O'ZBEKISTON TARIXI

O'zbekiston ibtidoiy jamoa tuzumidan to hozirgi kungacha bosib o'tgan davrlari, tarixiy shaxslar va ularning hayoti haqida

Faqat ojiz qalamim manim, O'zbekiston Vatanim manim... muallif: Abdulla Oripov

Tarixiy shaxslar

Amir Temur
Amir Temur
O'zbekiston, Qashqadaryo
Jaloliddin Manguberdi
Jaloliddin Manguberdi
O'zbekiston
Islom Karimov
Islom Karimov
O'zbekiston, Samarqand
Akmal Ikromov
Akmal Ikromov
O'zbekiston

O'zbekiston hukmdorlarining ro'yxati va hayoti haqida qisqacha ma'lumot.

Turon xalqlarining ahamoniylar bosqiniga qarshi kurashiga rahbarlik qilgan jasur sarkarda. Qadimgi yunon tarixchisi Gerodotning “Tarix” (mil. avv. V asr) asarida yozilishicha, Ahamoniylar davlati asoschisi Kir II mil. avv. 530-yilda Turonga bostirib kirganida, To‘maris massagetlar qabilasining malikasi bo‘lgan. Massagetlar bu paytda Amudaryo (Araks) bo‘ylari va Qizilqumda yashashgan. To‘maris massagetlar podshosining xotini bo‘lib, u erining vafotidan so‘ng davlatni boshqargan. Erondan kelgan bosqinchilar qo‘shini bilan massagetlar o‘rtasida shiddatli janglar bo‘lgan. Dastlabki jangda To‘marisning o‘g‘li Sparangiz (Sparganis) boshchiligidagi massagetlar g‘olib chiqqan. Biroq keyingi jangda forslar hiyla yo‘li bilan Sparangiz va ayrim massagetlarni asir olishganda, or-nomusga chiday olmagan Sparangiz o‘zini o‘ldirgan. To‘maris o‘g‘lining halokatidan esankirab qolmay, o‘z xalqining manfaatini o‘ylab, Kir II dan massagetlar yurtidan chiqib ketishini so‘raydi. Biroq forslar shohi rad javobini bergach, ikki o‘rtada ayovsiz jang bo‘lgan. Gerodot massagetlar va forslar o‘rtasidagi jang tafsilotlarini o‘z asarida quyidagicha tasvirlaydi: “Mening bilishimcha, bu jang varvarlar o‘rtasidagi barcha janglardan ham dahshatli bo‘lgan. Avval har ikkala qo‘shin bir-birini uzoq masofadan turib, kamondan o‘qqa tutdilar. Kamon o‘qlari tugagach, ular nayza va qilich bilan kurashdilar. Jang uzoq vaqt davom etdi. Ko‘p qon to‘kildi. Nihoyat, massagetlar g‘alaba qozondilar. Fors qo‘shinlarining asosiy qismi, jumladan, Kir II ham jang maydonida halok bo‘lgan. U to‘liq 29 yil shohlik qilgan edi. Kir II ning jasadi topilgach, malika (To‘maris)ning buyrug‘i bilan uning kesilgan boshi inson qoni bilan to‘lg‘azilgan meshga solingan”.

Siyovushiylar sulolasidan bo‘lgan Xorazm podshosi (mil. avv. IV asr). Farasman haqida uzuq-yuluq ma‘lumotlar saqlanib qolgan. Mil. avv. 328-yil Makedoniyalik Aleksandrning O‘rta Osiyoga yurish chog‘ida Farasman 1500 kishilik otliq qo‘shini bilan Aleksandrning qarorgohi joylashgan Baqtra shahriga kelgan va u bilan ittifoqchilik bitimi tuzgan. Farasman Aleksandrga Shimoliy Qora dengiz sohillariga, u yerdan Kolxidaga birgalikda harbiy yurish uyushtirishni taklif qilgan, biroq uning loyihasi qabul qilinmagan.

Milodiy IV asr boshida Xorazmda hukmronlik qilgan xorazmshoh, afrig‘iylar sulolasi asoschisi. Qadimgi Xorazmdagi ko‘plab qal`alarning bunyod etilishi Afrig‘ nomi bilan bog‘liq. 305-yilda xorazmshoh Afrig‘ o‘z qarorgohini Kat shahriga ko‘chiradi. Kat qayta tiklanib, Al-Fir qal`asi ichida shoh o‘ziga yangi saroy qurdiradi. Xuddi shu vaqtdan boshlab Xorazmning Afrig‘iy shohlari betiga shoh va orqasiga suvoriy tasvirlari tushirilgan kumush tangalar zarb etib, mamlakatning ichki va tashqi savdo munosabatlarida mustaqil bo‘lib oladilar.

(? — 842) 
(819-842)

Somoniylardan bo‘lgan Samarqand hokimi. Tohiriylardan Abdulla ibn Tohir bilan birga xalifalikdan mustaqil siyosat yurgazishga intilgan, Istaxriy va Ibn Havqallarning yozishicha, xalifa Mu’tasim (833-842) bundan norozi bo‘lib Abdulla ibn Tohirga noma yuborib, uni koyigan. Abdulla bu xatni Samarqandga jo‘natgan. Nuh ibn Asad o‘zining javobida Movarounnahrda 300 ming qishloq borligini, har bir qishloq bitta sarboz va bitta navkar berishga qodir ekanligini ko‘rsatib o‘tadi. Bu bilan u xalifadan qo‘rqish kerak emasligi, chunki faqat Movarounnahrning o‘zigina 600 ming sarboz va navkardan iborat qo‘shin to‘play olishini bildirgan. Bu davrda ko‘chmanchi turkiy qabilalar Shoshga ko‘p hujum qilib turardi. Shosh Yah’yo ibn Asad ixtiyorida edi. Uning iltimosiga ko‘ra, Nuh ibn Asad 840-yil Isfijobning turkiy qabilalaridan bo‘lgan hokimiga qarshi qo‘shin tortgan. Bu urush Nuh ibn Asadning g‘alabasi bilan tugagan. Balozuriyning yozishicha, bu vaqtda Nuh ibn Asad ekinzorlar, tokzorlar, bog‘lar, qishloqlar va shaharlarni ko‘chmanchilarning hujumidan saqlaydigan katta mustahkam devor qurishni buyurgan.

(?-865)
(842-864)

817-yildan Farg‘ona va 842-yildan Samarqand amiri bo‘lgan. Somonxudotning nabirasi. Rofe ibn Lays qo‘zg‘oloni paytida Ahmad ibn Asad o‘z birodarlari Nuh, Yahyo va Ilyoslar bilan Sug‘dda qo‘zg‘olonni bostirishda xalifalikka katta yordam bergan. Buning evaziga xalifa Ma’munning ko‘rsatmasiga ko‘ra Xuroson hokimi G‘asson ibn Abbod (813-821) 817-yilda Ahmad ibn Asadni Farg‘onaga, akasi Nuh ibn Asadni esa Samarqandga, Choch va Ustrushonaga Yahyoni, Hirotga Ilyosni amir qilib tayinlaydi. Akasi Nuh vafotdan keyin (842) Ahmad ibn Asad Samarqand amiri bo‘lib qoldi. 875-yilda xalifa Mu’tamid (870-892) Ahmad ibn Asadning o‘g‘li Nasr ibn Ahmadni butun Movarounnahr amiri etib tayinlaydi. Ahmad o‘z nomidan mis chaqalar zarb etadi. Ahmad Somoniy asta-sekin Movarounnahrni o‘z oilasi boshchiligida birlashtirishga kirishadi. Tohiriylar Ahmadning bu faoliyatiga qarshilik ko‘rsata olmadilar.

(taxm. 848-893)
(865-892)

O‘zbek davlatchiligidagi somoniylar sulolasining boshlig‘i, Samarqand hokimi (865-892). Somoniylar davlati hukmdori. Nasr ibn Ahmad Norin daryosi bo‘yidagi Haylam qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Ahmad vafotidan (865-yil) keyin u Samarqandni markazga aylantiradi. Buxoro vohasi, Naxshab (Qashqadaryo), Chag‘onrud (Surxondaryo) vodiylaridan tashqari Movarounnahrning barcha viloyatlarini birlashtirish va uni Xurosondan ajratib olish choralarini ko‘radi. Tohiriylarning davlatining barham topishi bilan vaziyat tubdan o‘zgarib, istiqlol uchun qulay sharoit paydo bo‘ladi. O‘z holiga tashlab qo‘yilgan Buxoro ahli hatto safforiylarga tobe bo‘lishni xohlamaydi. Shahar zodagonlari somoniylarga murojaat qilib, Samarqandga Nasr huzuriga elchilar yuboradilar, undan Buxoroni o‘z qo‘l ostiga olishni va somoniylar xonadonidan bir kishini Buxoroga hokim qilib yuborishni so‘raydilar. Nasr bu taklifni mamnuniyat bilan qabul qilib, ukasi Ismoilni (874) Buxoroga noib qilib yuboradi.
Shundan so‘ng Nasr ibn Ahmad o‘zini butun Movarounnahr boshlig‘i deb bilgan (875) va kumush dirhamlar zarb qildirgan (ilgari dirham tangalar zarb qilishga faqat tohiriylarning huquqi bor edi). Ismoil bo‘lsa, akasiga itoat etmay qo‘ygan va ular o‘rtasida 888-yil to‘qnashuv bo‘lib Nasr ibn Ahmad qo‘shinlari butunlay tor-mor keltirilgan.

(849-yil, Farg‘ona – 907-yil, Buxoro)
(874-907)

O‘zbek davlatchiligi tizimida hukmronlik qilgan somoniylar sulolasining yirik vakili. Unga “amiri-moziy” — “dunyodan o‘tgan amir” degan laqabni berganlar. Abbosiy xalifa Mu`tamid (870-892) Rofe ibn Lays qo‘zg‘olonini bostirishda yordam bergan sulola asoschisi Somonxudotning o‘g‘illaridan Nasr I ibn Ahmadni Movarounnahrga noibi (873-893), Ismoil Somoniyni esa Buxoroga hokim etib tayinlagan. Ammo aka-uka o‘rtasida ixtilof paydo bo‘lib, ular ikki bor o‘zaro urush qilgan. Birinchisi sulh bilan yakunlangan, ikkinchisida Ismoil Somoniy g‘olib kelganiga qaramay, akasining hokimiyatini tortib olmagan.
893-yil Nasr I vafot etgach, xalifa Mu‘tazid (892-902) Ismoil Somoniyni uning o‘rniga Movarounnahrga noib qilib tayinlagan. U shu yiliyoq Taroz shahrini egallagan, 899-yil xalifaning Xurosondagi noibi Amr ibn Lays qo‘shinini tor-mor keltirib, uning tasarrufidagi yerlarni bo‘ysundirgan. 902-yil esa u Tabariston, Ray, Qazvin va Daylamni zabt etib, o‘zini xalifalikdan mustaqil hukmdor deb e‘lon qilgan. U 907-yil vafot etgach, o‘rniga o‘g‘li Ahmad ibn Ismoil hokimiyat tepasiga kelgan.
Ismoil butun Movarounnahrni o‘z qo‘li ostida kuchli bir davlat qilib birlashtirdi. Xurosonda tashkil topgan Safforiylar davlatiga barham berdi va uni o‘z davlatiga qo‘shib oldi. Natijada poytaxti Buxoro shahri bo‘lgan zamonasining eng yirik mustaqil o‘rta asr davlati tashkil topdi. Bu davlatni somoniylar xonadonidan bo‘lgan hukmdorlar – amirlar X asr oxirlarigacha idora qiladilar.
Ismoil Somoniy, tarixiy ma‘lumotlarga ko‘ra, oqil, odil va ulamolarga homiy hukmdorlardan bo‘lib, markaziy hokimiyatni mustahkamlash, kuchli qo‘shin tuzish, itoatsiz amirlarni bo‘ysundirish yo‘lida qattiq kurashgan. U mamlakat obodonchiligiga ham katta e‘tibor berib, ko‘plab me‘moriy inshootlar qurdirgan. Narshaxiy bergan ma’lumotga ko‘ra, Ismoil Somoniyning hukmdorlik muddati 30 yil bo‘lib, shundan 20 yili Xuroson amiri ham edi. Uning davrida Somoniylar sulolasidan chiqqan hamma amirlar Buxoroda turadigan bo‘ldilar. Undan oldingi Xuroson amirlarining hech biri Buxoroda turgan emas.

(? — 914)
(907-914)

Movarounnahrda hukmronlik qilgan somoniylar amiri. Amiri shahid. Uning davrida bir qancha qo‘zg‘olonlar bo‘lib o‘tdi. Xususan amakisi Is’hoq ibn Ahmad Samarqandda, Ray va Seyiston hokimlari isyon ko‘tardilar. Bu isyonlar shafqatsizlik bilan bostirildi. Ahmad uzoq vaqt hukmronlik qilmadi. Davlatni idora etishda arab tilini qayta tiklanishi ko‘pgina mahalliy zodagon va Turk g‘ulomlarining noroziligini uyg‘otdi. 914-yilda u Turk g‘ulomlari tomonidan o‘ldiridi. Taxtga Ahmadning 8 yoshli o‘g‘li Nasr ibn Ahmad (914-943) o‘tirdi. Saroyning ruxsati bilan davlat ishlarini vazir Abdullo Jayhoniy boshqargan.

(taxminan 906-943)
(914-943)

Somoniylar davlati hukmdori. Davlatni 8 yoshli Nasr ibn Ahmad nomidan vazir Jayhoniy boshqargan. Uning davrida Buxoroning Registon maydonida podsho qasri qarshisida devonlar uchun saroy qurilib, davlat mahkamasi mana shu maxsus binoga joylashgan edi. Uning hukmronligi davrida somoniylar davlati hududlarida karmatlar harakati ancha keskin tus oldi. Nasr ibn Ahmad shia mazhabini qabul qilganidan norozi bo‘lgan sunniy ruhoniylar turk gvardiyasi yordamida Nasr ibn Ahmadga qarshi fitna uyushtirishgan. Bundan xabar topgan Nasr ibn Ahmad fitnani fosh etib, o‘z o‘g‘li Nuh foydasiga taxtdan voz kechgan.

(?- Buxoro — 954)
(943-954)

Somoniylar davlati amiri, amir Nasr II ibn Ahmadning o‘g‘li. Otasi 30 yil hukmronlik qilgach, tiriklik paytida taxtni unga topshirgan (943-yil 10-aprel). Buxoro qozisi, fiqh ilmining bilimdoni Abulfazl Marvaziy (946-yil vafot etgan) uning vaziri bo‘lgan. Nuh ibn Nasr mamlakatda keng yoyilgan qarmatiylar harakatini bartaraf etish choralarini ko‘rgan. Movarounnahrdagi bu harakat rahbari Muhammad ibn Ahmad Narshabiyni Buxoroda dorga ostirdi. Biroq Somoniylar davlatining moliyaviy ahvoli og‘irlashganligi uchun u soliq va turli turmushlarni ko‘paytirishga majbur bo‘lgan. Mamlakatda isyon va g‘alayonlar kuchaygan. Narshaxiyning yozishicha, hatto uning amakisi Abu Ishoq Ibrohim ibn Ahmad Iroqdan kelib, Nishopur amiri Abu Ali Sag‘oniy yordamida Buxoro taxtini egallab olgan (947). Oradan ko‘p o‘tmay Nuh ibn Nasr Samarqanddan qaytib, taxtni qaytarib olgach, markaziy hokimiyatga qarshi isyon ko‘targan qarindosh-urug‘larini jazolagan, Marvdagi isyonlarni ham bostirgan. Ammo u Abu Alini avval Chag‘oniyon, so‘ngra Xurosonga hokim qilib (952) tayinlashga majbur bo‘lgan. Somoniylar davlati inqirozini to‘xtatishga harakat qilgan. Narshaxiy o‘zining “Buxoro tarixi” asari (943-944)ni unga bag‘ishlagan. Og‘ir kasallikdan so‘ng Buxoroda vafot etgan.

Amiri Rashid 
(944-961)
 (954-961)

Somoniylar amiri. Otasi Nuh ibn Nasr vafot etgach 10 yoshida taxtga o‘tirgan. Nuh ibn Nasr davrida buvayhiylar bilan boshlangan urush Abdumalik ibn Nuh davrida (956) yarash bilan yakun topadi. Abdumalik ibn Nuh davrida davlatni idora qilishda lashkarboshilarning mavqei baland bo‘lgan. Masalan, hojiblik mansabiga tayinlangan Alpteginning obro‘si oshib ketganidan xavfsirab, uni mansabidan chetlamoqchi bo‘lgan, biroq uddasidan chiqa olmagan. Abdumalik ibn Nuh chavgon o‘ynab, otdan yiqilib halok bo‘lgan.

Abu Solih, Amiri Sadid
(?-976)
(961-976)

Somoniylar davlatini boshqargan hukmdor. As-Sadid (“dono”, “tadbirkor”) laqabi bilan mashhur bo‘lgan. Davlatni mustahkamlash maqsadida bir qator tadbirlarni oshirgan. Bu ishda unga vazirlari Bal’amiy va Utbiylar yordam bergan. Buvayhiylar, Ziyoriylar bilan kurash olib borgan. Buvayhiylar ustidan qozongan g‘alabasi uning shuhratini oshirgan. Uning topshirig‘iga ko‘ra, Bal’amiy Tabariyning “Tarix ul-anbiy va-l-r-rusul va-l-mulk va-lxulafo” (“Payg‘ambarlar, podshohlar va xalifalar tarixi”) nomli asarini arab tilidan fors tiliga tarjima qilgan va boyitgan.

Amiri Rashid
(963 — Buxoro — 997)
(976-997)

Somoniylar davlatining amiri, amir Mansur ibn Nuhning o‘g‘li. Otasining vafotidan so‘ng taxtga o‘tirdi (976-yil 26-sentabr). Siyosiy va harbiy sohada islohotlar o‘tkazgan. Muhammad ibn Abdulloh ibn Aziz vazir, Abulhasan Simjuriy sipohsolor (bosh qo‘mondon) bo‘ldi. Siyosiy jarayonlarda turk lashkarboshilarining mavqei kuchaygan. Nuh ibn Mansurning lashkarboshisi Foyiq Raboti Malik yaqinida bo‘lgan jangda ataylab yengilgan va qoraxoniylar hukmdori Bug‘roxon (Horun ibn Muso) Buxoroni urushsiz ishg‘ol qilgan (992). Biroq, Bug‘roxon kasallik tufayli Qashqarga qaytib ketayotganda yo‘lda vafot etgan (992). Nuh ibn Mansur Amul (Chorjo‘y)dan qaytib, Buxoroni qayta egallagan. Bu paytda Somoniylar davlatiga qarashli Xuroson Abu Ali Simjuriy (Abulhasan Simjuriyning o‘g‘li) va Foyiq, G‘azna va Hirot viloyatlari Sabuktegin qo‘lida bo‘lgan. Nuh ibn Mansur bilan Sabuktegin o‘rtasida Kesh va Naxshabda o‘zaro uchrashuv bo‘lib, unda Sabuktegin somoniylarni qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan. Gardiziyning yozishicha, Sabukteginning 20 ming kishilik qo‘shini Abu Ali Simjuriy (997-yil vafot etgan) va Foyiq askarlariga O‘trot atrofida kuchli zarbalar bergan. Nuh ibn Mansur Buxoroga qaytgan. Biroq uning Somoniylar davlatini tanazzuldan saqlab qolish yo‘lidagi harakatlari o‘z natijasini bermadi. Qoraxoniylarning Buxoroga 996-yil qilgan hujumlari oqibatida Sabuktegin bilan Bug‘roxonning vorisi Nasr Iloqxon o‘rtasida Nuh ibn Mansurning ishtirokisiz muzokaralar o‘tkazilib, somoniylarga Movarounnahrning faqat markazi qoldiriladi. Nuh ibn Mansur saroyida shoir Daqiqiy ijod qilgan. Mashhur tabib Abu Ali ibn Sino 16 yoshida Nuh ibn Mansurni davolab, o‘sha davrda Sharqdagi eng boy kutubxona sanalgan Somoniylar davlatining kutubxonasida mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Abu Horis
(?-999)
(997-999)

Somoniylar amiri. Uning davrida mamlakatda parokandalik, ichki nizolar (Mansur bilan lashkarboshilar o‘rtasida) tashqi xafv (qoraxoniylarning hujumlari) kuchaygan. Ayniqsa, qoraxoniylar tomoniga o‘tgan xoin lashkarboshilardan Foyiq saroyga nisbatan uyushtirgan fitnalarda faol qatnashadi. 999-yilning fevralida Foyiq turk g‘ulomlariga suyangan holda Mansurni taxtdan ag‘darib, ko‘zini ko‘r qiladi. Taxtga Mansurning ukasi Abdumalik ibn Nuhni o‘tkazishdi. Bu kuchsizlanib qolgan somoniylar sulolasiga payt poylab berilgan kuchli zarba edi. Mahmud G‘aznaviy 999-yilning may oyida Mansur uchun o‘ch olish shiori ostida Movarounnahrga qarshi qo‘shin tortdi. U somoniylar qo‘shinini tor-mor qilib katta o‘ljalar bilan G‘aznaga qaytdi. Jang oqibatida Xuroson Mahmud G‘aznaviy qo‘liga o‘tadi. Yuzaga kelgan bu vaziyatdan qoraxoniylar hukmdori Elik Nasr ham foydalanishga harakat qilgan. Shu yili Movarounnahr qoraxoniylar tomonidan egallangan.

Amiri Muntasir
(? — 1005)
(1000-1005)

Somoniylar sulolasiga mansub bo‘lgan somoniylar amiri. Sulolaning oxirgi hukmdori Abdulmalik ibn Nuh (999-1000)ning birodari. Qoraxoniylarga qarshi muvaffaqiyatsiz kurash olib boradi. Somoniylarning so‘nggi vakili bo‘lgan Muntasir somoniylarning avvalgi shon-shuhratini tiklay olmaydi. Muntasir Sulton Mahmudning noibi Mahruyning buyrug‘i bilan o‘ldiriladi. Al-Utbining yozishicha, bu voqea 1005-yilning boshlarida ro‘y beradi va u Maymurg‘ qishlog‘ida ko‘miladi.

Nasr Eloqxon
(?-1012, O‘zgan)
(999-1012)

Movarounnahr ilik xoni. Qoraxoniylardan. Hokimiyat tepasida rasman hukmdor akasi Ahmad ibn Ali Arslonxon edi. 996-yilda qoraxoniylarning Movarounnahrga hujum qilganida boshchilik qilgan. Buxoroni egallash bilan Movarounnahrning bosib olinishini nihoyasiga yetkazgan (999-yil oktabr). Somoniylar amiri Abdumalik ibn Nuh va uning qarindosh-urug‘larini asir qilib, O‘zgandagi zindonga tashlangan. Shu tariqa qudratli bo‘lgan somoniylar sulolasi qulagan. 1000-1005-yillarda ilik Nuh ibn Ali somoniylar hokimiyatini tiklashga harakat qilgan Muntasirga qarshi kurashgan va g‘alaba qilgan. 1000-yil Mahmud G‘aznaviy Nuh ibn Ali bilan o‘z yerlari o‘rtasidagi chegaralarni belgilash to‘g‘risida bitim tuzgan, unga ko‘ra, Amudaryo asosiy chegara qilib belgilangan. Natijada somoniylar davlati o‘rnida ikkita yangi davlat tashkil topgan: birinchisi – Qashqardan Amudaryogacha cho‘zilgan, Sharqiy Turkistonning bir qismini, Yettisuv, Shosh, Farg‘ona va qadimgi Sug‘d hududini o‘z ichiga olgan qoraxoniylar; ikkinchisi – Shimoliy Hindiston chegarasidan tortib Kaspiy dengizining janubiy qirg‘oqlarigacha cho‘zilgan, hozirgi Afg‘oniston va Shimoli-Sharqiy Eron viloyatlarini o‘z ichiga olgan G‘aznaviylar davlati. Biroq Nasr ibn Ali Xurosonni bosib olish niyatidan butunlay voz kechmagan edi.
1006-yil va 1008-yillarda qoraxoniylar Xurosonga ikki marta yurish qilganlar. 1006-yildagi yurish chog‘ida Mahmud G‘aznaviy Hindistonda edi. Qoraxoniy qo‘shinlari Balx, Tus va Nishopurni bosib olganlar. Biroq Mahmud Hindistondan qaytib kelib, ularni quvib yuborgan. 1008-yildagi Balx yaqinidagi jangda Mahmud qo‘shinida 500 ta fil bor edi. Nasr ibn Ali qo‘shini tor-mor etilib, qoraxoniylarning Amudaryoning janubidagi hududlarini egallash yo‘lidagi harakatlari shu tarzda to‘xtatilgan.
Nasr ibn Ali nihoyatda jasur va dovyurak, imon, e‘tiqodli shaxs bo‘lib, u haqda ko‘plab rivoyatlar to‘qilgan. Jamol Qarshiyning yozishicha, Nasr ibn Ali buyuk nomdor xoqon, juda ko‘p fazilatlar sohibi bo‘lgan va hijriy 402-yil (1011-1012)da O‘zganda vafot etib, o‘sha yerda dafn etilgan.

Alitegin ibn Husayn

(?–1035)
(1025-1034)

Movarounnahr ilikxoni. Qoraxoniylardan. Movarounnahrni samoniylardan tortib olishda ishtirok etgan (999-1012). Nasr ibn Ali vafoti (1013)dan so‘ng taxt uchun kurash chog‘ida arslonxonlardan Muhammad ibn Ali tomonidan asir olingan. Taxminan 1025-yilda asirlikdan qochib Buxoroni egallagan va saljuqiylardan Arslon ibn Saljuq bilan ittifoq tuzgan. Aliteginga qarshi ilikxon Mansur ibn Ali qo‘shin tortib kelgan, biroq mag‘lubiyatga uchragan. Shundan so‘ng Alitegin Mavorounnahrni markaziy qismi (Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo vodiysi) ilikxoni bo‘lgan. Aliteginga qarshi Mahmud G‘aznaviy va qoraxoniylarning Sharqiy Turkistondagi xoqoni Qodirxon Yusuf harbiy ittifoq tuzib (1025) Samarqand yaqinida Alitegin qo‘shini bilan to‘qnashgan. Alitegin Samarqand va Buxoroni tashlab cho‘lga chekingan, xotini va qizi raqiblari qo‘liga asir tushgan. Biroq Mahmud G‘aznaviyning asli maqsadi Aliteginni zaiflashtirish bo‘lgani sababdan biroz vaqtdan so‘ng Movarounnahrni tashlab chiqqan. Alitegin yana o‘z mulkini qaytarib olgan.
1032-yil xorazmshoh Oltuntosh sulton Mas’ud G‘aznaviyning topshirig‘iga ko‘ra, Alitegin yerlariga hujum qilib Buxoroni egallagan, biroq Dabusiya yaqinidagi jangda yarodor bo‘lib, vafot etgan. Xorazm qo‘shini sulh tuzib yurtiga qaytib ketgan.

Bo‘ritegin, Tamg‘achxon Ibrohim
(?-taxminan 1070)
(1040-1070)

Movarounnahrdagi G‘arbiy qoraxoniylar xoqonligi asoschisi. Qoraxoniylardan. Otasi Nasr ibn Ali. Iloq hokimi (1017-1021). U yerda Bo‘ritegin, amir va malik unvonlari bilan tangalar zarb ettirgan. Qoraxoniy beklaridan Alitegin turkmanlar yordamida Movarounnahrni bosib olgan paytda (1025) Ibrohim ibn Nasr uning farzandlari qo‘liga asir tushgan. 1037 yilda asirlikdan qochib Xo‘jandni egallagan. Biroq, akasi, Farg‘ona hukmdori Muhammad bilan chiqisha olmay, janubga yo‘l oldi va 1038-yilda Amudaryo bo‘yi viloyatlari Xuttalon, Vaxsh va Chag‘oniyonni bosib oldi. U yerda kuch to‘plab Movarounnahrni markaziy hududlariga bostirib kirgan va Kesh, Samarqandni egallagan(1040). Ko‘p vaqt o‘tmay u Movarounnahrni va Farg‘onani o‘ziga bo‘ysundirib, mustaqil siyosat yurita boshlaydi. Natijada qoraxoniylar ikki mustaqil davlatga ajralib ketadi: Biri poytaxti Bolosog‘unda bo‘lgan Sharqiy qoraxoniylar, ikkinchisi markazi Samarqandda bo‘lgan Movarounnahrdagi Qoraxoniylar davlati edi.
Ibrohim ibn Nasr o‘zini Tamg‘achxon deb e’lon qilgan va mustaqil davlat birlashmasi — G‘arbiy qoraxoniylar xoqonligiga asos solgan. Bu g‘alabalardan so‘ng Ibrohim Tamg‘ach “bug‘roxon” unvoniga sazovor bo‘ladi. Ibrohim ibn Nasr 1041-1042 yillarda Buxorni egallagan. 1043-yilda Chag‘oniyonni g‘aznaviylar, so‘ngra bir oz vaqtdan keyin saljuqiylar bosib olgan. Ibrohim ibn Nasr saljuqiylar bilan Termiz va Balxga egalik qilish uchun kurashgan. XI asr o‘rtalarida Sharqiy xoqonlikni qamrab olgan o‘zaro janjallar, nizolardan foydalanib Ibrohim ibn Nasr Farg‘ona, Shoh, Isfijob, Taroz va hatto Qoraxoniylarning Chu vohasida joylashgan asosiy poytaxti Bolasog‘unni ham egallab olgan. Biroq, shunga qaramasdan u Samarqandni o‘z poytaxtligicha qoldirgan. Umrining oxirida falaj bo‘lib qolgan Ibrohim hokimiyatni og‘li Shamsumulkka topshirgan.
Tamg‘achxon Ibrohim o‘qimishli, aqlli va tadbirkor xoqon bo‘lgan. O‘z siyosatida ulamolarga tayanib ish yuritgan. U Samarqandda tartib-osoyishtalik o‘rnatish va uning xavfsizligini ta’minlash tog‘risida alohida g‘amxo‘rlik qilgan, og‘rilik va talonchilik uchun qattiq jazolagan. Qurilish ishlariga katta e’tibor bergan. Masalan, 1066-yilda uning buyrug‘i bilan Qusam ibn Abbos maqbarasiga yaqin joyda madrasa qurilgan, shuningdek, Samarqandda qasr ham qurdirganligi ma’lum.

Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon

(?-1130)
(1102-1130)

Qoraxoniylardan bo‘lgan Movarounnahr hukmdori. To‘liq ismi Muhammad ibn Sulaymon Dovud Kuchtegin ibn Tamg‘achxon Ibrohim. Barqiyoruq vassali Sulaymonteginning o‘g‘li. 1102-yil Samarqand taxtiga Arslonxon unvoni bilan o‘tqazilgan. 12 ming mamlukdan iborat qo‘shin tuzib Dashti Qipchoqqa bir necha bor harbiy yurishlar qilgan. Umrining oxirida falaj bo‘lib qolgani tufayli taxtni o‘g‘illari — dastlab Nasr, so‘ng Ahmad bilan boshqargan.
Samarqand saljuqiylar tomonidan egallangach (1130-yil 13-mart), Arslonxon Balxga jo‘natilgan va o‘sha yerda ko‘p o‘tmay vafot etgan. U Marvdagi o‘zi qurdirgan madrasaga dafn etilgan. Arslonxon davrida madaniy hayot birmuncha rivojlangan. Buxoro va uning viloyatida ko‘plab binolar qurilgan. Masalan, Jarqo‘rg‘on minorasi va Masjidi kalon yonidagi minora hozirgacha saqlangan.

Qutbiddin Muhammad

(? — 1127)
(1097-1127)

Anushteginiylar sulolasidan bo‘lgan Xorazm hukmdori. Anushteginning o‘g‘li. Yoshligida Marvda yaxshi ta’lim olgan, ilmi adab va din ilmlarini o‘rgangan. Otasi vafotidan keyin saljuqiylarning Xurosondagi isyonkor noibi amir Dodbek Habashiy tomonidan Xorazm noibi etib tayinlangan va xorazmshoh unvonini olgan (1097). Anushteginiylar — xorazmshohlar sulolasining tarixi aslida Qutbiddin Muhammaddan boshlanadi.
1100-yil saljuqiylar sultoni Barqiyoruq va ukasi Sanjar Dodbek Habashiy isyonini bostirgan. Sanjar Xurosonni qo‘lga kiritgach, Qutbiddin Muhammadni Xorazm hokimligi mansabida qoldirib tasdiqlagan. Qutbiddin Muhammad sulton Sanjarga sadoqat bilan xizmat qilgan, har yili ikki marotaba shaxsan sulton saroyiga borib turgan, Sanjar olib borgan janglarda o‘z qo‘shini bilan qatnashib, xiroj, o‘lponlarni o‘z vaqtida to‘lab turgan.
Qutbiddin Muhammad olimu fuzalolarga homiylik qilgan adolatli hukmdor bo‘lgan. Jurjoniyning tabobatiga oid “Zahirayi xorazmshohiy” asari Qutbiddin Muhammadga bag‘ishlangan.

Otsiz ibn Qutbiddin Muhammad ibn Anushtegin
(1097-1156)
(1128-1256)

Anushteginiylar sulolasidan bo‘lgan Xorazm hukmdori. Otasi vafotidan so‘ng taxtga o‘tirgan, saljuqiylar sultoni Sanjarning vassali bo‘lgan. Lekin u Xorazmni mustaqil davlatga aylantirishga intilgan. Otsiz Sanjarning ruxsatisiz avvalo Jand va Mang‘ishloqni egallab va Turkistonning ichkari tumanlariga yurish qilish bilan o‘z hokimiyatini mustahkamlab olgan. Shundan so‘ng u o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan, Biroq 1138-yil Hazorasp yaqinida Sanjar qo‘shini tomonidan mag‘lubiyatga uchrab, mamlakatdan quvg‘in qilingan. Sanjar o‘zining jiyani Sulaymon bin Muhammadni xorazmshoh etib tayinlagan, lekin kelasi yili Otsizni Xorazm aholisi chaqirib olgan, shahzoda esa quvib yuborilgan. 1141-yil mayda Otsiz Sanjarga tobelik izhor etib, umrbod unga sadoqat bilan xizmat qilishga qasam ichgan, lekin bir necha oydan so‘ng Sanjar qoraxitoylardan yengilgach (1141-yil 9-sentabr), qasamini buzgan. Otsiz o‘sha yili kuzida kuchli qo‘shin bilan Xurosonga yurib Marvni egallab olgan; kelasi yil bahorida Nishopurni tobe etgan, biroq Sanjar tomonidan darhol quvib yuborilgan.
1143-44-yillarda Sanjar yana Xorazmga yurish qilgan, Otsiz kuchi ozligi tufayli unga tobelik izhor qilgan. Shundan so‘ng bir oz vaqt o‘tgach, Otsiz 3-marta isyon ko‘targan va Sanjarning elchisini (shoir Adib Sobir) Amudaryoga tashlab yuborishni amr qilgan.
1147-yil noyabrda Sanjar 3-marta Xorazmga yurish uyushtirgan, 2 oylik qamaldan so‘ng Hazorasp shahrini olgan va Gurganjga yaqinlashgan, 1148-yil iyunda sulton bilan shaxsan uchrashuv chog‘ida garchand o‘zini takabburona, gerdaygan holda tutgan bo‘lsa-da, Otsiz sultonga tobelik bildirgach, o‘z lavozimida qoldirilgan. 1153-yil Sanjar o‘g‘uzlar qo‘liga asir tushib qolgan. Otsiz bu safar sultonning sodiq xizmatkori va himoyachisi sifatida yana Xurosonga yurish qilishga shaylangan va o‘ziga Amul shahrini berishni talab qilgan, biroq rad javobini olgan. 1156-yil u Nisoga kelib asirlikdan qochgan Sanjarga o‘z sadoqatini bildirgan, lekin shu yilning 30-iyulida Habushon (hozirgi Kuchan)da 59 yoshida vafot etgan.
Otsiz Kaspiy dengizi sohillaridan to Sirdaryoning o‘rta oqimiga qadar bo‘lgan yerlarda, keyinchalik buyuk davlat sifatida shuhrat topgan Xorazmshohlar davlatining poydevorini barpo etgan edi.

Elarslon

(?-1172-yil 17-mart)
(1156-1172)

Anushteginiylar sulolasidan bo‘lgan Xorazmshohlar davlati hukmdori. Otsiz xorazmshohning o‘g‘li. Elarslon avval, saljuqiylar sultoni Sanjarga itoat etishini bildirib, noma va sovg‘a-salomlar yuborgan. Sulton Sanjar Elarslonni xorazmshoh deb e’tirof qilgan. Sulton Sanjar vafotidan so‘ng saljuqiylar taxti uchun kurash avj olgan. 1163-yil Elarslon saljuqiylar amirlari ichida eng kuchlisi Muayyid Oy-Aboga qarshi Nishopurga yurish qilgan, shaharni uzoq vaqt qamal qilib ololmagan, sulh tuzib Xorazmga qaytgan. Elarslon qo‘shinlari Dehistonni egallagan. 1166-yil Elarslon yana Nishopurga qarshi otlangan. Bistom yaqinidagi jangda birlashgan saljuqlar va Otabek Eldegiz qo‘shini bilan Elarslon qo‘shini o‘rtasida jang bo‘lib o‘tgan. Har ikki taraf biron natijaga erishmagan. Ammo xorazmshoh qo‘shinlarning bir qismini Bayhaq va Sabzavor shaharlariga jo‘natib, ularni egallagan (1167-yil may). Elarslon Nishopurni zabt etgan. 1167-yil Xorazm qo‘shinlari Raydan o‘tib, Sova shahriga yaqinlashgan, sulton Arslonshoh va Otabek Eldegiz o‘g‘li Jahon Pahlavon yetakchiligidagi saljuq qo‘shinlari bilan jangga kirib, g‘alaba qilgan. So‘ngra Eron Ozarbayjoniga bostirib kirib, Abxor, Zanjon va Qazvinni egallagan. Elarslon, shuningdek, Movarounnahr voqealariga ham aralasha boshlagan.
Qoraxitoylar vassali Samarqand hokimi Jaloliddin Ali Chag‘rixon 1158-yil qarluqlarni tor-mor keltirgan. Qarluqlar yetakchisi Lochinbek bir qism qo‘shini bilan Xorazmga qochib borib, Elarslondan yordam so‘ragan. 1158-yil iyulda Elarslon katta qo‘shin bilan Samarqandga yurish qilgan. Zarafshon daryosining bo‘ylaridagi janglarda xorazmshoh zafar quchgan. 1171-yil qoraxitoylar qo‘shini Amudaryodan o‘tib, Xorazm sarhadlariga kirib kelganda Elarslon to‘g‘onlarni ochib, poytaxt yaqinidagi yo‘llarni suvga bostirishga farmon bergan. Qoraxitoylar xorazmshoh qo‘shinlarini yengib, amir Ayyorbekni asir olib Samarqandga qaytganlar. Xorazmshoh poytaxti Gurganjga qaytgan va xastalikdan vafot etgan.

Sultonshoh Mahmud, Jaloliddin Mahmud Sultonshoh
(? – 1193-yil, 19-sentyabr)
(1172-1193)

Anushteginiylar sulolasidan bo‘lgan Xorazmshohlar davlati shahzodasi. Elarslon va Turkon xotunning kenja o‘g‘li. Sultonshohning akasi Takash Jand viloyatida voliy bo‘lib turgani uchun otasi o‘limi oldidan Sultonshohni valiahd etib tayinlagan. Ammo, davlat va harbiy ishlarga uning onasi Turkon xotun bosh bo‘lgan. Takash Sultonshohga bo‘ysunishdan bosh tortgan, u qoraxitoylar yordamida Gurganjga qo‘shin tortgan. Sultonshoh onasi bilan Nishopurga qochib borib, Muayyid ad-davla Oy-Abo huzuridan panoh topgan.
1172-yil 11-dekabrda Takash rasman Xorazm taxtiga o‘tirgan, biroq Sultonshoh bilan Takash o‘rtasidagi kurash yana 20 yil davom etgan. Sultonshoh Xurosondagi bir qancha viloyat, shaharlarni egallab, Marv shahrini o‘ziga qarorgoh qilgan. U Takashga qarshi kurashda goh qoraxitoylardan, goh quriylardan ko‘mak olib turgan.

Alouddin Muhammad Xorazmshoh
(taxm. 1152-1200-yil 3-iyul)
(1172-1200)

Xorazmshohlar davlatida hukmronlik qilgan anushteginiylar sulolasi vakili. To‘liq ismi Alouddin Takash ibn Elarslon ibn Otsiz ibn Anushtegin.
Takash otasi Elarslon vafoti arafasida Jand viloyati voliysi bo‘lib turgan. Shuning uchun Elarslon kenja o‘g‘li Sultonshohni valiahd qilib tayinlaydi va Sultonshoh taxtga o‘tirgan (1172-yil). Takash Sultonshohni tan olmasligini aytgach, Sultonshoh unga qarshi onasi maslahati bilan qo‘shin jo‘natgan. Takash esa qoraxitoylar malikasi Chen Tiyon (1164-1177-yillar)ga har yili o‘lpon to‘lab turishi haqida va’da berib, o‘gay ukasi Sultonshoh bilan kurashish uchun harbiy yordam so‘ragan va undan olgan qo‘shin bilan Gurganch (Ko‘hna Urganch)ga yurish qilgan. Sultonshoh va onasi Turkon xotun Xurosonga qochgan. Gurganchni qo‘lga kiritgach, Takash 1172-yil 11-dekabrda xalqning madadi bilan rasman Xorazm taxtiga o‘tirgan. Lekin, ukasi bilan Xorazm taxti uchun yana 20 yil kurash olib borishga majbur bo‘lgan.
Sultonshoh vafotidan so‘ng Xurosonning Toliqon — Marvirud — Hirot yo‘nalishidagi yerlar Takashga o‘tgan. U o‘g‘li Nosiruddin Malikshohni Marvga, boshqa o‘g‘li Qutbiddin Muhammad II ni Nishopurga voliy qilib tayinlagan. Shundan so‘ng Takash Sharqiy Eronga o‘z ta’sirini o‘tkazish bilan birga, G‘arbiy Eron ishlariga ham aralasha boshlagan. Takash Sultonshohga qarshi kurashayotgan vaqtida (1172-1193-yillar) g‘uriylar, saljuqiylar va abbosiy xalifalar, hatto ba’zan qoraxitoylar bilan ham yaxshi munosabatlarni saqlab ular bilan do‘stona maktublar yozishib turgan (bu maktublar mazmuni saqlanib qolgan).
1192-93-yillarda saljuqiylar sultoni To‘g‘rul III Takash bilan yaxshi munosabatni saqlash uchun uning o‘g‘li Yunusxonga o‘z qizini bergan va sulh shartnomasini tuzgan, bunga ko‘ra Ray xorazmshoh mulki deb tan olingan. Lekin, To‘g‘rul III shartnomani buzgan. To‘g‘rul III ga xalifa an-Nosir ham qarshi bo‘lib, u Takashga maktub yozib To‘g‘rul III ga qarshi kurashda yordam so‘ragan. Takash 1194-yil 4-martdagi jangda To‘g‘rul III qo‘shinlarini mag‘lubiyatga uchratib, unga qaram yerlarni o‘z tasarrufiga qo‘shib olgan, lekin, xalifaga o‘ljadan hech narsa tegmagan. Bu ular o‘rtasidagi munosabatlarning buzilishiga olib kelgan. To‘g‘rul III vafot etgach, Eron va Iroqi Ajam yerlari Xorazmga o‘tadi, saljuqiylar sulolasi barham topadi.
Takash o‘sha yildan e’tiboran “sulton” unvonini qo‘llay boshlaydi. U 1195-yilda Kirmonni o‘ziga bo‘ysundirgan. Umrining oxirgi yillarida ismoiliylar bilan muvaffaqiyatli kurash olib borgan. 1200-yil xalifa bilan munosabati yana yomonlashgan Takash Bag‘dodga yurish qilgan, lekin yarim yo‘lda Nishopur va Xorazm oralig‘idagi Shahriston shahrida vafot etgan. Takashning jasadi Gurganchga keltirilib o‘zi qurdirgan katta madrasa qoshidagi maqbaraga dafn qilingan.
O‘rta asr mualliflarining yozishicha, Takash adolatparvar, iqtidorli, buyuk diplomat va lashkarboshi bo‘lgan. Takash musiqani sevgan, udni juda yaxshi chalgan, hozirjavob bo‘lishi bilan birga siyosiy ahvolni to‘g‘ri baholab, harbiy kuchdan to‘g‘ri foydalana olgan. Takash qipchoq xoni Jonkishining qizi Turkon xotunga uylangan. Uning bilan birga kelgan qipchoqlar keyinchalik mamlakat tanazzuliga sabab bo‘lgan. Takash davrida Xorazmshohlar davlati kuchaygan. U o‘g‘li Qutbiddin Muhammadga markazlashgan mustahkam davlat va tashkiliy jihatdan qudratli qo‘shinni meros qoldirgan.

Muhammad II Alouddin, Alouddin Muhammad
(taxm. 1182-1220-yil dekabr)
(1200-1220)

Anushteginiylar sulolasidan bo‘lgan Xorazmshohlar davlati hukmdori. To‘liq ismi Qutbiddin Muhammad ibn Takash ibn Elarslon ibn Anushtegin. Otasi – Takash xorazmshoh, onasi Turkon xotun qipchoq xoni Jonkishining qizi. Muhammad 1193-yil dekabrda otasi tomonidan Nishopur shahriga voliy (hokim) qilib tayinlangan.
Muhammad davrida saltanat ham hududiy, ham kuch-qudrat jihatidan o‘zining yuksak cho‘qqisiga yetgan. Muhammad davrida Xorazmshohlar davlati shimolda Orol, g‘arbda Kaspiy dengizigacha, janubda Iroq va G‘aznagacha, sharqda Yettisuvgacha kengaygan. U mamlakatni kengaytirish siyosatini olib boradi. Dastavval u Hirot va uning atroflari hamda Xurosonning Xorazm davlati tasarrufiga kiritilmagan viloyatlarini zabt qilishga kirishadi. Ayniqsa, u qoraxoniylarga zarba berib, Movarounnahrni ular qo‘lidan tortib olishga harakat qiladi.
1218-yil Chingizxon Muhammad huzuriga shaxsiy vakili Uhuna boshliq 500 tuyadan ortiq elchi va savdogarlar karvoni O‘trorga kirib keldi. O‘tror hokimi Inolchiq karvonni ushlab, elchilarni qatl ettirgan. Muhammadning davlatini yaxshi o‘rgangan Chingizxon Xorazmga qaram xalqlarning noroziligidan, lashkarboshilar orasidagi nizolardan, Muhammadning onasi Turkon xotun qarindoshlari orasidan chiqqan amaldorlardan foydalanishi hamda Muhammadning mo‘g‘ullar hujumi xabarini amalga oshirgan noto‘g‘ri tadbirlari (har bir shahar o‘z-o‘zini himoya qilishi; raiyatdan 1 yil uchun 3 barobar xiroj yig‘ishi) sababli muvaffaqiyatga erishdi.
Chingizxon Xorazmga yurish qilib O‘tror (1219), Buxoro va Samarqand (1220)ni bosib oldi. Muhammad Movarounnahrni tashlab Xuroson tarafga qochdi. Chingizxonning 20 minglik qo‘shinining tinimsiz ta`qib qilishi Muhammadga o‘z kuchlarini qayta to‘plab, nafasini rostlashga imkon bermadi.
Kaspiy dengizining Ashur oroliga borib qolgan Muhammad qattiq betob bo‘lib qoldi va umrining oxirida oldingi qarorini o‘zgartirib, o‘g‘li Qutbiddin O‘zloqshohning o‘rniga Jaloliddin Manguberdini valiahd deb e`lon qildi. O‘sha orolda vafot etdi va shu yerda dafn etildi. Keyinchalik Jaloliddinning farmoyishiga ko‘ra, Muhammadning jasadi Isfaxondagi xorazmshohlarning xotirasiga qurilgan maqbaraga ko‘mish uchun Ardahn qal`asiga keltirilgan.

