Ommaviy xalq bayramlari

Ilk o’rta asrlarda vujudga kelgan yangi siyosiy-diniy muhit qadimiy mahalliy bayramlar taraqqiyotiga o’z ta’sirini ko’rsatgan. Islomni targ’ib qiluvchi din arboblari majudiylik, zardushtilik, buddaviylik bilan bog’liq bayramlar, tomoshalar, marosimlarga qarshi kurash olib borishgan. Chunki qadimiy bayramlarda zardushtiylik g’oyalari targ’ib qilinib, ularda Axuramazda, Mitra, Anaxita, Mirx kabi timsollar ulug’langan, muqaddas olov atrofida raqs tushilib, tomoshalar ko’rsatilgan, ziyofatlar uyushtirilgan, may ichilgan, kayfu safo qilingan. Bu esa islom dinida rad etilgan. Shu boisdan zardushtiy diniga e’tiqod qiluvchi ko’plab san’atkorlar boshqa joylarga jumladan, Hindiston, XItoy kabi mamlakatlarga ketib qolishgan. Movarounnahrda qolgan zardushtiylarning bir qismi tog’lar yoki sahrolardan panoh topishgan (Professor M.Qodirov ta’kidlashicha, Samarqand atrofida Darx degan qishloq bo’lib, unda nuqul sozanda, xonanda va masxarabozlar yashar ekan. Ular hosilni yig’ib-terib olgach, shaharlarga tushib, bayramlar va to’ylarda xizmat qilib qaytarkanlar. Surxondaryoning Denov, Boysun tumanlarida, Kesh shahri tepasidagi Hisor tog’latida ham san’atkorlar istiqomat qilgan manzillar uchraydi. Gurganj, Qiyot va Xorazmning boshqa shaharlaridagi iste’dodli ijrochilar cho’l ichiga kirib ketib, o’sha joylarda o’rnashib qolganlar. Mana shu qochqin san’atkorlar tufayli qadimiy ijrochilik an’analari qisman bo’lsada, saqlanib qolgan va Movarounnahr hududlarida bir daraja osoyishtalik va barqarorlik o’rnatilgach, ayniqsa, mustaqil davlatlar vujudga kelgandan so’ng, asta-sekin tiklana boshladi).

Mahalliy aholining tabiat bilan bevosita bog’liq bayramlarga ehtiyoji kuchli bo’lganligi bois Navro’z, Sada, Mehrjon kabi bayramlar saqlanib qolgan.

Islom arboblari “Navro’z” bayramini taqiqlashga ko’p urinishgan. Bu bayram kishilarning ozodlikka intilishini kuchaytirishi, ularni birlashtirishi mumkin, deb xavotir olishgan. Shuning uchun “Navro’z” istilochilar saroylarida, amaldorlar va din rahnamolari davralarida rasmiy bayram sifatida nishonlanmagan. Lekin bu tazyiqqa qaramay “Navro’z” xalq orasida bayram qilinavergan. Shu bois ayrim shohlar va amirlar keyingi asrlarda o’zini xalqparvar ko’rsatish maqsadida “Navro’z”ni bayram sifatida nishonlashga majbur bo’lishgan.

O’rta asrlarda “Navro’z”ning falsafiy-badiiy mazmuni yanada kengaygan. Bu bayram haqida o’sha o’sha davrning deyarli barcha allomalari o’z asarlarida ijobiy mulohaza bildirishgan. O’rta asrlarda “Navro’z”ning xalq turmushi va ma’naviy hayotidagi mavqei, fazilaati va hositati haqida qomusiy bilim egalari Abu Rayhon Beruniy, Firdavsiy, Mahmud Qoshg’ariy, Umar Hayyom, Alisher Navoiy o’z asarlarida yozishgan.

