Mavsumiy bayramlar

O’rta Osiyo xalqlarida yil fasllariga mos – bahorgi, yozgi, kuzgi va qishgi mavsumiy marosim va bayramlar mavjud bo’lgan. Bahor bayramlari yangi mehnat mavsumi boshlanishidan darak berib, azal-azaldan xalq hayotida muhim o’rin tutgan. Shuning uchun bahor kirib kelishini kutib olish bayramlarini qadimdan barcha xalqlarda mavjud bo’lgan. Manbalarda ta’kidlanishicha, bahor bayramlari insoniyat paydo bo’lganidan so’ng ilk paydo bo’lgan bayramlardan biri bo’lib, ular odamlarning dunyo bo’ylab tarqalishi natijasida barcha o’lklarga yoyilgan va keyinchalik bu bayramlar xalqlar o’rtasida turlicha nom bilan atalib, har xil shakllarda uyushtirilgan. Masalan, yaponlarda – “Risson”, xitoylarda “Chultze”, slavyan xalqlarida “Maslenitsa”, Markaziy va O’rta Osiyo xalqlarida esa, yuqorida ta’kidlab o’tganimizdek, “Navro’z” yoki “Yil boshi” deb nom olgan. Fayziy Fayoziy, Muhammadali Soib, Mirzo Bedil, Kalim Koshoniy, Furqat, Muqimiy, Sadriddin Ayniy kabi XVI-XIX asrlarda yashab ijod qilgan ijodkorlar bahor bayramlarining o’tkazilishi haqida yozishib, Navro’z go’zalligini ta’rif-tavsiflashgan.

Shoir Misriy o’zining “Navro’zi olam” qasidasida bahor kelishi bilan tabiat uyg’onib, gullar ochilib, bullar sayrab, ayolu erkak sayilga chiqishini ajib bir zavq bilan ta’riflaydi.

Muqimiy Navro’z haqida:

Navbahor! Ochildi gullar, sabza bo’ldi bog’lar,
Suhbat aylaylik kelinglar, jo’ralar, o’rtoqlar!

degan bo’lsa, Furqat Navro’zga atab, turkum g’azallar ijod etgan.

Shoir Ogahiy Xorazm vohasida Navro’zning nishonlanishi haqida ko’plab asarlar yozgan. Ularda Navro’z bayramining o’tkazilish tartiblari haqida ko’plab qiziqarli ma’lumotlar mavjud. Shoirning ta’kidlashicha, bu bayramda yaqin kishilar bir-birini yangi yil bilan tabriklashib, ezgu niyatlar bildirishadi:

Ey, yor sanga tangri tabora bo’lsun,
Navro’z ila toza yil muborak bo’lsun,
Ahbob sarafroz o’lubon lutfingdin,
A’do boshi mankubi balobak bo’lsin.

Shoir Navro’zni yorsiz tasavvur qilmaydi. Yor esa boshiga gulchambar qo’yib, husniga oro beradi. Shoir bu go’zal bunday tasvirlaydi:

Qistiribdurmu boshi atrofig’a janona gul,
Yom agar ruxsor sham’iga erur parvona gul…
Tut g’animat necha kun ayshu tarab ayomini –
Kim na bulbul qalg’usi bu bog’aro, jono va gul.

“Ayomi toza yil” g’azalida yangi yil kirishi bilan olam fayzga to’lishi, ertalabdan kechgacha bazm bo’lishi, soqiylar qo’lidan may ichilishi, kuy va qo’shiqlar yangrashi, odamlar bir-birini sovg’alar bilan qutlashi kabi odatlar ma’lum qilinib, yordan unga lutf ko’rsatishi so’raladi:

Husnung zakoti qil, manga bir lutfkim g’aniy,
Lozim, gadog’a aylasa, in’om toza yil.

Shoir bu odatni boshqa g’azalida ham esga oladi:

Berib ul husni shohi bo’lsa naqdin,
Xazinalarg’a debon in’om navro’z.

