Muhammad Jahongir Mirzo

U Amir Temur sohibqironning katta o’g’li bo’lib, u 1356 yilda tug’ilgan. Xondamirning bergan ma’lumotiga ko’ra, uning onasi Turmush Og’odir.

Jahongir Mirzo otasi Temurga o’xshab bir so’zli, qat’iyatli va jasur bo’lgan. U yosh bo’shligiga qaramay, harbiy ilmdan yaxshigina xabardor bo’lib,otasi Amir Temurning harbiy yurishlarida o’ziga topshirilgan qo’shin qismlariga mohirona boshchilik qilgan.

Amir Temur Sharqiy Turkiston (Mo’g’uliston)ga qarshi qilgan yurishlarining (1370-1376) uchtasida, shuningdek Xorazmga qilgan yurishlarida Jahongir Mirzo faol qatnashadi. Sohibqiron jangda yengilib qochgan amir Qamariddining izidan ta’qib etishni Jahongir Mirzoga topshiradi.

1373 yilda Jahongir Mirzo Xorazm shohi Husayn So’fining qizi Sevin bekani (keyinchalik Xonzoda begim nomi bilan mashhur bo’ladi) o’z nikohiga oladi. Xonzoda begim O’zbekxonning nabirasi edi.

1374 yilda Jahongir Mirzo Ilyos Yasuriyning qizi Baxt Mulk Og’oga uylanadi. Undan tug’ilgan o’g’ilga Pir Muhammad Mirzo deb ism qo’yishadi. Ammo Jahongir Mirzo 1376 yilda 20 yoshida kasal bo’lib vafot etadi.

Temur o’z o’g’illari orasida Jahongirga alohida e’timoq qo’ygan edi. U Jahongirni yaxshi ko’rar va kelajakda o’z taxtini vorisi deb bilardi.

XONZODA (SEVIN BEKA) BEGIM 1371 yilda Amir Temur Xorazmga qo’shin tortib, Husayn So’fi bilan Xorazm yonida jang qiladi. Jangda Husayn So’fi yengilib, shahar qal’asiga kirib jon saqlaydi. Amir Temur Xorazm atrofidagi yerlarni zabt etib, shaharni qamal qiladi. Qamal asnosida Xorazm hukmdori Husayn So’fi 1372 yil 5 yanvar kuni vafot etadi. Shundan so’ng Xorazm taxtiga o’tirgan Yusuf So’fi Amir Temur bilan bitim tuzadi. Bitimga muvofiq Yusuf So’fi jiyani Xonzoda (Sevin beka) begimni Amir Temurning o’g’li Jahongir Mirzoga xotinlikka berishga rozi bo’ladi. Amir Temur esa shaharni qamaldan ozod qilib, qaytib ketadi.

Xonzoda begim O’zbekxonimning nabirasi, ya’ni xon avlodidan edi. 1373 yilda Amir Temur buyrug’iga binoan, Xonzoda begim Xorazmdan maxsus mahofa bilan kelinib, Samarqandda Konigilda katta to’y-tomoshalar bilan Jahngir Mirzoga nikohlanadi.

Xonzoda begim Jahongir Mirzodan bir o’g’il tug’adi. Ismini Muhammad Sulton Mirzo deb ataydilar. Biroq, 777/1376 yilda Jahongir Mirzo vafot etib, yosh malika Xonzoda begim beva qoladi. Ammo qandaydir sabablarga ko’ra, Amir Temur Xonzoda begimni qo’ldan chiqarmaslikka harakat qilgan. Zamona tarixchilarining bergan ma’lumotlariga qaraganda, Amir Temur kelini Xonzoda begimni nihoyat darajada hurmat qilgan va uning ra’yiga qaragan. Balki Xonzoda begim O’zbekxon avlodidan bo’lganligi uchundir. Biroq tarixchilarning hamjihatlik bilan guvojlik berishlaricha, Xonzoda begimning o’tkir zehni, aqli-farosati hamda tadbirkorligi Amir Temurni ham o’ziga rom etganididadir.

Amir Temur avvalo Xonzoda begimni qo’ldan chiqarmaslikka harakat qilgan bo’lsa, ikkinchidan o’zbek urug’ va qabilalarida qadimdan urf-odat tusiga kirib kelayotgan rasmni qo’llagan, ya’ni o’lgan akaning bevasining kichik ukasiga nikoh qilish rusumiga binoan ish tutgan. Binobarin, Amir Temur 1383 yilda Xonzoda begimni uchinchi o’g’li Mironshohga nikohlab beradi. Xonzoda begim Mironshohga nikohlab beradi. Xonzoda begim Mironshohdan bir o’g’il tug’adi. Ismini Xalil Sulton Mirzo deb ataydilar.

1407 yilda Xonzoda begim Makkatullo ziyoratiga ketadi. Baytulloh ziyoratidan qaytgacha, Abdurazzod Samarqandiyning ma’lumotiga qaraganda, o’g’li Xalil Sulton Mirzoning o’limidan bir necha kun ilgariroq, ya’ni 1411 yil 3 noyabrda Tusda vafot qiladi.

MUHAMMAD SULTON MIRZO Jahongir Mirzoning katta o’g’li edi. U 1376 yilda Xoramz hukmdori Yusuf So’fining qizi – Xonzoda (Sevin beka) begimdan tug’ilgan edi.

Amir Temur suyukli o’g’li Jahongir Mirzo vafotidan so’ng, o’zining barcha orzu-umidlarini Muhammad Sulton Mirzoga bog’lab, unga e’timod qo’ydi. O’zidan so’ng taxt-tojning yagona vorisi deb bilardi.

Darhaqiqat, Muhammad Sulton Mirzo bobosi Amir Temurga o’xshab jasoratli, qat’iyatli, zukko, dushmanga nisbatan shafqatsiz, dovyurak jangchi edi. Shuningdek, u saltanat ishiga ozgina bo’lsa-da, ziyon yetkazgan kishini, u kim bo’lishidan qat’i nazar, o’z avlodidan bo’lsa ham ayab o’tirmas, aksincha shafqatsiz ravishda jazolardi.

1399 yilda Amir Temur navbatdagi harbiy yurishga ketayotib, Samarqand hukmronligini 23 yoshli Muhammad Sulton Mirzoga topshirib ketadi.

Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, 1399/1400 yil qish faslida Muhammad Sulton Mirzo bilan Farg’ona hokimi Iskandar Mirzo o’rtasida nizo chiqadi. Muhammad Sulton Mirzo o’z amakivachchasi 16 yashar Iskandar Mirzoni Samarqandga chorlab keltirib, avaxtaga tashlatadi. Iskandar Mirzo bilan birga 26 nafar navkari hamda shahzodaning otabegisini qatl qildiradi.

Musaviyning hikoya qilishicha, keyinchalik Amir Temur Samarqandga qaytib kelgach, shahzodalar orasida vujudga kelgan nizoni tekshirib ko’radi va Muhammad Sulton Mirzoning qilgan ishini nohaq deb topadi. Binobarin, Iskandar Mirzoni avaxtadan ozod qilib, undan tortib olingan barcha mollarni qaytarib berishga amr qiladi.

1401 yil mart oyida Amir Temur Damashq (Suriya)da turarkan, nabirasi Muhammad Sulton Mirzoga sobiq Xulaguxon tasarrufida bo’lgan viloyatlarni (Iroq yoki shimoli-g’arbiy Eron) boshqarish haqida farmon yuboradi. Natijada, 1401 yil noyabr oyida bobo bilan nabira Qorabog’da uchrashadilar.

1402 yilda Amir Temurning Kichik Osiyoga – Boyazid Yildirim (Yashin)ga qarshi yurishida Muhammad Sulton Mirzo faol qatnashadi. U hatto Kichik Osiyoning g’arbiy qirg’og’igacha boradi. Biroq u yerdan qaytayotganda shamollab, 1403 yil 12 martda Qora Hisor mavzeida 27 yoshida vafot etadi. Muhammad Sulton Mirzoning jasadi Oqshaharga jo’natiladi.

Muhammad Sulton Mirzoning vafoti o’rdugohni larzaga keltiradi. Amir Temur suyukli nabirasi vafotidan qattiq qayg’uradi. Barcha qo’shinlar qora va ko’k libosga burkanadi. Hatto oq ot minish ham man’ etiladi. Har kuni tong saharda yig’i bilan ta’ziya boshlanib, kechqurun yana yig’i bilan xotimalanardi. Mazkur tarbir bir necha kun davom etadi. Nihoyat, lashkarboshilarning tasalli berishlari vositasi-la, bir necha kundan so’ng sohibqiron ta’ziyani to’xtatadi.

Muhammad Sulton Mirzoning jasadi solingan tobutni Oqshahardan taxtiravonga qo’yib, 200 otliq askar muhofazasida Orzurum viloyatiga jo’natiladi. U yerda jasadni yangi tobutga solib, muvaffaqt dafn etish uchun Sultoniyaga jo’natiladi. Eski tobut esa Oniq shaharchasida qoldiriladi. Amir Temur Oniq shahriga kelgach, valiahd shahzodaga qaytadan ta’ziya ochiladi. Bu ta’ziyaga Sultoniyadan, Tabriz, Qazvin va boshqa shaharlardan shahzodalar, malikalar, sayidlar va ulamolar keladilar. Marhum shahzodaning onasi Xonzoda begim (Sevin beka) ham Sultoniyadan yetib keladi. Mazkur eski tobutni olib kelinadi va hamma ishtirokchilar tobut atrofida nola-fig’on qiladilar. Hamma qaytadan qora va ko’k libosga o’raladi. Ta’ziya maydoniga marhum shahzodaning katta nog’orasi (kovurgo-jang nog’orasi) ni olib keladilar. Shu asnoda barcha shahzodalar, malikalar, beklar va jangchilar ovoz chiqarib yig’laydilar. Shundan so’ng nog’orani tilimlab kesib, mayda-mayda bo’laklarga bo’lib tashlaydilar. Ta’ziya tugagach, yana qora kiyimlarni yechishga ijozat beriladi.

1404 il mart oyida marhum Muhammad Sulton Mirzo vafotining bir yillik marosimi Araks daryosi yaqinida Qorabog’da o’tkaziladi. Chunki shu payda Amir Temur Qorabog’da edi. Bu yerga marhum shahzodaning xotirasi uchun barcha shahzoda va malikalar, beklar, ulamolar yig’iladilar. Bu safar ta’ziyada yig’i-sig’i qilinmay, kelganlarga osh-suv berilgach, hatmi qur’on bilan marosim tugaydi. Marhum shahzodaning onasi Xonzoda begimga Sultoniyaga borib, Muhammad Sulton Mirzoning jasadini muvaqqat dahmadan olib, Samarqandga ko’chirishga ijozat beriladi.

Sharafuddin Ali Yazdiyning bergan ma’lumotiga ko’ra, Muhammad Sulton Mirzoning hoki Samarqanddagi marhumning madrasassi yonidagi maqbaraga dafn qilinadi. Klavixoning yozishicha, 1404 yilning iyul oyida Amir Temur safardan qaytib kelib, shahar chetidagi “Chinorli bog’”ga tushadi va u yerdan Muhammad Sulton Mirzo madrasasiga “marhum nevarasining hokini ziyorat qilish uchun” beradi. Keyinchalik, Muhammad Sulton Mirzo maqbarasini baland qilib qurdiradi va atrofini bog’ qilib o’rattiradi. Amir Temur nabirasi Muhammad Sulton Mirzoni o’zining valiahdi qilib tayinlagan edi. Yosh shahzodaning to’satdan betob bo’lib vafot etishi, Temurning kelajak rejalarini bardod qiladi. Chunki, u o’zining farzandlari Mironshoh va Shohruh siymolarida taxt uchun munosib nomzodni ko’rmas edi.

Ibn Arabshohning yozishicha, Muhammad Sulton Mirzo olimlar, fozillarga o’ta xahrixoh bo’lgan.

