Mavsumiy xalq bayramlari

Dunyodagi barcha xalqlarning, jumladan, O’rta Osiyo xalqlarining ham an’ana va bayramlari tabiat, iqlim, mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda, kishilarning kundalik hayoti, mehnati, madaniyati asosida shakllanib borgan. Deyarli barcha xalqlarda tabiat, mehnat mavsumi va har faslga mos, ya’ni erta bahorda – mehnat mavsumiga kirishdan oldin, yozda – hosilni yig’ishtiridan oldin, yozda – hosilni yig’ishtirishdan oldin, kuzda – hosil to’plangandan so’ng va qishda ish to’xtagan paytda uyushtiriladigan mavsumiy marosim va bayramlari mavjud bo’lgan va ular zamonga mos tarzda o’zgarib borgan. Ular adabiyotlarda mavsumiy (“kalendar”) bayramlari deb olgan.

O’zbek xalqining ham yil davomida o’tkaziladigan asosiy mavsumiy odatlari, marosim va bayramlari mavjud. Ular necha ming yillar davomida vujudga kelgan. Bu mavsumiy bayram va marosimlardagi barcha odatlar hamma joyda ham bir xil tarzda o’tkazilmagan bo’lishi mumkin va bu tabiiy holder.

Ushbu qismda mavsumiy bayramlarga maxsus va keraklicha to’xtalishga intildik. Jumladan, bahorgi – Sumalak, Gul sayillari, Suv sayli, kuzgi – Qovun sayli, Uzum sayli, Anor sayli, Anjir sayli, Hosil to’yi, qishki – Birinchi qor (qor xat), Yaldo kechasi, Gap-gashtak kabi mavsumiy odatlar haqida so’z yuritiladi.

Quyida tabiiy yil davomida tashkil qilinadigan an’anaviy mavsumiy odat – tadbirlarga to’xtalamiz.

Boychechak sayli – erta ko’klamda adirlarda, to’g’ va dalalarda qor erishi bilan boychechak unib chiqqanda o’tkaziladigan o’ziga xos bolalar bayrami. Bolalar boychechak ochilishi bilan uni terishgan, so’ng uyma-uy kirib, qariyalardan suyunchi va duo olishgan.

Bahorgi chilla (“Ilik uzildi”) – uzoq qish davomida odam tanasidagi darmondorilar kamayishi natijasida vujudning bo’shashib, kam-quvvat bo’lib qolishi davri. Kishilar o’z quvvatlarini tiklash uchun yangi o’sib chiqqan foydali o’simliklardan taom tayyorlab iste’mol qilishlari va tabiatdan ruhiy-ma’naviy quvvat olishlari lozim bo’ladi.

Navro’z – tabiat uyg’onishi, bahor kelishi, kun va tun tengiligi, dala ishlari boshlanishi kabi hodisalar nishonlanadigan bayram. Tarixda bu bayram yil boshi – yangi yil bayrami sifatida ham mashhur bo’lgan. Bayramda bahor kelishi, yangi mehnat mavsumiga bag’ishlangan sayillar o’tkazilib, tomoshalar, o’yinlar uyushtiriladi, maxsus taomlar pishiriladi.

Sumalak sayli – bahoriy taom pishirishga bag’ishlangan tadbir. U asosan ikki qismdan iborat: 1) sumalak tayyorlash va qozonga solib pishirish chog’ida qilinadigan o’yin-kulgi; 2) sumalakxo’rlik qilish, ya’ni sumalakni odamlarga ulashish va sumalak saylini uyushtirish.

Yalpiz (fidina) terish – bu o’simlikni ariq bo’ylaridan, soylar qirg’og’idan terishib, dam olishgan. Undan har xil taomlar tayyorlashgan (somsa, chuchvara…). Bu marosim 3 qismdan: yalpiz terish, dam olish, taom taryyorlashdan iborat bo’lgan.

Ko’k maysalar terish odatlari. Erta bahorda maysalar o’sishi bilan bolalar uni terishgan. Ismaloq, Otquloq terish – bahor faslida kishilar otquloq nomli o’simliklarni terishib, undan somsa, chuchvara kabi taomlar tayyorlashib, baham ko’rishgan, suhbatlashishgan. Ulardan tayyorlangan pishiriqlarni qariyalarga, kasallarga eltib, ular holidan xabar olish savob ish hisoblangan.

Qo’sh oshi (Oq osh) – erta bahorda dalaga qo’sh olib chiqishdan oldin tayyorlanadigan taom. U bug’doy, jo’xori, arpa kabi donli boshoqlardan yanchib tayyorlanadi. Qo’ni-qo’shnilarga ham tarqatiladi.