“Navbahor ayyomi” g’azalida bayram kuni qanday ko’ngil yozish kerakligi, ilk bahorda ko’m-ko’k maysa bilan qoplangan daryo va sahroga sayilga chiqish lozimligi, ajdodlarni xotirlab, mozorlarni ziyorat qilish darkorligi bayon etiladi. Bunday paytlarda kambag’al, bechora, tushkunlikka tushgan miskin kishilarni borib ko’rish kishiga eng katta ma’naviy ruhiy quvvat berishi alohida ta’kidlanadi:

Navbahor ayyomi har kim qilsa sahro sayrini
Aylagancha haz topar firdavsi a’lo sayrini.
Ko’nglida qolmas qudratdin asar, qilsa gar,
Murg’oru beshalarning xotir aro sayrini.
Bahr yanglig’ tab’idan mavj urg’usi fayzu futuh
Gah-gahi zarvaq minib, gar qilsa daryo syrini.
Fayzlar bu barchadin ortiq topar, gar aylasa
Ya’s aro qolg’oin dili mahzunu shaydo sayrini.

O’tmishda o’lkamizning turli joylarida “Navro’z” turlicha tarzda bayram qilingan. Uni nishonlash vaqti 3 kundan tortib, to dalalarda ekin-tekin boshlangunga qadar davom etgan. “Navro’z” kuni arafasida joylarda maxsus yig’inlar bo’lib, unda bayram raisi (yoki korformoni) tayinlangan, tantanalar jadvali: tomoshalar, sayillar, musobaqalar o’tkazish tadbirlari belgilangan.

“Navro’z” ko’pincha bozor oldidagi maydonlarda yoki shahar chekkalaridagi maxsus sayilgohlarda uyushtirilgan. Bayramning birinchi kuni, odatda, quyidagicha bo’lgan: ertalab karnay-surnaylar chalinib, bayram boshlangani ma’lum qilingan. So’ng dorbozlar va polvonlar, kun o’rtasida musiqachilar, qo’shiqchilar va boshqa san’atkorlar tomosha ko’rsatishgan. Kechki payt esa sayillar, xalq o’yinlari, bazmlar uyushtirilgan.

Kun sayin tomosha va musobaqalar avjiga chiqa boshlagan. Masxarabozlarning chiqishlari bayramda alohida o’rin tutgan. Ko’pkari, kurash, poyga kabi musobaqalar bayramning ko’rki sanalgan. Shu bilan birga, “Navro’z” bayrami kunlarida bedana, xo’roz, qo’chqor urishtirishlar va qimor o’yinlari ham o’tkazilgan.

“Navro’z” kunlari eng katta bozorda savdo-sotiqlar tashkil qilingan va o’sha kuni eng shirin taomlar tayyorlangan.

Hovli-joylarni tozalash, ko’kat va gullar ekish, ota-ona, yaqin yor-birodarlarni borib ko’rish, marhumlar qabrini ziyorat qilish kabi odatlar “Navro’z” bayramining tarkibiy qismiga aylangan.

“Navro’z” ko’p joylarda dala ishlari boshlangunga qadar nishonlangan. Bayram so’ngida dehqonlar o’z ish qurollarini tayyorlab, xo’kizlarini yem bilan boqib, uning shoxi va bo’ynini moylab, dala tomon yo’l olishgan.

Biroq ko’klam kezlarida Navro’z bayramidan ham boshqa bevosita bahor bilan bog’liq bir qator bayramona tadbir, marosimlar o’tkazilgan. Chunonchi bahorning boshlarida bu faslning “shohona” taomi – sumalakka bag’ishlangan sayil o’tkazilgan. Bu xalq udumi hozirgi paytgacha eng yaxshi an’ana sifatida saqlanib qolgan.

Ma’lumki, bahor bayramidan so’ng dehqonlar yangi mehnat mavsumini boshlashgan. Bu eng muhim voqeaga aylangan.

Dehqonlar yerga urug’ qadashlarini nishonlab, yaxshi niyatlar bilan maxsus marosimlar o’tkazilgan. Ular “Dalaga qo’sh chiqarish”, “Shox moylar”, “Ekin sayli”, “Qo’sh oshi” kabi nomlar bilan atalgan.