Beruniy “Navro’z – olamning boshlanishi” desa, Firdavsiy “Navro’z – bayramlarning shohi” deydi. Navoiy odamlarga istak bildirib: “Har tuning qadr o’lubon, har kuning o’lsun Navro’z” deydi. Qadimda yaratilgan yozma manbalar, jumladan, At-Tabariyning “Ta’rix”, al-Mas’udiyning “Muruj az-zahab”, Hakim Termiziyning “Solnoma”, Narshaxiyning “Buxoro tarixi”, Abu Rayhon Beruning “al-Osor al-boqiya” va “Geodeziya”, Abul Qodim Firdavsiyning “Shohnoma”, Umar Hayyomning “Navro’znoma”, Abul Fazl Bayhaqiyning “Tarixi Mas’udiy” asarlarida Navro’z uyg’onish, yuksalish, go’zallik bayrami sifatida ulug’langan. O’rta Osiyoda o’tkazilgan “Navro’z”ga ajnabiy sayyohlar ham qoyil qolganligi tarixiy manbalarda qayd qilingan.

Abu Rayhon Beruniyning “Osor ul-boqiya” asarida Navro’z bayrami marosimlari so’g’diylar, xorazmiylar va Buxoro ahli orasida qay tarzda nishonlanishi haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan. Mazkur kitobda xorazmshohlarning Navro’zga bo’lgan tavajjuhi xusisida so’z yuritilib, ushbu naql keltirilgan: Buxoro zindondan ozod bo’lgan Abusa’id Ahmad bin Muhammad bin Mansur Xorazmga qaytib kelgach, kabisaning hisobga olinmayotganini mushohada etdi. U munajjimlarni to’plab, taqvimni isloh qilishlarini buyurdi. Bu jashn “farvardingon jashni” nmi bilan ham mashhur bo’lib, farvardin kuniga ishoradir (Farvardin oyining o’n oltinchi kuni). Kun nomi oy nomi bilan to’g’ri kelgan kun xorazmshohlar tomonidan alohida tarzda nishonlanib, “Naxro’z xorazmiy” deb atalgan.

Johiz nomi bilan ma’ruf bo’lgan Abu Usmon Basriy va Abu Rayhon Beruniy somoniylar davridagi Navro’z to’g’risida mufassil ma’lumot berib o’tganlar. Ular bergan ma’lumotlarga qaraganda, butun farvardin oyi bayram qilinardi. Ular bu oyni oltita besh kunlikka bo’lib, har bir besh kunlikni maxsus musiqa asboblari bo’lsin va yo xoh saroy musiqashunoslari yaratgan musiqa asboblari, dilrao kuy-qo’shiqlar, savtu navolar yangrardi.

Hayyom Nishorubiy “Navro’znoma” nomli asarida navro’ziy marosimlarni quyidagicha tavsiflab bergan: “Kayxusrav zamonidan boshlab sosoniylar sulolasining so’nggi hukmdori Yazdigurdi shahriyor davrigacha Navro’z ayyomining birinchi kuni mo’badi mo’badon (zardushtiylar ruhoniysi) qo’lida zarrin jom tutib…va uzugu diramu dinori xusravoniy bilan va bir tutam toza ko’katlar bilan va shamshiru tiyru kamon bilan va davotu qalam, bitta out bitta burgut va bitta hushsurat g’ulom bilan shoh huzuriga kirardi va shohni niyoishu sitoish etardi. Marosim so’nggida esa davlat arboblari birin-ketin shoh huzuriga kirib, uni tabriklab ketishardi”.

Sosoniylar davrida taxtga o’tirish va toj kiygizish marosimlari va boshqa har xil tantanali marosimlarni Navro’z ayyomi tantanali marosimlarni Navro’z ayyomi yoinki Mehrgon jashnida o’tkazish an’ana tusiga kirgan edi. Shohning fuqaro arzu dodini eshitishi va adlu adolat bilan hukmlar chiqarishi, xayru ehson sandiqlarining va xayru saxovat qilguvchilar ro’yxatining tuzilishi, xalqqa xayri ehson berilishi va shunga o’xshash ajoyib rasmu rusumlarnin bajarilishi bu qutlug’ ayyomdan qolgan muhim amallar majmui sifatida keyinchalik ham, ya’ni islomdan so’ng ham yangiroq bir tarzda davom ettirildi va bu narsalar hanuzgacha Sharq xalqlari orasida saqlanib qolgan.

