Me’morlar

Abduljabbor – Sherdor madrasasining (Samarqand, 1619-36 yillarda qurilgan) me’mori. Abduljabborning imzosi ulkan peshtoq ichidagi ravoqning tepasiga “Ustod mulla Abduljabbor me’mor” deb oq koshinlarda terilgan. Ulkan peshtoq qanotida quyosh-odam va ohuni quvib ketayotgan sher tasvirlangan. Bu koshinkor tasvir me’morning katta san’atkor ekanidan dalolat beradi.

Abdurahim toshtarosh, asli Turdiev Abdurahim (1870 — Nurota tumani G’ozg’on qishlog’i — 1938) — mashhur toshtarosh, xalq ustasi, me’mor. Toshdan ajoyib haykallar yasagan. Buxorodagi Sitorai Mohi Xosa saroyidagi ikki sher haykali bu mohir toshtarosh san’atining Nodir namunasidir. Karmanadagi Sultonobod-Olchin bog’ini bezashda, so’ngra Sitorai Mohi Xosa saroyi qurilishida ishtirok etgan. G’ozg’ondagi Shohimardon marmar masjidi (1913), Dehbaland qishlog’idagi masjidni qurgan. Buxoro, Toshkentdagi katta binokorlik ishlarida (jumladan hoz. O’zbekiston FA Prezidiumi binosi) va b.ni bezashda faol qatnashgan. Marmardan uy-ro’zg’or buyumlari, haykallar (baliq, timsoh va b.) yaratgan.

Abduqodir chaldivor (19 – a. o’rtalari — Samarqand — 1910) — me’mor, gishtkor, duradgor, toshtarosh. Samarqanddagi qozi Kalon, baland hovuz masjidlari devorini qayta qurgan. Xo’ja Nisbatdor masjidi, Abdidarun majmuasi tarkibidagi ba’zi imorat va Xo’ja Doniyor maqbarasini qurishga rahbarlik qilgan.