O‘zbekiston musiqa madaniyati va san’atining asosiy xususiyatlari

O‘zbek musiqasi tarixi fanining asosiy maqsadi-musiqa sohasidagi oliy ta’lim muassasalari talabalariga ushbu fandan asosiy bilimlarni berish, o’zbek musiqasi haqida kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lish, xalq folklor va mumtoz musiqa haqida tushunchaga ega bo’lish, bastakorlik va professional kompozitorlik ijodi bilan tanishish, musiqaning barcha yo’nalishlaridagi janrlarining paydo bo’lishi, rivojlanish etaplari haqida atroflicha ma’lumot berish, ularni o‘rganish va o’zlashtirishdan iborat.

Dunyodagi har bir xalqning borligidan darak beruvchi omil – bu tilidir. Uning buyukligini ifodalovchi mezon – bu ma’naviyatidir. Demak,  ma’naviyatning asosiy tarmoqlaridan biri musiqa ekanligi barchaga ayondir. Musiqa dunyosi juda keng va barcha sohalarga teng daxldor ekanligi bilan boshqa sohalardan farq qiladi. Musiqa dunyosi insoniyatning hayoti, yashash tarzi, faoliyati, mehnati, qadriyati, an’anasini inikos etuvchi vosita sifatida ahamiyatlidir. Shu bois musiqa o‘zining badiiy va estetik imkoniyatlariga egaligi bilan xarakterlanadi.

Dunyodagi har bir xalq o‘zining qadimiy tarixiga ega bo‘lgan musiqiy an’analariga egadir. Shular qatorida o‘zbek musiqasi ham juda qadimiy va o‘ziga xos an’analariga egadir. O‘zbek musiqasi azaldan ikki ulkan yo‘nalishda shakllanib, asrlar osha rivojlanib kelgan. Birinchi yo‘nalish, bu xalq hayotiy voqe’liklari bilan bog‘liq bo‘lgan folklor musiqasidir. Insoniyatning kundalik hayoti, mehnati va faoliyatini in’ikos etuvchi musiqadir. Folklor musiqasining asosiy mezonlari marosimlar va voqe’liklar bilan bog‘liq bo’lib, to‘rtta yo‘nalishdan iboratdir. Bular:

1.  Bolalar musiqasi.

2.  Mehnat qo‘shiqlari.

3.  Marosim qo’shiqlari.

4.  Diniy, afsuniy qo’shiqlar.

Amaliyotda har bir yo‘nalishga xos va voqelik bilan bog’liq bo’lgan janrlar vujudga kelganki, ular asrlar davomida xalqlar milliy an’analarida yuzaga kelgan. Bular – alia, yalla, lapar, terma, qo‘shiq, aytishuv kabi janrlardir. Xalq folklor musiqasining asosiy xususitlaridan biri: folklor musiqasini xalq yaratadi, xalq tomonidan ijro etiladi va tinglanadi. Lekin folklor musiqasining ham bilimdon ijrochilari bo’lib, xalq orasida ular laparchi, yallachi kabi nomlar bilan atalib kelinadi. Folklor musiqasining ijrosida va ijodida muayyan janrlar tarkibiga asoslangan erkinlik xususiyatlari mavjuddir. Musiqiy namunalarning shakl jihatidan soddaligi, barmoq vazniga xos she’riy matnlarga asoslanishi va unchalik katta bo’lmagan diapazon doirasida ijro etilishi bilan xarakterlanadi.