 taga etdi. Toshkent-Angren temir yo’li, Toshkent-Termiz katta avtomobil yo’li qurildi. Ikkinchi jahon urushiga qadar O’zbekistonning sanoat salohiyati 1445 ta yirik va o’rtacha sanoat korxonalari va 19 mingga yaqin mayda korxonalarni o’z ichiga olardi. Garchand sanoat qurilishi ancha ko’zga ko’rinarli tarzda rivojlanib, muayyan yutuqlarga erishgan bo’lsa-da, biroq bu sohada ko’plab jiddiy muammolar, nuqsonlar mavjud edi. Avvalo, yuqoridan tazyiq qilish amaliyoti, rahbarlikning ma’muriy-buyruqbozlik usullari O’zbekiston sanoati tarmoqlarida chuqur ildiz otgan edi. Jumladan, respublika metropoliyaning rangli va nodir metallar, oltingugurt, volfram, molibden, paxta tolasi, xom ipak bilan ta’minlovchi mintaqasiga aylantirildi. Markaz amri bilan respublikaning xomashyo, tabiiy resurslari ayovsiz ekspluatatsiya qilingan holda uning o’ziga xos iqtisodiy manfaatdorligi hech qanday nazar-pisand qilinmasdi. O’zbekistonda qurilgan sanoat korxonalarining talay qismi to’lig’icha ittifoq ixtiyoriga bo’ysunardi. Binobarin, ularning ishlab chiqargan mahsulotlari va undan keladigan tushumlar ham Markaz xazinasini boyitishga xizmat qilardi. Respublikada industrlashtirishning muhim bir xarakterli tomoni shundaki, bu jarayon davomida malakali ishchi kuchi etishmaganligidan, xususan RSFSR hududidan bu erga juda ko’plab odamlar oqimi kirib keldi. Ular hisobiga respublikaning ishchilar sinfi saflari to’ldirilib borildi. Jumladan, 1926 yildan to 1940 yilga qadar O‘zbekiston aholisi yangi kelganlar hisobiga 750 ming kishiga yoki 10%dan ortiqroqqa ko‘paydi. SSSRning markaziy tumanlaridan aholini sun’iy tarzda ommaviy ko’chirib kelinishi ko’p jihatdan xalq xo’jalik mulohazalari bilan emas, balki ko’proq siyosiy mulohazalar taqozosi bilan, respublika ishchi va xizmatchilariga g’oyaviy, ma’muriy bosim o’tkazish maqsadida amalga oshirilgan edi. Agar joylarda o’zining malakali ishchi kadrlarini keng miqyosda tayyorlash tashkil etilganda edi, ko’plab mahalliy yoshlarni foydali ishga jalb etish hamda ularni malakali ishchi kadrlar qilib tarbiyalashga sezilarli ta’sir ko’rsatishi shubhasiz edi. Shunday qilib, industrlashtirish yillarida partiya va sovet hukumatining so’zi bilan amaliy ishi o’rtasida yakdillik va uyg’unlik bo’lmadi. Sotsializmning kapitalizmdan afzalligi, mehnatkashlar turmush farovonligini tubdan yaxshilash, ularning hayoti mazmunini chuqur o‘zgartirish to‘g‘risidagi g‘oyalar amaliyotda puch bo‘lib chiqdi. Xalq ommasining o’n yillar davomida to’kkan peshona teri, amalga oshirgan tinimsiz mehnati, chekkan zahmati, fidokorligi unga farovonlik keltirmadi.

O‘zbekistonda er-suv islohoti va dehqon xo‘jaliklarini jamoalashtirish, uning oqibatlari

Azaldan sun’iy sug’orishga asoslangan dehqonchilik madaniyati maskani hisoblangan hamda aholisining mutloq ko’pchiligi qishloq xo’jaligida band bo’lgan Turkiston xalqlari uchun er-suv, undan foydalanish masalasi favqulodda ahamiyat kasb etardi. Negaki, o’lka aholisining anchagina qismi ersiz edi. Bir parcha erga muhtoj bo’lganlar boylar, zamindorlarning mulkida chorakorlik bilan hayot kechirib, oila tebratib kelardi. Buning ustiga ko’plab serhosil, unumdor erlar Rossiyadan ko’chirib kelingan rus oilalari foydasiga majburan olib berilgan edi. Chorizmning Turkistondagi bu mustamlakachilik siyosati ersiz, batrak dehqonlarning ahvolini tanglashtirib yuborgan edi. Shu bois ham mahalliy erli aholi yangi sovet hokimiyatining «Er dehqonlarga» degan va’dalari, da’vatlariga umid bog’lab, uning er to’g’risidagi dastlabki dekretining amalga oshuviga ko’z tikib kelayotgandi. Sovet hukumati ko’p sonli dehqon aholisini o’z tomoniga qaratib olishni ko’zlab er to’g’risidagi dekretni qabul qilgan bo’lsa-da, ammo uni amalga oshirishdan kuzatgan maqsadlari boshqacha edi. Sovetlarning er-suv islohoti masalasida tutgan siyosatining pirovard maqsadi xususiy er-mulklarni musodara qilish, milliylashtirish orqali ularni tugatib, jamoalar ixtiyoriga bera borib, asta-sekinlik bilan yirik sotsialistik xo’jaliklarni qaror toptirish edi. Turkistonda shu maqsadlarni ko’zlab er-suv islohotini o’tkazishga kirishildi.

Er-suv islohoti Turkiston sovetlarining XI s’ezdida (1920 yil) o’lkada er-suv islohoti masalasi ko’rib chiqildi, bu sohadagi asosiy vazifalar belgilandi. Bunga ko’ra aholining qo’lidagi katta erlarni musodara qilish, evropalik kelgindi aholi bilan erli xalqlar o’rtasida er-suv maslasida vujudga kelgan tengsizlik munosabatlariga barham berish, mehnatkash aholini sovetlar tevaragiga jipslashtirish zarur deb topildi. Shu maqsadda joylarda qishloq va ovullar mahalliy aholisining ersiz, kambag’al qismini birlashtiruvchi «Qo‘shchi» uyushmalari tuzila boshlandi. «Qo’shchi» uyushmalari kommunistlarning dehqonlar orasidagi tayanchiga aylanib, er-suv islohotini o’tkazishda partiyaga katta yordam ko’rsatib bordi. Turkiston ASSR hududida 1921-1922 yillar davomida er-suv islohotining birinchi bosqichi yirik er-suv egalariga qarshi keskin kurash shiori ostida o’tkazildi. Masalan, Samarqand viloyatida 350 ta katta er egalaridan 13 ming desyatina erlar tortib olindi. Respublika bo’yicha boy va o’ziga to’q aholidan 1,7 mln. desyatina er tortib olindi, ularning 117 ming desyatinasi ersiz kambag’allarga berildi, qolgan katta qismi asosida «Qo’shchi» uyushmalari tuzildi. Bu sovet hokimiyatining kambag’allarni o’z tomoniga og’dirib olishga qaratilgan harakati edi. O’rta hol dehqon xo’jaliklari saqlab qolindi. 1925 yil dekabrda bo’lgan O’zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo’mitasining Favqulodda sessiyasi «Er va suvni milliylashitirish to‘g‘risida» dekret qabul qildi.

Dekretga binoan quyidagi tarzda erlar batamom musodara qilinishi kerak edi:

 > Qaerda turishidan qat’i nazar Farg’ona viloyatida 40 desyatinadan, Toshkent va Samarqand viloyatlarida 50 desyatinadan ortiq sug’oriladigan eri bo’lgan mulk egalarining erlari, jami jonli va jonsiz mulki bilan;

 > Qishloq va ovullarda yashamagan, o’zlari va oila a’zolaridan birortasi ham erda ishlamaydigan shaxslarga qarashli erlar, boshqa mol-mulki bilan;

> Vaqf erlari, xo’jayinlari noma’lum erlar.