Muhammad Sulton Mirzodan uch o’g’il va bir qiz qolgan edi. O’g’illari – Muhammad Jahongir Mirzo, Sa’d Vaqqos Mirzo va Yahyo Mirzolar edi. Qizining nomi O’gi Begi edi.

PIR MUHAMMAD MIRZO Jahongir Mirzoning ikkinchi o’g’lidir. U 1376 yilda otasining o’limidan so’ng 40 kun o’tgach, Baxt Mulk Og’o begimdan tug’ilgan.

1392 yilda sohibqiron Amir Temur G’azna, Kobul, Zobiliston, Qandahor viloyati va uning atrofi, to Sind daryosigacha bo’lgan yerlarni Pir Muhammad Mirzoning tasarrufiga topshirgan edi. Binobarin, uni Pir Muhammad Mirzo bobosi Amir Temurning bir necha yurishlarida hamrohlik qilgan edi. Jumladan, Pir Muhammad Mirzo Amir Temurning Hindiston safarida o’ng qanot qo’shinda xizmat qilgan.

Pir Muhammad Mirzo bobosi Amir Temur vafot qilgan vaqtda Qandahorda edi. Darhaqiqat, temuriy shahzodalar orasida, Mironshohni hisobga olmaganda, Pir Muhammad eng kattasi edi. Binobarin, Amir Temur o’lim oldida o’z valiahdi qilib Pir Muhammad Mirzoni belgilagan edi. Bu haqda Pir Muhammadga xabar yuborilgan bo’lsa-da, biroq hech kim uning yetib kelishini kutib o’tirmadi, aksincha har kim o’z xohishicha taxt uchun kurashaboshladi.

Taxtning haqiqiy vorisi Pir Muhammad Mirzo Samarqand taxtiga o’tirish maqsadida yo’lga chiqqanda, Xalil Sulton Mirzo allaqachon taxtni egallagan edi. Taxt uchun ikkinchi da’vogar Sulton Husayn Mirzo esa taxtni ololmasligiga ko’zi yetgach, Xalil Sulton Mirzoga borib qo’shilgan edi.

Pir Muhammad Mirzo o’z yo’liga to’sqinlik qilgan Sulaymonshoh va Sulton Husayn Mirzoga qarshi jang qilishga majbur bo’ladi va pirovardida Sulaymonshoh ustidan qilgan g’alabasidan so’ng Balxni egallaydi va Shohruh Mirzo bilan Movarounnahrni qo’lga kiritish borasida Xalil Mirzoga qarshi birgalikda kurashmoq uchun Shohruh Mirzo bilan bitim imzolaydi. Bitimga ko’ra, amir Shoh Malik Xalil Sulton Mirzoga qarshi yurishni bir oz kechiktirilishi, toki Shohruh Mirzoning qo’shini yetib kelishini kutishni Pir Muhammad Mirzodan iltimos qiladi. Shuningdek, yurishni Buxorodan boshlashni taklif qiladi. Biroq Xalil Sulton Mirzo askarlarining yo’lga chiqqan xabarini eshitishgach, Qarshi tomonga qarab yuradilar. 1406 yil fevralida Xalil Sulton Mirzo qo’shini bilan Pir Muhammad Mirzo Shohruh Mirzo qo’shinlari o’rtasida Qarshi yaqinida jang boshlanadi. Jang qizi, Shoh malikning bahodirligi natijasi o’laroq, Xalil Sulton Mirzoning mag’lubiyati ko’rinib turgan bir paytda, bir necha amirlar Pir Muhammadga xiyonat qilib, jang maydonini tashlab ketadilar va urushning natijasi Xalil Sulton Mirzo foydasiga hal bo’ladi. Pir Muhammad Mirzo Balxga, Shoh Malik esa Xurosonga qarab qochadilar. Pir Muhammad Mirzoning jang maydonidan qochish asnosida, butun boshliq qarorgohi va harami Xalil Sulton Mirzo qo’liga tushadi. Mana shu mag’lubiyatdan bir yil o’tgach, ya’ni 1407 yil 22 fevralda Pir Muhammad Mirzo o’zining vaziri amir Pir Ali Toz tomonidan qiynab, bo’g’ib o’ldiriladi. Amir Pir Ali Toz o’z valine’mati Pir Muhammad Mirzoga qo’shib uning eng yaqin kishilarini ham halok etadi.

Abdurazzod Samarqandiyning yozishicha, Pir Ali Toz oddiy navkar bo’lib yurgan kezlarida, Pir Muhammad Mirzo uni o’z panohiga olib, oddiy navkarlikdan amirlik darajasiga ko’targan. Ko’pgina tarixiy manbalarning ma’lumotiga qaraganda, Pir Ali Toz ig’vogar, shuhratparast va niyati buzuq shaxs edi. Pir Ali Toz 1405 yilda Xalil Sulton Mirzo qo’shinida xizmat qilgan. Sulton Husayn Mirzoni Xalil Sulton Mirzoga qarshi oyoqlantirgan ham ana shu Pir Ali Toz edi. Abdurazzoq Samarqandiyning ma’lumotiga qaraganda, Pir Ali Toz Amir Temur vafot qilgach, darhol Xalil Sulton Mirzo qo’shinidan ajrab, Balxga kelgan.

Pir Muhammad Mirzo o’ldirilgach, Pir Ali Tozdan qasos olish maqsadida Shohruh Mirzo askar yuboradi. Jangda Pir Ali Toz yengilib, Balxdan qochadi. Ammo, 1408 yil 6 aprelda Pir Ali Toz yana Balxga hujum qiladi. Balx hukmdori Qaydu Mirzo Hirotga xabar yuboradi. Shohruh Mirzo qo’shini Pir Ali Tozni yana mag’lubiyatga uchratadi. Pir Ali Toz yana qochadi. Biroq Pir Ali Tozning hazora qavmidan bo’lgan sardorlari maslahat qilishib “Bu fasod xamirturushi toki bizning oramizda ekan, fitnachilik kamaymaydi”, – deb ittifoq tuzadilar va uni tutib, taxt orzusini qilgan bemag’z kallasiga somon tiqib, dorussaltana Hirotga yuboradilar.

Pir Muhammad Mirzodan yetti o’g’il qoladi – Qaydu Mirzo, Holid Mirzo, Sa’d Vaqqos Mirzo, Qaysar Mirzo, Sanjar Mirzo, Jahongir Mirzo va Buzanjir Mirzo.

MUHAMMAD JAHONGIR MIRZO Muhammad Sulton Mirzoning katta o’g’lidir. Amir Temurning katta o’g’li Muhammad Jahongir Mirzoning nabirasidir. U 1396 yilda tug’ilgan.

Nafsilambirini aytganda Xalil Sulton 1405 yilda saltanatni egallagach, bobosi Amir Temur xohishini hisobga olib, valiahd hisoblanmish Muhammad Sulton Mirzoning to’ng’ich o’g’li – 9 yoshli shahzoda Muhammad Jahongir Mirzoni xon qilib ko’taradi va o’zi xuddi bobosi kabi otaliq mansabida bo’ladi.

1409 yilda Xalil Sulton Mirzo hokimiyatdan tushirilgach, Shohruh Mirzo Samarqand taxtiga o’g’li Ulug’bek Mirzoni o’tkazib, Shohmalikni otabek qilib tayinlaydi. Muhammad Jahongir Mirzo hali yosh bo’lganligi sababli unga amir Hamza Sulduzni otabek qilib tayinlaydi. Biroq amir Shohmalikni katta mansabga tayinlanganidan norozi bo’lgan raqiblari – amir Shayx Nuriddin va amir Hamza Sulduzlar unga qarshi yangidan kurash boshlaydilar.

1410 yil 20 aprelda har ikki amir birgalashib, Shohmalik va Ulug’bek Mirzoga qarshi Qizil Rabotda urush ochadilar. Bu jangda Shohmalik qo’shini yengilib Qoratepag chekinadi. G’oliblar uchun Samarqand yo’li ochilgan edi. Ammo Samarqand aholisi shayxulislom boshchiligida shahar darvozalarini Nuriddinga ochishga unamaydilar. Hofizi Abruning yozishicha, Shayx Nuriddin Muhammad Jahongir Mirzoni Samarqandga taklif qilib, Hisorni quyidagi mazmunda maktub jo’natadi, “Men bu mamlakatni sening uchun oldim, rahmatlik Amir sohibqiron senga vasiyat qilgandir”. Lekin ahli Samarqand sobiq “xon” – Muhammad Jahongir Mirzoning kelganiga e’tibor ham qilmaydi. Shohruh Mirzo Hirotdan chiqib, Shahrisabzni egallaydi. Shohruning yaqinlashib kelayotgan xabarini eshitgan amir Shayx Nuriddin Samarqand qamalini bo’shatib, chekinadi. 12 iyulda Qizil Rabot mavzeida Shayx Nuriddin Shohruh Mirzo qo’shini bilan to’qnashadi. Jangda amir Shayx Nuriddin va Muhammad Jahongir Mirzo yengiladilar. Shohruh Mirzo Hisorda tartib o’rnatish uchun amir Muzrobni jo’natadi. Hisorda Muhammad Jahongir so’zsiz taslim bo’ladi.

Abdurazzoq Samarqaniyning yozishicha, 1413 yil 11 sentabrda Muhammad Jahongir Mirzo Shohruh Mirzoning qizi Maryam Sulton begimga uylanadi. Fasih Havofiyning ma’lumotiga ko’ra, Muhammad Jahongir Mirzo umrining oxirigacha Hisroda hukmronlik qiladi va 1433 yil 24 iyunda 38 yoshida o’z ajali bilan vafot etadi. Undan Muhammad Sulton Mirzo va Xalil Sulton Mirzo ismli ikki o’g’il qoladi.

Muhammad Jahongir Mirzoning xotini Maryam Sulton begim 1441 yil 14 iyunda vafot etgan.

Fasih Xavofiyning yozishicha, MUHAMMAD SULTON MIRZO 1423 yil 29 avgustda tug’ilgan.

Muhammad Sulton Mirzo umrining oxirigacha otasiga suyurg’ol tarzida berilgan Hisori Shodmonda hayot kechirib, 1448 yilda olamdan o’tadi. Undan farzand bor-yo’qligi noma’lum.

SA’D VAQQOS MIRZO Muhammad Sulton Mirzoning ikkinchi o’g’li, Amir Temurning katta o’g’li Muhammad Jahongirning nabirasidir. U 803/1400 yilda tug’ilgan.

Sa’d Vaqqos Mirzo Amir Temur vafot qilgan vaqtda 6 yoshda bo’lgan. Shundan keyingi davrda uning haqida qo’lyozmalarda aniq ma’lumot uchramaydi. Har holda Sa’d Vaqqos Mirzo biron viloyatga hukmdor bo’lmagan.

YAHYO MIRZO Muhammad Sulton Mirzoning uchinchi o’g’lidir. Sharafuddin Ali yazdiyning yozishicha, Yahyo Mirzo Amir Temur vafot qilgan vaqtda 5 yoshda bo’lgan. Shundan keyingi davrda uning haqida aniq ma’lumot uchratmadik. Yahyo Mirzo 1408 yilda sakkiz yoshida vafot etgan.

XALIL SULTON MIRZO Muhammad Jahongir Mirzoning ikkinchi o’g’lidir. Xalil Sulton Mirzo ham akasi kabi Hisori Shodmonda hayot kechirib, 1459 yilda vafot etadi. Xalil Sulton Mirzodan bir o’g’il va bir qiz qoladi.

MUHAMMAD UMAR MIRZO Xalil Sulton Mirzoning o’g’li bo’lib, 1442 yilda tug’ilgan. Tarixchi Xondamirning yozishicha, Muhammad Umar Mirzo Sulton Husayn Boyqaro saroyida mulozimatda bo’lgan.