Ekin sayli yoki Chigit qadash marosimi – yangi mehnat mavsumi boshlanishi munosabati bilan, ya’ni urug’ qadashning birinchi kuniga bag’ishlangan tantanali marosim. Dalaga ilk urug’ni keksa dehqon bobo ekadi. So’ng boshqalar ishga kirishadi.

Chuchmoma sayli – bahorda bolalar dalalarga chiqishib, chuchmoma terishgan. Ular boshqa gullardan ham terishib, tabiat qo’ynida o’yin-kulgi qilishib, dam olishgan.

Tolbarg va Gulband taqish – qizlar odati. Bahor faslida qizlar dalaga sayilga chiqib, tol bargi va gul bandlari terishib, bosh va sochlariga tolbargak yoki gulchambar qilib taqishgan. Qizlar tolbarg, gulband terish va undan turli shakldagi chambarlar yasash davomida o’yin-kulgi qilishgan, musobaqalar uyushtirishgan va zavqlanib dam olishgan.

Rovoch (Chukri) terish odati. Odamlar rovoch o’sgan yerga to’planishib, uni terish bo’yicha musobaqalshishgan, dam olishgan, har xil taomlar (chukri) dan baham ko’rishgan, suhbatlashishgan. Rovoch terish jarayonida o’yin-kulgi uyushtiriladi. Terilgan rovochlarni qishloq qariyalari, kasallar, beva-bechoralarga beriladi. Keyin oilalarda rovoch yeyish marosimi o’tkaziladi.

Darvishona – qishloqda 2-3 kishi uyma-uy kirishib, oziq-ovqat, pul yig’ib chiqishib, to’plangan ehsonlar evaziga is chiqarilgan. Maxsus taomlar pishirilib, ularni barcha kishilar tabiat qo’ynida baham ko’rishgan, suhbat qilishib, dam olishgan.

Jun olish – mavsumiy odati. Yaylovlarda, adirlarda, ya’ni chorva mollari boqiladigan joylarda qo’ylarning junini qirqish marosimi. Chorvadorlar qo’ylarning junini olishgandan so’ng o’yin-kulgi qilib, shirvozlardan qovurdoqlar tayyorlab, bazm qilishgan. Bu jarayonda suhbatlashishgan, shu yil uchun yaxshi niyatlar qilishgan.

Lola sayli – qir-adirlarda, lolalar qiyg’os ochilgan paytlarda uyushtirilgan. Lolazorlarga jamoa bo’lib kelgan kishilar dalada sayr qilishgan, lola terishgan, musobaqa va o’yin-kulgilar tashkil qilishgan, lazzatli taomlar tayyorlab, yeyishgan va maroqli dam olishgan.

Qizil gul sayli – dalalarda lolaqizg’aldoqlar ochilgan paytda uyushtirilgan. Sayil qatnashchilari dala kezib, ashula, raqs, askiya ijro etishgan, dorbozlar chiqishlarini tomosha qilishgan. Gul bazmi (“Gul o’yin”) uyushtirilgan. Gullar terishib, bir-birlariga taqdim etishgan.

Sumbula sayli – bahorda tog’ yonbag’irlarida gullar, jumladan, sumbula ochilgan paytda jamoa bo’lib uyushtiladi. Sumbula terish jarayonida o’yin-kulgi qilishib, dam olishgan. O’yin-musobaqalar uyushtirishgan, milliy taomlar tayyorlab, dam olishgan.

Tok oshi 2 paytda: 1) tok ochish va 2) tok bargi chiqqanida qilingan.

Kuzda yerga ko’milgan tok navdalari bahorda ochilganidan so’ng kishilar yaxshi niyatlar bilan to’planishib, osh qilishgan. Yig’ilganlar dasturxon boshida boshlanadigan yangi mavsum uchun yaxshi tilaklar qilishgan, maxsus taomdan so’ng o’yin-kulgi qilishgan.

Tok barg chiqargandan so’ng undan maxsus taom – tok oshi tayyorlashgan. Osh ulashish davomida duo o’qilgan, o’yin-kulgi qilingan va dam olingan.

Tut sayli – tutzorlarga borishib, avval uning pishgan mevalaridan terib yeyishgan, so’ng soya-salqin joylarda turli musobaqalar uyushtirishgan, o’yin-kulgi va tomoshalar bo’lgan. Kishilar tabiat qo’ynida dam olishgan. Tutdan shinni, tut mayiz va boshqalar tayyorlashgan.

Birinchi gulni “ko’zga surtish” odati. – Meva daraxtining birinchi gulini ko’rgan qariyalar yangi yilga eson-omon yetib kelganiga shukronalar qilib, ko’zlariga shu gullarni surtishgan: omonlik-somonlik qilishgan, yanagi yilga sog’-salomat yetishni orzu qilishgan.

