Hozirgi zamon o’zbek adabiyoti tarixi

Muqaddima

Hozirgi zamon o’zbek adabiyoti ko’p asrlik tarixga ega bo’lgan xalqimizning mumtoz adabiyoti merosxo’ridir. Shu bilan birga, bu adabiyot uning yangi zamondagi qonuniy davomchisidir.

1917 yildan keyingi hayotning o’ziga xos badiiy yilnomasi bo’lgan bu adabiyotning asosiy tasvir ob’yekti – yangi voqelikdir. Binobarin, uning tematik doirasi va g’oyaviy mundarijasi yangidir. Hozirgi zamon o’zbek adabiyoti novator adabiyotdir. Bu adabiyotning novatorligi avvalo shu bilan izohlanadiki, u yangi hayotni aks ettiradi, yangi hayot tufayli yuzaga kelgan yangi mavzularni tasvirlaydi.

Hozirgi zamon o’zbek adabiyotining g’oyaviy mundarijasi ham yangidir. U xalqimizning yaratuvchanlik, o’zgartiruvchilik faoliyatini, uning yangi jamiyat qurish yo’lida olib borgan kurashlarini va umuman, yangi zamonning ruhini ifodalaydi. Bu adabiyot hayotdagi muhim masalalarga faol aralashdi va ular haqida o’z fikrini aytdi. Ko’p qirrali hayotimizning hech bir muhim voqeasi yo’qki, u adabiyotimizda o’z badiiy ifodasini topmagan bo’lsin.

Hoziri zamon o’zbek adabiyotining g’oyaviy mazmuni va tematik doirasi yangi bo’lgani singari, uning asosiy qahramonlari ham yangidir. Bu adabiyotning asosiy qahramonlari faol ishchilar, dehqonlar, ziyolilar, aniqrog’i mehnat ahlidir. Demak, yangi adabiyotimiz o’z qahramonlarini hayotning o’zidan, yangi voqelikdan oladi. O’zbek adabiyotida yaratilgan Zaynab, Omon (H.Olimjon), O’ktam, Komila (Oybek), Jo’ra, Saodat (G’.G’ulom), Hafiza, Dehqonboy, Saida (A.Qahhor), Onaxon, Luqmoncha, Samandar (A.Muxtor), Gulsara, Nurxon, Sobir Rahimov, Fozilxo’ja (K.Yashin), Oynisa, Ma’sud (H.G’ulom), Yo’ldosh Komilov (I.Sulton), Oyqiz (Sh.Rashidov), Mahkam, Mehriniso (R.Fayziy), Shoqosim (O.Yoqubov) kabi qahramonlar bunga misol bo’la oladi.

Hozirgi zamon o’zbek adabiyotida turli yillarda yaratilgan bu ijobiy qahramonlar o’z davrining farzandlari sifatida jamiyat tarixining turli davrlaridagi hayot va kurashni aks ettiradi. Shunisi muhimki, bu adabiyot taraqqiyotining barcha bosqichlarida ham yangi turdagi qahramon – zamondoshlarimiz obrazini yaratish ijodkorlarimizning diqqat markazida turdi.

Yozuvchilarimiz ijobiy qahramon muammosini hal etishda zamonaviy mavzular bilan bir qatorda o’tmish hayot materiallaridan ham unumli foydalanmoqdalar. “Boy ila xizmatchi” (Hamza), “O’tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” (Abdulla Qodiriy), “Qutlug’ qon”, “Navoiy” (Oybek), “Inqilob tongi” (K.Yashin), “Alisher Navoiy” (Uyg’un, Izzat Sulton), “O’tmishdan ertaklar” (A.Qahhor), “Farg’ona tong otguncha” (M.Ismoiliy), “Yulduzli tunlar” (P.Qodirov), “Ulug’bek xazinasi”, “Ko’hna dunyo” (O.Yoqubov), “Me’mor”, “Temur Malik” (Mirmuhsin) kabi asarlarda xalqimizning o’tmish hayoti, ajdodlarimizning badiiy obrazlari mahorat bilan tasvirlab berilgan. Xullas, hozirgi zamon o’zbek adabiyotining asosiy vazifasi voqelikni haqqoniy ko’rsatish orqali yosh avlodni ezgulik ruhida tarbiyalash, unga estetik zavq berishdan iborat bo’ladi. Adabiyotimiz, umuman olganda, bu sharafli vazifani yaxshi uddaladi. Hozirgi zamon o’zbek adabiyotining taraqqiyot yo’li – rivojlanish bosqichlari ham o’ziga xosdir. Darhaqiqat, bu adabiyot tarixi 1917 yildan to hozirgi kungacha bo’lgan davr (1917-1922 yillar)ni o’z ichiga oladi. Bu davr ichida yangi o’zbek adabiyoti paydo bo’ldi, shakllandi, yangi hayot bilan chambarchas bog’liq holda o’sdi. Yillar o’tishi bilan yangi adabiyotimizda xilma-xil sifat o’zgarishlari yuz berdi. Bu o’zgarishlar hayotdagi tarixiy voqealar ta’sirida sodir bo’ldi. Zotan, bu adabiyot taraqqiyoti O’zbekiston xalqlarining yangi tarixi bilan uzviy bog’liqdir.

Mualliflar: Mirzayev Saydulla, Shermuxamedov Said

Shuningdek o’qing
Oktabr inqilobi, grajdanlar urushi, xalq xo’jaligini tiklash davrida o’zbek adabiyoti (1917-1929)
Yangi jamiyat qurish uchun kurash yillarida o’zbek adabiyoti (1929-1941)
Vatan urushi va urushdan keyingi dastlabki yillarda o’zbek adabiyoti (1941-1956)
Yangi o’zbek adabiyoti tarixining hozirgi bosqichi (1956-1992)
Hamza Hakimzoda Niyoziy
Sadriddin Ayniy
Abdulla Qodiriy
Cho’lpon
Oybek
G’afur G’ulom
Hamid Olimjon
Abdulla Qahhor
Komil Yashin
Uyg’un
Sharof Rashidov
Mirtemir
Maqsud Shayxzoda
Zulfiya
Asqad Muxtor
Said Ahmad
Odil Yoqubov
Primqul Qodirov
Erkin Vohidov
Abdulla Oripov

счетчик посещений