Mustaqillikning o’ziga xos xususiyatlari va buyuk tarixiy o’zgarishlar

Birinchidan. Mustaqillikni tiklash uchun kurash 1989-1991 yillarda namoyon bo’lib siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy sohalarda bosqichma-bosqich muhim choralar amalga oshirilib borildi.

Mustaqillik sharofati ila millat davlat, milliy boshqaruv tizimi va milliy qo’shin tuzildi. Bularning o’ziga xos xususiyatlari shundan iboratki, tariximizda birinchi marotaba jahon andozalari asosida tashkil etildi. Boshqaruv tizimining yuqori bosqichiga ko’tarildi. Davlatni Konstitutsiyaga rioya qilgan holda boshqarish, qonun ustuvorligi va jamiyatni demokratlashtirishga qaratilgan choralar ham mustaqillikning xususiyatlarini anglatadi. Bu borada parlamentni, bayroqni, gerb va madhiyani joriy etishi alohida ahamiyat kasb etadi. Tariximizda hech qachon hozirgidek tashqi aloqalar rivojlangan emas. Endilikda O’zbekistonda o’nlab xorijiy mamlakatlarning elchixonalari faoliyat ko’rsatmoqda. O’z navbatida O’zbekiston elchixonalari ko’p chet el mamlakatlarda ochildi. O’tmish zamonlarda o’zbek diplomatiyasi hozirgidek yuqori bosqichga ko’tarilmagan edi.

O’zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo qilinishi butun tariximiz davomida birinchi hodisadir.

Ikkinchidan. O’zbekistonda 70 yildan ortiq uzilishdan so’ng xususiy mulkchilikka, erkin bozor va ishbilarmonlikka asoslangan tamomila yangi jamiyat tizimi bunyod etildi. U o’z hududidagi yerlar, suvlat, turli-tuman boyliklar va umuman tabiatdagi barcha mavjudotning chinakam egasi bo’lib qoldi. Bu iqtisodiyotdagi tub o’zgarishlardan biri hisoblandi. Endilikda yer va boyliklar respublika va xalning mulki bo’ldi. Iqtisodiyotdagi eng muhim yana bir tub o’zgarishlardan biri iqtisodiyotni mafkuradan batamom holi qilinishida o’z aksini topdi. Keyingi tub o’zgarish mulkchilikning yangi shakllarini vujudga keltirib sanoatni, savdoni, maishiy xizmat korxonalarini va uy-joylarni xususiylashtirishdan va davlat tasarrufidan chiqarishdan iborat bo’ldi.

Iqtisodiyotdagi o’zgarishlar “paxta vasvasasi” yo’q qilinishida ham namoyon bo’ldi. Ma’lumki sovet davrida avjiga mindirilgan “paxta yakkahokimligi” mustamlakachilik siyosati, zulm, turli-tuman ofat va azob-uqubatlarning uyasi hisoblangan. Hozirgi iqtisodiyotni sog’lomlashtirishda paxtachilikning qisqartirilayotganligi, g’allachilik, bog’dorchilik va sabzavotchilikning o’sayotganligi muhim o’rin egallamoqda. Sanoat sohasida ham salmoqli o’zgarishlar ko’zga tashlanmoqda. Chunonchi, ularda jahon andozasiga mos tushadigan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga erishilmoqda.

Xorijiy mamlakatlarning vakillari bilan qo’shma korxonalarni tashkil qilinishi ham yangilikdir. Respublikada qo’shma korxonalarning soni 4 mingga yaqinlashib bormoqda. Avtomobilsozlik, oltin, neft va boshqa sanoat tarmoqlari qurilishi respublika sanoatini katta yangiliklar bilan boyitdi va takomillashtirdi. G’alla, neft mustaqilligini tiklash bo’yicha olib borilayotgan ishlar o’z samarasini bermoqda. Qishloqlarni sanoatlashtirish bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham iqtisodiy hayotning eng muhim yangiliklaridan biridi. Ular dehqonlarni ish bilan ta’minlashga va turmush darajasini ko’tarishga ijobiy ta’sir ko’rsatmoqda. Hozirda xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalar respublikaning qo’lida. Iqtisodiy va diplomatik aloqalar erkinlashtirilishi va huquqiy negizlar yaratilishi orqasida O’zbekistonning jahon bozoridagi mavqei o’smoqda.

Mustaqillik yillarida shakllantirilgan yangi iqtisodiy tizimnign mohiyati va yo’nalishi O’zbekistonni xom ashyo manbai va tayyor mahsulotlar bozori bo’lib qolishidan tamomila holi etishdan iboratdir.