1470 yilda Yodgor Muhammad Mirzo Xurosonga qarshi qo’shin torgan kezlarda, Sulton Husayn Boyqaroning bir necha harbiy guruh sardorlari undan yuz o’girib, Yodgor Muhammad Mirzoga xayrixohlik bildirgan edilar. Ana shunday qisqa o’ylaganlardan biri Muhammad Umar Mirzo edi. U 1470 yil 19 iyunda Yusuf tarxon va bir necha sardorlar bilan hamjihatlikda, Sulton Husayn Boyqaro o’rdugohidan qochib, Garmser va Qandahorga boradi. Qandahor hokimi amir Nizomiddin Ahmad bin Tavakkal barlos edi. U Muhammad Umar Mirzoni isyondan qaytarishga da’vat qilsa-da, biroq shahzoda itoat qilmay, o’z qo’shini bilan Ko’histon viloyatiga hujum qilib, aholi mol-mulkini talon-taroj qiladi.

Sulton Husayn Boyqaro Andxo’ydan qaytib kelgach, Muhammad Umar Mirzoning isyoni haqidagi xabarni eshitib, darhol o’z qo’shini bilan Ko’histonga qarab yuradi. Fursatni g’animat bilgan Muhammad Umar Mirzo Qoyin viloyatini qamal qilish taraddudini ko’radi. Ammo Sulton Husayn Boyqaro to’rt ming qo’shinni shahzodaga qarshi ilg’or qilib jo’natadi. Muhammad Umar Mirzo jangga bardosh beraolmay Qandahorga qochadi. Sulton Husayn Boyqaro esa Hirotga qaytib keladi.

1471 yilning boshlarida Muhammad Umar Mirzo o’z qo’shini bilan Faroh qo’rg’onini muxosara qiladi. Bu xabarni eshitgan Sulton Husayn Boyqaro amir Muzaffar barlos va bir necha bahodirlarni shahzodaga qarshi jo’natadi. Har ikki qo’shin to’qnashib, qattiq jang bo’ladi. Jang asnosida shahzoda Muhammad Umar Mirzo ajal sharbatini ichadi. Shundan so’ng, Qandahor viloyati batamom Sulton Husayn Boyqaro tasarrufiga kiradi.

QAYDU MIRZO Pir Muhammad Mirzo Kobuliyning to’ng’ich o’g’li bo’lib, Amir Temurning katta o’g’li Jahongir Mirzoning nabirasidir. U 1396 yilda tug’ilgan. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, sohibqiron Temur vafot qilgan vaqtda Qaydu Mirzo 9 yoshda bo’lgan.

Pir Muhammad Mirzo vafot qilgach, Kobul, Qandahor, G’aznadan tortib Shimoliy Afg’onistonda tashkil topgan viloyatlar uning katta o’g’li Qaydu Mirzoga suyurg’ol qilib beriladi. Qaydu Mirzo yosh bo’lganligi tufayli, Shohruh Mirzo unga amir Bahlulni otabek qilib tayinlaydi. Amir Bahlul Pir Muhammad Mirzoga ham mulozim bo’lib xizmat qilgan edi. Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, amir Bahlul Qaydu Mirzoning rahnamosi darajasigacha ko’tarilgach, bevafolik, ko’rnamaklik yo’liga o’tadi va saltanatga ehtirosi kuchayib, shahzodaga qarshi fitnalar uyushtirib, o’z atrofiga Hasan axtochi, Luqmon Qaro va Usmon Ali kabi bir guruh amirlarni yig’ib, Qaydu Mirzoni oradan ko’tarib, o’rniga uning ukasi Sanjar Mirzoni taxtga o’tqazishga harakat qiladi. Bu fitnadan ogoh bo’lgan Qaydu Mirzo, darhol Shohruh Mirzoni maktub yo’llaydi. Shohruh Mirzo amir No’shiravon boshliq o’n ming qo’shinni Qaydu Mirzo muhofazasi uchun jo’natadi. Bu vaqtda fitnachilar tomonida turgan harbiy boshliqlar voqeaning asl mohiyatidan xabardor bo’lib, Qaydu Mirzo tomoniga o’ta boshlaydilar. Qaydu Mirzo fitnachilarga qarshi kurashib, ularni tor-mor qiladi. Amir Bahlul o’z tarafdorlarini olib, Shohruh Mirzo huzuriga Hirot borib, uzr so’raydi. Shohruh Mirzo ularni gunohini kechiradi.

Qaydu Mirzo o’z tasarrufidagi viloyatlarni mustaqil ravishda idora qila boshlaydi. 1415 yilda Shohruh Mirzo akasi Umar Shayx Mirzoni o’g’li Boyqaro Mirzoni Fors mamlakatidan olib, Qaydu Mirzo huzuriga jo’natadi. Qaydu Mirzo uni hurmat-ehtirom bilan kutib oladi. Ammo Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Boyqaro Mirzo Kobulda ham tinch yurmay, Qaydu Mirzoning joniga qasd qiladi. Bundan voqif bo’lgan Qaydu Mirzo uni darhol bandga olib, Shohruh Mirzoga maktub yo’llaydi. Shohruh Mirzo uning “Sind suvidan o’tkazib yuborilsin, toki u Hind mulkida qaysi joyni istasa o’sha yerda tursin”, deb farmon yuboradi.

Shundan so’ng, Qaydu Mirzo harholda o’z tasarrufida bo’lgan yerlarda markaziy hokimiyatdan mustaqil ravishda hukmronlik qilish orzusiga tushadi. Qaydu Mirzo o’z tasarrufidagi viloyatlarda o’z nomidan pul zarb qilish va xutbani o’z nomiga o’qilishini talab qilib, viloyatlarga farmon jo’natadi.

Qaydu Mirzo u yerlarda shunchalik kuchayib ketadiki, Hindiston vodiysi Hizrxon huzuriga odam yuborib: “Hind mulklarida – Qunnuj shahridan tortib to Multon chegaralarigacha bo’lgan yerlarda, uning nomi bilan pul zarb qilsinlar va xutba o’qisinlar” deb farmon beradi.

Hizrxon Qaydu Mirzoning yuborgan farmoni haqida Shohruh Mirzoga arz qilib elchi yuboradi. Shohruh Mirzo elchiga elchi qo’shib jo’natarkan, “Xutbada avval Shohruh Mirzoning nomi, so’ngidan Hizrxonning nomi zikr qilinsin”, degan mazmunda farmon yuboradi.

Qaydu Mirzoning bunday o’zboshimcha siyosatidan ranjigan Shohruh Mirzo, Qandahor, G’azna va Kobul viloyatlarida avj olgan qaroqchilarni tinchitish bahonasida katta qo’shin bilan Qandahorga yurish boshlaydi. Shohruh Mirzoning makridan voqif bo’lgan Qaydu Mirzo o’z yaqin kishilarini olib Qandahordan qochadi. Shohruh Mirzo Qandahorga Sanjar Mirzo, Yodgorshoh Arlot va Feruzshohlarni qo’yib, agar Qaydu Mirzo kelsa uni ushlab oliy dargohga yuborishlarini tayinlaydi. 1417 yil oxirida Qaydu Mirzoni ushlab dorussalatanat – Hirotga olib boradilar. Shohruh Mirzo Qaydu Mirzoning gunohidan kechib, uni Hirotda saqlaydi. Biroq 1418 yil 22 avgustda Qaydu Mirzo amir Bahlul va Sadr Jahonning vasvasasi bilan Hirotdan Qandahor tomonga qochadi. Zero, Qandahorda Qaydu Mirzo tarafdorlari ko’p edi. Lekin Shohruh Mirzo uning ketidan o’g’li Boysung’ur Mirzoni bir guruh sipohlar bilan jo’natadi.

Boysung’ur Mirzo o’z qo’shini bilan Qaydu Mirzoni ta’qib qilib, Siparz qishlog’i yaqinida uni asirga oladi va bog’lab Hirotga olib keladi. Shohruh Mirzo Qaydu Mirzoni Ixtiyoriddin qal’asiga qamatdiradi hamda u o’sha yerda vafot qiladi.

Qaydu Mirzo zindonga tashlangach, Shohruh Mirzo unga tegishli bo’lgan yerlarni o’z o’g’li Jaloliddin Suyurg’otmish Mirzoga in’om qiladi.

Holid Mirzo Pir Muhammad Mirzo Kobuliyning ikkinchi o’g’li bo’lib,1399 yilda tug’ilgan edi. Holid Mirzo ham ulg’aygach, xoqon Shohruh Mirzoning mulozimatida hayot kechiradi. U hech qayerda hukmron bo’lmagan. 1427 yilda kasal bo’lib, 29 yoshida vafot etadi.

SA’D VAQQOS MIRZO Pir Muhammad Mirzo Kobuliyning uchinchi o’g’li bo’lib, 1400 yilda tug’ilgan.

1414 yilda Shohruh Mirzo Qum viloyatining hokimligini Sa’d Voqqos Mirzoga in’om qilgan edi. Sa’d Vaqqos Mirzo Mironshoh Mirzoning qizi – Og’o Begi xonimga uylanadi.

Abdurazzoq Samarqandiyning ma’lumotiga ko’ra, 1415 yil bahorida Sultoniya hukmdori amir Bistom Jogir, Qaro Yusuf turkmandan qochib, o’g’lini Sultoniyada qoldiradi-da, o’zi Sa’d Vaqqos Mirzo orqali Shohruh Mirzodan madad so’rash uchun Qumga keladi. Biroq Sa’d Vaqqos Mirzo amir Bistomni bandga olib, bu haqda Shohruh Mirzoga maktub yo’llaydi. Shohruh Mirzo Sa’d Vaqqos Mirzoning bu harakatidan ranjiydi va darhol amir Bistom Jogirni banddan xalos qilishni buyuradi.

Biroq yosh shahzoda Sa’d Vaqqos Mirzoning amirlari unga boshqacha yo’l-yo’riqlarni ko’rsatadilar. Chunonchi, “amir Bistomdek peshkash sening qo’lingdadir. Sen uni darhol Qaro Yusuf turkman huzuriga olib borib peshkash qilishing lozim. Amir Qaro Yusuf bir umrga sendan minnatdor bo’ladi”, deydilar. Sa’d Vaqqos Mirzo ami Bistomni olib Qaro Yusuf dargohiga boradi. Qaro Yusuf Sa’d Vaqqos Mirzoni zo’r ehtirom bilan qarshi oldi-yu, ammo amir Bistomni banddan xalos qilib, qo’yib yubordi va unga ham ehtirom ko’rsatadi. Qaro Yusuf amir Bistomning o’g’li Ahiy Farajni Qum viloyatiga borib, Sa’d Vaqqos Mirzoning harami va ko’chini keltirishga buyuradi. Ahiy Farajni Qumga yaqinlashgan xabarini eshitgan Sa’d Vaqqos Mirzoning xotini Og’o begi xonim erining Ozarbayjonga ketib, xato ish qilganini fahmlaydi. Og’o begi xonimning esida: xuddi mana shu Qaro Yusuf turkman otasi Mironshoh Mirzoning qotili edi. Binobarin, malika o’z navkarlarini qurollantirib, Ahiy Faraj bilan kelgan kishilarning hammasini asirga oladi, hamda Sa’d Vaqqos Mirzoni Qaro Yusuf tomonga o’tishga maslahat bergan Temur Shayx, Qutluqxo’ja va Shayx Ali Zindalarga qo’shib hammasini qatl qildiradi. Ularning boshlarini kesdirib, Shohruh Mirzo saroyiga jo’natadi. Og’o vegi xonim zamonasining oqila, tadbirkor va makr-hiylaga mayl qo’ygan ayollardan edi. U yaxshi bilar ediki, otasining qotili Qaro Yusuf qo’l ostida kechiradigan kunlarining oqibati yaxshilikka olib kelmasdi. Shohruh Mirzo Og’o begi xonimning bu jasoratiga tahsinlar o’qiydi.

Biroq, oradan ko’p o’tmay, hech bir sababsiz o’z suyurg’oli bo’lgan Qum viloyatidan Ozarbayjonga ketib qolgan Sa’d Vaqqos Mirzo 1418 yil aprel oyida 19 yoshida to’satdan vafot etadi.

