Hattotlar

Abdulvadud Ahmad ibn Abdulvosi’ Shoshiy (14-asr) – toshkentlik hattot. 1339 yil Xatiyb at-Tabriziyning “Mishkot ulmasobih” (“Chiroqlar tokchasi”) hadislar to’plamini nasx xati bilan ko’chirgan. Bu qo’lyozma O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

Abdulvahhob Mirzo (?-1860-70 yillar, Kitob shahri) – buxorolik hattot. Arab va fors tillaridagi 100 ga yaqin qo’lyozmani shikasta va nasta’liq xatida ko’chirgan. Abdulvahhob ko’chirgan asarlardan ba’zilari (Jaloliddin Rumiyning masnaviylari va Nozim Hiraviyning “Yusuf va Zulayho”si) O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondida saqlanadi.

Abduljamil (?- 1505-06 yillar, Hirot) – hattot. Alisher Navoiyning shaxsiy kotibi, Hirotdagi Sultoniya madrasasida nahv va sarfdan daryo bergan (mudarris). U Alisher Navoiyning “Xamsa” (O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi), “Navodir un-nihoya” va boshqa asarlarni ko’chirgan. Navoiyning lirik asarlari bo’yicha “Tuhfat us-salotin” (“Sultonlarga tuhfa”) to’plamini tuzgan (Britaniya muzeyida saqlanadi).

Abdullo kotib (19-a.ning 1-yarmi, Buxoro) — xattot. A. k. ko’chirgan qo’lyozmalardan Hisomuddin Umar Buxoriyning “Voqeoti Hisomiy” (1820), Rukniddin Sheroziyning “Sharx ul-Fusus» (1821), Abdulqodir Bedilning “Chahor unsur” (1824), Husayn Koshifiyning “Anvori Suhayliy” (“Kalila va dimna”, 1824) kabi asarlari O’zFAShIda saqlanadi.

ABDULLO TERMIZIY (? – 1625) -termizlik shoir va xattot (taxallusi Vosifiy). 1605 — 25 y.larda Hindistonda Jahongir huzurida yashab, “mushkin qalam” unvonini olgan.A.T. Agra sh.da dafn etilgan.

Abdulmannon kotib Abdulvahhob o’g’li (1880, Toshkent -1945)— xattot. A.k. tomonidan nasta’liq xati b-n ko’chirilgan 20 dan ortiq qo’lyozma O’zbekiston FA Sharqshunoslik in-ti qo’lyozmalar fondida saqlanmoqda. Bular orasida Navoiyning “Xamsa” (1905) va “Majolis un-nafois” (1917), Mirzo Salimbekning “Kashkuli Salimiy” (1912), Binoiyning “bog’i Eram” (1917), afzal Pirmastiyning “afzal ut-tazkor” (1917) kabi asarlari bor.

Abdulqodir ibn Sayid Abdulvahhob — xurosonlik mashhur xattot, Amir Temurning kotiblaridan biri. “Qomus ul-a’lam” asarining muallifi Somiy Shamsiddinning yozishicha, uning ikkita dastxat kitobi bo’lgan.

Abdulhaq kotib (1808, Toshkent -1886) — xattot. A.k. Buxoroda ta’lim olib qaytgach, o’z shahridagi madrasada mudarrislik qilgan. 1881-84 y.larda Arabiston, Misr mamlakatlariga va Istanbul sh.ga sayohat qilgan. Ta’liq, riqo’, suls, nasta’liq xatlarini yaxshi o’zlashtirgan. O’zbekiston FA Sharqshunoslik in-tida u ko’chirgan o’ndan ortiq qo’lyozma mavjud.