O’zbekiston ikkinchi jahon urushi yillarida (1941-1945 yillar). Urushning boshlanishi. Respublika ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatining fashizmga qarshi safarbar qilinishi

Jahon urush bo’sag’asida

Ikkinchi jahon urushi XX asrning eng katta fojiasi bo’ldi. Insoniyat ushbu urushda o’lganlar hisobidan 50 milliondan ortiq kishidan ajraldi – bu Birinchi jahon urushida o’lganlardan 5 baravar ko’pdir. Vayronagarchilikdan ko’rilgan zarar va urush olib borish uchun sarflangan mablag’lar miqdori 4 trillion dollarni tashkil qildi.

Halokatli jahon mojarosi 20-30-yillar chegarasida jahonning asosiy mintaqalarini qamrab olgan chuqur siyosiy va iqtisodiy tanglikning oqibati edi. Lekin harbiy zo’ravonlikning ortishida Yevropa, Osiyo va AQSh mamlakatlari hukmron doiralarining geopolitik da’volari ham sezilarli rol o’ynadi.

Ikkinchi jahon urushi olovining avj olishida fashistlar Germaniyasi va militaristic Yaponiyadan tashqari “urushdan avvalgi” Angliya va Fransiyaning siyosiy yetakchilari zimmasida hamma katta javobgarlik bor edi. Ular “bolshevism balosi”ni yo’q qilishga intilib, qarshi turish tafakkuri mantiqidan kelib chiqqan holda, ko’pincha turish tafakkuri mantiqidan kelib chiqqan holda, ko’pincha tarixan oqlanmagan xatti-harakatlarga intildilar va Germaniyada “urush partiyasi”ni mustahkamlashga, gitlerchilar rejimini qo’llab-quvvatlarshga ko’p jihatdan yordam berdilar. Bundan ruhlangan Gitler, bolshevizmni, marksizmni tugatuvchi xaloskor sifatida maydonga chiqdi. Aslida esa, uning asosiy maqsadi “uchinchi german reyxi”ni vujudga keltirish, hamma joyda Germaniyaga hududiy qaram yerlar platsdarmini ko’paytirishdan iborat edi.

G’arbiy mamlakatlar hukmron doiralarining Germaniyani “keltirish” siyosati Avstriyaning Germaniya tarkibiga qo’shib olinishiga (1938 yil mart) va Myunxen bitishuviga (1939 yil sentabr) yo’l ochib berdi. Bu esa, Ikkinchi jahon urushining boshlanishi uchun asos bo’lib xizmat qildi.

Gitlerchilar Germaniyasi rahbariyatining oshkora hududiy da’volari oldida SSSRning tashqi siyosiy yo’li tinchliksevar yo’l bo’lib tuyulardi. Biroq Sovetlarning yuqori siyosiy tabaqasi ham xalqaro keskinlik kuchayganligi va urush boshlanganligi uchun ancha-muncha javobgardir.

Sovet davlati tashqi siyosatining strategiyasi bu davlat paydo bo’lgan dastlabki damlardanoq “jahon proletar inqilobi” mafkurasiga tayanib, umumplaneta kommunistik imperiyasini Angliya va Fransiyaga qarshi gijgijlashga, ularning kuchi o’zaro tugashi bilan qizil armiyaning qaqshatqich zarbasini yog’dirishga intildi.

Angliya, Fransiya va SSSRning o’zaro uzoqlashib borishining kuchayishi fojiaviy jahon ixtilofi arafasidagi siyosiy hayotning farq qiluvchi xususiyati edi. Aksincha, Stalin bilan Gitler o’rtasidagi yaqinlashuv ortib bordi. VKP (b) XVIII s’yezdida (1939 yil) mamlakat siyosiy rahbariyati Yevropada urush xavfi kuchayganligi uchun Germaniyaga nisbatan Angliya bilan Fransiya ko’proq javobgardirlar, deb ularni ochiqdan-ochiq aybladi. Bu davlatlarning javobi ham shunga muvofiq bo’ladi. Natijada fashizmga qarshi yagona blok tuzishga doir bo’lajak koalitsiya jarayoni barbo qilindi.

