Madrasalar

Abdulazizxon madrasasi – Buxorodagi me’moriy yodgorlik. Qo’sh imorat ansamlining janubiy tomonida me’mor Mimxoqon ibn Xo’ja Muhammadamin tomonidan 1652 yilda qurilgan. Ulug’bek madrasasining (1419) qarshisida. Madrasa tuzilishi oddiy va hujralari ikki oshyonli. Chorsidovlining har tarafi o’rtasida peshtoqli ayvon bor. Umuman Madrasa bezaklari yuksak san’at va mahorat bilan ishlangan. Katta peshtoq nafis va nodir koshinkori naqshlar bilan ziynatlangan. Islimiy naqshlar qatorida afsonaviy jonivorlar tasviri bilan bezatilgan. Gumbaz shipining ganchli muqarnaslari orasida islimiy naqshlar va zarhal bezagi bor. Hujra devorlarida tabiat manzaralari va imoratlar tasviri ham uchraydi. Naqshlar, asosan, moviy rang bo’yoqlar bilan chizilgan. Asosiy o’lchami: atrof aylanasi 50×67 m, hovli 28×35 m. Madrasa 17-asr Buxoro mahobatli me’morligining yetuk namunasidir. Madrasa asosan juz’iy ta’mirlar (peshtoq muqarnasini Usta Shirin Murodov ta’mirlagan) asosida tartibga keltirilgan. Hovlisida sayyohlar uchun millim musiqa va folklor tomoshalari ko’rsatiladi. Shimoliy-sharqiy burchagidagi miyonsaroyda Buxoro yog’och o’ymakorligi namunalaridan iborat ko’rgazma tashkil etilgan.

Abdulazizxo’ja madrasasi – Qarshidagi me’moriy yodgorlik (1909). Mahalliy me’moriy an’analarning soddalashtirilgan shaklida g’isht, ganchdan qurilgan; chortoqtarhli (26×24 m), murabba hovlili (14* 14 m). Ikki qavatli darvozaxona – peshtoqning ikki yonida hujralar bor. Binoning ikki yon burchagida devorga tutashtirib ikki burj qurilgan. Qanotlarning birinchi qavatiga yuza, ikkinchi qavatiga eng keng ravoq ishlangan. Masjid va darsxonalar gumbaz tomli. Hovli balxi gumbazli hujralar bilan o’ralgan. Madrasa deyarli bezaksiz. Unda Qashqadaryo viloyati tarix-o’lkashunoslik muzeyi joylashgan.

Abdullaxon madrasasi – me’moriy yodgorlik. Buxorodagi Qo’sh madrasa ansamblining shim. qismida joylashgan. Me’mori noma’lum, Abdullaxon qurdirgan (1588 — 90). Tuzilishi odatdagi madrasalardan ancha farq qiladi. Hovli atrofini ikki oshyonli hujralar o’rab turadi. Har ikki to-monida baland peshtoq joylashgan. Peshtoqlar orqali ichkari xonalar va xonaqohga o’tiladi. Madrasaning katta peshtoqi jan.ga qaragan. Peshtoq qanotlari va guldastalar sirkor bezaklar b-n pardozlangan. Darvozadan o’tib, ikki yoqdagi katta xonalar — darsxona va masjidga kiriladi. Darvoza xotamkori uslubining noyob namunasi — girih shaklli mayda yog’och parchalaridan terilgan. Abdullaxon davri me’morligi etuk namunasi bo’lgan bu madrasa Buxoro me’morchiligining 16-a.da erishgan barcha ijodiy yutuqlarini namoyish etadi.

Abdullaxon madrasasi – Xivadagi me’moriy yodgorlik (1855). Ichan qal’adagi Olloqulixon va qutlug’ Murod inoq madrasalari oralig’ida joylashgan. Abdullaxon (Xiva xoni qutlug’ Murod Inoqning o’g’li) xotirasiga onasi tomonidan qurdirilgan. Chortoq tarhli (31,5×28,25 m) bo’lib, burchaklariga guldasta — minora ishlangan. Bosh tarzidagi keng ravoqli peshtoq orqali 3 gumbazli miyonsaroyga, u orqali hovliga o’tiladi. Hovli (18,9 x 14,0 m) atrofi hujralar b-n o’ralgan. Hujralar tomi balxi gumbaz b-n yopilgan. Jan. tomondagi gumbazli masjid miyonsaroy b-n bog’langan. Darsxonalar tarhi murabba — 4,25×4,25 m. Hovliga g’arbdan ensiz yo’lak orqali kiriladi.

Abdurasulboy madrasasi – Xivadagi me’moriy yodgorlik (1906). Madrasa (30×65 m) ikki hovlili. G’arbiy hovli (6,9×3,6 m)ning ikki burchagida ikkitadan chorsi xona, Jan.da gumbaz tomli maejid, shim.da balxi gumbazli, ikki eshikli xona bor. Bu hovliga ikki tomoni darchali daxliz orqali kiriladi. Sharqiy hovli (7,1×5,5 m) ham hujralar b-n o’ralgan. Dahliz tepasidagi kichik xonalar, talabalar yashaydigan va b. hujralar balxi gumbazlar b-n yopilgan. Devorlari silliqlangan g’ishtdan. Peshtoqi va dandanasiga yashil koshindan bezaklar ishlangan.