Shox moylar deb nomlangan dalaga qo’sh chiqarish marosimiga har bir xonadon o’z imkoniyatidan kelib chiqib, maxsus tayyorgarlik ko’rgan. Qishloqlarda shu munosabat bilan hashar uyushtirilgan, ko’chalar supurib-sidirilgan, bahor faslifa xos taomlar pishirilgan.

Marosim o’tkazish vaqtini qishloq oqsoqollar belgilashgan. Qo’sh chiqarilgan joyga barcha to’plangan. Oqsoqol dehqonlar ishiga rivoj tilab, duo qilgan. Keyin qo’shga olib chiqilgan ho’kizlarning shoxlariga “yomon ko’z tegmasin” deb zig’ir moyi surtilgan va ins-jinlar, yomon ruhlar daf bo’lsin, deb isiriq tutatilgan.

Qishloqning keksa, hurmatli oqsoqollaridan biri yerga qo’sh solishni boshlab bergan. Folklorshunos olim B.Sarimsoqov qayd qilishicha, oqsoqol qo’sh bilan dalada bir yoki uch marta borib kelgan va bu ishni yoshlar davom ettirishgan. So’ng dalada ziyofat uyushtirilgan. Barcha qishloqqa qaytib, shod-xurramlikni davom ettirgan.

“Shox moylar” marosimi o’tkazilishida ishning birinchi kuniga muqaddas yondashish an’anasi mujassamlashgan. Bu aqidaga ko’ra yangi ishning ilk kuni qanday o’tsa, u yil mobaynida shunday davom etadi ana shu e’tiqoddan kelib chiqib, dehqonlar birinchi ish kunini yaxshi niyatlar, shodu xurramlik bilan maxsus liboslar kiyib o’tkazishgan.

Tog’li tumanlarda bahor boshqa joylarga qaraganda birmuncha kech boshlangani sababli, ekin ekish payti yetib kelganida u o’ziga xos bayramga aylangan. Qishloq oqsoqollari va tajribali dehqonlar dalaga chiqib, yerni urug’ qadash uchun yetilgan-yetilmaganligini tekshirib ko’rishgan. Yer yetilgan bo’lsa: “Yerga amal kelibdi!” deb e’lon qilishgan. Dehqonlarga qo’shilishib, bolalar ham dalaga chiqishgan. Ular qariyalardan hamal kelganligi to’g’risidagi xabarni eshitganlaridan so’ng, qishloq ko’chalari bo’ylab chopishib: “Hamal keldi – amal keldi. Yerimizga jamol keldi…!” deya uyma-uy kirishib, suyunchi olishgan. O’sha kuni barcha dehaqonlar bayram kayfiyatida dala ishlariga shaylanishgan. Ho’kiz, ot, eshaklarini yaxshilab boqishgan. Omoch, ketmon kabi ish qurollarini sozlab, urug’likni suvga ivitib, ekishga tayyorlab qo’yishgan. O’sha kuni qo’ni-qo’shnilar bir-birilarini mehmonga chaqirib, ish boshlash haqida o’zaro maslahat qilishgan. Ertalab hamma oilaviy tarzda qo’sh, ketmonlari bilan dala tomon yo’l olishgan. Qariyalarning aytishlaricha, Zomin va Forishda birinchi urug’ qadash marosimi eng obro’li dehqonlarning polizida, ba’zi joylarda esa yosh oilalarga ajratilgan yerlarda bo’lib o’tgan. Tanlangan birinchi bo’lib qo’sh haydashni, urug’ qadashni “omadli, qo’li barakali” deb nom olgan tajribali, nuroniy otaxonlardan biri bajargan. So’ng, u yer egasiga va barcha dehqonlarga oq fotiha berib, mo’l hosil yetishtirishlarini tilagan. Shundan keyin barcha dehqonlar jadallik bilan ishga kirishishgan. Bu marosim dehqonlarning mehnat mavsumini yaxshi boshlashiga katta ruhiy va ma’naviy madad bergan. (Ekin marosimiga oid materiallar forishlik Tursuntosh bobo Dilavarov va nurotalik mulla Suyun bobolarning suhbatidan yozib olingan).

