Me’morlik san’ati

Amir Temurning go‘zallik va ulug’vorlikka bo’lgan ishtiyoqi nihoyatda kuchli bo’lgan. U o’zining bu ishtiyoqini hayotida ro‘y bergan quvonchli voqealarga atab qurdirgan me’moriy yodgorliklariga singdirtiradi.

Amir Temur tomonidan qurdirilgan me’moriy yodgorliklarning bir qismi jamiyat ma’naviy hayotida muhim rol o’ynagan diniy e’tiqod maskanlari va u bilan bog’liq bo‘lgan binolar; diniy maktablar, madrasalar, maqbaralar hamda masjidlardan iborat bo‘lgan. lkkinchi bir qismi o‘z avlodlari va ma’naviy rahnamolarining nomini abadiylashtirishga mo’ljallangan, uchinchi bir qismi esa yurt obodonchiligi, iqtisodiy taraqqiyotga yordam beruvchi bog‘- rog’lar va inshootlar edi.

U Samarqandda dovrug’i olamga yoyilgan bir qator me’moriy yodgorliklar: Ko’ksaroy, Bibixonim masjidi, Shohizinda maqbarasi, Samarqand  atrofidagi Bog‘i Chinor, Bog’i Shamol, Bog’i Dilkusho, Bog’i Behisht, Bog‘i Nav, Bog’i Naqshi Jahonnamo va Davlat Obod saroy bog‘larini qurdirdi. Shuningdek, Amir Temur ko‘plab yangi yo’llar, Zarafshon (Ko‘hak), Amu va Sirdaryolarga ko’priklar qurdiradi. Boshqa shaharlarda ham turli-tuman binolar barpo ettiradi. Masalan, Tabriz shahrida masjid, Sherozda ulkan saroy, Bag‘dodda madrasa, Turkiston shahrida hazrati Ahmad Yassaviy maqbaralarini qurdirdi.

U 1392-yili Ohangaron daryosining Sirdaryoga quyilish joyida o‘g’li Shohruh Mirzo sh arafiga Shohruhiya shahrini barpo ettirdi. Bu shahar tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, XVII asrgacha savdo va hunarmandchilikning markazlaridan biri bo‘lgan. Shaharda kulolchilik, shishasozlik va qayiqsozlik ustaxonalari bo’lgan. Tarixchi Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Shohruhiya Movarounnahr hududidagi mustahkam qal’ali shahar bo‘lgan va uch tomondan Sayxun (Sirdaryo) bilan o‘ralgan. To‘rtinchi tomoni esa suv to’latilgan xandaqlar va zovurlar bilan o‘ralgan.

Shahrisabz shahri, ayniqsa, Amir Temur davrida gullab-yashnaydi. U o‘zining vatani hisoblangan shaharga e’tibor berdi. 1380-yili Oqsaroyni mashhur xorazmlik ustalarga qurdirdi.

Oqsaroy devorlaridagi turli-tuman ranglarning jilosi, koshinkoriy sujetlar, tarixiy, falsafiy va diniy mavzudagi kufiy-sulsiy yozuvlar, islimiy, geometrik va o‘simliksimon naqshlarning o’zaro uyg’unligi binoga ajoyib va sehrli mazinun bag’ishlagan.  Ranglarning oy yorug‘ida jilolanib-oqarib ko’rinishidan bino «Oqsaroy» nomini olgan.

Shuningdek, Amir Temur Shahrisabzda o‘g‘li Jahongir Mirzoga atab maqbara qurdirdi. Bundan tashqari, Shahrisabzda «Dor us-Siyodat», «Dor ul-tilovat», «Gumbazi Sayidon» kabi mashhur me’moriy yodgorliklar, masjid, madrasa, hammom , karvonsaroy, besh gumbazli chorsu binolarini barpo ettirdi.

Amir Temur me’morchilik obidalarini bunyod etishda, eng avvalo, binolarining mahobati va go‘zalligiga alohida e’tibor berdi. O‘zining qudratini o‘zi qurdirgan binolarga singdirishga harakat qildi. Shu boisdan ham u o‘zining ota yurti Shahrisabz (Kesh)da qurdirgan «Oqsaroy» peshtoqiga «Kimki bizning kuch-qudratimizga shubha qilsa, qurgan binolarimizga boqsin», deb yozdirtirib qo‘ydi.

Ikkinchi tomondan esa, Movarounnahrda qurdirgan binolarning bo‘ysundirilgan mamlakatlardagi binolardan ham ko‘ra yuksakroq, ko’rkamliroq va ulug’vorroq bo‘lishiga e’tibor berdi.

Uchinchidan, Amir Temur davrida me’morchilik  san’ati o‘zida qadimgi Sharq (Suriya, Iroq , Eron, Xuroson va boshqa hududlar)ning ko‘pgina mintaqalari me’morlik unsurlarini mujassamlashtira boshladi. Natijada Amir Temur davri Movarounnahr me’morchiligi o’zining mukammalligi bilan yaqqol ko‘zga tashlanib turdi.