QAYSAR MIRZO Pir Muhammad Mirzo Kobuliyning to’rtinchi o’g’li bo’lib, 1401 yilda tug’ilgan.

Qaysar Mirzo ham hech qayerda hukmronlik qilmagan. U ham xoqon Shohruh Mirzo saroyida xizmat qilgan. 1427 yilda vafot etgan.

BUZANJIR MIRZO Pir Muhammad Mirzo Kobuliyning beshinchi o’g’li bo’lib, 1402 yilda tug’ilgan.

Buzanjir Mirzo hech qayerda hukmronlik qilmagan. U ham xoqon Shohruh Mirzo saroyida xizmat qilgan. U 1422 yil 16 avgustda 21 yoshida vafot etgan. Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Buzanjir Mirzoning vafotini eshitgan Shohruh Mirzo, darhol uning maskaniga borib, sag’ir qolgan bolalari va beva qolgan xotiniga hamdardlik bildirgan.

JAHONGIR MIRZO Pir Muhammad Mirzo Kobuliyning oltinchi o’g’li bo’lib, 1402 yilda tug’ilgan.

Jahongir Mirzo ham hech qayerda hukmronlik qilmagan. U ham akalari kabi xoqon Shohruh Mirzo kabi xoqon Shohruh Mirzo saroyida xizmatda bo’lgan. Jahongir Mirzo 1433 yilda 31 yoshida vafot etadi.

SANJAR MIRZO Pir Muhammad Mirzo Kobuliyning yettinchi o’g’li bo’lib, 1403 yilda tug’ilgan edi. Sanjar Mirzo akasi Qaydu Mirzoning saroyida (Qobul) mulozimatda edi.

Amir Bahlulning Qaydu Mirzoga qarshi fitnasi oshkor bo’lib, fitnachilar har tomonga qochgach, fitna natijasi o’laroq endigina taxtga o’tirgan Sanjar Mirzo Shohruh Mirzo huzuriga borib uzr so’raydi. Xoqon Shohruh Mirzo Sanjar Mirzoning gunohini kechirib, Hirotda o’z saroyida olib qoladi.

Sanjar Mirzo Xoqon mulozimatida bo’lib, 1429 yilda 27 yoshida Hirotda vafot etadi.

UMAR SHAYX MIRZO BAHODIR

Umar Shayx Mirzo Amir Temurning ikkinchi o’g’li bo’lib, 1356 yilda tug’ilgan. Umar Shayx Mirzoning onasi To’lin Og’o (To’mlun og’o) dir.

Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, Umar Shayx Mirzo yoshligidanoq harbiy ishlarga iqtidori yuksak bo’lib, mohir chavandoz va tolmas jangchi bo’lib yetishgan. Shu bois bo’lsa kerak, uning jangovarlik faoliyati haqida ko’pgina naql va rivoyatlar yozib qoldirilgan.

1370 yilda sohibqiron Amir Temurning amir Husayn ibn Musallabga qarshi olib borgan jangida 15 yoshli Umar Shayx Mirzo alohida jangovarlik namunasini ko’rsatgan. Shuningdek, u Farg’onada mo’g’ullarga qarshi ko’pgina janglarda ishtirok qilgan. Uning shaxsiy hayotiga doir tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, u o’zining mardligi bilan sohibqiron qo’shinida ustuvor sarkarda bo’lgan.

Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, 1393 yilda sohibqiron Amir Temur Umar Shayx Mirzoni Fors viloyatini zabt etish ishiga mutassadi qilib tayinlaydi. Binobarin, u Istahr, Farak, Shahriyor va shunga o’xshash bir necha qal’alarni zabt etib, navbatdagi Sirjon qal’asini zabt etmoq uchun qal’ani muxosara qilish taraddudida edi. Aynan shu paytda sohibqiron Amir Temur Misr va Shom (Suriya)ni zabt qilish uchun Diyor Bakr tomon yo’lga chiqqan edi. Shu bois Amir Temur Umar Shayx Mirzoni o’z huzuriga yetib kelishini ta’kidlab, odam yuboradi.

Umar Shayx Mirzo Sirjon qal’asini muhosara qilish ishini amir Idigu barlosga topshirib, o’zi Sherozga keladi. Sherozda ishonchli kishilardan amir Sunjaq huzuriga kelib, uni fors mamlakatini zabt qilish ishiga mutasaddi qilib, so’ngra otasi sohibqironning huzuriga jo’naydi. Umar Shayx Mirzo safar asnosida Shavliston yo’li bilan yurib, Kurdistondan o’tib borayotganda, yo’l chekkasida kichikroq bir qal’aga ko’zi tushadi. Bu qal’aning nomini Harmotu deb atardilar. Umar Shayx Mirzo mazkur qal’ani yaqinroqdan tomosha qilish maqsadida bir tepalik ustiga chiqib, qal’a tomon nazar tashlaydi. Shu asnoda qal’a ichidan otilgan nogahoniy o’q Mirzoning qulog’i ostidagi ko’k tomiriga tegib, shu zahoti til tortmay o’ladi. Bu falokat sodir bo’lgach, Mirzoning qo’shini mazkur qal’ani yer bilan yakson qilib, barcha jonzodni qilichdan o’tkazadilar.

Bu mash’um xabar sohibqiron Amir Temurga yetgach, ko’p anduh chekadi va nihoyat taqdirga tan beradi. U amir Uch Qaro bahodirni Harmuto qal’asi tomon yuboradi. Amir Uch Qaro bahodir Umar Shayx Mirzoning jasadini Sherozga olib keladi. Sherozda motam o’tkazilib, jasadni muvaqqad dafn etadilar. Bir necha muddat o’tgach, marhum Umar Shayx Mirzoning xotinlari – Sevinch Qutlug’ Og’o begim, Beka Mulk Og’o begim va Mulkat Og’o begimlar hamda hali voyaga yetmagan (sag’ir) o’g’li Iskandar Mirzolar jasadni Sherozdan Keshga (Shahrisabz) olib ketadilar va temuriylar xonadoni uchun maxsus qurilgan dahmaga dafn qiladilar.

Marhum Umar Shayx Mirzodan olti o’g’il qolgan bo’lib, kattasi Pir Muhammad Mirzo 16 yoshda edi. Undan keyingilari Rustam Mirzo, Iskandar Mirzo, Ahmad Mirzo, Saidi Ahmad Mirzo va Boyqaro Mirzolar edi. Amir Temur Fors mamlakatining hukmdorligini 16 yoshli Pir Muhammad Mirzoga topshiradi.

PIR MUHAMMAD MIRZO amirzoda Umar Shayx Mirzoning katta o’g’li bo’lib, 1379 yilda tug’ilgan edi. Otasi Umar Shayx Mirzo vafotidan so’ng, unga tegishli bo’lgan Fors mamlakatining hukmdorligi Pir Muhammad Mirzo ixtiyoriga topshiriladi. Shundan so’ng shahzoda Sherozda hukmronlikni boshlaydi. Shu bois shahzodani Pir Muhammad Mirzo Sheroziy deb ataydilar.

1400 yilda sohibqiron Amir Temur Forsda hukmron bo’lib turgan nabirasi Pir Muhammad Mirzo Sheroziy Sohibqironning harbiy yurishlaridan biriga o’zini kasallikka solib qatnashmaganligi sababli uni hokimlik mansabidan azl qiladi. Ikkinchidan, noma’lum maqsadni ko’zlab, qandaydir zahar tayyorlash bilan mashg’ul bo’ladi.

Faqat 1403 yilda Pir Muhammad Mirzoga Sherozni qaytarib beradi. Rustam Mirzoni Isfaxonga va Iskandar Mirzoni Hamadonga hokim etib tayinlaydi.

Shahzoda Pir Muhammad Mirzo yosh bo’lsa-da, aqlli, ziyrak va tadbirkorligi bilan ukalaridan farq qilardi. U harbiy san’atdan yaxshigina xabardor bo’lsa-da, biroq uning tabiatida harbiylarga xos toshbag’irlik bo’lmay, aksincha, ishonuvchanlik, muloyimlik va muruvvatlik ko’proq edi.

Sohibqiron Amir Temur vafot qilgandan keyingi taxt talashuvlarida u o’z arkoni davlati bilan maslahatlashib, kichik amakisi Shohruh Mirzoning hibzi-himoyatida bo’lishga qaror qiladi. Bunga otasi Umar Shayx Mirzo vafotidan so’ng, 1398 yilda bobosi sohibqiron Amir Temurning xohishiga muvofiq o’gay onasi, ya’ni ukasi Iskandar Mirzoning onasi Mulkat Og’o begimni amakisi Shohruh Mirzo o’z nikohiga olganligi sabab bo’lsa kerak. Mana shu yaqinlikni nazarda tutib, amakisi Shohruh Mirzoga bay’at (ishonch) bildiradi. Pir Muhammad Mirzo Sheroziyning mazkur iltifotidan Shohruh Mirzo bag’oyat xushnud bo’ladi.

1405 yil o’rtalarida Iskandar Mirzo Hamadondan akasi Pir Muhammad Mirzoga zarurat yuzasidan Forsga ko’chib kelayotgani haqida maktub yuboradi. Pir Muhammad Mirzo o’z ukasining fe’lini yaxshi bilgani tufayli, o’z o’rnida, ya’ni Hamadonda xavf-xatarsiz o’tirishni ta’kidlab javob maktubini yo’llaydi. Ammo Iskandar Mirzo maktubga iltifot qilmay Sherozga qarab yuradi. Bir oydan so’ng Iskandar Mirzo akasi huzuriga yetib keladi. Bu paytda Umar Mirzoning Iroq va Forsga lashkar tortib kelayotgan xabari eshitiladi. Aka-uka Mirzolar Umar Mirzoga qarshi jang taraddudiga tushadilar. Darhaqiqat, Umar Mirzo katta qo’shin bilan Hamadonga keladi. Ammo Rustam Mirzo Umar Mirzoning huzuriga Hoji Musofirni elchi qilib jo’natadi. Aka-uka Mirzolar urushdan qutilib qoladilar.

Pir Muhammad Mirzo Sheroziy ukasi Iskandar Mirzoga Yazd viloyatini beradi. 1405-1406 yil qish faslida Pir Muhammad Mirzo Umar Mirzo bilan ittifoq tuzib, Abubakr Mirzoga qarshi urishadi. Xarbura mavze’ida bo’lgan jangda Pir Muhammad Mirzo va Umar Mirzolar yengilib orqaga qaytadilar.

Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, 1407 yilga kelganda Umar Shayx Mirzo farzandlari orasiga fitna-fasod oralab, aka-ukalar bir-birlariga dushmanlik harakatlarini boshlaydilar. Pir Muhammad Mirzo Sheroziy ukasi Iskandar Mirzoni ushlatib qamoqqa oladi. Uning Yazd viloyatidagi barcha xazina va dafinalarini olib, Sherozga keltiradi. O’zining esa qo’l oyog’ini bog’latib, Hirot dorissaltanasiga yuboradi. Biroq Iskandar Mirzo yo’lda banddan xalos bo’lib, Isfaxonga akasi Rustam Mirzo va Iskandar Mirzolar ittifoq tuzib, akalari Pir Muhammad Mirzoga qarshi Sherozga qo’shin tortadilar. Ammo Sherozni qamal qilsalar-da, uni ololmaydilar. Sheroz atrofidagi qishloqlarni talon-taroj qilib, ko’p o’ljalar olib Isfaxonga qaytib ketadilar.

1408 yilda Pir Muhammad Mirzo o’tgan yilgi mag’lubiyat intiqomini olish uchun Rustam Mirzoga Isfaxonga qo’shin tortadi. Jang Gandumtosh mavzeiga yaqin joyda bo’lib, Rustam Mirzoning mag’lubiyati bilan tugaydi. U Koshonga qochib ketadi. Pir Muhammad Mirzo intiqom olib bo’lgach, Isfaxon ahliga hech qanday zarar yetkazmaydi. Faqat Isfaxonda Rustam Mirzoga xayrixoh bo’lgan amir va beklarini yo’qotib, Isfaxon viloyatini o’z o’g’li Umar Shayx Mirzoga in’om qilib, o’zi Sherozga qaytib ketadi.