O’rta Osiyo xalqlari orasida bahor fasli o’tkaziladigan tadbirlardan yana biri “Darvishona” deb nomlangan. Bu marosim quyidagicha o’tkazilgan: har yili erta bahor faslida qishloq va shahar mahallarlarida 2-3 kishi uyma-uy yurib, pul yoki oziq-ovqat to’plagan. So’ngra biror bir kishining masjid hovlisida ovqat (halim) pishirib, butun mahalla ahli baham ko’rgan. Bunday marosim yurtda biror ofat yuz berganida (kasallik tarqalganida, ocharchilik boshlanganida) undan xalos bo’lish yoki dehqonchilik ishiga mo’l hosil tilsh va bosha niyatlarda xudoga sig’inish, undan madad so’rash maqsadida o’tkazilgan. Mazkur marosimda tashkilotchilar uyma-uy yurib, oziq-ovqat yoki pul yig’ib, to’plangan ehsonlar evaziga xudoyi – darvishona qilishgan.

Darvishona marosimi haqida turlicha fikrlar mavjud. Ba’zilar uni xudo yo’liga qilingan “diniy marosim” deyishadi. Boshqalar mazkur marosim darvishlar singaris uyma-uy yurib, oziq-ovqat yoki pul yig’ish bilan bog’liq bo’lgani uchun “Darvishona” (darvishlarga o’xshab) deb nomlangan deyishadi. Hatto ba’zi olimlar bu odatni darvishlar jamoasidan tarqalgan bayram deb talqin etadilar.

Yana boshqalar darvishona kishilarning ezgu niyatlarini ifoda etadigan, ma’suliyatli ish boshlanganida yoki ofat sodir bo’lganida barchani hamjihat qiladigan qadimiy xalqchil marosimlardan biri deyishadi. Ularning fikricha, bu bayram yangi mehnat mavsumi boshlanishidan nishona sifatida o’tkazilgan va uning nomi “darvishona” ya’ni hosil yili boshlanishiga belgi ma’nosini bildiradi. “Darvish” so’ziga uyqash bo’lgani uchun xalq “Darnishona”ni “darshana” yoki “darvishona” tarzida talaffuz etib kelgan. Asli “Darnishona” deb yozish maqsadga muvofiq. Qo’qon hududida qishloqlarida “Darshana” deb aytilishi “Darnishona”ga yaqin turishi ham fikrimizni tasdiqlaydi.

“Darvishona” marosimi o’lkamizning janubiy mintaqalarida (Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarining ba’zi qishloqlarida) dalalarga, tog’ yonbag’irlariga chiqib o’tkazilgan. U dehqonlarning ekin ekishni boshlashidan oldingi o’ziga xos sayliga aylangan.

Xullas, “darvishona”, “darshona”, “darnishona”, deb atalishidan qat’i nazar bu marosim ajdodlarimizning navbahordagi orzu-niyatlari va e’tiqodlari bilan bog’liqdir. Bu marosim bahorni kutib olish, yangi hosil yiliga ruhan tayyorlanish, yaxshi maqsadda qurbonlik qilish, tantana, xursandchilik qilib, mehnat mavsumiga shaylanish kabi ijtimoiy foydali funksiyalarni bajargan.

O’zbekistonda bahor fasliga bag’ishlangan marosim va bayramlar orasida tabiatning eng so’lim chechagi – gulag bag’ishlangan sayillar alohida o’rin tutgan. Chunki tabiat uyg’onib, o’zgacha chiroy kasb etgan paytda kishilarning so’lim joylarga borib, undan zavqlangisi, bahra olgisi keladi. Tabiat uyg’onishi bilan esa tog’ bag’rida, qir-adirlarda turli gullar ochiladi – tabiat o’zining go’zalligini namoyon qiladi. Shu sababli qadim davrlarda ham “Navro’z”dan so’ng qir-adirlarda gullar qiyg’os ochilganida turli sayillar o’tkazilgan. Tarixiy manbalarga qaraganda Xorazm va Buxoroda Qizil gul sayli, Farg’ona vodiysi va Toshkent atroflarida Lola sayli, ba’zi tog’li tumanlarda, jumladan Chust va Denov tumanlarida Sumbula sayli, yana boshqa joylarda Boychechak kabi bayramlar o’tkazilgan. Nurota qir-adirlarida gullar ochilgan mahalda Qizil gul sayli, Farg’ona vodiysida Lola sayli, Samarqandda mevali daraxtlar, jumladan, behi gullaganda – Behi guli sayli (Sayli guli behi), Zarafshon vodiysida Boychechak gulgardoni, Buxoroda gullar ochilib, bulbullar sayray boshlagan vaqtda – Gulgardoni bulbulxona (Bulbul qo’shig’i) kabi bayram-sayillar o’tkazilgan.