1939 yil 23 avgustda Stalin taklifi bilan Germaniya Tashqi ishlar vaziri Ribbentrop Moskvaga keldi. Bo’lib o’tgan muzokaralar jarayonida 10 yil muddatga hujum qilmaslik to’g’risidagi hujjat imzolandi.

Ilgari sovet tarix fanida “avgust bitimi” mamlakat xavfsizligini mustahkamladi, sovet-german urushining boshlanishini orqaga surdi, deb muttasil ta’kidlanardi. Eng yangi tarixiy tadqiqotlar kommunistik targ’ibotining to’qib chiqargan bu afsonasini fosh qilmoqda. Endilikda, shu narsa yaxshi ma’lumki, Germaniya 1939 yilda SSSRga hujum qilishga tayyor emas edi. Stalin ma’muriyati esa, qo’shnining uyida yong’in chiqarishga umid qilib, o’z uyidagi yong’inni tezlashtirdi, xolos.

Urushdan keyingi butun tarixiy davr mobaynida hujum qilmaslik haqidagi sovet-german bitimining haqiqiy mazmuni zo’r berib yashirib kelindi. To’g’ri, 1939 yil 24 avgustda sharnoma e’lon qilingan edi. Aynan shu hujjatda Germaniya davlatining ham, Sovet davlatining ham strategik maqsadlari aks ettirilgan edi.

1939 yil shartnomasi fojiaviy yechimini jadallashtirdi. Shartnoma imzolangandan keyin voqealar jadal rivojlanib bordi. 1 sentabrda Germaniya xavfli “sharqiy qo’shnisi”ni betaraf qoldirib, Polshaga qarshi hujum boshladi. 3 sentabrda Angliya va Fransiya Germaniyaga urush e’lon qildilar. Polsha armiyasi mardona qarshilik ko’rsatsa-da, gitlerchilar reyxinining batartib, yuksak texnikali harbiy mashinasiga qarshi tura olmadi.

Sovet gazetalari nemis qo’shinlarining bosqinchilik yurishi haqidagi xabarni Germaniyaga xayrixohlik bildirish ohangida berdilar. Buning sababi ham endilikda tushunarli bo’lib turibdi. Chunonchi, maxfiy bayonnomaga muvofiq Germaniya bilan SSSR ta’sir ko’rsatish doiralarini bo’lib olishgan edi. Sovet va german manfaatlarini chegarash yo’li bevosita Polsha hududi orqali o’tardi. Sovet tomoni manfaatlari G’arbiy Ukraina va G’arbiy Belorussiya hududlarini qamrab olardi. Qizil armiya 1921 yilda polyak-sovet urushida mag’lubiyatga uchragandan keyin bu hududlar Polsha davlatiga qo’shib olingan edi. Germaniya Boltiqbo’yi mamlakatlariga da’vo qilishdan ham voz kechgan edi.

Germaniya bilan SSSR shartnomaga muvofiq Polshaga bir vaqtda qo’shin kiritishlari lozim edi. Biroq Stalin Gitler bilan yovuz hazil qilgan edi. Germaniya hukumati bir necha marta – 3,8 va 10 sentabrda – qizil armiyaning Polsha davlati hududiga tezlik bilan kirishi masalasini ko’tardi. Sovet rahbariyati esa nuqul qo’shinlar hali tayyor emas, deb javob qaytardi. Gitler urushni yakka holda boshladi. Natijada, faqat u jahon jamoatchiligi ko’z o’ngida halokatli urush yong’inining asosiy aybdori bo’lib namoyon bo’ldi. Stalin esa, (uning Kremldagi kabinetida Germaniya bilan Polshani bo’lishgan edi) oxir-oqibatda Sharqiy Yevropaning xaloskori degan shon-shuhratiga sazovor bo’ldi. Shu bilan birga, Stalin ko’zlaga boshqa maqsadiga ham erishdi. U o’zi istagan urushga erishdi, G’arbdagi kishilar bir-birlarini o’ldirib, shaharlar va zavodlarni vayron qildilar, SSSR esa, qulay paytni kutib, betaraf qoldi. Buning ustiga Polshaga qarshi urush boshlagan Gitler shu zahotiyoq ikki frontda urush olib borishiga majbur bo’ldi: Fransiya va Angliya u bilan qarshi kurashga kirishdi.