Jaloliddin ibn Alovuddin Muhammad
(1198-1231)
(1220-1231)

Xorazmshohlar davlatining so‘nggi hukmdori, mohir sarkarda. Anushteginiylardan. Xorazmshohlardan Muhammadning katta o‘g‘li. Onasi – Oychechak turkman kanizaklaridan bo‘lgan. Jaloliddin burnida holi (mank) bo‘lgani uchun Mankburni nomi bilan atalgan. Keyinchalik bu nom talaffuzda o‘zgarib “Manguberdi” nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan. Jaloliddin voyaga yetgach, otasi uni G‘azna, Bomiyon, G‘ur, Bust, Takinobod, Zamindovar va Hindiston hududlarigacha bo‘lgan yerlarda hokim va taxt vorisi etib tayinlangan (1215). Biroq Turkon xotun va qipchoq amirlarining qat`iy noroziligi sababli Qutbiddin O‘zloqshoh foydasiga vorislikdan mahrum etilgan. Jaloliddin otasining harbiy yurishlarida ishtirok etib, o‘zining jasur jangchi, iqtidorli sarkardalik qobiliyatlarini namoyish etgan (qadimgi Irg‘is daryosi bo‘yidagi jang).
Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shinlari Movarounnahrga bostirib kirib birin-ketin shaharlarni egallab, Samarqandga yaqinlashganlarida xorazmshoh Muhammad Kaspiy dengizi bo‘yida joylashgan Obeskun shahri yaqinidagi Ashur ada orolidan panoh topgan. Og‘ir bemor bo‘lgan Muhammad o‘g‘illarini yoniga chorlab, so‘nggi damda Jaloliddinni o‘z o‘rniga xorazmshoh etib tayinlagan. Jaloliddin Manguberdi ukalari Oqshoh va Qutbiddin O‘zloqshohlar bilan birga Urganch mudofaasiga oshiqadi. Lekin Urganchdagi qipchoq amirlari Turkon xotunning akasi Xumorteginni sulton deb e`lon qilib, Jaloliddin Manguberdiga qarshi suiqasd uyushtirmoqchi bo‘ldilar. Bundan xabar topgan Jaloliddin Manguberdi Temur Malik boshchiligidagi 300 kishilik suvoriylar bilan o‘z vatani – Xorazmni tashlab Xurosonga ketishga majbur bo‘ladi. Niso shahri yaqinida uni 700 nafar mo‘g‘ul suvoriysi kutardi. Jaloliddin Manguberdi shiddatli jangdan so‘ng ularni tor-mor keltirib, Nishopurga keldi. Bu yerdan u barcha viloyat hokimlariga qarshi birlashishga da`vat etdi, bir oydan so‘ng G‘azni tomon yurdi. Yo‘lda unga Hirot voliysi, qaynotasi Aminalmulk 10 ming kishilik qo‘shin bilan kelib qo‘shildi. Qandahorni qamal qilib turgan mo‘g‘ul qo‘shinlari bilan 3 kunlik jangda Jaloliddin Manguberdu ularni tor-mor keltirgan. U G‘aznaga 1221-yil keldi. Bu yerda unga xalaj qabilasi boshlig‘i Sayfuddin Ig‘roq, Balx voliysi A`zam malik, afg‘onlar sardori Muzaffar malik, qarluqlar boshlig‘i Hasan Qarluq kelib qo‘shildilar. Ularning har biri ixtiyorida 30 minglik qo‘shin bor edi. Jaloliddin Manguberdining o‘zidagi kuchlar esa 60 ming suvoriy edi. Jaloliddin Manguberdi Valiyon qal`asini qamal qilayotgan Takajuk va Malg‘ur boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shiniga hujum qilib, 3 kunlik jangdan so‘ng ular tor-mor keltirgan, 1000 dan ortiq mo‘g‘ul askari o‘ldirilgan, omon qolgan qismi Panjshir daryosidan o‘tib, ko‘priki buzib tashlashgan. Bu Jaloliddin Manguberdining mo‘g‘ullar ustidan qozongan dastlabki yirik g‘alabasi edi.
Chingizxon Jaloliddin Manguberdiga qarshi Shiki Xutuxu no‘yonni 45 minglik qo‘shin bilan jo‘natadi. G‘azna yaqinidagi Parvon jangida Jaloliddin Manguberdi mo‘g‘ullar ustidan ajoyib g‘alabani qo‘lga kiritadi. Jangda harbiy taktika tarixida birinchi bo‘lib, Jaloliddin dushman suvoriylariga qarshi ot yonida turib piyoda jang qilish uslubini qo‘llaydi. Mo‘g‘ullarning Ushbu jangdagi mag‘lubiyati to shu vaqtgacha jiddiy zarbaga uchramagan Chingizxonning asosiy kuchini urushga solishi va harbiy harakat rahbarligini o‘z qo‘liga olishga majbur etadi. Biroq jangdan so‘ng Jaloliddin Manguberdining lashkarboshilari o‘lja ustida o‘zaro janjallashib qolib, oqibatda Sayfuddin Ig‘roq, A`zam malik va Muzaffar maliklar Jaloliddin Manguberdini tark etganlar. Jaloliddin Manguberdining yonida faqat Aminalmulk o‘z lashkari bilan qolgan, xolos.
Chingizxon katta qo‘shin to‘plab Jaloliddin Manguberdiga qarshi shaxsan o‘zi otlangan. G‘ardiz qal`asi yaqinida Jaloliddin Manguberdi Chingizxon qo‘shinining ilg‘orini tor-mor keltiradi va kuchi ozligi sababli Sind (Hind) daryosi tomon chekinadi. Chingizxon qo‘shini Jaloliddin Manguberdini daryodan o‘tishiga imkon bermay qurshab oladi. 1221-yil 25-noyabrda bo‘lgan tengsiz jangda (Sind daryosi bo‘yidagi jang) mag‘lubiyatga uchragan Jaloliddin Manguberdi 4000 jangchisi bilan Sindning o‘ng sohiliga suzib o‘tib, cho‘l ichkarisiga kirib ketdi (Bu cho‘l hozirda ham cho‘li Jaloliy deb ataladi). Chingizxon Jaloliddin Manguberdining bu jasoratidan hayratda qolib, o‘z o‘g‘illariga qarab: “Ota o‘g‘il mana shunday bo‘lishi lozim!”, degan. Endilikda Chingizxon O‘ziga teng raqibga duch kelganini yaxshigina tushunib, Jaloliddinning katta kuch to‘plashiga xalaqit berish uchun barcha choralarni ko‘radi.
Oradan bir necha kun o‘tgach, Jaloliddin Manguberdi qo‘shini soni 7 mingga yetdi. Unga Ko‘lbars bahodir, Kabkuh va Sa`diddin Ali ash-Sharabdor kabi lashkarboshilar o‘z kishilari bilan kelib qo‘shildi. Jaloliddin Manguberdi Shimoliy Hindistonning notanish cho‘lida och, juldur kiyimli jangchilari bilan sargardonlikda qoldi. Uning bu holidan foydalanmoqchi bo‘lgan Shatra viloyati rana (shoh) si Jaloliddin Manguberdiga hujum qilgan. Jaloliddin Manguberdining merganlik bilan otgan kamon o‘qidan rana halok bo‘ladi, qo‘shini esa parokanda bo‘lib qochadi. Jaloliddin Manguberdi katta o‘ljani qo‘lga kiritadi. Bu g‘alabadan so‘ng Sind, Uchcha, Mo‘lton, Lohur va Peshavor hokimi Nosiriddin Qubacha (1205-1227)ning Nandana va Sakundagi noibi Qamariddin Karmoniy Jaloliddin Manguberdiga o‘zini xayrixohligini izhor etib, sovg‘a-salomlar jo‘natgan. G‘iyosiddin Pirshohdan ajralib ketgan amirlardan Sanjoqonhon, Elchi pahlavon, O‘rxon, Soyircha, Tekjoruq Xonkishilar o‘z lashkarlari bilan kelib Jaloliddin Manguberdiga qo‘shildilar. Jaloliddin Manguberdi Kalor shahri, Parosravar, Tarnuj qal`alarini qo‘lga kiritdi. Mulklarining katta qismidan ajralgan Qubacha 10 ming otliq qo‘shini hamda mamluklar sulolasidan bo‘lgan Dehli sultoni Shamsuddin Eltutmishdan olgan qo‘shimcha kuch bilan Jaloliddin Manguberdiga qarshi jang qilgan, biroq mag‘lubiyatga uchragan, uning xazinasi, qurol-yarog‘lari o‘lja tushgan.
1222-yil Chingizxon Jaloliddin Manguberdi izidan To‘rbay To‘qshin va Bola no‘yonni 20 minglik qo‘shin bilan jo‘natadi. Lekin ular Mo‘ltonga qadar borib, shaharni ololmay, jazirama issiqqa dosh berolmay qaytishadi. Jaloliddin Manguberdi o‘ziga qarshi mo‘g‘ul qo‘shinlari jo‘natilgani xabarini Parosravar qal`asini olgandan so‘ng eshitgan. Jaloliddin Manguberdi Mo‘lton tomon yo‘l olib Qubacha mulklaridan Uchcha, Sadusan, Xatisor, Deval va Damrillarni qamal qiladi, qo‘shini uchun tuyalar zarurligi tufayli Gujarot viloyati markazi Nahrvalga Xosxon boshchiligida qo‘shin jo‘natadi. Shamsuddin Eltutmish Jaloliddin Manguberdi ustiga katta qo‘shin (30 ming otliq, 100 ming piyoda, 300 ta fil) tortadi. Jaloliddin Manguberdi mardonavorlik bilan raqibiga qarshi chiqadi. Jaloliddin Manguberdining O‘zbek Toy Jahon Pahlavon qo‘mondonligi ostidagi ilg‘ori Eltutmish ilg‘ori bilan to‘qnashib raqibidan ustin keladi. Eltutmish Jaloliddin Manguberdi huzuriga elchisini yuborib sulh so‘raydi. Jaloliddin Manguberdi Hindistonda o‘z nomidan kumush va mis tangalar zarb qiladi, unga tobe hind mulklarida uning nomi xutbaga qo‘shib o‘qilgan. Biroq vaziyat borgan sari murakkablashib bormoqda edi. Eltutmish, Qubacha, shuningdek, Hindistonning boshqa viloyat hokimlari o‘zaro til biriktirib Jaloliddin Manguberdiga qarshi ittifoq tuzmoqchi ekanliklari ayon bo‘lib qoldi. Jaloliddin Manguberdining lashkarboshisi Yazidak pahlavon va Sunqurjiq Toysilar xiyonat qilib Eltutmish tomoniga o‘tganlar. Qiyin vaziyatdan qutulish uchun Jaloliddin Manguberdi harbiy kengash chaqirgan. Amirlarning ko‘pchiligi Iroq tomon yurish qilib, uni G‘iyosiddin Pirshohdan tortib olishni taklif qiladi. Iroqda siyosiy parokandalik hukm surardi. Iroq tomon ketishga qaror qilinadi. Jaloliddin Manguberdi o‘zining Hindistonda zabt etgan mulklariga O‘zbek Toy Jahon Pahlavoni, G‘ur va G‘azni viloyatlariga Hasan Qarluqni noib sifatida qoldirib, Iroqqa yo‘l olgan. Cho‘lu biyobonlarni kesib o‘tishda Jaloliddin Manguberdining ko‘p jangchilari nobud bo‘lgan, nihoyat u 4 ming jangchisi bilan Kirmonga yetib kelgan. G‘iyosiddin Pirshohning Kirmondagi noibi Baroq hojib Jaloliddin Manguberdiga tobelik izhor qiladi. Shundan so‘ng Jaloliddin Manguberdi Fors viloyati markazi Sherozga kelgan. Fors hokimi otabek Sa`d ibn Zangiy va Yazd hokimi otabek Alouddavla ibn To‘g‘onshoh unga tobelik bildirishadi. Jaloliddin Manguberdi Isfahonga kelganda aholi uni katta tantana bilan kutib oladi, qo‘shini qurol-aslaha bilan ta`minlanadi. Bu hol G‘iyosiddin Pirshohga yoqmaydi, u akasiga qarshi 30 ming otliq qo‘shin bilan yo‘lga chiqadi. Biroq Jaloliddin Manguberdi unga sovg‘a-salomlar bilan miroxur Odekni elchi sifatida jo‘natgan va o‘zaro nizoni tinchlik bilan hal etgan. Qo‘shin boshliqlari Jaloliddin Manguberdi tomoniga o‘tgan. 1225-yil Jaloliddin Manguberdi Ozarbayjonga yurish qiladi. So‘ng Bag‘dodga qarshi yurishga hozirlik ko‘radi. Xalifa Nosirgacha elchi jo‘natib, mo‘g‘ullarga qarshi birlashishga chaqiradi. Bunga javoban Xalifa Jaloliddin Manguberdiga qarshi o‘zining mamluki amir Jamoliddin Qushtemir boshliq 20 minglik qo‘shin jo‘natdi. Basra yaqinidagi jangda Xalifa qo‘shinlari tor-mor keltirildi. Xalifa Bag‘dod mudofaasi bilan mashg‘ul bo‘ladi. Jaloliddin Manguberdi Bag‘dod atrofida 12 kun turgach, Ozarbayjon tomon ketadi. Ozarbayjon va Arron otabegi O‘zbek ichkilik, maishatga berilib davlat ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygan edi, davlatni amalda uning xotini Malika xotun boshqarardi. 1225-yil mayda Jaloliddin Manguberdi Marog‘a shahrini jangsiz qo‘lga kiritadi. Damashq, Erbil hokimlari u bilan ittifoq tuzishga rozi bo‘ladilar. Otabek O‘zbek Tabrizni tashlab Ganjaga, so‘ng Alinjo qal`asiga qochib o‘sha yerda vafot etadi. Jaloliddin Manguberdi Malika xotunga uylanadi. Tabrizda bir necha kun turgandan so‘ng o‘z qo‘shinini Gruziya tomon boshlaydi. 1225-yil avgustda Garni qal`asi yaqinida gurjilarning Ivane Mxargdzeli boshliq 60 minglik qo‘shinini tor-mor keltiradi va Tiflisga qarab yuradi. Gruziya malikasi Rusudana Kutaisiga ko‘chib o‘tgan. Jaloliddin Manguberdi Dvin, Lori shaharlarini egallaydi, Surmari shahri hokimlari o‘z tobeliklarini bildirishgan. 1227-yil sentabrda Isfahondan 30 chaqirim sharqdagi Sin qishlog‘i yaqinida Jaloliddin Manguberdi mo‘g‘ullarning Taynol no‘yon boshliq qo‘shinini yenggan.
Taynol no‘yon Jaloliddin Manguberdi haqida: “Zamonasining haqiqiy bahodiri ekan, o‘z tengqurlarining sarvari ekan”, degan. Jaloliddin Manguberdining Ko‘niya sultoni Alouddin Kayqubod, Jazira hokimi al-Malik al-Ashrof Muzafariddin Muso, Damashq hokimi al-Malik al-Muazzam Sharafiddin Is va Misr hokimi al-Malik al-Komil Muhammadga nomalar yozib, ularni mo‘g‘ullarga qarshi kurashish yo‘lida birlashtirish yo‘lidagi xatti-harakatlari behuda ketdi. Ustiga ustak Alouddin Qayqubod muxolif kuchlarni Jaloliddin Manguberdiga qarshi birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
1230-yil 10-avgustda Arzinjon yaqinidagi jangda Jaloliddin Manguberdi kuchlari mag‘lubiyatga uchradi. Jaloliddin Manguberdining kuchsizlanganidan foydalangan mo‘g‘ullar katta qo‘shin bilan Ozarbayjonga bostirib kirib Marog‘a, Tabrizni egallab (1231) Jaloliddin Manguberdi ta`qib etishgan. Mayofariqin viloyatidagi qishloqlardan birida mo‘g‘ullar tungi hujum natijasida Jaloliddin Manguberdining oz sonli qo‘shinini tor-mor keltirdilar, Jaloliddin Manguberdini o‘zi esa ta`qibdan qutulib Qurdiston tog‘lariga chiqib ketgan. Bu yerda qaroqchi kurdlar qo‘liga asir tushib, fojiali ravishda halok bo‘lgan.
Jaloliddin Manguberdi haqida uning shaxsiy kotibi, tarixchi Nasaviy shunday yozadi: “Jaloliddin qorachadan kelgan, o‘rta bo‘yli, turk lafzli odam edi. Fors tilini ham yaxshi bilardi. Uning botirligiga kelganda shuni aytish kerakki, sulton arslonlar orasidagi eng kuchli sher edi. Bir so‘zli, kek saqlamaydigan, ochiq ko‘ngil, to‘g‘ri odam edi. U jiddiy shaxs edi. Hech qachon kulmasdi. Juda nari borsa jilmayib qo‘yardi. U adolatsizliklarni yomon ko‘rardi. Jaloliddin o‘ta qat`iyatli, nihoyatda irodali, murakkab vaziyatlarda, taqdirning qaltis sinovlarida o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydigan favqulodda mard va botir sarkarda edi. O‘zbekiston hukumati Jaloliddin Manguberdining mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashda ko‘rsatgan mislsiz jasorati, vatanga va o‘z xalqiga sadoqat va cheksiz muhabbatini qadrlash va uning porloq ruhini abadiylashtirish maqsadida “Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini nishonlash haqida” qaror qabul qildi (1998). Qarorga ko‘ra, uning yurti Xorazmda Jaloliddin Manguberdiga haykal o‘rnatildi, yirik ko‘cha, maydon, jamoa korxonalari va boshqalarga uning nomi qo‘yildi. Jaloliddin Manguberdining harbiy yurishlarida hamroh bo‘lgan tarixchi Nasaviy Jaloliddin Manguberdiga bag‘ishlab “Siyrat as-sulton Jaloliddin Manguberdi” (“Sulton Jaloliddin Manguberdining holati”) nomli asar, Maqsud Shayhzoda esa “Jaloliddin” (1943-yil) dramasini yozgan. Jaloliddin Manguberdi haqida video film, doston, p`esa va boshqalar yaratilgan. 2000-yilning 30-avgustida “Jaloliddin Manguberdi” ordeni ta’sis etilgan.

Amir Temur

Amir Temur, Temur, Temurbek (toʻliq ismi Amir Temur ibn Amir Taragʻoy ibn Amir Barqul) (1336-yil, 9-aprel, Kesh (hoz. Shahrisabz) sh. yaqinidagi Xoja Ilgʻor qishlogʻi (hoz. Yakkabogʻ tumani) — 1405-yil, 18-fevral, Oʻtror sh., Samarqandda dafn etilgan) — oʻrta asrning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi.

Amir Temurning ota-onasi

Amir Temurning onasi Takina xotun buxorolik. Otasi amir Taragʻoy esa barlos urugʻining oqsoqollaridan hamda Chigʻatoy ulusinish eʼtiborli beklaridan hisoblangan. Uning ajdodlari Kesh viloyatida hokimlik qilishgan. Shu bois Amir Temurning otasi amir Taragʻoy ham yilda bir marotaba Ili daryosi boʻyida xon tomonidan chaqiriladigan el-yurt beklarining qurultoyiga taklif etilar va u bunday yigʻinlarda muttasil qatnashar edi. Shu bilan birga u, Sharafuddin Ali Yazdiyning taʼkidlashiga koʻra, «ulamo va sulaho va muttaqiylargʻa mushfiq va mehribon erdi va bularning majlisiga borur erdi…». Taragʻoybek piri Shamsuddin Kulolni ayniqsa chuqur ehtirom qilgan. Keyinchalik shayx Kulol Amir Temurning ham piri boʻlgan. Taragʻoybek 1360 y.da vafot etgan.

Amir Temurning yoshligi

Amir Temurning yoshligi Keshda kechdi. Yetti yoshga toʻlgach, otasi uni oʻqishga berdi. Amir Temur yoshlik chogʻlaridanoq maxsus murabbiylar nazorati ostida chavandozlik, ovchilik, kamondan nishonga oʻq uzish, boshqa turli mashq va harbiy oʻyinlar bilan mashgʻul boʻlgan. Shu asnoda Amir Temur tulporlarni saralab ajrata oladigan mohir chavandoz va dovyurak bahodir boʻlib voyaga yetgan. Amir Temur tabiatan ogʻir, bosiq, teran fikrli va idrokli hamda nihoyatda ziyrak, kishilardagi qobiliyat, fazilat, ayniqsa, samimiyatni tezda fahmlab oladigan inson boʻlgan. Shu tufayli oʻspirinlik chogʻlaridayoq atrofiga tengqurlari orasidan sadoqatli doʻstlarni jalb qila olgan. Uning atrofiga bolalikdagi doʻstlari va maktabdoshlari (Abbos bahodur, Jahonshohbek, Qimori inoq, Sulaymonshohbek, Idiku Temur, Sayfuddinbek, Hindushoh, Qarqara va b.) toʻplanishib, birgalikda mashq qilar, musobaqalarda ishtirok etishar, astasekin navkar boʻlishib va harbiy guruhga birlashib, harbiy boʻlinma sifatida shakllana borgan. Keyinchalik ular Amir Temur qoʻshinida lashkarboshilik darajasigacha koʻtarilganlar.

Amir Temurning koʻtarilishi

Chigʻatoy xonligining xaritasi

Siyosiy faoliyatining boshlanishi

Amir Temur oʻzining ilk harbiy faoliyatini qoʻl ostidagi navkarlari bilan ayrim viloyat amirlariga xizmat qilishdan boshlagan; ularning oʻzaro kurashlarida qatnashib, jasorat koʻrsatgan, janglarda chiniqqan, harbiy mahoratini oshirgan. Dongʻi butun Kashkadaryo vohasiga yoyilgan. Amir Temurning aqlu zakovati, shijoati va shuhrati uni Movarounnahrning nufuzli amirlaridan amir Xizr Yasovuriy va amir Qazagʻon bilan yaqinlashtirdi. Xondamirning yozishicha, otasi amir Taragʻoy Amir Temurni avval (1355) amir Joku barlosning qizi Nurmushk ogʻoga, soʻngra oʻsha yili (1355) Qazagʻonning nabirasi va amir Husaynning singlisi Oʻljoy Turkon ogoga uylantiradi. Keyingi nikoh tufayli Amir Temur bilan Balx hokimi amir Husayn oʻrtasida ittifoq yuzaga kelib, ular birgalikda moʻgʻullarga qarshi kurashadilar. Amir Temurning Movarounnahrni birlashtirish yoʻlidagi harakati 14-a.ning 60-y.lari boshlaridan boshlandi. 14-a. ning 50-y.lari oxirida Movarounnahrda amirlarning oʻzaro kurashi kuchayib, amir Qazagʻon oʻddirildi. Mamlakatda siyosiy parokandalik avjiga chiqib, ogʻir tanglik sodir boʻldi. Xondamirning «Habib ussiyar» kitobida keltirilgan maʼlumotlarga qaraganda, ulus oʻnga yaqin mustaqil bekliklarga boʻlinib ketgan. Samarqand viloyatida amir Bayon sulduz, Keshda amir Hoji barlos, Xoʻjandda amir Boyazid jaloir, Balxda Uljoy Bugʻa sulduz, Shibirgʻonda Muhammad I Xoja Aperdi nayman, Koʻhistonda Badaxshon shohi amir Sotilmish, Xuttalonda Kayxusrav, Hisori Shodmon hududida amir Husayn va amir Xizr Yasovuriylar oʻzlarini hokimi mutlaq deb eʼlon qiladilar.

Bu davrda Chigʻatoy ulusining sharqiy qismi — Yettisuv va Sharqiy Turkistonda hukmronlik qilayotgan moʻgʻul xonlari Movarounnahrdagi ogʻir siyosiy vaziyatdan foydalanib, bu yerda oʻz hokimiyatini oʻrnatishga harakat kiladilar. Jeta xonlaridan Tugʻluq Temur va uning vorisi Ilyosxoja 1360 — 61 va 1365 y. larda Movarounnahrga bir necha bor bostirib kiradilar. Moʻgʻul xonlarining boskinchilik yurishlari va zulmiga karshi xalq harakati boshlanadi. Biroq, Movarounnahr amirlari xalqqa bosh boʻlib, moʻgʻul bosqinchilariga qarshi kurashga jurʼat eta olmaydilar. Ularning bir qismi dushman tarafiga oʻtadi, ikkinchi qismi esa el-yurtni tark etib, oʻzga mamlakatlardan boshpana izlaydilar. Amir Temurning amakisi, Kesh viloyatining hukmdori amir Hoji barlos Xurosonga qochadi. Mana shunday ogʻir pallada siyosat maydoniga Amir Temur kiradi. Moʻgʻullarga qarshi turish uchun kuchlar nisbati teng emasligini hisobga olgan 24 yoshli Amir Temur 1360 y.ning boshida Tugʻluq Temur tomonidan Keshga yuborilgan beklar bilan kelishadi. Sharoit taqozosi bilan xon xizmatiga oʻtib, uning yorligʻi bilan oʻz viloyatining dorugʻasn etib tayin qilinadi. Shubhasiz, bu noilojliqdan qoʻyilgan siyosiy hamda strategik qadam boʻlib, bu bilan Amir Temur moʻgʻullarning navbatdagi talontarojining oddini olgan, mamlakat va xalqni falokatdan qutqargan edi. Biroq, Movarounnaxrning hukmdori etib tayin qilingan Ilyosxoja va uning lashkarboshisi amir Bekkichik bilan Amir Temurning murosasi kelishmay qoladi. Shu sababdan 1361 y.ning oxirida u mamlakatni tark etishga majbur boʻladi.

Xivaning jan.da, Urganjiy dashtida Amir Temur [[Tugʻluq Temur]ning yana bir raqibi — qaynogʻasi amir Husayn bilan uchrashadi. Amir Temur moʻgʻullar bilan kurashish maqsadida u bilan birlashib, ikkovlon kuch toʻplashga kirishadi. Dastlab ular Tugʻluq Temurxonning farmoniga binoan Amir Temurni taʼqib qilishga kirishgan Xiva dorugʻasi Toʻqol (Tavakkal) bilan jang qiladilar. Soʻngra 1362 y.ning kuzida Seistonda viloyat hukmdori Malik Qutbiddinning tarafida turib mekroniylar bilan boʻlgan toʻqnashuvda Amir Temur oʻng kifti va oʻng oyogʻidan jarohatlandi.

Amir Temur va amir Husayn keyingi ikki yil davomida Ilyosxoja boshliq Jeta lashkari bilan bir necha marta jang qiladilar. Nihoyat, 1364 y. oxirida ular moʻgʻul qoʻshinlarini Movarounnahr hududidan quvib chiqarishga muvaffaq boʻladilar.

Biroq, Movarounnahrni qoʻldan chiqarishni istamagan Ilyosxoja 1365 y. ning bahorida yana Turkiston ustiga qoʻshin tortadi. Toshkent bilan Chinoz oraligʻida ikki oʻrtada sodir boʻlgan jang tarixda «Loy jangi» nomi bilan shuhrat topadi. Jangda amir Husaynning xiyonati oqibatida magʻlubiyatga uchraydilar va oʻz qoʻshinlari bilan Amudaryo boʻylariga chekinib, Balx viloyatida oʻrnashdilar. Ilyosxoja esa hech qanday qarshilikka uchramay Xoʻjand, Jizzax va b. bir qancha shahar hamda qishloklarni egallab, Samarqand ustiga yuradi. Samarqand oʻsha paytlarda katta qoʻshinga qarshilik koʻrsata olmasdi. Shaharning na devori va na mustahkam istehkomlari, na qurollangan sipohiysi bor edi. Bek va amirlar shaharni tark etgan edi, lekin moʻgʻullarga qarshi xalq koʻta-riddi, sarbadorlar shahar mudofaasini oʻz qoʻllariga oddilar. Shahar mudofaachilariga Madrasa tolibi ilmlaridan Mavlonozoda Samarqandiy, jun (paxta) tituvchilar mahallasining oqsoqoli Abu Bakr Kuluyi (Kalaviy) Naddof va mergan mavlono Xurdaki Buxoriylar boshchilik qiladilar. Sarbadorlar Samarqand sh.da moʻgʻullarga qaqshatqich zarba beradilar. Ilyosxoja dastlab Samarqandni, soʻngra butun Movarounnahrni tashlab chiqib ketishga majbur boʻladi. Sarbadorlarning moʻgʻullar ustidan qozongan gʻalabasi haqidagi xabar amir Husayn bilan Amir Temurga ham borib yetgan. Amir Temur qishni Qarshida, Husayn esa Amudaryo boʻyida oʻtkazib, 1366 y. bahorida Samarqandga yoʻl oldilar. Ular Konigita toʻxtab sarbadorlarning dushman ustidan qozongan gʻalabalaridan mamnun boʻlganliklarini va ular bilan uchrashmoqchi ekanliklarini bildiradilar. Biroq, sarbadorlarning boshliqlari amirlar huzuriga kelganlarida amir Husayn buyrugʻi bilan Abu Bakr Kuluyi (Kalaviy) Naddof bilan mavlono Xurdak Buxoriylar dorga tortiladi. Mavlonozodani esa Amir Temur. oʻz himoyasiga olib kutqarib qoladi. Shu tariqa sarbadorlar boshliqsiz qoldirilib, Movarounnahrda amir Husaynning hukmronligi oʻrnatiladi, ammo koʻp vaqt oʻtmay Husayn bilan Amir Temur oʻrtasidagi munosabat keskinlashib, ochiqdan-ochiq nizoga aylanadi. Amir Temurning nufuzi ortib borayotganligidan xavfsiragan amir Husayn Balxga qaytib, uning qalʼa devorlari va istehkomlarini mustahkamlashga kirishadi. Balx, Qunduz va Badaxshondan koʻp sonli lashkar ham toʻplaydi. Kesh va Qarshi viloyatlariga bosh boʻlgan Amir Temur ham amir Husaynga qarshi hal qiluvchi jangga hozirlik koʻradi. 1366 — 70 y.lar oʻrtasida bir necha bor toʻqnashuvlar boʻlib oʻtadi.

«Buyuk amir» sifatida saylanishi

14-asrning 60-yillarida Movarounnahrda hukm surgan nihoyatda ogʻir siyosiy va iqtisodiy vaziyat mamlakatni birlashtirib, kuchli bir davlat tashkil etishni taqozo qilmoqda edi. Amir Husayndan koʻra Amir Temur zamonining bunday talabini yaxshiroq tushunardi. Shuning uchun ham oʻz faoliyatining dastlabki bosqichida barcha harakatni Movarounnaxrda markazlashgan davlat tuzishga qaratadi. Bunday maqsadni amalga oshirishda u ruhoniylar, harbiylar, savdogarlar va shahar hunarmandlari tabaqalariga suyanadi. Amir Temur tarqoq mamlakatni birlashtirishga kirishar ekan, kurashni avvalo ichki gʻanimlaridan boshlaydi. 1370 y. bahorida Amir Temur amir Husaynga qarshi yoʻlga chiqadi. Qoʻshin Termiz yaqinidagi Biyo qishlogʻiga yetganda makkalik shariflardan Sayyid Baraka Amir Temur faoliyatini qoʻllab-quvvatlab, unga oliy hokimiyat ramzi katta nogʻora — tabl bilan yalov — bayroq tortiq qiladi. Shubhasiz bu voqea katta siyosiy ahamiyatga ega edi. Chunki u saltanatlik ramzi edi. Amir Temur buni yaxshi tushunardi. Shuning uchun ham Balxga yetmasdan Oʻrpuz mavzeida u amir va noʻyonlari bilan kengash oʻtkazadi. Koʻpchilikning xohish va ixtiyori bilan, oʻsha davr qonun-qoidalariga koʻra, chingiziylar avlodidan boʻlgan Suyurgʻatmish oʻgʻlon Movarounnahr podsholigi taxtiga oʻtqazildi. Amir Temur qoʻshini to Balxga yetib borgunicha, unga yoʻl-yoʻlakay yangi-yangi kuchlar kelib qoʻshildi. Shu asnoda amir Husaynni koʻpchilik amirlari tark etdilar. Jangda amir Husayn qoʻshinlari yengildi, ikki kunlik qamaldan soʻng , 1370 y.ning 10 apr.da Balx sh. Amir Temurga taslim boʻldi. Amir Husayn asir olinib, qatl etildi. Bu gʻalabadan soʻng Amir Temur Movarounnahrning chingiziylardan boʻlgan hukmdori Qozonxonning qizi Saroymulk xonimni oʻz nikohiga oladi. Xon qiziga uylanganligi munosabati bilan Amir Temur «koʻragon», yaʼni «xonning kuyovi» unvonini oldi.

1370 yilning 11 aprelida Chigʻatoy ulusining barcha beklari, amirlari, viloyat va tumanlarning dorugʻalari hamda Termizning sayyidlari (xudovandzodalari), shuningdek Amir Temurning yoshlikdan birga boʻlgan quroldosh doʻstlari va piri Sayyid Barakaning ishtirokida oʻtkazilgan qurultoyda anʼanaga koʻra chingiziylardan Suyurgʻatmishxon mamlakat hukmdori deb eʼlon qilingan boʻlsada, amalda markaziy hokimiyatni Amir Temur oʻzi boshqardi, viloyatlardagi hokimiyatni oʻgʻillari, nabiralari va yaqin amirlari orqali idora qildi. Samarqand Amir Temur davlatining poytaxtiga aylantirilib, oʻsha yilning yozida shahar devori va qalʼasi tiklandi, saroy va qasrlar bino qilindi.

Temur davlati va unga qaram yerlarning mustahkamlanishi

Mamlakatning siyosiy va iqtisodiy mavqeini mustahkamlab, koʻpdan davom etib kelayotgan ichki tarqoqlikka barham berish, tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish maqsadida Amir Temur (1370 y. iyunida) Samarqandda katta qurultoy chaqirdi. Unda markaziy davlat tizimini shakllantirish va qoʻshin tuzish masalalari muhokama etildi.

El-yurtni boshqarishda harbiy kuchning ahamiyatini yaxshi tushungan Amir Temur qoʻshinning tuzilishiga katta ahamiyat berdi. U «amir» va «amir ul-umaro» kabi yuqori darajali harbiy unvonlar joriy qildi. Qoʻshinni harbiy jihatdan isloh qilar ekan, u ayniqsa lashkarboshilarni tanlash va ularni tarbiyalash, harbiy qismlar va ularning joylashish tartibi, navkar va sarbozlarning qurollanishi hamda intizom masalalariga nihoyatda eʼtibor beradi

Amir Temur hokimiyat tepasiga kelgach, dastlabki vaqtlardayoq mamlakatda roʻy bergan ogʻir iqtisodiy tanglikni bartaraf qilish uchun eng avvalo soliq tizimini tartibga soddi. Davlat soliqlarini yigʻishda aminlar, kalontarlar va soliq yigʻuvchilarni raʼiyatga nisbatan insof va adolatli boʻlishga, qonunga xilof ish tutmaslikka chaqirdi, chunki saltanatning barqarorligi koʻp jihatdan raʼiyatning hol-ahvoli, uning davlat va davlat boshligʻiga boʻlgan sadoqatiga bogʻliq. Raʼiyatni himoya qilish qonun bilan mustahkamlangan, qonun barchaga barobar boʻlgan. Amir Temur nafaqat oʻz xalqini, balki zabt etilgan mamlakatlarning aholisini ham imkoni boricha qonun himoyasiga olgan. Ularni asirlik va talon-tarojlardan saqlagan.

Temuriylar harbiy sanʼati

Temuriylar harbiy sanʼati — jahon gʻarbiy sanʼagi rivojiga Amir Temur va uning avlodlari, xususan, Bobur qoʻshgan salmoqli hissa. Bu mutaxassislar, sarkardalar tomonidan gʻakli ravishda eʼtirof etilgan. Buyuk lashkarboshi va novator harbiy tashkilotchi hisoblanmish Sohibqiron intizomli armiya tuzishga, jang paytida qushin qismlarini oqilona boshqarishga, jang taqdirini hal qiladigan joylarga gʻarbiy kuchlarni tezkorlik bilan yoʻllashga, mavjud toʻsiq va gʻovlarni tadbirkorlik bilan bartaraf etishga, qoʻshindagi jangovar ruhni yuksak darajada ushlab turishga erishgan. Amir Temur va temuriylar armiyasi chorvadorlar qatori kosibchilik, hunar mandchilik, dehqonchilik bilan mashgʻul oʻtroq aholidan ham askar toʻplagan. Qoʻshinda harbiy kuchlarning asosini tashkil qilgan oshliq askarlar bilan bir qatorda piyodalar ham xizmat qilgan. Sohibqiron Sharqda birinchilardan boʻlib armiyaga oʻt sochar qurol — toʻp(raʼd)ni olib kirgan. Temuriylar davrida bu qurolning boshqa turlari (zarbzan, farangi, qozon va h.k.) keng yoyildi. Togʻli hududlarda jang harakatlari olib boruvchi maxsus harbiy qism va boʻlinmalar tashkil qilingan. Amir Temur jahon harbiy ish tarixida 1boʻlib qoʻshinni jang maydonida anʼanaviy 5 boʻlakdan farqli ravishda 7 qoʻlga boʻlib joylashtirish tartibini joriy etgan. Bu yangilik keyinchalik Toʻxtamish, Shayboniyxon singari sarkardalar tomonidan oʻzlashtirilgan. Ibn Arabshohning guvoxlik berishicha, Sohibqiron qoʻshinida ayollardan iborat boʻlinmalar boʻlib, ular erkaklar bilan bir safda turgan, qahramonlik va matonat namunalarini koʻrsatgan.

Temuriylar armiyasi son jihatdan aniq tashkil etilgan, uning jangovar tartibi takomillashib borgan, uz vaqtining ilgʻor qurol va texnikasi bilan taʼminlangan, qismlar bir-biridan kiyimbosh, bayroq va tugʻlari bilan farqlangan. Bunday farklanish jangda qoʻshinni boshqarishda qoʻl kelgan. Dushman mudofaasini turli usullar bilan barbod etish, raqibning yirik shaharlariga qoʻqqisdan zarba berish, qalʼa, qoʻrgʻon va hisorlarning uzoq muddat muhosara qilish, yov kuchlarini iloji boricha keng koʻlamda qurshab olib, qishloq, shahar, tuman, viloyatlarni birinketin zabt etish, dushmanni batamom yakson etgungacha taʼqib qilish, taslim boʻlgan mamlakatlarni boshqarishga ishonchli kishilarni tayinlash singari amaliyotlar Amir Temur va temuriylarga koʻplab zafarlar olib kelgan. Taktika jihatdan Amir Temur armiyasi oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlgan. Razvedka aʼlo darajada yoʻlga qoʻyilgan, qismlarning janggohda yoki jangovar safda talab darajasida harakat qilishi uchun zarur tadbir va choralar ishlab chiqilgan, ularni jang paytida tezkorlik bilan boshqarishga alohida diqqat qaratilgan. Oʻnlik, yuzlik, minglik va tuman qoʻmondonlarini tanlash masalasiga oliy bosh qoʻmondon masʼul hisoblangan. Sohibqironning harbiy sanʼat rivojiga qoʻshgan ulkan xizmatlaridan yana biri — jang vaqtida qoʻshin qanotlarini dushman hujumidan muhofaza qilish va, oʻz navbatida, gʻanim kuchlarini yon tomondan aylanib oʻtib, unga ortdan zarba berish maqsadida tuzilgan otliq qism — qunbulning joriy etilishi boʻlgan. Bunday yangi harbiy qism Aleksandr, Gannibal, Chingizxon, Lyudovik XIV, Buyuk Fridrix kabi atoqli sarkardalar qoʻshinida boʻlmagan. Shayboniyxon armiyasida bunday kiyem mavjud edi va u toʻlyuma atamasi bilan nomlangan. Qoʻshin toʻplash haqida maxsus buyruq (tunqol) elon qilingach, hukmdor tomonidan tuzilgan roʻyxatga binoan jangchilar otulovi, qurolyarogʻi, oziq-ovqati, yemxashagi bilan toʻplanish yeriga yetib kelgan. Har bir askarga bitta yoy, 30 ta oʻq, bir sadoq, bitta qalqon, bitta qoʻshimcha ot, yarim man ogʻirligida arqon, bir dona pishik, teri xalta va bitga qozon ajratilgan. Har 10 jangchi bir chodir, 2 belkurak, bir kerki, bitta oʻroq, bir arra, bir tesha, bitta bolta va 100 dona nina olib yurishi shart hisoblangan. Sara jangchilarning har 5 tasi bitta chodirga joylashgan. Oʻnbegining alohida chodiri va 5 ta qoʻshimcha oti boʻlgan. Yuzbegiga ham alohida chodir va 10 ta qoʻshimcha ot berilgan. Mingbegi chodirdan tashqari soyabon bilan ham taʼminlangan. Sohibqiron armiyasining turli boʻlinma va qismlariga 313 bek boshchilik qilgan. Ulardan dastlabki 100 tasi oʻnbegilik, ikkinchi 100 tasi yuzbegilik, uchinchi 100 tasi mingbegilik lavozimlarini egallagan. Diviziya — tumanlarga Amir Temurning farzandlari, nabiralari va nomdor lashkarboshilar rahbarlik qilgan. Yetarli miqdorda qoʻshin toʻplangach, u koʻrikdan oʻtkazilgan. Temuriylar davrida yurish yoki jangdan oldin lashkarni koʻrikdan oʻtkazib, uning jangovar ruhi va holatini aniklash izchillikka aylangan. Qushinning jangovar holatini nazardan oʻtkazish imtihon qilish usuli sifatida eʼtirof etilgan ovgarta (ov uyushtirish)dan unumli foydalanilgan.

Temuriylar harbiy yurishlarga koʻproq kuklam, yoz va kuz mavsumlarida otlanishni maʼqul bilganlar. Safar qoidasiga koʻra, har bir sarkarda oʻz darajasi va lavozimiga qarab qism va boʻlinmalari bilan yasol — jangovar tartibda harakat qilgan. Yasolni buzgan shaxs qattiq jazolangan. Qoʻshin janggohga tushganda lashkargoh atrofi aravalar bilan toʻsilgan, xandaqdar bilan ihota qilingan, soqchi boʻlinmalar tomonidan qoʻriklab turilgan. Yurish yoki jang paytida boshboshdoqlik, parokandalikni oldini olish maqsadida har bir boʻlinma, guruh, kismning oʻz paroli — oʻron belgilangan. Armiya safar chogʻida quyidagi jangovar tartibda harakat qilgan: Bosh kuchlardan ancha oldinda qaravul (avanpost), undan keyin mangʻlay (hiravul)(avangard), barangʻar, juvangʻar, qoʻl(markaz), chagʻdavul (aryergard) yurgan. Qoʻshin ketidan oʻgʻruq (oboz) peshmapesh kelgan. Oliy bosh qoʻmondon jang maydonini tanlashga alohida diqqat qaratgan. Janggohning tekis, keng va qoʻshin qismlarini joylashtirishga qulay boʻlishi talab qilingan. Jang maydonining suvga yaqin boʻlishi hamda jang vaktida kuyosh nurining askarlar koʻziga tushmasligi maqsadga molik hisoblangan. Yirik muhorabalar paytida dastasi uchiga yarim oy shakli qadalgan jangovar bayroq va tugʻlar bilan bezatilgan oliy qoʻmondon borgohi balandlikka oʻrnatilgan. U yerdan jangning borishi kuzatilib turilgan.

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Amir Temurning 12 ming kishilik qoʻshini jangga mana bunday tartibda kirgan. Dushman bilan dastlabki toʻqnashuvni aygʻoqchilik bilan mashgʻul boʻlgan qaravul boshlab bergan. Shundan soʻng oʻng va chap qanot ilgʻor qismlari — barangʻar xiravuli va juvangʻar hiravuli madadida asosiy ilgʻor qism — mangʻlay jangga kirgan. Mangʻlay ortidan barangʻar hamda juvangʻarning qolgan 2 boʻlagi — chapavul va shagʻavul ketma-ket harakatga kelgan. Ushbu kuchlar dushmanni Magʻly6 etishga kifoya qilmasa, bosh qoʻmondon (amir ulumaro) boshchiligidagi markaz (qoʻl)(gʻoʻl) hal qiluvchi hujumga tashlangan: vdravul, qaravul, manglay (xuravul).

Sohibkiron armiyasi qatnashgan ulkan janglarning taktik borish manzarasi quyidagicha boʻlgan: qoʻshin markazi 40 boʻluk — polkka taqsimlangan va Oliy bosh qoʻmondonga itoat qilgan. Ushbu boʻluklarning sara jangchilardan tashkil topgan 12 boʻluki safning 1qatorida, qolgan 28 boʻluki 2 va 3qatorlarda joylashgan. Qirq boʻlukning oʻng tarafi oldida amirzodalar qismlari, soʻl tarafi oldida qarindoshlar va itshfoqchilar qismlari saf tortgan. 2qatorning barangʻarida 6 boʻluk oʻz ilgʻori — hiravul bilan oʻrin egallagan. Ayni shu miqsordagi boʻluk va hiravulga juvangʻar ham ega boʻlgan.

2-qator barangʻari va juvangʻari oldida yuqoridagi tartibda 1qator qismlari joylashgan. Uning oldida bosh ilgʻor — mangʻlay (yoki hiravuli buzurg) harakatda boʻlgan. Yengil suvoriylardan iborat 2 boʻluk armiyani qoʻqqisdan boʻladigan hamladan muhofaza qilish, dushman kuchlari harakatini kuzatish bilan band boʻlgan.

Bobur qoʻshini dastlab anʼanaviy 5 qismdan tashkil etilgan holda harakat qilgan. Keyinchalik bu jangovar tartibga jiddiy f oʻzgartirishlar kiritilgan, markaz (gʻoʻl) kuchaytiril3 gan. Markaz oʻng qoʻl baraigʻyar chapavul va soʻl qoʻlga taqsimlangan hamda oʻng yon va soʻl yondan iborat xossa tobin oldida qator vazifasida harakat qilgan. Xossa tobin oʻng va soʻldan tarkib top gan, 3qator vazifasini oʻtagan shaxsiy gvardiya boʻy oldidan joy olgan. Saralangan askarlardan tuzilgan xossa tobin markaz (gʻoʻl)dan kuchsizroq, boʻydan esa kuchliroq hisoblangan.

Temuriylarga koʻplab zafarlar keltirgan bu harbiy tartib keyingi davrlarda Shayboniylar, Ashtarxoniylar va Oʻrta Osiyo xonliklari (Buxoro, Xiva, Koʻqon) davrida ancha oʻzgarishlarga luch kelgan.

Oq Oʻrda bilan jang

Temurning Oltin Oʻrdaga qarshi 1391 yildagi yurishi

Amir Temur Movarounnahrni moʻgʻullar hukmronligidan ozod etib, bu qad. mamlakatda mustaqil davlat barpo etgan boʻlsada, hali mamlakatda barqaror tinchlik oʻrnatilgan emas edi. Bir tomondan ayrim viloyat hokimlari Amir Temur hakimiyatini tan olishdan bosh tortib turgan boʻlsalar, ikkinchi tomondan mamlakatning sharqiy va shim. hududlari notinch edi. Moʻgʻuliston bilan Oq Oʻrda hukmdorlari Fargʻona vodiysining sharqi, Oʻtror, Yassi (Turkiston) va Sayram sh.lariga xavf solib, bu hududlarga tez-tez hujum qilar va aholini talontaroj qilardi. Shuning uchun ham Amir Temur dastlabki yillarda mamlakat sarhadlari xavfsizligini taʼminlashga katta ahamiyat berdi. Isyonchi amirlarga qarshi shafqatsiz kurash olib bordi. 1370 y. kuzi va 1371 y. bahorida amir Zinda Chashmga zarba berib, Shibirgʻon viloyati boʻisundirildi. Balx va Toshkent viloyatlari ham Amir Temur hokimiyatini tan oldilar. Ammo Xorazm Oq Oʻrda hukmdorlariga suyanib, hanuz boʻysunishdan bosh tortib kelardi. Xorazmni Amir Temur Chigʻatoy ulusining ajralmas qismi deb hisoblab, uni oʻz davlatiga koʻshib olish siyosatini tutdi. Ammo bu masala elchilar vositasida tinch yoʻl bilan hal etilmagach, Amir Temur Xorazm hududiga besh marotaba yurish qildi. Birinchi yurishi 1371 y. yoz (iyul)ida Kot sh.ni egallash bilan yakunlandi. Amir Temurning 1373 y. bahori va 1375 y. yozida Xorazm tomonga qilgan ikki yurishi natijasiz tugadi. Bu asnoda Oltin Oʻrda xoni

Temurning Oltin Oʻrdaga qarshi 1395 yildagi yurishi2

Toʻxtamish bilan ittifoq tuzib olgan Xorazm hukmdori Yusuf soʻfi, uning yordamida Amir Temur davlati hududlariga bir necha bor yurish qilib, Qorakoʻl viloyati va Buxoro tumanlarini talon-taroj etdi. Bunday vaziyat shubhasiz, 1379 y.da Amir Temurni toʻrtinchi marotaba Xorazmga qoʻshin tortishga majbur etdi. Lekin, bu yurish ham avvalgilari kabi sulh tuzish bilan tugadi. Biroq shunga qaramay, Yusuf soʻfi ilgari Xorazmning Chigʻatoy ulusiga tegishli boʻlgan jan.-sharqiy (Kot va Xiva sh.lari birga) qismini yana qaytadan bosib oldi. Amir Temur davlatiga nisbatan Yusuf soʻfining tutgan bunday tajovuzkorona siyosati Xorazm ustiga Amir Temurning beshinchi marta yurish qilishiga sabab boʻldi. 1388 y.da Xorazmning poytaxti vayron etilib, uning hududlari Amir Temur davlatiga boʻysundirildi.

Mogʻulistonga yurishi

Mogʻulistonga yurishi

Bu orada Amir Temur Moʻgʻuliston hokimi Qamariddin bilan ham toʻqnashib qoldi, chunki bu davrda uning Movarounnahrga boʻlgan talonchilik xurujlari kuchayib ketgandi. 1370 — 71 y.larda u Toshkent va Andijon ustiga bir necha bor bosqin qilib, talab qaytgandi. 1376 y.da esa Qamariddin hatto Fargʻona vodiysining talaygina qismini bosib oldi. Amir Temur mamlakatning shim.-sharqiy hududlariga nisbatan boʻlayotgan muttasil taxdidni bartaraf qilish uchun Qamariddinga jiddiy zarba berishga kirishadi. Yigirma yil (1371 — 90) mobaynida Sohibqiron Moʻgʻulistonga yetti marta yurish qilib, moʻgʻul hukmdorlari Anqotoʻra va Kamariddin ustidan gʻalaba qozondi. Shu zaylda Amir Temur Movarounnahr va Xorazmda ichki tarqoqlik, oʻzaro nizolar, shuningdek Moʻgʻuliston tomonidan boʻlib turgan tazyiqqa chek qoʻyib, ushbu hududda yashovchi elu elat va xalqlarni yagona davlatga birlashtirdi. Bu shubhasiz, Movarounnahr aholisi taqdirida ijobiy ahamiyat kasb etdi.

Eron va Kavkazga yurishi

Ammo, Amir Temur bu bilan qanoatlanmadi. Tez orada u qoʻshni davlatlar va xalqlar ustiga yurish qilib, ularni oʻziga boʻysundirish va markazlashgan buyuk saltanat barpo etishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi. Bu davrda Oltin Oʻrda, Xuroson va Erondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat uning uchun juda qoʻl keldi. Amir Temur harbiy yurishni Xurosondan boshladi. 1381 y. u Hirotni egalladi. Saraxs, Jom va Qavsiya sh.lari jangsiz taslim boʻldi. Xuroson, xususan uning poytaxti Hirot strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega boʻlib, Eron, Iroq, Shom va b. mamlakatlarga oʻtishda koʻprik vazifasini oʻtardi. 1381 — 84 y.lar davomida Amir Temur Eronning katta qismini egalladi. Avval (1381) Kalot, Turshiz va Sabzavor, keyin (1383) Seistonning Zireh, Zova, Farah va Bust qalʼalari, 1384 y.da esa Astrobod viloyati va Ozarbayjonning Omul, Sori, Sultoniya va Tabriz sh.lari boʻysundirildi.

Temurning uch yirik yurishlari

Amir Temur Eron, Ozarbayjon, Iroq va Shom (Suriya) ustiga uch marta lashkar tortdi. Bu yurishlar tarixda «uch yillik», «besh yillik» va «etti yillik» urushlar nomi bilan mashhur. Uch yillik (1386 — 88) harbiy yurishlar oqibatida Jan. Ozarbayjon, Iroqning shim. qismi, Gurjiston va Van koʻli atrofidagi yerlar egallandi.