Uchinchidan, ma’naviy hayotda ham tub o’zgarishlar ko’zga tashlandi. Men bu masala bo’yicha so’z yuritilganida birinchi galda kommunistik g’oyalardan darhol voz kechilganini nazarda tutmoqdaman. Haqiqatan ham bu g’oyaning uloqtirib tashlanishi ma’naviy hayotdagi muhim inqilobiy o’zgarishlar. Tarixan shakllangan, lekin ilgari oyoqosti qilingan milliy an’analarga, udumlarga, qadriyatlarga va madaniy meroslarga jon kirgizildi.

O’zbeklar o’tmish tarixi, buyuk olimu-fozillari, davlat arboblariyu din peshvolari bilan g’ururlanish va faxrlanish imkoniga ega bo’ldilar. Milliy odob-axloq, insonparvarlik, vatanga sodiqlik singari fazilatlar o’z kuch-qudratini ko’rsatmoqda.

Respublikada vijdon va din erkinligining tiklanishi, ko’plab masjid va madrasalarning qurilishi hamda “ziyoratgoh” joylarning ta’mirlanishi ham ma’naviy hayotda muhim yangiliklarni yuzaga keltirdi. Sovet davridagi dinsiz jamiyat o’rniga dinli jamiyat tashkil topishi ma’naviy hayotning tub o’zgarishlaridan biri bo’ldi. Ijtimoiy fanlar sohasida, jumladan, tarix, adabiyot va san’atda milliy his-tuyg’ularning, ozodlik va vatanga sodiqlikni madh etuvchi, tarixiy shaxslarni faoliyatini ko’rsatuvchi asarlar chop etilmoqda. Sovet davrida bunday qilish taqiqlangan bo’lib, ozodlik jarchilari “millatchilar” va “xalq dushmanlari” deb qoralangan va jazolangan.

Matbuot, radio va televideniye milliy ruh va umummilliy manfaatlar asosida rivoj topmoqda.

Umuman olganda, 1991 yil 31 avgustdagi tarixiy voqea quyidagi o’ziga xos va mos xususiyatlarga egadir.

Birinchidan, yuqorida sharhlangan sovet davri va mustaqillik yillaridagi ikki xildagi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy tuzumlar bir-birlariga solishtirilsa, yer bilan osmonchalik keskin farqi mavjud. Ularning birinchi qonlarga va azobu uqubatlarga belangan bo’lib xususiy mulksiz va dinsiz jamiyat hamda mustamlakachilik va milliy zulmni tashkil etgan, ikkinchisi esa qullik va manqurtlik zanjirlarini parchalab, mustaqillik va ozodlikni tiklab, xususiy mulkchilik erkin bozor va ishbilarmonlikni, dinni va milliy ma’naviyatni rivojlantirayotgan hayotni tashkil etmoqda. Shuningdek sovet quldorlik davlatining o’rniga tamomila yangi siyosiy milliy boshqaruv tizimi, ya’ni mustaqil o’zbek davlati bunyod qilindi. Sho’ro tuzumi bamisoli borliqni yondirib kulga aylantirilgan bo’lsa, milliy tuzum va davlat suv kabi hayot chashmasi bo’lmoqda.

Shunday qilib, mustaqillik o’rnatilgan kundan O’zbekistonda tub o’zgarishlar sodir bo’lmoqda. Shu bois men o’sha kunni ismi jismiga monand ravishda “31 avgust inqilobi” deb baholadim. Chunki inqilob (revolyutsiya)ning asl ma’nosi tub o’zgarish demakdir. Uning bu xususiyatini kundalik hayotimizda yaqqol ko’rib turibmiz.

Sho’rolar davrida inqilobiy harakat va o’zgarish ma’nosida ko’proq qurolli to’ntarish, so’ngra xususiy mulkchilikni yo’q qilish asosida jamiyatni ostin-ustin qilish va totalitar siyosatni yurgizish tushunilgan. Bunday sinfiy ziddiyatlar va shavqatsiz kurashlarga asoslangan inqilobning g’ayritabiiy, ya’ni vahshiy xilidir, xolos. Pirovardida imperiya qulashining sababi ham xuddi shunda bo’lganligini unutmaslik kerak. Aslida inqilobiy o’zgarishlarning eng to’g’ri va samarali yo’li islohotlarni evolyutsion tarzda izchillik bilan amalga oshirishdan iborat bo’lib chiqdi. Buning qanchalik to’g’riligini ilg’or jahon davlatlari, shu kunlarda esa O’zbekiston misolida ko’rish mumkin.