“Navro’z” IX-X asrlarda ham Movarounnahrning ko’pgina joylarida o’z nufuzini to’la saqlab qolgan. Xorazmshohlar hukmronligi davroda “Navro’z” mamlakatning asosiy bayramlaridan biri sifatida nishonlangan. Xorazm shohi Abul Abbos Ma’mun davrida ham Navro’z katta tantana bilan o’tkazilgan. Bu bayram kunida yurtga osh tortilib vazirlar, lashkarboshilar, xizmatkorlar, san’atkorlar, shoirlarga sovg’alar ulashilgan. San’at ustalari, shoirlar, masxaraboz-qiziqchilar, dorbozlar o’z mahoratini namoyish etishgan.

Narshaxiyning qayd etishicha, Varaxsha shahrida yil davomida har 15 kunda biz bozor, yilning oxirida surunkasiga 20 kun bozor bo’lgan, 21-kunida esa Navro’z bayrami nishonlangan. Bayram “Navro’zi kishovarzon”, ya’ni dehqonlar bayrami deb ham yuritilgan. “Buxoro dehqonlari (yil kunlari) hisobini o’sha kundan boshlaydilar va bunga e’tibor beradilar. Otashparastlarning Navro’zi undan 5 kun keyin keladi”, – deb yozadi Narshaxiy. Demak, Navro’zni ham islom diniga e’tiqod qiluvchilar otashparastlar ham oldinma-keyin bo’lsa-da, bayram qilishgan. Abul Fazl Bayhaqiyning yozishicha, Navro’z Sabuktegin, Mahmud va Mas’ud G’aznaviylar hukmronligi davrida Xuroson, Movarounnahr, Xorazm va Farg’ona vodiysida davlat bayrami sifatida keng nishonlangan. Ayniqsa, G’azna, Gurganj va Buxoro shaharlarida Navro’z bayrami juda katta tantana bilan o’tkazilgan. G’aznada o’tkaziladigan bayram tantanalariga Iroq, Janubiy Turkiston va Movarounnahrdan ham shoirlar, xonanda va sozandalar, raqs va kulgi ustalari tashrif buyurishgan. Tomoshalar va sayillar Ko’shki Mahmud, Ko’shki Safed, Ko’shki Davlatda, Shabehar yaylovida o’tkazilgan. Sitti Zarrin degan xonanda va raqqosa, Andalib degan sozanda, Bo’ki degan masxaraboz Navro’z bayramlarida tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo’lishgan.

Xorazmda Navro’z Navsarji deb yuritilgan. Xorazmshoh Abul Abbos Ma’mun davrida u katta bayram qilinib, “Lazgi”, “Ashshadaroz” kabi o’yin va marosimlar ko’rsatilgan. Bu bayramda kishilar yerlarga suv sepishgan, bir-birlarini sovg’alar bilan siylashgan, asal va holva yeyishgan, o’yin-kulgi, xursandchilik qilishgan.

Buxoroda ham Navro’z an’anaviy o’yinlar va katta tomoshalar namoyish etish bilan o’tkazilgan. Bidun Buxorxudot, uning o’g’li Tagshoda hukmronligi davrida Navro’z bayramida Siyovushga bag’ishlangan teatrlashgan marosimlar, tomoshalar namoyish etilgan.

Navro’z bilan bog’liq bo’lgan juda ko’p urf-odat va an’analar hamda o’yinlar mavjud. Alisher Navoiy o’zining “Mahbub ul-qulub” asarida Navro’z kunlari o’ynaladigan “Oq so’ngak” nomli o’yin haqida yozadi. Unda bolalar o’zlariga boshliq saylaydilar. Boshliq qo’lidagi so’ngakni uzoqqa irg’itadi. Bolalar unga qarab yuguradilar. Kimki, shu so’ngakni qo’lga olib, hech kimga bermay boshliqqa keltirib topshirsa, mukofot oladi.

Turk xotinlarining ishi kechalari (ya’ni sumalak va halim qozonlari atrofida) raqs tushish va bolalarning oq so’ngak o’ynashidan iborat bo’lgan.