Er-suv islohotining ikkinchi bosqichi qishloqda asosiy kuch bo’lgan o’rtahol dehqon bilan aloqani mustahkamlash shiori ostida o’tdi. Farg’ona viloyatida 7 desyatina, Toshkent va Samarqand viloyatida 10 desyatinagacha eri bor o’rtahol dehqonlar mulki saqlanib qoladigan bo’ldi. Bundan ko’zlangan maqsad ularni sovet hokimiyatining tayanchiga aylantirish edi. 1926 yil dekabrda yuqorida nomlari qayd etilgan uch viloyatda o’tkazilgan er-suv islohoti tajribasi respublika miqyosida umumlashtirilib, uni qolgan viloyatlarda ham o’tkazishga qaror qilindi. Islohot Zarafshon viloyatida boshlanib, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida davom ettirildi. Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazmda 20 gektar sug’oriladigan va 45 gektar lalmikor va bahorikor erga ega bo’lgan katta er egalarining oshiqcha erlari musodara qilindi. 1929 yilda er-suv islohoti Qoraqolpog’istonda ham o’tkazildi. Er-suv islohoti natijasida O’zbekistonda jami 4801 «pomeshchik» tipidagi xo’jaliklar tugatildi. 13036 ta badavlat mulkdorlarning ortiqcha erlari tortib olindi. Respublikaning er fondiga 474393 desyatina er qo’shildi. Qishloq aholisini qishloq xo’jalik artellariga birlashtirish kuchayib bordi. 1929 yilda ularning soni 1665 taga etdi. Jamoa xo’jaligi hisoblangan artellarga 30 ming kishi a’zo bo’lgan edi. 20-yillarda o’tkazigan er-suv islohoti davrida badavlat dehqonlarning erlari, vaqf erlari, ruhoniylarga tegishli erlar davlat tomonidan tortib olingan edi. Er bilan birga hamma ot-ulov va asbob-uskunalar ham musodara qilindi. Umuman 1925-1929 yillarda boylar, yirik savdogarlar va ruhoniylarning 45 mingga yaqin xususiy xo’jaliklari batamom tugatiladi. Ko’pgina xo’jaliklar tasarrufidagi ortiqcha erlar ham tortib olingan edi. Bu erlar qayta taqsimlanib, ularning katta qismi ersiz yoki kam erli dehqon xo’jaliklariga mulk qilib berildi. Buning natijasida batrak – qambag’allar toifasi islohotdan oldin barcha dehqonlarning 76 foizini tashkil etgan bo’lsa, islohotdan so’ng ularning soni 39 foizgacha qisqardi. Ularning xo’jalik turmushi yaxshilanib, o’sib borganligi bois o’rta hol dehqonlar salmog’i 17 foizdan 52 foizga ko’tarildi. Shu tariqa, qishloqda tovar-g’alla etishtiruvchi mayda ishlab-chiqaruvchilarning salmog’i ko’payib bordi. Bu islohot jarayoni davomida respublikada jamoa xo’jaliklari, ya’ni kolxozlar tashkil etiladi. Biroq ularning hali xo’jalik va moliyaviy zaifligi, ishlab chiqarish ko’rsatgichlarining pastligi ko’zga tashlanib turardi. 20-yillar oxirlariga kelib respublika qishloq xo’jaligi, ayniqsa paxtachilik sohasining Markaz hukumatiga qaramligi, paxta yakkahokimligi kuchaydi. Chunonchi, 1927-1928 xo’jalik yilida o’lkadan Markazga olib ketilayotgan tovarlar umumiy qiymatining 77,8 foizini paxtachilik maxsulotlari tashkil etgan. Buning ustiga sovet mamlakati ehtiyoji uchun etishtirib berilayotgan o’zbek paxtasining xarid narxi dunyo bahosidan ancha kam belgilanardi. G’alla narxlarining bu davrda mamlakat miqyosida 20-25 foizga pasaytirilganligi ayniqsa 1927 yilgi g’alla tayyorlash sohasidagi ishlarda jiddiy qiyinchiliklar tug’dirgandi. Sovet hokimiyatining 20-yillarda qishloqda yuritgan bir qadar mo’’tadil siyosatidan bahra olib, er-suv islohotidan naf topib, o’z xo’jaliklarini anchayin oyoqqa turgizib, o’rta hollar darajasiga ko’tarilib olgan o’zbek dehqonlari hayoti va qismati, taassufki, tez orada xukmron partiya boshlab yuborgan ommaviy kollektivlashtirish jarayoni girdobiga g’arq bo’ldi. Ommaviy kollektivlashtirish jarayoni qishloq ahli hayotini ag’dar-to’ntar qilib yubordi.

Yoppasiga kollektivlashtirish VKP(b) XV s’ezdi (1927) belgilab bergan qishloqda kollektivlashtirish siyosati va uni izchil amalga oshirish butun mamlakatda bo’lgani singari O’zbekiston va uning xalqi uchun ham asosiy amaliy vazifaga aylangandi. Totalitar hokimiyat qishloqda kollektivlashtirish siyosatini zo’rlik, o’zboshimchalik va ma’muriy-buyruqbozlik usullari bilan o’tkazishga kirishdi. Markaz buyrug’i va ko’rsatmasini bajarishni o’zlari uchun katta sharaf deb bilgan, unga ko’r-ko’rona asoslangan rahbarlar dehqonlarni zudlik bilan kolxozlarga kiritish uchun «jon kuydirdilar». Ayniqsa 1929 yilning ikinchi yarmi va 1930 yil boshlaridan mavjud reallik bilan hisoblashmay omonat jamoa xo’jaliklari tuzish mavsumi avj oldirildi. Masalan, O’zbekiston partiya va hukumatining 1930 yil 17 fevraldagi «Kollektivlashtirish va quloq xo’jaliklarini tugatish to’g’risida»gi qarorida respublikaning 17 ta tumanida yoppasiga jamoalashtirish vazifasi belgilangan edi. Ko’p joylarda quloqlarni tugatish shiori ostida o’rtahol, hattoki kambag’al dehqon xo’jaliklariga nisbatan ham zulm o’tkazildi. 1929 yil oktyabrga qadar respublikadagi dehqon xo’jaliklarining 3,4 foizi kolxozlarga kirgani holda, 1930 yil martiga kelganda dehqon xo’jaliklarining 47 foizi kolxozlashtirilgan edi. 1931 yil oxirida bu ko’rsatkich 68,2 foizga etdi. Kollektivlashtirish ishidagi shoshma-shosharlik, joylardagi real shart-sharoitlar bilan hisoblashmaslik, milliy hududlarning o’ziga xos hususiyatlari, aholisining milliy an’analari, udumlarini, dindorlik darajasi, madaniy-ma’naviy saviyasini e’tiborga olmaslik oxir-oqibatda bundan ham ko’ngilsizroq holatlarning yuz berishiga sabab bo’ldi. Ko’p qishloq tumanlarida hokimiyat organlarining zo’ravonligi, o’zboshimchaligiga aholi keskin norozilik bildirib, turli harakatlar uyushtirishga majbur bo’ldi. 1929-1930 yillarda dehqonlarning sovet tuzumiga nisbatan ommaviy norozilik harakatlarida faqat Qashqadaryo okrugidan 14 ming nafar kishi qatnashgan. Ma’lumotlarda qayd etilishicha, bunday ommaviy norozilik harakatlari shu davrda respublika bo‘yicha 240 marta sodir bo‘lgan. Eng achinarlisi shuki, ko’plab oddiy dehqon xo’jaliklari arzimagan sabablar bilan yoxud birgina jamoa xo’jaligiga kirishga rag’bat bildirmaganligi vajidan bor budidan mahrum etilib, uy-joyi, mol-mulki tortib olinib, quloqlar ro’yxatiga tirkab yuborilavergan. Bu nohaqlikni oldini oladigan, uni adolatli hal etib ajrim qiladigan biror bir mard topilmagan o’sha kezlarda. Hamma o’zini o’ylash, bu balo-qazolardan ehtiyotlanish choralarini izlashga majbur bo’lgan edi u zamonlarda Quloqlashtirish Statistik ma’lumotlarga qaraganda jamoalashtirish boshlarida O’zbekistonda shartli ravishda «quloq» xo’jaligiga kiritish mumkin bo’lgan xo’jaliklarning salmog’i aslida umumiy dehqon xo’jaliklarining 5 foizidan kamrog’ini tashkil etardi, xolos. Biroq ommaviy jamolashtirish boshlanishi bilan 15 foizdan ortiq xo‘jaliklar «quloqlashtirish»ga duchor bo‘ldi. Haqiqatda esa bular o’rtahol dehqon oilalari edi. Faqat 1930 yilning o’zida respublikada «boy» va «quloq» xo’jaliklar toifasiga kiritilgan 2648 ta o’rtacha dehqon xo’jaliklari tugatilgan edi. 1931 yil avgustiga kelib respublikada qo’shimcha yana 3828 ta «quloq xo’jaliklari» tugatildi. Respublikaning o’ziga to’q, bozorga tovar g’alla etishtirib berishga qodir son-sanoqsiz dehqon xo’jaliklari bor narsasidan mahrum bo’lib, haqsiz-huquqsiz holda o’z oila a’zolari bilan uzoq hududlarga (Sibir, Ukraina, Qozog’iston) yoki yangi o’zlashtirilayotgan cho’lli, to’qayzor, qamishzor erlarga badarg’a qilindilar. Ayni paytda dehqon xo’jaliklarini majburiy quloq qilish, boshqa joylarga surgun qilish ishlari avj oldirildi. O’zbekistondan Ukraina, Sibir va Shimoliy Kavkazga 3871 «quloq oilasi» surgun etildi. 1933 yilda surgun qilingan «quloq» xo’jaliklari soni 5500 taga etdi. Ming-minglab qishloq oilalari bunday xavf-xatarning bo’lishini oldindan his qilib, o’z kindik qonlari to’kilgan muqaddas zaminni tark etib, uzoq begona yurtlarga bosh olib ketishga majbur bo’ldilar. Ularning ko’plari uzoq yillar xorijiy ellarda umrguzoronlik qilib, ona yurt sog’inchi bilan, unga talpinib yashab o’tdilar. Faqat O’zbekiston milliy mustaqillikka erishgandan so’nggina orzu-armonlari ushalib, yangidan Vatanning mo’’tabar tuprog’ini tavof qilish baxtiga musharraf bo’ldilar. Ma’muriy tazyiq, oshkora zo’ravonlik, iqtisodiy terror usullari va shu kabi ta’sir choralari orqasida «Kolxoz qurilishi» rivojlantirib borildi. 1932 yil oxiriga kelib umuman O’zbekistonda jamoalashtirilgan xo’jaliklar barcha dehqon xo’jaliklarining 81,7 foizini birlashtirgan edi. 800 ming dehqon xo’jaliklari negizida 9734 ta kolxoz va 94 ta sovxoz tashkil etilgandi. Bu jarayon keyingi yillarda ham davom ettirildi. 1937 yilda dehqon xo’jaliklarining jamoalashtirish darajasi 95 foizga etgan bo’lsa,1939 yilda u 99,2 foizni tashkil etdi. Ommaviy kollektivlashtirish jarayonida O’zbekiston bo’yicha 60 mingdan ortiqroq kishi «quloqlar»ga mansublikda ayblanib qatog’on qilindi. Shunday qilib, 30- yillar davomida O’zbekistonda zo’rovonlik yo’li bilan «Qishloq xo’jaligini kollektivlashtirish», «quloqlarni sinf sifatida tugatish» siyosati uzil-kesil hal qilindi. «SSSRning paxta mustaqilligini ta’minlash» asosan O’zbekiston xalqi zimmasiga yuklatilgan edi. 1935 yilda O’zbekistonda 1 mln. tonna paxta tayyorlangan bo’lsa, bu ko’rsatkich 1939 yilda 1,5 mln. tonnani, 1941 yilga kelib esa 1 mln. 656,2 ming tonnani tashkil etdi. Bu Butunittifoq bo’yicha tayyorlangan paxtaning 60 foizidan ziyodrog’ini tashkil qilardi. 30-yillar davomida respublika qishloq xo’jaligi tizimida paxta yakkahokimligi mustahkam o’rin egallab bordi. Jumladan, agar 1933 yilda paxta mahsuloti respublika etishtirib tayyorlab beradigan qishloq xo’jalik mahsulotlari umumiy hajmining 81,5 foizini tashkil etgan bo’lsa, 1937 yilga kelib bu raqam ko’rsatgichi 93,4 foizga etdi.