Stalin anchadan buyon o’zining manfaatli rejalarini ro’yobga chiqarish uchun qulay paytni kutib kelar edi. Unga “kapitalistlar itlar singari bir-birini g’ajiydigan” vaziyat kerak edi. 1939 yilgi bitim aynan xuddi shunday vaziyatni vujudga keltirdi.

Sovet ekspansiyasining birinchi harakati 1939 yil 17 sentabrda Polshaga qo’shin kiritish bilan boshlandi. Ko’p o’tmay Brestda mashhur nemis qo’mondoni G.Guderian va sovet generali S.M.Krivoshein qo’mondonligida Polshaning bo’linishi munosabati bilan qo’shma sovet-fashist paradi o’tkazildi. So’ngra qizil armiya qismlari G’arbiy Ukraina va G’arbiy Belorussiya hududini bosib oldi. Oradan ko’p o’tmay ular rasmiy ravishda SSSRga qo’shib olindi. Birinchi ekspansiya “yutuqlaridan” ilhomlangan SSSR davlati navbatdagi xurujini Finlandiyaga qaratdi. Bundan ko’zlangan maqsad Leningradning xavfsizligini ta’minlash edi. Chunki SSSRning shimoliy davlat chegaralari “dohiy” nomidagi shaharda 32 km masofadan o’tgan edi. 1939 yil oxiri – 1940 yil boshlarida bo’lgan sovet-fin urushi oqibatida Finlandiya davlati Leningrad va Murmansk oralig’idagi o’z hududini SSSRga berishga majbur bo’ldi. Natijada Sovet davlati Leningrad shahari yaqinidan o’tgan shimoliy chegarasini uzoqlashtirishga va mustahkamlab olishga erishdi.

1940 yil yozida Sovet Ittifoqining chegaralarini yangidan o’zgartirish yuz berdi. Sovet hukumatining rasmiy talabi bilan Ruminiya Bessariya va Shimoliy Bukovinani SSSRga berdi. 1940 yil uyunda “sovetlarga qarshi avj olib ketgan faoliyatdan himoya qilish” bahonasida olindi. Avgustda barcha uchta Boltiqbo’yi respublikalari rasman SSSR tarkibiga kiritildi.

Yevropaning g’arbiy nemis qo’shinlarining g’olibona hujumi borardi. 1939-1940 yillar mobaynida fashistlar Germaniya, Polsha, Norvegiya, Fransiya, Belgiya, Gollandiya, Daniya, Lyuksemburgni bosib oldi. Sovet hukumati esa, nemis qo’mondonligini Yevropaning navbatdagi poytaxtini bosib olish munosabati bilan muntazam tabriklab bordi.

Hududlarni kengaytirib borish siyosati SSSR bilan Germaniyani faqat siyosiy jihatdan emas, balki mafkuraviy jihatdan ham bir-biriga yaqinlashtirdi. Gitlerning “ittifoqchi”lik tuyg’ulari jo’sh urib, hatto “natsional-sotsializm va marksizm asos e’tibori bilan ayni bir narsadir”, deb e’tirof qilgan edi. O’z navbatida ittifoq ichidagi targ’ibot ham tubdan qayta o’zgartirildi. Stalin va sovet tashqi siyosiy idorasining boshlig’i Molotov “katta muvaffaqiyat”ni oshkora tarzda tabriklab bordilar. Kommunistik Internatsionalning direktivalarida fashizmga qarshi qaratilgan targ’ibotni to’xtatish talablari paydo bo’ldi. Mamlakat ichkarisida fashizm bilan do’stlikka ishonmaganlarga qarshi qatag’onlar avj oldirildi.

