Bola bilan koronavirus 2019 (COVID-19) haqida qanday gaplashish kerak

Bolalarni tinchlantirish va himoya qilishga yordam beradigan 8 ta maslahat

Hozirgi vaqtda, 2019 yilgi koronavirus (COVID-19) kasalligi haqida eshitganlaringizdan hayratga tushishingiz juda oson. Agar sizning farzandlaringiz ham tashvishlansa, buni ham tushunsa bo’ladi. Bolalar uchun Internetda yoki televizorda ko’rganlarini, yoki boshqa odamlardan eshitganlarini tushunish qiyin bo’lishi mumkin, shuning uchun ular tashvish, stress va vahima holatlariga tushib qolishi mumkin. Farzandlaringiz bilan ochiq, ularni qo’llab-quvvatlaydigan suhbat ularga bunday hissiyotlarni tushunisga va ularni yengishga yordam berishi, shu bilan birga boshqalarga ham foyda keltirishi mumkin.


1. Ochiq savollar bering va tinglang

Farzandingizga ushbu mavzuni muhokama qilishni taklif qiling. Ular bu to’grisida nimalarni bilganlarini tinglang. Agar ular juda kichkina bo’lsa va kasallik haqida eshitmagan bo’lsalar, ushbu mavzuni ko’tarishingizga ehtiyoj yo’q. Yangi qo’rquvlarni paydo qildirmasdan, shunchaki gigiyena qoidalarini eslatib qo’ying.

Xavfsiz muhitda ekanligingizga ishonch hosil qiling va bolangiz bemalol gapirishiga imkon bering. Rasmlar, hikoyalar va boshqa usullar bolangizga suhbat davomida ochiqroq bo’lishga yordam berishi mumkin.

Eng muhimi, ularning muammolarni e’tiborsiz qoldirishga yoki ularni muhokama qilishdan qochishga urinmang. Farzandlaringizning his-tuyg’ularini qabul qiling va ularga bu narsalardan qo’rqish tabiiy ekanligini tushuntiring. Farzandlaringizni e’tibor bilan tinglayotganingizni ko’rsating. Bolalar siz va o’qituvchilar bilan istagan paytda gaplashishi mumkinligini tushunganlariga ishonch hosil qiling.


2. Rostgo’y bo’ling: haqiqatni bolalarga ular anglay oladigan tilda tushuntiring

Bolalar dunyoda nima sodir bo’layotgani haqida aniq ma’lumot olish huquqiga ega, ammo kattalar ham ularni azoblardan himoya qilishlari kerak. Bolaning yoshiga mos keladigan tilda gapiring, ularning reaktsiyasini kuzatib boring va tashvishlariga e’tiborli bo’ling.

Agar ularning savollariga javob bera olmasangiz, javoblarni o’zingizcha o’ylab topmang. Ushbu holatdan savolga birgalikda javob topish uchun imkoniyat sifatida foydalaning. UNICEF va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlarning veb-saytlari juda yaxshi ma’lumot manbaidir. Internetdagi ba’zi ma’lumotlar to’g’ri emasligini va mutaxassislarga ishonish yaxshiroq ekanligini tushuntiring.


3. O’zlarini va do’stlarini qanday himoya qilish kerakligini ularga ko’rsating

Bolalarni koronavirus va boshqa kasalliklardan himoya qilishning eng yaxshi usullaridan biri qo’llarni muntazam ravishda yuvishni rag’batlantirishdir. Bu qo’rqituvchi suhbat bo’lmasligi kerak. Qo’l yuvish qoidalarini o’rganish qiziqarli bo’lishi uchun Wiggles bilan birga qo’shiq kuylang.

Shuningdek, bolalarga yo’talish yoki aks urish vaqtida tirsak bilan qanday qilib og’izni berkitish kerakligini ko’rsatishingiz mumkin. Bu alomatlarga ega bo’lgan odamlarga yaqinlashmaslik afzalligini tushuntiring. Bolangiz o’zida isitma, yo’talish yoki nafas qisilishi borligini sezsa, sizga darhol aytishini tayinlang.