Uch yillik yurish

Amir Temur shu bilan birga shim.-gʻarbdan, yaʼni Oltin Oʻrda tomonidan boʻlayotgan tazyiqqa barham berish maqsadida Toʻxtamishga qarshi uch marta qoʻshin tortishga majbur boʻldi. U 1389 y. da Dizaq (Jizzax)ning Achchiq mavzeida, 1391 y.ning 18 iyunida (hoz. Samara bilan Chistopol sh.lari oraligʻida joylashgan Qunduzcha (Kondurcha) daryosi vodiysida (q. Qunduzcha jangi) va nihoyat, 1395 y.da (28 fev.) Shim. Kavkazda Terek daryosi boʻiida Toʻxtamish qoʻshiniga kakshatqich zarba beradi (q. Terek daryosi boʻyidagi jang). Amir Temur harbiy yurishlari oqibatida Quyi Idil (Volga) viloyatlari, Saroy Berka, Saroychik va Hojitarxon (Astraxon) kabi shaharlar gʻorat qilindi. Amir Temur Toʻxtamishni quvib Ryazan viloyatigacha bordi va Yelets sh.ni ishgʻol qildi. Sharafuddin Ali Yazdiy Amir Temurning Moskva yurishini shunday taʼriflaydi: «Sohibqiron Maskavga sorikim, Rusning shaharlaridan erdi, tavajjuq qildi. Anda yetkonda nusratshiʼor cheriki ul viloyatni (shahar va atrofini) chobtilar va andagʻi hokimlarni tobeʼ qildi. Va cherikning eliklariga sonsiz mol tushti…» («Zafarnoma», 179-bet). Bu urushda Azaq (Azov), Kuban va Cherkas yerlari ham kuchli aziyat chekdi. Qizigʻi shundaki, Amir Temur Idilning Turotur kechuvi boʻyida Oʻrusxonning oʻgʻli Quyrichoq oʻgʻlonni chaqirtirib, unga qoʻlga kiritilgan sobiq Joʻchi ulusini inʼom etdi. Rossiya tarixchilari B. D. Grekov va A. Yu. Yakubovskiyparnmnt yozishlaricha, Amir Temurning Toʻxtamish ustidan qozongan gʻalabasi, faqat Markaziy Osiyo uchun emas, balki butun Sharqiy Yevropa, shuningdek tarqoq Rus knyazliklarining birlashishi uchun ham buyuk ahamiyat kasb etgan.

Besh yillik yurish

Shundan soʻng Amir Temur butun eʼtiborini Eron, Iroq, Suriya, Kichik Osiyo va Hindiston yerlarini uzil-kesil zabt etishga qaratdi. U besh yillik (1392 — 96) urush davomida Gʻarbiy Eron, Iroqi Ajam va Kavkazni egalladi, natijada muzaffariylar va jaloiriylar sulolasining hukmronligi barham topdi.

Hindistonga yurishi

Hindistonga yurishi Amir Temurning Hindiston ustiga qilgan urushi (1398 y. may — 1399 y. mart) qariyb oʻn bir oy davom etdi. Amir Temur Hindistondan katta oʻlja, shu jumladan 120 jangovar fil bilan qaytdi. Oʻljalarning bir qismi qoʻshinga taqsimlab berildi, qolgani Samarqand va Kesh sh.larida olib borilayotgan qurilishlarga sarflandi.

 

Yetti yillik yurish

Temur Misrning mamluk sultoni Sulton Nasiraddin Farajga magʻlubiyat keltiradi.  Amir Temurning 1399 — 1404    y.larda olib borgan harbiy  yurishlari  natijasida Shomning  Halab (Aleppo),  Xums, Baalbek (Baʼalbak), Dimishq  (Damashq) kabi yirik shaharlari va  Iroqi Arabning Ubuliston oʻlkasi  (qad. Kappadokiya) bilan Bagʻdod,  shuningdek Turkiyaning katta qismi  zabt etiladi. Anqara jangida Amir  Temur jahonning bukj  sarkardalaridan biri Boyazid Yildirim  ustidan gʻalaba qozondi. Turkiya  sultoni asirga olindi. U bilan birga xotini serb malikasi Olivera, oʻgʻillari Muso va Iso Chalabiylar ham asirga tushdilar. Soʻng , Amir Temur Anadolu ya. o.ni egallab, Oʻrta dengizning sharqiy sohilida joylashgan Izmir sh.ni zabt etdi va salibchilarning Yaqin Sharqdagi oxirgi qarorgohiga barham berdi. Soʻngra, Egey dengizida joylashgan Xios va Lesbos o.laridagi Genuya mulklarining hukmdorlari unga taslim boʻldilar, Misr ham oʻz itoatkorligini izhor etdi. Amir Temur Anqara, Nikeya, Bursa va Izmir sh.larini egallab, Vizantiya va butun nasoro olamining Boyazidga yigʻib bergan bojlaridan iborat katta boylikni qoʻlga kiritdi.

Birgina Bursa sh.dan olingan oltin va javohirlarning oʻzi kattagina karvonga yuk boʻlgan. Bandi qilingan Boyazid oʻrdugohga olib Temurning Usmonli imperiyasiga yurishikelingach, Amir Temur unga hurmat va ehtirom koʻrsatdi. Uning vafotidan soʻng (1403 y. 9 mart) esa vorislariga himmat koʻzi bilan boqib, ularga beqiyos muruvvatlar qildi. Chunonchi Boyazidning toʻngʻich oʻgʻli Sulaymon Chalabiyni turklarning Yevropadagi viloyatlariga hokim etib tayinladi. Edirne (Adrianopol) sh. uning poytaxti qilib belgilandi. Anadoluning shim.-gʻarbiy qismi suyurgʻol sifatida Iso Chalabiyga inʼom qilinib, Bursa sh. uning poytaxtiga aylantirildi. Usmonli turklar davlatining markaziy qismini boshqarishni Muso Chalabiyga topshirdi.

Xitoyga yurishining boshlanishi

Amir Temur Kichik Osiyodan Samarqandga qaytgach, 1404 y. 27 noyab.da 200 ming qoʻshin bilan Samarqanddan Xitoy safariga chiqdi. Biroq Xitoy ustiga yurish Amir Temurning Oʻtrorda vafoti (1405 y. 18 fev.) tufayli amalga oshmay kolli. Amir Temurning vafoti haqidagi xabar garchi avvalda sir tutilsada, ammo koʻp vaqt oʻtmay bu noxush xabar mamlakat boʻylab tarqalib ketadi. Amir Temurning jasadi Samarqandga olib kelinib dafn qilinadi

Amir Temurning Samarqanddagi maqbarasi

Amir Temur siymosiga tarix va madaniyat nuqtai-nazaridan qarashlar

Amir Temur — buyuk davlat asoschisi. U Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizga qadar, Sirdaryo va Orol dengizidan Fors qoʻltigʻiga qadar gʻoyat katta hududni qamrab olgan markazlashgan ulkan saltanatga asos soldi. Bundan tashqari Amir Temur davlatiga Kichik Osiyo, Suriya, Misr va shim.-gʻarbda Quyi Volga, Don buylari; shim.-sharqda Balxash koʻli va Ili daryosigacha; jan.-sharqda esa Shim. Hindistongacha bulgan mamlakatlar buysundirildi. Amir Temur. davlatni aql-zakovot va huquqiy asos bilan idora etgan. Uning «… davlat ishlarining toʻqqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim», degan.

Shaharsozlik va meʼmorlik

Sohibqironning bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlari beqiyosdir. Tarix bu qoʻhna dunyoda oʻtgan koʻp jahongirlarni biladi. Ularning aksariyati faqat buzgan. Amir Temurning ulardan farqi shundaki, u umr buyi bunyodkorlik bilan mashgʻul bulgan. Uning «Qay bir joydan bir gisht olsam, oʻrniga un gʻisht qoʻydirdim, bir daraxt kestirsam, oʻrniga unta kuchat ektirdim» degan soʻzlari buning yorqin isbotidir. Amir Temurga har bir zafarli voqea va sevinchli hodisani muhtasham meʼmorlik obidasi barpo etish bilan nishonlash odat boʻlgan. Shu maqsadda Hindiston, Sheroz, Isfahon va Damashqning mashhur ustahunarmandlari mamlakatda hashamdor imoratu inshootlar bino qilganlar. Amir Temur zabt etgan mamlakatlarning bir qator shaharlari (Bagʻdod, Darband, Baylaqon)ni qayta tikladi. Amir Temur Tabrizda masjid, Sherozda saroy, Bagʻdodda Madrasa, Turkistonda mashhur shayx Ahmad Yassaviy qabri ustiga maqbara qurdirgan boʻlsada, lekin asosiy eʼtiborini ona shahri Kesh va poytaxti Samarqandga qaratdi. Keshda otasining qabri ustiga maqbara, oʻgʻli Jahongirga maqbara bilan masjid qurdirdi. Amir Temur hukmronligining ilk davrida Kesh sh.ni poytaxtga aylantirish niyatida boʻlib, uning obodonchiligiga katta ahamiyat berdi, bu yerda mashhur Oqsaroy qad koʻtardi. Amir Temur Keshni Movarounnahrning madaniy markaziga aylantirishga harakat qildi. Shu boisdan bu shahar «Qubbat ul-ilm val-adab» unvoniga ega boʻldi. Saltanat poytaxti Samarqand Amir Temur davrida ayniqsa gullab yashnadi. Shaharda Isfahon, Sheroz, Halab, Xorazm, Buxoro, Qarshi va Kesh sh.larining meʼmoru binokorlari qoʻli bilan saroylar, masjidlar, madrasalar, maqbaralar quriladi. Shahar tashqarisida esa bogʻ-rogʻlar va boʻstonlar barpo etiladi. Xususan Shohizinda meʼmoriy majmuasiga mansub Shodimulk ogʻo maqbarasi, Shirinbeka ogʻo maqbarasi va b. quriladi. Shaharda Bibixonim jome masjidi, Amir Temurning qarorgohi Koʻksaroy va Boʻstonsaroylar qad koʻtaradi. Umuman olganda Samarqand sh. Amir Temur davrida oʻzining qad. oʻrni Afrosiyobyaan birmuncha jan.roqda butunlay yangitdan qurildi. Shahar tevaragi mustahkam qalʼa devori bilan oʻralib, Ohanin, Shayxzoda, Chorsu, Korizgoh, Soʻzangaron va Feruza kabi nomlar bilan ataluvchi 6 ta darvoza oʻrnatildi. Movarounnahrning dehqonchilik vohalarida, xususan Zarafshon vodiysida oʻnlab sugʻorish tarmoqlari chiqarilib, dehqonchilik maydonlari kengaytirildi. Yangi qishloqlar barpo etildi. Ibn Arabshohning yozishicha, Amir Temur Samarqand atrofida qad koʻtargan bir qancha yangi qishloqlarni Sharqning mashhur shaharlari Dimishq (Damashq), Misr, Bagʻdod, Sultoniya va Sheroz nomlari bilan atadi. Amir Temurning fikricha, Samarqand kattaligi, goʻzalligi hamda tevarak-atrofining obod etilganligi jihatidan dunyodagi eng yirik shaharlardan ham ustunroq turmogʻi lozim edi.

Fan va rassomlikning rivojlantirilishi

Hofizi Abroʻning yozishicha, Amir Temur turk, arab va eronliklar tarixini chuqur bilgan. U davlat ahamiyatiga ega boʻlgan har bir masalani hal etishda, shu sohaning bilimdonlari va ulamolari bilan maslahatlashardi. Odatda u tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, tarix, adabiyot, tilshunoslik ilmi namoyandalari, shuningdek ilohiyot va din sohasidagi mashhur ulamolar bilan suhbatlar oʻtkazardi. Amir Temur saroyida ulamolardan mavlono Abdujabbor Xorazmiy, mavlono Shamsuddin Munshi, mavlono Abdullo Lison, mavlono Bahruddin Ahmad, mavlono Nuʼmonuddin Xorazmiy, Xoʻja Afzal, mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiy va b. xizmat qilardi. Alisher Navoiyga Amir Temurning ilm va maʼnaviyat aqliga koʻrsatgan gʻamxoʻrligi juda yoqar edi. Bu haqda Navoiy shunday degandi: «Agar Temur qayerda fan, madaniyat va sanʼat ahlini uchratsa, ularni oʻz homiyligiga olar, ularga izzat-ikrom koʻrsatar, ularning tarbiyasiga ahamiyat berar hamda bu zotlardan oʻz oliy majlisida nadim (maslahatchi) sifatida va b. lavozimlarda foydalanardi». Amir Temur davrida savdo va hunarmandchilik gʻoyatda rivojlanadi. Yangi bozorlar, savdo rastalari barpo qilinadi. Klavixo Samarqand bozorlarida bugʻdoy va guruchning moʻlligi va arzonligi haqida gapirib, shahar hunarmandchiligi mahsulotlarini — atlas, kimxob, har xil ip va jun toʻqima mollar, moʻynali va ipakli poʻstinliklar, attorlik mollari, ziravor va dorivorlar, zarhal va lojuvardlar hamda boshqa mollarning serobligini ham taʼkidlaydilar. Bu davrda Amir Temur va uning joy Sulton Mahmudxon asir olingan noiblari Xitoy va Hindistondan Oʻrta Osiyo orqali Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga yoʻnalgan asosiy xalqaro savdo yoʻli — «Buyuk ipak yoʻli»ni nazorat qilib, savdo karvonlari qatnovi xavfsizligini taʼminlashda, rabotlar, qalʼalar, koʻpriklar qurish yoʻlida muhim chora-tadbirlar koʻrdilar va Sharq bilan Gʻarb oʻrtasida savdo-sotiq va elchilik aloqalarini har tomonlama rivojlantirishga gʻoyat katta eʼtibor berdilar. Amir Temur eng muhimi, Eron, Ozarbayjon va Iroqdagi mayda hukmdorlar oʻrtasidagi tarqoklik va boshboshdoqlikka barham berib, bu bilan nafaqat Movarounnahr, balki Uzoq va Yaqin Sharq mamlakatlarining iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga, xalqgar va mamlakatlarni bir-biri bilan yaqinlashtirishga ulkan hissa qoʻshdi. Amir Temur Yevropaning Fransiya, Angliya va Kastiliya kabi yirik kirolliklari bilan bevosita savdo va diplomatik aloqalar oʻrnatdi.

Amir Temurning harbiy yurishlari, jangu jadallarining oqibatlariga baho berilar ekan, shuni alohida taʼkidlash kerakki, uning faoliyati qoʻyilgan maqsad va rejalari jihatidan ikki bosqichga boʻlinadi. Birinchi bosqich (1360 — 86)da Amir Temur Movarounnahrda markazlashgan davlat tuzish yoʻlida kurashdi, Movarounnahrni birlashtirishdan manfaatdor boʻlgan mahalliy zodagonlardan iborat ijtimoiy kuchlar (mulkdor dehqonlar, harbiylar, hunarmandlar, savdogarlar va ruhoniylar) yordamida tarqoq mulklarni birlashtirish uchun kurash olib bordi. Amir Temurning bu davrdagi faoliyati Oʻrta Osiyo xalqlarining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti taraqqiyoti yoʻlida shubhasiz ulkan ijobiy ahamiyat kasb etadi. Mamlakatda tarqoqpik tugatilib, markazlashgan davlatning tashkil topishi ijobiy oqibatlarga olib keldi. Mamlakat i.ch. kuchlarini va moʻgʻullarning bir yarim asrlik hukmronligi natijasida boʻhronga uchragan iqgisodni tiklash uchun qulayroq sharoit vujudga keldi. Ayni vaqnda xoʻjalikning asosi boʻlgan dehqonchilikda muayyan siljishlar roʻy berdi. Yangi-yangi ariq (kanal)lar qazilib, dehqonchilik maydonlari kengaydi. Hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo rivojlandi, fan va madaniyat ravnaq topib, shaharlar obodlashdi va gavjumlashdi. Amir Temur biror mamlakatni tasarrufiga olishdan avval albatta oʻsha joy aholisiga tinchlik yoʻlini taklif etgan, bu yoʻl inkor etilgan holdagina harbiy kuch ishlatgan.

Amir Temur hayotligi chogʻidayoq saltanatni asosan toʻrt qism (ulus)ga boʻlib, oʻgʻil, nabiralariga taqsimlab bergan: Xuroson, Jurjon, Mozandaron va Seyiston (markazi Hirot) Shohruxga, Gʻarbiy Eron, Ozarbayjon, Iroq va Armaniston (markazi Tabriz) Mironshohga, Fors, yaʼni Eronning jan. qismi (markazi Sheroz) Umarshayxga, Afgʻoniston va Shim. Hindiston (markazi Gʻazna, keyinchalik Balx) Pirmuhammadga suyurgʻol qilib berilgan. Amir Temur davlati oʻziga xos tartib-qoidalarga asoslangan holda idora etilgan. Amir Temur asos solgan bu davlat Xuroson va Movarounnahrda 16-a. boshigacha mavjud boʻlib, Shayboniyxon tomonidan tugatilgan.

Shoʻrolar tuzumi davrida Amir Temur. shaxsi va faoliyatiga Shahrisabzdagi Temur oʻgʻillari Jahongir va Umarshayxning maqbaras adolatsizlik bilan yondoshilib, bir  yoqlama baho berilib kelindi.  Oʻzbekiston mustaqillikka  erishganidan soʻng bunday  qarashlarga barham berildi. Amir  Temurning jahon tarixida tutgan  oʻrni oʻz joyiga qoʻyila boshlandi.  Oʻzbekistonda uning faoliyatini  oʻrganishga va uni  ommalashtirishga keng yoʻl ochildi.  Uning nomi Oʻzbekistonda  abadiylashtirildi. Koʻplab shahar va  qishloqlardagi shoh koʻchalar, maydonlar, jamoa xoʻjaliklari, maktablar, kinoteatrlar va b. uning nomi bilan ataldi. Islom Karimov tashabbusi va rahnamoligida Toshkent, Samarqand, Shahrisabz va b. shaharlarning markaziy maydonlarida Amir Temurga haykal oʻrnatildi, Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida Temuriylar davri muzeyi barpo etildi (1996), «Amir Temur» ordeni taʼsis etildi (1996) va Xalqaro Amir Temur jamgʻarmasi tashkil qilindi (1995). Toshkent, Samarqand va xorijiy mamlakatlarda YUNESKO rahbarligida hazrat Sohibqiron tavalludining 660 yilligi keng nishonlandi (1996). Amir Temur haqida ikki qismdan iborat badiiy film, spektakllar va sheʼriy hamda nasriy asarlar yaratildi.

Xalil Sulton

(1384–1411)
(1405-1409)

Temuriylardan bo‘lgan Movarounnahr hukmdori. Amir Temurning nabirasi. Mironshohning o‘g‘li. Saroy Mulkxonim (Bibixonim) tarbiya qilgan. 15 yoshli Xalil Sulton Sohibqironning Hindistonga qilgan yurishida (1399-1400) qatnashib jasorat ko‘rsatgan. Quyi tabaqadan chiqqan Shodimulkka uylanishi bilan Amir Termurning g‘azabiga uchragan, so‘ng kechirilgan. Sohibqironning Xitoyga qilgan yurishida Xalil Sulton qo‘shinning o‘ng qanoti boshlig‘i etib tayinlangan. Amir Temurning vasiyatiga muvofiq Pirmuhammadni taxtga o‘tqizish tarafdorlari kuchli bo‘lsa-da, biroq 1405-yilning 18-martida Samarqandni egallab, o‘zini Movarounnahrning oliy hukmdori deb e`lon qilgan. U garchi bobosidan qolgan xazinalar vositasida Sohibqironning nufuzi a`yon va kiborlaridan ma`lum qismini o‘z tarafiga og‘dirib Movarounnahr taxtini egallab olgan bo‘lsa-da, ammo ko‘p vaqt o‘tmay u Amir Temurning sadoqatli amirlari, viloyat noiblari va shahzodalarning kuchli noroziligi va isyoniga duch keladi. Birinchi bo‘lib, Turkiston hamda Farg‘onaning hokimi amir Xudaydod bilan Shayx Nuriddin Xalil Sultonga qarshi isyon ko‘taradilar. Hatto uning o‘z ukasi Mirzo Sulton Husayn Amudaryoning chap sohili viloyatlarida o‘z hokimiyatini o‘rnatmoq niyatida akasiga qarshi bosh ko‘taradi. O‘z navbatida Amir Temur taxtining asosiy valiahdi Pirmuhammad Amudaryodan kechib o‘tib, Xalil Sultonga qarshi Nasafga tomon askar tortadi. Amir Xudaydod O‘ratepa va Shohruhiya shaharlarini osongina qo‘lga kiritib, Samarqand tomonga askar tortadi. Sheroz yaqinida Zarafshon daryosi bo‘yida sodir bo‘lgan jangda Xalil Sulton qo‘shini mag‘lubiyatga uchraydi, o‘zi esa asirga olinadi.
Xalil Sulton davlat xazinasini behuda sarflab, hokimiyatni boshqarishda xotinining so‘zlariga amal qilgan. Saroydagi katta mansablarga tasodifiy kishilar tayinlangan. Bu boshqa temuriylarning qattiq noroziligiga uchragan. Xuroson hukmdori Shohruh katta qo‘shin bilan Movarounnahrga yurish qilib, Samarqandni egallagan. Shohruh bilan tuzilgan shartnoma (1409) natijasida Movarounnahrdan voz kechgan. Xalil Sultonga Ray berilgan. Umrining oxirigacha shu yerda yashagan. Xalil Sulton vafot etgach, Shodimulk ham o‘zini o‘ldirgan.

Shohrux

Amirzoda Shohrux, Mirzo Shohrux, Shohrux mirzo, Xoqoni sa’id, Abu Nasr Shohrux bahodir sulton
(1377-yil 20-avgust, Samarqand – 1447-yil 19-mart, Ray)

Amir Temurning 4-o‘g‘li, Temuriylar hukmdori. Yoshlik yillari Samarqandda o‘tgan, shu yerda dunyoviy va diniy ta’lim olgan. Amir Temur 1390-91-yillar Dashti Qipchoqqa va 1392-yil harbiy mamlakatlarga 5 yillik yurishlari chog‘ida Shohruxni mamlakatni boshqarishga tayinlab qoldirgan. Ko‘p o‘tmay, Amir Temur Shohruxni o‘z yoniga chaqirib oladi va 17 yoshli Shohrux jangovar harakatlarda qatnasha boshlaydi. Amir Temur uni lashkarning mang‘lay va juvang‘ar qismlariga tayinlaydi, keyinroq esa, Samarqandga qaytarib, poytaxtni boshqarib turishni topshiradi. Amir Temur 1396-yil Shohruxga Xuroson o‘lkasini suyurg‘ol qiladi va tegishli qo‘shin hamda elat bilan birga uni o‘z mulkiga jo‘natadi. Shohrux Amir Temurning 7 yillik yurishida, xususan, Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarda bevosita qatnashgan, lashkarning ilg‘or, mang‘lay, juvang‘ar qismlarini boshqargan; janglarda shaxsiy dov-yuraklik va mahorat namoyish etgan. Uni adolatparvar, raiyat tinchligini ko‘zlovchi shaxs sifatida bilganlar; qamalda qolgan shaharlar aholisi aksari hollarda sulh taklifi bilan Shohruxga murojaat qilganlar va u ham o‘z yordamini ayamagan. Ba’zi hollarda, Amir Temur Shohruxni lashkarning o‘g‘ruq qismini qo‘riqlashga mutasaddi qilgan. Sharafuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”da yozishicha, Amir Temur hayotining keyingi yillarida Shohruxning davlatdorlik sifatlariga alohida e’tibor bergan. Chunonchi, Xitoyga yurishi chog‘ida, saltanat xavfsizligini ta’minlash, xususan, harbiy o‘lkalarni idora etish kabi katta mas’uliyatni Shohrux zimmasiga yuklaydi va uni Xurosonda qoldiradi. Sohibqiron 1391-92-yillar mo‘g‘ullar bosqini davrida butunlay xarob qilingan Banokat shahri o‘rniga yangi shahar barpo etib, u yerga atrof yerlardan aholini ko‘chirib obod qiladi hamda uni Shohruxga suyurg‘ol qiladi va bu shahar Shohruxiya nomi bilan shuhrat topadi.
Amir Temur vafotidan so‘ng, 1405-yil martda Shohrux rasmiy ravishda Temuriylar saltanati hukmdori sifatida Xuroson taxtiga o‘tirdi va o‘z nomidan xutba o‘qitib, pul (tanga) zarb qildirdi. Shohrux hukmdorligining dastlabki yillarida Temuriylar saltanatida kuchli tarqoqlik yuzaga kelib, saltanatning turli qismlarida yakkahokimlik uchun kurash boshlanib ketdi. Movarounnahrda Samarqand taxtini Xalil Sulton egalladi, Ozarbayjon va Ajam Iroqini Qora Yusuf, Arab Iroqi hududini Sulton Ahmad o‘z qo‘liga kiritdi. Eronzaminda temuriy shahzodalar o‘zaro nizolashardilar, Mozandaron, Balx, G‘ur va boshqa viloyatlarda ham isyonlar yuzaga keldi. Shohrux saltanatda vujudga kelgan nizolar, isyonlar, yakkahokimlik uchun chiqishlarni teran qobiliyati, mahorati, tafakkuri, olib borgan siyosati tufayli birin-ketin bostirishga muvaffaq bo‘ldi.
Shohrux o‘z hukmdorligi chog‘ida Temuriylar saltanatining hududiy kengligi, harbiy salohiyati, kuchli iqtisodiy mavqeini saqlashga intildi. Buning uchun Movarounnahr, Eronzamin, Ozarbayjonga yurishlar qilib g‘alaba qozondi; 1429-yil Shohrux Ozarbayjonda xavfli kuchga aylangan amir Iskandar ibn Qora Yusuf ustiga deyarli butun saltanati hududidan lashkar yig‘ib yurish qiladi. Salmos cho‘lida ikkala tomon o‘rtasida qattiq jang bo‘ladi; Shohrux o‘g‘illari Mirzo Boysung‘urni lashkarning juvang‘arini, Ibrohim Sultonni barang‘arini boshqarishga belgilaydi; Muhammad Jo‘giyni esa o‘ziga tegishli bo‘lgan g‘ul qismda qoldiradi. Shiddatli jangdan so‘ng Shohrux lashkari zafar quchadi. Shohrux Seyiston va Badaxshonga lashkar jo‘natib, u yerlardagi isyonlarga chek qo‘yadi. 1405-yildan 7 yil davomida Xorazmni zabt etib turgan Dashti Qipchoq amirlariga qarshi Shohrux katta lashkar jo‘natadi va g‘olib kelib, Xorazmni Temuriylar saltanati tarkibiga kiritadi hamda viloyatni boshqarishga sarkarda amir Shohmalikni belgilaydi. Shohrux ko‘pgina nizolarni sulh yo‘li bilan bartaraf qilgan va bunda taniqli davlat arboblari va shayxlar xizmatidan keng foydalangan. Umuman, Shohrux hukmronligi davrida sharqda Mo‘g‘ulistondan tortib g‘arbda Misr va Rum yerlarigacha, janubda Hindistonning markaziy qismidan boshlab shimoldan to Dashti Qipchoq chegaralarigacha bo‘lgan joylar Temuriylar saltanati tarkibiga kirgan.
Saltanatni suyurg‘ol tizimi bo‘yicha boshqargan; mamlakat hududini o‘g‘illari, nevaralari, qarindoshlari, xizmat ko‘rsatgan sadoqatli amirlariga suyurg‘ol qilib bergan. Tarixchi Hofizi Abruning “Zubdat at-tavorix” asarida yozilishicha, Shohrux 1443- yil Misr podshosiga elchi yo‘llab Ka’ba uyiga yopinchiq kiygazishni so‘raydi va rozilik oladi. Shu asosda 1444-1445-yil ka’bapo‘sh tayyorlatib, uni shayx Nuriddin Muhammad al-Murshidiy va mavlono Shamsiddin Muhammad Abhariy vositasida Makkaga jo‘natadi; ular ka’bapo‘shni muqaddas Ka’ba uyiga yopib qaytadilar. Shohrux podshohlik devonida kundalik ishlarni doim nazorat qilib borgan; qarorlar qabul qilishda kengash va maslahatga keng o‘rin ajratgan, ko‘pchilik fikrini inobatga olgan holda adolatli hukmlar chiqargan. Shuningdek, devonda diniy va dunyoviy masalalar yuzasidan yetuk allomalar ishtirokida suhbatlar, fiqh, tib, nujum, geografiya, tilshunoslik va boshqa fan sohalari bo‘yicha bahs-munozaralar tashkil qilgan, o‘zi ham ularda faol qatnashgan. Shohrux saltanati hududida bunyodkorlik faoliyati uchun katta imkoniyatlar yuzaga keldi. Shaharsozlik, hunarmandchilik, savdo, dehqonchilik, ilm-fan, madaniyat tez sur’atlar bilan rivojlandi. Shohrux bunyodkorlik ishlariga, xususan, shaharlar obodonchiligi va sug‘orish tizimini rivojlantirishga katta e’tibor qaratib Hirot (1405-yil), Balx (1407-yil) shaharlarini tiklashga oliy farmon bergan. Chingizxon yurishi chog‘ida xarob qilingan (1220-yil) Marv shahrini qayta barpo etilib, unga Murg‘ob daryosidan ariq qazdirib suv keltirildi. Sug‘orish tizimi yaxshilandi, yangi yerlar o‘zlashtirildi, ekin maydonlari kengaydi. Shaharlarda hunarmandchilik va savdo rivojlandi, ko‘plab madaniy-ma’naviy muassasalar — madrasalar, masjidlar, xonaqohlar qurildi. Shohrux ilm-fan rivojiga alohida e’tibor berdi. Hirot, Samarqand, Buxoro, Mashhad, Sheroz va boshqa shaharlarda ilm-fan keng rivoj topdi. Movarounnahrda Mirzo Ulug‘bek rasadxona barpo etib aniq fanlar rivojlandi; Naqshbandiya ta’limoti yozma meros tarzida shakllandi va shu yo‘nalishda bir qancha asarlar yozildi. Hirot va Sheroz shaharlarida tarixnavislikka katta e’tibor qaratildi. Amir Temur va temuriylar tarixiga oid bir qancha yirik asarlar yaratildi. Temuriylar saltanatida kitobat va miniatyura san’ati yuksaldi. Hirotda Mirzo Boysung‘ur va Sherozda Ibrohim Sulton bu sohalarning rivojiga katta hissa qo‘shdilar.
Shohrux hukmronligi davrida Temuriylar saltanatining xalqaro miqyosdagi nufuzi ortdi; davlatlar o‘rtasidagi elchilik munosabatlariga Shohrux juda katta e’tibor bergan. Uning huzuriga Xitoy, Hindiston, Misr, Shom, Rum, Yevropa, Dashti Qipchoq hukmdorlaridan elchilar kelgani va Shohrux ham o‘z elchilarini jo‘natgani haqida Temuriylar davri tarixiy manbalarida ma’lumotlar qayd etilgan va ikkita elchilik haqida mukammal kundalik ham yozilgan. 1419-1422-yillar Xitoyga borib kelgan safar xotirotlari, unda bevosita qatnashgan G‘iyosiddin Naqqoshning kundaligi hamda 1442-1444-yillar Janubiy Hindistonga borib qaytgan elchilarning safar tafsilotlari, uni boshqargan Abdurazzoq Samarqandiyning safarnomasida aks etgan. Shohruxning elchilar vositasida yo‘llagan maktublarida savdo yo‘llari xavf-sizligini ta’minlash va xalqaro savdo-sotiqni rivojlantirish alohida ta’kidlangan. Buyuk ipak yo‘li orqali savdo va elchilik karvonlari muntazam qatnab turgan. Shohrux o‘zining xalqaro siyosatida davlatlararo tinch-totuvlik va do‘stona munosabatlar ta’minlanishini ustuvor yo‘nalish deb bilgan. Shohruxning davlatchilik siyosatida bunyodkorlik ishlariga katta e’tibori natijasida ilm-fan va madaniyat rivojida o‘ziga xos uyg‘onish (renessans) bo‘ldi va bu XV asrning 2-yarmida Alisher Navoiy davrida Xurosonda ilm-fanning yuksak rivojlanishi uchun zamin yaratdi.

Ulug‘bek

Muhammad Tarag‘ay
(1394-yil 22-mart, Sultoniya shahri, Eron Ozarbayjoni — 1449-yil 27-oktabr, Samarqand)
(1409-1449)

Ulug‘bek o‘zbek xalqi tarixida buyuk astronom va matematik, davlat arbobi sifatida iz qoldirgan. Shohruxning o‘g‘li, Amir Temurning nabirasidir Sohibqironning “besh yillik yurish”ida (1392-96) Iroqdagi Mordin qal’asini qamal qilish chog‘ida tug‘ilgan. Sharafuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida yozishicha, Amir Temur huzuriga chopar kelib Ulug‘bekning tug‘ilgani va munajjimlar bu nevara kelajakda ham olim, ham hukmdor bo‘lishini bashorat qilganlari xushxabarini yetkazadi. Sohibqiron xursandligidan Mordin qal’asi qamalini to‘xtatib, uning xalqiga yuklangan to‘lovni bekor qiladi. Uning o‘z nabirasiga Muhammad Tarag‘ay va Ulug‘bek deb ism qo‘yganini ham munajjimlarning yuqoridagi bashorati bilan bog‘lash mumkin. Amir Temur Ulug‘bek tarbiyasiga alohida e’tibor bergan va uni davlat ahamiyatiga molik tadbirlarda qatnashtirgan. Klavixoning qayd etishicha, Ulug‘bek bobosining xorijiy elchilarni qabul qilish marosimlarida ishtirok etgan. 1404-yil Konigilda o‘tkazilgan tantanalarda Amir Temur oltita nabirasining (jumladan, Ulug‘bekning) nikoh to‘ylarini o‘tkazgan. To‘yda Sohibqiron Ulug‘bekka Toshkent, Sayram, Yangi (hoz. Taroz), Ashpara va Mo‘g‘ulistonni to Xitoy hududigacha suyurg‘ol qilib bergan. Amir Temur O‘trorda vafot etgan chog‘da Ulug‘bek ham o‘sha yerda bo‘lgan.
Temuriylar o‘rtasida toju taxt uchun kurash boshlangan. O‘trordan qaytgan Shohrux farzandlari — Ulug‘bek va Ibrohim Sultonni amirlar poytaxt Samarqandga kiritmaydilar, ular Buxorodan panoh topishgan. Samarqand taxtini Xalil Sulton egallagan. Xurosonni boshqarib turgan Shohrux Ulug‘bekka dastlab Andxo‘y bilan Shibirg‘onni, keyinchalik Xurosonning Tus, Xabushon, Kalot, Bovard, Naso, Yozir, Sabzavor va Nishopurdan iborat qismini boshqarishni topshirgan. 1410-yil Shohrux Movarounnahrni o‘z tasarrufiga kiritgach, uni idora etishni Turkiston viloyati bilan birga Ulug‘bekka topshirib, Sohibqiron vasiyatini qayta tiklagan. Ulug‘bek yosh (15 yosh) bo‘lgani sababli amir Shohmalik unga homiy etib belgilangan. Lekin Shohmalikning raqibi — O‘trordagi Shayx Nuriddin va Muhammad Jahongirning Hisordagi voliylari 1410- yil bahorida Ulug‘bek va Shohmalikka qarshi chiqqanlar. Shu yilning yozida Shohrux ishtirokida bo‘lgan jangda Shohmalik va Ulug‘bek g‘alaba qilganlar. 1411-yil sentabrda Shohrux Samarqandga kelib, Shohmalikni o‘zi bilan Hirotga olib ketgan va keyinchalik Xorazmga hokim qilib yuborgan (1413).
Shu vaqtdan boshlab Ulug‘bek Movarounnahrni mustaqil idora etishga kirishgan. Shohrux Movarounnahrda boshqa temuriy shahzodalarga ham mulk ajratgan edi. Chunonchi, Hisori Shodmonni Muhammad Sultonning o‘g‘li Muhammad Jahongir mirzoga, O‘zgand viloyatini Umarshayxning o‘g‘li Amirak Ahmadga suyurg‘ol qilgan edi. Biroq ular Ulug‘bekka tobe edilar. 1414-15-yil ular o‘rtasida ixtilof chiqib, Ulug‘bek Amirak Ahmad ustiga qo‘shin tortgan va uni yenggan. Shohrux Amirak Ahmadni Xurosonga chaqirtirib olgan; Qashg‘ar ham to 1428-yilgacha Ulug‘bekka tegishli bo‘lgan. Ulug‘bek o‘z hukmronligi davomida 2 marta yirik harbiy yurish qilgan. Birinchisida 1425-yil Mo‘g‘uliston xoni Shermuhammad o‘g‘lon (1421-1425) o‘zini mustaqil xon deb e’lon qilganda, Ulug‘bek unga qarshi yurish qilib zafar qozongan. Ulug‘bekning 2-yurishi Sig‘noq shahri tomon bo‘lgan. Sirdaryoning quyi havzasi Ulug‘bek tasarrufida edi. Ulug‘bek 1427-yil Sig‘noq yaqinida uning mulkiga tahdid qilgan Baroq o‘g‘lon bilan to‘qnashgan va mag‘lubiyatga uchragan. Dushman Ulug‘bekni ta’qib qilib, Samarqand ostonalarigacha kelgan. Movarounnahr xavf ostida qolganligi tufayli Shohrux Xurosondan katta lashkar tortib kelib xavfni bartaraf etadi.
Shohrux vafoti (1447, 12 mart)dan keyin Ulug‘bekning katta o‘g‘li Abdullatif voris sifatida Temuriylar hukmdori bo‘lib qoladi. Lekin Shohruxning qattiqqo‘l xotini Gavharshod begim bu haqda o‘z fikriga ega edi. U Shohrux davrida Temuriylarning poytaxti bo‘lib qolgan Hirot taxtiga marhumning 3-o‘g‘li bo‘lmish Boysung‘ur mirzoning o‘g‘li va suyukli nabirasi Alouddavla mirzoni o‘tqazish tarafdori edi. Gavharshod begim Hirot taxtiga Alouddavlani o‘tqazganini Ulug‘bekka nisbatan isyon deb qaralmog‘i kerak edi. Shuning uchun Ulug‘bek 1448-yil bahorida Abdullatif bilan birgalikda 90 ming askar bilan Xurosonga kelib, Hirot yaqinida bo‘lgan jangda Alouddavlani tor-mor qiladi. G‘alaba Abdullatifning shaxsiy shijoati va lashkarboshilik iste’dodi tufayli erishilgan bo‘lsa ham, Ulug‘bek fathnomani kichik o‘g‘li Abdulaziz nomidan e’lon qiladi. Undan tashqari, bobosi Shohrux tomonidan Abdullatifga vasiyat qilingan Hirotdagi Ixtiyoriddin qal’asi va uning ichidagi boyliklarini ham Ulug‘bek Abdulazizga beradi. Shundan so‘ng Ulug‘bek bilan Abdullatif o‘rtasidagi munosabat ochiq dushmanlik tusini oladi. Ulug‘bek Samarqandda Abdulazizni qoldirib, lashkar bilan katta o‘g‘liga qarshi jangga yuradi. Abdullatif ham o‘z lashkari bilan Amudaryo yoqasiga kelib turadi. Ikkala lashkar ham daryoning 2 sohilida uzoq muddat turib, suvni kechib o‘tishga botinmaydi. Bu orada Ulug‘bek, Abdulaziz lashkardagi amirlarning oilalarini ta’qib etayotir, — degan xabarni eshitib, Samarqandga qaytib kelishga majbur bo‘ladi va shahar aholisining Abdulazizga qarshi isyon ko‘targanining guvohi bo‘ladi. Tezda shaharni tartibga keltirib, yana Abdullatifga qarshi jangga yo‘llanadi, lekin Samarqand yaqinida undan mag‘lubiyatga uchraydi. Oradan ko‘p o‘tmay, Ulug‘bek Abdullatif buyrug‘i bilan qatl etiladi. Uning jasadi Go‘ri Amir maqbarasiga dafn etilgan.
Ulug‘bek otasi Shohrux davrida siyosiy hukmdor sifatida ichki va tashqi siyosat bobida birmuncha mustaqil bo‘lgan. Boshqa davlatlar bilan bevosita savdo va elchilik munosabatlari olib borgan. Ulug‘bek davrida Samarqand shahri yanada ravnaq topgan. Shaharda hunarmandchilik, me’morlik, adabiyot, umuman ilm-fan yuksaldi, savdo taraqqiy etdi. Buxoroda (1417), Samarqandda (1420), G‘ijduvonda (1432-33) madrasalar va Marvda xayriya muassasalari qurildi. Madrasalarda diniy fanlar bilan birga dunyoviy fanlar ham o‘qitildi, ko‘proq aniq fanlarga ahamiyat berildi. Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, Shohizinda va Registon majmualari qurilishlari poyoniga etkazildi. Bundan tashqari, mamlakatda ko‘plab jamoat inshootlari (karvonsaroy), tim, chorsu, hammomlar va boshqa ham bunyod etilgan. Ulug‘bek O‘rta Osiyo xalqlari ilm-fani va madaniyatini o‘rta asr sharoitida dunyo fanining eng yuqori pog‘onasiga olib chiqdi. Uning qilgan eng buyuk ishi — Samarqand ilmiy maktabini o‘sha davr akademiyasini barpo etganligi bo‘ldi. Bu ilmiy maktabda 200 dan ortiq olimlar faoliyat olib borgan. Ular orasida eng yiriklari Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy edi. Ulug‘bekning ilmiy maktabi o‘z faoliyatida o‘rtaosiyolik mashhur olimlar Muhammad Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abul Abbos al-Javhariy, Ibn Turk al-Xuttaliy, Xolid al-Marvarrudiy, Ahmad al-Marvaziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniylar boshlab bergan ilmiy an’anaga asoslanar edi. Ulug‘bek Samarqand yaqinida rasadxona barpo qildi. Ulug‘bek akademiyasidagi yirik olim — Ali Qushchini Ulug‘bek “Ziji”ning so‘zboshisida “farzandi arjumand”, ya’ni “aziz farzandim” deydi. Aslida u Ulug‘bekning sadoqatli shogirdi bo‘lib, “Zij” ustida ishlar poyoniga yetkazilguniga qadar ustoziga yordam bergan. Ulug‘bek Samarqandda 2 ta madrasa: biri — Registon ansambli tarkibida va ikkinchisi Go‘ri Amir ansambli tarkibida barpo qilgan. Boshqa yirik olimlar qatorida Ulug‘bekning o‘zi ham bu madrasalarning har birida haftada bir marotaba ma’ruza o‘qigan.
Boshqa vaqtini ko‘proq astronomik kuzatishlarga, “Zij” ustida ishlashga va davlat ishlariga bag‘ishlagan. Ulug‘bekning yana bir matematik asari “Risolai Ulug‘bek” deb ataladi va uning 1-nusxasi Hindistonda Aligarx universiteti kutubxonasida saqlanadi, hali o‘rganilmagan. Fan va madaniyat tarixida so‘nmas iz qoldirgan Ulug‘bekning ilmiy merosi uning “Zij”idir. Bu asar sayyoralar, Quyosh va Oy harakatini talqin qilish, yulduzlar katalogi va unda qo‘llanilgan matematik usullari bo‘yicha o‘rta asrlardagi astronomik asarlarning eng mukammali bo‘lganligi uchun avvalambor u musulmon mamlakatlaridagi olimlarning diqqatini jalb qilgan. “Zij”ga ilk sharhni Ulug‘bekning shogirdi Ali Qushchi “Charhi Ziji Ulug‘bek” nomi bilan yozgan. O‘sha XV asrning o‘zida qohiralik munajjim Shamsiddin Muhammad as-So‘fiy al-Misriy “Tashil Ziji Ulug‘bek” (“Ulug‘bek “Zij”ini osonlashtirish”) nomli asar yozib, unda Ulug‘bek jadvallarini Qohiraning geografik kengligiga moslashtirdi. Ulug‘bek “Zij”iga yozilgan eng mukammal sharh Samarqand ilmiy maktabining eng so‘nggi namoyandasi Nizomiddin Abdul Ali ibn Muhammad ibn Husayn Birjandiyning 1523-yil yozib tugatilgan “Sharhi Ziji Ulug‘bek” asaridir. Ulug‘bekning nomi Yevropada va umuman G‘arb mamlakatlarida buyuk bobosi Amir Temurning shuhrati tufayli ancha ilgari ma’lum bo‘lgan. Yevropa Amir Temur va uning oila a’zolari haqida 1-bo‘lib Samarqandga 1403-1405-yillar sayohat qilgan Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixodan eshitgan. Klavixoning “Kundaliklar”i 1582-yil Sevilyada va 1607-yil Parijda nashr etilganidan so‘ng yevropaliklar darhol Amir Temur va uning oila a’zolari bilan qiziqqanlar. Ulug‘bek nomi XVII asr boshidanoq (1601-yildan) Amir Temurga bag‘ishlangan dramatik asarlarda eslatiladi. Bevosita Ulug‘bekka bag‘ishlangan Yevropadagi 1-nashr ingliz astronomi Jon Grivs (1602-52) qalamiga oid. Uning 1648-yil nashr etilgan asarida Ulug‘bek yulduzlar jadvalining bir qismi (98 ta yulduz) ilova qilingan. 1665-yil yana bir ingliz olimi Tomas Xayd (1636-1703) Grivs bilan bog‘lanmagan holda “Zij”dagi yulduzlar jadvalini forsiy va lotincha tarjimada nashr etgan. 1690-yil Gdanskda polyak astronomi Yan Geveliy chop ettirgan “Yulduzlar osmonining atlasi”dagi ikkita gravyurada o‘sha davrning mashhur astronomlari orasidan Ulug‘bekka faxrli o‘rin bergan, unda Ulug‘bekning yulduzlar jadvalini Ptolemey, Tixo Brage, Richchioli, Vilgelm IV va o‘zining jadvallari bilan solishtirgan.
1711-yil Oksfordda Ulug‘bekning geografik jadvali 3-marta nashr etilgan. 1807-yil o‘sha yerda bu jadval yangi grek tilida ham nashr etilgan. 1725-yil ingliz astronomi D. Flemetid (1646-1719) Ulug‘bekning yulduzlar jadvalini Ptolemey, Tixo Brage, Vilgelm IV, Yan Geveliy va o‘zining jadvallari bilan birga nashr etgan. 1908-09-yillar V.L. Vyatkin Ulug‘bek rasadxonasining xarobalarini va uning asosiy asbobi — kvadrantini kavlab topgandan so‘ng, Samarqand olimlarining faoliyatiga yangidan qiziqish boshlanadi. Natijada 1918-yil V. V. Bartoldning “Ulug‘bek va uning davri” asari nashr etilgan. Sovet davrida Ulug‘bekning hayoti va ijodi bilan mamlakat jamoatchiligini tanishtirish bo‘yicha T.N. Qori-Niyoziy ko‘p sa’y-harakat qilgan. Ulug‘bek ijodini targ‘ib qilishda G‘. Jalolov va V. P. Shcheglovlarning nashrlari ham diqqatga sazovordir. XX asrning 80-yillari boshiga kelib Ulug‘bek “Zij”ining to‘liq va mukammal holda, ilmiy izohlar bilan ta’minlangan tarjimasini A. Ahmedov 1994-yil amalga oshirib, nashr ettirdi. Yaqin yillargacha Ulug‘bek faqat astronom va matematik deb hisoblanardi. Lekin XX asr oxirida uning ijodi serqirra bo‘lib, u tarix, she’riyat va musiqa bobida ham qalam tebratgani aniqlandi. Tarixchi Mirzo Muhammad Haydar “Tarixi Rashidiy” asarida “Mirzo Ulug‘bek tarixnavis donishmand (va) “To‘rt ulus” (tarixi)ni (ham) yozib qoldirgan edi”, deb yozgan. Ulug‘bekning turkiyda yozgan “Tarixi arba’ ulus” (“To‘rt ulus tarixi”) asari Chingizxon bosib olgan mamlakatlarning XIII-XIV asrlar 1-yarmidagi siyosiy hayotini o‘rganishda muhim manbadir. Navoiyning “Majolis un-nafois” va Abu Tohirxojaning “Samariya” asarlarida ham uning she’rlaridan namunalar keltirilgan. Uning davrida ko‘pgina asarlar arab va fors tilidan eski o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Ulug‘bek tashkil etgan boy kutubxonada turli fanlarga oid 15 mingdan ortiq jildli kitob bo‘lgan. Ulug‘bek yoshligidan o‘zga fanlar qatori musiqa ilmidan saboq olib, bir qator kuy va usullar yaratgan, bu sohaga oid 5 ta risola ham yozgan. “Risola dar ilmi musiqa” nomli asari musiqa tarixiga bag‘ishlanib, unda “12 maqom bayoni”ga doir maxsus bobi ham bo‘lgan. Ulug‘bek “bulujiy”, “shodiyona”, “axloqiy”, “tabriziy”, “usuli ravon” va “usuli otlig” kuylarini ijod qiladi.
Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi 1994-yil aprelda Parijda, oktabrda Toshkent va Samarqandda tantanali ravishda nishonlandi va xalqaro konferensiyalar o‘tkazildi. Shu yili Toshkentda Ulug‘bekka haykal o‘rnatildi. Ulug‘bek siymosi Pulkovo rasadxonasi, Moskva universiteti konferens-zallarida dunyodagi mashhur olimlarning portretlari qatoridan joy olgan. Samarqandda Ulug‘bekning memorial muzeyi tashkil etilgan. Toshkentda O‘zbekiston milliy universiteti, tuman, ko‘cha, mahalla, metro stansiyasi, istirohat bog‘i, shaharcha Ulug‘bek nomi bilan ataladi. Farg‘ona pedagogika universitetiga, Samarqand arxitektura-qurilish institutiga, Kitob xalqaro kenglik stansiyasiga, qishloq, maktab va boshqaga Ulug‘bek nomi berilgan. Ulug‘bekning hayoti va faoliyati haqida pesa (M. Shayxzoda, “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasi), roman (O. Yoqubov, “Ulug‘bek xazinasi”; S. Borodin, “Samarqand osmonida yulduzlar”), opera (A. Kozlovskiy, “Ulug‘bek”), poema (M. Boboev, “Ulug‘bek”), balet (M. Bafoev, “Ulug‘bek burji”), film (Rej. Latif Fayziyev, “Ulug‘bek yulduzi”, 1965) va boshqa yaratilgan.

