O’zbek xalqi bayramlari

Muqaddima

Eng qadimgi davrlardan bayramlar inson hayotida muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Zero ularsiz insoniyat hayotini mutlaqo tasavvur qilib bo’lmaydi. Bayramlar xalq hayotining eng yaxshi va go’zal tomonlarini aks ettiruvchi ko’zgusidir.

“Bayram – xalqning shodlik va xursandchilik kunidir”, – degan edi Sharqning buyuk olimi Mahmud Koshg’ariy. Darhaqiqat, bayramlar tufayli shodiyonalar, tantanali voqealar, muhim sanalar, ulkan yutuqlar nishonlanadi. Bayram bosib o’tilgan yo’lni chuqur anglash, qo’lga kiritilgan g’alabalardan ruhlanish, ertangi kunga ishonch bilan qarashga yordam beradi.

Bayramlarni nishonlamaydigan shaxs, oila yoki jamoani topish qiyin. Har bir millat va davlatning ham o’z bayramari bo’ladi. Keyingi davrlarda xalqaro darajada nishonlanadigan umuminsoniy bayramlar tobora ko’paymoqda.

O’rta Osiyo xalqlari, jumladan, o’zbeklarning ham eng qadimiy davrlardan shakllana boshlagan, avloddan-avlodga o’tib, takomillashib, bebaho merosga aylangan bayramlari ko’p. Bu bayramlarning ma’lum qismi tarixning “sovuq shamollari” – bosqinchilik siyosati va turli hukmdorlar tazyiqqa uchrab, nohaq yo’qotilgan, ayrimlari esa qarama-qarshiliklarni yengib, ko’pgina fazilatlardan ajralsa-da, butunlay yo’qolib ketmagan. Ba’zilari esa xalq hayotidan mustahkam o’rin olib, bizning zamonamizgacha yetib kelgan.

Azaldan mehmondo’st sanalgan o’zbek xalqining bayramlari boshqa ellar bilan tarixiy-madaniy aloqalar jarayonida rivoj topgan va bevosita ularning bayramlariga ta’sir etgan hamda ular ta’sirida boyigan.

Mustaqillik sharofati bilan odat, marosim va bayramlar ildiz tarixi, ularning xalqimiz madaniy hayotidagi o’rni o’rganila boshlandi, qadriyatlarimiz ulug’landi. Bu borada e’lon qilingan risola va maqolalar bayramlarning ayrim muammolarini tadqiq etishni taqozo etadi. Biroq o’zbek xalqi bayramlari tarixi, an’analari va hozirgi holati atroflicha keng o’rganilgan emas. Qadimgi va hozirgi bayramlarning paydo bo’lishi, tarixiy rivojlanish muammolari haqida maxsus monografiya, ilmiy-ommabop kitob, darslik va o’quv qo’llanmalari yaratish tarixiy zaruriyatdir. Chunki xalq o’z Vatanida paydo bo’lgan, ajdodlari nishonlab kelgan va hozirgi paytda nishonlanayotgan bayramlarning tarixi va an’analarini bilmog’i kerak. Bu ayniqsa, ziyolilar, o’qituvchi va talabalar, madaniyat xodimlari, bayram va tadbirlar tashkilotchilari uchun juda zarur.

Kitob muallifi Usmon Qoraboyev

Shuningdek o’qing

Bayramlarning nazariy asoslari. An’ana, odat, marosim va bayram tushunchalari
Bayramlarning mohiyati va asosiy xususiyatlari
O’zbek xalqi bayramlarini o’rganish zaruriyati
Eng qadimgi odatlar
Antik davr bayramlari
O’rta asr bayramlari
XVI-XIX asr bayramlar. Bayramlarning umumiy holati
XX asr bayramlari
An’anaviy xalq bayramlari
Oilaviy marosimlar
Diniy bayramlar
Zamonaviy bayramlar. Mustaqillik davri bayramlari
Madaniy va ma’rifiy bayramlar. Xalqaro madaniy bayramlar
Sport bayramlari
Mehnat va tabiat bayramlari

счетчик посещений