Me’morlik va musiqa san’ati

XXI asr oxiri va XX asr boshlarida Buxoro me’morlik san’ati asosan uy – joy qurilishi va o‘ziga xos uslubda qurilgan Sitorai Mohi Xosada o‘z ifodasini topgan. Bu saroy qurilishida ham G‘arb, ham Sharq me’morchiligi an’analaridan foydalanilgan.

Sitorai Mohi Xosadagi «Oq saroy» (oq zal)ga berilgan naqshin pardozlar o‘sha davr me’morchiligida xalq ustalari tomonidan yaratilgan o’yma ganchkorlik va devorlarga surat solishning namunasi hisoblanadi. Bu saroyda buxorolik usta Shirin Murodov boshliq bir guruh ustalar  o’zlarining ganch o‘ymakorligi bo‘yicha butun mahoratlarini namoyish qilganlar. Ular ganchkorlik naqshlarida zargarlarni ham hayratga sola oladigan mahorat bilan o‘ta nozik va jozibador naqshlar bita olganlar.

Bu davrda Xiva xonligida ham o‘ziga xos me’moriy binolar, masjidlar, maqbaralar va madrasalar qurildi. Islom Xo‘ja maqbarasi Xivadagi eng salobatli me’moriy bino hisoblanadi. Bu madrasa va uning minorasini bosh vazir Islom Xo’ja 1908-1910-yillarda o‘z mablag‘i hisobiga qurdiradi. Madrasaning old qismida Xivadagi eng baland minora joylashgan. Minoraning balandligi 44,6 metrdir.

Xivadagi yana bir me’moriy bino Qozikalon madrasasidir. Bu madrasani Xivaning adolatpesha qozisi Salimoxun o‘z mablag’i hisobiga qurdirgan. Salimoxun qozi Xiva xonligidagi iqtidorli, lekin kam ta’minlangan mullavachchalarni o‘z ta’minotiga olib o‘qitadi.

Bu davrda qurilgan me’moriy binolardan yana biri mashhur Pahlavon Mahmud qabri ustiga qurilgan maqbara hisoblanadi. Aslida maqbaraning poydevori XIV asrda qurilgan bo’lsa-da, uning butun majmuasi XIX asrda bino etilgan. Pahlavon Mahmud maqbarasiga guldor sopol bezaklar ishlatilgan. Bu esa maqbaraning yanada hashamatli va mahobatli bo‘lishiga yordam beradi.

Turkistonga ruslar ko‘chib kelishining kuchayishi turli shaharlarda Yevropa va  Sharq-Yevropa  uslubida qurilgan binolarning paydo bo’lishiga olib keldi. Masalan, Toshkentdagi knyaz Romanov saroyidagi zallar o‘zbek ustalari tomonidan  sharqona bezatilgan. Shuningdek, bu davrda ruslarning ta’siri natijasida qadimiy shaharlar atrofida yo’ldosh shaharlar paydo bo’la boshladi. Masalan, birgina Toshkent shahri eski va yangi shaharlarga bo’linib,  Anhor kanali orqali ajralib turgan. 1865-yildan qurila boshlagan yangi shaharda Yevropa uslubidagi binolar qurilgan bo’lsa, eski shahar o‘zining sharqona uslubi bilan ajralib turgan.

Marg’ilon shahridan 8 kilometr chamasi uzoqlikda yangi shahar — hozirgi Farg‘ona (Sobiq Skobelev) shahri qad ko’tara boshlagan. Natijada, Turkiston arxitekturasi Sharq va G‘arb me’morchiligi sintezi sifatida shakllana borgan.

O’zbek xalqining ko‘p asrlik taraqqiyot yo’lini bosib o‘tgan musiqa san’ati qadimiy va o‘ziga xos an’analariga ega edi. XIX asrning ikkinchi yarmida o‘zbek musiqasining barcha janrlari va shakllari xonanda va sozandalar avlodi tomonidan ijod qilinib, og’izdan og‘izga olib kelgan og‘zaki an’anaviy san’atdan iborat edi.

O’zbek musiqasi folklor sohasi (xalq kuylari va cholg‘u musiqasi) va og‘zaki an’anaga mansub bo’lgan murakkab professional musiqani o‘z ichiga olgan. O’z manbalari jihatidan yagona xalq badiiy madaniyatining bu ikki qatlami bir qancha xususiyatlari bilan bir-biridan farq qilsa-da, ularning umumiy tomonlari ham bor edi. Mavzu mazmuniga qarab qo‘shiqlarni besh asosiy guruhga bo’lishimiz mumkin:

  • maishiy, g‘alla, bolalar qo‘shig‘i, lirik qo‘shiqlar va shu kabilar;
  • oilaviy rasm-rusum kuylari (to‘y, motam);
  • mehnat qo‘shiqlari;
  • ijtimoiy norozilik qo‘shiqlari;
  • tarixiy qo‘shiqlar.

Musiqa tuzilishi va ijro xususiyatlari jihatidan esa o’zbek kuylari terma, qo’shiq, lapar, yalla va ashula kabi janrlarga bo’linadi, bularning har birining mavzusi xilma-xil bo’lgan.

