Milliy uyg’onish davri bayramlari

XX asr boshida yangi g’oyalar uchun kurash kuchaydi. XIX asr oxirida boshlangan g’oyaviy-siyosiy kurash XX asr boshida avjiga chiqdi. Bu jarayonda siyosiy oqimlar vujudga keldi. Milliy madaniyat, chunonchi, urf-odatlar va bayramlarni “qayta anglash”, ularni isloh qilish g’oyasi mahalliy aholining ilg’or fikrli ziyolilari tomonidan qo’llab-quvvatlandi.

Din arboblari islom an’analari va qadriyatlarini boshqa madaniyat ta’siridan saqlash uchun Yevropa madaniyatiga qarshi kurashga intildilar. Ularning tarafdorlari sof islomiy odatlarni saqlab qolish, yangi an’analarni xalq hayotiga yaqinlashtirmaslikka harakat qildilar.

Nigilistik kayfiyatdagi rus istilochilari asr boshida “proletkult” oqimiga birlashib, milliy madaniyatni tag-tomiri bilan qo’porib tashlab, mutlaqo yangi madaniyat barpo etish g’oyasini ilgari surdilar. “Proletkulchi”lar deb nom olgan bu nigilistlar xalq odatlarini mutlaqo yo’q qilib, butunlay yangi an’analar yaratishni targ’ib qildilar.

Sotsial-demokratik yo’nalishdagi siyosiy oqim o’zlarini xalq an’analarining ijobiy jihatlarini saqlab qolish tarafdori qilib ko’rsatsalar-da, aslida yangi proletar madaniyatni hayotga joriy qilish uchun kurashdilar. Buning natijasida Rossiyada o’tkazilayotgan siyosiy tadbirlar O’rta Osiyo shaharlariga ham kela boshladi.

Sotsial-demokatlar 1904 yil Toshkentda ilk “Mayovka” uyushtirishdi. Mazkur tadbir bu yerda birinchi marta o’tkazilishi edi. Peterburgdagi 1905 yil “Qonli yakshanba” voqeasidan keyin sotsial-demokratlar Toshkent va boshqa shaharlarda birinchi may bayrami namoyishlarini chorizmga qarshi ulkan siyosiy tadbir sifatida o’tkazishga intilishdi. Bu bilan ular Rossiyadagi siyosiy harakatlarni O’rta Osiyo shaharlariga ham ko’chirishga harakat qilishdi.

Mahalliy ziyolilar ichidan yetishib chiqqan jadidlar, ya’ni yangilik tarafdorlari esa eski, qotib qolgan o’qishning o’qitish usullarini isloh qilish, mahalliy xalq turmush tarziga zamonaning ilg’or yangiliklarini olib kirishga harakat qildilar. Jadidlar deb olgan bu milliy ma’rifatparvar ziyolilar mavjud odatlarni qaytadan idrok qilish, undagi eng yaxshi an’analarni rivojlantirish, zamon talabiga javob bermaydigan, eskirgan rusumlarni bekor qilish, davrning ilg’or yangiliklarini hayotga joriy etishga intildilar.

Bu oqimlarning har biri kelajakda xalq hayoti, siyosati, iqtisodi, madaniyati, shu jumladan odat-bayramlari qanday bo’lishini belgilashga urindilar. Biroq xalq hayoti, madaniyati va bayramlari taqdirini biror bir g’oyaviy-siyosiy oqim vakillarining istagiga ko’ra hal qilib bo’lmas edi. Chunki milliy bayram-marosimlar avvalo hayot taraqqiyotiga, xalqning ehtiyojiga bog’liq hodisadir.