Amir Temur vafotidan so‘ng Temuriyzodalar (Shohruh Mirzo, Ulug‘bek va boshqalar) ham Movarounnahr va Xuroson me’morchiligi ravnaqiga o‘z ulushlarini qo’shdilar. Masalan 50 yil Xuroson taxtida o’tirgan Shohruh Mirzo Hirot, Marv, Balx va boshqa shaharlarda ko‘plab me’moriy yodgorliklar, bog‘-rog‘lar bunyod ettiradi, sun’iy sug‘orish tizimlarining qurilishiga (masalan, Murg‘ob daryosiga to‘g‘on qurdirib Marv shahrining suvga bo’lgan ehtiyojini qondiradi) alohida e’tibor beradi.

Ulug’bek Mirzo ham Movarounnahr shaharlarini, ayniqsa, uning poytaxti Samarqandni obod qilishga ulkan hissa qo‘shdi. Eng avvalo, bobosi Amir Temur davrida boshlangan, lekin turli sabablarga ko‘ra tugallanmay qolgan binolar — Shohizinda, Go’ri Amir, Shahrisabzdagi Ko’kgumbaz va boshqa binolarning qurilishini nihoyasiga yetkazdirdi. Samarqand shahri markazini obodonlashtirishga  alohida e’tibor berdi. Shaharning  markaziy maydoni  — Registonda madrasa, xonaqoh, karvonsaroy, hammom va boshqa ko’rkam binolarni qurdirdi. Movarounnahrning madaniy jihatdan rivojlangan uch shahri Samarqand (1417-1420-yillarda), Buxoro (1417-yilda) va G‘ijduvon (1433-yilda) shaharlarida madrasalar barpo ettirdi. O‘zi bevosita rahbarlik qilgan holda 1424-1428-yillarda o’sha davrning akademiyasi hisoblangan — Rasadxonani qurdirdi.

Agar Ulug’bek davrida qurilgan me’moriy obidalarning maqsadli tomonlariga e’tibor bersak , mazkur binolarning ko‘pchiligi ilm -fan, ma’naviyat va ma’rifatni rivojlantirishga xizmat qilganligini  ko’ramiz. Masalan, Samarqand, Buxoro, G‘ijduvondagi madrasalar, Samarqanddagi rasadxona ilm -fan rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Samarqand va Shahrisabzda qurilgan masjidlar va maqbaralar esa kishilarning ma’naviy e’tiqodini mustahkamlashga, diyonat va imon pokligining shakllanishiga xizmat qilgan.

Sulton Husayn Boyqaro davrida Xuroson o’lkasida ko’plab me’moriy yodgorliklar, turli xil inshootlar qurildi. Katta obodonchilik ishlarining rivojlanishiga bevosita Alisher Navoiyning o‘zi boshchilik qildi. Mirzo Muhammad  Haydar o‘zining «Tarixi Rashidiy» nomli asarida Alisher Navoiy o’zining har yilgi daromadi — o‘n sakkiz ming «Shohruhiy» dinorini obodchilik ishlariga sarflaganligini yozdi.

Xondamir o’zining «Makorim ul axloq» nomli asarida Navoiy va uning safdoshlari  tomonidan 300 dan ziyod jamoat binolari qurilganligini ko‘rsatib o’tadi. Qurilishning ko‘pchiligiga Alisher Navoiyning o‘zi homiylik qilganligi yoki o’z mablag‘idan sarflaganligini, Navoiyning Xurosonda madrasa, karvonsaroy, 52 rabot, 19 hovuz, 16 ko’prik, 9 hammom va boshqa binolarni barpo etganligini ta’kidlab ko‘rsatadi. Birgina Astraboddagi ikki yillik hokimligi davrida «Mir saroyi», «Jome’ masjidi»ni qurdiradi. Hirotda ham masjid, Marvda esa «Xusraviya» nomli madrasa qurdiradi.

Alisher Navoiy vazirlik vazifasidan  bo’shagandan so‘ng, Husayn Boyqaro o’z do‘stiga shahar tashqarisidagi Injil arig‘i bo’yidan uy-joy va bog‘ qurish uchun yer ajratib berdi. Navoiy esa bu joyda nafaqat uy-joy, balki xalqqa yordami teguvchi  ko’plab binolar barpo ettirdi, ya’ni madrasa, shifoxona, hammom, savdo rastalari, xonaqoh, dam olish uchun bog‘lar barpo ettirdi. Bu binolarni «Ixlosiya» (do‘sti Husayn Boyqaroga bo‘lgan ixlosi ramzi), «Shifoiya» (sog‘liq ramzi), «Safoiya» (poklik ramzi), «Xusraviya» (shahzoda Muhammad Sulton sharafiga) deb nomlaydi.

Navoiy ijodining markazida inson, ulardan tashkil topuvchi xalq, uiar makon tutgan Vatan, insoniyatning ko‘rki – odob-axloq masalalari turadi. Mutafakkirning ijodi va falsafiy tafakkuri markazida insonparvarlik, axloqiy fazilat, mehnatsevarlik, adolatparvarlik g‘oyalari yotadi. Uningcha, inson butun mavjudotning eng oliy toji, koinotning bezagidir.