Hazil-mutoyiba va satirik qo‘shiqlar ham xalq orasida juda mashhur edi. Xalq turmushida cholg‘u  musiqasi keng tarqalgan edi. Cholg’ularning tarkibi jihatidan turli-tuman sozandalar ansambllari bor edi. Bulardan ba’zi birlari sayillarda, to’ylarda, xalq teatri va sirklarida qatnashar edi. (Qiziqehilar, qo’g’irchoqbozlar, dorbozlar va shu kabilarning o‘yinlariga jo‘r bo’lishardi). Katta-katta maydonlarda (odatda, bozorlarda) musiqa ansambllari va karnay- surnay, nog’ora singari ovozi baland cholg‘ular ham qo‘shilar edi. Ba’zi ansambllar qo‘shiqchi-ashulachilarga jo‘r bo‘lishardi. Bunday ansambllarda, odatda, mayin va sekin ovozli cholg’ular (dutor, tanbur, g‘ijjak, rubob, nay) ko‘proq bo’lardi. Bu  ansambllarning vazifasi faqat jo‘r bo’lishdangina iborat bo‘lmasdi. Shu bilan birga, bu ansambllar turli xil lirik va raqs kuylarini ham ijro etardilar. Doira hammadan ham mashhur bo‘lgan. Ashulachilar va o’yinchilarga doira jo‘r bo’lardi: ansambllarda doira eng muhim ritmni bir maromda ushlab turuvchi asosiy vosita vazifasini o’tagan.

Bayramlar (sayil, to‘y, kechki bazm, ziyofatlar)da xonanda va sozandalar katta maydonlarda (bozorlarda, katta hovli, shuningdek, katta mehmonxonalarda) ashula aytishib, musiqa ijro etardilar. Respublikaning ko‘pgina joylarida xonanda va sozandalar choyxonalarda to‘planib, mashq qilganlar. Chunki choyxonalarga faqat choy ichish uchungina to‘planilmagan, balki qizg’in suhbatlar qurish, musiqa eshitish uchun ham to‘planganlar.

Ro‘za kunlari, bozori oqshomi sayillari yoki Navro‘z bayramlarida, shahar maydonlarida bo’ladigan yig‘ilishlarda, o‘yin-kulgularda musiqaning roli benihoya katta bo‘lgan. Bunday kunlarda choyxona egalari bir-birlari bilan raqobat qilishib, ko‘proq musiqa shinavandalarini yig‘ish niyatida eng mashhur xonanda va sozandalarni taklif qilish payida bo‘lganlar.

O‘zbek xalqining musiqa madaniyatida professional ijrochilik an’analari qadimdan mavjud bo‘lgan. Ko‘plab musiqachilar, sozanda va xonandalar musiqa asarlarini qoyilmaqom qilib chuqur, mazmunli tarzda, ajoyib xushovozlari bilan ijro etishar, xalq cholg‘u asboblarini chalishda mahorat ko‘rsatardilar. O‘sha davrda samarqandlik ashulachi va dutorchi Hoji Abdulaziz Rasulev, ashulachi Levi Boboxonov,  xorazmlik tanburchi Matyoqub Harratovlar mashhur bo’lganlar.

Maqomlarning vokal (ashula) qismlarining matnlari Fuzuliy, Hofiz, Rumiy, Jomiy, Navoiy, Bedil kabi buyuk adiblarning g’azallaridan olinar, ba’zan esa dasturda o‘git-nasihat yoki diniy-mistik mazmundagi she’rlar ham uchrab turgan.

Maqomlar Buxoro va Xivada rivojlangan edi. Buxoro «Shashmaqom»i mukammal olti maqomdan iborat bo’lib, bu  maqomlardan har biri ko‘plab qo’shiq va musiqaviy qismlami o‘z ichiga olgan. Lirik mazmunli Farg‘ona katta ashulasi og’zaki an’anaga kirgan o‘ziga xos professional musiqa janri hisoblangan.

Garchi o‘zbek musiqasi xalq sozandalarining amaliy faoliyatida og‘zaki an’anaviylik san’at tariqasida rivojlanib borgan bo‘lsa ham, musiqa bilimining yuqori darajaga erishganligi natijasida orta  asrlardayoq tovushlarni qog‘ozga yozib olish (nota yaratish) usullari ixtiro qilingan edi. Masalan, xorazmlik Pahlavon Niyozmuhammad (Komil Xorazmiy) o’zbek kuylarini yozib olish sohasida yangi tizim — «tanbur chizig‘i»ni yaratgan. U rost maqomining bosh qismini ana shu «tanbur chizig‘i»da yozadi.

Ochiqdan ochiq ijtimoiy norozilik  mavzuyidagi  ko‘plab xalq kuylarining paydo bo’lishi 1916- yilda bo’lib o‘tgan milliy ozodlik harakatlari bilan bog‘liqdir. «Poyezdingni yurgizgan», «Nikolay qon jallob», «Ming la’nat» kabi qo‘shiqlar xalqning podsho hukumatiga nisbatan qahr -g‘azabi qanchalik  kuchli bo‘lganligidan dalolat beradi.