Stalin Gitlerning harbiy mashinasi G’arbdagi harbiy harakatlar maydoniga nihoyatda bog’lanib qolgan, fashistlar Germaniyasi Sovet Ittifoqiga hujum qilmaydi, deb ishongan edi, chunki hali zabt etilmagan Buyuk Britaniya turardi, uning orqasida esa qudratli AQSh yashiringan edi. Ayni vaqtda sovet rahbariyati doirasida kurashayotgan tomonlarning imkoniyatlari yaqin orada tugab bitadi, degan ishonch ham bor edi. Yevropa urushi siyosiy tanglikning ortishi va keng xalq ommasining noroziligi – inqilobiy vaziyatni vujudga keltiradi, degan markscha rejaga mos kelganday bo’lib tuyulardi. Bunday sharoitda o’z qudratini saqlab qolgan SSSR zaiflashib qolgan “kapitalistik mamlakatlar”ni ommaviy ravishda sovetlashtirishni bemalol ta’minlashga qodir edi. Buning ustiga, “muvaffaqiyatlar” “yaqqol” ko’zga tashlanib turardi: nisbatan qisqa muddat ichida sovet imperiyasining chegaralari jiddiy ravishda kengaydi.

Stalin Gitler avgust shartnomasi bandlarini so’zsiz bajaradi, deb umid qilgan edi. Lekin har ikkala mustabid hukmdor bir-biriga o’xshash tamoyillar asosida fikrlar edi. Ularning har biri “hujum qilmaslik haqidagi bitim”ni o’zi uchun qulay bo’lgan paytda bekor qilishni oqilona ish deb o’ylardi. Stalinning mo’ljallariga zid o’laroq, fyurer 1940 yilning o’rtalaridan e’tiboran avvalgi yo’lidan chetga chiqa boshladi. Gitler Stalindan xavfsirardi, shuning uchun u masalani undan ko’ra boshqacharoq hal qilishga urindi. Natijada, jahon urushining olovlari SSSR chegarlariga yaqinlab kela boshladi.

Sovet-german urushining boshlanishi: xalq tanlagan tarixiy yo’l

Fashistlar Germaniyasi 1941 yil yozida, 22 iyun yakshanba kuni tongotarida hujum qilmaslik haqidagi avgust shartnomasi shartlarini buzib, Sovet Ittifoqi hududiga halokatli urush olovini yog’dirdi, SSSRga hujum boshladi. Sovet Ittifoqi xalqlari, shu jumladan, O’zbekiston xalqlari uchun og’ir sinovlar vaqti va ularning nemis-fashist bosqinchilariga qarshi fidokorna kurashi boshlandi.

Gitlerchilarning Sharqqa doir harbiy muddaolarini o’zida gavdalantirgan “Barbadossa” rejasiga “yashin tezligidagi urush” g’oyasi asos bo’lgan edi. Sovet mamlakatini bitta qisqa muddatli kampaniya jarayonida mag’lub qilish va urushni 1941 yil kuzida tamomlash mo’ljallangan edi.

Boshlangan urush davlat hayotining barcha jabhalarida o’zgarishlar qilishni, shiddatli mudofaa uchun kuch-g’ayrat sarflashni talab etardi. Yuqori hokimiyat eshelonida esa, sarosimalik ko’zga tashlanardi. Faqat 29 iyundagi Xalq Komissarlari Kengashi nomidan joylarga ko’rsatmalar jo’natilib, unda urush ahvolni keskin o’zgartirib yuborganligi, Vatan jiddiy xavf ostida qolganligi, barcha ishlarni harbiy izga solish uchun tez va qat’iy ravishda qayta qurishni amalga oshirish zarurligi ko’rsatib o’tilgan edi. Hujjatlarning asosiy talabi “Hamma narsa front uchun, hamma narsa g’alaba uchun!” degan chaqiriqda o’z ifodasini topgan edi.