1409 yilda Pir Muhammad Mirzo Huziston mamlakatini zabt etadi. Ammo jangda mag’lubiyatga uchragan Rustam Mirzo Hirotga – Shohruh Mirzo huzuriga panoh istab borgan edi. Shuningdek, Iskandar Mirzo ham Xuroson hududida sargardon yurgan kezlarda, uning sargardonligi Shohruh Mirzoga ma’lum bo’lib, u Pir Muhammad Mirzo Sheroziyga o’z ukasi Iskandar Mirzoga nisbatan shafqat qilmog’i lozim ekanini uqtirib maktub yuboradi. Shundan so’ng Iskandar Mirzo akasi Pir Muhammad Mirzo huzuriga bosh egib boradi. Pir Muhammad Mirzo Shohruh Mirzoning farmoniga amal qilib, Iskandar Mirzoni marhamat qilib kutib oladi.

1410 yilda Pir Muhammad Mirzo Sheroziy Kermon viloyatini zabt etish ishtiyoqida qo’shin tortib yo’lga tushadi. U Duchoha mavze’iga yetganda, qo’shinga orom berish uchun o’sha manzilda to’xtaydi.

Pir Muhammad Mirzo Sheroziyning Xoja Husayn Sharbatdor ismli amiri bor edi. Uni tabiblik lavozimidan amirlik mansabigacha ko’tarib, ko’p tarbiya va navozishlar qilgan hamda mulk ishlarida mutlaq sohib ixtiyor qilib qo’ygan edi. Ana shu ko’rnamak amir Xoja Husayn sharbatdor bir necha yomon kishilar bilan til biriktirib, qorong’u tunda odil podshohzodaning chodiriga kirib, uni qatl etadi. Pir Muhammad Mirzo Sheroziy 31 yoshda halok bo’ladi. Undan ikki o’g’il qoladi. Kattasi Umar Shayx Mirzo, kichigi Solih Mirzodir.

UMAR SHAYX MIRZO 1398 yilda tug’ilgan edi.

1408 yilda Pir Muhammad Mirzo Isfaxon viloyatining hokimligini Umar Shayx Mirzoga in’om qiladi. Umar Shayx Mirzo Isfaxon viloyatida osuda hayot kechirar ekan, 1409 yilning oxirida Sulton Mo’tasimning Isfaxonga to’satdan bostirib kirishi Umar Shayx Mirzo qo’shinida parokandalikni vujudga keltiradi. Uning ishonchli beklari amir Said barlos va amir Jalbonshohlar dushmanga qarshi urushish o’rniga o’z jonlarini qutqarib, Yazd viloyati tomon ketib qoladilar. Nochor ahvolda qolgan shahzoda Isfaxonni tashlab, Yazdga ketishga majbur bo’ladi.

U keyinchalik amakisi Iskandar Mirzo qo’l ostida xizmatda bo’ladi. Biroq Iskandar Mirzo Iroq va Fors mamlakatlarini o’z tasarrufiga kiritib olgach, shahzoda Umar Shayx Mirzoning mamlakatdan ixroj qilishga farmon beradi.

1411 yil 24 mayda Shohruh Mirzo Bodxez mavze’ida dam olayotgan chog’ida, Umar Shayx Mirzo xoqonning huzuriga najot istab keladi va bo’lgan voqealarni birma-bir bayon qiladi. Shohruh Mirzo shahzodaga shafqat va muruvvat ko’rsatib, o’z saroyida olib qoladi. Shahzoda umrining oxirigacha Hirotda – Shohruh Mirzo mulozamatida hayot kechiradi. Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Umar Shayx Mirzo 1429 yilda 31 yoshida Xurosonda vafot etgan.

SOLIH MIRZO 1406 yilda tug’ilgan edi. U otasining o’limidan so’ng Shohruh Mirzo saroyida xizmat qiladi. Shohruh Mirzo vafotidan (1447) so’ng, uning nabirasi Alouddavla qo’l ostida bo’lgan.

Alouddavla Mirzo bilan Abdulatif Mirzo o’rtasida sodir bo’lgan 1447/48 yil qish faslidagi jang paytida Solih Mirzo Chechektudagi chegara harbiy guruhining boshlig’i vazifasida qoyim edi. U Abdullatif Mirzoga nisbatan ko’nglida kek va adovat saqlardi. Solih Mirzoning husumatidan Abdullatif Mirzo yaxshi xabardor edi. Binobarin, Abdullatif Mirzo Chechektu harbiy guruhiga hujum qilib, Solih Mirzoni mag’lubiyatga uchratadi. U Chechektudan Hirotga qochib keladi va 1452 yilda 46 yoshida vafot etadi.

RUSTAM MIRZO amirzoda Umar Shayx Mirzo bahodirning ikkinchi o’g’li bo’lib, 1381 yilda tug’ilgan edi.

1403 yilda sohibqiron Amir Temur Rustam Mirzoga Isfahon hukmronligini beradi. Rustam Mirzo 1406 yilda Umar Mirzo va Pir Muhammad Mirzolar bilan birgalikda Abubakr Mirzoga qarshi urushadilar. Xarbura mavze’ida bo’lgan jangda Rustam Mirzo qo’shini qattiq shikastlanadi.

Ko’p o’tmay aka-uka shahzodalar orasiga fitna oralab, hamjihatlik tobora susaya boradi. Chunonchi, Rustam Mirzo o’zining beklaridan amir Said barlosning ichi qoraligini payqagach, uning ikki ko’ziga mil torttirib, ko’r qilib, qal’ada mahbuslikda saqlardi. Ammo amir Said barlosning bir ko’zida ozgina ko’rish imkoni saqlanib qolganligi tufayli, kunlardan bir kun qal’a posbonlarini chalg’itib qochadi va so’qmoq yo’llardan yurib, Sherozga keladi. Pir Muhammad Mirzo o’z ukasining dushmaniga homiylik qilayotganini bilibmi, bilmaymi, amir Said barlosni o’z himoyasiga olib, tarbiya qiladi.

Akasining bu ishidan xabar topgan Rustam Mirzo, “Amir Said barlos bu xonadonga nisbatan bir necha bor ko’rnamaklik qilgan, xudoyi taolo ko’mak berib, uning qing’ir ko’ziga mil tortdik, endi esa u xuddi o’q yegan to’ng’iz yoki dumi qirqilgan ilon qabilidadir. Shunday ekan, uning bu xonadonga nisbatan to’g’ri fikda bo’lishiga qaysi aql bovar qiladi?” – degan ma’noda akasiga maktub yo’llaydi. Pir Muhammad Mirzo zo’r xato qilganligini sezdi-da, uzr so’rab, Rustam Mirzoning ishontira oladigan dalillar bilan maktub yozib, sovg’a-salomlar bilan jo’natadi. Garchi Rustam Mirzo akasining isbot-dalillarini odob yuzasidan qabul qilgan bo’lsa-da, biroq ko’ngil ko’zgusi allaqachon xira tortgan edi.

Shu voqeadan so’ng, Rustam Mirzo ukasi Iskandar Mirzo bilan ittifoq tuzib, akasi Pir Muhamamd Mirzoga qarshi urush harakatlarini boshlaydi. Ammo nima bo’ladi-yu, 1410 yilda aka-uka o’rtasida ixtilof chiqib, muxoraba sodir bo’ladi. Rustam Mirzo bu muxorabada mag’lubiyatga uchrab Qaro Yusuf turkam huzuriga panoh izlab ketadi.

1412 yilda Rustam Mirzo Qaro Yusuf huzuridan qaytib Tabriz orqali Isfaxonga keladi. Uni ixtilofchi amirlardan bo’lgan sohibi ixtiyor Xoja Ahmad Saidiy kutib oladi. Rustam Mirzo Xoja Ahmad Saidiyning qatl qilish borasida o’z arkoni davlati bilan kengashib olgach, Xojani jallodga topshiradi. Shu voqeadan so’ng isfaxonliklarning Rustam Mirzodan ixlosi qaytadi. Ayni vaqtda Iskandar Mirzoning qo’shini Isfaxonga yaqinlashib kelmoqda edi. Rustam Mirzo ukasi Iskandar Mirzo bilan jang qilishga qudrati yetmasligini fahmlagach, Isfaxonni tashlab, Xuroson tomonga ketadi.

1412 yil aprel oyida Rustam Mirzo Hirotga kelib, xoqon Shohruh Mirzo huzuriga dohil bo’ladi. Shohruh Mirzo shahzodaga iltifotlar ko’rsatib, o’z huzurida bir oz orom olishini buyuradi.

1414 yilda Iskandar Mirzoni tutib, Shohruh Mirzo huzuriga keltiradilar. Iskandar Mirzo Iroq va Fors hukmdorligidan azl qilinadi. Uning o’rniga mazkur mamlakat hukmronligi Rustam Mirzo ixtiyoriga topshiriladi. Shuningdek, sobiq hukmdor Iskandar Mirzoni ham Rustam Mirzo qo’liga topshiradilar. Biroq Rustam Mirzo fursatni g’animat bilib, eski gina-quduratlarni evaziga intiqom olish hamda kelajak istiqbolini ravnaq toptirish maqsadida ukasi Iskandar Mirzoning ikki ko’ziga mil torttirib ko’r qiladi.

1415 yil 9 iyunda Iskandar Mirzoning bir onadan tug’ishgan ukasi Boyqaro Mirzo Sherozni zabt etadi. Bu xabarni eshitgan Rustam Mirzo fitnaning o’zagi bo’lgan Iskandar Mirzoni qatl qildiradi. Ammo Shohruh Mirzo farmoniga muvofiq Ibrohim Sulton Mirzo katta qo’shin bilan Sherozga yaqinlashganda, Boyqaro Mirzo qarshilik befoyda ekanligini tushunib Boysung’ur Mirzo huzuriga elchi yuboradi. 1415 yil 8 noyabrda Boyqaro Mirzo xoqon Shohruh Mirzo huzuriga bosh egib boradi.

Shundan so’ng Iroq va Fors mamlakatlari Rustam Mirzo ixtiyorida qoladi. Rustam Mirzo 1424 yilda vafot etadi. Undan ikki o’g’li bor edi. Kattasi Usmon Ali Mirzo, kichigi Sulton Ali Mirzo edi.

Usmon Ali Mirzo 1400 yilda tug’ilgan bo’lib, balog’atga yetgach, Qaydu Mirzo saroyida xizmatda bo’lgan. U Qaydu Mirzoga qarshi uyushtirilgan fitnada qatnashadi va 1424 yilda qatl etiladi.

Sulton Ali Mirzo Rustam Mirzoning ikkinchi o’g’li bo’lib, 1402 yilda tug’ilgan edi. 1412 yilda Iroq va Fors mamlakatlari Iskandar Mirzo qo’liga o’tgach, yosh shahzodani hokimiyatga da’vogar bo’lishidan qo’rqib, mamlakatdan ixroj qilgan edi. Shahzoda Sulton Ali Mirzo Hirotga borib, xoqon Shohruh Mirzo mulozimatiga dohil bo’ladi. U 1422 yilda kasal bo’lib Isfaxonda vafot etadi.

ISKANDAR MIRZO amirzoda Umar Shayx Mirzo bahodirning uchinchi o’g’li bo’lib, 1384 yilda tug’ilgan. Onasi Mulkat Og’o begim edi.

Keyinchalik Muhammad Sulton Mirzo 1401 yilda Iskandar Mirzoni qamoqdan chiqarib, kaltaklab jazolaydi.

1403 yilda sohibqiron Amir Temur Iskandar Mirzoning Hamadon viloyatining hokimligiga tayinlaydi.