Toshkentlik hofiz Mulla To‘ychi Toshmuhamedov (1867-1943)ning nomi juda ham mashhur bo‘lgan. To‘ychi hofiz lirik asarlar: «Gulyor», «Bayot», «Lolalaring bordur», «Holim mening», «Yangi Kurd», «Suvvora», «Ilg‘or» kabi kuylarni mohirona ijro etishi bilan xalqning mehr-muhabbati va hurmatiga sazovor bo‘ldi. 1905-yilda bu ashulalardan ba’zi birlari Mulla To‘ychi ijrosida grammofon plastinkalariga yozib olingan. Bu o‘zbek musiqasining birinchi marta plastinkaga yozilishi edi.

Juda shirali va kuchli ovozga ega bo’lgan buxorolik Domullo Halim Ibodov (1870-1940) o‘ta mashhur hofizlardan biri edi. Xorazmlik hofiz Matpano Xudoyberganov, toshkentlik Shorahim Shoumarov, dutorchi Abdusoat Vahobov, mashhur doirachi-sozanda Usta Olim Komilov, naychi Abduqodir Ismoilov, surnaychi va qo‘shnaychi Ahmadjon Umrzoqov (keyingi uchalasi Farg‘ona vodiysidan)lar juda ham mashhur san’atkorlardan edilar.

Masxaraboz-qiziqchilar va qo‘g‘irchoqbozlik san’ati an’anaviy xalq madaniyatining asosiy janrlaridan biri hisoblangan. Tomosha san’atining bu turlari xalq ijodining juda ko‘p tur va janrlari: askiyabozlik, taqlidchilik, nayrangbozlik, yog’ochoyoqbozlik san’atidan, shuningdek, maqomchilar, sozandalar, raqqoslarning faoliyatidan keng foydalanish natijasida rivojlangan. Biroq tomosha san’atining asosini kichikroq satirik va hajviy lavhalar ijrosi tashkil etgan. Qo‘g‘irchoqbozlik san’ati (qo‘g‘irchoq o’yin), o‘z navbatida, qo’g’irchoqqa va chodirxayolga bo‘lingan.

Masxaraboz – qiziqchilar ham, qo‘g’irchoqbozlar ham, xoreografiya, sirk va musiqa san’ati namoyandalari bilan bir qatorda hunarmand-kosiblar singari maxsus hunar jamiyatlari (kasabaviy sozanda mehtarlik)ga birlashganlar. Artistlar  jamiyatining o’z nizomi bo’lgan. Artistlar xalq bayramlari, to‘y-tomosha, oilaviy tantanalar vaqtida hamda turli xil shart-sharoitlarda, ko’pincha maydonlarda tomosha ko‘rsatganlar. Masxarabozlar va qiziqchilarning tomoshalari asosini ilgaridan tayyorlab qo’yilgan ma’lum bir sujetli kichik tomoshalar tashkil etgan.

O’zbekistonda mashhur bo’lgan va mehnatkashlarning g’arib-qashshoqligini ochib tashlaydigan xalq asarlaridan biri «Eshak» nomli hajviy asar hisoblangan. «Hosil» tomoshasi mulla va xon amaldorlari tomonidan bor-budi yulib-yulqib olinayotgan o‘zbek dehqonining og‘ir hayotini tasvirlagan. «Mozor», «Zarkokil», «Mudarris», «Domla eshon» kabi tomoshalarda riyokor va mutaassib ruhoniy va musulmon din peshvolari qattiq tanqid ostiga olingan.

Xulosa qilib aytganda, XIX va XX asr boshlarida O‘rta Osiyo, jumladan, Turkiston o’lkasi hududiga Yevropa va rus madaniyatining kirib kelishi bir qator madaniy o’zgarishlarning vujudga kelishiga sabab bo’ldi. Ular quyidagilardir:

a) ilm-fan, musiqa va teatr san’atida yangi ko’tarilish davri boshlandi;

b) xalqni ma’rifatli qilishning asosiy vositasi yangicha uslubdagi maktablar paydo bo‘ldi;

d) Turkiston va boshqa o’lkalar o’rtasida madaniy aloqalar kuchaya bordi;

e) matbaachilikning shakllana borishi ma’naviy madaniyat taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatuvchi yangi bir vosita — ommaviy axborot vositalari (gazeta va jurnallar)ning vujudga kelishiga sabab bo’ldi;

f) badiiy adabiyotning shakllanishida Yevropa badiiy ijodiyoti uslublarining ta’siri sezila boshladi. Natijada yozma nasriy va dramatik asarlar paydo bo‘la boshladi;

g) XX asr boshlarida Toshkent, Farg‘ona kabi shaharlarda kino san’atini namoyish qilish yo‘lga qo’yila boshlandi;

j) ommaviy xalq tomosha san’ati rivoji yangi bosqichga ko‘tarildi, tomoshalar dasturida yangi mavzular — ma’rifatga chorlash, milliy istiqlol, ijtimoiy norozilik kayfiyatidagi tomoshalar ko‘zga tashlana boshladi.