4. Ularni qo’llab-quvvatlang

Televizorda yoki Internetda juda ko’p tashvishlantiruvchi videolarni ko’rganimizda, ba’zida inqiroz bizni hamma joyda o’rab turgandek his qilamiz. Bolalar ekrandagi tasvirlar va o’zlarining shaxsiy voqeliklarini farqlay olmaydilar, shu bois ular o’zlarini xavf ostida ekanliklariga ishonishlari mumkin. Siz bolalaringizga imkon qadar o’yinlar bilan mashg’ul bo’lish va dam olish imkoniyatini yaratib, stressni yengishga yordam bera olasiz. Odatdagi hayot tarzi va kun tartibiga iloji boricha ko’proq rioya qiling, ayniqsa yuquga yotishdan oldin yoki yangi muhitda kun tartibni rejalashtirishga yordam bering.

Agar siz yashayotgan joyda kasallik tarqagan bo’lsa, farzandlaringizga bu kasallik ularga yuqishi ehtimoli deyarli yo’qligini, koronavirus bilan og’rigan odamlarning ko’pchiligi juda qattiq kasal bo’lmasligini hamda ko’plab kattalar oilangiz xavfsizligini ta’minlash uchun astoydil harakat qilayotganliklarini ayting.

Agar farzandingiz o’zini yomon his qilayotgan bo’lsa, u uyda yoki kasalxonada qolishi kerakligini tushuntiring, chunki bu uning o’zi va do’stlari uchun xavfsizroqdir. Ba’zan bu qiyin (ehtimol, qo’rqinchli yoki zerikarli) bo’lishi mumkinligini bilishingizga, ammo qoidalarga rioya qilish barchaning xavfsizligini ta’minlash uchun muhimligiga ularni ishontiring.


5. Ular o’zlariga yoki boshqalarga nisbatan kamshitish sezayotganlarini tekshiring

Koronavirusning tarqalishi butun dunyo bo’ylab ko’plab irqiy kamsitishning holatlariga olib keldi. Shuning uchun farzandlaringiz kamsitishni boshdan kechirmasligiga yoki bunday hollarda ishtorok etmasliklariga ishonch hosil qilish zarur.

Koronavirusning insonlarning ko’rinishi, qayerdan ekanligi yoki qaysi tilda gaplashishi bilan hech qanday aloqasi yo’qligini tushuntiring. Agar maktabda bolalarni yomon so’zlar bilan atashgan yoki qo’rqitishgan bo’lsa, ular o’zlari  ishongan kattalarga bu to’g’risida aytishlari mumkin.

Maktabda hamma xavfsizlikda bo’lishga loyiq ekanligini farzandlaringizga eslating. Qo’rqitish doim noto’g’ridir. Har birimiz mehribon bo’lishimiz va bir-birimizni qo’llab-quvvatlashimiz lozim.


6. Yordamchilarni izlang

Odamlar mehribon va saxiy bo’lib, bir-birlariga yordam berishlarini bilish bolalr uchun juda muhimdir.

Tibbiyot xodimlari, akademiklar, yoshlar va kasallik tarqalishini to’xtatishga urinayotgan boshqa insonlar to’g’risida farzandlaringa aytib bering. Rahmdil odamlarning harakat qilishlari haqidagi bilim katta tasalli bo’lishi mumkin.


7. O’zingizga g’amxo’rlik qiling

Agar siz o’zingizga ham g’amxo’rlik qilsangiz, farzandlaringizga yaxshiroq yordam berishingiz mumkin. Siz yangiliklarfa qanday munosabatda bo’lishingizni ular sezishadi. Shu bois o’zingizni xotirjam tutishingiz va vaziyatni boshqarishingiz ularga yordam beradi.

Agar xavotir olsangiz yoki xafa bo’lsangiz, o’zingizga vaqt ajrating va oilangiz a’zolari, do’stlaringiz va jamoangizdagi ishonchli odamlarga murojaat qiling. Dam olish va kuchingizni tiklash uchun vaqt ajrating.


8. Suhbatni mehr ila yakunlang

Biz bolalarni azobda qoldirmasligimizni bilish muhimdir. Farzandanlaringiz bilan suhbatni yakunlar ekansiz, ularning harakatlari, ovoz ohangi va nafas olishlarini kuzatib, bezovtalik darajasini tushunishga harakat qiling.

Farzandlaringizga ular har qanday vaqtda siz bilan boshqa qiyin mavzuda ham suhbatlashishi mumkinligini eslatib qo’ying. G’amxo’rlik qilayotganingizni, ular biror narsa haqida tashvishlanayotgan bo’lsa, siz ularni tinglashga va yordam berishga tayyor ekanligingizni albatta ayting.

Mazkur material UNICEFning jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha mutaxassisi Jeykob Xant tomonidan to’plangan.