1941 yil 30 iyunda I.V.Stalin boshchiligida Davlat Mudofaa Qo’mitasi (DMQ) tashkil topdi. DMQ qo’lida davlat, harbiy va partiyaviy hokimiyat to’plangan edi. Boshlangan urush sharoitida sovet qurolli kuchlariga strategik rahbarlikni amalga oshiruvchi favqulodda organ sifatida Stalin boshliq Oliy Bosh Qo’mondon Qarorgohi tashkil etildi. 8 avgustda Stalin Oliy Bosh Qo’mondon lavozimini qabul qildi. Barcha muhim harbiy-siyosiy qarorlarni qabul qilish haqiqatda uning qo’lida to’plangan edi, bu qarorlar DMQ buyruqlari yoki VKP (b) MQ Siyosiy byurosining qarorlari sifatida rasmiylashtirilardi. Stalinning faqat yirik masalalarnigina emas, balki mayda-chuyda masalalarni ham hal qilishga urinishi ko’plab rahbarlarning tashabbusini bo’g’ib qo’ygan edi. Faqat 1941 yil 3 iyuldagina Stalin xalqqa murojaat qilishga qaror qildi. U o’zining radio orqali so’zlagan nutqida haqiqiy ahvolini aytishga majbur bo’lgan edi.

Urushning dastlabki, og’ir kunlaridanoq sovet xalqi bosqinchilar ustidan g’alabaga erishishga butun kuchlarini bag’ishlashga intildilar. O’zbekiston xalqi mustabid tuzum tarkibida bo’lganligi uchun bu dahshatli urush g’am-g’ussasidan chetda qola olmadi.

Hozirgi kunlarda, imperiyacha-kommunistik rejim qulagandan keyin, sovet o’tmishiga, shu jumladan, urush davriga yangicha baho berilmoqda. Nuqtai nazarlar bir xil emas, albatta. Ba’zan shunday fikrlar ham bildirilmoqdaki, ularning mohiyati – ezilgan O’zbekiston xalqi sovet imperiyasi iskanjasida qolib “sotsialistik vatan”ni o’zining ona-Vatani sifatida himoya qila olmasdi, yot mustabid-mustamlakachilik rejimini saqlab qolish uchun jon-dilidan kurasha olmas edi, shuning uchun chinakam vatanparvarlik haqida gap ham bo’lishi mumkin emasdi, degan ma’noni anglatmoqda. Aksincha, o’zbek xalqi ko’p yillar mobaynida milliy ozodlikni orzu qilib yurar va sovet tuzumining qulashidan ob’yektiv ravishda manfaatdor edi. O’zining vatanparvarlik burchini yuksak ado etgan o’zbek xalqi fashizmdan faqat SSSRni emas, eng avvalo, O’zbekistonni himoya qilishni, uni yana bir bosqinchidan saqlab qolishni maqsad qilib qo’ygan edi, desak xato qilmagan bo’lamiz.

Albatta, qudratli mustabid davlat mashinasining tazyiq o’tkazib kelganini inkor etish xato bo’lar edi. Lekin mazkur o’rinda xalqning Ikkinchi jahon urushi xususiyatini va fashizm bilan kurashdagi o’z o’rnini idrok etishdagi axloqiy-g’oyaviy qarashlarini e’tibordan chetda qoldirmasligimiz zarur.

Og’ir urush yillarini o’z boshidan kechirgan kishilarning xotiralaridan ma’lum bo’lishicha, odamlar o’sha vaqtda “sotsializmning afzalliklari”, sovet rejimini himoya qilish zarurligi haqida kam o’ylar edilar. Xalqning aksariyat qismi mustabid tuzumni qoralar edi. Chunki respublikada hali Turkiston Muxtoriyatining qonga belanganligi, ozodlik uchun kurash harakatining zo’ravonlik bilan bostirilishi, diniy e’tiqodlar uchun ta’qib qilishdan esdan chiqmagan edi. Jamoalashtirishning stalincha zo’ravonlik bilan amalga oshirilishi natijasida yuz bergan jinoyatlar xotiradan ko’tarilmagandi. 1937-1939 yillardagi ommaviy qatag’onlardan xalqda qolgan yaralar hali bitmagandi.