Behi guli sayli – bu marosim bahorda begi qiyg’os gullagan paytda uyushtiriladi. Bunda bior bir milliy taom tayyorlanib, do’stlar bilan baham ko’rishgan, suhbatlashishgan, dam olishgan.

Yozgi chilla – eng uzoq kun va qisqa tun sodir bo’lganida, yozning eng issiq kunlari boshlanganida 40 kun davom etadigan muddat. Bu vaqtda kishilarning suvga ehtiyoji kuchayadi va ular ko’pgina tadbirlarni suv bo’yida uyushtirishga harakat qilishadi.

Suv sayli – O’rta Osiyo iqlimi sharoitida suvga bo’lgan tabiiy ehtiyoj asosida shakllangan. Sayil jarayonida kishilar suvni e’zozlash, uning qadrini anglash bilan biga, suv havzasi yonida dam olishgan va cho’milishgan.

Gilos sayli – dala-bog’larda gilos pishganda dehqonlar qarindoshlarini chaqirib hasher va ziyofat uyushtirishgan, qariyalar duosini olishgan. Ayni pishiqchilik paytida bozorlarda gilos savdosi, tomosha, sayil, tanlovlar o’tkazilgan.

O’rik sayli – o’rik pishganda qariyalardan duo olib, qo’ni-qo’shnilar chaqirilib, hasher qilingan. O’rik terib bo’linganidan so’ng sayil uyushtirib, dam olishgan.

Olma sayli – dehqonlar olma terish hashariga qo’shnilar chaqirishgan. Bog’larda olma terish tadbiri o’z-o’zidan o’yin-kulgi qilib, dam olish tadbiriga aylanib ketgan.

Uzum sayli – bog’-rog’larda o’tkazilgan. Bog’bonlar eng yaxshi uzum navlari yetishtirish bo’yicha musobaqalashishgan, o’yin-kulgi qilishib, dam olishgan. Uzum savdolari ham tashkil qilingan.

Qovun sayli – qovun sayli bog’-rog’larda, polizlarda, bozorlarda o’tkazilgan. O’ziga xos ko’rgazmalar qilinib, g’oliblarni mukofotlab, tomosha va sayillar uyushtirilgan.

Anjir sayli – anjirzorlarda hasher va bozorlarda savdo shaklida o’tgan. Bu sayil davomida turli tomosha va o’yinlar tashkil qilingan.

Qum sayli – shifobaxsh qumlar ko’p joy (masalan, Buvayda, Xorazm)da uyushtirilgan. Undan asosiy maqsad qumga tushish orqali kasalliklarga shifo topish bo’lgan. Shuningdek, bu tadbir davomida dam olingan, o’yin-kulgi qilingan, maxsus taomlar pishirilib, ziyofatlar uyushtirilgan.

Mahalla bayrami – qishloq yoki shaharlardagi mahallalar guzarida aholining sayil, tomosha, ko’rgazmalarda qatnashishi, taomlar pishirib, dam olishi kabilardan iborat.

Mehrjon – kuzgi kun-tun tengligi kunida kuz bayrami sifatida o’tkazilgan.

Bog’ sayli, Xazonrezgi – kuzning oxirida bog’larda daraxt barglari sarg’ayib tushayotgan vaqtlarda, dov-daraxtlar oxiri mevalarini iste’mol qilish va bu yilgi mavsum bilan xayrlashish maqsadida uyushtirilgan.

Birinchi qor – ilk qor yoqqan kuni uyushtiriladigan tadbir. Bunda “Qor xat” yozib, yaqinlarni ziyofatga tushirish odati ham bo’lgan. “Qor yog’di” – ba’zi joylarda, xususan, Toshkentda birinchi qordan so’ng marhumlar mozorini ziyorat qilish va undan so’ng is chiqarish tarzida o’tkazilgan.

Qishqi chilla – qishki eng uzoq tun va eng qisqa kun sodir bo’lganidan keyin 25 dekabrdan boshlanadi. U qishning avji eng sovuq vaqtiga to’g’ri keladi va 5 fevralgacha – 40 kun davom etadi. Bu paytda kishilar dam olishgan, mehmonga borishgan, gap-gashtaklar, kitobxonlik qilishgan, ilm, hunar o’rganishgan. Bu sana eng uzoq tunga to’g’ri kelgani uchun Sharqda sevishganlar “muhabbat kechasi”ni o’tkazishgan.