Ikkinchidan, 31 avgust voqeasi dabdabali namoyishlar va to’s-to’polonlar bilan emas, balki mazlum xalqning maqsadlari mahsuli sifatida Islom Karimovning tashabbusi va amaliy choralari tufayli yuqoridan pastga yo’naltirildi. Bordi-yu ozodlik kurashi hukm surayotgan mustabid davlat bilan to’qnashib, hokimiyatni egallasa, u vaqtda kurash pastdan boshlanib, yuqoriga yo’naltirilgan bo’lardi… Agar hokimiyat vakillarining tashabbusi bilan ish yuritilsa, u vaqtda kurash yuqoridan pastga yo’naltiriladi. Xuddi mana shunday tarzda O’zbekiston mustaqilligi tiklandi. Bunda xalqning ham, Islom Karimovning ham qalbidagi ozodlik g’oyalari bir-birlari bilan qorishib va chatishib ketib, umumillt manfaatlarini ifoda etuvchi qudratli to’lqin va kuchga aylandi. Demak, 31 avgust inqilobining xususiyatlaridan biri uni yuqoridan pastga yo’nalishida o’z ifodasini topdi. Uning yana bir xususiyati “bir tomchi qonsiz” amalga oshirilishida namoyon bo’di. Inqilobning bunday qurbonsiz va talofatlarsiz sodir bo’lishida Prezident Islom Karimov hal qiluvchi o’rinni egalladi. Agar u mustaqillikni xohlamaganda, unga qarshi harbiy kuchni ishlatib, qonli to’qnashuvlarni uyushtirish imkoniga ega edi. Aksincha, bunga yo’l qo’ymaslik choralarini ko’rish bilan birga, shaxsan Islom Karimov mustaqillik uchun kurashning boshida turdi. Ma’lumki, Toshkent shahri O’rta Osiyoning siyosiy jihatdan eng qaynoq o’chog’i hisoblanib kelgan. Bu yerda qizil imperiyaning tarafdorlarining kuchlari yetarli darajada bo’lib, o’ylamay bosilgan har bir qadam to’qnashuvlarga sabab bo’lishi mumkin edi. Ammo Prezident Islom Karimov shu darajada ustalik bilan harakat qildiki, mustaqillik bamisoli “hamirdan qil sug’urgandek” tiklandi. Bunga erishish katta qiyinchiliklar va to’siqlarni yengishni, kurashni talab qilgan, albatta.

Uchinchidan, 31 avgust inqilobining muhim xususiyatlariga uning butun ittifoqdosh respublikalar orasida birinchilardan bo’lib sodir bo’lganligini kiritish mumkin. Bu misli ko’rilmagan jasorat, mardlik, erksevarlik va mustaqillik namunalari respublikalarni hayratlantirgani va ruhlantirgani hamon yodimizdadir. 31 avgust inqilobi ko’p respublikalarni bosh ko’tarishga va mustaqillikni tiklashga da’vat etgan muhim voqea hisoblandi.

Shuningdek, 31 avgust inqilobining mahsuli bo’lmish tamomila yangi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy tuzumning mohiyati va yo’nalishi bo’yicha ham boshqa respublikalarga ibrat bo’ldi. Xususn, O’zbekistonda birinchi bo’lib yangi konstitutsiyani, bayroqni, gerbni, madhiyani va milliy pulni joriy etilishining ta’sirini ona tiliga davlat maqomini berishda, milliy qo’shin tashkil etishda, siyosiy iqtisodiy va ma’naviy islohotlarni amalga oshirishda oldingi safda borildi.

Bular bilan men O’zbekistonni ulug’lamoqchi yoki ko’klarga ko’tarmoqchi emasman. Ammo, tarixiy harakatni anglatmoqchiman, xolos.