Biroq, o’z yurtiga bo’lgan chinakam yuksak muhabbat tuyg’usi, jonajon zaminga tajovuz qilgan dushmanga nafrat hissi mustabid tuzum yetkazgan g’am-alamni orqa o’ringa surib qo’ydi. Xalq o’zini dushmanni to’xtatishga va uloqtirib tashlashga qodir bo’lgan birdan-bir kuch deb his qildi. U kommunistik tizim foydasini emas, balki fashizmga qarshi kurashning adolatli ekanligi g’oyasini tanladi. Shu jihatdan ham I.A.Karimovning “urush davri voqealarini, jangchilarimizning jasoratlarini tahlil etishda va ta’riflashda ham mafkurabozlikni kamroq aytish”ga doir chaqirig’i nihoyatda dolzarb bo’lib jaranglaydi. Preziden haqli ravishda bunday deb ta’kidlagan edi: “Ikkinchi jahon urushiga qanday qaralmasin, bu urush qaysi g’oya ostida va kimning izmi bilan olib borilgan bo’lmasin, o’z Vatani, el-yurtning yorug’ kelajagi, beg’ubor osmoni uchun jang maydonlarida halok bo’lganlarni, o’z umrlarni bevaqt xazon qilgan insonlarni doimo yodda saqlaymiz.

Bu achchiq, lekin oliy haqiqatni unutishga hech kimning haqqi yo’q va bunga yo’l ham bermaymiz!”

O’zbek xalqi gitlerchilarga qarshi koalitsiyadagi boshqa xalqlar bilan yelkama-yelka bir safda turib “jigarrang vabo”ni yo’q qilishga munosib hissa qo’shdi. Uning ko’rsatgan jasoratini faqat erksiz harakat tarzida, ma’murlarning o’ch olishi oldida qo’rqishning oqibati deb tasavvur qilish, jang maydonlarida halok bo’lganlar xotirasini haqoratlash, mamlakat ichkarisidagi millionlab mehnatkashlarning fidokorona mehnatini nazar-pisand qilmaslik, Vatanni asrash va himoya qilishdan iborat buyuk insoniy fazilatlarni namoyish qilgan keng xalq ommasining mislsiz qahramonliklarini kamsitishdan iboratdir.

Vatanga bo’lgan muhabbatdan iborat muqaddas tuyg’u og’ir urush davrida O’zbekiston xalqining ijtimoiy xulq-atvorini namoyon qiluvchi asosiy ma’naviy talab, bu xalq vatanparvarligining bitmas-tuganmas manbai bo’ldi. Shu bilan birga, gitlerchi bosqinchilarning bosib olingan hududlarda qilgan ashaddiy jinoyatlari haqidagi, fashizm o’zi bilan birga olib kelgan “yangi tartib” to’g’risidagi ma’lumotlar ham ommaning vatanparvarlik ruhiga ta’sir qiluvchi turtki bo’ldi. Natijada vatanparvarlar harakati tobora chuqurlashib, chinakam umumxalq xususiyatini kasb etdi.

Fashist zolimlariga qarshi kurashda O’zbekiston xalqining faol ishtirok etishi uning milliy ruhining qudratli namoyon bo’lishi edi. Urushning dastlabki kunlaridanoq, butun mamlakatda bo’lganidek, O’zbekistonda ham partiya tashkilotlari tomonidan mitinglar va yig’ilishlar tashkil qilindi, ularning qatnashchilar fashistlar Germaniyasining to’satdan hujum qilishiga o’z g’azab-nafratlarini ifodaladilar, barcha kuchlarini, agar lozim bo’lsa hayotlarini ham g’alaba ishiga bag’ishlashga azmu qaror qilganliklarini yakdillik bilan bayon etdilar. Chunonchi, 1941 yil 22 iyunda Toshkent to’qimachilik kombinatining ishchilar ana shu daqiqadan boshlab o’zlarini Vatan himoyasiga safarbar qilingan deb hisoblashlarini bildirdilar. “Toshkent qishloq xo’jalik mashinalari” zavodi, “Qizil tong” fabrikasi ishchilari dushmanni tor-mor qilish uchun har qanday vazifani sharaf bilan bajarishga, butun kuch va vositalarini bag’ishlashga qaror qilganliklariga hukumatni ishontirdilar.