Milliy madaniyat ravnaqini belgilashda jadidlar muhim o’rin tutdilar. Furqat, Behbudiy, So’fizoda, Avloniy, Cho’lpon, Fitrat, Hamza kabi ilg’or ma’rifatparvar ziyolilar turmushini o’zgartirish, unga zamonaning yangiliklarini olib kirish, maktab, maorif ishiga e’tiborni oshirish uchun faol kurashdilar. Jumladan, ular gazetalarda o’zlarining milliy odat, an’ana, marosim va bayramlar haqidagi qarashlarini targ’ib qila boshlashdi. Masalan, Isxoqhon Ibrat: “…Hali ham biz o’z dinimizga harakat qilmay, aqcha topsak, hayu-havas, ovloq to’ylarga o’n ming so’m behuda isrof qilamiz”, – deb mahalliy aholi dunyoqarashidagi kamchiliklarni keskin qoralaydi. Isrofgarchilik eng katta kulfatlarga sabab bo’layotganini ta’kidlaydi. Kishilarni o’zlarining ortiqcha pullarini behuda hoyu-havaslarga sarflamay, o’g’il-qizlarini o’qitishga ishlatishga chaqiradi.

Cho’lpon “Sadoi Farg’ona” gazetasida: “…ilgari vaqtlarda bundog’ behuda isroflik to’ylar ham bo’lmas…”ligini ta’kidlab, yig’ilgan bisotni millat ravnaqiga sarflash kerakligini aytadi.

“Najot” gazetasida Turkiston musulmonlarining s’yezdi qarori asosida “Sho’roi Islomiya” tashkilotining to’y va ma’rakalarni tartibga solish to’g’risidagi qarori e’lon qilingan. Unda quyidagilar bayon etilgan:

Birinchi: janoza kuni imom va ulamolarga yirtish va choponlar ulashmoq, qarindosh-urug’larga qora kiyimlardek nimarsalar bermoq, yuguvchi va otunlarga ijro xizmatlarida ziyoda har xil kiyimlar bermoq, otunlar kelub tovush chiqaruv o’qumoq, sadr qilmoq, xotunlarga ulashulodurgon yetti gul, qovoq oshi, qor yog’di, laylak keldi, qovun-uzum, yigirma, qirq, hayit, fotiha va yil oshidek xalqqa osh beriladurgon iroflar, qozoqlar orasida yil oshi poygalar va ahli kasabalar tarafidin arvoh piri birlan berilaturgon osh va ziyofatlarni yo’q qilindi va bular janoza kuni davlatlik kishilar ulamo va imomlarga pul bilan hayrat qilmoqlari ham. Mazkur ma’raka kunlarida mahalladin uch-to’rt kishini chaqirub, hatmi Qur’on qildirmoqlari mumkindur.

Ikkinchi: qiz to’ylari sovchigarchilik, fatir, kichik to’y, qozon qaytarish, katta to’y, bazm isroflari va yuz ko’rar hayitlarda mol yoyib kelin ko’rmoq, qiz oshi bermoq va nikoh kunlarida ilonchilar o’ynatmoq, yor-yor aytmoq, xotunlarning har biriga alohida non va oshlar tortmoq, to’qqiz-to’qqiz, sanduqlarda chirub ketadurgon gul ko’rfa (ko’rpa) va fok (pok) ko’rpalardek foydasiz mollar, ko’chalardin siyocha ko’tarib yoki aroba va to’ylarga g’alla va boshqa xil narsalar ortub, to’y yubormoq, qiz olardagi qalin olmoq va shunga o’xshash isrofot va bid’atlar bilkulliya ma’mundir. Bular o’rniga kelin va kuyov taraflari kiyim va zarur uy asboblari to’g’risida pul ila bitishsunlar, ham nikoh kuni kuyov o’z oshnolarini va mahalla kishilari birlan bekarnay, faqat surnay birlan borub, nikoh qilurlar va kelin taraf o’z qarindoshlari bilan kelinni olub borurlar. Faqat kuyov ila boragurgon kishilarning yigirma-qirq kishidan oshmasligi, kelin ila boradurgon xotunlaarining o’n-yigirmadan oshmasligi lozimdur. Chorlari ham bir martabagina bo’lib, kuyov ila birga boradurgon kishilargin kelin ila boradurgon xotunlar ham o’n kishidan ortiq bo’lmasun. Chorlarida taom faqat yemoq uchungina bo’lib tugub olib ketmoqlari va yana beshik to’yi, chillagarazonlar butunlay yo’qolub bitsunlar.

