Men bilgan Sharof aka

Muallif Irismat Abduxoliqov

So’zboshi. Saydi Umirov

Jurnalist bo’lish zo’r-da. Ko’rmagan joylarni ko’rasan, ne-ne ulamoyu fuzalolar bilan suhbatda bo’lasan, ko’pchilik ishtirok etmagan katta-katta tadbirlarda qatnashasan. Vazifang taqozosi, redaksiyaning topshirig’i bilan jurnalistik guvohomang yordamida dunyoning eng qaynoq nuqtalarida, favqulodda hodisalar yuz berayotgan joyarda hayotingni xavf ostiga qo’yib bo’lsa ham hozir bo’lasan, voqealarning ichiga kirib, ularni idrok etib, mushohada qilasan, materiallar tayyorlaysan. Ko’p sonli, radio va televideniyeda esa ko’p millionli auditoriya sening reportajlaringga, nuqtai nazaring, taxlilingga qarab voqea-hodisalar haqida tasavvur hosil qilib, tegishli xulosalar chiqaradi.

O’zbekistonning sobiq birinchi rahbari, yirik davlat va jamoat arbobi, o’zbek xalqining qalbidan o’rin egallagan Sharof aka Rashidov haqida so’nggi paytda ko’p yozilyapti. Bu xotiralar u kishiga nisbatan katta hurmat-izzat yuzasidan, chin dildan samimiy bitilmoqda. Bu xalqimizning, u kishi bilan birga ishlagan safdoshlarining, yozuvchi-jurnalistlarimizning Sharof Rashidov xotirasiga bo’lgan chuqur hurmatidan dalolat beradi. Sizning qo’lingizdagi kitobda ayrim xotiralardagidek bu buyuk tarixiy shaxs haqida umumiy gaplar yo’q, unda voqea qisqa, lo’nda, shirin til bilan obrazli qilib yoritiladi, ularning sodir bo’lgan vaqti, joyi, Sharof aka bilgan muloqotda bo’lgan kishilarning ismi-sharifi aniq ko’rsatiladi, keng va chuqur mulohaza yuritiladi.

Kitob muallifi, telejurnalist Irismat Abduxoliqov o’tgan asrning 70-80-yillarida nafaqat O’zbekistonda, Markaziy Osiyoda, balki Ittifoqda ham taniqli bo’lgan jurnalistlardan biridir. U kishi kechqurun Markaziy televideniyening “Vremya”, “Novosti” axborot dasturlari orqali, shuningdek, “Vzglyad”, “Prejektor perestroyki”, “Selskiy chas” nomli ko’rsatuvlarda, “60 daqiqa”, “120 daqiqa” nomli ertlabki yangiliklarda O’zbekistondan berilayotgan original reportajlari bilan xonadonimizga kirib kelar edi Uning hech kimga o’xshamaydigan o’ziga xos ovozi, mustaqil nuqtai nazari, televideniyega xos bo’lgan ko’tarinki ruh bilan sug’orilgan shirin tili va izchil tahlili ko’pchilikka ma’qul tushar edi. Yodimda, “Vremya”ning mashhur suxandonlari tomonidan reportaj boshlanishidan avval uning ismi-sharifi e’lon qilinishi bilan: “Ana, hozir zo’r tahliliy reportaj bo’ladi”, – deb tomoshabinlar televizor ekranlariga tikilib qolishar edi.

Sharof Rashidovning hayoti va faoliyati haqida yozilgan bu lavhalarni janr bo’yicha memuar uslubida bitilgan bir xotirot asar deb bo’lmaydi, kitobda biz dadil mulohaza, nozik mushohada, chuqur tahlil, shaxs, voqelikka yuz-xotirsiz baho berish hollarini ko’ramiz, qisqa qilib aytganda, bu intellectual proza unsurlarini o’zida mujassamlashtirgan real hayotning badiiy-publitsistik bayoni, ifodasidir.

Jurnalistlar sodir bo’layotgan voqea-hodisalar to’g’risida eng ko’p, noyob, hatto ayrim paytlarda ko’pchilikdan sir saqlangan ma’lumotlarga ham ega bo’ladigan kasb egalaridir. Sezilib turibdi, kitob Sharof Rashidovni ko’rgan, bilgan, u kishi bilan bevosita muloqotda bo’lgan odam tomonidan yozilgan. Kitobni, undagi xotiralarni o’qib Sharof Rashidovning qiyofasi ko’z oldimizda yaqqol namoyon bo’ldi. Bu jurnalistning hayotiy obrazlarni yaratishdagi mahoratidan, voqea-hodisalarni bayon etishda voqealikka, faktlarga, hujjatlikka qat’iy rioya qilganligidan dalolat.

