Kirish

Modomiki, o’z tarixini bilgan, undan ruhiy quvvat oladigan xalqni yengib bo’lmas ekan, biz tariximizni tiklashimiz, xalqimizni, millatimizni ana shu tarix bilan qurollantirishimiz zarur. Tarix bilan qurollantirish, yana bir bor qurollantirishimiz zarur. Islom Karimov, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti

Insoniyat keyingi uch ming yillik tarixiga nazar tashlansa, jahon tsivilizatsiyasi beshiklaridan biri, Turon, Movarounnahr, Chig’atoy ulusi, Turkiston deb turli asrlarda turfa nomlar bilan atalgan diyorimiz osmonini qora bulutlar qoplagan yillar ko’p bo’lgan. Bu o’lkaga hasad va tajovuz ko’zi bilan qaragan, mardona xalqini qul, tabiiy zahiralarini o’ziniki qilishga jon-jahdi bilan intilgan bosqinchilar son-sanoqsiz edi.

Biroq, hamma zamonlarda ham yovga qarshi xalqimizning vatanparvar yo’lboshchilari, millat qahramonlari ozodlik yalovini baland ko’targanlar, or-nomus, o’zlikni saqlash uchun kurashganlar. Pirovard natijada, dushmanlar qoldirgan kultepalar ustida obod qishloqlar, shaharlar tiklaganlar.

Oq va qizil saltanatning 130 yil davom etgan hukmronligi “Avesto” vujudga kelgan zamonlardayoq o’z tarixiy davlatchiligiga ega bo’lgan Turkistonni istivdodga chulg’ab, mustamlaka va mute’ga aylantirgan edi.

Yurtimizning fidoyi davlat arboblari, olimlar, shoir va adiblar zo’ravonlik bilan ushlab turilgan qizil saltanat tuzumi podshohlik Rossiyasi o’rnatgan mustamlakachilik siyosatining izchil davomi, milliy o’lkalarni ezish va talash, madaniyati va ma’naviyatini oyoq osti qilishning takomillashgan shakli ekanligini teran fahmlar edi. Sobiq sho’ro saltanati yillarida eng qadimgi davrlardan to XIX asr ikkinchi yarmiga qadar bo’lgan tariximiz soxtalashtirildi. Prezidentimiz Islom Karimov bu haqda: “O’zbekistonning, o’zbek xalqining bugun keng ommaga yetkazishga arziydigan haqqoniy tarixi yaratildimi – yo’qmi? Sovet davrida yozilgan tarixni men tarix sanamayman. O’zgalar yozib bergan tarixni o’qitishga mutlaqo qarshiman. Mustamlakachi o’ziga qaram bo’lgan xalq haqida qachon xolis, adolatli fikr aytgan? Ular bor kuch-g’ayratlarini Turkistonning o’tmishini kamsitishga, bizni tariximizdan judo qilishga sarflaganlar. Tarixdan judo bo’lish nimaligini yaxshi bilsangiz kerak. Inson uchun tarixidan judo bo’lish – hayotdan juda bo’lish demakdir” – deb juda o’rinli uqtirgan edilar.

XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida podsholik Rossiyasi hukmronligi davrida Turkistonda istibdodga, xalqni ezishga asoslangan siyosat hukm surdi. Mahalliy aholini xo’rlash va qatag’on etish oktabr to’ntarilishi tufayli hokimiyatga kelgan sho’ro saltanati davrida yanada kuchayib, eng yuqori pog’onaga ko’tarildi. Shu tariqa, Turkistonda mustaqil davlatchilikni poymol etgan, til, madaniyat, urf-odatlar, milliy qadriyatlarni oyoq osti qilgan mustabilik tuzumi 130 yil umr ko’rdi.

Yaqin va o’tmish tarix bugungi kun va kelajak uchun ibrat darsligidir. Darvoqe, “vatan, millat taqdiri hal bo’ladigan qaltis vaziyatlarda to’g’ri yo’lni tanlay olish uchun, avvalo, tarixni va hayotning achchiq-chuchugini bilish kerak ekan. Tarix insonning ko’zini ochar ekan. Shunda ko’p xatolarning oldini olish mumkin bo’lar ekan.