23-24 iyunda Samarqand, Buxoro, Andijon, Namangan, Farg’ona, Nukus va respublikaning boshqa shaharlarida ham ko’p ming kishilik mitinglar bo’lib o’tdi. Ularda so’zga chiqqanlarning nutqlari Vatanni ko’kraklarini qalqon qilib himoya qilishga, mamlakat ichkarisida va frontda yovuz bosqinchilar ustidan g’alabani ta’minlashga qaratilgan ohang bilan to’lib-toshgan edi.

Har kuni frontga jo’natish istagi bilan harbiy komissarliklarga kelib turgan arizalar oqimi o’zbekistonliklarning milliy vatanparvarlik ruhi yuksakligining yaqqol namunasi bo’ldi. Mazkur arizalarni turli kasbdagi va har xil millatga mansub kishilar, erkaklar va ayollar, yoshlar va keksalar, partiyali va partiyasizlar yo’llar edilar.

Arxiv hujjatlarining dalolat berishicha, urushning dastlabki kunlarida respublikaning shahar va tuman harbiy komissarliklariga ko’ngillilardan 14 mingdan ortiq ariza tushgan.

Ko’ngillilar va xizmatga chaqirilganlarni harakatdagi armiya saflariga kuzatish partiya organlari tomonidan siyosiy tadbirga aylantirildi, mitinglar tashkil qilindi. O’zbekiston xalqi fashistlar bosqinini o’z yurtiga, jonajon yeriga qilingan tajovuz deb tushundi. Shuning uchun ham ota va onalar o’z o’g’lonlarini frontga kuzatar ekanlar, ularga bosqinchilarga qarshi sharaf bilan kurashish, Shiroq, Spitamen, Jaloliddinlarning Chingizxon olchoqlariga va o’tmishdagi boshqa manfur bosqinchilarga qarshi kurashlarda g’olib chiqqan qahramonlarning jangovar jasoratlaridan namuna olishni tilab qolardilar.

O’lka aholisi an’anaviy vatanparvarligining ajoyib namunalaridan biri frontga umumxalq yordami ko’rsatish edi. O’zbekistonliklar urushning dastlabki kunlaridanoq mudofaa jamg’armasini tashkil etish harakatida faol ishtirok etdilar.

Ommaning tashabbusi bilan bunday jamg’arma yaratishning tobora yangi va yangi shakllari vujudga keltirildi. Mudofaa jamg’armasiga ishchilar, kolxozchilar, ziyolilar bir kunlik ish haqlari, “kommunistik shanbaliklar”da ishlab topilgan pullar, fuqarolarning shaxsiy jamg’armalari, qimmatbaho boyliklari, davlat zayomlari, buyumlar, oziq-ovqat mahsulotlari topshirilardi. Umuman, urushning dastlabki kunlarida respublika aholisidan 30 million so’mlik miqdorda pul, obligatsiya va qimmatbaho boyliklar tushdi. O’zbekiston aholisi urush yillarida mudofaa jamg’armasiga jami 649,9 million so’m pul, 22 kg oltin va va kumush topshirdi.

Frontga yordam ko’rsatish vatanparvarlik harakatida aholining barcha tabaqalari qatnashdi. Bunda diniy uyushmalar ham faol ishtirok etdiki, bu haqda sovet tarixshunosligida shu davrgacha hech narsa deyilmagan. Turli dinlarga e’tiqod qiluvchi dindorlar ma’murlarning xafa qilishi va ta’qiblarini ham unutib, mehr-shafqat haqidagi aqidalarga tayangan holda insonparvarlik yordami ko’rsatishga, mamlakatni mustahkamlashga o’zlarining munosib hissalarini qo’shishga intildilar. Diniy ibodatxonalarning xizmatchilari qimmatbaho diniy ashyolar, muqaddas esdaliklarni topshirdilar.