Kitob muallifini Sharof Rashidovning shaxsan o’zi 1978 yili Markaziy televideniye “Vremya” axborot dasturining O’zbekistondagi maxsus muxbiri lavozimiga tavsiya qilgan ekan. Muallif bu lavozimda 11 yil faoliyat ko’rsatgan bo’lsa, shundan qariyb besh yili mobaynida tayyorlagan reportajlarida Sharof Rashidovning o’zi ishtirok etgan tadbirlar yoki u kishining topshirig’i bilan bog’liq voqea-hodisalar tasvirga olinib Markaziy televideniyening “Vremya” axborot dasturiga, u orqali umumjahon axborot makoniga chiqqan. Muallif Sharof Rashidovdan keyin yana olti yil Moskva televideniyesida faoliyat ko’rsatdi.

Jurnalistning har narsadan ham muhim bo’lgan bitta vazifasi, burchi bor. U ham bo’lsa voqeani yoritishda haqiqatni mezon qilib olish, unga yolg’onni aralashtirmaslik, biron-bir shaxs, u hatto katta lavozimdagi amaldor bo’lsa ham, bir tarafning, bir tomonning yoki doira-davralarning ta’siriga tushib qolmaslik, hech kimning yonini olmay o’zining fikrini aytish, odil xulosasini chiqarish (sababi, u yozgan so’zlari uchun vijdoni, xalqi, qonun oldida javob beradi), qahramoni qanday bo’lsa, xuddi shunday tasvirlash, voqea-hodisa qanday kechgan bo’lsa, xuddi shunday og’ishmay aks ettirishdir.

Yodimda, Irismat Abduxoliqovning ko’pchilik reportajlari katta aks sado berib O’zbekistonda voqea darajasigacha ko’tarilar edi. Muxbir ilgari ko’pchilik e’tibor bermagan voqea-hodisalarga million-million teletomoshabinlar diqqatini jalb qilardi. Tanqididan keyin kimlardir jamoatchilik yoki rahbariyat tomonidan ijobiy berilgan bahodan keyin reportaj qahramonlarining obro’-e’tibori ortib, yorlig’u mukofotlarga sazovor bo’lar edi. Eng muhimi, o’sha sovet davrida ham jurnalist o’zining mustaqil, daxlsiz fikri va bahosini dadil ayta olar edi.

Kitob, ayniqsa, milliy jurnalistikamiz amaliyotida kam uchraydigan mavzular va ularning dadil, chuqur publitsistik tahlili bilan diqqatga sazovordir. Xotirada yodga olinayotgan voqea-hodisalarning ko’pchiligi bugun xalqimizning, davlatimizning tarixiga aylanib, qo’llanmayu darsliklarga kirgan.

Kitobdagi Sharof Rashidov hayotiga oid ayrim voqea-hodisalarga muallifning o’zi bevosita shohid bo’lmagan, bu haqda ma’lumotni o’zga, lekin ishonchli manbalardan olgan, ayrim voqealarning guvohlari qolmagan, ularni tasdiqlab ham, inkor etib ham bo’lmaydi. Ana shunday voqealar bayonida biz muallifning xotirasiga, rostg’oyligiga, haqiqatparligiga ishonamiz, tayanamiz.

Kitobda, shuningdek, muallifning Sharof Rashidov bilan bo’lgan bevosita uchrashuvlari, muloqotlari, kuzatuvlari, u kishi haqidagi fikr-mulohazalari, olgan taassurotlariyu chiqargan xulosalari o’rin olgan. Kitobning tili, bayoni uslubi, baholash mezonlari buz ko’nikib qolgan uslubdan biroz farq qiladi. Unda Moskva Markaziy televideniyesi, xorijiy ommaviy axborot vositalari, rus va g’arb jurnalistikasining an’analari ko’zga tashlanib turibdi.

Shuningdek o’qing

Muqaddima
Bir lahzalik diydor xotirasi
“Vremya”dagi ilk qadamlar
Dastlabki topshiriq
Yuksak zehn sohibi
“Muxbir noto’g’ri axborot berdi”
“Sergey Geogriyevich yo’q, u kishi Bonnda”
Paxta va qor epopiyasi
Voqeani qayta tiklash usuli
Totalitar davrning demokrat rahbari
Rejada bo’lmagan ob’yektlar yoxud xalq merosi
“Biz bunday ishlar bilan shug’ullanmaymiz”
Hamma gap paxtada
“Brejnev mojarosi”
Anor sharbati
“Yo’q” deyishning jasorati va andishasi
“O’rtoq Andropov kelgandan keyin…”
Sharof Rashidovning raqibi
So’nggi uchrashuv
Shirin yolg’on va achchiq haqiqat
Dog’uli yillar
Qalb qa’ridagi qat-qat haqiqat
Roman, romantika va real hayot
Ushalmay qolgan orzu
Sibir suvlari Xitoyga
Sharof akaning tarbiya maktabi

счетчик посещений