Matolardagi turli dog’larni oqartirishning samarali usullari

Kiyimdagi har qanday dog’ni oqartirish vositalari yordamida ketkazsa bo’ladi. Buning uchun libos matosiga dog’ga qarshi gel yoki aralashma bilan ishlov berilib, kir yuvish mashinasiga solinsa kifoya. Ammo buning imkoni bo’lmaganida nima qilinadi? Aytaylik, uyda chiroq yo’q yoki vaqtingiz tig’izligidan kir yuvishga ulgurolmayapsiz. Quyida sizga shoshilganda asqotadigan tavsiyalarni havola etamiz.

Yomg’irdan so’ng sayrga chiqqan farzandingiz, shimining tizzasini kir qilib qaytsa, mana bu retsept yordamida matodagi dog’ni ketkazish mumkin. 1 litr suvga 1 oshqoshiq nashatir spirtini aralashtirasiz. Aralashmani shim tizzasining kir bo’lgan joyiga shimdirib, ustidan cho’tkada ishqalaysiz. So’ng shu qismining o’zinigina suvda chayib olsangiz, kifoya.

Maktab formasidagi ruchka siyohining dog’i kir yuvish kukunlarini “pisand” qilmaydi. Hatto eng so’nggi rusumdagi kir yuvish mashinasi ham bu muammoni  mustaqil hal eta olishi qiyin. Xo’sh, nima qilinadi?

Paxta bo’lagiga spirtni tomizib, siyoh ustidan 2-3 soniya bosib turing. So’ngra asta ishqalang. Oddiysi ish bermasa, nashatir spirtidan foydalanib ko’ring.

Kiyimdagi ovqat yog’idan halos bo’lishning bir qancha sinalgan usullari bor. Mana, ularning ayrimlari:

-yangi paydo bo’lgan yog’ dog’ini quruq salfetkaga shimdirib olish mumkin. Buning uchun kiyimning ikki tarafiga quruq salfetka qo’yilib, ustidan dazmol bosiladi. Dog’ yangiligida salfetkaga oson singadi;

-eski dog’ni tozalashda esa spirt eritmasi bilan ishlov berish usulidan foydalanib ko’rish mumkin. Bunda 1 stakan suvga 2 oshqoshiq spirt aralashtiriladi.

Kofta yo ko’ylagingizga lab bo’yog’i yohud tonal krem tegib ketsa, aslo ishqalamang. Pardoz vositasi matoga yanada chuqurroq singib qoladi. Yaxshisi, bunday qiling:

-dog’ ustiga quruq salfetka qo’ying. Orqa tarafidan esa spirt eritmasi bilan artib oling. Pardoz vositasining izi qolmagach, toza suvda chayib olasiz;

-bir martaik urinish ish bermasa, ishlatilmaydigan tish cho’tkasini kir sovuniga botirib, dog’ ustidan yurgizing.

Tirnog’ingizni boyayotib, behosdan ko’ylagingizga lak tegib ketdi, endi nima qilasiz? Ahir bo’yoqning tezda qurib qolishi bor. Maslahatimiz, quyidagi usulni sinab ko’ring:

Dog’ ustiga qog’oz salfetkani qo’yib, orqa tarafidan spirt yoki atseton bilan arting. So’ng lak tekkan matoni ikki-uch soatga iliq suvga bo’ktirib qo’ying.

Turlariga ko’ra farqlangani bois kiyimga to’kilgan meva sharbati bir qancha usullar yordamida tozalanadi. Xususan:

-paxta bo’lagini sirkada namlab, dog’ ustidan yurgizing. So’ng sovuq suvda chayib oling;

-yangi hosil bo’lgan meva sharbati ustidan osh tuzi sepib qo’yiladi. Tuz suyuqlikni o’ziga shimib olgach, issiq suvda kiyim chayib olinsa, kifoya. Dog’dan asar ham qolmaydi.

Bexosdan qo’lingizni kesib olsangiz, birinchi qiladigan ishingiz barmoqdan oqayotgan qonni qanday qilib bo’lsa ham to’xtashishdan iborat bo’ladi, shundaymi? Ammo bunda ko’ylak yengi yoki boshqa biror qismiga qon tegishi mumkin. Yoki bolaning burni qonadi, deylik. Vannaxonaga yetib borguniga qadar ko’ylagining old qismi dog’ bo’ladi. Qon yuqini tozalash uchun nashatir spirtidan foydalanasiz. Dog’ni spirt bilan artib, 15 daqiqaga qoldirasiz. So’ng kir sovunida ishqalab yuvib olinsa, kifoya.

Mazali shirinliklarning yuqi osongina tozalanmasligi mumkin, agar vaqtida chorasi ko’rilmasa. Xo’sh, nima qilamiz?

-yangi hosil bo’lgan shokolad dog’i ustidan mayda osh tuzi sepib qo’yilsa, dog’ matoga singmaydi;

Eski shokolad dog’ini esa 1 stakan suvga sirka yoki nashatir spirtini aralashtirib, libosni tozalash mumkin.

Ayrim antiperspirantlar kiyimda dog’ qoldirmaydi. Biroq hammasi ham emas. Libosdagi ter dog’i sarg’imtir ko’rinishda bo’lsa, albatta uni tozalash kerak. Bunda sizga quyidagi usullar kor qiladi:

–  1 oshqoshiq idish yuvish gelini 3 osh qoshiq perekis vodorodi va 2 oshqoshiq iste’mol sodasi bilan aralashtiring. Tayyoraralashmani ter dog’idan sarg’aygan kiyimga surtib, 15 daqiqaga qoldiring. So’ng iliq suvda chayib olasiz. Shuningdek, sirkaga ozroq iliq suvni aralashtirib, u bilan sarg’aygan matoni oqartirish mumkin.