Texnikaviy ta‘minot O’zbekistonda dehqon xo’jaliklarini ommaviy tarzda jamoalashtirish ishlari ayni chog’da yangi xo’jaliklarga moddiy-texnik baza bo’lib xizmat qiladigan mashina-traktor stantsiyalari (MTS) ni tashkil etish bilan uzviy bog’liq holda olib borildi. O’zbekistonda dastlabki mashina-traktor stantsiyasi 1929 yilda Andijon viloyatining Asaka tumanida tashkil etilib, u yangidan tuzilgan jamoa xo’jaliklariga texnik yordam ko’rsatgan edi. Asta-sekin ularning soni ortib bordi. 1931 yilga kelib MTSlar 48 ta qishloq tumanlarida tashkil etilib, qishloq ahlining dala yumushlariga xizmat ko’rsatdi. MTSlarning yirik dehqon xo’jaliklariga nafi katta bo’lganligidan, ularning safi respublikada to’xtovsiz ortib bordi. Jumladan, 1937 yilda ularning soni 163 taga, 1941 yilga kelganda esa 189 taga etdi. Garchand yirik jamoa erlarini ishlab berish, qo’l mehnatini engillashtirish, qishloqqa texnika olib kirish, texnika ilmidan qishloq mehnatchilarini xabardor qilish, ma’lumotini oshirishda MTSlar muhim rol o’ynagan bo’lsada, biroq bu narsa jamoa xo’jaliklarining davlatga tobeligini yanada kuchaytirdi. Buning asosiy sabablaridan biri shundaki, yirik ishlab chiqarish vositalari MTSlar orqali tobora davlat qo’lida to’plana bordi. MTSlar jamoa erlarini natural haq evaziga ishlab berar, bu haqning miqdori esa yuqoridan, davlat organlari tomonidan belgilanardi.

Irrigatsiya va melioratsiya ishlari O’zbekiston qishloq xo’jaligi va ayniqsa uning etakchi tarmog’i-paxtachilik sohasining tezkor rivojlanishidan manfaatdor bo’lgan sovet hukumati avval boshdan respublikada irrigatsiya va melioratsiya tizimini yaxshilash va takomillashtirishga jiddiy e’tibor berib bordi. Shu maqsadda 1922 yildayoq respublikada irrigatsiya tizimini qayta tiklash va yanada rivojlantirishning asosiy vazifalari belgilab berildi. Xususan, O’zbekiston hukumati tarkibida suv va qishloq xo’jalagi Xalq Komissarligi, uning huzurida esa suv xo’jaligi bosh boshqarmasi, joylarda viloyat, tuman, uchastka suv qo’mitalari tashkil e ildi. Ularga davlat yordami ko’rsatib borildi. Jumladan, 1922 yilda irrigatsiya ishlariga 6 mln. oltin rubl hisobida mablag’ ajratildi. Bundan ko’zlangan asosiy maqsad sug’oriladigan erlarni 2 yil ichida 2 mln. desyatinaga etkazish edi. Joylarda suv inshootlari qurilishi avj oldirib yuborildi. Yangi kanallar, ariqlar qurildi. Ko’plab yangi erlar o’zlashtirildi. Natijada 1924 yilga kelib sug’oriladigan erlar miqdori 2,4 mln. desyatinaga, shu jumladan, paxta ekiladigan maydon esa 500 ming desyatinaga etkazildi. Bu ishlar O’zbekiston SSR tuzilgach, yanada avj oldi. Urushgacha bo’lgan davrda respublikada Darg’om, Norpoy, Sovoy, Dalvarzin, Log’an, Katta Farg’ona kanallari, Kattaqo’rg’on suv ombori kabi ko’plab suv inshootlari qurildi. Dalvarzin, Sovoy, Uchqo’rg’on, Mirzacho’l, Chirchiq-Ohangaron vodiylarida, Zarafshon daryosi havzasida, shuningdek, Qashqadaryo va Surxondaryoda irrigatsiya tarmoqlari ancha yaxshilandi. 1929-1933 yillarda bu sohaga 234,9 mln. rubl sarflandi. 1939 yilda O’zbekiston KP(b) Markaziy Qo’mitasi va respublika hukumati xashar yo’li bilan Katta Farg’ona kanalini qurish to’g’risida qaror qabul qildi. O’sha yilning 1 avgustidan 160 ming kolxozchi kanal qurilishini boshlab yubordi. Uzunligi 270 kilometr bo’lgan bu kanal asosan qo’l mehnati bilan 45 kun ichida qurildi. Katta Farg’ona kanali Farg’ona vodiysining asosiy qon tomiri bo’lib qoldi. Vodiyda 60 ming gektar cho’lli erlar o’zlashtirilib, 500 ming gektar erni suv bilan ta’minlash imkoniyati yaratildi. Shuningdek, ikkinchi jahon urushidan oldingi yillarda Shimoliy va Janubiy Farg’ona kanallari, Toshkent kanali, Kampirrovot suv to’g’oni, Qoraqalpog’istonda Qizketgan kanali, sig’imi 1 mln kub\ metr bo’lgan Kattaqo’rg’on suv ombori va ko’plab boshqa suv inshootlari barpo etildi. Buning natijasida 1937-1940 yillarda respublikada sug’oriladigan er maydonlari qo’shimcha 200 ming gektarga ko’paydi. Shunday qilib, Sovet hokimiyati qishloqda kollektivlashtirish siyosatini olib borishda qishloq ahliga nisbatan nechog’lik zug’um o’tkazmasin hamda ne-ne og’ir sinov-sinoatlarga duchor etmasin, biroq ular xalq irodasini, uning azmu qororini so’ndira olmadi. O’zbek xalqi fidoyilik bilan mehnat qilishda davom etdi.

Urushdan keyingi yillarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi, paxta yakkahokimligi

Garchi ikkinchi jahon urushi va uning yakunlari sovetlar mamlakati foydasiga hal bo’lib, bundan keyin uning xalqlari oldida ijtimoiy taraqqiyotning yangi marralari ochilgandek ko’rinsada, biroq tez orada totalitar tuzumning ularga zug’umi, zo’ravonligi, ta’sir-tazyiqi yangidan kuchaya bordi. O’zbekiston iqtisodiyotini bir tomonlama rivojlantirish, uni mamlakatning asosiy paxta bazasiga aylantirish, bu hududda paxta yakkahokimligini kuchaytirish – Ittifoq hukmdorlarining bosh maqsadiga aylandi. SSSR XKS va VKP (b) MQning 1945 yil 15 iyuldagi «O’zbekistonda paxtachilikni qayta tiklash va yanada rivojlantirish choralari to’g’risida» gi va SSSR XKSning 1946 yil 2 fevraldagi «1946-1953 yillarda O’zbekistonda paxtachilikni qayta tiklash va yanada yuksaltirish rejasi va tadbirlari to’g’risida» qabul qilgan qarorlari ham shu maqsadga qaratilgan edi. Tub aholi manfaatlariga hamohang bo’lmagan, paxta yakkahokimligini kuchaytirishga yo’nalgan bu qarorlar O’z KP MQning 1945 yil sentyabrida bo’lgan XII plenumida muhokama etilib, ijro etish uchun qabul qilindi. O’zbekiston xalq xo’jaligini rivojlantirishga mo’ljallangan mablag’larning katta qismi paxtachilikka ajratildi va uning bilan bog’liq bo’lgan tarmoqlarga sarflandi. Respublika traktor parki sezilarli ko’paydi, kolxozlarga texnik xizmat ko’rsatuvchi MTS lar soni 245 taga etdi, ulardagi traktorlar soni 1950 yilda 29,5 mingtani, paxta terish mashinalari soni 3617 tani tashkil etdi. Respublika qishloq xo’jaligining yuk avtomobillar parki 1950 yilda 7934 ta yuk avtomobillari va avtotsisternalarni tashkil qildi. 1950 yilga kelib amalga oshirilgan muhim tadbirlardan yana biri, bu mavjud jamoa xo’jaliklarining yiriklashtirilishi bo’ldi.

