O’zbek to’ylari

To’y – hayotning katta shodiyonasi, oila baxt-saodati va farovon turmush ramzi, inson umrining gultoji, hayotning eng baxtli, eng quvonchli damlaridir. Dunyodagi barcha xalqlarda to’y o’tkazish udumi mavjud. “To’y” o’ziga xos ibrat olish tantanasidir. Zero, to’y marosimida bahamjihatlik, ahillik, inoqlik, izzat-ikrom, mehr-oqibat, mehmonnavozlik kabi fazilatlar o’z ifodasini topadi. Inson zotini qadrlash, hurmatlash va ulug’lashda to’ylar ana shunday beqiyos qimmatga ega.

O’zbek xalqimizda qadimdan “Beshik to’yi”, “Sunnat to’yi”, “Nikoh to’yi” va “Payg’ambar yoshi to’yi” kabilar bo’lganligi ma’lum. Hozirgi paytda ayniqsa nikoh to’ylarining yangicha, zamonaviy shakllari qaror topmoqda. Keyingi paytlarda o’zbek xalqi hayotga yangilik sifatida kirib kelgan kumush, oltin va olmos to’ylar, yubiley to’ylarini o’tkazish ham ommalashib bormoqda.

To’y bir kishining shaxsiy xususiy ishi bo’lmay, u keng jamoatchilik tashabbusi va ishtiroki bilan o’tadigan tantanadir. Shuning uchun to’ylarni zamon talabi darajasiga ko’tarish doimo muhim muammo hisoblanadi. Chunki hozirgi paytda to’ylarni tashkil qilish borasida ko’pgina muammolar mavjud. Hozirgi to’ylarning moddiy tomoniga ko’p e’tibor beriladi. Ammo to’ylarning ma’naviy-badiiy saviyasi zamon talabidan ancha orqada qolmoqda. To’g’ri, mahalla, qishloq kengashlari qoshida tashkil etilgan to’y komissiyalari ushbu xalq tadbirlarini zamon talablari darajasida o’tkazishga intilmoqda. Lekin ba’zi joylardagi komissiyalar to’ylarning moddiy va maishiy tomonlari bilangina mashg’ul bo’lib qolmoqdalar, xolos. Komissiya tarkibiga to’yning badiiy qismini tashkillashtirishga yordam beruvchi klub xodimlari va ijodkorlarni ham qo’shish zarur. To’yning badiiy dasturini tuzish, ommaviy raqs, qo’shiqlarni boshqarib borish kabilarga yordam berish ularning asosiy vazifasi qilib belgilanishi kerak. Komissiya o’zining maxsus ish rejasiga ega bo’lishi, to’ylar maxsus ssenariy asosida o’tkazilishi lozim. Ssenariyda to’yning barcha ikir-chikirlari (stolga nima qo’yilishidan boshlab, kimga so’z berilishi va kim qaysi qo’shiqni va boshqa badiiy nomerlarni ijro etishigacha) o’z ifodasini topmog’i kerak. Chunki ma’lum rejaga muvofiq o’tkazilmagan to’y tartibsiz, fayzsiz bo’ladi. Madaniyat xodimlari yordamida tuzilgan ssenariy to’y komissiyasining kengaytirilgan yig’ilishida muhokama qilinib, tasdiqlanishi muhim ahamiyatga ega. To’ylarni o’ziga xos bayram tarzida tashkil etish, ularni har tomonlama tartibga solish, ixchamlashtirish, ayniqsa, badiiy jihatdan boyitish hozirgi davr talabidir.

счетчик посещений