Navro’zni O’rta Osiyo xalqlari qadim-qadimdan e’zozlashgan. Navro’zga katta tayyorgarlik ko’rilgan. Tozalikka, obodonlashtirishga beqiyos e’tibor bilan qaraganlar.

Yunon tarixchilarining yozishicha, qadimgi yunonlarda ham hamal oyida sayil bo’lib o’tar ekan. Ana shunday sayillarda uylanmagan yigitlar o’zlariga qiz tanlar va to’y marosimlar faqat hamal oyida bo’lib o’tar ekan. Yuzlariga parda tortilgan yunon qizlari ikki qator bo’lib, sayilgohda uzundan-uzoq masofaga tizilib o’z husnini ko’z-ko’z etib turisharkan. O’ziga jufti halol yor tanlashga chiqqan qizlar orasidan yurib, qaysi bir qizning qarshisiga kelib to’xtasa, shu qiz yuzidagi pardasini ochib o’z jamolini namoyish etar ekan… Navoiyning zamondoshlari ham Navro’z haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirishgan. Yusuf Amiriy o’zining “Dahnoma” asarida Navro’zdek muborak kunda ming xil ohang sohibi bo’lmish bulbulni ushbu majlisga tortish lozimligini ta’kidlaydi. Zero, bulbul ishtirok etmasa bu ulug’ tantana o’tmasligiga ishora qiladi:

Borib bulbulni qilgin majlis afro’z,
Degin, ohang tuzkim bo’ldi Navro’z.

XV asr boshlarida yashab ijod etgan shoir Said Ahmad o’zining “Oshiqlar maktubi”nomli asarida Navro’z kunlari ko’ngilni barcha g’am-alamlardan forig’ etadigan dilpazin kun ekanligini, bunday kunda ko’ngilni shod etuvchi mayni, umr jomini bod-bod sipqarmoq lozimligini ta’kidlaydi:

Kel, ey soqiy, ketur jomi dilafro’z,
Ki ishrat chog’idur ham fasli Navro’z.

(“O’zbekiston ovozi” gazetasi, 1999 yil, 20 mart).

O’rta asrlarda Mergon (Merjon) ham muhim bayramlardan biri sifatida nishonlanib kelingan. Ba’zi mamlakatlarda Mehrgon davlatining rasmiy bayrami sifatida o’tkazilgan. Shu maqsadda davlat xazinasidan mablag’ ajratilgan, sovg’alar tarqatilgan, yurtga osh berilgan, sayillar, musobaqalr, tomoshalar uyushtirilgan. Bayhaqiyning bayon qilishicha, Amir Mas’ud, ayniqsa, Mehrgon bayrimini xush ko’rgan. Chunonchi 1031 yil 20 sentabrda G’aznada o’tgan Mehrgon bayramida Iroq va Turkistondan kelgan juda ko’p hukmdorlar va aslzoda elchilar qatnashgan. “Shoirlar kelishdi va she’r o’qiy boshlashdi, – deb yozadi Bayhaqiy, – ulardan keyin mutriblarning kuylari va ovozlari yangradi, davrada qadahlar aylandi… O’yin-kulgi avj oldi, go’yo qayg’u-tashvish bu makonni tark etdi”. Amir Mas’ud o’sha kungi bayram tantanalari chog’ida mutriblar, o’yinchilar va masxarabozlarga 30 ming dirham ulashgan. 1036 yil 18 sentabrda Mehrgon barami G’aznada ham eng mo’tabar nadimlar va mutriblar ishtirokida o’tgan. 1037 yilda esa Mehrgon bilan iyd al-adha (Qurbon hayiti) bir vaqtga to’g’ri kelgani uchun ketma-ket bayram qilingan. Bayram tantanalarida mashhur shoirlar, sozandalar, xonandalar, raqs va kulgi ustalari qatnashib, o’z san’atlarini namoyish etishgan. Bayhaqiyning yozishicha, “shu kun saroydagi piyoda va otliq askarlar ko’rigi, son-sanoqsiz anjom va taqinchoqlar namoyishi o’tkazilgan. Chunki bayram tantanalariga Arslonxon, Bugraxon, Lashkarxonning va Sakmon hukmdorining elchilari tashrif buyurishgan edi”.