1405 yil o’rtalarida Iskandar Mirzo Hamadondan akasi Pir Muhammad Mirzo Sheroziyga elchi yuborib, “Umar Mirzo (Mironshohning ikkinchi o’g’li) Jahonshoh Jokuni to’satdan o’ldirdi va o’z otasi Mironshoh Mirzoni mamlakatdan ixroj qildi. U tufayli bu tarafga biror malollik yetib qolishi mumkin, degan gumon bilan ko’chimizni birga olib Fors va Iroqqa qarab yurdik, endi qayerga tushishimizni ma’qul topsalar, ishorat qilsinlar” – deb xabar beradi.

Pir Muhammad Mirzo o’z ukasining fe’lini yaxshi bilgani tufayli, “yana biror fitna boshlamasin” – degan andishada, ishonchli kishi orqali ukasiga maktub yo’llaydi. Maktubda Iskandar Mirzoni Umar Mirzodan hadiksiramaslikka, shuningdek fuqaro orasida asossiz vahima tarqatmasdan o’z o’rnida qoyim o’tirishga undaydi. Ammo Iskandar Mirzo maktubga iltifot qilmay, Forsga qarab yuradi. Bir oydan so’ng Iskandar Mirzo akasi huzuriga yetib keladi. Pir Muhammad Mirzo ukasi Iskandar Mirzoga Yazd viloyatini beradi. Ammo tez kunda aka-ukalar o’rtasida nizo chiqadi.

1407 yilda Pir Muhammad Mirzo ukasi Iskandar Mirzoni qamoqqa oladi va Yazd viloyatidagi barcha xazina va dafinalarni Sherozga keltiradi. Iskandar Mirzo esa qo’l-oyog’ini bog’latib, Hirot dorissaltanasiga yuboradi. Biroq yo’lda Iskandar Mirzo banddan xalos bo’lib, Isfaxonga – akasi Rustam Mirzo huzuriga qochib keladi. Shundan so’ng Iskandar Mirzo akasi Rustam Mirzo bilan birgalikda, katta akalari Pir Muhammad Mirzoga qarshi jang boshlaydilar. Shahzodalar Sherozni qamal qilib ololmaydilar, ammo Sheroz atrofidagi qishloqlarni talab, ko’p miqdorda o’ljalar bilan Isfaxonga qaytadilar.

1409 yilda Pir Muhammad Mirzo Huzistonni zabt etib, Rustam Mirzo va Iskandar Mirzoni mag’lubiyatga uchratadi. Rustam Mirzo Hirotga – Shohruh Mirzo huzuriga panoh istab boradi. Iskandar Mirzo esa Xuroson hududida darbadarlikda hayot kechiradi.

Iskandar Mirzo Andxo’y atrofiga keladi. Andxudning hokimi Sayyid Ahmad tarxon bundan xabar topib, uni kutib oladi va yuksak ehtiromlar ko’rsatadi. Shu bilan birga Shohruh Mirzoga Iskandar Mirzoning hozir Andxo’yga ekanligi haqida arz qilib, maktub jo’natadi.

Shohruh Mirzo Iskandar Mirzoning sargardonligidan voqif bo’lgach, Sayyid Ahmad tarxonning navkaridan ikita maktub yuboradi. Birinchi maktub Sayyid Ahmad tarxon nomiga yozilgan bo’lib, “Iskandar Mirzoga hech bir zarar yetkazilmasin, aksincha izzat-ikrom qilinsin. Shahzoda qaysi tomonni orzu qilsa, o’sha tomonga ketishiga ko’maklashilsin” – deyilgandi. Ikkinchi maktub esa, Pir Muhammad Mirzo Sheroziy nomiga yozilgan bo’lib, “izzatu hurmatli janob to’ng’ich farzand, davlatu dinning nuri tangri umrini boqiy qilgur Pir Muhammad Mirzo barcha hollarda, Alloh senga yaxshilik qilganidek, sen ham kishilarga yaxshilik qil va yaqin tug’ishganlarni shafqat ezguligidan bahramand qilish lozim. “Tug’ishganlarning birlari boshqa birlariga yaqinroqdir” – oyati taqozosicha, bu muhim qoida nurlaridan foydalanish uchun tug’ishganlik tugunlariga ega bo’lgan jamoatdan boshqa biror yaratilgan banda sazovorroq ekanligini xayolga keltirib bo’lmaydi. Mavjudlik boshini bir yoqadan chiqargan toifa nash’u namo oyog’ini bir etikka uzatish, xuddi Surayyo sitoralari shaklida bir matla’dan tulu’ qilishi, xuddi gavharlardek bir shodadan tarqalishi va xuddi kalimalar singari bir lafzdan aytilishi lozim. Bu holatlar aka-uka va opa-singillar, qarindosh-urug’lardan boshqalar orasida bo’la olishi mumkin emas. Chunki bu jamoatda bir-biriga nisbatan muhabbat va e’tiqod ziyodadir. Agarda xudo ko’rsatmasin, orada biror shubha tug’ilib qolsa, chaqimchi va hasadchilar yo’lini to’sib “bugun sizlarning ustingizda malomat yo’q” oyati ko’chasini ochiq tutsinlar. Maqsad shulki, farzand Iskandar Mirzoni chaqirib olib inoyat va shafqat bilan taqdirlasin ham mamlakat chekkasidan bir bo’lagini uning devoniga topshirsin” – deyilgandir.

Bu maktub Iskandar Mirzoga tekkach, o’z yaqin kishilari bilan kengashib, Pir Muhammad Mirzo huzuriga qarab yo’l oladi.

Iskandar Mirzo 1409 yil 12 fevralda, ya’ni ramazonning yigirma oltinchisida Sherozga borib, ayni iftor vaqtida Pir Muhammad Mirzo huzuriga dohil bo’ladi. Iftor qilib o’tirgan hukmdor o’z ukasi Iskandar Mirzoni ehtirom bilan qabul qiladi.

1410 yilda Pir Muhammad Mirzo Sheroziy Kermon viloyatidan, Duchoha mavze’ida amir Xoja Husayn sharbatdor tomonidan qatl etilgach, Iskandar Mirzo darhol o’z yaqin kishilari bilan o’sha tunda Sherozga qarab qochadi.

Iskandar Mirzo 1410 yilda akasining vorisi sifatida uning o’rniga taxtga o’tiradi.

Pir Muhammad Mirzoning Kermonga jo’natgan amirlari mash’um xabarini eshitishgach, Sherozga qaytib keladilar. Ammo Siddiq yo’l ustida ko’rnamak Xoja Husayn sharbatdorni ushlab olib, uning bir qulog’ini belgi sifatida xanjar bilan kesib olib, Iskandar Mirzoga jo’natadi. Xojani soqob-mo’ylablarini taroshlab, ayollarga o’xshatib yasantirib ho’kizga mindiradilar va boshiga davlat kuloxini kiydirib, Iskandar Mirzo huzuriga keltiradilar. Iskandar Mirzo undan “Nega birodarimni o’ldirishga qasd qilding?” – deb so’raganida, u: “Agar men unga qasd qilgan bo’lasm, natijasi sen uchun yomon bo’lib chiqmadi” – deb javob beradi. Iskandar Mirzo pichoq olib, o’z qo’li bilan uning uning ko’zini o’yib oladi va cho’qmor bilan urib o’ldirishga buyuradi. Uning kallasini Isfaxonga yuboradilar, tanasini esa ikki-uch kun osib qo’ygandan so’ng kuydiradilar.

Iskandar Mirzo 1411 yil may-iyun oylarida katta qo’shin bilan Kermon viloyatiga qarab yuradi. Qo’shin qayerga borsa, o’sha yer xarob bo’lardi. Kermonliklar sulh so’raydilar. Sulh tuzilib, Iskandar Mirzo Sherozga qaytadi.

1412 yilda Iskandar Mirzo Qum viloyatiga qarshi otalandi. Ammo qumliklar osonlikcha taslim bo’lmadilar. Oxiri Iskandar Mirzo noumid bo’lib orqaga qaytayotganda, Qumning amirlaridan Muzaffar Faroxoniy Iskandar tomonga o’tib Qum viloyatini taslim qildiradi. Iskandar Mirzo shu yili o’z poytaxtini Isfaxonga ko’chiradi.

Iskandar Mirzo Iroq va Fors saltanat taxtida qoyim bo’lgach, endi mustaqillik orzusini qila boshlaydi va pul zarb qildiradi va xutbani Shohruh Mirzo nomiga emas, o’z nomiga o’qitadi. Asta-sekin Xuroson chegaralarini mustahkamlab, ayrim hollarda Xuroson hududiga bosqinlar ham qila boshlaydi.

Iskandar Mirzo keyingi davrlarda maishatga berilib, dunyoda qanday kayf beruvchi narsa bo’lsa, hammasidan iste’mol qilib, gulruxsorlar anjumanini kundan-kunga kengaytirib boradi.

1414 yilda xoqon Shohruh Mirzo o’z qo’shinini Iskandar Mirzoga qarshi yuboradi. Mag’rur Iskandar Mirzo ham qo’shin tortib keladi. Ammo birinchi to’qnashishdayoq Iskandar Mirzo qo’shini katta talofat ko’radi. Ayrim amir va beklari Shohruh Mirzo huzuriga qochib o’tadilar. Nihoyat, Iskandar Mirzo orqaga chekinib, Isfaxon qal’asiga kirib oladi. Xuroson qo’shini esa 1414 yil 3 iyulda shaharni qamal qiladi. Nihoyat, 20 iyulda shahar olinadi. Iskandar Mirzoni ushlab xoqon Shohruh Mirzo huzuriga keltiradilar. Undan har qancha savol qilsalar-da, ammo javob ololmaydilar.

Iskandar Mirzoning Pir Ali Mirzo nomli o’g’li bo’lib, 1400 yilda tug’ilgan edi. Otasining vafotidan so’ng, 1415 yilda u ham olamdan o’tadi (sababi noma’lum).

AHMAD MIRZO amirzoda Umar Shayx Mirzo bahodirning to’rtinchi o’g’lidir. U 1388 yilda tug’ilgan.

Ahmad Mirzo 1404 yil oxirida sohibqiron Amir Temurning Xitoyga qarshi mashhur yurishida qo’shinning o’ng qanotiga Xalil Sulton Mirzo bilan birgalikda rahbarlik qilgan edi.

Sohibqiron vafotidan so’ng, Ahmad Mirzo Shohruh Mirzo mulozimatida bo’ldi. 1409 yilda Hisor viloyatini bo’ysundirish uchun, Shohruh Mirzo amir Xudoydodni va aka-uka mirzolar Ahmad Mirzo va Saydi Ahmad Mirzolarni jo’natadi. Topshirilgan vazifa muddatidan ilgari bajariladi.

1409 yilda Movarounnahr saltanati Shohruh Mirzo qo’liga o’tgach, Samarqand taxtini Ulug’bek Mirzoga, Balxni Ibrohim Mirzoga, Farg’onani esa Ahmad Mirzoga in’om qilgan edi. Ahmad Mirzo Farg’onada o’z hukmronligini boshlab, u yerning istehkomlarini ta’mirlab, obodonchilik ishlarini yanada rivojlantirishga harakat qiladi. Shuningdek, valine’mati Shohruh Mirzoning talabiga muvofiq, o’z navkarlari bilan uning harbiy yurishlarida qatnashib turadi.

Hofizi Abru va Abdurazzoq Samarqandiyning yozganlariga qaraganda, 1413 yilda Ulug’bek Mirzo harbiy kengash bahonasida, Ahmad Mirzoni Samarqandga taklif qiladi. Ammo Ahmad Mirzo Ulug’bek Mirzoning fe’lidan hadiksirab, Samarqandga kelmaydi. Shundan so’ng Ulug’bek Mirzo o’z kishisi amir Boyazid parvonachini muzokara yuritish uchun Andijonga yuboradi. Amir Boyazid parvonachi Ahmad Mirzo bilan muzokara qilib, ko’zlagan maqsad erisha olmaydi. Faqat Ahmad Mirzo ma’lum muddatdan so’ng, o’z o’g’lini garov tarzida Samarqandga yuborishga rozilik beradi. Biroq belgilangan muddat o’tsa-da, o’g’lini yubormaydi.

