Maqbaralar

Abdolbobo maqbarasi – Xivadagi me’moriy yodgorlik (18-19 asrlar). Ichan qal’aning sharqiy darvozasi tashqarisida joylashgan. Atrofida minora, masjid, hovuzdan iborat majmua barpo qilingan. Maqbara murabba tarxli bir xona (tashqi 5.7×5.4 m, ichki tomoni 3.4×3.4 m) dan iborat, gumbaz tomli. Gumbaz osti bag’allari ikki qator muqarnaslar bilan bezatilgan. Peshtog’i maqbara bilan tutashib ketgan. Uning tepasiga ikki qatorli g’ishtin sharafalar ishlangan. Masjid (17.2×8 m) chortoq targ’li, ikki ustunli, o’ng va ters ayvonli, shifti to’sinli, minora (ost diametri 3.45 m, balandligi 10 m)ning tepasi mezanali, tanasi yashil koshin belbog’lar bilan bezatilgan. Chorsi hovuzning (14.6×13 m) cheti pog’onali.

ABDULLOH ANSORIY Maqbarasi — Hirot (Afg’oniston) dagi me’moriy yodgorlik (1425-29) va mashhur ziyoratgoh. Hazira — maqbara atrofi 30 hujra — xilxona b-n o’ralgan, oldida baland peshtoq. Hujralar gumbaz tomli, ularda asosan, Temuriylar avlodi — Hirot hukmdorlarining qabrlari bo’lib, oq, qora marmar qabrtoshlar o’rnatilgan. Ansoriy qabri ustiga keyinchalik Bobur oq marmardan yodgorlik (bal. 7,5 m) o’rnattirgan (saqlanmagan). Xona bezagida sirlangan g’isht, parchin va marmar, girih naqshlari ishlangan, kufiy uslubda xatlar bitilgan.

Abdurahmon Vali maqbarasi — Buxorodagi me’moriy yodgorlik (14-a.). Maqbara (18,5×10,8 m) uch gumbazli, tarhi to’g’ri burchakli. Ziyoratxona va ikki go’rxonadan iborat. Ziyoratxonaning to’rt tomoni ravokli. Shim. ravoqda eshik o’rni bor. Bosh tarzidagi peshtog’ining ikki burchagida tomga chiqiladigan zina, g’arbiy devorida mehrob bor. Go’rxona ikki murabba tarhli xona (4,85><4,7 m) dan iborat bo'lib, biridan ikkinchisiga ravoq orqali o'tilgan. Go'rxonaning birida ikki qator ganch suvoqli katta-kichik sag'analar, ikkinchisida xom g'ishtdan qurilgan yirik sag'ana joylashgan. Bu xonalarning tomi dastlab gumbazli bo'lgan. Ta'mir vaqtida tekis tom va sinchli devorlar ishlangan. 1950-86 y.larda o'rganilgan va ta'mir qilingan.