Abdullatif

(1423–1450)
(1449-1450)

Movarounnahrda 1449-1450-yillarda hukmronlik temuriy hukmdor. Ulug‘bekning o‘g‘li. Shohrux saroyida tarbiya olgan, harbiy yurishlarda qo‘shinning o‘ng qanotiga qo‘mondonlik qilgan. Gavharshod begim va tarxon amirlar Shohrux o‘limidan so‘ng (1447) Abdulatifni oliy bosh qo‘mondonlikka tayinlab, uning amakivachchasi Alouddavlani taxtga o‘tqazishgan. Bu qarordan norozi bo‘lgan Abdulatif Alouddavlaga qarshi urush ochgan, lekin Nishopur yaqinidagi jangda (1447) yengilib, hibsga olingan. Ulug‘bek farzandi hayotini saqlab qolish maqsadida Alouddavla bilan sulh tuzishga majbur bo‘lgan. Unga ko‘ra, Alouddavla Xuroson hukmdori deb tan olinib, Abdulatifga Balx ulusi berilgan. Abdulatif Ulug‘bekning 1448-yil ilk bahoridan yozigacha Alouddavla va Abulqosim Boburga qarshi janglarida qatnashgan. So‘ng, toj-taxtni egallash maqsadida otasiga qarshi Abulqosim Bobur bilan ittifoq tuzgan. Ulug‘bek Abdulatifga qarshi qo‘shin tortgan va Amudaryo bo‘yida ikki tomon qo‘shini 3 oy muqobil turgan (1449). Samarqandda qolgan beklar isyoni tufayli Ulug‘bek poytaxtga qaytishga majbur bo‘lgan, natijada Abdulatif Amudaryodan o‘tib Termiz, Shahrisabzni egallagan. Samarqand yaqinidagi Damishq qishlog‘i yonida otasini yengib, taxtni egallagan (1449). Abdulatifning roziligi bilan Ulug‘bek va ukasi — Abdulaziz Mirzo qatl etilgan. Abdulatif olti oylik hukmronligidan so‘ng, Ulug‘bekning xos navkarlaridan Bobo Husayn bahodir tomonidan o‘ldirilgan (1450-yil 8-may). Abdulatif o‘jar, xudbin va shuhratparast bo‘lsada, otasi Ulug‘bek kabi ilm axliga ixlosmand edi. U o‘zi ham falakiyot va tarix ilmi bilan shug‘ullanar, she’rlar bitardi.

Abdulla Mirzo

(1450-1451)

Movarounnahr hukmdori (1450-1451). Temuriylardan. Ulug‘bekning ukasi Ibrohim Mirzoning kenja o‘g‘li. Otasi vafotidan so‘ng, Fors viloyatiga hokim qilib tayinlangan. Biroq u hali yosh bo‘lgani sababli davlat ishlarini onasi Ruqiya begim bilan otabek Shamsiddin Sheroziy boshqargan. 1447-yil amakivachchasi Sulton Muhammad Mirzo Fors viloyatini bosib olgach, Hirotga qochib kelgan. 1448-yilda esa amakasi Ulug‘bekning xizmatiga kirib, uning qiziga uylangan. Abdullatifdan keyin Movarounnahr taxtiga o‘tirgan. Ammo toju taxt da’vogari Sulton Abu Said Mirzoga qarshi jangda halok bo‘lgan.

Sulton Abu Said

(1424-1469)
(1451-69)

Temuriylardan bo‘lgan Movarounnahr (1451-69) va Xuroson (1458-69) hukmdori. Mironshohning nabirasi. Shohruh va Ulug‘bek vafotidan so‘ng Temuriylar davlatida boshlangan taxt uchun kurash chog‘ida Ulug‘bekning o‘g‘li Abdulatif tomonidan Buxoro zindoniga tashlangan. Abdulatifning o‘limidan so‘ng (1450) ozod qilingan. Abu Said Movarounnahr taxtiga o‘tirgan Mirzo Abdullaga qarshi Abulxayrxon yordamida qo‘shin tortgan va 1451-yil Bulung‘ur jangida uni tor-mor keltirib, Samarqand taxtini egallagan. U minnatdorchilik sifatida Ulug‘bek mirzoning qizi Robiya Sultonbegimni Abulxayrxonga xotinlikka bergan. So‘ng Abu Said Toshkentdan o‘z piri Xoja Ahrorni chaqirtirib olgan. Xuroson hokimi Abulqosim Bobur vafoti (1458)dan so‘ng Hirot, Astrobod, Mozandaron Abu Said qo‘liga o‘tib, markaziy hokimiyat tiklangan. Biroq mamlakatning g‘arbiy hududlari notinch edi, xususan G‘arbiy Eron temuriylar tasarrufidan chiqib, qora qo‘yunlilar sulolasi qo‘liga o‘tib qolgandi. Abu Said 1468-yil kuzida ularga qarshi qo‘shin tortadi, lekin 1469-yil qishida Mug‘on dashtida oq qo‘yunlilardan Uzun Hasan bilan bo‘lgan jangda yengilib, halok bo‘ladi. Abu Said davrida Movarounnahr va Xurosonda hunarmandchilik, savdo-sotiq rivojlangan, qo‘shni mamlakatlar bilan elchilik munosabatlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. U Hirotda saroy, kamonchilar mashqgohi, ko‘priklar, ko‘shklar, shahar darvozalari qurdirgan, ariq va hovuzlar qazitib, bog‘-rog‘lar bunyod etgan.

Sulton Ahmad Mirzo

(1469-1494)

Temuriylardan bo‘lgan Movarounnahr hukmdori (1469-1494). Abu Said Mirzoning katta o‘g‘li. Onasi – O‘rda Bug‘a Tarxonning qizi. Otasi unga Samarqand va Buxoro viloyatlari hokimligini bergan. Keyinchalik Toshkent, Shohruhiya va Sayramni o‘z tasarrufiga kiritgan. Toshkent va Sayramni ukasi Umar Shayx Mirzoga topshirgan. Xo‘jand bilan O‘ratepa ham bir necha muddat uning tasarrufida bo‘lgan. 1493-yil Sulton Ahmad Mirzo kuyovi, Toshkent xoni Sulton Mahmudxon bilan ittifoq tuzib Andijonga – Umar Shayx Mirzoga qarshi yurish boshlaydi, ular Andijon, Axsi va Marg‘ilonni qamal qiladilar. Shu paytda Axsida Umar Shayx Mirzo to‘satdan vafot etib, taxtga 12 yoshli Bobur o‘tirgan. Bek va amirlar xalqni dushmanga qarshi safarbar etadilar. Sulton Mahmudxon Toshkentga qaytib ketgan. Sulton Ahmad Mirzo Boburga Farg‘ona hukmronligini “in`om” etib Samarqandga qaytgan, biroq O‘ratepaga yetganda vafot etgan. Sulton Ahmad Mirzo Movarounnahrda nufuzi nihoyatda baland bo‘lgan Xoja Ahrorni o‘ziga pir tutgan. Oysha Sulton begim va Ma`suma Sulton begim ismli qizlari Boburning xotinlari bo‘lgan.

Sulton Mahmud Mirzo

(1494-1498)

Samarqand hokimi (1494-1498). Temuriylardan. Abu Said mirzoning 3-o‘g‘li. Otasi davrida Astrobod viloyati hokimi. Abu Said Mirzo vafoti (1469)dan so‘ng Termiz, Chag‘oniyon, Hisor, Xatlon, Quduz, Badaxshon va Hindikush tog‘larigacha bo‘lgan yerlar uning tasarrufiga o‘tgan. Akasi Sulton Ahmad Mirzoning vafoti (1494)dan so‘ng esa, Samarqand taxtiga o‘tirgan. U zulmni haddan oshirgani uchun mamlakatning katta kichik aslzodalari, sipohiylar va oddiy xalq har tarafga tarqalib qocha boshlagan. Sulton Mahmud Mirzo taxtga da`vogar bo‘lib kelgan amakivachchasi Malik Muhammad Mirzo va u bilan birga kelgan mirzolarni qatl ettirgan. Sulton Mahmud Mirzo o‘z hukmronligi davrida 2 marta Husayn Boyqaro bilan jang qilib, ikkalasida ham mag‘lub bo‘lgan. Boburning Sulton Nigor xonim ismli xolasi uning 4-xotini.

Sulton Ali Mirzo

(1483-1500)
(1498-1500)

1498-1500-yillarda Movarounnahrda hukmronlik qilgan so‘ngi temuriy hukmdor. Sulton Mahmud Mirzoning 3-o‘g‘li. Onasi — Zuhra begim. Otasining vafotidan so‘ng Qarshi viloyati hokimi bo‘lib, keyinchalik akasi Boysung‘urdan Buxoroni (1497-yil dekabr), Bobur esa, Samarqandni tortib olgan. Bobur ota meros shahri Andijon dushman qo‘liga o‘tishi mumkinligi haqida xabar topib, beklaridan birini Samarqandda qoldirib, Andijon tomon yurgan. Bundan foydalangan Sulton Ali Mirzo Samarqandni ishg‘ol qiladi (1498-yil fev.-mart). 1499-yilda Sulton Ali Mirzo bilan Muhammad Mazid tarxon orasida nizo vujudga keladi. Tarxonlar Movarounnahrda katta nufuzga ega edilar. Mazid tarxon Samarqand va uning atrofidagi mulklarni o‘z o‘g‘illari, qarindosh-urug‘lari va yaqin kishilari ixtiyoriga berib qo‘ygan edi. Sulton Ali Mirzo taxtga muqim o‘rnashib olgach, Mazid tarxonga qarshi siyosat yuritadi. Natijada Mazid tarxon Samarqanddan chiqib ketadi. Shunda Toshkent hokimi Sulton Mahmudxon jiyani Xon Mirzoni (Mirzoxon, Sulton Ali Mirzoning ukasi) mo‘g‘ul qo‘shinlari bilan Samarqandni zabt etishga jo‘natadi. Sulton Ali Mirzo Samarqand tashqarisida, Yoryayloqda bo‘lgan jangda g‘olib chiqadi. Onasi Zuhra begimning nodonligi tufayli yozilgan maktub sabab Shayboniyxon Samarqandni jangsiz egallaydi (1500). Sulton Ali Mirzo Qo‘lba yalangligida qatl etiladi.

Sulton Muhammad Shayboniyxon

(1451-1510),
(1500-1510)

«Shayboniylar sulolasi» asoschisi (1500-1510), Abulxayrxonning nabirasi, Budoq sultonning o‘g‘li. Tug‘ilganda unga turkiylar odatiga ko‘ra ikki ism — Muhammad(arabcha) va Shayboniyxon (turkiycha) ismlari qo‘yilgan. Abulxayrxon unga Shohbaxt deb laqab qo‘ygan.Shayboniyxon g‘oyat katta jismoniy kuchga, harbiy tashkilotchilik qobiliyatiga ega edi. «Boburnoma»asarida esa u «Shayboqxon», ya`ni «kuch-qudrat egasi» deb ataladi.

Shayboniy yollanma qo‘shin boshlig‘idan xon darajasiga ko‘tarilgan tarixiy shaxsdir. U nafaqat sarkarda balki, Shohbaxt, Shoyboq, Sheboni, Shohibek, Shayboniy taxalluslari bilan g‘azal, ruboiylar bitgan shoir hamdir. Shayboniyxonning adabiy me`rosidan bizgacha bir nechta o‘zbekcha g‘azal, ruboiy va «Bahr-ul xudo» (1508-yil 14-may Bastom, Domg‘omda yozib tugallangan) nomli dostoni va 1507-1508-yillarda yozilgan o‘g‘li valiaxd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjud (uning yagona nusxasi hozir Turkiyada saqlanadi).

U yoshligida otasi Budoq sulton va onasi Qo‘zibegimdan yetim qolgach, otasining sodiq  xizmatkoriQorachabek oilasida tarbiyalanadi. Keyinchalik Shayboniyga Turkiston va O‘tror hukmdori Muhammad Mazid tarxon homiylik qiladi. Shayboniy yoshligida Buxoro madrasasida ta`lim oladi.

Shayboniy Dashti Qipchoqqa qaytib borib lashkar to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. U buyuk davlatni tiklash yo‘lida xatti-harakatni dastlab o‘z qo‘shini bilan temuriylarga yollanma qo‘shin lashkarboshisi sifatida xizmat qilishdan boshlagan. Dastlab Shayboniy parchalangan Amir Temur davlatining shimoliy chegarasida noyiblik qilayotgan homiysi Mazid tarxondan uni o‘z xizmatiga olishni so‘raydi. Avvaliga bu taklifga rozi bo‘lgan Mazid tarxon tezda Shayboniyni o‘z hokimiyatiga xavf solishi mumkinligini anglab yetadi. Natijada, u Shayboniyni Buxoro hokimi Darvish Muhammad tarxon ixtiyoriga jo‘natib yuborish orqali undan qutuladi. Chunki, Darvish Muhammad bunday yordamga muhtoj edi. Uning xizmatidan boshqa hukmdorlar ham foydalanganlar. Shayboniy o‘z qo‘shini bilan Mo‘g‘iliston, Movarounnahr hamda Xorazm hukmdorlariga xizmat qilib, ularning qo‘shnilariga va ichki raqiblariga qarshi kurashdi. Bu kurashlarda Shayboniy o‘zining mohir lashkarboshilik qobiliyatini namoyon qiladi. Uning bunday turmush tarzini yozma manbalarning mualliflari «qozoqlik» ya`ni «o‘z xalqi va qavmidan ajralib ketgan odamlar, taxt uchun kurashda yengilsa-da, ammo o‘z huquqidan voz kechmagan va o‘z tarafdorlariga boshchilik qilib, vuqoliflari bilan qulay fursat poylab kurashadigan sulola vakili» deb atashgan edi. Turli hukmdorlarga xizmat qilish Shayboniyga Temuriylar davlatidagi vaziyatni yaxshi bilib olishiga imkon berdi. Movarounnahr hukmdorlari va zodagonlari uning xizmatidan eng ko‘p manfaat ko‘rishi natijasida Shayboniy Movarounnahr zodagonlari orasida mashhur bo‘lib ketgan edi.

Shayboniy  ko‘chmanchi o‘zbeklar davlatini qayta tiklash yo‘lida kurash olib borgan, biroq ,,o‘zbek-qozoq»qabilalari tomonidan kuchli qarshilikka duch kelgan. Bu qabilalar Shayboniyxonni qo‘llab-quvvatlagan qabilalarni asta-sekin janubga tomon siqib chiqarganlar. Shayboniy bobosi Abulxayrxon vafotidan parokanda bo‘lib ketgan qabilalarni birlashtirdi va beayov qonli urushlar natijasida  1480-yilda  ko‘chmanchi o‘zbeklar davlatini qayta  tiklashga muvaffaq bo‘ldi. 1487-1488-yillarda Sayram, O‘tror va Turkistonshaharlarini hamda qo‘rg‘onlarni egallab, Movarounnahr yaqinida mustahkam o‘rnashib oldi. Bu qo‘rg‘onlar kelgusida unga Movarounnahrni istilo qilish uchun tayanch vazifasini o‘tagan.

Shayboniyxon ko‘chmanchilarning jangovar an`analari bilan O‘rta Osiyo shaharlarining madaniy yutuqlarini birlashtira olishi uning istilochilik yurishlari muvaffaqiyatli chiqishiga yordam berdi.

Shayboniyxon 1497-yilda Movarounnahrga o‘zining dastlabki yurishini uyushtirgan. U katta kuch bilan Samarqandga yurish qildi, lekin shaharni ololmasdan, Qarshi va Shahrisabzga hujum qilib katta o‘lja bilan qaytib ketgan. Shayboniyxon 1499-yildan Movarounnahrni zabt qilishni boshladi. 1499-yilda u jangsizBuxoroni va 1500-yilda temuriylar davlatining poytaxti bo‘lmish Samarqandni egallaydi va Sultonali mirzoni qatl ettiradi. 1501-yilda esa Boburni Ko‘hak daryosi bo‘yidagi jangda yengib, Samarqandda uzil-kesil o‘rnashib oladi. U endi katta qo‘shin to‘plab butun Movarounnahr hududlarini egallash uchun tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. Shayboniyxon 1503-yilda  Sirdaryoning yuqori tomoniga yurish qilib,Mahmudxon, Ahmadxon va Bobur boshchiligidagi mo‘gullar, ularning ittifoqchilari bo‘lgan qalmoqlarning birlashgan kuchlariga duch keldi. Arxiyon shahri yonida bo‘lgan shiddatli jangda ularni tor-mor keltirib,Toshkent va Shohruxiya shaharlarini ishg‘ol qildi. Bu shaharlar hokimligiga amakilari Ko‘chkunchi sultonbilan Suyunchxo‘jani tayinladi. 1504-yil bahorida Farg‘onani ishg‘ol qildi. Samarqand shahri — Shayboniyxon davlatining poytaxti etib belgilandi. Shundan so‘ng  Shayboniyxon ishg‘ol qilgan hamma viloyatlarga qarindosh urug‘laridan yoki o‘zbek qabilalarining yuqori tabaqa vakillaridan hokimlar tayinlaydi. Shayboniyxon Movarounnahrda o‘z ahvolini yaxshilab olganidan keyin 1504-yilda Xusravshoh hukmronlik qilib turgan Qunduz shahrini bo‘ysuntirdi, so‘ngra Xuroson va Xorazm sultoni Husayn Boyqaro davlatini zabt etishga hozirlik ko‘rdi. 1504-yilda Shayboniyxon Buxorodan Xorazmga yurish boshladi. O‘n oy davom etgan qattiq va shiddatli qamaldan keyin 1505-yilning avgust oyida Urganch egallandi. O‘sha yili kuzda Shayboniyxon qo‘shinlari Xuroson tuprog‘iga bostirib kirib Maymana va Faryobga yetib bordi. 1506-yilda esa Balxni, 1507-yil may oyining boshlarida Shayboniyxon Hirotni ishg‘ol qiladi. Shundan so‘ng Hiroto‘zining iqtisodiy, siyosiy va madaniy markaz sifatidagi nufuzini yo‘qotdi. Xurosonning bo‘ysuntirilishi bilan amalda Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz — Samarqand qo‘l ostida birlashtira oldi. 1508-yil bahorida Shayboniyxon Jon ostonalarida temuriylarning so‘nggi qo‘shinini tor-mor keltirib, ularning O‘rta Osiyodagi barcha ildizlariga barham beradi. Shu tariqa, u XV asrning ikkinchi yarmidan boshlab temuriylar amalga oshira olmagan vazifani bajara oldi. Shayboniy 1501-yilda yuz bergan «Sarapul jangi» bilan Movarounnahr taxtini olgan bo‘lsa, «Marvichak urushi» bilan butun Xurosonni o‘z tasarrufiga kiritdi. 1508-1509-yillarda o‘zbek qo‘shinlari qozoqlar ustiga hujum qilib, har gal qo‘llari baland kelgan. Shunday qilib, Shayboniyxonning temuriylarga qarshi 1500-1509-yillarda olib borgan shiddatli urushlar oqibatida Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni o‘z ichiga olgan «Shayboniylar davlati» vujudga keldi.

1510-yilda Shayboniyxon Safaviylar daylatining hukmdori Ismoil Safaviydan Marv yaqinidagi Murg‘ob daryosi qirg‘og‘ida, Tahrirobodda mag‘lubiyatga uchraydi, eron safaviylari Shayboniyxonni qo‘lga olishadi. Shoh Ismoil buyrug‘iga ko‘ra, 1510-yil 12-dekabrda uning kallasi olinib, po‘sti shilinadi, po‘sti ichi somon bilan to‘ldirilib, Safaviylarning G‘arbdagi dushmanlari bo‘lmish Usmonli turklar hukmdori Sulton Boyazid IIhuzuriga jo‘natiladi. Shayboniyxonning bosh chanog‘i esa shoh Ismoil uni oltin bilan qoplab, bazm-u jamshidlarda unga may quyib, qadah o‘rnida foydalangan. Uning boshsiz tanasi Samarqanddagi Baland Sufaga dafn qilingan.

Shayboniyxonning hayot tarixida e‘tiborga molik uch muhim nuqta bor. U avvalo, O‘rta Osiyoliklarning ichki kuchlariga tayanib yurishlar qilgan va oqibatda chegarasi Amudaryo doirasidan juda uzoqqa cho‘zilgan bir mamlakatni barpo etgan buyuk sohibqironlarning oxirgisi edi. Bundan keyingi jangovar yo‘lboshchilar, mahorat va hirslari qanchalik katta bo‘lsada, bu boradagi baxt-omadga erisholmadilar. Ikkinchidan, bundan keyin O‘rta va G‘arbiy Osiyoda qabilalar urushi qat‘iy tugadi. O‘zbeklar Turon yaylovidan janubiy g‘arbga tushgan qavmlarning eng so‘ngi qabilasi bo‘ldilar. Uchinchidan, ilk Amu va Sir daryolarining narigi tarafidagi musulmonlar bilan G‘arbiy Osiyodagi din qardoshlari o‘rtasida juda yaqin bo‘lmasada, doimiy bir aloqa bor edi. Temuriylarning inqirozi va halokatlari bilan bu aloqa tamom bo‘ldi. Xususan, Safaviylarning shialikni quvvatlashlari sababli aloqa uzilishi yanada chuqurlashdi. Shayboniyning ko‘chmanchi qavmlari bilan bu o‘lkaning shimol tarafiga yurishi, bunda tamomila ma‘lum diniy-ijtimoiy o‘zgarish qilgan (shialik tarqalishi) vaqtlarga to‘g‘ri kelgani uchun Movarounnahr yanada tezroq mustaqil bo‘lib oldi: juda qadim zamonlardagi kabi Movarounnahrning suv hududi Turon bilan Eron orasida asosiy bir chegara holini oldi.

Shayboniyxon ruhoniy ulamolariga katta hurmat, hatto bolalarcha itoat qilib, barcha urush safarlarida o‘zi bilan barobar kichkina go‘zal kutubxonasini olib yurar, Temur kabi bu ham Damashq va Halab ulamosi bilan diniy munozaralarga qatnashgan. Qur`onning ba`zi bir oyatlari haqida Hirotning peshqadam tafsirchilari bo‘lgan Qozi Ixtiyor va Muhammad Yusufga e`tiroz bildirgan edi. Shayboniyxoning islom dini borasida yaxshi bilimga ega ekanligini hatto Bobur ham tan oladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak Shayboniyxon o‘zini chin musulmonlar, ya`ni sunna mazhabidagi musulmonlarning boshlig‘i va ularning ximoyachisi deb hisoblardi. Shuning uchun ham Shayboniylar davrida yashagan olimlar xususan, shoir va tarixchilar uni«Xalifa ur-Rahmon» va «Imom az-Zamon» ya`ni «davr imomi» va «tangrining yerdagi xalifasi» deb ulug‘laganlar. Bu nom Shayboniyxonga Hirot olingan yili (1506) berilgan.

Shayboniyxon maorif va madaniyat haqida o‘z davrining ruhidan to‘la xabardor va hatto maorif jihatidan oldinga Temur shahzodalarning aksaridan past emas edi. Zamonasidagi tengdosh shoirlarning aksariyatidan ortiq darajada qalam sohibi bo‘lgan. Chunki uning she`rlari buyuk bir iqtidor va go‘zal tabiatga molik ekanini, u ham turkiy ham forsiy ham arabiy tillardan asosli suratda voqif ekanini ko‘rsatmoqda. Sulton Husayn Boyqaroning vafotidan keyin bir siqim donga muxtoj qolgan ko‘pgina ulamolar Shayboniydan panoh topdilar. U ulamolarni xizmatga olib, munosib vazifalar berdi. Buxoro, Samarqand, Toshkentda masjidlar, madrasalar solishga amr etdi. Hatto harbiy yurishlarda ham o‘z atrofida bir necha ulamo bo‘lgan va bular unga hurmat hamda sadoqat ko‘zi bilan qarashgan.

Shayboniyxon davlatni iqtisodiy va siyosiy jihatdan mustahkamlash yo‘lida qator islohotlar o‘tkazdi. Birinchidan u davlat boshqaruvida suyurg‘ol tizimini joriy etdi, ya`ni zabt etilgan hududlarni boshqarish ishini o‘z farzandlariga, qarindosh-urug‘lariga, birodarlariga, qabila boshliqlari bo‘lgan sultonlarga topshiradi. Xususan, Balx — Sultonshohga, Hisor — Mahdi va Hamza sultonlarga, Andijon — Mahmud sultonga, Qunduz — Ahmad  sultonga, Hirot — Jonvafobiyga, Marv — Qo‘biz naymanga, Toshkent — Suyunxojaga, Xorazm — Kepakbiy qushchiga, Samarqand va Kesh Muhammad Temurga, Buxoro va Qorako‘l — Mahmud sultonga, Turkiston esa Ko‘chkunchixonga taqdim etilgan.

Samarqand poytaxt sifatida xon taxtiga o‘tqaziladigan joy hisoblangan. U yerda xon sharafiga xutba o‘qitilgan va pul zarb etilgan.

Ikkinchidan, u mamlakatda yer-suvni qaytadan taqsim qildi. Ko‘chmanchi qabila zodagonlari yengilgan mahalliy mulkdorlar mol-mulkini musodara qilish, sotish, egasiz qolgan yerlarni o‘zlariniki qilib olish yo‘li bilan mulklarini ko‘paytirib oldilar.

Uchinchidan, mamlakat ichida ijtimoiy hayotni tartibga solishga imkon beruvchi islohot ham o‘tkazdi. Keyingi 10 yil ichida soliqlar og‘irligidan va mulkdorlar jabr-zulmidan yer-suvlarini tashlab ketgan xo‘jaliklar yerlarini ishga tushirish masalasi ko‘rib chiqdi.

To‘rtinchidan, Shayboniyxon 1507-yilda pul islohotini o‘tkazdi. Bunga ko‘ra mamlakatning hamma katta shaharlarida vazni bir xil — 5,2 gramm bo‘lgan yangi kumush tangalar hamda mis chaqa pullar zarb qilinib muomalaga chiqarildi. Bu islohot iqtisodiyotni tartibga solish va savdo-sotiqni jonlantirish maqsadida o‘tkazilgan edi. Ayni paytda bu islohot markaziy hokimiyatning siyosiy va iqtisodiy mavqeini kuchaytirishga, mahalliy hokimlar mavqeini esa kuchsizlantirishga, dehqonlarning soliq to‘lash imkoniyatini oshirishga, davlat v axon mulkini ko‘paytirishga imkon berdi.

Beshinchidan, Shayboniyxon ta‘lim sohasida ham islohotlar o‘tkazdi. Bu islohotning o‘tkazilishiga amaldorlar guruhini vujudga keltirish va ularni jamiyatning asosiy tayanchiga aylantirish zarurati sabab bo‘ldi. Xonlarga va sultonlarga barcha sohalar bo‘yicha ilmli, diplomat qobiliyatiga ega bo‘lgan amaldorlar zarur edi. Islohotga ko‘ra, ko‘p bosqichli o‘qitish tizimi joriy etildi. Ta‘limning qiyu bosqichi maktab hisoblandi va bolaga 6 yoshidan ta‘lim beriladigan bo‘ldi. Maktabda ikki yil o‘qigach o‘quvchilar madrasaga o‘tkazilardi. Madrasada 3 bosqichli ta‘lim joriy etilgan bo‘lib, uning har bir bosqichida 8 yildan o‘qilardi. Shunday qilib, o‘qish 26 yil davom etardi.

Shayboniyxon tomonidan amalga oshirilgan bu kabi va boshqa tadbirlar o‘z mohiyatiga ko‘ra markaziy hokimiyatni mustahkamlashga, shayboniy xonlari va beklari hukmronligi kuchayishiga xizmat qilishi zarur edi.

Ko‘chkunchixon

Ko‘chkunchixon ibn Abulxayrxon (ko‘chim) 
(?-1530-y.) 
(1510-1530)

Shayboniylar sulolasidan bo‘lgan xon. Abulxayrxon va Robiya Sultonbegim (Ulug‘bek mirzoning qizi)ning farzandi, Shayboniyxonning amakisi. Shayboniyxon tomonidan Turkiston viloyati hokimi etib tayinlangan(1503-1509-y.). Movorounnahr xoni (1510-1530-y.). Shayboniylarning Movarounnahrni bosib olish uchun qilgan yurishlarida faol ishtirok etgan. 1512-yil 28-apreldagi jangda shayboniylar Bobur bilan uning ittifoqchisi safaviylar qo‘shinini tor-mor qilib, Samarqand taxtini qo‘lga kiritdilar va Ko‘chkunchixon hukmronligi qayta tiklandi. Uning davrida Shayboniylar Safaviylar bilan urushib, ikki marta (1513/14:1529-y.) Hirotni egallaganlar, Bobur saltanati poytaxti Agra shahriga elchilar yuborilgan. Elchilar Bobur tomonidan tuhfalar bilan kutib olingan. Ko‘chkunchixon nomi tarixda xongina emas, adabiyot, fan va madaniyat homiysi sifatida ham qolgan. Uning davrida ko‘p asarlarni o‘zbek yiliga tarjima qilish bobida katta ishlar qilingan: fors tilidan o‘zbek tiliga Rashiduddinning ,, Jome at-tavorix”, Sharafuddin Ali Yazdiyning ,,Zafarnoma” asarlari tarjima qilingan, Buxoroda Abdulazizxon kutubxonasi ochilgan, masjid, madrasa, xonaqohlar ta`mirlangan.

Abu Saidxon

Abu Said ibn Ko‘chkunchixon
(?-1533-y.)

1530-1533-yillarda shayboniylar hukmdori. Uning davrida Movarounnahrda shayboniylar o‘rtasida Buxoro va Samarqand taxti uchun o‘zaro nizolar davom etgan. U mashhur tasavvuf olimi bo‘lmish o‘z vaziri Ofoq Xojaning mudiri edi.

Ubaydullaxon

Ubaydulla Sulton, Ubaydiy
(1486-yil, Xorazmning Vazir shahri yaqinidagi Tirsak mavzesi — 1540-yil 17-mart, Buxoro)
(1533-1539)

Buxoro xoni, shoir. Shayboniylar sulolasidan. Muhammad Shayboniyxonning jiyani, Mahmud Sultonning o‘g‘li. To‘liq ismi Abulg‘oziy Ubaydulloh Bahodirxon ibn Mahmud Sulton ibn Shoh Budog‘ Sulton ibn Abulxayrxon. Otasining iltimosiga ko‘ra, unga Xoja Ubaydulloh Ahror o‘z ismini bergan. Tasavvuf bo‘yicha dastlabki saboqni otasining piri Mavlono Muhammad Јozidan olgan. U.ga o‘z davrining mashhur ulamolari Fazlulloh ibn Ro‘zbehon, Maxdumi A`zam, Mavlono Muhammad Azizon, Mavlono Xoja Muhammad Sadr va boshqalar ustozlik qilgan. Xususan, unga davlat arbobi va sarkarda amir Abdulla Yamaniy (Buxoroda Mir Arab nomi bilan mashhur bo‘lgan) harbiy san`atdan saboq bergan va o‘ziga murid qilib olgan.
Xorazm va Buxoro hokimi bo‘lgan otasi Mahmud Sulton Qunduzda vafot etgach (1504), unga O‘rusbek Do‘rmon (1512-yilda Ko‘li Malikda bo‘lgan jangda o‘ldirilgan) otaliq qilib tayinlangan.
Ubaydullaxon amakisi Shayboniyxonning Xorazm (1505), Balx (1506), Hirot va Mashhad (1507)ga qilgan harbiy yurishlarida qatnashgan.
Dastlab safaviylar qo‘shinining Movarounnahr ichkarisiga bostirib kirishidan cho‘chigan Ubaydullaxon va Muhammad Temur Sulton (Shayboniyxonning o‘g‘li) shoh Ismoil I bilan elchilar almashib, sulh tuzishga uringanlar. Shayboniylar sulolasining xoni Ko‘chkunchixonning asosiy noibi (1510-yildan) va Buxoro hokimi (1504-yildan) sifatida Ubaydullaxon dushmanga qarshi kurashga otlangan. 1511-yilda bo‘lgan jangda yengilgan Ubaydullaxon va Ko‘chkunchixon, Samarqand hokimi Suyunchxo‘jaxon, shuningdek, Muhammad Temur Sulton va Jonibek Sulton o‘z yaqinlari bilan Turkiston shahriga chekinadilar.
1512-yil 28-aprelda Ko‘li Malik jangida Ubaydullaxon g‘alaba qozonib, Buxoro va Samarqandni egallaydi. 1512-yil bahorida Ubaydullaxonning shijoati natijasida Movarounnahr yana shayboniylar qo‘liga o‘tdi. Biroq Ismoil I yuborgan Najmi Soniy boshchiligidagi 60 ming kishilik safaviylar qo‘shiniga suyangan Bobur 1512-yil kuzida G‘uzor va Qarshini egallaydi. Najmi Soniy qo‘shini G‘ijduvonni qamal qilishga kirishdi. Ubaydullaxon va Jonibek Sulton Karmanaga; Ko‘chkunchixon va Temur Sulton Miyonkolga chekinib, hal qiluvchi jangga tayyorgarlik ko‘rishadi. 1512-yil 24-noyabrdagi G‘ijduvon jangida Ubaydullaxon boshchiligidagi qo‘shin g‘alaba qozongan.
1513-yil yanvarda Ubaydullaxon boshchiligidagi qo‘shin Xurosonga harbiy yurishlar qilib, safaviylarga kuchli zarbalar berdi. 1513-yil 11-martda Ubaydullaxon Marvni egallaydi. Bu orada Ubaydullaxon Xorazmni ham egallab, o‘g‘li Abdulazizxonni hokim qilib tayinlaydi. Uzoq davom etgan harbiy to‘qnashuvlardan so‘ng Mashhad, Hirot (1529) va boshqa shaharlar egallandi. Ubaydullaxon Hirotdagi murakkab vaziyatni tartibga solish (bu yerda shialarning ta`siri kuchayib ketgan edi) va uning Buxoro bilan aloqalarini mustahkamlashga katta e`tibor qaratgan. Ko‘chkunchixon vafot etgach, uning o‘g‘li Abu Saidxon davrida ham Ubaydullaxon noiblik vazifasida qolgan.
1533-yilda Abu Saidxon vafotidan so‘ng, turkiy an`anaga binoan sultonlar ichida eng yoshi ulug‘i Ubaydullaxon Buxoroda shayboniylar sulolasining xoni qilib ko‘tarilgan. Poytaxt ham Samarqanddan Buxoroga ko‘chirilib, davlatning nomi rasmiy ravishda Buxoro xonligi deb atalgan. Ubaydullaxon hukmronligi davrida Buxoroning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markaz sifatidagi mavqei kuchaydi. Buxoroda Mir Arab madrasasi, Mirak Said G‘iyos bog‘i, Ko‘hak (Zarafshon) daryosi ustida Mehtar Qosim ko‘prigi va boshqa inshootlar qurildi.
Ubaydullaxon yassaviya va naqshbandiya tariqatlariga e‘tiqod qilib, shayx sifatida muridlar ham tarbiyalagan. Ubaydullaxon «Ubaydiy», «Qul Ubaydiy», «Ubaydulloh» taxalluslari bilan o‘zbek, fors va arab tillarida ijod qilgan. Uning uchala tildagi devonlarini o‘z ichiga olgan kulliyoti keyinchalik Mir Husayn al-Husayniy tomonidan ko‘chirilgan (1583). Ubaydullaxonning turkiy devonida 310 g‘azal, 430 ruboiy, 11 tuyuq, 18 masnaviy, 7 muammo, 2 yor-yor mavjud. Shuningdek, devondan diniy-tasavvufiy va axloqiy-didaktik ruhdagi “Omonatnoma”, “Shavqnoma”, “G‘ayratnoma”, “Sabrnoma” manzumalari o‘rin olgan. Forsiy devonida esa 163 g‘azal, 418 ruboiy, 7 qit‘a, 1 fard, 1 masnaviy, 1 tarje‘band va 3 muammo bor. Arab tilidagi merosi 35 ga yaqin g‘azal, qit‘a va fardlardan iborat. Ubaydullaxon Ahmad Yassaviy asos solgan hikmatnavislik an‘anasini rivojlantirgan. Undan 1786 baytdan iborat 220 dan ortiq hikmat etib kelgan. Ubaydullaxon ijodida diniy-tasavvufiy g‘oyalar yetakchilik qiladi. Ubaydullaxon o‘zbek va fors adabiyotidagi yirik ruboiynavislardan hisoblanadi. Uning bu 2 tildagi ruboiylari 850 ga yaqin. Xususan, o‘zbek adabiyotida ruboiyning Boburdan keyingi taraqqiyoti Ubaydullaxon nomi bilan bog‘liq. Shoir she‘rlarida o‘zbek tilining boy imkoniyatlaridan, o‘ziga xos xususiyatlaridan mahorat bilan foydalangan.
Ubaydullaxon Buxoro yaqinida joylashgan Bahouddin majmuasidagi Daxmai shohon (Shohlar daxmasi)dagi shayboniylar xilxonasida dafn etilgan. Ubaydullaxon kulliyoti yagona nusxada O‘zbekiston FA Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida, «Devoni Ubaydulloxon» qo‘lyozmasi Turkiyaning Nuri Usmoniya kutubxonasida, «Masoil us-salot» nomli terma bayozi Ko‘niyodagi Izzatquyun xususiy kutubxonasida saqlanadi.

Abdullaxon I

Abdullaxon I ibn Ko‘chkunchixon 
(XV asr oxiri — 1540-yil 14-sentabr, Samarqand)
(1540-yil mart-sentabr)

Shayboniylardan bo‘lgan Movarounnahr xoni. Abulxayrxonning nevarasi, Ko‘chkunchixonning o‘g‘li.
1514-1540-yillarda Abdullaxon I Yassi (Turkiston)da hokimlik qilgan. 1540-yil martda shayboniy Ubaydullaxon vafot etgach, Buxoro xonligi 3 qismga bo‘lingan davrda Samarqandda hukmronlik qilgan. Uning qisqa hukmdorligidan so‘ng mamlakatda qo‘sh hokimiyatchilik vujudga kelgan, ya`ni bir davlatda ikki hukmdor paydo bo‘ldi.
Abdullaxon I Samarqandda Registon yaqinidagi Chihil (Chil) Duxtaron qabristonida dafn etilgan. Uning vafotidan so‘ng Samarqanddagi shayboniylar taxtiga ukasi Abdulatifxon o‘tirgan.

Abdulazizxon

Abdullazizxon ibn Ubaydullaxon 
(1509-1550) 
(1540-1550)

Buxoro xoni bo‘lgan shayboniy hukmdor (1540-1550). Ubaydullaxonning o‘g‘li. Dastlab 1538-1539-yillarda Xorazm hokimi bo‘lgan. 1539-yilda otasi Ubaydullaxon vafot etgach, shayboniylar sulolasi vakillari o‘rtasida o‘zaro nizolar avjiga chiqdi. Buning oqibatida Abdullaxon I ning qisqa hukmronligi (1539-1540)dan so‘ng mamlakatda qo‘shhokimiyatchilik vujudga kelib, Abdulazizxon Buxoro xoni (1540-1550), Ko‘chkunchixonning o‘g‘li Abdullatifxon esa Samarqand xoni bo‘lgan. Abdulazizxon otasi Ubaydullaxon vafotidan keyin Buxoro taxtiga o‘tiradi, ammo Samarqand xoni uni bosh xon sifatidida tan olmaydi, natijada kelishmovchiliklar kelib chiqqan. Toshkent hokimi Navro‘z Ahmadxon va Abdullatifxonlar Abdulazizga qarshi qo‘shin tortadi. Abdulazizxon Balxga qochadi, biroq Jo‘ybor shayxlari Toshkent, Samarqandlik hokimlari hokimlarni qo‘llab-quvvatlaganlari uchun Buxoroni tashlab chiqib ketishga majbur bo‘lishdi. U o‘z hukmronligi davrida davlat va aholi manfaatlarini ko‘zlab qator islohotlar o‘tkazgan, ayrim soliqlar (tanob puli, tafovut, tavfiri va b.) ni bekor qilgan. Uning davrida to‘s-to‘polonlar ko‘p bo‘lganligiga qaramay mamlakat obodligi va yurt qurishga kirishib, oliy imoratlar bino etdi. Xususan u Buxoro atrofini yangi mudofaa devori bilan o‘rashga kirishgan (uni Abdullaxon II qurib bitkazgan bo‘lib, 20-a. boshlarigacha saqlangan ). U o‘z otasi Ubaydullaxonga bag‘ishlab shunday imorat qurdirdiki uni tariflashga til ojiz. Bundan tashqari u Buxoroda madrasa, Bahouddin Naqshband qabristonida xonaqohlar qurdirgan.
Abdulazizxonning ulkan bir jutubxonasi bor edi, o‘sha paytda bunday kutubxona bo‘lganmi, yo‘qmi aytish qiyin. Uning kitobdori ham o‘z zamonasida tengi yo‘q naqqosh va xattot edi.”Bu kutubxona” – tarixiy manbalarda yozilishicha Xurosonga yurishlaridan birida Abdulazizxon qo‘lida Husayn Boyqaro kitobxonasi tushgan. Maskur kutubxona asosida tashkil etilgan.
Abdulazizxon ilm va she‘riyat homiysi, o‘ta taqvodor inson bo‘lib, tasavvuf olimi Shayx Jalolning mudiri edi. U benazir husnihat sohibi bo‘lgan, “Aziziy” taxallusi bilan g‘azallar bitgan.
Abdulazizxon 41 yoshida 1550-yil 16-mayda vafot etadi. Qabri otasining yonida Ubaydullaxon sipposida joylashgan.

Abdulatifxon

Abdulatifxon ibn Ko‘chkunchixon
(?-1551-y aprel/may)
(1540-1551)

Samarqand xoni bo‘lgan shayboniy hukmdor. U Ubaydullaxon va Baroqxon bilan birgalikda Xorazmni egallagan (1537-38-y.). 1541-yil Samarqandni Buxoro xonligidan mustaqil deb e`lon qilib mamlakatda ikki hokimiyatchilik vujudga kelishiga yo‘l qo‘ygan (1540-50-y.). Baroqxon bilan birgalikda Karmanaga yurish qilgan. Ammo Karmana hokomi Abdullaxon II bu hujumni qaytargan.Shariat jonkuyari bu xonning yaxshi hislatlari va ko‘pgina taxsinga sazovor ishlari bor edi. U o‘z xalqiga yomonlikni ravo ko‘rmadi, ba`mani qiliqlarni batamom tiyildi va ziyofatlarni olim – fozillarsiz o‘tkazmadi. Uning davrida Samarqand shahri gullab yashnadi. Uning bog‘lari Eram bog‘laridan ham go‘zalroq deb ta`riflanardi.
Abdullatifxon o‘z qarindoshlari orasida ustun va shuhrati baland edi. Tarix fanini yaxshi bilar, ilm-ma`rifatlardan xabardor edi. Kecha-yu kunduzini teng soatlarga bo‘libhar bir soatida munosib shu bajarar edi. Kuchli hofizlari bor edi. Gohida shoirlar va fozillar bilan suhbat qurar edi. O‘zi esa she`r yozish bilan kam shug‘ullangan bo‘lsada, ammo ,,Xush” taxallusi bilan she`r yozgan.Abdullatifning topshirig‘iga binoan Ma`sud ibn Usmon Ko‘histoniy “Tarixi Abulxayrxoniy” nomli asar yozadi. Bu asar Ko‘chmanchi o‘zbeklar davlatiga olgan Abulxayrxonga bag‘ishlanadi.
Abdullatifxon 1551-yilda may oyida vafot etadi. Undan Abdol Sulton va Gadoyxon ismli o‘g‘illar qolgan. Qabri Ko‘chkunchixon madrasasi (Samarqand)da.

Baroqxon

Navro‘z Ahmadxon ibn Suyunchxoja
(?-1556, Samarqand)
(1551-1556)

Shayboniylar sulolasidan bo‘lgan xon. Abulxayrxonning nevarasi, Toshkent hokimi Suyunchxojaning kichik o‘g‘li. Otasi vafotidan so‘ng Toshkent hokimi (1525-1551-y) so‘ngra Movarounnahr xoni (1551-1556-y.). U yoshligida Vosifiydan she`riyat, musiqa, ashula, vazn va nazmdan ta`lim olgan. Ayni vaqtda chavandozlik va harbiy mashqlar bilan ko‘proq shug‘ullangan. Baroqxon XVI asr o‘rtalarida Buxoro xonligida kuchayib ketgan feudal kurashdan foydalanib, Movaronnahrni qo‘lga kiritib oldi. So‘ngra qo‘shin bilan Shayboniyxonning jiyani Muhammad Rahimni Buxoro ustiga otlantirdi. Lekin Muhammad Rahim yo‘lda to‘satdan vafot etdi. Uning o‘g‘li Burxon sulton otasiga qarashli harbiy qismlar va mulozimlari bilan Buxoro ostonasiga yetib keldi. Ayni shu vaqtning o‘zida Baroqxon Toshkentdan, Abdulatifxon esa Samarqandda Buxoro ustiga qo‘shin tortib, oxir-oqibat uni egalladilar (1540). Baroqxon Burxon sultonni Buxoroni boshqarishda vaqtincha hukmdor bo‘lib turgan Muhammadyor sultonga sherik qilib qo‘ydi. Ittifoqchilar (Baroqxon va Abdulatifxon) Burxon sultonni ham o‘zlariga qo‘shib Miyonkol hukmdorlari Iskandarxon va Abdullaxonga qarshi yurish boshladilar. Abdullaxon miyonkolni Baroqxonga qoldirib, Balxga ketishga majbur bo‘ldi va u yerdan turib amakisi Balx xoni Pirmuhammadxonning yordami bilan Baroqxonga qarshi uch marta (1553,1554,1555) qo‘shin tortdi, lekin har gal mag‘lubiyatga uchradi. Baroqxon Abdullatifxon vafotidan keyin 1551-yilda Samarqandni ham egalladi.
Shunday qilib, 1551-1556-yillari Baroqxon Movarounnahrni Navro‘z Ahmadxon nomi bilan idora qildi. U o‘z nomidan pul zarb ettirdi. Movarounnahrning ko‘pgina shaharlarida uning nomi xutbaga qo‘shib o‘qildi. U obodonchilik ishlariga e`tabor bergan, madrasalar qurdirgan(“Baroqxon madrasasi”-1531/32-XVI asrning 2-yarmi). Hofiz Tanish Buxoriyning ,,Abdullanima” asarida qayd etilishicha, Baroqxon 1556-yilda Zarafshon daryosidan boshlangan Darg‘om kanalining bosh inshooti – Ravotxoja to‘g‘onini tuzattirish uchun kelgan va shu yerda to‘satdan vafot etgan. Uning davrida Movarounnahr bilan Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari, Hindiston, Xitoy, Sibir o‘rtasida savdo-sotiq, elchilik munosabatlari rivojlangan.

Pirmuhammadxon I

Pirmuhammadxon ibn Jonibek sulton 
(?-1567-y. 12-mart) 
(1556-1561)

Balx hokimi (1546-67). Shayboniylar xoni. Uning davrida Balx hokimligi kuchayib to‘liq mustaqil xonlikka aylangan. Buxoro xoni Abdulaziz (1540-50) Balxning mustaqilligini barham berish maqsadida katta harbiy yurishga otlangan, biroq bu safar unig vafoti tufayli qoldirilgan. Buxoro taxtiga Muhammadyor sulton o‘tqazilgan. Pirmuhammad ta`ziya bildirish uchun Buxoroga kelib, turli nayranglar bilan taxtni egallab olgan(1550-y. 18-avgust). Biroq amaldorlar va ulamolarning aksariyati uni qo‘llab quvatlamagan. Jo‘ybor xojalaridan Xija Muhammad Islom ham uni tan olmagan. Pimuhammadxon shundan so‘ng Buxoro taxtiga o‘z kishisi – shayboniylardan Umarg‘ozi Sulton(O‘zbekxon)ni o‘tqazishga ko‘p uringan. U Buxoro oily hukmdori sifatida bir yilcha turgan, lekin amirlar va eshon Xoja Muhammad Sultondan ko‘mak ololmagach, Buxoroni tark etishga, taxtni yana Muhammadyor Sultonga qaytarishga majbur bo‘lgan. Movarounnahrdagi ichki nizolar kuchaygan davrda (1551-56-y.) Pirmuhammad jiyani Abdullaxonni (Abdullaxon II) Navro‘z Ahmadxonga qarshi kurashini quvvatlab turgan. Navro‘z Ahmadxonning o‘limidan foydalangan Abdullaxon Buxoroni egallagan.Pirmuhammad nomiga xutba o‘qilgan. Pirmuhammadxon 1561-yil 18-aprelgacha shayboniylarning oliy xoni bo‘lib qolgan, garchi uning nomiga xutba o‘qilgan va tanga pullar zarb qilingan bo‘lsada, u faqat nomiga xon edi. Badahshon va Balxdagi notinchliklar tufayli Pirmuhammad Balxni tark etib, Buxoroga kela olmasdi. Shuning uchun 1557-yildan amalda Abdullaxon hukmronlik qilgan. Badaxshon hokimi temuriy Sulaymonshox 1560-y. iyul-avgustda Balxga yurish qilganda Pirmuhammadxon Abdullaxon IIdan yordam so‘ragan. Chashmai koziron degan joydagi jangda shayboniylar g‘alaba qozongan. Bundan ruhlangan Pirmuhammadxon ToxaristondagiQunduz va Toliqon shaharlarini egallash maqsadida 1560-yil 5-sentabr oyida yurish qilgan. 1561-yilda Pirmuhammadxon bilan Abdullaxon II o‘rtasida ixtilof yuzaga kelgan, bunga sabab Pirmuhammadxonning Buxoroni Abdullaxon IIdan tortib olib, evaziga Balxni bermoqchi ekanligi bo‘lgan. Biroq bunga Pirmuhammadxonning o‘g‘li Dinmuhammad sulton norozi bo‘lib, otasiga qrshi isyon ko‘targan. Xoja Muhammad Islom ham bunga qarshi chiqqan. Abdullaxon II Karmanadan otasi Iskandarxonni keltirib taxtga o‘tqazgan(1561-yil may) va Pirmuhammad nomini xutbadab chiqarib tashlagan.
Pimuhammadxon faol ichki va Tashqi siyosat yurgizgan. Uning davrida Balx xonligi Abivard, Marv viloyati va Termiz hisobga kengaygan. Janubdagi Gurzuvon va Garchiston viloyatlari chegaralari mustahkamlangan.