Endilikda, O’zbekiston mustaqil davlat sifatida kurrai zaminda qad rostlaganining to’qqiz yilini kechirayotgan damlarda kechagi kunga nazar tashlash, so’nggi mustamlakachilik asoratini o’rganish ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, millatni asrash uchun uning haqiqiy tarixini o’rganish, avaylab himoya qilish kerak bo’ladi.

Podshohlik Rossiyasi, shuningdek, mazlum xalqlarni ezish va hunrezlik qilishda uning davomchisi bo’lgan sobiq sho’ro saltanati yillarida mustamlaka respublikalar, xususan, O’zbekiston ittifoqning xom ashyo manbaiga aylantirilgan edi. Mustaqillikning ilk qadamlaridanoq o’lka boyliklarini bu yanglig’ ommaviy talon qilish oqibatlariga chek qo’yishga, umuman, qizil saltanat qoldirgan illatardan qutilishga kirishildi. Xalqimiz o’zligini teran anglayotgan, qadriyatlar tiklanayotgan, ozod, hur davlatni mustahkamlash uchun mashaqqatli bunyodkorlik, yaratuvchilik ishlari keng ko’lamda olib borilayotgan shu kunlarda O’zbekiston yangi tarixini yaratish zaruriyatini hayot taqozo etayotir. Zero, Prezident I.A.Karimov ta’kidlagani singari, O’zbekistonga, uning yeri, tabiatiga, bu yerda yashayotgan xalqlarga muhabbat, o’lkaning tarixi, madaniyati, an’analarini teran bilib olishga intilish, respublikaning qudrati va yutuqlaridan faxrlanish, xalqimiz qismatiga tushgan qiyinchiliklar uchun qayg’urish ko’p millatli o’zbek jamiyatining muhim jipslashtiruvchi asosi hisoblanadi. Istiqlol yo’lini tanlagan, murakkab davr va murakkab sharoitda bu yo’ldan qat’iyat bilan olg’a borayotgan O’zbekistonning yaqin kelajakda buyuk davlat bo’lishi uchun uzoq davom etgan mustamlaka siyosati hosil etgan girdobdan chiqib olishi zarurligini yurtboshimiz bir necha bor uqtirgani bejiz emas. Buning uchun rus mustamlakachiligining tabiatini, uning uzoqni ko’zlagan istibdodi mohiyatini, bir so’z bilan aytganda, tarixini o’rganish, xulosalarga kelish taqozo etiladi.

Aytish joizki, 130 yil davomida qattiqqo’llik bilan hayotga tatbiq etilgan mustamlakachilikning mash’um tamoyillari qoldirgan asoratni bugungi kunda O’zbekistonning hamma jabhasida: iqtisodiyot va madaniyatda, ilm-fan va maorifda, qishloq xo’jaligi va sanoatda kuzatish mumkin.

Biz yaqin kechmishdagi tarixiy haqiqatni u qanday bo’lsa, shu holda tiklash va gavdalantirishdek ezgu va olijanob maqsadni o’z oldimizga qo’yganmiz. Tarixiy haqiqat shundaki, Rossiya imperiyasining sobiq mustamlakasi bo’lgan, endilikda esa suveren davlatga aylangan O’zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasi bilan do’stona teng, o’zaro hurmat asosida davom etib kelayotgan aloqalarini mustahkamlashda u ikki tomonlama saboq va ibrat vazifasini o’tashi lozim bo’ladi.

G’oyat murakkab kechgan bosqin jarayonini tarixan xolis va ilmiy yoritishda asosan ikki manbaga: rus zobitlari va harbiy mundir kiygan olimlarining esdalik, xotira hamda ilmiy asarlariga, shuningdek, istilo davrida yashagan, shu voqealarga shohid bo’lgan mahalliy muarrixlarning qo’lyozma kitoblariga tayanildi.

счетчик посещений