To’rtinchidan, 31 avgust voqeasi favquloddagi bir hodisa bo’lmay, o’zbek xalqining o’tmishdagi chor hukumati va sovet davlatiga qarshi olib borgan kurashlarning yakunlovchi bosqichi hisoblandi. Nihoyat, ota-bobolarmizning ozodlik kurashlarda daryo kabi oqqan qonlari va mislsiz talofatlari behudaga ketmay, o’z samarasini berdi. Vaqti-soati kelib xalqning yuragi v qalbidagi ozodlik g’oyalari vulqon kabi otilib chiqib, asriy orzular ushaldi. Shu ravishda 31 avgust inqilobining xususiyatlari haqida fikr yuritilganda, uning tarixan shakllangan zamini ya’ni ildizlari mavjudligini inobatga olish lozim. Ma’lumki, O’zbekistonda xususiy mulkchilikka asoslangan jamiyat ilk bor salkam uch ming yil burun ibtidoiy jamiyatdan so’ng paydo bo’lgan edi. O’sha qadim zamondan to sovet davrigacha kechgan vaqtda ichida xususiy mulkchilik, erkin bozor va ishbilarmonlik rivojlanib boraverdi. 1991 yil 31 avgustda mustaqillik tiklangach esa o’zbek xalqi tarixida 70 yillik uzilishdan so’ng ikkinchi bor bozor munosabatlari va xususiy mulkchilikka asoslangan jamiyat barpo etish jarayoni boshlandi. Bu tub inqilobiy o’zgarish ham 31 avgust voqeasining xususiyatini ifoda etadi.

31 avgustda shunday buyuk voqea sodir bo’ldiki, uning ahamiyati beqiyos kattadir. Bu ulug’ kunda va ayni paytda juda xavf-xatarli kezlarda yurtboshimiz jasorat va qahramonlik namunalarini ko’rsatib o’z vatani va xalqiga cheksiz xizmat qildi.

Prezident Islom Karimov mustaqil o’zbek davlatining asoschisi va buyuk davlat arbobi sifatida tarix sahifalariga bitildi.

Xo’sh, bizga mustaqillik nimalarni berdi? Biz kim edik va kim bo’ldik? Sovet davrida milliy davlat, milliy g’oya, siyosiy va insoniy huquqlar, xususiy mulkchilik, moddiy va ma’naviy boylik hamda milliy turmush tarzidan mahrum etilgan qullar bo’lganmiz. Bizlar davlatning jonli mulki hisoblanib, unga sig’inish, sajda qilish va baralla olqishlashga majbur bo’lgan. Qadr-qimmatimiz xo’rlangan, haq-huquqsiz va dinsiz jamiyatda yashagan edik. Misli ko’rilmagan qonli qatag’onlarni, qamoq va surgunlarni, nazorat va ta’qiblarni boshdan kechirgan odamlar edik. Tashqi dunyodan mahrum etilib, “temir panjara” ichida yashagan kishilar bo’lganmiz.

Endi kim bo’ldik? Mustaqillik sharofati ila quldorlik tuzumining ildiziga bolta urilib, milliy davlat, milliy qo’shin, milliy g’oya, siyosiy va insoniy huquqlarning chinakam egasi bo’ldik. “Og’zimizdagi qulf” va “oyog’imizdagi kishanlar” uloqtirilib, ozodlik va erkinlik yuzini ko’rdik. Hozirda biz boshini egib va qaddini bukib xavotirlik va vahimada yashayotgan odamlar emasmiz. Aksincha, milliy his-tuyg’ulari, siyosiy ongi va siyosiy faoliyati jo’sh urayotgan insonlarmiz. Tarixan qisqa vaqt ichida xususiy mulkchilik va erkin bozorga asoslangan tamomila yangi tuzumni bunyod etgan odamlarmiz. Milliy turmush tarzi va islom dinini tiklagan va rivojlantirgan, taraqqiyot va farovon hayot uchun kurashayotgan kimsalarmiz, Hozirda bizlar buyuk o’tmish tariximizni qadrlab va jahon uzra taratib, olamshumul ahamiyatga molik ko’p asrli madaniyatimizga jon bag’ishlagan kishilarmiz. Ota-bobolar va ajdodlarimizning nomlarini abadiylashtirayotgan zotlarmiz. Asrlar mobaynida ko’rmagan va bilmagn demokratiyani turmushga tatbiq etib, huquqiy davlatni bunyod etgan xalqmiz. O’zbek ismimiz jismimizga moslashib, uning o’ziga o’zi  bek ma’nosi ozodlikning ramzi sifatida jaranglab turibdi. Nihoyat bizlar jahon davrasida munosib o’rinni egallab, vatanimiz bayrog’i yer kurrasida xilpillab turibdi. Gerb va madhiyamiz ham dunyo ahliga tanildi. O’zbek diplomatiyasi shakllantirilib ko’p xoirijiy mamlakatlar bilan aloqalar rivojlanib ketdi. Shunday qilib o’zbeklar mustaqillik va ozodlikning gashtini surib, baxtli-saodatli hayotga erishdi.

счетчик посещений