Mehrjon bayrami tomoshalarga boy bo’lib, u shoir, sozanda, qo’shiqchi, qiziqchi, masxaraboz va boshqalarning musobaqalarini o’zida mujassamlashtirgan. Tarixchi Bayhaqiyning ta’kidlashicha, Mehrjon bayrami Mahmud G’aznaviy va uning o’g’li Mas’ud davrida, ayniqsa, katta tantana bilan o’tkazilgan. Bayhaqiy hijriy hisobda 430 yil zulhijja oyining 7-kuni (milodiy 1039 yil, 30-avgust)ga to’g’ri kelgan. Mehrjon bayrami tantanalariga to’xtalib, “Sharobga mukkasidan ketgan Mas’ud G’aznaviy bayramlarda shoirlarga nisbatan masxarabozlarni ko’proq siylagani, bayram tantanalarida shoirlar o’zlarining she’rlarini o’qib, masxarabozlar o’z san’atlarini namoyish qilishganini, qabul tugagach, Mas’ud uzoqdan kelgan shoirlarni 20 ming dirham bilan, Mahmud G’aznaviy o’zining eng yaxshi ko’rgan shoiri Alaviy Zinatni 50 ming dirham bilan, shoir Unsuriyni 10 ming dirham bilan, sozandalar va masxarabozlarni 30 mng dinor bilan mukofotlangani”ni yozadi.

Mehrjon qadimgi dehqonchilik kulti bilan bog’liq bayramdir. Musulmon ruhoniylari bu bayramning zardushtiylikka daxldor udumlari o’tkazilishiga qarshilik ko’rsatishgan. Shu boisdan bo’lsa kerak, Mehrjon bayramini nishonlash asta-sekin susayib, so’ngra butunlay to’xtagan.

O’rta asrlarda o’tkazilgan Sada bayrami shoirlar ijodida, xususan, ularning qasidalari uchun asosiy mavzulardan biri bo’lib kelgan. Ko’pgina qasidalarda “Amir Sada bayrami – buyuk erlar marosimi kenligi, u Kayumars va Isfandiyor tomonidan rasiylashtirilgani” haqida yozilgan.

G’aznaviylar davri shoirlari fasllar bayramlarini ko’klarga ko’tarib tasvirlashga intiladi. 30 dan ortiq shoirlarning ijodida Navro’z Mehrjon, Sada singari fasllar bayramini sharaflash alohida o’rin tutadi. Masalan, samarqandlik shoir Abu Said Ahmad Manshuriy Sada xususida shunday yozadi:

Nechun Mehrgon bo’lmasa-da, atro sariq rangga kirdi?
Sababi Nur tog’singari yuksaldi.
Nechun shoh kutilmaganda bir qadah may so’rdi?
Sababi, kutilmaganda uni Sada bayrami uchratdi.

XI asrda yashagan shoir Farruxiy o’z devonida Sada bayrami haqida mushohada yuritar ekan: “Agar olamdagi mavjud narsalar tartibi butunlay o’zgarmas ekan, unda nega qop-qorong’u kecha yop-yorug’ kunga aylanadi?” – deb yozadi.

Narshaxiy ham somoniylar davrida Buxoroda Sada bayrami juda ko’tarinki ruhda o’tkazilganligini ta’kidlaydi. Hatto bayram tantanalarida yoqilgan olovdan saroy ham bir necha marta yonib ketganligini ma’lum qiladi.

Abusaid Mahmud Gardeziyning “Zayn ul-axbor” asaridan (XI asr) ma’lum bo’lishicha, Sada bayrami baland, xushmanzara joylarda nishonlangan. Olovni yoqish uchun o’tin orasiga neftga to’liq naylar qo’yilgan. Bazmgohda shoh va vazirlarga taxtlar o’rnatilib, qimxob ko’rpalar to’shalgan, noz-ne’mat dasturxonlari ustida angubin, gulob va oltin jomlarda sharoblar qo’yilgan.

Bazmgoh chekkasiga bayramning asosiy unsurlaridan hisoblangan sada daraxti o’rnatilib, rang-barang qog’ozlar va loydan yasalgan o’yinchoqlar bilan bezatilgan ushbu daraxt atrofida karnay-surnay, nog’ora, doira sadolari ostida raqsga tushganlar.

Bayram shodiyonalarining yana bir ajoyib manzarasi e’tiborni tortadi. Sada bayramida burgut, zog’ va kabutar kabi qushlarni tutib, oyoqlariga uzun iplar bilan ichiga neft shimdirilgan paxta tiqilgan yong’oqlarni bog’lab qo’yishgan. Hamma bazmda hozir bo’lgach, shoh ijozati bilan shu yong’oqlarga o’t qo’yilib, qushlar uchirib yuborilgan. Bu holni mushakbozlik (tarafbozi) deb nomlagan.

G’aznaviylar davridan so’ng Sada bayramini o’tkazish taqiqlana boshlagan. Madaniyatshunos olim G’.Soatov buning sababini quyidagicha sharhlaydi: “Islom din sifatida shakllanayotgan davrda Arabiston yarim oroli va uning atrofidagi ko’pgina mamlakatlarda turli dinlar: xristianlik, iudaizm, sobiylik, zardushtiylik, mushriqiylik va boshqa dinlarga e’tiqod qilinar edi. Islom shakllanib, arablar istilosi boshlangach, mahalliy xalq e’tiqod qilgan barcha dinlar, shu jumladan, ularning marosimlari hamda urf-odatlariga ham qarshi kurash boshlandi”. Demak, zardushtiylikning asosiy bayramlaridan biri – Sadaning ham nishonlanishiga qarshilik bo’lishi tabiiy edi.

Albatta, O’rta Osiyoga islom dini kirib kelishi bilan Sada bayramini nishonlash birdaniga to’xtab qolgan emas. Bu paytga kelib, Sada bayramini mamlakat miqyosida rasman nishonlashga barham berilgan. Biroq Sada bayrami oila doirasida turli urf-odatlar va marosimlarda saqlanib qolgan.

Rus sayyohi N.V.Xanikov o’tgan asr o’rtalarida ham O’rta Osiyoda, jumladan islom marosimlariga qat’iy amal qilinadigan Buxoroda olovga sig’inish marosimlari mavjud bo’lganligi to’g’risida yozadi: “Musulmon ruhoniylar tomonidan kufr deb ataluvchi, har bahorda bayram qilinadigan sunniylar chorshanbasi marosimi mavjuddir. Quyosh botgandan so’ng odamlar gulxan yoqishib, uning ustidan hatlashadi. Kasallarni ham gulxan atrofidan uch marta aylantirishib, so’ngra o’t ustidan hatlashga majbur qilishadi. Badavlat oilalarda chaqaloq tug’ilgach, 40 kunlik chilla davrida uning beshigi yoniga yovuz ruhlarni yaqinlashtirmaslik maqsadida sham yoqib qo’yishadi”. Bunday marosimlarda sham yoqib qo’yish, olov ustidan sakrab o’tish, yo’rgaklangan chaqaloqni gulxan ustidan u yoq-bu yoqqa otib olish, olov atrofida kelinni aylantirish, olov yonida bazm uyushtirish, chavandozlarning katta gulxan alangasidan sakrab o’tishlari va hokazolar hozirgi paytgacha saqlanib qolgan.

Mo’g’ullar istilosi davrida shahar-qishloqlar vayron qilinishi, hunarmandchilik, dehqonchilik, mahalliy madaniyat rivojlanishdan to’xtab qolishi natijasida xalq bayramlari ham inqirozga uchraydi. Mo’g’ullar hukmronligi davrida keng tarqalgan anjumanlardan biri “Qurultoy” bo’lgan. Bu yig’in – bayram chog’ida kishilar maxsus joyga to’planishib, dolzarb masalalar to’g’risida kengash qilishgan. Kengashda mol-qo’ylar so’yilib, ziyofatlar berilgan, ot o’yinlar o’tkazilib, uloq, otda olishish kabi musobaqalar uyushtirilgan.