Shundan so’ng Ulug’bek Mirzo Andijonga qo’shin tortadi. Ahmad Mirzo istehkomlarni mustahkamlab, o’zi toqqa chiqib ketadi. Ulug’bek Mirzo Andijonni jang bilan qo’lga kiritgach, eng mustahkam va ulkan qal’a – Ahsini shiddatli janglardan so’ng zabt qilishga muvaffaq bo’ladi. Ulug’bek Mirzo Poyanda bakovulni kutvol tayinlab, Andijonni idora qilish ishini amir Musoko va amir Muhammad Tobonlarga topshirib, o’zi Samarqandga qaytadi.

Ahmad Mirzo Ulug’bek Mirzoning qaytib ketgan xabarini eshitgach, Mo’g’ulistondan madad uchun kelgan lashkarni olib, Andijonga qarab yuradi. Bu xabarni eshitgan amirlar jang qilish maqsadida O’sh atrofiga boradilar. Ahmad Mirzo to’satdan amirlar ustiga hujum qilib, hammasini halokat girdobiga uloqtiradi. Shundan so’ng Ahmad Mirzo Mo’g’ulistonga – Muhammadxon huzuriga borish maqsadida Qashqarga o’tib ketadi.

Abdurazzoq Samarqandiyning bergan xabariga qaraganda Shohruh Mirzo 1415 yil 26 mayda Ahmad Mirzoga quyidagi maktubni yo’llaydi.

“Xabarchilar bizga shu narsani yetkazmishlarki, Ahmad Mirzo bilan farzandi solih Ulug’bek Mirzo oralarinda fisqu fasodchilarning noshoyon so’zlari birlan shaharlar va fuqarolarning tashvishlarini orttiruvchi voqealar sodir bo’lmish. Bu xabarni biz Iroq mamlakatinda ekanligimizda eshitduk, ammo masofa yiroqligi tufayli, uning tarodiligini ko’rishga kirisha olmaduk. Dorissalatana Hirotga qaytin kelgandan keyin esa eshitdukki, u farzand Mo’g’uliston tomon ketayotgan emish. Bu hol biz uchun bag’oyat maslahatdan yiroq va ajib tuyuldi. Chunki birodarlar va farzandlarga nisbatan bizning “beshikdan tobutgacha” g’amxo’r ekanligimiz barchaga ayondur. Ota-bolalik binosi qo’zg’olmay turuvhi tog’lardek sobit bo’lmog’i uchun u farzand bizning huzurimizga homiylik panohini so’rab kelishga ishonchimiz komil va e’tiqodimiz kuchlidir. Bu so’zlarni tug’ishganlik vazifalarini ado etish musulmonlik ham musulmonlarga g’amxo’rlik qilish yuzasidan aytildi. Takallufu maqtanchoqlik, makr-hiylaga yo’y kek saqlash bizlar uchun uyatdir. Ehtimolki, mulozimlikda yurgan bir guruh kishilar mazkur noo’rin harakatlar xoh ixtiyoriy, xoh majburiy tarzda ular tomonidan sodir bo’lganligi tufayli, vahimaga tushib, u farzandning bizning huzurimizga kelishiga mone’lik qilarlar. Ahmad Mirzo ularning barchasini ishontirsinki, biz hammalarining gunohlarini avf qildik. Haq ustiga haqdirki, ularning hammasiga rahm-shafqat panohidan boshpana bergumizdir”.

Shundan so’ng 1416 yilda Ahmad Mirzo Qashqardan Hirotga qaytib keladi. Uni qaytadan biror viloyatga hukmdor qilib tayinlash uyoqda tursin, hatto Hirotdan tashqariga chiqarmasdan nazoratda saqlaydilar.

Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Ahmad Mirzo Abubakr Mirzoning o’g’li Ilangir Mirzo bilan hamtovoq bo’lib, ikkalasi erta-yu kech betinim sharobxo’rlik bilan mashg’ul bo’lganlar. Ba’zi fitnachi navkarlar ularning ko’ngliga saltanat vasvasasini solganlar va har ikkovi fitna qo’zg’ashga uringanlari uchun jazoga mustahiq qilinganlar. Chunonchi Ahmad Mirzo Ka’batullo ziyoratiga jo’natishga farmon berilgan. Ahmad Mirzo Ka’batullo ziyoratidan qaytib kelmagan. U 1425 yilda o’sha yerda vafot etgan.

SAYDI AHMAD MIRZO amirzoda Umar Shayx Mirzo bahodirning beshinchi o’g’li bo’lib, 1391 yilda tug’ilgan. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, sohibqiron Amir Temur vafot etgan chog’da Saydi Ahmad Mirzo 15 yoshda bo’lgan.

Saydi Ahmad Mirzoning nasabini tarixiy qo’lyozmalarda ikki xil talqin qilinadi. Chunonchi, Sharafuddin Ali Yazdiy Saydi Ahmad Mirzoning otasi Umar Shayx Mirzo bahodurdir, deb belgilasa tarixchi Xondamir esa, Mironshohning o’g’li edi, deb yozgan. Fikrimizcha, Sharafuddin Ali Yazdiyning bergan ma’lumoti aniqroq va har jihatdan puxtaroq ko’rinadi. Zero, sohibqironning so’nggi davrlarida safarda va harbiy yurishlarda doim birga yurgan Sharafuddin Ali Yazdiyning adashishi mumkin emas edi. Ushbuni nazarda tutib, Saydi Ahmad Mirzo sohibqironning ikkinchi o’g’li bo’lmish amirzoda Umar Shayx Mirzo bahodirning o’g’lidir, deb nuqta qo’ydik.

Saydi Ahmad Mirzo otasining vafotidan so’ng, Shohruh Mirzo mulozimatida bo’lgan. Fasih Xavofiyning yozishicha, 1407 yilda Shohruh Mirzo Shibirg’on viloyatini Saydi Mirzoga suyurg’ol qilib bergan.

Saydi Ahmad Mirzo 1429 yilda vafot etadi. Uning Ahmad Mirzo nomli o’g’li bo’lgan. Ahmad Mirzo 1414 yilda tug’ilgan. Ahmad Mirxo ham otasi Saydi Mirzo kabi hech qayerda hukmronlik qilmagan. U Sulton Husayn Mirzo Boyqaroning kichik opasi Oqabegimga uylangan edi. Ular Qorabog’da hayot kechirardilar. Xurosonda hokimiyat Sulton Husayn Boyqaro qo’liga o’tgach, ular Hirotga ko’chib keladilar.

Ahmad Mirzo Hirot shahrining dorug’asi (hokim, boshliq) etib tayinlanadi. U umrining oxirigacha mazkur manbasida qoyim turadi. Ahmad Mirzo 1498 yilda vafot etadi.

Ahmad Mirzoning Muhammad Sulton Mirzo ismli o’g’li bor edi. U 1458 yilda tug’ilgan bo’lib, yoshligidan unga Kichik Mirzo deb laqab qo’ygan edilar.

Kichik Mirzo aqlli, zehni o’tkir, farosatli va bilimdon yigit edi. U Mavlono Kamoliddin Shayx Husayn qo’lida ma’rifat gulshanidan bahramand bo’lgan edi. Uning odobi, axloqi va bilimini saroy ahli, shu jumladan tog’asi Sulton Husayn Mirzo Boyqaro ham yuksak qadrlardi. Shu bois saltanat ishlarida sohibixtiyor qilib tayinlangan edi.

Ammo Kichik Mirzo yoshlik g’ururiga asir bo’lib, o’z bilimi va saroyda tutgan mavqeidan mag’rurlanib, o’z holicha mustaqil harakatlar qila boshlaydi. Sulton Husayn Mirzo jiyani Kichik Mirzo xatti-harakatlarini sezib, ko’rib tursa-da, opasi va pochchasining ro’y xotiri uchun o’zini tag’ofilga solib yurardi.

Kunlardan bir kun Sulton Husayn Mirzo Boyqaro jiyani Kichik Mirzo bilan birga Xoja Abdullo Ansoriyning mozorini ziyorat qilish uchun Gozurohga boradi. Mozorni tavof qilgach, Hirotga qaytadilar. Havo nihoyatda issiq edi. Kichik Mirzo quyoshdan pana bo’lish maqsadida boshiga chodira yopinib oladi. Holbuki, Kichik Mirzoning yonida tog’asi shahanshoh ham oftob tig’iga bardosh berib kelayotgan edi.

Kichik Mirzoning bu qilgan ishi shahanshohning sabr va toqat paymonasini to’lishiga turtki bo’ladi. Shahanshoh Hirotga yetib kelgach, Kichik Mirzoning aqlini kiritib qo’yish niyatida qamoqqa hukm qiladi. Uni Ixtiyoriddin qal’asiga qamaydilar. Kichik Mirzo ma’lum muddat qamoqqa yotgach, shahanshoh farmoniga muvofiq avaxtadan ozod qilinadi.

Ammo qamoqdan chiqqach, saltanat ishlaridan ko’ngli sovib, o’z qilmishlaridan hijolat chekib, indamas va odamovi bo’lib qoladi. Oxiri Ka’batullo ziyoratiga borishga jazm qilib, shahanshohdan ruxsat so’raydi. U Ka’batullodan qaytgach, hasba (qora bezgak) kasaliga chalinib, 1484 yilda vafot etadi.

Tarixchi Xondamirning yozishicha, Saydi Ahmad Mirzoning ikkinchi o’g’lining nomi Usmon Mirzo bo’lgan. Biroq usmon Mirzoning qaysi yilda tug’ilgani yoxud tarjimai holi haqida hech qanday ma’lumot yo’q. Faqat uning o’g’li bo’lmish ABDULBOQI MIRZO haqida qisqacha ma’lumot berilgan.

Abdulboqi Mirzoning ona avlodi turkmanlarning Oq qo’yli sulolasiga mansub edi. Binobarin, Abdulboqi Mirzo Iroqqa qarashli Yazd viloyatining hokimi Murodbek huzurida katta nufuzga ega bo’lgan. Ammo 1502 yilda Eron shohi Ismoil Safaviy Iroq va Ozarbayjonni zabt etgach, Abdulboqi Mirzo va Yazd hukmdori Murodbek Hirotga – Sulton Husayn Mirzo Boyqaro huzuriga kelgan edilar. Sulton Husayn Mirzo Boyqaro ularga yuksak iltifotlar ko’rsatadi va o’zining beva qizi Sultonim begimni Abdulboqi Mirzoga nikohlab beradi. Sultonim begimning avvalgi zavjasi marhum Sulton Vays Mirzo edi.

Sulton Husayn Mirzo Boyqaro vafotidan so’ng, Xuroson huduga bostirib kirgan Muhammad Shayboniyxonga qarshi olib borilgan janglarda Abdulboqi Mirzo faol qatnashadi. 1507 yilda Nishopur va Sabzavorda shayboniylarga qarshi jangu jadalda Abdulboqi Mirzo halok bo’ladi.

BOYQARO MIRZO amirzoda Umar Shayx Mirzoning oltinchi – eng kichik o’g’lidir. U 1393 yilda tug’ilgan bo’lib, otasi vafot qilgan chog’da endigina bir yoshda edi. Uning onasi Mulkat og’o begimdir

Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, Boyqaro Mirzo husn va tarovatda ikkinchi Yusuf, jur’at va jasoratda esa ikkinchi Rustam bo’lgan. Sohibqiron Amir Temur vafotidan so’ng, Boyqaro Mirzo Shohruh Mirzo saroyida mulozimatda bo’ladi. Uning onasi Mulkat og’o begimdir.

1410 yilda Iskandar Mirzo Iroq va Fors mamlakatida o’z saltanatini muqib qilib olgach, o’z huzuriga birodarlaridan birortasini yuborishlarini so’rab, Shohruh Mirzoga maktub yo’llaydi Shohruh Mirzo esa, bir onadan tug’ilgan ukasi Boyqaro Mirzoni uning huzuriga jo’natadi.