Gap-gashtak – qishda bo’sh vaqtlarda ulfatlar orasida navbatma-navbat o’tkaziladigan ziyofat va madaniy dam olish tadbiri.

Qish zahrini haydash – qadimda qish sovuqlarini tezroq ketkazish maqsadida olovlar yoqib o’tkazilgan marosim. Uning qoldiqlari – olov yoqish yoki kulni olib borib, dalaga sepish odatlari ayrim joylarda hozir ham saqlanib qolgan.

Albatta, har bir hududda xalqimizga xos umum an’analar bilan bir qatorda, mahalliy muhitga mos tadbirlar ham bo’lgan. Masalan, Forish tumani (xususan, Sarimsoq va Uxum qishloqlari)da quyidagi an’anaviy tadbirlar o’tkazilib kelingan:

Bahorda:

  • Olaxuchak yig’ish va uni tuzlab yeyish odati.
  • Qoqu (moychechak) terish va uni ezib, tuz sepib yeyish odati.
  • Yalpiz (fidina, pudina) terish va undan turli pishiriqlar (somsa, pichaklar) pishirish odati.
  • Azor piyoz (sarimsoq) terish va uni ovqatga qo’shib yeyish odati.
  • Pavarda (yovon piyoz) terish va uni ovqatga qo’shib yeyish odati.
  • Rishi bo’z (echki soqol) terish va uni tuz bilan yeyish odati.
  • Chukron (rovoch) yig’ish, uni yeyish va tuzla qo’yish odati.
  • Totoron (rok) terish va uni bug’lab yeyish (ildizi va uchi yeyilgan).
  • Roba (kovrak) terish va uni archib yeyish odati.
  • Lola (tog’ lola) va lolaqizg’azdor sayli.
  • Joba (gazanda) terib, ovqatga qo’shib yeyish odati.
  • Zira yig’ish, uni saqlab qo’yish va taomlarga qo’shib yeyish odati.

Yozda:

  • Tut sayliga chiqish, uni terish, yeyish va undan turli shirinliklar tayyorlash odati.
  • Gilos sayliga chiqish, uni terish, yeyish va undan turli murabbo, shinnilar tayyorlash odati.
  • Olma sayliga chiqish, uni terish, quritib, qoqi qilish odati.

Kuzda:

  • Do’lana sayliga chiqish, uni terish, murabbolar qilish va yeyish odati.
  • Bodom (yovon achiq) sayliga chiqish, uni terish, yig’ish va saqlab qo’yish odati.
  • Na’matak sayliga chiqish, uni terish va undan turli shifobaxsh ichimliklar tayyorlash odati.

Qishda:

  • Gap-gashtak uyushtirish.
  • Turli o’yinlar (Pir etdi, Girda-girda, Aralay-yong’oq o’yin, Qurch (tosh o’yin), Gacha-to’y o’yini, Ganga – topishmoq o’yin) o’ylash.
  • Ovga chiqish – turli hayvonlar (to’ng’iz) va parrandalar (kaklik)ni ovlash marosimi.

Yuqoridagi misollardan ko’rinib turibdiki, ko’pgina mavsumiy odatlarning bir qismi sof ma’naviy dam olish maqsadida uyushtirilgan. Tog’ sayli, gul sayli, suv sayli kabi tabiiy-madaniy va hordiqiy (dam olish) shunday tadbirlar sirasiga kiradi. Biroq mavsumiy odatlarning ikkinchi qismi asosan amaliy foyda olish (masalan, yalpiz yig’ish, tut terish, ov qilish) maqsadida qilingan. To’g’ri, ular amaliy foyda olish bilan birga, kishilarning madaniy, ma’naviy dam olishiga imkon bergan. Albatta, yalpiz saylidan maqsad, avvalo, yalpiz terish, undan somsa yoki chuchvaralar tayyorlashdi. Ammo qizlarning yalpiz terish uchun yig’ilishi, ularning suhbatlashib, sirlashishi yalpiz terish jarayonidagi aytishuvlar, hazil-mutoyibalar, latifalar aytilishi, qo’shiq aytib, raqsga tushirilishi o’ziga xos madaniy-hordiqiy tadbir vazifasini o’tagan. Demak, mavsumiy marosim, odatlar ham amaliy-moddiy foyda olish, ham ma’naviy ehtiyojlarni qondirish, dam olish maqsadida uyushtirilgan.

Shunday qilib, tabiiyki, ijtimoiy, kasbiy ehtiyojlar asosida vujudga kelgan mavsumiy bayramlar dam olish, estetik zavq olish, ma’naviy-ruhiy quvvat olish, amaliy foyda toppish maqsadida uyushtirilgan va ular xalq turmushining ko’rki, bezagiga aylangan.