O’zbekiston SSRda 1777 ta mayda kolxozlar o’rniga 752 ta yirik kolxozlar tashkil etildi. Ґukmron sovet mafkurasining zo’r berib yurt odamlari o’rtasida soxta vatanparvarlik, mehnatsevarlik, fidoyilik g’oyalarini yoyishi, doimiy mehnat safarbarligining o’tkazilishi va shu singari zo’rma-zo’raki tadbirlar natijasida respublikada paxtachilik va boshqa sohalar butun choralar bilan rivojlantirib borildi. Agar 1940 yilda gektaridan 14,9 ts. paxta hosili olingan bo’lsa, 1950 yilda respublika paxtakorlari 2282,4 ming tonna paxta xomashyosi etishtirdilar, hosildorlik gektariga 20,1 ts.ni tashkil qildi. 50-yillardan boshlab Markaz amri bilan respublika mehnat ahlining butun e’tibori taqir va bo’z erlarni o’zlashtirish va u erlarda paxtachilik xo’jaliklarini yangidan tashkil etishga qaratildi. Sobiq KPSS MQ va SSSR Ministrlar Sovetining 1956 yilgi «paxta etishtirishni ko’paytirish uchun O’zbekiston SSR va Qozog’iston SSRdagi Mirzacho’l qo’riq erlarini sug’orish to’g’risida»gi, 1958 yilgi «O’zbekiston SSR, Qozog’iston SSR va Tojikiston SSR dagi Mirzacho’lni sug’orish va o’zlashtirish ishlarini yanada kengaytirish va jadallashtirish to’g’risida»gi qarorlariga asosan Mirzacho’lda katta maydonlarda qo’riq erlarni o’zlashtirish ishlari olib borildi. Yangi erlarni o’zlashtirish jarayoni yangi sovxozlar, ularning xo’jalik binolari, aholi yashaydigan poselkalar bunyod etish bilan birga olib borildi. 1956-65 yillarda Mirzacho’lda 84 ming gektar yangi er o’zlashtirildi, 16 ta paxtachilikka ixtisoslashgan, bitta bog’dorchilik-uzumchilik sovxozlari tashkil etildi. Shu yillarda o’zlashtirilgan joylarda 456 ming kv metr turar joy binolari, o’nlab maktablar, bolalar bog’chalari, kasalxonalar, oshxonalar, madaniy maishiy muassalar barpo etildi. 170 kmli temir va 759 km avtomobil yo’llar qurildi, 637 km elektr liniyalari o’tkazildi, xo’jaliklar, turar joy binolari gazlashtirildi. Mirzacho’l erlarini sug’orish, meliorativ holatni yaxshilash tadbirlari amalga oshirildi. Janubiy Mirzacho’l kanali qurildi. 1957 yilda Yangier va 1961 yilda Guliston shaharlari vujudga keldi. 1963 yil 16 fevralda markazi Guliston shahri bo’lgan Sirdaryo viloyati tashkil etildi. Viloyatda paxta ekiladigan er maydonlari 1956 yildagi 130 ming gektardan 1965 yilda 211 ming gektarga, paxta xom-ashyosi etishtirish esa 243 ming tonnadan 441 ming tonnaga ko’paydi. Markaziy Farg’ona, Qoraqalpoq ASSR, Surxondaryo, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida ham sug’oriladigan erlarni kengaytirish, irrigatsiya qurilishi ishlari keng ko’lamda olib borildi. Qoraqalpog’istonda yangi sholikorlik sovxozlari ishga tushdi. Buxoro viloyatida 1963 yilda Amu-Qorako‘l mashina-kanali, 1965 yilda AmuBuxoro mashina-kanali qurilib foydalanishga topshirildi. Natijada Buxoro viloyatida 90 ming gektar er, jumladan 26 ming gektar yangi er maydonlari sug’oriladigan, Qizilqum sahrosida maydoni 300 ming gektardan ortiq yaylovlarga suv boradigan bo’ldi. 1953-1963 yillarda Markaziy Farg’ona cho’llarida 72,4 ming gektar er o’zlashtirildi, 16 ta yangi kolxoz va 2 ta yangi sovxoz vujudga keldi. 50-60 yillarda Kosonsoy, Qamashi, Farg’ona, Pachkamar, Chorvoq, Quyimozor, Janubiy Surxon, Chimqo’rg’on, Toshkent, Ohangaron suv omborlari, suvdan tejab foydalanish maqsadida 545 km beton ariqlar qurildi.

Sobiq KPSS MQning 1966 yil May Plenumining meliorativ ishlarni kengaytirish haqidagi qarori O’zbekistonda yangi erlarni o’zlashtirsh va sug’orish ishlarini yanada kengaytirshga asos bo’ldi. Jizzax cho’lida 70 ming gektardan ko’proq yangi erlar o’zlashtirildi. O’zlashtirilgan erlarda Mirzacho’l (1967), Do’stlik (1970), Zafarobod (1973), Arnasoy (1977) tumanlari tashkil etildi. Sanoat korxonalari barpo etilgan, aholi zichroq yashaydigan poselkalar bazasida Paxtakor (1974), Do’stlik(1974), Gagarin (1974), Ul’yanovsk(1974), Il’ich (1980) shaharlari vujudga keldi. Jizzax cho’lida 1454 ming kv metr turar joy binolari, 21,9 ming o’rinli maktablar, 6800 o’rinli bolalar bog’chalari, klublar, shifoxonalar, oshxonalar qurildi. 1973 yilda Jizzax viloyati tashkil etildi. Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon, Namangan, Farg’ona, Samarqand, Xorazm viloyatlarida, Qoraqalpog’iston ASSRda ham suv xo’jaligi, yangi erlar o’zlashtirish ishlari keng miqyosida olib borildi. 70- yillarda Amudaryo suvi hisobiga eng yirik Tuyamo’yin, Kampirovot daryosi bo’yida Andijon, Namangan viloyatida Chortoq va Eskar, Samarqand viloyatida Qoratepa, Surxondaryo viloyatida Dexqonobod suv omborlari bunyod etildi. Katta Namangan, Parkent va boshqa kanallar qurildi. Shunday qilib, O’zbekiston hududida 1946-65 yillarda qariyib 600 ming gektar yangi sug’oriladigan erlar ishga tushirilgan bo’lsa, 1966-85 yillarda 1,6 million gektar yangi erlar o’zlashtirilib foydalanishga topshirildi. 1985 yilda 10 miliard kubometr suvni to’plovchi 23 suv ombori. 197 ming km uzunlikdagi kanallar, 900 ta sug’orish tarmog’i, 92 ming gidrouzellar ishlab turdi. O’zlashtirilgan qo’riq erlarda 160 sovxoz tashkil etildi. 7,7 mln kv m turar-joy, 37 ming o’rinli maktabgacha yoshdagi bolalar muassasalari, 102 ming o’rinli umumta’lim maktablari barpo etildi. Qishloq xo’jaligining moddiy texnik bazasi mustahkamlandi. Xo’jaliklarni elektr energiyasi bilan ta’minlash, ularga traktorlar va boshqa qishloq xo’jalik mashinalari, mineral o’g’itlar etkazib berish ishlari ancha yaxshilandi. Masalan, 1985 yilda kolxoz va sovxozlarda 189 ming traktor, 37 ming paxta terish mashinasi va boshqa turdagi texnika vositalari bor edi. Cho’llarni o’zlashtirish uchun ming-minglab odamlar safarbar etildi. Bu joylarni obodonlashtirish, paxta plantatsiyalarini ko’paytirish uchun yuz minglab aholi oilalari bilan yashab turgan so’lim maskanlarini tashlab, majburan ko’chirildi. Qanchalab yoshlar, yigit-qizlar komsomol yo’llanmasi bilan bu dasht-biyobonli erlarga kelib, og’ir mehnat mashaqqatini chekib, davlatga ko’proq «oq oltin» etkazib berish uchun ter to’kdilar. Respublikada paxta yakkahokimligining kuchayib borganligi faktini shunda ko’rish mumkinki, agar 1950 yilda 1,1 mln gektar erga g’o’za ekilgan bo’lsa, 1985 yilga kelib bu ko’rsatkich 2 mln gektargacha etdi. Paxta xomashyosi shu yillarda 2,3 mln. tonnadan 5,4 mln. tonnaga ko’paydi. Ґosildorlik har gektar hisobiga 20,1 ts dan 27,0ts. ga ko’tarildi. Respublika qishloq xo’jaligida paxta etishtirish salmog’ining ortib borishi davomida o’zbek halqi nomini ne zamonlar dunyoga mashhur qilgan muhim ziroatchilik sohalari: shirin-sharbat meva, poliz, sabzavot, sohibkorlik, donchilik va boshqa mahsulotlar etishtirish asta-sekin kamayib, qisqarib bordi. Eng achinarlisi shuki, xalqimizning azaliy mashg’uloti samarasi bo’lgan bu xil mahsulotlarning ko’pi bora-bora respublikamizga chetdan keltiriladigan bo’lib qoldi. Masalan, bug’doy, arpa etishtirish imkoniyati katta bo’lgani holda, uni ekish uchun sug’oriladigan erlar ajratilmas, shu bois bu ekin turlari asosan lalmikor erlarda etishtirilardi. Ґosildorlik ham gektar boshiga atigi 5- 8 tsentnerni tashkil etardi, xolos. 1985 yilda respublika bo’yicha atigi 387,9 ming tonna g’alla etishtirilgan. Bu uning ehtiyojini mutlaqo qanoatlantirmas edi, albatta. Chorvachilik, parandichilik, baliqchilik sohalarini rivojlantirishda respublikaning imkoniyat darajasi qanchalik keng va va katta bo’lmasin, biroq bular ham sovetlar davrida etarli foyda va daromad bilan ishlaydigan xo’jalik tarmoqlariga aylana olmadi. Buning ustiga paxta maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash, ob-hayot bilan ta’minlash borasida ham jiddiy muammolar kelib chiqib, ularning yillar davomida hal etilmay kelishi esa ko’plab noxush hollarning yuzaga kelishiga sabab bo’ldi. Atrofmuhitning buzilishi, suv havzalarining ifloslanishi, kasallik turlarining ortishi, erlarning kimyoviy moddalar bilan zaharlanishi kabi holat vujudga keldi. Ekin maydonlarining surunkali zararli kimyoviy o’g’itlar, aralash birikmalar bilan ishlanishi nafaqat erlarning yaroqsiz holatga, tuproq eroziyasiga olib kelib qolmasdan, balki ayni paytda ming-minglab dala mehnatkashlarining umriga ham zavol bo’ldi, sonsanoqsiz kasalliklarning vujudga kelib, keng tarqalishiga olib keldi.