O’zbekistonda harbiy texnika, asosan tank kolonnalari va jangovar samolyotlar eskadriyalari, qurilishiga mablag’ to’plash harakati keng quloch yozadi. Masalan, “O’zbekiston kolxozchisi” tank kolonnasi qurilishiga respublika kolxozchilari o’zlarining shaxsiy jamg’armalaridan 1942 yil dekabrda 260 million so’m to’pladilar.

Aholi tomonidan issiq buyumlar to’plash va tayyorlash vatan himoyachilari haqida insoniy g’amxo’rlikning yorqin ko’rinishi bo’ldi. Frontga paxtali kurtkalar, kalta po’stinlar, kigiz etiklar, sharflar, qo’lpoqlar, quloqchin qalpoqlar, jemperlar va hokazolar jo’natib turildi. Jangchilar uchun to’plangan buyumlar va oziq-ovqatlarni O’zSSR Oliy Soveti Prezidiumining raisi Y.Oxunboboyev rahbarligidagi delegatsiya frontining oldingi marralarigacha olib borgan edi. Respublika aholisi urushning faqat dastlabki olti oyi mobaynida frontga 421,5 mingta turli issiq buyumlar yubordi, yakka tartibda va jamoat yo’li bilan yuborilgan posilkalar, turli oziq-ovqat mahsulotlari va boshqalar bularga kirmaydi.

Yo’ldosh Oxunboboyev

Y.Oxunboboyev (1885-1943) – davlat arbobi. Yo’ldosh Oxunboboyev 1885 yil Marg’ilon uyezdining Jo’ybozor qishlog’ida aravasoz usta Oxunbobo oilasida tug’ildi. Y.Oxunboboyev 16 yoshidan boshlab Marg’ilon boylaridan birining paxta zavodida yuk tashuvchi bo’lib ishladi, so’nra aka-uka Kraftlar zavodida mehnat qildi. O’zgandagi Xolmatboy qo’lida batrak bo’ldi. U 1916 yildagi xalq qo’zg’olonida faol ishtirok etdi.

1917 yil oktabr to’ntarishidan keyin Y.Oxunboboyev okrugda birinchi tuzilgan qishloq sho’rosi raisining o’rinbosari bo’ldi. So’ngra M.Frunze shtabida xizmat qildi. 1919 yil Farg’ona vodiysida dastlabki tashkil qilingan “Qo’shchi” uyushmasini boshqardi.

Y.Oxunboboyev 1925 yil fevralda O’zbekiston SSR MIQ raisi lavozimiga saylandi. Bu mas’ul lavozimda umrining oxirigacha mehnat qildi.

Y.Oxunboboyev o’z faoliyati davrida xatolarga ham yo’l qo’ydi. Nazariy bilimning yetishmasligi, davlatni boshqarish sohasida tajribaning ozligi unga pand berdi. Shuning uchun ham u O’zbekistonda yer-suv islohotini amalga oshirish, lotin alifbosini kirill alifbosi bilan almashtirish, paxta ekin maydonlarini kengaytirish masalalarida murosachilikka bordi. Shu bilan bir qatorda u, milliy ziyolilarni, bir qator mulkdorlarni mustabid tuzum qatag’onidan saqlab qolishga harakat qildi. Y.Oxunboboyev 1943 yil 23 fevralda og’ir xastalikdan keyin Toshkent shahrida vafot etdi. U Toshkent shahridagi Birodarlik qabristoniga dafn qilingan.

Ikkinchi jahon urushi yillarida yaqqon namoyon bo’lgan qudratli vatanparvarlik o’zbek xalqining ma’naviy sog’lomligidan dalolat edi. Bolshevistik ma’murlarning ko’pdan-ko’p ruhiy ta’sir ko’rsatishiga, mustabid tuzumning ateistik va ma’naviy ekstremizmiga qaramasdan, o’zbek xalqi o’zining chuqur milliy-ma’naviy negizlarini saqlab qoldi. Bular uning ko’p ming yillik tarixi va insonparvarlik an’analariga, umuminsoniy va milliy qadriyatlariga uzviy ravishda singib ketgan edi.