Iskandarxon

(?-1583-y. 22-iyun) 
(1561-1583)

Shayboniylar xoni. Uning onasi Toshkent hokimi Sulton Mahmudxon (Boburning tog‘asi)ning qizi bo‘lgan. Iskandarnon 15 yoshida Samarqand sug‘diga qarashli Ofarinkent (Miyonkol) nohiyasida hokimlik qilgan, otasi favot etgach (1539-y.), Karmana hokimi bo‘lgan. 1561-yil Iskandarxon o‘g‘li Abdullo sulton (AbdullaxonII) Buxoroni egallab amakisi Pirmuhammad (Balx hokimi) o‘rniga otasi Iskandarxonni butun o‘zbeklarning xoni(xonlar xoni) deb e`lon qilgan. Iskandarxon yoshligida jangari, irodali kishi bo‘lgan esada – keyinroq taqvoga juda berilib ketgan. Shatiat ahkomlariga to‘la rioa qilgan, lochin oviga mohir bo‘lgan, deyarli davlat ishlariga aralashmagan, shu sababli Nisoriy ,,Muzakkiri ahbob”ni bosh xonga emas, AbdullaxobII ga bag‘ishlagan va Iskandar Sultonni faqat oliy hukmdor sifatida madh etgan. U taniqli tasavvuf olimi, Mahdumi A`zam Kosoniyning mudiri va shogirdi edi. Iskandarxonni darvishlar podshohi (podshohi darvishon) deb ham atashgan.

Abdullaxon II

Abdulla ibn Iskandarxon ibn Jonibek sulton ibn Xoja Muhammad ibn Abulxayrxon 
(1534-Miyonkol, Ofarikent qishlog‘i — 1598-yili 8-fevral Samarqand, Buxoro yaqinida Bahouddin majmuasiga dafn etilgan)
(1583-1598)

O‘zbek davlatchiligi tizimidagi Buxoro xonligining shayboniylar sulolasidan eng yirik hukmdor (1583-1598), davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan, ma`rifat, madaniyat homiysi. Toshkent hokimi Baroqxon (Navro‘z Ahmadxon) bilan Koson yonida (1548), Mo‘ngiliston xoni Abdurashidxon va shayboniylardan Do‘stum sultonlar qo‘shiniga qarshi Forob yonida (1554) jang qilgan. Yosh Abdulla sulton o‘zining hukmdor sifatidagi butun g‘ayrat shijoatini 1551-yil Karmanada namoyish etgan; viloyatga Toshkentdan Baroqxon va Samarqanddan Abdullatifxon hujum qilganlar, Iskandar sulton Amudaryo ortiga qochgan. Abdulla sulton otasi vazifasini o‘z zimmasiga olib bu hujumni muvaffoqiyatli qaytargan. Keyingi yillarda (1552-56-y.) o‘z mulkini G‘arbga – Buxoro tomonga va janubi-sharq – Qarshi va Shahrisabz tomonga kengaytirishga intilgan. Bu say-harakat dastlab muvaffaqiyotsiz chiqqan, xatto 1556-yilda u ota meros mulkini tashlab Maymanaga qochishga majbur bo‘lgan. U amakisi, Balx hokimi Pirmuhammaddan harbiy yordam olib va piri Xoja Muhammad Islom ko‘makida Baroqxon, keyinchalik uning o‘g‘illari Darveshxon va Bobo Sultonlarga qarshi uzoq muddat kurash olib borgan. Navro‘z Ahmadxon (Baroqxon) vafot etgach (1556-y.), darhol Karmana va Shahrisabzda o‘z hukmronligini tiklaydi, 1557-yili mayda Buxoroni qo‘lga kiritadi va uni o‘z poytaxtiga aylantiradi. 1561-yilda otasi — Iskandarxonni davlat boshlig‘i — xon deb e`lon qilib, uning nomidan mamlakatni o‘zi boshqara boshlaydi. Markaziy hokimiyatga bo‘ysunishdan bosh tortgan shayboniy sultonlar bilan kurashib, Balx (1574-y.), Samarqand (1578), Toshkent, Sayram, Turkiston (1583) va Farg‘ona (1583-y) ni egallaydi. 1582-yilda Dashtga yurish qilib, Ulug‘tog‘ga qadar borgan. 1583-yilda otasi Iskandarxon vafot etgach mamlakatni o‘z nomidan boshqara boshlaydi. Markaziy hokimiyatga qarshi ko‘tarilgan Maymana va Garchiston (1583-y.), shuningdek, Badaxshon (1585)dagi g‘alayon, tartibsizliklarni bostirgan. Xorazmga ikki marta yurish (1594 va 1596) qilib, u yerda markaziy hokimiyat hukronligi qayta tiklangan. Abdullaxon II safaviylar bilan Xuroson, Gilon uchun kurashib o‘z tasarrufiga kiritgan. Sharqiy Turkistonga qilingan yurishda Qashqar va Yorkent viloyatlarini olgan. Boburiylar ham Badaxshon, Shimoliy Afg‘oniston va Xuroson uchun Abdullaxon IIga qarshi kurashganlar. Abdullaxon II bunga qarshi Sind (1583), Kashmir(1586) ni egallab davlatning janubiy chegaralarini mustahkamlagan. Abdullaxon II davrida mamlakat hududi Qashqardan Orol va Kaspiy dengizlari sohillarigacha, Turkiston va Sayramdan Xurosonning sharqiy qismigacha bo‘lgan yerlardan iborat edi.Abdullaxon II hayotining so‘ngi yillarida o‘g‘li Abdulmo‘min bilan chiqishmay qolgan. Ular o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashganidan habar topgan qozoq xoni Tavakkalxon Toshkent viloyati va Toshkent – Samarqand oralig‘idago yerlarga bostirib kirib, unga qarshi yuborilgan qo‘shinni yengan. Unga qarshi safarga otlangan Abdullaxon II Samarqandga yetganida o‘g‘li Abdulmo‘min 1598-yil 8-fevralda amir Muhammad Boqibiy bilan kelishib otasi Abdullaxon II ni zaxarlab o‘ldiradi.
Abdullaxon II faol tashqi siyosat olib borgan. Uning mamlakat ichki siyosatidagi, davlat boshqaruv tizimini mustahkamlash, ayniqsa pul islohati o‘tkazish yo‘lidagi faoliyati natijalari keyingi davrlarda ham saqlanib qolgan. U ko‘plab turli inshootlar qurdirgan.
Uning davrida mamlakatda shaharsozlik, adabiyot, ilm-fan taraqqiy etgan. Buxoro madaniyat, ilm-fan markaziga aylangan. Hofiz Tanish Buxoriyning ,,Abdullanoma” ( ,,Sharafnomayi shohiy”) (1584-89), Amin Ahmad Roziyning ,,Haft iqlim” (1583), Mutribiyning dunyo xaritasi ilova qilingan ,,Taskirati shuaro” (taxminan 1593-95) va boshqa ilmiy asarlar yaratilgan. Buxoroda mashhur Abdullaxon madrasasi tashkil qilingan. Hasanxo‘ja Nisoriyning ,,Muzakkiri ahbob” asari Abdullaxon II ga bag‘ishlangan.
Abdullaxon II ning o‘zi ham istedodli shoir bo‘lib, “Xon” taxallusi bilan o‘zbek va fors tillarida she`rlar yozgan.

Abdulmo‘min

Abdulmo‘min ibn Abdullaxon 
(1568-1599) 
(1582-1599)

Balx va Badaxshon hokimi (1582-1598). 1598-99-yillarda Buxoro xoni bo‘lgan. 1589-yildan otasi Abdullaxon II bilan munosabatlari keskin yomonlashgan. Chunki Abdullaxon II Hirotni Safaviylardan qaytarib olgach, uni o‘z o‘g‘li qolib, Qulbobo Ko‘kaldoshga in`om qiladi. Buning ustiga u Xurosondagi noiblari – Qulbobo ko‘kaldosh, Dinmuhammad sulton va boshqa;arga yozma farmon jo‘matib, Abdulmo‘minga itoat etmaslikni va xatto biror qulay fursatdan foydalanib uni jisman yo‘q qilishni buyuradi. Shuningdek, u Niso, Obivard va Durun hokimi Nurmuhammadxonni qollab- quvvatlab uni Abdulmo‘minga qarshi urushga undaydi. Bundan darg‘azab bo‘lgan Abdulmo‘min 1597-yilning kuzida otasiga qarshi bosh ko‘tarib, Balx va Badaxshon qo‘shini bilan Amudaryo bo‘yiga kelgan. Abdullaxon II ning qo‘shini Nasaf (Qarshi) atrofida joylashgan. Abdullaxonga ko‘makka viloyat hokimlari – masalan, Axsi va Andijon hokimi O‘zbek sulton o‘z qoshinlarini yuborgan. Buxoro va Balx ulamolari aralashuvi bilan Abdulmo‘min va Abdullaxon II o‘rtasidagi nizolarga vaqtincha barham berilgan.Abdulmo‘min 1598-yil 8-fevralda amir Muhammad Boqibiy bilan kelishib otasi Abdullaxon II ni zaxarlab o‘ldiradi. Abdulmo‘min otasi Abdullaxon II vafot etgach, Buxoroga qaytib taxtni egallagan.taxtga o‘tirganidan so‘ng, otasining yaqin kishilari hamda o‘zining Farg‘ona va Toshkentdagi barcha shayboniy qarindoshlarini zolimlarcha qatl ettirishi mamlakatda isyon ko‘tarilishiga olib kelgan. U Eron safaviylari bilan Xuroson uchun kurashni davom ettirgan. Abdulmo‘minning taxtga o‘tirganidan olti oy o‘tgach, Zomindan Samarqand tomon keloyatganda otasining amirlaridan biri – Abdulvose` uni otib o‘ldiradi.
Abdulmo‘min mo‘ng‘ullar vayron qilgan Balx qal`asini qayta qurdirgan, Balxdagi Xoja Abu Nasr Porso mozorida hashamatli ko‘shk bunyod ettirgan.

Pirmuhammad II

(1599-1601-yillarda hukmronlik qilgan)

Shayboniylar davlatining so‘ngi hukmdori. Abdulmo‘minning amakisi. Dastlab Balx hokimi bo‘lgan. Abdulmo‘min o‘ldirilgach, Buxoro xonligi taxtiga o‘tqazilgan va davlatni 1601-yilgacha idora etgan. Uning davrida markaziy hokimiyat nihoyatda zaiflashgan. 1601-yili Samarqand hokimi Boqimuhammadni poytaxt ixtiyorida tutish niyatida taxminan 50 ming qo‘shin bilan unga qarshi chiqadi. Pirmuhammad Bog‘i shamol atrofida mag‘lubiyatga uchraydi. Buxoro taxti esa Boqimuhammad qo‘liga o‘tib u xon deb ko‘tariladi. Shu tariqa shayboniylarning bir asrlik hukmronligiga nuqta qo‘yiladi. Mamlakat va davlat tig‘inini endi yangi sulola – “Ashtarxoniylar” o‘z qo‘llariga oladilar.

Boqimuhammadxon

(? — 1605), 
(1601-1605)

Ashtarxoniylardan bo‘lgan Buxoro xoni. Shayboniylar sulolasining so‘nggi vakili Pirmuhammadxon (1598-1601) 1599-yilda Boqimuhammadni alohida xizmatlari uchun Samarqand hokimi etib tayinlagan. Shunday bo‘lsada u tez orada o‘z mavqeini mustahkamlab olib, Pirmuhammadxonga itoat etmay qo‘ygan va hatto unga qarshi urushga hozirlik ko‘ra boshlagan. 1601-yil uyunda Pirmuhammadxon Samarqand yaqinidagi Bog‘i Shamol degan joyda Boqimuhammad bilan jang qilib, mag‘lubiyatga uchragan. So‘ng, Boqimuhammad Buxoroga kirib, xonlik taxtini egallagan. Shu tariqa Buxoroda yangi sulola – “Ashtarxoniylar” hukmronligi boshlangan.
Boqimuhammad o‘z hukmronligi davrida xonlik hududi yaxlitligi saqlab qolish o‘ziga qadar o‘tgan xonlar qo‘lidan chiqargan yerlarni dushmandan qaytarib olish maqsadida ko‘plab urushlar qilgan. Abdullaxon II o‘limidan so‘ng turkmanlar yordamida Buxoroga bo‘ysunmaslik yo‘lini tutgan Xorazm masalasini Tinch yo‘l bilan hal etdi. Chunonchi, Boqimuhammad Balx taxtiga da`vo qilib isyon ko‘targan (1601 fevral) ashtarxoniy shahzodalar- Abbos sulton va Rahmonquli sultonlarni mag‘lub etgan (1602-yil bahor) va Balxga o‘z ukasi Valimuhammadni hokim etib tayinlagan. Eron shohi Abbos I Balxni bosib olish, so‘ngra Boqimuhammadni taxtdan ag‘darib, uning o‘rniga Shayboniylardan Muhammad Salim sultonni o‘tqazish va bu bilan Buxoro xonligida Ashtarxoniylar hukmronligiga chek qo‘yish maqsadida katta qo‘shin bilan yurish qilganda, Boqimuhammad Amudaryo bo‘yidagi Puli Xataba degan joyda unga peshvoz chiqib(1602-yil iyul), Eron qo‘shinini butunlkay tor-mor keltirgan. Shoh Abbos I esa qolgan-qutgan askarlari bilan arang qochib qutulgan. 1603-yil 25-martda Boqimuhammad temuriylardan Kobul hokimi Muhammad Hakim badiuzzamon bosib olgan Qunduz shahrini uch oy qamal qilgach, yana qayta qo‘lga kiritgan. Boqimuhammad endilikda Xurosonda ham Buxoro hokimiyatini Tiklash maqsadi yo‘lida harakat qila boshladi. Xuroson yurishi 1604-yilga mo‘ljallangan edi.Ammo, 1604-yilda Qozoq xoni Keldimuhammadning qo‘shinini buxoro hududidan haydab chiqara oldi. Buning uchun esa ancha vaqt zarur bo‘ldi. Buning ustiga Boqimuhammadxon 1605-yilda vafot etdi.
Boqimuhammad mamlakatni idora qilish tizimi va soliqlarni tartibga solish, qo‘shinni qayta tashkil qilish kabi qator islohatlar o‘tkazgan, savdo-sotiq, hunarmandchilik, obodonchilik ishlariga katta e`tibor bergan.

Valimuhammadxon

Valimuhammad ibn Jonibek sulton 
(?- 1611-y. 27-avgust)

Ashtarxoniylardan bo‘lgan Buxoro xoni (1605-1611). Akasi Boqimuhammadxon davrida Balx noibi (1599-1605). Boqimuhammad vafotidan so‘ng Buxoro taxtiga o‘tqazilgan. Valimuhammadxondan so‘ng Balx hokimi bo‘lgan Nadrmuhammadxon boshliq mahalliy amaldorlar Imonqulixonni Buxoro taxtiga o‘tqazish uchun Valimuhammadxonga qarshi fitna uyushtirganlar. 1611-yilning bahorida Valimuhammadxon Imonquli va Nadrmuhammadxonlar bilan bo‘lgan kurashda yengilgach Imomqulixon Buxoro xoni deb e`lon qilingan. Valimuhammad esa ikki o‘g‘lini olib Eron shohi Abbos huzuriga qochib borgan. Amirlar Boqimuhammadxonning o‘g‘li Imomqulixonni taxtga o‘tqazganlar. Valimuhammad Abbos yordamida Movarounnahrni qaytarib olishga harakat qilgan. Tarixchi Muhammad Yusuf munshi ,,Tarixi Muqimxoniy” asarida yozishicha, shoh Abbos Imomqulixonga qarshi kurashish uchun Valimuhammadxonga 80 ming kishilik qizilboshlilar qo‘shinini bergan. Biroq Samarqand atrofidagi Bog‘i Shamolda bo‘lgan jang (1611-yil avgust)da Imomqulixon g‘alaba qozongan, Valimuhammad asir olinib qatl etilgan.

Imomqulixon

Imomqulixon ibn Dinmuhammadxon
(1589-1650)
(1611-1642)

O‘zbek davlatchiligi tizimidagi ashtarxoniylar sulolasini boshqargan Buxoro xonligi hukmdori. Valimuhammadxon Erondan olib kelgan qo‘shinga qarshi Buxoro xalqining kurashiga rahbarlik qilib qozoqlar yordamida eronliklarni tor-mor keltirgan. So‘ngra 1611-yil Sirdaryoning quyi oqimidagi hududlarga yurish qilib isyonkor, qozoq, qalmoq, qoraqalpoqlarni bo‘ysuntirgan. Imomqulixon 1613-yil Toshkentni egallab o‘g‘li Iskandarni hokim etib tayinlagan. Ammo, shahar aholisi uning nojo‘ya xatti harakatlaridan norozi bo‘lib isyon ko‘tarib Iskandarni o‘ldirgan. Bundan g‘azablangan Imomqulixon Buxoro, Balx va Badaxshon viloyatlaridan qo‘shin yig‘ib kelib, Toshkent aholisini qirg‘in qilgan (Toshkent qirg‘ini). Buxoro xonligida ichki nizolar juda kuchli bo‘lgan. Toshkent, Balx, Samarqand viloyatlari ochiqdan-ochiq markaziy hokimiyatga qarsh siyosat yurgizishardi. Imomqulixon bu kurashlarga barham bergan. U darveshlarni qo‘llab quvvatlagan, atrofiga olimlar va shoirlarni to‘plagan, o‘zi ham she`rlar yozgan. O‘sha zamon manbalarining birida shunday yozilgan ,, Imomqulixon nochorlar ishini yengillashtirdi, arz bilan kelganlarni qaytarmadi, uning zamonida na kambag‘al va na bechora qolmagandi.Chiqargan buyruqlari ijrosi borasida amaldorlariga qattiq turdi, qorong‘u tushishi bilan oddiy kiyim kiyib, vaziri va qo‘rchi bilan bozorlaru- mahallalarni aylanib oddiy xalqning haqiqiy turmush ahvolidan bohabar bo‘lib turardi. Buni xalq bilgani uchun ham Imomqulixon hukmronligi yillari mamlakatda biron marta ham isyon ko‘tarilmagan”. Ko‘chmanchilar bilan olib borilgan muvaffaqiyatli janglar natijasida u 30 yildan ortiq hukmronlik qilgan.
Bu davrda mamlakatda markaziy davlat hokimiyati kuchaygan. Hindiston, Eron va Rossiya bilan elchilik munosabatlarini o‘rnatgan. Rossiyaning josus elchisi I.D.Xoxlov 1620-22-yillarda Buxoroda bo‘lgan. Imomqulixon ko‘r bo‘lib qolgach, 1642-yilda taxtni ukasi Nadrmuhammadga topshirgan. O‘zi hajga ketib umrining oxirigacha o‘sha yerda bo‘lgan. U Madina shahrida chorbog‘, Makkadagi Ka`baga kiraverish darvozalaridan biri ostonasi uchun oltin va kumush tutqichli yog‘och zina qurdirgan. Buxoroda Imomqulixon hukmronligining oqibati shu bo‘ldiki, uning davrida xon hokimiyati nisbatan mustahkamlandi. Nufuzli amirlar va zodagonlar ham xon hokimiyatiga nisbatan dushmanlik munosabatlarini to‘xtatib turishga majbur bo‘ldilar. Biroq, shunga qaramay, Imomqulixon mamlakatdagi siyosiy tarqoqlikning oldini ololmadi.

Nadrmuhammadxon

Nodir Muhammadxon ibn Dinmuhammadxon ibn Jonibek sulton 
(1592- taxm. 1651)
(1642-1645)

Ashtarxoniylardan bo‘lgan Buxoro xoni. 1606-1642-yillarda Buxoro hokimi bo‘lgan. Uning davrida mamlakatda ichki nizolar kuchayib, xatto farzandlari (12 ta og‘li) ham unga bo‘ysunmay qo‘ygan. Bunga uning o‘ta takabburligi, milk-mulkka o‘chligi, qaysarligi sabab bo‘lgan. Bu esa aholining umumiy noroziligini keltirib chiqargan. Bundan tashqari, Shimoldan ko‘chmanchilar mamlakat hududiga hujum qilib uni talon-taroj etmoqda edilar. Nadrmuhammadxon ularga qarshi o‘g‘li Abdulazizni yuboradi. Biroq Nadrmuhammadxondan norozi amirlar harbiy safar chog‘ida Abdulazizni xon deb e`lon qiladilar. Bundan habar topgan Nadrmuhammadxon Balxga ketishga majbur bo‘lgan va Boburiy Shohjahondan yordam berishni so‘ragan Shohjahon ikki o‘g‘li (Murodbaxsh va Avrangzeb) ni katta qo‘shin bilan Balxga jo‘natib, ularga viloyatni bosib olishni topshiradi. Boburiylarning niyatidan voqif bo‘lgan Nadrmuhammadxon ularga qarshi chiqib, Maymana yo‘lida jangda yengiladi va Eronga shoh Abbos II panohiga qochadi va u yerda ikki yarim yilcha qolib ketadi. Boburiylar Balx viloyatini ikki yil g‘orat qilishgan. Mutassil janglar, mamlakatdagi ocharchilik, qattiq qish Hindistonlik askarlarga salbiy ta`si ko‘rsatgan. Shohjahon askarlarini Hindistonga chaqirib olishga majbur bo‘ladi. Balxni esa Erondan taklif etilgan Nadrmuhammadxonga topshiradi. Bu Nadrmuhammadxonning o‘g‘illarini yana tashvishga solib, ularni birlashishiga majbur qilgan. Abdulazizxon ukasi Subhonqulini Balxga noib etib tayinlaydi (1651). Nadrmuhammadxon taxtdan voz kechib, Makkaga, haj safariga ketishga majbur bo‘ladi va yo‘lda vafot etadi. Madina yaqinidagi akasi Imomqulixon qabri yoniga dafn etilgan. Mahmud ibn Vali Nadrmuhammadxon farmoni bilan mashhur asari — ,,Baxr ul-asror” (,,Sirlar dengizi”) ni yozadi.

Abdulazizxon

Abdulazizxon ibn Nadrmuhammadxon 
(1614- Balx -1681)
(1645-1680)

Ashtarxoniylardan bo‘lgan Buxoro xoni. Buxoro xoni Nadrmuhammadxonning o‘g‘li. 1626-yildan Xuttalon hokimi, 1630-yildan Balxning g‘arbiy tumanlari hokimi, 1645-yilda bir guruh fitnachi amirlar otasi Nadrmuhammadxonning poytaxtda yo‘qligidan foydalanib Abdulazizni Buxoro xonligi taxtiga o‘tkazgan. U markaziy hokimiyatni mustahkamlashga harakat qilgan, mamlakat obodonchiligiga birmuncha hissa qo‘shgan. Buxoroda ko‘pgina muhtasham binolar qurdirgan (Abdulazizxon madrasasi -1652-yilda qurilgan va b.).

Subhonqulixon

Subhonqulixon ibn Nadrmuhammadxon
(1625-yil, Buxoro — 1702-yil 14 -sentabr)
(1680-1702)

Ashtarxoniylardan bo‘lgan Buxoro xoni. 1651-80-yillarda Balx hokimi.Nadrmuhammadxon Buxoro xoni bo‘lgach, o‘gli Subhonqulixonni Soli Saroy shahri, so‘ngra Balx viloyati hokimi qilib tayinlaydi (1642). Ko‘p o‘tmay u bu lavozimdan olinib, Kaxmerdga hokim bo‘lgan. Subhonqulixonning akasi Abdulazizxon otasini hokimiyatdan chetlashtirib, Buxoro xoni bo‘lgach, Subhonqulixon Balxga – otasi huzuriga yo‘l olgan. Subhonqulixon Balx viloyatida mustahkam o‘rnashib olib, 1651-yilda Balx va Badaxshon hokimligini qo‘lga kiritgan. Subhonqulixon Buxorodan mustaqil siyosat yuritgan. 1658-yilda Abdulazizxonning piri Abdulg‘afforxo‘ja vositachiligida Buxoro va Balx o‘rtasida tinchlikka erishilib, Subhonqulixon akasi hokimiyatini rasmiy tan olgan. Muhammad Yusuf munshiyning yozishicha, 1680-yil 2-fevralda keksayib qolgan Abdulazizxon Subhonqulixonga Buxoro xonligi taxtini topshirib, o‘zi hajga jo‘naydi. Subhonqulixon markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun soliqlar miqdoruini oshirib, qo‘shinini ko‘paytirgan. Anushaxonning vorisi Arang Muhammadxon 1687-yili Buxoroga bosqin qilganida Subhonqulixon bu hujumni qaytarish bilan cheklanmay, 1688-yilda o‘ldirilgan xon o‘rniga Xiva taxtiga o‘z noibi Amir Niyoz eshiko‘g‘aboshi (Shohniyoz)ni o‘tqazgan. Shu tariqa Abdullaxon II davridagidek Xiva xonligi yana Buxoroga qo‘shib olinadi va mintaqada yagona o‘zbek davlati qaror topgan. Subhonqulixon davrida Buxoro xonligining Sharq davlatlari bilan deplomatik munosabatlari yaxshilangan. Boburiylardan Avrangzeb 1689-yilda Zabardastxon, Usmonli Turk sultoni Ahmad II 1691-yilda Mustafo chovush boshchiligidagi elchilarni Buxoroga jo‘natgan. 1671-87-yillarda Subhonqulixon bilan Avrangzeb o‘rtasida bir necha marta o‘zaro maktublar almashilgan.
Subhonqulixon tomonidan Balx va Buxoroda ko‘plab me`moriy obidalar, jumladan, Balxda madrasa, Buxoroda Do rush-shifo, Registonda katta hovuz ; Arkda Salom xona va jome` masjiti, shuningdek, Aminobodda chorbog‘ qurilgan. Subhonqulixonning tibbiyotga oid kitoblar jamlangan nodir kutubxonasi bo‘lgan. U “Ihyo at-tibbi Subhoniy” (“Subhoniy tibbiyoti bo‘yicha davolash”), “Lubb ul-lavoih ul-qamar fil-ixtiyorot” (“Baxtli soatni aniqlashda oy manzillarining mohiyati”) nomli ilmiy nujumga oid risola yozgan. Subhonqulixon “Nishoniy” taxallusi bilan she`rlar bitib, saroyda o‘tkazilgan mushoiralarda o‘zi ham she`rlar aytgan. Subhonqulixon Buxoro yaqinidagi Bahouddin majmuasidagi Daxmai shohonda (Abdullaxon II qabri yaqinida) dafn etilgan.

Ubaydullaxon II

Ubaydullo Muhammad Bahodirxon ibn Subhonqulixon 
(1681-yil — Buxoro — 1711-yil 16-mart) 
(1702-1711)

Buxoro xoni, ashtarxoniylar sulolasidan. Subhonqulixonning o‘g‘li. Buxoroda madrasa tahsilini olgan. Subhonqulixon vafoti arafasida valiahd qilib nevarasi Balx hokimi Muhammad Muqimxonni tayinlaydi. Biroq Buxoro ulamolari va qo‘shinning madadiga tayangan Ubaydullaxon II Buxoro taxtini egallaydi (1702-yil sentabr). Balx hokimi Muhammad Muqimxonning otalig‘i hisoblangan Mahmud qatag‘on (Mahmudbiy otaliq) Buxoroga bo‘ysunmaslikdan tashqari Qubodiyon (1703), Termiz (1704)ni ham Balxga qo‘shib olib, Balxni mustaqil deb e`lon qilgan. Beklarning saroy fitnasi natijasida Muhammad Muqimxon o‘ldirilgach (1707-yil mart), Ubaydullaxon II Balx ustiga katta qo‘shin bilan yurish qiladi va shaharni egallaydi (1707-yil 27 may).
Ubaydullaxon II murakkab sharoitda Buxoro xonligini boshqargan. Iqtisodiy tanazzul va ichki nizolardan tashqari jung‘orlar (qalmoqlar)ning harbiy bosqinlari (mas., Samarqandga hujum, qalmoqlar xurujidan qochgan qozoqlar va qoraqalpoqlarning Movarounnahr hududi (Toshkent va boshqa joylar)ga ko‘chib kelishi vaziyatni yana ham murakkablashtirgan. Ana shunday sharoitda Ubaydullaxon II davlatning iqtisodiy negizini mustahkamlashga qaratilgan choralar ko‘rgan. Avvalo u ma`muriy sohada islohotlar o‘tkazib, davlatni boshqarishga o‘rta tabaqa: hunarmandlar va savdogarlarni jalb qilgan. Ubaydullaxon II hatto markaziy hokimiyatni kuchaytirish uchun yirik yer egalarining imtiyozlarini qisqartirgan (mas., Jo‘ybor xojalari soliq to‘lashga majbur qilingan). Biroq Jo‘ybor shayxlari katta siyosiy kuch bo‘lib, Ubaydullaxon II o‘tkazayotgan siyosat uchun xatarli muxolifga aylanishgan.
Ubaydullaxon II ning siyosiy faoliyatida pul islohoti ham alohida o‘rin tutadi. Ubaydullaxon II pul islohoti o‘tkazish orqali davlat xazinasini to‘ldirishni, bebosh amirlar, beklar va urug‘ boshliqlari bilan kurashda o‘z mavqeini kuchaytirish va ayrim mahalliy hokimlarning ayirmachilik intilishlarini bartaraf qilib, markaziy hokimiyatni mustahkamlashga intildi. Biroq Ubaydullaxon II ning islohotlari badavlat tabaqalar va ayrim o‘rtahol shaharliklar tomonidan noxush kutib olindi. Ubaydullaxon II ga qarshi g‘alayonlar ko‘tarildi.
Ubaydullaxon II mamlakatda obodonchilik ishlariga e‘tibor qaratgan. U madrasa va Buxoroning g‘arbida Xonobod chorbog‘i (1709)ni barpo qilgan. Tarixchi Mir Muhammad Amin Buxoriy uning saroyida bosh munshiy bo‘lib, Ubaydullaxon II ning siyosiy faoliyati haqida «Ubaydullanoma» (1716) asarini yozgan. Muhammad Yusuf Munshiyning «Tarixi Muqimxoniy» va Abdurahmon Tolening «Tarixi Abulfayzxon» asarlarida ham Ubaydullaxon II faoliyati aks etgan.
Ubaydullaxon II saroy fitnasi natijasida Buxoroning Piri Mirza chorbog‘ida o‘ldirilgan. U Buxoro yaqinida — Bahouddin majmuasidagi Daxmai shohonda otasi Subhonqulixon qabri yonida dafn etilgan.

Abulfayzxon

Abulfayzxon ibn Subhonqulixon 
(1695-1747) 
(1711-1747)

Ubaydullaxonning inisi. Ashtarxoniylardan bo‘lgan Buxoro xoni. U hech qanday real hokimyatga ega emas, kundan-kunga mamlakat hayotida nufuzi kuchayib borayotgan amirlar va zodagonlar qo‘lida bir ,,qo‘g‘irchoq” hukmdor edi, xolos.Uning davrida keyinchalik mang‘itlar davlatining tashkil topishiga sababchi bo‘lgan mang‘itlar qabilasidan kelib chiqqan Muhammad Hakimbiy katta nufuzga ega bo‘lib olgan edi. U vaqtini ko‘ngulxushlik ishlariga sarflab, mayxo‘rlikka berilib ketdi. Uning yetti farzandi bor edi. Mast chog‘ida ularni o‘limga mahkum etdi. Hali go‘dak bo‘lgan Abdulmo‘mingina taxt ostiga yashirinib, omon qolgan. Xon deyarli davlat ishlarini nazorat qilmay qo‘ydi. Shu tariqa, Buxoroda xon hokimiyati barham topdi. Oliy hokimiyat amalda oliy qo‘shbegi bo‘lib olgan Jovshon qalmoq qo‘liga o‘tdi. Markaziy hokimyatning zaiflashuvi feudal tarqoqlikni yanada kuchaytirdi. Samarqand, Qarshi, Balx, Farg‘ona, Xiva, Badaxshon amalda mustaqil bo‘lib oldilar. Bu ahvol tashqi dusjmanlarning Movarounnahrga bostirib kirishga qulay imkoniyat yaratdi. Abulfayzxon davrida o‘zaro nizolar kuchaygan, mamlakat chuqur iqtisodiy-siyosiy tanazzulga yuz tutgan. Bu davrga kelib xonning ahvoli shu darajaga yetib bordiki, uning farmonlari saroydan tashqariga chiqmagan. Nodirshoh qo‘shinlarining Movarounnahrga qilgan yurishlari natijasida Abufayzxon taxtdan ag‘darilagn. Muhammad Rahimbiy buyrug‘i bilan 1747-yilda Abulfayzxon Mir Arab madrasasi hujralaridan birida o‘ldiriladi.
1924-yilda Abdurauf Fitrat unga bag‘ishlab “Abulfayzxon” drammasini yaratgan.

Abdulmo‘minxon

Abdulmo‘min ibn Abulfayzxon 
(1738-yil — Buxoro — 1751-yil)
(1747-1751)

Ashtarxoniylardan bo‘lgan Buxoro xoni. Abulfayzxonning o‘g‘li.
Abulfayzxonning yetti farzandi bor edi. U mast chog‘ida ularni o‘limga mahkum etadi. Hali go‘dak bo‘lgan Abdulmo‘mingina taxt ostiga yashirinib, omon qoladi. Abulfayzxon o‘limidan so‘ng (1747), Abdulmo‘minni Muhammad Rahim otaliq taxtga o‘tqizadi va o‘ziga kuyov qilib oladi. Buxoroda turgan eron shohi Nodirshohning ukasi Aliqulixon boshchiligidagi qo‘shin o‘z yurtiga jo‘natib yuborilgan. U taxtga o‘tqizilgan bo‘lsada amalda hokimyat butunlay mang‘itlar qo‘lida, ya`ni Muhammad Rahim qo‘lida bo‘lgan. Biroq oradan 4 yil o‘tgach, Muhammad Rahim kuyovi Abdulmo‘minni ham o‘ldirtirib, taxtga Abulfayzxonning kichik o‘g‘li Ubaydullaxon III ni o‘tqazadi (1751).

Ubaydullaxon III

Ubaydullaxon ibn Abdulmo‘minxon 
(tug‘ilgan va o‘lgan yili nom`alum)
(1751-1754)

Ashtarxoniylar sulolasining so‘ngi hukmdori. Davlat boshqaruvida hech qanday ro‘l o‘ynamagan edi. Davlat boshqaruvi butunlay mang‘itlar qo‘lida bo‘lgan. U mang‘itlar amiri Muhammad Rahimbiyga tamomila bo‘ysungan. Muhammad Rahimbiy buyrug‘i bilan taxtdan voz kechgan. Uning keyingi hayoti haqida ma`lumotlar saqlanib qolmagan.

Muhammad Rahim

Muhammad Rahim ibn Muhammad Hakimbiy 
(1709-1758-yil 24-mart), 
(1756-1758)

Muhammad Rahim otaliq, mang‘itlar sulolasining asoschisi, qushbegi, 1756-1758-yillarda rasman Buxoro xoni (1747-yildan amalda), otasi – Muhammad Hakimbiyning ko‘magi bilan ashtarxoniy hukmdor Abulfayzxon saroyida bosh vazirlik lavozimida hizmat qilgan. Eron shohi Nodirshohning Buxoroga hujumidan keyin uning mamlakatda mavqei yanada oshgan va Abulfayzxonning qiziga uylangan. Buxoroning obro‘li kishilardan 12000 nafariga bosh bo‘lib, ularni oq uylik sifatida Eron poytaxti – Mashhadga olib kelgan. U 1745-yildagi kattaqo‘rg‘onlik Ibodullohbiy boshchiligida xitoy-qipchoq qavmlari ko‘targan isyonni bostirish uchun Nodirshohning buyrug‘iga ko‘ra Buxoroga qaytadi va qushbegi- bosh vazir lavozimini egallaydi. Aynan shu paytdan boshlab u Buxoro xonligining amaldagi hukmroniga aylangan. Muhammad Rahimbiy buyrug‘i bilan 1747-yilda Abulfayzxon Mir Arab madrasasi hujralaridan birida o‘ldiriladi. Taxtga Abdulmo‘minxon (1747-51), Ubaydullaxon III (1751-54), Sherg‘ozi (1754-56) ni o‘tqazib, bu qo‘g‘irchoq xonlar davrida markaziy hokimiyatga bo‘ysunishni xohlamayotgan Miyonkol, Nurota, Urgut, Jizzax, O‘ratepa, Xo‘jand, Toshkent, Shahrizabz, Boysun, Hisor, Qubodiyon va boshqa bekliklarini to‘rt yil davomida ustiga yurish qilib ularni o‘ziga bo‘ysuntiradi. Burqut, bahrin, kenagas, qipchoq, yuz, saroy boshqa qavmlarni mamlakatning turli hududlariga ko‘chirib xonlikning yaxlitligi va havfsizligi uchun izchil kurashgan. Urushlar tufayli vayron bo‘lgan Darg‘on kanalini qayta tiklattirgan. Buxoro shahrining mudofaa devori mustahkamlanib, 1752-53-yillarda balandligi ikki metrli yangi devor qurilgan. 1756-yil 16-dekabrda Muhammad Rahimbiy Buxoro taxtiga rasmiy ravishda xon bo‘lib o‘tirgach, Buxoroda hokimyat tepasiga yangi sulola — mang‘itlar sulolasining hukmronligi boshlandi va bu sulola mamlakatni 1920-yilgacha idora qilgan.
Muhammad Rahimxon mamlakatda o‘zining mutlaq hukmdorligini o‘rnatish hamda ichki bosh-boshdoqlikni tugatish siyosatini tutdi. Bunday siyosatdan ko‘zlangan maqsad – markazlashgan davlatni tiklash edi. Muhammad Rahimxon bu siyosatni ro‘yobga chiqarishga qat`iy kirishdi va barcha mahalliy hukmdorlarni o‘z huzuriga chorlab, ularga o‘zining asl maqsadini, o‘z dasturini ma`lum qildi. Qaysi mahalliy hukmdor markaziy hokimiyatga bo‘ysunmasa, undaylarni ayovsiz jazoga tortilishini ogohlantirdi. Xiva xonligidagi siyosiy nizolardan foydalanib, taxtga o‘z odamlarini o‘tqazgan.Muhammad Rahimxon yirik yer egalarining davlatni boshqarish ishlarida shu vaqtgacha davom etib kelgan aralashuvlarini keskin kamaytirishga erishgan. Shunday bo‘lsa-da, u barcha bekliklarning markaziy hokimyatni tan olishlariga to‘la erisha olmagan. Buxorolik tarixchi Mirzo Abdulazim Somiy Bo‘stoniyning yozishicha Muhammad Rahimbiy G‘ijduvon tumanidan qaytayotganida yo‘lda vafot etgan. Buxorodagi Shohrud anhori bo‘yida, Mozor darvozasidagi Abu Bakr tarxon qabristonida dafn etilgan.

Doniyolbiy

Doniyolbiy otaliq (Doniyolbiy ibn Xudoyorbiy) 
(?-1785) 
(1758-1785)

Mang‘itlarning nufuzli biylaridan, otaliq. Buxoro amiri Muhammad Rahimbiyning amakisi. 1758-yil 24-martda Muhammad Rahim vafotidan so‘ng uning o‘g‘illari bo‘lmaganligi uchun xonlik taxtiga voyaga yetmagan nabirasi — Fozilto‘ra o‘tqazilgan, Miyonkol hokimi bo‘lgan Doniyolbiy unga otaliq qilib tayinlangan (1758-1785). Bundan norozi bo‘lgan viloyat hokimlari, kenagas, yuz, bahrin, burhut va saroy qabilalari amirlari markazlashgan hokimiyatga qarshi isyon ko‘tarib, 10 ming yigitni qurollantirib, Buxoro tomonga yurishgan. Ularga qarshi chiqqan Doniyolbiy isyonkor viloyat hokimlari bilan bir bitimga kelishgan. Unga ko‘ra, Fozilto‘rani taxtdan tushirib, o‘rniga Ashtarxoniy shahzodalardan bo‘lgan Abulg‘ozi xonlik taxtiga o‘tqazilgan (1758-1785). Doniyolbiy ham otaliq mansabini, ham amaldagi hukmdorlikni o‘z qo‘lida saqlab qolgan. Doniyolbiy otaliq davrida ham o‘zaro urushlar davom etib, Karmana, O‘ratepa, Nurota, Sherobod, Boysun va boshqa joylarda mahalliy kuchlar bosh ko‘tarib, poytaxt izmidan chiqishga harakat qilganlar. 1781-yil Rossiya hukumati Buxoro bilan savdo bitimini tuzishga taklif etganida Doniyolbiy bu bitimni 92 o‘zbek qabilasi boshliqlari roziligisiz imzolay olmasligini bildirgan. Bu holat Doniyolbiy davrida Buxoro amirligi siyosiy markazlashuv darajasi Muhammad Rahim davridan ancha past bo‘lganini bildiradi. Bu tabiiy suratda Buxoro shahri aholisining noroziligiga sabab bo‘lgan. Bundan tashqari Doniyolbiy qo‘shin ta`minoti uchun lo‘plab qo‘shimcha soliqlar joriy etib, bu bil;an poytaxtdagi hunarmandlar va savdo ahlini o‘ziga qarshi qo‘yib qo‘ygan edi. 1784-yil Buxoroda qo‘zg‘olon ko‘tarilib, unda mingga yaqin kishi o‘ldirilgan. Doniyolbiy hokimiyatni shaharliklar obro‘-etibori baland bo‘lgan o‘g‘li shohmurodga topshirishga majbur bo‘ldi. Buxoro xonligini birlashtirish markazlashtirish uchun kurashni Shohmurod davom ettirgan.
Mang‘itlardan bo‘lgan Buxorolik tarixchi Muhammad Yoqubning yozishicha: “Doniyolbiy sahiy va muruvvatli hokim sifatida mashhur bo‘lgan, lekin davlat (moliya) ishlari bilan qiziqmagan. Biron ishni boshlashdan oldin ishning ko‘zini biladigan kishilar bilan maslahatlashgan”. Doniyolbiy xonlik unvonini qabul qilmagan, u otaliq unvoni qanoatlangan.
Doniyolbiy davrida me‘moray yodgorliklardan “Xalifa Xudoydod” majmuasi (masjid, madrasa, sardoba va mozor, 1777-yil ) qurilishi boshlangan.

Amir Shohmurod

Shohmurod ibn Doniyolbiy 
(1749-1800) 
(1785-1800)

Buxoro amiri. Mang‘itlardan bo‘lgan. Yoshligidan xudojoy, porso bo‘lib o‘sgan. Madrasani bitirib darvishlik suluki soliklaridan biriga aylanadi. Shuning uchun xalq uni hurmat bilan “amiri ma`sum” (begunoh amir) unvonini bergan. Shohmurod darvishona hayot kechirar, shayx maslahati bilan bozorda hammollik qilardi. Keyin esa pichoqqa qin yasab sotib, shu orqali ro‘zg‘or tebratgan. Uning xalq orasida obro‘si katta bo‘lganligi uchun Doniyolbiy uni o‘ziga valiahd etib tayinlashga majbur bo‘lgan. O‘n nafar ukalaridan birortasi ham Shohmurodni yoqtirmas edi. Amirlik taxtiga chiqqach (1785), ukalarining har biriga bittadan viloyat hokimligini topshiradi. Markaziy hokimyat mustahkamlash ishiga qattiy bel bo‘glagan hukmdor edi. Mang‘it namoyondalar orasida Shohmurod ham shaxs, ham arbob sifatida alohida o‘rin tutgan, desak xato bo‘lmaydi. Zolim qo‘shbegi va qozikalon Nizomiddinni qatl ettiradi. Harbiy ishlar, qozilik ishlarini shariat qonunlari asosida tashkil qiladi. Hokimiyat boshqarish tartiblarini isloh qilib, siyosiy tarqoqlikka barham beradi.
Shohmurod o‘z faoliyatida ommaga tayanib ish tutgan. Adolat tamoyillariga qattiq amal qildi. O‘zi ham nihoyatda kamtarin hayot kechirgan. Jumladan, bir yilda bir olacha chopon, bir bo‘z ko‘ylak kiygan. Boshiga olti gazli bo‘z salla, oyog‘iga echki terisidan tikilgan saxtiyon mahsi hamda kovush kiygan. Marv yaqinida Islomobod shahrini qurdirgan.
XVIII asrning 20-yillarida boshlangan o‘zaro kurashlar natijasida Samarqand talangan, vayrona holiga tushib qolgan edi. Amir Shohmurod esa ko‘plab quruvchi, koshinpaz va naqqosh ustalarni tevarak atrofdan olib keltirib, Samarqand shahrini qayta tiklashni buyurdi. Qayta qurilajak shahar tarhini Amir Shohmurodning o‘zi chizib bergan.
Amir Shohmurod bundan tashqari, G‘uzor tumanida madrasa va masjid qurdirgan. Shahar markazida olti qirrali Chorsu qurilib, “Toqi musaddas” deb atalgan. Samarqandning har bir madrasasiga imom, muazzin, mudarrislarni Shohmurodning o‘zi tayinlagan. Talabalar va mudarrislarning maoshi uchun vaqf yerlari va mulklar ajratgan.
Amir Shohmurod ba‘zi islohatlar o‘tkazib davlatni mustahkamlashga erishdi: Boj va xirojdan boshqa barcha soliqlarni kamaytirdi. Otasi Doniyolbiy davrida joriy etilgan turli soliqlarni bekor qilgan. Rais mansabini va qo‘shin tarkibida qozi askarlavozimini joriy qildi. Otasi davrida qisqartirilgan vaqf yerlari miqdorini oshirdi.Bu bilan islom ruhoniylari e‘tiborini qozondi. Mamlakat iqtisodini yo‘lga qo‘yishda Shohmurod o‘tkazgan pul islohati muhim ahamiyat kesb etdi: Shohmurod sof kumushdan tanga zarb qilishni buyurdi. Kimning kumushi(nuqrasi) bo‘lsa, zarbxonaga topshirib, evaziga yangi tangalar – pul olishi mumkin edi.ilgari zarb qilingan tangalar bekor qilindi. Yangi pul tijorat ishlari rivojiga yo‘l ochib berdi. Barcha viloyatlarga yangi hokimlar tayin qildi, har shahar va qishloqqa qozi tayinladi. Bu bilan hokimlar o‘z boshimchaligiga barham berdi. Shohmurodning o‘zi qozilarga dastur bo‘ladigan fiqh haqida “Ayn ul-hikmat” nomli risola yozdi va ilgari surulgan qoidalarni barcha viloyatlarga joriy qildi. Shohmurod joriy qilgan qonun bo‘yicha kim mol-mulkka xiyonat qilsa jamiyatdagi martabasidan qat‘i nazar qattiq jazoga tortilishi lozim edi. Bu tadbir xalq manfaatlariga tajovuzning oldini oldi. Shariat qonunlarini amalga tadbiq etish maqsadida raislik (muhtasib) mansabini joriy qildi.
Markaziy hokimiyatning mustahkamlanishini karvon yo‘llarining xatarsizligini ta`minladi. Pul islohoti esa tijorat ravnaqiga sabab bo‘ldi. Zarafshon vodiysi, Amudaryo havzasi va Qashqadaryo vohasi qadimgidek obod bo‘ldi. Davlat mablag‘i hisobidan anhorlar chiqarilib, tashlandiq yerlar obod etildi. Natijada, davlat xazinasida tushum ko‘paydi.
Amir Shohmurod 1789-1790-yillari Marvda o‘z hokimiyatini o‘rnatib, marvliklarning bir necha o‘n minglik kishini Samarqand va Buxoroga ko‘chirtiradi. Shundan so‘ng, eskidan Samarqand yoki Buxoro (ya`ni poytaxt ma`nosida) izmida bo‘lib kelgan Balx, Maymana, Andxud kabi viloyatlarni ham qaytarib olish payiga tushadi. Ammo bu oson emas edi. Zero, 1747-yildan boshlab Balx, Badaxshon, Andxud, Maymana, Sharqiy Seiston, Balujiston, Sind, Kashmir, Panjob kabi viloyatlarni o‘z tasarrufiga olgan Afg‘oniston hududida tashkil topgan durroniylar sulolasi namoyondasi Temurshoh ham bo‘sh keladiganlardan emas edi. Xullas o‘zaro kurashlar qattiq bo‘lsada sezilarli natija chiqmagan.
Buxoro xonligini birlashtirish va markazlashtirish uchun kurashni davom ettirgan. Mang‘itlar sulolasining namoyandasi bo‘lgan Shohmurod Buxoroda (1785-yilda) xalq qo‘zg‘olonidan keyin taxtga o‘tirib, hokimiyatni o‘z qoliga olgan. Shohmurod qo‘zg‘olonni bostirish uchun Buxoro aholisiga yon berishga majbur bo‘ldi: u shahar aholisiga tantanali ravishda Tarxon yotrlig‘I topshirdi. U muoliyaviy, ma`muriy, harbiy va sud islohotlarini o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Pul muomalasida, soliq ishida sud va ma`muriy boshqaruv ishlarida ma`lum tartib o‘rnatishda hamda savdogarlarni va hunarmand kosiblarni o‘zlarining mulklariga feodallar tomonidan qilinayotgan Taaddiylardan birmuncha qutqarish orqali davlat hokimiyatini mustahkamlashga intildi. Nomiga xon qilib ko‘tarilgan Abdulg‘ozi nomidan 1785-yilda Shohmurod tomonidan o‘tkazilgan pul islohoti ilgarigi qadri past tangalardan tashki ko‘rinishi boshqacha bo‘lgan kichikroq va vazni kamroq bo‘lgan to‘la qimmatli kumush tangalarni chuqarishdan iborat bo‘ldi.shu bilan bir vaqtda, u bemalol tanga zarb ettirish sestemasini joriy etdi. Shohmurodning bu islohoti XVII-XVIII asrlarda pul muomalasiga ko‘p putur yetkazgan chayqovchilikka va tangalarni buzishga yo‘l qo‘ymasligi lozim edi. Shariatga to‘g‘ri kelmaydigan yorg‘u, boj, tarx, tushmol, yasoq, oliq va soliq deb ataladigan bir necha soliqlarni, shuningdek, ilgarigi xonlar hunarmandlardan olishga odatlanib qolgan o‘lponlarini va ularga yuklayotgan tekin mehnat majburiyatlarni bekor qildi.Biroq, darobmadlar kamayib ketgankigi va katta qo‘shin saqlab turish zarur bo‘lib qolganligi buni aholidan “ Jul” deb atalgan va shariatga also ta`luqli bo‘lmagan pul solig‘ini tez olib turishga majbur bo‘ldi. Shohmurod ma`muriy islohotni buxoroning oliy amaldorlari Davlatqushbegini va Nizomiddin qozikalonni o‘z qo‘li bilan qatl etishdan boshladi. So‘ngra viloyatlarning beklari va qozilari olib tashlanib, ularning o‘rniga yangi amirning hamfikrlari tayinlanadi.