1946-1985 yillarda Respublika sanoati, uning bir tomonlama rivojlantirilishi

Tiklanish Urushdan keyingi yillarda O’zbekistonda sanoatni tiklash va rivojlantirish hukmron Markaz oliy manfaatlaridan kelib chiqilib, uning «sotsializm va kommunizm jamiyati» qurishdan iborat bosh strategik vazifalari, dasturiy rejalariga asoslanib hamda O’zbekistoning boy xomashyo va mineral resurslaridan maksimum foyda olishni ko’zlab bu sohaga e’tibor qaratib borilgan. O’zbekiston iqtisodiyoti va uning muhim bo’g’ini sanalgan sanoati urushdan keyingi 1946-1950 yillarda tiklandi va rivojlanib bordi. 1946-1950 yillarda 150dan ziyod yangi sanoat korxonalari qurilib ishga tushirildi. Quvvatiga ko’ra SSSRda uchinchi o’rinda turuvchi Farxod GESning birinchi va ikkinchi navbatlari qurib bitkazildi. 1- Oqqovoq, 1-Bo’zsuv, 2-Bo’zsuv va boshqa gidroelektr stantsiyalar qurildi. Qora metallurgiya sanoati rivojlandi. O’zbek metallurgiya kombinatining «300» prokat stani va yubqa listli «700» prokat stani qurildi, marten va prokat tsexlari loihada belgilangan quvvatga etdi. «Toshselmash», «O’zbekselmash», «Chirchiqselmash», Samarqandagi «Krasniy dvigatel» va boshqa zavodlar paxtachilik bilan bog’liq mashinalar ishlab chiqarishni keng yo’lga qo’ydilar. 1950 yilda 4803 ta chigit seyalkalari, 7784 ta traktor kultivatorlari tayyorlandi. 1950 yilda 4641 ta SX-40 paxta terish mashinalari tayyorlandi. Paxta tozalovchi mashinalar ishlab chiqarish 1946 yilda 363 ta bo’lgan bo’lsa, 1950 yilga kelib ularning soni 1251 taga etdi. Shuningdek yoqilg’i sanoati tiklandi va rivojlandi. Farg’ona vodiysida Moylisoy, Shahrixon, Surxondaryoda Kokaydi va Lalmikor neft konlari ochilib foydalanishga topshirildi. Oltiariq neftni haydash zavodi kengaytirildi. Neft ishlab chiqarish 1950 yilda respublikada 163 mln. tonnadan oshib ketdi. Polvontosh-Asaka gaz quvuri qurildi.

Engil sanoat o’sib bordi. Farg’ona va Qo’qonda yangi to’qimachilik kombinatlari, Toshkentda trikotaj fabrikasi, Buxoro, Samarqand va Namanganda ip yigirish fabrikalari qurilib ishga tushirildi. Agar 1941 yilda 107 mln. metr ip-gazlama ishlab chiqarilgan bo’lsa, 1950 yilda 161 mln. metr ip-gazlama tayyorlandi. 1950-1985 yillar O’zbekiston tarixidagi murakkab davrlardan biridir. Bir tomondan, O’zbekiston xalqining fidokorona, bunyodkorlik mehnati tufayli Respublika iqtisodiyoti anchagina rivojlandi. Ikkinchi tomondan, sobiq Ittifoqda hukumron bo’lgan totalitar tuzum, ma’muriy buyruqbozlikning kuchayishi natijasida ijtimoiy, iqtisodiy va manaviy hayotda bir qator muammolar, nohush xolatlar to’planib borib pirovardida inqirozli vaziyatni keltirib chiqardi.

Energetika va yoqilg‘i sanoati 50-80 yilar elektr energiyasi tarmog’i kengaytirildi. 7- Shahrixon GESi, ikkita Namangan GESlari, ikkita Bo’zsuv GESlari, Chorvoq GESi, Xojikent GESi qurilib ishga tushirildi. Gaz bilan ishlaydigan Angren, Taxiatosh, Navoiy, Sirdaryo, 2-Angren GRESlari qurilib ishga tushirildi. 1985 yilda O’zbekiston elektrostantsiyalarining umumiy quvvati 9,9 mln, kilovatdan ortdi. Shu yili 47,9 milliard kilovatt-soat, ya’ni 1940 yilga nisbatan 100 baravar, 1950 yilga nisbatan 18 baravar ko’p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Elektr uzatgich liniyalari qurilishi kengaydi. Respublikaning barcha elektr stantsiyalari O’zbekiston yagona energosistemasiga ulandi. Shuningdek O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va Turkmaniston respublikalarining yirik elektr stantsiyalari Markaziy Osiyo yagona elektr sistemasiga ulandi. Natijada sanoat, qurilish, transport, qishloq xo’jaligini elektrlashtirish ancha kengaydi, xonadonlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash yaxshilandi.

Yoqilg‘i sanoati o’sdi. 50-yillarda Surxondaryo viloyatidagi Sharg’un toshko’mir koni o’zlashtirildi va yuqori sifatli qo’ng’ir ko’mir qazib chiqarila boshlandi. 60-yillarda Buxoro va Xorazm viloyatlaridagi Gazli, Jarqoq, Sho’rtepa, Sho’rchi neft konlari o’zlashtirildi. 70-yillarda Farg’ona vodiysida yangi neft konlari ishga tushurildi. 1959 yili qurilib foydalanishga topshirilgan Farg’ona neftni qayta ishlash zavodi ancha kengaytirildi. Zavodda texnika moylari, benzin, dizil yoqilg’isi, parafin va boshqa 35 xil mahsulotlar ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. O’zbekistonda gaz sanoati Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida yirik gaz konlarining izlab topilishi va o’zlashtirilishi bilan bog’liq ravishda yuksalib bordi. 50- yillarning ikkinchi yarmida “O’zbekneftegazrazvedka” tresti amalga oshirgan geologikqidiruv ishlari natijasida 1956 yili gaz zahiralari 500 miliard kubometrga teng bo’lgan, foydalanishga eng qulay Gazli koni ochildi. Shuningdek, Muborak, O’rtabuloq, Qultog’, Shapatti, Uchqir, Jarqoq, Qoravulbozor, jami 100 dan ortiq neft va gaz konlari topildi. Ularda 2 trillion kubometr gaz, 250 mln tonna neft zahiralari borligi aniqlandi. 1959 yili Buxoroda neft va gaz qazib olishni yo’lga qo’yish maqsadida “Buxoroneftegaz” boshqarmasi tuzildi. 1958-1960yillarda 767 km uzunlikdagi “Jarqoq-Buxoro-Samarqand-Toshkent” gaz quvuri qurib bitkazildi. Uning yillik quvvati 4,5 mlrd kub-metr gazga teng edi. 1964- 1966 yillarda Muborak-Toshkent-Chimkent-Almati gaz quvuri qurilib foydalanishga topshirildi. Uzunligi 1317 km, diametri 720 mm po’lat quvurlari orqali Qashqadaryo gazidan O’zbekistonning ko’pgina shaharlari, shuningdek, Qozog’iston va Qirg’iziston xalqi bahramand bo’ldi. Keyingi yillarda Toshkent-Bishkek-Almati oralig’ida ikkinchi gaz quvuri qurildi. Shunday qilib, 1958-1980 yillarda Buxoro va Qarshi, Gazli rayonlaridan Toshkent-Bishkek-Almatigacha yotqazilgan gaz quvurlarining umumiy uzunligi 5686 km (uning 3618 km O’zbekistonda yotqazilgan ), yillik quvvati 23 mlrd kub-metr gaz yoqilg’isini tashkil etardi. 70 yillarda Muborakda qurilgan eng yirik gazni qayta ishlash zavodi yiliga 10 mlrd kubometr gazni tozalab berib turdi va yiliga 160 ming tonna oltin gugurt ishlab chiqarishni ta’minladi. 1974-78 yillarda Ursatevsk-Farg’ona quvuri yotqazildi. Uzunligi 677,8 km dan iborat bo’lgan bu gaz yo’lining 425,8 km O’zbekiston, qolganlari Tojikiston hududidan o’tdi. Qashqadaryo va Buxoro “Zangori yoqilg’i”sidan qardosh Tojikiston xalqi ham bahramand bo’ldi. O’zbekistonliklar respublikamiz hududidan ko’plab boy tabiiy gaz konlarining topilishi va o’zlashtirila boshlanishidan behad xursand bo’ldilar. Har bir oila o’z xonadonida “Zangori yoqilg’i” dan foydalanishni orzu qilardi. Ammo o’zbek xalqi respublikamiz hududida topilgan gaz konlariga xo’jayin emas edi, ularning xo’jayini uzoqda – Moskvada edi. O’zbekiston gazidan qanday foydalanishni Markaziy hokimiyatda o’tirganlar belgilardi. Markaziy hokimiyat O’zbekiston gazidan, avvalo, Uraldagi, SSSRning Evropa qismidagi shahar va posyolkalarni, korxona va xonadonlarni gazlashtirishda foydalanishga kirishdi.