Yoz-kuz bayramlaari. Qadimda ham yozning issiq vaqtlarida bayramlar kam uyushtirilgan. Ammo o’lkamizda bu paytda ham ayrim bayramona tadbirlar o’tkazilgan. Ma’lumki, o’lkamizda yoz faslida issiq iqlim hukm surgan. Shuning uchun xalqimiz orasida qadimdan suv havzalariga borib cho’milishga oid urf-odatlar va bayramlar ko’p bo’lgan. Biroq ular arablar istilosi davrida kamayib, ko’pgina joylarda esa hatto yo’qolib ketgan. Shunday bo’lsa-da, O’zbekiston hududining ba’zi joylarida qadimdan o’tkazilib kelingan va yaqin-yaqingacha saqlangan Suv sayli haqida ba’zi ma’lumotlar topilmoqda. Ular orasida bahor oxiri – yozning boshida kunlar isib, soylar, daryolar, ariqlar suvga to’lganida ilk bor cho’milish munosabati bilan o’tkaziladigan Suv sayliga bag’ishlangan an’anaviy marosim alohida o’rin tutadi.

Nurota, Forish, Baxmal, Zominda qariyalar bilan suhbatlashib, an’anaviy Suv sayli haqid qimmatli ma’lumotlar to’pladik. Tog’larda qorlar erib, soylar (daryolar) suvga to’lganida qishloq yigitlari Suv sayliga otlanishgan. Yigitlar suv bo’yida avvaliga bir hovuch suv ichishgan. So’ng yuz-qo’llarini yuvishgan, keyin uydan maxsus olib chiqqan ro’molcha (dastro’mol)si bilan artinishib, dillardagi orzusini aytishib, dastro’molni suvga oqizib yuborishgan. So’ng ovqat tayyorlashgan, ashula va doston aytishgan, qiziqchilik qilishib, o’yin-kulgi boshlashgan. Kun eng qizigan vaqtda ular miriqib cho’milishgan. Xuddi shunday marosim Denov tumanida ham qadimdan o’tkazib kelinganligi haqida ma’lumotlar mavjud.

Shamol chaqirish va to’xtatish marosimlari. Ma’lumki yoz oylari boshoqli ekinlar ayni yetilgan, mevalar g’arq pishgan mahalda surunkali qattiq shamol bo’lsa, yetilgan hosil nobud bo’lishi mumkin. Shunday paytlarda ota-bobolarimiz Choy momo marosimini o’tkazishgan. Bu marosim juda qadim zamonlarda kishilar tabiat hodisalarini jonli mavjudot sifatida tasavvur qilib, ularga sig’ingan paytlarda vujudga kelgan.

Marosim asosan keksa ayollar tomonidan o’tkazilgan: ikkita kampir eski ust-bosh kiyib, yuzlariga qorakuya surtib, qo’llariga hassa olib, bittadan kaltakni yog’och ot qilib minib, Choy momo qo’shig’ini aytishib, qishloq ko’chalari bo’ylab yurishgan. Ularning ortidan boshlariga qizil sholcha yopingan beshta bo’yi yetgan qizlar qo’shiqqa jo’r bo’lib borishgan. Qadimgi tasavvurlaga ko’ra bu qizlar yopinchiqlarini olib, yuzlarini ochishsa, shamol yana kuchayar emish (Ular qadimda shamol ona haqiga qurbonlik qilishga mahkum gunohkor qizlarning ramziy ifodasi).