Amir Haydar

Amir Haydar ibn Shohmurod 
(1800-1826)

Mang‘itlardan bo‘lgan Buxoro amiri. Uning hukmronlik yillarida mamlakatda notinchlik hukm suradi, ya`ni markaz va viloyatlar hamda kechagina viloyat maqomida bo‘lgan, lekin endilikda alohida siyosiy birlik — xonlikka aylangan Xiva va Qo‘qon bilan qarama-qarshiliklar avjiga chiqadi va mamlakatda har 3-6 oyda uzluksiz ichki urushlar va qo‘zg‘olonlar bo‘lib turgan. Miyonkol, Shahrisabz, Karki, Marvdagi mahalliy kuchlar yana o‘z boshimchalik qila boshlaganlar. Chunonchi, Marvni boshqarib turgan Dinnosirbek (amirning ukasi) Xiva xoni Eltuzar ko‘magiga ishonib, bosh ko‘taradi. Amir Haydar uchun bu nihoyatda havfli holat edi. Chunki, bu shunchaki bir viloyatning markazga bo‘yin egmasligi emas, balki rasmiy sulola namoyondasining mintaqadagi raqiblardan – xivaliklar bilan til biriktirib, oliy taxtga qarshi harakati edi. Shuning uchun ham Amir Haydar unga qarshi lashkar tortadi. Dinnosirbek bas kelolmay Mashhadga qochadi. Shohmurod davrida bo‘lganidek Amir Haydar Marvni egallagach, mahalliy aholining bir qismini Zarafshon vodiysiga ko‘chirtirib, bu yerga turkmanlarni o‘rnashtiradi.
Buxorodagi ichki ziddiyatlardan Xiva xonligi bundan keyin ham foydalanishga ko‘p uringan. Xususan Dinnosirbekka yordam berish bahonasida Buxoro amirligi hududiga kirib borgan Eltuzarxondan so‘ng 1821-1825-yillari Amir Haydar Miyonkolda xitoy-qipchoqlar isyonini bostirish bilan ovvoraligida Xivaliklar Chorjo‘y va Marvga harbiy yurish uyushtiradilar. Xivaliklar xatto Marvni zabt etishga ham muvaffaq bo‘lganlar. Bungacha ham amirlikning Sharqiy qismida ancha yo‘qotishlar va o‘zgarishlar bo‘lgan. Masalan, Qo‘qon hukmdorlari 1805-yili Xo‘jandni, 1809-yili Toshkentni, 1816-yil esa Turkistonni ishg‘ol etib, xonlik doirasiga kiritadilar. 1806-1813-yillari O‘ratepa, 1806-yili Jizzaxga, 1821-yili Samarqandga tahdid solganlar. Xullas, Amir Haydar hukmronligi ancha tahlikali bo‘lib, markaziy hokimiyat qudrati susaygan.

Amir Nasrullo

Nasrulloxon ibn Amir Haydar
(1806-yil 1-iyun – 1860-yil 21-sentabr)
(1826-1860)

Mangi‘tlar sulolasidan bo‘lgan Buxoro amiri. Otasi Amir Haydar hukmronligi davrida Qarshida hokimlik qilgan. 1826-yili Amir Haydar vafot etgach bir necha oy mobaynida Nasrulloning ikki akasi — Husayn va Umar almashinildi. Birinchisi zaharlandi, ikkinchisi esa o‘ldirildi. Shu yili (1826) Amir Haydarning uchinchi o‘g‘li shavqatsizligi uchun “Amiri qassob” laqabini olgan Nasrulloxon taxtga o‘tirdi. Akalari o‘limidan keyin taxtga o‘tirgan Nasrulloxon qisqa vaqt ichida taxtga da‘vo qilishi mumkin bo‘lgan avlodlaridan barchasining bahridan o‘tadi. U qo‘shinlariga tayangan holda o‘zbek feodal zodogonlarini beayov qira boshladi. U yer egalarining mol-mulki va yerlarini musodara, o‘zlarini badarg‘a qilib, o‘ldirtirib yubordi. Bu borada uning eng yaqin yordamchisi rais Rahmonbedi Niyoz edi. Nasrulloxon o‘z hukmronligi davrida islom shariati ko‘rsatmalari amal qilgan. Nasrulloxon jasur va dovyurak kishi bo‘lganligi bois unga “Bahodir, Botir” unvonlari berilgan. Nasrulloxon davlat hokimyatini mustahkamlash maqsadida urug‘ va qavm boshliqlari bo‘lgan ko‘plab amaldorlarni quyi tabaqalardan chiqqan yosh va g‘ayratli kishilar bilan almashtirdi. 1837-yilda harbiy sohada islohatlar o‘tkazib, o‘z qo‘shining jangavor holatini yaxshilaydi. Har biri 800 kishidan iborat 50 ta sarbozlar buluklari va 250 kishilik to‘pchilar guruhi tashkil qilingan. Muntazam piyoda qo‘shining soni 40 ming kishidan ortiq bo‘lgan. Nasrulloxon Xiva va Qo‘qon xonliklarini Buxoro atrofida birlashtirishda urungan. Mamlakatning hududiy yaxlitligini tiklash uchun 1840-42-yillari Qo‘qon xonlari tomonidan tortib olingan Xo‘jand, O‘ratepa, Toshkent, Jizzax va Zominni Buxoro amirligiga qaytardi. Farg‘ona vodiysi ulamolarining talabi bilan 1842-yili Qo‘qonga yurish qilib xonlik hududini egallagan. Biroq u Qo‘qon xoni Muhammad Alixonni qatl qilish bilan cheklanmasdan, uning onasi (Nodirabegim)ni ham o‘ldiradi. Nasrulloxon tomonidan Qo‘qonga Ibrohim parvonachi mang‘itning noib qilib qoldirilishi salbiy oqibatlarga ham olib kelgan. Noib mahalliy aholiga zulm o‘tkazib, soliqlarni ko‘paytirdi. Natijada, tez orada Qo‘qon qo‘ldan ketadi. 1843-yilda Nasrulloxon Marvni ham Buxoroga bo‘ysuntiradi. Shuningdek, Nasrulloxon qo‘shini 20 yilda olib borgan 32 ta harbiy yurishidan so‘ng 1856-yilda Shahrisabzni uzil-kesil egallagan. Shahrisabz markaziy hokimyatga bo‘ysungach, u sulh ramzi sifatida mahalliy hukmdor — Iskandar Vallomaning sinlisi Kenagasxonimga uylangan.
Nasrulloxon hukmronlik qilgan yillar Turkiston mintaqasida Rossiya Angliya manfaatlari o‘zaro to‘qnashgan davr hisoblanadi. Uning davrida Nasrullon tomonidan Buxoroda Qozi Hasanxo‘ja, Olimjonboy, Eshoni Pir, Mirzo Ubayd, Ismoilxo‘ja (1829), Ali Chubin, Mirzo Abdulg‘affor, Tojiddin madrasalari (1860) qurildi. Xalifa Xudaydod me`moray majmuasi yakunlandi(1855). Nasrulloxon Buxoroda dafn etilgan.

Amir Muzaffar

Muzaffar ibn Nasrulloxon 
(1819 — Buxoro — 1885) 
(1860-yil 23-sentabr- 1885-yil 12-dekabr)

Mang‘itlar sulolasidan bo‘lgan Buxoro amiri.Otasi Nasrulloxon davrida Karmanaga hokimlik qilgan. Amir Nasrullo vafotidan so‘ng, Buxoro taxtiga o‘tirgan. Otasi tomonidan Karmanaga surgun qilingan kishilarni Buxoroga qaytarib, yuqori lavozimlarga tayinlagan. Markaziy hokimiyatga bo‘ysunishni istamayotgan Hisor, Shahrisabz, Darboz, Ko‘lob, Baljuvon bekliklari va Qo‘qon ustiga yurish qilib, ularning qarshiligini yengdi (1863-1865). Mallaxon tomonidan taxtdan tushirilgan Qo‘qon xoni Xudoyorxon Buxoroga qochib kelganida xonlik taxtini qayta egallashi uchun unga harbiy yordam bergan (1861). Muzaffarning hukmronlik davri Rossiyaning O‘rta Osiyo xomliklariga qarshi harbiy harakatlari kuchaygan davrga to‘g‘ri keladi. Rossiya bilan bo‘lgan kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan bartaraf etishda umidini uzmay, u Najmiddinxo‘ja boshliq ekchilarni Peterburgga jo‘natdi (1865-yil iyul). Biroq, ko‘zlangan maqasadga erishilmay, ikki o‘rtada harbiy harakatlar boshlandi. Muzaffar qo‘shini bilan general Romanovskiy boshchiligidagi Rossiya harbiy kuchlari o‘rtasidagi dastlabki to‘qnashuv Jizzax bilan Oratepa o‘rtasidagi Erjar(Maydayulg‘un) da bo‘lib, unda Buxoro qo‘shini mag‘lubiyatga uchragan(1866-y. 8-may). Muzaffar muftiy Muhammad Porso boshchiligidagi elchilarni Afg‘oniston va Hindiston orqali yordam so‘rab, Istanbulga yuborsa ham rad javobini olgan. 1868-yil 2-3-iyunda Zirabuloq jangida mag‘lubiyatga uchragach, 1868-yil 23-iyunda Samarqandda imzolangan Rossiya-Buxoro sulh shartnomasiga ko‘ra, Buxoro amirligi Rossiyaga tob` bo‘lib qolgan. O‘g‘li va valiahd Abdulmalik (Katta to‘ra) Rossiya bosqini va otasi hukmronligiga qarshi Shahrisabz va Kitobda qo‘zg‘olon ko‘targanda Muzaffar rus qo‘shinlari yordamida uni bostirgan (1870).
Muzaffar davrida Buxoro amirligining Rossiyaga qaramligi kuchayishi bilan bir qatorda shialarning ta‘siri ham ortgan. Buxorodagi Eshon Imlo mozorida dafn etilgan.

Amir Abdulahad

Abdulahad ibn Amir Muzaffarxon 
(1859-yil 16-mart – 1911-yil 6-yanvar) 
(1885-1910)

Mang‘itlardan bo‘lgan Buxoro amiri. Uning davrida Chor hukumati Buxoroda rus siyosiy agentligi ta`sis etib (1886-yil), Turkistonda, jumladan, Buxoro xonligini xom-ashyo ba`zasiga aylantirish va bu yerdagi boyliklarni Rossiyaga tashib ketish maqsadida Amudaryoga ko‘prik qurdi, Chorjo‘y – Samarqand temiyo‘li o‘tqazdi (1900-1901). Shuningdek, Abdulahad davrida jadidchilik harakati kuchaygan.

Amir Olimxon

Amir Said Olimxon ibn Abdulahad 
(1881, Karmana – 1944. 28-aprel, Kobul) 
(1910-1920)

Mang‘itlardan bo‘lgan Buxoro amiri. Peterburgdagi Nikolaev (pajlar) korpusida ta`lim olgan (1893-96). 1898-yil Qarshi, valiahd sifatida Karmana bekliklariga hokim bo‘lgan. Otasi vafotidan so‘ng 1910-yil 24-dekabrda Buxoro taxtiga o‘tirgan. Uning davrida Buxoro amirligining Rossiyaga qaramligi yanada kuchaydi. Taraqqiyparvar kuchlar shuningdek, Yosh buxoroliklar qattiq ta`qib qilindi. Birinchi Jahon urushi davrida Rossiya imperatori Nikolay II uni general – leytinant harbiy unvoni bilan taqdirlagan va o‘zining general – ad`yutanti qilib tayinlagan (1915-yil dekabr). Chunki u Rossiyaga katta miqdorda pul bilan yordam bergan edi. Buxoroda 1917-yil aprel namoyishi, xususan, Kolesov voqeasi (1918-yil mart) dan keyin u amirlik hududida 3 ming kishini jadidlikda ayblab, nohaq qatl ettirgan.
1920-yil avgustda Buxoro bosqini natijasida amirlik tuzumi ag‘darib tashlandi. Sentabr oyining o‘rtalarida Olimxon Sharqiy Buxoroga borib, Buxoro xalqining bosqinchi qizil armiyaga qarshi olib borgan mustaqillik kurashiga rahbarlik qilishga urindi. Olimxon Hisor viloyatini o‘ziga qarorgoh qilib, 6 oy davomida qizil askarlarga qarshi kurashgan. Hisorda yangi hukumat tashkil qilib, buxorooliklarning qizil askarlarga qarshi olib borayotgan jang harakatlarini muvoffaqiyatlashtirishga intilgan. Olimxon Ko‘lob, Hisor va Dushanba atrofida katta miqdordagi kuchlarni birlashtirishga muvaffaq bo‘lgan. 1920-yil noyabr oyining o‘rtalarida uning qo‘shinlari Boysun, Darband, Sherabodni qizil askarlardan ozod qilishdi. Olimxon ixtiyoriga Farg‘onadan yordamga yuborilgan 4 ming yigit ham Sharqiy Buxoroga yetib keladi. 1921-yil 8-yanvarda Olimxon qo‘shining miqdori 25 ming kishiga yetgan. Hisordan Ko‘lob viloyatiga kelgan Olimxon butun qo‘shinlariga Ibrohimbekni oliy- bosh qo‘mondon (O‘rinbosarlar: Sharqiy Buxoroda – Davlatmanbek va G‘arbiy Buxoroda – mulla Abdulqahhor) qilib tayinlaydi. Biroq, bir qator janglarda mag‘lubiyatga uchragach, Olimxon Amudaryoning Chubek kechuvidan Afg‘onistonga o‘tib ketgan (1921-yil 4-mart). Olimxonni Kobulga Afg‘oniston amiri Omonullaxon qabul qilib, doimiy yashashi uchun unga Qal`aiy Fotuda mahsus qarorgoh ajratib beradi. U Kobulda yashasa ham Buxorodagi ozodlik harakatiga g‘oyaviy jihatdan rahbarlik qilishda davom etdi, ko‘rboshlar va ulamolarga turli maktublar va qimmatbaho sovg‘alar jo‘natib, ularni kurashga ilhomlantirgan. Olimxon Kobulda o‘zining estaliklarini yozib tugallaydi. Umrining oxirida ko‘zi ojizlanib qoladi, og‘ir dardga chalinadi uzoq davom etgan hastaliklardan so‘ng u Qal`aiy Fotuda vafot etadi. Kobul atrofidagi “Shahidoni islom” (islom shahidlari) qabristoniga dafn etilgan.
Olimxonning xotiralari Parijda fransuz tilida (1929), keyinchalik G‘arbda fors tilida, O‘zbekistonda o‘zbek va rus tillarida (1991), Tojikistonda tojik tilida(1992) alohida kitob sifatida chop qilingan. Olimxon hikmronligi davrida Buxoroda “Olimxon madrasasi” qurilgan, “Sitorai Mohi Hosa” saroyini qurish yakunlangan.

Elbarsxon

(?-1516), 
(1511-1516)

Xorazmda hukmron bo‘lgan shayboniylar sulolasi asoschisi va xoni, Berka Sultonning o‘g‘li Chingizxonning nabirasi Shaybon avlodidan. Otasi Berka sulton Shayboniyxon tomonidan qatl qilingandan so‘ng (XV asrning 80-yillarida), ukasi Bilbars bilan o‘z ulusi (Sirdaryoning quyi oqimida) istiqomat qilgan. 1510-yilda safaviylar hukmronligiga qarshi Xorazmda Umar boshchiligida qo‘zg‘olon boshlanadi. Xorazmda hokimiyat tepasiga yangi sulola vakili kelishini mashhur Sayidota ajdodi uyushtirdi. Uning tashabusi bilan Shayboniyxon tomonidan qatl etilgan Berka Sultonning o‘g‘li Elbarsxon taxtga o‘tkaziladi. 1511-1512-yillarda Elbarsxon boshchiligida Xorazm xalqi Eron qo‘shinlarini mamlakatdan quvib chiqaradi. Shu tariqa 1511-yilda Xorazm mustaqilligi tiklandi. Elbarsxon davrida mamlakat poytaxti Vazir shahridan Urganch shahriga ko‘chirildi. Elbarsxon Vazir shahrini Eron qozilbosh qo‘shinlaridan ozod etgach, bu g‘alaba sharafiga o‘z o‘g‘illari nomiga “g‘ozi” laqabini qo‘shib aytishni buyurgan. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Elbarsxon Urganch, Xiva, Hazoraps, Qiyot va Tirsak shaharlaridan safaviylarni quvib chiqardi.
Elbarsxon davridayoq xonlikning siyosiy geografiyasi shakllanib bo‘lgan. Chunonchi, xonlik g‘arbda Kaspiy dengizi, shimolda Orol dengizi, janubda esa Atrek daryosi va Saraxs atroflarigacha bo‘lgan hududlarni o‘z ichiga olgan. Uning davlati markazlashmagan, kuchsiz bo‘lib, mayda uluslarga taqsimlangan holda boshqarilgan. Mazkur uluslar Elbarsxon hokimiyatiga tobe hisoblansa-da, amalda mustaqil idora qilingan. Elbarsxon davrida Dashti Qipchoqdan Xorazmga ko‘chmanchi qabillarning ko‘chib kelishi yanada kuchaydi. Natijada, xonlik hukmdorlarining ijtimoiy tayanchi mustahkamlandi.

Avaneshxon

(tug‘ilgan yili noma`lum)
(1525-1538)

Xiva xoni. Shayboniylar sulolasidan. Ubaydullaxon 1537-yili Urganchni egalladi va Avaneshxon qo‘shinlarini tor-mor keltirib, xonning o‘zini o‘ldiradi. Xonlik hududi to‘rt qismga bo‘linib, uning bir qismi Ubaydullaxon, qolgan uch qismi esa Hisor, Samarqand va Toshkent hokimlariga bo‘lib berdi. O‘g‘li Abdulazizni Xorazmga noyib etib tayinlaydi.

Alixon

(tug‘ilgan yili noma`lum)
(1538-1547)

Xiva xoni. Shayboniylar sulolasidan. XVI asr oxiri-XVII asr boshlarida Amudaryo o‘zaning o‘zgarishi, daryo avvalgi yo‘nalishining qurib borishi xonlikda ichki siyosiy ahvolga qanchalik og‘ir bo‘lmasin hukmdorlarni irrigatsiya ishlariga e`tibor berishga majbur etgan. Uning davrida Yangiariq, Toshli, Yormish arnalari qurilgan.

Hoji Muhammadxon

(Hojimxon)
(tug‘ilgan yili noma`lum)
(1558-1602)

Xiva xoni. Shayboniylar sulolasidan. 1593-yilda Xiva xonligi Buxuro xoni Ubaydullaxon tomonidan bosib olinishi natijasida Hojimxon o‘z oilasi bilan Eron shohi Abbos huzuriga qochishga majbur bo‘ladi. 1595-yilda Xiva turkmanlar yordamida yana o‘z mustaqilligini tiklaganda Hojimxon taxtga qaytadi. Lekin, shu yili Abdullaxon II Xiva xonligi ustiga yana qo‘shin tortib keladi va Hojimxon yana Eronga qochadi. Faqatgina 1598-yili Abdullaxonning vafotidan keyin Buxoro xonligida boshlangan o‘zaro toju taxt uchun kurashlar oqibatida Hojimxon Xiva xonligi taxtini qayta egallashga va o‘z hokimiyatini mustahkamlab olishga erishgan.
Bu davrda Xiva xonligi Mang‘ishloq, Bolqon tog‘lari, Dehiston, O‘zboy, Shimoliy Xuroson hududlarini ham o‘ tasarrufiga olgan edi.

Arab Muhammadxon

(XVI asrning 2-yarmi – 1623-yil)
(1602-1623)

Xiva xoni. Shayboniylar sulolasidan Xorazm xoni Hoji Muhammadxon (Hojimxon) (1598-1602-yillar)ning kenja o‘g‘li. Otasi hayotligida Xiva hokimi bo‘lgan. Otasi vafotidan so‘ng 1602-yili xonlik taxtiga chiqqan. Abulg‘ozi Bahodirxonning yozishicha, uning davrida Rossiya chegarasini qo‘riqlab turgan Yoyiq kazaklari atamani Nechay va ataman Shamay boshchiligida Urganchga hujum qildilar. Ularni Xiva qo‘shinlari tor-mor qildilar. 1620 va 1621-yillarda qalmoqlar Xorazmga yurish qilib, kishilarni asirga olganlar. Uning davrida Xiva xonligiga qalmoq va qozoqlar bir necha marta hujum qilib g‘alabaga erisha olmadilar. Arab Muhammadxon davrida Xiva xonligida davlat parokandalik yuqori nuqtasiga yetgan. Amudaryo o‘zaning o‘zgarishi va natijada uning qurib borishi bu davrda ham davom etdi. Natijada, Arab Muhammadxon xonlik poytaxtini Urganchdan Xivaga ko‘chirishga majbur bo‘lgan. Tarqoqlik va urushlar avj olganligi Xivaning ma`muriy tuzilishiga ta`sir etdi. Arab Muhammadxon davrida ichki nizolar avj olib, xonlikning ma`muriy tuzilishiga salbiy ta`sir etgan. Chunonchi, har bir shahzodaning o‘z yerida shaxsiy idora apparati – o‘z ayonlari, xazinasi, yasovullari, bojxona xizmatchilari va boshqalar bo‘lgan. 1623-yilda o‘g‘illari Habash va Elbars sultonlar taxt talashib unga qarshi urush boshladilar. Bu urushda Arab Muhammadxon yengilib, Qum qal`aga qamalgan va o‘sha yerda 1623-yilda vafot etgan.

Asfandiyorxon

(Isfandiyorxon) (? — 1643)
(1623-1643)

Xiva xoni, Arab Muhamadxonning o‘g‘li. Shayboniylar sulolasidan. Turkmanlar yordami bilan ukasi Elbors (Ilbors) Sultonni taxtdan ag‘darib, 1623-yili Xivada xonlik taxtiga o‘tirdi. U turkman zodagonlariga tayanib ish yuritdi. Eron davlati qo‘liga o‘tib qolgan Janubiy Turkmanistonni Xiva xonligiga qo‘shib olishga intildi, ammo 1628-yilda safaviylar qo‘shinidan yengildi. XVII asrning 30-40-yillarida Buxoro va Rossiya bilan savdo-sotiq ishlarini olib boradigan karvonlarga zarar yetkazayotgan qalmoqlarga qarshi qattiq kurash olib bordi; qalmoqlarga qarshi ittifoq tuzish maqsadida Moskva bilan muzokaralar yuritdi. Arab Muhammadxonni o‘ldirishda Habash Sulton bilan Elbars sultonga yordam bergani uchun Xorazmdagi uyg‘ur va nayman qabilalarining chorva mollarini tortib oldi va ularga qarshi qirg‘in uyushtirdi. Bu fojiadan qutilish uchun o‘zbeklarning boshqa qabilalari Xivadan Movarounnahrga, ba`zilar esa Mang‘ishloq yoki qozoq dashtlariga ko‘chib ketdilar.
Asfandiyorxon davrida tarqoqlik va xalq ommasini ezish yanada kuchaydi, bu esa mehnatkashlar noroziligiga sabab bo‘ldi. Bundan foydalangan yer mulkdorlari o‘z vakillaridan biri Abulg‘ozi Bahodirni Asfandiyorxonga qarshi qo‘ydilar. Natijada 1643-yil Orol o‘zbeklari Abulg‘ozini xon qilib ko‘tardilar. Xuddi shi yili Asfandiyorxon vafot etdi. Oradan 2 yil o‘tgach, Abulg‘ozi Bahodirxon Xivada taxtda o‘tirdi.

Abulg‘ozi Bahodirxon

(1603-yil 23-avgust, Urganch – 1663-yil aprel, Xiva)
(1644-1663)

Xiva xoni, shayboniylar sulolasidan, tarixchi va tabib. Abulg‘ozi Bahodirxonning og‘alari Habash sulton va Elbars sulton otalari Arab Muhammadxonni yengib, uni Qum qal`asiga qamadilar. Otasining tarafdorlari bo‘lgan katta og‘asi Asfandiyor Eronga, Abulg‘ozi Bahodirxon esa Buxoroga Imomqulixon huzuriga qochdi. 1623-yilda akasi Asfandiyorxon Xiva taxtini egallagach, Abulg‘ozi Bahodirxon Urganchga hokim qilib tayinlandi. Lekin Asfandiyorxon bilan o‘rtalarida nizo chiqib, Abulg‘ozi Bahodirxon 1627-yilda qozoq xoni Eshimxon huzuriga qochdi; keyin ikki yil Toshkent hokimi Tursunxon bilan birga bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, turkmanlarning taklifiga binoan u yana Xorazmga qaytdi. Asfandiyor uni Xiva hokimi qilib tayinlashga majbur bo‘ldi. 1629-yilda turkmanlar Eronga tobe bo‘lgan Niso va Dorunni bosib oldilar. Asfandiyorxon Eron bilan munosabatlarning tamoman jiddiylashib ketishidan cho‘chib, aybni Abulg‘ozi Bahodirxonga to‘nkadi va uni 1630-yil qishida Eron podshohi huzuriga garov tariqasida yubordi. Abulg‘ozi Bahodirxon shu tariqa 10 yil Eronda, Isfaxon yaqinidagi Taborak qal`asida qamoqda yashadi. 1639-yilning yozida u tutqunlikdan qochishga muvaffaq bo‘ldi. Abulg‘ozi Bahodirxon bir necha yil taxt uchun kurash olib borib, nihoyat 1644-yilda hokimiyatni o‘g‘li Anushaxonga topshirdi. Abulg‘ozi Buxoro xoni Abdulaziz bilan Subhonqulixon o‘rtasidagi raqobatga ham aralashdi, chunki, Subhonqulixon Abulg‘ozining jiyaniga uylangan edi. Buxoro xoni bilan sulh tuzishga erishildi. Shunga qaramay, Abulg‘ozixon 1663-yili yetti marta Buxoro xonligi ustiga yurish uyushtirdi: Qorako‘l, Chorjo‘y, Vardonze tumanlarini talon-taroj qildi. U Buxoro xoni Abdulazizxon davrida Buxoroga ko‘pgina talonchilik yurishlarini olib borgan. Uning bosqinchilik yurishlari Buxoro xonligining siyosiy va iqtisodiy ahvoliga yomon ta`sir ko‘rsatdi va ijtimoiy-siyosiy ahvolni murakkablashtirib yubordi. Abulg‘ozi qabila boshliqlari nufuzini oshirish bilan ularning markaziy hokimiyatga qarshi xatti-harakatlariga barham bermoqchi bo‘ldi. U xonlikdagi barcha qabilalarni to‘rt guruhga bo‘ldi: qiyot-qo‘ng‘irot, uyg‘ur-nayman, qang‘li-qipchoq, nukuz-mang‘it. Bunda qabilalarning urf-odatlari, turmush tarzi va qarindoshchilik aloqalari hamda joylashgan yeri hisobga olindi. Mazkur to‘rt guruh yana o‘n to‘rt mayda urug‘lar ham qo‘shilgan. Har bir qabilaviy guruhga bog‘liq – inoq tayinlanib, xon shu inoq orqali qabilaga tegishli masalalarni hal qilgan. Inoqlar xonning eng yaqin maslahatchisi sifatida saroyda istiqomat qilganlar. Abulg‘ozi Bahodirxon saroyida xon hashami 32 qabila boshlig‘i – inoqlardan iborat edi.
Abulg‘ozi Bahodirxon yirik tarixchi olim sifatida ham e`tiborga sazovor. Uning 9 bobdan iborat “Shajarai Turk” hamda “Shajarai tarokima” (“Turkmanlar shajarasi”) asarlari O‘zbekiston, umuman O‘rta Osiyo tarixiga oid qimmatli manbalardan hisoblanadi. Abulg‘ozixon “Shajarai turk” asari bilan «Xorazm tarixchilik maktabi»ga asos solgan. Abulg‘ozi Bahodirxon tibbiyot ilmiga oid “Manofiul inson” (“Insonga foydali tadbirlar”) nomli asar ham yozgan.

Anushaxon

Abulmuzaffar Muhammad
(?-1686-yil)
(1663-1687)

Xiva xoni, Shayboniylardan. Abulg‘ozi Bahodirxonning o‘g‘li. Buxoro xoni Abdulazizga qarshi jang (1657-yil)da qahramonlik ko‘rsatib, jang taqdirini xivaliklar foydasiga hal qilgan va otasini o‘limdan saqlab qolgan. Uning qo‘shinini Buxoroga yetib borib, Samarqandni egalladi. 1685-yilda G‘ijduvon yaqinidagi jangda Xiva qo‘shinlari tor-mor etildi. Buning uchun otasi Anushaxonga tug‘, lashkar va Hozarasp shahrini in`om etgan va Xivada uning nomiga katta hammom qurdirgan. Anushaxon taxtga o‘tirgach, xonlik chegaralarini mustahkamlash uchun Yangi Kot, Shohobod qal`alarini qurdirgan. So‘ng, 1686-yil Buxoro xonligiga yurish qilib, G‘ijduvon, Hazora, Samarqand, Qarshi va Shahrisabzni egallagan. Anushaxon davrida Buxoro-Xiva munosabatlari yanada keskinlashdi. Anushaxon Buxoroni xonavayron qilgan bir necha marta harbiy yurish uyushtirgan. Uning qo‘shini hatto Buxoroga yetib borgan. Samarqandni egallagan. U Samarqand viloyati hokimi Xojaqulibiy o‘tarchi bilan birgalikda Buxoro xoni Subhonqulixonga qarshi urush boshlagan.
1686-yili Subhonqulixon Anushaxonxonga qarshi fitna uyushtirdi. Anushaxon 1687-yil taxtdan tushirilib, ko‘ziga mil tortiladi. Anushaxon davrida Qoraqalpog‘istondagi Sulton Bays bobo va Xivadagi Pahlavon Mahmud maqbaralari, Oq masjid ta`mirlangan, “Shajarayi turk” asari oxiriga yetkazilgan. Anushaxon Xivadagi Pahlavon Mahmud maqbarasiga dafn etilgan.

Sherg‘ozixon

(?, Buxoro — 1727-yil dekabr, Xiva)
(1715-1727)

Xiva xoni. Shayboniylardan. Jonto‘raxonning o‘g‘li. Madrasada tahsil olgan. 1715-yil Yodgorxon vafotidan so‘ng, Buxorodan keltirilib Xiva taxtiga o‘tqazilgan. Sherg‘ozixonga qarshi Orol bo‘yida yashovchi qoraqolpoqlar Ishimxon boshchiligida isyon ko‘tarishgan. Sherg‘ozixon ular ustiga qo‘shin tortib katta o‘ljalar, ko‘plab asirlar bilan qaytgan. 1715-yil Sherg‘ozixon Xurosonga yurish qilib Mashhadni egallagan, Nishopurni qamal qilib egallay olmagan (1716). Sherg‘ozixon hukmronligi davrida Xiva xonligiga qarshi Rossiya bosqinchilik hamlasini boshladi. Rossiya podshisi Pyotr I 1714-yili Bekovich-Cherkasskiy harbiy ekpeditsiyasini Xivaga yubordi. Bekovich-Cherkasskiy harbiy ekpeditsiyasining qirib tashlanishi (1717) Xiva-Rossiya munasabatlarini keskinlashtirib yubordi. Munosabatni yumshatish uchun 1720-yil Xiva elchilari Rossiyaga jo‘natilgan, lekin elchilar a`zosi qamoqqa olingan, ulardan atigi bir kishigina Xivaga qaytishga muvaffaq bo‘lgan. Rossiya hukumati Xiva xonligi orqali O‘rta Osiyoga kirib kelish fikridan voz kechmagan, bu paytda Rossiyada Buxoro xonligining Qulibek boshchiligidagi elchilari bor edi. Rossiya hukumati F. Benevenini ularga qo‘shib Buxoroga jo‘natgan va Buxoro xonligini Xivaga qarshi gij-gijlagan. Sherg‘ozixon Orol bo‘yidagi isyonkor qabilalar ruslarni Xivaga boshlab kelishidan va o‘rniga Buxorodan keltirilgan (1721) Temur sultonni xon qilib ko‘tarishlaridan xavotirda edi. Temur sulton xonlikdagi Vazir, Gurlan, Shohobod, Bag‘lon, Uyg‘ur, Yangi Urganch, Xonqa va Xazoraspni olgan bo‘lsa-da, butun xonlikni egallay olmagan. Xonlikdagi ichki kurashlar Sherg‘ozixon vafotiga qadar davom etgan. Sherg‘ozixon Xivadagi madrasa (Sherg‘ozixon madrasasi) qurilish chog‘ida mashhadlik g‘ulomlar tomonidan o‘ldirilgan. Munisning yozishicha, Sherg‘ozixon odil, ma`rifatparvar hukmdor bo‘lib, ko‘p vaqtni ilm ahli bilan suhbatda o‘tkazgan. uning davrida ilm-fan va she`riyat rivojlangan.

Elbarsxon
(?-1739-yil 27-noyabr)
(1728-1739)

Xiva xoni. Shohniyozxon o‘g‘li. Uning hukmronligi davrida Xiva xonligida siyosiy ahvol keskinlashadi. 1736-yil Sherg‘ozixonning katta Erg‘ozi sulton Shohobodda unga qarshi kurash boshlagan. Xonlikdagi mang‘itlar va qoraqolpoqlar ham bosh ko‘targan. Elbarsxon ularga qarshi kurash bilan bir qatord qo‘shni davlatlar hududiga ham chopqunlar uyushtirgan. 1736-yil Elbarsxon 3 ming turkman askarlarini Chin Vakil yovmut boshchiligida Xurosonga jo‘natgan. Bu qo‘shin Mand tekisligi va Olatog‘ atrofida eronliklarning qizilboshlilar qo‘shini ustidan zafar qozonib, katta o‘lja bilan qaytgan. bu paytda Eron shohi Nodirshoh Shemaxani bosib olib Ganjada turgan edi. 1738-yil Nodirshohning o‘g‘li Rizoquli mirza Balxni egallab, Movarounnahrga yurish boshlagan. Buxoro xoni Abulfayzxon Elbarsxondan ko‘mak so‘ragan. Elbarsxon katta qo‘shin bilan Buxoroga otlangan, biroq yo‘lda Abulfayzxonni qizilboshlilar bilan sulh tuzganidan voqif bo‘lgach, orqaga qaytgan. 1739-yil fevralda Elbarsxon o‘zbek va turkmanlardan tashkil topgan qo‘shin bilan Xurosonga yurish qilib, Niso va Obivard atrofini talon-toroj qilib Xivaga qaytgan. 1739-yil oktabrda Nodirshoh Buxoroni olib, Xivaga qo‘shin tortgan. Tuyamo‘yin, Pitnak, Hazoraspda xivaliklar mag‘lub bo‘lgan. Eron qo‘shini Xonqani 7 kunlik qamaldan so‘ng egallagan, Elbarsxon va uning 20 ta amiri asir olingan. Nodirshoh ularni qatl ettirib, Xivaga yurish qilgan va 3 kunlik qamaldan so‘ng uni bosib olgan.

G‘oyib ibn Botir

(Qoraboyxon)
(tug‘ilgan yili nom`alum)
(1746-1756)

Xiva xoni. U inoqlar nufuzini yo‘qotish payida bo‘lib, o‘zbek qabilalariga qarshi kurashdi. O‘zbek qabilalari G‘oyibning ukasi Abdulla boshchiligida xonga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tardilar. Qo‘zg‘olonga Buxoro xoni Muhammad Rahimxon aralashdi. Goyib taxtdan tushirib, o‘z noyibi Temurg‘ozini xon etib tayinlaydi. Muhammad Rahimxon vafot etgach (1758-yil), inoqlar hokimiyatni yana qo‘lga oldilar.

Muhammad Amin Inoq

 
(taxminan 1730-1790)
(1770-1790)

Xiva xonligini idora qilgan qo‘ng‘irot sulolasi asoschisi. Inoqlardan Muhamad Amin inoqlik lavozimiga ko‘tarilgan. Turkmanlarning yovmut va chovdur qabilalariga qarshi kurash olib borgan, lekin muvaffaqiyatsizlikka uchrab Buxoroga, Doniyolbiy otaliq yoniga ketgan. Xorazmni butunlay egallab olgan yovmutlar Xiva taxtiga Go‘yibxonning o‘g‘li Jahongirxonni ko‘targanlar. Uning davrida (1769-1770-yillar) besh qal`a (Hazorasp, Xonqa, Urganch, Kat va Shohobod)da ocharchilik va vabo tarqalib o‘zbeklar Orol va Buxoroga ketganlar. 1770-yil Muhammad Amin inoq Buxorodan qaytib kelib yovmutlarni Xorazmdan quvg‘in qilgan, taxtga Abulxayrxonning o‘g‘li Bo‘lakayxonni o‘tqazgan. 1782-yilda Buxoro xoni qo‘shinlari qo‘shinlari hujumini daf etadi. Muhammad Amin inoq mustaqil beklarni ham bo‘ysundirganidan keyin Xiva xonligida iqtisodiy hayot bir qadar jonlana boshladi. O‘zga yurtlarga qochib ketgan aholi asta-sekin qaytib kela boshladi.
Muhammad Amin inoq xon avlodidan bo‘lmagani uchun taxtga qo‘g‘irchoq xonlarni o‘tqazib, hokimiyatni ular nomidan boshqara boshlagan. Muhammad Amin inoq 20 yil mobaynida 13 marta Xiva xonini almashtirgan. Faqatgina Muhammad Amin inoqning nabirasi Eltuzar (1804-1806-yillar) 1804-yilda chetdan chaqirilgan soxta xon Abulg‘ozini taxtdan tushirib, o‘ziga xon unvonini qabul qiladi. Xorazimlik tarixchilar (Munis, Ogahiy, Bayoniy va boshqalar) Muhammad Amin inoq hususida ancha iliq fikr bildirganlar. Muhammad Amin inoq davrida Xiva shahrida Muhammad Amin inoq madrasasi qurildi (1765-yil), shaharning Nodirshoh bosqinida vayron bo‘lgan devori va darvozalari qayta tiklandi (1785-yil), Xivaning Jome masjidi qayta qurilib, uning yonida chiroyli minora qad ko‘targan.

Avazbiy 
(1782-1804)
(1790-1804)

Xiva xoni. Qo‘ng‘irotlar sulolasidan. Muhammad Amin inoqning o‘g‘li. Inoqlardan. Avaz xon avlodidan bo‘lmagani uchun taxtni qo‘g‘irchoq xonlar orqali boshqarganlar. Avaz Muhammad inoq hukmronligi davrida Xiva xonligini iqtisodiy jihatdan mustahkamlash borasida ko‘p ishlar qilingan, Xivada katta hajmdagi qurilish ishlari bajarilgan (masalan, Xivadagi Juma masjidi va minorasi (1789) qayta qurilgan).

Eltuzarxon

 
(? — 1806)
(1804-1806)

Xiva xoni, Muhammad Amin inoqning nabirasi. Qo‘ng‘irotlar sulolasidan. Eltuzar davrida chetdan chaqirilgan soxta xon Abulg‘ozi taxtdan tushirib, o‘ziga xon unvonini qabul qiladi (1804-yil). Shundan keyin, qo‘ng‘irot qabilasi Xiva xonligi taxtini 1804-yilda rasman ham egalladi. Eltuzar 1806-yilda Buxoroga qarshi urush chog‘ida halok bo‘ladi. Uning buyurig‘i bilan Munis Xorazmiy “Firdavs ul-iqbol” asarini yozgan.

Muhammad Rahimxon I

 
(1775-1825)
(1806-1825)

Xiva xoni. Qo‘ng‘irotlar sulolasidan. To‘liq ismi Muhammad Rahimxon ibn Avaz inoq ibn Muhammad Amin inoq. Akasi Eltuzarxon vafotidan keyin taxtga o‘tirgan (1806-yil). Muhammad Rahimxon I Xiva xonligini birlashtirishda ijobiy natijalarga erishgan; bir qancha siyosiy, iqtisodiy, ma`muriy islohotlar o‘tkazgan. Xon saroyi qoshida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi Kengash (Devon) ta`sis etilgan. Muhammad Rahimxon I mamlakatni kengaytirish uchun turkman – chovdurlar ustiga yurish qilgan (1808-1809-yillar). Shu yili Hasanboy elini bo‘ysundirib Qo‘ng‘irotga hujum qilgan, biroq u yerda qattiq qarshilikka uchragan. Oymirza hukmronlik qilayotgan qoraqalpoqlarning bir qismini Oq yoshq degan mavzega ko‘chirgan. Muhammad Rahimxon I Orol bo‘yi qoraqalpoqlarini bo‘ysundirish uchun bir necha marta yurish qilib, 1811-yilda To‘ramurod so‘fini yengib xonlikni mustahkamlagan. 1812-1818-yillar davomida Sirdaryo bo‘yi qozoqlari va Marvdagi taka turkmanlar ustiga yurish qilib, ularni xonlikka qo‘shib olgan. Bu g‘alabalar Xiva xonligining mavqeini mustahkamlab, uni mustaqil qudratli davlatga aylantirgan. 1822-yilda Marv ustidan hukmronligini o‘rnatdi. 1823-1824-yillarda Buxoro amirligiga tegishli Qoqishtivon, Og‘or va Poykend qal`alariga talonchilik yurishlarini qilgan. Buxoro amiri Haydar bilan sulh tuzgan (1825-yil).
Muhammad Rahimxon I davrida Dashti Qipchoq, Xuroson Xiva xonligiga soliq to‘lab turgan. Xonlik hududi janubda Xuroson, Shimolda Orol dengizi va Sirdaryoning quyi oqimidagi yerlar, sharqda Buxoro amirligiga tutash hududlar, g‘arbda Kaspiy dengizi qirg‘oqlarigacha bo‘lgan yerlarni o‘z ichiga olgan. Muhammad Rahimxon I o‘zi qurdirgan Pahlavon Mahmud maqbarasidagi katta xonaqohning to‘riga dafn etilgan. Muhammad Rahimxon I arab, fors tillarini bilgan. Ilm ahliga homiylik qilgan. Olim, shoir va donishmandlar bilan suhbatlar o‘tkazib turgan. Munisga Eltuzarxon davrida boshlangan “Firdavs-ul-iqbol” asarini davom ettirishga sharoit yaratib bergan. 1813-yilda Munisga “Ravzat-us-safo” asarini tarjimasini topshirgan. Mamlakatda bir qancha kanallar qazdirib obodonlashtirisga e`tibor bergan. Arkda zarbxona tashkil qilib oltin va kumush tangalar chiqargan. Muhammad Rahimxon I davrida ichkilik va bangilik taqiqlangan. Pahlavon Mahmud maqbarasi qayta qurilgan. Xivada bir qancha madrasa va masjidlar qurilgan. Bojxona va boshqa muassasalar ishga tushgan.

Ollohqulixon

 
(taxminan 1797-1842)
(1825-1842)

Xiva xoni, Qo‘ng‘irotlar sulolasidan. Muhammad Rahimxonning o‘g‘li. Ollohqulixon davrida zulm, talonchilik, o‘zaro urushlar kuchaygan. Ollohqulixon Buxoro bilan sulh tuzilganiga qaramay 7 marta Buxoro xonligi hududiga yurishlar qilib, qishloqlarni talab qaytgan. Xurosonga 5 marta yurish qilgan. Qoraqalpoq va turkmanlarning qo‘zg‘olonlarini beshafqat bostirgan (1828-yil). Rossiya bilan savdo va elchilik munosabatlarini (1840-1841-yillar) rivojlantirgan.
Ollohqulixon davrida Xivada karvonsaroy, tim, 111 ta xona va bo‘lmali Toshho‘vli saroyi (1834-1835-yillar), Ichan qal`aning sharqiy darvozasiga tutashtirib qurilgan Ollohqulixon madrasasi, Oq masjid, Saitboy masjidi, Toshhovuz qal`asi (1835-1836-yillar) va boshqa inshootlar qurilgan. Yangi kanallar qazdirib sug‘oriladigan yerlarni kengaytirgan. Xiva shahrining obodonchiligi uchun ko‘p mehnat sarf qilgan. Ollohqulixon davrida koshinpazlik (koshinkorlik) san`ati yuksak cho‘qqiga chiqqan. Pahlavon Mahmud maqbarasi va Ko‘hna Ark koshinlar bilan bezatilgan. Sayid Alovuddin maqbarasi va boshqa ko‘pgina tarixiy obidalar ta`mirlangan. Arabxon va Muhammad Amin inoq madrasalari qaytadan qurilgan.
Xiva shahrining atrofi mudofa devori bilan o‘rab olingan (1842-yil). Ichan qal`a tashqarisida yashayotgan aholini himoya qilish maqsadida Dishan qal`a (Tashqari qal`a) qurilgan. Qal`aning uzunligi 6250 metr bo‘lib, shunday ulkan qurilish kuchi bilan paxsadan 30 kun davomida qurib bitkazilgan. Ichan qal`aning janubiy darvozasidan Dishan qal`a devorlarigacha bo‘lgan masofa 300-400 metrni tashkil qiladi.
Ollohqulixon 1842-yil Chorjo‘yga yurish qilib qal`ani qamal qilgan paytda og‘ir kasalga duchor bo‘lib, orqaga qaytishga majbur bo‘lgan va 1842-yil 23-noyabrda vafot etgan. Uni o‘zi hayot vaqtida tayyorlab qo‘ygan Pahlavon Mahmud maqbarasiga dafn etishgan.

Sayid Muhammadxon

 
(1823-1864)
(1856-1864)

Xiva xoni. Qo‘ng‘irotlar sulolasidan. Muhammad Rahim I ning o‘g‘li, Muhammad Rahim II -Feruzning otasi. Uning davrida Xivadagi ichki nizolarga barham berilgan, xonlikda tinchlik-osoyishtalik barqaror topgan. Sayid Muhammadxon 1858-yil Xivaga kelgan N.P. Ignatev missiyasini qabul qilgan. Shu yili 28 avgustda Xivada rus elchixonasi ochilgan. 1863-yil venger sayyohi G.Vamberi ham Sayid Muhammadxon qabulida bo‘lgan. Sayid Muhammadxon davrida Xivadagi Qo‘hna ark saroyidagi ko‘rinishxona qayta tiklangan va uning shipi, ayvon ustuni xorazmcha naqshlar bilan bezatilgan. 1859-yilda Xivaning Dishan qal’a qismida, Nurullaboy bog‘ida yangi ko‘rinishxona qurib bitkazilgan.
Ogahiy “Gulshani davlat” tarixiy asarida Sayid Muhammadxonning xonlik davrini ta’riflagan. Sayid Muhammadxon xonlikni boshqarishda boshqa davlatlar, ayniqsa, Rossiya bilan munosabatlarida o‘zini mustaqil va teng huquqli davlat hukmdori sifatida tutgan. Sayid Muhammadxonning jasadi Xivadagi Said Mohi ro‘yi jahon (Said Mahro‘yjon) maqbarasiga qo‘yilgan.

Feruz 
(1845-yil – Xiva – 1910-yil)
(1864-1910)

Xiva xoni; shoir va bastakor. Qo‘ng‘irotlar sulolasidan. Xiva shahridagi Arab Muhammadxon madrasasida tahsil ko‘rgan, davlat, huquq ilmini zamonasining mashhur mudarrisi, shoir va olim Doiy, Yusufxo‘ja oxun va boshqalardan o‘rgangan. Ogahiy Muhammad Rahimxon II — Feruzga ustozlik qilgan, unga she’riyat sirlarini o‘rgatgan, tarix, tarjima ilmidan saboq bergan. Otasi Sayid Muhammadxon vafotidan so‘ng (1864) Xiva taxtiga o‘tirgan.
1873-yil Xiva xonligiga K.P.fon Kaufman boshchiligidagi Rossiya qo‘shini hujum qilib, xonlikning asosiy shaharlari va poytaxtni bosib olgan. Gandimiyon shartnomasi (1873-yil 12-avgust)ga ko‘ra, Xiva xonligi podsho Rossiyasiga qaram bo‘lib qolgan. Feruz ana shunday murakkab sharoitda yarim asrga yaqin muddat davomida Xiva xonligini boshqargan. Feruz saroyga adabiyot va san’at arboblarini to‘plagan. Ogahiy, Komil, Tabibiy va boshqalar ta’sirida o‘zi ham Feruz (baxtli, g‘olib) taxallusi bilan she’rlar yozgan. U qoraqolpoqlarni boshqarish uchun “Qoraqolpoq ulus”ini shakllantirgan. Feruz kitobat ishlariga katta ahamiyat bergan: devon tuzish, tarix yozish, tarjima ishlarini rivojlantirgan. Xorazmda tarjima maktabi yaratgan. Fors va arab adabiyotining eng nodir tarixiy, adabiy, ilmiy asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildirgan.
Uning hukmronligi davrida Ogahiy va Bayoniylar tomonidan Xorazm tarixiga oid asarlar yozilgan. Komil Xorazmiy mumtoz maqomlar uchun nota yozuvini ixtiro qilgan. Xivada bosmaxona (toshbosma) tashkil ettirgan. Unda Xorazm shoirlari haqidagi “Majmuat ush-shuaro” tazkirasi, Alisher Navoiy asarlari, Xorazm shoirlari devonlari nashr qilingan. Feruz Hindiston, Arabiston, Eron, Turkiya savdogarlari orqali Xorazmga chet ellardan noyob kitoblar keltirtirgan va ularni ko‘p nusxalarda ko‘chirtirgan, tarix va adabiyotga oid kitoblardan iborat boy kutubxona yaratgan. Feruz me’morlik, naqqoshlik, xattotlik kabi san’at turlarini ham rivojlantirgan. Bu davrda fotografiya va kino san’ati vujudga kelgan, obodonchilik ishlari amalga oshirilgan.
Feruz 1871-yil Ko‘hna Ark qarshisida o‘z nomi bilan ataluvchi 2 qavatli madrasa qurdirgan (Muhammad Rahimxon madrasasi). Feruzning bevosita rahbarligi va tashabbusi bilan 30 dan ortiq madrasa, masjid, minora, xonaqolar qad rostlagan. Feruz yerlarni suv bilan ta’minlash, bog‘-rog‘lar barpo etish ishiga ham alohida ahamiyat bergan. Uning buyrug‘iga muvofiq, Qo‘ng‘irot tumani sarhadida katta ariq bunyod etilgan. Hozirda ushbu ariq “Xon arig‘i” deb ataladi.
1874-yili Feruz Rossiyadan 2 ta litografiya (kitob bosuvchi) mashinani sotib olib, Turkistonda ilk marotaba kitob chop etishni yo‘lga qo‘ygan. Uning topshirig‘iga ko‘ra bir qator tarixiy va sharqona didaktik asarlarni o‘zbek tiliga o‘girish bo‘yicha katta ishlarni amalgam oshirgan. Masalan, “Tabariy tarixi” (12 jildda), “Shayboniynoma”, “Zafarnoma”, “Eron tarixi”, “To‘tinoma” (to‘ti tilidan ertak tarzida hikoya qilingan nasihatlar kitobi) “Maorifnoma” kabilar. Muhammad Rahimxonning yozgi qarorgohi Tozabog‘da nodir kitoblar saqlanib Rossiyaning sharqshunos olimlarining etiborini tortgan va ular bu yerga ana shu nodir kitoblarni o‘rganish, tarjima qilish va ko‘chirish uchun atayin kelishgan. Muhammad Rahim Bohodirxon butun O‘rta Sharqda tengi topilmas boy kutubxonaga asos solgan. Uning topshirig‘iga ko‘ra yozilgan mamlakat tarixi Buxoro va Qo‘qonda bitirgan huddi shunday tarixlardan musoffoligi va ishonarligi bilan o‘ta darajada yuqori saviyada edi.
Feruz mumtoz she’riyatning an’anaviy janrlarida lirik she’rlar yaratgan. She’rlari, asosan, ishq-muhabbat mavzuida. Inson va hayot, sevgi va sadoqat Feruz ijodining g‘oyaviy asosini tashkil qiladi. Ular ohangdorligi, tasviriy-ifodaviy bo‘yoqlarga boyligi va shaklan rang-barangligi bilan ajralib turadi. Uning ko‘pchilik g‘azallari o‘z zamonasida sozandalar tomonidan kuyga solib kuylanib kelingan. She’rlariga “Devoni Feruz” nomi bilan tartib bergan (1879). Bu devon Muhammad Sharif tomonidan qayta ko‘chirilgan (1900). Feruzning o‘zi Pahlavon Mahmudning 350 ruboiysini qo‘lda ko‘chirib, kitob holiga keltirgan. Feruz Shashmaqom kuylarini o‘rgangan, saroyda maqom ansamblini tuzgan. “Navo”, “Dugoh”, “Segoh” maqomlariga bog‘lab kuylar yaratgan. Feruz Said Mahruyjon majmuasidagi Sayid Mohi Ruyi Jahon maqbarasida dafn qilingan.