1961-63 yillarda zudlik bilan Buxoro-Ural o’rtasida gaz quvuri yo’lining 1-nchi, 2- nchi va 3-nchi navbatlari qurildi. Umumiy uzunligi 6100 km dan uzun bo’lgan BuxoroUral gaz transport sistemasining yillik o’tkazuvchi quvvati 21 mlrd kub metr o’zbek zangori oloviga teng edi.

Markaziy hokimiyat bu bilan cheklanib qolmadi, O’zbekiston va Turkmaniston gazini bir yo’la katta miqdorda G’arbiy viloyatlarga uzatish rejalarini tuzdilar. Bu reja O’rta Osiyo-Markaz gaz quvuri nomini oldi. 1965-75 yillarda 2750 km uzunlikdagi O’rta Osiyo-Markaz gaz yo’li qurildi. Ikki yo’llik O’rta Osiyo-Markaz gaz quvurining umumiy uzunligi 5500km bo’lib, bu yo’llar yiliga 80 mlrd kub-metr yoqilg’i uzatish quvvatiga ega bo’ldi. Shunday qilib, o’zbek “zangori yoqilg’isi” uzoq-uzoq joylardagi korxonalar va xonadonlarni isitdi, o’zbekistonliklar, asosan qishloq aholisi yonginasidan o’tgan gaz quvurlariga ming alam bilan qarab qolaverdi, bu mamlakatimiz qaramligining oqibati edi, albatta. 1985 yilga kelib respublikada attigi 2,8 mln kvartira jumladan qishloqlardagi 1,3 mln kvartira gazlashtirilgan edi, xolos.

Kimyo sanoati Kimyo sanoatini rivojlantirishda gaz, neft, oltingugurt, ozokrit, oshtuzi, ohak, grafit, rangli metallurgiya chiqindilari, paxta va kanopni qayta ishlashdan hosil bo’ladigan chiqindilar boy xomashyo bo’lib xizmat qildi. 50-yillarda mineral o’g’itlar ishlab chiqaruvchi Samarqand superfosfat zavodi, 1962 yilda Farg’ona azot o’g’iti zavodi, 1965 yilda Navoiy kimyo kombinati, 1969 yilda Olmaliq kimyo zavodi qurilib ishga tushirildi. 1985 yilda respublika kimyo korxonalarida 7,8 mln tonna mineral o’g’itlar ishlab chiqarildi, bu 1960 yildagidan 7 marta, 1950 yildagiga nisbatan 15 marta ortiq edi. Respublika qishloq xo’jaligi mineral o’g’itlar bilan ta’minlandi va boshqa respublika, viloyatlarga o’g’itlar chiqarildi. O’zbekistonda kimyo tolalari (Farg’ona kimyo tolalari zavodi ), plastmassalar (Ohangaron “Santexnik” zavodi, Jizzax plastmassa turbalari zavodi), maishiy kimyo mahsulotlari (1971 yilda barpo etilgan Olmaliq maishiy kimyo zavodi, Quvasoy, Namangan kimyo zavodlari, 1971 yilda Toshkent yog’-moy zavodi tarkibida qurilgan sintetik yuvish vositalari zavodi) ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Respublika kimyo sanoatida zaharli vositalar, kislotalar ishlab chiqarish katta o’rin tutardi. Andijon gidroliz zavodi, Farg’ona furan birikmalari zavodi, Yangiyo’l bioximiya zavodi paxta, sholi, paxta chiqindilaridan spirt, oqsil, drojjilari, furan va boshqa mahsulotlar tayyorladilar. Farg’onada triatsetiltsellyuloza, Navoiyda kotaran, Chirchiqda kaprolaktam ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. 1960 yilda 235,4 ming tonna sulfat kislotalari ishlab chiqarilgan bo’lsa, 1985 yilda 2,3 mln tonna tayyorlandi. Markaziy hokimiyat tomonidan zaharli kimyo vositalari ishlab chiqarish respublikaga tiqishtirildi. 1985 yilda 47,9 ming tonna turli zaharli ximikatlar ishlab chiqarildi. Zaharli vositalarining respublika paxta maydonlarida haddan tashqari keng qo’llanilishi natijasida atrof-muhit, ekologik vaziyat buzildi, odamlar turli – tuman kasalliklarga chalindi. Odamlar sog’lig’i hisobiga paxta xom ashyosiga ko’rsatilgan «g’amxo’rlik» xalqqa qimmatga tushdi.

Metallurgiya sanoati 1962 yilda O’zbekiston metallurgiya sanoati kombinatida uzluksiz po’lat quyuv qurilmasi ishga tushirildi. 1970-1980 yillarda elektr yordamida po’lat eritish kompleksi va uning ikkita pechi qurib ishga tushirildi. Kombinatda po’lat idishlar ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Po’lat eritish 1985 yilda 1,2 million tonnaga etdi. 50-yillarda Olmaliq -Angren tog’ sanoati rayonida mis, qo’rg’oshin, rux, volfram, molibden va boshqa nodir metallar koni topildi, ularni o’zlashtirish jarayonida yirik Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bunyod etildi. O’zbekistonda 60-yillarda oltin qazib olish sanoati bunyod etildi. Muruntov, Chodak, Konbuloq oltin konlari, Farg’ona vodiysidagi daryo o’zanlaridan sochma oltin, Nurota, Qurama, Zarafshon, Hisor, Pomir tog’larida oltin tarkibli kvarts tomirlari va rudalar mavjudligi aniqlandi. Respublika hududida 30 ta oltin koni aniqlandi. Oltin qazib oluvchi Muruntov tog’ boyitish kombinati, Marjonbuloq kombinati qurildi. «O’zbek oltin» birlashasi tuzilgach, uning tarkibida Chodak boyitish kombinati(1965), Angrenda oltin saralash fabrikasi qurilib ishga tushirildi. O’zbekiston hududidagi rangli metall konlariga, shuningdek, oltin konlariga, ulardan noyob va nodir metallar qazib olishga respublika xo’jayinlik qilmasdi, ularga Ittifoq hukumati xo’jayinlik qilardi. O’zbekiston hukumati bu konlar va korxonalarda qancha oltin, mis, qo’rg’oshin, rux, volfram, molibden va boshqa nodir metallar qazib olinayotganini, ularni kimlar qaerga olib ketayotganini, qaerda va qancha pulga sotilayotganini bilmas edi. Bu haqda gapirish va yozish ham taqiqlangan edi. Bu holat o’sha paytlarda «O’zbekiston suveren respublika» degan iboraning naqadar yolg’on, quruq gap ekanligini yoqqol ko’rsatuvchi misoldir.

Mashinasozlik sanoati 50-80-yillarda O’zbekiston mashinasozlik industriyasi ko’p tarmoqli sohaga aylandi. 1985 yilda respublika sanoatida faoliyat ko’rsatgan 1549 ta ishlab chiqarish birlashmalari, kombinatlari va korxonalarining 100 dan ortig’i mashinasozlik tarmog’iga tegishli bo’lib, ularda tayyorlangan mashinalar salmog’i butun sanoat mahsulotining 16 foizini tashkil etardi. Respublikada, birinchi navbatda, paxtachilikka xizmat qiluvchi mashinasozlik tarmog’ini rivojlantirish tadbirlari amalga oshirildi. Toshkent qishloq xo’jaligi mashinasozligi zavodi (Tashselmash) qishloq xo’jaligi mashinasozligining bosh korxonasi hisoblanardi. «Tashselmash» zavodida 1960 yilda 3184 ta paxta terish mashinasi ishlab chiqarilgan bo’lsa, 1985 yilda 9425 ta shunday mashina tayyorlanadi. 1957 yilda paxta tozalash sanoati uchun mashinalar ishlab chiqaruvchi «Tashxlopkomash» zavodi bazasida yirik «Tashavtomash» zavodi barpo etildi. Zavodda paxtani qop- qanorsiz tashuvchi transport vositalari va gaz-51 yuk avtomobili uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Bu zavod 1967-1971 yillarda qayta jihozlanib, traktor ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi va unga Toshkent traktor zavodi nomi berildi. 1948 yildan boshlab O’zbekiston qishloq xo’jaligi (O’zbekselmash) zavodi o’rish mashinalari, diskli baranalar, charxlash stanoklari, nasos changlagich-purkagichlar, motigalar, chigit ekish mashinalari ishlab chiqarardi. 1960 yilda bu zavodda ko’rak chuvish mashinasi, 1965 yilda erga to’kilgan paxtani teradigan, g’o’zapoya yuladigan mashinalar tayyorlash yo’lga qo’yildi. 1956 yilda qurilib ishga tushirilgan Andijon irrigatsiya mashinasozligi zavodida yangi erlarni o’zlashtirish, kanallar va suv omborlari qurilishi bilan bog’liq zovur kovlaydigan mashinalar, suv nasoslari, avtobenzotsisternalar, er tekislaydigan buldozerlar va skreperlar, greyderlar va kanallar tozalaydigan mashinalar, yuk ortib tushiradigan murakkab mexanizm va uskunalar ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. 50-60-yillarda qurilgan Toshkent mashinasozlik zavodi, Andijon «Kommunar» zavodida paxta tozalash mashinalari, linterlar, paxta toylarini qabul qilish, saqlash, xillashning ko’p mehnat talab qiladigan jarayonlarini mexanizatsiyalashtirish mashinalari, quritish-tozalash asboblari, yuk tashish mashinalari ishlab chiqarish o’zlashtiriladi. O’zbekiston aviatsiya sanoati ham o’sib bordi. Toshkentda 1941 yilda Ximki shahridan keltirilgan zavod asosida aviatsiya zavodi barpo etilgan edi. Dastlab u PS-84 va IL-2 samoletlarini ishlab chiqara boshladi. Toshkent aviatsiya zavodida 1953 yilda IL-14, 1958 yilda turli tipdagi transport samolyotlari, 1966yilda esa AN-22 samolyotlari tayyorlash yo’lga qo’yildi. 1972 yilda V.P. Chkalov nomidagi Toshkent Aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etildi. Uyushmaga Toshkent aviatsiya zavodi (bosh korxona), Andijon mexanika zavodi, Farg’ona mexanika zavodi va Toshkent kislorod zavodi birlashtirildi. Birlashmada samolyot yig’iladi, uning turli detal va uzellari tayyorlanadi, shuningdek xalq iste’moli buyumlari ishlab chiqariladi. O’zbekiston Prezidenti I.Karimov 1961 yildan boshlab besh yil davomida Toshkent aviatsiya zavodida muhandis, etakchi muhandis-konstruktor bo’lib ishladi va toblandi.

Qurilish sanoati 50-80-yillarda O’zbekistonda qurilish materiallari sanoati rivojlandi. 1985 yilda qurilish materiallari sanoatining 1851 korxonasi, 11ta yirik panelli uysozlik kombinatlarida turli xil qurilish materiallari- tsement shifer, asbotsement quvurlar, pardozlash plitalari, issiqni saqlaydigan (termoizolyatsion), gidroizolyatsion materiallari, keramika quvurlari, emallangan cho’yan vannalari, rakavinalar, cho’yan kanalizatsiya quvurlari, keramika buyumlari, sopol quvurlari ishlab chiqarildi. Mahalliy sanoat korxonalarida alibaster, ganch, ohak, cherepitsa, chiy, qamish, plitalar ishlab chiqarish yo’lga qo’yilgandi.

Engil sanoat Respublikada engil sanoatni ustun darajada rivojlantirishga imkon beruvchi barcha omillar – ko’plab paxta, pilla, kanop xomashyosi, yog’ilg’i-energetika, etarli darajada mavjud edi Qolaversa, Respublikaning tez ko’payib borayotgan aholisi engil sanoat mahsulotlarining asosiy istemolchisi ham edi. Tarix bunday omillar davlat mustaqilligi sharoitidagina to’la hisobga olinishi mumkin ekanligini ko’rsatdi. 50-80-yillardagi qaramlik sharoitida O’zbekistonda engil sanoat bir tomonlama rivojlanishga yo’naltirildi. Asosiy e’tibor paxta qabul qilish, paxta tozalash, pillakashlik, qorako’l teriga va kanop tolasiga dastlabki ishlov berish, jun yuvish tarmoqlarini rivojlantirishga qaratildi. O’zbekiston bunday xomashyolardan tayyor mahsulotlar tayyorlash imkoniyatiga ham, xuquqiga ham ega emas edi. Bu masalani markaziy hokimiyat hal qilardi. Tayyor xomashyo Ittifoqning boshqa shaharlariga olib ketilardi va tayyor mahsulotga aylantirilardi, ortib qolgan xomashyo boshqa mamlakatlarga sotilardi va undan katta daromad olinardi. Respublikada 80-yillarda 107 ta paxta tozalash zavodi, ko’pchiligi quritish tozalash tsexlariga ega bo’lgan 490 paxta manzillari ishladi. 70-80 yillarning boshlarida respublika to’qimachilik sanoati korxonalari – Buxoro to’qimachilik kombinati (1973), Andijon ip gazlama kombinati (1979), Nukus ip gazlama kombinati (1983), Jizzax paxta yigiruv fabrikasi, yirik to’qmachilik kombinatlarining Qo’rg’ontepa, Marhamat, Yangiqo’g’on, Beshariq, Rishton, Vobkent, G’ijduvon filiallari qurildi. Toshkent va Farg’ona to’qimachilik kombinatlari tarkibidagi bir qator fabrikalar qayta jihozlandi. Ip-gazlama ishlab chiqarish 1960 yildagi 234,7 million metrdan 1985 yilda 395,7 millon metrga ko’paydi. Yiliga Respublikada 1,5 million tonna paxta tolasi etishtirib berilardi. Respublika to’qimachilik sanoati etishtirilgan paxta tolasining atigi 10 foizini qabul qilish va tayyor mahsulotlarga aylantirish imkoniyatiga ega edi. 90 foizi esa olib ketilardi.

Oziq-ovqat sanoati O’zbekistonda mahalliy xomashyoni qayta ishlashga asoslangan oziq-ovqat sanoatining yog’-moy, konserva, non, un yormasi, qandolat, go’sht, sut, baliq, choy, tamaki, vino etishtiruvchi tarmoqlari ishladi. 1985 yilda oziq-ovqat sanoati kompleksida 271 korxona faoliyat ko’rsatdi. Tarmoqning respublika sanoat mahsulotlari umumiy hajmidagi salmog’i 14 foizni tashkil etdi. Bu tarmoqda yog’ moy sanoati etakchi o’rinda turardi. 1970 yillarda respublkada ishlaydigan 17 ta yirik yog’-moy korxonasi 2,2 million tonna paxta chigitini qayta ishlab, 294 ming tonna paxta yog’i ishlab chiqargan bo’lsa, 1985 yilda O’zbekistonda 451 ming tonna paxta yog’i ishlab chiqarilgan. Respublikada go’sht kombinatlari 1960 yilda 97,4 ming tonna go’sht, 18 ming tonna kolbasa mahsulotlari ishlab chiqargan bo’lsa, 1985 yilda 232,3 ming tonna go’sht, 54 ming tonna kolbasa mahsulotlari etishtirilgan. 24 ta sut zavodida 1985 yilda 554 ming tonna sut mahsulotlari, 1167 tonna sir, 10,9 ming tonna mol yog’i etishtirilgan. Respublikada qandolat sanoati ham birmuncha o’sdi. 50-yillarda Namangan va Buxoro shaharlarida konditer-makaron fabrikalari, 1964 yilda Yangiyo’l konditer fabrikasi ishga tushirildi. Yigirmanchi yillarda qurilgan Toshkent «O’rtoq» konditer fabrikasi 1965 yilda tubdan rekonstruktsiya qilindi. 1968 yilda Yangiyo’l drojji (achitqi) zavodi qurildi. 1985 yilda qandolat sanoati tarmog’iga qarashli 60 ga yaqin zavod va tsexlarda 165 ming tonna qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

Transport 50-80-yillarda temir yo’l transporti ancha rivojlandi. 50-yillarda uzunligi 627 km bo’lgan Chorjo’y-Qo’ng’irot temir yo’li qurildi va Quyi Amudaryo shahar va tumanlari O’zbekistonning boshqa hududlari hamda Ittifoq markazi bilan temir yo’l orqali bog’landi. 1962 yilda qurilgan, uzunligi 280 km bo’lgan Navoiy-Uchquduq temir yo’li yangi topilgan konlarni sanoat markazi bilan bog’ladi. Mirzacho’l, Jizzax, Qarshi cho’llarida yangi erlarni o’zlashtirish bilan bog’liq ravishda 1962 yilda Jizzax- Mehnat (133 km), 1970 yilda Samarqand-Qarshi (144 km) temir yo’llari qurildi va yangi tashkil etilgan xo’jaliklar Respublika markazi va sanoat markazlari bilan qisqa masofada tutashtirildi. 1974 yilda Termiz-Qo’rg’ontepa (218 km), 1975 yilda Taxiatosh-Nukus (13 km) temir yo’llari qurilib ishga ishga tushirildi va Qoraqalpog’iston poytaxti respublikaning temir yo’l tarmog’i bilan bog’landi. 1972 yil Qo’ng’irot-Beynov (408 km) temir yo’lining qurilishi natijasida O’zbekiston va boshqa O’rta Osiyo respublikalaridan sobiq SSSR Evropa qismi va Kavkazga ikkinchi temir yo’l ochildi. Respublika temir yo’llarining uzunligi 1985 yilda 3,5 ming kmni tashkil etdi. Avtomobil transporti tez sur’atlar bilan o’sdi. 50-70-yillarda respublikada zamonaviy avtomobil yo’llari -Katta O’zbekiston trakti (Toshkent-Termiz) ta’mirlandi, Toshkent-Olmaliq, Toshkent-Buxoro-Nukus, Mo’ynoq-Zarafshon, Samarqand-Chorjo’y, Farg’ona xalqa yo’li, Toshkent xalqa yo’li qurilib foydalanishga topshirildi. To’rtko’l shahridan Amudaryoning so’li sohili bo’ylab Nukus shahri orqali Taxtako’pirga olib boruvchi Qoraqalpog’iston trakti qurildi. Qizilqum cho’lini kesib o’tuvchi va qorako’lchilik xo’jaliklarini viloyat va respublika markazlari bilan bog’lovchi BuxoroGazli-Sazakino avtomagistrali, Qamchiq davoni orqali respublika poytaxtini qisqa masofada Farg’ona vodiysi bilan bog’lovchi Toshkent-Angren-Qo’qon avtomobil yo’li qurildi. Toshkentdan barcha viloyat markazlariga va yirik shaharlarga, tuman markazlaridan kolxoz va sovxozlarga, posyolka va qishloqlarga qatnaydigan avtomobil marshrutlari tashkil etildi. Respublikada 70 dan ortiq avtobus va taksomotor parklari barpo etildi va ular o’z davrining texnika vositalari bilan ta’minlandi. Respublikaning avtomobil yo’llari uzunligi 80,4 ming km ni, shu jumladan usti qattiq qoplama bilan qoplangan yo’llar 66,7 ming km ni tashkil etdi. 1985 yilda avtomobil transporti 1960 yilga nisbatan 5,5 marta ko’p yuk tashidi yoki 1985 yilda 1,1 mlrd tonna xalq xo’jaligi yuklarini tashidi. Umumiy foydalanishdagi avtobuslarda passajirlar tashish 1985 yilda 2,5 mlrd kishini tashkil etdi, bu 1960 yilga nisbatan 7 marta ortiq edi. Havo transportining ahamiyati ortib bordi. Havo yo’llari respublikaning 120 dan ortiq shahar va aholi manzilgohlarini bog’ladi. Toshkent shahri havo yo’llari orqali Ittifoqning markaziy shaharlari, respublikalarning poytaxtlari, yirik sanoat markazlari bilan bog’landi. Shahar yo’lovchi transporti ham kengaydi. 1947 yilda Toshkentda temir yo’l vokzali bilan eski shahar orasida uzunligi 18 km bo’lgan birinchi trolleybus yo’li qurilib, troleybus qatnay boshladi. 1946-47 yillarda shaharlarda taksi mashinalari orqali passajirlar tashish yo’lga qo’yildi. Troleybus qatnovi Samarqand (1956), Olmaliq (1968), Farg’ona (1970), Andijon (1971), Namangan (1973) shaharlarida ham yo’lga qo’yildi. Respublikaning 80 ta shahar va poselkalarida avtobuslar qatnovi tashkil etildi. Yo’lovchilarga xizmat ko’rsatishda Toshkent metropolitenining o’rni katta. Toshkent metrosi 1972 yildan boshlab qurila boshlandi, uning 12, 1 kmlik birinchi yo’nalishi 1977 yilda, ikkinchi yo’nalishi 80-yillarda foydalanishga topshirildi.

Aloqa vositalari Respublikada aloqa vositalari tarmog’i kengaydi. Urushdan keyingi yillarda shaharlararo telefon, telegraf aloqalarining keng tarmoqlari vujudga keldi. Kabel va radiorele liniyalari qurildi. 1965 yilda Toshkent Moskva va Ittifoqning boshqa shaharlari bilan koaksial kabeli orqali bog’landi. 1971 yilda Toshkentda shaharlararo kuchli avtomatik telefon stantsiyasi ishga tushirildi. 1972 yilda Samarqand, Buxoro, Termiz, keyinroq Namangan,Qarshi, Farg’onada AMTS-IM tipidagi shaharlararo avtomotik stantsiyalar ishga tushirildi. Natijada shahar telefon tarmoqalarining 160 ming abonenti o’z telefonlaridan kod yordamida shaharlararo avtomatik telefon aloqasi bilan bog’lanish imkoniyatiga ega bo’ldi. 1985 yilda shaharlardagi telefon stantsiyalarining abonent telefonlari soni 953,9 mingtaga etdi. Kolxoz va sovxozlar telefonlashtirildi. 1985 yilda respublikada 4166 pochta, telegraf va telefon aloqasi korxonalari ishladi. Radio eshittirish tarmoqlari kengaydi. 1956 yil 5 noyabrda O’zbekistonda birinchi marta Toshkent televizion markazi ishlay boshladi. 60-yillarning oxirlarigacha Farg’ona vodiysi, Samarqand viloyati ham televizion ko’rsatuvlar bilan ta’minlandi. 1977 yilda Samarqand va Andijonga Toshkent televideniesining ikki programmasini rangli tasvirda uzatishga erishildi. 1978-1979 yillarda Toshkentda balandligi 350 metrli televizion minora qurildi. Urganch va Nukusda televizion markaz qurilib ishga tushirildi. Xulosa qilib aytganda, Respublika sanoati bir tomonlama rivojlantirildi, boshqa mintaqalardagi korxonalar uchun xomashyo bazasiga aylantirildi. Oltin, mis, qo’rg’oshinrux, volfram molibden kabi nodir metallar xomashyo sifatida boshqa mintaqalarga olib ketilardi. Paxta, kanop mahsulotlarining mo’l-ko’lligi engil sanoatni ustun darajada rivojlantirish va katta daromad olish imkoniyatini berardi, ammo bu imkoniyatlar nazarpisand qilinmadi. Respublika aholisi boy tabiiy resurslardan, og’ir mehnat evaziga etishtirilayotgan qimmatbaho paxta xomashyosidan bahramand bo’lolmadilar.

Respublikada anchagina sanoat korxonalari qurilgan bo’lsada, ular mustaqil ravishda tayyor mahsulot ishlab chiqaraolmas edi. Bu korxonalarda tayyorlanadigan mashinalar, asbob-uskunalar uchun zarur bo’lgan butlovchi qismlar mintaqalardan keltirilar edi, Respublika korxonalari Ittifoqning g’arbiy respublikalaridagi korxonalarga qaram edi. 70-yillarga kelib chuqur turg’unlik holatiga mahkum bo’lgan O’zbekiston iqtisodiyotining tahlili shundan dalolat beradiki, bunda sanoat ishlab chiqarishini rejalashtirishda ilmiy aniqlik, real yondashuv, mantiqiy izchillikning yo’qligi asosiy sabablardan biri bo’lganligi shubhasizdir. Mustabid sovet hokimiyati belgilagan 8,9,10,11,12 – besh yilliklar rejalarining norealligi, noizchilligi, etarli ilmiy asoslanmaganligi, konkret hayot amaliyoti bilan bog’lanmaganligi oxir-oqibatda ularning oldindan barbod bo’lishiga olib keldi. Buning oqibatida xo’jalik tarmoqlarida zo’riqish, uzilish holatlari yuz berdi, ishlab chiqarish quvvatlari to’la ishga solinmadi, mehnat unumdorligi muttasil kamayib bordi, milliy daromad salmog’i 3-4 baravarga kamayib ketdi. 80 yillarga kelib O’zbekistonning eksport salohiyati keskin pasaydi. Buning natijasida respublikaning eksport balansida sanoat mahsulotining salmog’i atigi 11 foizni tashkil etardi, xolos. Respublika sanoat ishlab chiqarishidagi bunday turg’unlik, nomutonosiblik holatlarining yuzaga kelishi, ishlab chiqarish quvvatlarining qisqarib, uning salohiyat darajasining pasayib borishi oqibatda O’zbekiston iqtisodiyotining umumiy holatiga, aholi keng ijtimoiy qatlamlarining turmush darajasiga salbiy ta’sir etmasdan qolmadi. Ijtimoiy ehtiyojlar uchun mablag’lar taqsimlashning qoldiq printsipi va taqsimotda tekischilik tartibining ustun bo’lishi ijtimoiy adolatsizliklarning avj olishiga bois bo’ldi. Ijtimoiy tanglik ichkilikbozlik, giyohvandlik, poraxo’rlik singari salbiy illatlarning keng yoyilishiga olib keldi. Ijtimoiy munosabatlarda mehnatni rag’batlantirish tizimi buzila bordi. Ko’p hollarda yuqori malakali mehnatga haq to’lash kamsitildi. Bu aholining mehnatga qiziqishi va faolligiga salbiy ta’sir ko’rsatdi. Ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida jiddiy etishmovchiliklar, og’riq nuqtalar yaqqol ko’zga tashlanib bordi. Iqtisodiyot va ijtimoiy turmushning tobora yorqin namoyon bo’layotgan inqiroziy holatlarini bartaraf etish, O’zbekistonni yuqori taraqqiyot darajasiga olib chiqish uchun yangicha yo’l tutish zaruriyati to’liq etilgan edi.