Qizlardan keyinda esa eshakka mingan yosh bola, xonadonlardan berilgan xayr-sadaqalarni jurgonga solib borgan. Eshak egagirga o’qlog’i, keli sopi va supurgi kabi magik vositalar bog’langan. Shu tariqa marosim ishtirokchilari qishloq ko’chalarini aylanib, quyidagi qo’shiqni aytishgan:

Choy, choy, Choy momo,
Choymomosi o’libdi,
O’g’li yetim qolibdi,
Bosa-bosa beringlar.
Bosilib qolsin bu shamol
Uga-uga beringlar.
Ugirib qolsin quv shamol,
Oblo-hu, oblo-hu…

Ishtirokchilar qishloqni aylanib bo’lishgach, yig’ilgan xayr-sadaqalardan Shamol momo haqqiga xudoyi qilishgan. Marosim is chiqarish bilan yakunlangan.

Ayni yoz pallasi shamol zara keltirsa, erta kuz faslida shamol bo’lishi g’allakorlar uchun ayni muddao bo’lgan. Kerakli paytda shamol bo’lmasa, g’allakorlar shamol chaqirish marosimi o’tkazishgan. Xirmonda yanchilgan donni somondan tozalash paytida shamol kerak bo’lib qolganida, kishilar mazkur marosim yordamida shamol homiysiga iltijo qilganlar.

Dehqonlar yoz oyining oxiri va kuzda hosil yig’ib olishga bag’ishlangan bayramlarni nishonlashgan.

O’lkamizga islom dini kirib kelguniga qadar kuz fasli bayramlarga boy bo’lgan. O’rta asrlarga kelib kuzgi bayramlar (ular islom diniga muvofiq kelmagani hamda eski kalendardan musulmon oy kalendariga o’tilgani sababli) bir oz kamaydi. Kuzgi bayramlar, asosan, hosil to’plash bilan bog’liq bo’lib, ba’zilari hosil yig’ish boshlanganida, boshqalari mehnat mavsumining yakunida nishonlanadigan bo’lgan. Masalan, Baxmal, G’allaorol tumanidagi qishloqlarda bug’doy o’rimi boshlashdan oldin va bug’doy o’rish yakunlanishi arafasida xursandchilika aylanib ketadigan marosimlar o’tk’zilgan. Oxirgi tutam bug’doyni o’rib olishga bag’ishlangan odat haqida folklorshunos B.Sarimsoqov quyidagilarni bayon qiladi: oxirgi tutam bug’doy “Ona bug’doy” deb atalib, o’rin olingandan so’ng alohida holda bog’lanadi, uyga olib ketiladi va bahorgi ekin oaytigacha saqlanadi. Bahorda uning bir qismidan non (patir) pishiriladi va dalaga don sepishga chiqqan dehqonlarga ulashib beriladi. Ikkinchi qismidan esa urug’lik don sifatida foydalaniladi. G’allakorlar “ona bug’doy” donidan tayyorlangan nonni yeb: “Bu yil ham hosil mo’l bo’lsin, ona bug’doy o’zi qo’llasin, bobodehqon madadkor bo’lsin!” deb duo qiladilar va qolgan donni birinchi urug’ sifatida yerga sepadilar.

O’zbek xalqining kuzgi g’allachilik bilan bog’liq udumlaridan yana biri – xirmon ko’tarish marosimidir. U quyidagicha o’tkazilgan: g’alla xirmonga yig’ilgach, u yanchilgan, chig’illangan, shamolda sovurilgan, g’alvirdan o’tkazilgan. Toza bug’doy xirmon o’rtasiga, yanchilmay qolgan boshoqlar chetga ajratilgan. Ko’p joylarda qishloqdagi barcha dehqonlar – bog’bonlar, polizchilar o’z mahsulotlarini xirmondagilar oldiga olib borib, g’allakorlarni siylashgan. G’allakorlar xirmonga to’plagan hosillarni kelishuv asosida boshqalarga bo’lib berishgan, kerakli narsalarga almashtirishgan yoki sotishgan. G’allakorlar yiqqan hosillarning ma’lum miqdorini qishloq oqsoqoli, din peshvolari, amaldorlar, mirob, sartarosh, etikdo’z, podachi kabilarga ham ularshgan. Hirmonning tagida qolgan donlar kambag’al, qarovchisi yo’q bevalar, yetim-yesirlarga tekin berilgan.

