Ilmiy jamiyatlar va ularning milliy madaniyatga ko‘rsatgan ta’siri

Mustamlakachilik davrida Turkiston o‘lkasida tuzilgan turli yo‘nalishdagi ilmiy jamiyatlar hududda ijobiy o‘zgarishlarga — sanoat ishlab chiqarishi, fan va texnika rivojiga sabab bo‘ldi. Olim, yozuvchi, dramaturg va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy yozganidek, «Rossiya miltiqlarining uchiga qo‘nib, yangi fikr va ilmlar va madaniyat bizim g‘arib Osiyoi vasatiyga yuz qo’ydi…»

Rus fani va texnikasining O‘rta Osiyo hududlariga kirib kelishi, mahalliy xalq vakillarining madaniyat, ilm -fan va texnikaga bo‘lgan qiziqishlarining kuchliligi sababli XIX asming ikkinchi yarmidan boshlab Turkiston o‘lkasining Toshkent, Samarqand , Qo’qon, Andijon, To‘raqo‘rg‘on, Kogon kabi shaharlarida bosmaxonalar ishga tushdi. Natijada bu bosmaxonalarda o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan ilm -ma’rifat vakillari asarlari chop etila boshlandi.

Bu davrda O‘rta Osiyoning ko’pgina joylari tarixini o‘rganish maqsadida, uning  geografik joylanishi, hayvonot va o‘simliklar dunyosi, yer usti va yer osti ma’danlari va boyliklarini izlab topish bo‘yicha keng ko’lamli ishlar olib borilgan. Bu ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish va olib borishda rus olimlaridan mashhur geograflar, tabiatshunoslar va geologlar faol qatnashganlar. Masalan, mashhur geograf  P.P.Semyonov – Tyanshanskiy (1827-1914) Tyanshan tog’ tizmalarini o’rgandi, muzliklar va vulqonlar haqida ma’lumotlar to‘pladi. Tabiatshunos A.P.Fedchenko (1844-1873) Farg‘ona vodiysi, Oloy, shuningdek, Zarafshon vodiysi va Qizilqumni tekshirib o’rganib chiqdi. Geolog va geograf I.A.Mushketov (1850-1902) esa Shimoliy Tyanshan tizmalarining geologik asoslarini ko‘rsatib berdi. Turkiston foydali qazilmalarining ro‘yxati hamda birinchi mineralogik xaritasini tuzdi. Rus zoologi va sayyohi N A Seversov (1827-1886) Pomir tog‘ tizmasini o‘rganib, o‘z sayohati davomida zoologiya, botanika, minerallarga doir kolleksiya yig‘di.

Ijtimoiy fanlarning rivojiga mashhur rus olimlaridan V.V.Bartold, M.S.Andreyev, Ye.E.Bertels, N.P.Ostroumov, V.L.Vyatkin, A.A.Semyonov va boshqalar katta hissa qo’shadilar. Masalan, birgina mashhur sharqshunos olim V.V.Bartold tarixiy manbalarni chuqur o‘rganib «Ulug‘bek va uning davri», «Turkistonning sug‘orish tarixiga doir» nomli yirik asarlar yaratadi. Ye.E.Bertels esa Alisher Navoiy davrini chuqur tadqiq etish natijasida Temuriylar davrining so’nggi bosqichidagi Movarounnahr va Xuroson madaniy hayotini bir qadar tiklaydi.

Lekin shuni ta’kidlab o‘tish zarurki, tabiiy fanlar bo‘yicha ilmiy izlanish ishlarini olib borgan ko‘pgina rus olimlari O‘rta Osiyoning tabiiy boyliklarini tezroq o’rganib, Rossiya imperiyasi manfaatlariga xizmat qildirish, mavjud barcha boyliklarni Rossiyaga olib ketish, shuningdek, yerli xalqlarning urf-odatlari, xulq-atvorlari, turli etnik birliklar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rganib, ular ongiga rus imperiyasi manfaatlariga mos keluvchi mafkurani singdirish va mahalliy xalqlarni boshqarishni osonlashtirishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yganlar.

Rus olimlari O‘rta Osiyo, shu jumladan, Turkistonning geografik va tabiiy olami xaritalarini tuzadilar. Bu xaritalardan Rossiya imperiyasi G‘arbiy maqsadlarda foydalandi. O’zining istilochilik harakatlari va yerli xalq ustidan nazoratni kuchaytirishda mavjud xaritalarga qarab strategik ahamiyalga ega bo’lgan joylarni belgilab chiqdilar. Geodeziya ahamiyatiga ega bo’lgan xaritalaridan foydalanib esa yer osti va yer ustki qatlamlaridagi sanoat uchun  ahamiyatga ega bo’lgan xomashyolarni Rossiya sanoati korxonalariga jo’nata boshladilar.

Umuman olganda, rus olimlari va ular tomonidan tashkil etilgan ilmiy jamiyatlar va qidiruv ishlari, birinchidan, mahalliy aholining ilm-fanga bo’lgan qiziqishini oshirishda, ikkinchidan, hozirgi davrda jahon ilmiy dunyosida o‘z o‘rni va mavqeyiga ega bo‘lgan milliy fanimizning paydo bo‘lishi va rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan.