Navro’zning yangilanishi

Tabiatda tun va kunning teng bo’lishi, bahorning kirib kelishi, dalalarda ish boshlanishidan darak beruvchi, xalq tomonidan keng nishonlanubchi Navro’z bayrami o’tgan davrlarda muayyan taqiqlarga duch kelsa-da, u xalq istagi bilan qayta tiklandi va 1990 yildan boshlab, mamlakatimizning rasmiy bayramiga aylantirildi.

Avvallari Navro’z tabiat uyg’onishi, yangi qishloq xo’jalik mavsumini shodu-xurramlik bilan kutib olish tantana bo’lgan bo’lsa, u 90-yillardan boshlan yangilangan Navro’z sifatida tabiat va inson o’rtasidagi munosababtlarni uyg’unlashtiruvchi, tabiat go’zalliklari va boyliklarini saqlash, ko’paytirishga da’vat etuvchi, atrof-muhitni obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish, inson mehnatini ulug’lash kabi ulug’vor ishlarni amalga oshirishga chaqiruvchi tadbirga aylandi.

Zamonaviy mohiyat kasb etgan yangicha Navro’z mohiyatini yaxshiroq tushunish uchun avvalo, uning 90-yillarda respublikamizning turli hududlaridagi tiklanish tajribalari bilan tanishish lozim. Chunki bu bayram turli joylarda mahalliy sharoit va mavjud imkoniyatlar asosida rang-barang usul, shakllarda yangilana boshlandi.

Farg’onada Navro’z arafasida hamma joyda hovlilar, uylar, ko’chalar tozalanib, bezatildi. Kechki payt esa, kishilar bir-birlarinikiga mehmonga borib, keksalar ziyorat qilinadi, ota-onalar, ustozlar va tabarruk kishilardan xabar olinadi, o’zro arazlashgan, gina-qudurat qilganlar yarashtiriladi va hokazo. Farg’ona viloyatining ko’pgina qishloqlarida ham Navro’z bayramini tashkil qilish juda yaxshi yo’lga qo’yilib, u ikki kun davomida o’tkaziladi. Odatda, bayram “Bahorxonim”ning o’z dugonalari bilan bezatilgan ochiq mashinada aholi yashaydigan ko’chalarni karnay-surnay sadolari jo’rligida aylanishi bilan boshlanadi. “Bahorxonim” qishloq yoki mahallaning markaziy maydonlarida to’xtab, o’lkaga bahor kirib kelgani bilan aholini tabriklaydi, hammani Navro’z bayrami tantanalari bo’ladigan joyga taklif qiladi. Shundan so’ng joylarda o’yin-kulgilar uyushtiriladi.

Bayramning ikkinchi qismi madaniyat va istirohat bog’ida “Bahorxonim” va uning dugonalarini tantanali kutib olish bilan boshlanadi. Keyin “Bahorxonim” va mehmonlar maxsus bezatilgan minbarga ko’tarilishadi. “Bahorxonim” bayram qatnashchilariga shodlik, do’stlik va obodonchilikka oid o’z shartlarini aytadi. So’ng oldindan belgilangan joyda “Bahorxonim” birinchi bo’lib niholni ekadi. Bayramning boshqa qatnashchilari ham daraxt o’tqazishadi.

Navro’zning uchinchi qismida bahor kirib kelishi, yangi hosil yili boshlanishiga bag’ishlangan tematik dastur (ommaviy tomosha yoki teatrlashtirilgan konsert) namoyish qilinadi. Buning uchun sahna bahramga mos bezatiladi va uning atrofiga stol-stullar qo’yiladi. Dasturxonlar yalpiz, ko’k piyoz, ko’katli somsalar va patirlar, meva sharbatlari, lazzatli an’anaviy taom bo’lgan sumalak bilan bezatiladi. Bayramning teatrlashtirilgan dasturidan bahorga bag’ishlangan mushoiralar, qo’shiq va raqslar, askiya va intermediyalar, ilg’or ishchilar, faxriylar va yoshlarning tabrik nutqlari ham o’rin oladi.

Navro’z bayramning keying qismi ommaviy sayillar, xalq o’yinlari, sport musobaqalariga (kurash, otchopar o’yinlar, shaxmat-shashka kabilarga) ulanib ketadi.

Quvada Navro’z har yili an’anaviy tarzda, maxsus ssenariy asosida tashkil qilinadi. Badiiy havaskorlik jamoalari konsertlar berishadi. Tomoshalar, xalq o’yinlari, sport musobaqalari o’tkazilib, ushbu bayram haqiqiy xalq sayliga aylanib ketadi.

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida ham Navro’z “Bahorxonim” va dugonalarning mahalla ko’chalarini aylanishi, aholini tabriklashi bilan boshlanib, joylarda o’yin-kulgi uyushtirishi hamda daraxtlar o’tkazish kabi marosimlardan tashkil topadi. So’ng Navrozga bag’ishlangan asosiy tomoshalar, sayillar, musobaqalar, ommaviy o’yinlar va bazm uyushtiriladi.

Qashqadaryo viloyatida Navro’z bayrami mehnat ilg’orlariga mukofotlar, Navro’z arafasida tuzilgan chaqaloqlarning ota-onalariga guvohnomalar, voyaga yetgan yoshlarga passport topshirish kabi turli marosimlarga bog’lab o’tkazilgan. Bunday marosimlar Navro’z bayrami mazmunini yanada boyitib, uning g’oyaviy-estetik ta’sirchanligini oshiradi.

Navro’z bayrami Qashqadaryo viloyatining Arabxona qishlog’ida ham katta tantana bilan o’zgacha tartibda nishonlanadi. Bu yerdagi urf-odatlar, an’analar o’zining qiziqarliligi bilan kishini rom qiladi.

Navro’zdan ikki kun oldin kechqurun karnay-surnaylar, nog’ora-tanburlar chalinib, jarchilar tepalik ustidan turib e’lon qiladilar. 20 mart kuni ertalab soan 7:00 dan boshlab butun arabxonliklar turli-tuman taomlar pishirib gilam-ko’rpacha, dasturxon, choynak-piyolalari bilan baland tepalik ustiga chiqishadi. Yangi kelin olgan qaynona va qaynotalar Navro’zdan uch kun oldin o’rik turshagidan sharbat tayyorlab qo’yishadi. 20-martda tepalik ustiga katta dasturxon yoyib, bitta qo’y so’yib, dasturxon bezab, barcha kelin tomonning qarindosh-urug’larini chaqirib, ularga bir kosa o’rik sharbatidan “Guminba” suzib berishadi. Keyin qo’y go’shtidan tayyorlangan shirin, mazali oshga taklif etadilar. Bu odatni barcha yangi kelin olgan qaynona-qaynotalar bajarishadi. O’rik sharbati berishning ramziy ma’nosi – qishda a’zoyi badanlarimizda qolgan bodlarni haydab chiqarsin deb kelgan mehmonlarga birinchi o’rik sharbatini berishadi. Ikkinchi, oshga taklif etishning ramziy ma’nosi barcha ichak-chavog’imizni yog’lasin, degan ma’noda toza zig’ir yog’idan va qo’y go’shtidan qilingan oshga taklif qilishadi. Shu kuni barcha Arabxona qishlog’i aholisi tepalik ustida yigilib, ovqatlanib, o’yin-kulgi qilishadi. Kimdir doira chertsa, kimdir tor chaladi, kimlar qo’shiq aytadi, kimlar raqsga tushadi. Shunday qilib, o’sha kuni san’atkorlar ham, raqqosalar ham xalq ichidan chiqadi. Chetdan san’atkorlar taklif qilinmaydi. Navro’z bazmi kechgacha davom etadi. Bu bazmning o’z qonun-qoidalari bor: odamlar tepalikka chiqmasdan 3 kun oldin uydagi barcha gilam – ko’rpacha, parda, qozon-tovoq kabi narsalarni yuvib, quritib hamma joylarini toza-ozoda tutib, kiyimlarini yuvib, dazmollab qo’yishadi. Hamma odamlar tozallik rioya qiladi va uchinchi kun tepalikka chiqishadi.

Shahrisabz Navro’z bayrami dasturida O’rta Osiyoning buyuk allomalari – Firdavsiy, Beruniy, Umar Hayyom, Navoiy, Zavqiy, Muqimiylarning Navro’z haqidagi fikrlari, she’rlaridan keng foydalaniladi. Navro’zning bunday tarzda o’tkazilishi ham ilmiy, ham madaniy, ham amaliy ahamiyatga ega.

Forishda Navro’z bayrami tabiat qo’ynida o’tkaziladi. Tuman markazi aholisi Navro’z kuni ertalabdan bayram o’tkaziladigan joyga yo’l olishadi. Bayramning ochilish qismida tuman rahbarlari, ilg’or chorvadorlar, dehqonlar so’zga chiqadi. So’ng tuman madaniyat uyi qoshidagi “Chorvador” xalq ansambli, “Chuchmoma” folklore jamoasi, Toshpo’latovlar oilaviy ansamli, 6-hunar-texnika bilim yurti havaskor qizlari katta bayram konsertini tomoshabinlar e’tiboriga havola etishadi. Undan keyin kurash, arqon tortish, ot sport musobaqalari, xalq o’yinlari boshlanadi. Ko’pgina oilalar bayram bo’layotgan joyga turli taomlar tayyorlab chiqishadi. Tushlik vaqtida ular tabiat qo’ynida dasturxonlar yozib, yoru do’stlari, qarindosh-urug’lari va tanish-bilishlarini ziyofatga taklif qilishadi. Bayram kechqurungacha davom etib, so’ng tuman markazidagi istirohat bog’ida nihoyasiga yetkaziladi. Bu yerda yoshlar kechalari, ommaviy raqslar va qiziqarli o’yinlar uyushtiriladi.

Forish tumani qishloqlarida nishonlanadigan Navro’z xalq milliy taomlari tayyorlash bo’yicha o’ziga xos ko’rikka ham aylanib ketadi. “Birlashgan” (“Sarimsoq”) dagi maktab o’quvchilari ota-bobolari an’analarini davom ettirib, Navro’z bayram qilinadigan joyga o’zlari tayyorlagan taomlarni olib kelishadi. Navro’z dasturxonida “shohona” taom – sumalakdan tashqari barak (ko’k o’tdan qovurib tayyorlangan chuchvara), bichak (ko’k o’tli somsa), tatiran (o’simlik tanasidan tayyorlangan), qoqi (salati), yupqa (quymoq), kuch oshi, un oshi, go’ja, kesgan osh, kulchatoy, qatlama, g’ilmindi, shirvoz kabobi kabilarni ko’rib, ularning betakror mazalaridan tatib ko’rish mumkin. Navro’z bayrami hay’ati eng yaxshi pazandalarni aniqlab, ularni taqdirlaydi.

Samarqandda Navro’z “Registon” maydonida tantanali bayram marosimi va katta teatrlashtirilgan tomosha sifatida o’tkaziladi. Shunisi diqqatga sazovorki, teatrlashtirilgan tomoshada sharq adabiyoti mumtoz shoirlari – Navoiy va Jomiy siymolari ko’rsatiladi. Bayram tomoshalari ularning Navro’z bayrami, bahor, mehnat va xalqlar do’stligi haqidagi she’rlari bilan boshlanadi.

Tabiat qo’ynida o’tkaziladigan Urgut Navro’zi o’zining an’anaviy va zamonaviy tadbirlarni chambarchas bog’lagan tantanalari, marosim, tomosha va musobaqalari bilan mashhurdir. Urgut shahrida bayram erta tongdanoq boshlanadi. Milliy cholg’u asboblari – karnay va surnaylarning ovoz atrofni tutib ketadi. “Navro’z bayramingiz qutlug’ bo’lsin!” shiori bilan bezatilgan mashina shahar ko’chalari bo’ylab boradi. Odamlar bir-birlarini bayram bilan tabriklaydilar. Minglab kishilar Allayoron tog’i tomon yo’l oladilar. Tog’ yonbag’rida afsonaviy manzara namoyon bo’ladi. Urgutliklar bu yerni “To’pxona” deb ataydilar. Chunki xalq bu yerda to’planadi. Bu yerda odatda, Navro’z bayramiga 50 mingga yaqin kishi to’planadi. Bayram tomoshalariga shahar aholisi, tevarak-atrofdagi qishloq kishilari, qo’shni tuman va hatto viloyatlardan mehmonlar kelishadi.

Qadrdon do’stlar, qarindosh-urug’larning bir-birlari bilan uchrashib, suhbat qurishlari uchun bu yerdagi go’zal tabiat Navro’z bayramiga juda qulay imkoniyat yaratib beradi. Hamma yoqdan tabrik xitoblari, quvnoq kulgi eshitiladi. “Kelin salom” marosimi boshlanib, bayramona kiyingan kelinchaklar mehmonlar hurmatini bajo keltirib, ibo bilan ta’zim qiladilar. Dastlab, kelinchaklar o’zlari tug’ilib, voyaga yetgan zaminga yegilib, qulluq qiladilar. Keyingi ta’zim – tog’lar va obi hayot manbai bo’lgan daryolarga, uchinchisi kelinchakni qutlagani kelgan yor-birodarlar sha’niga ataladi. Shundan keyin, har bir kelinchak qo’lini ko’ksiga qo’yganicha, mehmonlarga bir piyoladan choy uzatadi.

Urgut Navro’zida kulolchilik, kashtachilik, zardo’zlik, temirchilik, sandiqsozlik kabilar bo’yicha mahalliy amaliy san’at ustalari o’z mahoratlarini namoyish qiladilar. Navro’z bayrami boshlanishidan avval bolalar boychechaklarni keksalarga taqdim etishadi.

Karnay-surnay sadolari yangraydi. Bu Navro’z bayramining tantanali ochilish marosimini bildiradi. “To’pxona”ning markaziga o’rnatilgan minbarga mahalliy hokimiyat vakillari, mehnat faxriylari, mehmonlar ko’tarilishadi. Hamma dehqonlarni qutlab, ularga bu yil ham mo’l hosil yetishtirishlarini tilab istak bildirishadi. An’anaga ko’ra, bayramning rasmiy ochilish marosimidan keyin mushoira boshlanib, shoirlar she’rlar o’qishadi. So’ng Urgutning mashhur “Beshqarsak” folklor jamoasi hamda havaskor jamoalar o’z san’alarini namoyish etadilar. Kun bo’yi musiqa, sho’x qo’shiq tinmaydi. Masxarabozlar, dorbozlar va polvonlarning san’ati yig’ilganlarda katta qiziqish uyg’otdi. Pahlavon yigitlar milliy kurash bo’yicha bir-birlari bilan kuch sinashadilar. Chavandozlar shu yerning o’zida ko’pkari (uloq) o’tkazadilar.

O’zbek milliy bayramlari dasturxonini turli taomlar: palov, sho’rva, kabob, bo’g’irsoqlar bezaydi. O’sha kuni ishtirokchilar yilda bir marta – bahor oyida tayyorlanadigan taom – sumalakni tatib ko’rishadi. Navro’zga odamlar ham turli bahor taomlarini – o’t bichak, ko’k somsa, qatlama, piyoz patir, bug’doy kulcha kabilarni tayyorlab kelishadi. Urgut Navro’zning yana bir ajoyibligi shundaki, uning ochilish marosimini ko’rish mumkin, ammo bayramning yopilishini sezish amri mahol. Chunki Urgutdagi bayram tantanalari Allayoron tog’idan asta-sekin vodiyga tushib, ko’chalar va uylarda uzoq davom etadi. Navro’z kishilar qalbida bir yilga yorqin taassurot, tetiklik qoldiradi. Navro’z bayramidan keyin kishilar yashargan, kuch-quvvatga to’lgan holda ishga kirishadilar.

Mustaqillikning dastlabki yillarida O’zbekistonning turli tumanlarida o’tkazilgan Navro’z bayrami tantanalarida turli an’analar, o’ziga xos xususiyatlar borligi seziladi. Ammo barcha joyda ayni shu bayramga xos umumiy jihatlar mavjudligi ham aniq bilinadi. Ularni umumlashtirsa, Navro’zni quyidagi tartibda o’tkazilgani ayon bo’ladi:

  1. Navro’z bayramining tantanali ochilish marosimi va katta bayram tomoshasi.
  2. Xalq sayli: ko’riklar, musobaqalar, tomoshalar va hokazo.
  3. Navro’z bayrami ko’rik musobaqalari g’oliblarini taqdirlash marisimi.

Navro’zni tiklash jarayonida uni tashkil qilish tajribasi ham vujudga keldi. Bayramga tayyorgarlik ko’rishdan oldin tashkiliy qo’mita tuziladi, uning bevosita tashkilotchisi va har bir ish uchun javobgar shaxslar tayinlanadi. Tashkiliy qo’mita bayramga tayyorgarlik ishlarini olib borisha jarayonida qishloqlar, shahar mavzelari va kochalari, turarjoylar, uylar, hovlilar o’rtasida obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish boyicha tanlov o’tkazadi.

Navro’z go’zallik, tabiat va mehnat bayrami bo’lgani uchun ochiq havoda, tabiat qo’nida, ya’ni madaniyat va istirohat bog’lari, yirik maydonlar, stadionlar, otchoparlar, dam olish zonalari, sayilgohlarda o’tkaziladi.

I qism. Bahor sayri – Navro’z bayrami o’tkaziladigan aholi punkti bayramona bezatiladi. Ertalabdan bayroqlar, shiorlar va gullar bilan bezatilgan bir necha ochiq mashina ko’chalar bo’lylab yura boshlaydi. Birinchi mashinada karnay-surnay sadolari yangrab, u katta xalq bayrami boshlanishi haqida “xabar” berib boradi.

Ikkinchi mashinada Navro’z malikasi – “Bahorxonim”, bayramning ramziy qahramonlari: “Navrozbobo” (yoki “Bobodehqon”), “Momoyer”, “Paxtaoy”, “Hosiljon” va bayram ruhiga mos liboslar kiygan yosh yigit-qizlar aholini bayram bilan olqishlab boradilar. Ularning ko’chalaridan bu tarzda tantanali o’tishi o’lkaga bahor kelgani va yangi hosil mavsumi boshlanishidan darak beradi.

Uchinchi mashinada esa mehnat ilg’orlari, faxriylar, badiiy havaskorlik jamoalari qatnashchilari, bayramona kiyingan yigit-qizlar barchani bahor bilan qutlab o’tadilar. Kichik aholi punktlarida bayram sayri mashinalarsiz, piyoda o’ziga xos namoyish shaklida o’tadi.

II qism. Bayramning asosiy tadbiri o’tkaziladigan joy g’oyaviy-ramziy va estetik jihatdan nafis bezatiladi. To’rda “Bahorxonim”ga mo’ljallangan (endi ochilayotgan “g’uncha”ni eslatib turadigan) katta ramziy “taxt” yasatilib, uning ikki yoniga tabiat va bog’lar go’zalliklarini aks ettiruvchi badiiy-ramziy tasvirlar, chiroyli gullar o’rnatiladi.

Tadbir o’tkaziladigan joyda ertalabdan radio karnaylardan tabiat go’zalligini, bahor faslini, mehnatni madh etuvchi she’rlar, kuy va qo’shiqlar taralib turadi. Tantana boshlanishidan oldin esa o’zbek odatiga muvofiq karnay-surnay sadolari barchani anjuman bo’ladigan joyga chorlab, bayram kayfiyatini yaratib turadi.

Navro’z bayramining asosiy marosim-tadbiri mahalliy sharoit imkoniyatlari, bayramni o’tkazish joyi, aholining qiziqishi, xalq talantlarining qobiliyati va hokazolar asosida turlicha o’tkaziladi. Bayramni tashkiliy qo’mita raisi ochib, davraga “Bahorxonim” taklif etiladi. Tashkiliy qo’mita raisi “Bahor fasli” kuyi sadolari ostida “Bahorxonim”ga “Bayram malikasi tojini” kiydiradi va uni davra to’ridagi “taxt”ga o’tkazishadi (bu bahor fasli o’z hukmini boshladi deganidir). So’ng bayram mushoirasi o’tkazilib, unda avval sharq va o’zbek mumtoz shoirlarining Navro’zga, bahorga bag’ishlangan she’rlari yangraydi. Keyin mahalliy shoirlar o’zlarining tabiat, bahor bayramlari, mehnat to’g’risidagi she’rlarini o’qishadi. Mushoira kuy-qo’shiqlarga ulanib ketadi. “Bahorxonim” davraga “Navro’z bobo” (“Bobodehqon”) va “Momoyer”ni taklif etadi. Ular barchani bayram bilan tabriklab, yaxshi tilaklar bildirishadi. “Navro’z tabassumi” epizodida Nasriddin Afandi va qiziqchilar latifa aytib, askiya qilishadi. Keyin “Bahorxonim” inson umri haqida so’zlab, chaqaloqlarga ism qo’yadi, yangi kelin-kuyovlarni qutlaydi va oltin to’ylarini o’tkazayotgan qariyalarni sharaflaydi. So’ng “Bahorxonim” o’z istaklarini quyidagicha bildiradi: “Navro’z bayrami yangi bahorni kutib olish bilan birga tabiat go’zalliklarini e’zozlash, saqlash, boyitish, o’lkani gulzorlarga aylantirish, yangi mehnat mavsumini boshlashni nishonlash bayramiga aylanmoqda. Navro’z bayramidagi an’analarini qo’llab, quvvatlamoq va rivojlatirmoq kerak.

Birinchi istagim: bugungi bayramda o’z ijodi va qobiliyatini namoyish qilsin! Tabiatsevarlar o’zlarining o’simlik va hayvonot dunyosining noyob va go’zal turlarini saqlash va ko’paytirishdagi faoliyatini barchaga ko’rsatsin. Bahor saylida xalq badiiy ijodi, xalq amaliy bezak san’atida, xalq pazandachilik bobida va bahor taomlari tayyorlashda kim nimaga qodir bo’lsa, o’shani namoyish qilsin. Xullas, har bir odam bayramda tomoshabin emas, balki faol qatnashchiga aylansin!

Ikkinchi istagim: Navro’z bayramida boshlangan shodlik, xursandchilik yil bo’yi davom etsin! Bayram kunida odamlar avvalgi gina-quduratlarini unutishsin! Hamma bir-biri bilan do’st, birodar bo’lsin! O’zaro yordam va mehru oqibat hamisha barqaror bo’lsin!

Uchinchi istagim: bugungi bayramdan so’ng, yangi hosil mavsumi boshlanadi. Paxtakoru-g’allakor, bog’bonu-pillakor, sabzavotkoru-chorvador – barcha-barchaning ishiga rivoj bersin! Hammasning kuchiga-kuch qo’shilib, ishlari unumli bo’lsin! Ko’chalarimiz, bog’larimiz obod, ko’rkam bo’lsin. Har bir kishi bittadan daraxt ko’chati o’tqazsin! Barcha tabiat go’zalliklari, boyliklar, eng noyob va go’zal turlarini asrab-avaylasin! Dunyoda tinchlik, osoyishtalik barqaror bo’lishi uchun har bir kishi o’z hissasini qo’shsin”.

“Navro’zi ajam” kuyi yangraydi. Bahorxonim va bayram boshqaruvchilari barchani xalq sayliga taklif etadi.

III qism. Xalq saylida har kim o’ziga yoqqan tomosha, ko’rik, musobaqa, qiziqarli o’yinlarda qatnashishi mumkin va ular uchun maxsus joylar tayyorlangan bo’ladi. Bir joyda bayram ko’rgazmalari, ko’rik-konkurslari; 2-joyda – dor o’yini, polvonlar musobaqalari; 3-joyda – askiyachi, qiziqchilar chiqishi, teatr tomoshalari; 4-joyda – badiiy havaskorlik jamoalari, folklor-etnografik ansambllar konsertlari; 5-joyda – sport musobaqalari (kurash, poyga, chavandozlik) kabilarni uyushtirish mumkin. Navro’z saylining barcha tadbirlari tabiat, bahor, mehnat, muhabbat, do’stlik mavzulariga bag’ishlanishi lozimdir.

Navro’z tadbirlari ichida daraxt ko’chati o’tqazish marosimiga alohida e’tibor beriladi. Xalq saylining tarkibiy qismi sifatida o’tkir zehnlilar musobaqasi, “bahor liboslari” – moda namoyhishi, “ko’klam taomlari” (ko’k osh, ko’k chuchvara, ko’k somsa, yalpiz, ismaloq, qoqi kabi dorivor o’simliklardan tayyorlangan salatlar) tayyorlash borasida ko’rik tanlovlar o’tkaziladi.

Toshkent shahar sayilgohida “Bahor” bayramida o’zbek pazandachilik, nonvoylik, qandolatchilik ustalari san’ati bo’yicha ko’riklar o’tkaziladi. Shuningdek, meva va qovun-tarvuzlarini bahorgacha saqlagan dehqonlarning mehnati natijalari namoyish qilinadi. Albatta, lazzatli, to’yimli va sevimli an’anaviy taom- sumalak Navro’z bayramining o’ziga xos ko’rki sifatida namoyish etiladi. Sumalakni tayyorlash uchun 2-3 kun oldin ish boshlanib, sumalak pishiruvchilar ko’rigi o’tkaziladi.

Bahor saylida kun bo’yi umumiy ovqatlanish, savdo, maishiy xizmat ko’rsatish korxonalari xizmatda bo’ladi. Radiokarnaydan bayram qanday o’tkazilayotganligi, sodir bo’layotgan voqealar haqida reportajlar berib boriladi. Bahor bayramining kechki dasturida qiziqarli o’yinlar, raqs kechalari, teatrlashtirilgan karnaval kasb tadbirlar bo’ladi.

IV qism. Navro’z bayrami tanlovlari g’oliblarini taqdirlash marosimi. Tantana oxirida “Bahorxonim”, “Momoyer”, “Navro’z bobo”, “Hosiljon”, “Paxtaoy”, “Bobodehqon”, Nasriddin va hay’at a’zolari Navro’z bayrami tadbirlariga yakun yasashadi. Unda tashkiliy qo’mita raisi bayramni uyushtirish jarayoni haqida qisqacha hisobot beradi. Tanlov hay’ati turarjoylardagi obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish tanlovi g’oliblariga “eng ozoda hovli”, “eng ozoda ko’cha”, “eng toza mahalla” kabi mukofotlar topshiradi. Barcha g’oliblarga “Bahorxonim” diplomlar, faxriy yorliqlar va esdalik sovg’alari beradi. G’oliblarga bag’ishlangan kuy va qo’shiqlar ijro etiladi.

Shunday qilib, XX asr 90-yillarida Navro’zning tiklanishi umumxalq bayramiga aylanadi va har yili keng nishonlana boshlandi.

счетчик посещений