Uchinchi: o’g’il to’yida atrofidagi mahallalardan odamlar chaqirib, osh bermoq, uloq bermoq, xotun osh bermoq, xatna qilinadurg’on bolalargan… ko’cha ba ko’cha sargardon qilib oqcha yig’moq va shularga o’xshagan isroflar bilkulliya mamnu’dir. Faqat davlatlik kishilar ulamo va imomlarni chaqirub kichikroq bir mavlud majlisi yasab va faqir kishilar mahallalardan uch-to’rt kishinigina chaqirib, o’g’illarni xatna qildirurlar.

Mavlud majlisini ham ko’p kata qilib yubormasdan, mumkin qadar iqtisodni rioya qilsalar (tejab sarf qilsalar), ham to’yga atagan pul va g’allalarini mahallalaridagi och va yalang’och, beuy va bechoralarga, maktab va madrasa va jamiyati xayriyalarga bersalar.

XX asr boshidagi bayramlar haqida so’z borganda Hamza Hakimzoda Niyoziyning bu boradagi faoliyatiga to’xtalish lozim. Chunki bayramlar masalasiga Hamzaning turli janrlardagi asarlarida keng to’xtalingan. Uning “Ramazon” she’ri, “Qurbon bayrami kuni” nomli maqolasi, “Bugun – 8 mart” pyesasida bevosita to’y, marosimlarga munosabat bildiladi. Shuningdek, uning amaliy faoliyatida ham bayramlarni uyushtirish muhim o’rin egallagan.

Hamzaning bayramlarga oid faoliyatida to’rt xil yo’nalish mavjudligi ko’zga tashlanadi.

Hamza avvalo faol jamoatchi arbob sifatida hayot taraqqiyotiga g’ov bo’layotgan eskilik sarqitlariga qarshi kurash olib borgan. Uning 1914 yil yozilgan she’rlarida va “Qurbon bayrami kuni” maqolasida diniy bayramlar boylar va din peshvolari uchun boylik orttirish, kambag’allar uchun esa yanada qashshoqlashish kuni bo’layotgani achchiq alam bilan aytilgan. Hamza kishilar dunyoqarashida qoloqlik, jaholat kuchayib ketganidan afsoslanib quyidagilarni yozadi: “…bog’larda chiqib karta o’ynamoq, go’daklarimiz esa tuxum, pildiroq o’ynamoq, ulamo va ag’niyo va kosiblarimiz esa bari qo’rin to’ydirmoq, birovlarni nadomat va g’iybat qilmoq, xullas, sar fisqu nomashru’ ishlarga sargardon va og’ushtalikdan iboratdir”.

Ikkinchida, Hamza xalqning eng yaxshi an’analarni rivojlantirishga va bayram kunlarini quyidagicha o’tkazishga chaqiradi: “… bayram qiluv, bir-biriga mehmon bo’lib bormoq; mehmonlarda, darsxonalarda beshlab o’nlab majlis qilmoq… ulamolar avomga, ag’niyo fuqaroga yordam qilmoq… maktablar ochmoq, ko’hna madrasalarni tuzatmoq, ko’r, shol yoxud kar va zaiflik majburiyati ila ojiz qolgan tul xotin, beva, bechora, yetimlarni tarbiya qilmoq yo’llarini izlamoq, xususan, o’quv usullarini zamonga muvofiq tehsil qilmoq, axtarmoq… mamlakatlarimizdagi kamchiliklarni fikrlashmoq, so’ngra o’n minglab xalqimizni bag’riga to’plab turgan jomelarimizda va’zlarimiz orqali yuqoridagi zaruriyatdan xalqimizni ogoh qilmoq… eng muhim burchimizdir”.