Asfandiyorxon

 
(?-1918-yillar) 
(1910-1918)

Xiva xoni. Qo‘ng‘irotlardan. 1910-yil otasi Muhammad Rahimxon II vafotidan so‘ng rus podsho hukumatining yordami bilan taxtga chiqdi. 1910, 1914-yillarda Peterburgda bo‘ldi. Asfandiyorxon davrida ma`rifatparvar vazir Islomxo‘ja tashabbusi bilan Vxiva va boshqa shaharlarda pochta-telegraf, kasalxona, ikki madrasa va yangi tipdagi maktablar, xatto rus maktablari qurildi. Asfandiyorxon Islomxo‘jani xazinadagi mablag‘ni behuda sovurishda ayblab qatl etdi (1913-yil), butun yerlarni qayta o‘lchatib, mehnatkash xalqqa og‘ir soliqlar soldi. Uning zulmiga qarshi 1915-yil Mang‘itda, 1916-yil yanvarda Xo‘jaylida xalq chiqiqshlari bo‘lib o‘tdi. 1905-1907-yillarda tashkil topgan “Yosh xivaliklar” tashkiloti 1917-yil fevral inqilobidan so‘ng oshkora ish boshladi. Bu tashkilot 1917-yil 5-aprelda xonni burjua islohoti o‘tkazish haqidagi manifestga qo‘l qo‘yishga majbur etd.
Shu tariqa xon boshliq konstitutsion monarxiya tuzildi. Davlatni idora etuvchi “Idorai mashvarat” tashkil topdi. Lekin islohot mehnatkashlar ahvolini yaxshilamadi. Asfandiyorxon ko‘p o‘tmay “Idorai mashvarat”ni tarqatib, yana mustabid hokimiyat o‘rnatdi. Asfandiyorxon 1918-yil 22-yanvarda yuqori martabali amaldorlar va din ahllari ishtirokida davlatni birga boshqarish hamda bolsheviklarga qarshi kurashish uchun Junaidxon bilan Xivada muzokara olib bordi. Natijada Asfandiyorxon Junaidxonni qo‘shin boshlig‘i (sardori karim) etib tayinlanib, hokimiyatni unga topshirdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Junaidxon hokimiyatni butunlay qo‘lga olish uchun Asfandiyorxonni yashirin ravishda o‘ldirtirdi. Junaidxon taxtga o‘z ta`siridagi Sayid Abdullaxonni o‘tqazdi.

Said Abdullaxon

 
(?– 1933-yil, Krivoy Rog shahri, Ukraina)
(1918-1920)

Xiva xoni, qo‘ng‘irotlardan. Feruzning o‘g‘li. Ukasi Asfandiyorxon suiqasd natijasida o‘ldirilgach, Junaidxon tomonidan Xivaga xon qilib ko‘tarilgan (1918-yil 3-oktabr). Said Abdullaxon jismoniy jihatdan zaif va irodasiz bo‘lib, Xiva xonligidagi barcha ishlarni amalda yasovulboshi Davlatmurod mahram orqali Junaidxon boshqargan. Junaidxon o‘z kishilari: Choriqboy (Toshhovuz), Safar Depmechi (Ilyali), Qilich Qora (Porsu), Goklan bola (Mang‘it), Anna Geldibek (Taxta), Xalil Maxsum (Urganch), Shixim Sulg‘un (Xiva)larni hokim qilib tayinlagan.
Xiva xonligi qizil askarlar tomonidan bosib olingach, Said Abdullaxon taxtdan voz kechishga majbur bo‘ldi (1920-yil 2-fevral) va iltimosiga ko‘ra, u Xivada qoldirilgan. Biroq, Xivadagi Muhammad Aminxon madrasasida qozikalon Ibrohim Oxun boshchiligida bo‘lgan ulamolarning qizil askarlarga qarshi ko‘targan isyoni (1920-yil 23-iyun)dan keyin, bu isyonga hech qanday aloqasi bo‘lmasa ham Said Abdullaxon va uning harami, yaqin qarindoshlari, 10 to‘ra hamda Hikmatilla Oxun (qoziaskar), Obid Oxun va boshqalar Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (XXSR)dan badarg‘a qilingan (1920-yil yozi). Dastlab Moskvadagi Lubyanka — 2; Novospassk, Ivanovo monastirlaridagi qamoqxonalarga tashlangan. 1923-yilda Said Abdullaxon va uning avlodlari Ukrainaning Yekaterinoslav gubernyasiga surgun qilingan. U surgunlikda 10 yil yashagan. So‘ngra kasallanib, vafot etgan. Xorazmlik adib Qo‘zi Davat Said Abdullaxon haqida “Xusumat” (Nukus, 2001) tarixiy romanini yozgan.

Shoxruhbiy ibn Ashurbiy 
(? — 1721), 
(1709-1721)

Keyinchalik Qo‘qon xonligi deb atalgan davlatning asoschisi. 1709-yilda minglar alohida beklik tuzgan chodalik din peshvolari hokimiyatini ag‘dardilar va Farg‘ona vodiysida hokimiyatni o‘z qo‘lariga oldilar. Ming qabilasi yo‘lboshchilaridan biri Shohruxbiy hukmdor deb e`lon qilindi. Shu tariqa, O‘rta Osiyoda keyinchalik Qo‘qon xonligi deb atalgan yangi davlat vujudga keldi. Ma`lumki, faqat Afrosiyob yoki chingiz avlodidan bo‘lganlar xon atalishga haqli edilar. Shohruxbiy esa Chingiz avlodi emas edi. Shuning uchun saroyga yaqin tarixchilar “Oltin beshik” haqidagi afsonani to‘qiganlar. Unga ko‘ra, go‘yo Kobul tomon ketayotgan Zahiriddin Muhammad Bobur endi tug‘ilgan chaqalog‘ini oltin beshikka belab, yo‘lda qoldirib ketgan ekan. Farg‘ona vodiysiga o’zbek qabila boshliqlari beshikni topib olishib, bolani katta qiladilar. Oltin beshikdagi bola voyaga yetib undan Sulton elik nomli o‘g‘il tug‘ilgan. Undan keyingi avlod Xudoyor, Muhammad Amin, Abulqosim, Shohmastbiy (Ejmosbiy), Shohruxbiy, Hojibiy, Ashurbiy, so‘ng Shohruxbiy. Shohruxbiy Oltin beshikning o‘ninchi pushti hisoblangan. U ming qabilasi biylaridan edi.
Shoxruhbiyning taxtga o‘tirishini Mulla Olim “Tarixi Turkiston” asarida qiziqarli tasvirlaydi: Targ‘ovaga Jankat, Pilaxan, To‘fontepa, Partak, Tepa Qo‘rg‘on, Qaynar va boshqa joylarning oqsoqol, aslzoda odamlari to‘planib Ashurbekning o‘g‘li aqlli, insonparvar Shoxruhbiy Ashurbek o‘g‘lini xon qilib saylashga qaror qiladilar. Shundan so‘ng Shoxruhbiy o‘rda va qo‘rg‘on qurish uchun qulay joy tanlashga farmon beradi. Yuborilgan odamlar “Ko‘k to‘nliklar” yashaydigan ikki soy oralig‘ida joylashgan hududni qulay joy, deb hisoblaydilar. Ular bu yerda ark quradilar va uning atrofida saroy va binolar qura boshlaydilar. Shundan keyin Shohruhbiyni taxtga o‘tqazadilar. Xonning saylanish yilini 1709-yil deb hisoblaydilar.
Mulla Olim Shoxruhbiy 12 yil hukmronlik qilib, hukmronligining 13-yilida vafot etdi, — deb yozadi. Bundan uning 1721-yilda vafot etganligi kelib chiqadi.
Bu davlat o‘z tasarrufiga Qo‘qon, Isfara va Marg‘ilon atroflarini qo‘shib olgan edi.
Shoxruhbiydan uchta o‘g‘il qoladi: Abdurahimbiy, Abdukarimbiy va Shodibiy. Otasining o‘rnini o‘g‘illarning kattasi Abdurahimbiy egallaydi.

Abdurahimbiy ibn Shohruhbiy 
(1700-1733, Xo’jand) 
(1721-1733)

Ming sulolasidan bo‘lgan Qo’qon xoni, Shoxruhbiyning o’g’li. U xushyor, oqil, donova tadbirkor edi. Abdurahimbiy davrida Qo’qonda qal’a qurilgan bo’lib, u xozirda “Eski qo’rg’on”deb ataladi. V.P. Nalivkinning ma`lumotiga ko‘ra, 1732-yilgacha uning qarorgohi Tikon To‘da qishlog‘i bo‘lgan. Xuddi shu yili u Qo‘qon shahriga birinchi bo‘lib asos soladi. 1725-yil Buxoro xonligining zaiflashganidan foydalanib, 20ming kishilik qo’shin bilan Xo’jandni, 1726-yil esa O’ratepani egallagan. So‘ngra Shahrisabz ostonalariga qo‘shin tortib boradi. Shahrisabz hokimi Olimbek valine’maning (boshqa manbalarga ko’ra Ibrohim otaliq kenagasning) sulh tuzib, qizi Oychuchuk oyimni o’z nikohiga olgan. Shahrisabzlik kenagaslar bilan ittifoq tuzib, 1732-yil Samarqandni egallab, bu yerga mulla Bahorni hokim etib tayinlaydi va u yerda olti oy turgach, Jizzaxni olib, Ollohqulibekni hokim qilib qoldiradi.
Abdurahimbiy Xo‘jandga yetib kelgach, qattiq betob bo‘lib, aqldan ozadi, u 1733-yilda suiqasd uyushtirilishi natijasida o‘ldiriladi. Abdurahimxon o’limidan so’ng Qo’qon xonligi zabt etilgan hududlardan ajragan. Undan Erdonabek degan o‘g‘il va 3 qiz qolgan bo’lsa ham Qo‘qon xonligi taxtiga ukasi Abdukarimbiy o‘tiradi.

Abdulkarimbiy ibn Shohruhbiy 
(1710-1750)
(1733-1750)

Ming sulolasidan bo‘lgan Qo’qon xoni. Shohruxbiyning o’g’li. Akasi Abdurahimbiy vafot etgach (1733), taxtga o’tirgan. Xonlik o’rdasini Qo’qon yaqinidagi Tepaqo’rg’ondan Qo’qonga ko’chirgan. 1746-yil O’ratepa hokimi Fozilbiy yordamida Qalmoqlar hujumini qaytargan. Abdulkarimbiy Qo’qon shahrida saroy, madrasa, bozor va Isfara, Qatag’on, Marg’ilon, Toshkent, Haydarbek nomli shahar darvozalarini qurdirgan.
Akasi vafot etgach hukmdor etib tayinlanadi, u Qo‘qonga ko‘chib boradi va uni qaytadan quradi. 1746-yilda xitoyliklar Qoshg‘arni bosib oladilar va jung‘or davlatini tor-mor qiladilar, qalmiq ko‘chmanchilarining bir qismi g‘arbga yurib, Farg‘ona vodiysiga bostirib kiradilar. Abdukarim qalmiqlarga qarshi Qipchoq bachcha boshchiligida qo‘shin yuboradi, lekin u o‘ldiriladi. Uning ishongan qo‘shini esa qochib ketadi, natijada qalmiqlar Qo‘qonga yaqinlashib qoladilar. O‘ratepa xoni Fozilbiy (Sodiqbiyning o‘g‘li va Abdukarimning atalgan o‘g‘li) buni bilib qolib, qo‘shin bilan yordamga keladi. Qonli janglardan so‘ng qalmiqlar Qo‘qondan chekinadilar.
Abdukarim 1750-yilda 40 yoshida vafot etadi, Qo‘qon xonligi taxtiga esa uning o‘g‘li Abdurahmon o‘tiradi.
U o‘z poytaxtini Tepaqo‘rg‘ondan Qo‘qon shahri o‘rniga ko‘chiradi. U Qo‘qonning Eski o‘rda degan joyida o‘rdaqal`a qurdiradi. Atrofini shahar qilib, devor bilan o‘ratadi. O‘shanda Qo‘qonning Qatag‘on, Marg‘inon, Toshkand, Haydarbek degan to‘rt darvozasi bo‘lgan.
Abdulkarimxon o‘z davlatini mustahkamlashga, xalq farovonligini oshirishga intildi. 1745-1746-yillari qalmoqlar Farg‘ona vodiysiga hujum qilib O‘sh, Andijon, Marg‘ilon shaharlarini bosib olib, Qo‘qon ostonalariga kelib poytaxtni qamal qiladilar. Qo‘qonliklar og‘ir ahvolga tushib qolganda O‘ratepa hokimi Fozilbek qo‘shinlari bilan birga qalmoqlarga yordamga yetib keladi va xoinlar ham tor-mor etiladi. Shu tariqa, farg‘ona vodiysi dushmandan ozod qilinadi.

Abdurahmon

 
(tug‘ilgan yili noma’lum)
(1750-1751-yillar, 6 oy)

Ming sulolasidan bo‘lgan Qo’qon xoni. Abdulkarimbiyning o‘g‘li. 1750-yilda Abdulkarimbiy vafot etgach xonlik taxtiga o‘tirgan va atigi olti oygina hukmronlik qilgan. Ammo, olti oy o‘tgach u Marg‘ilonga hokim qilib yuboriladi. Taxtga esa Erdona (Erdon) o‘tqaziladi.

Erdonabiy ibn Abdurahimbiy 
(? — 1762-yil)
(1751-1752; 2-marta – 1753-1762)

Ming sulolasidan bo‘lgan Qo’qon xoni. Abdurahmon Qo‘qonda olti oylik hukmronligidan so‘ng xonlik taxtiga o‘tirgan. Uning hukmronligi davrida (1751-1762) xonlikning qudrati ortgan. U O‘sh, O‘zganni bo‘ysundirgan. 1758-1759-yillarda esa Xitoy tomonidan zabt etilgan sharqiy Turkistonga ham harbiy yurish uyushtirgan. Shu tariqa, Erdona davrida Qo‘qon xonligi g‘arbda Buxoro, sharqda Xitoy bilan tengma-teng kurash olib bora olgan davlatga aylangan. U ham tez orada taxtdan tushirilib, uning o‘rniga Bobobek o‘tqaziladi. Abdulkarimxon zamonida Qaynar tomondan qalmoqlar bostirib kelib, sulh tuzib, Muhammad Rahimxonning o‘g‘li Bobobekni garov tariqasida olib ketgan edilar. Qalmoqlar Bobobekni xonlikka ravo ko‘radilar. U Qo‘qonda bir yil hukmronlik qiladi. Bobobek Beshariqqa borganda, u yerda o‘ldiriladi va taxtga yana Erdona o‘tqaziladi.
Uning davrida ko‘p urushlar bo‘ladi, mehnatkash xalqning ahvoli o‘g‘irlashadi. Erdona 12 yil hukmronlik qilgan. Undan so‘ng Qo‘qon xonligi taxtiga Shodibekning o‘g‘li Sulaymonbek o‘tqaziladi.
Erdona Qo‘qon xonligini ichki tomondan mustahkamlashga ko‘p urungan siyosatchi hisoblanadi. Shuningdek u Farg‘ona vodiysining o‘ziga xos darvozasi hisoblanmish Xo‘jandni xonlik ixtiyoriga kiritishga obdon harakat qilgani, ammo buxorolik kuchlar bunga yo‘l qo‘ymaganliklari ma`lum. O‘sha zamon tarixchisi ta`rifi bilan aytganda, Erdona zamonida xonlik qudrati ancha yuqori ko‘tarilib, vodiyda tinchlik va farovonlikka erishilgan. Erdona Qo‘qon xonligining sharqida joylashgan O‘sh, O‘zgand kabi yerlarni ham bo‘ysundirishga erishgan siyosatchilardan. U bu bilan cheklanmasdan, 1758-1759-yilllari Xitoyning hukmron sulolasi bo‘lmish sinlar (1664-1911) tomonidan zabt etilgan Sharqiy Turkistonda ham o‘z siyosatini yurgizishga urinib, u yerga harbiy yurishlar uyushtirib turgan.

Bobobek ibn Abdurahimbiy 
(? – taxm. 1753) 
(1752-1753)

Minglar sulolasidan bo‘lgan Qo’qon xoni. Abdurahimbiyning katta o’gli. Jung’orlar (ba’zi manbalarda qalmoqlar) 1740-yillarda Qo’qonni qamal qilganlarida Abdurahimbiy jiyani Bobobekni garov sifatida oq uylik qilib dushmanlarga berishga majbur bo’lgan. Bobobek Qo’qon yaqinidagi Qaynar degan qishloqda jung’orlar (qalmoqlar) orasida yashagan va taxminan 1752-1753-yillarda Qo’qon taxtini qalmoqlar nomidan 10 oy boshqargan.1753-yil beklar kengashi Qo’qon lashkarini O’ratepani egallash uchun jo’natishga qaror qilgan. Qo’shin safarga otlanib, Beshariqqa yetganda Bobobek o’ldirilgan.

Sulaymon ibn Shodibiy 
(? — 1763-yil)
(1762-1763, 3 oy)

Qo‘qon xonligida 12 yil hukmronlik qilgan Erdonabiy vafot etgach (1762), Shodibiyning o‘g‘li Sulaymonbek taxtga o‘tqaziladi, lekin suiqasd tufayli uch oy hikmronligidan so‘ng o‘ldiriladi. Sulaymonbekning qotillari Abdulla Qushbegi, G‘urumsaroy hokimi O‘tov Bakavul va yana bir qancha qo‘qonlik aslzodalar Norbo‘tabiyni davlat boshqaruv ishini qabul qilib olishga ko‘ndiradilar va uni xon deb e`lon qiladilar.

Norbo’ta 
(taxminan 1749-1798) 
(taxminan1763-1798)

Qo’qon xoni. Abdurahmonning o’g’li, Abdulkarimbiyning nabirasi. 14 yoshidan taxtga chiqqan. Namangan beklarining separatizmini bostirgan. Qo’zg’alon ko’targan Xo’jand begini yengib, shaharni o’ziga bo’ysundirgan. Ammo, O’ratepa nomigagina Buxoroga tobe bo’lib qolgan.

Olimxon

 
(? – 1810-y.y) 
(1801-1810)

Qo‘qon xoni. Minglar sulolasidan. Norbo‘tabiyning o‘g‘li. Uning davrida saltanat hududini kengaytirish davom ettiriladi. U Ohangaron, Chimkent, Sayram, Toshkent viloyatining hammasini, Rossiyaga boruvchi karvon yo‘llaridagi muhim manzilgohlarni zabt etadi. U Buxoro amirligiga qarshi turishga kuchi yetajagini ko‘rib xon unvonini qabul qiladi, davlati esa Qo‘qon xonligi deb atala boshlandi. Poytaxt – Qo‘qonning siyosiy ahamiyati oshgan. Olimxon tog‘li tojiklar: qorateginlar, sho‘g‘nonliklar, badaxshonliklar, eroniylar va boshqalardan iborat yollanma qo‘shin tuzgan. Bu qo‘shin hokimiyatni markazlashtirish uchun kurashda uning tayanchi bo‘lgan. Olimxon davrida Rossiya bilan 1-marta savdo aloqalari o‘rnatilgan. Olimxon diniy sohada ham o‘zgarishlar qilishga intilgan, xususan, diniy unvon hisoblangan “eshon”ni bekor qiladi, kambag‘al, bechoralarga va qalandarlarga yer maydonlari va chorva beradi, shu bilan ularni ijtimoiy-foydali mehnatga jalb qiladi. Ayrim diniy arboblarni imtihon qiladi va fosh qilinganlarni jazolaydi. Ulamolar uning bu hatti-harakatlaridan norozi bo‘ladilar. Uning Toshkentdaligidan foydalanib, fitna uyushtiradilar, u o‘ldiriladi, deb mish-mish tarqatadilar. Taxtga uning ukasi Umarxon o‘tkaziladi. Olimxon xiyonatni bilib qolib, qisqa yo‘l bilan Qo‘qonga jo‘naydi. Yo‘lda qo‘yilgan pistirma Olimxonni otib o‘ldiradi.
Qo‘qon xonligining mavqei ayniqsa Olimxon zamonida yuksaladi. Avvalo mazkur hukmdor xonlik maqomini qabul qilgani bilan mashhurdir. Minglarning undan keyingi namoyandalari ham xon maqomida bo‘lganlar. Shu sababdan ham 1709-1876-yillari markazi Farg‘ona vodiysi hisoblangan va ninglar nomi bilan bo‘g‘liq siyosiy birlikni Qo‘qon xonligi deyish odat tusiga kirgan.
Olimxon Qo‘qon xonligining kuchayib borishida o‘zini ko‘rsatganlardan biridir. 1805-yili u Xo‘jandni egallab, yuqorida aytilganidek, Farg‘ona vodiysi uchun strategik ahamiyat kasb etgan mazkur chegarani uzil-kesil xonlik tarkibiga kiritadi. 1809-yili esa XVIII asr oxirlaridan boshlab mustaqil bo‘lib olgan va shayx Xovand Tohur (hozirda Shayxontohur nomi bilan mashhur XIV asrning ko‘zga ko‘ringan din peshvolaridan) avlodlaridan bo‘lmish Yunusxoja (1784-1801) yetakchilik qilayotgan Toshkent viloyatini ham Qo‘qonga bo‘ysuntirishga erishadi. Natijada Sayram va Chimkent tomonlarga qarab siljish imkoni tug‘iladi. Shu tariqa u Turkiston (Yassi) va Avliyo otagacha bo‘lgan yerlarda harbiy yurishlar uyushtiradi.
Olimxon harbiy islohot o‘tkazib, Xo‘jandni, Ohangaron vohasini, Toshkent,Chimkent va Turkistonni o‘ziga bo‘ysuntirdi. Natijada, Rossiya bilan savdo yo‘li ochiladi. U o‘z davlatini 1805-yili rasman Qo‘qon xonligi deb e`lon qildi, o‘ziga esa “xon” rutbasini oldi va uni rasman Olimxon deb atay boshlashdi. Olimxonning markazlashgan nisbatan kuchli davlat tuzishga intilayotganligi ayrim qabila boshliqlari orasida keskin norozilik tug‘dirdi. Natijada, ular Qo‘qonda «Olimxon Toshkentda o‘ldi» deb mish-mishlar tarqatishadi va uning ukasi Umarbekni xon deb e`lon qiladilar. Olimxon bundan xabar topib Qo‘qonga bormoqchi bo‘ladi, ammo, yo‘lda Oltiqush mavzeida andijonlik Qambar mirzo sheriklari bilan Olimxonni otib o‘ldiradilar.

Amiriy 
(1787-Qo‘qon-1822) 
(1810-1822)

Qo‘qon xoni, zullisonayn shoir. Norbo‘tabiyning o‘g‘li. O‘zbeklarning ming urug‘idan. Boshlang‘ich savodini oilada chiqarib, keyin madrasada tahsil olgan. Yoshligidan saroy xizmatiga jalb qilingan: akasi – Qo‘qon xoni Olimxonning davlatni boshqarish ishlarida faol ishtirok etgan. Olimxon 1807-1808-yillarda unga Farg‘ona hokimligini topshirgan. Shu yillarda u Andijon hokimi Rahmonqulibiyning qizi Mohlaroyim (Nodiraga)ga uylangan.
Hokim tabaqalar Olimxonning Toshkentda ko‘tarilgan g‘alayonni bostirish uchun qo‘shin tortganligidan foydalanib, fitna uyushtiradilar va 1810-yilda Umarxonni xon qilib ko‘taradilar, Olimxon esa o‘ldiriladi. Umarxon Qo‘qon xonligi hududini kengaytirish, hokimiyatni mustahkamlash siyosatini olib boradi. Buxoro amiriga qarshi Turkiston shahri (1815), O‘ratepani (1817) bosib olgan. Sirdayo bo‘yidagi yerlarda yangi qo‘rg‘on, Julek Qamishqo‘rg‘on, Oq machit, Qo‘shqo‘rg‘on nomli harbiy istehkomlar qurdirgan. Ular O‘rta Osiyoni Rossiya bilan bog‘laydigan muhim savdo yo‘lida joylashgan edi. U Rossiya bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatishga harakat qilgan. Umarxon davrida Qo‘qon, Toshkent, Turkiston, Chimkent, Sayram, Avliyootada masjid va madrasalar qurilib, qabristonlar tartibga keltirilgan. Shahrixon shaharchasi barpo etilgan, yangi qishloqlar vujudga kelgan. Xon amldorlarining talonchilik siyosatiga qarshi Chimkent va Sayramda ko‘tarilgan qo‘g‘alon bostirilgan. XIX asrning 1-yarmida Qo‘qonda o‘ziga xos ilmiy-madaniyat muhit vujudga kelgan – uning boshida turgan ma`rifatparvar hukmdor Umarxon ilm, madaniyat, san`at, adabiyot, turli kasb-hunarlarning rivojiga katta etibor berilgan, madrasalarda o‘qish-o‘qitish ishlarini yaxshilagan, turli hunar maktablari ochilishini qo‘llab-quvvatlagan. Ozi ham «amiriy» tahallusi bilan she`rlar yozgan. Uning atrofida 70 dan ortiq shoir yig‘ilgan. 1821-yilda Fazliy Namangoniy Umarxon amriga binoan, 63 shoirning she`rini o‘z ichiga olgan «Majmuai shoiron» to‘plamini tuzgan. Uni ulug‘lab qasidalar yozish, g‘zallarga tatabbular bog‘lash bu shoirlar ijodida yetakchi o‘rin tutgan.
Umarxon Lutfiy, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy, Bedlni o‘ziga usto sanab, ulardan ijod sirlarini o‘rgangan, ularga ergashib ijod qilgan, g‘zallariga muhammaslar bog‘lagan. Aruzning Turkiy adabiyotda mashhur, xalq ijodida ham keng tarqalgan yengil va o‘ynoqi vazinlaridagina yozilgan bu she`rlarning barchasi ishqu muhabbat mavzuida. Ularda an`anaviy motivlar tasuvvufiy ruh ustun. O‘zbek va fors-tojik tilidagi she`rlarini to‘plab, devon tartib berilgan. Devon g‘azal, muhammas, musadda, tuyuq janrlaridagi o‘n ming misradan ortiq she`rni o‘z ihiga olgan.
O‘zbekiston FA Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyining matnshunoslik va yozma yodgorliklarni nashr etish bo‘limining ilmiy hodimlari tomonidan Umarxonning turli dvrlarda ko‘chirilgan 26 ta qo‘lyozma devoni hisobga olinib, ularning ilmiy tafsifi berilgan. Bu qo‘lyozmalar Snkt-Peterburg, Toshkent, Samarqand va Buxoro kutubxonalarida saqlanadi. Ozbekiston FA Sharxshunoslik instituti qo‘lyozmalar ondida Umarxonning 17 ta qo‘lyozma devoni mavjud. Bundan tashqari, litografik usulda chop etilgsn devonlari va shoir she`rlarida namunalar berligan bayozlar bor.

Muhammad Alixon

 
(taxminan 1803/ 06-1842, Qo‘qon) 
(1822-1841)

Minglar sulolasidan bo‘lgan Qo‘qon xoni. Umarxon va Nodiraning o‘g‘li. Otasi Umarxon vafotidan keyin 17 yoshida taxtga o‘tirgan. Hukmronlik davrida xonlik hududini kengaytirishga uringan. Janubiy Olay tog‘ etagida tojiklar bo‘ysundirilgan. Qorategin butunlay, Darvoz, Shug‘non, Roshan, Vohonfaqat nomigagina zabt etilgan. 1829-yilda Qashqarga yurish qilgan. Uning bu harakatidan foydalangan Qashqar musulmonlari xitoylarga qarshi bosh ko‘targan. Mag‘lub bo‘lgan uyg‘urlardan 70 mingi Muhammad Alixon bilan birga qaytib, Qo‘qon xonligidagi shaharlarga (jumladan, Toshkentga) joylashtirilgan. Muhammad Alixon Qashqarga qilgan qayta-qayta hujumi natijasida Sharqiy Turkiston shaharlaridan boj yig‘ish huquqini olgan. Muhammad Alixon hukmronligi davrida sug‘orish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Toshkent yaqinida Xonariq qazilgan. Toshkent hokimi Lashkar qushbegi Muhammad Alixonning yaqin maslahatchisi bo‘lib qolgan. Rossiya bilan savdo va diplomatik aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. 1828-yilda Qo‘qondan Sankt-Peterburgga elchilar boradi va ular yaxshi kutib olinadi. 1830-yilda Qo‘qonga Rossiya elchisi xorunjiy Potanin keladi.
Muhammad Alixonning hukmronlik davrida Qo‘qon-Buxoro munosabatlari keskin yomonlashadi. Ular orasida bo‘lib o‘tgan urushlar natijasida Buxoro amiri Nasrullaxon Qo‘qon qo‘shinini tor-mor qiladi. Muhammad Alixon o‘zini noiloj amirning noibi deb e`tirof qiladi. Oradan ikki yil o‘tgach, 1841-yilning oktyabrida Qo‘qonda xon zulmiga qarshi xalq qo‘zg‘oloni ko‘tariladi.
Muhammad Alixon ichkilikbozlik va axloqsizlikka beriladi. Buxoro–Qo‘qon o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashuvi va tez-tez takrorlanib turadigan harbiy to‘qnashuvlar shunga olib keldiki, Muhammad Alixon 1841-yil noyabrda ukasi Sulton mahmud foydasiga taxtdan voz kechadi, shunday bo‘lsa ham 1842-yilda aprelda Buxoro amiri Nasrullaxon Qo‘qonni zabt etdi va Muhammad Alixonni, ukasi Sulton Mahmudxonni, onasi Nodirabegimni qatl ettiradi.
Muhammad Alixon g‘azallar yozgan, uning buyrig‘iga binoan, xattotlar Alisher Navoiy asarlarini miniatyuralar bilan bezatib ko‘chirgan, ko‘plab tarixiy asarlar fors va arab tillaridan o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Muhammad Alixon davrida maktab va madrasalar qurilgan (mas. Madalixon madrasasi), Qo‘qonning eski o‘rdasi ta`mirlangan.

Sheralixon Hojibek o‘g‘li
(taxm. 1797-1845-yillar)
(1842-1845)

Qo‘qon xoni. 1842-yil Buxoro amiri Nasrullo Qo‘qonni bosib olib Ibrohim Xayolni noib etib tayinlab ketadi. Uning zulmidan norozi boґlgan qo‘qonliklar qo‘zg‘olon koґtaradilar va xon avlodlaridan boґlmish Sheralini Qo‘qon xoni deb e`lon qiladilar. Sheralixon qo‘zg‘olonga rahbarlik qiladi. Qo‘zg‘olonchilar Qo‘qonga kiradilar va Buxoro qo‘shinini tor-mor keltiradilar. Ibrohim Xayol Buxoroga qochgan. Sheralixon Buxoro amiri Qo‘qonga yangi yurish uyushtirishi mumkinligini bilib, qabila va harbiy boshliqlar, aminlar, oqsoqollar va obroґli, nufuzli arboblar kengashini chaqirib, unda shoshilinch ravishda miltiq, qilich, to‘siqlar tayyorlashga qaror qilingan. Qo‘qon atrofida toґsiq va qo‘rg‘onlar barpo qilishga kirishilgan, lekin qurilish nihoyasiga yetmay, Buxoro qo‘shini Qo‘qonga yaqinlashib shaharni qamal qiladi. Buxoro qo‘shinlari tevarak-atrofdagi qishloqlarni vayron etiladi, lekin shaharni egallay olmaydi. Qo‘qon mudofaasida ayollar ham faol ishtirok etadilar. Nasrullo 40 kunlik qamaldan soґng Buxoroga qaytib ketgan.
Sheralixon o‘g‘li Abdurahmonbekni amiri lashkar qilib tayinlab, uni Toshkentni zabt etish uchun yuboradi. Qo‘shinlar Sirdaryodan o‘tib, Quramaga kelganda Xoґjand hokimi Xudoyorboy ahvolni aniqlab, amir Nasrulloga xoinlik qiladi va Sheralixonning oliy hokimiyatini tan oladi. Qo‘qon xoni unga Xo‘jand viloyati hokimligini tortiq qiladi. Qo‘qon va Toshkent qo‘shinlari oґrtasidagi jangdan soґng Toshkent va Dashti Qipchoq zabt etilib, qaytadan Qo‘qon xonligi tarkibiga kiritilgan.
Sheralixon davrida xonning soliq siyosatiga qarshi xalq qo‘zg‘olonlari boґlib turgan. Sheralixonning mustaqil ravishda hokimiyatni boshqarishga intilishi qipchoqlar rahnamosi Musulmonqulning qarshiligiga uchraydi. Musulmonqul isyon ko‘tarib, Isfara hokimi Sotiboldibekni xat bilan sobiq Qo‘qon xoni Olimxonning o‘g‘li Murodbekning oldiga yuboradi va uni Qo‘qon xonligining taxtini egallashga taklif etadi. O‘shda qo‘zg‘olon boshlanganidan xabar topgan Shahrixonning hokimi, Musulmonqulning rejasini bilmagan holda, tezda qo‘shin to‘plab, O‘sh qo‘g‘olonini bostiradi. Ammo Musulmonqul oґz rejasini bajarish uchun O‘shga qo‘shin bilan borib, qo‘zg‘olonda ishtirok etganlarni beshafqat jazolab va qonga botirib, 5-10 ming kishini asirga oladi. Qo‘zg‘olon rahbari Mulla Yusuf ham qo‘lga olinib O‘shda dorga osiladi.
Bu vaqtda esa Murodbek Qo‘qonga kelib, Sheralixon huzuriga kiradi. Sheralixon vaziyatni anglagan holda unga taxtni topshiradi. Musulmonqulning sodiq odamlari tunda Sheralixonni qatl etishadi.

Murodxon ibn Olimxon
(?-1845)
(1845-yil 7 kun)

Minglar sulolasidan bo‘lgan Qo‘qon xoni. Olimxonning o‘g‘li. Isfara hokimi Sotiboldi dodxoh Qo‘qon xoni Sheralixonga qarshi fitna uyushtiradi, bu ishga Murodxon ham tortiladi. Ular Musulmonqul mingboshi qirg‘izlar isyonini bostirish uchun ketganidan foydalanib xonni asirga oladilar va Murodxonni xon deb e`lon qiladilar. 3 kundan so‘ng Sheralixon o‘ldirilgan, saroyi talanib, o‘g‘illari qamoqqa olingan. Qo‘qon aholisi taxt o‘zgarishidan norozi edi, buning ustiga yangi xon o‘zini Buxoro amirining noibi deb e`lon qilgan. Musulmonqul bu voqeadan xabardor bo‘lib o‘z qabiladoshlari bo‘lgan qipchoqlarni to‘plab, Murodxonga qarshi hujum qilgan. Ular Namangan begi Xudoyorxonni o‘zlari bilan olib kelishadi. Qipchoqlar uni oq kigizga o‘tqazib xon qilib ko‘taradilar. Musulmonqul qo‘shini Murodxonning qirg‘izlardan iborat unchalik katta bo‘lmagan qoshinini tezlik bilan yengib, o‘rdasini egallab oladi va atigi 7 kun xon bo‘lgan Murodxon qatl etiladi.

Mallaxon ibn Sheralixon 
(tahminan 1830-1862) 
(1858-1862)

Ming sulolasidan bo‘lgan Qo‘qon xoni. Xudoyorxonning akasi. 1858-yilgi taxt uchun kurashda Xudoyorxon qo‘shinini Somonchi qishlog‘I yaqinida yengib Qo‘qonni egallagan va o‘zini xon deb e`lon qilgan. 1860-yil Mallaxon qo‘shin to‘plab Pishpak (hozirgi Bishkek)ka, u yerdan esa Chu daryosi bo‘yiga kelgan. Bikat mavzeida to‘plar bilan qurollangan 2 ming kishilik rus qo‘shini bilan bo‘lgan jangda Mallaxon qo‘shini g‘olib chiqqan. Lekin 1860-yil G.A. Kolpakovskiy otryadi tomonidan Uzunog‘och mavzeida tor-mor keltirilgan. 1860-1861-yillari Turkistonni himoya qilish uchun Qanoatshohni jo‘natgan, biroq bu qo‘shin Turkiston shahrini, Julek, Yangiqo‘rg‘on atrofidagi dasht aholisini talab orqaga qaytgan. Mallaxon qal`alarni qaytarib olish uchun bir necha bor harakat qilgan, lekin bu zoya ketgan. Bu esa unga qarshi norozilikni yuzaga keltirgan. Shuningdek, og‘ir soliq va majburiyatlar, muholifatga qarshi jazo choralari unga qarshi fitna uyushtirilishiga olib kelgan. Mallaxon 1862-yil mart oyida o‘ldirilib, o‘rniga 17 yoshli Shoh Murod xon deb e`lon qilinadi. Mallaxon aqlli davlat arbob, mohir sarkarda bo‘lgan.
Uning davrida qipchoqlar mavqei tiklangan, harbiy intizom mustahkamlangan. Qorategin viloyati Qo‘qonga tobe ettirilgan. Xitoy va Rossiya bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatishga harakat qilingan. Xalq farovonligini oshirish, yangi yerlar o‘zlashtirish, irrigatsiya inshootlarini qurish yo‘lida bir qancha ishlar amalga oshirilgan. Xususan, uzunligi 20 km dan ortiq Mallaxon arig‘i qurilgan. XIX asrningt 20-yillarida Muhammad Alixon tomonidan joriy qilingan har bir harbiy yurish oldidan olinadigan ulov puli va tilla puli kabi soliqlar bekor qilingan, 1861-yilda Hazrati Sohib madrasasi qurilgan. Farg‘ona vodiysidagi bir necha qishloq Mallaxon nomi bilan ataladi.

Sulton Sayidxon ibn Mallaxon
(?-1868)
(1863-1865)

Qo‘qon xonligida Sulton Sayidxon 1863-yil iyulda qirg‘izlar va qipchoqlar amiri lashkar Alimqul boshchiligida hokimyatni egallagan. Sulton Sayidxon nomigagina xon qilib ko‘tarilgan, amalda davlat ishlari Alimqul qo‘lida bo‘lgan. Rus qo‘shinlari bu paytda Yangiqo‘rg‘on, Pishpak, Marki, Avliyoota, Turkiston, Chimkentni bosib olishgan. 1865-yil bahorida M.G. Chernyayev boshchiligidagi qo‘shin Toshkentni qamal qilgan. Sulton Sayidxon Alimqul bilan birga Toshkent mudofaasiga rahbarlikni o‘z qo‘liga olgan. Alimqul jangda o‘ldirilgach, qirg‘iz va qipchoqlar qo‘shini Qo‘qonga qaytib kelib, taxtga boshqa xonni o‘tqazish payiga tushgan. Tarixchi Muhammad Solihning yozishicha, Toshkent xalqi Sulton Sayidxonga sodiq qolib, uni qayta xonlik taxtiga o‘tqazishadi. Shu ravishda Toshkent o‘z xoniga ega bo‘lib, Qo‘qondan mustaqilligini namoyish etadi. Sulton Sayidxon Rossiya tajovuziga qarshi yordam so‘rab Turkiya sultoniga, Buxoro amiriga va Qo‘qonga elchilar jo‘natgan. Buxoroga sebzorlik eshon Hakimxo‘ja qozikalon boshchiligida har dahadan to‘rt oqsoqol yuboriladi. Buxoro amiri o‘z maktubida Sulton Sayidxon uning huzuriga kelib bo‘ysunishi va shundan keyingina Toshkentga yordam berishi mumkinligini yozgan. Amirning bu talabi qoldirilgan.

Xudoyorxon

 
(1831, Qo‘qon – 1884, Karrux, Afg‘oniston) 
(1845-1858; 1862-1863; 1865-1875)

Minglar sulolasiga mansub bo‘lgan Qo‘qon xoni (1845-1875- tanaffuslar bilan). Sheralixonning o‘g‘li. Qaynotasi Musulmonqul tomonidan taxtga o‘tqazilgan. Ammo yosh bo‘lganligi tufayli amalda davlat ishlarini Musulmonqul boshqarib borgan. Eng muhim lavozimlar qipchoqlar qo‘liga o‘tadi va ular hohlaganicha beboshliklar qila boshlaganlar. Natijada ichki kursh kuchayib, 1853-yilda qipchoqlar qirg‘ini boshlangan. Buning oqibatida 20 mingga yaqin qipchoqlar o‘ldirilgan, Musulmonqul esa Qo‘qonda dorga osilgan. Shu yildan Xudoyorxon davlatni mustaqil idora qila boshlagan. Ammo, tajribasizligi tufayli ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ygan. Bundan foydalangan akasi Mallabek taxt uchun kurashni boshlab yuborib 1858-yilda o‘zini Qo‘qon xoni deb e`lon qilgan. Xudoyorxon Buxoroga qochishga majbur bo‘lgan. 1863-yilda Buxoro amiri Muzaffar yordamida Qo‘qon taxtiga qayta o‘tirgan. Ammo Musulmonqulning o‘g‘li mingboshi alimqul xonzodalardan bo‘lmish yosh Said Sultonmurodni xon deb e`lon qiladi va Xudoyorxonni yana Buxoroga qoxhishga majbur etgan. Alimqul amir ul-umaro bo‘lib amalda davlat ishlarini yakka o‘zi boshqarib borgan.
Qo‘qon xonligidagi ichki kurashlardan foydalangan Rossiya imperiyasi xonlikka tegishli Turkiston, Chimkent (1864-y) va Toshkentni (1865-y.) bosib olgan. 1865-yilda Qo‘qon taxtiga Xudoyqul («Belboqchixon» degan laqabi ham mavjud) o‘tirgan. Ammo u 14 kundan so‘ng xazinani o‘zi bilan olib Qashqarga qochib ketgan. Bundan foydalangan Xudoyorxon yana taxtga chiqqan.
Xudoyorxon davrida qishloq xo‘jaligiga e`tibor berilgan, yangi anhor va ariqlar qazilgan. Qo‘qonda 1873-yilda xon o‘rdasi bitkazilib nihoyasiga yetkazilgan. Bundan tashqari, Xudoyorxon davrida “Madrasai Oliy”, “Madrasai Hokim oyim”, “Madrasai Sulton Murodbek”lar qurilgan. Xudoyorxonning farmoni bilan mahzun (Ziyovuddin Ho‘qandiy) 1696 sahifalik “Shohnoma” asarini yozgan (qo‘lyozma Istambulda saqlanmoqda).
Xudoyorxon davrida xonlik hududi ancha qisqarib, turli soliqlar o‘ylab chiqilgan. Buning ustiga 1868-yilgi Turkiston general-gubernatori K.P.Kaufman bilan tuzilgan “teng huquqli” shartnomaga muvofiq, rus savdogarlariga xonlikning hamma shahar va qishloqlarida bo‘lish va karvonsaroylar qurish, rus tovarlarini xonlik hudui orqali boshqa davlatlarga boj to‘lamasdan bemalol olib o‘tish huquqi berilgan; rus savdogarlari qo‘qonlik savdogarlar bilan bir miqdorda boj to‘laydigan bo‘lgan. Xudoyorxon Turkiya va Buxoro bilan yaxshi aloqaga bo‘lishga, angliya emissarlari bilan uchrashib, ulardan madad olishga intilgan. Ammo, yuzaga kelgan siyosiy vaziyat tufayli u K.P. Kaufman bilan ko‘proq yaqinlashishga majbur bo‘lgan.
Taxt uchun kurashlar, o‘zaro urushlar, soliqlarning ko‘payib ketishi aholi turmushini og‘irlashtirgan. Natijada xonlikda tez-tez qo‘zg‘olonlar bo‘lib turgan. Shulardan eng kattasi 1873-yilda boshlangan “Po‘latxon qo‘zg‘oloni” bo‘lgan. Qo‘zg‘olonni bostirishning ilojini topa olmagan Xudoyorxon, barcha xazinani olib K.P.Kaufmandan harbiy yordam olish uchun Toshkentga qochgan, so‘ngra Orenburgga surgun qilingan. U bu yerdan qochib Makkaga borgan. Keyinchalik, Qo‘qon xonligining qolgan hududlarini ham Rossiya bosib olganidan so‘ng, Xudoyorxon K.P. Kaufmanga rasman murojat qilib siyosiy ishlarga aralashmaslikni va`da qilib Qo‘qonga qaytishga ruxsat so‘ragan, ammo rad javobini olgan. Xudoyorxon ikkinchi marta murojat qilgan. Bu ariza senatda ko‘rib chiqilib Xudoyorxonga Qo‘qonga qaytishga ruxsat berilgan. Ammo bundan xabarsiz Xudoyorxon yashirin holda Qo‘qonga qaytmoqchi bo‘lgan. Yo‘lda vafot etgan.

Muhitdinov Abdulqodir

 
(1892-yil, Buxoro — 1934-yil 1-iyun, Toshkent)

Buxorodagi jadidchilik harakati namoyandasi, siyosat arbobi. Boshlang‘ich ta’limni Buxoroda olgach, Istanbul madrasasida o‘qidi. Otasi yirik savdogar Mirza Muhitdin Mansurov ilk jadid gazetasi “Buxoroyi sharif”ni moddiy jihatdan ta’minlab turgan, yangi usul maktablariga homiylik qilgan. A. Muhitdinovning ilk maqolalari Orenburgdagi “Vaqt” gazetasida e’lon qilingan (1910).
Buxoroda 1917-yil aprel namoyishidan keyin yosh buxoroliklar partiyasi MKga a’zo bo‘ldi. Kolesov voqeasidan keyin Samarqand, Toshkent, Moskvada muhojirlikda yashashga majbur bo‘ldi (1918-19). U Turkiston musulmonlari byurosi a’zosi (1919-20) hamda “Qutulish” gazetasi muharriri (1920) edi. Buxoroda amirlik qizil askarlar kuchi bilan ag‘darilgach, A. Muhitdinov Umumbuxoro Inqilobiy qo‘mitasi raisi (1920-yil sentabr — 1921-yil sentabr), BXSR dehqonchilik noziri (1920-21) kabi mas`ul lavozimlarda ishladi. BXSR ning dastlabki Konstitutsiyasini ishlab chiqishda qatnashgan, Buxoroda yer-suv islohoti o‘tkazilishi tashkilotchilaridan biri. A. Muhitdinov BXSR ning xorijiy mamlakatlar bilan Rossiya vositachiligisiz mustaqil aloqa o‘rnatish, bosqinchi qizil armiyani olib chiqib ketish, xalq militsiyasi singari milliy armiya tuzishni qat’iy talab qilgan.
Shuning uchun ham Markazning Turkistondagi tayanchi bo‘lgan Turkkomissiya tomonidan A. Muhitdinov va uning tarafdorlari “o‘ng og‘machilik”da ayblandi va lavozimidan bo‘shatildi. Lekin, shunga qaramasdan u 1921-24-yillarda BXSR savdo va sanoat vaziri, Buxoro Xalq xo‘jaligi Oliy kengashi raisi, Buxoro Iqtisodiy kengashi raisi, BXSR nozirlar sho‘rosi raisining 2-muovini lavozimlarida ishladi va Buxoro Respublikasining mustaqilligi, e`tiqod erkinligi, demokratik islohatlarni yoqlab chiqdi.
O‘rta Osiyoda milliy hududiy chegaralanish o‘tkazilib, O‘zbekiston SSR tarkibida Tojikiston ASSR tashkil qilingach, A. Muhitdinov Tojikiston ASSR Xalq Komissarlari Soveti raisi qilib tayinlandi (1925-29). Tojikiston SSR tuzilgach, u O‘zbekiston SSR ta’minot Xalq Komissarligida ishladi.
1933-yil 21-avgustda sovet rejimi tomonidan A. Muhitdinov qamoqqa olinib, unga “burjua millatchisi” tamg‘asi yopishtirildi va 1934-yil 1-iyunda otib tashlandi.