Agar chosh (hosil)ning cho’g’i baland bo’lsa, xirmonda ikki-uchta jonlik so’yilgan. Dasturxon meva-cheva, olma-uzum, qovun-tarvuzlar bilan bezatilib, xirmon to’yi qilingan.

“Choshdagi don bo’lishib olinganidan so’ng, qolganini xalta va qoplarga solib, uyga jo’natishgan. Bu kunni dehqonlar “xirmon ko’tarish kuni” deb atashgan. Xirmon joyda din ulamolari mo’l-ko’l don bergani uchun Ollohga shukrona aytib duo qilgani hamda kelgusi yil hosiliga ham Baraka berishini so’ragan. Barcha duo qilgach, o’z uylariga tarqalishgan”.

Hosil to’ylarining o’z mehnat qo’shiqlari qadimda vujudga kelib, o’rta asrlarda rivojlangan. Bunday qo’shiqlar Mahmud Koshg’ariyning “Devonu lug’otit turk” asarida o’z aksini topgan.

Masalan:

Aytilishi:
Yigitlarig ishlatu,
Yig’ach, yamish irg’atu,
Kulan, qayiq avlatu,
Bazram qilib avnalim.
 
Ma’nosi:
Yigitlar ishladi,
Daraxtdan meva qoqishdi.
Kulon, kiyik ovlashdi.
Bayram qilib ovunaylik.

Uzum yetishtiriladigan joylarda kuzgi hosil yig’ish yakunlangach uzum sayillari o’tkazilgan. Bunda quyidagi qo’shiqlar aytilgan:

Aytilishi:
Ko’klar qamug’ tuzuldi,
Ivriq, idish tizildi,
Sansiz o’zim uzaldi
Kalfil amul uynalim.
 
Ma’nosi:
Hamma sozlar chalindi,
May kosalar tizildi.
Sensiz uzum uzildi
Kelgil, yayrab o’ynaylik.

Qish mavsumidagi bayramlar. Qish faslida dehqonlarning bo’sh vaqti ko’p bo’ladi. Ammo bu mavsumga bog’liq bayramlar birmuncha kam. O’zbek xalqi orasida qish fasli bilan bog’liq birinchi qor (Qor yog’di, Qor xat) sayli mavjud. Bular birinchi qorga bag’ishlangan o’ziga xos bayramdir.

Qadimda birinchi qor yoqqan kun qor xat yozish ommaviy bo’lgan. O’sha kuni kishilar dalalarga chiqishib, bir-birlariga qor otishib, o’yin-kulgi qilishgan, sovg’a-salomlar berishgan. Biror kishining uyida yig’ilishib, to’kin-sochin dasturxon atrofida suhbatlashib yayrashgan. Bu o’ziga xos qishki bayramga aylanib ketgan.

Yas – yasun marosimi qadimda erkaklarning o’zaro yig’ilishi zamirida paydo bo’lgan tadbirlardan biridir. Shuningdek, Yas-yasun marosimi ko’chmanchi chorvadorlarning qimizxo’rlik marosimi ta’sirida ham shakllangan bo’lishi mumkin. Keyinchalik u o’troq g’allakorlar hayotiga o’tib, ularning an’anasiga aylangan.

G’alla yetishtirib olingach, qishda g’allakorlarning bo’sh vaqti ko’paygan. Shunda o’ttiz-qirq kishi qo’shilishib, sherda (mehmonxona)ga muntazam yig’ilib turishgan. Sherdaning ikki xil shakli mavjud bo’lgan. Birinchisi – xarajat harpana (harifona), ya’ni barcha ishtirokchilar bergan pul yoki narsalar asosida; ikkinchisi – har kun bir kishining xarajat qilishi asosida tashkil qilinadi. Sherdaning raisi, raisning o’ng va chap otaliqlari (o’rinbosarlari) marosimni boshqaradi. Bulardan tashqari, ushbu marosimda eshik og’asi (sherda o’tadigan uy xo’jayini), biy va uning o’rinbosarlari, buyruqlarni bajartiruvchi yasovul, kosagul (soqiy) kabilar ham bo’ladi.