Hamza xalq bayramlarini juda e’zozlagan. Ularni tashkil qilishda (jumladan, Xorazmda “Qovun sayli”, Namanganda “Gul bayrami”, ko’pgina joylarda “Navro’z bayrami”) faol qatnashgan.

Uchinchidan, Hamza O’zbekiston hududida bayramlarni faol uyushtiruvchi – tashabbuskorlardan biri bo’lgan. Ma’lumki, Hamza tashkil etgan teatr truppasi o’z faoliyatini aynan bayram kuni boshlagan.

Hamzaning ijtimoiy-siyosiy faoliyatida xotin-qizlar ozodligi alohida o’rin egallaydi. U xotin-qizlar kunida “Oilaviy kechalar”ni tashkil qilib, suhbatlar o’tkazgan. Shunday tadbirlar uchun “Mas’ul xodim”, “Bugun – 8 Mart” kabi pyesalar yozgan.

To’rtinchidan, Hamza ijodkor sifatida o’sha davrda muhim o’rin tutishi lozim bo’lgan yangi bayramlarni uyushtirishga harakat qilgan. 1911 yilda Toshkent ziyolilari birinchi marta “Sharq kechalari” tadbirini o’tkazishgan. Bu tadbir XX asr boshida Sharq mamlakatlarida juda kata shuhrat qozongan. Hamza “Sharq kechalari”ni xalq sayillari, ommaviy inspenirovkalar, konsertlar, agitspektallar bilan boyitilishi va uning ommaviy teatrlashtirilgan bayramga aylantirilishiga munosib hissa qo’shgan.

Hamza “Sharq kechalari”ni 1919 yilning aprelida Toshkentda O’lka sayyor drama truppasining gastroli vaqtida “Turon” teatrida tashkil qilgan. Kecha dasturi 5 qismdan iborat bo’lib, undan turli sharq milliy kuylari, qo’shiqlari, “Ishchi”, “Qarmoq”, “Kayf uchdi” kabi kichik instsenirovkalar joy olgan. Ularda Hamza turmushda uchraydigan salbiy hodisalarni kulgili tarzda gavdalantiradi. Qimorboz, bangi kabi salbiy “tip”larning hatti-harakatini hayotiy voqealar orqali namoyish etadi. Ularning o’rniga teatr truppasi aktyorlaridan chiqardi. Kecha boshlanishidan oldin Hamza qimorboz, bangi qiyofasidagi aktyorlari sayil maydonining belgilangan joyiga o’tqazib qo’yar, ular esa o’z “kasblari”ni namoyish qilishni boshlar edilar. Voqea eng qizigan paytda Hamza sahnaga chiqib, yig’ilgan xalq oldida otashin nutq so’zlar edi.

U “Sharq kechalari”ga atab “Quzg’unlar”ni yozgan. Asar mazmuni agitsud yo’nalishida bo’lsada, unda sudya, ayblovchi va himoyachi yo’q. Namoyish etilayotgan voqealar to’g’risida hukm chiqarish tomoshabinlarning o’zlariga havola qilingan. Instsenirovkada to’rt ijobiy vakil: Ishchi, Dehqon, Hunarmand, Qorovul, va “Quzg’unlar” (xon, murid, ko’rboshi, mingboshi, askar, jallod, mirshab, qalandar, folbin, kinnachi, go’rkov, o’g’ri, sudxo’r. qo’shmachi va hokazo – jami 45 ta) qatnashdilar. Instsenirovka 16 epizoddan iborat bo’lib, har bir epizodda barcha qatnashchilar bir martadan sahnaga chiqishadi. Voqealar jarayonida “quzg’unlar”ning yangidan salbiy jihatlari ochiladi. Hamza “Sharq kechalari”ni Toshkent, Andijon, Buxoro, Xorazmda katta bayram sifatida uyushtirgan.