Xo‘jayev Fayzulla
 
(1896-yil 1-iyul, Buxoro – 1938-yil 15-mart, Moskva)

Davlat va siyosat arbobi, Jadidchilar harakatining rahnamolaridan biri. Savdogar oilasida tug‘ilgan. Buxoro madrasasida 2-yil tahsil olgach, 1907-12-yillarda Moskvada xususiy maktabda o‘qigan. Buxoroga qayt-gach, 1912-yildan yosh buxoroliklar partiyasining, 1913-yildan partiya MKning a’zosi bo‘ldi. Otasidan meros qolgan katta boylikni yangi usul maktablari ochishga, yosh buxoroliklar siyosiy faoliyatini moddiy qo‘llab-quvvatlashga sarfladi. 1917-yildan boshlab Xo‘jayev va Fitrat partiyaning so‘l qanotiga boshchilik qilib, Buxoroda avval konstitutsion monarxiya, so‘ngra demokratik respublika tuzish uchun kurashdilar. Yosh buxoroliklar amir tomonidan ta’qib qilingach, Xo‘jayev va uning safdoshlari Buxoroni tark etishga majbur bo‘lishdi. Xo‘jayev 1920-yil yanvarda Toshkentda tuzilgan inqilobchi yosh buxoroliklar partiyasi Turkiston Markaziy byurosi raisi, «Uchqun» gazetasi muharriri (1920-yil aprel-sentabr)dir.
1920-yil 14-sentabrda BXSR hukumati — Xalq Nozirlar Sho‘rosi tuzilib, Xo‘jayev hukumat boshlig‘i qilib saylandi. F. Xo‘jayev BXSR tashqi ishlar noziri (1920-22), harbiy ishlar noziri (1921-24), ichki ishlar noziri (1922), BXSR Mehnat va mudofaa kengashi raisi (1922-24). Shuningdek, Sharqiy Buxoro Inqilobiy harbiy kengashi raisi (1923-24), SSSR Harbiy-Dengiz ishlari xalq komissarligining O‘zbekiston SSR bo‘yicha rasmiy vakili (1925-yildan)dir.
F.Xo‘jayev «Yosh buxoroliklar» g‘oyalari ruhidagi dasturiy hujjat — maromnomani tuzdi va nashr etdi, Xo‘jayev rahbarligidagi “Inqilobchi yoshbuxoroliklarning Turkistondagi markaziy byurosi” tashkiloti nufuzli siyosiy kuchlarni o‘zida ifoda etmadi. U O‘rta Osiyoni butunlay zabt etish va uni boshleviklar to‘liq rahbar bo‘lgan yangi davlat tarkibiga qo‘shib olish uchun bolsheviklarning kurash vositasiga aylandi. Fayzulla Xo‘jaev rahbarlik qilgan yoshbuxoroliklarning birgalikdagi sa`y-harakatlari bilan Buxoroda to‘ntarish tayyorladilar va amir armiyasini parokandalash bo‘yicha faol ishlar olib borishdi hamda mahalliy aholi orasida tashviqot ishlari yurgizishdi. “Tong” jurnali va “Qutulish” gazetasini nashr eta boshladilar.
Respublika nozirlar kengashining raisi Fayzulla Xo‘jayev Buxorodagi jadidchilik harakatida faol ishtirok etgan. U yosh buxoroliklar partiyasi rahbarlaridan bo‘lgan. Yevropa sivilizatsiyasini o‘zlashtirgan edi. Hukumat raisligidan tashqari harbiy nozir, tashqi ishlar noziri bo‘lgan. Yosh buxoroliklarning progressiv-demokratik g‘oyalariga amal qilgan. Buxoro rahbariyati 1921-yil mart oyida qator chet mamlakatlar hukumatlariga yo‘llagan murojaatnomasida «Buxoro xalqi… Yosh Buxoroliklar ta’sirida uyg‘ondi», deb ta’kidladi. BKPni F. Xo‘jayev «Sun’iy tuzilgan partiya», deb atadi. F.Xo‘jayevning qat’iyati bilan Buxoro Chekasi tugatildi, tribunallar, siyosiy bo‘limlar tomonidan fuqarolarni jazoga tortish vaqtinchalik to‘xtatildi. Islom dini, masjid-madrasalar xizmati, ruhoniylarning faoliyat erkinligi tiklandi, yangi qoziliklar ish boshladi. 1924-yil yozida F.Xo‘jayev aholining qashshoqlashganini e’tirof etib, bundan qutulish tadbirlarini izchil amalga oshirish zarurligini uqtirdi. F. Xo‘jayev Rossiya tashqi savdo birlashmasini BXSRdan «hamma narsani olishga, ammo hech narsa bermaslikka qodir…» deb aybladi. Natijada 1922-yil bahorida BXSRga bir qator qurilish materiallari, kerosin, neft, temir mollar, qog‘oz, daftar, gugurt, kalishlar olib kelindi. 1924-yil may oyida F.Xo‘jayev aholining turmush darajasi pasayganini e’tirof etdi. F.Xo‘jayev boshliq Buxoro Xalq Respublikasi hukumati qo‘rboshilar bilan yashi­rin aloqa o‘rnatib, muzokara asosida tinchlik yo‘li bilan murosa qilishga intildi. Afsuski, F. Xo‘jayev boshchiligidagi Buxoro hukumati tarkibidagi milliy vatanparvar kuchlar (sobiq Yosh buxorolik jadidlar) bilan muxolifatdagi qurolli guruhlar yo‘lboshchilari o‘rtasida kelishuv amalga oshmadi. Bu totalitar rejim sharoitida amalga oshishi mumkin ham emas edi.
Xo‘jayev BXSRning mustaqil ichki va tashqi siyosat yuritishiga, iqtisodiy islohotlar o‘tkazish va demokratik erkinliklarni joriy qilishga alohida e’tibor qaratib, Sovet Rossiyasidan tashqari Eron, Turkiya, Afg‘oniston, Xitoy, Ozarbayjon, XXSR, shuningdek, Germaniya va Yaponiya bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. U talabalarni xorijga jo‘natib o‘qitishning tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan.O‘zbekiston SSR Inqilobiy qo‘mitasi (Revkom) — Muvaqqat ishchi-dehqon hukumati raisi (1924-yil noyabr -1925-yil fevral), O‘zSSR XKS raisi (1925-1937), SSSR MIK raislaridan biri. Xo‘jayev o‘z faoliyati davomida o‘zbek xalqining iqtisodiy va madaniy ravnaqiga xizmat qiluvchi tadbirlarni amalga oshirishga intildi. U VKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi va O‘zbekiston KPMKga nisbatan muxolifat mavqeida turgan “o‘n sakkizlar guruhi” (1925-yil noyab.)ga xayrixoh bo‘lgan. U bu guruhning rasmiy a’zosi bo‘lmasa ham, aslida ularning g‘oyaviy ilhomchisi edi. “Quloq”larni sinf sifatida tugatish siyosatini yoqlamagan. O‘zbekistonda yoppasiga chigit ekilishi paxta yakkahokimligiga olib keladi, deb hisoblagan. O‘zbekistonda zamonaviy sanoat inshootlari qurilishida tashabbuskor bo‘lgan.

Po‘latxo‘jayev Usmonxo‘ja

 
(1878-yil, Buxoro — 1968-yil, Turkiya)

Buxorodagi jadidchilik harakatining yirik namoyandasi, taniqli davlat va jamoat arbobi, Buxoro Markaziy Ijroiya komiteti (MIK) raisi (1921-yil sentabr — 1922-yil avgust). Otasi Qori Po‘latxo‘ja buxorolik savdogar bo‘lgan. U dastlabki tahsilni Buxorodagi madrasada oldi va ilk jadid maktablaridan birini ochdi. 1908-yil do‘sti Xamidxo‘ja Mehriy bilan Turkiyada — Istanbulda tahsil oladi. 1913-yil Usmon Xo‘ja Buxoroga qaytadi va yana jaded maktabi ochadi. U 1910-yil tuzilgan “Tarbiyai atfol” maxfiy tashkilotining faol a`zolaridan bo‘ladi.
Usmon Xo‘ja Po‘latxo‘jayev va uning ukasi Otaxo‘ja (1894-1938) yosh buxoroliklar partiyasining yirik namoyandalaridan edi. Kolesovning Buxoroga bosqinidan so‘ng (1918-y, mart) U. Po‘latxo‘jayev sovet Turkistoniga muhojirlikka ketishga majbur bo‘ladi. 1918-yil aprelda u Toshkentda yosh buxoroliklarning so‘l eserlar guruhini tuzdi. 1920-yil fevralda U. Po‘latxo‘jayev inqilobchi yosh buxoroliklar partiyasi Turkiston Markaziy byurosining a`zosi bo‘lib saylanadi.
Usmon Xo‘ja BXSR tuzilgach, moliya noziri (1920), davlat nazorati noziri (1921), BXSR MIKning birinchi raisi kabi lavozimlarda ishladi. U Buxoro Xalq Respublikasidan bosqinchi qizil askar qo‘shinlarini olib ketilishi, Buxoroning haqiqiy mustaqilligi uchun kurashadi. 1921-yil dekabrda U. Po‘latxo‘jayev Sharqiy Buxoroda (Dushanbe atrofida) istiqlolchilar safiga o‘tadi va 1922-yil Afg‘onistonga o‘tib, Buxoro Respublikasining mustaqil milliy armiyasi uchun zamonaviy qurollar sotib olishga harakat qiladi.
Po‘latxo‘jayev muhojirlikda Afg‘oniston, Polsha, Eron va Turkiyada bo‘ladi. U. Po‘latxo‘jayev endi Turkiston mustaqilligi uchun kurashni mafkura maydoniga ko‘chiradi. 1927-1932-yillarda u Istanbulda “Yangi Turkiston” jurnalini nashr qildirdi. U Turkiston tarixiga oid ko‘plab asarlar muallifidir.

Porso Xo‘ja Hasan
(1867-yil, Buxoro — 1937-yil 25-oktabr, Toshkent)

Buxorodagi jadidchilik harakatining namoyandalaridan biri, davlat va jamoat arbobi. Buxoroda madrasa tahsilini olgan. 1905-yildan Buxorodagi jadidchilik va Yosh buxoroliklar safida Yangi usul maktablari ochish va jadid gazetalari chiqarish, ko‘plab qiroatxona va kutubxonalar tashkil etishda faol qatnashgan. 1918-yilmartdan Samarqand, Shahrisabz, Qarshi, Buxoroda amirlik tuzumiga qarshi kurashda ishtirok etgan.
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tuzilgach, Xatirchi va Karmana viloyatlari inqilobiy qo‘mitasi raisi (1920-21), BXSR dehqonchilik noziri va nozir o‘rinbosari (1921), Buxoro markaziy kasabalar ittifoqi raisi (1922), BXSR Markaziy Ijroiya Komiteti raisi (1922-yil avgust -1924-yil noyabr). 1925-yildan Buxoro shahri ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Buxoro okrugida yer islohoti bo‘yicha komissiya raisi, 1929-yildan Toshkentda yashagan, BXSRning rahbar arboblari bilan birgalikda millatchilikda ayblanib, 1937-yil 14-oktabrda otishga hukm qilingan, 1962-yil 26 noyabrda oqlangan.

Yusupov Polvonniyoz hoji

 
(1861-yil — Xiva — 1936-yil 14-may)

Xorazmda jadidchilik harakatining yirik namoyandasi, yosh xivaliklar partiyasining asoschisi va davlat arbobi bo‘lgan P. Hoji Yusupov Xiva shahrida savdogar oilasida tug‘ilgan. Eski maktabda tahsil olgach, savdo ishlari bilan shug‘ullangan. U arab, fors, rus tillarini yaxshi bilgan. 1904-yili Turkiya, Misr, Suriya mamlakatlarida va Makka shahrida bo‘lgan. 1914-yili u jadidlarning “so‘l oqimi”dan ajralib chiqqan yosh xivaliklar patiyasini boshqardi. P. Yusupov 1917-yil 5-aprelda Xiva xoni Asfandiyorxonga taqdim etilgan davlat boshqaruvida islohatlar o‘tkazish to‘g‘risidagi manifest mualliflaridan biri edi. Manifestga binoan 1917-yil 8-aprelda Xiva xoni huzurida mamlakatni yangicha boshqarish uchun Majlis tuziladi. P. Yusupovga Rossiya hukumati va rus qo‘shinlari bilan munosabatlarni barqarorlashtirish vazifasi yuklatildi. Biroq Asfandiyorxonning jadidlarga qarshi siyosati natijasida Yusupov 1917-yil oxiridan boshlab 2 yil davomida Toshkentda muhojirlikda yashadi. Turkkomissiya muhojirlikdagi yosh xivaliklar partiyasidan Xiva xonligini ag‘darib Xorazmda sovetlar andozasidagi yangi hukumat tashkil qilishni rejalashtiradi. 1918-yil boshida Toshkentda muhojir yosh xivaliklardan tashkil qilingan Komitet bolsheviklar ta`sirida edi.
Shu tariqa P. Yusupov quyidagi lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan: bolsheviklar ta’siridagi Yosh xivaliklar inqilobiy qo‘mitasi raisi (1918-yil boshidan). Turkiston ASSR Milliy ishlar xalq komissarligida Turkman sho‘basi boshlig‘i (1919). Xiva xonligi ag‘darilgach (1920-yil 1-fevral), yangi tashkil qilingan Xorazm Xalq Sovet Respublikasi Nozirlar Sho‘rosining birinchi raisi (1920-yil 27 aprel — 1921-yil 6 mart).
Yusupov XXSR hukumati raisi sifatida mustaqil siyosat yuritish va Xorazm Respublikasida demokratik islohotlarni qaror toptirish uchun intilgan. Biroq Turkiston komissiyasi (Turkkomissiya) va Turkiston fronti qo‘mondonligi Polvonniyoz Hoji Yusupovning bu siyosatiga qarshi chiqib, Xivada yangi hukumat to‘ntarishini amalga oshirishgan. Yusupov faol siyosiy kurashdan voz kechganligi uchun keyinchalik bolsheviklar tomonidan afv qilingan va XXSRda turli lavozimlarda xizmat qilgan.

To‘raqulov Nazir To‘raqulovich

 
(1892-yil, oktabr, Qo‘qon — 1937-yil 3-oktabr)

Davlat, siyosat arbobi, tilshunos olim va diplomat. O‘ziga to‘q qozoq oilasida dunyoga kelgan. Qo‘qondagi rus-tuzem maktabi (1905), savdo bilim yurtini (1913) tugatgan. Moskva savdo institutining iqtisod fakultetida o‘qigan (1913-16). 1-jahon urushi paytida g‘arbiy front (Minsk yaqini)da Butun Rossiya Zemstvo ittifoqining yo‘riqchisi (1916). “Erkin dala” yashirin tashkiloti rahbari (1916). Eserlar partiyasining a’zosi (1918).
1918-19-yillarda Qo‘qondagi sovet idoralarida turli lavozimlarda ishladi. Keyinchalik Turkiston ASSR Maorif xalq komissari (1920), Turkiston ASSR MIK raisi (1920-yil sentabr — 1921-yil avgust), Turkiston KP MK mas’ul kotibi (1921-22). Turkiston MIK huzuridagi Qirg‘iz (qozoq) bo‘limi raisi (1921-22). Turkiston “Qo‘shchi” uyushmasining tashkilotchilaridan biri. N. To‘raqulov bu lavozimlarda ishlash jarayonida sovet hokimiyati va bolsheviklar partiyasiga sadoqatini namoyish qildi. T. Risqulov va uning tarafdorlari bo‘lgan milliy communist rahbarlar fikrlariga qarshi turdi.
Turkiston muxtoriyati hukumati va Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilik harakatiga to‘g‘ri baho bera olmadi va ularni yo‘qotish tarafdori bo‘ldi. Moskvaga chaqirib olindi va sovet xalqlari Markaziy nashriyoti raisi lavozimiga (1922-28) tayinlanadi. U mohir journalist va publitsist ham edi. U o‘z maqolalarida asosan sovet turmush tarzining afzalliklarini ko‘rsatishga harakat qildi.
1928-yilda N. To‘raqulov elchilik ishiga jalb qilinadi va SSSRning Hijoz davlatidagi (hozirgi Saudiya Arabistoni) Bosh konsuli va Muxtor elchisi vazifalarida ishladi (1928-1936). U Sharq xalqlari tarixi va madaniyatini yaxshi bilganligi uchun islom olamida shuxrat qozondi.
N. To‘raqulov Moskva va Leningraddagi Sharq xalqlari instituti ilmiy xodimi va prorektori (1936-37) bo‘lib ham ishladi.
U qanchalik sovet hukumatiga, bolsheviklar partiyasiga sodiq bo‘lmasin, mustabid tuzumning qonli qatag‘onidan qutulib qola olmadi. 1937-yil 15-iyunda qamoqqa olindi va otishga hukm qilindi (1937-yil 3-oktabr). 1958-yilda oqlangan.

Risqulov Turor

 
(1894-yil 14-dekabr, Yettisuv (hoz. Olmaota) viloyati Verniy uyezdi Sharqiy To‘rg‘ay volosti — 1938-yil 10-fevral, Moskva)

Turkiston xalqining taniqli davlat va jamoat arbobi bo‘lgan T. Risqulov kambag‘al qozoq chorvadori oilasida tug‘ildi. uning otasi Risqul Jilhaydarov volost boshqaruvchisi Uchkempirovni o‘ldirgani uchun avval Verniy shahridagi qamoqxonagaga tashlanadi, so‘ngra Sibirga surgun qilinadi (1904-05). Yosh T. Risqulov otasining xohishi bilan qamoqxonaga ketadi. U ilk saboqni turmadagi savod chiqarish maktabida oladi. So‘ngra u Avliyo uyezdi Merki shahridagi rus-tuzem maktabi va Bishkekdagi qishloq xo‘jalik o‘quv yurtini tugatadi (1907-1914). T. Risqulov 1914-yili Toshkentga keladi va turli yumushlarni bajaradi. U 1916-yilda chor Rossiyasiga qarshi ko‘tarilgan milliy-ozodlik kurashida faol qatnashdi. 1916-1917-yilda Toshkent o‘qituvchilar institutida o‘qidi.
1918-1924-yillarda T. Risqulov Turkiston Avtonom Respublikasida muhimvazifalarni bajardi: Turkiston Sog‘liqni saqlash xalq komissari (1918-19), Ocharchilikka qarshi kurash Markaziy Komissiyasi raisi (1918-19), RKP(b) TKP Musulmonlar byurosi (1919-20), Turkiston ASSR MIK raisi (1920-yil yanvar-iyul), Turkiston ASSR XKK raisi (1922-yil sentabr — 1924-yil yanvar) lavozimlarida ishladi. T. Risqulov Turkistondagi ocharchilik va uning dahshatli oqibatlarini tugatish uchun kurashdi, bolsheviklarning mahalliy xalqlarning ochlikdan qirilishiga befarq, mensimaslik munosabatini ochiq tanqid qildi. T. Risqulov boshchiligidagi ayrim milliy kommunistlar Markazning shovinistik siyosatini, Turkbyuro va Turkkomissiyaning zo‘ravonlik kirdikorlarini, qizil askarlarning bosqinchilik va talonchiliklarini ochib tashladilar. O‘lka musulmonlari Byurosi raisi sifatida u “Turk Respublikasi” va “Turk Kompartiyasi” tuzish haqidagi masalani Markaz siyosiy rahbariyati oldiga qo‘yadi. Biroq Markazning topshirig‘i bilan Turkkomissiya Turkiston xalqlari birlashishiga yo‘l qo‘ymadi. Aksincha, ularni ajratish chora-tadbirlarini ko‘radi.
Turkiston xalqlarini birlashtirish tarafdori bo‘lgan Risqulov lavozimidan bo‘shatilib Markazga chaqirib olinadi. U Markazning nazoratida: RSFSR Millatlar ishi xalq komissarining ikkinchi o‘rinbosari, ushbu komissarlikning Ozarbayjondagi Muxtor vakili lavozimlarida ishladi (1920-1922). Biroq, Turkistonda istiqlolchilik harakati kuchayib, siyosiy vaziyat keskinlashgach, u Turkistonga yana qaytarildi. T. Risqulov isqtiqlolchilik harakatiga qarshi kurashga rahbarlik qilgan sovet davlat arboblaridan biri bo‘lishga qaramasdan, u istiqlolchilar kurashining mohiyatini to‘g‘ri tushungan va ularga xayrixohlik bilan qaragan edi.
Markaz 1924-yil boshidan Turkiston xalqlarini bo‘lib tashlash maqsadida O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralash o‘tkazish uchun tayyorgarlik ishlarini boshlab yubordi. Turkiston xalqlarining birligi, Turk Respublikasi tashkil qilish tarafdori bo‘lgan T. Risqulov Turkistonda turishidan Markaz manfaatdor emas edi. shuning uchun u 1924-yil fevralda Markazga yana chaqirib olinadi. T. Risqulov Komintern Ijroiya Qo‘mitasining O‘rta Sharq bo‘limida ishladi, Mo‘g‘uliston Respublikasida o‘z tajribasini o‘rtoqlashdi (1924-1926), RSFSR Xalq Komissarlari Kengashi raisining muovini (1926-1936) lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi. U qaysi lavozimda ishlamasin, har doim O‘rta Osiyo respublikalari, xususan, Ozbekiston va Qozog‘iston manfaatlarini himoya qildi.
T. Risqulov Turkistondagi 1916-yil qo‘zg‘oloni va istiqlolchilik harakati to‘g‘risida va boshqa mavzularda bir qator maqolalar, asarlar yozdi. Jumladan, uning “Inqilob va Turkistonning tub aholisi” (1-qism, Toshkent, 1925) asari hozirgi kunda ham qimmatlidir.
T. Risqulov 1937-yilda Moskvada qamoqqa olinadi va mustabid sovet tuzumi tomonidan 1938-yilda otib tashlanadi.

Rahimboyev Abdulla

 
(1896-yil, Xo‘jand — 1938-yil, 7-may)

Davlat va jamoat arbobi bo‘lgan Abdulla Rahimboyev Xo‘jand shahrining Razzoqi mahallasida savdogar oilasida dunyoga kelgan. 1910-1912-yillarda u Samarqanddagi erkaklar gimnaziyasida, so‘ngra Toshkentdagi o‘qituvchilar seminariyasida bilim oldi (1917). U 14 ta tilni bilgan.
A. Rahimboyev 1919-yildan boshlab sovet idoralarida xizmat qila boshladi. Turkiston ASSR MIKning raisi (1920-1922), Turkiston ASSR Maorif xalq komissari lavozimlarida ishladi. uning ongiga “kommunistik g‘oya”ni singdirish uchun 1922-yilda u Moskvaga chaqiriladi. Markaziy hukumat qoshidagi “tayyorlov”dan so‘ng A. Rahimboyev Buxoro Kompartiyasi va Turkiston KPning Markaziy Qo‘mitasi kotibi lavozimlarida ishladi (1923-24). O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazishda faol qatnashdi va bu tadbirni qo‘llab-quvvatladi.
A. Rahimboyev 1925-yildan Moskvada yashay boshladi. SSSR xalqlari Markaziy nashriyoti boshqarmasi raisi lavozimida ishladi (1928). So‘ngra u Dushanbega yuborildi. Tojikiston SSR XKKning raisi (1934-1937) sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.
A. Rahimboyev 1937-yilda qamoqqa olindi va 1938-yil 7-mayda otib tashlandi.

Xidiraliyev Inomjon

 
(1891-yil 23-fevral, Namangan uyezdi Pop volostidagi Iskovat qishlog‘i — 1928-yil 31-dekabr, Moskva)

Davlat va jamoat arbobi, diplomat. 1903-1905-yillarda Popdagi, 1906-07-yillarda Qo‘qondagi rus-tuzem maktabida o‘qidi. 1909-1917-yillarda O‘sh va Jalolobod shaharlarida Bozorqo‘rg‘on va Qo‘rg‘ontepadagi pristavlarda kotiblarda kotiblik va tilmochlik qildi. 1917-yil noyabrida uni O‘sh shahar dumasiga a`zo qilib saylashadi.
I. Xidiraliyev 1919-yildan turli sovet idoralarida mas’ul lavozimlarda ishladi: Farg‘ona viloyati partiya qo‘mitasining kotibi (1920-21), Turkiston ASSR Yer ishlari xalq komissari (1922), Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Komiteti (MIK) raisi (1922-24). RSFSR Yer ishlari, federal komiteti Prezidiumi a’zosi (1923-24). Turkiston ASSRning RSFSRdagi muxtor vakili (1924-yil yanvar — noyabr). I. Xidiraliyev Turkiston respublikasi manfaatlarini himoya qilib, bolsheviklarning shovinistik siyosatiga qarshi kurashdi. Turkistondagi istiqlolchilik harakatiga xayrixohlik bilan qaradi. U “o‘n sakkizlar guruhi”ning tashkilotchilaridan biri edi (1925). Yer ishlari xalq komissari (1925) sifatida I. Xidiraliyev O‘zbekistonda yer-suv islohotini amalga oshirishda faol qatnashdi. Paxtakor dehqonlarni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish tarafdori bo‘lgan. 1926-yilda u O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi banki pravleniya raisi lavozimida ishladi.
I. Xidiraliyev O‘zbekistonda yer-suv islohatini amalga oshirishda xalq komissari sifatida faol qatnashdi. U bolsheviklar tomonidan o‘tkazilayotgan “quloqlarni sinf sifatida tugatish” siyosatiga qarshi chiqqan edi. Paxtakor dehqonlarni iqtisodiy jihatdan himoya qilishda jonbozlik ko‘rsatdi.
Biroq mustabid tuzumning unga o‘tkazgan ruhiy tazyiqlari va doimiy ta`qib ostiga olishlari ta`sir qilmasdan qolmadi. I. Xidiraliyev 1928-yil Moskvadagi “Natsional” mehmonxonasida o‘z joniga suiqasd qildi. Moskvaning Vagankovo qabristonida dafn etilgan. I. Xidiraliyev vafotidan keyin, 1937-yildagi ommaviy repressiya davrida “xalq dushmani” sifatida qoralangan edi. Andijondagi ko‘cha, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi maktabga I. Xidiraliyev nomi berilgan.

Ivanov Vladimir Ivanovich

 
(1893-1938), 
(1925-1927)

Davlat va partiya arbobi. KPSSga 1915-yilda a‘zo bo‘lib kirgan. 1917-yildagi Moskvada bo‘lib o‘tgan Oktabr inqilobida qatnashgan. 1920-yildan Rossiya Kommunistlar partiyasining Yaroslavl guberna komiteti kotibi. 1925-1927-yillarda O‘zbekiston Kommunistlar partiyasi markaziy kengashining birinchi kotibi. 1927-1937-yillarda Butun ittifoq Kommunistlar Shimoliy Kavkaz va Shimoliy o‘lka komitetining kotibi. 1924-yildan partiya markaziy kengashiga nomzod. 1934-yildan partiya markaziy kengashi a‘zosi.

Gikalo Nikolay Fyodorovich

 
(1897-1938)
(1929)

Sovet partiya arbobi. 1917-yildan KPSS a‘zosi. Shimoliy Kavkazda sovet hokimiyatini o‘rnatish uchun kurashganlardan biri. 1925-yildan Shimoliy Kavkazda davlat kotibi. 1929-yilda Gikalo O‘zbekiston Kommunistlar partiyasi Markaziy kengashining I-kotibi bo‘lgan. Keyingi yillarda Ozarbayjon Kommunistlar partiyasi markaziy kengashining bosh kotibi, Moskva Davlat qo‘mitasi va mahalliy qo‘mita raisi lavozimlarida ham ishlagan. 1932-1937-yillarda Belarussiya Kommunistlar partiyasi markaziy kengashining kotibi. 1930-yildan markaziy-inqilobiy qo‘mita a‘zosi. 1934-yildan Butun ittifoq Kommunistlar partiyasi markaziy qo‘mitasi a‘zoligiga nomzod. U SSSR Markaziy ijroiya qo‘mitasiga a‘zo bo‘lgan.

Ikromov Akmal Ikromovich

 
(1898-yil, Toshkent — 1938-yil, 13-mart, Moskva)
(1929-yil dekabr — 1937-yil sentabr)

Davlat va siyosat arbobi. Toshkentning O‘qchi mahallasida maktabdor Ikrom domla oilasida tug‘ilgan. Otasining maktabida savod chiqargan. Yoshligidan fors va arab tillarini puxta egallab, sharq adabiyotini chuqur o‘rgangan. Toshkent shahrida o‘qituvchi (1918-1919), “Izchillar to‘dasi” va “Chig‘atoygurungi”a`zosi, Elxon taxallusi bilan she`rlar yozgan. Namangan, Farg‘ona, Sirdaryo viloyatlari partiya tashkilotlarida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan (1919-1921). Turkiston Kommunistlar partiyasi Markaziy Kengashining kotibi va tashkiliy instruktorlik bo‘limi mudiri (1921-1922). Turkiston Respublikasida yangi iqtisodiy siyosat (NEP) ni amalga oshirilishida tashabbuskorlik qilgan. 1922-1924-yillarda Moskvadagi Kommunistik universitetda o‘qidi. 1925-yil yanvardan Toshkent viloyati partiya komiteti kotibi. 1925-yil fevraldan O‘zbekiston Kommunistlar Partiyasi Markaziy Kengashi kotibi, birinchi kotibi (1929-yil dekabr — 1937-yil sentabr). 1931-1934-yillarda Butun ittifoq kommunistlar partiyasi markaziy kengashining O‘rta Osiyo byurosi kotibi. Butun Rossiya Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi a`zosi, 1925-1937-yillarda SSSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi Prezidiumi a`zoligiga nomzod. O‘zSSR Markaziy Ijroiya qo‘mitasi Prezidiumi a`zosi (1925-1937).
A. Ikromov 1919-1924-yillarda imkoniyati doirasida o‘zbek xalqi manfaatlari uchun Markaz siyosatiga qarshi kurashgan. U mohir publitsist sifatida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini, xususan paxtachilikni rivojlantirishga, madaniy qurulishga doir ko‘plab nazariy maqolalar, ilmiya asarlar yozgan. Ikromov o‘z faoliyati davomida O‘rta Osiyo byurosi va Markazning ko‘rsatmalariga amal qilishga majbur bo‘lgan. 1925-1927-yillarda o‘n sakkizlar guruhi, inog‘omovchilikka qarshi g‘oyaviy kurash olib borgan. O‘zbekistonda yer-suv islohati, majburiy jamoatlashtirish, respublikada zamonaviy sanoat asoslarini qurish va boshqa tadbirlarga rahbarlik qilgan. Jadidlarni “burjua millatchiligi” da ayblagan. Ikromov garchi bolshevistik g‘oyadan chekinmagan bo‘lsa-sa, mustabid tuzum qatag‘onchilari uni ayab o‘tirmadilar. 1937-yil sentabrda Toshkentda qamoqqa olindi. sovetlarga qarshi “O‘ng troskiychi blok” deb atalgan ish bo‘yicha Moskvada sud qilinib, sobiq SSSRni bo‘lib yuborish, jumladan, O‘rta Osiyo respublikalarini ajratib olish, davlat tuzumini ag‘darish, kapitalizmni, burjuaziya hokimiyatini tiklashda ayblandi va otib tashlandi.
1957-yil 3-iyunda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi A. Ikromovni aybsiz deb topdi va u oqlandi. Ikromov xotirasi abadiylashtirilib, Toshkent shahridagi tumanga, yirik ko‘chaga, mahallalar va maktablarga uning nomi berilgan. Toshkent va Samarqandda haykali o‘rnatilgan.

Yusupov Usmon

 

(1900-yil 1-mart, Farg‘ona tumanidagi Kaptarxona g‘ishlog‘i — 1966-yil 7-may, Toshkent)
(1937-1950)

Davlat va siyosat arbobi. Mehnat faoliyatini 1916-yil Qovunchi (hoz. Yangiyo‘l shahri)dagi paxta tozalash zavodida ishchilikdan boshlagan. Toshkent binokorlar uyushmasi raisi, kasaba uyushmalari Toshkent okrugi kengashi raisi (1926-28).

O‘zbekiston Kompartiyasi MK kotibi (1928-31), VSSPS O‘rta Osiyo byurosi raisi (1931-34). O‘zbekiston SSR Oziq-ovqat sanoati xalq komissari (1936-37), O‘zbekiston Kompartiyasi MK 1-kotibi (1937-50). SSSR Paxtachilik ministri (1950-53), O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi (1953-54), Mirzacho‘ldagi “4-Boyovut” va “2-Boyovut” s-zlari va Yangiyo‘l tumanidagi «Xalqobod» agrar-sanoat birlashmasi direktori (1955-66).
Yusupov respublikaga rahbar bo‘lgan yillarda O‘zbekistonda xalі hashari yo‘li bilan yirik suv inshootlari (Katta Farg‘ona kanali, Kattaqo‘rg‘on suv ombori va b.) qurilgan. 2-jahon urushi davrida mamlakat g‘arbidan ko‘chirib keltirilgan korxonalarni ishga tushirish, yangilarini qurish, frontni oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan muntazam ta’minlash, o‘zbekistonliklarni fashizmga qarshi kurashga safarbar qilish, urush tufayli uy-joy va boshpanasiz qolgan aholi hamda etim qolgan bolalarga mehribonlik va insonparvarlik qilishda Yusupov bosh-qosh bo‘lgan. U o‘z siyosiy faoliyati davrida imkoniyat doirasida O‘zbekiston xalqi manfaatlarini himoya qilishga intilgan bo‘lishiga qaramay ommaviy qatag‘on siyosatida (1937-39) Markaz farmoyishlarini bajarishga majbur bo‘lgan. Toshkentdagi Chig‘atoy qabristoniga dafn etilgan. Katta Farg‘ona kanali, Farg‘ona tumanidagi qishloq, respublikadagi bir necha maktab, ko‘cha, shirkat xo‘jaligiga Yusupov nomi berilgan. Yangiyo‘l shahrida uy-muzeyi bor, haykali mavjud.

Niyozov Amin Ermatovich

 
(1903-yil 1-noyabr, Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon tumani — 1973-yil 26-dekabr, Toshkent)
(1950-1955)

Davlat va siyosat arbobi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan binokor (1973). 1920-30-yillarda sovet organlarida ishladi. Moskvadagi Sanoat akademiyasida o‘qidi (1930-34). 1940-yil O‘zbekiston Kommunistlar partiyasi Markaziy Kengashining qurilish bo‘limi mudiri. 1940-46-yillarda respublika Moliya xalq komissari, 1946-47-yillarda O‘zbekiston Ministrlar Soveti raisi o‘rinbosari. 1947-50-yillarda O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumi raisi, 1950-55-yillarda O‘zbekiston Kommunistlar partiyasi Markaziy kengashining I kotibi. O‘zbekiston Kommunal xo‘jalik ministri, Ministrlar Soveti Gaz va kommunal xo‘jalik Bosh boshqarmasining boshlig‘i (1956-60).

Muhitdinov Nuriddin Akramovich

 
(1917-yil 19-noyabr, Toshkent)
(1955-1957)

Davlat va siyosat arbobi, diplomat. Moskvadagi savdo-kooperativ institutini tugatib (1938), turli lavozimlarda ishladi. 2-jahon urushi qatnashchisi. 1946-yildan uning siyosiy faoliyati boshlandi. Namangan viloyat partiya qo‘mitasi kotibi va 1-kotibi (1947-50), O‘zbekiston Kompartiyasi MK kotibi (1950-51), O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi (1951-53, 1954-55), O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri (1953-54), O‘zbekiston Kompartiyasi MK 1-kotibi (1955-57), KPSS MK kotibi (1957-61). KPSS MK Prezidiumi a’zoligiga nomzod (1956-57), a’zo (1957-61). Sentrosoyuz boshqaruvi raisi o‘rinbosari (1962-66), SSSR Ministrlar Soveti Xorijiy mamlakatlar bilan madaniy aloqalar komiteti raisining 1-o‘rinbosari (1966-68), SSSRning Suriyadagi elchisi (1968-77), SSSR savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari (1977-85), O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining maslahatchisi (1986-87), “Yodgorlik” tarixiy madaniy meros jamiyati raisi (1987-96), “Oltin meros” Xalqaro xayriya jamg‘armasi bosh maslahatchisi (1996-yildan).

Rashidov Sharof Rashidovich

 
(1917-yil 6-noyabr, Jizzax shahri — 1983-yil 31-oktabr, Toshkent)
(1959-1983)

Davlat va jamoat arbobi, yozuvchi. Jizzax pedagogika texnikumini (1935), Samarqand Davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgan (1941). Samarqand viloyati gazetasida mas’ul kotib, muharrir o‘rinbosari va muharrir (1937-41, 1943). 2-jahon urushi qatnashchisi (1941-yil noyabr -1942). O‘zbekiston Kommunistlar partiyasi Samarqand viloyat komiteti kotibi (1944-47), “Qizil O‘zbekiston” gazetasi muharriri (1947-49), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi raisi (1949-50). O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumi raisi (1950-59). O‘zbekiston KP MKining 1-kotibi (1959-83). KPSS MK Siyosiy byurosi (Prezidiumi) a’zoligiga nomzod (1961-83). 2 marta Mehnat qahramoni (1974, 1977).
Sh.Rashidov adabiyotga shoir sifatida kirib keldi va 1-yirik asari — “Chegarachi” dostoni 1937-yilda nashr qilindi. Fashizmga qarshi kurash tuyg‘ulari bilan sug‘orilgan “Qahrim” she’rlar to‘plami 1945-yilda chop etildi. Rashidov davrning muhim hisoblangan muammolaridan biri — qo‘riq va bo‘z yerlarni o‘zlashtirish mavzuida “G‘oliblar” qissasini (1953) yozdi. 2-jahon urushi yillarida front orqasida qahramonona mehnat qilgan xalq hayotiga bag‘ishlangan “Bo‘rondan kuchli” (1958) va “Qudratli to‘lqin” (1964), “G‘oliblar” (1972) romanlarini yaratdi. Sh.Rashidov xalq va mamlakat hayotida ro‘y bergan voqealarni davlat va partiya arbobi sifatida mushohada etib, adabiyotning badiiylik mezonlaridan ko‘ra g‘oyaviylik tamoyiliga ko‘proq e’tibor berdi. Hind xalq afsonasi asosida yozilgan “Kashmir qo‘shig‘i” lirik qissasi (1956) Sh.Rashidov ijodida alohida o‘rinni egallaydi.
Sh.Rashidov respublikaga rahbarlik qilgan yillarda qator bunyodkorlik ishlari bilan birga qishloq xo‘jaligi yerlaridan ekstensiv foydalanish oqibatida ekologik vaziyatning buzilishi, paxta yakkahokimligining qaror topishi kabi noxush holatlar ham yuz berdi. Sh.Rashidov vafotidan so‘ng Markaz tomonidan totalitar tuzumning barcha kirdikorlari unga yuklanib, 80-yillar qatag‘onida nohaq qoralandi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Sh.Rashidovning nomi oqlandi va u Vatanimiz tarixidagi munosib o‘rnini egalladi. Prezident I.A.Karimovning tashabbusi bilan Sh.Rashidov tavalludining 75 yilligi nishonlandi. Sh.Rashidov Toshkentdagi Xalqlar Do‘stligi saroyi me’moriy majmuasi uchun qurilish g‘oyasining muallifi va ijodiy rahbari sifatida vafotidan so‘ng Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti bilan taqdirlangan (1994). Sirdaryo viloyatidagi tuman, Toshkent va Jizzax shahridagi ko‘chalar, maktablar, mahallalarga uning nomi berilgan. Jizzaxda Sh.Rashidov haykali va muzeyi bor. U “Chig‘atoy” qabristoniga dafn etilgan.

Usmonxo‘jayev Inomjon Buzrukovich

 
(1930-yil 21-may, Bag‘dod tumani)
(1983-1988)

Partiya arbobi. O‘rta Osiyo politexnika institutining arxitektura fakultetini tugatgan (1955). Marg‘ilon shahri bosh me’mori (1959), Farg‘ona viloyati partiya komiteti instruktori (1960), Farg‘ona viloyati ijroiya qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i (1961), Farg‘ona shahri ijroiya qo‘mitasi raisi (1962-64), Sirdaryo viloyati partiya komiteti kotibi (1965-69), KPSS MK instruktori (1969-72), Namangan viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi (1972-74), Andijon viloyati partiya komiteti 1-kotibi (1974-78), O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi (1978-83). O‘zbekiston Kompartiyasi MK 1-kotibi (1983-88).
I. Usmonxo‘jayev respublikaga rahbarlik qilgan yillarda siyosiy va iqtisodiy vaziyat yomonlashdi, u qat’iyatsizligi va jur’atsizligi tufayli Markazning tazyiqiga dosh bera olmay, 1984-88-yillarda O‘zbekistonning ko‘plab xo‘jalik va partiya arboblarini “paxta ishi” va “o‘zbeklar ishi” degan soxta siyosiy ayblovlar natijasida qatag‘on qilinishiga, xalqning milliy g‘ururi va qadriyatlari kamsitilishiga yo‘l qo‘yib berdi.

Nishonov Rafiq Nishonovich

 
(1926-yil 15-yanvar, Bo‘stonliq tumani)
(1988-1989)

Siyosat va jamoat arbobi. 1951-yildan tuman partiya komiteti kotibi, Toshkent shahri partiya komiteti bo‘lim mudiri, Toshkent shahri ijroiya qo‘mitasi raisi. O‘zbekiston Kommunistlar partiyasi Markaziy kengashi kotibi (1963-70). 1970-yildan Shri Lanka Respublikasi va Maldiv Respublikasida SSSRning Favqulodda va muxtor elchisi, SSSRning Iordaniyadagi elchisi.

O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri (1985-86). O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumi raisi (1986-88). O‘zbekiston KP MK 1-kotibi (1988-89), SSSR Oliy Soveti Millatlar Sovetining raisi (1989-91).
R. Nishonov respublikaga rahbarlik qilgan yillarda qat’iyatsizligi, uzoqni ko‘ra bilmagani tufayli Markazning O‘zbekistonga nisbatan g‘arazli siyosati va qatag‘onlari davom etdi, ijtimoiy-iqtisodiy hayot og‘irlashdi, millatlararo adovatlar kuchaydi, respublikaning ma’muriy-hududiy tuzilishi bo‘yicha volyuntaristik qarorlar qabul qilindi.

Karimov Islom Abdug‘aniyevich

 
(1938-yil 30-yanvar, Samarqand shahri, 2016-yil 2-sentyabr)

Davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti. O‘zbekiston qahramoni (1994). 1960-yili O‘rta Osiyo politexnika instituti, 1967-yilda esa Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tugatgan. 1960-yildan “Tashselmash” zavodida avval master yordamchisi, so‘ng master, texnolog, 1961-1966-yillarda V. P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida avval muhandis, so‘ngra yetakchi muhandis-konstruktor bo‘lib ishladi. 1966-1983-yillarda O‘zbekiston Davlat Plan komitetida fan va yangi texnikani joriy etish bo‘limining bosh mutaxassisligidan respublika Davlat Plan komiteti Raisining birinchi o‘rinbosarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. 1983-yildan O‘zbekiston SSR Moliya vaziri, 1986-yilda O‘zbe­kiston SSR Ministrlar Soveti Raisining o‘rinbosari — respublika Davlat plan komitetining raisi. 1986-yil dekabridan O‘zbekiston Kompartiyasi Qashqadaryo viloyati partiya komitetining birinchi kotibi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi. 1989-yil iyunida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy komitetining birinchi kotibi, 1990-yil 24-martda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi sessiyasida O‘zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi. 1991-yil 29-dekabrda birinchi bor muqobillik asosida tashkil etilgan umumxalq saylovida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
Islom Karimov 1991-yil 31 avgustda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e`lon qildi. 1995-yil 26-martda umumxalq Referendumida Karimovning Prezidentlik vakolati 1997-yildan 2000-yilgacha uzaytirildi. 2000-yil 9-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Ushbu saylovda Islom Abdug‘aniyevich Karimov yana O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti etib saylandi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 89 va 93-moddalariga ko‘ra, Islom Karimov ayni vaqtda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qo‘mondonidir.
1994-yili Islom Karimovga O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi unvoni berilgan, shuning bilan, iqtisod, fan va ta`limni rivojlanirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun o‘ndan ortiq xorijiy mamlakatlar universiteti va akademiyalarining faxriy fan doktori, professori hamda akademligiga saylangan.
Prezident I.A.Karimov O‘zbekistonda davlat tuzumini mustahkamlashda, mamlakatning iqtisodiy, madaniy rivojlanishida, Respublikaning ichki va tashqi siyosatida tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatgani uchun “O‘zbekiston Qahramoni” faxriy unvoni (1994-yil), “Mustaqillik” (1996-yil), “Amir Temur” (1998-yil) ordenlari bilan taqdirlangan. I.A.Karimov xalqaro munosabatlarni rivojlantirishdagi salmoqli hissasi uchun bir qator xorijiy davlatlarning va nufuzli xalqaro tashkilotlarning orden va medallari bilan mukofotlangan.
I.A.Karimovning “O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li” (1992), “Yangi uy qurmay turib, eskisini buzmang” (1993), “Bizdan ozod va obod Vatan qolsin” (1994), “Istiqlol va ma`naviyat” (1994), “Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir” (1995), “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” (1997), “Barkamol avlod orzusi” (1998), “Kuchli davlatdan kuchli jamiyat sari” (1998), “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q” (1998), “Olloh qalbimizda, yuragimizda” (1999), “Ozod va obod vatan, erkin va farovon hayot — pirovard maqsadimiz” (2000), “Tinchlik uchun kurashmoq kerak” (2001), “O‘zbekistonda demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirishning asosiy yo‘nalishlari” (2002) va boshqa asarlarida iqtisodiyot, ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotning dolzarb masalalari tadqiq qilingan, O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosati ilmiy asoslab berilgan, hozirgi va istiqboldagi vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan. Uning eng muhim asarlari ingliz, fransuz, ispan, nemis, hind, xitoy, arab kabi o‘nlab turli xorijiy tillarga tarjima qilinib, chet ellarda bir necha bor nashr qilingan.

Respublikamizda I.A.Karimov asarlarining 11 jildlik to‘plami quyidagi nomlarda nashr qilingan:

1-jild. O‘zbekiston: Milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura. — T.: O‘zbekiston. 1996.
2-jild. Bizdan ozod va obod Vatan qolsin. — T.: O‘zbekiston. 1996.
3-jild. Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir. — T.: O‘zbekiston. 1996.
4-jild. Bunyodkorlik yo‘lidan. — T.: O‘zbekiston. 1996.
5-jild. Yangicha fikrlash va ishlash davr talabi. — T.: O‘zbekiston. 1997.
6-jild. Xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo‘lida. — T.: O‘zbe kiston. 1998.
7-jild. Biz kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan quramiz. — T.: O‘zbekiston. 1999.
8-jild. Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot — pirovard maqsadimiz. — T.: O‘zbekiston. 2000.
9-jild. Vatan ravnaqi uchun har birimiz mas’ulmiz. — T.: O‘zbe kiston. 2001.
10-jild. Xavfsizlik va tinchlik uchun kurashmoq kerak. — T.: O‘zbekiston. 2002.
11-jild. Biz tanlagan yo‘l — demokratik taraqqiyot va ma’rifiy dunyo bilan hamkorlik yo‘li. — T.: O‘zbekiston. 2003.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev

 

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.

Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.

1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.

1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.

Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk yillardan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yuksak ishonchini qozonib, uning yaqin safdoshi va maslahatdoshi sifatida samarali faoliyat olib bormoqda.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Hukumat boshlig‘i sifatida keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilash, yirik va noyob loyihalarni hayotga joriy etish, xususiy mulkni ustuvor darajada rivojlantirish, iqtisodiyotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushini keskin oshirish hamda ularning huquqiy himoyasini yanada mustahkamlashda o‘zining yuksak salohiyati va mohir tashkilotchilik qobiliyatini namoyon etdi.

Mamlakat iqtisodiyotini industrial rivojlantirish, respublikaning eksport salohiyatini oshirish, agrar sohani tubdan isloh qilish, ayniqsa, fermerlik harakatini taraqqiy toptirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholini kafolatlangan va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash ishlariga ustuvor darajada e’tibor qaratdi.

Yurtimizning barcha hududlarida ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini olib borish, aholiga sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish, respublikaning shahar va tumanlari, ayniqsa, uzoq qishloq tumanlarini kompleks rivojlantirish orqali aholining turmush va mehnat sharoitini tubdan yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli va samarali tadbirlarni amalga oshirdi.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning faoliyatida sotsial-iqtisodiy masalalar bilan bir qatorda ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash tizimlarini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, yoshlarning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, onalik va bolalikni kuchli muhofaza qilish ustuvor vazifa sifatida muhim o‘rin egalladi.

O‘zini o‘zi boshqarishning noyob instituti bo‘lgan mahallaning nufuzi va obro‘sini yanada oshirish, shuningdek, boshqa jamoat tashkilotlarini demokratik islohotlarga keng jalb etish orqali jamiyatda ularning mavqeini mustahkamlash, milliy ma’naviy qadriyatlarni e’zozlash va izchil rivojlantirish ishlariga yuqori darajada e’tibor qaratdi.

Qayd etilganlar bilan bir qatorda, iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarni amalga oshirishda xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalar, shuningdek, xalqaro moliya institutlari bilan har tomonlama o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish orqali mamlakatimizning milliy manfaatlariga va iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladigan kelishuvlarga erishishda bevosita rahbarlik qildi.

2016 yil 8 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida parlament palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklandi.

19 oktyabr kuni Toshkentda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII s’ezdi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya siyosiy kengashi a’zosi Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini Prezidentlikka tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. 2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi yakunlari bo‘yicha saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 2016 yil 14 dekabrda rasman o‘z vazifasini bajarishga kirishdi.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev oilali, ikki qiz, bir o‘g‘li, besh nafar nabirasi bor. Rafiqasi Z.M. Mirziyoyeva – mutaxassisligi bo‘yicha muhandis-iqtisodchi, ayni paytda uy bekasi.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev davlat va boshqaruv organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini yuksaltirish ishiga ulkan hissa qo‘shgani uchun «Mehnat shuhrati» va «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlangan.

счетчик посещений