Mazkur marosimning o’ziga xos qat’iy talablari mavjud. Bular:

  1. Barcha ishtirokchilar kosagul uzatgan bo’zani bir nafasdan ichib yuborishlari lozim;
  2. Kosadagi bo’zani to’kmaslik shart;
  3. Doim cho’kka tushib o’tirish va biy ruxsatidan keyingina oyoq uzatib yoki boshqa tarzda o’tirish mumkin;
  4. Sherda oxiriga qadar mast bo’lmay odob saqlash shart;
  5. Sherda o’tirishini biy yoki eshik og’asining ruxsati bilangina tark etish mumkin;
  6. Biy yoki uning o’rinbosarlarining topshiqlarini so’zsiz ado etish lozim.

Gap-gashtaklar ham kech kuzgi va qishki dam olish shakli sifatida paydo bo’lgan. Marosim gashtak a’zolarining uyida navbati bilan yoki doimo birorta bo’sh xonadonda o’tkazilgan. O’tirish asosan kechki payt boshlanib, ba’zida tongga qadar davom etgan. Gap-gashtakni rais va uning yordamchisi boshqargan. Ular ziyofat berishning navbati, ziyofatning me’yori, o’tirishda o’tkaziladigan o’yinlar, gap-gashtak chog’ida tartib-intizom saqlanishi kabilar ustidan nazorat olib borishgan.

O’tirish choyxo’rlik bilan boshlangan. Kechki ovqat mahalida dastlab dasturxonga suyuq ovqat (sho’rva, mastava kabi taomlar) tortilgan. So’ng hangomalar, tomosha-o’yinlar o’tkazilgan. Ba’zi joylarda doston va termalar, ertaklar tinglangan; qo’shiq kuylashgan, turli qiziqarli o’yinlar tashkil etilgan. Yarim tunda yana bir taom (masalan, palov) tortilgan. Shundan keyin choyxo’rlik qilinib, avvalgi o’yinlar davom ettirilgan. Oxirida gap-gashtak raisi ijozati bilan ishtirokchilar uylariga tarqalishgan.

Gap-gashtaklarda o’ziga xos qiziqarli bir odat bo’lgan: davrada o’tirgan uyushmaning har bir a’zosi nimaga qodir bo’lsa, o’sha soha bo’yicha san’atini namoyish qilgan. Navbat bilan biro dam qo’shiq aytsa, ikkinchi raqsga tushgan, uchinchi latifa aytgan, to’rtinchi ko’zbo’yamachilik qilgan, beshinchi lof urgan, oltinchisi qiziqchilik qilgan va hokazo. Davrada o’tirganlar qo’lidan hech narsa kelmaydigan odamlardan eshak bo’lib hangrashni, xo’roz bo’lib qichqirishni, it bo’lib vovullashni yoki qush bo’lib sayrashni talab qilishgan. Bunday yig’ilishlarda “Qirq yolg’on”, “Podsho-vazir”, “Kim o’g’ri” kabi davra o’yinlari o’ynalgan.

O’rta asrlarda qish faslining oxiri yoki bahorda o’tkazib kelingan “Qurultoy” ham xalq yig’in – bayramlari qatoridan o’z o’rnini topgan. Qurultoy o’rta asrlarda O’rta osiyoda chorvador, dehqonlar o’rtasida katta yig’ilish, majlis sifatida har yili erta bahorda o’tkaziladigan tantanali bayramlardan biri bo’lgan. Qurultoyda mavsumning dolzarb muammolari va rejalar haqida maslahatlashib olingan. O’zaro kelishuv va maslahatlar tugagach, ommaviy xalq tomoshalari, ot o’yinlari – poyga, uloq (“ko’pkari”) boshlanib, ommaviy xalq sayillari o’tkazilgan. Bunday anjumanni chorvador va dehqonlar sabrsizlik bilan kutishgan va unga ktta tayyorgarlik ko’rishgan.