1414 yilda Shohruh Mirzo Hamadon hukumatini, Vuruja va Nehovand qal’alari hamda butun Luristonni Boyqaro Mirzoga suyurg’ol qilib beradi.

1415 yilda Iskandar Mirzo ko’r qilingach, uni Shohruh Mirzoning farmoniga ko’ra, ukasi Boyqaro Mirzo huzuriga olib borib, qo’ygan edilar. Iskandar Mirzo Boyqaro Mirzoni oliy saltanatga qarshi qayrab, yo’ldan ozdiradi. Natijada Boyqaro Mirzo Sheroz tomon yuradi.

Boyqaro Mirzoning mulofatchiligini eshitgan Ibrohim Mirzo (Shohruh Mirzoning ikkinchi o’g’li) Iskandar Mirzoning Sherozdagi navkarlaridan Sevinch Xoja, O’rduvon va Mazidlarni bandga olib, ishonchli kishi orqali Xurosonga jo’natadi. Yo’lda bandilar Xonxabash mavzeida banddan ozod bo’lib, nazoratchini o’ldiradi va Gandumonda turgan Boyqaro Mirzo huzuriga borib, uni shoshilinch harakat qilishga undaydilar.

Boyqaro Mirzo Gandumondan chiqib, Sherozga yaqinlashadi. Ibrohim Sulton Mirzo ham jangga hozirlanib qarshi hujumga o’tadi. Shu asnoda Ibrohim Sulton Mirzoning Shayx Chuhra, Ma’sudshoh va boshqa navkarlari Boyqaro Mirzo tomon ot qo’yadilar-u, lekin orqaga qaytib, o’z valine’matlarining yuziga o’q otadilar. Shuningdek, bir guruh iroqliklar ham muxolifatlik yo’lini tutadilar. Ibrohim Sulton Mirzo bu ahvolni ko’rgach, jang maydonidan chiqib tunda Sherozga kirib, o’z onasi To’ti og’o begimni va xazinadan bir qancha mablag’ni olib, zudlik bilan Abarko’hga jo’naydi.

1415 yil 9 iyunda Boyqaro Mirzo Sherozning Istahr nomli darbozasi oldiga kelib to’xtaydi, shahar boshliqsiz qolgani tufayli, sayyidlar, qozilar va akobirlar shahar darvozasini ochib, Boyqaro Mirzoni shaharga olib kiradilar.

Bu xabar Hirotga yetib kelgach, Shohruh Mirzo isyonining oldini olish maqsadida, amir Jaloliddin Feruzshohni qo’shinga boshliq qilib, Yazd yo’lidan borib shahzoda Ibrohim Sulton Mirzoga qo’shilishiga amr qiladi. Amir shoh Malikni esa Ray viloyatidagi amirlarga borib qo’shilishiga buyruq beradi. Shayx Luqmon barlosni Xuttalon, Qunduz va Baqlon qo’shinini yig’ib, oliy o’rdugohga keltirishga safarbar qiladi.

1415 yil 24 avgustda qo’shin Hirotdan chiqib, Sherozga yo’l oladi. Amir Jaloliddin Feruzshoh Ibrohim Sulton Mirzo bilan qo’shilib, Sherozni qamal qiladi. Boyqaro Mirzo shahar qal’asiga kirib oladi. 26 oktabrda Shohruh Mirzo boshchiligidagi qo’shin ham yetib keladi.

Vaziyatni bunchalik mushkullashishini o’ylamagan Boyqaro mirzo shahzoda G’iyosiddin Boysung’ur Mirzodan xoqon Shohruh Mirzo huzuriga vositachi bo’lib borishni iltimos qilib, uning huzuriga o’zining navkari Qishloqni yuboradi. Boysung’ur Mirzo bu xabarni otasi Shohruh Mirzoga yetkazadi. Xoqon rozilik beradi. Shundan so’ng 1415 yil 8 noyabrda Boyqaro Mirzo qal’adan chiqib taslim bo’ladi.

Shohruh Mirzo uning gunohini avf etib, Qandahorga – Qaydu Mirzo huzuriga jo’natadi. Ko’p o’tmay, Qaydu Mirzodan Hirotga – Shohruh Mirzoga maktub keladi. Maktubda quyidagilar bitilgan edi: “Boyqaro Mirzo bir toifa qonxo’r buzuqilarni o’ziga ittifoqdosh qilib, Qaydu Mirzoga qasd qildi. Qaydu Mirzo bu isyondan voqif bo’lib, Boyqaro Mirzoni bandga oldi va fitnachilarni yo’qlik olamiga jo’natdi. Boyqaro Mirzo esa zanjir va g’ul bandida onhazratning ishoratini kutmoqda”.

Shundan so’ng Shohruh Mirzo Boyqaro Mirzoni “Sind suvidan o’tkazilib yuborilsin, toki u Hind mulki qaysi joyni istasa o’sha yerda tursin!” – degan mazmunda Qaydu Mirzoga maktub yuboradi.

Ammo Qaydu Mirzo noma’lum sabablarga ko’ra Boyqaro Mirzoni Hindga jo’natmay turardi. Shohruh Mirzo Qaydu Mirzo huzuriga xabarchi yuborib, “Alhol Boyqaro Mirzo Hind tarafiga ketmagan ekan, endi uni bu tomonga jo’natsun!” – deb ta’kidlaydi.

1417 yil 28 avgustda Qaydu Mirzo huzuridan amir Jahon Uch Qaro kelib Boyqaro Mirzoning kelayotganidan xabar beradi. Boyqaro Mirzo yetib kelgach, Shohruh Mirzo unga Hizr Xojani mulozim qilib Samarqandga – Ulug’bek Mirzo huzuriga jo’natadi. Davlatshoh Samarqandiyning bergan ma’lumotiga qaraganda, 1423 yilda Ulug’bek Mirzoning farmoniga ko’ra, Boyqaro Mirzo lashkargohda o’ldiriladi.

Boyqaro Mirzodan uch o’g’il – Muzaffar Mirzo, Muhammad Mirzo va G’iyosiddin Mansur Mirzolar qolgan edilar.

Boyqaro Mirzoning to’ng’ich o’g’li Muzaffar Mirzo 1409 yilda tug’ilgan. Ammo u ko’p umr ko’rmay, 1429 yilda 20 yoshida vafot etadi. Undan farzand bor-yo’qligi noma’lum. Ikkinchi o’g’li Muhammad Mirzoning qachon tug’ilgani hamda vafoti haqida ma’lumot uchramaydi. Faqat uning o’g’li Sulton Uvays Mirzoning 1454 yilda Samarqand hukmdori Sulton Abusayid Mirzo mulozimatida ekanligi hamda hukmdorga qarshi isyon ko’tarib, qamoqqa olinganligi haqida ma’lumot bor.

G’IYOSIDDIN MANSUR MIRZO Boyqaro Mirzoning uchinchi o’g’li bo’lib, 1413 yilda tug’ilgan. Uning onasi Qutlug’ Sulton begim edi.

G’iyosiddin Mansur Mirzo hukmronlik qilmagan. U umrining oxirigacha Hirotda oddiy odamlardek o’rta hol hayot kechirgan. 1445 yilda G’iyosiddin Mansur Mirzo vafot etadi. Undan ikki o’g’il va ikki qiz qolgan edi.

FERUZA BEGIM sohibqiron Amir Temurning katta qizi O’gi Beginning o’g’li Sulton Husayn Mirzoning qizi edi. Feruza begimning onasi Qutluq Sulton begim esa Mironshoh Mirzoning qizi edi. Feruza begim Boyqaro Mirzoning uchinchi o’g’li G’iyosiddin Mansur Mirzoga turmushga chiqqan edi. Feruza begim ikki o’g’il va ikki qizning onasi edi. U 1469 yil 24 iyulda vafot etadi.

BOYQARO MIRZO G’iyosiddin Mansur Mirzoning katta o’g’li bo’lib, 1430 yilda tug’ilgan. Onasi Feruza begim edi.

Boyqaro Mirzo Sulton Husayn Mirzo Boyqaroning akasi edi. Sulton Husayn Mirzo Boyqaro Hirot taxtiga o’tirgach, Boyqaro Mirzo bir necha muddat Balx hukumatini idora qiladi. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo uning haqida quyidagilarni yozgan edi: “Boyqaro Mirzo Sulton Husayn Mirzodan ulug’ edi va navkari edi, vale devon boshida hozir bo’lmas edi, g’ayri devonda bir to’shakda o’ltururlar edi”. Boyqaro Mirzo 1487 yilda vafot etadi.

Boyqaro Mirzoning uchta o’g’li bo’lib, kattasi Sulton Muhammad Mirzo edi. U 1449 yilda tug’ilgandi. U amakisi Sulton Husayn Mirzo Boyqaro saroyida mulozimatda yurib, 1483 yilda Hirotda vafot qiladi.

O’rtancha o’g’li Sulton Vays Mirzo bo’lib, 1451 yilda tug’ilgan edi. U ham saroyda xizmat qilardi. Sulton Husayn Mirzo Boyqaro o’zining eng katta qizi Sultonim begimni Sulton Vays Mirzoga nikohlab berib, o’ziga kuyov qilgan edi. Bu haqda Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo shunday yozadi: “Og’asi Boyqaro Mirzoning o’rtancha o’g’li Sulton Vays Mirzoga chiqarib edi. Bir qiz, bir o’g’il bo’lib, edi. Qizini Shaybon sultonlaridan Yo’libors sultonining inisi Esonquli sultonga chiqarib edi, o’g’li Muhammad Sulton Mirzodurkim, bu tarixta Kunnuch viloyatini anga beribturmen”.

Sulton Vays Mirzo 1491 yilda vafot qiladi.

Boyqaro Mirzoning uchinchi o’g’li – Iskandar Mirzo bo’lib, 1455 yilda tug’ilgan edi. U ham amakisi Sulton Husayn Mirzo Boyqaroga kuyov edi. Shahanshohning yettinchi qizi – Sulton Najod begimga uylangan edi.

1502 yil aprel oyida Iskandar Mirzo vafot etadi.

BADIUJ-JAMOL BEGIM G’iyosiddin Mansur Mirzoning katta qizi edi. Sulton Husayn Mirzo Boyqaroning opasi edi. Badiuj-Jamol begimning ismini “Boburnoma”da Badakabegim deb yozilgan.

Sulton Husayn Mirzo Boyqaro hali Xuroson taxtini o’z tasarrufiga kiritmasdan burun, Jurjon viloyati atrofida qozoqilikda yurgan kezlarida, Badiuj-Jamol begimni Pir Badog’ Sulton nikohiga kiritgan edi. Pid Badog’ Sulton vafotidan so’ng, Badiuj-Jamol begimni Dashti Qipchoq hukmdori Hoji Tarxonli (Astraxon) Sulton Ahmadxon o’z nikohiga kiritadi.

Badiuj-Jamol begimning Sulton Ahmadxondan ikki o’g’li va bir qizi bor edi. Sulton Ahmadxon vafotidan so’ng, malika o’z yurti Hirotga kelishiga jazm qiladi. Ammo katta o’g’li Sulton Mahmudxon Xurosonga kelishdan bosh tortib, o’z mavrusiy mamlakatida qoladi. Malika kichik o’g’li Bahodir Sulton va qizi Xonzoda begim bilan birga 1485 yilda Hirotga keladi. 1487 yilda Xonzoda begimni Sulton Husayn Mirzo Boyqaroning suyukli o’g’li Muzaffar Husayn Mirzoga nikoh qiladilar.

OQOBEGIM G’iyosiddin Mansur Mirzoning ikkinchi qizi edi. Oqobegim Sulton Husayn Mirzo Boyqaroning kichik opasi edi. Oqabegim ham hali Sulton Husayn Mirzo Boyqaro Hirot taxtiga o’tirmasdan burun, Saydi Ahmad Mirzoning o’g’li Ahmad Mirzo nikohiga kirgan edi. Ularning yakka-yagona o’g’li bo’lib, ismi-sharifi Muhamamad Sulton Mirzo, laqabi “Kichik Mirzo” edi.